Ravshan ishxonasida o‘ralashib, qolib ketdi. Qo‘l telefonining soatiga qarasa, yettidan oshibdi. Oq xalatini yechib, qora charm kurtkasini ildam kiydi. Qishning qisqa kuni emasmi, allaqachon qorong‘i tushgan, quruq sovuq etni junjitar, lekin simyog‘ochlarga o‘rnatilgan kiyik ko‘z misol uzunchoq lampalar atrofni charog‘on etib turardi. Avtomashinalarning tinimsiz oqimi, ishdan qaytayotgan odamlar tafti go‘yoki atrofga fayz va iliqlik bag‘ishlardi.
Mashinasiga endi o‘tirayotgandi, ortidan kimdir chaqirdi. Zum o‘tmay, ro‘parasida qaddi-qomati tik, qirra burun, 40-45 yoshlardagi ayol paydo bo‘ldi. Uning chehrasi daraxtlarning hali batamom tushib ulgurmagan barglari to‘sib turgan neon chiroqlari nurida aniq ko‘rinmas, lekin ko‘zoynagining yaltiroq bandlari atrofga go‘yo shu’la taratardi.
— Ukajon, meni kechirasiz-da endi, — deb gap boshladi dabdurustdan, — aptekangizni qulflayotgan ekansiz. Shu desangiz, shokoladxo‘r nabiramning tishi og‘rib qolsa bo‘ladimi? Do‘xtirdan o‘lgudek qo‘rqadi, voy-dod, bormayman deydi.
Ravshanning ensasi qotdi. Hech narsadan hech narsa yo‘q ayol shuncha gapni taxlab tashladiya. Buning ustiga bugun tug‘ilgan kuni. Xotini ikki-uch marta telefon qildi.
— Opajon, bunaqa dori bizda yo‘q. Aptekani yaqinda ochganmiz. Erta tushdan keyin keling, topib qo‘yaman, — dedi beparvo mashinasi kabinasiga joylashib olarkan.
Ravshan ayol shunga ham rahmat aytadi-da nari ketadi deb o‘ylagandi. Yo‘q, unday bo‘lmadi:
— Ukajon, qaniydi bu tish og‘rig‘i qurg‘ur ertagacha bolajonimni tinch qo‘ysa, — dedi iltijoli ohangda. — Dardning og‘ir-engili bo‘lmas ekan. O‘zi shiringina o‘g‘il bola: sochlari jingalak, ko‘zlari qop-qora. Ho‘ng-ho‘ng yig‘laganidan keyin chidab bo‘lmas ekan.
“Namuncha yopishqoq bu ayol, — o‘yladi yigit g‘ijinib. — Xuddi men unga majburday gapiradi. Ish vaqti allaqachon tugagan bo‘lsa. Yo‘q desam ham qo‘ymaydiya”.
Ko‘z oldiga mehmonlar — aka, ukalari, xona to‘rida hammayoqqa fayz bag‘ishlab o‘tirgan onasi keldi. Ayol esa hamon unga boqib turar, bor gapni aytdim, zorim boru zo‘rim yo‘q, deyayotganday edi. Birdan -Ravshanning yuragida unga nisbatan mehr uyg‘ondi:
“Chorasiz qolgan bo‘lsa ham biron tanish dorixonaga qo‘ng‘iroq qilib bering, deb ochiqdan-ochiq aytmayapti, shunga shama qilayapti, xolos. Madaniyatli ayolga o‘xshaydi”.
Ravshan mashinaning orqa eshigini ochdi:
— O‘tiring.
— Qayoqqa, — ayol ko‘zlarini katta-katta ochib hayron bo‘ldi.
— Dorixonaga, — dedi yigit bu gal yumshoqroq ohangda. — O‘zingiz aytayapsiz-ku, dori hozir kerak deb.
U “hozir” so‘zini cho‘zib aytdi.
Ayol bir oz yerga qaraganicha iymanib turdi, so‘ng jimgina orqa o‘rindiqqa cho‘kdi.
Besh-olti chaqirimdan keyin yashil chiroqli “Navbatchi dorixona” degan yozuv ro‘parasida to‘xtashdi. Ayol shosha-pisha eshikni ochayotgandi, Ravshan ortiga o‘girilib: “O‘tiravering, — dedi qandaydir bepisand, — men o‘zim…”.
Ayol baribir tashqariga chiqdi, qalin paltosining yon cho‘ntagidan bir dasta pul olib, yigit ortidan ergashdi.
— Sizdan iltimos qilaman. Joyingizda o‘tiring! — Bu gal Ravshanning ovozi qattiqroq chiqdi, shekilli, ayol ko‘cha o‘rtasiga kelganida to‘xtab qoldi. Ajabki, u bu dag‘al muomaladan sira xafa bo‘lmagan, aksincha, go‘yo ushbu gap ohangida o‘ziga yaqin kishisining mehribonligi yo‘g‘rilgan edi.
Bir ozdan so‘ng yigit kichkinagina penitsilin shishasida allaqanday suyuqlik ko‘tarib qaytdi. Bu vaqtda ayol nima qilishini bilmay, mashina oldida turar, biroz uyalish va hadik aks etgan chehrasida yoqimtoylik jilvalanardi.
— Mana, — dedi Ravshan dorini unga uzatarkan. — Hamonki, nevarangiz do‘xtirdan qo‘rqar ekan, paxtaga shu dorini shimdirib, tishi kavagiga qo‘ying. Vaqtinchalik bo‘lsayam og‘riqni bosadi. Ertaga baribir -stomatologga borish kerak.
Ayol hayajonlanganidan jilmayib tez-tez gapirdi:
— Ukajon, boringizga shukur. Qanday rahmat aytishni ham bilmayapman sizga.
Ravshan yarim soatcha vaqti ketganiga achinib turar, lekin yaxshi gap baribir yaxshi-da, bu so‘zlardan iyib, beixtiyor ayolga qaradi, uning labi ustida moshdek qora hol chehrasiga juda yarashib tushgandi.
O‘n besh daqiqadan so‘ng mashina boyagi joyiga yetib keldi. Ayol shofyorning yonidagi o‘rindiqqa indamay bir dasta pul tashlab, eshikni ochdi. Buni ko‘z qiri bilan ko‘rib qolgan Ravshanning astoydil jahli chiqib, pulni ayol qo‘liga tutqazdi:
— Savob ish pullik bo‘lmaydi, opajon. Dori esa kichkintoyga mendan malham.
U uyi tomon asta borarkan, yuragini allaqanday tuyg‘ular qamrab olgandi. “Umringda ko‘rmagan ayolga buncha xushomad? Nima, u ikki tug‘ib bir qolganingmi? Tag‘in tekinga shuncha xizmat”. “Hoy inson, yarim soat vaqting ketsa ketibdi-da, shunga osmon uzilib yerga tushibdimi? Odamga savob ham kerak. Buyog‘ini aytsang, dunyoda pulga sotilmaydigan narsalar ham bor”.
* * *
Chindan ham uyi to‘la mehmon ekan. To‘qsonga chiqib qolgan bo‘lsa-da hamon tetik, ochiq chehrali onasi qalin ko‘rpachadan turib, o‘g‘liga quchoq ochdi:
— Voy, bolam-ey! Ishingni namuncha yaxshi ko‘rmasang. Tug‘ilgan kuningda ham ertaroq kelmaysan-a!..
Ravshan jilmayib ko‘rpachaga cho‘kdi. Onaxon shu kunlarga yetkazganiga shukronalar aytib, duo qildi. Ancha vaqt suhbatlashib o‘tirishdi. Onaxon chiroyli ko‘zoynagini qo‘liga olib, mehmonlarga tushuntira boshladi:
— Mana shu ko‘zoynakni Ravshanim sovg‘a qilgan. Qarang, xuddi tilla suvi yuritilgandek. Yengilgina. Nozikroq joylarga mehmonga borganda taqaman-da buni. Boshqa payt bandi plastmassaligini ishlataman. Shu deng, uch kun avval mehmondorchilikdan kelib, qutichasiga joylamoqchiydim. Yaltiroq temirli bandini qattiqroq tortib yubordim, shekilli, sinib ketdi. Nima qilishimni bilmayman, deng. Nega deganda, uch kundan keyin nabiram qiz uzatayotgan, shunga mehmonga borishim kerak edi.
— Darrov menga telefon qilmabsiz-da, onajon, — Ravshanning sabri chidamay dedi. — Bilasiz, “Optika”larda tanishlarim ko‘p.
Onaxon beozorgina qo‘l siltadi:
— E, shunga ham seni ovora qilamanmi! Mahallamizdagi do‘konga kenja nabiramni jo‘natgandim, bir pasda qaytib keldi. Nima, tuzatib bo‘lmadimi, desam kuladi. “Mana tayyor. Bir xotin bandini yangi qo‘yib berdi. Oynasini ham artib, tiniq ko‘radigan qilib berdim, deydi. Pul bersa, “Tabarruk onaxonniki ekan, o‘ziyam qimmat turadi. Bunday ko‘zoynaklarni shular taqadi”, deb olmabdi. Duo qilsam bo‘ldi ekan. Tavba, bu qanaqa mehribon ayol ekan, desam, labida xoli bor chiroyli xotin, deydi nabiram.
Mehmonlar chehrasida ajablanish ila mamnunlik paydo bo‘ldi: “Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p”. Ravshan o‘y surib qoldi. U hozirgina mashinamdan tushib qolgan, yaltiroq bandli ko‘zoynak taqqan, labida chiroyli xoli bor ayol o‘sha emasmikan, deb o‘ylardi.
Tug‘ilgan kunida uyiga kech qaytgan bo‘lsa ham vujudida qilgan yaxshiligidan huzurbaxsh orom his etdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 7-son