Sobir uqalash xonasidan xuddi yaxshi tush ko‘rayotgandek, xushhol chiqdi. U o‘zini jinday gunohkor sezar, lekin gunohi allaqanday beozor-mayin, suluv qizning yuzidan uning o‘ziga bildirib o‘pich o‘g‘irlagandek, ich-ichdan yoqimli edi. Kayfiyati ham shunday: yo‘lida hech narsaga, hech kimga chalg‘imay, ko‘kragi to‘la shirin sharbatga o‘xshagan tuyg‘ularni chayqatmay-to‘kmay, tezroq xonasiga kirishga hozirlanib kelayotgan edi. Qizning barmoqlari xuddi har birining o‘z joni bordek harakatda, Sobirning belida kichkina erkatoy bir jonivorlar hali ham pildirab yurgandek edi. Kuppa-kunduz kuni, odam bor joyda yalang‘och yechinib, a’zoi badanini begona bir qizga uqalatgan Sobir avvaliga ancha iymandi, lekin keyin rohat qildi. Bu, umumiy uqalash degani yaxshi narsa bo‘lar ekan. Qiz chiroyli, juda-juda qora sochi oppoq yuziga mos yarashgan, tim qora qiyg‘och qoshlari xuddi imo qilayotgandek egilgan, ko‘zlari odamga tanimayroq, lekin tanishgisi kelayotgandek xumor boqar edi. Xodimi paytida qiz juda yaqin bo‘lgani, ora-sira nafasi yuziga ham tegib turgani uchun Sobir o‘z xayollaridan o‘zi tortinib, tikilib qaray olmadi. «Endi yarim soat cho‘zilib yoting. Bir o‘zingiz ekan, pulini to‘laysiz-ku, palataga chaqirtirsangiz bo‘lardi. Chiqquncha shabadalab qolmang, deyman-da», deb qiz yana mehribonchilik ham qildi.
Ha, keyin, uqalash xonasining hamma tomoni oppoq, bo‘lmalarning o‘rtasidan oq choyshab tortilgan, katlarga ham shunday choyshablar to‘shalgan, qizlar ham hammasi tekis ohorli xalat kiygan, xullas, jami narsadan oq nur taralayotganga o‘xshar, hammayoq oppoq tovlanib, Sobirga xuddi farishtaxonaga farishtalar orasiga tushib qolgandek, boshqacha ta’sir qilgan edi.
Sobir hech kim xalal bermaydigan bir kishilik xonasida karavotga cho‘zilib, shu hushholligini uzmay davom ettirmoqchi edi.
– Ana o‘zlari kelib qoldilar.
Palatasi oldida turganlarni Sobir uzoqdan ko‘rib-ko‘rmagan edi, boshdan-oyoq bir tusda zangori libosga o‘rangan xotin endi birdan ko‘ziga urildi. Xotinning yuziga ham zangori mato tortilgan, faqat ko‘zlari ochiq ekan, shu ko‘zlari Sobirga qattiq qadaldi; bu qarashdan zino ustida qo‘lga tushgandek Sobirning yuragi ivishib ketdi.
Gapirgan odam to‘g‘ridagi to‘rt kishilik palatada yotadigan, ko‘zi mudom olma-kesak terib, dolondan o‘tgan xotin-xalajdan birontasini ham nazardan qochirmaydigan, hatto Sobirni ko‘rgani ishxonadan kelgan ayollarning kimligini erinmay so‘rab olgan bir sulloh odam edi, shu gapidan ham «bu xotin nega meni emas, buni ko‘rgani keldi» degan hasad bilinib turardi.
Xotin o‘rta bo‘yli, chorpahil gavdali ekan. Sobirga bemalol boshdan-oyoq qarab oldi-da, keyin salom berdi. Sobir bosh irg‘ab alik oldi, ko‘ngli g‘ashlandi: xotinning qarashidan bilinib turardi: bir iltimos bilan kelgan, iltimos ham emas, Sobir bajarishi shart bo‘lgan bir buyruq bilan…
Sobir «Men hozir…», deb xonasi eshigini ochdi. U qo‘lidagi choyshab, sochiqni qo‘yib, kiyinib chiqmoqchi edi, lekin xotin indamay unga ergashib kirdi. Sobir noiloj joy ko‘rsatdi, o‘zi boshqa kursi yo‘qligidan karavotga o‘tirdi. Rostdan ham, boyagi qizning oldida yechingani bo‘yi yalang‘och, bu yoqqa chiqib, hali kiyinib ulgurmaganu bu xotin uning xayolida kechgan uyat hislarini tergov qilishga kelgandek, ko‘ngli nojoy, beixtiyor tugmasiz xalatini yoqasini tortib, ochiq ko‘kragini bekitdi, u yoq-bu yog‘ini to‘g‘rilagan bo‘ldi.
Xotin esa kursiga o‘tirishi bilan yuziga tortilgan matoni tushirdi. Uning bir xil katak matodan tikilgan ikkita katta sumkasi ham bor ekan, ikki yonidan himoyalab turardi.
Sobir savolomuz: «Keling?», dedi. Xotin javob o‘rniga fotihaga qo‘l ochib, Sobirning qo‘liga ta’na bilan qaradi, Sobir ham shoshib qo‘lini ko‘tardi. Xotin pichirlab duo qildi-da, yuzini silab, «shunday bo‘lgandan keyin shunaqa bo‘lasiz-da», deb tasdiqlatib olayotgandek:
– Kasalmisiz? – dedi.
– Ha, endi, issiq jon, – dedi Sobir.
– Hm, – deb xotin Sobirning karavot yelkasiga tashlab qo‘yilgan sport kiyimlarini, stol ustidagi idish-ayoq, meva-chevani bir-bir nazardan o‘tkazdi-da, yana Sobirga qarab: – Olloh shifo bersin, – dedi.
Bu gapi Sobirga «Tamom, endi foydasi yo‘q». degandek ta’sir qildi. U likopchadagi boya o‘zi bir tishlagan olmani qo‘liga oldi-da, yana qaytarib joyiga qo‘ydi.
Kim ekan, nimaga keldi bu xotin? Sobirning bunaqa tanishi yo‘q edi. Ko‘zini ham olib qochmaydi-ya, to‘g‘ri tikilib olar ekan. «Ha-a, aybingni yashirmoqchimisan? Mendan qutulolmaysan!», deyayotgandek.
– Anavi odam… tanishingizmi? – Sobir ularning tanish emasligini bir qarashdayoq bilgan bo‘lsa-da, nima uchun nomahram bilan bilan yaqin odamdek gaplashib turgan edingiz, degan pisanda qildi.
Xotinning nigohi ozgina yumshadi.
– Abdurahmat akami? Yo‘g‘-ey, yetti yot begona. Sizni so‘radimu baloga qoldim. Tanishib qo‘yaylik, otim Abdurahmat, sizning otingiz nima, qayerda turasiz, bu odamga kimsiz, deb yopishdi-qo‘ydi. Bir pasda bir dunyo gapni gapirib tashladi. Ko‘zi yomon ekan, odamning kiyimini teshib o‘tay deydi. Farishtasi yo‘q odam-da, nima dedingiz?
Sobir jim o‘tirmaslik uchun:
– Bizlar bilmasak, – deb mujmal gap qildi.
– Biz bilamiz-da bunaqalarni, – dedi xotin va uning ovozi Sobirga kutilmaganda o‘ktam tus oldi. – Yesa, ichsa, molga o‘xshab ag‘nab yotsa, shu bilan dumog‘i choq, yashayapman, deb yurganlardan. Bir kun qazosi yetishini, do‘zaxga tushishini o‘ylamaydi. Gumroh-da. Shunaqalarni to‘g‘ri yo‘lga solish, bilmaganini bildirib, u dunyosini asrash bizning bo‘ynimizda. Ko‘ngliga kiramiz, nasihat qilamiz. Dunyo buzilib ketyapti, bizlar tuzatmasak, kim tuzatadi?
Sobir qiziqib qoldi:
– Sizlar… kim? – dedi.
Xotin uning shuni bilmasligiga hayron bo‘lgandek:
– Bizlar – mastirjamiyat, – dedi.
Sobir shuncha uyushmayu akademiyalar yetmasmidi, endi dunyoni tuzatadiganlar jamiyati ham tuzilibdi-da, deb o‘yladi.
– Master… ustalar jamiyatimi? – deb so‘radi.
– Qanaqa master, qanaqa usta? – dedi xotin sal orlanib, keyin iddao bilan tushuntirdi: – Ichimizda unaqa master-paster yo‘q. Ichib yuradi-ku ular.
Sobir juda o‘ng‘aysizlandi.
– E-ey, kechirasiz! Sira bunaqa o‘ylaganim yo‘q. Uzr so‘rayman, uzr, unaqa masterlarni aytmadim. Haligi… murabbiy, o‘z ishining ustasi degan ma’noda. – Sobir xotinning qarashidan uning tushunmagani, to‘g‘rirog‘i, o‘zining tushuntira olmaganidan xijolatga tushdi. – Ha-a. mastura, mo‘mina-masturalar. Xudo haqqi, bilmabman.
Lekin o‘zi bu xotinni masturalar orasida tasavvur qilolmadi, uning o‘tirishi masturalardan ko‘ra, o‘rmondan kelib qolgan zangori qoyaga, undan ham ko‘ra, teparog‘idan o‘q otishga tuynuk o‘rnatilib, yashilga bo‘yalgan DZOTga o‘xshar edi.
– Yo‘q, mastirjamiyat deyapman-ku, – dedi xotin. – Bizlar shu, odamlarning orasida yuramiz, poklikka chaqiramiz. Oxirati kuyib, do‘zaxga tushmasin deymiz.
Sobir xotinning yodlab aytib yuradigan gaplarini o‘zi ham uncha bilmasligini anglab, uni maqsadga o‘tishga undadi.
– Yaxshi, yaxshi, xayrli ish. Lekin menga buni…
Xotin uning gapini ilib ketdi.
– Albatta, xayrli ish. O‘zimizni bag‘ishlab yuribmiz shunga. Odamlarning ko‘zi ochilsin, nafsini tiysin, haromdan o‘zini tortsin, deymiz-da. Ko‘plar nima qilaylik, o‘rgating, deydi, o‘rgatamiz, birovlar bor, tushunmaydi, jo‘na kelgan joyingga, men shunday yeb-ichib, ag‘nab yotaveraman, deydi.
Sobirga jim o‘tirish noqulay tuyuldi-da:
– Ja unaqa demas-e? – deb qo‘ydi.
– Tilida aytmasa ham ichida aytadi, – dedi xotin. – Shunday demasa ham shu ishni qiladimi, axir? Qiladi! Odamlar o‘zini bilmaydi, xudoni tanimayli. Mana, bittasi! Qo‘ymaydi! Yerga kirsang qulog‘ingdan, osmonga chiqsang oyog‘ingdan tortaman, deydi. Shunaqa deydi! Ochiq! Kechayu kunduz o‘ylagani – yomonlik. Poylagani poylagan, qayda bo‘lsak topib oladi, o‘zi topolmasa, melisaga toptiradi. Kun bermaydi, hali u, hali bu, har kuni janjal, g‘urbat.
– Unga nima ekan? – deb hayron bo‘ldi Sobir – Kim o‘zi u?
Xotinning afti burishdi:
– Ha-da! Senga nima deng! Qanaqa eding o‘zi? Bitta erni yo‘lga sololmading, u ichsa birga-birga ichding, nima noma’qulchilik qilsa, qo‘shilding, qaytarmading! Endi qo‘y, imoni bilan yashasin, ibodatini qilsin.
– Tushunmayapman, – dedi Sobir. – Kimni gapiryapsiz?
– Erimning xotinini, – dedi xotin.
Sobir battar angraydi.
– Kim, kim? – deb takror so‘radi. – Kallam yetmayapti.
– Oldingi xotini, – deb tushuntirdi xotin. – Biz nikohdan o‘tganmiz, yashashimiz shariy.
Xotin «shariy» deb talaffuz qildi, Sobirning g‘ashi keldi. «Mastirjamiyat»i nima balo ekan, biron shunaqa ismli xotin tuzganmikan? Ey, o‘lmaydimi! Saviya shu bo‘lsa.
– Qo‘ymaydi yash-shamagur! Er yana aroq ichsa, zino qilsa, oldingiday harom-harish yursa. Unga shu kerak! Bo‘lmasa, senga ham yo‘q, manga ham, qamataman, deydi-da.
Sobir nomahram joyga beso‘roq kirib ketayotgandek o‘ng‘aysizlanib:
– Ih-hm, – deb qo‘ydi.
Xotin buni o‘zicha tushundi:
– Siz ishonmaysiz-da. Mana, o‘zimizga bir uy qurayotgan edik. Janjal qilib bordi. O‘sha yerda odamning ko‘z oldida shunday toshni oldi-da, o‘zining boshiga tars urib yordi.
Xotin buni qo‘li bilan ko‘rsatdi, Sobir:
– Yo‘g‘-e? – deb yubordi.
– Rost! – dedi xotin.
– Tars yordimi? Shu bosh chanog‘i… yorildimi? – dedi Sobir ko‘z oldiga kelgan manzaradan seskanib.
Xotin unga «buncha soddasiz» degandek qaradi.
– Ja unaqa yorilmadiyu… qonatdi. U ham anoyi emas, boshini yorib o‘zini o‘ldiradigan. O‘lgisi kelsa erni qaytaraman demaydi-ku. Maqsad bu yoqda! Sudga berib ko‘rdi, sud qamamadi, shartli muddat berdi. Qo‘y endi, hammasi qilmishimga yarasha bo‘ldi, qolgan umrimni taqdirga tan berib o‘tkazay deyish yo‘q. He, o‘l, kuykanak! Shuning dastidan Xorazmga ketsakmi deb turibman. Xalqi yaxshi emish, mehmonni yaxshi ko‘radi, deyishyapti. Bizga o‘xshaganlar juda kerak ekan. Yurar edik da’vatimizni qilib. Nima dedingiz?
Xotin unga javob kutib qaradi. Sobir nima ham desin?
– Bilmadim men, – dedi u gapini sug‘urib olgandek. – Men bunaqa ishlarga aralashmayman. .
– Bilaman, – dedi xotin. – Siz bunaqa ishlardan uzoq odamsiz. Aralashmang ham. Faqat… bir og‘iz ayting, erimning pasportini bersin. Olib qo‘ygan, bermaydi. Pasportsiz hech qayoqqa borolmayapmiz.
Sobir yana hayron bo‘lib qoldi:
– Men? Tanimayman-ku? Kimligini bilmasam, sizni ham bilmayman, qanday qilib…
Xotin kelgandan beri birinchi marta ma’sum jilmaydi:
– Siz tanimaysiz, lekin u sizni taniydi. E-e, sizni tanimagan odam bormi, har kuni televizorga chiqasiz-ku…
Sobir ichida sal so‘ljaydi.
– Shuncha yomon deyapsiz, men aytsam, beradimi?
– Beradi, sizdek odam aytadi-yu, bermaydimi? Pasport unga nimaga kerak, boshiga yostiq qilib qo‘yib yotadimi? O‘zi so‘rab kelsa, yopishib, dod solaman, ketgani qo‘ymayman, degan niyati bor-da. O‘ylagani yomonlik deyapman-ku. Mana, menga bir qarang, – dedi xotin. – Yo‘q, siz qarang-da.
Sobir xotinga nega qarashi kerakligini tushunmasa ham qaradi.
– Men qarimanmi? – dedi xotin. – Siz xolis odamsiz, to‘g‘risini aytasiz, qarimanmi shuncha?
Sobir dovdirab, gap topolmay:
– Ha, endi… Yoshingizga yarasha… Yo‘g‘-ey, qari emassiz, – deb g‘uldiradi.
– Ana! Yoshimga yarasha – to‘g‘ri gap, – dedi xotin. – Lekin qari emasman. Lekin u meni «Sen qari xotin, qariliging uchun bari bir tashlab ketadi», deydi. Qarang, tiling kesilgurni, nima deydi?
Negadir Sobir ichida kundosh xotinning yonini olgisi keldi.
– Yoshingizni, nima, aniq biladimi? – deb u iljayib yubormaslik uchun burnini ushladi.
– Voy, ha-da, aniq biladi! – dedi xotin alam bilan. – Bilmay o‘lsin!
– Qaydan biladi? – deb so‘radi Sobir ichki bir zavq bilan.
– A nega bilmasin, o‘zimning singlim-ku, – dedi xotin Sobirning soddaligiga ajablangandek. – Farqimiz bor-yo‘g‘i uch yil. Uch yil farqning yosh-qarisi bo‘lar ekanmi?.. Mening yoshimni qo‘y, o‘zingga qara, oftobda qurigan turshakdek qotib yotibsan, badaningda go‘sht degan narsa yo‘q, sendan er bahra topadimi?
Ey, xudo-ey, hali opa-singil er talashib yuribdimi? Sobir bo‘g‘ilib, endi nima qilib bo‘lsa ham xotinni xonadan chiqarib yuborish payiga tushib qoldi.
– Qhm! – deb u atay tomoq qirib oldi. – Kechirasiz, singlimmisiz, yo opammi… Uzr-ku, qhm, bu o‘rtada… bolalar bormi?
Xotin unga mutloq begona nazar bilan ko‘z tashladi-da:
– Menda yo‘q, nikohimizga o‘zi yetti oy… – deb tumtaydi.
Sobir ixtiyorsiz ravishda beshafqat gapirishini bilib tursa ham, o‘zini to‘xtatgisi kelmadi.
– Ularda-chi? – dedi u. – Shuncha gapdan keyin ham erini oilaga qaytarmoqchi bo‘lsa, demak, o‘rtada farzandlar bor-da?
Xotin ko‘zini olib qochib:
– Ha, bor, – dedi.
– Nechta? O‘g‘il, qiz? – dedi Sobir yugurib borayotgandek.
Xotin birdan kichrayib qolgandek bo‘ldi, likopchaga, undagi Sobir tishlagan olmaga ko‘z tikkancha zo‘rg‘a:
– To‘rtta… o‘g‘li bor, – dedi.
Sobir, xuddi tagidagi karavot bir yoqqa uchib ketgandek, omonat bo‘lib qoldi. Ichidan «Hiy-y!» degan tovush keldi.
– To‘rtta?! O‘g‘il?
Sobirning tiliga boshqa gap kelmadi, boshi bir muddat g‘ovlab qoldi, keyin ko‘ngliga bosiq bir achchiq-alam quyilib kirdi.
– Bitta narsani so‘rasam, – dedi u o‘zining berahmligidan tap tortmay, aksincha, qoniqib.– Bu «bizlar-bizlar» deysiz. Mayli, odamlarni taqvoga chaqirib yaxshi ish qilib yurar ekansiz. Baraka toping. Lekin, opajon, bu xayrli ishlar to‘rtta qorako‘zni tirik yetim qilganingizning o‘rniga o‘tadimi? – U yelkasini tik tutib, tepaga ishora qildi. – Rahmonu qahhor xudoyim kechirarmikan? Men olloh suygan juda ko‘p masturalarni bilaman, lekin sizning bu ishingiz…
Xotin zanglagan olmadan ko‘zini uzmagan ko‘yi, egilmay ikki qo‘lini cho‘zib, sumkalari tutqichini changalladi-da, birdan turdi:
– Mayli, siz ham kasal ekansiz, o‘zingizga qarang, – dedi.
Xotinning bu gapi Sobirga «Og‘ir ekansiz, o‘lasiz», degandek eshitildi. U ham irg‘ib turdi.
Xotin xuddi bu xonada o‘zidan boshqa hech kim yo‘qday, hech kimni ko‘rmayotgandek, ma’nisiz nazar bilan eshikka yurdi.
Sobir joyida qimirlamay turgan ko‘yi, xotin chiqqanda yopilayotgan eshikka qarab:
– Yaxshi boring, – dedi.
U bir qancha muddat yo‘l qarab qoldi. Bu o‘rtada eshik ochilib, ro‘paradagi palatadagi odam – Abdurahmat akaning iljaygan yuzi ko‘rindi. U albatta xotinning kimligini so‘ramoqchi edi. Sobir uni ko‘z qirida ko‘rib turgan bo‘lsa-da, qaramadi, Abdurahmat aka hammasini tushunib, «ah-ha» degandek qoshini kerdi-da, asta eshikni yopdi.
Sobir bir oz karavotga cho‘zilib, boshqa narsalarni o‘ylasa, sal yengil tortishini bilsa ham, bari bir, xotin nimasi bilandir uni qattiq izza qilib ketgan edi.
Keyin, boyagi xodimchi qizning sochi shunaqa quyuq qoraki, xuddi tolalari chip-chip yopishib yotgandek. Nima, o‘zining chiroyi kamlik qiladimi? Shunaqa bo‘yaydimi? Yoshgina bo‘lib, ko‘zining atroflariga ajin tushibdi, xuddi shu ajinlariga qora bo‘yoq singib qolgandek. O‘ta pardoz-andoz ham yuzni buzadi.
Yasama! Bu xotin ham yasama. «Shuni qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday hikoya qilib yozsam, inson ishonadimi? Bo‘lmagan gap, yozuvchining atay to‘qigani shundoq ko‘rinib turibdi, deydi o‘qigan odam», deb o‘yladi Sobir va hammasiga shu sababdek, likopchadan tishi tekkan joyi zanglagan olmani olib, zarb bilan axlat chelagiga otdi.
1996-2006