– Hobil amaki olamdan o‘tibdi…
Sovuq xabar qishloqqa bir zumda tarqaldi. Do‘ppi, chopon kiygan kishilar Hobil amakining uyiga yig‘ila boshladilar. Ming yildan beri odat shunaqa. Kimdir chin dunyoga safar qilar ekan, barcha qilayotgan ishini tashlab, azador xonadonga shoshilishadi. Ish kutib turadi. Bu yerda inson omonatini topshirgan…
Qarindosh-urug‘lar shivir-shivir qilishib, Hobil amakining qirq yildan beri yuz ko‘rmas bo‘lib ketgan akasi – Qobil terichiga ham xabar berishga qaror qildilar.
Qobil terichi Stalin o‘lganidan keyin qamoqdan qaytgach, bir martagina ukasining uyiga kelgan va shu bo‘yi boshqa qorasini ko‘rsatmagan, Hobil ham uni yo‘qlab bormagan, bu achchiq haqiqatni hamma biladi. Og‘a-inining orasidan ne gap o‘tgani esa qorong‘u. Hatto qishloqning qaysi g‘unajini kimning buqachasiga ko‘zini suzayotganigacha bilaman, deb lof uradigan usta Sevin ham bu siru sanoatning tagiga yetolmay dog‘da edi. Buni Hobil amakidan so‘rashga jur’at topgan paytlari ham bo‘lgan, biroq “Tovuqqa o‘xshab go‘ng titishni qachon bas qilasan, Sevin” degan zaharolud, shivirlagandek past tovushda aytilgan jumladan keyin, usta pildirpis bo‘lib qolgan edi. Xullas og‘a-ini qirq yildirki bir-biri bilan gaplashmaydi.
Buning ustiga terichi qamoqdan kelgan kuni hol so‘rashga kelgan hamqishloqlarining oyog‘i uzilishi bilan, polutorkani olib kelib unga lash-lushlarini, xotin va bola-chaqasini ortib qishloqdan yigirma chaqirimlar naridagi qozoqlar ovuliga yondosh temiryo‘l stansiyasiga ko‘chib ketdi. Hozir u stansiya kichikroq shaharchaga aylangan, qozoq o‘tovlari cho‘nqayib turadigan joylarda yaxlit panellardan tiklangan, to‘rt qavatli, negadir unda yashaydigan o‘ris geologlar “Xrushevka” deb ataydigan uylar qad ko‘targan edi. Qobil terichi nafaqaga chiqqanidan keyin ham qishloqqa qaytib kelmay, temir yo‘l ishchilari uchun davlat pishiq g‘ishtdan qurib bergan uyda yashayverdi. Bu orada qozoq cho‘ponlaridan boshqa hech kimga kerak bo‘lmagan sap-sariq sahrodan yermoyi topilib, bu ovloq stansiya gavjumlashib qoldi. Bu yerda geologlar shaharchasi quriladigan bo‘lib, terichining katta o‘g‘li Bahriddin qurilishga ishga kirdi. Kichigi Faxriddin esa “buravoy”chilarga qo‘shilib, haftalab cho‘lda qolib ketardi. Keyin ikkalasiga ham yan
gi qurilgan “xrushevka”lardan uy berishdi. Davlat ham bor pulini shu sahroga to‘kishga ahd qilgan ekanmi, ularning oladigan oyligi hisobini eshitgan terichining boshidan qatirmoch telpagi tushib ketar darajaga yetardi. Qobil terichi birin-ketin, oradan olti oyni o‘tkazib, ikkala o‘g‘lini uylantirib qo‘ydi. To‘g‘risini aytganda, o‘g‘illar o‘zlarini o‘zlari uylantirishdi desayam bo‘ladi. Bu to‘ylarga ham, sarpo-suruqlarga ham terichi bir so‘lkavoy sarflagani yo‘q. Bularning barchasini, yangi uydagi asbob-anjomlarigacha o‘g‘illarning o‘zlari sotib olishdi. To‘yga qishloqdan hech kim kelmadi, hisob. Faqatgina yolg‘iz ammasidan qolgan Yodgor jiyanini aytmasa… O‘g‘illar falonchiniyam aytaylik, deyishmadi. Terichi ham anovilarga ham xabar beringlar, deb emranmadi. To‘y yangi paydo bo‘layotgan shahardagi yosh-yalanglar, terichining oshnalari bo‘lgan Rauf abziga o‘xshagan qari temiryo‘lchilar bilan o‘tdi. O‘g‘illar qishloqda amaki, amakivachchalari borligini unutishgan, Qobil terichi ularni unutolmasa-da, eslatmoqqa
uringan tilni kesishga tayyor, ham bosqon, ham sandonning orasida qolib, bir siqimgina bo‘lib yurgan kampirning esa dardi ichida…
…Qobil terichi yigirmanchi yilning sunbulasini hech qachon esidan chiqarmaydi… Qirqim payti edi. Bunaqa paytda cho‘pon-cho‘liqqa mardikor qirqimchilar yordamga kelishadi. Sadriddin terichining besh mingdan ortiq qo‘y-qo‘zisining junini to‘rt cho‘pon bilan yetti cho‘liq, ana boring terichining ikki o‘g‘li – yigirmani urib qo‘ygan Qobil bilan o‘n olti yashar o‘spirin Hobillarni qo‘shsa o‘n uch kishi bir haftada qirqib tugata olmaydi-ku. Bu yil qirqim mahalidan bir hafta-o‘n kun oldin keladigan Sadriddin terichi ha deganda ko‘rinavermagach, Qobil cho‘ponlarga qo‘ylarni daryo bo‘yiga haydashni aytdi.
– Otam negadir kechikdi. Qo‘ylarni o‘zimiz yuvib turaylik-chi. Hali-zamon kelib qolar.
Besh ming qo‘yni daryoda cho‘miltirishga ikki kun ketdi. Qo‘yni cho‘miltirmasdan qirqib bo‘lmaydi. Yoz bo‘yi changda, xas-xashak orasida yurgan jonivorning uzun junlariga tuprog‘u cho‘p-chor ilashib qolib uzun qaychi – qirqlikning tig‘ini jun orasiga o‘tkazmaydi. Natijada ham qirqimchiga, ham qo‘yning o‘ziga azob bo‘ladi. Qo‘yni cho‘miltirishning qanchalik mashaqqat ekanligini aytish shart emas…
Cho‘liqlar bir suruv qo‘yni daryoning sayozroq sohiliga taqab keladilar. Ishtonchang bo‘lib olgan cho‘ponlar esa birin-ketin qo‘ylarning orqa oyog‘idan tortib suvga tushirishadi va qo‘yni chalqancha qilib quloqlari va old oyoqlarini juft ushlagancha (qo‘yning qulog‘iga suv kirmasligi kerak) suvga botirib olaveradilar. Oftob tig‘ida muzdek suvga tushib olib qo‘y cho‘miltirish oldiniga serzavq tuyuladi. Cho‘ponlar qiyqirishib, bir-birlariga suv sochib qo‘y yuvadilar. Bir qo‘yni chiqarib yuborib, ikkinchisini ushlab keltirgunlaricha bir-ikki yoshroq cho‘ponlar daryoning chuqurroq joylariga sho‘ng‘iydilar, atrofga suv sachratib suzib keladilar. Ammo vaqt o‘tgan sari qo‘ylarni ushlash qiyinlashib boradi. Chunki daryodan chiqqan qo‘ylar junidan oqqan suv qirg‘oqni shalabbo, sirg‘anchiq qilib tashlaydi. Soatlab suvda harakat qilish, ularni ochqatib, tinkasini quritib tashlaydi. Charsroq to‘qli va qo‘chqorlarni bo‘ysundirib daryoga olib tushishning endi o‘zi bo‘lmaydi. Kun oxiriga borib bechora qirqimchiyu cho‘ponlar
ning ahvolini ko‘rsa hatto maymunlar ham ho‘ngrab yuborar darajaga keladi. Sirg‘anchiq qirg‘oqda yiqilaverib, buning ustiga tuyoqlar va shoxlarning zarblaridan momataloq bo‘lmagan joyi qolmagan bechoralar, bir kosadan sho‘rvani zo‘rg‘a ichib shundoqqina uxlab qolaveradilar.
Sadriddin terichi qo‘ylar yuvib bo‘lingan kuni tunda keldi. Qobil qirqimchilar bilan kapada uxlab yotgan, Hobil esa cho‘liqlar bilan birga suruv yotgan joyda gulxan yoqib o‘tirardi. Otasining kelganini u ko‘rdi. Ko‘rdiyu, otasining oldiga emas, uxlab yotgan akasini uyg‘otish uchun chopdi.
Sadriddin terichi yilida uch marta, erta bahorda, to‘l boshlangan paytlarda kelib, qo‘zilarning so‘yiladigan va qoldiriladigan qismlarga ajratar, tayyor terilarini tuzlab, kapaga bosar, buning ustiga qo‘shni chorvador boylardan ham minglab qorako‘l terilarni sotib olar va ularni aravalarga yuklab Buxoroga olib ketardi. Shuning uchun ham uni Sadriddin terichi deyishardi. Keyingi safar oradan bir oyni o‘tkazib bahorgi qirqimga kelardi. U shu yerda o‘n kuncha turib, junlarni saralab qanorlarga joylatar, qo‘shnilarning ham junlarini sotib olib yana aravalarga yuklagancha Buxoroga ketardi. Tiramoyi qirqimda ham shunday qilardi. Aytishlaricha terichining Buxoroda katta hovlisi, xotinlari bor emish. Biroq Qobil bunga ishonish, ishonmasligini o‘zi ham bilmasdi. Chunki otasi uni biror marta ham Buxoroga olib borgan emas.
Hobil yilida attigi uch martagina ko‘radigan terichidan hayiqar, yovvoyilarcha qandaydir tuyg‘u uni otasiga yaqinlashishga qo‘ymasdi. Shuning uchun ham u akasiga yaqinroq edi. U chopib borib akasini uyg‘otdi va otasining kelganini unga bildirdi. Qobil inqillab o‘rnidan turdi-da oti qozig‘ini qoqayotgan terichining yoniga qarab yurdi.
– Qobil, buyoqqa yur, gap bor, – dedi otasi egardan xurjunni olib unga uzatarkan.
Xurjun og‘irgina ekan. Qobil uni yelkasiga tashlab otasining ortidan ergashdi. Ular nariroqdagi chaylaga kirishdi.
– Men ketyapman, o‘g‘lim, – dedi u biroz sukutdan keyin og‘ir tin olib. – Amir yengildi. O‘rislar Buxoroni kunpayakun qilib tashladilar. Endi bu yerlarga ham kelishlari mumkin. Men Amirning ortidan Afg‘onga ketyapman. Erta peshinda karvonga qo‘shilib olaman. – Sadriddin terichining ovozi oldingidek o‘ktam emas edi. U xurjunda chog‘roq sopol ko‘zachani chiqarib Qobilga uzatdi. – Bunda mingta tilla tanga bor. Yashirib qo‘y. Ertaga tongda qo‘ylarni Pomuq tomonga hayda. O‘sha yerdan Beshim Durdini top. Qo‘ylarning hammasini unga sotasan. Beshim Durdi insofli, dangal odam. Meni yaxshi taniydi. Pulni Buxoro tilla tangalarida to‘lasin. Besh ming tanga bo‘ladi.Uni ham shu ko‘zachaga solib, to yaxshi zamonlar kelguncha ovloq joyga ko‘mib qo‘y. Xudo xoxlasa bir-ikki yilda o‘ris balosidan qutulamiz. Shunda Amir bilan qaytib kelaman. Shunda seni ham, ukangni ham uylantiraman. Bu pullarni shunga ishlatamiz. Hatto onang ham bilmasin. Tushundingmi?
– Tushundim, – dedi Qobil g‘amgin.
– Agar men kelmasam, Hobilni sen uylantirasan. Ukangga otalik kilasan. Men senga ishonaman. Agar o‘lib ketadigan bo‘lsam, buni vasiyat o‘rnida ko‘rasan. Tillani ukang bilan teng bo‘lib olasan. Ukangning xaqiga xiyonat qilmaslikka ont ichasan.
– Ont ichaman, ota, agar ukamning haqiga xiyonat qilsam, Xudo ursin!
– Mayli, o‘g‘lim. Sen esli-hushli yigitsan. Senga ishonaman.
Sadriddin terichi o‘g‘lini qattiq bag‘riga bosib xayrlashdi. Keyin namlangan kipriklarini ko‘r-satmaslik uchun ters o‘girilib otini qoziqdan bo‘shatdi va uzangiga oyoq qo‘ydi.
Qobil qorong‘ulikka singib borayotgan otasining sharpasi ortidan uzoq termulib qoldi.
Qobil hammasini otasi aytgandek qildi. Buni na onasi bildi, na ukasi.
Oradan yillar o‘tdi. Amir qochganidan keyin ham hayot to‘xtab qolgani yo‘q. Sadriddin terichining hovlida yigirma-o‘ttiztacha qo‘yni qamab boqish odati bor edi. U suruvdan qo‘y keltirib so‘ydirmas, mehmon kelganda qo‘radagi qo‘ylardan so‘yilardi. Shuning uchun ham bu qo‘ylar semizgina bo‘lishi lozim edi. Qobil endi shu qo‘ylarning iziga tushib boqib yuradigan bo‘l-di.
Buxoroni olgan o‘risning hukmi bu yerlarga hali yetib kelmagan, biroq o‘g‘riyu qaroqchining kuni tug‘ib qolgan pallalar boshlangandi. Kimdan, qayerdan eshitgan, bilmaydi, bir kuni ikkita basharasini jun bosgan qaroqchilar kelib uning bo‘g‘ziga xanjar tiradi. Otasidan qolgan tillani chiqarib berishni buyurdi.
– Otamdan hech qanaqa tilla qolmagan, – izilladi yigit. – Tillam bo‘lsa shundoq yurarmidim?!
Yigitning so‘zlari ishonchli chiqdi. Ustida sharti ketib, parti qolgan, yamoqlari ko‘pligidan asli qanday matodan tikilganini anglab bo‘lmaydigan darajadagi yaktak-ishton. Oyog‘idagi kavushning yirtig‘idan qorayib, yorilib ketgan barmoqlari chiqib turardi. Oldiga solib haydab yurgan qo‘ylari ham ramaqijon. Haytovur qaroqchilar unga ishonishdi.
– Berdi enag‘ar bizni chuv tushiribdi-da. Bu bolada tilla tugul, uyida bir burda noni ham bo‘lmasa kerak. Yur ketdik, – dedi norg‘ulroq qaroqchi va ular ortiga o‘girilib ot surib ketdilar.
Qobil Berdi kimligini yaxshi bilardi. U o‘zlarining cho‘poni. Pomuqqa birga qo‘y haydab borgandilar. Bir-ikki marta “Bundoq yurguncha o‘sha tillalarni ishlatib, boyvachcha bo‘lib yurmaysanmi?” degan ilmoqli gap qilgandi.
– O‘sha kuni tunda otam kelib, barchasini olib ketganlar. Uyda tillam bo‘lganda o‘zim bilardim, – degandi o‘shanda Qobil.
Demak ablah Berdi unga ishonmagan ekan-da. Biroq qaroqchilar ishonishdi. Qaytib bezovta qilishmadi.
Oradan yetti yil o‘tib, nihoyat Sho‘ro hukumati bu ovloq sahroga ham yetib keldi. Berdi qishloq sho‘rosiga rais bo‘ldi. Bosmachi, qaroqchi deganlari yo‘qolib ketdi. Odamlar yengil nafas olib, uyoq-buyoqqa chiqadigan, Buxoroyu Qarshining bozorlariga borib keladigan bo‘lishdi. Qishloqda anchadan beri bo‘lmayotgan to‘ylar boshlandi.
– Qobiljon, – dedi onasi bir kuni, – yoshing yigirma yettidan oshdi, ukang ham yigirma uchga kirdi. Endi sizlar ham uylansalaring, men ham kelin olib nevara ko‘rsam…
– Mayli, ena, – dedi Qobil, enasiga muloyim jilmayib qararkan, – kimni kelin qilmoqchisiz?
– Shu, Berdining ikki qizi bo‘yga yetib qolgan. O‘zimning qo‘limda o‘sgan, desamam bo‘ladi. Tunov kun Guljon chiqib shunga shama qilgandek bo‘luvdi. Nima deysan?
Otasi badar ketgandan beri Qobil shu xonadonning xo‘jasi. Onasi biron ish qiladigan bo‘lsa, albatta katta o‘g‘liga maslahat soladi. Qobil hech qachon nojo‘ya maslahat bermagan. Bu safar esa Qobildan sado chiqmadi. Chunki Berdining nima ishlar qilib yurganini onasi ham, ukasi ham bilmaydi. Ularga Berdining qaroqchilarni unga yo‘llaganini ularga aytgani yo‘q. Berdi hamon tilladan umidini uzmagan ko‘rinadi, la’nati.
– Ena, shu gapingiz bo‘lmaydiganga o‘xshayapti. Berdi yaxshi odam emas.
Enasi uning fe’lini bilgani uchun, nega deb so‘rab o‘tirmadi.
– Bo‘lmasa, o‘zing ayt, kimnikiga boray?
– Ernazar polvonnikiga boring. Uning ham bo‘yga yetgan ikki qizi bor edi, shekilli.
– Qizlari borlikka borku-ya, biroq…
– Nima biroq, ena?
– Polvoni qurg‘urning dimog‘i baland. Bizga berarmikan…
– Beradi. Men ertaga Buxoroga ketaman. Qaytib kelganimdan keyin borasiz.
Shu kuni tunda Qobil tandirxonaga ko‘milgan ko‘zadan yigirmata tilla tangani olib beliga tugdi va Buxoroga ketdi. Uch kundan o‘tib, sarpoyu suruq, novvotu holvaga to‘ldirilgan ikki qopni yelkalab qaytib keldi. Keyingi chorshanbada Hidoyat kampir ohori to‘kilmagan adras ko‘ylagi ustidan baxmal nimchani kiyib, manglaychasi ustidan buxori shol ro‘mol tashlagancha amirkoni mahsi kovushda, dasturxon o‘ralgan tog‘orasini qand-qursga to‘latib Ernazar polvonning uyiga yo‘l oldi.
Oradan oy o‘tmay, Ernazar polvon qo‘sh kuyovli, Hidoyat kampir qo‘sh kelinli, Qobil bilan Hobil esa bir-biriga boja bo‘ldi. Qobil ukasini uylantirganida otasiga bergan va’dasini bajarib, yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek tuyuldi.
Oradan yana bir necha yil o‘tdi. Berdi sho‘ro qanchalik harakat qilmasin, baribir Qobilni quloq qilib Sibirga surgun qilishning ilojini topa olmadi. Bu orada Hidoyat kampir olamdan o‘tdi. Qobil ikki o‘g‘il ko‘rib ularni Bahriddin va Faxriddin deb nomladi. Hobilning esa negadir xotini yukli bo‘lavermadi. Yugurmagan tabibu azayimxoni, boqtirmagan do‘xtiri qolmadi. Shu paytlarda Qobil yana tandirxonadagi ko‘zadan besh tanga olib ukasiga tutqazdi. Buxoroyu Samarqandlarga borib davolatishni maslahat berdi. Ukasi xotinini olib safarga chiqqan kun kechqurun uning hovlisini melisa bosdi.
Xotini va bolalarini burchakka dildiratib qo‘yib, xonadagi lash-lushlarni o‘rtaga uygancha titkilab nimalarni izlashga tushishdi. Keyin molxona, o‘tinxona, tandirxonani ham titkilashdi. Tuzuk-quruq narsa topisholmadi shekilli, otasining qirq yildan beri otilmagan, almisoqdan qolgan piltamiltig‘iga yopishib olishdi, xuddi bosmachini qo‘lga tushirgandek, uni quroli bilan otga o‘ng‘arib olib ketishdi.
Tergovda esa bosmachilarni emas, Sadriddin terichidan qolgan tillalarni so‘rashdi. Yoshgina no‘g‘ay tergovchi yigit uni har safar tergovga chaqirganida “Ha, terichi, keldingmi, balki bugun aytib berarsan, tillalarni qayerga yashirganingni!” – derdi. Har qancha azob berishsa-da, bariga chidadi. Tillaning qayerdaligini aytmadi.
Bir hafta Kosondagi melisaxonaning tor va zax zindonida yotdi. Shunda uni yo‘qlab avval xotini katta o‘g‘li Bahriddinni ergashtirib kelgan bo‘lsa, ikkinchisida qayerdan xabar topgan, bilmaydi, Hobil bilan keldi. Hobilning kelgani yaxshi bo‘lgan ekan. U otasining vasiyatini bajarishga imkon topdi. Bor-yo‘g‘i o‘n daqiqalik uchrashuvda u Hobilni quchoqlagancha shivirladi:
– Tandirxonaning ostonasini kavla. Topganingni olib boshqa joyga yashir. Otam uni teng bo‘lib olinglar degandi. Yaxshi zamonlarda uchrashsak, yarmini berarsan. Bo‘lmasa bolalarimga ishlat. Ular xor-zor bo‘lib yurishmasin.
– Xo‘p, og‘a, – dedi Hobil yig‘lamsirab. – Iloyim omonlikda uchrashaylik. Shunda hammasini o‘zingizga qaytarib beraman.
– Ehtiyot bo‘l, uka…
Bundan buyog‘iga eshik oldida ko‘zini lo‘q qilib o‘tirgan melisa gapirtirishga qo‘ymadi. Hobilni turtkilay-turtkilay tashqariga chiqarib yubordi. Shundan keyin yana uchrashishga imkon bo‘lmadi. Uni sud-pud ham qilib o‘tirmay, to‘ppa-to‘g‘ri o‘n besh yilni bosishdi-da, Sibirga jo‘natib yuborishdi. “Otilmay qolganingga shukr qil, bosmachi,” deb pisanda ham qilib qo‘ydi uning ishini yopayotgan tergovchi…
Oradan ikki yil o‘tdi. Akasi badar ketdi. Ortidan bir parcha qog‘oz ham kelmadi. Hobil akasining otilib ketganiga shubha qilmay qo‘ydi. Qirqinchi yilning kech kuzida hech qanday davo-muolajalarning foydasi bo‘lmagach Hobil xotinini haydab soldi. Unga qo‘shilib yangasi va ikki jiyani Ernazar polvonnikiga ketadigan bo‘lganida ham parvo qilmadi. Hayhotdek hovlida bir o‘zi qoldi. Uning uyiga negadir Berdi serqatnov bo‘lib qoldi. Har kelganida stansiyadagi temiryo‘lchi o‘rislardan olgan bir shishani ko‘tarib kelardi. Ikkalasi anchagacha shakarguftorlik qilishardi. Shunday ulfatchiliklarning birida Berdi qishloqdagi maktabda xo‘jalik mudirligi bo‘sh ekanligini aytib shu ishga o‘tishga undadi.
– Seni yoshligingdan bilaman. Xat-savoding chakki emas. Cho‘t qoqishni ham eplaysan. Kel, qolganiga o‘zim yordam beraman…
Hobil maktab xo‘jalik mudirligini egallagan bo‘lsa-da kunini Sho‘ro idorasida o‘tkazadigan bo‘ldi. Albatta ish kuni Hobilnikida ichkilikli ziyofat bilan yakunlanadigan bo‘lganidan keyin, maktabning direktori Sho‘roning oshnasi bo‘lgan Hobilning pishagini pisht deyishga botina olmas, bunga sari uning o‘z homiysi Berdiga ixlosi oshib borardi.
Bu orada esa tunu-kun akasi ketida sudralib, o‘n beshini ellikka yetkazgan qo‘ylarni sotib, so‘yib barakasini uchira boshlaganiga chiday olmagan Ernazar polvon qizlarining yuklariga qo‘shib, qolgan yigirma besh qo‘yni olib ketdi.
– Sen haromxo‘r, mayli xotining tug‘mas ekan, qo‘yding. Bunga indamadim. Nega endi shu norasidalarning rizqini yeb yotibsan? Insofing bormi o‘zi?!
Hobil allaqanday sovuq, tirjaygancha indamay turaverdi. Polvon so‘kingancha chiqib ketdi. Oradan bir oy ham o‘tmay, Hobil Berdining o‘tirib qolgan qiziga uylandi. Endi ulfatlar qaynota-kuyov bo‘lib olganlaridan keyin yanada qadrdonlashib ketgandilar. Navbatdagi shakarguftorlikda Berdi ayyorlik bilan uning qo‘yniga qo‘l solib ko‘ra boshladi.
– Sen yosh eding, bilasanmi, yo‘qmi, ho‘, poshsho qochgan yili otangning besh ming qo‘yini Pomuqqa eltib Beshim Durdiga sotib kelgandik. Bir xum tilla bo‘lgandi. Shuni Qobil isini chiqarmay ketdi. Juda-a pismiqdan kelgan ekan akang.
– Nega isini chiqarmas ekan? Chiqardi, – dedi kayfdan yayrab o‘tirgan Hobil qaynotasiga o‘zining davlatmand odam ekanligini ko‘rsatgancha maqtanib qo‘ydi. – Kosonda qamoqda yotganlarida borgandim. O‘sha tillaning joyini aytdilar. Olib boshqa joyga yashirib qo‘ydim.
Berdining ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketdi. Demak la’nati Qobil pismiq shu paytgacha hammani aldab yurgan ekan-da! Voy haromi-ey! Hatto organni ham chuv tushiribdi-da!
– Shunaqa degin, Hobilvoy! – dedi u endi yaltoqlangancha iljayib. – Omadim chopib qoldi, desang-chi, kuyov!
Berdi o‘rnidan chayqalgancha turib, uyiga ketganida tong oqara boshlagan edi. Oradan hafta o‘tkazib keldi va yana qaynota-kuyov shisha ustida mashvaratni boshladilar.
– Buxoroda Mo‘rdaxay degan juhud tanishim bor, – dedi u chaynalib. – Zang‘ar juda zo‘r zargar. Besh-o‘n tanga bersang unga olib borardim. Xotiningga zirak yasatarding, keyin qolganini pul qilib, sigir-buzoq, besh-olti qo‘y qilib qo‘ysang, nimasi yomon? Anavi o‘pkasi yo‘q polvon bor-budingni shilib ketganidan keyin qo‘rang changib yotibdi-ku, kuyov.
Qaynotasining gapi Hobilga jo‘yali tuyuldi. O‘zi kunduzlari ishda bo‘lsa, xotini ertalabdan kechgacha xurrakni tortib uxlaydi. Keyin kechkurunlari otasi bilan o‘ziga chala-chulpa bir narsani pishirib beradi va yana o‘zini ko‘rpaga uradi. Pirovardida bo‘rdoqiga boqilgan qo‘ydek semirib ketdi. Agar uyda mol-hol bo‘lganida ishga kuymalasharmidi…
Berdi ertasi kuni tongda stansiyaga borib, temiryo‘lchi tanishlari yordamida Buxoroga ketayotgan qizil vagonli poyezdga ilashib oldi va shu ketganicha uch kundan keyin allaqanday vahima bilan qaytib keldi: “Urush boshlanibdi!”
Unga berib yuborgan yigirma tangasining ahvoli bilan qiziqishga Hobilning vaqti bo‘lmadi. Bir haftadan keyin o‘zi, oradan uch oyni o‘tkazib Berdi ham urushga ketdi. Ko‘zadagi tilla tangalar esa endi Hobilning hovlisida ko‘milgancha o‘z vaqtini kutib yotaverdi…
Qobil Sibir sovuqlarida qariyb o‘n olti yil arra tortdi. Daraxt kesdi. Bir necha bor oyoq-qo‘lini sovuqqa oldirdi. Bir marta ustiga daraxt yumalab to‘rtta qovurg‘asini majaqladi. Buncha azoblardan keyin odam bolasining tirik qolishi gumon, agar tirik qolganda ham bir umr mayib-majruh bo‘lib kun kechirishi lozim edi. Biroq, Qobilni nimadir hayotga bog‘lab turgandek, negadir har safar u omon qolar, tezda tuzalib yana arra tortaverardi. Stalin o‘lganida u ellik uch yoshda edi. Biroq uni ko‘rganlar kamida yetmishni qoralagan chol deb o‘ylashardi. Muttasil mashaqqat ostida o‘tgan yillar uning jismiga o‘z muhrini bosgan bo‘lsa-da, biroq ruhini tushira olmagan edi. Uni ozod qilganlarida qanot chiqarib uchgudek bo‘lib yurtga oshiqdi. Shuncha yillik mashaqqatdan keyin odamga o‘xshab yashashni shunchalik istar ediki…
– Qanaqa tilla? – dedi Hobil akasining savoliga ko‘zlarini lo‘q qilgancha javob qaytarar ekan, – Tandirxonadan hech qanaqa tilla chiqmadi.
– Otamning ruhini chirqiratma, uka. Uning yarmi mening haqim. Shuni bersang bo‘ldi.
– Qiziq gaplarni gapirasiz-a, aka. Aytyapman-ku, tandirxonadan tilla chiqmadi, deb.
Hobil shirakayf edi. Urushdan kelganidan beri ertalabdan otib olish odatini chiqargandi. Hech qayerda tuzuk-quruq ishlamaydigan kishi har kuni ikki shishaga pulni qayerdan topadi, buni hamqishloqlar tushuna olmasdilar. Oyda, ikki oyda bir marta Buxoroga tushib keladigan odatini aytmasa, hamisha uyida bo‘lardi.
Qobil terichi ukasining mastona ko‘zlaridagi surbetlikni ko‘rib g‘azabi toshdi. Biroq u bilan adi-badi aytishishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Xudo o‘ziga insof bersa, topib boradi, degan xayol o‘tib, lash-lushini polutorkaga ortgancha qishloqdan chiqib ketdi va shu-shu qaytib kelmadi.
Hobil oradan bir necha yil o‘tib qattiq kasal bo‘lib qoldi. Mo‘rdaxay zargarning jiyani bo‘lgan mashhur do‘xtir uni davolab oyoqqa turg‘izdi, biroq, uyiga javob berayotganida aytgan bir gapi Hobilning keyingi hayotini butkul o‘zgartirib yubordi.
– Agar yana bir qultum ichsangiz, o‘lasiz. Sizga hech kim yordam bera olmaydi.
Shu-shu Hobil ichkilikni og‘ziga olmay ketdi. Keyin nurab ketgan uyini tuzatdi. O‘g‘illarini uyli- joyli qildi. O‘ziga nafaqa to‘g‘riladi. Soqol qo‘yib, qishloqning ma’rakalariga qatnaydigan bo‘lgach, uni Hobil amaki deb ataydigan bo‘lishdi. Biroq, biron marta bo‘lsin akasini yo‘qlab bormadi.
Qobil terichi to‘qsondan oshib qolgan bo‘lsa ham bardam, tetik chol edi. Ertalab bomdodni o‘qib, keyin o‘z xonasiga kirdi. Ko‘rpachaga yonboshlagancha ko‘zi ilinibdi. Ukasi, o‘sha kayfdan ko‘zlari qisilib turgan, surbet holda emas, yo‘q, o‘sha, otasi bir xum tillani olib kelganida uni uyg‘otgan o‘n olti yashar o‘spirin holida ekan. U qo‘lidagi ko‘zachani uning oldiga qo‘yib, “aka, oling bularning barchasi sizniki” dermish. Terichining ko‘zlari birdan ochilib ketdi.
– Astag‘furullo, – dedi u ko‘zlarini kaftining orqasi bilan ishqalarkan.
Hech bunaqa, namozdan keyin mizg‘iydigan odati yo‘q edi. Keyin o‘rnidan turib mo‘jaz hovlichani aylandi. Gullarga qaragan bo‘ldi. Shu payt oshxonaga yondosh uydan nevara kelini chiqib keldi.
– Buva, choyingizni kiritaymi?
– Mayli.
Qobil terichi xuddi birov kirib keladigandek darvozaga intiq termuldi. Keyin esa bir-bir bosib o‘z xonasiga kirdi. Kelini olib kelib qaytarib qo‘ygan choydan bir piyolasini ermak qilib o‘tirdi. Birozdan so‘ng xabar olishga kelgan keliniga “Meni bezovta qilmanglar, biroz dam olmoqchiman” dedi va yonboshladi.
Ishga ketadiganlar ishga, o‘qishga ketadiganlar o‘qishga ketib, hovli bir zumda suv sepilgandek jimib qolgach, kelin bir tog‘ora kirni chayish uchun hammomga yo‘l olganida darvoza taqilladi. Kelin qo‘lidagi mag‘zava yuqini kir choyshabga arta-arta darvoza tomon yo‘naldi.
– Qobil amakining uylari shumi? – so‘rardi do‘ppi-chopon kiyib, belini bog‘lagan yigit.
Kelin shuncha tikilmasin, baribir uni tanimadi.
– Ha, shu edi. Tinchlikmi?
– Hm, shu… bobomni berib qo‘ydik. Hobil bobomni. Shuni Qobil amakiga aytsangiz.
Kelin avvaliga uning gapini anglamadi. Keyin Qobil boboning qishloqda Hobil degan ukasi borligini, nimagadir ikkovlari yuz ko‘rmas bo‘lib ketganlarini eshitganini esladi.
– Hozir, buvamni chaqiraman.
Kelin darvozani ochiq qoldirib, Qobil terichining xonasiga qarab yugurdi. Xonaning eshigi qiya ochiq. Undan yonboshlagancha, darvoza tomonga ko‘z tikib yotgan Qobil bobo ko‘rinib turardi.
– Buva, buva!
Kelin chorloviga u javob bermadi. Kelin ichkariga kirib, hamon bir nuqtaga tikilib turgan terichining quruqshagan qo‘lidan ushladi. Panja muzdek edi. Kelin o‘limning mudhish sharpasini sezib, birdan qo‘llarini tortib oldi. Qobil terichining boshi shilqillab bolishga tushdi. Terichi allaqachon omonatini topshirib bo‘lgan edi.