Mehmon deganiyam haddidan oshmasa yaxshi ekan-da. Keldi-ketdining me’yorini bilsa, oldiga qo‘yganingni yesa, ikki kun, boring ana, uch kun turgach, qo‘lginasini ko‘ksiga qo‘yib, «Xo‘p, bo‘lmasa, chirog‘im, endi bizga ruxsat, hurmat-izzat uchun ko‘p rahmat», desa. Bu mehmonimiz esa, sadag‘asi bo‘lay, ketish haqida o‘ylamayotganday edi, nazarimda…
So‘rasangiz, mehmonimiz qo‘shni tumanning chekka bir qishlog‘idan, aytishicha, otasi bovamiz bilan, o‘zi esa xudorahmati otamiz bilan qadrdon bo‘lgan ekan. Yoshi bir joyga borganda qadrdonlarining zuryodlarini sog‘inib, so‘rab-so‘rab, topib kelibdi. Ota qadrdonimizni quchoq ochib kutib oldik, poyiga mehrimizdan poyandoz soldik. To‘g‘ri, oldiniga odamgarchilik yuzasidan o‘rtacharoq so‘rashdik, o‘zini tanitib, ota-bovamizdan gap ochgach, mehrimiz iyib, bag‘irlashdik-da.
— Otamizni ko‘rib qolgan tabarruk odam ekansiz, qani, ichkariga marhamat!
Iltifotimizdan boshi ko‘kka yetgan mehmon yasatig‘liq mehmonxonaga kirib, azza-bazza to‘rga chiqdi. Duoi fotihadan so‘ng xuddi beshigimizni tebratib katta qilganday bepisand so‘rashdi:
— Yaxshimisan, uy ichlaring tinchmi?
— Rahmat, tog‘a, — dedik biroz hayron bo‘lib, so‘ng uning to‘poriligiga xayolan qo‘l siltab, bizam so‘rashdik:
— O‘zingiz qanday, binoyigina yuribsizmi? O‘g‘il-qiz, nevara-chevara deganday?..
— Xudoga shukur. «Xo‘sh, deganingizdan bildik, o‘zbek ekansiz», degan ekanlar. Bizdan so‘rasang, jiyan, otimiz Shopo‘lat, qishloqdagilar Shoppi bova deyishadi. O‘g‘il-qizdan tinchiganmiz, momoy bilan endi… Ha, bu yog‘ini o‘zing yaxshi bilasan. Xo‘sh desak, Shoppi bovang Toshkentda, «narxo‘z»da o‘qigan, naq qirq besh yil hisobchi bo‘lgan! Otang xudorahmati ToshMIda o‘qirdi o‘shanda. Jo‘ra bo‘lganmiz. Bobongdan qolgan uylaringga bir-ikki kelganman, unda sen yosh bola eding, eslolmaysan. Otangning o‘tib qolganini eshitmagan ekanman, uch kun burun bir ma’rakada eslab qolishdi. Xudo rahmat qilsin, yaxshi jo‘ram edi…
«Jo‘ra bo‘lganmishlar!.. Shunchalik qadrdon ekansan, shu paytgacha qayerda eding?» deyishga yuz chidaydimi… Bu orada mehmon dimog‘ida tilovat boshladi.
Etmishga yaqinlashgan bo‘lsa-da, hali ancha tetik ko‘rinadigan, qotma gavdali, o‘ydim-chuqur yuzlarida chechak izlari bilinib turgan, ko‘zlari qora ham, qo‘ng‘ir ham emas, allaqanday rangga o‘xshaydigan bu chol ikkita surani naridan-beri yumaloq-yostiq qilgach, yuziga fotiha tortdi. Bizam qo‘shildik, albatta. Ko‘p o‘tmay xotin dasturxon olib, ichiga noz-ne’mat solib, bo‘y qizlarday uyalib kirdi.
O‘sha oqshom Shoppi bova bilan xo‘p otamlashdik. Mehmonning qulfi-dili ochildi. Lekin, bovaga qoyil qolmay iloj yo‘q: ikki qo‘shni tuman u yoqda tursin, butun viloyat odamini tanir ekan! Bi-i-r gurunglar berdiki, o‘h-ho‘! Goh bovamizdan oladi, goh otamizdan.
Erta tongda mehmonning turtkilashidan ko‘z ochganimizda qishloqning asosiy ko‘chasida, odatdagidek, Bozirgon bangining tovushi yangrayotgandi:
— Barvaqt turinglar! G‘aflat bosib yotavermanglar, oyning yuziga dog‘ tushadi! Bir-biringizga salom bering, farishtalar Xudoga yetkazadi! Bir-biringizni yaxshi ko‘ring, bo‘lmasa shayton sizni yaxshi ko‘radi! Odam odam bilan tirik, tez-tez ko‘rishib turinglar, bo‘lmasa kunning bag‘ri kuyadi! Tarozidan urmanglar, yulduzlar boshingizga to‘kiladi! Qani, turinglar, hovli-haramni supirib-sidiringlar, iflos joylarga jinlar makon quradi!
Mehmonimiz anqayib, cho‘michday burni tanqayib, goh bizga termuldi, goh ko‘chaga quloq tutdi.
— Kim bu dangal odam? Jarchimi?
— E’tibor bermang, bova. Qishloqning devonasi bu.
To biz yuvinib-taranguncha, hovli-joyga qaranguncha mehmon bangining izidan jo‘navoribdi, nonushtayam sabil qoldi. Bozirgonning nimasi qiziq, hayronman…
Saxti-sumbati nomiga yarasha bo‘lgan Bozirgon qishloqdagi eng baquvvat odam edi (Elomon polvonni hisobga olmaganda, albatta).
Aslida bu gaplardan murod shuki, nimagadir bugun Bozirgonning shashti pastroq, ovozi xastaroqday edi. Ishqilib, qishloq chetidagi ariq bo‘yida arabning o‘ligiday shalpayib, devning panjalariday shoxlari yalpayib yotgan Bobotut yonida ularga yetib oldik. Bangi g‘adir-budur tut ustida o‘tirar, chap ko‘ksini ushlab, ingrab qo‘yardi. Shoppi bova uch qadam narida unga serrayib termulayotgandi.
— Ebi-ebi, poshsho bova, tinchlikmi, qayeringiz og‘riyapti? – deya bangiga mehribonlik qilgan bo‘ldik. U asta boshini ko‘tardi, ma’yus ko‘zlaridan dumalagan ikki tomchi yosh barvaqt ajin tushgan yuzlaridan oqargan kalta soqoliga singib ketdi.
— Mana bu yerim… — uning ovozi xirillab, arang chiqdi, yirtiq choponi yoqasidan qo‘lini tag‘in chap qo‘yniga tiqdi.
— I-i, bu-u deyman, yurak masalasi…
Mehmonimiz, nihoyat, o‘zini sal o‘nglaganday bo‘ldi. Yag‘iri chiqib ketgan, chetlari pastga sollanib turgan shlyapasini to‘ldirib, soydan suv olib chiqdi. Albatta, suvning to‘qson foizi ne-ne balolarni ko‘rgan shlyapadan pastga sizib, oqib tushdi, vale qolgani ham bangini o‘ziga keltirishga kifoya qildi. Bozirgon qurg‘ur biroz nafasini rostlagach, nimagadir yumilib borayotgan ko‘zlarini bazo‘r ochib, menga g‘o‘ldiradi:
— San tushunadigan bolasan, odamlarga ayt, mani aybsitmasinlar… Yoshlarga nasihat qilinglar, yurtni tashlab, uzoqqa ketmasinlar… Begona yurtdan boltaning sasi keladi… Polvon bovang biladi, manga ayon bo‘lgan… Endi Sapar do‘xtirni chaqirtir… Shu-u… yurak sabil sa-l-lgina-a. Ay-y, buyam o‘tar-ketar. Esiz, umrim-a…
O‘sha kuni to Safarboy do‘xtirni chaqirib, to u «Tez yordam» moshini kelguncha na bizdan sado chiqdi va na mehmonimizdan. Nihoyat, do‘xtirlarning moshini kelib, bangini olib ketdi. Shoppi bova yonginamizda cho‘zilib yotgan Bobotutga ancha sin solib turgach, so‘radi:
— Ko‘p ko‘hna ekan-da, a?!
— Nimasini aytasiz, bova… Momomiz xudorahmati aytardilarki, bir paytlar ana shu yerda Nurboy degan kishining hovlisi bo‘lgan ekan. Uni Nursariqboy deb atashgan. Bilmadim, o‘tgan asrning yigirmanchi yillarimikan, o‘ttizinchimi, ishqilib, o‘sha boy bovamiz Amirning qaysidir xotinining qiziga uylangan ekan-da. Yangamiz qurg‘ur shunchalik suluv, shunchalik sochi uzun ekanki, sochini sandalning ustiga chiqib yuvarkan! Yerda o‘tirib yuvsa, sochi yerga to‘kilib turarkan! Bir quchoq soch-da, meymon bova! Alqissa, boy bovamiz ana shu xotiniga uylanganda katta to‘y beribdi, mana shu o‘zingiz o‘tirgan tut tepasiga tillo qovoq ostiribdi. Shu, hamishagi naskadi-da, faqat ustiga oltin qoplatgan. Urib tushirgan merganga bir ho‘kiz sovrini bor! Yillar o‘tib, tut qaridi, chiridi, oxiri yiqildi. Tut deganimiz qiziq daraxt ekan: yillar o‘taveradi, bu chirimaydi, lekin ichi kuyadi! Go‘yo birov asta yonadigan olovda, o‘risning payalnigida kuydirgandek kishi bilmas qorayib boraveradi… E-e, buyam odamga o‘xshaydi-ey, dardi ichida! Mana shu o‘zingiz o‘tirgan tut-da. O‘shandan beri buni «Boy bovaning tuti» deymiz, ko‘pchilik Bobotut deydi. Ishqilib, shu-da, meymon bova. Bozirgon bangi buni ko‘-o‘-p yaxshi ko‘radi, kuniga bir kelib o‘tirmasa, uxlab tinchi yo‘q…
— Bu kishi… jarchi bova?
— E-e, bu Bozirgon bangi-ku! Chernobilmi, allaqayerda harbiyda bo‘lib kelgan. Yoshligida devday edi, o‘lay agar! Boqilgan buqani bir mushtlab yiqitardi! Odamman degani-ku, unga tiklanib kelolmasdi. Ishqilib, armiyadan kelib o‘qishdan yiqildi, ota-onasi bevaqt o‘tib qoldi. Amakilari buni uylantirdi, lekin… o‘sha xizmat qilgan yerida bir baloga yo‘liqqan ekan bu qoramanglay. Radiasiyami, ishqilib, bir ofat dorigan bunga. Endi, har kimga har xil ta’sir qiladimi, yo bangi bodilik qilib, kuchiga ishonib, xavfli zonaga ichkariroq kirganmi… Kelin baraka topsin iloyim, to‘qqiz-o‘n oy o‘tirdi, buning hurmatini qilib, so‘ng ajralib ketdi. Bir traktorchi bolaga tegdi, xotini o‘lgan bir yigitga… Bu bechora hammasiga ko‘nikdi, alamini bosolmay… Ishqilib, mana, yigirma-o‘ttiz yilki, buning oti Bozirgon… Ko‘p o‘qiydi, armiyadan ikki chemodan kitob olib kelgan, deyishadi. Qo‘shni qishloqlik domlaga qatnab, ozmi-ko‘pmi eskichaniyam o‘rgangan degan gaplar yuradi, tag‘in kim biladi deysiz. Bir qarasangiz, «Man Bozirgon poshshoman, Go‘ro‘g‘libekning jon-jigari!» deb ko‘ksiga mushtlab o‘tiradi, bir ko‘rsangiz bundan mo‘min-musulmon odam yo‘q, kulbasida yotib olib, «Voh Kunsulu-vim-a» deb yum-yum yig‘laydi. Aka-ukalari bor, issiq-sovug‘iga qarab turishadi. O‘zimizam uni… yaxshi ko‘ramiz, meymon bova…
Mehmonimiz ko‘z oldimizda o‘zgardi. Birdan jiddiy tortdi, salobati ortdi, manglayi tirishdi, dovuchcha chaynaganday yuzlari burishdi, birpas nafas yutib turdi, so‘ng og‘ir bir damsar urdi. Shu uf tortganda bilmadik, qancha dardlarini chiqarib yubordiykin.
— Harqalay, xabar olib turish kerak undan, — dedi u nihoyat.
— Bo‘lmasamchi, bova! Qani, ketdikmi?..
O‘sha kuni mehmonni aylantirib, qishloqni tomosha qildirdik, qavmu qarindosh bilan tanishtirdik. «Hamma xursand bo‘ldi» desak, ko‘ra-bila turib yolg‘on gapirgan bo‘lamiz. To‘g‘ri, bitta-yarimta chollar, ota-bobomizni ko‘rib qolgan kishilar andak sevingandek bo‘lishdi, mehmonimizning mehru oqibatiga tahsin aytishdi. Lekin ko‘pchilik… Rosti, hozir ko‘pchilik chopib yuradi, shoshib yashaydi. Zamon, vaqt tezlab ketdi-da… Ishqilib, qarindoshlar «Ha-a, shundaymi, yaxshi-yaxshi»dan boshqasiga yarashmadi, mehmonimiz tarafga tuzukroq o‘girilib qarashmadi. Ularning o‘zlarini tutishlarini ko‘rib, mehmon bechora shuncha yo‘l bosib, bekorga o‘zini charchatganiga amin bo‘ldik. Ha-a, toshga yomg‘ir kor qilurmi, muttasil yoqqan bilan, degan ekan Mashrab bovami, ishqilib, mashoyixlardan biri…
Tushlikda mehmonni Oqmurodning baliqxonasiga olib kirdik. Ajabki, mehmon baliqdan irimiga bir-ikki cho‘qilagan bo‘ldi, xolos. Unga savol nazari bilan qaradik, «Sog‘lik joyidami?» deb so‘radik, u bosh chayqab, uf tortdi.
— Anovi bola hech xayoldan ketmayapti-da, sabil…
— Qaysi bola?
— E-e, Bozirgon-da, boyagi bola!
— Bozirgon bola emas, ellikdan o‘tdi, — dedik kulimsirab.
— Hay, shu-da, baribir hali yosh bola u…
Qiziq odam ekan-da bu boboy: uning ko‘nglini ovlay deb jon kuydirasiz, u bo‘lsa parvoyi-palak, qayoqdagi bir devona tashvishida.
Uch kungacha mehmonimiz ochilmadi, kalavasining uchini yo‘qotganday garangsib yurdi, to‘rtinchi kun esa keskin ohangda buyurdi:
— Kiyinib chiq, balnisaga boramiz!
«Zora mehmon o‘sha yoqdan birato‘la uyiga jo‘navorsa…», degan ilinj bilan unga ergashdik. Tuman markazidagi kasalxonaga yetib kelgach esa, bu umidning aldamchi sarob ekanligi ayon bo‘ldi. Bir chetdagi xarobgina, ovloq palatada yetimday yotgan Bozirgonning ahvolini ko‘rib, cholning avzoyi buzildi, cho‘ntagidan bir taxlam pul chiqardi.
— Ma, katta do‘xtirni top-da, yarmini asta kissasiga tiq, keyin aptekaga borib, Bozirgonga kerak dorini topib kel! Serrayma, nima, sen turganda soqolimni selkillatib men chopaymi? Tez bo‘l!
«Bodilikni qarang! Soqoli bo‘lsayam boshqa gap edi», degan gap xayoldan o‘tdi. Noiloj ketdik, oqsoqolning gapi muhokama qilinmaydi.
Aslida bizni hayratga solgan narsa bu ham emas. Dori ham, katta do‘xtirning ko‘ngliga yo‘l ham topildi. Mehmonimizning siyosati qattiq, dami baland ekan, vag‘ir-vug‘ur qilib, bemorning yoniga yana bitta karavot qo‘ydirdi-da, yotib oldi.
— Sen boraver, men qolaman. Jiyanni yakka qoldirib bo‘lmaydi, odam-odam bilan tirik. Yurak bilan o‘ynashib bo‘ladimi. Vaqting bo‘lsa, erta-indin bir aylanarsan biz tomonlarga.
Damni g‘animat bilib, yopishqoq mehmondan qutulganimizga shukur qilib, qanot bog‘lab uyga uchdik.
— Tamom! — dedik xotinga tantanavor ohangda, — Mehmon o‘sha yoqdan uylariga ketishlari aniq!
Shu gapga o‘zimiz ham, bekamizniyam ishontirdik. Lekin har safargiday adashgan ekanmiz: ertasiga boboy do‘xtirlarning moshiniga ortib, Bozirgonni qishloqqa olib keldi. Katta ko‘chaning boshida moshindan tushiboq, suron soldi:
— Voy jigarim-ey! Voh ko‘zimning oqu qorasi! Bevaqt ketgan jiyanim-ov!
Bunaqa paytda el tez birlashadi, birpasda odam to‘plandi. Oqsoqollar yo‘l-yo‘riq berishdi, yosh-yalanglar yugurgilab qolishdi. Janoza o‘qilgach, Shopo‘lat bova tobutning old tarafini biz bilan yon-yon turib ko‘tardilar…
O‘sha oqshom ancha salqin tushgan bo‘lsa ham mehmonimiz hovlida tamaki tutatib, yulduzlar ketma-ket uchayotgan osmonga ancha vaqtgacha termulib o‘tirdilar.
— Yulduzlar to‘kilyapti… — nihoyat xastahol shivirladilar u kishi.
Darhaqiqat, osmon go‘yo had-hisobsiz gunohkorlarni kiftida ko‘tarib yurgan zaminni jazolamoqqa qasd qilganday, ketma-ket olovli paykon otayotgandi.
Ertalab turib qarasak, mehmonxona bo‘sh! Mehmonning o‘rni sarishta qilib yig‘ilgan, uning qora sumkasi ham joyida yo‘q. Chala-yarim kiyinib, ko‘chaga chopdik. Quyosh, go‘yo bag‘ri kuygandek qizarib, endi bosh ko‘targan qishloq ko‘chasidan Shopo‘lat bovamizning o‘ktam ovozi taralayotgandi:
— Turinglar, g‘aflat bosib yotavermanglar! Bir-biringizni avaylang, uyingizga xayr-baraka kiradi! Oqibatni yo‘qotmanglar, bo‘lmasa yulduzlar boshingizga to‘kiladi…
Ovoz tobora uzoqlashib borardi. Bozirgonning dardlarini olib, bovamiz qishlog‘iga ravona bo‘ldi…
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 11-son