RADDIYa
Yoxud shoir Yoziq O‘ylamasning “Och biqinga” gazetasi ustidan raddiya berish va tovon undirish xususidagi arizasi
Janobi prokuror! So‘nggi vaqtda tanqidchilar o‘zlariga yoqinqiramagan ijodkorlar asarlariga qora ko‘zoynak ortidan qaraydigan bo‘lib qolishgan. Afsuslanarlisi, aniq muddaosi bo‘lmagan, birovga atayin loy chaplab, borligini ko‘rsatish maqsadida qilingan bu harakat biz kabi didi nozuk, iste’dodli qalamkashlarning ruhiyotiga ta’sir etmay qolmaydi.
Tanqidchi Salmon Teranning bir qator maddohlar, uzr, tanqidchilar hamda yozuvchilar tomonidan yosh iste’dodli shoir sifatida tan olingan kamina – Yoziq O‘ylamas ijodiga nisbatan bildirgan fikrlarini xolis deb bo‘lmaydi. Chunonchi, u bizning “Yo‘qolgan shippak marsiyasi” she’rimizni hech qanday yuki bo‘lmagan, bachkana so‘zlar jamlanmasi, deb atabdi. Ushbu xulosaga o‘zingiz baho berishingiz uchun she’rdan bir band havola qilamiz:
Shippagimni o‘g‘irlashdi bu kun nomard o‘g‘rilar,
Axmaq shippak kim ne desa, shunga qarab yo‘rg‘alar.
Xudoyim ham hamma ishni manga chappa to‘g‘rilar,
O‘zing aytgil, ey shippagim, endi qaydin topgum sani.
Tanqidchi haligiday fikrga kelish oldidan she’riyotning mohiyotini tushunmagan ko‘rinadi. Yo‘qsa, she’r gruzovoy moshina emaski, yuk ortqilab qiynasak. In ba’d, yuk ko‘tarishdek og‘ip ish, latif deb e’tirof etilgan nozuk nazmga to‘g‘ri kelmasa kerak.
O‘rtoq Teranning “bachkana so‘zlar tizmasi” iborasiga kelsak, shaxsan biz bu ejod mahsulimizda hech qanday bachkana, begona so‘z uchratmadik. Barchasi o‘z tilimizda ishlatiladigan, sodda (sayoz bo‘lsa-da…), samimiy so‘zlar. Qaytanga ushbu ash’ori javohirimizda yirik ijtimoiy fikrni ifodalay olishga jur’at etganmizki, bu ham – ulug‘larga xos xislat. Lirik qahramonimiz ojiz, yordamga muhtoj, hatto yo‘qolgan shippagi o‘rnida kiygulik kavushi ham yo‘q. Bunday manzara, shaxs fojiasi, ikkinchi bandda ham mohirona davom ettirilgan:
Naq bir ming yetti yuzga olgan edim men kirtidan,
Rezinaga o‘xshar edi ko‘rsangiz uning sirtidan.
Boshmaldog‘im chiqib turar mudom mayda yirtig‘idan,
O‘zing aytgil, ey shippagim, endi qaydin topdim sani.
Tanqidchi esa bu o‘rinda ham tirnoq ostidan kir qidirib, adabiy til me’yorlariga rioya qilmaganimizni ro‘kach qilibdi (“kritiy rinok” so‘zi vazn va qofiya talabiga ko‘ra ishlatilganini u qayerdan bilsin, bozor-o‘charini xotini qilsa…). Va qo‘shimchasiga “Kutilmagan uchrashuv” sarlavhali she’rimizdan ham misol keltiribdi.
Kelar edim rayondan,
Ko‘rib lol qoldim birdan.
Qarshimda bir go‘zal qiz,
U turar edi yolg‘iz.
Men asta to‘sdim yo‘lin,
Va ushlab oldim qo‘lin…
Nima, qadimda adabiy til qoidasiga rioya qilishganmi? Ayrimlar har bir she’rida o‘n-o‘n beshtalab forschayu arabcha so‘zlar ishlatgan. Qolaversa, “rayon” so‘zi hozirgi muqobili “tuman”dan farqli o‘laroq ma’lum hudud markazi ma’nosini ham ifodalayaptiki, bu mening so‘zni o‘z o‘rnida qo‘llay olish mahoratimdan dalolat! Lirik qahramon ham tanqidchi aytganidek, duch kelgan qizning yo‘lini to‘sadigan shilqim, beandisha yigit emas. U – chin oshiq. Shu bois ishq junbishida ilk marta ko‘rayotgan qizning qo‘lidan ushlasa ushlabdi-da.
Endi masalaning asosiy qismiga o‘tsak. Salmon Teran maqolasi xotimasida biz tsingari iste’dodsiz shoir-yozuvchilar ko‘payayotganligi, hatto ular kitob nashr ettirishga jazm qilishayotgani-yu, bunda ayrim akaxonlarning yozgan so‘zboshi va “oq yo‘l”lari qo‘l kelayotganini aytib o‘tibdi. Bu – g‘irt tuhmat.
Birinchidan, kamina o‘zini adabiyotdan u qadar yiroq deb hisoblamaydi. Negaki, shu choqqacha ko‘pmi, kammi hartugul uch-to‘rtta kitobim chiqdi. Ular baland og‘aynilarimizning sharofati bilan maktabu korxonalarda o‘z o‘quvchisini topdi. Gazetalarda ayrim tanqidchi ulfatlarimizning ijobiy taqrizi bosildi. Endi do‘konlarda qolib ketayotgan kitoblarimizga kelsak, bu o‘quvchilar saviyasi bizning asarimiz darajasida rivojlanmaganligiga bog‘liq.
Xullas, tanqidchi Salmon Teranning fikrlarida bir gramm ham ob’ektivlik yo‘q. Maqsadi birovni do‘pposlash, yuziga loy chaplash bo‘lsa, mayli, o‘zi ham bir kun kitob yozar…
Muhtaram, prokuror janoblari!
Biz ichi qurum bosgan tanqidchi Salmon Teran va nuqul tuhmatdan iborat taqrizni chop etgan gazeta ustidan arz qilyapmiz. Adolat qaror topadi, degan umiddamiz.
Alqissa, “Och biqinga” tahririyotidan o‘n milliyon so‘m ma’naviy zarar undirib berishingizni va kechirim so‘rab raddiya e’lon qilishi to‘g‘risida qaror chiqarishingizni so‘raymiz. Boz ustiga jinoiy ish qo‘zg‘atib, Salmon Teranga o‘n yil srok berasiz.
Toki, bundaylar o‘ylab qo‘liga qalam olsin. Aks holda qo‘rqityapti, deb o‘ylamang-y, mashhur advokat Ishkamba To‘ymasovichni yollab, tahririyot va sizning ham ustingizdan yuqori organlar, xalqaro tashkilotlargacha murojaat qilaman.
“Sharq yulduzi” jurnalining 2011-yil, 1-sonidan olindi.