Qobil Qulto‘rayevich shirkat rahbari bo‘ldiyu qabuliga keluvchilar navbat poylamaydigan bo‘lishdi.
Yaqinda uning qabulida bo‘lib, bunga amin bo‘ldim. O‘ylagan edimki, boshliqning oldiga kirish amri-mahol bo‘lsa kerak. Yo‘q, boshliq qabulxonasiga kirsam, hammayoq jim-jit.
“He, qoyil-e, ishim bitadigan bo‘ldi”, deb ichkariga kirdim.
Xonada boshliqdan boshqa hech kim yo‘q. Ikki qulog‘ida telefon go‘shagi. Salomimga boshini qimirlatib alik oldi va kiraverishdagi o‘rindiqqa o‘tirishimni imo bilan bildirdi. U kimdandir olayotgan topshirig‘ini ikkinchi telefon orqali boshqa kishiga yetkazardi.
Suhbati tugasa maqsadimni aytaman, deb turgandim, uchinchi telefon jiringlab qoldi. “Bir daqiqa” dedi ko‘rsatgich barmog‘ini lablariga bosib, “gaplashib olay” degandek. Telefon orqali kimdir narx-navolar haqida so‘radi chog‘i, u “Presstij” gazetasidan narx-navolar haqidagi sahifani ochib, deyarli yarim soat ma’lumot o‘qib berdi. Shu orada qo‘lidagi “sotka”si jiringlab koldi. “Aqi… o‘zim telefon qilaman”, dedi va “sotka”ni o‘chirdi. Bilmadim, telefon qilgan xotini yoki qizidir?! Ismi Aqida yoki Aqiqa bo‘lsa kerak. Ana shu xayollar bilan telefondagi suhbat tugaganligini sezmay kolibman.
— Meni ma’zur tutasiz, — dedim niyatimni bildirish maqsadida.
— Amakijon, hozir bir daqiqa. Uyga birov telefon qilib olay, keyin xotirjam gaplashaveramiz.
Darhaqiqat, “Aqi” deb murojaat qilgani xotini ekan. U bilan chorak soat tushlikka qanaqa ovqat qilish kerakligi haqida muzokara olib bordi. “Sotka”ni endi o‘chirgan ediki, beshta telefondan qizili jiringlab qoldi.
— Kechirasiz, — dedi qizil telefon go‘shagini ko‘tarib. — Eshitaman, xo‘jayin!!! — U xo‘jayini bilan tik turgan holda “Xo‘p bo‘ladi!” deb anchagacha gaplashdi.
Uning telefonlardan bo‘shashi qiyin shekilli, degan xayol bilan sekin o‘rnimdan turgandim, chap qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, “ko‘rib turibsiz-ku!” degandek go‘yoki mendan kechirim so‘ragan bo‘ldi.
Uyga qaytib, “Nima qilsam ekan-a?”, deya o‘ylab turib, birdan ko‘zim telefonga tushib qoldi. “Qani o‘sha boshliqqa telefon qilay-chi, balki omadim kelib kolar”, deb shirkatga, Qobil Qulto‘rayevichga telefon qildim. Natija yomon bo‘lmadi. U telefon go‘shagini ko‘tardi. Men qayerda yashashim, nima maqsadda qo‘ng‘iroq qilayotganimni aytdim. “Barcha talablaringizni yozib oldim. Albatta, bajariladi!”, — dedi u telefon go‘shagini qo‘yar ekan.
Bir pasda muammolar hal bo‘ldi. Yurgan ekanmizda, telefon turganda oyoqqa azob berib. Hey, sadag‘ang ketay…