“Adabiyotga tug‘ma muhabbatimni izhor qilishga qattiq bel bog‘ladim. Nima muyassar bo‘ldi, nima bo‘lmadi. Ammo hech qachon tulporlarni taqalaganlarida men chetda turib oyog‘imni ko‘tarmadim”.
Ibrohim G‘AFUROV
Bolaligidan adabiyotga, adabiyot sabab kitobga astoydil – butun borlig‘i va jonu jahoni bilan qat’iy mehr qo‘ydi u. Kitobning haqiqiy mo‘jiza, bebaho ma’naviy xazina ekanligini juda erta teran anglab yetgach, undan to‘yib-to‘yib, qoniqib-qoniqib nur ichardi, olam-olam ma’naviy zavq olib, bilimlar ummoniga g‘arq bo‘lardi. Fikri toshqin daryoday to‘lib-toshib borardi. Asov otday uchqur fikrlar unga tutqich bermay, xayolida charx urardi, qalbida dengiz to‘lqini misol tug‘yon qilardi.
Keyinchalik u: “Qayerda uchratmay, kitob ko‘zimga olovday ko‘rinadi”, deb iqror bo‘ladi. Va bu ma’naviy olovdan qalbida, ongida charsillagan cho‘g‘larni o‘t oldira boshladi.
U yorug‘ olamni kitob ko‘zi, kitob aqli bilan ko‘rib, hayotning mazmun-mohiyatini kitob tafakkuri orqali teran idrok eta boshladi. Kitoblar unga muallim, ustoz ya’ni piru komil bo‘ldi. U kitobga murid tushdi. Bir umrlik fidoyi va sadoqatli shogird bo‘ldi. Eh-he, u o‘qigan kitoblarining na son-sanog‘i, na bosh-oxiri bor. Bu kitoblarni birma-bir terib chiqsangiz Toshkentdan, to ulug‘ avliyo Naqshband hazratlarining ziyoratgohidan o‘tib ketar, ehtimol Hirotgacha yetar…
O‘zining kitob to‘la qayig‘ida Hazrat Alisher Navoiy ummonida bearmon suzdi. Va ulug‘ Navoiyni o‘qib, o‘rganib shunday xulosaga keldi: “Navoiy timsolida dunyo adabiyotida bahodir so‘z – bu:
Xalqni boshdan-oyoq zulmdan himoya qilgan – so‘z.
Xalqni zulmdan xalos qilgan – so‘z.
Xalq uchun adolat o‘lkasini yaratgan – so‘z…”
Faqirlar shohi Mashrabning o‘tli izlaridan sariq gullarni izlaydi. Bobur chekkan jabru jafolarni yuragidan o‘tkazadi. “Yassaviy bobo bizni eshitarmikan?” deb nido qiladi. Shohi Naqshband, Xoja Ahror Valiy, So‘fi Ollohyorning avliyolik va donishmandligi sir-asrorlarini bilishga astoydil kirishadi. U Abdulla Qodiriyni, “Milliy madaniy ongimizning javhari” desa, Cho‘lponni “Ozodlikning orifi, oshiqi, odami edi” deb ulug‘laydi. “Har kimning o‘z Oybeknomasi bor”, deb e’tirof etadi. Hamid Olimjon bilan Zulfiyadan “hayotiy qudratli unsiyat meros qoldi, deya ta’kidlashdan charchamay”di. U Abdulla Qahhor haqida yozar ekan: “Haqiqiy adibning sadosi ming yillar qa’ridan ham baralla eshitilaveradi”, deydi. Asqad Muxtor haqida, “Asqad akaning fikrsiz qolgan damlari ham bo‘larmikin?” deb o‘ylaydi. Odil Yoqubovga shunday ta’rif beradi: “Odillik barcha to‘g‘riliklarning otasi va falsafasining bulog‘i”. Erkin Vohidov sayyorasini kashf qiladi va uni “Ikki asrning donishmand shoiri”, deb baholaydi. Yana bir o‘rinda Ozod Sharafiddinov haqida yozadi: “Ko‘p zamon zarbalarini o‘z yuragidan o‘tkazdi. Uning matonati bizga dars edi va dalda berardi…” Yana bir suhbatida, “Ne’mat Aminov adabiyotda o‘z o‘rnini topdi”, deb e’tirof etadi… Eh-he, bunday teran ta’rifu sara baholarning adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Adabiyotimizni bu qadar chuqur va puxta o‘rgangan va butun umrini bag‘ishlagan bunday zahmatkash va fidoyi zotni topish qiyin.
XX asr adabiyotimizni to‘yib-to‘yib tashnalik bilan sipqorib kelayotgan va uni hamisha teran tafakkur bilan tahlil qilib, goh suyunib, goh kuyunib maqolalar bitgan, donini donga, somonini somonga, gulini gulga, yantog‘ini yantoqqa erinmay ajratib kelayotgan bunday alloma zotning borligi adabiyotimizning haqiqiy baxtidir.
U G‘arb va dunyo adabiyotiga g‘avvos kabi sho‘ng‘idi. “Dostoyevskiy bilan tungi suhbat” qurdi. Fridrix Nitщeni “Tafakkur va xayolot sehrgari”, deb ta’riflaydi. “Panchatantra”dan qadim hind hikmatlari mag‘zini chaqadi. Folkner, Markes, Aytmatov, Borxes asarlari va ularning tarjimalari, jahon adabiyotidagi oqimlar, yo‘nalishlarini tinimsiz o‘qib-o‘rganishlar – hammasi uni adabiyotda yangi bir sahifa ochishga hali biror ijodkor aytmagan so‘zni aytishga mudom undar tinimsiz chorlar edi. O‘zi ham yuragi to‘lib-toshib bir narsalarni qoraladi. Lekin bu bilan yurak tafti bosilmadi. U adabiyot, adabiyotshunoslikda batamom boshqa narsalar haqida yozishni, hech kim aytmagan so‘zni aytishni, bu so‘z chaqmoq yanglig‘ yuraklarda iz qoldirishini orzu qilardi…
U chiroyli gulga qo‘nib turgan go‘zal kapalakning xatti-harakatini butun vujudi, mehri bilan kuzatishni juda yoqtirardi. Kapalakning qanotlariga go‘yo harir qalam bilan chizilgan betakror bezaklarga hayajon bilan tikilardi. Kapalakning raqsini kuzatish barobarida uning moviy ko‘zlarida ko‘zlarini ko‘rib, benihoya hayratga tushardi. Bu ko‘zlardagi hayratni qog‘ozga tushirmoqni astoydil niyat qilardi, juda-juda yozgisi kelardi…
Yam-yashil maysalar, giyohlar ostida sizib chiqayotgan oynaday buloq suvning jimir-jimiridan uning a’zoyi badani jimirlab ketardi. Hovuchini to‘ldirib olgan suvda kaftlaridagi chiziqlar to‘lqin urardi. Maysalarning kipriklari bilan o‘yinga tushganini ko‘rib, ko‘zlari quvnardi. U ba’zan o‘zi, ba’zan ijodkor do‘stlari bilan turfa sayyohatlarni xush ko‘rardi. Toqqa borsa tog‘dan, toshlardan, bog‘-rog‘larni kezsa daraxtlardan, gulzorlardan, adoqsiz yo‘llardan, bepoyon dashtu cho‘llardan, qizg‘in davralardan, betakror manzaralardan, qo‘yingki ko‘zi tushgan mavolardan mo‘jiza izlardi. Va hech kim ko‘rmagan, idrok etmagan beqiyos mo‘jizalarni, ilohiy nuqtalarni topardi. U topgan mo‘jizalar ham qog‘ozga to‘kilgisi kelib, shundoq qalamning bo‘g‘zida turardi, musaffo buloqday otilgisi kelardi.
Bir kuni, ha, Ollohning muborak kunlaridan birida uning yuragini toshqin daryoday to‘ldirib kelayotgan ilhom mavjlari, vujudida ulkan xazinaga aylangan to‘liq donday yetilgan tafakkur durdonalari buloqday qaynab yuzaga chiqdi va uzoq kutilgan ilohiy hodisa sodir bo‘ldi. Oltin yombilariday yetilgan fikrlar chaqmoqday chaqnab, oppoq qog‘ozda nurli izlar qoldira boshladi. Qalamdan yurakni chirsillatadigan, fikrni yashnatib yuksaltiradigan, tafakkurni ilohiyat sari yetaklaydigan quyma so‘zlar sharsharaday oqib kelaverdi. Endi yozmaslikning aslo iloji yo‘q edi.
Uzoq yillar yuragini quyoshday yondirib kelgan, eng shirin quvonch, betakror hayajon va yuksak ishonch bilan qalbidan vulqonday otilgan o‘sha so‘z nihoyat qog‘ozda tug‘ildi, nurli so‘zlar yorug‘ dunyoni ko‘rdi:
– Mansura!
Keyin u ohista yozdi: “Shivirladim parishon agar qachonlardir Xudo qiz ato etsa, otini qo‘yaman: Mansura!”
So‘ng birinchi jumlani mehr-muhabbat, qalb shijoati bilan yozdi: “Mening romanlarim”.
Adabiyot ham hamisha tabiat misol yangilanib turadi. Yangi janrlar paydo bo‘ladi. Yangi mo‘jiza yaratiladi. Adabiyot – mo‘jizadan iborat. Jozibador so‘z, fikr va tafakkurga obdon qorilgan bu romanlar qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi…
“Mansuralarda men fikr va eng muhimi, fikrlarning ifodaviy erkinligini sevib qoldim”, deb iqror bo‘ladi u. So‘ng davom etadi: “Mansuralar fikrlardagi portlashlarning vayronalari…”
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 10-son