Abduqayum Yo‘ldosh. Biz bo‘lmagan joylarda (hikoya)

Erkin A’ZAMga

1

1981 yil edi.

Terim avjida. It egasini tanimay yotgan ur-to‘polon kunlarning birida armiyaga to‘ppa-to‘g‘ri daladan, voyenkomning mashhur nosrang «Villis»iga bosib olib ketilgan o‘zbekovullik Do‘stboy yana ikki qovun pishig‘ini eson-omon o‘tkazib, uydagilarni sarg‘aytirib yo‘l qarata-qarata, nihoyat, dekabr oyining o‘rtalarida erta sahar, hali yulduzlar charaqlab turgan palla, jomadonini ko‘tarib qishloqqa kirib keldi.

Bir tutam qish kunini uzaytirmoqchiday allaqachon o‘rnidan turib, tandir qizitishga unnab ketgan Cho‘tboy ko‘knorning o‘rtancha kelini nasibasiga bugun jonliq bitilgan ekan – qo‘lidagi kosovini tashlashniyam unutib chopib bora sola suyunchi so‘rab turgan juvonga oppoq yaktak-ishtonda hovliqib chiqib kelgan oqsoqol bostirmada quyrug‘ini ko‘tarolmay yotgan qo‘chqorlardan birini baxshida etib yubordi.

«Do‘stboy qachon keladi-yu, qachon oqsoqolning go‘shtini yeymiz», – deb tomog‘i tushib yurgan el «yuz oydin»ga oqib kela boshladi. Bunday paytlari entikib, bosar-tusarini bilmay qoladigan, balki, shuning uchundir orqavoratdan «mard tentak» laqabini olgan oqsoqol mehmonlar poyiga birdaniga ikkita qo‘chqorni olib urdiki, hammayoq «sen je, men je» bo‘lib ketdi. Olqishlardan shishib ketgan oqsoqol bungayam qanoat hosil qilmay, ko‘pchilik hovlida paytini ko‘zlab turib to‘ladan ikki yashik «tentak suv»ni olib chiqib o‘rtaga qo‘yarkan, soxta bepisandlik ila ilova qilib o‘tib ketdiki, bu zormandaning urug‘i serob, qo‘rqmasdan olaveringlar, magazindayam mening nomimga yozilgan yana ikkita yashigi turibdi, birontangning ko‘liging* bo‘lsa, hozir borib olib kelib qo‘ysalaringam bo‘ladi, bo‘lmasa so‘ngroq borarsizlar…

Qip-qizarishib, xo‘roz bo‘lib olgan to‘rt o‘g‘lonning munosabatlarni aniqlash uchun pastga enib ketgani-yu, keyin ularning ikkalovi to‘yxonaga qaytib kelib o‘tirmay yo‘lni to‘g‘ri markazda yashovchi, singan-chatnagan suyaklarni mo‘miyo bilan davolovchi tabibning uyi tomon solishgani; to‘rt nimcha charvini o‘ngiriga bosib zipillab chiqib ketayotgan Qodir qassobning ayolini Soliya kayvoni naq eshik oldida ushlab olgani; sovxoz direktori bo‘lmish «Kattakon» qo‘liga suv quyish uchun o‘ziga peshvoz chiqayotgan beqasam choponli, allaqachon «shiringina» bo‘lib, suzilibgina turgan uch kunlik kuyov Temirboyni qumg‘on-sochig‘i bilan qo‘shib mahkam quchoqlagancha: «Xizmat yaxshi o‘tdimi, jiyan?!» – deb ko‘pchilikni o‘ng‘aysiz ahvolga solib qo‘ygani; xuddi shu Temirboyning bir banka yermoyni adashib samovar ichiga qu­yib yuborgani; Oftob qushnochning hadeganda nevaralarini kissalarini qand-qursga to‘ldirib uyga yugurtiraverishi xotin-xalaj og‘zida saqichga aylangani; shuningdek, soldat bolaning oqsoqolni chekkaroqqa olib o‘tib gunohkorona qiyofada: «Buncha tashvishlarning keragi yo‘g‘idi…» – deb gap boshlaganini-yu, bunga javoban ota og‘rinibroq: «Xudoga shukr, o‘ladigan joyda emasman, shu paytgacha birov meni «qattiq» demagan, el-yurtdan kam joyimam yo‘q, bolam», – deganlarini hisobga olmasak, to‘y silliqqina o‘tdi.

Hay, ishqilib, to‘ylar ko‘payaversin.

Keyingi hafta-o‘n kun «soldatni choyga chaqirish»larda o‘tdi. Yeyish-ichish gadosi, tutun chiqqan joyda hoziru nozir, qishloqda otning qashqasiday taniqli to‘da Do‘stboyni har kuni navbatdagi xonadonga sudraguday olib borishar, bechora soldatning ming qarshiliklari, aroq lim-lim piyolani tutishganida ko‘ngli aynib yuzini chetga burishlarini birgina «udumimiz shu» degan sirli jumla bilan yengishar, «uy egasini xafa qilmaylik, odamgarchilikdan chiqmaylik, o‘zbekchilikni unutmaylik» deyishib, dasturxonga falonchiga qaraganda ko‘proq aroq qo‘yganidan g‘ururlanib, g‘iljayib o‘tirgan mezbonga ishora qilishardi.

Hay, mayli, bularam o‘tdi. Dahshatli darajada ichish bilan nishonlangan Yangi yil oqshomidan keyin oshqozon og‘rishi, bosh aylanishi, darmonsizlik singari balo-battar kasalliklarga duchor bo‘lib ulgurgan, rangi siniqib, ko‘zlari kirtayib qolgan soldatni tinch qo‘yishdi.

Shunday saodatmand kunlarning birida o‘zining ­ka-a-at­­ta «soldat to‘y» o‘tkazgani haqidagi xushomadli maqtovlar, yaltoqlanishlarni erinmasdan bittalab yig‘ib, tilining tagiga nosday tashlab olib, kayfini suri-i-ib yurgan oqsoqol kenja kelinni chaqirtirib pisanda qildiki, endi shu ishgayam oppoq soch-soqolim minan o‘zim aralashib yurmay, sen asta ko‘ngliga qo‘l solib ko‘r-chi, Do‘stning xohlagan-pohlagani bormikan, agar bo‘lmasa, bir-ikkita ko‘z ostiga olib qo‘ygan joylarim bor, bari tagli-tugli odamlar, xudo xohlasa, yil boshida** ikki oyoqli moshin olib beraman.

Kelin itoatligina edi, hayallab o‘tirmay shu kuniyoq bir piyola choy ustida bor gapni qaynisiga to‘kib soldi. To‘yingizda bir o‘ynaylik-da deb qo‘shib qo‘ydi. Uyalmang, va’dalashganingiz bo‘lsa, mana, menga aytavering, bu har kimning boshida bor savdo, haliyam otamiz sizni kenjatoyim deb suyib o‘z erkingizga qo‘yib beryapti, shunisiga rahmat deng.

Gapning buromadidayoq ma’yus tortib qolgan Do‘stboy dasturxon popugini ezg‘ilab ko‘p o‘ylandi, xo‘b o‘ylandi, oxirida siniq jilmayib aytdiki, e checha, musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmas deb to‘g‘ri aytgan ekanlar, biz o‘sha yoqlarda yurganimizda otamizning, akalarimizning, sizlarning, qarindosh-urug‘larning, qishlog‘imizning qadriga yetdik. Bilmadim, balki, hayotning qadriga yetishniyam o‘rgangandirmiz, ne bo‘lsayam, bu notavon ko‘ngilda bir niyat paydo bo‘ldiki, o‘sha yurtlarda qolib yana ikki-uch yilcha yashab ko‘rsak, sochilgan rizq-nasibamiz bo‘lsa, terib yesak; uylanish bo‘lsa qochmas, hali yoshmiz, avval hayotning achchiq-chuchugini totib ko‘rsak, so‘ng minan bir gap bo‘lar, bizning peshonamizga yozilganiyam bordir.

Kelin, har qalay, sakkiz yillikni bitirgan, oz-moz jug‘rofiy ma’lumotlarga ega, qaynisi xizmat qilgan kentni xaritada bir-ikki bor ko‘rgan, bir cho‘chib tushib so‘radiki, o‘sha yoqlargami, qaynimov? Do‘stboy ma’qullab bosh irg‘agan edi, kelinning qo‘lidagi piyola tushib ketdi, xayriyatki, sinmadi.

Bir muddat sukutda o‘tgach, yuzi sal yorisha boshlagan kelin u yoq-bu yoqqa alanglab olgach pastroq ovozda aytdiki, mayli, bolag‘ana, yoshlikda har ne bo‘luvi mumkin, lekin buni birovga aytib yurmang, bilasiz, otamiz bunaqa ishlarga juda-a-a qattiq, buning ustiga, bilasiz, hozir odamlar oyog‘i bilan emas, tili bilan yuradi; sizning xabaringiz yo‘qdir, jo‘rangiz Mardonboy xotinidan ajrab qutuldi, Raima sho‘rlik rayonga borganda sal mazasi qochib, qaytishda bir yengil moshinga mingan ekan, odamlar deng bir gap qildi, bir gap qildi, naq olti oyga cho‘zildiyov; begonalarni qo‘ya turaylik, o‘zimning akam yigirma beshga kirib bultur uylandi, bir uch yilcha shunday gaplarni eshitgandikki, aytaversam, betim sidirilib tushadi, yo‘q, mana, xudoga shukr, hozir qo‘chqorday o‘g‘li bor; Sobir malim bu yil bolasini maktabdan chiqarib oldi, qo‘li kaltalik qilib sunnat to‘yini o‘tkazmagan ekan, ne bir malomatlarga qolmadi… Lekin, bolag‘ana, siz ko‘p kuyinavermang, hech bo‘lmasa, u-bu tiqishtirib tinchitishning iloji bor chiqar, qancha xarajat bo‘lsayam aytavering, qarz-qavola ko‘tarib bo‘lsayam topamiz; ishqilib, bolag‘ana, «ovsinimiz» bo‘shanadigan bo‘lib qolmag‘anma, u yoqding xalqi juda zakunchi bo‘ladi deyishadi… Meni tushunmadingiz, checha, dedi qip-qizarib ketgan Do‘stboy, men o‘zim borib yashab ko‘rmoqchiman, o‘zim. Hay, bolag‘anayov dedi kenja kelin endi bemalol iljayib, barini tushunib turibman, tushunib turibman, tushunmay o‘libmanmi…

Suhbat xotimasi shu bo‘ldiki, Do‘stboy etak silkib chiqib ketdi. Kelin iljaygancha qolaverdi.

2

Kenjatoyning niyati pat-qanotlari yulinib, imkon qadar beozor tarzda yetkazilgan edi, oqsoqol ko‘zining paxtasi chiqib o‘shqirib berdiki, boraman desa, Samarqand bor, Buxoro bor, ha, ana, Toshkan bor, lekin tupkaning tubidagi begona yurtni xayoligayam keltirmasin; falokat bosib bu gapdan el-yurtni xabardor qilib yurmanglar tag‘in, bilasizlar, hozir odamlar oyog‘i bilan emas, tili bilan yuradi, do‘stdan ko‘ra dushman ko‘p; xudoga shukr, shu paytgacha obro‘yimiz mahkam bo‘lgan, urug‘imizdan sayoq chiqmagan, birov menga barmog‘ini bigiz qilib ko‘rsatmagan, to men tirik ekanman, shunday bo‘lib qoladiyam, men o‘lgandan keyin o‘zlaring bilasizlar, baringni Xudoga soldim…

E’tibor istakka yarasha tug‘iladi. Uydagilar ham zingil solibroq kuzatishib tez orada amin bo‘ldilarki, chindan ham Do‘stboyda ba’zi tushunarsiz qiliqlar paydo bo‘lib qolipti. Deylik, qahraton sovuq bo‘lishiga qaramay, hovliga chiqib olib osmonga soatlab termilib turaverishining yo bo‘lmasa huvillab yotgan ko‘chalarni mayda qadamda aylanib yuraverishining ma’nisi ne; haftada bir keladigan hind kinosiga ovulning yetti yasharidan yetmish yasharigacha yoppasiga yopirilib borsa-yu, bitta Do‘stboy eski priyomnikni chiyillatib eshitib o‘tiraversa; shuncha qistashlariga qaramay, gap-gashtaklarga boravermasa, xudo yorlaqab borib qolsayam, qilgan ishi muk tushib olib gazit-jurnal titish bo‘lsa; ustiga-ustak, sahar turib olib maykachan holida hovlini aylanib yuguradimiyey, qo‘lini yerga tirab olib yotib-turadimiyey, oyog‘ini osmonga ko‘taradimiyey… Shuncha odamning bolasi armiyadan qaytdi, biroviyam eldan ajramagandi, biroviyam bunday qiliqlar ko‘rsatmagandi, buni ne jin chalgan?..

Do‘stjon, dedi bir kuni katta og‘a ikkalovi xoli qolishgan mahal, nima deysan, besh yuz yetib qolar-a… Chechang ko‘ribdi-ku, albomingda, bir chochi kalta qizminan toza qo‘lni ushlashib olib rasmga tushgan ekansan, o‘zi o‘shanga yuborish kerakma? Sen adresini bersang, men Samarqandga o‘tganimda taylab kelardim. Bu yerdan yuborsang, birovi bo‘lmasa birovi bilib qoladi, o‘zing bilasan, hozir odamlar oyog‘i bilan emas, tili bilan yuradi… Avval jig‘ibiyroni chiqib ketgan Do‘stboy oxirida ruhsiz qo‘l siltadiki, yo‘q, aka, men ertaroq ketay, menga ruxsat beringizlar, meni baribir tushunmabsizlar, gap qizda emas. Og‘a ajablandi: nimada bo‘lmasa? Gap… shu yerga kelganda Do‘stboy tutilib qoldi. Og‘a mamnun jilmaydi, go‘yoki aytdi: shunaqa, uka, biz ham ja-a uncha yerdan chiqqanlardan emasmiz…

Kenjatoyning haliyam musofirlik ilinjida yurganini eshitgan ota katta kelini orqali so‘rattirdiki, nima, qorni to‘ymayaptima yo usti but emasma, yo birov yomon muomalada bo‘lyaptima, yo o‘sha yurtlarda birontasiga va’da berib kelganma? Barcha savollariga «yo‘q» javobini olgan oqsoqol o‘shqirib berdi: unday bo‘lsa, begona yurtlarda pishirib qo‘yibdima?

Kenjatoydan javob bo‘lmadi.

Ko‘ngil – dushman. Oqsoqol bir kuni kichik kelinga shivirladiki, sen qayningni olib qushnochnikiga o‘tib kel, qoqib-poqib qo‘ysin, buni o‘sha yoqlarda birov isitib-pisitib qo‘yganma, so‘ng bira to‘la raysentrdagi balnisagayam ko‘rsatib kel, istarik-pistariklari urgan bo‘lsa, satryasena mozga bo‘lib qolganma; lekin borganlaringni el-yurt ko‘rmasin, o‘zing bilasan, hozir odamlar oyog‘i bilan emas, tili bilan yuradi.

Qo‘rg‘on eshiklari mahkam edi, shukr, bu xavotir ko‘chaga chiqmadi, el-yurt qulog‘iga yetib bormadi, biroq xonadonda ancha vaqtgacha yashab ko‘plarning ko‘nglini kemirib yurdi.

3

Qodir vaqt har qanday dardni ham davolayvermas ekan, shekilli, oradan ikki-uch hafta o‘tgach Do‘stboy chechalari vositachiligida otasidan oq fotiha so‘radi. Oqsoqol darg‘azab holda eshikni qarsillatib yopib chiqib ketish oldidan – odatiga ko‘ra ehtiyotkorlikni unutmay – kenjato­yining barcha hujjatlarini yig‘ishtirib oldi-da, bo‘g‘chaga tugib, kalitini yonidan qo‘ymaydigan sandiqning tubiga joylab qo‘ydi.

Tarix guvoh, bolalar doimo otalarini tushunmay keladilar, otalar esa bolalarini. Ne balo bo‘lganki, avvallari el qatori mo‘min-qobilgina yuradigan, o‘zidan kattaning gapini ikki qilmaydigan, birovga tik qaramaydigan Do‘stboy «o‘sha yoqlar»dan qaysargina bo‘lib qaytgan ekan deng, dabdurustdan katta og‘adan qarzga ellik so‘m pul so‘ragan. Ko‘ngli bo‘shroq og‘a hamsoyasidan shuncha pulni olib chiqib berayotgan payti qayoqdandir bu maxfiy bitimdan xabardor bo‘lgan oqsoqol balo-qazoday otilib kirgan…

O‘, endi oqsoqolning ta’rifiga so‘z yo‘q. Vaqtida «aktiv» bo‘lib, qavmini zir titratgan, do‘nan otida sollanib kelayotgan chog‘i ko‘z ilg‘ar masofadan yo‘lini kesib o‘tgan ayol jinsini qamchi do‘li ostiga olgan oqsoqolning g‘azabiyam o‘ziga yarasha edi-da…

Xullas, janjal «oq qilaman»dan tortib bir-ikki shapaloqqacha borib yetdi. Shukrki, qo‘rg‘on eshiklari mahkam edi – tashqariga tiq etgan tovush eshitilmadi…

Uch kundan so‘ng kenjatoy yo‘qolib qoldi.

Ishning ko‘zini biladigan oqsoqol birovga damini chiqarib o‘tirmay qo‘shni ovulga bordi-da, og‘zi oladigan puliga yarasha mahkam bir juhudning mashinasini kira qilib, katta o‘g‘ilni yoniga olgancha shahar tomon uchdi. Uyasi buzilgan chumolilarday odam bijg‘ib yotgan temiryo‘l vokzalini, kenjatoyi xizmatini o‘tagan olis kent taraf ketadigan poyezdlarni ikki kun tit-pit qilishib, maqsadlariga yetisholmay, sillalari qurib, vokzal hovlisidagi temir o‘rindiqlarda simillab og‘riyotgan oyoqlarini silab o‘tirishgan edi, bu yoqdan Do‘stboyning o‘zi qo‘l qovushtirib chiqib kelaverdi. Qayoqdan shuncha kuch paydo bo‘lgani noayon, har tugul, oqsoqol o‘rnidan uchib tura sola na salomga alik bor, na izohga quloq tutish, «adashgan o‘g‘il»ning bilagidan mahkam changalladi-da, ora-sira biqiniga niqtay-niqtay dikonglatib sudrab borib (orqada bir notanish yigit: «Kartoshkaning qolganini kim tushiradi? Hech bo‘lmasa, ishlagan pulingni olib ket!» – deb baqirgancha qolaverdi) mashinaning orqa o‘rindig‘iga bosdi-yu (hay-hay, bunday g‘azabdan xudoning o‘zi asrasin!), to‘balab uraverdi, to‘balab uraverdi…

Mashina o‘kirib oldinga intildi. Besh-o‘n chaqirim yo‘l bosib qo‘ydi hamki, qani endi oqsoqol to‘xtay desa, hech bo‘lmasa, so‘kinishni bas qilsa, qayoqda deysiz… Oxiri lablari pir-pir uchib, ko‘zlari g‘iltillay boshlagan to‘ng‘ich o‘g‘il chiday olmadi (jigar-da, jigar; qon bir emasmi) – shartta mashinani to‘xtatib tushib qoldi. Otasining o‘xshatib bir sasiganiga javoban bo‘g‘ilib «boraveringlar, avtobusda ketaman» degancha pastga chopib enib ketdi.

Mashina qishloqqa tun yarmida kirib keldi.

Qo‘rg‘on eshiklari mahkam edi…

Navro‘z ayyomida oqsoqol o‘zining payg‘ambar yoshga to‘lganini ham qo‘shib kenjatoyning to‘yini o‘tkazib oldi. ­Ka-a-at­ta to‘y bo‘ldi…

G‘ulu bosti-bosti bo‘ldi, ehtiroslar so‘ndi, hayot daryosi o‘zining sokin maromiga tushib oldi.

Do‘stboy elga qo‘shildi; gap-gashtaklarda qatnashadigan bo‘ldi, qartani, ichishni, chekishni o‘rgandi. Yoqalashishniyam o‘rniga qo‘yadigan bo‘ldi, ikki marta boshi yorilib, «zo‘r» laqabini orttirib ham oldi; el qatori tomorqa ekdi, ho‘kiz semirtirib sotish taraddudiga tushdi, dalagayam el qatori sahar ketib, qorong‘i tushganda qaytadigan bo‘ldi, xullas, oqsoqolning, uydagilarning ko‘nglini o‘rniga tushirgan dorilomon kunlar boshlandi. Do‘stboyning «bolalik sho‘xliklari»ni birov qaytib tilga olmadi, tilga olsalar-da, uning o‘zi yo‘q paytlari, shunchaki hangoma orasida, kulgi uchun…

4

Gohida telba o‘ylarim noma’lum tomonlarga uloqqan chog‘lari ko‘ngilda bir fikr uyg‘onadiki, o‘tgan umrini miridan-sirigacha yoddan o‘tkazgan pallalari biron marta bo‘lsin qizarib ketmagan odamgina «yaxshi yashadim» desa arziydi. Lekin o‘z-o‘zimni yupantirmoqchiday darhol boshqa dahriy fikrlarga ham erk beramanki, dunyo­da o‘shanday farishta odam bormikin o‘zi?..

Oradan yillar o‘tib, ta’tilda yurgan chog‘im Do‘stboy qo‘noqqa chorlab, oldimga quyuq dasturxon yozgan, mushtdaygina xotinini zing‘illatib «Kattakon»ning uyidan sanchqi opkeltirgan, qop-qorayib, yorilib ketgan qo‘llarini yashirishga urinib, iyak qoqib «oling-oling» qilgan, so‘ng gazitda «Inson qalbi» degan shig‘irimni o‘qigani, ma’qul bo‘lganini aytganida, men – universitetning ikkinchi kurs tolibi, o‘zini daho hisoblab yurgan g‘o‘r yigitcha – eshitishga tekin quloq topilganidan, o‘zimga some’ tarzda termilib turgan bir juft qorachiqni ko‘rayotganimdan bosar-tusarimni bilmay uncha-muncha mavzu emas, naq Inson qalbi, She’riyat haqida bir soat sayraganmanki, ehhe, nimasini aytasiz, hali-hanuz o‘sha oliftagarchiligimni eslasam, yuzim uyatdan lovullab ketadi, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qolaman…

Nihoyat, falsafa so‘qishdan charchab, biroq hali hayajonimni bosib ololmay, yemoq-ichmoqqa tutinganimda, negadir tovushi titray boshlagan mezbon qurilish otryadida qay yurtlarda bo‘lganimni so‘radi. Aytdim. Aytgandayam sal bo‘rttiribroq aytdim. Do‘stboy o‘sha yurtlar haqida gapirib berishimni so‘radi. Men gapirdim… «Bir figurasi vo qizni diskotekada mahkam quchoqlab oldim-da, o‘rmonning ichkarisiga obkirib ketib…» Qarasam, gapirayotgan men-u, qizarib-bo‘zarayotgan Do‘stboy. «Echin desam, yo‘q deydi. E, senday mohpora qizdan o‘rgildim dedim-u…» Avj pardalarda davom etayotgan edim, mezbonni yo‘tal tutib qoldi. «Xalqi… xalqi qanday yashar ekan, yoshlari qanday ekan?» – so‘radi u oxiri ovozi bo‘g‘ilib. «Vo! – dedim bosh barmog‘imni ko‘tarib shirin xotiralardan to‘liqqancha. – Bittasinikiga bordim, ikkita «Chashma» ko‘tarib olganman. Bilmab­man deng, onasi falaj bo‘lib, qo‘shni xonadagi karavotda yotar ekan, janublik emasmanmi, kirgandan gap yo‘q, so‘z yo‘q, birdan mahkam quchoqlab olgandim…» O‘zim gapirib, o‘zimning so‘lagim oqib yotar edi, Do‘stboy irg‘ib o‘rnidan turib uzr so‘ragancha ovqatdan xabar olishga chiqib ketdi. Bu hol bir emas, uch-to‘rt marta takrorlandi. Shu paytgacha ko‘plarning ichini kuydirgan rivoyatlarimni miriqib aytib berolmasdan zadalanib, kayfim tobora buzilib boryapti-yu, Do‘stboyning aylanib so‘ragani Boltiqbo‘yi yoshlarining nima o‘qishi-yu, nimaga qiziqishi, dunyoqarashi…

Ishqilib, suhbatimiz oloviga suv sepildi.

Ovqatdan so‘ng fotiha oldidan o‘ylanib qolgan Do‘stboy bir chuqur xo‘rsindi-da, meni tong qoldirib: «Qaniydi o‘sha yoqlarda bir yashab ko‘rsam…» – dedi. «Do‘stboy jo‘ra, – dedim darrov nasihatomuz ohangda, – qorning to‘q bo‘lsa, usting but bo‘lsa, ovul-jamoatning orasida bo‘lsang, ayoling qo‘zilay deb turgan bo‘lsa, yana nima kerak odamga? Unchalik noshukr bo‘lma-da!» Do‘stboy bechora xijolatdan dovdirab qoldi. «To‘g‘ri, to‘g‘ri, – dedi shosha-pisha. – Lekin, jo‘ra, buni sen eshitding, begona quloq eshitmay qo‘ya qolsin, bilasan, hozir odamlar oyog‘i bilan emas, tili bilan yuradi». «Mayli, – dedim olijanoblik qilayotganimdan g‘ururlanib. – Ammo endi o‘zing ham yuqoridagi singari sayoz, yuzaki fikrlarni miyangdan chiqarib tashlagin, xo‘pmi?» (Hay, attang-a, hay, attang, bu so‘zlarni aytgandan ko‘ra tilim uzilib tushsa bo‘lmasmidi!..)

Do‘stboyning lablari qimirladi, ammo ovozi chiqmadi.

5

Bu yetti yil burungi voqea edi.

Kecha ana shu Do‘stboy vafot etdi. Kasalxonada.

Kutmagandim. Uni sariq kasali olib ketishini kutmagandim. Do‘stboy xafaqonlik kasaliga yo‘liqqani, ikki marta yurak og‘rig‘i bilan shifoxonaga tushib chiqqanini bilardim.

Falokat-da, qachon shamollasa, serpiyoz achchiq sho‘rva ichib, keyin bir o‘ranib yotsa otday bo‘lib ketadigan Do‘stboy bu safar kimningdir qutqusiga uchib ambulatoriyaga borgan. Uni emlashgan igna avval sariq kasali bilan og‘rigan bemorga ishlatilgan ekan.

O‘zbekchilik, qishloq sharoiti ma’lum, terim avji qizigan ur-to‘polon kunlar, ishdan o‘zini chetga tortgan odam el ko‘ziga shumshuk ko‘rinib qolishi mumkin. Bilasiz, hozir odamlar oyog‘i bilan emas, tili bilan yuradi, ishqilib, Do‘stboy ish bir oz sanjob bo‘lsin-chi deb to butun badani sarg‘ayib, ilvirab qolguncha dalada yuravergan.

…Hozirgina: «Rahmatli yaxshi odam edi!» – deb gurillagan olomon ortga – o‘zining kundalik tashvishlariga qayt­di. Yig‘layverganidan yuzi shishib ketgan oqsoqol sudralib ularga ergashdi. Yangi do‘ppaygan qabr boshida yolg‘iz o‘zim qoldim.

…Sen dunyoga kelib nima ko‘rding, Do‘stboy; sen dunyoga kelib nima orttirding, Do‘stboy; umringning so‘nggi daqiqalarida nimalarni o‘ylading, Do‘stboy; agar tuyqusdan mo‘jiza yuz bersa-yu, senga qaytadan yashash nasib etsa, umring­ni yana shunday o‘tkazarmiding, Do‘stboy; dunyodan rozi ketdingmi, Do‘stboy; odamlardan rozi ketdingmi, Do‘stboy; biz seni tushundikmi, Do‘stboy; biz seni tushunishga urindikmi, Do‘stboy; sen o‘sha olis-olis, biz bo‘lmagan joylardan nimalarni izlaganding, Do‘stboy; sen o‘sha olis-olis, biz bo‘lmagan joylardan nimalarni kutganding, Do‘stboy; sen o‘sha olis-olis, biz bo‘lmagan joylarda nimalarni top­ganding, Do‘stboy; sen bizni qarg‘amadingmi, Do‘stboy; sen bizga achinmadingmi, Do‘stboy; sen yolg‘iz edingmi, Do‘stboy; sen yagona edingmi, Do‘stboy?..

Bilmadim, balki, bu gaplarni ovoz chiqarib aytgandirman, bir payt qarasam, ko‘z yoshimga g‘arq bo‘lib muzday tup­roqni quchoqlab yotibman. Darrov o‘rnimdan turib ust-boshimni qoqdim. Ishqilib, qabr boshida ne ahvolda turganimni el-yurt ko‘rmagan bo‘lsin; bilasiz, hozir odamlar…

1989

______________

* Ko‘lik – ulov (sheva).

** Yil boshi – Navro‘z.