Abduqayum Yo‘ldosh. Puankare (hikoya)

I

Vaqt ta’sirini o‘tkazmaydigan narsaning o‘zi qolmapti. Hatto asl mol ham uning qoshida ojiz ekan.

Bundan o‘ttiz besh yil burun Maskovda mana shu portfelni naq bir yuz yigirma rublga olayotganimda sotuvchi: «Toza charm. Sizga yuz yil xizmat qilib beradi. Hatto bir asrdan keyin ham yangiday turadi!» – deb rosa og‘iz ko‘pirtirgan, yonimda turgan o‘zim qatori ahli urfonning ayrimlari esa ko‘rsatkich barmoqlarini chakkalariga tirab aylantirishdan o‘zlarini tiyisholmagan, baayni aytmoqchi bo‘lgandilarki, tentaklik ham evi bilan-da, sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga deganlari asli shu; ammo na iloj, zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q, illo nainki liriklar, balki bizdek jiddiy riyoziyotchilar safida ham aqli noqislar uchrab turishi ehtimollar nazariyasiga mos va xos…

Darvoqe, oldindan aytib qo‘ya qolay, kelajak ularning adashmaganligini ko‘rsatdi. Ammo o‘shanda… o‘shanda ko‘ng­lim portfelga sust ketgandi. Go‘yo shuni olsam, ichiga qo‘l­yozmalarimni solsam, gabaritlari ulkanroq tumor yanglig‘ mahkam bag‘rimga bosib yursam bas, barcha ishlarim o‘z-o‘zidan yurishib ketadigandek. To‘g‘ri, Tirkash jo‘ram, nihoyat, ko‘p yillik orzusiga yetib urg‘ochi bo‘rini qopqonga tushirgan, u jon alpozda haligi joyini g‘ajib tashlamasidan burun tinchitishga ulgurgan, xullas, o‘tkir pichoqda kesib olingan o‘sha joyini tosh ustida, kunchuvoqda erinmay tuz sepib, quritib-qovjiratgach eski lattaga o‘rab-chirmab menga olib kelib bergan, qo‘ltig‘imda tumor qilib taqib yurishim kerakligini qayta-qayta maslahat bergandi. Nima emish, urg‘ochi bo‘rining butun qudrati jamlangan o‘sha joyini qo‘ynida olib yurgan odam ham balo-qazolardan asralarkan, ham ishlari juda qisqa fursatda («Sekundda! Garrantiya!» – dedi jo‘ram ishonch bilan) jo‘nashib ketarkan. «Ovulimizdan chiqadigan birinchi kattakon o‘zing bo‘ladiganga o‘xshaysan, jo‘ra, yana Maskovga boraman deyapsan, bu lekin senga yomonam kerak bo‘ladi-da!» – deb molini targ‘ib-tashviq qilishni bopladi Tirkash. Albatta, bog‘chadan boshlab dahriylik e’tiqodi qon-qoniga singdirilgan avlod vakili sifatida bunaqangi irim-sirimlarga ishonmadim; nima, menday oliy ma’lumotli, bo‘yniga ilonning tiliday galstuk taqib olgan bo‘lg‘usi olim qo‘yniga urg‘ochi bo‘rining jinsiy a’zosini solib yursinmi? O‘rischasiga aytganda, gde eto vidano?.. Ammo do‘lvor jo‘ramni xafa qilib qo‘ymay degan maqsadda bu ajabtovur «sovg‘a»ni rad etishim sababini yotig‘i bilan, ilmiyroq asosda tushuntirishga urindimki, xo‘p, ana, o‘zing uch yuz chaqirimlik yo‘ldan kelding shu matohni ko‘tarib, xo‘sh, bunday o‘ylab ko‘r-chi, nima bo‘ldi, qaysi ishing birdan, sekundda, garrantiyasi bilan jo‘nashib ketdi? Chaqirilmagan qo‘nog‘imni chuqur mantiqli gapim bilan bopladimov deb tursam, Tirkash kuydirgan kalladay tirjaydi: «Seni topdim-ku, jo‘ra, ishimning bundan ortiq jo‘nashgani bo‘lama?» Bunga nima deysiz? Yo‘q, aldab-suldab, «keyin borib olaman» qabilidagi yaxshi gaplar bilan jo‘ramni o‘sha ochilmagan tugunchadagi sharmsiz boyligi bilan qo‘shib ortga qaytarib yubordim.

So‘ngroq ne hodisotlaru istilohlar, ne evrilishlaru sinoatlar hosilasi o‘laroq ong-shuur birlan tafakkurda, qalb birlan ruhoniyatda bemisl o‘zgarishlar yuz berganida, ayniqsa, qismatning omadsizlik hamda bebaxtlik atalmish ikki bahaybat toshi orasida shafqatsizlarcha ezilib-yanchilib, zulumot bag‘rida «dod» deyishga ham nafasim chiqmay qolgan onlarda o‘zimga o‘zim pushmon aralash o‘kinchli iddaolar qildimki, ey gumroh banda, o‘shanda o‘sha matohni cho‘ntagingga solib ketaversang yoinki bo‘yningga osib olsang, bir joying kemtilib qolarmidi? Nima, u sendan osh-non so‘rarmidi? Illo, mohiyatiga qaralsa, har qanday e’tiqod izzatga loyiq emasmi? Ana, Tirkash jo‘ram bo‘rining o‘sha narsasiga ishonib kam bo‘lmadi-ku! Kimsan, tog‘begi! Lorsillagan, har bilagi kelisopday, ikki yuzi shirmoy nonday qip-qizil, shu holiga bir gapirib, o‘n kuladigan hazilkash xotini, to‘rtta devday-devday o‘g‘li bor. Ko‘pkari chopadi, solim oladi, kadi-kadi qimiz ichadi, bir o‘tirishda yarimta qo‘yning etini yeb, moyli qo‘llarini amirkon etigining qo‘njiga artadi-yu, mo‘ylovini bura-ab ketaveradi. Umrida bir marta do‘xtirga bormagan, bir marta parhez degan narsaning yonidan o‘tmagan! (O‘zining aytishicha, «Kampirminan tizzani tizzaga tekizib gurung­lashib o‘tirishdan ortiq ho‘zir borma bu dunyoda?») Odam quriganday kelib-kelib xotini bilan garov o‘ynab kenjasining to‘yiga Toshkentdan qirqta artist opkelgan, hammasini toqqa otda opchiqqan, orqasi shilinganidan stolda o‘tirolmay dikonglab o‘ynayvergan qo‘shiqchi-raqqoslarning ustidan dasta-dasta pul sochgan, to‘ydan keyin esa – bahs shartiga ko‘ra – ustma-ust qirq kun mag‘lub xotinini to‘y suratga olingan videoni tomosha qilishga majbur etgan, o‘zi bo‘lsa o‘tirgan chorpoyada mo‘ylovini sila-ab… Bir bandaga bundan ortiq yana ne kerak, axir, yana ne kerak?..

Aytganday, gap portfeldan boshlangandi-ya, men bo‘lsam qayoqlarga uloqib ketdim. Biroq bunga ajablanmasayam bo‘ladi – matematik qonuniyat bu. Hayotning o‘zi sonlardan iboratligi qanchalik rost bo‘lsa, yosh bilan til eshilishining bir-biriga to‘g‘ri mutanosibligi shunchalik haqiqat. Zero, men haliga dovur kam gapiradigan mo‘ysafidni ko‘rmadim…

Mana o‘sha portfel. Yuz yil emish! Bir asrning uchdan birini o‘tab-o‘tamay yuzimga o‘xshab bujmayib, qarimsiq bo‘lib qoldi; bir xil joylarining terisi ko‘chgan, kal boshimni eslatadi. Mol ham egasiga o‘xsharkan-da. Buyam kamday, bo‘sh qopga o‘xshab sira tik turmaydi, ichiga u-bu solsam sal qaddini g‘oz tutganday bo‘ladi, ammo bu aldamchi taassurot, sal o‘tmay yana qiyshayib-miyshayib qoladi. Qulf degan jonivor ishdan chiqqaniga-ku necha zamonlar bo‘lgan: men yopib charchayman, u bo‘lsa «shirq» etib ochilib ketishdan erinmaydi. Shunga portfelni qo‘ltiqlab yo bo‘lmasa mahkam bag‘rimga bosib yurishga majburman. Kambag‘alning boyligi yonida bo‘lgani ma’qul. Yo‘qsa, hov bir galgiday moshin-poshin turtib ketsa, qog‘ozlarimning bari sochilib ketuvi mumkin. O‘shanda birdan yerdan chiqqanday boshimda paydo bo‘lib qolib, tekin tomoshani huzur qilib ko‘rayotgan, ayrimlari telefoniga suratga ham olayotgan lak-lak odamga shuncha tavallo qilib yalindim, Xudoning zorini qildim, hoy musulmonlar, o‘rnimdan turolmayapman, emaklashning ham evini qilolmayapman, sizlar, sog‘ bandalar, manavi yer bilan bitta bo‘lib sochilib yotgan qog‘ozlarimni terishga yordam beringlar, yordam beringlar, iltimos, o‘tinaman, yolvoraman… Ammo qani tavalloyimni bir kas eshitsa! Bil’aks, «Miyasi chayqalgan-da, har narsani valdirayapti… Yo‘q, o‘zini artistlikka solyapti… Bu endi shopirni sog‘ib ichadi» qabilidagi sassiq taxminlar qulog‘imga chalindi, xolos. Holbuki, men artist emasdim, miyam chayqalmagandi, esankirab qolgan sho‘rlik shopirni sog‘ib ichish niyatim ham yo‘q edi. Men qo‘lyozmalarimni yo‘qotib qo‘yish vahimasidan shu ko‘yga tushgandim. Garchand o‘shal baxtsiz hodisa tufayli qatorasiga to‘rt yil hassa taya­nib yurishga o‘tgan bo‘lsam-da, meni chap oyog‘imdagi boldir suyagining to‘rt enlikka qisqargani emas, nogahoniy zarba bois qo‘limdan otilib ketgan portfelimdan sochilgan bitiklarimning izsiz yo‘qolgani ko‘proq iztirobga soldi. Kimga kerak edi ular? Har sahifadagi nari borsa sakkizta formula bilan to‘rtta grafik kimniyam qiziqtirardi? Bu axir… bu axir, agar muqoyasa joiz esa, ko‘rinmas odamning ish daftarini o‘g‘irlab qochgan, so‘ng uzun tunlari sahifalardagi o‘zining mutlaqo tishi o‘tmaydigan qaydlarga angrayib qarab o‘tiradigan savodsiz, johil kimsaning mantiqdan butkul xoli qilig‘ini eslatmayaptimi sizga?

Yo‘q, yo‘q, Uellsni tinch qo‘yaylik. Illo, menday yer yuzida sudralib yurishga mahkum etilgan ojiz bir banda kim-u, bitiklariga «Fikrlovchilar uchun» degan hikmatli eskartmani qistirib qo‘yadigan ul ulug‘ zot kim?.. Gap portfel haqidamidi, demak, yana unga qaytamiz. Faqat o‘shandan buyon qo‘lyozmalarimni portfelimda taxlam-taxlam qilib boylab yurishimni qistirib o‘tib ketsam bo‘lar: choydan og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi.

Zamon o‘zgarib, turli ohanjama atamalar urfga kirib qoldi. Shundoq lahjada lutf etadigan bo‘lsam, ushbu portfelim qaysidir ma’noda kaminaning imidjini yaratdi: talabalar, hamkasblarim meni undan ayro holda tasavvur etmay qo‘yishdi. Balki, shu sabablidir, portfelimning asta-sekin, men bilan birga qarib borayotganini ham tabiiy jarayon sifatida qabul qilishdi, chog‘i. Chin so‘zim, agar portfelimga mushtdekkina bosh bitganida edi, u ham meniki singari qaltirab turadigan bo‘lib qolardi; ozginagina zabon bo‘lganida edi, u ham menikiga o‘xshab tutilib-tutilib qoladigan odat chiqarardi.

Biz afsonalar va o‘triklarning yumshoqqina, issiqqina quchog‘ida yashaymiz. Biz o‘zimiz shuni istaymiz, boshqasi kerak emas, boshqasi bizga yoqmaydi, notavon ko‘nglimizga o‘tirishmaydi. Biz o‘zimiz to‘qib chiqargan rivoyatlarga-da ishonib kun kechiramiz, zarurat tug‘ilib qolganda uydirmalarimizni yalov qilib ko‘taramiz, «Yagona haqiqat!» atab himoya qilamiz, ular uchun jangga kiramiz, jon olib-jon beramiz, qahramonlik ko‘rsatamiz. Misoli o‘rmonga adashib kirib qolgan otga beadad hayrat va qo‘rquv bilan termilib qolgan, so‘ng, ot qarib vafot etgach, uni iloh darajasiga ko‘targan, suyaklariga sig‘ina boshlagan go‘l aborigenlar misoli hayotimizdagi timsol va tushunchalarimizni avval o‘zimiz bo‘y-bastimizga moslab yaratib olamiz-da, so‘ng ularning ojiz bandilariga evrilamiz.

Shaksiz, bu gap birinchi bo‘lib kimdan chiqqanini endi aniqlab bo‘lmaydi. Ammo institutda kaminaning xo‘p g‘aroyibotlarga boy qismati borasida ajabtovur talqinlar bor ediki, ular bora-bora, ehtimolki, o‘zimning unsiz ma’qullovimu haybarakallachiligim orqali isbot ham talab qilib o‘tirmaydigan oddiy ma’qulot, ya’nikim aksioma sifatida tilga olinadigan bo‘lib qoldi. Siz birinchi kursda ta’lim olayotgan istalgan talaba yoinki tolibadan «a» plyus «v»ning kvadrati nechaga teng?» deb so‘rab ko‘ring, har uchtadan ikkitasi g‘o‘ldirab qolishiga yoki nari borsa «a» kvadrat plyus «v» kvadrat» deb bez bo‘lib turaverishiga men kafil. Ammo endi o‘ta jo‘n, maktabning yettinchi sinf o‘quvchisi ham biladigan kvadrat tenglamani yecholmagan dumbulga bir og‘izgina: «Sizlarga oliy matematikadan saboq beradigan Falonchi Pistonchiyevich haqida nima bilasiz?» – deb ko‘ring-chi, hali savolingiz tugamasidan javobini yoqangizdan olib yengingizga yopishtirishiga yana o‘zim balogardon. Nima emish, sho‘rlik – ha-ha, aksariyat xuddi shunday deydi, har qalay, oltmish yoshga borgan, pensiya ostonasida turgan muallimning boshini orqavoratdan, ma’nan silab qo‘yish ularga tasvirlab bo‘lmas huzur bag‘ish­lasa kerak, buning ustiga, yashirib nima qilaman, inson ko‘pincha boshqa birovga nisbatan sog‘lom, yosh va baxtliroq ekanini his qilgan onlari yurak-yuragidan ozgina bo‘lsa ham xudbinona halovat his etadi, shu boisdan beixtiyor qulog‘i tomon cho‘zilib ketayotgan og‘zini yig‘ishtirolmay armonda qoladi – xullas, o‘sha sho‘rlik bundan ancha yillar muqaddam nomzodlik ishini yuz foiz tayyorlab qo‘yib, endi himoya qilaman deb turganida uning do‘sti, tasavvur qilasizmi, eng yaqin do‘sti yagona nusxadagi ilmiy ishni tag-tubi bilan o‘g‘irlab ketadi va, tabiiyki, tayyor ishni osonlik bilan himoya qiladi-qo‘yadi. Bu qadar razillikdan larzaga tushgan Falonchi Pistonchiyevich rosa iztirob chekadi, natijada bir kechada jingalak sochi avval qorday oqaradi, keyin bosh tepasidan to‘kila boshlaydi. Eng yaqin do‘stidan bu qadar xiyonatni kutmagan-da bechora. Bu axir hatto orqadan kelib xoinlik qilish ham emas, balki quchoqlab turib och biqinga g‘archillatib o‘tkir pichoqni sanchish bilan barobar… To‘xtang, to‘xtang, bu hali hammasi emas. Ruhiy azob o‘zining yovuz ishini qilmay qo‘ymaydi: shundan keyin sho‘rlik domlaning boshi tebranadigan bo‘lib qoladi, til ham andak zaxa yeydi: ayniqsa, hayajonlanib ketgan chog‘lari domla duduqlanadigan bo‘lib qoladi. Yo‘q, ma’ruza payti bu unchalik sezilmaydi, domlaning dovdirga o‘xshab o‘zi savol berib, o‘zi javob qaytaraverishini aytmasak, tuzuk, chidasa bo‘ladi…

Mana shunaqangi g‘ozsiz, lekin bora-bora, hattoki hamkasblarim ham ishonib qolgan oldi-qochdi gaplar. Menga yer ostidan achinib qarayverib qancha yosh mutaxassislarning ko‘zlari g‘ilay bo‘lib ketdi. Vaholanki…

Tap-tayyor qo‘lyozmani o‘g‘irlab ketgan emish! Yana kim, eng yaqin do‘stim!.. Laqmalik ham evi bilan-da.

To‘g‘ri, men ilmiy ish qilib yurgan paytlarim hali kompyu­ter degan mo‘jiza yo‘q edi. Ammo kompyuterdan ming chandon kuchliroq, tezroq, sifatliroq ishlaydigan miyam bor edi, miyam! Nahotki, shu miyamga oltmish bet mashinka matni bilan bir yuz yigirma to‘qqizta formulayu o‘ttiz sakkizta diagramma-grafikni joylab qo‘yolmasdim! O‘sha paytlari… yarim kechasi uyg‘otib so‘rang edi, qo‘lyozmamning istalgan sahifasidagi istalgan satr boshidan yoddan o‘qib ketardim to to‘xtatmagunlaricha. Formula-grafiklar-ku inchunin. U paytlari men uchun dunyo faqat o‘zimning formulalarim va diagrammalarim bilan tirikday, rangliday edi. Aks holda, oxirzamon bo‘lishi kerak edi, faqat oq va qora ranglardan iborat g‘arib kurrai zaminda qiyomat-qoyim qo‘pishi kerak edi… Bular bo‘lsa meni og‘zidagi tayyor oshini o‘g‘irlatib o‘tirgan landavur-lattachaynarga, parishonxotir laqmaga chiqarishyapti. Ana shundan keyingina larzaga tushganmishman! Sochlarim oqarib ketganmish! Boshim liqillab, duduqlanadigan bo‘lib qolganmishman! To‘qi-ya, to‘qi… O‘zingiz o‘ylang, insof bilan ayting, ishonib bo‘ladimi shunaqa gaplarga? Bularning bari… bularning bari o‘sha hayotni bilmaydigan telba yozg‘uvchilarning tuzsiz fantaziyasi mahsuli. Ishonavering, xuddi shunday. Aniq yodimda, o‘sha mash’um voqedan bir yilcha burun bizni fakultetdan majburlab teatrga olib borishdi. Tomosha ko‘rdik. Voqeani qarang: bir arxitektorningmi, injenerningmi chizmalarini o‘rtog‘i o‘g‘irlab ketarkan-u, o‘ziniki qilib olarkan. Endi bu arxitektormi-injener «oh» deydi, sahnaning yog‘och polini g‘ijirlatib u yoqqa yuradi, «voh» deydi, sahnani g‘ijirlatib bu yoqqa yuradi. Oxiri chiday olmagan bo‘lg‘usi olimlar o‘zaro shivirlashishga tushdik: «Kallasi bormi buning? Shungayam ota go‘ri – qozixonami? Qayta chiz-qo‘y-da. Shuyam muammomi, galvars?..» Ammo biz bo‘lg‘usi olimlar tushungan oddiy haqiqatni sho‘ring qurg‘ur yozuvchi tushunmagan ekan deng, qahramonlarini naq bir yarim soat ovorayi sarson qildi. Ora-sira o‘tli monologlaru hayqiriqlar ham yangrab qoladi deng, baayni to‘rtta vatman qog‘ozidagi chizmaning emas, butun boshli mamlakatning taqdiri hal bo‘layotgandek.

Xullas, havoga sovurilgan vaqtimizga achina-achina teatrni tark etarkanmiz, bir do‘stim – bu o‘sha, keyinchalik meni uqubatlarning tubsiz jariga irg‘itgan, ustimga chiqib toptagan, xor qilgan, zor qilgan razil kas edi! – aytib qoldiki, bunisi hali holva, o‘ttizinchi yillari chiqqan shunaqangi pesada bir yot unsur bo‘lgan qiz zavodni qulflab, kalitini haligi joyiga, xullas, odamning aqli bovar qilmas joyga yashirib qo‘yadi. Natijada zavod ishdan to‘xtaydi… Buni shuurimizga sig‘dirolmay, ong-tong qolganimizni ko‘rgan do‘stimiz darrov aybni o‘zidan soqit qilishga shoshdi: menga ishonmasalaring, Qahhor degan yozuvchining esdaliklarini o‘qinglar… Ha, shunaqangi dog‘uli edi u, yiqiladigan joyiga oldindan ko‘rpa to‘shab qo‘yardi, ishigayam, so‘zigayam hamisha birovlarni qalqon qilardi, o‘zi qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan, buzoqning haqi bor deb sigirning sutini ichmaydigan faqir va hattoki jabrdiyda misoli panada qolib ketaverardi…

Vaholanki, aynan o‘sha kas meni rasvoyi raddibalo qildi! Ha, u o‘g‘irladi, faqat qo‘lyozmamni emas, u mening kelajagimni o‘g‘irladi, u mening orzularimni o‘g‘irladi, u mening odamlik siyog‘imni o‘g‘irladi, u mening «men»ligimni o‘g‘irladi, o‘zimdan o‘zimni o‘g‘irladi! U bir lahzada meni, osmonda, bulutlar bag‘rida uchib yurgan jo‘rasini, shartta giribonidan tutdi va po‘rsillab yorilib yotgan qattiq zaminga shunaqangi gursillatib urdiki, suyak-suyaklarimga qadar maydalanib-parchalanib, miyamning qatig‘i otilib ketdi, bu zarbaning asorati hali-hanuz hayotimni zaharlab keladi: baayni «cho‘rt» etib singan suyagimning yorqasi asab tolalarimni ayovsiz tilayotgandek chidab bo‘lmas azobda qolaman; ne makon, ne zamonda umrguzaronlik qilayotganimni anglab-anglamay, atrofga nolon boqaman; milyon tonnalik ulkan tosh ustimda, men esa torgina yoriqqa tiqilib qolgan odamday nafasim qaytadi, og‘zimni kappa-kappa ochaman, ammo bu naf bermaydi, gursillab urayotgan yurak ko‘krak qafasimni yorib chiqib ketguday kattalashaveradi-kattalashaveradi, mana, mana, hozir, oniy soniyadan so‘ng havo to‘lg‘azilayotgan sharday paqillab yoriladi…

II

Kimgadir yoqar lola…

Ko‘ngilga buyurib bo‘larmidi. Hatto gap aniq fanlar xususida ketganida ham.

Institutni bitirish arafasida men kutilmaganda Puankare gipotezasining shaydosiga aylandim. Gipotezani jo‘nroq tilda ifodalashga urinib ko‘raman. Jismlarning handasaviy xususiyatlarini o‘rganuvchi topologiya degan fan bor. Puankare gipotezasi esa aynan shu fanning markaziy muammosi. Yana bir muhim holat: tadqiq etilayotgan jismlar oddiy emas, balki siqilganida, buralganida, cho‘zilganida o‘zgarmaydigan jismlardir. Biron nimani tushundingizmi? Yo‘qmi? Unda yanada soddaroq yo‘sinda izoh berib o‘tay. Agar uch o‘lchamli sirt qaysidir jihati bilan ikki o‘lchamli sferaga o‘xshash bo‘lsa, demak, uni mana shu sferaga tekislash mumkin. Dunyo paydo bo‘lishidagi murakkab jarayonlarni o‘rganishda hamda olamlar shakli haqidagi savollarga javob berishda o‘ta muhim ahamiyatga egaligi sababli bu gipotezani ba’zan «Koinot formulasi» ham deyishadi. Endi tushundingizmi? Yana yo‘qmi? Unday bo‘lsa, siz oddiy finjonning teshikkulchaga aylanishi, aslini olganda, bu ikkalasining cho‘ziluvchan handasa nazariyasiga ko‘ra bir narsa ekanini tasavvur etolasizmi? Bo‘ldi, bas, shu jarayonni sal-pal bo‘lsa-da tasavvur etarkansiz, demak, gipotezaning mazmun-mohiyatini bemalol anglab olasiz. Vaqti kelib, albatta. Aslini olganda-ku, mutaxassis uchun 1904 yili farang matematigi Anri Puankare tomonidan ilgari surilgan gipotezaning mohiyatiga tushunish unchalik qiyin emas. Ammo uni isbotlash, yechish… Axir tog‘ning tog‘ ekanligini ko‘rasiz, uning bag‘rida milyonlab tonna ruda borligini bilib ham turasiz, ammo bu ko‘rish-bilish sizga shartta borib tog‘ bag‘ridan bir qop oltin yombisini ko‘tarib olib chiqib ketish imkonini yaratmaydi-ku. Matematika sizga «Sim-sim, ochil!» emas… Gipoteza soddalikning buyuk timsoli edi go‘yo. U mana shu jozibasi bilan ham o‘ziga maftun etardi. Baayni sahar palla billur hovuzda cho‘milayotgan joyida siz bir parini uchratib qoldingiz, ammo u esankiramaydi, cho‘chimaydi, bil’aks, sizga andakkina hayosizlik ham aralashganday tuyuladigan noz-karashmalar, sirli imo-ishoralar qiladi, bundan jo‘shib ketib, yuragingiz gupillab urgancha «Xudo berib qoldiyov» deya hovliqib-entikib yoniga chopsangiz, qiqirlab kulgancha shartta samoga ko‘tariladi-ketadi. Axir u o‘z nomi bilan pari-da: ko‘kda yashaydi, nari borsa zerikkan chog‘lari gunohkor bandalarga istig‘no qilib qo‘yadi, baribir bularning qo‘lidan hech narsa kelmasligini bilib turadi, bilib turib yana shu ishini qiladi, xom sut emgan gumroh odamlarning ustidan maza qilib kuladi: unisini qari deb hurmat qilmaydi, bunisini yosh deb izzat qilmaydi. Bundoq parivashni mahkam ushlab olib to‘shiga bosadigan yovqur yigit faqat cho‘pchaklarda yo bo‘lmasa Usmon Azim deganga o‘xshash xayolparast shoirlarning shig‘irlarida uchraydi. Biroq Puankare gipotezasi mana shundoq ilohiy visolni sizga naqd qilib qo‘yadi: marhamat, yechimni toping, isbotlang, uchib ketayotgan pari qizning silliq oyoqlariga tushov tashlang, uni asta-sekin tortib oling va qarabsizki… sizga beadad hayrat ko‘zi bilan qarayotgan, sizga sig‘inayotgan pari quchog‘ingizda to‘lg‘anib turibdi-da. Bundan ortiq baxt bormi inson uchun?! Shaksiz, bu aytishga oson. Illo necha-necha yillardan beri ne-ne bilimdonlar, fan doktorlariyu akademiklar yeng shimarib ishga kirishishadi, ammo baribir gipotezani isbotlay olishmay, mag‘lubiyatni tan olgan holda, boshlari xam, qalblari to‘la g‘am, maydonni birin-ketin tark etishadi.

1934 yili ingliz Jon Uaytxed «gipotezani isbotladim» deya hammayoqqa jar solishga shoshdi. Ammo tez orada o‘z yechimida xato borligini sezib qoldi va darhol aybini bo‘yniga oldi. Keyin sahnaga amerikalik Bing chiqib keldi. Afsuski, uning topganlari gipotezaning o‘zidan bir necha barobar murakkabroq edi. Navbat grek Papakiriakopoulosga yetdi. Ammo o‘n yillik og‘ir mehnatning samarasi kutilgan natijani bermadi. 1961 yildan beri Smeyl familiyali bir olim bu mavzuda qattiq izlanish olib boryapti deb o‘qidim. Ammo natijadan darak yo‘q. Buning ustiga, u 1976 yili Prinstonda saraton xastaligidan vafot etganmishmiyey…

Sanab o‘tganlarim, albatta, dengizdan tomchi edi. Axir birgina Parijdagi Puankare institutida ne-ne oqil va oqila zotlar bu muammo ustida necha yillardan beri tinmay bosh qotirib kelishayotgani ham bor gap-ku. Shunga qaramasdan, ko‘ngil-da, men ham shu maydonga kirmoqni, kuchimni sinab ko‘rmoqni ixtiyor etdim. Hali yosh edim, romantika yurakni tark etib ulgurmagandi, miyam ham butunday tuyu­lardi o‘zimga. Men shu mavzuda kitob ketidan kitob o‘qiy boshladim, kutubxonaga tanda qo‘yib oldim. O‘qiganim sa­yin gipotezaning isboti naqadar murakkabligini tushuna bordim. Ammo bu hol mening g‘ayratimni oshirardi, xolos.

Nomzodlik mavzusi sifatida Puankare gipotezasini tanlamoqchi bo‘layotganimni eshitgan ilmiy rahbarim ko‘z­oynagi ustidan menga xuddi o‘zga sayyoradan kelgan dushman maxluqotga qaraganday olayib qaradi, so‘ng so‘radi:

– Bu sohada qancha fan doktori, akademik borligini bilasizmi?

Men taxminan bilishimni aytdim.

– Unda yana bir narsani bilib qo‘ying, yigitcha, – dedi rahbarim so‘nggi so‘zni alohida ta’kidlab. – Mana shu ilmiy potentsialning kamida yarmi umri davomida hech bo‘lmasa bir marta siz aytayotgan o‘sha gipotezaga qo‘l urib ko‘rgan va oxir-oqibat uni yechimsiz masala sifatida qoldirgan.

Men o‘z fikrimni bildirishga jur’at etdim:

– Lekin uning yechimi bor-ku. Yechimsiz gipoteza bo‘lishi mumkin emas.

Gapga usta rahbarim bo‘sh kelmadi:

– Albatta, bor. Yechim tuxumning ichida, tuxum sandiqda, sandiq yerto‘lada, yerto‘la esa, – rahbarim ko‘kka ishora qildi, – hov anavi yoqda. Baland dorga osilib bo‘yningizni sindirib yurgandan ko‘ra, yigitcha, aniq amaliy ish bilan shug‘ullaning. Davlat sizga sarob ortidan yugursin deb pul berib qo‘ymaydi! Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o‘pka yaxshi. Agar shunchalik aqlingiz zo‘r ekan, hech o‘ylab ko‘rmadingizmi, nahotki, shunaqangi absurd mavzuni ilmiy kengash sizning nomzodlik ishingiz sifatida tasdiqlab bersa? Hech qachon bunday bo‘lmaydi, yigitcha, hech qachon!

Darhaqiqat, bu zalvorli dastak edi. Ilmiy kengash baribir rahbarimning qosh-qovog‘iga qaraydi… Noiloj bo‘­yin egdim:

– Qanday maslahat berasiz, ustoz?

Rahbarim o‘shshayib turaverdi-turaverdi, axiyri yorildi:

– Mayli, tish kavagimda asrab yurgan bir mavzu bor edi. O‘shani sizga bag‘ishladim. Ilmiy kengashdan o‘tkazib berish kafolati bilan. Qarabsizki, ikki yilda geometriya-­topologiya mutaxassisligi bo‘yicha fizika-matematika fanlari nomzodi bo‘lib turibsiz-da.

O‘, Xudoyim, bu «bag‘ishlash»lar va «kafolat»lar ortida nima turganini bilmasam ekan!.. Ammo nima qilay? Sal sarkashlik qilsam, rahbarim to‘nini teskari kiyib oladi, ana undan keyin xayr, aspirantura, xayr, ilmiy ish! Odatdagidek, yomonlikning bundayrog‘ini tanlashga to‘g‘ri keldi.

Rahbarim ustomonligidan tashqari ayyor ham edi. Matematik handasa sohasida o‘zimizdan chiqqan mutaxassislar barmoq bilan sanarli ekanini yaxshi bilardi. Shu sabab Lobachevskiy, Aleksandrov, Pogorelov, Bakelman, Verner, Kantor, Yefimov, Poznyak, Shikinning izlanishlari haqida yarim soat ma’ruza o‘qigach – ustozim sovg‘a-salomni shu tariqa halollab olardi, har qalay, buyam vijdonga suv sepib qo‘yishning bir vositasi bo‘lsa kerak-da – aloha, menga Galiley fazosining tsiklik sirtlari bo‘yicha tadqiqotni boshlab yuborishim mumkinligini aytdi.

Shubhasiz, bu ham juda qiziqarli mavzu edi. Ayniqsa, Dolgarev bilan Martinetsning keyingi yillarda chop etilgan bahsli maqolalarini e’tiborga olsak. Tishimni tishimga bosgancha ishga kirishdim.

Men qattiq mehnat qilardim. Matematikaning baribir hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan o‘z ohanrabosi bor-da: birpasda o‘ziga tortib oladi-qo‘yadi. Ayniqsa, uch o‘lchovli Yevklid fazosida erishilgan yechimlardan so‘ng yarimevklidli fazo geometriyasi ochilmagan qo‘riq bo‘lib turardi o‘ziyam.

Ammo baribir Puankare boshqacha edi-da. Bu mavzu go‘yo birinchi muhabbat singari sira qalbimni tark etmas, aksincha, tobora uning qat-qatiga chuqurroq kirib borayotganday edi. Azaldan intizomni yaxshi ko‘rardim, har bir soatda nima ish qilishimni aniq belgilab olishga intilardim. Shu sababli hech chiday olmagach uyquni teng yarmiga qisqartirdim-da, tejalgan vaqtimni gipoteza isbotini topishga bag‘ishladim.

O‘, bu hayotimning eng yorqin, eng mazmunli, eng shodon, eng hayratlarga to‘la kunlari edi. Yotoqxonada yashardim. O‘lguday charchardim, gohida hatto choy damlab ichishga ham holim yetmasdi, ba’zan sutkalab tuz totmasdim, pulim bor paytlari kartoshka qaynatib yerdim, ishga ketayotib portfelimga ikkita qaynatilgan tuxum solib qo‘yardim: shu mening tushligim bo‘lardi… Biroq baxtiyor edim. Zero, asosiy ishim millimetrma-millimetr, zarrama-zarra oldinga siljiyotganday edi. Horigan chog‘larim emaklab bo‘lsa ham maqsad sari intilardim, qo‘llarimdan mador ketganida yerni tirnoqlarim bilan kavlab bo‘lsa ham ilgariga siljirdim. Illo, illo, oldinda, olis ufq ortida bo‘lsa ham neningdir shamoyili ko‘rinib qolayotgandek, nimadir o‘ziga chorlayotgandek edi. Tunlari qandaydir sirli shivir-shivirlarni eshita boshladim, tonglari sarin shabada to‘lqinida nafis, shudringga cho‘mgan mayin libos yuzimni silab o‘tardi. Men hatto buni ovoz chiqarib aytish u yoqda tursin, o‘ylashga ham qo‘rqardim: nahotki, nahotki…

III

Vaqt, vaqt, vaqt… U bunchalar tez o‘tadi? Qayoqqa bunchalar shoshadi? Bu qattol shiddat inson umrini tushga, ro‘yoga aylantirib qo‘ymaydimi? Uxladingu uyg‘onding. Qisqagina davom etgan tushingda esa butun umringni ko‘rding.

Bunchalar shafqatsizsan, vaqt?..

Etti farzandli xonadonning to‘ng‘ichi edim. Bir kuni uyga borsam, allaqachon yigirma oltiga kirib qo‘yganligimni keskinroq ohangda pisanda qilishdi. Katta singlimni-ku turmushga uzatgandik, ammo ukalarim g‘ingshiyverib bezor qilib yuborishdi. Jon-jon deb ularga yo‘l beray desam, ota-onam ko‘nmaydi: nima emish, shusiz ham ovulda men haqimda «haligacha bir boshi ikkita bo‘lmagan, bir balosi borov, axir bu tengilarning bolasi maktabga boryapti» qabilida gap-so‘zlar yurganmish, agar bunday qilsam, o‘sha mishmishlarga pishang bergan bo‘larkanman.

Darvoqe, uylanish borasida menda muammoning o‘zi yo‘q edi. Balki, shu sabablidir, bu masalaga unchalik ahamiyat ham bermabman. Ya’nikim otam ko‘p yillar burun yaqin jo‘rasinikiga mehmondorchilikka borganida uning pildirab chopib yurgan, mendan taxminan besh yoshlar kichik qizchasini ko‘rib qoladi va: «Kel, quda bo‘laylik, shu qizing­ni to‘ng‘ichimga oberaman», – deydi. Xullas, garchand borib qulog‘ini tishlamagan bo‘lsam-da, o‘ziga xos beshikkertti. Oradan yillar o‘tdi, otamning jo‘rasi vafot etib ham ketdi. Ammo otam: «Lafz halol, men va’damni bajaraman, bo‘lmasa jo‘ram go‘rida tik turadi, u yoqqa borganimda yoqamdan oladi», – deb turib oldi. Xullas, kim borib ko‘rib kelsa, «sochi uzun» deb ta’riflaydigan bu qiz necha yildan beri o‘sha uzun sochini o‘rib, kelgan sovchilarni qaytara-qaytara, teng-to‘shlari o‘tirish-po‘tirishlarga chaqirsa ham chiqmasdan, kaminani kutib o‘tirgan edi.

O‘y-xayolim Puankare bilan yarimevklidli fazo handasasida edi. Uchrashuvga chiqib o‘tirmadim. Shuncha odam maqtayaptimi, har nechuk, uzun sochidan o‘zga fazilatlar ham bis­yordir bo‘lg‘usi rafiqamda.

Ota-onaning farzandini uylantirishi farz deyishadi. Ammo men bu «farz»ning qanchalar azobli, asabiy tarzda kechishini o‘shanda ko‘rdim. To‘y meni yon-atrofga real ko‘z bilan, hushyorroq qarashga o‘rgatdi, boshqacharoq aytadigan bo‘lsam, birdaniga ulg‘aytirib ham qo‘ydi. Men o‘shangacha rostdan ham romantik o‘y-xayollar og‘ushida «non»ni «nanna» deb yurganimga ishonch hosil qildim.

Institutda kichik ilmiy xodimman, maoshim yetmish rubl. To‘y esa ajdaho misoli og‘zini ochib turibdi: yetmish rubl nima degan gap, odamning kulgisini qistatmang, ming rubl ham urpoq bo‘lmaydi… Ota-onamning, ukalarimning qarz izlab yelib-yugurishlarini ko‘rib issig‘im chiqib ketadi, xijolatdan o‘zimni qayerga qo‘yishimni bilmayman. Yana ajablanaman: shuncha tashvishlarga, pul ilinjida odamning g‘ururini yer bilan bitta qilib tashlaydigan bo‘yin egib turishlarga, hali to‘y boshlanmasidan burun quda taraf bilan to‘rt gaz mato ustida jiqqamusht bo‘lishlarga, halitdan u tomon vakillariga – bejiz «dushman tomon» deyishmas ekan, shekilli – olayib, «Bir amallab kelinni tushirib olaylik! Keyin kunlaringni ko‘rsatamiz!» deganday o‘qrayib tikilishlariga qaramasdan, baribir, ular baxtiyor edilar. Ming urinsam ham buni mantiqiy jihatdan asoslab, tushuna olmadim. Har nechuk, ukam aytganidek, shaharda ilm ortidan quvib yuraverib oyog‘im yerdan uzilgani, urf-odatlarimizni unutib qo‘yganim rost, shekilli. Mana shu xijolatpazlik asorati bo‘lsa kerak, to‘y oqshomi igna ustida o‘tirgandek bezovtalanib, o‘rtada yerning changini ko‘targancha, astoydil o‘ynayotgan xesh-urug‘larim, yaqinlarimga miyasi olib tashlangan qo‘ydek angrayib termilib o‘tiraverdim.

Chimildiqda ko‘rdim: rafiqam sarg‘ishdan kelgan, novcharoq qiz ekan. Sochi, ta’riflanganidek, taqimini o‘pmasa-da, belidan pastga tushib turardi. Men har bir insonni koinot mo‘jizasi, gultoji deb bilaman. Inchunin, har bir inson aziz va mukarram. Mana shu aqida ta’sirida o‘sganman. Bo‘lg‘usi umr yo‘ldoshimga ham shunday munosabatda bo‘ldim. Axir bu qiz uydagilarining ixtiyorini o‘zi uchun qonun deb bilgan, necha yil sarg‘ayib umid-ishonch bilan meni kutgan, ko‘chada tengdoshlari bilan o‘ynab-kulib yurmagan, bog‘larda begona yigitlar bilan qo‘l ushlashib sayr qilmagan. Mana shu keltirgan qurbonliklari evazigayoq men unga risoladigidek er bo‘lishim lozim va joiz emasmi? Illo, o‘z baxti yo‘lida ixtiyoriy ravishda qabul qilingan har qanday chek­lov alaloqibat munosib mukofotlanishi kerak emasmi? Mana shu tuyg‘ular ta’sirida bo‘lsa kerak, rafiqam ko‘zimga olovdek ko‘rinib ketdi.

Xudo shohid, uylangunimga qadar ham, uylanganimdan keyin ham xotinimga xiyonat qilmadim, shunday imkoniyat tug‘ilganida esa o‘zimni olib qochdim. Ko‘z ochib ko‘rganim umr yo‘ldoshim bo‘ldi.

To‘shak masalasida sal tortinchoqroqman. Bilmadim, yangalari qanday yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishgan, qanday saboq berishgan, xullas, qovushganimizdan so‘ng ayollik ostonasini hatlab o‘tgan rafiqam choyshabni ko‘rsatishdan tashqari boshimdan iliq suv quyib, yuvintirib ham qo‘yganida, ros­ti, quvonchdan ko‘zlarimga yosh keldi, uyalganidan bosh egib turgan xotinimni beixtiyor quchib olib, qulog‘iga hayajon bilan shivirladim: «Biz baxtli bo‘lamiz, jonim…» Nazarimda, shak-shubhasiz shunday bo‘ladigandek ham edi. Taassufki… Men keyinchalik so‘nggi so‘zni biron marta xotinimning qulog‘iga shivirlab aytmadim, aytolmadim. Hatto o‘zim istagan taqdirimda ham dilimdan o‘chib ketgan bu so‘z tilimga qayta sitilib chiqmadi.

Oradan yillar o‘tdi. Men har zamon-har zamonda o‘zimni chimildiqda, kelinchak yuvintirib qo‘yayotgan kuyov sifatida tasavvvur etishga urinaman, ammo buni eplolmayman, qaylardadir olisda qolgan g‘ira-shira manzaralar yanada xiralashadi, tussizlashadi, ularning o‘rnini shafqatsiz voqelik egallab oladi-qo‘yadi…

O‘sha tongda esa… yetmish ikki tomirim bo‘shashib, og‘zimning tanobi qochgan holda, tabiatning nikoh, er-xotinlik atalmish tilsimotlariga shukronalar ayta-ayta o‘tirgan mahalim edi. Qaynonam kirib keldi xonaga. Bir amallab salom berdim. Qaynonam o‘tirdi. O‘zi bilan olib kelgan urchug‘ini yigira boshladi. Ha, aniq esimda bor, xuddi shunday bo‘lgandi.

Ikkinchi onamga nedir yaxshi gaplar aytgim keldi. Axir shunday qizni voyaga yetkazgan, avaylab-asragan, chang ham qo‘ndirmasdan menga olib kelib tutqazgan. Shu sababli bo‘lsa kerak, qaynonam hol-ahvol so‘rash asnosida «qizim yaxshimi» deb qo‘ygan mahal meni nima jin urdi, tilimni qaysi qarg‘a cho‘qidi, bilmayman, rafiqamni bir maqtab qo‘yay degan niyatda taltayib:

– Qizingiz yomo-on… – desam bo‘ladimi!

Ha, ha, «yomon» demadim, «yomo-on» dedim, balki, bunday bo‘lishini bilganimda «…zo‘r» degan so‘zni ham qo‘shib ketardim.

Umuman, menimcha, ko‘p hollarda so‘zlarning o‘zidan ko‘ra ularning aytilish ohangi, ifoda muhimroq. So‘z shakl bo‘lsa, ohang – mohiyat. Hamma gap mohiyatda axir. Shunday emasmi? Axir shoir ham o‘zining sevgilisiga qarab «eh, qani endi dunyoda yana biron qiz seni men kabi yomon ko‘rsaydi» deydi, «yaxshi ko‘rsaydi» demaydi. Illo, o‘sha qiz oshig‘iga «yomon ko‘raman» deb turib, aslida, «yaxshi ko‘raman» degan gap ohangi bilan aytgan. Shoir buni tushungan. Ammo qaynonam tushunmadi.

O‘zim ko‘rdim: oltmish yoshli kampirning yuzi birdan qiyshayib, qahrli tus oldi, ko‘zlari chaqchaydi. Bir yumalab ertaklardagi burni uzun yalmog‘iz kampirga aylangan ­qaynonam nafrat bilan qarg‘andi:

– Qizim yomon bo‘lsa, yaxshisini topib ol!

Men hali javobga, o‘zimni oqlashga og‘iz juftlab ulgurmasimdan qaynonam shartta o‘rnidan turdi va xonadan chiqdi-ketdi. Yo‘q, shunchaki chiqmadi, eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi.

Qovun tushirib qo‘yganimni angladim. O‘ng‘aysiz qilig‘i uchun tarsaki yegan boladay yuzim uyat va nomusdan lovullab yonardi. Nimadir qilish kerak edi. Ammo nima?

Dovdirab qolgandim. Men to mulohaza yuritib, biron qarorga kelib ulgurgunimcha esa g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgandi: qizining xonasiga kirib eshikni ichkaridan qulf­lab olgan qaynonam yangi kelinchak bilan tushga dovur tarbiyaviy soat o‘tkazdi. Va… va shu bilan hammasi tugadi.

Keksa ayol nima desa degandir, ammo xayr-ma’zurni ham nasiya qilgan onasi jo‘nab ketganidan so‘ng ichkaridan yulqinib, rangi bo‘zarib chiqib kelgan rafiqam birov bilan urishguday vajohatda edi. Bu qiyofa uni ancha-muncha xunuk ko‘rsatardi.

Bu dunyoda erkak kishi uchun eng og‘iri – o‘zini oqlash. Ayniqsa, qilmagan gunohi uchun. U paytlari xotinimning yuzida sal-pal hayo pardasi bor edi. Shungami, xayriyatki shang‘illamasdan, ammo zaharli so‘zlarni tishlari orasidan bitta-bittalab chiqargan ko‘yi boshimga malomat toshlari yog‘dirishga tushib ketdi: «Boring o‘sha yaxshilaringizning oldiga! Biz endi yomon bo‘lib qoldik-da, a? Ishingiz bitgandan keyin… O‘zimam biluvdim-a bir kelib xabar olmaganingizdan shaharda o‘ynashlaringiz ko‘pligini… Onamning gaplari to‘g‘ri o‘zi. Siz meni o‘qimagan deb mensimaysiz. Lekin o‘qiganlarniyam ko‘ryapmiz. Bari biri-biridan battar. Siz o‘shanaqalarning orasida yurgansiz-da…» Na gapingni eshitadigan, na izohingga quloq tutadigan, daqiqasiga o‘ttiz uch o‘rniga qirq besh tezlikda aylanayotgan plastinkaday tinmay javrayotgan ayol oldida o‘zimni qanday ham oqlay olardim? Bir-ikki urinib ko‘rdim, foydasi bo‘lmadi. Xotinimning yuragimga nash­tarday sanchilayotgan hamma gaplari bir bo‘ldi-yu, «Agar men tegmaganimda.. men tegmaganimda xotinsiz qolib ketardingiz, yuraverardingiz o‘sha buzuqlaringiz bilan o‘zingizam buzuq bo‘lib!» degan haqorati bir bo‘ldi. Yo rab! Bu nima degan gap axir? Axir bu… mening erkaklik sha’nimni balchiqqa qorish bilan barobar emasmi? Nega, nega u birinchi kechadan keyinoq menga umr yo‘ldoshi bo‘lganligini ta’na qiladi? Nima, u bo‘lmasa, men bir umr bo‘ydoq o‘tarmidim?

Ko‘zlarim namlandi. Beixtiyor kafedramizdagi ismi-jismiga mos laborant Munisani, uning hurkak nigohlarini esladim. Keyingi paytlari uni ko‘rsam, yuragim dukillab uradigan, etim g‘alati jimirlashadigan bo‘lib qolgandi. Shuning uchun kafedraga borishni ham yig‘ishtirgandim. Yo‘q, yo‘q, men buni ongli ravishda qildim, mukofot yoinki maqtov ilinjida emas. Bu voqeani eslagim kelmaydi. Ammo qaysi gunohim uchun ta’na-dashnomlar do‘li bunchalik ustimga yog‘ilyapti, shuni tushunmasdim. Yana kimdan, tuni bo‘yi quchog‘imda bo‘lgan, men o‘pgan, meni o‘pgan, o‘zini menga baxshida aylagan, meni yuvintirib qo‘ygan, men haya­jon bilan «jonim» deb ataganimda yuzini uyalinqirab yashirgan ayoldan.

Ko‘nglim birdan bo‘m-bo‘sh bo‘lib, huvillab qoldi. Xotinimning ta’nalaridan ko‘ra bu gaplarning nafrat va g‘azabga qorishiq ohangi meni adoyi tamom qilmoqda edi. Qachon ulgurdi u menga dushman bo‘lib olishga? Qachon ulgurdi u menga bu qadar tiyiqsiz alam bilan qarashga? Nima, men yeb, u quruq qoldimi? Qo‘yib bersa, hozirning o‘zida meni pichoqlab tashlashdan, etimni xomtalash qilishdan ham toymaydiganga o‘xshaydi. Aybim onasiga aytgan bir og‘iz gapimmi?.. Shumi og‘iz to‘ldirib aytiladigan oilaviy hayot, shumi «er-xotin – qo‘sh ho‘kiz» deganlari?

Yana o‘zimcha yuragim terak bargiday titrab, ich-ichimdan iltijo qilaman deng: «Ey Xudo, ishqilib, bu gaplarni ota-onam yo uka-singillarimdan birontasi eshitib qolmasin-da… Sharmanda bo‘lamiz-ku, sharmanda…»

Singan ko‘ngilni chegalab bo‘lmas ekan.

Shu oqshom biz, bir kunlik er-xotin, bir-birimizga tes­kari qarab yotdik. Xotinim-ku tezda pishillab uxlab qoldi, lekin men tonggacha ko‘z yummay chiqdim. Bu men kutgan, ayniqsa, birinchi kechadan so‘ng ajoyib bo‘lishiga ishonib qolgan oilaviy hayotga o‘xshamasdi…

Ertasi kuni Piskunovning «Oliy matematika»sini o‘qib o‘tirgandim. Xotinim boshimga kelib turdi-turdi, so‘ng:

– O‘ldim-kuydim kitobmi? – deb so‘radi.

– Shunga o‘xshashroq, – deb qo‘ya qoldim.

Rafiqam cho‘ntagidan o‘quvchilar daftaridan yirtib olingan bir varaq qog‘oz chiqarib berdi:

– Uni Toshkentingizga borganda o‘qiyverasiz. Avval manavini o‘qing.

Bu ro‘yxat edi. Adashmasam, agar g‘ij-g‘ij imlo xatolarini tuzatib o‘qisak, «Dushanba – xolamning tug‘ilgan kuni. Seshanba – dugonamning to‘yi. Chorshanba tushga – ammamning uyida «non sindirar», kechqurun – «qiz chaqirdi»… mazmunida edi. Bu ro‘yxat sinoatini so‘radim. Yosh kelin-kuyov sifatida ularning hammasiga borishimiz kerak ekan. Tabiiyki, quruq qo‘l bilan so‘ppayib kirib borilmas, arzirli sovg‘a-salom olish shart ekan.

Rafiqam alohida ta’kidlab o‘tdi:

– Yosh kelinman. Hammaning ko‘zi menda bo‘ladi. Uyaltirib qo‘ymang. Mening uyalganim sizning yerga kirib ketganingiz bo‘ladi-ya.

Buni-ku tushundim. Ammo nima uchun o‘zimizning to‘yimizga tushgan sovg‘a-salomlardan bunaqa joylarga olib borish mumkin emasligini aslo tushunmadim. Shunaqa irim bor emish: yangi kelin-kuyovga berilgan sovg‘a-salomlarga teginilsa, shu ro‘zg‘ordan baraka ketarkan, urish-janjalam ko‘payib qolarkan. Bu men uchun oliy matematikadan ham qiyinroq masala edi.

E’tiroz bildirishga urinib ko‘rdim:

– Pul masalasi sal og‘irroq bo‘lib turibdi-ku…

Rafiqam qovog‘ini uydi:

– Bo‘yningizga majburlab osilib olmagandim. Mard bo‘lib uylandingizmi, endi bu yog‘igayam chidab bering-da. Axir ikki barmog‘imni burnimga tiqib sho‘ppayib kirib borsam, uyimdagilar, qarindosh-urug‘lar: «O‘l bu kuningdan! Topganing shu qurumsoq bo‘ldimi? O‘zing pishirgan oshni endi aylanibam, o‘rgilibam ichaver», – deyishmaydimi? Ustimdan kulishmaydimi? Nima, birinchi kundan meni yer bilan bitta qilmoqchimisiz?

Yana tushuntirishga urindim:

– Axir… yo‘q narsani qayerdan topay? Uydagilarning ahvoli ma’lum-ku. To‘y qilib berishdi…

Eshitganim ilon po‘st tashlaydigan gap bo‘ldi:

– To‘yni pesh qilmang. Ja unaqa maqtanadigan to‘y bo‘lgani yo‘q. Onam bechora uyatlarda o‘ldi… Siz menga to‘yni minnat qilgandan ko‘ra jonday xolamning tug‘ilgan kuniga nima sovg‘a qilishni o‘ylang!

Bunisi endi haddan ortiq edi. Jahlim chiqqanini ko‘rgan ikki kunlik kelinchak yig‘lamsiradi:

– Menga ne-ne kazo-kazolardan sovchilar kelgandi. Men bo‘lsa…

Endi nimadir deyish befoyda. Shu sababli ikkala qo‘limni ko‘tardim-u, bosh egib onamning huzuriga chiqdim.

Kunda-kunora albatta biror tadbir chiqib turadi. Ha­qiqatan ham shaharda yashab qishloq rasm-rusumlari, urf-­odatlaridan yiroqlashib ketgan ekanman. Unaqa desam, bizning davrimizda, misol uchun, ayollar tug‘ilgan kunlarini bunaqa tantanali nishonlashmasdi, shekilli. Yo bola bo‘lib buni sezmagan ekanmizmi?

IV

Avval «kichik chilla, qorong‘ida yurish mumkin emas, uzoqqa borish mumkin emas» deyishdi, keyin «katta chilla». Ishqilib, qirq kuncha qishloqda qolib ketdim.

Shundan so‘ng ota-onamdan ruxsat so‘rab xotinimni shaharga olib keldim. Institutning oilaviy yotoqxonasidan katalakday xona ajratib berishdi.

Mo‘ljallagan ishlarimdan ancha orqada qolib ketgandim. Grafigimga yetib olishim kerak. Bir tomonda nomzodlik ishi, ikkinchi tomonda Puankare menga ilhaq ko‘z tikib turardi. Endi belni mahkam bog‘lab tadqiqotlarimni davom ettirishga kirishmoqchi bo‘lib turganimda kutilmaganda, oyoq ostidan katta bir muammo chiqib qoldi.

– Vatan kerak, – dedi xotinim.

Avvaliga bu gapning mag‘zini chaqmadim. Shunda rafiqam izoh berdi:

– Uy kerak. Obshitada ham yashab bo‘ladimi?

Bu talabni qulog‘im tagidan o‘tkazib yuborishga harakat qildim. Nega endi shuncha odam yashayotgan «obshita»da yashab bo‘lmas ekan? Buning ustiga, oson bo‘ptimi uy olish? Otliqqa yo‘g‘-u… Ana, navbatga yozilib qo‘yganman, biron o‘n yillarda berib qolishsayam, do‘ppimni osmonga otsam bo‘ladi. Biroq xotinim mutaassiblarcha talabini takrorlagani-takrorlagan edi: «Vatan kerak!»

Yo‘q, shaharning susti bosdimi, ikkinchi yarmim baqirib-chaqirib janjal qilmadi. Buning o‘rniga dunyoning jami tashvish-g‘amlari, vahimalari yelkasiga tushganday birdan qaddi bukchayib qoldi, so‘ng noma’lum nuqtaga tikilgan ko‘yi lablari titrab pichirladi: «Endi nima qilaman?.. Endi qanday yashayman?..» Baayni jami odamzod qirilib, ulkandan-ulkan dunyoda yolg‘iz o‘zi qolgandek. Rafiqamni bu ahvolda ko‘rib yuragim tuz sepilgandek achishdi, beixtiyor ko‘zlarimga yosh qalqdi. Axir u sho‘rlik uyim-ro‘zg‘orim, qolaversa, meni deb shu ko‘yga tushyapti-ku.

Joylashganimizga to‘rt kun o‘tar-o‘tmas qovog‘ini to‘rvaday osiltirib qaynonam kirib keldi. Kampirning gaplari esa ma’lum:

– Men oyday qizimni birovning irgasida sarg‘ayib yashasin deb erga bermagandim. Yuborganlaringizning «Toshkentda saroyday hovlisi bor» degan lafziga ishongandim. Agar qizimni ikkita odam kelsa, uchinchisi ko‘chada kutib turadigan bu tovuq katagiga tiqib qo‘yishlaringni bilganimdami…

Va hokazo, va hokazo. Bu ahvolda ishlab bo‘lmasdi. Bu ahvolda yashab ham bo‘lmasdi. Nima, sovchilardan birontasi bo‘lg‘usi kuyovto‘rani targ‘ib-tashviq qilayotgan mahali aytib yuborgan o‘trigi uchun men boshimni kundaga qo‘yishim kerakmi? Axir tomchi toshni teshadi; jigar-bag‘ringni o‘yib o‘tadigan gaplarga ham bir kun chidash mumkindir, ikki kun, xo‘p, ana, nari borsa uch kun, ana undan keyin nima qilasan? Portlaysan-da!

Lekin men… portlamadim. Illo, menga tinchlik kerak, xotirjamlik kerak edi, mayda-chuyda g‘ishavalar bilan, nimanidir isbotlashga urinib o‘tkazishga sarflaydigan vaqtimning o‘zi yo‘q. Shusiz ham qirq kunimni osmonga sovurib kelgan edim. Meni qilinadigan bir olam ishlarim, ehtimolki, qanchalik dabdabali eshitilmasin, umuminsoniy ahamiyatga molik kashfiyotim kutib turardi. Shu bois boshimni yanada quyiroq egdim va ota-onam, uka-singillarim, haddim sig‘adigan qarindosh-urug‘larim, do‘st-birodarlarimga qarz so‘rab bordim. Kim berdi, kim bermadi. Uylanganim munosabati bilan ish joyimdan moddiy yordam, mukofot, jamoa yig‘ib bergan pul deganday, ishqilib, bir oy ichida to‘rt ming rublga yaqin pul to‘pladim. Kooperativ uy degani bo‘larkan, bir xonali kvartirasi taxminan shuncha turarkan. Shunaqa kvartira topildi ham, besh qavatli uyning beshinchi qavatida. Nima qipti, to‘qqizinchi qavatda yashaydigan bir tanishim hazillashib aytganidek, «tepa»ga yaqinroq.

Men shoshilardim. Bu o‘zimning sira uquvim yo‘q yumushlarni tezroq bir yoqli qilish, nomzodlik ishim bilan gipotezaga iloji boricha tezroq qaytishni istardim. Vaqt ketayotgandi, vaqt!

Yo Rab, kim aynitib yoxud o‘rgatib ulgurgan, tasavvur etolmayman, ammo mutlaqo kutilmaganda, baayni yoz osmonidan do‘l yoqqanday, rafiqam bir xonali «vatan»dan voz kechib qoldi. Bizga ikki yoki uch xonali va iloji boricha ikkinchi yoki uchinchi qavatdagi «vatan» kerak ekan. E’tiroz uchun juftlagan og‘zimni «Shu holimda beshinchi qavatga qanday chiqaman, yarim yo‘lda bola tushib qoladi-ku! Sizga xotin, farzand kerakmi o‘zi?» degan dastak shartta yopdi. Har qalay, ayol kishi erkakka nisbatan ro‘zg‘orni, oilani ko‘proq va xo‘proq o‘ylashi rost, shekilli.

Biroq bu istakni amalga oshirishim uchun to‘plaganimning yana yarmicha aqcha topishim kerak edi. Aytishga oson.

G‘alati davrda yashayotgandik. Qandaydir kooperativlar, shirkatlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinlarday bodrab chiqayotir. Odamning suqi kirar darajada afsonaviy daromad topayotganlar, partiya vznosining o‘ziga ming-ming rubllab to‘layotganlar… Birovning topgani esa hamisha ko‘zingga osmondan tushganday bo‘lib ko‘rinaveradi.

Xullas, gapdan gap chiqdi va o‘sha jo‘ram meni birgalikda kattakon biznes qilishga taklif etdi. O‘zi pishib turgan ish ekan. Ya’ni pul mendan, g‘oya undan, daromad o‘rtada. Tikkan mablag‘im bir yarim oy ichida eng kamida ikki barobar bo‘lib qaytishi kafolatli ekan. Kamida. Ish yurishib qolsa, bemalol uch, hattoki to‘rt barobar ham tashlab berishi «ikki karra ikki – to‘rt» singari aniq va ravshan aksioma ekan. Bu men uchun ayni muddao edi: bir yarim oy nima, «zuv» etib o‘tadi-ketadi. Zato keyin… Qo‘l tashlashdim. Xudo bersa quliga, chiqarib qo‘yar yo‘liga deganlari shu-da.

Endi o‘sha kunlarimni qo‘rqinchli tush kabi eslayman.

Mirzacho‘lning qoq kindigidagi xo‘jalikning yarim xaroba fermasi. Hovli piyozga to‘lib ketgan. Hammayoq piyoz. Biz, tadbirkorlik orqali katta pul topishga jahd qilgan ikki o‘rtoq va kunlik ishga yollangan o‘ttiz chog‘li erkak-­ayol, ertalabdan qora kechgacha bosh ko‘tarmay ishlaymiz. Ishimiz ajabtovur. Har kimning yonida elektr plitasi, plita yetmay qolganlarga dazmol yoki ichiga olov yoqilgan pechkalar berilgan. Biz piyozning orqasini pichoqda shartta kesamiz-da, shu kesilgan joyni qizib turgan plita yoki dazmolga bosamiz, so‘ng xirmonga irg‘itamiz. Shunday qilinsa, o‘n besh-yigirma kunlik yo‘lda bu sabil chirib qolmas ekan. Axir biz bu mahsulotning naq to‘rt «KamAZ»ini shu zaylda Ros­siyaga yuborish uchun ulgurji sotib olganmiz. U yoqda esa bir kilo achchiq piyozning narxi… Ehhe, eshitsang, og‘zingning suvi qochadi, foydani hisoblayverib boshing aylanib ketadi…

Tasavvur qiling: kun issiq, havoda qilt etgan shabada yo‘q, biz ishlayotgan to‘rt tomoni berk saroyning quruq hammomdan farqi qolmagan, butun badanimizdan shuvillab ter oqadi, buyam kamday, qo‘lansa piyoz isi dimog‘imizga, kiyimlarimizga o‘rnashib qolgan, undan qutulib bo‘lmaydi. Xudo shohid, men hatto biz ajratib tashlayotgan chiqitlarni yeyavergan sigirlar sutiga ham piyoz isi o‘rnashib qolganini o‘shanda ko‘rganman. Ertalab piyozdog‘ bilan yarim kosadan sut, tushlikka ozgina serpiyoz sho‘rva, kechqurunga yana piyozdog‘; tarashaday qotib qolgan qora buxanka. Barmoqlar achiydi, ko‘zdan duvillab yosh oqadi, o‘pkang yulinguday bo‘lib yo‘talasan, bosh aylanadi… E, «dod» deb yuborgisi keladi odamning!

Ikki hafta mana shu jahannam azobida o‘tdi. Axiyri ishni tugatdik. «KamAZ»lar karvoni jo‘ram boshchiligida «Qaydasan, Novosibir?» deya yo‘lga tushdi. Yengil nafas oldim. Shu qadar zada bo‘lganimdan piyoz degan narsaga boshqa umuman qaramayman, ovqatgayam ishlatmayman, hatto kabobning ustigayam septirmayman deya o‘zimga o‘zim ont ichgan ko‘yi shaharga qaytdim.

Katta operatsiyani qoyillatib qo‘ygan biznesmen sifatida bir oydan ko‘proq jon-jahdim bilan o‘zim sog‘inib qolgan ishimni davom ettirdim, menga ora-sira ishonqiramay qarab-qarab qo‘yayotgan xotinim ham «miq» etib og‘iz ochmadi. Bu eng samarali, saodatli kunlarim edi. Nomzodlik ishimni bitirdim hisob. Yangi g‘ayrat bilan Puankare gipotezasi atalmish «totli toshyong‘oq»ni chaqishga o‘tdim. Illo, matematikada ham danagidan mag‘zi shirin, mag‘zi…

Ko‘ngil-da, hali uylanmagan chog‘larim orzu qilardimki, erta bir kun boshim ikkita bo‘lsa, meni tushunadigan munis bir ayol – yo‘q, yo‘q, men laborantkamizni nazarda tutganim yo‘q, aslo! – yostiqdoshimga aylansa, yumushdan horib qaytgan chog‘larim uyga yaqinlashganimni savqi tabiiysi bilan sezsa, dik etib o‘rnidan tursa, oshiqib eshik yoniga kelib tursa, tabassumlarga ko‘milgan ko‘yi: «Charchamay keldingizmi, dadajonisi?» – deya kutib olsa, ohista quchsa, issiq yuzini yuzimga bossa, yonog‘ini o‘pich uchun tutsa, portfelimni qo‘limdan olganidan so‘ng esa yana bir bor quchoqlab qo‘ysa… Dasturxon ustida yelkasini yelkamga tekkizib o‘tirsa, mening o‘z yumushim borasidagi bosh-keti yo‘q gap-so‘zlarimni ko‘zlarimga hayrat ila termilib eshitsa, men bilan ich-ichidan faxrlansa, g‘ururlansa, mendan mo‘jiza kutsa, menga ishonib-topinib yashasa…

Men aniq fan vakiliman. Dunyoning o‘zi raqamlardan iborat. Buni mendan oldin aytib ketishgan. Mendan ke­yin ham aytishadi. Umuman olganda, matematikani bilmaydigan odam boshqa fanniyam tushunmaydi. Ayniqsa, bunaqa odam o‘zining johilligini bilmay, unga davo izlamay o‘tib ketishi yomon. Yo‘q, bu gapni men aytmaganman. Yetti yuz yil burun Bekon degan donishmand aytib o‘tib ketgan. Gapning po‘stkallasiyam shu-da. Inchunin, kim aytadi matematiklarga lirika yot deb? Bu sira maqtanish bo‘lib tuyulmasin, ammo ora-sira shunday odamni entiktirib-to‘liqtirib, telba yurakni hapriqtirib yuboradigan orzularga umidvor asir bo‘lgan mahallaring ismsiz allaqanday tuyg‘ularni uyqashroq misralarda yozib qo‘yging kelib ketadimiyey. Deylik, shundoq eshikni ochsam-u… «Meni ko‘rgan mahali ko‘zlari chaqnab ketsa, naqsh olmaday lovullab, yuzlari yashnab ketsa…» Nainki uch-to‘rt kun, hattoki bir kunga qishloqqa ketgan bo‘lsa ham, u yoqdan seni sog‘inib, uchib yetib kelsa, o‘zini bag‘ringga tashlasa; tunlar quchog‘ingda entikib, «faqat siznikiman…» deya shivirlasa, tuyg‘ular po‘rtanasiga dosh bera olmay ho‘ngrab yig‘lab yuborsa… Idealda esa, haligi o‘ris shig‘irchi xotin yozganiday, bir lahzaga xayrlashayotgan bo‘lsa ham xuddi asrlarga ajrashayotganday senga sog‘inch bilan to‘ymay termilsa, qo‘llaringni ko‘kragiga bosib mahkam siqsa… Voqelikda ideal bo‘lmaydi deysizmi? Bekor gap. Aslida, hayotimizning o‘zi ideallikdan, hayratomuz mukammallik qonuniyatlaridan iborat. Aks holda, dunyo allaqachon chok-chokidan so‘kilib ketgan bo‘lardi. Misol izlab uzoqqa ham borib o‘tirmang, maktab davrida fizika darsida yodlagan gaz qonunlaringizni eslang. Xo‘sh, bu qonunlarning bari nimaga tatbiq etiladi? Ha, balli, ideal gazlarga. Aslida, Puankare ham tadqiq etilayotgan geometrik jismni ideal deb biladi…

Etar-a? Gapni orzumdagi ayoldan boshlab, yana gipotezaga olib kelib taqaganimni qarang. Qip-qizil bachkanalik, to‘g‘rimi? Xayol baribir o‘z nomi bilan xayol-da. Zero, men aksariyat omadsiz hamjinslarim bir umr kamina singari mana shunday ilinjlar aldovida o‘tib ketishlarini yoinki uydan topmaganini ko‘chadan qidirishlarini keyinroq tushunib yetdim.

…Ko‘chadan hovliqib kelgan xotinim jo‘ramni shaharda ko‘rib qolganini aytdi. Ishonmadim. Ammo rafiqam o‘zinikini ma’qullab turib oldi. Shunday ishdan chalg‘itishganidan ko‘nglim og‘rigan bo‘lsa-da, noiloj kiyinib jo‘ramnikiga yo‘l oldim. Eshikni uning rangi siniq xotini ochdi. Ko‘nglim bir nimani sezganday «shuv» etib ketdi. Ichkariga kirib boshini bog‘lab yotgan jo‘ramning rang-ro‘yi­ga bir qarashdanoq nedir kulfat, baxtsizlik sodir bo‘lganini ang­ladim. Piyoz yo‘lda irib, suv bo‘lib oqib ketibdi… «Menga ishonmasangiz, shopirlardan so‘rang, barisining manziliyam, telefoniyam bor. Lekin o‘zimni ularga ro‘baro‘ qilmang. Hali yo‘l pulini berganim yo‘q, ko‘rishsa meni tiriklay yeb qo‘yishadi, shuning uchun uyda biqinib o‘tiribman… To‘rt «KamAZ»dagi piyozam oqdi, xuddi mening achchiq ko‘z yoshimga o‘xshab oqdi», – dedi jo‘ram sho‘rqillab.

Men tamom bo‘ldim…

V

Men tamom bo‘ldim.

Baxtsizlik nomard ovchiday panada poylab turarkan: o‘qi nishonga bir tegdimi, yovvoyi shavq bilan og‘uli paykonlarini ketma-ket yo‘llayverarkan.

Shu paytgacha qanday chidab yurishgan ekan, hayronman, ammo birdaniga ikkita ukam zudlikda uylanadigan bo‘lib qolishibdi. Qo‘shaloq to‘y, qarzlar… Bu yoqda alamdan kuyib, qorayib ketgan rafiqam ko‘z ochirmaydi, meni bo‘shangdan olib lattaga soladi, menga tekkizib-tekkizib yomon qarg‘anadi, orada yig‘lab-siqtab oladi, so‘ng xezlanib jo‘ramning manzilini aytishimni talab qiladi, «hay-hay» demasam, borib u bechoraniyam yulib keladiganday. Qayoqdan xabar top­gan, ertasigayoq dog‘uli qaynonam kirib keldi tuxumidan ayrilgan tovuqday hurpayib. Ona-bola mening bittayam so‘zimga ishonishmadi…

Peshonamga bitilgan eng sho‘r, eng qora kunlarim edi u kunlar…

Odam o‘zini oqlay-oqlay axiyri charcharkan. Ammo yashash kerak edi. O‘sha la’nati to‘rt ming rublni joyiga qo‘yish kerak edi. Ukalarimning to‘yiga tuzukroq to‘yona oborishim kerak edi. Eng og‘iri – menga chirqirab yopishayotgan xotinim bilan qaynonamning asablarimni ayovsiz egovlayotgan, ko‘zimga dunyoni qorong‘i qilib ko‘rsatayotgan ovozlarini o‘chirishim kerak edi. Bir ko‘ngil: «Kostyumni yelkangga il-da, chiq-ket. Hammasiga tupur. Dunyo keng», – dedi. Boshqa ko‘ngil: «Sen erkakmisan yo hajiqiz? Tug‘ilajak zuryodingda nima ayb? Otalik mas’uliyati bormi senda o‘zi? O‘zing tirik bo‘la turib xotiningni yesir, bolangni sag‘ir qilmoqchimisan?» – dedi. Axir, mana, ahvolimni ko‘rib rafiqam chidab turolmadi: shu holida bir amallab bog‘chaga ishga kirdi sho‘rlik. Endi yuribdi bolalarning ishtonini yuvib. Ro‘zg‘or uchun fidoyilik bo‘lsa shunchalik bo‘lar-da…

Men boshimni yanada quyiroq egdim…

Shundan so‘ng nima bo‘ldi, nima qo‘ydi – g‘ira-shira eslayman. Go‘yoki shundan keyingi o‘tgan yillar ichida men yashamagandayman, oynavand qafas ichidagi olmaxon misoli tinim bilmay, o‘pkam bo‘g‘zimga tiqilgancha harsillab chopaverganman-chopaverganman.

Yodimda qolgani shartta betimni sidirib tashlash-u, tanish-begonalar oldiga qarz so‘rab borish bo‘ldi. Nechtasining uyidan, ishxonasidan orqamdan o‘xshatib tepki yeganday muztar ahvolda chiqib keldim, sanab sanog‘iga yetolmayman. Men hatto, yo Rab, nigohlari hurkakkina laborantka qizimiz Munisaga ham yukinib bordim. Bilib-sezib turardim, bundan ortiq pastkashlik yo‘q edi, ammo… Rangi paxtaday oqarib ketgan, menga xavotirlanib qarab-qarab qo‘yayotgan Munisa ertasi kuniyoq ikki yuz rubl bilan tilla uzugini olib kelib berdi. Darvoqe, men keyinchalik bu qarzni qaytarolmadim: tez orada Munisa ishdan bo‘shab boshqa joyga o‘tib ketdi. Aynan qayerga o‘tganini hech kim bilmadi, o‘zim surishtirib yurishga esa na fursat topdim, na hafsala qildim. Jo‘ramdan umid qilib turgandim hech bo‘lmasa yarmini ko‘tarar deb. Ammo u kutilmaganda boshqa joyga ko‘chib ketib qoldi. Bir-ikki qidirdim, topolmadim. Oradan uch oylar o‘tib uni go‘yoki yap-yangi «Jiguli» mashinasini uchirib ketayotgan holda ko‘rib qolgan rafiqam qildi janjal, qildi janjal. Qorni qappayib qolgan, bu qorinda o‘zingning pushti kamaringdan bo‘lgan zuryodni ko‘tarib yurgan ayolning ichki nafrat, irg‘anish to‘la ta’na-dashnomlarini eshitishdan og‘irroq uqubat bormi bu dunyoda?! Bu azobga chiday olmagan asablarim darz ketdi, muzlagan idishga qaynoq suv quyilganday chatnadi: bir kechada sochim qorday oqardi, boshim ora-sira prujinkasi chiqib ketgan qo‘g‘irchoqning kallasiday qiltillaydigan bo‘lib qoldi, hayajonlangan mahallarim duduqlanishdek bema’ni qiliq paydo bo‘ldi. Vaholanki, men talabalarga ma’ruza o‘qirdim. Mana o‘g‘irlangan qo‘lyozmayu uning asoratlari xususidagi afsona qachon paydo bo‘lgandi! Eng yaqin do‘stim qo‘lyozmani o‘g‘irlarmish-da, darrov himoya ham qilib qo‘ya qolarmish! Ilmiy kengash menga tasdiqlab bergan mavzuni-ya?..

Qolgan xotiralarim ayqash-uyqash. Men bu yillar ichida murvati burab qo‘yilgan, abadiy ishga mo‘ljallangan qo‘g‘irchoqday tinmay ishladim. Avval ikki joyda, keyin uch joyda. Ertalabdan portfelimni qo‘ltiqlab ma’ruza o‘qishga chopaman, tushdan keyin qurilishda, kechasi qorovulchilik; shanba-yakshanba kunlari mardikorlik… Ish, ish va yana ish. Pul, pul va yana pul tashvishi. Har safar biron qarzimdan qutularkanman, yelkamdan shafqatsizlarcha bosib turgan navbatdagi zalvorli yukdan qutulganday yengil tortardim, ozgina qoldi-ku, o‘shalar bilan ham hisob-kitobni tugatib olay, keyin yotib olib ilm bilan shug‘ullanaman deb yupatardim o‘zimni o‘zim. Mavzu meniki, uni hech kim tortib ololmaydi, buning ustiga, u to‘qson to‘qqiz foizga bitgan. Puankare esa… shuncha yil kutgan, yana ozroq kutib tursa hech nima qilmaydi. Ulguraman. Albatta ulguraman. Axir atay o‘zimni orqaga tashlamayapman-ku. Hozircha majburman. Ammo oz qoldi, juda oz qoldi, yana bir zo‘r bersam bo‘ldi…

Bu orada «vatan»li ham bo‘ldik. Rafiqam orzu qilganidek, ikkinchi qavatda, faqat ikki xonali. Bir xona qarz bo‘lib qoldim.

Bu orada, ming shukr, bir o‘g‘il, bir qizning otasi bo‘ldim.

Bu orada badqovoq qaynonam rahmatli bo‘lib ketdi.

Bu orada Kembrijdagi Kley matematika instituti uchinchi ming yillik uchun matematikaning yetti eng muhim masalasi ro‘yxatini e’lon qildi. Har bir masalani yechgan kishiga bir million dollardan mukofot va’da qilindi. Puankare gipotezasi ham bu ro‘yxatda bor edi…

Bu orada men bilan bir paytda ish boshlagan Saidov yigirma yetti yoshida fan nomzodi, o‘ttiz yoshida fan doktori bo‘ldi. Men esa oltmish yoshimda hamon katta o‘qituvchi bo‘lib, bir so‘zni to‘tiqushday ikki martadan takrorlab, talabalarga o‘zim savol berib, javobini ham o‘zim aytib yuribman… Darvoqe, yaqinda bir tanishimning nomzodlik ishi himoyasi sabab Saidov rahbarlik qilayotgan institutga bordim. Prezidiumda o‘tiribdi qilichday bo‘lib. Po‘rim. Ko‘zlar chaqnagan. Sira qarimaganday. Agar yonma-yon turib qolsak, bizni ota-bola deyishlari ehtimoldan xoli emas… Saidov men tomonga bir-ikki marta ko‘z tashladi, ammo tanimadi, shekilli. Qayoqdanam tanisin? Indamay o‘rnimdan turib zaldan chiqib ketdim. Saidov mening iyig‘i chiqib ketgan portfelimga qarab qolganini his qildim. Balki, nimanidir eslaganday bo‘lgandir…

Biroq o‘sha kuni mening boshimga tushgan sho‘rishlar shu bilangina tugab qolmadi. Institutning gilam to‘shalgan yo‘lagida ketarkanman, devordagi zarhal harflar bilan «Bizning faxrimiz» deb yozilgan doskaga ko‘zim tushib qoldi. Institutning faxri bo‘lgan olimlarga shunchaki ko‘z tashlab o‘tayotib nogoh tok urganday joyimda qotib qoldim. Yanglishishim mumkin emas edi. Uchinchi qatorning boshida Munisa turardi. Hamon o‘shanday munisa, ma’suma, o‘shanday tortinchoq, hurkak nigohli… Go‘yo yillar unga ta’sir qilmaganday. Dir-dir titrab, arang o‘qiy oldim: «Munisa Falonchiyeva. Fizika-matematika fanlari doktori. Falon-falon yillari Tennessi universitetida ma’ruza o‘qigan…»

Institut binosidan qanday chiqdim, eslay olmayman…

Tabiatda bo‘shliq bo‘lmaydi. U albatta nima bilandir to‘ldiriladi. Qanchalik tan olmaslikka urinmayin, qanchalik qarshilik ko‘rsatmayin, jon-jahdim bilan inkor etmayin, biroq baribir tabiat qonunlari qoshida ojizligimni g‘ira-shira bo‘lsa-da idrok etib turardim: ong-shuur, tafakkurni birdaniga ikki tomonga yo‘naltirib bo‘lmaydi, ikki kemaga osilgan g‘arq bo‘ladi. Inchunin, yo ilm, yo moddiyat! Unisidan ellik, bunisidan ellik foiz olib yashab bo‘lmaydi. Buning samarasi chala tug‘ilgan bolaga o‘xshab qolishi haqiqatga yaqinroq. Inchunin, tirikchilik g‘uboriga to‘lgan miyani yarqiratib tozalab tashlamoq, uning yo‘nalishini oldingi o‘zanga qaytarmoq imkonimdan xorijdagi ish emasmi?..

Tan olay, bolalarimdan umid qilgandim. Har nechuk, olma o‘z daraxtidan uzoqqa tushmas. Biroq rafiqam tomonidan sarkash o‘jarlik va qat’iyat aralash ishonch bilan yaratilgan «bo‘shang, hech ishni eplolmaydigan, umri chaqa sanab o‘tayotgan, boshqalarga o‘xshab bunday yaxshi yashashni ham bilmaydigan» uquvsiz ota obrazi men bilan farzandlarim o‘rtasiga o‘tib bo‘lmas xitoy devorini o‘rnatdi. Shunda ham ancha urinib ko‘rdim. Ammo «iks»ning kubidan oddiy hosila ololmaydigan, logarifm bilan integralning farqini bilmaydigan bolalardan buyuk matematik chiqmasligini mendek uquvsiz katta o‘qituvchi ham bilib-tushunib turardi…

VI

Baribir, inson umid bilan, umid daraxti so‘lganida esa ilinj niholi bilan tirik deyishadi.

Men har safar yangi o‘quv yilida yangi talabalarga ma’ruza o‘qishni boshlarkanman, dars oxirida bitta savolni o‘rtaga tashlayman. Odatda, bu salgina murakkab so‘roq bo‘ladi. Ya’ni men bilishga urinaman: shu auditoriyada o‘tirgan qora ko‘zlar orasida hech bo‘lmasa bittagina favqulodda salohiyatlisi uchrab qolarmikan? Bu xatti-harakatim lakmus qog‘ozini sinab ko‘rishday gap, albatta: qani, auditoriyaning ishqorlilik, ya’ni ilm darajasi qanchalik? Ko‘ngil tub-tubida esa ilinj: zora, shunaqa iqtidor chiqib qolsa-yu… qolib ketgan ishimni, hech bo‘lmasa, gipotezani yechishga urinib ko‘rishni birgalikda davom ettirsak. Ehtimol, yoshlik g‘ayrati va keksalik tajribasi qo‘shilgan joyda chinakam mo‘jiza yuz berar. Axir qatiq to‘kilgani bilan kadida yuqi qoladi-ku.

Yaqinda, nihoyat, fursat topib qo‘lyozmalarimni diqqat bilan o‘qib chiqdim. Nimadir bordek, qalbni qoplagan kul orasida esa cho‘g‘lar miltirab qolayotgandek…

Afsuski, sinovdan har safar hafsalam pir bo‘lavergach oxiri bu benaf mashg‘ulotni tugatsammikan degan o‘ylarga ham bora boshladim.

Aniq esimda bor – men axir matematikman, raqamlar mening ko‘zir qartam – yangi o‘quv yilining birinchi ma’ruzasini ikkinchi kurs talabalariga o‘qidim. Hali aytganimday, matematikaning o‘z ohanrabosi bor-da. Dunyoning matematik asosdagi bu qadar izchilligi, aql bovar qilmas mukammalligi meni hamisha hayratga soladi. Balki, shu sabablidir, ma’ruzam yakunlangan sayin titrab, hayajonga tusha boshlayman, ammo buning oqibatida duduqlanib qolishdan cho‘chib, o‘zimni o‘zim nazorat qilib turishga ham urinaman. O‘sha kuni ham ma’ruzam xotimasida doskadagi formulalarga ishora qilarkanman, beixtiyor jo‘shqinlik bilan:

– Agar Gausning manfiy chizig‘i yuzaning egarga o‘xshashligi bilan bog‘langan bo‘lsa, masala butunlay boshqacha tus oladi. E’tibor beringlar-a, butunlay boshqacha! Bu naqadar qiziqarli! – deb yubordim.

Oldingi partada o‘tirgan talaba yonidagi sherigining qulog‘iga shipshidi:

– Xuddi sigiri egiz tuqqanday quvonishini!

Aniq eshitgan bo‘lsam-da, ayni damda bunaqangi luqmalarga e’tibor berib o‘tiradigan ahvolda emasdim. Meni masalaning sinoati o‘ziga maftun etib bo‘lgandi:

– Bu yerda endi hatto Lobachevskiy nazariyasi ham yordam berolmay qoladi. Bu nima degani? Bu endi handasa ilmida yangi kashfiyotlar yaratila boshlandi de-degani…

Duduqlana boshladim. Bu yomon alomat edi. Sal o‘zimni bosib oldim-u, auditoriyaga qaradim. Ammo bironta chaqnagan, men bilan qo‘shilishib hayratga tushayotgan nigohni uchratmadim. Hushyor tortdim. Ko‘nglim chopmay, hech narsaga ishonmay turgan bo‘lsam-da, soatimga qarab qo‘ng‘iroq chalinishiga uch daqiqa qolganini ko‘rdim va doskadagi formulalarga ishora qildim:

– Mana endi lemma 2.1.1.ga e’tibor qarating-a. Ma’lumki, Gauss egri chizig‘ining bir qismi birlamchi ­kvadrat shakl koeffitsiyenti bilan aniqlanmaydi. Demak, biz «v»ni konstant deb olsak, unda lemma bir narsani ochiq-oydin nima qilyapti? Ha, ko‘rsatyapti. Ya’ni yuzadagi «v» ­konstant bo‘lsa, 0.1-formuladagi «D» o‘z-o‘zidan nimaga teng bo‘lib qoladi? Xo‘sh?

Bu mening lakmus qog‘ozim, ya’ni talabalarning ilm darajasini aniqlash yuzasidan berayotgan nazorat savolim edi. Odatdagiday, talabalar jim. Men qarasam, ko‘zlarini olib qochganlari qancha!

Ajablanganimni yashirib o‘tirmadim:

– Axir bu shundaygina ko‘rinib turibdi-ku. Bolalar, sal diqqat qilinglar. Menga emas, formulaga qaranglar-a, formulaga. Naqadar oson bu yechim. Ozgina mantiqiy fikrlash kerak, xolos. Axir biz hech qo‘rqmasdan, mana, «v = cons» deb belgilab qo‘ydik. Xo‘sh, bu holda 0.1-formuladagi «D» o‘z-o‘zidan nimaga teng bo‘lib qoladi?

Talabalar og‘izlariga suv solib olganday yana miq etishmadi. Men xuddi shunday bo‘lishini bilganday, qovog‘imni uygancha o‘zim sira foydalanmaydigan ma’ruza matnimni qaytarib portfelimga sola boshladim. Shu payt o‘rtaroqda o‘tirgan bir talabaning qo‘l ko‘targanini ko‘rib qoldim. «Boshlandi. Hozir butunlay boshqa mavzuda savol beradi, odamni mayna qilishga urinadi. So‘tak!» degan o‘yda g‘ijinibroq bosh irg‘adim:

– Xo‘sh?

Shunda yigitcha nima dedi deng:

– Agar «v»ni konstanta deb olsak, 0.1-formuladagi «D» nolga teng bo‘ladi.

O‘z quloqlarimga ishonmadim. Yo‘q, «D» nolga teng bo‘lishi to‘g‘ri edi. Ammo buni bu bola qayoqdan bildi? Nahotki, taxmin qilgan bo‘lsa?

– O‘rtaga chiqib shuni ko‘rsatib bersangiz, yigitcha.

Talaba doska yoniga keldi va bir yarim daqiqa ichida hammasini isbotlab tashladi. Men angrayib qoldim. Qo‘ng‘iroq jiringladi. Mening ahvolimni ko‘rgan talabalar joylarida jimgina o‘tirishardi. Arang so‘ray oldim:

– Davom etolasizmi? Endi biz yuzada hosilasi nolga teng bo‘ladigan egri chiziqli koordinatlarni nima qilishimiz kerak?

Yigitcha ikkilanmay javob qaytardi:

– Aniqlashimiz kerak. Buning uchun biz 0.2-formulani keltirib o‘tamiz.

Talaba kerakli formulani doskaga yoza boshladi.

Xudo bor! Men izlaganimni topgan edim! Nihoyat! Umidim deyarli uzilib bo‘lganida-ya!

Darsdan keyin talabani kafedraga chaqirdim. Gaplashib ko‘rdim. Balo ekan. Tug‘ma matematik!

Men qachondir bir umr yerga qarab nimanidir izlab yurgan odam tilla tanga topib olganida ishonmasdan topildig‘ini tashlab yuborgan ekan deb eshitgandim. Shu ahvolga tushib qolmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan ish tutdim. Avvaliga «Matematika bo‘yicha talabalar orasida o‘tkaziladigan olimpiadaga qatnashasiz» degan sababni ro‘kach qilib uni kutubxonaga olib bordim va uch-to‘rtta kerakli adabiyotni olib berdim. Mana shu kitoblarni diqqat bilan o‘qib chiqish va uqishni tayinladim. Yigitcha odobli mullavachchadek bir og‘iz «xo‘p bo‘ladi» dedi va kitoblarni olib ketdi.

Keyingi hafta talabani imtihon qilib ko‘rdim. Nima ham derdim, bola men bergan asarlarni o‘zim talab qilganday ham o‘qib, ham uqib kelgandi. Quvonchdan shaytonlab qolishimga sal qoldi. Talabada men izlagan ilm ham, salohiyat ham bor edi.

Kafedrada o‘tgan uchinchi saboqdan keyin men gapni asta-sekinlik bilan o‘z maqsadim tomon burdim: bir asrdan beri yechimini topolmay kelayotgan Puankare gipotezasi haqida so‘zladim. Qiziqishi kuchaysin degan maqsadda oxiri dunyo matematiklari shu boshqotirmani yechgan olimga bir million dollar mukofot va’da qilishganini ham qistirib o‘tib ketdim.

Kutganimday, pul miqdorini eshitgan talabaning qosh­lari kerilib ketdi, ko‘zlari chaqnadi. Men to‘g‘ri yo‘ldan borayotganimga ishonch hosil qildim. «Shu pul egasini kutib yotibdi. Ehtimol, u bizniki bo‘lar», – dedim.

Tabiiyki, talaba ishonqiramay bosh chayqadi:

– Shuncha olim turganda…

O‘zimam shu javobni kutgandim. Darrov tayyorlab kelgan gaplarimni to‘kib soldim:

– Boshqa olimlar ham xuddi shunday o‘ylashadi. Bu, aslida, o‘zi yo‘q voqelikning quruq vahimasi, sharpadan qo‘rqish, arqonga osib qo‘yilgan, shamolda hilpirayotgan ko‘ylak ichida birov bor deb cho‘chish. Shuning uchun hech kim bu gipotezani yechishga astoydil kirishmayapti. Ochig‘i, yigitcha, men bu sohada u-bu ish qilib qo‘yganman.

Talaba yana menga ishonqiramay qaradi:

– Siz-a? – so‘ng savolining o‘rinsiz ekanligini o‘zi ham payqadi, shekilli, duv qizarib ketdi. – Kechirasiz.

– Hechqisi yo‘q, – dedim darhol. So‘ng gapni hazilga burdim. – Nima, meni osmondan mana shunday, katta o‘qituvchi holida portfelini qo‘ltiqlagancha to‘g‘ri auditoriyaga tushib ma’ruza o‘qishni boshlab yuborgan deb o‘ylaysizmi? Men ham yosh bo‘lganman, o‘zimga yarasha orzularim bo‘lgan.

Har qancha yashirishga urinsa-da, yigitcha baribir gaplarimga unchalik ishonmayotganligi sezilib turardi. To‘g‘ri-da, Puankare qayoqda-yu, qarshisida g‘ijim kostyum-shimda, iyig‘i chiqib ketgan galstukda o‘tirgan manavi qorindor, sochi to‘kilgan, buning ustiga, salga boshi qaltirab, o‘zi duduqlanib qoladigan, yana bir paytlar yosh bo‘lganligini da’vo qilayotgan domla qayoqda?!

Men portfelimdan qo‘lyozmalarimni oldim. Avval gipoteza xususida uzoq ma’ruza o‘qidim. Hech qanaqangi gap bo‘lishi mumkin emas, talaba o‘ta zehnli, o‘ta farosatli, analitik fikrlashga moyil edi. U aytmoqchi bo‘layotgan fikr­larimni juda tez ilg‘ab olar, ba’zan duduqlanib qolgan kezlarim hatto ko‘maklashib ham yuborardi. Shunday bo‘lsa-da, uchinchi soat oxiriga boribgina yigitcha mening niyatimni bir qadar ravshanroq tushuna boshladi.

Menga shuning o‘zi yetarli edi. Bizning fanda kalavaning uchini topib olsangiz bas, qolgani o‘z-o‘zidan chiqib kelaveradi, oddiy mantiq shuni talab qiladi. Yigitchaning ham mavzuga qiziqib qolganligi joyida tinch o‘tirolmay qolganligidan, lablari qattiq qimtilganidan sezilib turardi.

Ertasi kuni yana uchrashishga kelishib xayrlashdik.

Men masrur edim. Shu qadar masrur edimki, keyingi yillar ichida birinchi marta «progul» qilib ikkinchi ish joyimga bormadim. Uchinchisiga ham. Xotinimning ­«…ni­ma qilaman? …qanday yashayman?» qabilidagi iztirobli nolishlarini eshitmaslik uchun quloqlarimga paxta tiqdim-u, xonamda kitob o‘qib yotaverdim.

Men yana ilmga qaytmoqda edim. Tirikchilik tashvishlariga o‘ttiz yillik umrimni qurbon qildim, yetar axir. Men ham insonman. O‘zim uchun ozgina yashay, o‘zimning yoshlik orzu-niyatlarim uchun ozginagina ishlay. Armon bilan o‘tib ketmay bu dunyodan! Ko‘zim ochiq ketmasin. Uch joyda emas, sakkiz joyda ishlagan taqdirimda ham bu ro‘zg‘or atalmish kundalik g‘orning ehtiyojlarini qondirib bo‘lmas ekan-ku. Mana, uyimiz besh xonali, ammo bizga endi hovli kerak. O‘g‘il bo‘y yetib turibdi, uni uylantirish kerak. Kollejni bitirayotgan qizimizga ham sovchilar kelayotganmishmiyey. Demak, tayyorgarlik ko‘rib qo‘yish kerak. Axir bir yutum havo ham o‘tmaydigan darajada zich muammolar halqasi borlig‘imni o‘rab-chirmab olganiga necha zamonlar bo‘ldi. Chiqay hech bo‘lmasa ozginagina muddat erkinlikka, parchalay kishanlarni! Menga bir yutum havo beringlar axir, bir yutumgina! Keyin mayli…

Dilimning qay qorong‘i, hammaning, hatto o‘zimning ham nigohimdan pinhon puchmoqlarida bir telbavor o‘y kezardiki, mabodo Xudo, «Ol, qulim», – desa-yu, talaba ikkalamiz gipotezani yechsak, men… men mukofot pulidan voz kechaman. Mayli, talaba olsin, unga kerakdir. Ammo men o‘zimga tegish­li besh yuz ming dollardan voz kechaman. To‘laligicha! Illo… illo, men bir asrdan beri jumboq bo‘lib kelayotgan gipotezani isbotlab kashfiyotga erishgan mahalim his qilgan shodligim, baxtimni yarim million dollardan qimmat deb hisoblagan bo‘lardim. Tushuntirib berolmadimmi? Buni tushunish uchun odam haqiqiy matematik bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, puldan voz kechganimni eshitgan xotinim meni tiriklay g‘ajiydi, bolalarim nafrat bilan qarashadi, tanish-bilish­larim telbaga chiqarishadi. Ammo men baribir shunday yo‘l tutaman. Nazarimda, talaba ham shunday qiladiganday. Axir uning tomirlarida asl matematikning qoni oqmoqda…

Tuni bilan qo‘lyozmalarimni titib chiqdim. Men yana hov o‘shal davrdagi g‘alaba isini tuya boshlagan tadqiqotchiga aylanib bormoqdaydim…

Ertasi kuni universitetga xuddi bayramga borayotganday ko‘tarinki kayfiyatda, uchta noyob kitobni portfelimga solgan ko‘yi g‘o‘dayib yo‘l oldim.

Yigitcha kelishilgan paytda kafedraga kirib keldi. Buyam meni xursand qildi: aniqlik – matematikning birinchi fazilati. Mana shu kayfiyat ta’sirida bo‘lsa kerak, talabani maqtab qo‘yishdan o‘zimni tiyib turolmadim:

– Yigitcha. Nigohingiz o‘tkir, shuuringiz tiniq. Ochig‘ini aytaman, shuncha yil dars berib bu gipoteza mohiyatini tushungan, uni yechishga jazm qilgan talabani nima qilmagandim? Uchratmagandim. To‘g‘ri, bu gipoteza yechimini topishga ancha vaqtimizni nima qilamiz? To‘ppa-to‘g‘ri, sarflaymiz. Lekin ishonavering, bu arziydigan ish bo‘ladi. Nafaqat arziydigan, balki fan olamida katta shov-shuv yasaydigan ish bo‘ladi. Yechimni topolsak, butun O‘zbekiston matematiklari bizga nima qiladi? Ha, havas qiladi. Men nima deyapman? Nafaqat yurtimiz, hattoki dunyoning manaman degan olimlariyam…

Jo‘shib gapirayotgan mahalim qarasam, talabaning shashti pastroq. O‘ziyam jur’atsizlik bilan:

– Domla, – deb qo‘ydi.

Odam ba’zan kelayotgan xavfni oldindan sezadi deyishadi. Yuragim uvishib, sergak tortdim, yigitchaga dalda berishga urindim:

– Cho‘chiyapsizmi? Aslo cho‘chimang. Yoshsiz, g‘ayratingiz, kuchingiz, bilimingiz bor. Bu ish ikkalamizning qo‘limizdan nima qiladi? Keladi. Albatta keladi.

Mana shunda… mana shunda talaba cho‘ntagidan zarhal taklifnoma olib uzatdi va:

– Shunaqa bo‘p qoldi, ustoz, – dedi bir og‘iz. – Oilada to‘ng‘ich o‘g‘ilman…

Bu ikki kundan keyin bo‘ladigan to‘yga taklifnoma edi. Bo‘shashib qoldim. Tilak bildirgan bo‘ldim:

– Tabriklayman. Vaqt arifmetik progressiyada o‘sgani sayin baxtingiz geometrik progressiyada ko‘paya borsin.

Kayfiyatim tushib ketganini sezdi, shekilli, yigitcha nimagadir shosha-pisha o‘zini oqlay boshladi:

– Lekin bu gipoteza bilan, ustoz, albatta shug‘ullanaman. To‘y o‘tib olsin.

Parishon ahvolda uning gapini ma’qulladim:

– Albatta, albatta. Avval to‘y o‘tib olsin.

Bunga sayin talaba meni ishontirishga zo‘r berardi:

– To‘ydan keyin xotirjam bo‘lib olib bemalol ilm bilan shug‘ullanaveraman. Mana ko‘rasiz. Tushuning, ustoz…

Nima derdim?

– Albatta. Albatta, tushunaman, – dedim.

Yigitcha yana o‘zini oqladi:

– Ochig‘i, tez to‘y qilmasak, baxtimdan ajralib qolaman.

Xayolim boshqa yoqqa ketgandi. Ammo navbatchi jumlalarni bir amallab tilga oldim:

– Albatta, albatta. Shaxsiy baxt muhim.

Yana qisir va’da yangradi:

– To‘ydan keyinoq ilmga astoydil kirishaman…

Kuyov yigitning bo‘yniga hech qachon amalga oshmaydigan majburiyatni yuklab qo‘yishdan o‘zimni tiydim:

– Albatta. Faqat hech bo‘lmasa kichik chillangiz o‘tib olsin-da, yigitcha.

Talaba jonlanib qoldi:

– So‘rab bilib oldim. Kichik chilla yigirma kunda tugarkan. O‘shangacha uyda bo‘lishim kerak ekan. Lekin ana undan keyin ko‘rasiz, ustoz, astoydil kirishaman. O‘zi juda qiziq gipoteza ekan.

Beixtiyor tan oldim:

– Qiziq ham gapmi, hikmatning koni.

Talaba to‘yga yana bir bor taklif qilishni unutmadi:

– Albatta keling, domla. Kutamiz. Kichik chilla o‘tib olsin, keyin yeng shimarib olib ishga kirashamiz. Ungacha gipoteza kutib turadi.

Beixtiyor talabaga «yalt» etib qaradim. U beg‘ubor ko‘zlarini menga tikib turardi. Aftidan, aytayotgan gaplari rostligiga o‘zi ishonardi. Bu safar ko‘nglimdagini aytmaslikning ilojini qilolmadim:

– Tarixning takrorlanishini qarang. Har qalay, taraqqiyot spiralsimon shaklda ekanligi rost, shekilli. Bilasizmi, baribir taraqqiyot bor. Xuddi shu gaplarni men o‘ttiz yil burun to‘yim oldidan o‘zim o‘zimga aytgandim, o‘zim o‘zimni ishontirgandim. Siz bo‘lsa menga ovoz chiqarib aytyapsiz. O‘shanda menam Puankare kutib turadi degandim. Puankare kutib turdi, albatta, rosa kutdi, sabr-toqat bilan o‘ttiz yil kutdi. Lekin men…

Qarasam, bola bechoraning ko‘zlari alang-jalang bo‘lyapti. Darrov o‘zimni tutib oldim, ovozimdagi titroqni ham yashirishga muvaffaq bo‘ldim:

– Baxtli bo‘ling. To‘yingizga esa, oldindan ochiq aytib qo‘yay, borolmayman. Buning uchun uzr. Ochig‘i, bugun sizga yana uchta kitob berib turmoqchiydim. O‘qishga va uqishga. Lekin to‘y tashvishlari bilan ekansiz. Albatta, yoqimli tashvishlar. Shuning uchun – men portfelimdan o‘tgan kuni ikkinchi ish joyimdan olgan maoshimni chiqardim – hozircha kitoblarni qo‘yib turaylik-da… Bu sizga. Oz bo‘lsayam ko‘p o‘rnida nima qilasiz? Ko‘rasiz. To‘yona deganday.

Xursand bo‘lib ketgan yigitcha pulni hatto nomiga bo‘lsa ham bir marta qaytarib berishga urinmaganidan sezdimki, bu borada muammolari yetarli. Bir kunlik shogirdim qayta-qayta rahmat aytgan ko‘yi chiqib ketdi. Dilimda yomon bir og‘riq qoldi: nazarimda, pulni ko‘rib minnatdorchilik bildirayotgan payti yigitcha boshini sal pastga eggandek bo‘ldi. Yana kim biladi deysiz. Balki, menga shunday tuyulgandir. O‘zidan hadigi bor birovga shubhalanib qarashi rost-da.

Men joyimga behol o‘tirib qoldim. O‘tirdim, o‘tirdim. Nogahon… ho‘ngrab yig‘lab yubordim va ko‘z yoshim aralash Yaratganga iltijo qilaverdim, qilaverdim:

– Xudoyim! Meni o‘ttiz yil orqaga qaytar, Xudoyim… Xudoyim, meni o‘ttiz yil orqaga qaytar…

VII

Menda nimadir o‘zgarish yuz bergan edi.

Rafiqamning shuncha tavallolari, yig‘i-sig‘i­la­riga, hattoki «Shu yurishingiz bo‘lsa, bir oydan keyin och qolamiz! Unda to‘yni bitimizni sotib o‘tkazamizmi?» qa­bilidagi vahimalariga qaramasdan qolgan ikki ish joyimga «adashgan xodimning qaytishi» qiyofasida bosh egib bormadim: o‘zimni kasalga soldim va ko‘rpa-to‘shak qi­lib yotib oldim.

Men… men uydagilardan yashirinib ishlardim. Ko‘nglim nimanidir sezardi: gipoteza yechimi yaqinday, juda yaqinday. Men bu sirli qasrga olib kiradigan darvoza yonida bir shoda kalit ko‘tarib turardim go‘yo. Endi qulfga mos kalitni topib olsam bas edi. Men yana bir narsani sezardim: menga yosh aql, tiyrak tafakkurli birgina yordamchi kerak edi. Albatta, «kichik chilla… katta chilla» deb yurgan talabadan hozir, balki, keyin ham umid yo‘q hisobi. Ehtimollar nazariyasiga ko‘ra, qo‘limdagi kalitlarning hammasida ham qulfni ochish imkoniyati mavjud. Ammo bunga juda ko‘p fursat ketardi. Menda esa bu fursatning o‘zi yo‘q. Oradan bir hafta o‘tar, ko‘pi bilan o‘n kun o‘tar, so‘ng men to‘shagimdan turish va boshimni yanada quyiroq egib qo‘shimcha yumush izlashga tushishga majbur edim. Busiz mumkin emas. Busiz bo‘lmaydi. Shusiz ham vahima morlari miyasini yeb bo‘lgan, bo‘lg‘usi to‘y xarajatlaridan boshqa narsa ko‘ziga ko‘rinmayotgan rafiqam bundan ortig‘iga dosh berolmaydi.

Hash-pash deguncha o‘n kun o‘tdi-ketdi. Men hamon eshik yonida, kalitlarni bir-bir qulfga solib ko‘rardim go‘yo. Menga vaqt kerak edi. Hech bo‘lmasa yana o‘n kungina. Hech bo‘lmasa yana bir haftagina. Ammo bu vaqtni qaydan olaman?..

Ishga chiqdim. Universitetda omonat edim. Yoshim oltmishga borib qoldi. Tez orada pensiyaga chiqaman. Ilmiy unvonim esa yo‘q. Demak, avval yarim shtatga tushirishadi, keyin yumshoqlik bilan «o‘z xohishimga ko‘ra» ishdan bo‘shashni taklif etishadi. Rozi bo‘lsam, ehtimol, «uzoq yillik samarali mehnatim uchun» faxriy yorliq bilan taqdirlashib, zar chopon ham kiydirishar…

Qo‘shimcha ish ham topdim. Uyga yarim kechasi, har qancha horib-charchab qaytsam-da, jilla qursa, bir-ikki soat gipoteza bilan shug‘ullanishga o‘zimda kuch topishga harakat qilardim. Ammo bu oson emasdi. E voh, men endi yosh emasdim, qudratli vaqt o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda edi. Ko‘pincha qo‘lyozmalarimga bosh qo‘ygancha uxlab qolardim-u, ertalab umr yo‘ldoshimning umidsiz xasta misoli vahimaga to‘la zorillashidan seskanib uyg‘onib ketardim: «… nima qilaman? …qanday yashayman?»

Ayyorlik qilmoqchi bo‘ldim: xotinimga yo‘llanma olib biron dam olish uyida hordiq chiqarib kelishni taklif etdim. Ko‘pi bilan o‘n ikki kunga. Ham sog‘liqqa foydali, buning ustiga, shuncha yil yashab biron marta sayr-sayohatga chiqmading, chet elga bormading, hatto shundoqqina biqinimizdagi Chorvoq dengiziga ham bir marta qadam ranjida qilmading-a… Rafiqam menga avval ajablanib-shubhalanib, so‘ng baayni dovdir odamga qaraganday masxaralab qaradi va aytdiki… Xullas, agar sal yumshoqroq iboralarda ifodalaydigan bo‘lsak, shu paytgacha dam olmagan fidoyi xotinim bundan keyin ham dam olishni xayoliga keltirmas ekan, chunki uning uchun – mendek tepsa tebranmas, loqayd, dangasa erdan farqli ravishda – bolalarning baxti to‘kis bo‘lishi muhim ekan, bu to‘kislik esa el qatori o‘tkazilgan to‘yda namoyon bo‘larkan, shu sababli har bir so‘m hisobda bo‘lgan shu kunlarda ikkinchi marta bunday taklif bilan chiqishga jur’at etmasligim, undan ko‘ra ko‘proq pul topishni o‘ylashim kerak ekan, zero, oila a’zolarini ta’minlab qo‘yish, bolalarning to‘yini o‘tkazib berish erning birinchi vazifasi ekan va hokazo, va hokazo (ha, bu xotin dam olish-pam olishga bormaydi, mabodo sanatoriya-panatoriyaga oborib bog‘lab qo‘yib qaytsam, arqonlarni tishlab-uzib, uzolmagan taqdirda esa hakkalab bo‘lsa ham mendan burun uyga yetib keladi). Keyin esa yana eski plastinka aylana boshladi: «Agar sizga men tegmaganimda yo o‘zingizga o‘xshagan dovdir xotin yo‘liqib qolganida, ana o‘shanda ko‘rardingiz nima bo‘lishini! Haliyam rahmat deng, men shu oilani bir amallab eplab turibman. Agar boshqa xotin bo‘lganidami… agar boshqa xotin bo‘lganidami…»

Yuragim simillab og‘rib ketdi: darhaqiqat, boshqa xotin bo‘lganida nima bo‘lardi? Aytaylik… Yo‘q, yo‘q… Men bu o‘yni haydab solishga shoshdim… Balodan nari…

Hayot shu zaylda davom etardi. Men tegib-qochib hamon gipoteza isboti ustida ishlardim. Ish tizimga qo‘yilmaganidan keyin odam chalg‘irkan. Ustiga-ustak, allaqachon katta chilla muddati tugaganiga qaramasdan, ziyrak talabadan darak yo‘q edi. Guruh rahbaridan surishtirdim: kuyovto‘ra allaqanday bosh-oxiri yo‘q marosimlaru tadbirlardan bo‘shamayapti ekan. Ammo vaqt topgandan chopib kelishga va’da berib yuboripti. Shunday bo‘lishini bilib turgan bo‘lsam-da, behad charchaganim sabablimi, o‘zimni bosib turolmay baribir jahlim chiqdi, qattiqroq gapirib ham yubordim: «Va’dasini bir joyiga bossin…» Gap nimadaligini tushunmay turgan bo‘lsa-da, tili zahargina rahbar ham qarz bo‘lib qolmadi, meni o‘xshatib tuzladi: «Alam qilsa, orqangizga qalampir qo‘ying…»

Shunday kunlarning birida…

Shunday kunlarning birida… internetga qaradim-u… ko‘zlarimga ishonmadim… dardi dunyoyim qorong‘i bo‘lib ketdi. Sankt-Peterburg shahrida yashaydigan, institutda katta ilmiy xodim bo‘lib ishlayotgan 41 yoshli Grigoriy Perelman degan matematik Puankarening gipotezasini to‘la-to‘kis nima qilibdi? Ha, isbotlab beribdi-qo‘­yibdi… «Science» jurnali Puankare teoremasi isbotini «yil kashfiyoti» deb e’lon qilibdi. O‘zimizning Silviya – Zulfiya Nazar isbot muallifini ko‘klarga ko‘targan maqolasini chop etishgayam ulguribdi. Perelman bizning sohada nufuziga ko‘ra Nobel mukofotiga teng hisoblanadigan xalqaro «Filds» medali bilan taqdirlanibdi…

Shoirlar aldaydilar. Nima emish, qandaydir bir mavzuni yozmoqchi bo‘lib yursang-u, uni sendan oldin kimdir qog‘ozga tushirib qo‘ysa, bundan xursand bo‘lishing kerak ekan. Bekor gap! Ehtimol, adabiyotda shundaydir, ammo aniq fanlarda emas. Men unaqangi bag‘rikeng odam ham emasman. Men ichiqora odamman. Xudo shohid, bu olamshumul yangilikni o‘qiganimda butun vujudimni hasad va alam fasodi to‘ldirdi. Men o‘zimni tishlab tashlaguday ahvolga tushdim: «Nega u? Nega u? Nega men emas?..»

Hayot men uchun o‘z ma’nosini yo‘qotdi.

Ammo bu hali holvasi ekan. Tez orada saytda Perelmanning gipoteza yechimi ifodalangan maqolalarini e’lon qilishdi. E Xudo, bu nima degan gap? Menga yana qanday jazo­ying bor? Qachongacha ustimdan kulasan? Axir… axir bu to‘qson to‘qqiz butunu yuzdan to‘qson to‘qqiz foiz mening yechimim-ku!!! Axir men to‘g‘ri yo‘ldan borgan ekanman-ku. So‘ng­gi nol butun yuzdan bir foiz ish qolgan ekan-ku! Bir oygina, yo‘q, yo‘q, ko‘pi bilan bir haftagina qimirlamay o‘tirib ilm qilganimdami, gipotezani o‘zim isbotlagan bo‘lardim. Agar zukko talaba ham yonimga qo‘shilganida, ehtimol, birgalashib bu ishni yanada tezroq nihoyasiga yetkazardik… Axir ozgina qolgan ekan-ku… Ozginagina qolgan ekan-ku…

Menga ko‘rsatgan shuncha jabring kammidi, Yaratganim? Nega meni shunday imkoniyatdan mahrum etding? Nega og‘zimdagi oshimni oldirishimga yo‘l qo‘yding?.. Nega? Nega axir? Garchand bilaman, bu sening aybing emas, biroq nima qilay, o‘zim o‘zimni ayblaymi? O‘zim o‘zimni jazolaymi? Bu bilishim menga azob-iztirobdan o‘zga nima olib keladi, nima?..

Xudoyim! Meni o‘ttiz yil orqaga qaytar, Xudoyim… Xudoyim, meni o‘ttiz yil orqaga qaytar…

VIII

Qo‘lyozma shu yerda tugagandi.

Talaba bir dasta qog‘ozni stol ustiga qo‘ydi, qarshisida o‘ziga diqqat bilan tikilib turgan shifokorga qarab taraddudlandi, noilojligini bildirayotganday yelka qisib qo‘ydi:

– Ochig‘i, aniq bir narsa deyolmayman.

Shifokor bosh irg‘adi:

– Tushunaman, tushunaman.

Talaba ehtiyotkorlik bilan so‘radi:

– O‘zi… o‘zi yaxshimi?

Shifokor achinganini bildirayotganday xo‘rsinib qo‘ydi:

– Bir soqolli odamning rasmiga qaragani-qaragan.

Talaba sumkasidan bir surat olib ko‘rsatdi:

– Shumi?

Shifokor bosh irg‘ab tasdiqladi:

– Xuddi o‘zi.

Talaba izoh berdi:

– Bu o‘sha Grigoriy Perelman. Puankare gipotezasini isbotlab bergan.

Shifokor jonlanib qoldi:

– Eshitgandim. Aytganday, uning o‘ziga beriladigan million dollar mukofotdan voz kechgani rostmi?

– Rost.

Shifokor ko‘rsatkich barmog‘ini chakkasiga olib borib aylantirdi:

– Bizning mijoz ekan-da.

Talaba bezovtalandi:

– Yo‘g‘-e. To‘g‘ri, u torgina ikki xonali uyda, onasi bilan kambag‘algina yashaydi. Bitta maoshga. Lekin…

Shifokor ishonch bilan barmoq silkidi:

– To‘ppa-to‘g‘ri. U bizning mijoz. Axir bu zamonda qaysi sog‘ odam million dollardan voz kechadi? Shizofreniyaning shunaqa formasi. Unga maniya velichiya qo‘shilgan bo‘lishi mumkin, – so‘ng ichkariga ishora qildi. – Xuddi ustozingiz kabi.

Talaba nimagadir tobora o‘ng‘aysizlanib borardi.

– Yo‘g‘-e.

– Bunaqalarni ko‘raverib ko‘zim pishib ketgan, uka, menga ishonavering. Tashxisimga kallam bilan javob beraman.

– Lekin Perelman dunyodagi tirik daholar ro‘yxatining to‘qqizinchi qatorida turibdi-da!

Shifokor hayron bo‘ldi:

– To‘qqizinchi? Nega birinchi emas?

– Bilmadim.

– Umuman olganda, bu ham mening tashxisimni tasdiqlayapti. Chunki daholik bilan telbalikning orasi bir qadam, bularning orasida chittakka o‘xshab u shoxdan bu shoxga sak­rab yurganlari qancha!.. Aytganday, men baribir tushunmadim, o‘sha telba nega bir milliondan voz kechganligining sababini bunday odamga o‘xshab aytganmi?

– Aytgan. «Men endi koinotni boshqarishni bilaman, shu holimda million dollarning orqasidan chopib yuramanmi?!» – degan.

Shifokor ishonch bilan bosh irg‘adi:

– Super shizik.

Talaba shoshayotganini bildirmoqchiday bir qo‘zg‘alib qo‘ydi.

Shifokor qog‘ozlarga ishora qildi:

– Bularni nima qilamiz?

Talaba ikkilanib qoldi:

– Bilmasam.

Shifokor qog‘oz taxlaminining bir chekkasini ruchkasining uchida ko‘tarib ko‘rdi.

– Biron joyga ishlatib yuboraylik desak, qog‘ozi qattiq. Buning ustiga, orqasiga ham bir balolar ruchkada yozib-chizib tashlangan ekan.

Talaba eng yuqorida turgan qog‘ozni olib orqasiga qaradi:

– Ha, bu o‘sha, domlaning Puankare gipotezasi isboti bo‘yicha qilgan ishlari.

Shifokor ta’kidlab so‘radi:

– Endi bular biron ahamiyatga egami?

Javob qisqa bo‘ldi:

– Yo‘q.

Shifokor pixillab kuldi:

– Tushunaman, tushunaman. Poyezd ketib bo‘lgan deng… To‘ydan keyin xinani qayerga qo‘yish kerakligini esa muhtaram ustozingiz juda yaxshi biladi, juda yaxshi. To‘g‘rirog‘i, bilardi… Xo‘p, kelishdik, bu qo‘lyozmani tanish bir makulaturachiga topshirib yuboramiz. Har qalay, jamiyatga ozroq bo‘lsa ham foydasi tegadi-ku. Hi-hi-hi. Tualet qog‘ozi sifatida bo‘lsa ham.

Talaba qizarinqirab yerga qaradi.

Shifokor ishchan ohangga o‘tdi:

– Xo‘sh, uchrashasizmi ustozingiz bilan?

Talaba ikkilanib qoldi:

– To‘g‘risi, sal shoshib turgandim. Keliningizning…

Shifokor ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘tarib yigitchani gapdan to‘xtatdi:

– Buning menga ahamiyati yo‘q. Aytganday, qovunning yaxshisi kimga nasib qilishini eshitgan chiqarsiz? Ustozingiz ham xotinga yolchigan ekan lekin. Shukr qili-ib, boriga qanoat qili-ib yashayvermaydimi?! Bechora ayol ko‘zidan yoshi daryoday oqib har kuni ikki marta xabar olib ketyapti. Tushgacha bir marta, tushdan keyin bir marta. Sadoqatni qarang! Ammo ustozingiz sizni so‘ragani-so‘ragan. Aytishiga qaraganda… – u yana pixillab kulib yubordi, – aytishiga qaraganda, olamshumul kashfiyot arafasida emish. Bu masalada unga faqat siz yordam bera olarmishsiz. O‘ziyam sizni naq yigirma marta so‘radi.

Talaba soatiga ko‘z tashlab qo‘ydi:

– Mayli, o‘n daqiqacha vaqtim bor.

– Xavfsizlik masalasi yuzasidan xavotirlanayotgan bo‘lsangiz sira tashvishga tushmang. Bu borada hamma chora-tadbirlar oldindan hisobga olib qo‘yilgan.

IX

Shifokor bejiz xavfsizlik masalasiga alohida e’tibor qaratmagan ekan. Bemor uchrashuv xonasiga bir emas, ikki baquvvat sanitar hamrohligida kirib keldi. Ammo domlani bu sira tashvishlantirmayotganga o‘xshardi. U shogirdini ko‘rgan zahoti yashnab ketdi, ko‘kragiga bosib olgan, iyig‘i chiqib ketgan portfelidan mayda harflarda nimalardir yozilgan bir varaq qog‘oz chiqargancha entikib-hovliqib gapira ketdi:

– Yigitcha. Siz hozir orzu qilish yoshidasiz. Sizda matematikaga iste’dod bor. Shu iste’dodning so‘nib qolishiga nima qilmang? Ha, yo‘l qo‘ymang. Agar ilm qilaman desangiz, qo‘limdan kelgancha ko‘maklashaman, keyin matematika institutiga olib boraman, u yerda zo‘r-zo‘r kallalar bor.

– Domla…

– Lekin sizga aytmoqchi bo‘lgan asosiy gapim bu emas. Asosiy gapim shuki… – domla qo‘lidagi qog‘ozni yalov misoli baland ko‘tarib unga ishora qilgan ko‘yi jo‘shqin ohangda xitob qildi. – Biz birgalikda mana buni yechamiz! Bu gipoteza Perelmanning tushiga ham nima qilmagan? Kirmagan. Bu sizga Puankare emas! Bu butunlay boshqa masala. Buni Sharq deb qo‘yibdilar…

Talaba jur’atsizroq tarzda e’tiroz bildirishga urindi:

– Domla…

Ammo ko‘zlari ilohiy ilhomdan chaqnayotgan, yonoqlari lovullayotgan, vujudi dir-dir titrayotgan domla uni gapirgani qo‘ymadi:

– Ishonavering, bu fan olamida katta shov-shuv yasaydigan ish bo‘ladi. Yechimni topsak, kerak bo‘lsa, Perelmanning o‘zi bizga nima qiladi? Ha, havas qiladi. Men nima deyapman? Perelman kim bo‘libdi, hattoki…

Soatiga zimdan ko‘z tashlab olgan yigitcha battar toqatsizlandi va bu gal sal keskinroq ohangda gapirib yubordi:

– Domla, uzr, lekin men sal shoshib turgandim. Tashqarida keliningiz kutib turibdi. Biz u bilan…

Domla ustidan sovuq suv quyilgandek birdan hovuridan tushib, sergak tortdi, so‘ng qo‘lidagi qog‘ozni uzatarkan, shogirdiga qandaydir cho‘chibroq, ehtiyotkorlik bilan murojaat qildi:

– Bu dastlabki bosqichning natijalari, yigitcha. Kerakli adabiyotlarni yozib qo‘yganman. Ularni topib kelsangiz, bemalol ikkinchi bosqichni boshlab yuboraveramiz.

Talaba shoshib o‘rnidan tura boshladi:

– Xo‘p, xo‘p.

Domla nogahon shogirdi tomon engashdi, shoshib, birov eshitib qolishini istamagandek qizg‘inlik bilan shivirladi:

– Hammasi, hammasi o‘zimizga bog‘liq. Bahona qidirmang, sababni mahkam ushlang, orzuga intilishdan cho‘chimang. Matematika va faqat matematika. Boshqa hammasi bekor…

Tashqaridan qaraganda bemor qaytib joyiga o‘tirib qolgan talaba ustiga yotib olayotganday edi. Har qalay, nafaqat yigitcha, balki qo‘llarini chalkashtirib turgan hushyor sanitarlar ham shunday gumonga borishdi, shekilli, birdan bemorga yopishishdi va uni osonlik bilan ko‘tarib olishgancha ichkariga sudrab keta boshlashdi. Bir amallab qo‘lidagi qog‘ozni vahimadan afti qiyshayib ketgan talaba tomon otishga ulgurgan, so‘ng, bu manzarani ko‘rmaslik uchunmi, nigohini oppoq shiftga tikkan domla quyilib kelayotgan ko‘z yoshlari aralash yurakni o‘rtab yuboradigan darajada iztirob bilan iltijo qildi:

– Xudoyim! Meni o‘ttiz yil orqaga qaytar, Xudoyim… Xudoyim, meni o‘ttiz yil orqaga qaytar…

Talaba ust-boshini qoqqan bo‘lib o‘rnidan turdi. Og‘ir uf tortib soatiga qararkan, seskanib ketdi. U rostdan ham kechikayotgan edi. Ildam yurib eshik yoniga borgan yigitcha nogoh to‘xtab ortiga o‘girildi. Domla qoldirgan, chumoli izidek mayda harflarda turli formulalar yozilgan, grafik-diagrammalar chizilgan qog‘oz yerda yotardi. Oniy soniya davom etgan mulohazadan so‘ng talaba yo‘lidan qolmaslikka qaror qildi va uchrashuv xonasidan chiqdi-ketdi.

Uzun yo‘lak oxiridagi qalin eshik taraqlab ochildi, bemorni ichkariga olib kirib ketishdi. Domlaning iztirobli nidosi kimsasiz uchrashuv xonasidan tobora uzoqlashaverdi:

– Xudoyim, meni o‘ttiz yil orqaga qaytar… qaytar, Xudoyim…

Axiyri sas o‘chdi…

Muallifning so‘ngso‘zi:

PUANKARE

yoxud anglashga urinish iztiroblari

…Bu dunyoda har kimning o‘z Puankaresi bor. Har kim umri davomida uning gipotezasini yechishga urinadi. Garchand bu oson emas. Shu bois yechimni topishga kirishmasdan burun hafsalasi pir bo‘lganlar, boshlashga boshlab qo‘yib, so‘ng aro yo‘lda ortga qaytganlar, eng yomoni esa maqsadga yetay-etay deganda horib-charchab, tirikchilik atalmish tuganmas mayda-chuyda tashvishlarga alahsigan holda shartta hammasiga qo‘l siltaganlaru oniy soniyalar ichida «jon-jon» deya butkul o‘zga tutumlarning etagini tavof qilishga o‘tganlar qanchadan-qancha. Maqsad mayog‘i esa olisda, tuman ortida sarob misoli jimirlab o‘ziga imlayveradi. O‘ng‘ayi uni inkor etish, voz kechish, «qandaydir tushuniksiz… mubham… xavfli… yechimsiz… qimmatli vaqtingni so‘rib oladi» qabilidagi dastaklarni o‘z-o‘zingga e’lon qilish, elburutdan bu ajrimga iqror bo‘lish, zo‘r berib ma’qullash, necha-necha asrlik sinovdan o‘tgan shu yo‘l bilan ong-shuuring, qalbingni egallab olgan ko‘nikishning sovuq kuli orasida ojizona miltirab qolgan vijdonning cho‘g‘lariga suv sepish; ko‘zni yumib olib takrorlash: «Yo‘q u… yo‘q…». Bu oson, judayam oson. Faqat favqulodda irodali insongina bundoq qudratli ohanraboga tortilib, yakrang izdihomga qo‘shilib ketmaslikka, ko‘zlarini yirib ochib bo‘lsa ham voqelikni anglashga urinishga o‘zida kuch topa oladi va yana hammasi boshidan boshlanadi…

Bani bashar dunyoga kelib, tiriklikning sirli-sehrli, ilohiy tamaddun jarayoni boshlanibdiki, hayot atalmish ulug‘ muallim koinot sarvari bo‘lmish har bir odam oldiga bir-biridan murakkab, ayni paytda, kulgili darajada o‘ta jo‘n sinoatlar gipotezasini qalashtirib tashlaydi: istaganingni tanlab ol-u, qisqagina davom etadigan umring davomida o‘z hayoting, kechajak kunlaring mohiyat-mazmuni bilan uni isbotla, inson bo‘lib yasha, inson bo‘lib qol. Shu ma’noda men qaysidir ma’noda hayotning o‘zini mutafakkir Puankare deb bilaman.

Hayot-Puankare aytadi: «Halol yasha». O‘ta jo‘n, o‘ta ibtidoiy tushuncha, hatto isbot ham talab qilib o‘tirmaydigan aksioma, shunday emasmi? Axir ikki karra ikkining ham, ikkini ikkiga qo‘shishning ham yig‘indisi to‘rt bo‘lishi barchaga ayon va ravshan-da. Ammo atrofga qarang, mana shu Odam Ato zamonidan qolgan tamoyilga amal qilib yashayotgan, uning naqadar hayotiyligi, davomiyligi, boqiyligini isbotlab berayotganlar miqdori boshni aylantirib, ko‘ngilni hapriqtirib yuborar darajada bemislmi?

Hayot-Puankare aytadi: «Do‘stlikka sodiq bo‘l, undan manfaat kutma». Buning nimasi tushuniksiz, nimasi murakkab dersiz? Aslida, hamma gap shunda: buyuk soddalik botinida inson shuuri, yuragini larzaga soladigan darajada qattol shafqatsiz haqiqat pinhon. Qani do‘sti sodiq? Qani u jo‘mard inson? Qani u botqoqlikdagi manfaat tushunchasidan qo‘l yetmas darajada yuksaklikka ko‘tarilgan tuyg‘u?..

Bu dunyoni har kim o‘z qarichi bilan o‘lchaydi, o‘z nuqtai nazari, o‘z mezonlari, o‘zining yaxshi-yomon, achchiq-shirin hayotiy tajribasi, chiqargan ko‘lamli-ko‘lamsiz xulosa-saboqlaridan kelib chiqib baholaydi. Garchand bilamiz: baho xususiy, ammo undan o‘zga vositani topib bo‘larmidi?.. Qirq yillik do‘stim xiyonat qildi, to‘rt so‘m ilinjida meni sotdi; bu yog‘i o‘z-o‘zidan ayon: bir marta bu ishga jur’at etildimi, endi to‘xtash mahol, aksincha, jo‘ram endi meni emas, o‘zini tobora arzonroqqa sotaveradi, sotaveradi. Garchand davralarda, o‘zga tanish-bilishlar, yaqin-birodarlar oldida quchoq ochib ko‘rishadi, ammo ko‘rib-sezib turaman: u endi ko‘zimga tik qaray olmaydi, nigohini olib qochgani-qochgan; balki, shu ko‘yga tushib qolgani uchun meni yanada yomon ko‘rib qolgan, ammo na iloj, jo‘ram endi shunday yashashga mahkum, bu yog‘i endi o‘zi tanlagan qismat: arpa ekib, bug‘doy kutmaydilar; Hayot-Puankarening o‘ta jo‘n gipotezasini jo‘ram isbot etolmadi, qirq yillik sa’y-harakatdan so‘ng manzilga yetay-etay degan palla ortga chekindi, uni yaxshi yashashga xalaqit beradigan, allaqachon eskilik sarqitiga aylanib ulgurgan tushuncha deb o‘zicha hukm chiqardi, o‘zicha muhr bosdi; hukm qat’iyligi, shikoyatlar qabul qilinmasligini o‘ziga o‘zi pisanda qilib qo‘ydi… Bu yo‘qotish meni azob-iztirobga solmaydimi? Bu xiyonat meni alamlarning tubsiz jariga irg‘itmaydimi? Axir biz bir yillik, ikki yillik, hatto o‘n yillik emas, qirq yillik do‘st edik, bir mayizni ikki bo‘lib yegan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan, yosh, sof paytlarimizda birgalashib ne-ne orzular qilmaganmiz, ammo oradan yillar o‘tib aqlimiz to‘lishganidan so‘ng yo‘llarimiz ayri tushishi mumkinligi yetti uxlab tushimizga kirmagan. Nega bunday bo‘ldi? Qaydan bu so‘qirlik? Qachon, qay dam qalbga bostirib kirib olgan manfaat ilinji qolgan boshqa barcha tuyg‘ularni siqib chiqardi? Endi shu ham yashashmi? Ko‘zguga boqqani mahal o‘ziga o‘zi tik qaray olarmikan jo‘ram? Hay, bilmadimov…

Hayot-Puankare aytadi: «E’tiqodli bo‘l. E’tiqodingga xiyonat qilma». Zero, hayotning asosini e’tiqod tashkil etadi. E’tiqodsiz turmush umurtqa pog‘onasi cho‘rt singan mavjudotday gap: u endi sudralib yashashga mahkum. Nazarimda, e’tiqodlar ichida eng og‘iri adabiy e’tiqoddir. Illo, adabiyotga sodiqlik fidoyilikni, halollik, imon pokligi, rostgo‘ylik, kuyunchaklik, ma’lum ma’noda jur’atni ham talab qiladi. Adabiy e’tiqod mustahkamligi – xalqning baxti. Cho‘lponning buyuk bashoratomuz hikmatini eslaylik: «Adabiyot yashasa – millat yashar». Aksincha emas. Zero, millat kun ko‘rishi mumkin, ammo unda adabiyot yashamaydi.

Shukrona aytsam arziydi: qisqagina umrim davomida adabiy e’tiqodi but ko‘plab shaxslarga duch keldim: ayrimlari bilan muloqot baxti nasib qildi, boshqalarini asarlari orqali kashf etdim. Men ularni nomma-nom sanamoqchi emasman, bu ismlar qalbimda abadiy muhrlangan. Ming shukr. Ammo odamni tanishda adashgan paytlarim ham bo‘ldi: yaltiragan har bir narsa oltin bo‘lib chiqavermadi. Hayot-Puankarening oddiy gipotezasini oyog‘ini osmondan keltirgan holda adabiy e’tiqodini «o‘ttiz kumush tanga»ga pullaganlar ham uchradi.

Bir qalamkashni bilardim. U ancha yillar menga qalam tebratishda komillikka intilishning tirik namunasi­day ko‘rinib yurdi. Nazarimda, u tez orada favqulodda go‘zal asar yaratadigandek, hammamizni hayrat barmog‘ini tishlashga majbur etadigandek edi. Ozgina qolgandi go‘yo. Ayniqsa, bu odam bir kuni tirikchilikning turli-tuman tashvishlaridan charchagan ahvolda, biroq ko‘zlarida o‘t chaqnagan ko‘yi: «Hammasini tashlab adabiyotga qaytaman», – deb qolganida u kishi qolib men besh-olti oy chekka-chekkada hayajonlanib yurdim. Mana endi ustoz ko‘rsatadi haqiqiy adabiyot qanaqa bo‘lishini. Mana endi yangi asar nafaqat bizni, balki butun olam ahlini hayratda qoldiradi. Mana endi… Bilib qo‘y biznikilarni, dunyo!..

Taassufki, vaqt o‘taverdi. Biroq hal qiluvchi qadam qo‘­yilmadi, ehtimol, qirq sandiq sabab-bahonalar qalashtirib tashlandi. Bu orada ko‘ngilni boshqacha xohishlar kukuni qopladi. Boylik makriga chidash oson emas-da. Asta-sekin ustoz o‘zini ta’minlab turgan kaslarning yo‘rig‘iga yura boshladi, bora-bora esa «Yana topshiriq bormi?» deganday qo‘lini chakkasiga tirab turadigan, ular nimani «oq» desa, qo‘shilishib «oq» deydigan, «qora» desa, jo‘rovozda «qora» deydigan bo‘ldi. Boylik kimlarning peshona teri, yurak qoni, salohiyati, sog‘lig‘i evaziga kelyapti – bulardan ko‘z yumildi, muhimi – uzluksiz oqib kelib turishi. Axir bozor bu, bozor… Bu odamning qorindan chiqarib yozilgan so‘nggi ikki asarini o‘qidim va ko‘z yoshlarimni tiyib turolmadim: ularda adabiyotdan boshqa hamma narsa bor edi… Ishonganim sizmidingiz?.. E’tiqod qo‘yganim sizmidingiz?..

Bu hol meni iztirobga solmaydimi? Azoblamaydimi? Axir Hayot-Puankarening yana bitta o‘giti o‘z isbotini top­madi, bir odam deyarli maqsad manziliga yetgan joyida shartta yo‘lni chapga soldi… Yig‘la, ko‘ngil, yig‘la…

Hayot-Puankare aytadi: «Birovning haqiga xiyonat qilma… Ustozingni otangdek hurmat qil…» Ammo…

Sanoqni uzoq davom ettirishim mumkin. Hech kimdan o‘pka-gina qilmagan holda voqelikni qog‘ozga tushirish bu: birontasiga aql bo‘lishdan Xudoning o‘zi asrasin. Zero, har kim o‘z qismatiga o‘zi xo‘jayin, tanlash ixtiyori har kimning o‘zida. Shu bois Hayot-Puankare aytadi: «Bu dunyoda har birimiz ham qaysidir ma’noda Perelmanmiz. Hammamizning qalbimizda kashf etish, yaratish ishtiyoqi yotadi. Biroq mo‘jiza osmondan tushmaydi, bir oniy lahzada kashfiyot ham yaratib qo‘ya olmaymiz. Har qanday o‘ta oddiy bo‘lib ko‘ringan yangilik zamirida og‘ir mehnat, bilim, harakat, iroda, sabr va maqsad yo‘lida hayotni tikish yotadi. Boshqa hamma bahonalar bekorchi gapdan o‘zga narsa emas. Sen insonsan. Koinot sarvarisan! Senga buyuk ong ato etilgan. Senga buyuk qalb ato etilgan. Senga bemisl salohiyat ato etilgan. Foydalan ulardan. O‘tkinchi hoy-havaslarga bir lahzaga chalg‘idingmi, uning ortidan seni yanada chalg‘itadigan ikkinchi lahza yetib keladi. Keyin uchinchisi. Keyin to‘rtinchisi. Shu bilan hammasi barham topadi…»

Shubhasiz, hayotning jumboqlari mo‘l. Gap ismda ham emas, bugun Puankare yechilgan bo‘lsa, uning o‘rnida taxi buzilmagan yangilari saf-saf bo‘lib turibdi. Hammaga yetadi. Ortib ham qoladi. Inson uchun eng katta fojia ularning birontasini yechmay o‘tib ketishda… Ana, AQShdagi Kley instituti «yillar mobaynida yechimlari topilmayotgan muhim klassik masalalar» sifatida e’lon qilgan va har biriga million dollardan mukofot va’da etgan yettita mingyillik jumbog‘ining keyingisi (P vs NP masalasining muxtasargina mohiyati bunday: agar biron savolga ijobiy javobni tezlikda tekshirish imkoni bo‘lsa, bu savolga tezda javob topsa bo‘ladimi?) ham yechilishi arafasida turganga o‘xshaydi. Lugansklik (Ukraina) professor Anatoliy Plotnikovning nufuzli ekspertlar tekshiruvidan so‘ng xalqaro «Journal of computer science» ilmiy jurnalida e’lon qilgan maqolasi shundan shohidlik berayotganday…

Bularning hammasi, hammasi anglashga urinish edi, xolos. Iztiroblar esa endi boshlanadi. Zero, yuzaga eng asosiy savol qalqib chiqdi: «Men-chi?.. O‘zim-chi?..» Bu savolga javob topishing, uni o‘zing o‘zingga tik qarab ayta olishing esa og‘ir, juda og‘ir.

Nafsilamrini aytganda, ana shu savolga javob izlashning iztirobli jarayonida qog‘ozga tushdi «Puankare»…