Ahmad A’zam. Quroq (qissa)

Xo‘-o‘sh, endi sizga bir hangomani aytib bersam, bo‘lmagan gap deysiz, to‘g‘ri o‘ylaysiz, shu gapni boshqa birovdan eshitganimda o‘zim ham ishonmas edim, odamlarni go‘l deydi shekilli bu odam yo o‘zini go‘llikka solyaptimi deb, ensam qotardi balki, lekin sizni aldamay deb ko‘rganimga munkir kelsam, bu ham to‘g‘ri bo‘lmas. Keyin, gap ishonishda emas, hamma ishongan gap to‘g‘ri chiqqanida, o‘zingizga ma’lum, bunaqa yurmagan, olam gulistonda yashayotgan bo‘lur edik. Quruq ishonch aldanishdan boshqa nima beradi? Lekin u ham bir so‘rg‘ich, aldanishga o‘rgatib qo‘yadi, aldanmasangiz, qatordan tushirib yuborishgandek bo‘laverasiz. Gapim tegib ketmasin, bilaman, o‘zingiz ham toriqqansiz bunaqa gaplardan, bilgan odam toriqadi, albatta. Ana, shuning uchun xitlanavermay, bo‘lar ekan-da shu­naqa, ajab-ey, qani, eshitaylikchi, shuncha eshitganimizning biri-da, deb ko‘ngilga kenglik bering, bu bir gurung, diqqatingizni yozadi, kamina ham og‘ziga kelganini qo‘yib yuboravermas, aytadigan gapimni orqa-oldimga qarab, sizning nima deyishingizga to‘g‘rilab gapiraman. Balki tagidan boshqa gaplar chiqib qolar.
Albatta, ishonish qiyin voqea o‘tirikka tortadi, lekin undan-bundan gurung qurib o‘tirganda yo‘g‘idan ko‘ra shuning ham bori yaxshi, deb qo‘yadi gapkashlar; men ham yana bir marta xo‘-o‘sh deb boshlasam, shu gap bo‘ldi, aytmasam tinchimni topolmayman. Xullasi, o‘z uyimda, o‘ng qo‘limda burda non, qon bosimim o‘ynab tursa ham, nafs o‘lsin, – balodur, yong‘on o‘tga solodur, – parra qazi, chap qo‘lim bilan katta qirmizi lug‘atni varaqlab o‘tirib (shu joyini unutmang), misolga olingan “Mard bo‘lsang, Eskijuvada hangra” degan gapga to‘xtab, juda topib aytilgan ekan, hozir hech kim ishlatmaydi, hangrashga bo‘lakcha ma’no yuklasa bo‘ladi, o‘zimga ham bir xil og‘zi buzuq odamlar xuddi hangrab yuradigandek tuyuladi, buni o‘xshatib biron joyda qo‘llarman deb, endi tagiga chizmoqchi edim, uyimga kirib kelsa! Kim yo nimaligi kallamga birdan kirmabdi – eshak! Ha, eshakning g‘irt o‘zi! Ko‘zim bilan ko‘rib, o‘zim ishonmadim! Kapalagim uchib ketay deganda tutib qoldim. Men shaharda, nafaqaga chiqib, endi butun ermagi qog‘oz qoralash bilan kitob mutolaasi bo‘lgan odam, bu esa hu chang bocgan qishloqda qolib ketgan bir eshak. To‘rt oyoqlab kelib turibdi, paqqos! O‘zingiz tasavvur qiling, parketda eskiroq bo‘lsa-da qimmat gilam, divan, yumshoqkursi, yana derazalarda buyurtma tikilgan shokila pardalar (shuni yomon ko‘raman), oyoqni yechib kiradigan joyga tuyog‘ini bosib kirib kelsa!
Esankiradim, tag‘in qo‘limda qalam deng. Sal o‘zimni yig‘ib, bu nima gustohlik, ellik yil burun bosilgan eski lug‘atdan sho‘p chiqib kelib, xayolimni buzsa, deb ichimda yozg‘irdim. Boshqa hayvonlar ham bor-ku bu kitobda, ammo birontasi bu yoqqa chiqib kelmaydi, a, bu nimadan quruq qolgan! O‘zi shu bo‘lmaydigan narsani ko‘rsam, el bo‘lyapti-ku deb unga ishonib tursa ham chekkam tirishadi, lekin ishonganlarning yuzi, ko‘pchilik nima desa – shu, bo‘ri yemasin deb, inq etmay tishlanib turaveraman. Ha endi, bunaqa gaplarni eshak misolida aytish noqulay-u, lekin ming hay demay, bu bekorga kelmagan, uzunquloq kalla bilan shuncha yo‘ldan shaharda uyimga yo‘l topibdimi, biron karomati bor, na iloj, bilmaganimda ma’quli shu, biron yo‘li ko‘rinar deb, o‘zimni vazminlikka soldim.
U avvaliga bir nimalarga chog‘lanib, tumshug‘ini cho‘zdi, lekin shu asnoda uyimga alanglab, bu yerda to‘g‘ri kelmasligiga aqli yetdi chog‘i, kallasini pastga tashlab, quloqlarini salanglatdi. Qarang-ey, odam bor joyga boryapman, u yoq-bu yog‘imni to‘g‘rilab olay deb, qora tuproqqami, kulgami xo‘p ag‘nagan, tozalangani shudir-da bu turqi betarovatning; shundan oq toldan chopib, xom teri tortib yasalgan egari yonboshga og‘ib qolgan. Esingizdami, qoshi yo‘q hisobi past, egar deb ham bo‘lmaydi, tagiga tiqsa, yosh bolaning qo‘li ham kirishi mahol? Beshinchi sinfdaligimizda navro‘ztepalik Saidvali noskadisini shunga tiqib yurar ekan, bilmaganmiz. Ismoil – zehni o‘tkir, qarab yurib, topdi, topganiga Nosir muallimimizdan suyunchi oldi. Nosir muallim Saidvalining eshagidagi egarning qoshi tagiga ikki barmog‘ining uchini tiqib, noskadini chiqardi-da, ko‘rganlar, ya’ni bizni, irgansin deb, aftini atay mujmaytirib, yerga urdi, sinfimizning eshigi oldi kirib-chiqib bosaverganimizdan yomg‘ir ham yuqmaydigan zarang-tosh bo‘lib ketgan edi, noskadi maydalanib, urilgan joyi ko‘karib qoldi. Nosini tergilab olmasin tag‘in dedimi, ustidan shalpillatib tupurdi ham. Ismoil muallimga pishang bo‘lib, u ham borib o‘sha yerni tepkiladi. Chinni ko‘zachadek gul solingan haqiqiy eski kadicha, nariroqqa tushgan bo‘lagini olib qarasak, naqshlari, nos isi kelib tursa ham, qizg‘ish gulli xitoyi piyola sinig‘iga o‘xshar edi, tomosha qilib achindik, uchib ketgan yana uch-to‘rtta bo‘lakni bir-biriga ulab ko‘rdik, bo‘lmadi. Noskadiga ham shunaqa chiroyli bezak beradimi, a, deb xunobimiz oshdi. Bunaqa kadichani hech kim ekmay qo‘ygan, oshkadiga o‘xshab o‘sadi, palagi so‘riga chiqib tugadi deb eshitamiz, xolos, ko‘rmaganmiz; Saidvalining buvisiga ham momoenasidan meros o‘tgan bo‘lib, u o‘g‘irlab tutib yurgan ekan, kuyganidan irillab yig‘ladi. Qizig‘-ey, shunaqa g‘alati yig‘lardi, o‘zini ko‘rmay yig‘isini eshitgan odam seskanib tushardi.
Nosir muallim Saidvalini oldindan urishib keladi, yana urishdi, tak-tak boshiga chertdi, chertkisi qo‘rg‘oshin qo‘lamidek og‘ir, naq tovongacha o‘yib tushardi, bor gap, bu ham kor qilmagandan keyin urishga o‘tdi, yomon urar edi lekin, insofi yo‘q, qo‘li bilan yo‘lga solardi-da. Saidvali bechoraning nima joni bor, qo‘l tegmasidan dumalaydi, chaqqon o‘rmalab partaning ta­giga kirib ketadi, ko‘zi quruq, odamning yuragini ezib vig‘illaydi, lekin qattiq o‘rgangan ekan, shuncha kaltak bilan tashlamadi, ig‘-vig‘, o‘ninchini bitirgunimizcha o‘lmay, – odamning joni-ey! – keyin ham yashab ke­­taver­di! Ha, biz tayin o‘ladi der edik-da, non tegmagan oriq, oriq ham emas, tirriq, po‘sti borib ustixoniga yopishgan, ko‘hna kasalning yopig‘idan xabari bo­­­­rov degan gumonimiz ham aniq; u paytlari biz tomonda bunaqa kasalning urug‘i ko‘p, yopig‘i bildirmaydi, kalta yo‘taltirib yuraveradi, ochig‘i esa ko‘pga qo‘ymaydi: binoyidek yurgan odam kun sayin rangi qochib, beti so‘rrayib, gavdasi bukilib, ketib boraveradi. Shunga kasal bo‘lmaganlar ham vahimakasal. Saidvali o‘zi shu ahvolda, yana nos otadi. Nahs bosgurning, chakmazagi ham bor deymiz, har tanaffusda badrafga qatnaydi; og‘zini artib chiqishidan tuflab kelayotganini ko‘ramiz, ammo qaydan olib chekadi – boshimiz garang; muallimlar axtardi, biz qarab o‘tirmadik, qiziqish-da, najosat joyda g‘oyibdan tushadimi yo o‘r­tani to‘sgan taxta devordagi poylaydigan teshigimizdan qizlar beradimi, bu ham bor gap, endi aytsa bo‘lar, ishqilib, og‘zida nosi bo‘lgan, ammo noskadi yo‘q, na jildida, na lippasida; pachoq qalpog‘ini yechib, astarining piltasigacha sitib qaraganmiz, so‘raganda miq etmaydi, faqat beti jiyriladi, qirriqning bop­ladimmi deb tirjaygani shu. Ismoil bu yerda boshqa bir gap bor deb, payiga tushgan-da, ammo-lekin buning shumligi undan ham o‘tib tushardi, bo‘lmasa, hammamiz Saidvalining eshakka mehr qo‘yishiga hayron, es joyi­dami, kalla ketmaganmi deb. Har tanaffusda bad­rafga kirishdan oldin borib ayilini qayta tortadi, silab-siypaydi. “Ha, jo‘ra, maktab bo‘lsin, ketami-iz”, deb qo‘yadi; – jo‘ra-ya! – bizda o‘zi birov eshakni hayvon o‘rnida ko‘rmaydi, qishda moldan ortgan no‘shxurtni ham bermay, ketiga tepib haydaydi dalaga, pichan tor­tilganda bu ham umtilsam deydi-da; jo‘ra emish, o‘rgildim! – a, jo‘rang bo‘lsa, minma ustiga, otnikidek gilam jabduq yop-da, oldiga tushib jilovidan yetakla! Noskadi egarning qoshida bo‘lishi hech birovimizning kallamizga kelmabdi. Eshakka nimani uqtirsa bu deb, qarab turamiz, u esa bizga chappa o‘girilib shippa kappalayverar ekan. Yana aytma deb erkalatgandek, tizzasi bilan eshakning biqiniga turtib qo‘yadi. Yuribmiz o‘ttizimiz, nashavandning o‘zi tupirkilos, nos battar qiladi, bechoraning rizqi qiyilgan, e-e, ishqilib, qatorimizda yurgani yaxshi edi-da, deb ichimiz achib. Noskadini topib yo‘qotsak, nasibasi uzilmas edi deb juda ishonamiz. Qayda, noskashligini qo‘ymadi, jon ham savil ekan, Azroildan bir otim otib, keyin tupurib olay, keyin ixtiyor o‘zingda, deb so‘raganmi, shu-shu-shilagan ko‘yi hammamizni ahmoq qilib, aytdim-ku, maktabni bitirdi, traktor haydadi, bola-chaqalik bo‘ldi, men hayotda uloqib ketdim, u qishlog‘idan chiqmadi, qaytib ko‘rishmadik.
Yashayotgandir hali ham nosini otib deb yurardim, yaqinda sinfdoshlarim qidirib kelib qoldi, shunda so‘rasam, Vafoqul: “E-e, sen eshitmagansan, hay, ko‘karib chiqqaniga ham… Ismoil, uch yil bo‘ldimi, yo to‘rt?”, dedi. Oltmishdan oshibmiz, hali ham senlaydi, yaqinligimizni bildirib turarmish. Ha, mayli, yaqinlik shu senlashsiz bo‘lmasa, senlashaqolaylik. Ishqilib, ko‘karib chiqdi desa, o‘yimga nosning ko‘ki kelib: “Shu nosdan ketdimi?” deb so‘rabman.. “Endi, nos chekkan o‘laversa, odam qoladimi! Ikki ming sakkizda qattiq qor yog‘di-ku, zahar sovuq, Mo‘ltipdan kelayotib yo‘lda yiqilib qolgan. O‘pka ketgan o‘shanda. Ko‘pga ham bormadi keyin”, dedi Ismoil uncha xushlamay. “Nimaga yiqiladi? O‘sha nimjonligi edimi?”, deb yana soddalik qilibman. Shunaqa shoshib o‘ylashim bor. Ismoil bilan Vafoqul iljayib qo‘ydi, odam o‘lgan bo‘lsa, bular nimaga kuladi deb g‘ashlanib indamadim. “Nimjon-a! Qovjiroq bo‘lsayam pishiq odam edi. E-e, tuproq yetkazmasin, ko‘zga qarab ichish kerak edi-da”, dedi Vafoqul. “Nimaga ichadi?” deb so‘radim; boshiga bir g‘am tushgan ekan-da, deb o‘ylabman. “Obbo, – dedi Vafoqul, – nimaga ichadi – ichadi-da. Qishloqdan toza chiqib ketibsan-ku”.
Qishloqdan chiqib ketganimni o‘zim ham bilaman, qirq yil bo‘lyapti, lekin u yoqdan chiqmagan odam ichib o‘laveradimi? Bularning gapini eshitsang, ha­zilga dumalaganga o‘xshaydi. Yana nima emish: rozi-ri­zolik tilashganda bosh uchimga shampan shishasi­ni nosga to‘ldirib qo‘yish eslaringdan chiqmasin, diq­qatim oshganlarida chekib yotaman, deb tayinlagan. Astag‘firulloh, Vafoqulning gapiga o‘zimning ham ichimdan ihi-ihi degan tovush kelib, labim burilib ketdi. “Qo‘yinglar-ey, yaxshi emas”, dedi Rashid ham iljayib. “Ana, badrafga kirib o‘tirmaydi, poylaydigan odam yo‘q, – deb Vafoqulning yana tili qichidi. – Nosir muallimning shuncha urgani bekor ketdi”. “Hay, hay”, – dedi Rashid chimirilib. Ismoil esa beozor g‘ashlanib: “Qiziq-da, birov uni o‘lsin deptimi? O‘ziga o‘zi qilgan. Ko‘ziga qarab ichmaydimi!”, – dedi o‘ziga o‘zi gapirgandek. “Ha-ey, boshqa gapga o‘taylik,” – dedi Rashid. “Odam ikkita oyog‘ining ustida o‘zini eplab yurishi kerak”, – dedi Ismoil. “Nos, ko‘p ichgan odamning oyog‘idan yomon olib qo‘yadi-da”, – dedi Vafoqul, murosa bilan.
Ismoil yana gapirmoqchi edi, Rashid, aytmasa ham biladi shekilli, qo‘ymadi, “Xuddi ichimizda eshitib o‘tirganday, odamga juda noqulay-e”, – deb Saidvali to‘g‘risidagi hangomani ham kesdi.
Menga ham shunday tuyuldi, Saidvali jiyirchiqli yuzini tirishtirib, qo‘lini misoli eshik qisib, g‘ir­ma­yib qarayotgandek ko‘rinib ketdi. Uning ustidan xud­di u o‘lmagandek kuldik, men ham sinfdosh jo‘­ra­larimga qo‘shildim, kuldimu, xotiramning tubidagi qishloqqa cho‘kib ketaverdim. Jo‘ralarimning gaplarida menga zimdan ta’na bor edi.
Uyga kelgan shalpangquloqqa qaytadigan bo‘lsam, bu ham Saidvali maktabga minib qatnagani bilan bir tus, umuman bu hayvon zotini ko‘p ham farqlamaysiz-ku-ya, lekin mazkur, uyimga kirib kelgani qandaydir juda umumiy bir eshak, hammasiga shundan nusxa olsa bo‘lar edi.
 Yana tozalanib olay deb, eshikka ishqalanib, chor­cho‘pni sovunlab qirtishlamasa ketmaydigan kir qildi, bo‘lmasa, ko‘cha to‘la daraxt, qator simyog‘och, ishqalanishga boshqa joy qurib ketmagan, bir xil g‘o‘dayib turadiganlar bor, shunaqa beta’sirki, sim­yog‘ochdan ham besh battar, o‘shalarga ishqalansa bo‘lardi! Vo‘h, zo‘r gap chiqdimi! Lekin, ey, namuncha eshakni gapiraman deb, odamga o‘tib ketyapman?
Mayli, bu ham lug‘atdan. E xullas, uyimda bunga nima bor deb bo‘g‘ilganimdan yeb turgan luqmam ham tomog‘imda qoldi, o‘tmadi – o‘ldimmi endi, eshakka qarab qazi chayna-ab o‘tirsam. Ot bo‘lsa ham boshqa gap edi. Ot – vafodor do‘st, mingan odamning ko‘rki, go‘shti halol. Bu bir yuviqsiz…
Shu gaplarni o‘ylaganim hamono u qulog‘ini salanglatgancha salom berib yuborsa! Vo ajab, eshakdan salom-a, deb ajablanishga ulgurmay, alik olib qo‘yibman. Ibratini ko‘rib xomsiradim-da, hozirgina aytdim-ku, aytmasam ham ko‘rasiz, bor shundaylar: odam, lekin salomingizga alikni tilab olasiz, o‘la qolsa o‘zi oldin mulozamat ko‘rsatmaydi, misol uchun, deylik, qo‘shningiz, sizdan besh-olti yosh kichik, tutgan martabasi ham siznikicha baland emas, katta ketib ko‘nglini og‘ritmagansiz, gapingiz doim yaxshi, ammo uni, albatta, sizni emas, muomaladan urib ketgan; hu narida yo‘ng‘ichqani ko‘rgan tulpor yo yemga to‘ygan ho‘kiz, to‘rsayib o‘tib ketaveradi, ishqirib ham qo‘yadi. Burnidagi junigacha tikraygan! Xudoyim farosat ulashganda qisgan, lekin, mana, bizni o‘zi yaratib qo‘yibdi deb, shunga mast, kim qilib yaratgani bilan ishi yo‘q. E mahluq, xudoyim sendan boshqalarni ham yaratgan! Yo tavba, hayvondan odamgarchilik kutmaysiz, to‘g‘ri, lekin, axir, odam mol emas-ku, insonda insonlik farqi bo‘lishi kera-ak, deysiz. Ha, mayli, g‘iybat yaxshi emas, tilning uzunini ularga ham bergan; peshana-da – qaysi gunohingizga, darvozasi darvozangizga to‘g‘ri, qaramay desangiz ham, har kuni o‘zi ko‘zingizga qadaladi, ko‘nglingizga ertalabdan xufton soladi. Chidaysiz-da, chidaysiz, hayot bu. O‘shalarga: he esh-shak, devorgim keladi-yu, ammo manavi qobilning iltifotini ko‘rib, bunga tenglashtirsa, obro‘si ko‘tarilib ketadimi dey­man-da ularning. Yana o‘sha yoqqa o‘tib ketyapman, uzr. Ichidagini yengishi qiyin-da odamning. Men ham bir banda, axir. Lekin bir xillar minbarga chiqib olib hangraydi-da, axir.
Ammo, buning ham o‘zini har qancha tarbiyali tutgani bilan aytilmagan joyga kirib kelgani, ancha narsani esimga solib, ko‘nglimni sal ilitgan bo‘lsa-da, ochig‘i, chekkamni tirishtirdi. Hu burunlari, ya’ni eshak mingan paytlarim boshqa gap edi, endi esa shahar to‘la mashina, uyda ham bor, o‘zim haydayman, xullasi, eshak­lik ish yo‘q, yaqin o‘rtada unga hojatim tushmagan, tushmaydi ham, qishloqda hozir hatto o‘qituvchilar ham mingani or qiladi, men ziyolinikida nima yo‘qotgan ekan bu, deb diqqatimni oshirdi. Axir, to‘g‘ri-da, minganim qachonlar edi, hu bolalik chog‘larim mol boqqanda, o‘tga chiqqanda, somon tashiganda. Esingizda-ya, mushtday boshimiz bilan o‘t ichida dimiqib o‘rganimiz ikki bog‘ni, – ha-a, kuchan-a-kuchan, turshak polvon, bo‘sh kelma, ko‘ta-ar! – yana bir siltov bilan egardan oshirib, tepasiga bir bog‘ni bosib, orqasiga qo‘nib ham olardik; shuni eplaganimizga o‘zimiz shishingan, ko‘rgan kattalar, ho‘, barakalla, pishiqligini, deb qaraydi, bo‘ycha bir qarichligidan bosh ko‘rinmaydi, jonivorning kallasi ham o‘t ichida, misoli ko‘m-ko‘k g‘aramning o‘zi, tagidagi to‘rtta tipir-tipir oyog‘i bilan, lam-lum, la-la-lum, uyga qarab yo‘l tortadi. G‘aramning ichidan ashulasi chiqayotgan o‘zingiz.

Bolalik – eshak mingan ashula, ulovdagi hofiz.

Bahorikorda ashulaxonlikka majol yo‘q, kiftini oftob kuydirayotgan qirlar hansiraydi, qizigan tandir misoli oqarib, hovur bilan yutaman deydi, ha, qulog‘ingizga shunaqa bir och hansirash kelib turadi, kun tig‘ida jingirtob o‘t-o‘lan chitir-chitir yonib bergudek, yurak kuyadi, ichishga olib chiqqan suv ham shishada bijg‘ib, takillab qurigan tilning ustida yumaloq dumalaydi, bosmaydi suvsimni, kombayn to‘kib ketgan mayda somon o‘roqqa ilinmaydi, qo‘lda to‘dalash azob, ter quyilib, ko‘z achishganidan ko‘rganingiz atrof sariq oqova chayqaladi, yaydoq jazirama, ustida jivir-jivir saraton ro‘yolari, sal olisda G‘ubdin tog‘i ham ko‘k buruqsaydi; bo‘yingdan ikki barobar katta qanorni miqtilab tepib joylab, matashtirib eshakka ortib, – ayni ha-hiylab yerdan uzgan payti bu xonasallot (alamdan so‘kinardik) yurib ketmasa – ustiga yana bir qanorni ko‘ndalang yotqizib olguncha, eh-he, bu azoblarga chillakcho‘p oyoqlari dir-dir qaltirasa ham faqat bolagina dosh beradi. Hatto so‘fito‘rg‘ay ham ko‘rgan ko‘ziga ishonmay uchishni esdan chiqarib qochmay turaveradi. Hay polvon, hay eti ustixoniga yopishgan alpomish! Ehtiyot bo‘l, zo‘r kelmasin – ertalab girdoliga to‘ygansan!
Eshak boyaqish, biqiniga tepsa ham, bo‘yniga xalacho‘p mixini tiqsa ham, turib beradi, dod demay ko‘tarib ketaveradi, chidamdan bergan! Bir tovush chiqaray desang, charchaganidan nafas yurakka tushib ketgan, qo‘shiq ham o‘sha ichkari yoqda nuqul inqillaydi, xolos. Faqat ix-ix, keyin pastgina yalingan tovushda: ha, jonivor, ha jonivor… Bir ketini ko‘tarib tashlasa-ku, shuncha g‘ayrat bir pul, lekin unda bolaning mehnati uvol ketishini shu ham biladi.
Ana shularni eslaganda xayol qochadi-da, xayol, qayoqlargadir ketib, achchig‘i yillar po‘rtanasida takka cho‘kib, shirini qalqib yuzalab, irmoq-irmoq yodimga oqib kiradi. Mehnatning tagidan o‘rmalab, hech bir mashaqqatga bo‘yin bermay, yoruqqa umtilavergan bolalik… Uning yukini yelkalamagan qishloq bolasi yo‘q. Ko‘p o‘rib qo‘yib, bog‘lar katta bo‘lib ketib, ortishga kuch yetmagan paytlari hammasini tashlab, yerga o‘tirib olib baqirib so‘kinganlarimiz esingizdami! Ih-ih deb yig‘lab yuboray deysiz, hech kim ko‘rmayotgan bo‘lsa ham ko‘zingizga yosh kelmaydi. Oldimda ikki bog‘ o‘t, kuch yetmaganidan ich qaltiraydi, chora yo‘q, sira yo‘q, butun dunyo chorasiz. Bu dunyo ko‘zimda alam bo‘lib ko‘karadi. He, deb so‘kinib yana o‘rnimdan turaman, chog‘lanib borib, kichkina gavdamdagi bor kuchni qo‘lim bilan belimga berib, ikki bog‘ tutash ipga tarmashaman… Quv­vat deb atayin chaqirgandek dodlayman. Xudoyim o‘zimda yo‘q olg‘ovni qaydandir olib beradi ham shu payti.! Eshak bir gandiraklaydi, lekin joyida turadi, yurib ketmaydi, bola jonimga rahmi keladi…
E-e, bu xotiralarning shirini tagida achchig‘i yashi­rin, achchig‘idan shirini chiqib kelaveradi. Oldin aytgan bo‘lsam ham, aytgim kelaveradi, shunaqa qiziq gaplar sizda ham bo‘lgan, hu o‘sha, salqinini jazira so‘rib olgan kallak tut soyasiga boshimizni tiqib, kim qaysi qizni olishiga kelisholmay, jiq-jiq talashgan, tayini ham, oxiri ham yo‘q valdir-vajir damlarimiz. Menga qara, o‘sha qizga gapirib ko‘rganmisan o‘zi, deb so‘raydigan odam yo‘q, cholvor ketga zo‘rg‘a ilinadi, burunni bilakka artib, yo‘q narsaga, nimaligini ham bilmay, talpinib yurganlarimiz, hay, mishiqi qurmagurlar! O‘sha qiz ham hali o‘sma qo‘yishni bilmaydi, latta jild tutadi, dovot ushlab yurganidan qo‘li ko‘m-ko‘k, yozg‘ichni tishlash odati bor, shundan tili ham ko‘k. Bilgan savoliga o‘zi ham cho‘zilib baland ko‘taradi ko‘kargan qo‘lini.
Odam shunaqa unib bo‘y yetsa kerak-da. Qo‘lini baland ko‘tarib, men javob beraman, deb.
Endi bularning hammasi ko‘krakda, tovushi ichida qo‘shiq bo‘lib qolgan. Qishlog‘imizning ko‘kliklari ichra ko‘milib, beun girya qilib o‘tirgan ham o‘sha o‘zim, gir­yamning rangi ham ko‘k.
Olis ortga qarayman: malla sochim oftobda un­niqib, qizg‘ish tus olgan; Bulung‘urning zilol chash­­­malar bilan paxta oqovasi aralash bo‘z suvi, Qip­choqariqning bo‘tanasida cho‘milib, jazillama bilq-bilq tuproqqa ko‘milib yotavergandan, bet sho‘­ralab, suyaklar kuyka teri tortilgan tarasha, makta­bimiz chorbog‘idan o‘g‘irlagan achchiq olmadan tish qa­mashib, mujmayib yurganlarim… O‘zimiznikida sho­­­vuldek so­lib, yer bilan bitta bo‘lib yotganini ko‘z ol­dimga keltirsam, og‘zim suv ochib ketadi, eshak olmani deb Nosir muallimdan kaltak yemasak, ochdan o‘larmidik? Vafoqul ikkovimiz tepada, shoxda, Nosir muallim pastda, pusib kelib olgan, qo‘li orqasida, niyati betida, sado bermay olayib turadi, tushirib olgandan keyin chap qo‘li bilan quloqni burab, o‘ng qo‘lining o‘rtancha barmog‘ining bukigi bilan boshga tukillatib urganda bola odamning tishigacha qoqilib ketadi. Rahmi yo‘q, mehrsiz, odam emas, zo‘r dars beradi lekin deb, tirishib o‘qir edik – qo‘lidan qo‘rqardik.
Saidvali hadisini olgan, Nosir muallim hali urmasidan, ko‘zining paxtasini chiqarishi bilan partaning tagiga kirib ketadi, chiq-e bu yoqqa, deb yaxshi gapirib tortsa ham, tiralib, chiqmay g‘ujanak bo‘lib olib big‘illayveradi, qo‘ng‘iroq chalinganda kallasini chiqarib bizga bir irshayadi-da, eshagining oldiga haydaydi. Nosir muallimning, aytdim-ku, qo‘li, Saidvalining joni qattiq edi. Ha-ya, darvoqe, Saidvalining xati nihoyati chiroyli edi-ey; o‘zi chapaqay, bizga kelganda ham peshanasini tirishtirib, og‘zini ochib harf urishtirib o‘qiy olmasa ham yozganini tomoshaga qo‘yguli edi. Bunaqa chip-chiroyli husnixat unga chikora, tushunmaydi odam.
U bizga beshinchi sinfdan qo‘shilgan, G‘affor, Be­gimqul, Sulton bilan Navro‘ztepadagi boshlang‘ich maktabdan birga kelgan, to‘rt chaqirimdan qatnaydilar, ular piyoda, Saidvali eshakda. U paytlari velosiped juda kam bolada, bori ham minib kelsa, darsda o‘tirgan payti G‘aziraning bolalari urib ketishi bor. Ertalab qizig‘i yo‘q, chunki kattalariga himoyalanib kelishadi, lekin qaytishlarida bizga kun tug‘adi, kattalarining darsi kechroq tugaydi, o‘-o‘, to‘pir-to‘pir kesakparron! – bularini qaqshatamiz, lekin bular ham ko‘p o‘tmay uyushib oladi – Saidvalining eshagi at­rofiga – G‘affor Saidvaliga mingashgan, Begimqul bi­lan Sulton eshakni panalagan, hali urmasimizdan to‘rtovlashib chinqirib, hay-haylashib bizning uy oldidan suron solib suradilar, kesak otishga yurak betlamay qoladi. Sinfda urishmaymiz-u, lekin dars­dan keyin ko‘chada g‘animmiz, qiziq, bola ekanmiz-da, bolalikning kesaklari ham yumshoq bo‘lganmi, bunaqa otishmalarda onalarimiz, hay yash-shamagur, ko‘zini chiqarib qo‘yasan, boshing yoriladi, deb javrashlariga qaramay, birortamizga zarar yetmagan, ammo-lekin tosh otmasdik, faqat kesak, bolacha dushmanligimiz ichida g‘irromlik yo‘q edi.
 O‘zi shu, tuproqning ichida pishib, kesagiga to‘qishib o‘sganmiz. G‘aziramiz ona ariq Bulung‘urni bag‘irlab shimib, ko‘kka burkanib olgan bo‘lsa-da, suvsiz qoq yerda tirishib-tirmashib o‘sib chiqayotgan qayrag‘ochga o‘xshataman bolaligimizni. Bo‘lmasa, norasta bo‘yimiz bilan kolxozning katta klubining, yonidagi imoratlarini ham qo‘shib, g‘ishtini quyib qo‘yamizmi! Nima ham jonimiz bor edi! Qarang-ey, har kuni ming, ming ikki yuz-uch yuzgacha g‘isht tashlaymiz. Haligi, esingizdami, o‘n to‘rtu yigirma sakkiz, to‘rttalik qolip, shuni qoringa tirab, oyoq qalt-qalt chalkashib, yukning zalvoridan tovon yerga gursillab urilib, zir chopishimiz! Otam yarim kechalari: “San bola ochingdan o‘lyapsanmi, a? Yana kel-chi, urib oyog‘ingni sindiraman!”, deb oldilariga solib ketadilar, kechasilik salqinda, oy yorug‘ida ish yaxshi ketishini tushunmaydilar-da, lekin qatordan qolar ekanmanmi, sahar qorong‘isida shamg‘alat urib, yarim yo‘lgacha uyqum ochilmay, loy chiqargani yuguraman. Avval handaqni ikki ag‘darib pishitaman, keyin tepaga qulochlab otaman, to‘dalangan uyumni suvlab, ketmonning orqasi bilan silliqlayman, – oftob yaltillaydi loyning ustida, – so‘g‘in tushdan keyingisiga yer ag‘darib, suvga bosdirib qo‘yaman. Orada bir nafas rostlab, choylanib olaman-da, shu bilan ke-etdi! Kaftingizning qirrasi bilan loy kesib, hovuchlab qolipga urasiz, hmlab ko‘tarasiz, borib tap ag‘darasiz, qaytasiz, tag‘in qumlaysiz, qo‘l pichoq bo‘lib loyni tilimlayveradi, loy kamayay demaydi, qolip qoringa tiralgan, yalang tovon tosh qotgan, chop-chop qatnovning adog‘i yo‘q; chanqov tinkani quritgan, barimizda bittadan tunuka choydish, jo‘mragidan qult-qult tortamiz, ichganimiz o‘sha zahoti tirqirab chiqadi, oldinda ko‘krak, orqada kurakning o‘rtasidan milt-milt yumalaydi, oqib chotimizga kiradi; peshanabog‘ni siqqanda yerga shirillab tushadi. Sahar chiqargan loyni tushgacha, tushda chiqarganni qora shomgacha quyib qo‘yish kerak. O‘tirib tikilsangiz, ish sira tugamaydigan ko‘rinadi. Qipchoqariqning pastida qator-qator loyhandaq, belidan yuqori yalang‘och, qora-qura Vafoqul, Abduhamid, Karim, Berdiboy, Nusrat… Oq-sariqlarimiz ham ko‘­mirxonada tug‘ilgandek tusi o‘zgarib ketgan… Hozir hammasi bormikan deb o‘ylayman, uyga kelgan sinfdoshlarim mendan qari ko‘rinadi, boshqalari ham boboy bo‘lib qolgandir toza.
Hammasi kecha o‘tgandek. O‘zimizga kattalik qi­la­­­digan ketmon, har ag‘darganda bir tirsak chu­qur­laydigan handaq, oxiri loy chiqarishga bo‘y yetmay qo­ladi, yangisini ochamiz. Bo‘shaganini Qipchoqariqning bo‘tanasiga to‘ldiramiz, pishinib olishga bo‘laveradi. Kim ko‘p quyariga o‘zishma, bir kunligini qatorma-qator juftlab sanaymiz; Karimniki bir marta bir ming olti yuzu saksonta chiqqan, yetolmaganlarning alamini ko‘rsangiz! O‘ziga qarab, shu quydimi-ey, deb ishonmaydi odam. Abdualim hamsoyam, mendan yoshga kichik, bo‘yi hali o‘smayapti, har kuni kelib, o‘ksinib o‘tiradi, yig‘lamsirab iljayadi, tirsagini bukib: “Bu yil kuchim ko‘payadi. Mana shu, yoningdan loyxona qilib, ikki mingtalik joy tekislayman. Qara qo‘limga, turtib chiqqanini, kuchim qotyapti!”, deb chiranadi, bir yaxshilik ko‘rsatib, qatorimizda yurish uchun: “Shiyponning oldidan qovun olib kelaymi?” deb xushomad qiladi. Lekin qovun o‘g‘irlashning hadisini olgan: egat ichidan bitta yo ikkita qovunni izma-iz sekin dumalatib kelaveradi, qo‘li orqasida, pastga egilmaydi, qaragan odam uni g‘o‘zaning ichida erinib o‘ynab yuribdi deydi. Tanlashni juda bilardi, yo bo‘lmasa, shundan shungacha dumalab kelgan qovun ichi ezilib pishardi, ishqilib, suvsirab turgan loykashlar, sapchasini ham yeb to‘ymas edik.
 Kolxoz, hamiyatini qarang, uch-to‘rt kunda bir qum olib kelishga mashina ham beradi, kechasi, ammo-lekin yayraymiz. Kun bo‘yi oftobda kuyib, tosh qotgan badanlarimizni Qorasuv silaydi, siypaydi, yumshatadi; oy kecha, oydin kecha, g‘ira-shira tol ko‘lkasidan pari qizlar poylab, bizni tanlayotgandek sirli hayajonda, shivirlashib, shapir-shupur cho‘milamiz.
Kattalar qora suv bu, sizot, ichmanglar, cho‘­mil­mang­lar – xomlatadi, deb mudom tayinlaydi, lekin qayoqda!
Uning qumlari toza, suvi ko‘zyoshdek tiniq, tagidagi mayda shag‘aliyu oqimga boshini tutgan toshbosh chavoqchalarigacha ko‘rinib turadi. Ko‘kragi ko‘m-ko‘k chipor qushcha chiy-chiy qilib suvga kalla tashlaydi-da, tumshug‘ida baliqchani biltanglatib chiqadi.
Saratonda Bulung‘ur loylanadi, Qorasuvning tinig‘ini deb qoq tushda uch-to‘rt chaqirimga issiqda pishib boramiz. Iyaklar tikillab, ko‘kariblar ketguncha cho‘milamiz, ertalabda yegan burda nonimiz sirilib, ichimiz shilinib tushadi, qaytishimiz G‘arovtepada sut po‘nkiti bor, unda birinza degan narsa qilinadi, bilmaymiz, qayoqqa jo‘natiladi, shahardagi o‘rislar yesami, bizdagi do‘konga chiqmaydi, kattalar shuncha qurut turib shuni yeysanlarmi, ichlaringni sho‘rlatib yuboradi, deb ijirg‘anadi, biz esa eshikka tiqilishib, bo‘yinni cho‘zib kutamiz, oqligi bilinmay ketgan kamzul kiygan armanimi, eroni amakimi, biroz mustar qilgach, katta pichoqda kirsovundek bo‘laklab, qo‘limizga bitta-bitta tutqazadi. Ana, bu sho‘r baloni qoringa urib olib, keyin kela-kelguncha uchragan o‘qariqmi, suv qo‘yilgan egatgami ko‘krakni berib, to‘g‘ri og‘iz bosamiz. Dorilangan paxtaning ichidan chiqsa ham, yetti yumalaganmi – halol, keyin, maykani og‘zimizga tutib, sizdirib ichamiz, tutilgan joyiga loy o‘tiradi. Eh-he, ichimizga nimalar o‘tib ketganini hosilotlar bilmasa, bizga nima, chanqaganda paxtaning dorisi ham bir nordon tam qo‘shadi, lekin to‘xtab-to‘xtab, nafas rostlab simiramiz, to‘yib ichishga nimadir qo‘ymaydi. Yer ham u paytlari tozaroq edimi, balxi tutlarning to‘kilganini tuprog‘ini puflab yeyaverardik, qo‘shilib chumchuqning tezagi o‘tib ketsa, ichog‘riqqa davo; oyoqni shisha kessa, arava izi iylagan toza tuproq bosamiz, bir pasda tuzalib ketadi. Qo‘limizning qotib o‘lgan qadog‘ini ham tirnoqlab ko‘chirib, o‘rniga tuproq qo‘yamiz, achigani qoladi.
Qaytishda yana terlab pishamiz, shuncha yo‘lga borib cho‘milganimiz bir pul, endi Bulung‘urga kalla tash­lamay uyga bormaymiz. Yozimiz ish, ishdan qochib, tuproqqa botishu suvga sho‘ng‘ish bilan o‘tadi.
Aytgancha, kolxoz g‘ishtning mingiga sakkiz so‘mdan pul va’da qilib, quyganimizdan keyin esa bo‘-o‘ deb, biz bolalarga hech zarili yo‘q bug‘doyiga chaqqan, eshakda to‘rvalab tashiganmiz; qo‘limiz pul ko‘rsa, velosiped olamiz, ko‘chadan qizlarni havaslantirib uchirib o‘tamiz degan orzular o‘sha qazganimiz loyhandaqlarda uyalaganicha qolgan. Hozir o‘g‘limni o‘zimning o‘rnimga qo‘yib ko‘rsam, im-m deb tishimni tishimga bosaman, uning qilmagan, endi sira qilmaydigan mehnatidan ezilaman. Yo‘q, bolalarim, nevaralarim uchun ham bo‘­tanalarni o‘zim ichdim, hayotining imoratiga qancha g‘isht lozim bo‘lsa, oldindan o‘zim quyib qo‘ydim. Qil­gan mehnatlarim yetti avlodimga yetguli. Shunaqa gap­lar bilan ham o‘zimga taskin beraman-da.
Ey-y, kun tagida kun ko‘rmagan bolalig-ey!
Ha-ya, bitirganimizda maktab ham shunday qo‘yib yubormagan, qizlarga nima yuklagani esda yo‘q, balki devor oqlatgan, pol yuvdirgandir, balki g‘o‘za chopiq, ishqilib, hafta-o‘n kun ishlatgan, aniq aytolmayman, lekin o‘g‘il bolalardan o‘n mingtadan g‘ishtni sanab olib, attestatini keyin bergan. Biz ham bu paytga kelib pircha bo‘lib qolganmiz, imtihonlardan qutulgan, baholar olingan, qurigan g‘ishtni uchtadan sakkiz qavat, ustiga bitta qo‘yib yigirma beshtadan yondama qilib terishda ichini bo‘sh qoldirib, sanoqda aldaganmiz. Muallimlarimiz buni bilmagan, yo, ko‘rinib turganini ham ishlatadigan joyning o‘zi yo‘qligi uchunmi, bilmaganlikka olgan.
Shu tinmaslik shashti bilan universitetga ham kirib ketdim: mol haydash, o‘t o‘rish, paxta chopiq, yer ag‘darish, somon tashish, ariq tozalash, g‘isht quyishlar endi yo‘q, terimdan bu yoqda ham qutulib ketmadig-u, lekin yotib o‘qisang, o‘qiganlaringni uqsang bo‘ldi ekan – shahar seniki. Bulung‘urning tubidan sakrab bo­shimni chiqargandek bo‘ldim, misoli, havo yetmay bo‘g‘ilib yotganda tuyqusdan hi-i deb yutoqib nafas oldim, ko‘kragimga erkinlik keldi. Bu yerda uylar qalashib yotsa ham bir kenglik, darslardan bo‘lak paytlari o‘zingga o‘zing xon, o‘zing bek, kinoteatrlar yarim oqshomgacha ochiq, ertalab yumshoq bo‘lkanonga qa­lin sutshinni suramiz – nonushta, tushlikda yigirma ikki tiyinga yarim kosa lag‘mon degan narsa, yigirma to‘rt tiyinga kartoshka qaylali kotlet, kechqurunga yana bo‘lkanon bilan kilka-konserva tayyor. Shu kilka ham qancha talabaning joniga ora kirgan! Yashash zax ijarayu cho‘ntak mudom kasalligi qishloq bolasiga cho‘t emas, madrasa tuprog‘ini yalash – ko‘rmagan martabamiz. Lekin bu tarixlarga hali ancha bor. Ulargacha kechgan bolalik xotiram arqoqlarida chuvalashib yotibdi…

Kichik gunohidan bir uyalgan odam keyin katta gu­nohlardan tiyilib qolar ekan. Shu desangiz, bir ku­ni bodring o‘g‘irlovdim. Ha, o‘g‘irlikka kirganman. Bod­ring ayni yetilgan payt, gurkin palagining hidi dimoqqa gupillab uriladi, juda chanqagan edim, Bu­lung‘ur yoqadagi chashma bir chaqirim, borishga sab­rim yo‘q, oftob tikkada, chidamadim, kirib oldim. O‘ralmagan, hatto uvati ham yo‘q tomorqa, bodringlari bilakdek, ko‘klari palak tagida suv olib yotibdi, sen je-men je, pishganlari oftobda sarg‘ayib tovlanadi. Biz tomonlarda tomorqa deb faqat hovlidagi ekin-tikinni emas, odamlarning dalada paxtadan ortgan bo‘ltak-so‘ltaklarni yer qilib olgani ham aytiladi, bu tirikchiligini hech kim ihotalamaydi, agar ham hu haligi Valentin Tyupkoning chigitni kvadrat uyalab ekishidan qolgan dona-dona dumaloqli simi bilan atroflab qo‘ymasa; hujjat-pujjat kerak emas, yillar badalida, paxtaning qartalari qayta tuzilib, bu yer ham kirib ketmasa, bir kishiga umrlik tegish, meros bo‘lib oilasiga o‘taveradi ham. Narzulla bobonikining ham chayla oti bor-u, yomg‘ir yuvgan, tomi yo‘q to‘rt katak – odam belicha paxsadan boshqa vaqosi yo‘q, Qipchoqariq uvati bilan o‘rtada shapaloq yer, mol ham bemalol bosib ketaveradi…
Xullasi shuki, burganning panasida ko‘rinmayapman deb o‘marganimni yeb o‘tirsam, uch-to‘rt kunda bir ham ko‘rinish bermaydigan Narzulla bobo ustimga kelib qolsa! O‘tirgan joyimda taxta qotdim. Narzulla bobo bermagan salomimga: “Va-alaykum! Bay-bay, yonishini! Eshonbovo, Qipchoqariqdan ichib qo‘ymang tag‘in, paxtadan hamma zahar shunga tushadi, – deb yaktagidan bir etak bodring to‘kdi oldimga, – Mang, ko‘krakning kuyganini juda oladi-da”. Tishlaganim qo‘limda, og‘zimdagi tomog‘imdan o‘tmaydi, qo‘lga bunday laqqa tushganimga angrayib, betilu bezabon o‘tiraverdim. Bobo yana meni otamning hurmatiga sizlaydi deng! Shuncha bodringni atay berdimi yo bilmaymi, lekin yomon uyaltirdi. Shu-shu, yuzim shuvit, qovunlari palagida to‘rlab, tarvuzlari tirsillab yotadi, yonidagi yo‘ldan o‘tib men qaramayman! “Ho‘, eshonbobo, xo‘jabilmas shirasiga chi­damay yorilib ketibdi-da, keling, uvol bo‘lmasin, bitta kosa qilib beray”, deb o‘zi chaqirib tursa ham u-bu deb g‘o‘ldirab qochaman.
Buni nimaga aytyapman, shundan ikkimi-uchmi kun keyin, Qipchoqariq uvatiga mollarimni arqonlab, o‘t o‘rib yurganimda zarurat qistab qolib, cho‘nqayib o‘tirgan joyimda butimning tagidan qora ilon o‘tib qolsa! Ey-voy, dahshat! Ko‘rganda yuragim yorilmas, lekin seskanishim bor edi, lekin bu, – sekin gapirasizmi, palakat! – naq ketimning tagidan, boshini sal ko‘tarsa tegadi, ko‘zi shunaqa sovuq, tag‘in to‘-o‘g‘ri, odamning ichigacha muzlatib tikiladi! Esim chiqib ketdi, o‘tim yorildi, kapalagim anaqa bo‘ldi deganlari hech gap emas!
Bilmadim, xudoning bu bola ham yashasin deb ra­hmi keldimi, tosh qotib to‘g‘ri qilibman, padarla’nati, xas-xashakni bir maromda shig‘illatib, tikilgan ko‘zini uzmay, simob oqib o‘taverdi-o‘taverdi! Yomon uzun tuyuldi lekin! Orqa joyim tosh osilib ko‘ringandir, o‘g‘il bolaning uyati yo‘q yerimni raqib bilmagandir, har qalay, teginmadi, lekin o‘tib, burgan ichida ko‘rinmay ketgandan keyin ham nafasim chiqmay, allazamon bejon qotib qoldim. Chaqqanda o‘ldirmasa ham, qo‘rqqanimdan o‘zim naqd o‘lib berardim lekin. Shu qotib o‘tirishimda o‘lganim shudir, deb ham o‘yladim bir, ey, nihoyatda xunuk sovuq, tirik jonivor ham shunaqa zimiston bo‘ladimi! Tilini chiqargani musulmon deyishadi, o‘sha vaqti tiliga qarabmanmi, imonini xudo ko‘tarsin, shu bilan ko‘p yillar, hatto qishlarda ham tushlarimga makon qurib oldi. Tushga kirgani boylik emish, lekin turqi o‘chsin, u yog‘ingiz ham, bu yog‘ingiz ham uzun-uzun chirmashib chal­kashgan ilon, shunaqa ko‘rardim-da tushimda, bir qo‘rqib uyg‘oning, boylik kerakmi, joningizmi, o‘shanda bilasiz. Ha-a, uyqu buzilib, ertalabgacha xavotirda chiqing, keyin birovga oson tutasiz!
Dala-dasht mayli, lekin bu gazanda qishloqning ichida ham serob, daraxtlarning ustida chumchuqlarni qiy-chuv to‘zitib, odamning yuragiga g‘ulg‘ula soladi, uylarning shiftida yuradi, egasiga tegmaydi, un sepsa yo‘qoladi, lekin xayoldan ketmaydi, o‘zini ustingizga tashlab yuborayotgandek bo‘laveradi. Haligi, yalang‘och butimning shundoq tagidan o‘tgungacha paytlari ko‘rsam, yuragim ozgina shuvillab qo‘yardi, xolos, endi esa yalang katta ko‘chada ham alanglab yuraman, tuproqqa tushgan izi tirikdek ilang-bilang yiltillab, oyoqdan uzib oladigandek bo‘laveradi. Kechalari sim-siyohda unsiz shuvillab daf qilayotgandek, uxlasam sekin ko‘rpamning tagidan kirib kelayotgandek; ayniqsa gungurt badrafda ko‘rinmay qo‘rqitadi. Bir kuni Qipchoqariqning pastida ham oldimdan chiqib qolib, o‘takamni yordi. O‘qilon edi. Odamga otilsa, ko‘kragini teshib o‘tib ketadi degan mahovati bor. O‘zi-ku ipdek bir narsa, bezarar, chaqsa ham kerag-u, lekin odamdan qochadi, uchrasa, ko‘zingizga bir narsa lip ilingandek tuyuladi, ichingizda bir xavfsirash turadi, uch odimcha narida o‘t qimirlab qoladi, vassalom, tizimcha o‘zini o‘sha yoqqa otgan bo‘ladi. Bu ancha kattasi, ya’ni uzuni ekan, ustiga kelib qolganimga shoshdimi, qo‘rqqanidanmi, ishqilib, beligacha baland ko‘tarilib, to‘g‘ri tikilganicha qotgan. Ko‘zim tushgani hamono jon holati irg‘ib yuborganimni bilmayman, shunaqa paytlari vahima ham kuch berar ekanmi, fizkulturadan “uch” oladigan holimda, shu otilishda yo‘lni uch-to‘rt quloch enlagan ko‘lmakning u yog‘iga tushibman, keyin shunchaga sakraganimni ko‘rib, ko‘zimga ishonmadim. Qipchoqariq shu yerda ikki odam bo‘yi tikdan o‘tadi, pasti olmachorbog‘, o‘rtada tuproq yo‘l, chorbog‘dan suv toshib, yo‘lni bosibdi, uvat tagida bir odam o‘tarli quruq yer, qachondir ko‘rgan kinomning qo‘shig‘ini e-e, nay-nay-nay, nanay-nay-nay, deb aytib, dingillab kelayotgan edim, sakrab ko‘lmakning bu yog‘iga tushib ham nay-nayim to‘xtamabdi, xuddi kaltak yeb angillayotgan kuchukdek, ancha vaqtgacha nay-nay-y, deb qo‘yaman deng.
Ha, aytmoqchi edimki, haligi qora ilon Narzulla boboning chaylasiniki bo‘lgan, Qipchoqariqqa suvlagani tushayotib, orqamdan kelib, bu bola endi boshqa gunoh qilmasin degan nimadir hikmatini bildirishga ataylab butimning tagidan yo‘l solgan, bo‘lmasa, yer keng, o‘tishiga joy bemalol edi.
Yana… bolaligimda bu juda ko‘p edi, o‘ngimda ham, tushimda ham, lekin birontasi tegmagan, tushlarimda qo‘rqitgani bilan ham chaqmagan – bu ham bir narsani bildirar, axir. Buni ham donishmand deyishadi shekilli. Lekin bizda emas, o‘qiganman.
O‘zi kichkinaligimdan o‘qishga ruju qo‘yib, hamma narsaning tagidan bir aql chiqarib olish ko‘yiga tushgan edim. Kitob qishlog‘im tepasidagi bir tuynuk, shu tuynukdan tashqariga o‘rmalab chiqib, bo‘lakcha dunyo­larga ketib qolar, o‘sha yoqlarda qidirib, gazanda vahmi-yu ko‘ngilga yuk bo‘ladigan boshqa gaplarni tamom unutar edim. Odam bo‘lishga anglab-anglamay yo‘l izlabmi, shu mehnatlar ichida maktabni, xususan uning kutubxonasini boshni sajdaga to‘g‘rilaydigan mehrobga aylantirib olgan edim. U paytlari, albatta, Allohni o‘ylasak ham uzoqdan, ko‘ngil musulmonligi – o‘qish, kitobga ruju, ehtimolki kutubxonamizdan tarqalgan, hammaga chapa-rasta yuqmagan bo‘lsa-da, men­ga o‘xshaganlarni og‘ritgan bir yut kabi edi. “Besh”ga o‘qish ham katta bir martaba, odamlik kelajagimiz naq sinfxonamiz derazalaridan mo‘ralab imlab turardi. E, bu qizlarni gapirmang, uyida qiladigan ishi yo‘qmi, kitobga yopishgan! Shular topib, o‘qiganini bir-biriga chug‘urlab, miyani qoqib qo‘lga berganidan, o‘sha yaxshi kitoblarni qo‘lga olishga orlanar edi odam. Lekin qizlar ko‘kragiga bosib yurmagani ham bisyor, kutubxonada ular kirmagan boshqa ko‘p dunyolarni kezishim mumkin edi. Kutubxonachimiz senga kattalik qiladi demaydi, taxta javondan qo‘lim bilan ko‘rsatganimni beradi. Muqovasi qalin, semizlarini tanlayman. Nimalarni o‘qimaganman! Qanaqadir Vasyok Trubachev, Ashot, ularning do‘stlariga qo‘shilib yurib tong ottirar edim. Kimdir, toqqa qochgan Alitet, nimaga qochgan – esimda yo‘q, lekin katta, qalin kitobni namoyishga ko‘tarib, o‘sha ko‘p o‘qiydigan qizlarni ham hayiqtirib yurganim haligacha esimda. Baliq, tyulen ovlab kun ko‘radigan qanaqadir bir shimol xalqimi, ovchi qabilasimi, shularda otasi qarib, ishga yaramay qolsa, uni o‘z o‘g‘li yelkasiga mindirib, qor bosgan tog‘dagi bir ovloqqa eltib tashlar, boboy bechora o‘sha muzloqda yolg‘iz qolib, tag‘in o‘g‘lini shu qilgani uchun alqab, qismatiga rozi, o‘lib ketaverar ekan! Endi bu quruq nonxo‘r, yashab nima qiladi deb tashlab kelgan-da o‘g‘il basamon!
Ana! Oqshom yarmida tepamga kelib: “Bo‘ldi qil-e, valad… Ko‘r bo‘lguncha o‘qiysanmi!” deb mehr aralash so‘kib, kerosinchiroqni puflab o‘chirib ketadigan otam, mening qorong‘ida qor bosgan tundra o‘rmonidan be­shafqat toqqa qarab yo‘l bosib, otam qarisa hech qachon unaqa ovloqqa, hatto yaqinimizdagi G‘ubdinga ham tashlab kelmaslikka ont ichib, ichgan ontimdan o‘zimning ko‘zim yoshlanib borayotganimni bilmaydilar-da!
Shunday lekin: qo‘limdagi kitobning ichidan, o‘sha­naqasi shaharmi, to‘qaymi, biyobongami, ko‘rpachaga bag‘­rimni berganim ko‘yi o‘tib ketgan bo‘lar edim.
E-e, aytmabman-a, endi keldi esimga: g‘isht quy­ganda bo‘shagan handaqlarni suvga to‘ldirib qo‘yib, har kuni pishinavergandan, qizib ketganda tashlab ola­verar edik; loy quyqasi teriga o‘tirib, singib, kaltakesakning po‘stidek qurishtiradi, keyin shu joylar tirs-tirs yoriladi, tovon ham bo‘laklanib, tagidan qizil go‘shti chiqib qoladi, yoriqlarga qora saqich chaynab yopishtiramiz, son nozik, butning pastidan tizzagacha achib turaveradi, uning taramlari davosiga vazelin, bo‘lmasa yana shu aravayo‘lning tuprog‘i. Sahar turganda uyquda bitgan tirishlar azot odimlagani qo‘ymaydi, ko‘zga yosh kelib, esnab-esnab kerishib, zo‘r bilan butni kerib yuramiz, bilamiz, tirishlar yirtilib qonaydi, achishadi, lekin yoziladi, bu yog‘iga chidaymiz. Faqat shabada salqini tirishlardan kirib badanni dildiratadi, hu borib, yalang‘ochlanib, qo‘lda ketmon bilan handaqqa tushgandan keyin, qon yurishib, loyning sovug‘i yo‘l bo‘yi achishib og‘rigan oyoqqa malham bo‘lib yopishadi, xayolda faqat chiqarib otayotgan lo­yim qancha g‘ishtga yetsa degan o‘y-u, ichingizda toshayotgan bir g‘ayrat qoladi, xolos.
Qizig‘-ey, e-e, shuni ham o‘ylab o‘tiramizmi, bola­larni solamiz, quyib tashlaydi, shataloq otib yurib­di-ku bari, degan-da bir aqlli mardi kalon; kat­talarning tushunishi shu. Shataloq otamiz! Otam ham kechalari so‘kib, oldilariga solib kelsalar ham yo‘­liga, bari bir, shuncha bola nima bo‘lsa, bu ham shu-da deb qaraganlar.
Mayli, sardaftarning bu yog‘ini kavlayvermay, o‘l­magan qul ko‘ravergan ekan-da-ey. U paytlari qul­likni qaydan bilamiz, qullik, shunchaki, uning ham bir zavqlari bo‘lgan.
G‘isht quygan paytimda o‘qishga iloj yo‘q edi, charchayman, uxlab ham olish kerak, jazirama kunlari ham kallaga kitob kirmaydi, Bulung‘ur bilan Qorasuv o‘ziga tortaveradi. Lekin boshqa paytlari, ayniqsa qorong‘i qishlarda kitobga muk tushaman. Dalaga mol haydashda qulayini qilib, eshakning ustida ham o‘qib ketaveraman. Albatta, bunda ko‘zi tushgan kattalarning: “E, bu bolaning kitobga yopishganini!” deb qo‘yishlaridan shishmalanish ham bor-u, lekin mullaligim, haqqast rost, Saidvalining noskashligidan o‘tib tushar edi. Mol temir qoziqni jingirlatib ipini o‘zi sudraydi, eshak ularga ergashma, eshakning yurishiga mos chay­qalib-chayqalib, kitobdan ko‘z uzmay ketaverasiz – ko‘chma egar qiroatxona. Hu dalaga yetgandan keyin mollarni arqonlab bir soyani olsangiz, sizdan bemalol odam yo‘q.
Bir kuni tut tagida ustimdan soya ketib, oftob boshimga tikkadan urib kuydirib yuborguncha o‘qib yotaveribman, sakrab tursam, mollar yo‘q! Temir qozig‘ini, tesha olib yuraman, qattiq yerga qoqqan edim, molning o‘zi tortganga sug‘urilmaydi. Qanday ketadi! O‘g‘ri kunduzi dorimaydi, uning ishi kechasilik, shunda ham onda-sonda bittalab oladi. Besh mol aqllashib gapni bir joyga qo‘yib yo‘qolgani aqlimga sig‘maydi.
Esim chiqib, izlashga tushdim. Bulung‘ur bo‘y­la­ridagi yovvoyi jiydalarning orasidan, paxtapoya, sho­­lipoyalardan axtardim, olmachorboqqa kirdim, Va­libobogacha qarab keldim, – yo‘q, yerga kirganmi, osmonga chiqqanmi – yo‘q-da. Maza qochdi, sarosimada, bu ham yo‘qolib qolmasin deb, eshakni minib, uyga chopdim, oyimga indamay, bir omonat ilinjda og‘ilxona-ayvonlarni, uyning orqasidagi yertokni qaradim, xud­di shularning orasida bemalol kavsh qaytarib yotadigandek, yo‘q! Ana shu vaqti otam kelib qoldilar! Har juma Samarqandga namozga boradilar. Endi ni­ma deyman deb, damim ichimga tushib ketdi. Menga sovg‘a – qizil, loklangan boshmoq olib kelibdilar, hali qo‘limga kelmasidan bildim – qizlarniki, yana oyog‘imga katta; yarqillagan ekan-da, charmi pishiq emish-ey, – bir alam qildi, bir alam! – mana bo‘l­masam deb mollarni yo‘qotganimni aytib yubordim. “Oqshomi bilan o‘qib chiqib, keyin dalada uyquni urasan. O‘zing yo‘qolib qolmabsan ham yaxshi”, dedilar otam uncha urishmay. “Yo‘q, qarab o‘tirgan edim soyada, birdan yo‘qolib qopti”, dedim. Otam to‘qiyotganimni bilib o‘siq qoshlari tagidan bir qarab qo‘ydilar, men boshmoqni yana artib silagan bo‘lib: “Juda zo‘r ekan-u, shu sal kattaligi…”, deb nigohlarini yumshatdim. “Hay, Eshim kasofat oralagandir-da, qayoqqa ham ketadi”, dedilar. Boshmoqni maqtaganimga soqollarini tutamlab: “Hm, ko‘ni toza, shunday yarashig‘li narsa bekorga turmagan-ov, dedi-im, zaifona ekan-da”, deb xijolat bo‘lgan bo‘ldilar.
Boshmoqni xushomadga yana bir kiyib ko‘rsatdim. Qurib ketkur, qizlarniki bo‘lmasa ham mayli edi. Menga to‘g‘ri kelmasa, opamlar paxtaga sudrab yurar emish, a, o‘zim-chi? Saharlab dalaga chopsam, mollari­ni boqsam, o‘tlarini o‘rsam, pichanlarini qilsam, somongacha tashisam. Tag‘in menga kelgan to‘plini opam­lar paxtaga sudrarmish. Men-chi, halokuning iti­manmi! Eshakning mehnati halol-u… Hay, oborib, kiy­dirib ko‘rib olsalar, nima qilardi! Bahonada Sa­marqandni ko‘rib kelardim. Shu-u, boboylar bitta ishga yana bittasini qo‘shib bitirishni bilmaydi, ammo-lekin, kat­talarning gapini bo‘lma, yuvilmagan qoshiqday su­qilma oraga, biladigan bo‘lib qoldingmi, dim o‘tir, peshanangni tirishtirma, – doim jerkish, o‘zlarining bilganlari esa bu, jahling chiqmaydimi! Indamay o‘tirsang – anqayma, gapirsang – tilingni tiy. Uyquni urgansan emish!
Kuyasan-da! Senga deb kelgan narsa ko‘zingni o‘y­natib shunday qo‘lingda tursa-da, senga to‘g‘ri kelmasa, axir, bunga chidab bo‘ladimi! Ey, oyog‘imda uchining yirtig‘idan boshmaldog‘im chiqib turadigan eski keda, qoqilganda qonayverib, boshmaldoq ham shum-zada bo‘­lib olgan, kiyib, hali yurmasimdan bezillashga boshlaydi .
Hay, mayli, endi ming kuy, befoyda, shundan shunga oborib qaytarib bermaydilar-ku, bari bir. Oyim boshmoqning uchiga paxta tiqib kiydirib, bir yurib ko‘r qani, deganlariga yurib ham ko‘rdim, odamning beli mayishib, quymichi o‘ynab ketar ekan. Poshnaning yarmidan arralab tashlasa… e-e, bo‘lmaydi, buziladi, ke­yin, bari bir, qip-qizil-da, kulgiga qolaman.
Boshmoqni qo‘limga olaman, qo‘yaman, aylantirib ko‘raman, battar xunobim oshadi. Otam esa shuncha diq­qatligimga beparvo, yonboshlab, choylarini bemalol ichdilar-u, o‘zim boray-chi, deb eshakni minib dalaga ketdilar. Shuni ham o‘g‘limga deb oldilarmi-ya, deb bor zaharchamni oyimga sochib, orqalaridan o‘zim ham jo‘nadim. Borsam, otam olmaning tagida cho‘zilgan, tomorqamizga suv ochilgan, mollarning beshovi ham Qipchoqariqning ustida, dumini yelpib o‘tlayapti, ipi Eshim kaldan omon ekan.
Bizda o‘qaloq, bir joylarda so‘na, bo‘ka deyishadi, ana shu kasofat kelib qolsa, o‘zini ko‘rmaysiz, eshitmaysiz ham, tinchgina o‘tlab turgan mol bechora birdan shaytonlaydi, shunday shaytonlab ketadiki! Ko‘zlari olayib, bo‘kirib yuboradi, sakrab o‘zini to‘g‘ri kelgan tomonga otadi, ko‘rgan odamni ham nogahon vahm bosadi. Meniki shu o‘qaloqdan qochib, ipi pishiq jun, uzilmagan, qoziq-pozig‘i bilan Qipchoqariqning ichiga, qamishning bo‘lig‘iga urib ketib, soya-salqinda, bo‘ynigacha suv, ariq labidagi o‘tga cho‘zilib, huzurini topib turgan ekan. Bu yoqda esa yuragim yorilgan, shuncha molni yo‘qotdim, qanday kunga qoldim endi, deb.
Lekin mollarning shuncha vaqt beega qolganini Eshim kal qanday bilmay, ipini qanday olmagan, bu ham jumboq, undan sirli bir xatar keladi odamning ko‘ngliga; kalga insof tekkanidan ham xavotir turadi.
Ey-y, buning uchun uning ta’rifini keltirish ke­rak, aytmasa xotira ham kemtik bo‘lib qoladi. Gap shundaki – Eshim kal shunchaki, soddasi ko‘prik tagida turib eshak hurkitadigan jo‘n bir kallardan emas, alohida, devi bormi, jinimi, ishqilib, bo‘lakcha bir kal. Alohidaligi – qo‘li egriligi, kulishni ham, achinishni ham bilmaysiz – ip o‘g‘irlaydi, boshqa narsa bilan ishi yo‘q, aynan arqonlab qo‘yilgan molning ipini qo‘ymaydi; devi yo jini borligi – molingizga qarab o‘tirganingizda angda qoldiradi, olganini ko‘rmaysiz. Gapiray desangiz, qo‘lidan ushlab olmagansiz. Shunga duo ketgan deyman, bo‘lmasa qarab turib bilmaysizmi. O‘g‘riligi hammaga ma’lum, hamma bilishini o‘zi ham biladi, lekin kasmini qo‘ymaydi, xuddi hamma bilan bas boylashgandek. O‘zida bor-yo‘g‘i bitta oriq tanacha, u ham podasida, kal vaqti-vaqti bilan podachimiz ham, buncha ko‘p ip nima zaril, inson zoti tushunmaydi. Lekin yig‘averadi, yiqqani chirib ketguncha chiqmaydi, agar ipingiz esingizda turgan bo‘lsa, yillar o‘tib, kal g‘o‘zapoya tashiyotganda, tog‘dek qilib yelkalar edi lekin, kalta-kulta ulamalaridan taniysiz-da, qo‘l siltaysiz, ber deb tortib olganingiz bilan endi hech narsaga yaramaydi. Qizig‘i shundaki, ipni kal olganini aniq bilgan odamlar kuyinib ham o‘tirmaydi, xuddi o‘g‘rilik ham oshi halolga ustamadek. Ip mayli-ku-ya, lekin bo‘shoq yurgan mol birovning tomorqasiga kirib ketadi, qorako‘rpa yeb damlaydi yo yo‘qolib qoladi. Keyin Qiron jarchi bozorda chaqiradi: “Ho‘-o‘, eshitmadim demanglar! Ho‘-o‘, ola novvos yo‘qolgan ekan, ho‘-o‘, shu novvos falonchiniki ekan!… Novvosni topganga shu palonchi suyunchiga o‘n so‘m tikkan ekan. Ho‘-o‘, shuni topgan obkeb bersa, suyunchini olaversin ekan, Ho‘-o‘, ola novvos…”
Shuning davomiga Qiron jarchi: “Ho‘-o‘, ola novvosning ipini o‘zlaring bilgan Eshim kal olgan ekan”, deb yuborsa-ku, olam guliston. Lekin Qiron jarchi otini tutmaydi, Eshim egriligini qo‘ymaydi. Hamsoya bo‘lsak-da, eshonbobonikini ham oladi-ey, nokas! O‘zim boqib yurib, ko‘rolmay qolaman, lekin hamsoyamiz-ku, borib so‘rayman, siz ko‘rmadingizmi deb, to‘g‘ri tarmashishga hayiqaman, bir narsalar deb g‘udinglaydi, bilganimni bildi deyman, chunki betimga qaramaydi. Oftobda kuyib, qorayib, qo‘llari ishning zo‘ridan akashakdek qiyshayib, ko‘kish tomirlari bo‘rtib ketgan, yelkasi sal cho‘kik bo‘lsa ham, juda baquvvat shayton, odam bilan urishganini eshitmaganman-u, ammo, bari bir, nimasidandir seskanaman. Tinchgina yer suzib yuradi, ming so‘rang, ipni sen oldingmi deb, og‘zingiz og‘rigani qoladi. Oldimi, tamom – unga o‘tgan. Ba’zan ahmoq bo‘lganim o‘tib ketib, otamga aytsam: “Sen yotib kitob o‘qisang, men borib molingning ipidan ushlab turay-da, a? Qaramasang – oladi-da”, deb menga gapiradilar, o‘ziga indamaydilar. Ba’zan-ba’zan ipi olingan molni izlash cho‘zilib, nihoyat topilib, ko‘ngil joyiga tushgan paytlari: “Xudoy urgan tuyani vaysilqora ne qilsin”, deydilar, menga qo‘yaver degandek.
Endi G‘aziramizning o‘ziga kelsak, o‘rta joyda eskidan bozori bo‘lgani bois butun chor-atrofiga peshgir, qizil kaltak degan zamonlariyoq maktab ochib, ko‘-o‘p o‘qimishli odamlar yetishtirgan, dotsentu professorlari Samarqandu Toshkentlarda dars berib, ularga ergashgan maktab bolalari ham oliyga guruh-guruh kirib, talabalari shanba-bozor kunlari avtobuslarni qappaytirib shaharga borib qaytadigan xiyla dami baland qishloq. Eshim kalni gapirish ham sal maydagaplik, chunki u ham shu G‘aziraning katta bag‘riga hamma sig‘ib, har kimning o‘z tegishi belgili ekani, ming yoqqa chopmasin, peshanaga yozilganidan or­tig‘ini ololmasligiga bir misol, xolos. Begona emas, o‘zimizning sinashta, xonazot kalimiz, podani faqat oshi halolga boqadi, ipini olsa ham molning o‘ziga teginmaydi. Paxta siyosati qattiq zamonda uning zararidan foydasi ko‘proq, ipini oldirmayman deb ko‘z-quloq tursangiz, bo‘shoq mol paxtaga tushib so‘yilib ketmaydi, egasini javobgarlikka torttirmaydi. Kalning bu tomoni ham bor.
Shu odam tinmaydi, onasi kim bo‘lgan bo‘lsa ham, buni lekin qora mehnatga tuqqan. Qishloqda ni­ma og‘ir ish bo‘lsa, shu balogardon, ko‘klamda ariq qa­zi­gan ham, kundakov ham, yozda tomhasharga loy qor­gan ham, saratonda paxsachilarga loykash ham shu, to‘y-ma’rakalarning samovari shu tekin xizmatkorsiz qay­­namaydi, ayniqsa erta bahor, yer tekislash payti shudgorning ustidan mola tortiladi-ku, ikki qator temir tirma ulanib traktorga ko‘ndalang tirkalgan og‘ir to‘sin-bolor, shuning ustida ham kal, mo­la o‘n­qir-cho‘nqirda o‘ynoqlab ketganda tagiga tushib qol­gan odam tirik chiqmaydi, unga esa jin ham urmaydi, mola bilan baravar ko‘tarilib tushadi, lekin sirachlab qo‘yilgandek, qo‘nib o‘tiraveradi. E-e xullas, mehnatning og‘iri-engili demaydi, inq etmay qi­la­veradi. Joni qattiq. Chidam, bardosh degan narsalar tosh-metin kelbatiga qo‘shilib, qotib ketgan. Ha, bir shatrama xotini bor, Bobili, asli oti Asolatmi, Asilami, hammaning esidan chiqib ketgan, shuning baqirishlari bilan ham ishi yo‘q. Bobili yeru ko‘kni tuproqqa qorib qarg‘anadi, er yer yutkur nonni nimkosaga bo‘ktirib uraveradi, qulog‘i yo‘q. Ha, til ham yo‘q, yo xotinidan, yo turmushidan noliganini birov eshitmagan.
Bizda o‘zi, to‘g‘ri, hasratini yuzaga kamdan-kam odam yuzaga chiqaradi, dardini to‘kkani kimga ham za­ril, barchaniki o‘ziga yetib ortsa, o‘zganikiga tob-toqat bormi. Ming gapir, ko‘rgan kuning o‘nglanmaydi. Bu paxtasida kimning biri ikki bo‘libdi, rais-pais, ferma mudirlarini aytmasa, lekin tumonat shuning ichida, baraka topsa-topmasa, sahardan qaro shomgacha borib kelaveradi; erkagu ayol bari turtingan, barining qulog‘i butun qishloqqa tortanak tortilgan radiotarmoqda, ko‘chadagi karnay, uylarning devoriga osilgan qutichalar kim nima ish qilganini shang‘illab turadi, aytilganni qilmaganlarni raisboboning o‘zi chaparasta so‘kadi, jaddiga pichan yo somondan mahrum qilganini joriyalaydi. Hali daladan o‘t olmaysan, molingni chiqarmaysan, deb qolmasa! Ana endi joningizni Jabborga bermay ko‘ring! Ro‘zg‘orga tirgak faqat mol-ku, paxtadan hemiri kelmasin, mayli, ammo molginaning tagidan shamol o‘tib tursin-da, bo‘lmasa, bo­la-chaqani qanday boqib olamiz! Ey, bu dunyosida nimaga yugurib yuribmiz o‘zi!
Lekin shu chop-chopda bolalarning o‘zi esdan chiqib qolgandek. Bizda ham tinim yo‘q, ishga tarmashganmiz, o‘yinni qochib qilamiz. O‘yinchoq otiga ham yo‘q, topganimiz kultivatsiyaning chingalagi, velosiped g‘il­diragining spitsa degan narsasi olib tashlangan aylanasi, cho‘p bilan hay suramiz-da. Urush-urush, yashinmachoq, zuv-zuv, kim ko‘pga sho‘ng‘ish, hammompish – pushka yasab, o‘rtasidagi teshigidan raqib ko‘ziga tuproq puflab qochirish, chillak, quloqcho‘zma, eshak ko‘pkari, qizlar mollarning junidan yulib, koptok yumaloqlab oladi, beshtoshdan tortishadi. Ha, maktabda osilsa g‘iyqillaydigan turnik ham bor, Vafoqul aylanaman deb, qoq yerga boshi bilan tushib, bir tutam sochidan ayrilgan. Yerda xuddi lankaning po‘stagidek yotgan sochi. Aytmoqchi, lanka ham yaxshi ko‘radigan ermagimiz edi, hay, dabba bo‘lib qolasan deb koyishsa ham, bu tepkini qo‘ymas edik.
Kattalarning biz bilan ishi yo‘q: yegani noni bormi, ustida butroqmi, e-e, kimning bolasi to‘kinchilikda o‘syapti, ikki oyoqda tik yuribdi-ku, o‘lmasa, bir kunini ko‘rib ketar, tupirkilosdan xudojonning o‘zi asrasin! Biz ham shu: birov bolasini bolam-bo‘tamlaganini ko‘rmaganimdan keyin suykalib– suykumlanishni bilmaymiz. So‘kish eshitmasak bo‘ldi-da, lekin bu ham pas­tu balandiga qarab, ba’zan erkalatish: “Bu onangdi… ning bolasini qara, bir o‘zi qilibdi-ya shuncha ishni!…” Bundan ortiq bo‘ladimi, taltayasiz-da. Qarang, qilgan mehnatingiz nazarga tushgan. Kim kimni so‘kkanini qo‘ya­vering.
Otamning namozdan keyin atay do‘konga kirib, atoqlab menga boshmoq olganlari ham, mayli, keyin oyimdan bildim, narxi tushirilgan mollar do‘koni ekan, – ko‘p chibjinglayverma, suv tekinga olgan otang, – lekin juda katta e’tibor edi. Ota – bizlar uchun, eh-he, bir ulug‘ zot, xudo xayolning bir chekkasidagi qutlug‘ bir, nima desam, jahoniy vahm bo‘lsa, ota shunga yaqin buzrukvor siymo. Bolaligimda otamning yuzlariga tik qaramaganman, tikilib yodda saqlab qololmaganimga hanuz nadomat qilaman. Lekin pinhoniy ixtilof, ichimda qolib ketadigan isyonlarim bo‘lib turar, u kishi g‘ingshishlarimni “E, buning gapini qara”, deb o‘tkazib yuborar edilar. Ba’zan otam shuncha farzandlarining ichida mening ham borligimni payqamasalar ham kerak, deb mung‘ayib qolardim. Bo‘lmasa, o‘g‘il bolaga qiz bolanikini, yana oyog‘iga katta boshmoq ham ko‘tarib keladilarmi? Shunaqa. Gapimni ham chaqaga olmaydilar. Bir qora qo‘chqorim bor edi, qo‘zichoqligidan o‘zim qaraganman, itimdek orqamdan ergashib yurardi, dodimga quloq solmay, bo‘lak semirmaydi deb, sotib yubordilar-da, uch-to‘rt hafta o‘tib, boshqa qo‘chqor olib berdilar. Bozordayoq, savdolashayotganlarida aytdim, “Ota, shuni olmaylik, shoxlag‘ich ekan, odamni mayib qiladi”, deb. “Jim-e, mushtday bolaning gap bilishini!”, deb urishib berdilar. Oq qo‘chqor xipcha, kallasini baland ko‘tarib turadigan, o‘zicha kibrli bir olifta, odamni suzish payini ko‘zlar edi, men ham qo‘yga qarab, pishib ketmaganmanmi, kallasini sal qiyshaytirishi bilan yo eshakka minib olaman, yo oraga mol solib chap beraman. Otamga necha marta aytdim, qani eshitsalar! Bir kuni kechqurun men to‘yga ketib, yem berayotsalar, oyimni suzibdi, xayriyat, qo‘yxona chetanining bu yog‘iga yiqilib, yanagi shoxlashidan omon qolibdilar. Shuni otamga aytib, “Molga qarash o‘g‘ling turib senga qoldimi?”, deb bekorga koyish eshitdilar. Keyin qo‘chqorvoy mana bo‘lmasam deb, oppoq soqollari ko‘kraklariga tushganiga hurmat ko‘rsatmay, o‘zlariga kalla qo‘yibdi. Bir suzib, tislanib, yana xezlanib ke­layotganda boshiga bir musht tushirgan ekanlar, va-alab yonboshga qulabdi. Otam ham keksaliklariga qaramay juda baquvvat edilar-da. “E kasofat-ey, odamga o‘xshab suzilib qaraydi-ya!”, deydilar yana. A, shuncha vaqt men nima deb zorlandim? Faqat o‘zlarini shoxlasa hisobmi? “Qarang, shoxining qirrasi oqarib ketgan, ko‘p shoxlashganidan”, deb xudoning zorini qil­ganman, shuni keyin aytib yuribdilar, bu bola ham ancha baloni biladi, bir ko‘rgandan aytgan edi-ya, shoxi yeyilgan, deb.
Otam o‘zi uncha-muncha gapga quloq soladigan emas edilar, shu fe’llari o‘tganmi, ba’zida men ham o‘zim­nikini juft deb turib olaman. Aldanishlarim ham otameros lekin. Uyimizning orqa-oldi vayish, yertok, uzumga chumchuq bilan mayna kun bermas, tog‘orayu simga osilgan tunuka qutilarni taqillatib, hay-gala-galayu bilan ish bitmas edi. Otamga kimdir birov qo‘yning bir qulochcha ingichka ichagini puflab, vayish ustiga tashlasa, chumchuq ilon deb o‘ylab qochadi, qaytib yo‘lamaydi deb yo‘l o‘rgatibdi. Bir kuni qo‘y so‘yganlaridan ke­yin, oyimning hay-haylari, mening qaytarganlarimga qaramay, erinmagan odam, shu ishni qildilar, bir dovot siyohimni isrof qilib bo‘yadilar ham, keyin va­yishga tashlagan edilar, hovlimizni shunday chumchuq bosdi, shunday qiy-chuv bosdi, qiyomat qo‘pdi chirqillab o‘ziyam. “E padarla’nati, yomon bo‘lar ekan-ku bu”, deb ichakni olib tashlaganlaridan keyin ham qani chuvvos tinsa! Shuni qilishlaridan oldin: “Ota, qo‘ying shu ishni. Mayli, qarab turing, o‘zim puflab, bo‘yab beray”, deb yalindim, oyim ham gapirdilar, yarashmagan ishni qo‘ying, deb, yo‘q, chumchuq balosini o‘z qo‘llari bilan yo‘qotgilari kelib qoldimi, qo‘ymadilar. Xo‘p tomosha bo‘ldi lekin, oyim kulib uyga qochib kirdilar, men labimni yig‘ishtirib ololmayman, boshimni burib, chekkaga tirjayaman.
Tez-tez qulog‘im og‘rir edi, bunaqa narsalarga otam­ning uncha ishlari yo‘q edi-yu, lekin bir ku­ni meh­ribonliklari tutib, azza-bazza Razizdan do­ri olib keldilar-da, o‘z qo‘llari bilan quyadigan bo‘l­dilar. Qarasam, tomizg‘ining rangi sariq, “Ota, bu bosh­qa­ning dorisi, quloqniki oq bo‘ladi”, deb oyoq tira­dim. “Qani, bahona topib, tomizdirmasang-da, a!”, deb, qochmoqchi joyimda ushlab, tizzalariga qisib, qulog‘imga majburlab quydilar. Miyamga shunaqa og‘riq kirdiki, dodlab yerga yotib qoldim. Meni shaytonlik qilyapti deb o‘ylab, qarab turdilar-da, keyin nimagadir Muqaddasni ushlab, “Kel, qizim, eshitishing tozalanadi”, deb uning sog‘ qulog‘iga tomizdilar. Singlim bechoraga mendan battar bo‘ldi, hovlini zir yugurib aylanib chinqirib, ushlatmadi ham. Shundan keyin qo‘ya qolsalar nima qilar edi, yo‘q, “E bularning ayyorligini, dori tomizdirmasa-da, a”, deb tik turgan ko‘yi, boshlarini yonbosh egib, o‘z quloqlariga quysalar! Ana, tomoshani ko‘rsangiz! U yoqda Muqaddas yig‘lagan, bu yoqda otam, turib olganlar, boshlarini endi bu yonboshga egib, “Ha valadi zino, ha padarla’nati! Bu Jo‘ra chachana quloqqa deb ko‘znikini bergan! O‘yib yubordi-ku! Ko‘r bo‘lgin, quloqni ko‘zdan farqlamasang!”, deb o‘h-o‘h qiladilar. Men yig‘lashni ham, kulishni ham bilmay, faqat ih-ihilayman, gapim to‘g‘ri chiqqaniga ichimda xursandchilik qamalib qolgan.
 Birov uni o‘qi, buni o‘qima deb yo‘l ko‘rsatmagan, qo‘limga tushganini o‘qib tashlayveraman; gapim o‘t­may, alamim kelgan paytlari otamni shu kitoblardagi qattiqqo‘l, zolim otalarga ham solishtiraman, o‘xshamaydilar, kitoblardagi chollar yoppasiga benamoz, otam esa kunni har sahar “Allohu akbar” deb azondan boshlar, azon aytganda o‘zlari ham juda balandlab ketar edilar. Meni qattiq ushlaganlari rost, ammo maktabni tugatib, Samarqandga o‘qishga boraman desam, “Bolam, domullolarga qilib beradigan o‘n ming­lik dasturxon yo‘q menda, mayli, ko‘ngling o‘zingdan qolsin”, deb o‘zlari uchirma qilganlar.Universitetni tamomlayotganimda Toshkentdan ish topganimda ham: “E-e, bolam, men tirik ekanman, Moskovga borib o‘qimaysanmi”, deganlar. Shu-shu, uyga faqat mehmon bo‘lib borib, u-bu ishlarga qarashganim bilan xizmatlarini qilolmaganimni o‘ylasam, armon bo‘g‘zimga keladi. Darvoqe, bu ham qismat ekan, qaytar dunyo, bolalarimni men ham o‘qitdim, ular ham dunyoning turli burchaklarida yurishibdi, yonimda o‘tiringlar, menga qaranglar, deb aytish… aytsa bo‘ladi-yu, lekin o‘zingni o‘ylab, bolalarning oyoq-qo‘lini bog‘lab qo‘yish insofga ham, hayotga ham to‘g‘ri kelmas ekan.
E-e, mana, chollar o‘tib ketdi, to‘p-to‘p ketib yubordilar. Ixcham sallalarda, u ham borida, bo‘lmasa boshlariga qiyiqcha o‘ralgan, egarda sal qiyshiq o‘ti­rardilar, egar botarmidi yo bu ham boboycha zakkilikmi, qo‘lda xalacho‘p, no‘xtaning ipi eshakning bo‘y­niga tashlangan, yo‘rg‘aning maromida gangir-gungir hangomalashib kelayotganlari uzoqdan ko‘rinishi bilan, to‘y egalari yoshroqlarni “Hay, Qo‘ng‘irotdan to‘rtta eshak kelyapti. Hay, uchta eshak kelyapti, Istalindan, qaranglar. Orqadan yana beshta eshak!”, deb shoshiltiradi. Eshak boy-u kambag‘alga teng ulov, ishlaganda oldin “Villis” moshin yo “Ural” mototsikl minganlar ham pensiyaga chiqishi bilan eshakka o‘tib olar, bu ham bir martaba, endi amalning siyosati yo‘q, el qatoriga tushib, gap-gashtak yeb, xudoyi, to‘y, ma’rakalarda qi­dirib yurishning gashti har qanday mansabdan yaxshi, bir yoqqa borsang, yoshlar yugurib peshvoz chiqib, eshagingdan tushirib, ichkariga manzirat qilib tursa, bunga nima yetsin! Ey, kunlar, yillar g‘irillab o‘tib ketaverar ekan, chollikka da’vogar o‘zimiz endi, ammo, albatta, eshak minmaymiz, to‘p-to‘p yurmaymiz, bizda u zavqlar yo‘q, u chollar bolaligimizni olib, bizni xotiraga cho‘ktirib ketgan. O‘zimiz ham ulardan boshqacha cholmiz.
Hamma kunlar xotirasi xira emas, bir xillari hali-hanuz ko‘z oldimda gul-gul ochilib turibdi. Rahbarning bir o‘zi o‘tga kelgan kunni unutolmayman. Ha, akasi yo‘q, ukasi hali kichkina yo onasi nuqul qiz tuqqan O‘g‘iloylargacha o‘tga chiqib turardi; ularga o‘ri­shamiz, o‘tini eshagiga ortib beramiz, o‘zimizcha ko‘nglini olgan bo‘lamiz, atrofida aylanishgandan yurak­chalar hovliqqan, botinolmay, chetda qolganlarga bodilanib qaraymiz.
Oftob zaldorichorbog‘ning ustiga og‘ib, dami qay­tib boshlagan, men ham bir o‘zim, molga qarab yurgan edim. Rahbar menga bir qarab qo‘ydi-da, o‘t qa­mish aralash bo‘liq o‘sgan suvsiz ariq ichiga kirdi. Men ham iyardim unga. Atrofdan pana, osmon baland, oldimizga kelmasa birov ko‘rmaydi, chumchuq chir­qil­laydi, olashaqshaq hay, aqqa qara, baqqa qara, deb sha­­­g‘illaydi, yana dalaning bebosh qushlari chug‘uri. Rahbarga qarashishdan boshqa narsani o‘ylaganim yo‘q, haqqast rost, lekin u egilib, o‘tni tutamlaganda, borib orqasidan shappa quchoqlaganimni bilmay qoldim, qo‘limga bir narsa ilinib, kaptardek pitirlab bersa! Og‘zimga qatiqlab yuvilgan tutam sochi ham kirib ketibdi. Yuragim qinidan chiqib, o‘zimni uvatga otdim. O‘rog‘i bilan solib qolmasa degan hadik ham bor lekin. A’zoi badanim yonib, boshim g‘uvullab ketdi, tilim tutilgan. Uning bo‘y tortib, yetilganini ko‘rib yurgan bo‘lsam ham, o‘sha joylari bunday durkun bo‘lgani ko‘ylagining tagida uncha bilinmas ekan, keyin o‘zi ni­maligini ham bilmayman, qo‘lim tekkanida yuragim chiqib ketdi.
Rahbar esa bir qizargan bo‘ldi-da, egilib yana o‘rishga tutindi. Shirt-shirt o‘roq tortib, shu egilgan ko‘yicha menga g‘alati qarab qo‘yadi, “Hiy-y, uyat-a, uyat! Shunday xulqi a’lo o‘quvchi-ya”, deydi-da, yana o‘ra­­ve­radi. Bir ko‘nglim – uvatga qochib chiqqanimga af­sus, yana bir ko‘nglim xoinlikdan o‘rtanadi – o‘l-e, buzuq-bevafo! – olaman deganim boshqa edi-ku, – endi bu­ni quchoqlab qo‘yganimga yuzim, hatto ich-ichimgacha shu­vit. Lekin ushlab olganimning pitir-pitiri! Xuddi joni bordek, xursand selkillayotgandek, kaptardan bosh­qa nimaga o‘xshatishni bilmayman, qarashga ha­dik­lanaman, umrimda birinchi bor ushlaganman-da o‘shanda.
 Rahbar to‘g‘risida ivir-shivirlar qulog‘imga chalingan, yopishganim ham shungadir, menga to‘g‘ri kelmaydi deb bilaman, lekin endi nari ketolmay, arosatda turib qoldim. Ko‘nglim aralash-quralash junbish, yana uning mayda qizil gulli ko‘k ko‘ylagi ichida boya ushlab olganimning tinmay borib-kelayotganiga qarab, nimadir sezgilarim bilan achchig‘i chiqmaganini anglayman. Ammo kech, qo‘sh kaptar hurkib nari uchgan, o‘sha yoqdan silkinib, e-e, yuraksiz, hali kichkina ekansan-ku, deb kulayotgan edi. Rahbarning o‘zi ham bir sinf pastda-yu, lekin hozir birdan katta qiz bo‘lib, boyagi qilig‘imga xuddi ukasiga quchoqlatgandek, bemalol qo‘yib bergan ekan. Ko‘p kitob o‘qimaganimda bunaqa ahvolga tushmas edimmi balki.
Yonboshlab balqigan oftobda o‘roq tig‘ining yalt-yult chaqnashi, o‘zimdan, istagu hayajonlarimdan ham zo‘rroq bir kuchning Rahbarga tortib ketgani, ikki qo‘limga urilgan bir quchoq osmoniy vahima – eslaganda hozir ham o‘sha yoshga qaytgim kelib qoladi.
G‘aziraning ko‘kmaklari xayolimda to‘lqinlanadi. Kunduzning kechki g‘uboridan dalalar ustiga oqish choyshab yoyilgan, qorni do‘mpaygan jonivorlar pishillab to‘-o‘g‘ri uyga yo‘l tortadi, temir qoziqlari jingirlaydi. Shu vaqtlari qishloqning podasi ham qaytayotgan bo‘lib, sigir mo‘-o‘rashi, qo‘y ba-arashiga Ma’qul yanganing ariyasi ham qo‘shiladi: “Ha-ay! Ha-ay-y!”. Shoshmay turing, bu boshlama, unga “Hay, joning chiqqur Tirkash!” degan chorlov ulanadi-da, to‘g‘ri avjiga o‘tadi: “Hay, o‘likkinangga kuyay, Tirka-ash! Molni qaytarmay nima …eb yuribsan? Qo‘limga tushgin, go‘shtingni yeyman lekin!”. Naqarot ham uncha boy emas, faqat unga “gina-gina”lar aralashib, battar balandlaydi: “Ha, o‘likkinaginaginangga kuyay, sag‘ana qolgurga kim qa­raydi? Bo‘ying sartaxtada chirisi-in! Ha, og‘zingga…” Shu yerini aytsak bo‘lmas, lekin Ma’qul xola tortinmaydi, o‘g‘lining og‘ziga nima qilishini kuyga solib, butun qishloqqa yoyadi. O‘ylaysizki, bolasini shunchalar yomon ko‘radi, unga o‘lim tilaydi, qo‘liga tushsa, go‘shtini burdalaydi. Yo‘q, bu hatto qarg‘ish ham emas, kun bo‘yi ro‘zg‘origa unnab, ishi hamishagidek unmagan, yuragiga norozilik botib siqilgan ayolning dardiga ohang berib, nafas rostlab olishi, xolos. Tirkash molni qaytarib boradi ham, uyga bemalol kiradi, onasi bor-yo‘g‘i: “Ha, ko‘zginang sitilib oqsin! Bola emas, boshimga balo bo‘lding-ku”, deb yana qarg‘ishlaydi-da, chelagini ko‘tarib, sigir soqqani shoshadi.
Kuni bo‘yi oftobning qizdirishi, odamlarning g‘a­la-g‘ovuri aralash dim havodan toliqib egilgan shox­larga bolalarning qiyqiriqlari, mollarning mo‘­rashi osilib qoladi, kun kechkirib, salqin oralagan­dan keyin daraxtlar ham shabada bilan shu past shovqinlarni sekin bir-biriga ulashadi. G‘a­zi­ramiz serdaraxt, olma, zaldori, gilos, shaftoli, ol­xo‘ri, olmurud, jiyda, yong‘oq, hovlilarda unda-bun­da ishkom, xullasi, tuproqda unadigan neki meva og‘ochi bo‘lsa, baridan bor; hovlilar, shiyponlar ko‘kka o‘rangan, yo‘llar quyuq soya… Eng arzandasi tut, odamlarning tomorqasi yo hovlisining o‘rtasida, paxtaning ichida ham unga imtiyoz, to‘g‘ri kelayotgan yo‘l ham aylanib o‘tadi, chunki davlatning ro‘yxatida.
Atrof-javonib ko‘kalam: paxta bilan beda, makkayi bilan poliz ekini, qayerga suv yetsa, o‘t gurkiraydi: bo‘yimodaron, salomalaykum, semizo‘t, pechak, g‘umay paxtani bosadi, tak-tak, sho‘ra, yalpiz, buni pidana deymiz, achchiq itqovun, nordon ituzumni tatib ko‘rib, tuflab tashlaymiz; suvsizda o‘sadigan yantoq, qushqo‘nmas, burgan, kakra, eshakmiya, uni yangiligida mol yemaydi, lekin o‘t bog‘lashga yaxshi, qishga eshakka o‘ramiz, faqat o‘roq yangi charxlangan bo‘lishi kerak; ipak qurtining pilla o‘rashiga bahorikordan chitir, mingbosh yulib tushamiz, yana shu yerdagi bug‘doypoyalarni kampirchopondan tozalaymiz: oftob tagida shamol to‘nini to‘lqin-to‘lqin tovlantirgan qirlarga qaragan odamning yuragi hapriqib, ashula aytgisi keladi, shunaqa chiroyli…
Bir eshak o‘tni tushirib, saranjomlab, mollarning yemini ham berib, keyin qo‘l yuvib, xuddi katta odamdek tomoq qirib, dasturxon chetidagi o‘z joyingizga borib o‘tirish… Osh sizga mahtal, suzilmay turadi, quroq ko‘rpachaga yig‘inib cho‘kasiz, katta lagan o‘rtaga qo‘yiladi, ana shunda otangiz: “Qani, bismillo, dasturxonga qaranglar”, deydilar-da, sizni alohida: “Iy-e, olishda mazang yo‘q-ku”, deb undaydilar. Yeng shimarib, go‘shtdan ko‘proq olish payida bo‘lasiz… Oqshomlari supada yotganda osmon to‘la yulduz yaqin tushib, har donasi billur chaqnaydi, hisobini olaman deguncha ko‘zingiz ketib qoladi. Sahargi uyqu esa shinnidek yelim-shirin, to‘ymaysiz, boshingizni yostiqdan zo‘r bi­lan uzib, o‘tirib ham mulgiysiz. Shu mulgigan ko‘yi egningizga bir nima ilib, ko‘zingizni yirib-artib, mollarni dalaga haydaysiz. Tong salqini junjiktiradi, tirishib esnaysiz, lekin dalalarning bag‘ridan nasim-shabadalar kun chiroyini ufurib olib kelib yuzingizga sepadi, tamom uyg‘onib kerishasiz…
Qani edi u kunlar bir marta qaytsa! Osmon ko‘k, yer ko‘k, ko‘m-ko‘k bel bo‘yi shu xilqat ichida qizning jiyaksiz kalta lozimiyu o‘sma tutashtirgan qoshlari tagidan charaqlagan ko‘zlarigacha hamon o‘ngimda. Uning faqat yuzi qizardi, mening ham olovim chiqib ketdi, nimaga uning istagiga peshvoz bormadim? Kichkina edim, kichkinalik qildim, bolalikning o‘zi yo‘l bermadi.
O‘ylamang, birinchi muhabbatim bu emas, bu – uyg‘onishimning ilk rasmlaridan biri edi, xolos. Lekin aniq chizilib qolgan, ranglari hanuz jivir-jivir qiladi. Unga faqat qiz minib kelgan eshak tushmagan. Albatta, shundoq damlarga eshakni aralashtirib eslagim yo‘q, lekin, bor edi-da, iloj qancha. Rahbar ham o‘tni boshiga qo‘yib o‘zi tashimaydi-ku. Lekin qanaqaligi yodimdan tamom o‘chgan. Bo‘zmi, kulrangmi yo oqdir, bilmadim, ishqilib, yuk tortganda kuch bersin deb birda-yarimining burni tilinganini aytmasa, hammasi tekis jaydari eshak, bu kelgani ham o‘shalarning biri, tuki ortiq emas. Nimaga bir qulog‘i shalpaygan, o‘zi shundaymi, birov yo o‘zim yomon urganmanmi, xalacho‘p bo‘yniga o‘tmagandan keyin qulog‘iga solganmiz-da, o‘roqning orqasi bilan, boshqa iloj yo‘q, ayb o‘zida, ayt­ganga yurmagan, u paytlari tushunmasdi, endi esi kirgan katta odam deb kelib, arz qilmoqchimi, yana ham bir gap aytish qiyin. Lekin bolalikka kirib qolib, bir vaqtlar qilgan achchiqlarimni bugun yuzimga solsa, g‘alati-yu.
Lekin eshak hu boshda o‘qiganim maqolni pesh qildi.
– Nimaga borib Eskijuvada hangrashim kerak? – dedi dabdurustdan. – U yer eshak saroyi emas, bozorjoy. Keyin, men, axir, o‘zimnikilarni ko‘rganda, shunda ham dimog‘im chog‘ bo‘lsa, mana, yuribmiz qatorda, deb bu dunyoda borligimni bildiraman. Gurungimiz shunaqa, hangomamiz shu. Odamlar eshitsin deb emas. Ha, keyin, buning nimasi nomardlik? Eshakning ham mardi yo nomardi bo‘ladimi?
E-e, gap bu yoqda ekan-da. Lekin to‘g‘ri aytyapti, mard bo‘lib ham qayoqqa boradi, o‘zi bir eshak bo‘l­sa. Ha, albatta, Eskijuva eskidan bozorjoy, xo‘p, shov­­qini bor, oldi-sotdining g‘ala-g‘ovuri, lekin endi eshak hangramaydi, birda yarim lo‘liniki ko‘rinib turadi, lekin u ham aravasini jim tortadi. Bu gap yuk ulovda tashilgan, eshak ko‘p kimqaysi zamonlarda aytilgan, keyin, to‘qimtabiat odamlarga, anavinaqalar bor-ku, kuchi yapaloqqa yetib, kuchsizlarga ko‘rsatib hang­raydigan, bor shunaqa odamlar, o‘shalarga. Eshakning o‘ziga tegib ketishini hech kim o‘ylamagan.
Shuni tushuntirmoqchi edim, eshak aytishqoqlik qildi:
– To‘g‘ri kelgan joyda hangrab, nomard bo‘lib yur­­gan ekanman-da? Bo‘yningga o‘zing bexabar aybni qo‘yishsa, juda adolatsizlik.
– Mard bo‘lsang, kuchingni ko‘rsat ko‘pchilikning ichida, deyilyapti. Meningcha, buning yomon ma’nosi yo‘q, – dedim jo‘yali qilib.
Ey, juda g‘alati-ey, eshak bilan gap talashib o‘tirsam. Odamning gapini eshakka uqtirish hazil emas ekan.
– Xo‘p, unda bu gap-chi? – deb yana oyog‘iga tiraldi qash­shang. – “Eshak baxshi bo‘lmas, yomon yaxshi bo‘lmas”, deyishadi. Yana meni yomonga chiqarishyapti. Axir, o‘zi­mizga baxshiman, odamlarga emas. Avjini baralla ola­man, kuy pardalarim toza, xonishlarim qadimiy, o‘zgalardan ko‘chirish yo‘q. Hali biron eshak ayb ta­qa­magan, hammasiga ma’quldirki, jo‘r bo‘lishadi. Ma­na, o‘zingiz baholab ko‘ring, musiqani tushunsangiz kerak?
– Yo‘q, yo‘q, rahmat, – deyman shosha-pisha. – Qu­lo­g‘imni ot bosgan, musiqaning ko‘chasidan o‘tmayman.
O‘zi bolaligimdan hangrashini yomon ko‘raman, mi­nib turganimda hangrab qolsa, uyalib, no‘xtasidan tortib, kallasiga solar edim, Endi mahallaga varang­lashi yetmay turuvdi. Ha, bunga birov o‘rgatgani aniq, eshak kallasidan chiqayotgan gaplarni qarang. Keyin, men ham bilmayapman, eshakning yaxshi yo yomoni qanaqa bo‘lishini. Bir xillari bor, tepong‘ich, bir xillari tishlang‘ich, xo‘p, bunaqasini yomon deylik, lekin yaxshisi qanaqa? Yo bu gap bilgani uchun yaxshilari qatoriga o‘tadimi? Lekin tayyorlanib kelgan, xiyla bilgich, gapiga gap topish qiyin.
– O‘zi sensiz ham bemaza qo‘shiq urchigan. Iltimos, karnayingni tortma, – deb murosaga chaqirdim. – Qo‘shnilar ja oshnosini topibdi deb o‘ylamasin. Xumori tutayotgan bo‘lsa, ana, shahardan chiqib, bir ovloq dalani top-da, avjingni baralla olaver.
– E-e, – dedi eshak qulog‘ini salanglatib. – Hozir dalaning ovlog‘i qoptimi, yantoq bosgan cho‘lgacha egali. Hangrashga ham pul so‘raydi.
Obbo, buning fermer bilan ishi bormi! U ham yerni eshak hangrataman deb olmagan-ku. Dalami, cho‘l­mi, o‘ziniki bo‘lgandan keyin, nima qilsa, ixtiyori-da, xarajatini chiqarishi kerak-ku. Yana shuncha og‘iz solganni to‘ydirsin, bir xillari chidamay, bir bosh-bir qulog‘ini olib qochib ham ketyapti, eshak ko‘ziga ko‘rinadimi shunday pallada! Ko‘ryapsizmi, kimdir buz­­g‘unchi yo‘ldan urgan buni, bor, yerda hayvonlik hu­quqingni talab qil, kim qayerda hangrashiga erkinlik bor, deb tezlagan. Eshakka savod o‘rgatsa, o‘zini o‘qitishini o‘ylamagan nodon! Ammo-lekin men nima qilib beraman bunga, fermer yo advokat bo‘lmasam? Bolaligimdan kelibdi deb, nima desa qulog‘imga qu­yib olmayman-ku.
O‘zimga kelsam, aytdim-ku, o‘tkizgan joylari bordir, hammasi esimda yo‘g‘-u, lekin urgan paytlarim bo‘lmagan deb aytolmayman, axir, eshakni urmasa eshak bo‘lmaydi-da. Eshak – kaltak bilan eshak. E-e, shosh­mang, hozir Rahbarni esladim-ku, shu bilan bir qiziq ish bo‘lgan, lekin buning eshakka aloqasi yo‘q, agar tug‘dirishga borgan qaynonasi Cho‘lqindiga, tuman markazidagi tug‘ruqxonaga eshakda qatnaganini aytmasa, ajoyib voqealigi uchun sizga ilinyapman.
…Shu desangiz, bir kuni shu Rahbar o‘lib qoladi. Ha endi, eridan otasiga, ya’ni erining qaynotasiga o‘ldi deb telegramma kelgandan keyin shumxabar qoraxat-da. Yomon bo‘lgan! Yoshgina narsa tap etib o‘lib qolaversa, yaqinlariga oson tutasizmi! Kanal suvi tortganmi, u yoqda juda kattalari bo‘lar ekan, yo notoza havodan kasallangan, yo biron palakat narsa chaqqan, yo, – ko‘zga yaqin edi, har xil odam ko‘p, – ko‘z tekkanmi, ko‘zikkanmi, uchinganmi, xullasi, bu yoqdagilar ming kulfat xayolda, lekin har xil xayol kelinchakning o‘ligini tiriltirib, hayotga qaytarib qo‘ymaydi, albatta, bechora o‘ldimi – ketdi. Yana odamlari har joydan borgan, tayinli qo‘yindisi yo‘q odamyovvoyi cho‘llarda! Ha-ya, aytmabman, Rahbar maktabni bitirib, hamshiralik kursida o‘qib yurganida shu narirog‘imizdagi mitanlik yigit bilan gapi bor ekan, kursni bitirar-bitirmas to‘ylari o‘tib, keyin ikkalasi yo‘llanma bilan cho‘l o‘zlashtirishga, ishga deyishadi-yu, lekin asli pul ishlashga Mirzacho‘lga ketgan. U yoqda joylashib, endi tomir qo‘yaman deb turganida, yil yo o‘tadi, yo yo‘q, – eh, bu musibat hech kimning boshiga tushmasin, – o‘lgani to‘g‘risida shu tilg‘irom oshig‘ich kelib turibdi-da. Shuncha talotum bilan yana o‘likni vaqtida joyiga berish ham kerak. Yaxshiki bular serurug‘, xeshu qarindosh darrov gangigan otaning qavatiga kirib, yolg‘izlangani qo‘ymagan. Xabari yetib kelgan kechqurunoq nechchi xabarchi, chop-chop, yugur-yugur, u xolasiga odam yubor, kasal yotgan bu katta ammasiga bildirma, it egasini tanimagan shu vaqti iyak qoqib bermasin tag‘in, amaki-tog‘alarni yig‘, kuyov tomondan yig‘, go‘rkov ham joy kavlab turadigan, e-e, xullas, mayyitni ortib kelgani bir gurzavoy moshinni ham yollab, sovxozning shaloq avtobusiga iyartirib, kechalab yo‘l bosib, tim-tirs saharda Mirzacho‘lning Bachqirmi, Qachqirmi degan qayerigadir yetib, Rahbarning devori yo‘q, lekin hayhotday darvoza qo‘nqaygan hovlijoyining bu chekkasiga tushar-tushmas: “Voy, bolam! San o‘lguncha man o‘lmaymanmi!”deb giryai qazoni boshlab yuborishadi-ku! Jim-jit yotgan o‘sha Bachqir yo Qachqir uyqudan sapchib, arining uyasidek to‘zg‘imaydimi! Kayfi uchib uyg‘ongan kuyovpolvon ham ishtonchang hay-haylab chiqadi. E hazilmi, uxlab yotsangiz-da, eshigingizda dabdurustdan dod solib qolishsa. Esdan og‘ayozgan, lekin cho‘l ko‘rgan bama’ni yigit-da, elas-elasda qarab, kim qaytganini tusmol qilolmasa ham, birda yarim ana-mana o‘ladi deganlar ham shu yerda, esa, hay, aytimlarga qaraganda ayol kishi, men bilmagan biron qarri-qurri momoy xolamiz omonatini topshiribdi-da, deb fahmlab, “Voy enam! Volidayu mehribonim enam”, deb yig‘ichilarga qo‘shiladi. O‘zingiz bilasiz, ayol o‘ldimi, kampirmi, yoshmi, yig‘i-yo‘qlovda bizni tashlab qaylarga ketgan soyabonim onam, mehribonim onam, bo‘ladi. Ko‘ngil yaqinlar quchoqlashib, yelka qoqib, dod-voy boshqattan avjga minib, yana pasayib, rasmi yig‘iga bir to‘yib olgandan keyin sekin razm solsalar, kuyovning “vo enam”i sal boshqacha, arz-dodi xotinidan ko‘ra bundan o‘n yetti yil oldin qaytish bo‘lgan buvisiga, uncha kuymayapti, kekirdakka zo‘r berish ham yo‘liga, sal shay­tonligi bor, tag‘in qarasalar, ishton ham qasamga kelgan, yupqalashib, qaragan odam ko‘zini olib qochadi. “Hay, polvon, baqirishdan boshqa kalla kerak ishlar bor, mayyitga odam ketdimi?” – “Kim, kim ketadi? May­yitlaring nima? Sizlar yig‘lab kelganga xo‘p deb qo‘shilib turibman. Oraga gap suqqani qo‘ymayapsizlar.” – “Iy-e, g‘irt mast-u, u yoqda xotin u ahvolda, buyoqda bu bo‘kib ichsa, nokas!” – “E bo‘kibmas-e, ikki piyolaga ham bo‘kadimi? U ham qacho-on – oldidan kelganimda olti yarim-ettilar edi.” – “O‘likning oldidan kelib, paminka qilding hammi? E-e, o‘zing o‘lib ketgan ekansan, beti yo‘q esh-shak!” – “Bet bormi munda? Bir piyolani ko‘rsa bo‘ldi ekan-ku! Sho‘rlik bu ovloqlarga shu ahmoqni deb ergashib kelib, nobud ketsa, bu ketyalang…” Ana, shu yerda kuyovning o‘zini oqlashi olovga battar moy quydi. To‘g‘risini aytib qo‘ya qolmaydimi, cho‘l yigitining ikki piyolaginada to‘xtashiga ishonadimi shu ku­yib turganlar. Yolg‘onning alamidan kuyovto‘rani tepkilab tashlashlariga sal qoladi, yaxshi ham, Rahbarning bu yoqdan borgan Vosit tog‘asi, koraftaroq odam, “Hay, chuvir-chuvir qilmanglar. Ko‘p gap – eshakka yuk. Ko‘rmayapsizlarmi, buning miyasi ketgan. Miya bo‘lsa, ketiga bir narsa yopardi. Nima deyayotganini o‘zi bilmayapti. Endi bu yog‘ini ko‘raylik. O‘likka ham odam ketmagan chog‘i, mushtiparni, yorib-netib qo‘ymaslaridan yetkizib kelishni o‘ylaylik. Qaytish yo‘l ham bor hali”, deb jo‘yali gap qiladi. Ana, o‘zi uxlab yotganida biron momoy emas, xotini o‘lib qolgani endi kallasiga kirgan kuyovto‘ra: “Voy, meni tashlab qaylarga ketding, Rahbarjon!”, deb haqiqatan ham rosmana vovaylo ko‘tarmaydimi!. Azadorlar boshqattan ta’sirlanib, chuvvos battar avjga minadi. Rahbar ham tirikligida ko‘p kelinchakning biri bo‘lib yurgan bo‘lsa, endi hamdu sanosi osmonga balandlagandan keyin, birdan qadri ortib, bunday juftidan ayrilganiga chidamay kuyovto‘ra guppa tashlab yuboradi.. Balki o‘zidan ketganga solgandir o‘zini, tag‘in meni javobgar deb sudga sud­ra-sudra qilishmasin deb. Lekin asli oson tutasizmi, yigit odam jondan suyganmi, suymaganmi, ro‘zg‘orga zaril kelinchagidan judo bo‘lib, qo‘lida chaqalog‘i bilan cho‘lda qolsa! Janozaga to‘planganlarning bitta o‘likni ikkita qilgan bo‘lmasak tag‘in deb hurrasi uchadi. Hamma ham aqlini yeb qo‘ymagan, darrov betiga suv-puv sepib, inqillashini eshitgandan keyin, Vosit tog‘a yana mudabbir, kim o‘likka boradi, kim darvoza oldida tovush berib turadi, kim tomog‘i quriganlarga choy yetkazadi, kim qorasho‘rva osadi, xullas, kalapatra bosilib, marosim rasamadi yo‘lga qo‘yilib, yig‘i maromga solingan shu vaqti Cho‘lqindidan kuyovning enasi, ya’ni Rahbarning qaynonasi eshagini xalalab kelib qolmaydimi! Qarasa, hovli to‘la yig‘in, yig‘ichilar, kelinga aza ochilgan, o‘g‘li esa o‘rtada Alpomishning loshiday cho‘zilib yotibdi. Ana, endi enaniki tutmaydimi: “Iloyo, aytganning og‘zidan chiqib yoqasiga yopishsin! O‘zim hozir atala ichirib kelyapman-ku. Sen, yer yutkur, nimaga ketingni korson qilib yotib olding, xotinni men tug‘dirdimmi?”, deb hovlisupurgini o‘qtaladi, o‘g‘il o‘sha ko‘p dakkiga qolgan ketini ko‘tarib qochib, o‘zini uyga uradi; shim-pim kiyib olmasa qo‘ymaydi bular.
Ana, bu yog‘i ko‘zyoshu tomosha! Ya’ni Rahbarning ma­y­yitini olib kelib, uyini ko‘rsatamiz-da, keyin yurtga olib ketamiz deb kelganlar ahmoq bo‘lganiga xunob, bir xillari kulgidan tuyilib, yelkasidan necha musht yegan, to‘rt-besh xotin xursandlikka o‘pkasi to‘lib, boshqattan xuvillagan.
E-e, xullas, “nima bo‘ldi-nima qo‘ydi”lardan bilishsa, Rahbarni o‘ldiga chiqargan kuyovning o‘zi, aniq o‘zi emas-u, “o‘zbekskiy peredavay” qildirgan teleg­rammasi. Rahbaroy yukli ekan, oy-kuni to‘lib, vaqti-soatida tug‘ruqxonaga yetib, yana shu vaqti-soatida tug‘ib ham beribdi. Osongina! Qo‘chqordek o‘g‘il. Besh kilolarga borar ekan. Kuyov o‘ziga sig‘may pochtaxonaga chopgan, qaynotamning bo‘yniga suyunchini naqd qilib qo‘yay deb. Pochtachi qizga: “Davay, yoz: “Rabar ul tuvdi. Uchta so‘z”, deb buyuradi. Bo‘lim pochtasida o‘tirgan bu qiz o‘zbekcha gapirishni bilsa ham, o‘rischaga o‘qigan ekan, “Kak budet po-russki?” deb so‘rab oladi. “Qanaqa poruskiy? O‘zbekskiy peredavay. Zakon imeyu prava. Uchta so‘zga, ma-e, uch so‘m. Izdacha ne nada. Senga padarka”, deb mardlik ham qilib yuboradi otacha. O‘zbek tili haqida yangi gaplar chiqqan vaqt, pochtachi qiz tumandagi dugonasiga ulanadi: “Zinulya, prinimay: “Ra-bar ul tuvdi”. Zina o‘zbekchani yantoqqa sudrab u-bu gapni anglar ekan, “Kto, rukovoditel?”, deb aniq qaysi rahbarning o‘lganini bilib olmoqchi ham bo‘ladi.. “Chto tы melesh? Eto po-uzbekski, imya. Jena, naverno. “Ra-bar ul tuvdi”. Tak i pereday”, deb izohlaydi pochtachi qiz. “Ladno, Rabar ultuvdi, tak, uluvdi, mne kakaya raznitsa”, deb Zinaxon eshitganini sal chala qilib Sirdaryodagi Galyaxonga uzatadi, Galyaxon Samarqanddagi Mashaxonga… shu bilan, Rahbarning o‘g‘il tuqqani haqidagi xabar hukumatning rasmiy baobro‘ qog‘ozida “Rabar uldi” deb yetib kelgan ekan-da-ey!

Zo‘r-a? Bunaqasini to‘qib bo‘lmaydi, hayotning o‘zi to‘qib qo‘ygan! Yana ko‘pini aytib bersam bo‘ladi, masalan, Mamatov Shermat degan fizkultura muallimimiz qahratonda Bulung‘urning muzini yorib cho‘milar edi, bir kuni, daraxtlarni bulduriq bosgan saharda Samida xola suvga borsa, bir yalang‘och qizil ho‘kiz, ho‘kizning kiyingani bo‘lmaydi-ku-ya, ishqilib, dev bir narsa chekkadagi muzni qars-qurs sindirib suvga sho‘ng‘ib, yana qaytib chiqibdi, pishqiribdi, tag‘in kampirga ko‘zi tushib e-e deb uyalar emish shu qizil ho‘kiz, kampir ham esi teskari, qolishini ham, qochishini ham bilmay turavergan; eh-he, keyin qishloqda tuppa-tuzuk odamlarning bolasi, Samarqandda to‘rt yil o‘qib kelgan, bu yoqda qiz unashtirib qo‘yilgan yigit yomon bir tuzalmas qichimaga chalingan, sog‘ odam shu qorasovuqda suvga tushadimi, deb rosa gap bo‘lgan. Hatto bir-ik­kita odam, xayr, o‘zi tayyor yalang‘och ekan, kampir odam – sizga uyati yo‘q, a yaxshilab qarab, yashirib yurgan qo‘­tirlarini ko‘rib olmabsiz-da, bizlar ham bilardik, deb Samida xoladan koyingan ham. Keyin kelin bo‘lmish tomon odam qo‘yib, kishibilmas poylatganmi yo o‘zi tushuntirganmi, ishqilib, suvayiqning to‘yi o‘tdi lekin. Tag‘in, bizdan bir sinf yuqorida o‘qiydigan Xolbekning onasi bitta bug‘altir bilan qochib ketgan; yaxshi ko‘rib qolish degani shunaqa savil narsa ekan, oltita bolani onasiz yetim qo‘yib, ha-a, ko‘nglini xudo olsin, besharm, uyati yo‘q, bug‘altirning ham xotinida uchta bola qolgan, bug‘altir Uchqulochdan, bizlar uncha tanimaymiz, molbozorda dallol ham ekan, biron yaxshi ko‘radigan joyi qolmagan shekilli, Xolbekning onasi ikki yildan keyin qaytib kelib, yana ro‘zg‘orini qilib ketaverdi; shuncha bolani boshqaga ishonib bo‘ladimi, axir, keyin qaysi xotin qarashga rozi bo‘ladi, otaning ham boshqa iloji yo‘q, ko‘ngan. Bunaqa yaxshi ko‘rishni tushunmaganimizdan, gap ochilsa, tanimasak ham uchovini bo‘ralab so‘kar edik. Ayniqsa Xolbekning otasi latta ekan, o‘rnida bo‘lsak, “Qochib ketib, endi nimaga kelasan? Yo‘qol, sendaqa xotinim yo‘q!” deb haydab yuborar edik-da, axir.
 Shunaqa gaplar ko‘p bo‘lgan.
Bizlarning uncha ovloq emas-u, har holda sha­har­dan olisroq G‘aziramizda qoshiga qalin o‘sma qo‘ya­digan tojik, erini qattiq ushlagan eroni yangalar, ikki uy qrim, uch-to‘rt uy ufa-tatarlar yashardi; yana qachon qayerlardan kelib qolgan Ivanbobo degan o‘ris ham, uchta cho‘chqasi, ikkita xotini bilan turardi, bittasi – terakdek daroz Valapa, ya’ni Valya opa, atrofdagi bor xotinni shu tug‘dirgan, mening ham kindigimni kesgan, u vaqtlari tug‘ruq uchun alohida ulov yo‘q, yo‘lmoshinda shaharga olib borishga to‘g‘ri kelgan, Valapa esa doim tayyor momodoya, to‘lg‘oq tutganning uyiga o‘zi borib, baranchugini tug‘dirgan, kindigini kesgan. “Baxtimizga shu Ivan bilan Valapa ham kelib qolgan ekan”, deydilar onam. Valapa kindigini kesgan bolaning sanog‘i yo‘q; ikkinchisining otini bilmaymiz, Nenamidi, Varamidi, cho‘chqalarini qaytarishga chiqib qolganida ko‘ramiz, mudom uyida, Valapa yurib, ro‘zg‘orni bu qilsa kerak. Ivanboboga o‘ris bo‘lgani uchun ikkita xotin olish mumkin bo‘lganmi, yo balki birovi xotini, birovi o‘zining yo xotinining singlisi yo opasidir, lekin bizlar ikkovi ham Ivanboboga tekkan, deb o‘ylar edik. Cho‘chqa degani bizdagi hech bir hayvonga o‘xshamaydigan, ham qiziq, ham bir qo‘rqinchli, ola-bula to‘ng‘iz ekan. Bulung‘urning bo‘yiga tushib qolsa, ichiga kirmay, ariq labini kavlab xur-xurlab yursa ham hayda-hayda bo‘lib, bir xil odamlar irganib, uch-to‘rt kunlab Bulung‘urdan ichgulikka suv olmas edi. Cho‘chqani talatamiz deb zo‘r-zo‘r itlarni olib boramiz, olkishlaymiz, Vafoqulning cho‘pon kuchugi bor edi, shu ham vovullab boradi-da, taqqa to‘xtab, joyida irillab turaveradi, cho‘chqa esa iy-e, menda qanaqa ishi bor ekan deb, kichkina ko‘zlarini ajablantirib hayron tikilib qaraydi. Bir uzoq qarindoshimiz kolxoz raisi edi, Ivanboboga hamsoya, bitta o‘g‘li Sardorni nimagadir katta qilishga shularga bergan, haligi dumaloq kampiri qaragan; Sardor gapiga “nu” deb qo‘shib gapirar, juda toza yurar, bizga o‘xshab eshak minmas; ilgari sunnat to‘ylar o‘g‘il bola to‘rt-beshga chiqqanda, ishqilib, maktab yoshigacha qilinib, katta o‘tar, mening to‘yimga otam ot so‘ydirgan, ana shu Sardor ot go‘shti yemayman, menga to‘g‘ri kelmaydi, deb turib olib, “Vo-o, o‘ris bo‘lib ketibdi! Cho‘chqa yeydi!” deb rosa hasadimizni keltirgan. O‘shanda ham o‘rislarning bizga o‘xshamagan bo‘lakcha bir xalq ekanini bilib, ot go‘shtini nimaga yemay, cho‘chqanikini yeyishini tushunmas edik. Harom bo‘lsa ham, bir tishlam yeb ko‘rsakmikan, deb yurar ham edik o‘zimiz.
Yana bir Jamila degan qizni sakkizinchi sinfdan o‘z farzandiga rahmsiz noinsof otasi Galatepa degan joyga yomon bir odamga erga berib yuborgan, shunday yosh narsani olgandan keyin yaxshi odam emas, yomon bo‘ladi-da, lekin, bilmadim, o‘n yillardan keyin shekilli, shu Jamilani uchratdim, to‘rt bolali bippa-binoyi xotin bo‘lib yurgan ekan, ukasi O‘rin biz bilan o‘qigan, uylanganda to‘yiga borgan edim, shunda ko‘rdim, lekin o‘zgarib ketganimga meni tanimadi, maktabda gavdam kichkina edi-da. Shularning sinfidan Gagarin laqabli Mamarasul Bulung‘ur bandidan suv olib, sekin tepaga o‘rlaydigan Rovdon ariqqa traktor bilan ag‘nab tushgan, naq yigirma quloch balanddan! Maktabimizning bitta “polutorka” bilan temirtish g‘ildirak “Universal” traktori bo‘lar, gurzavoyning faqat kabinasida ruli bilan taxtasi chala kuzovi qolgan, lekin “Universal”ni chuqilasa, “zavadit” bo‘lar edi. Mamarasul shuni “zavadit” qilib haydab, Rovdonning ustidagi yo‘lda rulni burishga kuchi yetmay, “Universal-puniversal”i bilan qulab tushgan, xudo asrayman de­sa, hech gap emas ekan, balo ham urmagan. Shu bilan, Gagarin osmonga, Mamarasul pastga uchgani bilan buning ham oti Gagarin bo‘lib ketgan.
Bulung‘urimiz burunlari o‘zi ham onda-sonda odam chaqirib turgan, lekin biz tomonlarga ham elektr kelgandan keyin yiliga bir-ikkitani tortib ketadigan bo‘lib qoldi: kimdir tok bilan baliq ovlashni ko‘rib kelgan, uni boshqalar ham o‘rgangan, shu bilan baliqqa qiron kelgan, shirmoy bechoralar oppoq qorni bilan chappa oqib qolaverar ekan, shuni olaman deb bu yoqda o‘zi suvga sim tiqqani esida yo‘qlar… “Chiqasi kelsa, egasi boshchi” degani shudir-da. Ha, aytgancha, Xursan pes degan odam bo‘lar edi, yoshi o‘ttizdan oshgan, hech kim qiz bermagani uchun bexotin, o‘zi pes-mes emas, bu ham traktori bilan yonib ketgan, shundan qo‘llari, betlarida katta-katta oq-qora kuyiklari bor, to‘g‘ri oti Xursand, bo‘jamaligidan odam irganib, otini ham to‘liq aytgisi kelmas edi. Bu keragi yo‘q gap nimaga esimda turibdi, hayronman. Shunga hech kim qizini bermaydi deb achinganimdan bo‘lsa kerak. Qiziq narsalardan, Vaska degan to‘riq ot bor edi, Qrim degan joydan kelgan egasi Ridvan aka bir nima deb, bizlar duo o‘qiydi deb o‘ylardik, keyin hushtak chalsa, orqa oyog‘ida tik turib, o‘ynab berardi. Ridvan akadan qo‘rqardik, biron yomonlik qilganini eshitmaganmiz-u, lekin gapiga ishonmagan odamni tuxum tug‘dirib, yomon uyatga qo‘yar edi. “Ha, shunaqami? Iy-e, tug‘ib qo‘ydingiz-ku”, deb qo‘li bilan odamning ketidan tovuq tuxumini olib berardi-da. Tuxumni siz tug‘maysiz-ku, lekin u uning qo‘lida qayerdan paydo bo‘ldi, bilmay qolasiz. Baslashib, Valibobodagi chinorga o‘zini oyoq-qo‘li, hamma joyidan arqon bilan qattiq chandib bog‘latib, keyin hech kim qarashmasa ham bo‘shalib olgan, biz ko‘rmaganmiz, ko‘rganlardan eshitganmiz, shundan o‘zini ko‘rganda, bu yoqqa kel deb chaqirib, tuxum tug‘dirib qo‘yishidan hadiksirab, yaqiniga yo‘lamas edik. Jinlardan oshnosi borligi ham balki rostdir, chunki Qambarotada ancha yildan beri qurib yotgan qayrag‘ochni qadamjoniki ekanidan qo‘rqmay, “Esston” degan traktorda torttirib kelib, qishga o‘tin qilsa ham hech narsa urmagan, uchinmagan. Yana bir Alim og‘a degan, Qrimdan Ridvan aka bilan birga kelganmi, yo‘qmi, ishqilib, bitta xalqdan, yoshi katta kishi, moyga botib traktor tuzatardi, lekin ko‘chaga chiqqanda toza kiyinardi, xotini bir muloyim kampir, doim kelib oyim bilan gurunglashib o‘tirar, o‘zlarining bolasi yo‘qligidanmi, menga shirin gapirib, tinmay duo qilar, eru xotin ikkalasi traktor garajining bir chetidagi g‘aribgina uyda turishar, kampir: “O-o, bir choynak tillam bor edi, askarlar mashinani to‘g‘rilab, chiq, desa, hali qaytib kelamiz-ku deb, uyning o‘rtasiga ko‘mibman, qolib ketdi shu bilan”, deb og‘ir so‘lish olar edi, u paytlari tilla nima, narxi qanchaligini bilmasam ham, bir hovuchginasini ololmabdi-da, deb juda achinardim. Yana bir tatar abziy bo‘lardi, uyi shundoq Bulung‘urning labida, baliq ushlashning piri deb bilamiz, qarmoq solayotganda ilgakdagi chuvalchangga: “Mening qo‘lim emas, abziyning qo‘li!” deb tuflardik, u paytlari baliq ko‘p edimi, taassubimiz kor qilardi lekin. Ximiya muallimimiz Minixanov ham tatar, ufa-tatar, oti qiziq – Fan; xotini Pilura – Flyura opa kutubxonachimiz, kichkinalardan kitobni qabul qilib olayotganda, albatta “Yaxshi! Qaniy, keyin nima bo‘ldi, aytaver-chi”, deb o‘qiganimizni erinmay so‘rab olar, undan maqtov eshitish uchun zehn qo‘yib o‘qir edik. Uylari oqlangan, atrofi taxta panjara, ikkita qizi ham ohorli kiyingan, keyin juda yaxshi o‘qir, kattalarining tili tatarchaga ketsa-da, bolalari ancha toza gapirar, bizni nimalaridir o‘ziga tortib, yana nimalaridir itarib turar edi.
Keyin-ey, odam bir yoqda sal turib kelsa, darrov o‘zgarib, tili ham buzilib qolar ekan. G‘ulomning Iskandar degan akasi Toshkentga o‘qishga borib, yiqilib, bu yili kiraman deb o‘sha yoqda qolganida, oltimi, yettimi oydan keyin otasi borib oldiga solib keldi; ketganida tili g‘irt o‘zimiznikidek edi, lekin kelganidan keyin tishining orasidan chirt tupurib, “bo‘tta-sho‘tta” deb gapiradigan bo‘lib qoldi. “O‘tdagilar shunaqa gapiradi, “beda-sheda” deyishlaring noto‘g‘ri, sila maqvossila o‘zi”, der edi, tavba. O‘qishga kirgani boshqa ketmadi, lekin tilini ham tuzatmadi. Iskandarlarning qaysisi deb so‘ralsa, “Ha, o‘zimizning Iskandar bo‘tta-da”, deb aniqlik kiritilar edi. Gujo-gujo tojik yangalar “i-i” deb cho‘zsa, toshkentliklar “bo‘tta-sho‘tta” deb gapirishini o‘shanda bilganmiz.
Ey, juda qiziq, do‘ngdan, oti esimdan chiqdi, bir yigit armiyadan o‘zi bilan bitta qiz olib kelgan, G‘a­ziraning bozoriga olib tushib, yetaklashib yurgan, ikkovining ham ko‘zida qora ko‘zoynak, ikkovining ham og‘zida pista, yuraymi, yurmaymi deb bir-bir qadam bosib o‘zlarini rosa bozorga solgan, gur ergashib tomosha qilganmiz. Ha, do‘ngdan deganim, qishlog‘imiz ikkiga bo‘linardi, Bulung‘urning u tomoni baland yerlar do‘ng, bu tomoni pastlik, odamlar ham qayerda turishiga qarab do‘nglik, pastlik deyilar edi. Ammo ham, shu qiz rosa tomosha bo‘lgan: sochi sariq, yig‘ishtiriqsiz, ya’ni yelkasiga yoyilib tushgan, ko‘zida qora ko‘zoynak, ko‘ylagi kalta, lozimi yo‘q oyoqlari ochiq, osmondan bir sariq narsa yonib tushgandek rosa gap qo‘zg‘algan. Keyingi bozor kelmadi, undan keyingilariga ham – ketib qolibdi. Tekin tomoshadan ayrilganimizga ko‘p afsus qildik.
Eshonxonov degan keksa muallim bor edi, akamlarni ham, opamlarni ham o‘qitgan, pensiyaga chiqib ketib, bizlarga kirmagan. Lenin ordeni olgan deyishardi, ko‘p ko‘ramiz albatta, kostyum-shim, galstukda qirrali yurardi, shu kishining qizi do‘xtirlikdek zo‘r o‘qishga kirgan, lekin o‘zi bilan birga o‘qigan xorazmlik yigit bilan topishib, otasini juda nosoqqa qo‘ygan. Qochishga qochib ketmagan-ku-ya, lekin sovchilari uch-to‘rt marta qaytarilgan, oxiri zo‘r to‘y ham bo‘ldi, biz ham to‘yib o‘ynaganmiz, Zamira opani “Volga” moshinda kelin qilib olib ketishgan. Ikkovi ham Samarqandda ishga qolgan ekan, eru xotin oy o‘tmay kelib turardi, G‘aziramizning yakkayu yolg‘iz bekatida ko‘ramiz, Zamira opa oqdan kelgan ko‘hlik kelin, kuyov baland bo‘yli, jingalaksoch yigit, nimaga qizi Eshonxonovday odamning obro‘sini to‘kib qo‘ydi, degan visir-visir chiqqan, bizga qorong‘i. Keyin Turobning matpak – matematika fakultetidagi opasi ham o‘zi bilan o‘qigan urtutlikka, Salimaning biyopak – biologiya fakultetidagi opasi surxondaryolikka tegdi, Jamolning akasi texnikumdan nurotalik qiz olib keldi, bular Eshonxonov domlaning qizidek katta gap bo‘lmasa-da, ishqilib, nimasidir xavotirli, nimasidir alamangiz bo‘lib, qishlog‘imiz rishtalari keng dunyoga bog‘lanib borayotgani ko‘nglimizga notinchlik solar, o‘zimizni ham o‘sha yoqlarga tortqilar edi.
 
Bilmayman, nimaga bunday, kitobning ta’sirimi, o‘ylar girdobiga tushib qolganimdanmi, odamlar­ning ichida yolg‘izlanib yurar edim. Hech kim meni chetga surmagan, kutkilamagan, ish qildirgan bo‘lishsa, qaysi bola ishlamagan, bu ham bir o‘yin, faqat jonga tegib qoladi, o‘yin tegmaydi, bari bir, ikkalasining ham oxiri birdek charchoq yo gap eshitish. Lekin oldindan shu kichkina boshimga hamma unday, men bunday, deb ko‘p o‘y suraman. Maktabni boshlab ham qamoqqa tushdim. Ha, erkin yurgan bola, qo‘raga qamov bo‘ldim-qoldim. O‘ylarim bilan. U vaqtlari o‘qishning birinchi kuni yangi kiyimlarda, guldasta ko‘tarib borishlar yo‘q. Xayr, qo‘lni kirsovunda qirtishlab, betni ishqalab yuvib, boridan tozarog‘ini kiydirib, qayta-qayta: “Dar­rov tuproqqa bulab, mo‘ltonining jandasi qi­l-ib kelmagin, o‘ldiraman lekin!”, degan ming zarda quloqqa quyilgandir, chunki yangisini olish uchun Samarqandga borish kerak, obergan bilan ham, es-hushi o‘yinda bola, ertalab kiydirib yuborgan yangini tushga qolmay eskirtirib qaytamiz. Guldastaga kelsak… o‘rib molga bersa bo‘ladigan gullardan xursandchilik kunlarida ipga bog‘lab guldasta tuzib, birovga siylov tutishni, hu vaqtlar o‘tib, kitoblardan o‘qib bilganmiz. U kitoblarda doim bayram, hammaning di­mog‘i chog‘, gaplari ham qarsillagan, sira biznikiga o‘xshamaydi. O‘sha kuni endi bir nimalardan ayrilganimizdan xavotirlanib, bo‘ynimizni qisib maktab oldidagi maydonga to‘da bo‘ldik, urishish-siltash bilan bir amallab qing‘ir-qiyshiq saflandik. Bu yog‘i qanaqa bo‘lsa deb anqayib turganimizda qo‘limizga bir xil yap-yangi kitob-daftar ushlatib qo‘yishdi, keyin shularni bizlarga yaxshi o‘qisin, adab-tarbiyali o‘quvchi bo‘lsin, deb tekinga berganlari uchun chap-chap qarsak urdirishdi, qo‘ltig‘imga qisganim esimda yo‘q, qarsak chalaman desam, bari yerga sochilib tushdi. Biram sazoyi bo‘ldim lekin! Hammasidan ham hali yoshing yetmaydi, ergashma menga, desam ham keyinimdan qolmay kelib, endi chekkada, tol tagida ichi kuyib o‘tirgan Ab­dualimning ko‘zi o‘ynab tirjaygani o‘tib tushdi. Kitob-daftarlarni yerdan qoqib-puflab oldim-u, lekin endi, bari bir, boshqalarniki yaraqlagan yangi, meniki esa eskirib, tutishga yaramaydigan notoza tuyulib, maktabi ham ko‘zimga yomon ko‘rinib ketdi. Tag‘in deng, ertasi, o‘qish boshlangan kuni, Xatira muallimaning qo‘lini qonatdim. Muallima har partaga ikkitadan o‘tirg‘izib, “Qo‘llaringni partaning ustiga qo‘yib, damgina quloq berib o‘tiringlar”, deb tayinlagan edi, bunaqa qimirlamay o‘tirishni bilmayman, birpasda diqqatim oshdi, pitir-pitir qildim, partaning qopqog‘i g‘alati, oshiq-moshiqli, buklanar ekan, ochib-yopib o‘ynashga tushdim, muallima jahl bilan kelib qars yopaman degan edi, jimjilog‘i qopqoq tagiga kirib qolib, qiyilib ketdi! Qo‘li oppoq ekan, qizil qoni tirqirab chiqdi. Rosa qo‘rqdim, Xatira opa vuy-vuylab qo‘liga ro‘molcha bosdi, qoni ro‘molchadan ham sizib chiqdi; menga hech narsa demadi, lekin endi bo‘ldi, tamom, maktabdan haydalaman, deb o‘yladim, o‘zim ham shuni xohlab qoldim. E-e, maktabini ham, dedim! Mollarimni boqib yurganim ming marta avlo-ku. Uni qilma, buni qo‘y, yo‘q, o‘z erkimcha yuraman! Bu yerda dalaga chiqishga ham qo‘l ko‘tarib, nimagaligini uyalmay aytish kerak!
Ana shunaqa, G‘aziraning o‘rtasida maktab partasida mixlanib, shu G‘azirani sog‘inishga o‘tdim. Qip­choqariq bo‘ylariga chiqaman, zaldorichorbog‘dan danak terib, tosh bilan chaqaman, olmaning kechki navlariga maza kirib qolgan, tishlab ko‘rib, eng shirinini yeyman, hushtak chalaman, xirgoyi qilaman, umbaloq oshaman, erkim o‘zimda! Oxiri Bulung‘urga tushib, quloch otib suzaman, ariqning ustiga egilgan toldan kalla tashlayman, sovqotganimdan keyin tuproqqa ko‘milib isinaman – o‘tirgan joyimga yig‘inib g‘ujanak bo‘lib olaman; meni dars tinglayapti deb, erkin hasratga berilganimni hech kim bilmaydi.
Lekin yolg‘izlikdan qo‘rqaman ham. Maktabga borganimdan oldinmidi yo birinchi sinfdan keyinmidi, har qalay, ora uzoq emas, pishiqchilik edi-da, bizda shu mavsumda – avgustning oxiri, sentyabrning boshlarida to‘yga ruxsat bor; uyi bozorjoyga yaqin Hotambovo nevarasini kesdirib, kechqurun bazm berdi, biz bir chekkada osh yeb olgandan keyin yashinmachoq o‘ynadik, men sariqmoy, chakki sotiladigan kappon tagiga kirib, qapishib bekindim, hech kim topolmadi, bir-ikki chaqirishdi ham, tovush bermadim, qancha vaqt o‘tdi, bilmayman, to‘yxonada magnitofonning tasmasi tugadimi yo bolalar boshqa o‘yinga qiziqib ketib qoldimi, ishqilib, hammayoqni tim-tirs sukunat bosdi, balki bor shovqinni qalin suvalgan kappon o‘tkazmay qo‘ygandir, Hotambovoning uyidagi to‘y shu’lalari ham bu yoqqa teskari, atrof sim-siyoh ko‘rinadi, jimlik qulog‘imga botib, tom bitirgandek bo‘ldi-da, yuragimga g‘ulg‘ula tushdi: yashiringan joyimda yo‘qolib qolganman, boshqa yoqlardan izlab ko‘rishadi, o‘sha yoqlardan ham topilmayman, o‘zimga o‘zim ham ko‘rinmayman, shu bilan tamom yo‘q, yo‘qolib ketganman, hammaning esidan chiqqanman, unutilaman, kapponning shu tor kavagida bir umrga qolib ketdim endi.
Gungurt kecha, oysiz osmon tagida kichkinagina bo‘­lib qaltirab o‘tirganim! Yolg‘izlik o‘zim bo‘lib qol­dim, o‘zimdan qo‘rqdim. Bir sur bosdi! Kappondan otilib chiqib, yurak taka-puka, to‘yxonaga – odamlar orasiga chopdim!
Shu chopishim bir umrlik ekan, bir umr odamlar orasida yashab, bir umrki ularga tomon yuguraman.
Tug‘ilgan tuprog‘imdan unib chiqdimmi, o‘sibmi, nima bo‘lmasin, chiqib ketdim. Endi ona qishlog‘imga faqat mehmonman, uzoqdan borib, yaqinlasholmay kelaman – o‘rtamizni bo‘lib katta ko‘kdaryo unsiz ayqirib yotadi ko‘nglimda.. O‘tolmay, o‘rtanib qaytaman.
Buni bilgan biladi, bilmaganga bildirish juda qiyin.
Bultur yana bir jo‘ram keldi. Toshkentda ishi bor ekan, qo‘yar-da qo‘ymay meni ko‘chaga chaqirib oldi; maktabni u o‘n bir yillik, men o‘n yillikni, boshqa-boshqa sinfda, birga bitirganmiz; universitetga bitta fakultetga kirdik, men oldin, u bir yil keyin, lekin ijarada to‘rt yil hamhujra turdik, qalin edik, uyga kelasiz, deb hargiz yalindim, ko‘p yillar oldin bir-ikki qur kelgan, lekin bu gal oyog‘ini tirab turib oldi, o‘laman sattor, uyingizga bormayman, bormayman-chi, bormayman! Hayron bo‘ldim, mayli, deb, o‘g‘limga obor-chi meni, nima gap ekan, deb bilgim kelib bordim. Uchrashdik, ko‘rishdik, qahvaxonada undan-undan so‘rashib, gapimiz singishgandek keyin, nimaga uyga o‘tmayapsiz, devoringizni teskari urib qo‘ygan yerim bormi, deb so‘radim. U birdan hurkdi, hurkib, anavi Lotin Amerikasi tog‘larida yuradigan guanako – lamaning beboshvog‘iga o‘xshab boshini tik ko‘tardi, “E-e, men uyingizga bormayman”, dedi. Bilmay ko‘nglini og‘ritib qo‘yganman shekilli, deb ko‘nglim g‘ashlandi.. “E-e, jo‘ra, nima, menikidan ilon chiqqanmi?”, dedim. U o‘sha balanddan tuya boqish qilib: “Yo‘q, borolmayman! Odamlar, do‘st deb yuribsan, do‘sting allaqachon o‘zgargan, bitib ketgan, shunaqaki, uyidagi kursisiga ketingni qo‘yishga botinolmaysan, deb aytishadi menga”, deb qoldi! Yerga urilgandek ko‘zini olib qochgani g‘alati bo‘ldi. Tavba, qimmatbaho kursi ham odamga nasog‘ bo‘lar ekan-da! Men boy bo‘lsam, sen jo‘ram, xursand bo‘lish o‘rniga… Turib-turib alam qildi, “Qanaqa kursi ekan?”, deb tishlandim. Hay, uyimga keling, deb o‘zim yalindim-ku! Astag‘firulloh! Men yeb u quruq qolgandek! Uyimga borishga haddi yo‘q, lekin oriyati bor, g‘ururi baland, o‘zini yer qildirib qo‘ymas ekan. Haligi kursilarimga o‘tirsa yer bo‘lib qolar ekan-da. Ol-a! Men olmagan xotinning tug‘magan bolasining tishi og‘ribdi. E do‘st, shunday ekan, chaqirib olishga qanday haddingiz sig‘di, dedim. Tushmaydi pastga! Po‘chog‘imsiz, ya’ni ikkovimizni noteng qilgan boylik­larimni ko‘rmay-kuymay, hu o‘sha burungi holimda gap­lashgisi kelibdi, o‘sha – maktabda birga o‘qigan, ijarada bitta nonni bo‘lib yegan, xullasi, men o‘zgarmagan kunlarni sog‘inibdi, yayrab gurung qurgisi kelibdi. Tavbangdan ketay! Boladay sodda odamlar hali ham bor-a!
Oldimizda kabob, gazaklar, u yarimta buyurdi, ko‘ng­lini yozish uchun, men, tobim yo‘q, ichmadim. Bari bir, qahvaxonaning ikkovimizga ham bir xil, bir tus kursilarida o‘tirib ham gurungimiz qovushmadi. Uni esladik, buni, talabalik davrlarimizga bir-ikki tu­­shib chiqdik, buklama karavotda yana cho‘zildik, kilka yegimiz kelib qoldi, bari bir, bitib ketsam ham o‘zimni avvalgidek ko‘rsatishga urinayotgan bo‘ldimmi, yayramadik, shuning alamigami, u birdan o‘zining kam emasligini pesh qildi: “E-e, men gurillab yashayapman, gurillab ketganman!”, dedi. Men bunaqa gurillab yashashning ma’nisini bilmas, menga bu nasib ham qilmas ekan. “Hay, gurillang! Bundan ham gurillang!”, dedim. Yo‘q, bitib ketganim bilan buni tushunmas ekanman! “Siz endi shunday qoldingiz; o‘zgarmaysiz, men oltita bolamning beshovidan qutuldim, hammasi uyli-joyli, bitta kichkinam bor, uni kollejga, bojxonanikiga joyladim. Uy, mol-hol, mashina – hammasi bor, ro‘zg‘orim badastir, lekin gurillaganim bunga emas, men qishloqda yashayapman, qishlog‘imda gurillayapman, bildingizmi!”, dedi. Ha, gap bu yoqda ekan: men har qancha bitgan bo‘lmay, bu yerda gurillamayman, gurillay olmayman. To‘g‘ri, shu tobda to‘g‘ri qishloqqa haydab, ko‘kraklarimni to‘ldirib nafas olib, bir gurillagim kelib ketdi. Qani edi, G‘aziraning o‘r­tasidagi baland do‘ngtepaga chiqib, qulochimni kerib uchgudek bir qiyqirsam, necha-necha yillik siqin­tilarim tarqab ketarmidi! Lekin gurillab bo‘lib ni­ma qilaman, nuqul gurillab yurolmayman-ku, keyin, nima, hamqishloqlarimga vatanni sevish haqida ma’ruza gurillab yashaymanmi? Ularning meni tomosha qilishdan boshqa ishi yo‘qmi? Xo‘jalik do‘konida oyna­ga namoyishga qo‘yib qo‘ymasalar kerak, Toshkentdan kelib, mana, o‘zimizda gurillayotgan hamqishlog‘imiz deb.
Do‘stim joni achiganidan gapiribdi-da-ey, ko‘chib borib bitta joy qilib qo‘yish, o‘z odamlaring ichida yashashga nima yetsin menga o‘xshab, bu dunyodan hamma o‘tib ketadi, hammasining joyi belgili, lekin sizniki…axir, o‘ligingizni kim ko‘taradi, dedi, o‘ligim bu yerda xor bo‘ladigandek; joy tiklash menga cho‘t emas, shuni qilay ekan. U azaldan o‘zi gapirganiga o‘zi mast, bir tutanib bersa, bosilishi qiyin. Tili shunga qayralgan. Shuning jaddiga ancha savdolarni ham ko‘rdi-yu, lekin hozir eslatganning foydasi yo‘q, mavridi emas.
Men yon bergandek bo‘ldim, gapimiz bolaladi, lekin tayinli to‘xtami bo‘lmadi, u gurillaganini dalillab turib oldi, men gurillamayotganimni bo‘ynimga oldim, nima desa ma’qul topdim. Xullas, u deb, bu deb boyligimsiz xolis o‘tirishimizni yakunlab, bir umrlik do‘st bilan ko‘nglimda bir umrga xayrlashib, kira mashinada uyga qaytdim. Shu kallang bo‘lsa, yo‘q kursim ham ketingga hayf, dedim kelayotib. Taqdirni qarang, yaqin odamlar ham begonalashib ketar ekan. U emas, ko‘proq men, unga emas, qishloqqa, G‘aziraga. Buni avvaldan anglab, o‘ylansam ham, uncha qiynalmay yurgan edim, do‘stim oramizni uzil kesil uzdi-qo‘ydi.
 Gap qariyotganimda emas, qarisam ham ko‘chada qolmayman, xudoga shukr! O‘ligingni kim ko‘taradi, kim seni tuproqqa qo‘yadi – bu gaplar ham kurakda turmaydi. Bu dunyoda odamning o‘ligi beega qolishiga odamlarning o‘zi qo‘ymaydi. Gap, o‘zani tobora chuqurlashib, kengayib, u qirg‘og‘i borgan sari elaslab ketayotgan ko‘nglimdagi o‘sha ko‘kdaryoda, u yoqqa o‘tishimga qo‘ymaydi. Qidirib boraman, yuraman, kelaman, ko‘nglim bo‘lingan ko‘yi qolaveradi.
Ulg‘ayishim bilanoq G‘azira meni bag‘ridan chi­qarib yuborgan. Yelkamdan itarib, ketyapsanmi, bor, o‘sha yoqlarda kuningni ko‘r, degan. Albatta, ona qishloq, tug‘ilgan tuproq degan gaplar bor, lekin bular bola paytimda qolib ketgan, hozir bir narsa yozsam, tash­­beh qilaman, xolos, borganimda ham o‘lan to‘shagim beparvo, yaqin qarindosh, qolgan yoru birodarlarim ochiq chehra bilan kutib oladi. Bu ham belgili bir vaqtgacha, mehmon bo‘lishga hatto ukang turgan o‘z uyingda ham muddatlar bor, oy bo‘yi tanda qurib olishga o‘zim ham chidamayman, bo‘sh quloq – bekorchi yo‘q, hamma o‘zi bilan o‘zi.
Chiqib ketdingmi, endi kelib-ketganingda ham izzatingni bil, degan G‘azira, mehribon qishlog‘im.
Hozir aytmasa ham, oldinlari borib turganlarimda aytgani uchun yaxshi bilaman. Shu-da qishloqdan chiqqan odamning kelib-ketish tartibi. Buni anglagunimcha o‘ksinishlarim bor edi, ko‘nikdim. Ko‘p borar edim, oy o‘tar-o‘tmay oyog‘im qishloqqa tortaverardi. Tok ochish, ko‘tarish, xomtok qilishdan tortib, kesib ko‘mishgacha zimmamda edi, ukamlar bilan pichan qi­lish­ga chiqardim, uy solinsa, g‘ishtini o‘zim terib be­rardim. Po‘rim kiyimimni yechib, egnimga eski korjomalarimni ilib, loyga ham kirib ketaverar, ey, shu ishlar bilan dam olar, noqulay bo‘lsa ham aytay, ustalda bosim o‘tiradiganlarning kasalidan kamina benasib emas, o‘sha ham bir kunda o‘tib ketar edi. Lekin bunaqa yo‘qsil kiyinib, loyga botib ham yurishlarimga, so‘z topolmayapman, ishqilib, odamlar, ha, bu bola shaharda buzilmagan, qobil, oqibati bor, shundan shu yoqqa qatnab uyidagi ishlarni qilib beryapti-ya, barakalla, deb qaramas, shu… yoqtirishmas edimi, “Iy-e, iy-e, sizga qoldimi bu ish”, deb taajjublanishlarida nimadir yozg‘irish ham bor edi.
Bir borganimda hamsoyamiz Ziynat xolanikida tomsuvoq hasharga aytib qolishdi, ukam sahar turib Samarqandga ketgan edi, o‘rniga o‘zim chiqishga chog‘landim. O‘rtada devor ham yo‘q, u yoqda hashar bo‘lsa-da, bu yoqda men sulaqmon sigaret so‘rib kirib-chiqib tursam, juda xunuk, bahonada kampirning duosini olaman, ham odamlar bilan to‘rt og‘iz gurunglashaman degan o‘yda ustimni almashtirib, qo‘limga qishloqda yo‘q, yarqillagan alyumin andava olib otlansam, oyim: “Hay, qayoqqa! Senga nima bor, o‘zi bir-ikki kunga kelgan odam, uyda o‘tirmaydimi!”, deb qoldilar. “Nima, hamsoya xolam bilan aytishganmisiz”, dedim. “Nimaga aytishaman, shuncha odam bor, bo‘ladi-da. Sen o‘zingga yarashadigan ishni qil”, dedilar. Xullas, oyimga qolsa, bormasam. Har zamonda bir kelsam, eldan chiqib ketmay, odamlarning yonida bo‘lay deb (bir ko‘nglimda o‘zimni ko‘rsatish), oyimga ko‘nmay, hasharchilarga borib qo‘shildim. Hali ish boshlangani yo‘q, Eshim kal loy pishityapti, Safar aka, andavasini tozalayapti, hamsoya xolamning nevarasi Nurali loyxona labiga paqirlarni qator qilib teryapti, Ismat aka Eshim kalga loy pishitishdan aql beryapti, Olmos aka ish oldidan choyni bostirib ichyapti, Eshdavlat ayvon tomida, loy tortishga arqon shaylayapti. Borib jappa-jamoatga salom berdim, bir-bir qo‘l olishga kirishdim. Sobir aka shoshib o‘rnidan turdi-da, qo‘limni betimga qaramay oldi. Doim quyuq so‘rashadigan odam, “Ha, yaxshimisiz?” deb andavamga qaradi, xolos. Ismat aka kelib, qo‘l berdi-da, bir nimalar deb g‘irmaydi. Olmos aka qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, kelib ko‘rishish shart emas, choy ichyapman degan imobashara bir qiliq qildi. Eshdavlat tomda turib qo‘lini ko‘tarib qutlagan bo‘ldi. Nurali, hali yovvoyiroq, salomlashishga uquvi yo‘q. Xullas, nima desam, shu… hasharchilar orasiga borib qo‘shilgan bo‘lsam ham u tomonida ular qimirlab turgan ko‘rinmas devorning bu tomonida o‘tolmay qolaverdim, hech birovining chehrasi ochilmadi, hammasi u-bu g‘uldirab, ko‘zini olib qochdi, to‘g‘ri qaraganining nigohi ham yonboshimdan o‘tib ketdi. Hech birovi yukimizning bir tomonini ko‘taradigan keldi deb xursand bo‘lmadi. Meni bu odamlarning hech biri yomon ko‘rmaydi, aksincha, lekin shu damda, shu hasharga kelib qo‘shilganim bilan oralariga kirolmadim. Tushunib turgandirsiz?
Keldim-u, endi qanday ketishimni bilmay arosatda, andava tortaman, deb tomga chiqib ketdim. Tomning u yer-bu yerini qaragan, tushib qolgan mayda tosh-posh, kesakchalarni tergan bo‘ldim, dilam-nodilam, yana bir ketib yuboray dedim, endi noqulay, ishdan qochdi deb o‘ylashadi.
Tom suvashni boshladik. Bu ish shiddat bilan ketadi, bo‘l-ha-bo‘l, loy-choy-suv, ho‘ Eshim, g‘o‘rasha chiqyapti, boz bir pishiting, Nurali, anqayma, ey Olmos, havolating siltamay, ustunga urilmasin; Safar akaning andava tortishimga gap topolmay sinchilashini aytmasa, menga boshqa e’tibor ham bo‘lgani yo‘q. Ikki andavakashga loy yetkazaman deb o‘rtada Nurali bechora pishib ketdi. Katta tomni bo‘ldik, og‘il, bostirma tomini ham suvadik, hojatxonaga kelganda Safar aka chiqdi, men andavamni yuvib, ketishga chog‘langan edim, Ziynat xolam sezib qoldi: hay, bolam, katta boshingni kichik qilib kelibsan, baraka topgur, endi bir cho‘qim oshimni yemay ketasanmi, unday qilma, bolam, xullas, oshga o‘tirmay ketishning iloji bo‘lmadi. E bor-e, shu to‘rt paqirgina ham ortmasin, deb tandirning usti ham suvab tashlandi.
Ha-a, zo‘r bo‘ldi, e-e, bu ish ko‘p bilan-da, ha endi Ziynat xolaning yog‘ingarchilikda bir dardi aridi, suvoqning obravlari yaxshi, chakka o‘tkizmaydi, bir paslik yugur-yugur, jonni sug‘urib oladi-ya – qilgan ishimizdan o‘zimiz taskin topdik, gapga men ham suq­ma qoshiqdek suqilib turdim, lekin, bari bir, el bo‘lolmadim, yana turib ketishni o‘yladim. Olmos aka kampir damlagan oshni katta laganga bosdirib keldi, ustida ikki tuyur go‘sht. Hay, endi turib ketsam, kampirning oshini ko‘ngli tortmadi, deyishadi. Olmos akaning orqasidan Ziynat xolamning o‘zi keldi, qo‘lida bitta sarg‘ish suvli shisha bilan. Ismat aka besaranjom tipirchilab, menga tirjayib qarab qo‘ydi. Safar aka og‘zini qo‘li bilan artib, ko‘rpachaga bemalolroq joylashdi. U ham menga bir qarab qo‘ydi. Keyin qovoq uyib go‘sht to‘g‘rashga tushdi. Eshim kal yer tagidan shishaga xo‘mraydi: bitta aroq yetmas-v. Bir Eshdavlat menga qarab xursand im qoqdi, shunchaki ichkilik kelganiga ochilib. Kampirning sandig‘ida yotaverib sarg‘aygan bu narsa aroqmi yo… deb tursam, rostdan “Pertsovka” degan aroq ekan, dasturxon atrofidagilarning sinovidan o‘tgan chog‘i, hali ichmaslaridan kayflar choq, menga o‘qtin-o‘qtin nazar tashlab qo‘yishlari sababi ham ma’lumdek – loy ishidan chiqqan besh kishiga bitta shisha… “Ha, xola – mard!”, dedi Safar aka. Olmos aka shishani Ismat akaga uzatib: “Oz-ozdan suzasiz, momomniki tabarruk”, dedi. “Shu – bittami?” deb Ismat aka yana menga qarab qo‘ydi. “Yo‘q, men ichmayman”, dedim. “Bizlar bilan ichmaysizmi?”, dedi u, menga pisanda qilayotgandek tuyuldi. “Momom baquvvat, buni ichaylik, yalinsak, taxmonning orqasiga yashinib qolgani ham chiqib qolar”, deb Olmos aka bilib tamshandi. Ismatning akaning chehrasi yorishgandek bo‘ldi, “Ha, endi, bizlar bilan ham o‘tiring-da”, dedi menga. “Loy ishi – zax ish, shuni oladi bu qalampir aroq”, dedi Safar aka, loy ishi qilmagan odam buni bilmaydi degan ma’noda. “Oladilar, Safar aka, oladilar”, dedi Eshdavlat. “O‘zimizning odam, nimaga bizlar bilan olmas ekan, oladi”, dedi Olmos aka.
Ismat akaning aroq suzishlari, betini tirishtirib iljayishlar, menga uzatganda dim-dim nigohlar, ichishdan oldin bor gunohni zaxga to‘nkashlar, hi-hi kalta kulgilar – hammasi men bo‘lmaganimda bularning bemalol, yayrab o‘tirishini bildirar edi. Umuman o‘zimning qozonimga tushmabman, oyim dono gap qilgan ekanlar – yarashmagan ish bo‘ldi.
Hammasi qo‘ni-qo‘shnilarim, faqat kampirning ji­yani Ismat aka do‘ngdan tushgan, bari bir, bitta qish­loq, begona yo‘q, hech kim menga yomon gapirmadi, hech kim bilan aytishmadim, qo‘yar-da qo‘ymay bir piyola ichirishdi ham, lekin o‘sha devor devorligicha turaverdi, bular u yoqda, men bu yoqda.
Nimada xato qildim desam, hammasi – hasharga qo‘shilish o‘yidan boshlab kelib qo‘shilishimgacha, qo‘­shilib andava tortishgacha, birgalashib aroq ichishgacha, ichida chayon o‘lganmi, yomon achchiq ekan bu ham, o‘zimni zo‘rlab gurung berishga urinishimgacha, bari yarashmagan, bu yerga, bu davraga qovushmagan edi. Chuqur qilib tushuntira olmayapman, lekin boshingizdan o‘tgan bo‘lsa, shu aytganlarimdan ham anglaysiz – G‘azira meni bag‘ridan chiqarib, begona qilib yuborganini!
Ko‘p misollar keltirsam bo‘ladi, lekin barining tagida u yoki bu taxlit bitta gap yotadi.
Mening dardim ko‘p, dardlarim sizib tushib, jil­g‘a-jilg‘a o‘sha ko‘kdaryoga qo‘shiladi, G‘azira ko‘k­daryodan ko‘kka burkanib turaveradi. Qushi ko‘p edi uning, shu qushlari ozod edi, tongda o‘rganmagan odamning qulog‘ini qomatga keltirardi. Bolaligimda bir qushning uzun hushtagini har kuni eshitardim, o‘zim ham qo‘shilardim, hushtagini qaytarsam , u ham qaytarardi, keyin bilsam, kitoblarda ko‘p o‘qib, bir ko‘rsam deb orzu qilganim bulbul shu, hozirlari juda ko‘paygan, basma-basiga sayrog‘i qishloqni bosar ekan. Olamga chaqirar edi bu qushlar.
G‘azira o‘sha kunlarimni ko‘rgan, bari uning beparvo-palak bag‘rida kechgan. U hozir… yukinib men bo­raman, u esa kelding ham, ketding ham demaydi, birdek ko‘kligi, ko‘kligida o‘sha shivirlar, xayr, qarib kesilgan daraxtlari o‘rniga ulardan ertak tinglagan kechagi nihollari qad rostlagan, yo‘llar hali-hanuz quyuq soya, musichalari g‘uv-g‘uvlaydi, qumrilari kukkulaydi, ertalablari bulbul hushtagi yaratganga sano aytadi, – o‘sha keksa mashq og‘ushidagi yashil maskanim, – men ham ko‘pni ko‘rib qo‘ydim, o‘zida shuncha ko‘rsatib, yana sog‘intirgani uchun aytadiganlarim bor, lekin tuz haqqi qo‘ymaydi. Sevsang meni shundayimcha sevasan, yo‘q esa, bari bir, ana, boshingga oftob urmasin ketayotganingda deb, katta ko‘chamga ko‘lanka solganman, deydi va bolaligim tengi bolalarning mehnatiga, bular ertaga katta odam bo‘lar-ku demay, ko‘kdan to‘qigan to‘rini keng yoyib turaveradi.
Ufqning hu chetigacha parda tortgan kechki g‘ubor tagida ko‘p bedilliklar bor hali, eshakka o‘t ortib daladan kelayotgan, poda qaytishini kutayotgan, chingalak surayotgan bolalarning qiyqiriqlari ezgin, ayol­larning ko‘ngillaridan sizib chiqayotgan hasrat alyorlari hali hamon barglarga ilashadi, ular kirib ketganda alyorlar barglarda qoladi, barglarning har biri ularni o‘zicha pichirlab ko‘rib, keyin bir-biriga uzatib, shivir-shivir shabada gurungiga qo‘yishadi, shang‘i qarg‘ishlar ko‘cha tuprog‘iga tushib, gard bilan yoqalashadi, yarim oqshomgacha beibo daydiydi, chang ko‘taradi, tinch yotgan odamlarning tinchiga kunchilik qiladi, yaxshilab o‘ylasangiz.. Mana, Ma’qul xola bilan Bobili yanga shu qari tolning tagida aytishgan, ikkovining tili yomon, bir-birini xo‘p tuproqqa qorgan, qarg‘ashdan boshqa nimaga ham kuchlari yetadi, katta ko‘chada yulishmaydi, qishloqchilik, manjashganlari o‘zlarining esidan chiqib ketgan, lekin, mana, tagidan shu ikki xotin o‘tsa, o‘tgan qarg‘ishlardan tolning barglari mujmayadi.
O‘ylab qarab, shu barglarda sog‘inchlarim ham ilashib turganini ko‘raman.
Ha, shu, men ham, sog‘inch ichidan qarayman. G‘a­zi­raning bemehrligi – mehr, bari bir, meni katta qil­gan, katta yo‘lga kuzatgan, shu yerning bolasiman, – bolaligimdan yukinib salomda kelaman…
Lug‘at varaqlashdan shuncha gap chiqib ketdi! Lu­g‘atdan chiqib bu kirib keldi, bolaligimdan kerak-nokerakni eslatdi, men zavq qildim, o‘ksindim, o‘yga cho‘mdim, uning gapi tugamadi, bor kinlarini to‘kib soldi, unga qarab o‘tiraverdim xotiralarning ichida, o‘zi aralashmasa yaxshi bo‘lardi deb…
Aralash-quralash ko‘p narsani ortib kelganiga boshda nima degani esimdan chiqayozibdi – maqollarga e’tiroz bildirayotgan edi-ya. Jo‘n, jaydari desam, juda aytishqoq ekan, u desam, u deydi, bu desam, bu, oxiri xunobim oshdi. Nima, axir, bitta men eshak minibmanmi, qishloqda katta bo‘lgan barcha, hatto qizlar ham, u paytlari birda-yarim xotinlar ham, dashtlarda kampirlar ham mingan. Hamma qolib bu nimaga meni topib oldi? Keyin, maqol, hikmatli so‘zlarni men o‘ylab chiqarganim yo‘q, ko‘pchilik to‘qiganmi, javobini ham ko‘plashib bersin-da. Bolaligimni bo‘lsa, kim nima desa, desin, yashab oldim.
– Xo‘-o‘sh, – deb yana o‘zimni bosib, yotig‘i bilan gapirishga o‘tdim. – O‘zingni har narsa deb xayol qilib, shundan xulosa chiqaraverma. Eshaklik ishlaringga men aralashgan emasman.
Murosa qilib, maqolda aynan o‘zi emas, balki uning misolida eshaktabiatlar nazarda tutilgani, buning uchun xafa bo‘lishga sira asos yo‘qligi, aksincha, odamlar shundan o‘zlariga xulosa chiqarib olishi kerakligini tushuntirmoqchi, hatto kelib o‘tmish gaplarni eslatgani uchun rahmatlar ham aytmoqchi bo‘lgan edim, u gapni burib yubordi:
– Ot ham hayvon, to‘g‘rimi? – deb so‘radi.
Shunaqa ham oddiy savol beradimi, yo o‘zini merovlikka solyaptimi deb o‘ylab:
– Ha, ot ham hayvon, – dedim-u, to‘xta, bundan bir gap chiqarmasin deb: – Lekin ot hayvon, – deb ur­g‘uladim.
– It-chi? – deb so‘radi yana eshak.
– Ha, ko‘ppakmi, u ham hayvon, lekin u bo‘ri oilasiga kiradimi yo bo‘ri bularning oilasigami, ishqilib, tubi bir, lekin hozir uy hayvoni-da, – deb ilmiyroq javob qildim.
– Mushuk-chi? – deb so‘radi eshak.
E-e, bular azaldan kelishmaydigan edi, nimaga uning hamma savoliga javob topishim kerak deb, sal jerkib berdim.
– Nima demoqchisan o‘zi, hamma hayvonlarga kunchilik qilasan? Odamdan boshqa hammasi hayvon! Nima xusumating bo‘lsa, borib o‘ziga ayt, mutasaddi emasman senga. Qara, “Eshakning mehnati halol, go‘shti harom” emish, yeyishmasa, go‘shtimni nimaga yomonlashadi, deysan. A bu, odamning mehnatini qadrlash ha­qida bir hikmat bo‘lsa! “Eshak eti g‘o‘sht bo‘lmas, savdogar hech do‘st bo‘lmas” deb, etimni noinsof savdogarlarga muqoyasa qilish adolatsizlik deysan yana. Yo‘q yerdan o‘zingni xafa qilyapsan. Senga birov do‘st bo‘l deyaptimi? Ochig‘i, men ham senga bolaligimda do‘st deb qaramaganman, azob ham berganman. Lekin bahorikordan uch qanor somonni sen turganda o‘zim ko‘tarib kelmayman-ku. Mayli, o‘sha kunlarni olib kelganing, bari bir, yaxshi, ammo u paytlari hikmat nimaligini men ham bilmaganman. Qo‘limdagi qirmizi lug‘at o‘sha paytlari chiqqan, bosilgan yili mana, ellik to‘qqiz, o‘tgan asrning ellik to‘qqizi. Hozir ham o‘qib, seni ko‘p noo‘rin misol qilganlarini ko‘ryapman. Masalan, “Eshakni betamizligidan eshak deydilar” deb yozilgan, tavba, eshakning tamizligiyu betamizi bo‘ladimi, men ham farqiga bormayman. Endi, bu maqollarning barini otam zamonida, eshak ko‘p payti oldingilar aytgan, ularga ham necha asr burun o‘tib ketganlardan qolgan, endi topib borib, o‘zlaridan nimaga bunaqa degansizlar, deb so‘rashning sira-sira iloji yo‘q. Qaysi hayvonning hayvon yo hayvon emasligi masalasini qo‘zg‘ashga kelsak, sen shu g‘alvani ko‘zlab turibsan shekilli, bu ham sira kerak emas. Hammasi ham o‘z o‘rni, o‘z joyi, o‘z a’moliga ko‘ra yashab yuribdi hayvonligini qilib. Shuning uchun qo‘y bu qitmirliklarni, – dedim, uzoq gapirdim, siltab tashlasam ham insofdan emas.
Siz ham lug‘atni bir varaqlab ko‘ring, eshak haqida rostdan ham misol ko‘p. “Eshak minganning oyog‘i tinmas, ikki xotinlikning – qulog‘i” degan gapning unga nima aloqasi bor, mingan odam ustingda ikkita oyog‘ini osiltirib yurishini aytmasa, aniq bog‘lanadigan man­tiq yo‘q.
– Men shu hayvonlik qilmasliklarini aytyapman, – deb eshak gapimni eshitmayapsiz degan ma’noda qulog‘ini salanglatdi. – Ot otligini qilmaydi, it itligini unutgan, mushuk odamlarning uyida yashab, sichqon ovlashdan or qiladi, a, ishi-ku shu! Ot ishlamaydi, har zamonda bir poygada chopib maza qiladi, ko‘pkariga chiqadi – bo‘ldi! Sayisxonalarda ko‘k beda-emni urib, bekor turaveradi, qashlog‘ichigacha bor! It egasinikini qo‘riqlashi kerak, u esa hatto o‘g‘riga hurishni ham bilmaydi, lekin uydan joy olgan, suyuq sovunlarda cho‘miltirib, junini taroqda taraydilar. Bu qanaqasi! Dangasalarning dangasasi mushuk, ko‘ngli tusasa miyovlaydi, odamga o‘zini siypatadi, bo‘lmasa shu ham yo‘q. Bekorchiligidan o‘zini qayoqqa qo‘yishni bilmay, tomlarda daydiydi. E-e, tavba, odam hayvonning xizmatida-ya! Odam-a! Mana, cho‘chqani olaylik…
– E qo‘y, gapirma shuni, men yomon ko‘raman, – dedim irganib.
– Mayli, gapirmayman, – dedi bari bir gapirgisi kelib. – Lekin, bilmayman, o‘zini nima deb o‘ylasa, jonining rohatini topgan, bo‘kib yeydi, balchiqqa botadi, yana yeydi, yana balchiqqa kiradi, ishqilib, xarish to‘nka-da, odamlarni o‘ziga ishlatadi. Haq yerini topgani shumi! Hayvonligini unutganlar yana bor-u, sanasam, hasaddan gapiryapti, o‘zi shunday bo‘lolmaganining alamidan deb o‘ylaysiz.
Bu qanaqa eshak o‘zi? Ali desang, bali deydi!
– Menga qara, – deb yana sal siltadim.– Sen ot bo‘lolmaysan, ko‘ppak ham, eshaksan, lekin o‘rningni bil, o‘zing uchun harakat qil. Aytib qo‘yay senga, bu maqolda yo‘q – eshaklikni ham ko‘rsatish kerak.
– Ishlayapman-ku ertayu kech, – deb hayron bo‘ldi u, nihoyat-e, gapim yetib bormadi.
– Ishlash boshqa, kurashish boshqa. Ertayu kech ishlaganing bilan bu hayotda o‘rningni topmasang, eshak ham bo‘lolmaysan, – deb keskin gapirdim, keyin rah­mim keldi. – O‘zingni himoya qilishni bilmaysan, misol uchun, bo‘rini ko‘rsang, bo‘ldi, taqqa qotib, so‘m go‘sht bo‘lib turaverasan.
– Iy-e, ilojim qancha: men – eshak, u – bo‘ri, – dedi eshak ma’yuslanib.
– Hech bo‘lmasa, tepin. Shuni ham qilolmaysanmi? – dedim.
– Ho-o, jahli chiqib ketsa-ya, – deb eshak hurkib ketdi.
– Baribir yorib ketadi-ku seni! – dedim bo‘g‘ilib; bu galvarsga bir narsani uqtirib bo‘ladimi o‘zi!
– E-e, mendan buzg‘unchi chiqmaydi, – dedi eshak kallasini solintirib. – Har xil yo‘lga boshlab, eshak­likdan chiqarib yubormang meni. Shu eshakligim o‘zimga mos, qulay.
– Chiqmaysanmi eshakligingdan? – dedim bo‘g‘ilib.
– Nima qilaman chiqib? Ming yildan beri shundayman, shundayligimcha qolaman, deb hangrab yuraman.
Ana xolos, bu o‘ylaganimdan ham qaysar chiqib qoldi-ku!
– Yuraver shunday! Bo‘lishing shu bo‘lsa, seni bo‘ri tugul kuchuk ham g‘ajib ketadi, – dedim.
– Shunchaki yurganim yo‘q, eshakligimni qilib yuribman, – dedi eshak gapimni qaytarib.
– Xo‘p, shu eshakliging nimadan iborat ekan? – dedim bo‘g‘ilib.
– Eshakligimmi? – deb gapimni takrorladi eshak. – Eshakligim – tinim bilmay ishlayman, hamma ishga chidayman, keyin chidab ishlaganimga o‘zimga tasanno aytib yashayman.
– Tasannong nima? – deb hayron bo‘ldim.
– O‘zimga tasanno aytaman – hangrayman, – dedi eshak kallasini ko‘tarib.
Gap topilmay qoldi. Nima ham deyman? Eshak kal­lasi bilan shu gapni aytib turibdi.
– Faqat meni bemalol hangrashimga qo‘yib beringlar, – deb eshak faqat menga emas, ko‘pchilikka ga­­­pirdi. – Nimaga meni odamning yomonlariga teng­lash­­tirasizlar, axir, men bor-yo‘g‘i eshakman-ku! Es­kijuvalaring bilan nima ishim bor!
Ana shu yerga kelganda tilim tutilganidan jahl bilan qalamni sindirib qo‘ydim; attang, attang, yum­shoq yozadigan, jumlalarning tagiga chizishga juda yaxshi edi.
– E bor! Ana, tinmay ishla, ishingga besh ketib, tinmay hangra, – dedim. – Mehnatdan boshing chiqmay o‘zingga tasanno aytishdan to‘xtama.
Men kinoya qilib aytsam, bu tushunmadi.
– Rahmat! – dedi. – Aytmagan gaplarimni ham tu­shundingiz. Meni har nimaga teng qilib, har yo‘lga boshlamadingiz.
Sizga qanday bilmadim-u, lekin bu bilan gaplashaman deb o‘zimning ham aqlim to‘mtoqlashib, tezroq qutulishni istab qoldim.
– Bo‘pti, bo‘pti! Tushungan bo‘lsang, endi jo‘na! – dedim.
Endi eshak ajablandi:
– Qayoqqa ketaman, siz bilanman-ku, – dedi.
Hu boshdagidek yana angraydim, kallam ishlamay qoldi.
– Qanaqasiga men bilansan?
Eshak xuddi kulgandek irshaydi:
– Doim birgaman siz bilan – kitobingizdan chiq­dim-ku!
Siz bir narsaning ma’nisiga bordingizmi? Men shu ma’nini topolmadim. Kitobni, shu qirmizi lu­­g‘atni pop etib yopib qo‘ydim. Yarmi tishlangan parra qazi ham xor bo‘ldi.
Ko‘p o‘ylandim, bolaligimga necha bor tushib chiqdim, u yoqdan ham tasanno aytadigan gap topolmadim.
O‘zimcha taxmin qildim: nima edi bu eshak: jaydari, qo‘sqi, qaysar, mayli, boshqa nimalarga o‘xshatmay, o‘zi shuni so‘radi, ammo    dunyodagi jami eshaklarga misol qilsa bo‘ladigan – eshaklarning eshagi, hali eski tilimizda aytiladi-ku, shohul shahanshoh degandek, eshagul eshak edi.
Lekin kitobdan chiqdim deb, meni xotiralarga ko‘­mib, eshik chorcho‘pini kir qilib ketdi.
Yuvsa ketarmikan?
Hozirlari yana o‘ylasam, qishlog‘im mendan norozi ko‘kliklarini uyub qarayotgandek bo‘laveradi: yana nima qarzlarim qolgan ekan? Bo‘lmasa, nimaga bu eshagi kelib yuribdi?

2011-2012 y.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 1-son.