Ikki kunlik xonaki mehmondorchiliklardan so‘ng, do‘stim meni rayon markaziga sayrga olib chiqdi. Bog‘dagi choyxona ayvonida chanqovbosdi qilib o‘tirganimizda pakana, tepakal kishi soqqadek g‘ildirab kelib, biz bilan quyuq ko‘rishdi. O‘ttizinchi yillarda rusum bo‘lgan juldur papkasini so‘ri chetiga qo‘yib, uzatilgan choyni shoshib-shoshib xo‘rillatishga tushdi. Bu orada men bilan chala-pula tanishib olishga ham ulgurdi.
– Qoratepadanman deng? Og‘aynilar ko‘p u yoqda, telefonlashib turamiz. Moliyadagi Darrayevning qaynanasi bir tandirfurushga tegib ketganini aytishuvdi. Qalay endi kelin-kuyovlar?
Darrayevning so‘qqabosh qaynanasi bizning mahallada turadi. Ishga o‘tib ketayotganimda uning hovlisidan notanish chol chiqib kelayotganini ko‘rgandek bo‘luvdim. «Ha, yaxshi yashashyapti», deb qo‘yaqoldim.
– Kampirlarki shunaqa qiptursa, Shahloga o‘xshaganlardan o‘pkalamasak ham bo‘lar, Shukurvoy, – deya do‘stimga yuzlandi tepakal.
– Qaysi Shahlo? Nima qipti?
– Univermagdagi novcha qiz bor-ku. Bugun tunda erini yomon kaltaklabdi-da. O‘rtoq Qopqonovning xotiniga quda tomondan chatishligi quturtirganmi deyman? Bo‘lmasa, o‘shanday mo‘min erni nega shunaqa azoblaydi?
– Erini tanimas ekanman, – dedi Shukurvoy.
– Taniysan, eslolmayapsan, – bo‘sh piyolani uzatayotib ishonch bilan bosh silkidi tepakal. – Xoldor ko‘saning jiyani-da…
– E, Xoldor tog‘aning jiyanimi?
– Shu Xoldor ko‘sagayam qiyin bo‘ldi. O‘zi odamga bir falokat yopishsa, qatorlashib keladi. Sariq bo‘lib yotgan kelini, dorilar homilaga ta’sir qilib, to‘rtinchi chisloda chala tug‘ib qo‘yuvdi, o‘n ikkinchi chisloda kuyovi mototsikldan yiqilib, oyog‘ini pachoqladi. Bundan bir soat burun o‘zining molxonasi yonib ketganmish. Yaxshiyam, novvosi zanjirni uzib qochibdi, bo‘lmasa uch yuz kilolik kabobni ko‘rarding.
– Rayonlaringda o‘t o‘chiruvchilar bormi o‘zi? – deya gapga aralashdim men.
– Qo‘ng‘iroq qilishsa, telefon ishlamabdi, – o‘rnida javob qaytardi tepakal. – Hozir kelayotib tagiga yetsam, bir traktor o‘n uchinchi kilometrdagi simyog‘ochni urib, kabelni uzvorgan ekan. Traktor qaysi tashkilotga qarashliligini hozircha aniqlolmadik. Territoriya «Qizilgo‘r» kolxoziniki, menimcha traktor ham…
Tepakal non burdasini qaymoqqa bulab, lunjiga tiqqach, qo‘shimcha qildi:
– Hatto Isroildek ingichkabel davlatdayam telefon kabellari to‘liq yer ostida ekan…
Keyin gapni chirpiratib kelib, o‘zimizdagi yahudiylarga taqadi.
– Hayim sartaroshning beshinchida o‘qiydigan shaxmatchi o‘g‘li rayon musobaqasida birinchi o‘rinni olibdi. Rayijroqo‘m raisning kap-katta nevarasini qatorasiga uch marta mot qilvoribdi-ya. O‘ynashmagin arbob bilan deganlaridek, sanstantsiyadagilar kecha Hayimning sartaroshxonasini muhrlab ketishdi…
Choyxona ichkarisidan osma soatning daranglashi eshitildi.
– Ie, vaqt bo‘pqoldi, shekilli, – deya shoshilinch o‘rnidan qo‘zg‘aldi tepakal. – Xo‘p, nasib qilsa, tushdan keyin bir gurunglasharmiz.
U papkani qo‘ltiqqa urib, peshayvon pillapoyasi sari yurdi. Pastga tushgach, militsiya formasidagi yigitni yo‘lakda to‘xtatib, nima haqdadir gaplasha boshladi.
– Kim bu? – deb so‘radim men.
– Tayyorlov idorasining buxgalteri Toshvoy aka,– dedi Shukur. – Bilmagan, qiziqmagan narsasi yo‘q. Laqabiyam ToshvoyTAG.
Shukur gapni tugatib-tugatmay, ToshvoyTAG pastdan ovoz qildi:
– Shukurvoy, mana, uchaskavoydan bilib oldik. Haligi simyog‘ochni haqiqatanam «Qizilgo‘r»ning traktori pachoqlagan ekan…
O‘zTAG tezkorlikda ToshvoyTAGdan hali ancha orqadaligini fahmladim.
1980 yil.