Bahodir Qobul. Yangi oy – sunbula (hikoya)

Ikki boshli kalxat surati tushirilgan xos vagonni yetaklagan parovoz bir narsadan quruqqolgandek hansirab, Samarqanddan sahar mardonlab yo‘lga chiqdi. Atrofni achchiq-sassiqhid bosdi. Xayrlashayotgan bahorning namtob havosiga o‘rlagan qora tutun ichra poyezd yurar yo‘lini tusmollab borardi. Yana son tekkanidan o‘zida yo‘q xursand, iste’fodagi polkovnik, sud hay’ati raisi Aleksandr Nikolayevich Sokolov vagon-restoranda. Igna yutgan itday oriqporuchik-prokuror va huquq ilmidan bexabar yuzlab askarlar orasidan tanlab olingan to‘rt nafar zobit — hay’at a’zolari raisning qosh-qovog‘iga qaraydilar. Hay’at bazmi jamshid ustida. Qurdagilar Jizzaxga yuborilgan. Shaharni tozalash buyurilgan.
Anchadan buyon ishsiz yurgan, qozonga qorovullik qilib qolgan polkovnik yana qo‘l ostiga odam berganliklari, uniyam esga olib qolganliklarini shu vaqtgacha sezdirmay kelgan bo‘lsada, ichiga ikki tomchi kirgach jilovini bo‘sh qo‘ydi. Qo‘lidan hali ko‘p ish kelishini, kelgandayam katta va dovruqli ishlar kelishini unutmaganliklarini har bir a’zoga qayta-qayta uqtirdi. Hazrati Oliylariga tahsinlar o‘qidi.
Bolshoy Mixaylovka stantsiyasida suvxonasini suvga to‘ldirib hayallagan poyezd yana yo‘lga tushdi. Milyutinskiyda o‘tinxonasiga o‘tin g‘amlaydi.
— Meni shaxsan sud hay’atiga boshchilik etish uchun taklif qildilar, — dedi, xuddi boshqalar buni bilmaydigandek. — Sudda bu itlarni chivindek ezib tashlayman. Jizzaxning har bir daraxtiga bularning harom jasadini bittadan osib qo‘yaman…

* * *

O‘yinni zo‘ri yo bozorda, yo mozorda bo‘ladi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Katta, zo‘r o‘yinlarni sopi hamisha o‘zidan chiqarilgan. Hali Jizzax O‘rdasida qirg‘in bo‘lmasdan oldin, O‘rdaning shundoq biqinidagi bozorning ikki qorovuli “otasidan qolgan mulk”ni bo‘lisha olmay janjallashgandi. Bozorni kirdi-chiqdisidan topadigan bir parcha qattiq non ko‘p ko‘rindi. Xudo urgan shunday noshukrlik kunlarni birida ur kaltak, sur kaltak boshlandi. Qorovullar janjal nimadan boshlanganiniyam, nimaga O‘rda o‘t ichida qolganiniyam bilishmadi. Bozorda kunda o‘n urish, yuz janjal. Shulardan biri bo‘lsa kerak, deyishgandi. Keyin bilishdiki, O‘rdadagi jang katta janglardan. Bozor ko‘rganlar bunday kunlarda birovni o‘ylamaydilar. Boshni biror panaga tiqqan ma’qul, tirik qolsa bo‘ldi. Boshqaning ko‘zi oqib tushsayam kiprigi qilt etmaydigan bozor ko‘rgan qorovullar jangga o‘zlaricha aralashdilar. To‘g‘rirog‘i birovi oldinroqharakat qildi. Paytdan foydalandi. Zang bosgan va to‘pponchaligi qolmagan temirni adovatdagi qorovulning hovlisiga ko‘mdi-da, falonchiyam qo‘zg‘olonda qatnashgan, hovlisining piston joyida to‘pponchasi bor deb ma’murlarga chaquv yetkazdi. Soldatlar kelib ko‘rsatilgan joyni kovlashsa, haqiqatan ham to‘pponcha chiqdi.
Shaharga adog‘siz dabdabayu, asasa bilan kirib kelgan sud hay’ati boshlamasiga shu ishni ko‘rishi, ko‘zini pishitishi, Oq poshsho odamlarining gapini ikki qiladiganlarni ko‘zini moshday ochib qo‘yishi kerak edi. Hay’at ko‘radigan ishlarning gunohkorlari ko‘cha, rasta, bozorlardan tutib kelingan, oddiy tirikchilik kuyida kuymalanib yurgan kishilar edi.
“O‘ta muhim jinoyatchini” soldatlar qurshovida olib kirdilar. Oqlovchining qorasiyam ko‘rinmadi. Sud boshlandi. To‘qqillatib stol ustiga qo‘yilgan bir englik zang bosgan temirni to‘pponcha ekanligini faqat uni ko‘tarib yurganlargina ilg‘ashdi. So‘rov boshlandi.
—    To‘pponcha senikimi?
Sobiqqorovul to‘pponcha degan narsani ikkinchi bor yaqindan ko‘rayotganidan qo‘rqib ketdi. Bir marta uyidan ushlab ketishayotganda qo‘liga tutqazib qo‘yishgandi.
— To‘pponcha meniki emas.
To‘pponchani undog‘iga, bundog‘iga aylantirib ko‘rishdi. Bir zobitni chaqirib, uni ishlash-ishlamasligini tekshirib ko‘rishni buyurdilar. Zobit shoshib qoldi. To‘pponchani ishlamasligiga aqli yetmaydiganlar qanday sud o‘tkazayotganligiga hayron bo‘lganlar ivir-shiviri zalda bir o‘rmalab oldi. Oradan bir soatdan ortiq vaqt o‘tdi. Hay’at betoqatlandi. Yana bir zobitni gap nimadaligini bilishga jo‘natdilar. Sukunat.
To‘pponchaning ovozi chiqmayotganligidan bandining betiga qon yugurgandek bo‘ldi. Tetiklandi. Shunda, shunda birdan osmonu yerni larzaga solib o‘q ovozi yangrab ketdi. Nazarida xuddi to‘p og‘ziga uni bog‘lab otishgandek bandining hushi qolmadi. Tashqarida, qayerdadir, qandaydir quroldan otilgan daydi o‘q bexato kelib shakar tomiriga urilgandek, tik bo‘y yiqildi. Hay’at a’zolari masala hal degandek bir-birlariga royish berib qaradilar. Rais ikki soatdan buyon nimanidir rasmini solib o‘tirgan, kitob desa kitobga, supra desa supraga o‘xshamaydigan beso‘naqay ikki betli jildni bir-biriga qarsillatib urib, stol ustidagi kumush qo‘ng‘iroqchani kashtasini keltirib chalgancha sud yakunlanganini bildirdi.

* * *

Rais qachondir, nimadandir, juda qattiqqo‘rqib yuzi shu holatda qotib qolganligi, kiprik qoqmasligi, mudom baqrayib turishi, tomoqqirishidan zahar tomishi bilan nom chiqargan edi. Prokuror savodsizligini egnidagihashamdor formasi bekitib turadi deb o‘ylaydiganlardan bo‘lib, zobitlarni naqshinkor xumlarga o‘xshatganlar xato qilmasdi.
So‘roq paytida rais bandilardan bir-ikki og‘iz gap so‘ragan bo‘lib, boshini avval o‘ng tomonga, keyin chap tomonga burib, navbatni hay’at a’zolariga havola etar, biroq ularda ham gapirish istagi topilmasdi. Ro‘yxatga belgi, chiziq chizish bilan ovora edilar. Prokuror va himoyachining gaplaridan so‘ng qo‘llaridagi qalam bilan bandiga o‘tir ishorasini qilishar, so‘roq navbati boshqasiga kelardi. Shu zaylda bir kunda rejaga asosan yuz odamning ishini ko‘rish vazifasi zimmalariga yuklangandi.
Savol-so‘rovni qattig‘i savodsizda bo‘ladi. Go‘shtga yetgan itday navbat prokurorga tegishi bilan ko‘zoynagi va sap-sariqqoshi oralatib avval ro‘yxatga, keyin bandiga boshdan-oyoq tik bo‘yin qarab, qurbaqani avrayotgan ilondek bo‘ynini beo‘xshov cho‘zib-cho‘zib qo‘lansa-palag‘da tovush bilan ishini boshlardi. Odatda bandi prokurorning savoliga tushunmas, qayta so‘rashga jur’at qilolmas, qayta so‘rash mumkinligini o‘ylab ko‘rmagan ham yoki javob bersa-da prokurorning nayrang to‘riga o‘z ixtiyori bilan bo‘lmasa-da, qat’iyatsizligi, go‘lu ovsarligi ortidan ilinib qolardiki, gapirayotgan gapi o‘ziga zarar keltirayotganligini fahmlamasdi.
Ammo tarjimon prokurorning ayyorligini payqab qolib, savollarga sharh berib, avom tushunadigan tilga o‘gira boshlaydi. Shu tariqa uch-to‘rt bandi prokuror changalidan qutilishga erishdi.
Prokuror bildi. Endi tarjimonning ko‘ziga qattiq tikilib, savollarini dona-dona talaffuz qilar, lekin tarjimon diqqat qaratmas, ishiga sobit turardi…
Prokuror ko‘rdiki ov baroridan kelmayapti. Tarjimonga tashlandi.
— Siz, Mirzo Abduxoliqzoda, menimcha savollarimni noto‘g‘ri tarjima qilayapsiz. Bir og‘iz gapimni doston qilib yetkazishni nima zaruriyati bor. Gapimga gap qo‘shmay aynan tarjima qilishingizni talab qilaman!
— Prokuror janoblari siz adabiy tilda gapiryapsiz, agar men gapingizni aynan va so‘zma-so‘z tarjima qiladigan bo‘lsam, qishloq odami sizga nima deb javob qiladi. Agar savolingizni ochiqroq, aniqroq bayon qilsangiz, mening sharh berib o‘tirishimga hojat qolmasdi.
— Bu yog‘i sizning ishingiz emas! Vazifangiz aynan tarjima qilish, tushundingizmi? Siz menga yo‘l ko‘rsatmang! Men o‘z ishimni yaxshi bilaman.
— Kechirasiz, janob prokuror, mening vazifam savolingizni bandiga tushuntirib berish, toki u savolga tushunib javob bersin, zero, bu yerda insonning taqdiri, hayot-mamoti haqida gap ketayapti.
— Takror aytaman, savolimga ilova qilmang, men nima desam, aynan tarjima qiling, sizni bu yerga tarjima qilish uchun olib kelganlar, — degancha qahr bilan stolga musht soldi.
Hay’at, bandiyu soqchilar, tekinidan quriqqolgandek yig‘ilgan tomoshabinlar bir cho‘chib tushdi.
Tarjimon sud raisiga murojaat etdi:
— Rais janoblari, meni harbiy sud majlisi tarjimonligidan ozod qilishingizni so‘rayman. Men prokuror talabini bajara olmayman va vijdonim oldida gunohkor bo‘lishni istamayman.
Sud tanaffus e’lon qiladi. Keyin maslahat xonasiga prokurorni chorladi.
— Aleksandr Nikolayevich, tarjimonning xatti-harakati jonimga tegdi.
— Bu yerda hissiyotga berilmaslik kerak, azizim, Vasiliy Petrovich, ma’lumotingiz, unvoningiz vazifangizga to‘g‘ri kelmasligi vajidan Toshkentda ozmuncha odam bilan sanu manga borib sizni so‘ramaganmidim. Mana, ko‘rib turibmiz, tajribangiz ham haminqadar…
— Aleksandr Nikolayevich, o‘zingiz bilasiz buncha odamni aybdor deb topish uchun nachalnik oxrankaning bir protokoli kamlik qiladi. Birgina guvohimiz bor. Lekin, uning “tanimayman” deyishi ham asossizga o‘xshayapti. Shuning uchun men yuristcha gaplar bilan ularni boshini gangitib, o‘z tilidan ilintirmoqchi bo‘lyapman. Tarjimon esa ishimga xalal berayapti, agar u xalaqit bermaganda qanchasini tumshug‘idan ilintirardim. Buning o‘rniga ruschani ham yaxshi gapira olmaydigan chalasavod tarjimon topganimizda yaxshi bo‘lardi.
— Vasiliy Petrovich, juda soddasiz-da, nima Toshkent qaroridan xabaringiz yo‘qmi? “Bu itlarning hech biriga omonlik yo‘q” degan gapni eshitmaganmisiz?
— Qanday xabarim bo‘lmasin. Yuristlik mahoratingni ishga sol degan edingiz, shunga amal qilib…
— Yaxshi, tayinlaganimdek, chalkash savollar bilan chalg‘iting, gapga oling. Prokuror degan nomingiz bor. Ruschani tushunmaydigan mahalliylarga e’tibor qaratmayman. Siz ham shundoqqiling, biroq ruschani biladigan advokatlar va tomoshabinlar chatoq. Ular qanaqa odamligini bilib bo‘lmaydi, demakki, ishonib ham. Mabodo masala qanday hal bo‘layotganining isini olsalar hukumat sha’niga bo‘lmag‘ur ovozalar tarqatadilar. Albatta, hukumat bundaylardan qo‘rqmaydi, lekin harbiy sudimizning nozik jihatlari bor. Tushungandirsiz? Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, tarjimondan kechirim so‘raysiz. Bu shaxsiy ish emas, umum ishi. Umumga foyda keltirish uchun shaxsiyning bahridan o‘tish kerak. Shu ishingiz bilan ochilgan pardani yopgan bo‘lasiz, — dedi do‘ltabo‘riday yovuz bosiqlik bilan.
Avvaliga yigirma mingdan ziyod erkak zoti so‘roq-so‘rovsiz o‘qqa duchor qilingan, keyin o‘qni ham hayf hisoblab sovun surtilgan dorlarga tortilgani sabab shahar va shahar atrofi bo‘ri talagan qo‘radek huvillab qoldi. Kunduz kuni ham qidirib qari chol va norasida go‘daklardan o‘zga erkak zoti topilmas bo‘ldi. Qochgandan qirilgan ko‘p bo‘ldi. Egasiz ekinzorlar yer bilan bitta bo‘lib yotar, ishlashga qurbi yetganlarning ilingani o‘ldirilgan, qochgani bedarak, ushlangani turmada, sud bo‘lgani Sibir, “omadi chopgani” mardikorlikka olinib, uchi-qiri yo‘qo‘rmonzorlarning gadoy topmas, borsa kelmas xilvatlariga jo‘natilgan edi. Shaharni ushlangan joyidan vagonlarga urilgan daydi-duydi, och-yalang‘och, soch-soqoli bitlab, ha demay yetib keladigan mujiklarga bo‘shatish lozim.
Jizzax shahri, Bog‘don va Sangzor vuluslarida qariyalaru yoshi qaytganlar, ayollaru bolalardan bo‘lak qo‘zg‘olonda ishtirok etganligini gumon qilish mumkin bo‘lgan tirik zot qolmadi. Tirik qolganlari qo‘zg‘olon ishtirokchilarini zudlik bilan tutib berishlari haqida buyruq berildi. Mabodo uch kunda buyruq bajarilmaydigan bo‘lsa, aholi uy-joyidan mosuvo bo‘lib, cho‘lu biyobonga badarg‘a etilishi oldindan tuzilgan rejaga asosan ma’lum qilindi.
1916 yil 7 avgust. Soat o‘n ikki. Farmon o‘qib berildi. Unga ko‘ra aholi biyobonga surgun qilinishi kerak. Kun qizigandan qizidi. Sallotlar va otliq kazaklar qilichu nayzalarini yalang‘ochlab, miltiqlarini o‘qtalib, notavonlarni to‘rt tomonga haydab shahar chetidagi dala, Uchtepaga to‘pladilar. Och sallotlar aholining oxirgi burda nonini qo‘lidan yulqib, shu joyning o‘zida kavsh qaytarar, bir burda noni bor odam gunohkor sanalgan kun edi.
Egasidan ixlosi qaytgan itdek bo‘yni egilgan hardamxayol ulus otliqlar oldiga tushdi. Badbaxt dalaga yuzlangan go‘daklar, ayollar va keksalarning ohu vohi olamni buzdi. Tashnalik azobidan lablari gezarib sudralayotgan minglab qari-qartang, ayolu go‘daklarni osmondan oftob, yerda tosh kuydiradi. Oldinda giyohham unmaydigan, o‘z oti o‘zi bilan Badbaxt dala. Orqada miltiq va qilich o‘ynatgan sallotu, otliq. Madorsiz, yiqilganni qo‘ndog‘ va tepkini zo‘ri o‘ziga keltirib qo‘yar, otlig‘ining og‘zidan “sobaki” tushmas, salloti “sukina deti” degancha bet-ko‘zing demasdi.
Asadning dimiqqan oyi yarmi senga, yarmi menga degandek qilichini tik ko‘tarib chiqdi.

* * *

Poyezdlar janubdan shimolga surgun etilganlarni, shimoldan janubga yangi yer egalarini peshma-pesh tashiydi. Shimolga ketayotgan vagonlardan chakillab qon, zahardek yaltirab zardob tomadi. Zardoblar temir izlarni teshib yuborgudek bo‘ladi. Poyezdlarning qilig‘i shamolga yoqmaydi. Uni tag-tugi bilan azot ko‘tarib urgisi, ayniqsa eng boshida kelayotgan, qora tutuni bilan dunyoni bulg‘ayotgan qozonqorinni yomon ko‘radi. Ichi dardga to‘lib ketadi. Dardi chang to‘zon bo‘lib osmonga o‘rlaydi. Tentirab to‘rt tomonga chopadi. Dardlarini daryo tushunadi. Daryo daryo bo‘lib bunchalik xo‘rlanmagandi. Hushini esxonasidan chiqargan narsa Kattatog‘ning qadim archalarini g‘orat etilishi, O‘smat Ota, Navqa Ota, Bog‘mazor Ota mozorotlari ustigacha ustanib kelgan archazorni bir boshidan kesilib suvga otilishi edi.
Necha bir bosqinda archalar elni asragandi. Pana bo‘lgandi. Bir tup tizza bo‘yi archani birov kesolmasdi. Bir archada qirq yigitning rizqi bo‘ladi degancha el archani asrar, archa tog‘ni bezar, shodliklar buloq bo‘lib, qo‘shig‘i daryoga oqardi. Kattatog‘ning bir shoxidan engan suvga Samarqandu Buxoro, bir shoxiga kunchiqish betdagilar tirikchiligi qarab qolgan. Poyezdman degani shaqildoq ilondek biltanglab keldiyu hammani rangi o‘chdi. Ega, ega bo‘lmasa nega?
Daryoo‘z onasi, o‘z bolalarini oqizib ketayotganidan, qutqara olmayotganidan, qutqarishga kuchi yetmasligidan qirg‘oqlarga bosh urib yuguradi. Alamini kimdan olishga, hasratini kimga aytishga aqli yetmay qo‘liga ilinganni olib chopadi. Qirg‘oqlar etagini toshga to‘ldirib ortidan ergashadi. Shamol bir daryo betida, bir qirg‘oqlarda yalangoyoq izillaydi. Ko‘z ko‘rgan yeridan ajragan, kamiga yetti bo‘lakka nimtalangan, yo‘rgakdek g‘o‘lalangan archalarning dardi bu dunyoga sig‘maydi. G‘o‘lalar suv yuzida, po‘rtanalarda aylanishar ekan, bir-biriga bosh qo‘yishib goh girdobda uymalanib qolishadi, goh sharilloqlarda yuraklarini hovuchlab, ko‘zlarini chirt yumib olishadi. Hali daryodan changakda tomog‘idan tortib chiqarilib, quritilib poyezdlarning o‘chog‘iga o‘tin bo‘lariyam bor. O‘shanda ularning ohini birov eshitmaydi. Eshitgan tushunmaydi.
Zorlangan Sangzor bo‘ladi. Zorlangandan Sangzor zorlanadi.
Shunday kunlarni birida temir yo‘lning ikki chekkasini, sassiq shpallar orasini yorib qizg‘aldoqlar bosh chiqaradi. Bir-birini qo‘lidan mahkam ushlagan qizg‘aldoqlar. Xuddi vagonlardan chakillab tomgan qonlarning izsiz yo‘qolib ketmaganligini ta’kidlagandek qad rostlaydilar. Shamol ularni taniydi. Kela-kela yuzlarini silaydi. Suvsab qolgan bo‘lsa kerak deb shoshgancha bulutni quvib, oldiga solib keladi. Toshlar takbir aytadilar. Shunda ikki tog‘dan o‘ziga yoqa yasab olgan Temir qopqani Ilono‘ti tarafdan kelgan paravozning hamma yoqni jiyitib o‘tishi buzadi. Ko‘zi achib, nafasi tiqilgan dara yoqa tutamlagancha dong qotadi. Qizg‘aldoqzor tik turib qarshi oladi. Qo‘rqmaydi. Bu boshlar temir izlarga qo‘yilish uchun yaratilmaganligini bildirib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Xayol qiladi. Xayolida borliq alvondan-alvon emish. Hatto Badbaxtdalayam. Ko‘pni ko‘rgan shamol yana o‘ng esishidan umidvor bo‘ladi. Hurillab, yam-yashil archalarni qadimgidek pirpiratgisi keladi. Dunyolarni tentirab-tentirab, aylanib-aylanib kelarkan yo‘lma-yo‘l sabolar sochini mahkam o‘rib yupatadi, shabboda ko‘nglini yoritadi. Mushtipardek hilpillabgina turgan mahzun ko‘nglini ko‘taradi, garmselni hovurdan tushiradi, suron solishga sillasi yetmay qolgan to‘zonlarga to‘zim tilaydi, dovulga aylanmoq orzusidagilarga quvvat bo‘ladi, kamonlarga o‘q bo‘lish g‘ayrati bilan o‘sayotgan novdalarni silab-siypab o‘tadi.
Yangi Oy — Sunbula elga tinch, o‘ziga notinch bo‘lgancha, ahli ahrorga sir ulashib yosin tortadi. Katta yulduzlar azaliy o‘rinlarida itoat bildirib, hurmat va sukut bilan bo‘yin egadilar. Yo‘qolgan yulduzlar o‘rni o‘pirilib tushgan egasiz ochiq go‘rdek mung‘ayadi. Charxi falak, og‘ma falak, otiga yarashig‘ yo‘lida davom etadi. Yulduzlarning o‘tish yo‘lidagi to‘g‘ri ko‘tarilish hisobini topish hammaniyam qo‘lidan kelavermaydi. Cho‘mich yulduz to‘nkarikliqqozonda yulduz shopirib turaveradi…