Abdulla Qahhor. Bizning mulohazalarimiz (feleton)

BIZNING MULOHAZALARIMIZ

(Ba’zi taqrizlarga nazira)

Matbuot sahifalaridan ma’lumki, hozirgi vaqtda shahar va qishloqlarimizda turli binolar va turar joylar ko‘plab qurilmoqdalar. Modomiki, shundoq ekan, xalqimizning stol, stul, bufet, shkaf, karavot, madaniy qoziq va boshqa shuning singari mollarga talabi kundan-kun ortmog‘i va xaridorlarimiz u yoki bu magazinda uzun-qisqa ocheredlar tashkil qilmog‘i ayrim hollarda (kursiv bizniki!) mumkin deyilsa xato bo‘lmasa kerak deb o‘ylaymiz. Bunday hollarda xaridorlarning qimmatli vaqtlarini tejash yuzasidan ularni ro‘yxatga olish praktikasi, ya’ni ocheredini yozma shaklda olib borish ko‘pdan beri sinalgan metodlardan biri bo‘lib kelmoqda.

Biz 87-magazinda tuzilgan yigirma ikki kishilik bir ro‘yxat to‘g‘risida o‘z mulohazalarimizni bayon qilmoqchimiz[1].

Avvalo shuni aytish kerakki, ro‘yxat ko‘p qirrali (qog‘oz sakkiz buklangan!) va rang-barang xususiyatga egadir: unda olti familiya qora, bir familiya qizil, bir familiya ko‘k, qolgan familiyalar yashil va binafsha siyoh bilan yozilgandir. Shuning o‘zi avtorning katta ijodiy imkoniyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. O‘quvchini zeriktirmaslikka qaratilgan bu uslubga shunday baho berish to‘g‘ri degan fikrga qo‘shilish mumkin deb o‘ylaymiz.

Ro‘yxatning ijobiy xususiyatlaridan yana biri, unda magazin mudiri o‘rtoq Normatovning (kursiv bizniki!) familiyalariga hamohang bo‘lgan Nurmatov, Pirmatov, Qulmatov singari familiyalarga keng o‘rin berilganligidir. O‘rtoq Normatovning familiyalariga ayniqsa Yormatov familiyasi alohida hamohang bo‘lib jaranglaydi.

Ro‘yxatning avtori hamma familiyalarni to‘g‘ri yozishga uringan, xato qilmaslikka harakat qilgan deyish mumkin. Bu to‘g‘rida tajribali sotuvchilardan Mustaqimov, Zulfiqorov, Namozov o‘rtoqlarning fikriga to‘la qo‘shilish kerak.

Lekin, shunday bo‘lsa ham, ro‘yxat ayrim kamchiliklardan xoli emas[2].

Avvalo ro‘yxatga tartib raqami qo‘yilgan emas. Bu hol avtorning o‘z ishiga mas’uliyatsiz qaraganidan, raqamning xalq xo‘jaligida qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini tushunib yetmaganidan dalolat beradi. Buni boshqacha izohlash mumkin emas!

Undan keyin avtor bir qator familiyalarni buzib ko‘rsatgan, masalan: Shodiyev deyiladi, holbuki Shotiyev bo‘lishi kerak! Juda ko‘p familiyalarda «’» tushib qolgan.

Ro‘yxatda davr to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvur tug‘diradigan qator arabcha, forscha familiyalarga ko‘plab o‘rin berilgan. Sharofiddinov, Sirojiddinov, Kamoliddinov va hokazo.

Yana shuni alohida qayd qilib o‘tish kerakki, avtor salbiy familiyalarga o‘rin bergan: Xonkeldiyev, So‘fixonov, Sultonposhshoyeva, Poshshoxo‘jayev. Buning ustiga Boltayev, Yaxshiyeva, Shirinjonov singari ijobiy familiyalarga ro‘yxatdan oz o‘rin berilgan va deyarli hammasi xira yozilgan.

Davrimiz uchun tipik bo‘lmagan Shobaratov, Shomansurov singari familiyalarga ro‘yxatdan o‘rin berilmasa ham bo‘lar edi.

Ro‘yxatda takror ham uchraydi, masalan: O. Jo‘rayev, I. Jo‘rayev, U. Jo‘rayev deb yoziladi, holbuki ixchamlashtirib O. I. U. Jo‘rayev deb yozilsa, ro‘yxatning qimmati yana ham ortar edi.

Ro‘yxatning jiddiy kamchiliklari haqida gapirar ekanmiz, avtorning mehnatga noto‘g‘ri munosabatini alohida qayd qilmasdan o‘tolmaymiz! Masalan, ro‘yxatda Huzurjonov deyilgan, uning Huzurjonov bo‘lishi uchun fidokorona mehnat qilganligi ro‘yxatning qayerida aks ettirilgan?

Bu savolga ro‘yxatdan javob topish qiyin!

Ro‘yxatdagi mana shu kamchiliklar tuzatilsa, bu narsa hozirgi ocheredchiligimizda ijobiy rol o‘ynashi, xaridorlarimiz orasida tarbiyaviy ish olib borishda alohida ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lsa kerak deb o‘ylaymiz.

Magazin mudiri o‘rtoq Normatovning bu tashabbusini tabriklash kerak bo‘ladi (kursiv bizniki!).

 


[1] «Mebel olish uchun ocheredda turgan grajdanlar ro‘yxati», bir sahifa, yaxshi choyqog‘ozga yozilgan.

[2] Avtorning kandidatlik dissertatsiyasidagi «Kamchiliklar, jiddiy xatolar» bobiga qaralsin, sahifa 2967