Abduqayum Yo‘ldosh. “Parim bo‘lsa…” (hikoya)

Umri kindik qoni to‘kilgan ovulida o‘tayotgan bo‘lishiga qaramasdan Ibodulla shahar jinnisi edi. Bemalol aytish mumkinki, baliq suvda o‘zini qanday emin-erkin sezsa, allaqachon “shaharlik” laqabiga ega bo‘lib ulgurgan jo‘ramam o‘zini shaharda shunday his qilardi. Holbuki, maktabni bitirganidan so‘ng u Toshkentda bor-yo‘g‘i bir oy yashagan, undayam abituriyent bo‘lib. Lekin baribir poytaxtni besh barmog‘iday aniq biladi, deyishadi. Mabodo biron manzil borasida ikkilanib qolgan taqdirda ham Ibodulla uchun so‘rab-surishtirib, aytilgan joyni topib borish qo‘shni ovuldagi to‘yga o‘tib-kelishday jo‘n ish.
Har gal shaharga tushish jo‘ram uchun bayram edi. O‘ziyam og‘zining tanobi qochib, ikki-uch kunlab astoydil tayyorgarlik ko‘rardi: sochlar oldirilgan, ko‘ylak-shimlar yuvdirilgan, dazmollatilgan, hattoki ro‘molchaga qimmatgina atirdan mo‘l-ko‘l sepilgan, qora moy surtilaverib-cho‘tkalanaverganidan, bir parcha duxobada artilaverganidan yaltirab ketgan tuflisiga qarab bemalol soch tarasa bo‘ladi… Ayniqsa poyabzal masalasida Ibodulla juda injiq edi: shaharga atab atayin olib qo‘ygan tuflisini nainki o‘zimizning ovuldagi, balki yon qishloqlardagi eng dabdabali to‘ylariga ham kiymasdi, ta’bir joiz esa, ko‘z qorachig‘idek asrardi. Uning bu qilig‘idan ranjiganlarga yoinki xatti-harakatini mazax qilganlarga javoban Ibodulla odatda “Sen nimani ham tushunarding, ey umri befoyda o‘tib borayotgan banda” deganday achinish aralash qarab qo‘ygach, o‘xshatib javob berardi:
– Dushman oyoqqa qaraydi…
Darhaqiqat, shundan keyin mazkur o‘ta oddiy haqiqatni unutgan holda me’yoridan ortiq tirg‘ala boshlaganini sezgan har qanday gapdon hamqishloq ham jimib qolardi.
To‘g‘ri, ming yaxshi ko‘rgani bilan, ha deb shaharga tushib kelaverishga jo‘ramizning hamyoni imkoni bermasdi. Axir, o‘zi fermer… xo‘jaligida oddiy suvchi bo‘lsa, arzimagan maoshiyu hosil yig‘ilganda oladigan uch-to‘rt tonna bug‘doyi, biron telejka yegulik qovun-tarvuz bilan bola-chaqasini boqsinmi, shaharda yallo qilib yursinmi?
Ammo qishloqda kim ko‘p – u-bu yumushi sabab poytaxtga otlanib qolganlar ko‘p. Qishloq odami shaharga shunday, dabdurustdan bostirib boraverishdan iymanadi. Buning ustiga shaharda kim ko‘p – hujjatingni so‘raydigan, so‘ng, pasportni qo‘liga olgach, “Sizni to‘rt kun burunam shu yerda ko‘rgandayman”, deya talmovsirab turadigan mirshab ko‘p. Shunday paytlari bunday odamlarning joniga Ibodullaga o‘xshagan “shahar ko‘rgan echki”lar ora kirishadi.
Tan olish kerak, shaharcha ozoda ust-bosh kiygan, buning ustiga ko‘chadayam, metrodayam shu joylarning asl egasiday gerdayib yuradigan, yuzida o‘ziga ishonch va qat’iyat aks etib turgan Ibodullani hali biron mirshab to‘xtatib, hujjat so‘ramagan. Ammo uning bo‘ynini qisibgina, atrofga olazarak qarab, “Ishqilib uyalib qolmayin-da” degan hadikda ketayotgan hamrohlaridan birontasini militsioner to‘xtatsa bas, Ibodulla ko‘makka oshiqardi.
Odatda Ibodulla chest berib o‘zini tanishtirgan mirshabga ko‘zlarini qisgancha mayin va hattoki, otalarcha tabassum bilan qarab turardi-da, sherigining pasportini o‘zining qo‘liga olib:
– Rahimxon akam yaxshi yuribdilarmi? – deb so‘rardi. – Hoynahoy ishda bo‘lsalar kerak, biz ularning uylariga borayotgandik. Kennoyimga kecha qo‘ng‘iroq qilib tayinlab qo‘ygandim.
To mirshab “Rahimxon aka”ning kimligini eslab olgunga qadar Ibodulla keyingi zarbani berardi, ya’ni birdan bosh chayqardi-da:
– E, kechirasiz, – derdi astoydil afsuslanib, – Rahimxon aka vazirlikka o‘tib ketdilar, a? Man u kishiniyam haliyam sizlarning boshqarmangizda deb o‘ylab…
Odatda, ismlar o‘zgarib turardi: ba’zan “Rahimxon”, ba’zan “Akmaljon”, ba’zan yana boshqasi…
Tabiiyki, bunday so‘zamollikdan keyin ikkilanib qolgan ba’zi mirshablarning bu yo‘lovchilarga oq yo‘l tilishdan o‘zga iloji qolmasdi. Buni taxminan ellikka-ellik deyish mumkin. Ammo sal hushyorroq yoinki tajribaliroq militsoner baribir hujjatni olar va nomiga bo‘lsa ham varaqlab ko‘rgandan so‘nggina bularga javob berib yuborardi. To‘g‘ri, ba’zan umuman bunaqangi tarzda aravani quruq opqochishlar ta’sir qilmaydigan biron mirshab o‘ziga samimiyat bilan qarab turgan Ibodullaga qarab ehtimolki o‘sha jumlasini aytib ham qolardi: “Sizlarni to‘rt kun burun ko‘rgandayman… Amaldagi qonunga ko‘ra shaharda uch kundan ortiq yursalaringiz…”
– To‘ppa-to‘g‘ri, – derdi Ibodulla kiprik qoqmasdan. – To‘rt kun burun kelib Rahimxon akamni (Akmaljon akamni, Rustam akamni…) ammasining to‘yiga aytib ketgandik. Rahimxon akam polkovnik Asliddin akaniyam olib bordilar. Ajoyib odam ekanlar… Sizga o‘xshagan qo‘l-oyog‘i chaqqon ukalari xizmatda bo‘lishdi…
Bu qadar ochiq-oydin e’tirofdan so‘ng yana tirg‘alaverishga uncha-uncha mirshabning haddi sig‘masligi aniq…
Bunday paytlari hayratga tushgan hamrohlar darrov Ibodulladan o‘sha akaxonini qayerdan tanishini so‘rab qolishadi. Ibodulla quvlik bilan ko‘z qisadi va sirli tarzda:
– Shaharga quloqni tozalab kelish kerak, – deb qo‘yadi…
Ustiga-ustak, Ibodulla ko‘p yalintirib yoki o‘zini taroziga solib o‘tirmaydi. Odatda, u hamrohlikni iltimos qilib kelguvchiga uchta savol bilan murojaat etadi:
– Borishdan maqsad? Qachon qaytiladi? Mabodo o‘sha kuni qaytilmasa, qayerda yotib qolinadi?
Mana shu savollariga qisqagina javob olgach, Ibodulla qoshlarini chimirgan ko‘yi bir lahza jiddiy tarzda o‘ylanib qolar, shundan so‘ng qat’iy tarzda:
– Boramiz, – derdi.
Shu bilan ish bitdi, tamom-vassalom.
Ibodullaning soqol-mo‘ylovini qirtishlab olib, sartaroshga chopqillab qolganini, kiyimlarini yuvdirib, dazmollatayotganini, arzanda tuflisini shifoner tagidagi qutisidan olib, artib-artib qo‘yayotganini ko‘rgan Gulasal erining yana shahar safariga tadorik ko‘rayotganini bilardi-yu, biroq miq etmasdi. Zero, Ibodulla – hattoki bir kunga borib kelsa ham – shahardan allanechuk xushnudu shodon kayfiyatda, ko‘zlari chaqnab, bolalariyu rafiqasini juda-juda sog‘inib, entikish aralash hayajon bilan, hovliqib, ajabtovur sovg‘a-salomlar bilan qaytguvchi edi. Baayni oldidan oqqan suvning qadriga endi-endi yeta boshlaganday… Bunday kunlarning kunduzlari quvonchli, kechalari esa lazzatli bo‘lardi… O‘zini yolg‘ondan sipo, vazmin tutayotgan, ammo hayajondan vujudi dir-dir titrayotgan eri shaharga jo‘nab qolsa bas, Gulasal shirin bir nimani orziqib kutayotgan go‘dakdek tamshanib yo‘l qaragani-qaragan edi.
Lekin xudo shohid, kimga hamrohlik qilmasin, ba’zilar orqavoratdan achitib aytganiday, kimga “gid”lik, ya’ni ekskursovodlik qilmasin, Ibodulla o‘sha odamning o‘ziga pul sarflashiga yo‘l qo‘ymasdi! O‘zi kambag‘al bo‘lgani bilan, oriyati baland yigit edi bizning “shahar ko‘rgan echki”miz Ibodulla!
Odamlar uning mana shu qilig‘ini tushunolmay avval ajablanishar, so‘ng hayron bo‘lishar, nihoyat jahllari chiqib Ibodullani (yana orqavoratdan):
– O‘zining foydasini bilmagan tentak, – deb so‘kib ham qo‘yishardi.
Illo, shaharga borib kelishga hamroh bo‘lishni iltimos qilgan har qanday banda o‘sha odamning yo‘l va ovqat pulini to‘lashi joiz hamda lozim emasmi? Shundoq. Oddiy mantiq ham shuni talab etadi-ku. Lekin Ibodulla mantiq-pantiqni tan olmas, ko‘zlarini baqraytirgancha “Nemetskiy hisob-kitob” deb turaverardi. Buni endi o‘zbekchaga o‘girsak “Ellikka-ellik” yoki bo‘lmasa “Har kim o‘ziga to‘laydi” degan ajabtovur ma’nolarni anglatardi. So‘ng, gapiga qat’iy amal qilgan ko‘yi, avtobus yo bo‘lmasa “Istana” marshrutli taksining yo‘l haqini o‘zi uchun to‘lar, biron oshxonada ovqatlangani mahallari yarim pulini chiqarib turaverar, agar hamrohi “hoy-hoy” demasa shahardagi avtobus-trolleybusu metroda ham yo‘l haqini birinchi bo‘lib uzatishdan ham qaytmasdi…
Sho‘rlik Ibodullaning mablag‘i oshib-toshib yotgan bo‘lsayam mayliydi… Axir ko‘r emasmiz, bilamiz, Ibodulla bir so‘mlab pul yig‘adi, o‘zini, ba’zan oila a’zolarini yeyish-ichishdan siqadi, birovlarning o‘tini o‘rib berib uch-to‘rt tanga topadi, kimlarningdir tomorqasini sug‘orib berib yana “nosvoy puli” ishlaydi. Va topganlarining barini tishining kavagida asraydi. Barisi, barisi shahar uchun, shahar uchun!
Shahar!
Hatto uch farzand – ikki o‘g‘il va bir qiz ham dadalari ba’zan xasislik qilib bermagan pul ozgina fursatdan so‘ng shahardan o‘zlariga ajoyib-g‘aroyib sovg‘a-salomlar tarzida qaytib kelishini yaxshi bilganlari uchunmi ortiqcha tixirlik qilib o‘tirmaydilar. Shu boisdan ular ham mehribon otaning poytaxt safarini intiq kutadilar…
Shaharga borishi aniq bo‘lib qolgan mahallari Ibodullaning ko‘zlari chaqnab ketardi. Bu ko‘zlarda quvonchdan ko‘ra kattaroq, hayajondan ko‘ra kuchliroq, entikishga nisbatan ta’sirchanroq tuyg‘u yolqinlanardi.
Ha, Ibodulla shahar uchun tug‘ilgan edi. Har bir shahar safari uning uchun bir dunyo shodliklar olib keladigan ezgu ayyom kabi aziz va laziz edi…
Afsuski, jo‘ram qishloqda yashardi…

* * *

Bu dunyoda hamma ham omadi chopgan ishbilarmon yoki yaxshi yashashni qotirib qo‘yadigan uddaburon bo‘lavermaydi-ku. Odatda osmondagi oyni orzu qilmasdan, boriga qanoat qilibgina kun ko‘rishni ma’qul ko‘radigan odamlar atrofimizda ko‘proq uchraydi: hayot qonuni bu.
Ibodulla ham shundaylar toifasidan shekilli. Har qalay, o‘ttiz besh yillik umrini kamtarin-kamsuqumgina o‘tkazdi, boyib ketayin, qo‘limda pul o‘ynasin deb o‘zini o‘tga-cho‘qqa urmadi; illo, bunaqa ishlarni eplolmasligini o‘zi ham yaxshi bilardi.
Mana, qishloq adog‘ida turadigan G‘aniboy. O‘n yilcha burun institutning filologiya fakultetini tugatgan. Ammo o‘zining sohasi bo‘yicha bir kun ham ishlamadi. Diplomini sandiqqa tashlab qo‘ygancha, tadbirkorlik bilan shug‘ullandi. Avval fermer bo‘ldi, keyin qo‘shimchasiga biofabrika tashkil qildi. Bungayam qanoat hosil qilmay, qishloqning o‘zida ikkita tegirmon qurdi, ikkita do‘kon ishga tushirdi, dalasiga Rossiyaning ikkita traktorini sotib oldi. Ammo shu darajaga erishgunga qadar, bilganlarning ta’biri bilan aytganda, “eshshakday ishladi”: na o‘zi dam oldi, na ishchilarini tinch qo‘ydi…
Institutda olgan bilimi unchalik yodidan chiqmagan shekilli, G‘ani ba’zan negadir o‘zidan ko‘mak yoki qarz so‘rab kelganlarga qarab turib istehzoli ohangda mashhur misrani sal o‘zgartirilgan shaklda o‘qib qolardi:
– Men g‘aniyman, sizda bisyor ehtiyoj…
Albatta, iltimoschini “g‘aniy” so‘zining aslida “boy, badavlat” ma’noda kelishi ham, g‘azal muallifi ham qiziqtirmaydi. Uning uchun o‘tinchi bajarilib qolsa bas.
Mana shu G‘aniboyning ikkita laqabi bor edi. Ikkinchisi “yangi o‘zbek”. Bu-ku, tushunarli, har qalay, “O‘zbekovul”dan chiqqan baobro‘ tadbirkor, sarmoyador. Ammo birinchi laqabi g‘alati va anchayin uzun ham: “Diqqat! Toshkentdan ko‘rsatamiz!..” Ha, ha, xuddi shunday. Buning qisqacha tarixi esa bundoq: Institutda o‘qib yurgan yillari ta’tilga kelgan G‘anining bo‘lg‘usi tilshunos ekanligidan, buning ustiga shig‘ir-pig‘ir yog‘ib yurishidan xabar topgan rais uni atay chaqirtirib, qishloqning yozgi saroyida xo‘jalik a’zolarining umumiy yig‘ilishi boshlanishi haqidagi xabarni sahna ortidan ovoz kuchaytirgichda e’lon qilishni so‘raydi. Matn ham soddagina bo‘ladi: “Diqqat! “O‘zbekovul”dan gapiramiz…” Ammo nimagadir hayajonlanib ketgan G‘ani o‘zini diktor O‘ktam Jobirov his qiladimi, ishqilib ko‘tarinki ohangda, tilini g‘alati buragancha o‘ta tantanavor tarzda: “Diqqat! Toshkentdan ko‘rsatamiz!..” deb yuboradi.
Jon-poni chiqib ketgan rais og‘zidagi nosini tuflaysola chopib parda ortiga o‘tadi va “Hozir o‘zingga ko‘rsatib qo‘yaman!” degancha sho‘rlik diktorni quvib soladi…
Qiziq tomoni shunda ediki, “yangi o‘zbek”ning sarmoyasi ortgan sayin shunga teskari mutanosib ravishda birinchi laqab o‘z-o‘zidan el-ulusning yodidan ko‘tarilib ketmoqda edi: har nechuk, noqulay endi, shunday odam-a; bir zamonlar ovuldoshlariga haddi sig‘ib hazillashgan bo‘lsa hazillashgandir, nima, endi shugina erkaligini qirq yil doston qilib yurish shartmi… uyat bo‘ladi-ya…
Qishloqda gap yotarmidi. Ayniqsa ko‘pchilik nazaridagi odamning turish-turmushi sinchkov nigohlar ostida kechishi tayin. Xullas, shunday nigohlar egalari tarqatgan ayrim mish-mishlarga qaraganda, keyingi paytlari G‘aniboy ancha o‘zgarib qolgan. Xususan, qo‘yib berishsa kun-tunning yigirma to‘rt soatini oyoqda, ishda o‘tkazadigan “yangi o‘zbek” kutilmaganda mutolaaga zo‘r berishga o‘tganmish-u, endi sal fursat topsa bas, yotib olib bir nimalarni o‘qigani-o‘qigan emish. Bir xil paytlari qorday oppoq “Lasetti”sini ichidan qulflab olib, kitobdan bosh ko‘tarmay o‘tiraverarmish… Biroq bu hali hammasi emas. G‘aniboy xonasiga qamalib olgancha, dalaga borsayam qo‘ltig‘idan qo‘ymaydigan “noutbuk” kompyuterida erinmay kino ko‘rarmish. Ammo bu ham hali hammasi emas. G‘aniboy… tunlari, hammadan yashirinib olib bir nimalar yozayotgan emish… Sarmoyador odamning har bir xatti-harakatidan nedir ezguliklar qidiradigan va ularni topishga ham usta ahli ovul darhol voqelikning mohiyatini ochib beradigan tashxisini e’lon qildikim, yozaversin, yozgani yaxshi-da. Mana ko‘rasizlar, tez orada mazkur “ijod namunalari” – bu iborani o‘zbekovulliklar ehtirom bilan tilga olishardi – alohida kitob holida chop etiladi, adadiyam biron o‘n besh ming, yo‘q-yo‘q, ovuldagi chaqaloqlaru qariyalarniyam hisobga olgan holda o‘ttiz mingni tashkil etadi. Bu hali boshlanishi. Ajabmas, keyingi kitob ovulimizda yashab o‘tgan va hozirda yashayotgan mashhur zotlar hamda oddiy odamlar haqida bo‘lsa… “Qazisan-qartasan, o‘z kasbingga tortasan, – dedi ovulda sinchiligiyu maqollarni o‘zi aytmoqchi bo‘lgan fikrga moslab isloh etishi bilan nom chiqargan Mardi bobo. – G‘aniboydiyam ho‘kimat bejiz to‘rt yil yozuv-chizuvga o‘qitmagan-da…”
Kattagina ovulning u boshida o‘tkazilgan to‘y-ma’rakaga ba’zan bu boshidagi odam borolmasdan ham qoladi. Kamsuqumroq Ibodullaning G‘aniboy bilan osh-qatiqligi yo‘q edi, buning ustiga “yangi o‘zbek”ning jo‘ramga o‘xshaganlar qo‘shilmaydigan davrasi boshqa, ulfatu oshna-og‘aynisi boshqa. Mardi bobo topib aytganiday, tezak qopi bilan, ketmon sopi bilan, hamyon esa o‘ziga bopi bilan.
Shungami, saraton tafti qaytgan sunbula tonglaridan birida shaxsan G‘aniboyning o‘zi dalaga kirib kelganida Ibodulla avvaliga uni tanimay qoldi. Xo‘p, ana, uni ko‘rmaganiga nari borsa yetti-sakkiz oy bo‘lgandir. Odam ham shunchalik tez o‘zgaradimi? Qani u avvalgi kibr aralash manmanlik, ko‘zga yaqqol tashlanib turadigan darajadagi birovlarni mensimaslik, hamsuhbatiga tepadan qarashlar, qo‘llarini ko‘kragiga namoyishkorona chalishtirib turishlar, qaddini g‘oz tutib yurishlar… Ibodullaning qarshisida ozib-to‘zib, qorayib ketgan, yonoq suyaklari turtib chiqqan, keng peshonasini chuqur ajinlar tilib o‘tgan, ko‘zlari ich-ichiga botgan… horg‘in banda turardi. Ha, butun vujudida, pir-pir uchayotgan lablarida, bilinar-bilinmas titrayotgan barmoqlarida benihoya horg‘inlik “manaman” deya ko‘zga tashlanib turgan shu banda birinchi bo‘lib salom berdi va o‘zi ovulda erishib ulgurgan maqomiga mutlaqo yarashmagan titroq ovozda, ahvoliga yanada mos tushmagan tarzda cho‘g‘day yonayotgan ko‘zlarini olib qochgan ko‘yi… shaharga birga borib kelishni taklif qildi.
Bunday kutilmagan tashrifdan dovdirab qolgan Ibodulla – axir, ovulning o‘zida “yangi o‘zbek” “yur” degan zahoti chopqillab chiqadigan necha-necha talabgor topilishi aniq! – o‘zining odatdagi aniqlashtiruvchi savollarini ham aytolmadi. G‘anining o‘zi izoh berdi:
– Ikki mashina bug‘doy obketayotgandim. Sotishga.
Bunday tijorat safari taklifi sal o‘ziga kelib olgan Ibodulaning ko‘ngliga o‘tirishmadi.
– Men bir oddiy suvchi bo‘lsam, G‘ani aka, – dedi u shaharliklarga taassuban o‘zidan kichik odamga ham “aka”lab murojaat etib. – Savdo-sotiqni tushunmasam…
– Menam kilolab sotib o‘tirmayman. Optom beraman-qo‘yaman… – yerdan bosh ko‘tarmay sado berdi G‘aniboy. – Menga shaharni biladigan odam kerak. Bir-ikki borar joylarim bor…
– O‘ylab ko‘ray, – aniq javobdan o‘zini olib qochdi Ibodulla.
– Iltimos, aka… Sizga ishonib keldim…
Yopiray! Bu “yangi o‘zbek”ka bir balo bo‘lgani chin shekilli. “Iltimos” dedimi? Do‘ppisi yerga tushib ketsa, pul berib oldiradigan odam-a?..
“Singan!..” degan o‘ydan yuragi shuvillab ketgan Ibodulla vaqtdan yutishga harakat qildi:
– O‘zi qachon borish kerak?
– Hozir. Ana, mashinalar ham kep qolishdi…
Darhaqiqat, yo‘l boshida ikkita “KamAZ” mashinasi ko‘rindi.
– Bu… bu… – battar dovdirab qoldi Ibodulla. – Tayyorlanmasdan… shundayiga…
– Shaharda taksida yuramiz… Orqagayam… Iltimos…
Kimsan, G‘aniboyning o‘zi qarshingda qo‘l qovushtirib turipti-ya, Ibodulla! Shunday odamga yo‘q deb bo‘ladimi?..
– Unday bo‘lsa… ketdik…
Shunday qilib, G‘aniboy deganlari oldinga o‘tib yo‘l boshladi, jo‘ram unga ergashdi.
Hayotida ilk bor shaharga hech bir tayyorgarliksiz borayotgani uchunmi, Ibodullaning ko‘ngli g‘ash edi…

* * *

Haydovchi G‘aniboyning qaynisi Aziz ekan. Mashina katta yo‘lga chiqqandan u qulog‘iga bir nima taqib oldiyu, yo‘ldan ko‘z uzmagan ko‘yi, ora-sira yelkalarini uchirib qo‘ygancha miq etmasdan ketaverdi.
O‘xshatmaguncha uchratmas. Noutbukini ochgan G‘aniboy ham qulog‘iga naushnik taqayotganini ko‘rgan Ibodullaning ensasi qotdi: illo, u odatda safarga chiqqanida hamrohlari bilan chaqchaqlashib, gangir-gungir hangoma qilib ketardi; shunda yo‘lning uzoqligiyam bilinmay ketadi. Bular bo‘lsa…
“Yo‘q, bu sinmagan, – o‘zicha mulohaza yurita boshladi Ibodulla. – Shunday bo‘lganida allaqachon yarim qishloq bundan xabar topib ulgurardi. Lekin buni bir balo qilib aldab-suldab, katta pulga uxlatib ketishgan. Shuning alamiga kuyib ketgan…”
Hamrohining o‘ziga tikilib qolganini sezdimi, klaviatura tugmachalarini oshiqib bosayotgan G‘aniboy bosh ko‘tarib, nimadir dedi.
– A? Uzr… eshitmay qoldim…
“Yangi o‘zbek” noutbuki ekraniga ishora qildi:
– “Qora oqqush”. Ko‘rganmisiz?
Ha, bu bandaga nimadir bo‘lgani aniq edi. O‘zi oqqushmish-u, yana qoramish… To‘g‘ri, Ibodulla unga o‘xshab to‘rt yil institut tuprog‘ini yalamagan, ammo tabiatda bunaqasi uchramasligini biladi. Shunday bo‘lsa-da, har ehtimolga qarshi, jim turmaslik uchunoq, azbaroyi lutf yuzasidan so‘ragan bo‘ldi:
– Qaysi qush?
G‘aniboy bajonidil izoh berdi:
– Natali Portman o‘ynagan. Keyin o‘zining baletmeysteriga erga tekkan aktrisa bor-ku.
Ibodulla “piq” etib kulib yuborishdan o‘zini arang tiydi, zero u ayni soniyada televizorda ko‘p qo‘yiladigan bir kinodagi gurjimi-armanmi odamning gaplarini eslab, o‘zicha hozirgi vaziyatga moslagandi ham: “Menga qara, Valiko, kim u Natali deganlari, bu yerda nima qilib yuribdi u, pishirib qo‘yibdimi unga…”
Bir amallab lab-lunjini yig‘ishtirib olgan Ibodulla jiddiy tarzda bosh irg‘ab qo‘yishni uddaladi, go‘yoki aytdi: “Kim bo‘libdi u Portman-mortmanlaringiz… Kerak bo‘lsa undan kattalariniyam bilamiz, aka!”
Bu unsiz e’tirofni ilg‘ab, banogoh yuzi yorishib ketgan, lablari pir-pir uchish asnosida qo‘llari sezilarli darajada titray boshlagan G‘anijon (“Xudo haqqi, uning issig‘i bor! – degan to‘xtamga keldi Ibodulla hamrohining cho‘g‘day yonayotgan ko‘zlaridan nigohini olib qochib, ter tepchigan peshonasiga zimdan razm solarkan. – Kamida o‘ttiz to‘qqiz, balki qirqqayam yaqinlab qolgandir…”) kompyuterini o‘rtaga qo‘ydi-da, buyuk hayajon bilan ekranga ishora qildi. Ibodulla shu tomonga qaradi. Unda yarim-yalang‘och ayollaru tor ishton kiygan erkaklar uyoqdan-buyoqqa chopib yurishardi. G‘aniboy sal engashib, naushnigining bir tomonini hamrohining qulog‘iga qo‘ygan edi, Ibodullaga endi musiqa ham eshitila boshladi.
Yuzi hamrohinining yuziga yaqinlashib qolgan G‘aniboy hech bir muqaddimasiz, go‘yo tasodifan uzilib qolgan suhbatini kelgan joyidan davom ettirayotganday:
– Ko‘ryapsizmi?! Ko‘ryapsizmi?! – dedi tuyqus bosib kelgan hissiyotlar girdobida vujudi dir-dir titragancha. – Ko‘lda oqqushlar yana qizlarga aylanishdi. Mana malika. Mana… Sho‘rlik qiz shahzodaga hammasini aytib beryapti. Yovuz sehrgar uni oqqushga aylantirib qo‘ygan. Faqat tundagina u yana malikaga aylanadi. Jodudan butunlay xalos bo‘lish uchun qizni kimdir chin ko‘ngildan sevib qolishi kerak… Xuddi o‘zimizning afsonalarga o‘xshaydi-ya… To‘g‘rimi, to‘g‘rimi!
Bu savol emas edi, ma’lum va ayon haqiqatni tasdiqlatib olish edi, xolos. Shu bois o‘ziga titrab-qaqshab qarab turgan hamrohiga bosh irg‘ab qo‘ygan Ibodulla yana bir bor azbaroyi og‘ziga talqon solib o‘tirmaslik uchunoq so‘radi:
– Ishqilib oxirida… qutuladimi qiz?
– Yo‘q-da! – chinqirib yubordi G‘aniboy. – Yovuz sehrgar malikaning o‘rniga o‘zining qizini shahzodaga malika deb ko‘rsatadi. Shahzoda aldanadi… Buni eshitgan Odetta halok bo‘ladi, keyin Zigfrid ham…
– Kim-kim?
– Qiz bilan yigit…
– Ha, og‘ir ekan… – deb qo‘ydi Ibodulla.
– To‘ppa-to‘g‘ri! To‘ppa-to‘g‘ri! Buni ko‘rish og‘ir. Lekin ko‘rmaslikning iloji yo‘q… hech iloji yo‘q…
O‘zining oddiygina luqmasi bunday chuqur mulohazalarga olib kelishini kutmagan Ibodulla ortiqcha aqlli gap qilib o‘tirmasdan, oddiyroq taklifga ko‘cha qoldi:
– Boshqasi yo‘qmi? Yengilrog‘i…
– Bor, bor… – “Yangi o‘zbek” shoshib klaviatura tugmachalarini bosa boshladi. – Mana, “Jizel”. Lekin buning oxiridayam aldangan qiz o‘ladi-da… Qarang, o‘zingiz qarang.
Bu balet tomoshasi edi.
To‘g‘risi, Ibodulla boshida hech nimani tushunmadi. Yigit-qizlar uyoqdan-buyoqqa o‘tib sakrashadimi-ey, oyoq uchlarida yurishadimi-ey… O‘zi juda yaxshi biladigan narsalar haqida tushuntirish berishga urinayotgan G‘aniboyning izohlari esa aksar holda juda qisqa, buning ustiga notanish ismlarga mo‘l edi:
– Manavi Jizel. Dehqonning qizi… Otasi yo‘q, onasi bor. Onasining oti Berta… Bu shahzoda Alber. Ko‘ryapsizmi, u dehqonga o‘xshab kiyinib olyapti. Buni o‘rmonchi yigit Gans kuzatib turibdi… Qizlar uzum terishyapti… Mana, Alber Jizelni ko‘rib qoldi. Bir ko‘rishda muhabbat!.. Qarang, yuragi kasal bo‘lsayam qiz qanday o‘ynayapti… Uchayapti!.. Gans rashk qilayapti…
…Nihoyat Jizel halok bo‘ldi!
Ibodulla shu bilan tomosha tugadi deb o‘ylagandi. Ammo ko‘zlari jiqqa yosh G‘aniboy mo‘jiza kutayotgan o‘smir kabi entikib, hamon ekrandan ko‘z uzmasdan turardi.
Baletning davomi bor ekan: qizning arvohi qabrdan chiqib keldi-da, avvaliga asta-sekin, keyin esa shiddat bilan raqs tusha ketdi… Alber deganlari chirpirak bo‘lib unga qo‘shilib ketdi-ku…

* * *

– Yetib keldik, pochcha!.. Pochcha deyapman!
Jerkibroq aytilgan bu gapdan so‘ng ikkala balet tomoshabini boshlarini ko‘tarishdi. Darhaqiqat, mashina bozor darvozasi yonida turardi. Ayb ish ustida qo‘lga tushib qolganday xijolat tortayotgan G‘aniboy shoshib kompyuterni o‘chira boshladi.
Mashinani o‘rab olgan yigirma-o‘ttiz chog‘li erkak-ayol zo‘r berib bir-birlarini itarib-turtgan ko‘yi vag‘ir-vug‘ir ko‘targancha kabina tomon intilishardi.
– Dallollar, – deb qo‘ydi G‘ani.
– Olibsotar kanalar! – nafrat bilan tishlarini g‘ijirlatdi Aziz.
Orqadan yetib kelgan ikkinchi mashina signal berdi.
Uchovlon pastga tushishdi. Ibodulla dallolu-olibsotarlar to‘dasini yorib o‘tib, chekkaroqqa borib turarkan, o‘zicha bu G‘ani bejiz “yangi o‘zbek” emas, savdo sohasida katta iste’dodi bor-u, hozir shuni namoyish etadi deb taxmin qilgandi. Biroq dallollarning qo‘lni omburday qisib olishiyu, yelkani uzib olguday siltashlariga chidaydigan odam asli Aziz ekan. U pinak buzmay, o‘zining narxini aytib turaverdi…
Axiyri o‘zaro kelishuv yuz berdi chog‘i, mashinani ichkariga olib kirib ketishdi.
Oradan yarim soatlar chamasi vaqt o‘tdi va terlab-pishib ketgan, yarim qop pulni qo‘ltig‘iga qisgan “yangi o‘zbek” boshchiligidagi ikki mashina darvozadan qaytib chiqdi.
G‘ani Ibodullaning oldiga bordi, yana nimadir iltimos qilmoqchiday jovdirab qaradi, ammo og‘iz ochishga ulgurolmadi: qaynisi halloslab kelib qoldi.
– Qaytamizmi?
G‘ani qopni Azizga uzatdi:
– Buni opangga berib qo‘yarsan.
Haydovchi pochchasiga ajablanib qaradi:
– Siz qaytmaysizmi?
– Jon deb qaytardim tayyor mashinada. – G‘ani ming istihola ila hafsalasiz tarzda turgan Ibodullaga ishora qildi: – Akaning bir-ikkita ishi bor ekan. Shunga qarashib yuboring degandi.
– Rostdanmi? – allaqanday shubhalanib so‘radi haydovchi go‘yo u yeb, o‘zi quruq qolganday Ibodulla tarafga o‘qrayib qarab qo‘yarkan. – Ishi bo‘lsa o‘zi qilavermaydimi?
– Endi, uka, oldi-berdilik ish ekan. Sal qattiqroq turadigan odam bo‘lmasa bu kishini gel qilib ketishlari hech gap emas… Bir ovulning odami bo‘lsak. Odamning ishi odamga tushadi-da…
– Unda… qachon qaytasizlar? – savol berishini qo‘ymasdi o‘jar qayin. – Opam sizni men bilan birga qaytadi degandi.
– Men jon-jon deb qaytgan bo‘lardim, deb aytdim-ku, – go‘yo noiloj qolgan odamday qo‘llarini ikki yonga yoydi G‘ani. – Lekin yordam beraman deb lafz qilib qo‘ydim… Ishimiz bitganda taksida bo‘lsayam qaytamiz…
O‘jar qayin ikkilanib turdi-turdi, oxiri bir qarorga keldi shekilli, qo‘lini siltagancha, hattoki xayrlashmasdan ham mashinasi tomon yurdi.
Tezda ikkala mashina ham jo‘nab ketdi. Ana shundan keyingina yelkasidan tog‘ ag‘darilganday yengil nafas olgan G‘aniboy o‘ziga hayron bo‘lib qarab turgan Ibodullaga qarab qandaydir ayanchli tarzda ko‘z qisib qo‘yishga, lablari titrab iljayishga urinarkan:
– Qarang, – dedi iddao ila. – Bularning bari o‘zicha xo‘jayin…
Gap kimlar haqida ketayotganini tusmol qilgan bo‘lsa-da, Ibodulla indamay qo‘yaqoldi. Zero G‘aniboyning tuhmatiga qolganidan uning dili ozor chekkan edi.
Buni sezdi shekilli, “yangi o‘zbek” ko‘zlarini olib qochgan ko‘yi bir og‘iz:
– Uzr… – dedi.
Erkak kishiga uzr so‘rash oson emas. Ayniqsa G‘aniboyday ot ustida yurgan odamga. “Shunday odamki shunday yo‘l tutyaptimi, demak bunga arzirli biron sabab bo‘lsa kerak. Qani, bu yog‘ini kutaylik-chi, – degan qarorga keldi Ibodulla. – O‘lmagan qul hammasini ko‘raveradi…”
– Yuring.
Gap ohangida shiddan ko‘ra hadik-xavotir, ishonchdan ko‘ra ilinj ko‘proqday tuyulayotgan G‘aniboy tutqunlikdan ozod bo‘lgan qush kabi ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi-da, katta-katta qadam tashlagancha yo‘l boshladi, Ibodulla unga ergashdi.

* * *

Aftidan, bu yerlarni G‘aniboyning o‘zi juda yaxshi biladi shekilli, Ibodullani hech ikkilanmasdan… hammomga boshladi.
– Hali yuvinadigan ish qilmadingiz shekilli, – piching qildi Ibodulla sherigining “shunday kiramiz-u, chiqamiz” degan taklifiga javoban. – Qolaversa, o‘lay agar, shu havoda issiq bug‘da o‘tirishimni o‘ylasam, halitdan nafasim qaytib ketyapti.
“Shaharlik”ning ahvolini tushundimi, G‘ani ko‘p tiqilinch qilib o‘tirmasdan, hammomga kirdi-ketdi va oradan chorak soatlar o‘tgandan so‘ng archilgan bodringday silliqqina bo‘lib chiqib keldi: sartaroshga soch-soqolini qirtishlatishga ham ulguribdi! Eng ajablanarlisi, G‘aniboy bo‘yinbog‘ taqib olgandiki, buni ko‘rib Ibodulla bira to‘la tildan qoldi.
O‘zi bugun “shaharlik” ko‘p ajablanishlarga duchor bo‘ladigan kun chog‘i, G‘aniboy yo‘lga chiqasola duch kelgan mashinani to‘xtatdi va haydovchidan so‘rab ham o‘tirmasdan old o‘rindiqqa joylashib olarkan, bir og‘iz:
– Teatrga! – dedi.
– Qaysi biriga, aka? Shaharda teatr ko‘p bo‘lsa.
G‘ani bu savolni bergan haydovchiga “Shuniyam bilmaysanmi?” deganday ajablanib qaradi-da, so‘ng, Ibodullani battar hayratlarga solgan ko‘yi:
– Opera-baletga, – deya manzilga aniqlik kiritdi.
– O‘n besh ming.
– Hayda.
Ibodulla e’tiroz bildirishga urindi, tullak haydovchi bilan savdolashmoqchi bo‘ldi, illo u turgan yerlaridan “opera-balet”ga ko‘pi bilan to‘rt ming so‘mga borish mumkinligini yaxshi bilardi. Ammo to “shaharlik” og‘zini ochib ulgurgunga qadar G‘ani eshikni qarsillatib yopdi va mashina tez o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Atrofga namozshom qorong‘uligi bosib kelmoqda edi.
Ibodulla teatr yonidagi biron yemakxonaga, deylik, “ugolok”ka yo “Zarafshon”ga borarmiz, “opera-balet” shunchaki mo‘ljal bo‘lsa kerak, deb taxmin qilgandi. Ammo o‘zini teatr yonidagi o‘rindiqqa o‘tqazib qo‘ygan G‘aniboy chopib borib kassadan ikkita chipta, yo‘lning qarama-qarshi tarafidagi gul do‘konidan esa chiroyli va kattakon guldasta olib kelganini ko‘rgach, butunlay kalavasining uchini yo‘qotib, dovdirab qoldi. Illo, shuncha yillardan beri shaharga qatnaydi, qanchadan-qancha hamqishloqlariga Toshkentni tomosha qildirdi, ammo haligacha biron mardum “Meni opera-baletga olib bor”, demagan. So‘raganlari bozor, zoopark, tsirk, ha, ana, juda borsa Milliy teatr. Shundayam biron “kuldiradigan tomosha” bo‘lsa…
Bu yerda esa…
Aftidan, dunyoda “taom, yegulik” degan narsalar borligini tamomila unutgan, balki shungami, – ha, ha, bular madorsizlik alomati, boshqacha bo‘lishi mumkin emas! – rangi sezilarli darajada oqarib, kalta-kalta nafas olayotgan, nechukdir lablari yana pir-pir ucha boshlagan, guldastani qalqon yanglig‘ mahkam bag‘riga bosgan “yangi o‘zbek” Ibodullani teatrga boshladi.
“Oqqush ko‘li” degan balet namoyish etilyapti ekan.
Tomoshabin siyrak zalga kirib, joylariga o‘tirishdi.
Och, charchagan “Shaharlik”ning bir tili qichidi, bir tili qichidi; “Hali erta emasmi, aka, kuningiz endi – latifalarda milyon marta aytilganiday – yarim yalang‘och qizlarni ko‘rib ilhomlanishga qoldimi?” deya gap bilan sherigini o‘yib olmoqchi bo‘ldi, biroq… Biroq G‘aniboy gap eshitadigan, ehtimol, aytilgan gapni tushunadigan ahvolda emasdi: u suratday qotib, sahnaga tikilib qolgandi, baayni zarrin naqshli, qizg‘ish hoshiyali pardadagi ko‘rinmas tomoshada kimningdir, balki o‘zining hayot-mamot masalasi hal bo‘layotganday…
Zalga viqorli, kapalaknusxa bo‘yinbog‘ taqqan erkaklar, anvoyi liboslaru dur-javohirlar shodasi siymin tanlarining ochiq o‘rinlarini yanada ko‘z-ko‘zlayotgan kibrli ayolar kirib kelishdi. Zerikkan Ibodulla ularni tomosha qilib o‘tirdi.
Axiyri zal chiroqlari o‘chdi, parda ochilib, sahna yorishdi va haqiqiy tomosha boshlandi.
Tantanali musiqadan keyin sahnaga besh-oltita yigit-qiz chopib chiqib kelib, oyoqlarining uchlarida turib o‘ynay boshlashdi.
Ko‘z qiri bilan tomoshabinlarni kuzatib o‘tirgan Ibodullaning nazarida G‘ani nimadir deb shivirlaganday bo‘ldi.
– A? – dedi u sal engashib, qulog‘ini “yangi o‘zbek”ning og‘ziga yaqin olib borarkan.
– Adajio… – tishlari orasidan arang shivirladi sahnaga qarab qotib qolgan, hatto kiprik qoqmayotgan G‘aniboy. – Endi… endi “pa-de-de”…
Tomoshabinlar jonlanib qolishdi, uch-to‘rttasi o‘z hayratini izhor etganday qarsak ham chalib yubordi. Ibodulla sahnaga qaradi: oq libosli qiz bir oyog‘ining uchida tik turgancha zo‘r berib joyida chir aylanardi.
– Fuete… – yana pichirladi G‘anijon.
Sherigi balet atamalarini tilga olayotganini tushungan Ibodulla “dod” deb yuborishdan o‘zini arang tiyarkan, ensasi qotganini yashirib ham o‘tirmasdan piching qildi:
– Nima qilay shunga, suyunchi beraymi?..
Lekin G‘ani hamon odamni eshitadigan ahvolda emasdi…
Asabiylashgan Ibodulla o‘zini o‘zi chalg‘itish harakatiga tushdi va, ajabki, birdan topib, iljayib ham qo‘ydi. Ko‘pincha, yoshi kattaroq qishloq ayollari biron noxushroq gap-so‘z, g‘iybat topib kelgan bola-baqra yoki o‘zlari unchalik yoqtirmaydigan xotin-xalajga “Nima, suyunchisiga ishtonimni yechib berayinmi?” deya zaharxanda qilishadi va hattoki rostdan ham shunday qilishmoqchiday lozimlariga qo‘l tekkizib qo‘yishadi. Endi, tasavvur etaylikki, sahnada o‘ynayotgan raqqosalar ham shunaqa deb qolishdi. Lekin yechib beray desa yoki qo‘l tekkizib ko‘rsatay desa ularning ishtonlari yo‘q-ku. Shunda ular nima qilishadi?.. Ha-ha-ha…
Sahnaga yettitami-sakkizta oqqush chiqib keldi va bir-birlarining qo‘llarini chalishtirib ushlaganlaricha saf tortishib qandaydir ko‘l (go‘yoki, chunki uning chizilganligi ko‘rinib turardi) bo‘yida raqs tusha boshlashdi.
Ana shunda… ana shunda Ibodullaning nazarida yer qimirlayotganday bo‘ldi va u vahima aralash ajablanib yoniga qararkan, ko‘zlari o‘t bo‘lib yonayotgan G‘aniboyning tishlari takillab, butun vujudi qalt-qalt titrayotganini ko‘rdi… Yana bir soniyadan so‘ng “yangi o‘zbek”ning qulab tushishi ayon edi.
Buni sezishdan avval his qilgan, vahimaga tushib qolgan Ibodulla sherigining biqiniga asta turtdi:
– Mazangiz bo‘lmayaptimi, aka?
Sahnadan ko‘z uzolmayotgan G‘ani biqiniga tekkan qo‘lni beixtiyor mahkam changallab oldi va omburday qattiq qisdi. Kaft suyaklari sinib ketguday bo‘lgan Ibodulla dodlab yubormaslik uchun tishini tishiga bosarkan, baribir:
– Im! – deyishdan o‘zini tiyib turolmadi.
Oldingi qatorda o‘tirgan ayol o‘girilib, barmog‘ini labiga bosgan ko‘yi pichirladi:
– Tsh-sh!..
Orqa qatordan ham shivirlab dakki berishdi:
– Molodiye lyudi!.. Ne shalites!.. Eto teatr!
Tuyqus seskanib ketgan G‘ani sahnadan nigohini oldi va qayerda o‘tirganini eslolmayotganday yon-atrofga, Ibodullaga esankirab qaradi, uning qo‘lini changalidan qo‘yib yubordi.
– Chiqib… suv-puv ichib kelaylik, aka.
G‘ani keskin bosh chayqadi, shu bilan nainki o‘zi qishloqdan boshlab kelgan “shaharlik”ni, balki butun dunyoni unutgan odamday sahnaga qadalib, “qilt” etmay tikilib o‘tiraverdi. Bamisoli haykal…
Aloha spektakl tugadi. Tomoshabinlar o‘rinlaridan turib qarsak chalishdi. Ta’zimga chiqqan baletchilarga guldastalar taqdim etishdi. Ibodullani hayron qoldirgani shu bo‘ldiki, G‘aniboy shundoq chiroyli – shubhasiz, juda qimmat – guldastasini birovga topshirmadi, borib sahna chetiga qo‘yib keldi.
Tashqariga chiqishdi. G‘ani yana shoshib taksi to‘xtatdi, bu safar manzilni haydovchining qulog‘iga shivirlab aytdi. Uning bolalarcha bu qilig‘i Ibodullaning ham kulgisini qistatdi, ham jahlini chiqardi. Ibodulla deganlari shaharni bilmasa ekan!
Taksi Ibodullaga tanish mavzedagi bir mahalla oxirrog‘ida to‘xtadi, “yangi o‘zbek” bilan kelishuvga ko‘ra taksichi ularni kutib turadigan bo‘ldi.
Sezilarli darajada hayajonlanayotgan, barmoqlari titray boshlagan G‘aniboy hovlilardan birining eshigini o‘z kaliti bilan ochdi.
– Vaqtimiz ziqroq, shuning uchun faqat zalni ko‘rsak yetadi. Mehmonxona bilan yotoqxona keyingi safarga.
Ibodulla “yangi o‘zbek”ning bu gapidan hech narsani tushunmagan bo‘lsa-da, har ehtimolga qarshi bosh irg‘ab qo‘ydi.
Uyda katta qurilish ketayotganligi hovlida sochilib yotgan materiallar bo‘laklaridan, turli chiqindilar uyumlari, havoza va eski cho‘tka-paqirlardan ham bilinib turardi.
G‘aniboy ishonch bilan yo‘l boshladi. Ular bo‘yoq va ohak isi anqib turgan yo‘lak orqali keng-mo‘l, aytish mumkinki haddan tashqari keng-mo‘l xonaga o‘tishdi. G‘aniboy “chiq” etkazib devordagi tugmachani bosdi. Shiftdagi dengiz manzarasi o‘rtasiga osilgan ulkan, zarrin shokilali qandil porpirab yondi… Endi buni xona ham deb bo‘lmasdi. Deylik, mo‘jazroq sport zali. Faqat uch taraf devor ham yaxlit ko‘zgu bilan qoplangan. To‘rtinchi tarafda odam bo‘yi rasmlar qator osilgan.
– Yigirmaga o‘n, – g‘urur bilan gapirib qoldi G‘anijon. So‘ng devorda osilgan rasmlarga ishora qilib, bir-bir tanishtirib chiqa boshladi: – Bu Mari Ramberg. Bunisi Anna Pavlova, kinosini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ikki seriyali. Bu Olga Preobrajenskaya. Bunisi Matilda Kshesinskaya, u haqda endi kino olinayapti. Bu Agrippina Vagonova. Galina Ulanova bilan Mayya Plisetskayani tanigan chiqarsiz. Bunisi Ulyana Lopatkina… Svetlana Zaxarova… Mariya Allash… Silva Sofian… Diana Vishnyova… Yekaterina Vasilevani bilmagan odam yo‘q… Bunisi o‘zimizning Bernora Qoriyeva… Bunaqa yulduzlar qarab turgan zalda mashq qilishning o‘zi bo‘ladimi, aka!
Ibodulla devorda balet yulduzlarining suratlari turganligini, bu esa mashq zali ekanligini tushundi. Ammo kim uchun, nima uchun? To‘g‘ri, u nimalarnidir sal-pal fahmlaganday edi, biroq aniq bir to‘xtamga kelishga qiynalayotgandi. Har qalay, G‘aniboyning teatrda titrab-qaqshab o‘tirishining o‘ziyoq u-bu narsalardan shohidlik berayotganday…
– Siz, – hayajonlanib gapida davom etdi “yangi o‘zbek”, – bu uyni ko‘rgan yagona odamsiz! Kerak bo‘lib qolsa, tasvirlab berasiz. Chunki men gapirolmay qolaman… soqovga o‘xshab qolaman… Men bu uyni… tag-tugi bilan beraman. Ikkalamizdan boshqa hech kim bilmaydi. Shundayiga. Olsin. Keyin xohlasa yashasin, xohlamasa yoqib yuborsin yo birovga sovg‘a qilib yuborsin! Bu uning ishi…
Jumboq gaplardan toqati toq bo‘lgan Ibodulla qo‘rsroq ohangda so‘radi:
– Kimning axir?
G‘aniboy xuddi o‘zi hammaga ma’lum oy yoinki quyosh haqida gapirayapti-yu, bu g‘alcha negadir tushunmayotganday, hamqishlog‘iga ajablanib-merovsirab qaradi. So‘ng bir og‘iz:
– Ketdik, – dedi.
Ibodulla to‘ng‘illab qo‘ydi:
– Umrimiz yo‘lda o‘tarkan-da…

* * *

Bu safar taksi ularni ko‘p qavatli uy yoniga tashlab ketdi.
Tez orada tutqanog‘i tutadiganday dir-dir titrayotgan, og‘ir-og‘ir nafas olayotgan G‘anijon damo-dam uyga qarab qo‘yib, uyoqdan-buyoqqa borib kelarkan, o‘zini chalg‘itish, asablarini jilovlab olish uchunmi, tinmay gapirardi:
– …Men bir narsani aniq bilaman, jo‘ra. Bir marta ko‘rishdayoq yurak-bag‘ring o‘rtanib sevib qolsang – mana shu haqiqiy muhabbat, qolgan hammasi bekor. Dunyoda olti milliard odam yashaydi. Lekin yulduzing yulduzingga to‘g‘ri keladigani bittagina. Bittagina, xolos. O‘shani topsang – baxting, topmasang o‘zingniyam, o‘zgalarniyam aldab, kun ko‘rib o‘tib ketaverasan bu hayotdan… Bir yilcha burun men uni uchratib qoldim. Ko‘rdimu qotdim… O‘ziyam ayolmisan ayol-da! Kiyinishlari, yurishlari, kulishlari… Tishlari mayda, bir tekis, xuddi guruchday… Badan, yuz oppoqdan-oppoq… qorday desammikin, marmardaymi… Qosh ingichka qilib terilgan, kipriklar uzun-uzun… Nozik, qattiqroq ushlasang uzilib tushadiganday barmoqlar… Anovi… kim edi-ya… ha, Otoyi aytgan-ku, “G‘oyati nozukligindin suv bila yutsa bo‘lur” deb… Xuddi o‘shanaqa ayol… Bir qultum suv bilan “liq” etib yutib yuborsang… Faqat qop-qora ko‘zlari ma’yus, juda ma’yus… Bir ko‘rishdayoq u men uchun, faqat men uchun yaratilganini tushundim… U ham hammasini sezdi… Indamasdan kelib qo‘ltiqlab oldi. Biz shaharni uzoq kezdik. Tasavvur qilasizmi, bir og‘iz gaplashmasdan kezdik. Bir og‘iz gaplashmasdan-a… Yo‘q… – nogahoniy xotiralar quchog‘ida qolgan G‘aniboy shirin lazzatdan ingrab yubordi, – yo‘q, u yurmasdi, suzardi… Uning qadam tashlashi oldida bizning xotinlarning lo‘killab yuradigan tuyadan farqi qolmaydi… Keyin shu yerga keldik… Uning uyiga… Mana shu bir xonali katalakka… Qorday oppoq badanidan… badanidan shunday bir nozik is, nozik ifor kelardiki, bir nafas olsangiz bas, boshingiz aylanib ketadi… Bunday ayol erkak kishiga hayotida bir marta uchraydi, bir marta. Boshqa duch kelmaydi… Shu ayol… shu ayol… boshini ko‘kragimga qo‘yib ho‘ngrab yig‘ladi, nozik bilaklari bilan meni quchib yig‘ladi… Yolg‘izligini, oqshom teatrdan qaytganida zimiston uy ko‘ziga lahadday ko‘rinishini, chiroqlarni ham yoqmasdan muzdayin peshonasini ko‘zguga tirab uzoq-uzoq yig‘lashlarini gapirib berdi… Men ham qo‘shilib yig‘ladim… Erkak boshim bilan ko‘z yoshlarimdan uyalmay yig‘ladim… Ko‘z yoshi yurakni darddan forig‘ qilishini ana shunda bildim, aka. Shuncha yil yashab, haqiqiy sevgi qanaqa bo‘lishini ana shunda bildim, aka… Ko‘ngillar qovushishi tanalar qovushishidan afzalroq ekanligiga ana shunda imon keltirdim, aka… Bunday ayolga – hatto u seni quchib turganida ham – hirs bilan qarolmaysan, qaqshab sig‘inasan, tavallo qilasan…
Men ham odamman, axir! Men ham dunyoga bir marta kelaman. Qisqagina hayotimda shundayin farishta o‘z-o‘zidan qarshimda paydo bo‘lib qolganligining o‘zi yaratganning menga cheksiz inoyati emasmi?..
Jiqqa yosh to‘lgan ko‘zlarini chirt yumib olgancha shirin xotiralar ummonida lazzatlanib-huzurlanib suzayotgan G‘aniboyga hayron bo‘lib qarab turgan Ibodulla axiyri:
– O‘shani… o‘shani izlab keldingizmi bu yerga? – deb so‘radi.
G‘aniboy seskanib ko‘zlarini ochdi. So‘ng, savol ma’nisini angladi shekilli, Ibodullaga yosh bolaga qaraganday ajablanib qaradi:
– E, aka, bunday ayolni izlab kelmaydilar. Bunday ayolga tiz cho‘kib “Buyur, odam o‘ldirayinmi, o‘g‘irlik qilayinmi, butun dunyoga o‘t qo‘yayinmi, aytganingni kiprik qoqmay ado etaman, faqat sen meniki bo‘lsang bas!” deydilar…
Nihoyat filologligi namoyon bo‘layotgan G‘aniga diqqat bilan tikilayotgan Ibodulla shoshib keyingi savolini berdi:
– Siz shunday qildingizmi?
– Ha! – dedi G‘aniboy shosha-pisha. Ammo bu e’tirofda g‘ururdan, sururdan ko‘ra alam, chorasizlik ko‘proq edi. – Men hammasidan voz kechaman dedim! Bola-chaqamdan, uyim-joyimdan, boyligimdan, obro‘yimdan. Evaziga yoningda yursam bas dedim. Men… men hatto uning xizmatkori bo‘lishgayam rozi edim… Lekin… lekin… – shu yerga kelganda G‘anining tovushi titrab ketdi: – lekin u meni rad etdi!
– Nega? – beixtiyor qichqirib yubordi Ibodulla. So‘ng, birdan qayerda turishgani esiga tushib qoldiyu, xijolat aralash atrofga alangladi.
Ammo, aftidan, G‘aniboy butun dunyoni unutgan edi. Ko‘zlaridan yirik-yirik yosh tomchilari yumalab tushayotgan “yangi o‘zbek” cheksiz iztirob va vahima bilan shivirladi:
– U meni rad etdi… Keyin bir og‘iz: “Savdolashmang… maydalashmang…” dedi… Shunda… shunda men nimalar qilib qo‘yganimni tushundim… Endi kech edi… “Falon ishni qilaman!” deb og‘iz ko‘pirtirmasdan burun avval shu ishni qilishim kerak edi… Keyin oyog‘iga bosh ursam arzirdi… Xullas, u mendan voz kechdi… Uning uyidan… orqasiga o‘xshatib tepilgan itday dumimni qisib chiqib ketdimu… O‘ziyam bir kecha-kunduz qo‘ynimga pichoq solib, shu yerda poyloqchilik qildim… Bilmayman, nega? Axir ayb o‘zimda edi… U teatrdan qaytayotgan mahali meni ko‘rdi, ammo ko‘rmaganday o‘tdi-ketdi… O‘shanday viqorli… Mag‘rur… Qo‘l-oyog‘imdan jon qochdi… Tongga qadar uy yonida titrab-qaqshab turdim… Deraza yoniga bir necha marta kelib-ketdi. Buni ko‘rdim… Ammo meni chaqirmadi. Keyin chiroqni o‘chirdi… Sahar palla poyi piyoda yo‘lga tushdim… Qishloqqa ne ahvolda kirib bordim… Alahlayotgan kasalga o‘xshab qolgan bo‘lsam kerak… uydagilar boshimda parvona… Bir hafta deganda o‘zimga keldim… Nimadir yetishmaydi deng… Yashagim ham kelmaydi… Uni esdan chiqaray deyman-u… Ko‘rgan oshning kuyigi yomon bo‘larkan… Oxiri shaharga kelib, izlay-izlay ikkita eng qimmat farang atiridan sotib oldim. Har biri yuz dollardan ekan. Xotinimga oborib berdim. Narxini so‘rab boshimni qotirgandi, “Besh ming so‘mdan ekan” dedim. Niyatim, yana o‘sha iforni tuyish edi… Ammo… – G‘aniboy alam daraxtni mushtladi, – bittasini darrov erga tegmagan singlisiga oshirib yuboribdi. Bir maqtanib qo‘ymoqchi bo‘lgan-da! Ikkinchisi bir qo‘shnisiga to‘qqiz ming so‘mga pullabdi. Kechqurun borsam “To‘rt ming foyda ko‘rdim”, deb turibdi tirjayib… Solib yuborishimga sal qoldi… Ammo… indamadim… Shu bilan hammasi esimdan chiqib ketar deb o‘ylagandim… Qayoqda deysiz… Mana bu yerim o‘rtanadi, mana bu yerim… – Shunday deya G‘aniboy ko‘ksiga shapatiladi. – Shunaqa paytlari aqldan ozayotganday bo‘laman, go‘yo tez orada yotar-turar joyim jinnixona bo‘ladiganday… Uxlay olmayman. Kun bo‘yi, yarim tunga qadar atay o‘lib-tirilib ishlayman, charchayin deyman, keyin o‘zimni to‘shakka otaman… Lekin baribir uxlolmayman… “Ishq ahlig‘adur harom uyqu”…
Ibodulla miq etmay o‘tirardi. To‘g‘risi, u o‘zicha to‘pori, ko‘ngliyu miyasida pul topishdan boshqa tashvishi yo‘qday ko‘rinadigan G‘aniboydan shuncha gap chiqishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi…
Ha, inson bolasini tushunish qiyin ekan. Bo‘lmasa bu “yangi o‘zbek”ka nima yetishmaydi… Armoni bor ekan-da bechoraning…
– Shu olovni bosayin deya biron bahona topib shaharga kelaman. Ha, ha, bahona topib. Bir narsaning hidini sezishganmi, uydagilar bu yoqqa kelishimga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilishadi. Kelishib olishganmi nima balo!.. Shunda erkak boshim bilan… ming bitta bahona qidiraman. Shunaqa paytlari o‘zimni o‘zim yomonlar ko‘rib ketaman… Shu yerga kelib o‘tiraman… kutaman… kutaman… Go‘yo u birdan paydo bo‘lib qoladiganday… “Yuring” deydiganday… Chirog‘i yoniq bo‘lsa bir quvonaman “uyg‘oq ekan” deb, o‘chgan bo‘lsa “Kim bilan ekan?” deb dardi dunyoyim qorong‘i bo‘ladi… Tishlarimni g‘ijirlatib yaroq izlayman… Garchand sezaman, u yolg‘iz… Yolg‘iz… Tong saharda bo‘lsa yana poyi piyoda qishloqqa yo‘l olaman…
Balet haqida men o‘qimagan kitob, men ko‘rmagan kino qolmadi-yov… Keyin… Navoiyni o‘qidim… Teatrga nega uning nomi qo‘yilgan deb o‘yladim-da… “Parim bo‘lsa, uchib qochsam ulustin to qanotim bor, Qanotim kuysa uchmoqdin, yugursam to hayotim bor…” Menam parim bo‘lishini istadim, u bilan birgalikda el-ulusdan uzoq-uzoqlarga uchib ketishni orzuladim… Keyin negadir bu orzuni faqat va faqat baletda chiroyliroq ifodalab bo‘ladi, degan o‘yga bordim, buni o‘zimcha tasavvur ham qildim… juda-juda yaqqol tasavvur qildim… Ishonasizmi, men… men o‘qib-o‘rganib… shu orzuyimni… baletga ko‘chirmoqchi bo‘ldim… Men… men libretto yoza boshladim. Yigit bilan qiz bir-birini yaxshi ko‘rib qoladi… Oxiri parlardan qanot yasab, ko‘kka uchib ketishadi, bulutlar bag‘rida oqqushlarga aylanishadi… Nomiyam “Parim bo‘lsa…” Yozdim… “Yig‘lab-yig‘lab tugattim oxir”. Ishonasizmi…
Ibodulla beixtiyor bosh irg‘adi, baayni ishonishini bildirmoqchi bo‘ldi. Biroq G‘aniboy ayni damlarda buni ko‘radigan, tushunadigan ahvolda emasdi.
– Bor yiqqan-terganimni sarflab boyagi joyni sotib oldim-da, o‘zimning xayolimdagi uyni qurdirtirdim… Kelsa, “Parim bo‘lsa…”ni mashq qilsa… Balki o‘ynab berar… Axir u iste’dodli… yulduz bo‘ladi… Lekin o‘ynamasayam mayli… Uy uniki. Tag-tubi bilan… Libretto ham uniki… butkul uniki…
Men teatrning reperturarini, u qachon, qaysi spektaklda sahnaga chiqishini yoddan bilaman. O‘zim kelolmasam, ishonchli odamim orqali gul yubortiraman. U biladi… hammasini biladi… Lekin gulni olmaydi… Sahnada payti atay men tomonga qaramaydi… Yomon ko‘nglini qoldirganman-da…
Umr, vaqt deganlari uchib o‘tib bormoqda. Men bunday yashashdan charchadim. Men bilaman… u haliyam yolg‘iz… yolg‘iz… Men bugun uning poyiga tiz cho‘kaman, “Meniki bo‘l, men hammasidan voz kechdim!” deyman. Agar u yana rad etsa… qaytib o‘rnimdan turolmasman… – u qorong‘ida paypaslab Ibodullaning qo‘lini topdi va kalitni tutdi. – Buni bir amallab o‘zingiz bering. Otib yuborsa, yerdan olib yana bering. Joyni tushuntiring… Ayting, bu uning uchun arzimagan hadyam… Insonning bir kechalik baxti bunaqangi uylardan mingtasiga arziydi deng… Ayting, o‘tinaman…
Shu mahal mashina ovozi eshitildi. G‘aniboy birdan gapdan to‘xtadi, ovoz kelgan tomonga qaradi. Uy yoniga peshoynasida yashil chiroqchasi yonib turgan taksi mashinasi kelib to‘xtadi.
Mashinaning orqa o‘rindig‘idan erkak bilan ayol tushishdi. Mashina ketdi. Erkak bilan ayol qo‘ltiqlashib uy tomon yurishdi. Bu sarviqomat, darhaqiqat, yurmayotgan, viqor ila suzib ketayotgan ayol edi. Erkak nimadir deb shivirladi, ayol xandon otib kuldi… Bu baxtiyor ayolning kulgusi edi..
Ibodulla yoniga qaradi va hattoki qorong‘ulikda ham G‘aniboyning rangi bo‘zdek oqarib ketganini ko‘rdi…
Erkak-ayol pod’ezddan ichkariga kirishdi. Birinchi qavatdagi xonadon chirog‘i yondi.
Vaqt imillab o‘tardi…
Avval ayol deraza yoniga keldi, ammo tez uzoqlashdi. Keyin erkak. Erkak pardani tushirdi. So‘ng chiroq o‘chdi…
Zulmatdan ko‘z uzmay turgan Ibodulla yonida kimdir xirillayotganini eshitganday bo‘ldi. Ichi bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgan Ibodulla shu tarafga o‘girildi.
Nafas ololmayotganday jon-jahdi bilan bo‘ynini ishqalayotgan G‘aniboy. Ibodulla hamrohiga sinchiklab nazar soldi va… ajabki, uning bulutlar bag‘ridan mo‘ralagan to‘lin oy yorug‘ida yaltirab ketgan ko‘zlarida hech qanday ma’noni ilg‘amadi. Hech qanday…
Xuddi shu lahzada, o‘rtaga cho‘kkan muzday sukunatni chil-parchin etib tashlashga azm qilganday tuyqusdan lablari dir-dir titrayotgan G‘aniboy jilmayishga urinish asnosida so‘zlarni dona-dona qilib, baayni ovoz kuchaytirgich yonida turgan kabi:
– Diqqat! Toshkentdan ko‘rsatamiz! – dedi.
Ibodulla dong qotib qoldi…

* * *

Ibodulla endi titrab-qaqshagancha qunishib, bir nimalarni tez-tez shivirlayotgan G‘aniboyning qo‘lidan tutdi va ko‘zlaridan duvillab oqqan alam yoshlarini yashirib ham o‘tirmasdan poyi-piyoda qishloq tomon boshladi…
Ular qishloqqa tongda kirib bordilar.
“O‘zbekovul”da sarmoyador odamni hamma taniydi. “Yangi o‘zbek” G‘aniboyning shahardan aqlidan ozgandek, bo‘ynida bo‘yinbog‘ bilan qaytib kelgani haqidagi sovuq xabar qishloqqa yashin tezligida tarqaldi.
Oradan bir osh pishgulik fursat o‘tar-o‘tmas esa quyilib kelgan savollarga javob tarzida boshqa mish-mishlar ham bolaladi: sho‘rlik G‘aniboyni shaharga anavi “shaharlik” Ibodulla olib borgan ekan. Bunga G‘aniboyning qaynisi Aziz tirik guvoh ekan. Ibodullaning shaharda eski o‘ynashi bor ekan. Ibodulla uyalmay-netmay G‘aniboyni shu o‘ynashinikiga boshlab boribdi. Ammo o‘ynash xotinning oldida boshqa o‘ynash erkaklar ham bor ekan (“Qisqasi, islovatxona ekan!” deyishardi yangilikni bir-biriga yetkazayotgan hamqishloqlar ishonch bilan). Orada janjal chiqadi va bechora G‘aniboy hamqishlog‘i Ibodullani himoya qilaman deb o‘rtaga tushadi. Ana shunda anavi xotinning o‘ynashlari bu ikki qishloqini rosa tepkilab tashlashadi. Bittasi qaltisroq tepib, sho‘rlik “yangi o‘zbek”ning miyasini chayqaltirib yuboradi…
“Yangi o‘zbek”ning xotini kelib o‘z uyida mushtdaygina bo‘lib o‘tirgan Ibodullani yumma talab ketdi… Qarg‘ishlarning-ku, hech adog‘i ko‘rinmasdi…
Buyam kamday, oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas quturgan sherday uyga bostirib kirgan Aziz “Pochchamni o‘ldiribsan-ku, nahs bosgan! Sening kasring pochchamga uribdi!” deya hech bir qarshilik ko‘rsatmagan Ibodullani urib-tepib, sulaytirib tashladi… Zor-zor yig‘lab Azizning etagiga yopishgan Gulasal ham, chirqirab yig‘layotgan uch farzand ham quturgan yigitni to‘xtatib qololmadi…

* * *

Oradan o‘n kunga yaqin vaqt o‘tdi.
G‘aniboy tumanimiz markazidagi shifoxonasida “psixogen amneziya” tashxisi bilan davolanmoqda. Shifokorlar uning tuzalib ketishiga umid bor deyishibdi…
“Shahardagi kundosh” haqidagi gap-so‘zlardan charchagan Gulasal farzandlarini oldiyu, ota-onasinikiga ketvordi.
Yakkamoxov bo‘lib qolgan Ibodulla ko‘p ezildi. Endi qishloq ahli uni odam qatoriga qo‘shmasligi aniq. Ko‘chaga chiqsa bas, yosh-qari darrov teskari qarab oladi… Ba’zilar atay unga eshittirib: “Buzuq…” va hattoki “Sengayam atalgani bordir” deb g‘o‘ldirab qo‘yishadi…
Bu azobga chiday olmagan, uyida qamalib o‘tiraverib aqldan ozguday holga tushgan Ibodulla kunlarning birida shaharga qarab yo‘l olishdan avval shifoxonaga kirdi.
G‘aniboy kattagina hovlining bir chekkasida, yetim musichaday qunishibgina o‘tirgan ekan. Sobiq “yangi o‘zbek” Ibodullani tanimadi, uning qayta-qayta ismini aytishlarini, shaharga bug‘doy sotishga birga borganliklari tafsilotlarini xijolat bo‘lib eshitdi, peshonasini tirishtirib, nimalarnidir xotirlashga rosa urinsa-da, evini qilolmagach, noilojligini bildirganday yelka qisib qo‘yish bilan kifoyalandi, so‘ng, bu kam tuyildimi, manglayiga ko‘rsatkich barmog‘ida “do‘q-do‘q” etkazib urib qo‘yarkan, atay o‘zini izlab kelgan mehmonga qarab aybdorona tarzda tan oldi:
– Xotira ketgan, aka…
Dardi dunyosi battar qorong‘i bo‘lgan, o‘zini shuncha gapni devorga aytgandek his qilayotgan Ibodulla o‘rnidan turib, ketishga chog‘lanarkan, banogoh nimanidir eslaganday joyida to‘xtadi va hech narsaga umid qilmagan holda:
– Parim bo‘lsa… – dedi.
Mehmon hurmati uchun qaddini rostlayotgan joyida taqqa to‘xtagan G‘anining ko‘zlarida oniy soniyaga nedir ma’no paydo bo‘lgandek tuyildi-yu, ammo shu zahoti uning o‘rnini yana xotirasizlikdan xijolatpazlik hissiyoti egalladi.
Darvozadan alam bilan boshini qashlab o‘tayotgan Ibodulla birdan qo‘rqib ketdi: uning barmoqlariga bir tutam soch ilashib chiqqandi. Ibodulla shoshib yana boshini qashidi. Yana shu ahvol…

* * *

Kecha yiltirbosh Ibodulla jo‘ramni Farhod bozorida ko‘rib qoldim. Olibsotarlik qilyapti ekan: Qo‘yliqning ulgurji bozoridan tong qorong‘isida arzonga meva-cheva olib kelib, bu yerda qimmatiga kilolab pullarkan.
Olma uyulgan peshta tagida ancha gurunglashib qoldik, bittadan pivo shishasini bo‘shatdik. Ovulni, qarindosh-urug‘larni esladik.
Suhbat orasida G‘aniboyni ham yodga oldik.
Aytishiga qaraganda, Ibodulla har hafta tumanimiz markazidagi shifoxonaga borib, sobiq “yangi o‘zbek”dan xabar olarkan. Unga g‘azallar o‘qib berarkan. Ayniqsa bir g‘azalni eshitgan mahali kap-katta bemor yosh bolaga o‘xshab piq-piq yig‘larmish… Kishini xursand qiladigan tomoni shundaki, Ibodulla oxirgi marta borganida bemor o‘zini risoladagiday tutibdi, hatto xayrlashish oldidan “Kitobingizni tashlab ketsangiz… o‘zim kechalari o‘qib o‘tiraman”, debdi. So‘ng, kitobni olgach, darrov uni qo‘yniga yashiribdi. Darvoza yonida esa, qo‘riqchilar eshitmasin debmi, vujudi dir-dir titragancha, tovushi qaltirab, arang so‘rabdi: “U… yolg‘izmi?”. Bemor o‘z nomi bilan bemor-da: ko‘ngli yarim… Shu boisdan Ibodulla hech ikkilanmasdan “Bordim… Bildim… U yolg‘iz” debdi.
– Bu gapimni eshitayotgan mahal uning yuzi favqulodda yorishib, ko‘zlari chaqnab ketdi. Xudo shohid, buni o‘zim ko‘rdim, – dedi Ibodulla mamnun bo‘lib.
Darvoqe, mutlaqo tuyqusdan “yangi o‘zbek”ning qip-qizil yo‘qsil, tasarrufidagi mulklarining asosiy qismi allaqachon sotilib ketganligidan, qolgan qismi esa garovga qo‘yilganligidan voqif bo‘lgan, bu kutilmagan mash’um yangilikdan es-hushidan ayrilar darajaga yetgan hamda qarg‘ish-la’natlar do‘li ostida qandaydir “shaharlik oyimcha”ni ulka-an sarmoyani o‘g‘irlab, yashirib qo‘yishda ayblayotgan xotin “O‘sha buzuqning o‘zi kelib qarasin endi, nima, buning puli halol-u, o‘zi harommi!” deya taysallab turganligi boismi, G‘aniboyning qarovi anchayin nochorroq ahvolga tushib qolibdi. Ustiga-ustak, qo‘shimcha dori-darmon olishga, yana ba’zi bir mayda-chuyda tashvishlarga ham xarajat deganday… (Odamlar… ularni qo‘ya turaylik. Illo, Mardi bobo topib aytganiday: “Puling bo‘lsa bankada, Ko‘rgani borishadi tankada”. Lekin, ayni paytda, taassufki, “Aqchadan yiroq – mehrdan yiroq”. Shu bois kuni kecha ovulning erkatoyi bo‘lib yurgan, nima qilsa yarashadigan G‘ani ko‘z ochib-yumguncha – garchand uning uchun endi bularning bir chaqalik ahamiyati bo‘lmasa-da, – barcha unvon-imtiyozlaridan mahrum etilib, qorni to‘yib ketganidan ko‘ngliga kelgan noma’qulchiliklarni qilib yurgan, oxir-oqibat peshonasi “taq” etib devorga tekkan va endi, “o‘tniki o‘tga, suvniki suvga” qabilida, bor-budidan ayrilganidan so‘ng yeganlarini qon qusib qaytarayotgan sho‘rtumshuq bandaga aylangandi…) Xullas, bir tashrifida Ibodulla shaharda balerinaga atab qurilgan uy xususida so‘rab ko‘radi: “Balki sotish kerakdir… hozir pul xalaqit bermasdi… aksincha…” Ammo birdan ko‘zlarini olib qochgan G‘aniboy – har qancha peshonasini tirishtirib o‘ylasa-da – nimagadir bu uyni mutlaqo eslolmaydi.
Shunga qaramasdan, ko‘ngil tubida ne asl niyatlar bo‘lgani noayon, Ibodulla baribir shaharda G‘aniboy qurdirgan hovliga boribdi. Biroq uyni egallab olgan, allaqachon qayta qurishga ham kirishgan “ishonchli odam” hech qanaqangi G‘ani-panini tanimasligini, hovli esa yakka o‘ziga tegishli ekanligini aytib turib olibdi, hattoki hujjatlarni ham ko‘rsatgach esa agar chaqirilmagan mehmon darhol o‘z oyog‘i bilan chiqib ketmasa, militsiyaga qo‘ng‘iroq qilishini aytib do‘q uribdi…
Ibodulla oyda bir marta baletga tusharkan, har safar o‘sha balerinaga guldasta tashlab kelarkan: “G‘aniboydan deb o‘ylayversin…”
– Eh, tezroq tuzalib ketsa edi!..
Ibodulla bu gapni bir emas, bir necha marotaba qandaydir hayajon, to‘liqish bilan aytdi. Bunday sadoqatdan o‘zimcha xursand bo‘lib, bu tilakka jon-dilim bilan qo‘shildim, keyin, bemor shifo topgach nima bo‘lishi bilan qiziqdim.
– G‘aniboy aka tuzalgan kuni Gulasalni oldiga olib kelaman. Hammasini o‘z og‘zi bilan gapirib beradi! Ana shundan keyin xotinim hammasini tushunadi! O‘zi mendan kechirim so‘raydi! – deb qoldi bir mahal Ibodulla entikib.
O‘smoqchilab so‘ray-so‘ray bilib olganim shu bo‘ldiki, Ibodullaning bola-chaqasi hamon qaytmapti. Ayniqsa Ibodullaning shaharga kelib ishlayotgani rashk oloviga sepilgan moyday ta’sir ko‘rsatibdi. “O‘sha… shaharlik o‘ynashi bilan qo‘shmozor bo‘lsin! Ana, oldiga borib olibdi-ku!” debdi Gulasal bosh egib kelgan elchilarga. Vaholanki…
– Qanaqa o‘ynash? – alam bilan qo‘llarini yoydi Ibodulla. – To‘rt bozorchi tovuqning katagiday xonada ijarada turamiz, jo‘ra. Tor joyda go‘sht yegandan… deb tunlari issiq bo‘lsa, shu yerda yotib qolaveraman. – U o‘tirgan joyimizni ko‘rsatdi. – Shaharga kelganim… Boshqa qayergayam borardim… Kimning ham menga ko‘zi uchib turibdi…
Jo‘ramni yupatgan bo‘ldim. Nogoh u piqirlab kulib yubordi.
– Tinchlikmi? – hayron bo‘lib so‘radim.
– Kelganimdan beri… – kulardi u hamon, – kelganimdan beri ikki marta mirshab ushlab oldi. Bir marta uchastkasigayam olib bordi, barmoq izlarimni oldi…
Tamomila hayratga tushdim:
– Seni-ya? Bo‘lishi mumkin emas! Axir… axir qanchadan-qancha akaxonlaring…
Birdan jiddiy tortib qolgan Ibodulla taqir boshiga ishora qildi:
– Bunaqa kalla bilan unaqa akaxonlarni tilga olib bo‘lmaydi, jo‘ra…
Yorug‘ boshida qishloqqa qaytib ketishim kerak edi, shuning uchun xayrlashishga shoshdim.

* * *

Aniq esimda bor, Ibodulla bilan juma kuni kechga yaqin xayrlashdik.
Shanba esa…
G‘ani shifoxonadan xotirjamlik bilan, soppa-sog‘ odamday chiqadi, do‘kondan tuzukkina ust-bosh, hattoki kapalak nusxa bo‘yinbog‘ ham sotib oladi. So‘ng… shaharga keladi, katta guldasta xarid qiladi, teatrga kiradi, duduqlanib, titrab-qaqshab eshikbon kampirdan balerinani so‘raydi.
Teatrning barcha yangiliklaridan voqif kampir unga balerina ikki haftadan buyon suyukli yori bilan Ovrupoda “asal oyi”ni o‘tkazib yurganligini aytishga shoshadi… Baayni suyunchi so‘rayotganday o‘ta ko‘tarinki kayfiyatda aytadi, yosh va baxtli oilaning teatrda o‘tgan dabdabali to‘yida ishtirok etganiyu, maza qilib raqs tushganiga qadar gapiraveradi, gapiraveradi…
Keyinroq ayrim shohidlarning guvohlik berishlariga ko‘ra, rangi birdan ko‘mirday qorayib ketgan G‘aniboy bir muddat kampirga angrayib qarab qolgan, nimadir e’tiroz bildirmoqchiday bo‘lib og‘zini kappa-kappa ochgan, lekin gapirolmagan, ovoz o‘rniga g‘ayritabiy xirillash eshitilgan. So‘ng, nogoh, tomoqqa tiqilib qolgan tosh otilib chiqqanday vahshiyona tarzda o‘kirib yuborganu, gup etib qulagan…
O‘sha voqeadan keyin G‘anini viloyat markazidagi ruhiy xastaliklar shifoxonasiga o‘tkazib, alohida xonada saqlay boshlashdi.
Bir oyga yetar-etmay deyarli ovqat yemay qo‘ygan bemor ozib-to‘zib ketdi, soch-soqoli o‘sib, ko‘chada tentib yuradigan uysiz-joysiz daydilarga o‘xshab qoldi.
Lekin… lekin odamning joni qattiq bo‘larkan. Ayniqsa u nimagadir umidvor bo‘lib turganida, nimanidir ilinj bilan kutganida.
Xullas… tasavvur qilasizmi!.. ong-shuur ko‘zgusi chatnagan, xiralashgan, o‘rgimchak to‘riday yoyilib ketgan xayolot afsunida voqelikni to‘liq idrok qilolmay qolgan G‘aniboy yashirin ravishda, turli-tuman qush-parrandalarning patlaridan o‘ziga… qanot yasaydi. Qanot!
Yigirma birinchi asrning o‘n to‘rtinchi yilida yashayotgan Dedalmi, Ikarmi yarim tun, borliqni to‘lin oy sutday yoritgan, ko‘kda yulduzchalar jimirlab, sirli ko‘z qisayotganlari mahal hovliga chiqadi, o‘rtada qad rostlab turgan ulkan daraxt tepasiga ko‘tariladi va… qanotlarini yoygancha ko‘kka parvoz qiladi…

* * *

Shifokorlarning xulosalariga qaraganda, zarang yerga chilparchin qulab tushganida bo‘yni qayrilgan, umurtqa pog‘onasi jiddiy shikast yegan bu telbani endi alohida xonaga joylashtirishning hojati ham yo‘q: u baribir o‘rnidan qo‘zg‘ala olmaydi…
Alamzada xotin u yoqda tursin, tamomila hafsalasi pir bo‘lgan Ibodulla ham bemordan xabar olmay qo‘ydi…
Ammo…
Ajabki, jo‘ram Ibodulla shu holida hamon oyda bir-ikki marta baletga tushib turadi, “Oqqush ko‘li”ni-ku, aslo o‘tkazib yubormaydi, o‘sha balerinaga ko‘z-ko‘zlagan ko‘yi sahna chetiga allambalo guldasta qo‘yib kelishni ham unutmaydi. Men “Nega?” deb so‘rayman, “G‘aniboydan deb o‘ylasin-da”, deb javob beradi jo‘ram. Men yana so‘rayman: “Nega axir?” Bu savolimga javob ololmayman.
Darvoqe, yaqinda Ibodulla yuzini sidirib tashlab bo‘lsa ham ovulimizga keldi, allaqachon pochchasining “Lasetti”siga egalik qilib olgan Aziz bilan uchrashdi, undan G‘aniboyning noutbukini so‘radi, “Ko‘chirib oladigan bir narsa bor edi, juda zaril edi”, dedi yolvorib. Bechora Ibodullani urib yuborguday vajohatda turgan Aziz avvaliga rosa og‘zi ko‘pirib so‘kinib olgach, kompyuterdagi asli pochchasining miyasini aynitgan, yalang‘och qizlari lak-lak uyatsiz kino-pino, rasm-pasmlarning hammasini o‘chirib tashlaganini, dasturlarini ham yangilaganligini, xullas, “onadan tug‘ilganday yap-yangi” holga kelgan o‘sha matahda bolalari bir muddat “urush-urush” o‘yinlar o‘ynab yurganliklarini, biroq bir haftacha burun kutilmaganda noutbukdan o‘t chiqib, o‘z-o‘zidan yonib ketganligini aytadi. “Uzoq yondi”, deydi nobakor qayin baayni “Qo‘lingdan nima keladi?” deganday tirjayib.
Darhaqiqat, qo‘lidan hech narsa kelmagan Ibodulla yana shaharga qaytdi.
Shundan beri ham jo‘ram oyda bir-ikki marta gul ko‘tarib teatrga borishni, afishalarga umid bilan qarashni kanda qilmaydi deng: xuddi “Parim bo‘lsa…” baletining premerasi o‘tkazilib qolinadiganday…
Shu… odamzodni tushunish qiyin ekan-da o‘zi…

* * *

Bayonchidan: Men, dunyoga tiyrak nigoh bilan qarashga urinayotgan, har bir aytilgan so‘zni haqiqat o‘rnida qabul qilishdan avval erinmasdan tishlab, hidlab, salmoqlab ko‘rishga o‘rganayotgan, hattoki shulardan keyinam ko‘zga tashlanmas ildizlari dilining tub-tubiga yetib borgan a’mollaridan oziq olayotgan shubhalaridan tamomila ayro tusholmayotgan haqir banda, jo‘ramning dil e’tirofini odatimga ko‘ra gumonsirab eshitarkanman, bu hikoyatda mantig‘u ichki bog‘lanishning o‘zaro nomutanosibligini tusmolladim. Shu bois, o‘zimga o‘zim ming eshitgandan bir ko‘rgan yaxshi dedim-u, shaharga navbatdagi safarlardan biri atay Ibodulla og‘zini to‘ldirib aytgan “opera-balet” tomoshasiga kirdim.
Ko‘nglim bir narsalarni sezgani chin ekan. Sahnada uyoqdan-buyoqqa chopib yurgan bo‘ychan, biroq vujudlari skeletga o‘xshab quruq shaqirlagan suyakdan iborat, nechukdir do‘kondagi arzon Barbi qo‘g‘irchoqlarini eslatadigan uzunoyoq qizlaru ayollarni durbin bilan kuzatib o‘tira-o‘tira… sho‘rliklarga achindim. Illo, qarshimda hayot tashvishlaridan tolgan, kundalik turmushning achchiq turtkilaridan zada, balki bir zamonlar ko‘zlarida yongan o‘tlar allaqachon so‘ngan, bor-yo‘q niyatlari zimmalaridagi burchni, ya’ni mana shu g‘ichirlagan sahnada sakrab-sakrab qo‘yishni ado etish bo‘lgan, upa chaplangan yuzlari qarimsiq ojizalar turardi. Men hatto ularning tomoshadan so‘ng, parda yopilgan zahoti muzday, zax, rutubatli xonaga otilib kirganlaricha egnilaridagi eskirib-titilgan, igna-ip tegmagan joyi qolmagan, kir va mog‘or bosgan, qo‘ltiqlari sarg‘ayib ketgan oqqush liboslarini qanchalar nafrat va alam bilan yulqib yechayotganliklarini yaqqol ko‘z oldimga keltirdim… “Parim bo‘lsa” emish-a! Parqanot u yoqda tursin, ikki qo‘ltig‘iga ikkitadan motor o‘rnatgan taqdiringda ham bular o‘zlarining bo‘ylaridan balandroqqa ko‘tarila olmasliklari shundaygina ko‘rinib turibdi-ku axir…
Qani u G‘aniboy izlagan, hattoki topgan ham ilohiy farishta, bir ko‘rganingdayoq tinchgina hayotingni ostin-ustun etib yuborishga qodir ilohiy qudrat sohibasi bo‘lmish serviqor parivash, bir kechalik visoli uchunoq qolgan umringni bir lahza o‘ylab o‘tirmasdan qurbonlikka keltirishga loyiq bemisl-betimsol, qo‘l yetmas hurliqo? Qani u?.. Nega men ko‘rmayapman?..
Odam ko‘pincha o‘zi ko‘rgisi kelgan narsalarnigina ko‘radi, eshitgisi kelgan gaplarnigina eshitadi. Hoynahoy, pul topib, aql topmagan bechora G‘aniboy ham shu ko‘yga tushgan. Bunaqangi kasallik esa yuqumli bo‘ladi: inchunun, jo‘ram Ibodullaning tashxisi ham ma’lum… Demak, aslida hech qanaqangi balerina-palerina bo‘lmagan. Eshitganlarim esa ikki kap-katta erkakning sarob orzulari, aldamchi ilinjlari va… ro‘yo izmidagi tentakliklari hosilasi, xolos. Balki ular bir xilda tush ko‘rgandirlar-u, shuni asl voqelik deb qabul qilishgandir… Hoynahoy, bu yosh bilan ham bog‘langan: o‘ttizdan oshib-qirqqa yaqinlashgan bir xil erkaklarda shunaqangi allatovur “xasta”lik uchrashini, oxiri-oqibat ular ichidan o‘zlarini boshqarolmay qolgan ayrim irodasizlarining tomi ketib qolishini eshitgandim… Har ne bo‘lganda ham endi buni qat’iy ishonch bilan ayta olaman: barisi bekor. Hayotga ko‘zni kattaroq ochib, hushyor qarash kerak. Ana shunda hammasi bor-boricha, asli qanday bo‘lsa shundoqligicha ko‘rinadi-yu, allaqanday bekorchi dovdirash-alahsirashlarga, telbaliklarga o‘rin qolmaydi…
Yana… kim bilsin…, biz ham bir bandaku?