Ilk kaklik ovi
Tog‘ qishloqlarida har bir joyning o‘z nomi, atamasi bo‘ladi. Aytaylik, men tug‘ilib o‘sgan Nakurtning Kamarovul, Lolahovuz, Qizilolma, Ulfatan, Bodomchali, Qo‘shilish, Yorishgan, Qorong‘ulsoy, Qarisoy, Kumushlisoy, To‘ptol, Kattaqamishloq, Kichikqamishloq, Tuyatosh, Cho‘chqalisoy, Alqorsoy, Qo‘chqoro‘ldi, Bulbulsoy, Oqbuloq, Bellisoy, Kattaqorasoy, Kichikqorasoy, Katakli, Momotosh, Suvlisoy, Yo‘ltushgan, Beshtaram, Uzunmo‘la, Dovtepa, Qiziljar kabi kichik qishloqchalari, daralari, kamarlari, buloqlari, soylari, tog‘ qoyalari, cho‘qqilari, yaylovlari, o‘tloqlari, suvloqlari, sayhonliklari, adirlari, qirlari bor. Ular o‘z joyidagi o‘zgarmas belgilarga qarab nom olib kelgan.
Shunday joylarimizdan biri Yetimhovuz. Yetimhovuz deb atalishining sababi, u yerda yolg‘iz, g‘aribgina buloq suvlaridan paydo – hovuz bo‘lgan. Ana shu hovuzning oftobchiqar tomoni – balandlik. Keragatosh degan tizma qoyalar tuya karvonlari yanglig‘ salobat bilan tiz cho‘kkan. Keragatoshda kaklik ko‘p. Undan bir chaqirimda Lilloybuloq deb atalmish buloq taram-taram eshilib oqadi. Keragatosh kakliklari shu buloqdan suv ichishadi.
Men besh-olti yoshimdan boshlab, otamning chin hamrohiga aylanganman. Gap shundaki, otam bir uzoqroq qarindoshimiz, ham qo‘shnimiz bilan fermaning poda-molini boqardi. Otam mulla Olim mulla Suyunning, ya’ni “quloq”ning o‘g‘li edi-da, shu bois unga jazo sifatida podaboqar tayog‘ini sudratishgan edi. Otam qishloq madrasasida o‘qigan, ko‘p savodli, oqko‘ngil kishi bo‘lib, Yassaviy “Hikmat”ini, Mashrab, So‘fi Olloyor, Huvaydolarning talaygina g‘azallarini yod bilardi, Qur’on o‘qirdi, Bedil ruboiylarini sevardi. Men o‘zimcha otamning og‘irini yengil qilmoqchi bo‘libmi (qirq yoshida tilab olgan farzandi edim-da), oldida yugurgilab, uzoqroq ketib qolgan sigirlarni qaytarar, jar-par soyalarida qolib ketganlarini topib kelar, ayniqsa, yoz paytlari — qataloq bo‘lgan kezlarda — duch kelgan yoqqa o‘zlarini urgan paytlarda bir yerga to‘plar edim.
Kakliklar in-uyalarini o‘zlarini himoyalash qulay bo‘lgan pana joylarga — toshlarning ostiga, har xil butalar, daraxtlar, shuvoqlar tagiga qo‘yishardi. Kakliklarning makiyoni apreldan iyungacha tuxum qo‘yadi. Tuxumlari besh-oltitadan yigirmatagacha bo‘lishi mumkin. Ular xol-xolli, ya’ni xoldor.
Men mulla Suyunning singlisi Qizmon ammamdan ajoyib she’r-terma eshitganman. Uni yozib olib qolganman. Mana u:
Bo‘g‘in-bo‘g‘in bo‘g‘inchak,
Tugun-tugun tugunchak.
O‘ttiz elning enasi
Halda (hali ham) bo‘lsa kelinchak.
Bu yerda “o‘ttiz elning enasi” deganda, o‘ttizta jo‘jasi nazarda tutilyapti. Tuxumlarini xuddi tovuq kabi ona kaklik, ya’ni makiyoni bosib yotadi va jo‘ja ochadi. Jo‘jalari tuxumdan chiqqanidanoq ota-onasiga ergashib ketishaveradi.
Gap bu haqda emas, gap kakliklar haqida. Ota makonimizda, Ona yurtimizda, tog‘larimizda kakliklar ko‘p. O‘sha bolalik chog‘larimda ham mo‘l edi. Ular qora qosh, tumshug‘i, oyoqlari qizil. Xo‘rozining peshonasi qora, bosh tepasi kulrang, qizg‘ish shu’lali, jig‘ildoni bilan ko‘kragi och havorang, tag qismi sarg‘ish bo‘ladi. Ikki yonidagi patlarida qora-qo‘ng‘ir tusli ko‘ndalang yo‘llari bor. Oyoqlari pixli, makiyoni esa to‘q kulrang, oyoqlari pixsiz, jussasi xo‘rozidan kichikroq.
Xullas, poda boqib, zerikib yurgan paytlarimda kakliklarga ishqiboz bo‘lib qoldim. Kakliklar tushga yaqin Lilloybuloqqa kelishlarini kuzata boshladim. Bu odat tusiga aylandi. Ular buloqqa kelgunlaricha dumbul o‘t-o‘lan, ko‘kat-maysalarni cho‘qib-uzib, yulqib, chog‘at, jona-qiyalik, qumlarini titkilab, “g‘at-g‘at”lab oziqlanishadi. Keragatosh qirlarida chigirtkalar, qurt-qumursqalar, jazirama paytida jizildovuqlar mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Ularni chaqqonlik bilan tutishadi. Hatto uchgan chigirtkani qanot yoyib, yugurgilab borib, osonlikcha yutishadi. Ko‘pincha oila boshlig‘i — xo‘rozi biror ayiqbosh cho‘qqimi, qoyami yoki anchayin balandroq g‘adir-budir tosh ustiga chiqib oladi-da, to‘lib-toshib, goho o‘qtin-o‘qtin sayrashga tushadi. Uning ovozi uzoqlarga taraladi. Aytaylik, siz pastda — daralarda, jarliklarda yuribsiz, lekin uning yuqorida turib, sayrayotganini bemalol eshitasiz. Sayrayotganda tomoqlari bulkullaydi. Goho xo‘rozi oldida makiyoni paydo bo‘lib qoladi. Unga uzib-uzib jo‘r bo‘ladi. Biroq makiyoni ovozining shashti sust. Ishtiyoqsiz sayrayotganga o‘x-shaydi. Nimagadir urilgandayroq kakirlaydi. Ba’zi jo‘jalari ular oldiga chiqishib-tushishib yurishadi. Doim ota-onasi yonidagi bolalarday yayrashadi.
Qorin qayg‘usidan qutulgan kakliklar tushlikka yaqin “pat-pat”lashib, “g‘iyt-g‘iyt”lashib, buloq boshiga enishadi. Buloq boshiga yaqinlashishdan oldin u yoq-bu yoqni sergaklanib kuzatishadi. Ayniqsa, xo‘rozi hushyor. Suvni miriqib, shoshmasdan ichishadi. Bir yutum-bir yutum tomoqlarga oladi-da, boshlarini yuqoriroq ko‘tarib yutishadi, tag‘in navbatdagi yutumni olib bu holatni chanqoqlari bosilguncha takrorlashadi.
Bir kuni shunday bo‘ldi. Ishqibozlik orti kakliklar jo‘jasidan bir-ikkitasini tutib, uyimizda, qafasda boqmoqchi bo‘ldim. Bir tesha-cho‘tni o‘zim bilan oldim. Podalarni katta kamarga haydadim-da, Lilloybuloq boshiga keldim. Hovuchlab suv ichdim. Chanqog‘im bosildi. O‘ynab-o‘ynab o‘yladim. O‘ylab-o‘ylab o‘ttiz-qirq qadam naridan o‘zim bemalol joylashadigan chuqurcha-xandaqcha qazidim. Har xil butalarni, shuvoqlarni, xas-hashaklarni to‘pladim, xandaqcham qoshiga uydim. O‘zim xandaqcha ichiga tushib olib, ularni ustimga yopdim. Tirqish ochib, kakliklar kelishini kuta boshladim.
Bir so‘z bilan aytganda xonaki, jaydari “ovchi”ga aylandim.
Kakliklar asta-asta, ohista-ohista kelishdi. Ammo, xo‘rozi nimagadir buloq boshidan ancha narida turib qoldi. Qolganlari bexavotir o‘zlarini suvga urishdi. Xo‘roz xavotirda-yu, lekin jim…
Ona kaklik va jo‘jalari suv ichib bo‘lgach, buloq boshidagi do‘lana daraxti tagiga, tuproqqa ag‘anay-ag‘anay ketishdi. Qanot yoyib, o‘mganlarini chag‘otning mayda tosh-qumlariga bulashdi. Kichkina tugmachaday ko‘zlarini suzib-suzib oromlashdi. Birdan xo‘roz men umuman eshitmagan g‘alat ovozda chinqiribmi-qichqiribmi yubordi. Seskanib tushdim. Endi vaqtni boy bermaslik kerak edi. Men ustimdagi lash-lushlarni otib yubordim-da, jo‘jalar tomon intildim. Yo‘rg‘alab qochayotgan jo‘jalarni quvib yetdim. Men bilamanki, suvga to‘ygan kakliklar, ayniqsa, ularning bolalari tez yugurolmaydi, daf’atan uchib ketolmaydi. Hash-pash deguncha ikkitasini tutib oldim.
Xo‘roz Keragatoshni yoqalab uchdi. Makiyoni ham o‘rga biroz yo‘rg‘aladi-da, Yetimhovuz tarafga qarab parvoz qildi. Jo‘jalarning bir qismi yuqorilab ketdi, bir qismi esa butalar, shuvoqlar, toshlar orasiga berkindi. Men boshqa quvmadim ham, izlamadim ham. Qatqat tosh ustiga o‘tirdim, nafas rostladim. Qo‘limdagi jo‘jalarga tikildim. Ko‘p o‘tmay ota-ona kaklik — xo‘roz va makiyonlarning zorlanib, bolalarini chorlagan ovozlari eshitildi. Men ikki jo‘jani uyga yetkazolmadim. Ularni qo‘llarimda ushlab yurib, o‘ldirib qo‘ydim. Ha, parrandayu darranda ham erkinlik-ozodlik farzandi. Qushlar ko‘kda, baliqlar suvda, jayronlaru kiyik, marollar, alqorlar tog‘da, odamzod adolatu haqiqat erkinligida yashovchan.
Ona kaklik
Hayot murakkab. Unda umr kechirish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Ammo qiyinchilik, og‘irchiliklardan, xatarlardan qo‘rqavermaslik kerak. Inson aql, tafakkuri chirog‘i har qanday zulmatni yoritishga qodir, yo‘lingizdagi ko‘ringan-ko‘rinmagan to‘siqlarni, g‘ovlarni surib tashlashda sobit.
Insonni qo‘yaturaylik, tabiatdagi har bir jonzot ham tiriklik uchun kurashib yashaydi. Tirikchilik — tirriqchilik, degan aytimlar behuda yaralmagan. Kaklik sodda qush. Lekin u sodda bo‘lib qolishga haqqi yo‘q. Irg‘ayli darasining chog‘atli qir-adirlarida mol boqib yurgan kezlarim bunga o‘zim guvoh bo‘lganman.
May oyi o‘rtalarining birida ona kaklik tuxum bosib yotganligiga duch keldim. Uning uyasi bir tup shuvoq ostida edi. Bolalik ekan-da, uni tutmoqchi bo‘ldim. Unga qarab yo‘naldim. Ona kaklik noxushlikni tez payqadi. Birdan uyasidan otilib chiqdi va pastga — qiyalik bo‘ylab dumalay ketdi. Ha, u aynan dumalab borardi. Orqasidan quva boshladim, yetay deganimda dumalashni tezlatdi. Quvaverdim. Yana yetay-etay dedim. U yana tezladi. Quvib-quvib daraning ichiga tushib qoldim. Va shunda ona kaklik dumalashdan lahzada turdi-da, uch-to‘rt qadamcha yugurgiladi-yu uchib ketdi. Ko‘rdingizmi, sodda qush deganimiz, ona kaklik menday bir aqlli cho‘pon bolani qanday chalg‘itib, tuxumlarini, bo‘lajak jo‘ja-bolalarini asrab qoldi. U ayyormidi, yo‘q, degim keladi bugun, ona kaklik aqlli, oqila edi.
Men o‘shanda, tag‘in ortimga qaytib, uning tuxumlarini olib ketishim mumkin edi. Ammo, birinchidan, men uyadan ko‘p uzoqlab ketgan edim. Ikkinchidan, tuxumlarni olib, nima ham qilardim. Mol boqib yursam, mol boqish esa oson emas. Qolaversa, birorta kurk tovuq tayyor emaski, tuxumlarni bostirsam, jo‘ja ochtirsam. Uchinchidan, otamning o‘giti yodimdaydi: “Qush uyasini buzma, tuxumlarini sindirma, polaponlariga ozor yetkazma, hatto ilon bolasini ham o‘ldirma!”
Men podalar o‘tlab yurgan sayxonlik sari ketdim.
Kaklik dushmanlari
Kakliklarning yov-dushmanlari ko‘p. Tulki ayyor-qaroqchi. U hamisha kakliklarni poylagani-poylagan. Payt yetdi deguncha, ularga xavf soladi. Ayniqsa, qishning qahraton kunlari. Odatda, tog‘ malikalari bu chog‘lar gala bo‘lib yashaydi. Tunlari qoyalar bag‘rida to‘dalashadi, g‘uj bo‘lib olishadi. Tulki, ko‘zlari yonib, ularga tashlanadi, kakliklar patirlab, o‘zlarini duch kelgan tomonga urishadi. To‘zib ketishadi. Qor gurtiklariga botib, uchisholmay qolishadi. Ko‘plari “qaroqchi”ga yem bo‘lishadi.
Kakliklarning yana bir dushmani ko‘bra, ya’ni ko‘zoynakli ilon, uni kapcha ilon ham deyishadi. U rangdor. Kaklik esa ranglarni yaxshi ko‘radi. Ko‘bra ranglari tuzoq bo‘lishi mumkinligini bilishmaydi.
Nurota tizma tog‘larida ko‘bralar juda ko‘p bo‘lmasa ham, tez-tez uchrab turadi.
…Baland toshsupa ustida nar kaklik o‘z ovoziga o‘zi mast bo‘lib sayrardi. Men undan ko‘p uzoq bo‘lmagan nayza qoya tagida yonboshlab, uni tomosha qilib, sayrashini tinglab yotardim. Kaklik birdan jimib qoldi. Nima bo‘ldi ekan deb, tikroq turdim-da, kaklikka qaradim. U bir nuqtaga tikilgancha tek qotib turardi. Ko‘zlarim o‘tkir edi, bir nigoh-la har qanday narsani ilg‘ardim. Keksayibroq qolgan ovchi Dehqonboy bobomning bir g‘alati gapi esimda: “Nabiram Azimboy — mening ko‘zlarim!” Chunki, bobom nimani so‘rasa, aytaylik, “Azimboy, Murtak kamarni bir qarab ko‘r-chi, biror narsa ko‘rinmayaptimi?..” “Ha-ha, — derdim men, — bir toshto‘rg‘ay tumshug‘ini toshga ishqayapti, biror narsa tutib, yegan bo‘lsa kerak…” “Uni so‘ramayapman, alqorlardan gapir, alqordan… kaklik bo‘lsa ham mayli, ovlab ketishimiz kerak…” va hokazo. Xullas, bir qarashdayoq yarim tik turgan ko‘brani ko‘rdim. Ko‘bra kaklikni rom qilib, bir lahza ham undan ko‘zlarini uzmay, juda ohista u tomon siljir edi! Siljir edi… ohista… siljir edi… ohista… ohista… Kaklik tamoman maftun… jodulangan… sehrlangan… Ko‘bra yaqinlashib qoldi… Hademay, kaklik tamom… butun vujudim jimirlab ketdi… yo‘q, bo‘lmadi, irg‘ib turdim-da, bir toshni qo‘lga olib, ko‘brani ko‘zlab otdim! Kaklik bir seskandi-yu, o‘zini toshsupadan pastga tashladi. Hademay, ko‘kka ko‘tarildi. So‘ng… ko‘rganlarimni otamga, cho‘liqqa, so‘ng… qo‘shib-chatib qo‘ni-qo‘shni bolalarga aytib yurdim…
Xo‘sh… kaklikning eng ashaddiy dushmani — bu ovchi! Ovchilar kaklikni, asosan, go‘shti uchun ovlaydilar. Ovlash usullari talaygina. Birinchisi, albatta, ov miltig‘i bilan ovlash. Miltiq bilan kakliklarni yugurgilab ketishayotganda yoki uchib, ko‘kka ko‘tarilganda otishadi. Ikkinchi bir usul — bu tuzoq-jela qo‘yib ov qilish usuli. Bunda miltiq ishlatilmaydi. Xonaki — qafasdagi bir sayroqi kaklik to‘lib-toshib sayraydi, qavmdoshlarini yoniga chorlaydi. Yonida esa jela. Jela qo‘ygan jaydari “ovchi” uzoqroqda panalab-pisib yotadi. Uchib kelgan kakliklar ixtiyorsiz jelaga tushaverishadi. Undan qutulib ketmoq uchun potirlashib, harakat qilishaveradi. Ammo, jela battar ularni chirmab olaveradi…
Tag‘in bir usul bor. Ammo bu usul qonun yo‘li bilan taqiqlangan. Bu usul, asosan, qishda qo‘llaniladi. Bu usulchilarning miltiq ko‘tarib yurishlari shart bo‘lmaydi. Qish kakliklar uchun o‘ta xatarli fasl. Ayoz. Qahraton. Qalin qor. Bunday paytlarda ular yemak topolmay, soy va buloq bo‘ylariga tushadi. Tog‘ qishloqlari atrofiga yaqinlashib enishadi. Shunday vaqtlarda har xil toifadagi xonaki ovchilar ko‘payadi. Qish kunlari, deyarli, bekorchilik. Shuning uchun ular to‘da-to‘da bo‘lishib, tog‘ning bir kamaridan u kamarga, unidan bunisigacha quvlashadi. Bunday kezlarda kakliklar tez toliqadi, charchab, uzoqqa uchisholmaydi, qorlarga botib qolishadi. Qarabsizki, tayyor luqma! Kakliklar hamisha himoyaga zor. Ularning tag‘in bir dushmani qirg‘iy. Avliyobuloqqa tutashib ketgan qir-adirlarda mol yoyib yurardim. Bu yerlarda turli-tuman butalar, to‘p-to‘p bodomchalar o‘sib yotadi. Har-har joyda yoyilib o‘sgan kovullar uchraydi. Kovullar anor gullariday qip-qizarib gullagan. Bir tup kovulning gullarini tomosha qilib turardim, shiddat bilan havoni to‘lqinlantirib, bir gala qush o‘zlarini men turgan joyga urdi. Bu shunday tez ro‘y berdiki, hech narsani anglay olmay, qo‘rqib ketdim. Jon-jahdda ko‘kka qaradim, bir qirg‘iy qiyqirgancha ko‘zdan yo‘qoldi. So‘ng kovulga qaradim, ne ko‘z bilan ko‘rayki, uning ostida bir gala kaklik jo‘jalar ko‘zlarining o‘ti chiqib, menga tikilib turishardi. Bir pasdan so‘ng ular ham, men ham o‘zimizga keldik. Jo‘jalar birin-ketin kovulning u yer-bu yeridan chiqdi-da, o‘r tomonga yo‘rg‘alay ketishdi. Ular meni qora tortib, omon qolishgan edi. Ko‘p o‘tmay bir burum tarafdan ona kaklikning bolalarini o‘z yoniga chorlayotgan ovozi eshitildi.
Ov ishtiyoqi
1973 yil. Men Toshkentda talaba edim. Kechkida o‘qirdim, kunduz ishlardim. Mehnat ta’tiliga chiqdimu qishloqqa jo‘nadim. Butun vujudim tog‘larni qo‘msardi. Tog‘larga talpinardim. Tog‘larda kezishni juda-juda sog‘ingan edim. Ota-onam yonida bir kun bo‘ldimu qadrdonim Oltiboynikiga yo‘l oldim. Oltiboy bilan birgalashib, amakim Tilovqobilni topdik. Tilovqobil mulla Suyunning ikkinchi o‘g‘li. Otamning ona boshqa ukasi. U durustgina ovchi edi. Tog‘ning to‘rida yashardi.
Bir kun kechgacha ovga hozirlik ko‘rdik. Amakim qo‘rg‘oshindan qo‘lbola yakkao‘qlar yasadi. Sochmalarni patronlarga joyladi. Miltiqlar tozalandi.
Ertasi kuni tongda Kattaqamishloq darasiga yo‘l oldik. Kattaqamishloq o‘z nomiga yarasha. Bu dara-kamarda qora, qizil do‘lanalar ko‘p o‘sadi. Ayqashib-chatishib, betartib, istalgan-istalmagan joylarda o‘sib yotaveradi. Ularning orasidan oqbel uchqatlar bo‘ylab turadi. Irg‘aylar to‘p-to‘p. Xullas, yovvoyi qalin tog‘ o‘rmoni.
Katta choshgohgacha birorta alqorga duch kelmadik. Aksiga olgandek kakliklar ham uchramadi. Faqat ularning qayerlardandir o‘qtin-o‘qtin ovozlari eshitilib qoladi. Men charchab qoldim. Miltiq ham og‘irlik qila boshladi. Shaharning nuqsi urgan-da… Bu yog‘i talabalik.
Amakim bilan Oltiboyga, sizlar aylanib kelaveringlar, men biroz dam olaman, dedim. Ular ketishdi. Men, katta gazaning qoq belida o‘zimcha joy hozirladim. Miltiqni yonimga qo‘ydim. Tog‘da miltiq, ishlatsang-ishlatmasang, yaxshi hamroh, do‘st bo‘ladi. U yoningda bo‘lsa, ko‘ngling to‘q. Aslida, mening uchun ov biror o‘ljali bo‘lish uchun emas, gasht uchun. Ha, go‘sht uchun emas, gasht uchun.
Xullas, gazada uyquga ketdim. Qancha vaqt o‘tgan, bilmayman, meni «dev» bosdi. Turmoqchi bo‘laman, yo‘q, bo‘lmaydi. «Dev» dahshatli og‘irligi bilan ustimda… Bir qo‘lim bilan miltiqni qidiraman… qo‘lim unga yetmaydi… Birdan… «Kalima» qaytarish kerakligi yodimga tushdi, shekilli… «Kalima» qaytara boshladim… O, Xudoyim, «dev» ustimdan ko‘tarildi… Nafas oldim, juda yengil nafas oldim… terga botib ketgan tanim qandaydir oromijonlikka o‘tdi… Dast turdim, tag‘in chuqur-chuqur nafas oldim. Miltiqqa yopishdim. Uni oldimu osmonga qarata o‘q uzdim. Tog‘ gumburladi. Amakim va Oltiboy hovliqib yetib kelishdi. Ularga nima bo‘lganligini aytib berdim. Ha, dedi, Tilovqobil aka, tog‘larning devi bo‘ladi, har qalay, ota-bobolarimiz shunday, deb kelishgan.
Yaxshiyam «Kalima»ni esingdan chiqarmagan ekansan. «Kalima» kuchli duo… duoda gap ko‘p. Boshimdan o‘tgan, meni ham bosgan. Uxlab qolma, deyish esimdan chiqibdi…
Ko‘nglimiz ozdi. Nonushta qilib olmoqchi bo‘ldik va kamar boshidagi Boshbuloqqa ketdik. Buloq qaynab chiqyapti. Hovuchlab-hovuchlab suv ichdik. Oltiboy belidagi belbog‘ni yechib, undan non oldi, suvga botirib yedik. Oh, bu nonning shirinligini…
Nogahon o‘q qarsilladi. Beshbarmoqota qoyalari tarafdan… Jim bo‘lib qoldik. «O‘q tegmadi», — dedi, Tilovqobil aka, «ovchilar bor ekan-da»… «O‘q tegmaganini qanday bildingiz» — dedim, akamga. «Ovozidan-da», — dedi akam kulib — miltiq ovozining farqini ajratolmaydigan kishidan ovchi chiqmaydi», — deb qo‘shib qo‘ydi u.
Tepa tomonimiz potirlab qoldi. Qay ko‘z bilan qaraylikki, bir qo‘zichoqli alqor sovlig‘i biz tomonga jon holatda chopib kelardi. Akam zum o‘tmay miltig‘ini qo‘lga oldi. Sovliqni nishonga oldi. «Otmang! — deb baqirib yubordim beixtiyor, — otmang!..»
Akam otmadi. Ona-bola alqor bizni ko‘rdiyu yo‘lini chap qiyalikka burdi… Yengil nafas oldim. «Rahmat, aka, rahmat…», dedim o‘zim ham nima deyotganligimni yarim anglab-anglamay. Oltiboy menga hayron bo‘lib qarab turardi.
Bu olis yillardagi bobom Mulla Suyun saboqlarining xulosalari edi…