Abdujalol Rahimov. Matonat (qissa)

1

O‘shanda Tolibjon o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlarda edi. Murti sabza urib, yigit bo‘lib qolgan paytlari. Shahardagi bilim yurtida o‘qirdi. Har shanba uyiga kelib, yakshanbada qaytadi.
Qahraton qish olamga sovuq nafasini ufuradi. Osmon qovog‘i soliq odamdek tund. Qavat-qavat yoqqan qor muzlagan. Ko‘chalar oynadek yaltiraydi. Uydan chiqib nafas olishing bilan burun kataklari bir-biriga yopishib, muzlab qolayotgandek tuyuladi. Bu sovuqda tashqarida uzoq chidash mushkul. Onasi “kech bo‘ldi, ertaga ketarsan”, deyishiga qaramasdan, Tolibjon shaharga otlandi.
Katta yo‘lga chiqib, intizor-intizor bo‘lib yo‘lovchi avtobusni kuta boshladi. Aksiga olib, avtobus kelavermadi. O‘tayotgan yuk mashinalariga qo‘lini ko‘tara-ko‘tara sovuqda ancha qolib ketdi. Nimagadir ulardan ham birortasi to‘xtamasdi. Izg‘irin a’zoyi badanidan o‘tdi.
Shu payt yo‘l chetiga qaymoqrang “Moskvich” kelib to‘xtadi. Undan boshiga qalpoq kiygan, keng-mo‘l qora to‘niga o‘ranib olgan bir odam tushdi-da, o‘ng-so‘liga qaramasdan qishloq tomonga tez-tez yurib ketdi.
Haydovchi Tolibjonni oldiga chaqirdi. U shaharga yengil mashinada qaytmagandi. Yo‘l haqi qimmat-da. Ikkilanib, mashinaga yaqinlashdi. “O‘tir, uka, sovqotib qolibsan, avtobus narxini berarsan”, dedi haydovchi lablari sovuqdan qo‘kargan qoraqosh yigitchaga achinish bilan qarab. Tolibjon suyunib ketdi. Shoshib o‘zini mashinaga urdi, oldindagi, hozirgina bo‘shagan o‘rindiqqa o‘tirib oldi.
Mashinada to‘rt yo‘lovchi edilar. Haydovchi – o‘rta yoshlardagi, to‘ladan kelgan yigit isitgichni ishlatib qo‘ygan. Kabinadagi iliq, rutubatli havo kishini elitadi. Orqa o‘rindiqdagilardan kimdir xayol surib, kimdir mudrab, har kim o‘z holicha bormoqda. Hamma yo‘lovchilar qo‘pol qishlik kiyimlariga burkanib olishgan. Tolibjon g‘ira-shirada sheriklariga razm solib qaramadi. U tezroq shaharga, yotoqxonasiga yetib olishni o‘ylardi.
Kun kech bo‘lgan sari sovuq zabtiga olib, muzlamada mashinaning yurishi qiyinlasha boshladi. Haydovchi eski “Moskvich”ni goh tezlatib, goh sekinlatadi. G‘ildiraklar qiyaliklarda sirpanganida kabinada o‘tirganlarning yuraklari shuvullaydi. Mudrayotgan yo‘lovchilar hushyor tortib, ko‘zlarini katta-katta ochib olishdi. Tolibjon onasining maslahatiga quloq solmaganiga afsuslandi; uyida yana bir kecha yotib, shaharga saharlab jo‘nasa ham bo‘lardi-ku!
Ko‘chada mashinalar borgan sari siyraklashardi. Ilojsiz yo‘lga chiqqan haydovchilar ham bor chiroqlarini yoqib, mashinalarini yurak hovuchlab, ehtiyotlik bilan boshqarishardi.
Manzilning yarmiga yetganlarida chorrahadan bahaybat yuk mashinasi chiqib, yo‘lni to‘sib qoldi. Yo‘lovchilarning nafaslari ichlariga tushib ketdi. Oldinda o‘tirgan Tolibjon beixtiyor eshik tutqichiga yopishdi. Ilojsiz qolgan haydovchi jon-jahdi bilan tormozni bosdi. Tezligini kamaytirib ulgurmagan mashina to‘xtash o‘rniga muzlamada chirpirak bo‘lib aylana boshladi. Tolibjonning tomog‘i qaqradi. Ichidagi tarang tortilib turgan bir ip uzilib ketdi go‘yo. Na ovozi chiqadi, na qimirlay oladi. Ko‘z oldida onasining muloyim chehrasi paydo bo‘ldi. Qishlog‘i, maktabi, o‘rtoqlari, bilim yurti xayolidan o‘ta boshladi. Mashina esa hamon charxpalakdek aylanardi. O‘lim hissini uyg‘otadigan bu dahshatli girdob qo‘yib yuboray demasdi. Hammasi tuyqusdan, bir lahzada yuz berdi. Tolibjon shu lahzaning o‘zida butun hayotini qayta yashadi. Bu qanday yuz berishi mumkinligini keyinchalik ham aqliga sig‘dirolmadi.
Mashina hamon muzlamada shamolga tutilgan pirpirakdek aylanib, suvning oqimiga dosh berolmagan baliqdek noma’lum tomonga sirg‘alib borardi. Bir mahal to‘xtash o‘rniga birdan yo‘l chetidagi simyog‘ochga zarb bilan urildi. Tolibjon qarshisidagi oynada simyog‘och paydo bo‘lganini ko‘rishga ulgurdi, ko‘zidan o‘t chiqdi. Keyin qarsillagan ovoz eshitildi, oyog‘ida chidab bo‘lmaydigan qattiq og‘riq turib, ko‘ngli aynidi… Hammasi aralash-quralash bo‘lib ketdi…
Hushiga kelganida hanuz tomog‘i qaqrardi. “Hali tugamabdi, yo‘ldamiz, – deya o‘yladi. – Xayriyat, oyog‘idagi og‘riq bosildi. Nimadir qisib qolgan bo‘lsa, qo‘yib yuborgan… Bir qultum suv bo‘lsaydi, suv-v…”.
– Hozir, hozir o‘g‘lim, toychog‘im, hozir… Mana, suv!
“Axir, bu onasining ovozi-ku?!”.
Tolibjon og‘zida suv ta’mini sezdi. Suvning ham ta’mi bo‘larkan. Shu paytgacha bilmabdi-da? Xuddi qaymoqqa o‘xshaydi!
U yutinib ko‘zini ochdi. Tumanli bo‘shliqda o‘ziga tikilib turgan onasini ko‘rdi. Muslima opa xira oq parda ortida o‘tirganga o‘xshardi. Yuzlari oppoq, boshidagi ro‘moli ham. Egnigayam oq ko‘ylak, yo‘q, xalat kiyib olibdi. “U qayerda o‘zi?!”

* * *

– Oy-yi-i? – holsiz ingradi u.
Ko‘z oldidagi parda sekin-asta erigan qor tomchisidek havoga singib keta boshladi. Endi, oppoq xalatdagi o‘ziga termilib o‘tirgan onasini aniq ko‘rdi.
– Oyi, men qayerdaman? – dedi erkalanib xasta va titroq ovozda.
– Kasalxonadasan, bolajonim! Seni Xudo asradi… Joning omon qoldi, shungayam shukr qilaman!
Onasi hiqillab yig‘ladi. Mo‘ylabi sabza ura boshlagan o‘g‘lining so‘lg‘in yuziga beadog‘ mehr va kuyinchaklik bilan tikildi. Biroz o‘zini tutib o‘tirdi-da, ichidan vulqondek otilib kelayotgan yig‘ini bosish uchun ikkala kaftini yuziga bosdi.
– Men yaxshiman, oyog‘im ham og‘rimayapti, – Tolibjon onasini ovutmoqchi bo‘ldi.
Buning chinligini isbotlash uchun oyog‘ini ko‘tarishga urindi. Chap oyog‘i qimirladi. Nimagadir o‘ng oyog‘i… O‘ng oyog‘i unga bo‘ysunmadi. Yuragida bezovtalik, qo‘rquv paydo bo‘ldi.
– Oyi?! – u onasiga mo‘ltirab qaradi.
– Bir oyog‘ingdan ajralding, bolam! – Iztirob o‘tida kuyib-yonib o‘tirgan onasi labini qonatib yuborgudek qattiq tishladi, yoshli ko‘zlarini alam bilan yumdi. Muslima opa boshini sarak-sarak qilib, botinidan otilib kelayotgan faryodni bosishga behuda urinardi, achchiq o‘kirik bilan yig‘lab yubordi.
Tolibjon garangsib qoldi. Onasining aytgan gapi ongiga to‘liq yetib bormadi. O‘ng oyog‘ining uchlarini qimirlatib ko‘rdi, barmoqlari qimirlagandek bo‘ldi. Biroq qandaydir dahshatli voqea yuz berganini tushundi. Boshidan o‘tgan fojiani eslashga harakat qildi… Ko‘z oldida simyog‘och paydo bo‘ldi. Qarsillagan ovoz mashinaning qattiq silkinishi bilan qo‘shilib ketdi… Oyog‘ida chidab bo‘lmaydigan, juda-juda qattiq og‘riq turdi. Qumli sahrodagi jaziramada qolib ketgan odamdek tomog‘i qaqradi…
– Suv-v, – dedi yana.
– Hozir, mana, ich bolam, – hamon hiqillab o‘tirgan onasi titroq qo‘llari bilan qoshiqda suv tutdi.
– Oyi, o‘ng oyog‘im… yo‘qmi?! – Tolibjon yosh boladek yig‘lamsiradi.
Onasi uni boshi aralash quchoqlab, yuz-ko‘zlaridan cho‘lp-cho‘lp o‘pa boshladi. Bir o‘par, bir nimalardir deya pichirlardi:
– Sen qo‘rqma, bolam, men yoningdaman! Hech kimga xafa qildirib qo‘ymayman… Do‘mbog‘im, toychog‘im!
Onasi bolaligida doim “do‘mbog‘im, toychog‘im”, deb erkalardi. Anchadan buyon bunday erkalashini eshitmagandi, unutayozibdi…
Tolibjonning bir tekis maysadek kipriklar to‘sib turgan ko‘zlaridan yosh quyildi. U o‘ziga nima bo‘lganini fahmlay boshlagandi: endi bir oyog‘i yo‘q! Nega og‘rimayapti? Hech narsa sezmaydiyam. Faqat, boshi toshdek og‘ir, uyqusi keladi…Tolibjon ko‘zida yosh bilan yana uxlab qoldi…
Qancha uxlaganini bilmaydi: besh daqiqami yoki besh kunmi? Dorilar ta’sirida uxlar, uyg‘onganida do‘xtirlar yana igna sanchishardi. Har safar hushi o‘ziga kelganda onasi bilan bir-ikki og‘iz gaplashadi. Nimadandir zorlanadi, oldidan jilmayotgan onasi uni ovutadi. Nihoyat, bir kuni tiniqib uyg‘ondi. Ko‘z oldi ravshanlashdi. Qarshisida hamon ranglari oqarib, oq marmar haykaldek qimirlamay o‘tirgan onasini ko‘rdi.
– Oyi, boshqalar sog‘mi, mashinadagilar? – dedi o‘zinikiga o‘xshamagan zaif ovozda.
– Sog‘, hammalari sog‘. Sen o‘tirgan tomon simyog‘ochga urilgan.
– Endi men nima qilaman? Oyoqsiz…
– Senga oyoq yasab berishadi, do‘xtir aytdi, – alam bilan pichirladi onasi.
Tolibjon indamadi. Dahshatli hukm yuragiga o‘qdek sanchildi. Ichu tashida titroq turib, yana hushidan ketayozdi. Biroq qo‘rqinchli tushdek tuyulayotgan taqdiriga tan berishdan o‘zga iloji qolmagandi.
Bu taqdir uni shu paytgacha yashagan oddiy hayotidan mosuvo qildi. Yigitlikning totli, yoniq xayollaridan ayirdi. Za’faron, miskin o‘ylar girdobiga tushib qoldi. Ota­si kelib, oldida uzoq-uzoq o‘tirib ketardi. O‘rtoqlari holidan xabar olib turishdi, ko‘nglini ko‘tarishga urinishdi. Tez orada ularni ham yo‘qotganini tushundi. Endi ular yurgan yo‘llardan yurolmaydi, ular borgan joylarga sira-sira borolmaydi…
Uni ruhiy azobning ko‘zga ko‘rinmas omburdek beshafqat qo‘llari borgan sari qattiqroq iskanjasiga olardi. Qaytib bilim yurtiga ham borolmasligini tushundi.

2

Tolibjonning chek-chegarasiz iztirobga to‘la, azobli kunlari boshlandi. Tez orada hol so‘ragali kelib-ketuvchilarning qadamlari ham ancha tortilib qoldi. Faqat onasi doim yonida bo‘ldi. Otasi geologlar bilan ishlaydi, uni tog‘u toshlaridan qaytganda ko‘radi. To‘g‘ri, otasi ham yolg‘iz o‘g‘li uchun qattiq qayg‘urdi. Ammo u erkak kishi, dardi botinida. Tolibjon buni tushunadi. Oyisi bilan dadasining azob chekayotganlarini ko‘rib o‘zini aybdordek his qiladi. Lekin na iloj, uning peshonasida shu ko‘rgiliklar bor ekan. Osmon yiroq, yer qattiq…
Kunlar o‘tib borar, u hamon to‘shakda yotardi. O‘ylash uchun vaqti ko‘p, xayolan o‘zi bilgan hayotning ming bir ko‘chalariga kirib chiqdi. Inson yoshlikda daraxtning yangi novdasidek egiluvchan bo‘larkan, vaqt o‘tib yolg‘izlikka ko‘nika boshladi. O‘zining o‘y-xayollardan iborat g‘alati olami paydo bo‘ldi. O‘rinda yotib xayol suradi. O‘n sakkiz yoshida bir oyog‘idan ajralib qolganini o‘ylaydi. O‘ylardan iborat bu tezoqar daryo qa’riga yanayam chuqurroq tushib boradi. Mohir g‘avvosdek o‘zi sezmagan holda allanimalarni izlay boshlaydi, yana tushkun o‘ylar girdobida o‘rtanadi. Ayrim paytlarda xayolida hech qanday o‘pirilish yuz bermagandek, erta-indin hayoti yana avvalgicha davom etaveradigandek tuyuladi. Ba’zan esa endi hech qachon boshqa odamlardek yurolmasligini o‘ylab, birdan tubsiz jarlikka tushib ketayotgandek bo‘ladi…
Oyog‘idagi chandiqlar bita boshladi. Lekin hamon o‘ng oyog‘i bordek tuyulaverar, hattoki barmoqlarining simillab og‘rishini sezardi. Kasalxonada bir oy yotdi. Shundan keyin javob berishdi.
Tolibjon uylariga kelgan kuni o‘zini g‘alati his qildi, qayta dunyoga kelgandek edi. Darvozadan ikki g‘ildirakli aravachada olib kirishdi. U hali yaxshi o‘rganolmagan nogironlar aravachasida o‘tirib, hovlidagi o‘rikka tikilib qoldi. Novdalari yalang‘och daraxt ham uning dardiga sherik bo‘lgandek mung‘ayadi. Bolaligida shu o‘rikka chiqib dovcha terganlarini esladi… Hali bahor kirmagan, lekin kunlar ilib, qor ketgan, hovlining u yer-bu yerida yashil maysalar nish uribdi. Tiniq osmonda o‘sha-o‘sha quyosh kulib turibdi. Bularga qarab ko‘ngli yayradi. Yuragini g‘ijimlayotgan yolg‘izlik quyosh nuriga dosh berolmagan bulutlardek biroz tarqadi. Muslima opa o‘g‘lining zabun holatini sezib, aravachaning yonida jim turardi.
– Oyi, men yurishni o‘rganaman! – birdan Tolibjonning chehrasi ochildi.
Muslima opaning yuragi bir qalqib tushdi. Shukronalik bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, o‘g‘liga yuzlandi:
– Albatta o‘rganasan, bolajonim! Qaniydi, iloji bo‘lganida o‘zimning oyog‘imni berardim senga!
– Unday demang, oyi, – Tolibjon qovog‘ini uydi. – O‘zi… sizni ko‘p qiynadim.
– Sirayam qiynaganing yo‘q-da… Hali seni bolalaringniyam boqaman.
Tolibjon yalt etib oyisiga qaradi. Keyin ko‘zini olib qochdi. Ona-bola biroz jimib qolishdi.
– Seni besh oydan keyin shaharga, katta kasalxonaga olib boramiz, – Muslima opa bu gapni birov eshitib qoladigandek past ovozda aytdi.
– Nega? Men… yaxshiman-ku?
– U yerda yog‘och oyoq yasab berishadi, do‘xtir shunday dedi.
Bu gap Tolibjonga igna sanchgandek ta’sir qildi, cho‘chib tushdi. Kesilgan oyog‘ining chandig‘i sirqirab og‘ridi. Ko‘z oldiga yog‘och oyoqli odamlar keldi: “Nahotki u ham yog‘och oyoq taqadi… O‘rtoqlari ustidan kulishmaydimi? Yog‘och oyoq… Biroq, boshqa iloji ham yo‘q-ku? Nima bo‘lgandayam yurishi kerak!”
– Oyi! – U Muslima opaga dadil qaradi. – O‘sha kasalxonaga boraman! Ungacha qo‘ltiqtayoqda yurib turaman.

* * *

Tolibjon yozning o‘rtalarigacha asabiylashib yurdi, amal-taqal qilib vaqt o‘tkazdi. Yangi hayotga ko‘nikishi juda-juda qiyin kechdi. Ba’zan nima qilarini bilmasdan o‘zini o‘zi yeb qo‘yardi. Shunday paytlarda yana onasi sabr-toqat bilan uni ovutishga tushardi. Jussasi jikkakkina Muslima opaning bardoshi filcha ekan, yolg‘iz o‘g‘lining hamma injiqliklariga chidab, qiynalayotganini hech kimga bildirmay yuraverdi.
Pishiqchilik boshlanganda ularning uylariga ham mo‘l-ko‘lchilikning xotirjam pallasi kirib kelgandek bo‘ldi. Oyisi har kuni tarvuz yo bo‘lmasa ishtahani qitiqlaydigan bo‘yi taralib turgan g‘arq pishgan qovun ko‘tarib kelardi. Shunday kunlarning birida shahardagi, o‘sha, oyisi aytgan kasalxonaga borishdi. Quyuq daraxtzor qurshovidagi bu kasalxona o‘zi o‘qigan bilim yurtiga yaqin joyda ekan. Oyisi shu o‘rtadan ijara uy olib, o‘g‘liga o‘zi qarab turmoqchi edi. Tolibjon bunga rozi bo‘lmadi. Bir amallab Muslima opani qishloqqa qaytarib yubordi.
Kasalxonada birinchi kundanoq oyog‘ining o‘lchovlarini olishdi. Uni “protez” oyoq kiyishga tayyorlay boshlashdi. Bu yerda o‘ziga o‘xshagan nogiron yigitlar, qizlar bilan tanishdi. Endi xayolida yiroq bir nurli qoya paydo bo‘ldi. Tafakkuri yaratgan qoyaning cho‘qqisida o‘zi izlagan nimadir borligiga chin dildan ishonar, ko‘nglida ilinj bilan o‘sha ma’voga intilardi.
Tez orada Tolibjonning kesilgan o‘ng oyog‘i o‘rniga “oyoq” yasab berishdi. “Yog‘och oyoq”qa o‘rganishi juda qiyin kechdi. Har qadam bosganida tanasiga minglab ignalar sanchilayotgandek bo‘lardi. Terlab-pishib ketadi, lablarini tishlab qonatadi. Yuragini sug‘urib olgudek dahshatli og‘riqlardan qiynalib ingraydi. Xayolida yog‘och oyog‘i bahaybat tosh bo‘lib tuyuldi. Qo‘ltiqtayoqqa suyanib qadam bosay desa, o‘sha “tosh” butun gavdasini ohanrabodek pastga tortadi. Kesilgan joyiga charm qayish tekkandagi azoblar hammasidan o‘tib tushdi. Xuddi kimdir bigiz sanchib qiynayotgandek! Bu og‘riq miyasigacha yetib borardi.
Kasalxonada yotganida tan og‘rig‘idan dil og‘rig‘i yomon bo‘lishini ham shu yerda tushundi. U bilan bir xonaga yoshi kattaroq yigitni joylashtirishdi.
– Men Badriddinman, – deb o‘zini tanishtirdi u. – Sen bechora qanday qilib oyoqsiz qolding, yosh ekansan?
Uning shang‘illagan ovozi Tolibjonga yoqmadi. Barkashdek yuziga yarashmagan qip-qizil burniga ko‘zi tushib, hafsalasi pir bo‘ldi. Dabdurustdan bergan savoli og‘ir botdi.
– Mashinada bo‘lgan, – deb qo‘ya qoldi.
– Ja-a kamgap ekansan, – u burnini tortdi. – Shofyorni ushladingmi? Xarajatlarni to‘ladimi?
– Uning aybi bilan bo‘lmagan.
– E-e, chatoq, mana meniyam mashina turtib yubordi. Bannisaga oborib, qo‘limni bilakdan qirqib tashlashdi. Hamma rasxodlarni o‘sha so‘takni bo‘yniga ildim. “O‘zingiz kayp ekansiz”, deydi-ya, maraz! Nima, kayp bo‘lsam mashinasida urib ketaveradimi? Sen birato‘lasi nogiron bo‘pqopsan, uka, qattiqroq ushla uni!
Tolibjon indamadi. Shu kundan Badriddin bilan gaplashishdan o‘zini olib qocha boshladi. Hatto uning qayerdanligi, nima ish qilishini ham surishtirmadi. Badriddin kun bo‘yi allaqayoqlarda sang‘ib yurar, hamshiralar izlashganda topolmay xunob bo‘lishardi. Baxtiga do‘xtir – sochi tap-taqir qilib olingan, kallasi katta, miqtigina Nizom aka judayam xushfe’l odam chiqib qoldi. Birinchi ko‘rishishganidayoq Tolibjonga gaplari qaymoqdek yoqdi.
– Men ortoped-travmatologman, “siniqchi” ham deyishadi. Singan suyaklarni butlayman-da, – u oppoq tishlarini yaltiratib kuldi. Keyin hamshira uzatgan plyonkani yoruqqa solib ko‘ra boshladi. – Rentgenogrammang juda yaxshi, suyak o‘smabdi. Xm-m, aslida suyaklar yigirma besh yoshgacha o‘sadi. Seni kesilgan oyog‘ingdagi suyak o‘sishdan to‘xtagan.
– Bu yomonmi?!
Do‘xtir hayajondan ko‘zlarini katta-katta ochib olgan Tolibjonga ajablanib qaradi:
– Aksincha, juda yaxshi. O‘saverganida protezlash qiyin kechardi.
– Men… yura olamanmi?
Nizom aka jilmaydi:
– Albatta yurasan, uka, protez o‘zingni oyog‘ingdek bo‘lib ketadi. Hali yoshsan, hayoting oldinda. Senga o‘xshagan yigitlardan juda-a ko‘pi qo‘limdan o‘tgan. Ikkitasi universitetni bitirib, olim bo‘ldi. U yog‘ini so‘rasang, xuddi sening yoshingda bir oyog‘idan ayrilgan andijonlik yigit do‘xtirlikka o‘qidi.
– Yo‘g‘-e, mumkinmi?
– Xohish bo‘lsa hammasi mumkin. Masalan, sen kim bo‘lmoqchisan?
Tolibjon o‘ylanib turdi. Bilim yurtiga qaytib bormaganini esladi.
– Suratchilikka qiziqqanman, – deb qo‘ya qoldi.
Uning javobi Nizom akani ajablantirmadi.
– Hali shunday suratchi bo‘lginki, – dedi shiftga tikilib. – Hamma qoyil qolsin!
– Bir oyoq bilan suratchi bo‘lolmaydi, – to‘ng‘illadi qo‘shni karavotda yotgan Bad­riddin.
– Bo‘ladi, so‘zsiz bo‘ladi! Siz vino ichishni bas qiling, – jerkib tashladi Nizom aka.
Tolibjon do‘xtirning yana biroz qolishini istardi. Nizom aka unga samimiy bir nazar tashlab, chiqib ketdi.
Do‘xtir bilan suhbatlari Tolibjonga qattiq ta’sir qildi. Badriddinning gaplariga e’tibor bermay qo‘ydi. Baxtiga ikki kundan keyin Badriddinga javob berishdi. U yasama “qo‘l”ini ko‘rsatib maqtandi-da, xayrlashib chiqib ketdi. Shu-shu uni boshqa ko‘rmadi. Bardoshini yig‘ib, do‘xtir aytgan mashqlarni bajarishga kirishdi. Oyog‘ini devorga tirab ko‘tarib yotar, bukib-to‘g‘irlab mushaklarini mustahkamlashga harakat qilardi. Qo‘ltiqtayoq bilan bo‘lsa ham yog‘och oyoqda yurishni o‘rganishga kirishdi.
Sekin-asta oyoqqa turishi yuragiga in qurib olgan yolg‘izlikni parokanda bulutlardek tarqatganini o‘zi ham sezmay qoldi. Olam yana ko‘ziga tarovatli ko‘rina boshladi. Uni erkalayotgandek mayin nur sochib ko‘tarilgan tonggi quyoshning tillarang nurlariga cho‘milgan hovlilarini sog‘indi.
Tolibjon kasalxonada ikki hafta yotdi. Shundan keyin uyiga javob berishdi. Qishloqqa chehrasi ochilib qaytdi. Muslima opa undagi o‘zgarishni darrov sezdi. O‘g‘liga girdikapalak bo‘lib ko‘nglini olishga urinarkan sira nolimasdi.
Tolibjon endi uyda o‘tirolmay qoldi. Asta-sekin, atak-chechak qilayotgan boladek ko‘chaga chiqdi, o‘tgan-ketganlar bilan kulib salomlashadigan bo‘ldi. Hatto odamlar sevib, rohatlanib, ba’zan qiynalib yashayotgan olamdan o‘ziga suv-havodek juda-juda zarur nimanidir izlab qoldi. Qo‘ltiqtayoqda bo‘lsa ham yog‘och oyog‘ini avaylab bosib qishloq ko‘chalarini bemalol kezib yurar, qo‘shnilarnikiga chiqib chaqchaqlashib o‘tirib kelardi. Qadoqlanib qolgan kesilgan oyog‘ida avvalgi qattiq og‘riqlar unchalik sezilmasdi.
Shunday kunlarning birida tuman markazidagi katta bozorga bordi. Bozorga kirayotib tumonat odamlarning orasida shovqin-surondan boshi aylanib ketdi. Ilgari sira bunaqa bo‘lmasdi. “Endi hammasi boshqacha, – deya o‘yladi. – Yangi hayotimga o‘rganishim shunchalik qiyinmi? Lekin boshqa ilojim ham yo‘q-da”. Cho‘ntagidagi nogironlik nafaqasini ushlab qo‘ydi. Hali bu pulga nima sotib olishniyam o‘ylab ko‘rmagandi. Shunchaki, rastalarni aylanib, tomosha qila boshladi. Bozorda eski-tuski, ming turli buyumlarni sotuvchilar ko‘p edi. Ularni tomosha qilib aylanib yurarkan, allanimani bag‘riga bosib, devorga suyanib o‘tirgan qoq suyak kampir e’ti­borini tortdi. Beixtiyor uning qo‘lidagi fotoapparat ko‘ziga cho‘g‘dek ko‘rindi. Bu “Fotokor” rusumli, urushdan avval chiqqan plastinkali kamera edi. Bilim yurtida shu apparatni o‘rgangandi, shuni eslab hayajonlanib ketdi. O‘shanda o‘zining ham ana shunday fotoapparati bo‘lishini orzu qilganini esladi. Hozir o‘sha istak-orzusi junbishga keldi. Beixtiyor to‘xtab, fotoapparatdan ko‘zini uzolmay tikilib qoldi. Kampir buni darrov payqadi, o‘zi ham shuni kutib turgandek, qo‘li bilan imo qilib oldiga chaqirdi. Tolibjon oqsoqlanib kampirning oldiga keldi. Kampir fotoapparatni chaqalog‘ini avaylagan onadek bag‘ridan “yulib”, nimagadir qovog‘ini uyganicha titrab-qaqshab uzatdi:
– Ma, ko‘r-chi, – dedi siniq ovozda.
Tolibjon, avval o‘ng – yog‘och oyog‘ini chetga surib, joyida mustahkam turib oldi. Keyin egilib, kampirning qo‘lidan fotoapparatni oldi. U yoq-bu yog‘ini aylantirib ko‘rdi-da, ochish tugmasini bosdi. “Shirq” etgan tovush eshitilib, kameraning oldingi qismi ochildi. U mashg‘ulotiga chunonam berilib ketganidan o‘ziga ma’yus termilayotgan kampirni unutib, ravshanlikka sozlash kremalerasini buray boshladi. Qora mex cho‘zilib, ob’ektiv oldinga surildi. Fotoapparatga jon kirdi go‘yo. Bundan zavqlanib, tepki richagini bosdi, diafragmani to‘g‘irlagan bo‘ldi. Uni diqqat bilan kuzatayotgan kampir yana tilga kirdi:
– Sen… buni tushunasanmi?
Kampirning ovozi Tolibjonni hushiga keltirdi. Bozorda turgani, qo‘lidagi fotoapparat qarshisidagi bir burda bo‘lib qolgan qoqsuyak kampirga tegishli ekanini shundagina esladi.
– Tushunaman, – dedi og‘zi qulog‘iga yetib. – Bilim yurtida o‘rganganman.
– O‘g‘limniki edi, – o‘kinib gapirdi kampir. Uning ovozi uzoq-uzoqlardan kelayotgandek g‘alati eshitildi. – Urushdan qaytmadi… Asrab yurgandim… Sotmasidim… Nevaramga pul kerak.
Kampirning ozg‘in, yonoq suyaklari turtib chiqqan serajin yuziga yosh quyildi.
– Sen yaxshi yigitga o‘xshaysan, ol! – U o‘tirgan ko‘yi orqasiga o‘girilib, devorga suyab qo‘yilgan uch oyoqli shtativni ham olib, Tolibjonga uzatdi.
Tolibjon kampirga achinib ketdi, cho‘ntagidagi bor pulini chiqarib unga tutqazdi:
– Shu hammasi, – dedi iltijoli termilib.
Kampir bir dasta pulni oldi.
– Avaylab tut, – dedi-da, ihrab-sihrab, qo‘lini devorga tirab o‘rnidan turdi. Ortiga o‘girilmay, bozor darvozasi tomonga yurib ketdi.
Tolibjon shtativni yerga qo‘yib, fotoapparatni yelkasidagi xaltaga avaylab joyladi. Barmoqlari titrayotganini sezdi. Bu noyob buyum butunlay o‘ziniki ekaniga hanuz ishonolmasdi. “Umrida birinchi marta mana shunday qimmatbaho buyumni o‘zining puliga sotib oldi, axir! Mayli, nogironlik nafaqasi bo‘lsayam o‘zining puli-da. Uni xohlaganicha sarflashi mumkin. Oyisi shunday degan. U fotoapparat sotib oldi. Bu yomon emas-ku?” Tolibjon shtativni qo‘ltiqlab bozordan chiqdi. Yuragida shirin bir entikish bor edi. Shoshilmasdan avtobus bekatiga keldi. Qishloqqa qatnaydigan avtobusiga chiqqanida hamma birdan unga tikildi. U olib kirgan shtativ sinchkov yo‘lovchilarning diqqatini tortgandi. Ular oqsoqlanayotgan yigitning g‘alati buyumiga qarab-qarab qo‘yishardi. Tolibjon orqaroqdagi bo‘sh o‘rindiqqa o‘tirib, shtativni oyoqlari orasiga tik qilib qo‘yib oldi. Atrofdagilarga e’tibor bermay, xayolga cho‘mdi. Qora charmi titilib ketgan o‘rindiqda o‘tirarkan, yukxaltasidagi fotoapparat ko‘z oldidan ketmadi.
Avtobusdan tushib, uyiga yetib kelganida chehrasi kulib turardi. So‘nggi kunlardagi iztiroblari tongda daryo bo‘yini qoplagan tumanni qo‘yosh nurlari eritgandek tarqab ketdi. Shu lahzada nogironligini ham unutdi. Yugurgilab uyga kirgisi, oyisini quchoqlab, fotoapparatini ko‘rsatib maqtangisi keldi. O‘g‘lining yuz-ko‘zi quvonchdan porlayotganini ko‘rib Muslima opa hayron bo‘ldi. Qo‘ltig‘idagi g‘alati buyumga ajablanib qaradi:
– Bu nima, o‘g‘lim? – dedi.
– Shtativ, oyi. Xaltamda fotoapparat ham bor. Surat olmoqchiman.
U yelkasidagi za’faron rang brezent xaltani onasiga uzatdi. Muslima opa xaltadan avaylab “g‘alati buyum”ni oldi. U yoq-bu yog‘ini aylantirib ko‘rib, hamon qarshisida turgan Tolibjonga uzatdi. U fotoapparatni olib, uch oyoqli shtativga mahkamlay boshladi. Bu ishni tajribali suratchilardek chaqqonlik bilan bajardi. Kamerani ochib, kremalerasini buradida, ravshanlikka sozladi.
– Endi surat olaman! – dedi u mamnun jilmayib.
Muslima opa bu g‘alati matohning qiymatini tushunmasa-da, o‘g‘lining yuz-ko‘zlari kulib turganidan ko‘ngli ko‘tarildi. Tolibjon shundagina surat olish uchun fotoplastinka kerakligini eslab, birdan qiyofasi jiddiylashdi. Kampirdan fotoplastinkalar bor-yo‘qligini so‘ramagandi…
– Oyi, men surat olishni bilaman, – dedi bo‘shashib. – Bilim yurtida o‘rgangan­man. Lekin fotoplastinkalar yo‘q?
– U nima, qayerda bo‘ladi? – dedi Muslima opa ro‘molini to‘g‘irlarkan. – Men olib kelaman, o‘g‘lim.
Tolibjon kulib qo‘ydi. Ayni chog‘da onasining o‘zi uchun tog‘ni ham qo‘porishga tayyorligidan ko‘ngli buzildi. Undagi behad kuyinchaklik yuragini ezdi:
– Oyi, fotoplastinka faqat shaharda bo‘ladi. Keyingi nafaqamdan sotib olaman. Siz buni o‘ylamang. Ungacha qiladigan ishlarim bor.
Tolibjonning xayolidan avtobusda kelayotib tuzgan rejasi ketmayotgandi: “Kelasi oydagi nafaqasiga fotoplastinka, ochirgich dorilar, fotoqog‘oz sotib oladi. Ungacha nusxa ko‘chirgich quti yasaydi. Buni albatta eplaydi!”.
Shu kundan boshlab uni tanib bo‘lmay qoldi. Muslima opa, “bolamga ermak topildi”, deb xursand edi. Bu “ermak” Tolibjon uchun hayot-mamot jangiga aylandi. Botinan o‘zi bilan o‘zi olishardi. Nogiron, ammo aniq maqsadi bor Tolibjon avvalgi, ko‘ngli bo‘sh, bir oyog‘idan ayrilib cho‘kib qolgan Tolibjonni yengishga urinardi go‘yo.
Tolibjonning ko‘z oldida yuksak-yuksaklarga bo‘y cho‘zgan qorli tog‘ paydo bo‘ldi. Yuragi qoyalar orasiga yashirilgan allaqanday sirli xazinaga talpinardi. Nihoyat xazinani topdi. Buni o‘zi bozorda uchratgan, urushda shahid bo‘lgan o‘g‘lining fotoapparatini quchoqlab o‘tirgan kampirning mungli ko‘zlari aytib ketdi. Uning qarashlarida charchoq, shuning bilan birga, yashash kerak, degan qat’iyat bor edi. Kampirdan sotib olgan fotoapparati yo‘lga boshlovchi belgi emasmi? Endi, bu – uning fotoapparati! Bilim yurtida o‘qiyotganida suratkashlikni jon-dili bilan o‘rganardi. Qorong‘i xonada, alvon chiroqning sirli shu’lasida tasvir paydo bo‘lishini hayrat bilan kuzatish olam-olam zavq bag‘ishlardi. Mana endi o‘zining fotoapparati bor. Negativ fotoplastinka, kimyoviy dorilarni shahardan olib keladi. Surat ishlash uchun kontakt qutisi yasasa bas. Lekin qishloqda hali elektr yo‘q. Mayli, hozircha tabiiy yorug‘lik yoki chiroqdan foydalansa ham bo‘ladi.
Tolibjon shu kuni kontakt qutisi tarxini qog‘ozga tushirdi. O‘lchamlarini bir necha marta qayta o‘zgartirdi. Bu ish o‘ziga olam-olam zavq bag‘ishladi. Fotografiya jarayonlarini xotirasida saqlab qolgani, bemalol amalda qo‘llayotganidan xursand edi. Nihoyat chizma tayyor bo‘ldi. Oq varaqdagi tarxga ancha payt tikilib o‘tirdi. Chizmalarni xayolan qayta hisob-kitob qildi. Shundan so‘ng yasashga kirishdi. Buning uchun bo‘shagan choy yashigidan foydalandi. Yashikning bir tomoniga eshikcha o‘rnatdi. Tepa qismiga yupqa taxtachalar qoqib, fotoplastinka kattaligida tirqish qoldirdi. Bu tirqishga xiralashtirilgan oynani joylashtirdi. Ochiq qolgan joylarga qora qog‘oz yelimlab chiqdi. Qorong‘i xonada yashik ichiga kerosinli chiroqni yoqib, tekshirib ko‘rdi. Chiroqning yorug‘i yuqoridagi negativ o‘rniga bir tekisda tushdi.
Bu negativdan “kontakt” usulida, ya’ni negativ bilan fotoqog‘ozni bir-biriga jipslashtirish yo‘li bilan surat ishlanadigan eng oddiy “dastgoh” edi. Surat olish va ishlash uchun jihozlari taxt bo‘ldi. Tolibjon bunga talay vaqtini sarfladi.
Endi u keyingi nafaqasini sabrsizlik bilan kuta boshladi. Bir oy muddat juda uzoq tuyuldi. Xayolida vaqt nihoyatda imillab o‘tardi. Ba’zi kunlari yuragi siqilib ketadi. O‘zini qo‘yishga joy topolmasdan, oyisiga bildirmay “uf” tortadi. Shunday paytlarda fotoapparatini shtativga o‘rnatib, hovliga chiqadi-da, surat olgan bo‘ladi. Bu mashg‘ulot ovunchog‘iga aylandi. Bir kuni daryo bo‘yiga bordi. To‘rt-besh yoshligida bu yerga dadasi, oyisi bilan tez-tez kelib turishardi. Sababi – Tolibjon bolaligida yangi chiqqan maysadek nimjon bo‘lib o‘sdi, yelvizakdan o‘tsa ham shamollab qolaverdi. Do‘xtir daryo bo‘yida, ochiq havoda ko‘proq bo‘lishni maslahat berdi. Bu bolani chiniqtirar ekan. Dadasi bilan oyisi uni har kuni daryo bo‘yiga olib chiqa boshlashdi. Sohildagi o‘tloqda dam olishar, Tolibjon o‘t-o‘lanlarni yulib o‘ynardi. Bora-bora bunga o‘rganib qoldi. Daryo bo‘yiga bormay qolishsa xarxasha qiladigan bo‘ldi. Ochiq havo, maysazor, daryodan kelayotgan namxushhavo sog‘lig‘iga yaxshi ta’sir qildi. Ishtahasi ochilib, tez quvvatga kira boshladi. Shundan keyin dadasi bilan oyisi daryo bo‘yiga kelishni bahordan kuzgacha kanda qilishmadi…
Tolibjon daryo qirg‘og‘iga chiqib ana shu xushbaxt damlarini esladi. Kamerani o‘rnatib, qora movut ostiga kirdi. Xiralashtirilgan oynadan qarab, yiroqlarda qolgan beg‘am bolaligini izlayotgandek yashil sohil manzarasiga maftun bo‘ldi. Kamerada tasvir teskari ko‘rinardi. Maysazor osmonga chiqib qolgandek… Nimagadir boshi aylandi. Muvozanatini saqlolmay, gavdasi chayqaldi. Yog‘och oyog‘i g‘ijirlab, kayfiyati buzildi. Qora movutni kamera ustiga surdi-da, qo‘lini beliga tirab, qaddini rostladi. Shunda o‘zini – shtativga o‘rnatilgan kamera oldida mag‘rur turgan Tolibjonni ko‘rdi. “Suratchi!”. Miyasidan shu fikr chaqmoqdek chaqnab o‘tdi. Ha, u suratchi bo‘ladi! Hayotni manguga muhrlaydigan sehrgarga aylanadi!
Tolibjon banogoh vujudini titratgan tuyg‘udan mast edi. Ayni paytdagi masrurligini surat olishgagina bog‘lab bo‘lmasdi. O‘zi uchun olamning go‘zalligini, undan zavqlanib yashashi mumkinligini kashf etgandi. Bu istak yuragida gulxan bo‘lib yondi!
3

Tolibjon shu kunlarda qo‘ltiqtayoqsiz yurishni ham mashq qilayotgandi. Bu oson kechmadi. Kesilgan o‘ng oyog‘ida avvalgidek jon oluvchi og‘riqlar bo‘lmasayam, qo‘ltiqtayoqsiz yurib ko‘rmagandi. Yasama oyog‘ini bosganida bittadan tishini sug‘urib olayotgandek azoblanardi. U bor irodasini ishga solib, chidam bilan taqdirga basma-bas mashqini davom ettiraverdi. Butun badanidan ter quyilib, ihrab-sihrab hovlida u yoqdan-bu yoqqa mast odamdek gandiraklab yurgani-yurgan. Necha-necha marta yiqilib, bilaklari shilindi. Oyisi: “Bas, bo‘ldi qil, joning kerakmasmi?”, – deya achinar, kuyinib koyirdi. Tolibjon ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib, dodlab yuborgan paytlaridayam mashqini to‘xtatmadi. Hayot-mamot jangiga kirgan askardek qadam-baqadam dahshatli og‘riqlarni yengib boraverdi. Bora-bora yog‘och oyoqda qo‘ltiqtayoqsiz yurishga ancha o‘rgandi.
Yozning olovli quyoshi yeru osmonni ayamay qizdiradi. Polizda qovun-tarvuzlar g‘arq pishdi. Bog‘lar sharbatga to‘lgan oltinrang, qirmizi olmalarni ko‘z-ko‘z qiladi. Qishloq bolalari kun bo‘yi suvdan chiqishmaydi, daryo sohilidagi qumloqda dumalab yotib rohatlanishadi. Shunday kunlarning birida pochtachi Tolibjonning nafaqasini olib keldi. Bu kun uning uchun katta bayramga aylandi. Qo‘lida bir dasta pul, quvonganidan ko‘zlari chaqnab, deraza oldida igna bilan nimanidir tikib-chatib o‘tirgan Muslima opaning oldiga keldi:
– Oyi! Mana, nafaqamni oldim! – dedi bir dasta pulni ko‘rsatib.
– Ertaga saharda poyezdga o‘tiramiz, – dedi Muslima opa xotirjam.
– Oyi, siz ham bormoqchimisiz? – Tolibjon ajablandi.
– O‘zing qiynalib qolasan. Yoningda bo‘lay, deyman-da.
Tolibjon kuldi. Oyisi uni haliyam yosh bola deb o‘ylaydi. Bunga achchig‘i keladi, ba’zan mehrdan shamdek eriydi. Hozir ham shunday bo‘ldi.
– Qiynalmayman, oyi, o‘zim eplayman, – dedi minnatdorlik bilan.
Muslima opa e’tiroz bildirmadi:
– Mayli, ehtiyot bo‘l, shaharda har xil odam bor.
Tolibjon tunda ancha payt uxlolmay yotdi. Xayoliga ming xil o‘y quyunday yopirilib kelardi. Shaharda o‘qigan davrlari yodiga tushdi. Bilim yurtini esladi. Ikki qavatli, och zarg‘aldoq bino, qadrdon o‘rtoqlari ko‘z oldida jonlandi: samarqandlik Husan, Bahrom, yotoqxonadagi hamxonasi Ubaydulla, qo‘qonlik Muxtorali aka… To‘g‘ri, Tolibjon istagan paytida o‘qishga borishi mumkin; domlalari shunday deyishgan. Biroq endi bilim yurtiga qaytmaslikka qaror qildi. Hamma unga achinib qarashini istamaydi, kimdir “cho‘loq”, deb kular ham… Unda ko‘ngli yuz, ming karra cho‘kadi. Aslida, o‘zi tushib qolgan zimistonda endigina bir chimdim yorug‘lik ko‘rindi. Bu ilinjini yo‘qotmasligi kerak. Ertaga shaharga boradi… Shunday xayol bilan uxlab qoldi.
Saharda onasi uyg‘otdi:
– Tur, bolajonim, vaqting bo‘ldi, – dedi mehr bilan boshini silab.
Tolibjon sakrab o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Bir oyog‘i yo‘qligi, yog‘och oyog‘ini yechib qo‘ygani yodiga tushdi. Buni birovdan yashirmoqchi bo‘lgandek beixtiyor ko‘rpani ustiga tortdi.
Oyisi uni tushundi, chamasi, indamasdan chiqib ketdi. Tolibjon har kungi odaticha jigarrang qayishlarni tortib bog‘ladi. “Xuddi otning ayilini tortayotgandek, – degan o‘y keldi xayoliga. – Bunga ham o‘rganib qoldim”.
U yuvinib keldi-da, nonushta qilishga o‘tirdi. Dasturxon ustida onasi ko‘p ­gapirmadi.
– Oyi, o‘ylanmang, men zo‘r suratchi bo‘laman! – dedi piyoladagi choyni ho‘playotib.
Muslima opa unga tikilib turdi-da, ko‘zidan quyilayotgan yoshni ro‘molining uchi bilan artdi. Tolibjon piyoladagi choyini shoshilib ichib, oyisiga qaradi. Muslima opa qo‘lini fotihaga ochib, duo qildi. Tolibjon darvozadan chiqayotib oyisiga kulib qaradi:
– Xavotir olmang, kechroq qaytaman, – dedi.
Tonggi musaffo havo yoqimli edi, taniga xush yoqdi. Chuqur-chuqur nafas olib, bir lahza atrofga alanglab turdi, keyin asta-sekin temir yo‘l bekati tomonga yurdi.
Bekatga kelganida shahar atrofiga qatnaydigan poyezdning kelishiga biroz vaqt bor edi. U chipta olib, tashqariga chiqdi. Bo‘sh xarrakka o‘tirib, po‘lat izlar ortidagi uylarga tikildi: “Bu uylarda turfa taqdirli odamlar yashashadi. Har birlarining o‘z tashvishlari bor. Uning ham muammosi o‘ziga yetarli. Hamma o‘z tashvishini o‘zi ko‘taradi…”
Temir yo‘l navbatchisi yuk poyezdini kuzatgani chiqdi. Uzundan-uzoq qizil vagonlar tizimi shovqin-suron bilan o‘tdi. Navbatchi qo‘lidagi “jezl” tayoqchasini o‘ynatib bekat binosiga kirib ketdi. U yoqdan-bu yoqqa o‘tayotgan yo‘lovchilar Tolibjonga e’tibor berishmasdi. Xayolida vaqt juda imillab o‘tardi. Qani edi, qanot chiqarib uchsa-yu, bir zumda shaharga yetib olsa.
Uzoqdan yo‘lbarsdek pishqirib kelayotgan poyezd nafasini rostlab olmoqchidek qishloq bekatida to‘xtadi. Qopchiq, alyumin sut idishi, to‘rxalta ko‘targan erkak-ayollar izdihomi vagonlarga tirmasha ketdi. Tolibjon zinadan ko‘tarilayotib qiynaldi. Unga o‘rta yoshlardagi bir yigit yordamlashdi. U rahmat aytib, vagonga kirdi. Jigarrang charm qoplangan o‘rindiqqa bemalol o‘tirib oldi. Poyezd joyidan qo‘zg‘aldi. Oynadan ko‘rinib turgan bekat ortda qola boshladi. Birozdan keyin daryo ko‘prigi boshlandi. Poyezd ko‘prikdan taraqa-turuq qilib o‘tib borarkan, daryoning moviy tasmadek ufqqa tomon ingichkalashib ketgan o‘zani ortda qoldi. Paxta dalalari, qishloqning chetan devorli uylari boshlandi. Birozdan keyin vagon xizmatchisi qalayi tutqichli stakanda choy, oq qand olib kirdi. U qog‘ozga o‘ralgan oqqandni ochib, choyga soldi, qoshiqcha bilan erinmay aralashtirdi. Choy biroz sovigach, oz-ozdan ho‘plab, vagon oynasidan lip-lip etib o‘tayotgan manzaralarni tomosha qilib bordi.
Poyezd har bir bekatda to‘xtab, borgan sari shaharga yaqinlashardi. “Zartopgan” deb yozilgan navbatdagi temir yo‘l bekati e’tiborini tortdi. Bekatning qizil g‘ishtli binosi ikki tarafdan quyuq daraxtzor bilan qurshalgan. Azamat chinor, sada qayrag‘ochlar ko‘hna binoning qo‘riqchilaridek sirli ko‘rinardi.
Poyezd joyidan jildi. Bo‘sh stakan qalayi tutqichga tegib qitirlay boshladi. Tolibjonning xayoliga o‘sha bekatda ko‘rganlari o‘rnashib qolgandi: qizil g‘ishtdan qurilgan ko‘hna bino, azamat chinor, sada qayrag‘ochlar ko‘z o‘ngida gavdalandi. Poyezd tezlashib borardi. Endi vagon oynasidan mevasi mo‘lligidan shoxlari egilgan olma daraxtlari ko‘rindi. Olmazor bog‘ shunday diltortar ediki, poyezddan tushgisi, shu boqqa kirgisi keldi. To‘g‘ri, u avvallari ham poyezdda yoki mashinada shaharga qatnagan, shu yerlardan o‘tgan. Biroq o‘sha paytlarda bu maftunkor bog‘larga e’tibor bermagan ekan. Endi, nogiron bo‘lib qolganida, uzoq payt uyda o‘tiraverib zerikkanidanmi bularning hammasi aziz, qadrli bo‘lib ko‘rinmoqda edi.
Poyezd shaharga yetib kelganida Tolibjonning kayfiyati ko‘tarinki edi. Shaharni subhi sodiq quchog‘iga olgan. Xobgohidan ko‘tarilayotgan quyosh ko‘p qavatli binolarning peshtoqiga oltin upa sepib ulgurgan. Do‘konlar ochilishiga hali biroz vaqt bor ekan. U nima qilarini bilmasdan vokzal binosiga kirdi. Katta zal qator-qator o‘rindiqlar bilan to‘la. Har-har joyda poyezdini kutayotgan yo‘lovchilar suhbatlashib o‘tirishibdi. Ayrimlari tunda vokzalda qolishgan chamasi, o‘tirgan o‘rinlarida mudrashmoqda. Ko‘pchilik tugun yoki sumkasini tizzasiga qo‘yib olgan. Ikkita o‘rta yoshlardagi ayol kuyib-pishib bir-birlariga gap uqtirishadi. Burchakdagi qarimsiq, mallasoch xotin og‘zini ochib baralla xurrak otmoqda. Isqirt ki­yimlar solingan to‘rxaltasi oyog‘i ostida o‘ralashib yotibdi. Yonida olti-etti yoshlardagi qizcha. U atrofga besaranjom alanglaydi…
Zalning o‘ng tomonidagi burchakni ochiq qahvaxona egallagan. Peshtaxtalari somsa, pishiriqlar bilan to‘la. Xo‘randalar baland doira stollarda tik turgan holda qahva ichib, likopchada berilgan somsa yoki pishiriqlarini yeyishmoqda. Marmar aralashtirib ishlov berilgan polda, xo‘randalarning oyog‘i ostida yuzi shishinqiragan, soqol-mo‘ylovi o‘siq isqirt nogiron ko‘rindi. Ikki oyog‘ining sonidan pasti yo‘q. U zoldir g‘ildirakli pastak qo‘lbola aravachaga o‘tirib olgan. Bir qo‘lida pachoqlangan alyumin krujka, ikkinchi qo‘lida somsa. Hech kimga e’tibor bermasdan yutoqib kavshanmoqda. Har zamonda krujkasidan choy ho‘plab qo‘yadi. “Urushda nogiron bo‘lganmikin? – o‘yladi Tolibjon. – Ko‘zlari qizargan, saharlab ichib olganmi? O‘zicha nimalarnidir g‘o‘ldirayapti. Ammo uni hech kim eshitmaydi. Atrofdagilar jirkanib, uzoqroq turishga harakat qilishadi”.
Tolibjon nogironga biroz qarab turdi-da, keskin burilib, g‘ala-g‘ovur zaldan shoshilib chiqib ketdi. Sudralib yurgan nogironning ayanchli ko‘rinishi kayfiyatini buzdi. Qahvaxonadan uzoqlashgan sari o‘sha to‘rtta zoldir g‘ildirakli aravacha, ikki oyog‘i kesilgan nogiron ko‘z oldiga kelaverdi. Tanasida sovuq titroq turdi. Yuragi dukillab tez ura boshladi. Tashqariga chiqib, toza havodan chuqur-chuqur nafas oldi. Avtomat quygichdan muzdek suv ichdi. U ochilishini kutayotgan do‘kon vokzalning qarshi tarafida edi. Bu harbiylar univermagi bo‘lib, kattagina foto anjomlar bo‘limi borligini bilardi. Bilim yurtida o‘qiyotganida bir necha marta kelgan. Noxush xayollardan chalg‘ish uchun o‘sha tomonga yurdi. Univermagga yetay deganida qirmizi rang qo‘sh tavaqali bahaybat eshik ochildi. U savdo zaliga birinchi bo‘lib kirdi. O‘ziga ajabsinib tikilgan sotuvchi qizga e’tibor bermay, fotografiya bo‘limiga o‘tib ketdi. Bo‘limning oynavand peshtaxtalari ming xil foto asbob-anjomlari-yu, kimyoviy dorilarga to‘la edi. Tolibjon peshtaxtadan ko‘zini uzolmay qoldi. Shu payt oldiga o‘rta yosh, do‘ppi kiygan qotma sotuvchi keldi. Tolibjon salom berdi. Daf’atan nima deyarini bilmay, xayoliga kelgan savol bilan murojaat qildi:
– Aka, fotoplastinkaning muddati o‘tmaganmi?
– Okosi, bizda eskirgan tovar bo‘miydi, – dedi sotuvchi.
Tolibjon xijolat bo‘ldi. Shoshib o‘ziga kerakli kimyoviy dorilarni ayta boshladi. Hammasidan bor ekan. Puli yetganicha fotoplastinka, fotoqog‘oz, kimyoviy dorilardan sotib oldi.
Yana vokzalga qaytib keldi. Bir soatcha o‘rindiqlar qo‘yilgan maydonchada dam olib o‘tirdi. Shundan keyin shahar atrofiga qatnaydigan poyezdga chiqdi.

4

Tolibjon o‘sha kuni shahardan qaytganida ruhida yoqimli bir yengillik his etdi. Orzu-umidlari mustajob bo‘lganini yagona hamrozi – oyisiga tezroq aytgisi kelardi. Muslima opa oshxonada kechki ovqatga unnayotgan ekan, o‘g‘lini odatdagidek beozor jilmayib qarshi oldi:
– Keldingmi, bolam?
– Oyi! – Tolibjon yelkasiga osib olgan yukxaltasiga ishora qildi. – Hammasini olib keldim!
Tolibjonning ko‘zlari quvonchdan porlab, yo‘lda charchaganiga qaramasdan jilmayib turardi. Muslima opa o‘g‘lini ko‘pdan buyon bunday holatda ko‘rmagandi.
– Ishing bitdimi, axiyri? – dedi qo‘lidagi kapgirni qozonga qo‘yib.
– Bitdi, oyi, ertaga sizni suratga tushiraman. Endi fotoplastinkalarim bor.
– Rahmat, bolam.
Tolibjon orzular qanotida parvoz qilardi go‘yo, botiniy hayajoni bosilay demasdi. Hozir, shu damda ish boshlamoqchidek, shoshilib xonasiga kirdi. Fotoplastinka, fotoqog‘oz, kimyoviy dorilarni o‘zi yasagan tokchalarga taxladi. Xayolan ertangi kun rejasini tuza boshladi. Muslima opa “ovqatingni yeb ol, bolam”, deb chaqirmagunicha xonasidan chiqmadi.
Qorong‘i tushganda oyisining hay-haylashiga qaramasdan yana ichkariga kirib ketdi. Bir nechta fotoplastinkani kassetalarga joylab, kamerani ishga tayyorladi. So‘ngra charchoq yengib, erta o‘ringa yotdi.
Tongda derazadan tushgan oftob nurlari uning bug‘doyrang yuzi, tim qora qalin qoshlarini siypalab uyg‘otdi. O‘rnidan turib, tunda yechgan yog‘och oyog‘ining qayishlarini mahkam tortib bog‘ladi. Derazaga yaqin kelib, hovliga qaradi; qo‘lida supurgi bilan onasi kuymanib yurardi. Yoz tongi serishva bo‘ladi. Quyoshning oltinrang nurlari hovli o‘rtasidagi bir tup o‘rik yaproqlarini erkalamoqda. Molxonadan sigirning cho‘ziq nolasi, unga javoban buzoqchaning surnay ovozidek zorlanishi eshitildi. Tolibjon kiyinib, tashqariga chiqdi. O‘rik ostidagi qumg‘ondan suv quyib, tik turganicha tez-tez yuvindi.
– Oyi, surat olishga boramiz, – dedi artinayotib.
– Qayoqqa? – Muslima opa ajablandi.
– Daryo bo‘yiga. Sizni o‘sha yerda suratga tushiraman.
Muslima opa to‘xtab, qo‘lidagi supurgini yerga qo‘ydi. U yakka-yolg‘iz o‘g‘lining ko‘ngliga qarardi. Ayniqsa, Tolibjon bir oyog‘idan ajralganidan keyin “yo‘q” degan so‘zni butunlay unutdi.
– Xo‘p, bolam, choyingni ichib olmaysanmi?
– Keyin ichaman. Saharda yoki kun og‘ayotganda yorug‘lik yonboshda bo‘ladi, shunday paytlarda suratga tushirsam yaxshi chiqadi.
O‘g‘lining aqlli gaplari onasiga yoqdi:
– Shoshma, men kiyinib chiqay, – dedi.
Tolibjon xonasiga kirib, fotoapparat bilan shtativini oldi. Hovliga chiqqanida onasi tayyor bo‘lib uni kutib turardi. Egnida moviy gulli, to‘y-ma’rakalarga kiyadigan ko‘ylagi, boshida yangi durra.
– Oyi, shu ko‘ylagingiz juda yarashadi.
Muslima opa o‘g‘lining gapiga jilmayib, darvoza tomonga odimladi:
– Yur, o‘g‘lim, borsak boraqolaylik.
Ular ko‘chaga chiqib, zarhal barkashdek falakka ko‘tarilayotgan quyoshga peshvoz yurishdi. Daryo uylariga yaqin edi. Birozdan keyin kumushrang tasma misoli tovlanayotgan suv ko‘rindi. Uzoqda daryoni kesib o‘tgan temir yo‘l ko‘prigining metall konstruktsiyalari ko‘zga tashlanadi. Sohilga yetib kelganlarida daryodan esayotgan shabada Tolibjonning sochlarini to‘zg‘itib o‘ynay boshladi. Unga qarab Muslima opaning mehri tovlanib ketdi.
– Bolaligingda seni shu yerga olib kelardik, – dedi daryoga o‘ychan qarab.
– Bilaman, oyi, meni dadam ko‘tarib olardilar.
– Esingdami?
– Esimda, – dedi shtativga fotoapparatini mahkamlayotgan Tolibjon.
U nafaqa kutib o‘tkazgan bir oy vaqt davomida bu mashg‘ulotni qayta-qayta tak­rorlayverib, usta suratchilardek ishlashni o‘rganib olgandi. Bir zumda “Fotokor” surat olishga tayyor bo‘ldi.
– Quyosh sizni yoritishi kerak. Oyi, bu yerda turing! – dedi Tolibjon suvga yaqinroq joyni ko‘rsatib. – Shunday… Mana endi daryo ham ko‘rinadi. O‘ziyam zo‘r surat chiqadi-da!
– Noqulay bo‘lyapti, o‘g‘lim…
– Oyi, suratga tushishdan qo‘rqyapsizmi? – Tolibjon kuldi. – Yo‘q, ozgina yonboshlab turing… Bo‘lmadi! Oyi, yaxshisi, qo‘lingizni peshonangizga soyabon qilib, daryoga qarang. Ha, mana shunday! Endi boshingizni ozgina ko‘taring!
Tolibjon mashg‘ulotiga shunchalar berilib ketgandiki, onasi keyingi paytda injiq, xayolchan bo‘lib qolgan o‘g‘lini hozir taniyolmay qoldi. U qora movut ostiga boshini suqib, ob’ektivni ravshanlikka sozladi. Kameraga fotoplastinkali kasseta o‘rnatib, qopqog‘ini ko‘tardi. Tepki tasmasini bosayotganida hayajondan yuzlari qizarib ketgandi.
– Bo‘ldi, oyi, – dedi Tolibjon ehtiyotkorlik bilan kasseta qopqog‘ini yoparkan.
– Oson ekan-ku! – Muslima opa ajablandi. – Ko‘rsat-chi, qanday tushibman?
Shtativni yig‘ishtirayotgan Tolibjon ishidan to‘xtab, oyisiga qaradi. Onasining nimani so‘rayotganini tushunib, kuldi. Muslima opa hamon unga jiddiy tikilib turardi.
– Oyi, hozir faqat suratga tushirdim. Endi negativni ochirish, quritish kerak. Shundan keyin surat ishlayman. Yuring, uyga qaytamiz.
Hovlilariga kirib kelishganda kun yoyilib qolgandi. Oyisi uyga kirib ko‘ylagini almashtirib chiqdi. Hamon hovlida kalovlanib turgan o‘g‘liga bir qarab qo‘ydi-da, oshxonaga borib tandirga o‘t qalay boshladi. Tolibjon fotoapparati bilan shtativni xonasiga olib kirdi. U fotoapparatida birinchi marta surat olgani uchun bezovta edi. O‘zini bosib olmoqchi bo‘lib, hovliga qaytib chiqdi. Atrofni maqsadsiz bir-ikki aylandi. Bostirma ostidagi eski etikka ko‘zi tushib, otasini esladi. Otasi o‘zi ishlaydigan geologiya-qidiruv idorasidan qayerga yuborishsa, o‘n besh-yigirma kun, ba’zan oylab o‘sha yerda qoladi. “Dadam uyda bo‘lganlarida suratga tushirardim, – deya o‘yladi. – Mayli, fotoplastinkalar yetarli, hali dadamniyam suratga olaman!”
– O‘g‘lim, choyingni ichib ol, sen yaxshi ko‘radigan patir non yopdim.
Muslima opaning ovozi uni o‘ziga keltirdi. Qo‘lini yuvib, ayvondagi xontaxta yoniga kelib o‘tirdi. Oyisi oldiga qo‘ygan issiq patirni sindirib “uf-uf”lab tez-tez yeya boshladi.
– Shoshilmay ye, o‘g‘lim, – dedi Muslima opa.
– Shoshmasam bo‘lmaydi, oyi. Hozir suratingizni ishlayman!
– Mayli, ishlarsan hali.
– Oyi, men to‘ydim.
Tolibjon o‘ziga fotiha qilib, o‘rnidan turdi. Muslima opa “choyingni ich”, deganicha qoldi.
U derazasiga qavat-qavat qora mato tutib qorong‘ilashtirilgan xonasiga kirdi. Eshikni ochiq qoldirib, qo‘ng‘ir rangli idishchalarga kerakli eritmalarni quydi. Shundan keyin eshikni yopdi. Xona qop-qorong‘i edi. Paypaslab o‘zi stol ustiga qo‘ygan kassetani topdi. Derazaga orqasini o‘girib, kasseta qopqog‘ini ochdi. Undan shisha plastinkani avaylab olib, ochirgich eritmaga botirdi. Qorong‘ida ko‘rinadigan fosforli soati yo‘q edi. Vaqtni belgilash uchun pichirlab sanay boshladi. Juda uzoq sanagandek tuyuldi. Aslida bor-yo‘g‘i ikki daqiqa vaqt o‘tgandi. Fotoplastinkani toza suvda chayqab, qotirgich eritmaga botirdi.
Tolibjon eshikni ming xil o‘yda ochdi: “Negativ chiqdimikan? Xatoga yo‘l qo‘ymadimmi? Oyimning oldilarida uyalib qolmasam bo‘ldi-da. Maqtanaveribman, maqtanaveribman… Lekin hammasini to‘g‘ri qildim”.
U ishtiboh bilan negativ fotoplastinkani eshikdan tushgan yoruqqa tutdi: “Voajab! Mana onasi, orqada daryo! Hammasi tiniq! Axir bu o‘zining fotoapparatida olgan birinchi surati! Bunday sifatli negativni fotoqog‘ozga tushirsa bo‘ladi”.
Tolibjon shisha fotoplastinkani toza suvda qayta-qayta chaydi. Quritish uchun tik qilib qo‘ydi-da, hovliga chiqdi.
– Oyi! – u quvonganidan baqirib yubordi.
Oldiga hovliqqanicha Muslima opa keldi:
– Nima bo‘ldi, bolam?!
– Oyi! Suratingiz chiqadi! Zo‘r chiqadi! Hozir, negativ qurisin…
– Voy bolam-a, yuragimni yorib yubording-ku? Oyog‘ing…
Onasi “oyog‘ingga bir narsa bo‘ldimi”, demoqchi edi. Labini tishlab, qolganini aytmadi. O‘g‘liga xavotir bilan qaradi.
– Oyi, birinchi marta suratingizni ishlayapman, – dedi Tolibjon xijolat bo‘lib. – O‘zimni fotoapparatimda olganman axir! Ichimga sig‘may ketyapman-da!
– Menga sen xursand bo‘lsang kifoya.
– Suratchilik juda qiziq, oyi.
U oqsoqlanib yana xonasiga kirib ketdi. O‘zi jihozlagan oddiygina fotolaboratoriyasidagi kerosinli chiroqni yoqdi. Xona yorishdi. Negativni yoruqqa tutib, yana bir marta ko‘zdan kechirdi. Ochirgich eritmani fotoqog‘ozniki bilan almashtirdi. Ikkinchi chiroqni yoqib, qizil shishali qutichaga joyladi. Bu surat ishlayotganda yoqib qo‘yiladigan “xavfsiz” yoritqich vazifasini o‘tardi. Avvalgi chiroqni o‘zi yasagan qo‘lbola surat ishlash dastgohiga joyladi. Shisha negativni yuqori tirqishga o‘rnatdi. Avval bir parcha fotoqog‘ozga namuna olish kerak edi. Bunga Tolibjonning sabri chidamadi. Bir yo‘la negativ kattaligidagi fotoqog‘ozni qo‘yib, beshgacha sanadi. Fotoqog‘ozni darhol ochirgich eritmaga tashlab, biroz chayqatib turdi.
Qizil chiroqning xira yorug‘ida tasvir paydo bo‘la boshladi. Tolibjonning yuragi qinidan chiqib ketayozdi! Tasvir me’yoriga yetganda toza suvda chayqab, qotirgich eritmaga botirdi.
U onasining oldiga qo‘lidagi hali nam surat bilan chiqdi.
– Qarang, oyi, bu siz! Judayam chiroylisiz!
Muslima opa o‘g‘lining oldiga kelib, o‘zining suratiga tikildi:
– Seni ko‘zingga shunday ko‘rinaman-da… Shaharda suratchilikni yaxshi o‘rganibsan.
– Bilim yurtimizda hamma sharoit bor edi.
Onasining beixtiyor aytgan gapi bilim yurtini eslatdi. Tolibjon o‘rtoqlarini sog‘ingandi. Lekin buni tan olgisi kelmadi: “yangi hayotimga ko‘nikishim kerak”, – deya takrorladi o‘zicha.
– Oyi, men yana surat ishlayman, – dedi-da, xonasiga kirib ketdi.
Muslima opaning suratidan yana uch nusxa tayyorladi. Surat jonli chiqqandi. Shu damda uni kattalashtira olmaganiga achinib ketdi. O‘zi yasagan dastgohda faqat negativ yuzasiga moslab “9x12” surat ishlay olardi. Kattalashtirish uchun fotoyiriklashtirgichi yo‘q. Bo‘lganda ham foydalanolmaydi. Chunki fotoyiriklashtirgich elektr chirog‘ida ishlaydi.
Shu kuni kechgacha qo‘lbola fotolaboratoriyasida mayda-chuyda ishlar bilan shug‘ullandi. Ertasiga butun qishloq Tolibjonning surat ishlaganini eshitdi. “Bir ko‘ray”, deb keluvchilar ko‘paydi. Nogiron yigitchaga achinayotganlar endi havas bilan qarashardi. “Shaharda bekor yurmagan ekan”, deyishdi qo‘shni ayollar. Ular ham suratga tushishni xohlab qolishdi.
– Tolibjon, meniyam xuddi oyingga o‘xshatib daryo bo‘yida suratga tushir, – dedi Hidoyat opoqi degan qo‘shnilari.
– Oyimning suratlari yoqdimi? – Tolibjon o‘smoqchilab so‘radi.
– Yoqmay o‘libdimi, bolam, – kuldi Hidoyat opoqi. – Kattaroq qilolasanmi?
– Keyinchalik buning ham ilojini topaman.
– Baraka top! Qo‘ling dard ko‘rmasin.
– Faqat bizda elektr yo‘q-da.
– Voy, amaking aytdilar, kelasi yili butun qishloqqa simyog‘och tortisharmish.
– Unda ishimiz yurishadi, opoqi.
Tolibjonning nomi “suratchi” bo‘lib qoldi. Qishloqda “Suratga tushir”, deguvchilar ko‘paydi. Ba’zan kun bo‘yi qo‘li ishdan bo‘shamasdi. Tuman markazidagi o‘ris suratchiga qatnab, hujjatga surat tushirishniyam o‘rganib oldi. Kimdir pasport uchun, yana birov oilaviy suratga tushishni xohlaydi. U hech kimga yo‘q demasdi. Ko‘pincha yarim tungacha qorong‘i xonasida surat ishlaydi. Mijozlari qo‘yarda-qo‘ymay “qo‘l haqi”ni berib keta boshlashdi. “Shaharda o‘qiyman, deb bir oyog‘idan ajraldi, haqini bermaslik uyat, – deyishardi bir-birlariga. – Axir u ham qog‘ozini pulga sotib oladi”.
Negativ plastinkalar tugay deb qolgandi. Tolibjon surat uchun berilgan pullarni faner qutichaga yig‘ib qo‘yardi. Hisoblab ko‘rsa, xarajatlariga bemalol yetarkan. Bu safar nafaqasini kutmasdan, qutichada yig‘ilgan pul bilan shaharga jo‘nadi.

5

Tolibjon uchun avvaliga ermak bo‘lgan suratchilik asta-sekin hayotining bir bo‘lagiga aylandi. Kunlarini foto anjomlarisiz tasavvur qilolmasdi. Ammo qishloqlarida elektr yo‘q. Kerosinli chiroq bilan esa sifatli surat ishlash mushkul. “Elektrli joyga borishim kerak”, degan fikr tinchlik bermay qo‘ydi. Avvaliga bu rejasi amalga oshmaydigandek tuyulgandi. Biroq o‘tirsa ham, tursa ham yakkash shu haqda o‘ylayverdi. Nihoyat qat’iy qarorga keldi: daryo ortidagi shahar-qishloqlar elektrlashtirilgan, o‘sha yoqqa boradi!
Fikrini ming istihola bilan oyisiga aytdi. Muslima opa avvaliga qo‘rqib ketdi. Tolibjon qayta-qayta tushuntirganidan keyin o‘ylanib qoldi.
– Qanday bo‘larkin, bolam? – dedi ikkilanib. – Ko‘chishimizga otang nima deydi?
– Oyi, ko‘chmaymiz, o‘zim boraveraman! Shaharda yashaganman-ku?
Yoz faslining jazirama chillasi edi. Tolibjon yengi kalta oq ko‘ylakda, boshida do‘ppi, bug‘doyrang chehrasiga jilmayib turishi juda-juda yarashardi. Muslima opa o‘g‘lining saxt-sumbatiga qarab mehri tovlandi. Xudodan so‘rab olgan yolg‘izining o‘sha fojiada omon qolganiga ming bora shukr qildi. “Mana, o‘zi urinib oyoqqa turyapti, hunarli ham bo‘lib oldi. Lekin nima qilsin, bu nogironlik o‘g‘lini injiq qilib qo‘ydi. Uyini, ota-onasini tashlab qayoqqa boradi? Odamlar nima deyishadi? Noshukr o‘g‘il, deb unga ta’na qilishmaydimi? Balki, yolg‘iz o‘g‘lini uyga sig‘dirmadi, ham deyishar? Xah, odamlar-a! O‘rnimga o‘zlarini qo‘yib ko‘rishsaydi. Tolibjonim endi oddiy qishloq bolasimas-da, ko‘nglidagini qilmasa siqiladi. Ichkilikka o‘rganib ketsa-ya… Xudo saqlasin, Xudo saqlasin! Tolibjon undaymas… Mayli, ko‘nglidagini qilsin. Yomon ishga qo‘l urmayapti-ku axir!”

* * *

Ona-bola ikki-uch kun Tolibjonning vaqtinchalik biror joyga ko‘chib borishini muhokama qilishdi. Muslima opa eri tog‘u toshlaridan qaytgan kuni masalani yotig‘i bilan tushuntirdi. U darrov rozi bo‘lmadi. O‘g‘lini yoniga chaqirib, nasihat qildi:
– Senga nima yetishmayapti, bolam, – dedi bosiqlik bilan. – Qishloqda binoyidek tirikchiligimiz o‘tyapti-ku. Men geologlar bilan uzoqlarda yursam, onang yolg‘iz qolsa maylimi?
– Dada, bu yerda suratchilik qilolmayman, – bo‘sh kelmadi Tolibjon. – Hali ishimni puxta o‘rganganim yo‘q. Qishloqqa elektr kelishini kutib o‘tiraversam bo‘lmaydi. Oyimdan tez-tez xabar olib turaman. Ketmon chopish qo‘limdan kelmasa nima qilay?
Tabiatan bosiq fe’lli otasi indamadi. O‘g‘lining alam bilan aytgan oxirgi gapi o‘ylantirib qo‘ydi. To‘g‘ri, endi u ketmonchilikka yaramaydi, nima qilsin?
Tolibjon otasining jim bo‘lganidan vaziyat yumshaganini payqadi. Keyingi safar shaharga borganida muammoni ko‘ndalangiga hal qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Turli rejalar tuzishga kirishdi. O‘ylayverib, tunlari uyqusi qochib ketardi. Tushida “Zartopgan” bekatini ko‘rdi. Poyezddan tushmoqchi bo‘lib, otilib tanburga chiqqanmish. Lekin poyezd yurib ketib, tushishga ulgurmabdi…
Shu kundan xayoliga qo‘rg‘oshindek o‘rnashgan Zartopgan bekatini unutolmadi. Keyingi safar shaharga borayotib Zartopganda poyezddan tushib qolishni o‘yladi.
Bu uzoqqa cho‘zilmadi. Tez orada yana fotoqog‘oz, eritmalari tugadi. Shu kunning ertasi tonggi poyezd bilan shaharga jo‘nadi. Bu safar ikkilanmasdan Zartopganda poyezddan tushdi. “Zartopganni tomosha qilib ko‘raman, keyin shaharga boraveraman”, deb o‘yladi.
Vagonga yopirilgan izdihomni yorib o‘tib, qizil g‘ishtli bino qarshisidan chiqdi. Har o‘tganida ko‘raverib tanish bo‘lib qolgan bekatga havas bilan tikildi. Quyosh bino peshtoqidagi “ZARTOPGAN” yozuvini nurlantirib turardi. Kirish eshigining ikki tarafidagi yog‘och xarraklarda uch-to‘rtta bekorchi yigitlar poyezddan tushib-chiqayotganlarni tomosha qilib o‘tirishibdi. Pastlikdagi temiryo‘lchilar do‘konidan qog‘ozga o‘ralgan xaridini ko‘ksiga bosib, lo‘mbillagan ikki ayol chiqdi. Ular bir-birlariga navbat bermasdan shang‘illab gapira-gapira, bekat ortidagi jamoa uylariga kirib ketishdi.
Tolibjon tik turib atrofni tomosha qila boshladi. Teplovoz bir marta uzun pishqirib, asta joyidan jildi. Tez orada bekat maydonida odamlar oqimi tindi. U yo‘lovchilarga ergashib shaharchaga olib kiradigan yo‘lkaga tushib oldi. Chapdagi maydonda eski, tumshug‘i pachoq oq “Zaporojets” mashinasi ko‘rindi. Ozg‘in, uzun bo‘yli, ingichka mo‘ylov qo‘ygan yigit mashina kapotiga suyanib turibdi. U oqsoqlanib kelayotgan Tolibjonga tikilib turdi-da, “chirt” etib yonboshiga tupurdi.
– O-ov, oborib qo‘yaymi? – dedi dag‘dag‘aga o‘xshagan qo‘pol ovozda.
– Yo‘q, aka, o‘zim!
Tolibjon avtohalokatdan keyin yengil mashinaga minmay qo‘ygandi. O‘sha qahraton qishdagi dahshatli hodisa sira-sira xayolidan ketmadi. Ba’zan tushida ham muzlamada chirpirak bo‘lib aylanayotgan mashinada o‘tirgandek bo‘lar, shunday paytlarda nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, o‘rnidan turib ketardi.
– Qo‘shmat, o‘tir, ketdik, kliyent yo‘q, – degan ovoz eshitildi mashina kabinasidan.
Yurib borayotgan Tolibjon beixtiyor ovoz kelgan tomonga qaradi. Mashina oynasidan Qo‘shmatnikiga o‘xshagan ingichka mo‘ylovli, oliftanamo yigit boshini chiqarib turardi.
– Bo‘pti, ketamiz, – dedi Qo‘shmat yana “chirt” etkazib tupurarkan.
“Qo‘pol”, deb qo‘ydi Tolibjon o‘zicha. Oq “Zaporojets” shundoqqina yonboshidan yo‘lni changitib o‘tib ketdi. Biroz narida tezligini kamaytirdi-da, qattiq “signal” berib qo‘ydi.
Tolibjon qayoqqa borishini aniq bilmasdi. Tavakkal qilib odamlarning ortidan ketaverdi. Yo‘lka tor ko‘chaga olib chiqdi. Ko‘chaning chap tarafi kichikkina bozor ekan. Bir nechta rastalardan iborat bu bozorcha devor bilan o‘ralmagandi. Rastalarning tomiga tunuka qoplangan. Ko‘chaga qaragan peshtaxtalarda olma-uzumdan tortib, bodring, pamildorigacha bor. Bozorni yakkam-dukkam xaridorlar aylanib yurishibdi. U ham qiziqsinib o‘sha tomonga yurdi.
Asat oyining tongi tarovatli edi. Toza havoni simirib to‘ymaysan kishi. Peshtaxtadagi uyim-uyim tillarang-qirmizi olmalarning hidi dimog‘ni yoradi. Beixtiyor olma sotayotgan qizga ko‘zi tushib, uning oldiga keldi. Qizning yuzi sutga chayilgandek oppoq, nimtabassum jilva qilib turgan lablari atirgul g‘unchasidek nimochiq. O‘ziga yarashgan kulgichlari atirgul yaprog‘ini eslatadi. Qiz shu turishida juda-juda go‘zal edi, xuddi ertakdagi malikalarga o‘xshardi. Tolibjon to‘xtab, haykaldek qotib qoldi. Qiz o‘ziga tikilib turgan yigitni payqagandi.
– Olmalar shirinmi? – dedi Tolibjon.
– Shirin, – jilmaydi qiz.
– Maylimi? – Tolibjon bitta olmaga qo‘lini uzatdi.
– Bemalol, tatib ko‘ring, – yana jilmaydi qiz.
Tolibjon xushbo‘y hidli olmani tishladi. Sersuv olma nihoyatda xushta’m edi. U hamon qizdan ko‘zini uzmasdi. Shu asnoda nigohlar uchrashdi. Qizning ko‘zlarida hayrat bor edi. U yelkasiga yukxalta osib olgan g‘alati yigitga ajablanib qarab turardi. Tolibjon cho‘ntagidan pul olib uzatdi.
– Kerakmas, – dedi qiz shoshib.
– Nega?
– Mazasini ko‘rganingizga pul olmaymiz. Bizda shunday. Bu yerlik emasmisiz?
– Yo‘q. Lekin… shaharcha yoqsa, ko‘chib kelaman.
– Unda aylanib ko‘ring, albatta yoqadi.
– Shunday deb o‘ylaysizmi?
– Ha-da! Bizning odamlar xushfe’l. Bog‘larimizning olmasi shirin.
– Mayli, bugun Zartopganni aylanaman.
Tolibjon bir yerda uzoq turib qolgandi. Oyog‘iga og‘irlik tushdi. Qizning ma’noli ko‘zlariga bir qur nazar tashladi-da:
– Rahmat, – dedi qo‘lidagi olmaga ishora qilib. – O‘zicha “Bu qiz meni nazariga ilarmidi, – deya o‘yladi. – Nogiron bo‘lsam…”
U bozorchadan katta ko‘cha tomonga qarab ketdi. Ko‘chadan mashina, avtobuslar g‘iz-g‘iz o‘tayotgani ko‘rinib turardi. Bozordan boshlangan tor yo‘l katta ko‘chani kesib o‘tib, chorraha hosil qilgan. Atrofda do‘kon, oshxona, yana allaqanday idoralarning binolari bor. Tolibjon chorraha shaharcha markazi ekanligini taxmin qildi. Bu yerlarni yaxshilab ko‘rib olmoqchi bo‘lib o‘ngdagi daraxtlar soya tashlagan yo‘lkaga burildi. Sadaqayrag‘och ostidagi xarrakda jigarrang-qo‘ng‘ir sochli, dumaloq yuzi qizg‘ish-sariqqa moyil, taxminan o‘ziga tengdosh yigit o‘tiribdi. U nimanidir eslab qolmoqchidek ko‘chadan o‘tayotgan mashinalarga diqqat bilan tikiladi. Yo‘lning narigi betidagi devorga bosma harflarda “Uy sotiladi” deb yozib qo‘yilgan. Tolibjon bularning hammasini bir-bir kuzatdi-da, tavakkal qilib xarrakda o‘tirgan yigit tomonga yurdi.
– Assalomu alaykum, – dedi yigitning oldiga kelganida.
– Vaalaykum assalom, yaxshimisiz? – u o‘rnidan turib, so‘rashish uchun qo‘lini uzatdi. – Keling, do‘stim, mehmonga o‘xshaysiz?
– Qanday bildingiz?
– Bu yerliklarni yaxshi taniyman-da.
– To‘g‘ri, Zartopganga birinchi kelishim.
– O‘tiring-o‘tiring! Kimnikiga keldingiz?
Tolibjon o‘ng‘aysizlandi. Qarshisidagi yangi tanishi buni sezdi.
– Men shu yerdagi, Zartopgandagi texnikumni tugatyapman, – shoshib gapirdi u, – qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash bo‘yicha.
– Qoyil! – Tolibjon yigitga havas bilan qaradi.
– Diplom amaliyotini o‘tash uchun Mirzacho‘lga jo‘nashim kerak. Manovi, “Uy sotiladi”, deb yozilgan hovli o‘qituvchimizniki. Kaliti menda edi, shuni berib ketay, deb kutyapman.
Tolibjon bu yigit bilan gapi kelishib qolganiga suyundi. Botinib, ilinj bilan ko‘nglidagini aytdi:
– Ijaraga qo‘ymaydimi?
– Iy-e, ijarada turmoqchimisiz?
– Ha.
– Qo‘yadi, ijaraga. Nega qo‘ymasin? O‘zi, shu uyni olaman, degan ham chiqmayapti. Odamsiz uy… vayrona bo‘lib ketadi.
– Unda gaplashib bering?
– Meni bir taklifim bor?
– Qanday? – ajablandi Tolibjon.
– Yoshingiz nechada?
– Yigirmaga chiqyapman.
– Deyarli tengdosh ekanmiz. Sensirab gaplashaveraylik?
– Mayli, ismim Tolibjon, suratchiman.
Tolibjon “suratchiman”, dedi-yu, g‘alati bo‘lib qoldi. Lekin gapdon yigit buni sezmadi. Suyunib ketdi:
– Suratchimisiz?! Yo‘g‘-e… Suratchimisan, do‘stim? Zo‘r-ku! Bizda suratchi yo‘q. Toshkentdan kelib tushirib ketishadi. Bo‘ldi! Muallim bilan uyni gaplashib beraman.
– Rahmat, og‘ayni.
– Men Serverman, – u qo‘lini uzatdi. – Asli, biz ham bu yerlik emasmiz. Urushning oxirrog‘ida, qirq to‘rtinchi yilning bahorida kelganmiz. Men qrim tatarlardanman. Zartopganda ko‘pchilikmiz… Ana, muallim kelib qoldilar! Keyin senga hammasini aytib beraman.
Tolibjon Server ko‘rsatgan tomonga qaradi. Kunning tig‘ida baland bo‘yli, gavdasi yo‘g‘on, ochiq chehra, tepakal odam ko‘rindi. Yengi kalta, qizil katak ko‘ylak kiygan. U qo‘lini peshonasiga qo‘yib tez-tez yurib kelardi.
– Server, kutib qoldingmi? – dedi yetib kelganda samimiy jilmayib. Bu odam har bitta so‘zni chertib-chertib, dona-dona qilib gapirardi.
– Hechqisi yo‘q, Nikolay Semyonovich, – Server o‘rnidan turdi. – Shunday ham bugun bekorman, shaharchamizni tomosha qilib o‘tiribman. Mirzacho‘lga borsam sog‘inaman.
– To‘g‘ri aytasan, Ukrainaga ko‘chsak, men ham qo‘msayman. Sezib turibman, aniq shunday bo‘ladi! Zartopganning odamlariga judayam o‘rganib qolganmanda. Yoningdagi do‘stimiz kim?
– Bu Tolibjon, – dedi Server. – Suratchi ekan. Ijaraga uy izlayapti. Balki, uyingiz sotilguncha qo‘yib turarsiz? Har holda, odamsiz bo‘lmaydi… Men ham ketyapman?
Server Nikolay Semyonovich bilan bemalol rus tilida so‘zlashardi. Tolibjon ularning bir-birlariga yaqin, ishonchli odam ekanliklarini darhol tushundi. Ayni damda shu insonlarga duch kelganini Ollohning inoyati deb bildi.
– Suratchimisiz, yigitcha? – Nikolay Semyonovich Tolibjonga sof o‘zbek tilida murojaat qildi.
– Ha.
– Men ham fotografiyaga qiziqaman. Fotoyiriklashtirgich, yana boshqa asbob-anjomlarim bor… Mayli, uyimda turaqoling… sotilguncha.
Tolibjon Zartopganga birinchi kelishidayoq ishining bu qadar o‘ngidan kelishini sira kutmagandi. Shuning uchun xuddi xazina topib olgandek suyunib ketdi. Qishloqda tuzgan rejalari ba’zan o‘ziga ham xomxayoldek tuyulgandi. Ajab, poyezddan tushiboq zartopganlik bo‘lib qolay deyapti.
– Server, darvozani och, bu yigitga uyni ko‘rsatamiz, – dedi Nikolay Semyonovich.
– Men hozir qololmayman, – Tolibjon shoshib gapirdi, – qishloqqa borib kelaman.
– Mayli, istagan paytingda ko‘chib kelasan, – Server gapga aralashdi. – Kalitni Qobiljon amakida qoldiramiz. – U Nikolay Semyonovichga “shunday qilsam rozimisiz?”, degan ma’noda qaradi.
– Mayli, imkon bo‘lganda, Qobiljon amaki bilan ham tanishtir, do‘sting yaxshi yigitga o‘xshaydi.
Ular ko‘chani kesib o‘tib, moviy darvoza qarshisiga kelishdi. Server kalitlar shodasidan keraklisini topib, qulfni ochdi. Taxta soyabonli, moviy darvoza g‘iyqillab ochildi. Server o‘zini chetga oldi. Avval Nikolay Semyonovich, uning ortidan Tolibjon bilan Server darvozadan hovliga kirishdi.
Chamasi to‘rt sotixlik tomorqada bir necha tup olma, kiraverishda gilos daraxti, nariroqda sim tortib ko‘tarilgan uzumzor ko‘zga tashlandi. Hovli to‘rida oppoq qilib oqlangan, qutichadek uy. Uchovlon devor chetidagi yo‘lakdan o‘sha tomonga yurishdi.
– Server, och, – dedi Nikolay Semyonovich uyning eshigiga ishora qilib.
O‘zi hovliga suqlanib qarab turardi. Server qo‘lidagi kalitlar shodasidan keraklisini topib, eshikni ocha boshladi. Tolibjon Nikolay Semyonovichning havas bilan termilishidan bu hovli unga juda-juda qadrli ekanini sezdi. “Ketib nima qiladi, – deya o‘yladi, – elektr o‘tkazilgan, toza vodoprovod suvi bor ekan. Maza qilib yashamaydimi?”.
– Ko‘chib ketmasidim, xotinim Anna Grigorevnaning yuragi xasta, – dedi Nikolay Semyonovich Tolibjonning fikrini uqqandek. – Ukrainaga, o‘zining yurtiga borishni xohlayapti. Hozircha Toshkentda, singlisinikida turibmiz, davolanyapti. Yo‘l hozirligini ko‘rib qo‘yganmiz.
Server eshikni ochdi. Ular ichkariga kirishdi. Uy ikki xonali ekan. Kiraverishdagi, deraza pardasi yopilgan xona nimqorong‘i edi. Nikolay Semyonovich elektr chirog‘ini yoqdi. Shiftda porlab turgan lampochkaga qarab Tolibjonning ko‘ngli yorishdi: demak, fotoyiriklashtirgichda surat ishlashi mumkin!
– Bu xonada ovqatlanamiz, mehmonxonamiz ham shu, – tushuntirdi Nikolay Semyonovich. – Yotoqxona ichkarida.
U chap tarafdagi ixcham eshikni ochdi. Hammalari ichkariga kirishdi. Bu xonaning kattaligi ham taxminan birinchi kirgan xonalaridek edi. Tolibjon burchakda turgan kichik stoldagi fotoyiriklashtirgichni ko‘rib qoldi. Boshqa jihozlarga e’tibor bermasdan, o‘sha tomonga yurdi. Fotoyiriklashtirgichning tim qora rangli, yorug‘lik o‘tkazmaydigan tunuka qobig‘iga kaftini qo‘ydi-da, uy egasiga qaradi. Nikolay Semyonovich oqko‘ngillik bilan jilmaydi:
– Aytdim-ku, men ham fotografiyaga qiziqqanman, deb. Bemalol ishlataver.
– Yaxshi bo‘lardi! – dedi Tolibjon quvonchini ichiga sig‘dirolmay. – Men suratchilikni endi boshladim. Qishlog‘imizda elektr yo‘q. Shuning uchun bu yoqqa ko‘chib kelmoqchiman.
Tolibjon bexosdan kulib boqqan omaddan masrur edi. Lekin bu baxtga hali erishgani yo‘q. Ko‘nglida, aynib qolishmasaydi, degan hadik ham yo‘q emasdi. Shuning uchun ichidagini to‘kib soldi. Ellik yoshlardagi zukko muallim ko‘zlari chaqnab turgan bu yosh yigitga allaqachon baho berib qo‘ygandi.
– Oyog‘ingga nima bo‘lgan? – dedi otalarcha mehribonlik bilan.
– Avtomobilda falokat yuz bergan.
– Hozircha mening uyimda turaqol. Keyin bir gap bo‘lar. Xohlasang, ishga kiritib qo‘yaman. Foto to‘garagi tashkil qilasan. Suratga tushirish, ishlashni bilasan-ku, shundaymi?
– Ha, bilim yurtida o‘rganganman.
– Endi shularni o‘quvchilarga o‘rgatsang bo‘ladimi?
– Albatta, bo‘ladi! – Tolibjon sidqidildan ma’qulladi. – Menga ishonsangiz, hammasini eplayman!
– Demak, kelishdik. Server, kalitni istagan paytida Tolibjonga berasan. Yosh texniklar markazining direktori bilan gaplashib qo‘yaman, foto to‘garagi ochib beradi.
– Uyga borib kelishim kerak.
– Yaxshi, borib kelaqol.
– Ijara haqi?..
– Bu haqda o‘ylama. Baribir hozircha uyga xaridor yo‘q. U yoq-bu yoqni tozalab o‘tira olarsan?
– Men tomorqani yumshatib, ekin ham eka olaman! – Tolibjon gapini isbotlamoqchidek qaddini rostladi.
– Yer chopish shart emas… Server, sen qachon Mirzacho‘lga jo‘naysan?
– Hali uch-to‘rt kun shu yerda bo‘laman.
– Unda masala hal, desak ham bo‘ladi. Aslida men kalitni olib ketgani kelgandim. Uni Tolibjonga berib qo‘yaqol.
– Men…
– Ikki-uch kunda ko‘chib kela olarsan?
– Ertagayoq ko‘chib kelaman!
– Yaxshi. Men bu yerda ishlarimni bitirib, shaharga qaytay. Yo‘l-yo‘lakay maktabga kiraman. Yosh texniklar markazi maktabimiz hovlisida joylashgan. Sen direktorga uchrash. Unga o‘zim hammasini tushuntirib qo‘yaman.
– Xo‘p.
Nikolay Semyonovich ketish uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Uni Server bilan Tolibjon ko‘chagacha kuzatib chiqishdi…

Tolibjon shu kuni foto anjomlar uchun Toshkentga bormadi. Zartopganga kelgan birinchi kuniyoq hayot daryosi boshqa o‘zanda oqa boshladi. Server bilan eski qadrdonlardek bo‘lib olishdi. Chorrahaga chiqib, tandir somsa olib kelishdi, birga o‘tirib choy ichishdi. Tushlikdan keyin Server uni poyezdga kuzatib qo‘ydi. Tolibjon shaharga borishni boshqa kunga qoldirib, qishlog‘iga qaytib ketdi.
…Muslima opa o‘g‘lini xavotirlanib kutib o‘tirardi. Darvoza ochilganda shoshib hovliga chiqdi.
– Muncha kechikding, o‘g‘lim!? – dedi Tolibjonning istiqboliga yurarkan.
– Keldim, oyi.
– Yuking qani?
– Shaharga bormadim.
– Unda qayerda eding?
– Zartopganda tushib qoldim. Shaharga yaqin joy, men sizga aytgandim.
– U yerda nima qilding? – Muslima opa o‘g‘liga ajablanib qaradi.
– Uy topdim… Oyi, ertaga ko‘chib boraman. Shaharchada elektr, vodoprovod bor. Ish ham topilay deb qoldi.
– O‘g‘lim! – Muslima opaning ovozi titrab chiqdi. – Axir, bir o‘zing qanday yashaysan? Men-chi? Sensiz nima qilaman!?
Tolibjon oyisining shunday deyishini avvaldan bilgandi. Yo‘l bo‘yi aytadigan gaplarini o‘ylab keldi. Ammo hozir u gaplarning birortasiyam esiga tushmadi.
– Oyi, uzoqqa ketmayapman-ku, – dedi yutinib. – Ishlamasam bo‘lmaydi! Unda yashashning qizig‘i yo‘q!
Bu gapni eshitib, o‘pkasi to‘lib turgan onasi jim bo‘ldi. Tolibjon qizishib ketganini sezdi. “Asabiy bo‘lib qolibman, – deb o‘yladi, o‘zini bosib olishga harakat qildi, – juda qo‘polman”.
Muslima opa qovoq-tumshug‘i osilib ketgan o‘g‘lini quchoqlab oldi:
– Mayli-mayli! Roziman. Faqat xafa bo‘lma! O‘zingni avayla!
– Xo‘p, oyi.
Tolibjon Muslima opa bilan yana bir-ikki og‘iz gaplashib, o‘zining xonasiga kirdi. Devorga oyisining daryo bo‘yida tushgan surati ramkaga solib ilib qo‘yilgandi. Suratga tikilib xayolga cho‘mdi: “Oyisi uni doim tushunadi. Nima desa so‘zsiz bajarishga tayyor. Tolibjon uchun eng aziz, yagona inson – oyisi! Nogironligi, o‘rtoqlaridan boshqacharoqligini hech kim oyisichalik tushunolmaydi! Tolibjon bularning barini yengishga onasining buloq suvidek beadog‘ mehridan quvvat olmayaptimi, axir! Otasi geologlar bilan tog‘u toshlarda yuradi. Oyisi yolg‘iz o‘g‘liga qattiq suyanib qolgan. Endi unga qiyin bo‘ladi. Lekin Tolibjonning ham boshqa iloji yo‘q-da…”
Kechqurun ona-bola Tolibjonning Zartopganga olib ketadigan yuklarini yig‘ish­tirishdi. U bir necha juft kiyim-kechak, “Fotokor” apparati, qolgan fotoplas­tinkalar, kimyoviy eritmalarni o‘zi bilan oldi. Muslima opa unga bir dasta pul tutdi.
– Kerakmas, oyi, ishlagan suratlarimdan, nafaqamdan yig‘ilgan pulim bor, – dedi Tolibjon. – Ijara uyimda hamma narsa yetarli.
– O‘g‘lim, men birga boray? Xavotir olayapman-da, bolajonim, ular qanday odamlar, ko‘zim bilan ko‘ray?
– Oyi, Zartopganda yaxshi odamlar bilan tanishdim. Bilim yurtida o‘qiganimda o‘zim yashaganman-ku? Haliyam ishonmaysiz-a?
– Sen yolg‘iz bolamsan-da.
– O‘zimni eplashim kerak, oyi, endi men ishlayman.
– Mayli…

Tolibjon o‘ringa erta yotdi. Yangi rejalar tuzib, uyquga ketdi…
Saharda hovliga chiqqanida Muslima opa tandirdan patir uzayotgandi. “Oyim uxlolmabdilar, – deya o‘yladi istihola bilan. – Rosa tashvish orttirdim-da”.
– Turdingmi, bolam, yuzingni yuvib kelaqol, – onasining mayin ovozi eshitildi, – issiq patir bilan choy ichasan.
– Xo‘p, hozir.
Tolibjon hovli o‘rtasidagi atrofga eshilib-buralib o‘sgan o‘rik ostiga keldi. Qumg‘ondan muzdek suv quyib, yuvindi. Ayvonga chiqqanida dimog‘iga tandirdan yangi uzilgan patirning yoqimli bo‘yi keldi. Xontaxtaga qizarib pishgan issiq patirlar terib qo‘yilgandi.
– O‘tir, o‘g‘lim, – dedi choynak-piyola ko‘tarib kelayotgan Muslima opa, – choyingni ichib ol. – Patirning hovuri ko‘tarilsin, keyin xaltangga joylab beraman.
– Zartopgandagi ijara uyim bozorga yaqin, nonsiz qolmasdim, qiynalibsiz-da.
– Men nega qiynalay, o‘zimizning uyimizdaman. Bozorda meni patirimga o‘xshagani yo‘q, o‘g‘lim.
– To‘g‘ri, oyi, patiringiz hammanikidan shirin!
Tolibjon onasi sindirgan issiq patirdan bir burda olib, “uf-uf”lab yeya boshladi.
– Haliyam shu odating qolmabdi-da, – onasi jilmaydi. – Bolaligingda shunaqa qilib, “uf-uf”lab yerding.
– Oyi, siz yopgan patrni sog‘inib qolaman.
– Tandir bo‘lsa, borib yopib beraveraman.
– Balki uy ham olarman. O‘shanda tandir quramiz.
Muslima opa o‘g‘liga tikilib qoldi. Tolibjon bu gapiga onasining ajablanganini sezmadi.
– Oyi, duo qiling, vaqt bo‘ldi, – dedi shoshilib.
– Iloyo yo‘ling bexatar bo‘lsin, bolam, – Muslima opa duoga qo‘lini ochdi. – Yaxshilarga yaqin yur, yomonlardan adashtirsin. Omin, Ollohu akbar!
Tolibjon qo‘lini yuziga tortib, o‘rnidan turdi. Yukxaltasini yelkasiga osib, darvoza tomonga yurdi. Muslima opa ko‘chagacha kuzatib chiqdi. Tolibjon onasining ko‘zyosh qilishini kutgandi, unday bo‘lmadi.
– Qiynalsang qaytib kelaqol, – dedi faqat.
– Xo‘p, oyi, – Tolibjon onasini xotirjam qilish uchun rozilik bildirdi.
U shahar atrofiga qatnaydigan poyezdga o‘tirganida ham oyisining munis chehrasi ko‘z oldidan ketmadi. Kecha oyisi haqida o‘ylaganlari yana yodiga tushdi. Hayotda nimaga erishgan bo‘lsa, bari onasi tufayli ekanini o‘sha avtofalokatdan keyin yaxshi tushundi. O‘ylab qarasa, oyisi uning istaklariga hech qachon qarshilik qilmagan ekan. Na o‘qishi, na biror buyum sotib olishiga e’tiroz bildirmadi. Suratchilik bilan shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlagan ham onasi. Mana, Zartopganga ko‘chib borishigayam to‘sqinlik qilayotgani yo‘q. Faqat yolg‘iz qolayotgani yomon. Lekin u tez-tez xabar oladi… Tolibjon xayol bilan bo‘lib poyezd Zartopganga yetganini sezmay qoldi.
Temir yo‘l bekatida vagondan bir nechta yo‘lovchilar tushishdi. Ular asosan yosh-yalang yigit-qizlar edi. Tolibjonga yukxaltasi og‘irlik qildi. Eshik tutqichini ushlab, bir muddat tushishga chog‘lanib turib qoldi. Shu payt pastdan kimdir qo‘lini uzatdi:
– Do‘stim, xaltangni ber, – degan tanish ovoz eshitildi.
Tolibjon pastga qarab, ko‘zlariga ishonolmadi. Perronda qo‘lini cho‘zganicha jilmayib Server turardi.
– Iy-e, qanday topding?! – dedi-yu, suyunib, yukxaltasini uzatdi.
– Yordamlashaymi? – Server yukxaltani yerga qo‘yib, yana qo‘lini cho‘zdi.
– Rahmat, o‘zim tushaman.
Tolibjonning oyog‘i perronga tegar-tegmas teplovoz sakrashga shaylangan toychoqdek uzun bir pishqirib, poyezd joyidan jildi. Ipga tizilgan yashil marjon donalaridek vagonlar shovqin bilan o‘tib ketgunicha gaplashmay turishdi. Bekat birdan suv sepgandek jimjit bo‘lib qoldi. Furajka kiygan navbatchi jezl tayog‘ini o‘ynatib, qizil g‘ishtli bino tomonga yurdi.
– Ketdik, – dedi Server yukxaltani yelkasiga olib.
– O‘zim ko‘tarman, – Tolibjon o‘ng‘aysizlandi.
– Buguncha mehmonsan, izzatingni joyiga qo‘yaylik, keyin o‘zing ko‘taraverasan.
Ular kechagina tanishgan tengdoshlar emas, eski qadrdonlardek gaplasha boshlashgandi. Bundan Tolibjonning ko‘ngli ko‘tarildi. Uydan chiqqanidagi mahzun kayfiyat bir zumda tarqab ketdi. Bozor qarshisidan o‘tayotganlarida meva rastalariga qaradi. Olma sotuvchi qiz ko‘rinmadi…
Chorrahadan o‘ngga yurib, ko‘chani kesib o‘tishdi. Bir tavaqali tanish darvozaga yetganlarida Tolibjonning yuragi orziqdi: u mana shu uyda yashaydi!
Server kalit bilan darvozani ochdi.
– Endi bu uyda sen turasan, marhamat! – dedi.
Tolibjon darvozadan kirdi. Kimsasiz hovli sokin va qarovsiz edi. Tong shabadasi gilos yaproqlarini shitirlatdi. Shapaloqdek-shapaloqdek to‘q yashil tok barg­larini chang qoplabdi. Barglar orasida kechki “kattaqo‘rg‘on” gujumlari ko‘rindi. Hovli to‘ridagi uyning eshigi ochiq edi, Tolibjon ajablanib Serverga qaradi.
– Seni kutib olgani chiqayotganimda ochib qo‘ydim, – tushuntirdi Server. – Uyga toza havo kirib tursin, dedim-da.
– Rahmat.
– Hozir choy qo‘yaman.
Ular oldinma-keyin ichkariga kirishdi. Deraza pardalari ochilgan, xona tozalab, tartibga keltirib qo‘yilgandi. Stolga choynak-piyolalar terilgan. Server elektr plitani yoqdi, alyumin chovgunda suv qo‘ydi. Tolibjon yukxaltasidan ikkita patir oldi.
– Menga qara, do‘stim, bu patir-ku! – Server suyunib ketdi. – Patir nonni yaxshi ko‘raman. Zartopganga kelganimizda, bolaligimda, poyezddan tushgan qrimlar uch kun temir yo‘l yonboshidagi ko‘chada qolib ketishgan. Boshiga savat qo‘yib bozorga ketayotgan bir xola menga patir kulcha berdi. Shunday yutoqib yedimki, haligi patir kulchani! Axir, bir necha kun non yemagandik-da. Mazasi haliyam esimda! Bolalikdagi voqealar xotiraga qo‘rg‘oshindek quyilib qolarkan.
Server o‘rnidan turib, choy damlay boshladi.
– Tolibjon, xafa bo‘lmasang bir narsani so‘ramoqchiman, – dedi dasturxonga kelib o‘tirayotib.
– Bemalol, so‘rayver.
– Oyog‘ingga nima qilgan? Kecha Nikolay Semyonovichga “avtofalokatda bo‘lgan”, deganding?
– Ha, Server, avtofalokatda o‘ng oyog‘imdan ajraldim. O‘shanda shahardagi bilim yurtida o‘qirdim. Qishloqdan kech yo‘lga chiqdim. Qahraton qish, yo‘l muzlama edi. Chorrahada to‘satdan yuk mashinasi chiqib qoldi. Biz mingan “Moskvich” simyog‘ochga urilgan. Oyog‘imni asrab qolishning iloji bo‘lmabdi.
– Kechir, eslash og‘irdir?
– Ko‘nikib ketganman.
– Seni bir ko‘rishdayoq bilganman, aqlli yigitsan. Hali katta ishlar qilasan. Bizga ham oson bo‘lmagan. Og‘ir kunlarimizda yaxshi odamlar yordam berishdi. Xohlasang, o‘sha voqealarni aytib beraman?
– Mayli.
Server piyoladagi choydan bir ho‘plab, iztirobli hikoyasini boshladi:
– Asli, Qora dengiz bo‘yidagi Qrimdanmiz, – Server o‘yga cho‘mib biroz jim qoldi. – Zartopganga urush payti, qirq to‘rtinchi yilda, may oyining oxirlarida olib kelishgan. O‘shanda men olti-etti yoshlardagi bola edim. Esimda, eshigi surilib ochiladigan, ichiga somon to‘shalgan katta qizil vagonda kelganmiz. Vagondan achimsiq, badbo‘y hid kelardi. Bolalar yig‘lagan, xastalar oh-voh qilib yotishardi. To‘qqiz-o‘n kunlik yo‘l azobi, ochlik hammani holdan toydirgan. Bizni temir yo‘l yonboshidagi tor ko‘chaga tushirishdi. Odamlar bir tomondan yo‘l azobidan qutulganlariga suyunishsa, ikkinchi tomondan bundan keyingi taqdirlarini o‘ylab dahshatga tushishardi. Uch kun o‘sha yerda och-nahor yotdik. Aniq bilmaymanu, lekin juda ko‘pchilik edik… Hozirgi Zartopgan bozorining orqasida sovxoz uylari bo‘lardi. To‘rtinchi kuni bizni o‘sha uylarning har biriga o‘n-o‘n besh kishidan qilib bir amallab joylashtirishdi. Biz – onam, singlim va men edik. Otam urushda edi. Uzoq yo‘ldan keyin hech vaqomiz qolmagan, ochmiz… Shunday qilib, Zartopganda yashab qoldik.
– Maktabga shu yerda boribsan-da?
– Ha, Tolibjon, maktabga urushdan keyin, qirq oltinchi yilda bordim. Ungacha maktabimiz binosida harbiy gospital ishlagan. Ikkinchi jahon urushi yillarida og‘ir yaralangan harbiylarni shu gospitalga olib kelishardi. Hatto polshalik uchuvchilar ham davolanishgan. Jarohati og‘ir bo‘lib o‘lganlarni shu yerdagi qabristonga dafn qilishgan. Hozir ham Polshadan ziyoratchilar kelib turishadi. U paytlarda bola edik, to‘dalashib kun bo‘yi shaharchada yugurganimiz yugurgan edi. – Server shirin xotiralardan entikib jilmaydi. So‘ngra nimadir yodiga tushgandek birdan jiddiylashdi. – Gospital oldidan o‘tayotganimizda dorilarning o‘tkir hidi anqib turardi. Ayniqsa, o‘likxonasidan…
1946 yilda gospitalni ko‘chirib ketishdi. Maktab ochilib, bolalar qatnay boshlashdi. Kuzda men ham birinchi sinfga bordim. O‘ris tilida o‘qitishardi. Sinfdagi o‘quvchilarning ko‘pchiligi urush bo‘lgan joylardan olib kelingan bolalar. Sinfga o‘ttiz besh nafar o‘quvchi yig‘ildi. Turli yoshdagi, katta-kichik bolalar bitta sinf bo‘ldi-da. Ular asosan urush tufayli o‘qiyolmay qolganlar ekan. Eng kichigimiz yetti yoshda, kattamiz – aytsam ishonmaysan – o‘n to‘qqizga kirgan yigit! Nimagadir uni ham bizning sinfga olib kirishdi. Hali yuqori sinflar ochilmagani uchundir… Ana shu o‘n to‘qqiz yashar o‘ris yigiti men bilan bir partada o‘tirdi. U g‘alatiroq edi. Qog‘oz topsa, surat chizaverardi.
– Nimalarni chizardi?
– Shunisi qiziq-da! U indamas bola edi. Chizgan rasmlari hozirgacha esimda: jarrohlik xonasi, qo‘lida arra ushlagan doktor stolda yotgan odamning oyog‘ini kesyapti… Dahshat-a? Ba’zan odam tanasidan snaryad parchasini olib tashlayotgan jarrohni ham chizardi… Esimda, uning o‘ng yuzida katta chandig‘i bor edi. Avvalgi hayoti haqida sira gapirmasdi.
Hammamiz bir sinfda o‘qish-yozishni o‘rgandik. Siyoh yo‘q, qozonning qora qurumini suvda eritib, siyoh tayyorlab berishardi. Ruchka, qalam ham anqoning urug‘i. O‘qituvchimiz har birimizga pero tarqatdi. Peroni tol novdasiga bog‘lab, qora qurumli siyohga botirib yozganmiz.
Bilsang, o‘sha dahshatli urush yillarida onamning uddaburonligi tufayli sing­lim ikkalamiz omon qolganmiz. Bizni Qrimdan bir kechada ko‘chirib yuborishgan. Onam qopchiqda yong‘oq olishga ulgurgan ekanlar. Yong‘oqlarning ostiga “Zinger” tikuv moshinasining quloq-mexanizmini joylabdilar. Bu yerda bir usta quti yasab, moshinkani o‘rnatib berdi. Oyim ana shu “Zinger”da odamlarga kiyim-kechak tikib, bizni boqdilar.
U paytlarda qornimiz to‘yib maza qilganimizni sira eslolmayman. Zartopganda bittagina tegirmon bo‘lgan. Makkajo‘xorini shu tegirmonda tortib, unidan zog‘ora non yopilardi. Zog‘ora non shirin, lekin, bug‘doy non bo‘lolmaydi, ko‘ngilga urib qoladi. Onam olmaqoqini zog‘ora xamir o‘rtasiga terib, “pirog-non” ham pishirganlar.
Darsdan bo‘sh paytlarimizda shaharchani aylanib yurardik. Temir yo‘l bekatida ikkita suv tortish minorasi bor. Pishqirib to‘xtagan parovozlarga shu minoralardan suv quyishadi. Biz tomosha qilgani kelardik. Temir yo‘lda yana bitta vazifam bor edi: uyga vagonlardan to‘kilgan ko‘mirdan bir paqir terib borishim kerak. Ko‘mir topilmasa, vagon g‘ildiraklarida qotib qolgan qoramoyni qirtishlab olishga to‘g‘ri kelardi.
Shaharchada bizga hech kim jiddiy e’tibor bermasdi. Faqat bozor yonboshididagi choyxona “xavfli hudud” hisoblanardi. Choyxonachi Quvabek bolalarni yomon ko‘rardi. “Cho‘loq Quva” derdik uni. Quvabekni bir oyog‘i kaltaligi uchun urushga olishmagan. Chehrasida allaqanday ishtiboh qotib qolgan, badbin yigit edi. Choyxonada dastyorlik qilib, har xil odamlarni ko‘rib katta bo‘lgan-da…
Quvabeklarning uyi temir yo‘l ortidagi mahallada edi. Urush tugagan yilning yozida otasi temir yo‘ldan o‘tgan-u, yiqilib qolgan. Unga nima bo‘lganini hech kim bilmadi. Surishtiruvchisi ham yo‘qdir-da. Hushsiz choyxonachini uyiga ko‘tarib borishadi. Uch-to‘rt kun shu ahvolda yotib, o‘ziga kelmay joni uziladi…
– Ko‘p gapirib yubordim. Seni zeriktirib qo‘ymadimmi? – Server hikoyasini bo‘lib, Tolibjonning choydan bo‘shagan piyolasiga choy quydi. – Men bularni hech kimga aytmaganman. Bugun eshilib ketdim.
– Gaping eng qiziq joyiga keldi. Endi oxirigacha aytmasang bo‘lmaydi.
Tolibjon unga tikilib o‘tirib oldi. Server gapida davom etdi:
– Otasining sirli o‘limidan keyin choyxona Quvabekka qoldi. Bu ozg‘in, cho‘loq yigitning yoshi yigirma beshlarda edi. Qishin-yozin rangi uniqib, dog‘lanayotgan yog‘ning tutunidan yaltirab ketgan marg‘ilon nusxa do‘ppi kiyib yurardi. Boshi ikki tomondan siqib qo‘yilgandek cho‘zinchoq. Katta-katta, o‘qraygan ko‘zlari odamga yeb qo‘ygudek tikiladi. Kalta mo‘ylovini dam-badam qashib qo‘yadigan odati bor edi. Biz uni ko‘rganda bir-birimizga qarab burnimiz ostini qashlab kulaverardik.
Xullas, biz unga, u bizga yoqmasdi. Quvabekning bolalarni yoqtirmasligiga yana bir sabab bor. Cho‘loq choyxonachi uylangan bo‘lsayam xotinboz edi. Temir yo‘l bekatida qolib ketgan xotinlarni choyxonaga boshlab kelaverardi. Bolalar uni ermakka poylashar, u ham quvlik qilib, bildirmay tashqariga chiqardi-da, poyloqchilarni xivich yo kesak bilan tushirib qolardi.
O‘sha yillari Quvabek bir qo‘qonlik xotinga ergashib allaqayoqlarga ketib qoldi. Shu-shu uni boshqa ko‘rmadik.
Otam frontda edi, urush tugagan yili bizni topib, Zartopganga keldi. Otam qaytganidan keyin ahvolimiz ancha yaxshilandi. Singlim bilan men maktabda o‘qirdik. Urush bo‘lgan yerlardan Zartopganga kelib qolgan bolalar birin-ketin yurtlariga qayta boshlashdi. Haligi, men aytgan o‘n to‘qqiz yoshli g‘alati yigitni ham qarindoshlari olib ketishdi. Xayrlashayotganida chizgan suratlarini menga qoldirdi. Ularni oyimga berdim. Oyim suratlarni bir-bir ko‘rib, boshlarini chayqadilar, ko‘zlaridan yosh quyildi. Rasmlar uqubatli kunlarimizni eslatdi, chamasi. Ularni tashlab yubordilarmi, olib qo‘ydilarmi, bilmayman.
Urush haqida gap ketsa, oyim tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘imizni eslayveradilar. Biz Qrimning Yalta yaqinidagi Mesxor qishlog‘idanmiz. Qishloqda Orziqiz bilan qaroqchi Alibobo afsonasiga haykal ham qo‘yishgan. Oyim favvorani, ko‘zadan suv ichayotgan suv parisini ko‘p gapiradilar. Orziqiz afsonasini qayta-qayta aytib ham charchamaydilar.
– Qiziq afsona bo‘lsa kerak? – dedi Serverning hikoyasini berilib tinglayotgan Tolibjon.
– Qiziq, juda qiziq, Tolibjon. Aytib beraymi?
– Mayli.
– Afsonada aytilishicha, dengiz bo‘yidagi jannatmakon qishlog‘imizning qizlari parilardek juda-juda go‘zal bo‘lishgan. Orziqiz ana shu go‘zallarning ham go‘zali edi! Chehrasi Qrim tog‘larida suzib yurgan bulutlardek oppoq. Lablarini bog‘larimizdagi qirmizi olchaga o‘xshatishadi. Ko‘zlari dengiz suvidek yashil-moviy. Yuzidagi kulgichlari yigitlarning jonini oladi! Qirg‘oqqa suzib kelgan dengizchilar Mesxor qizlarining ta’rifini uzoq-uzoqlarga olib ketishar ekan. O‘sha davrlarda dengizda qaroqchilar ham ko‘p bo‘lgan deyishadi. Kunlardan birida cho‘milayotgan qishloq qizlarini Alibobo degan qaroqchi o‘g‘irlab, kemasida noma’lum tomonga olib ketadi. Ular orasida go‘zal Orziqiz ham bor edi.
Qishloq yigitlari g‘azab o‘tida yonishadi! Bor kemalari, katta qayiqlarini ummonga chiqarishadi. Biroq qancha qidirishsa ham qizlar ketgan kemani topisholmaydi.
Qaroqchi Alibobo Mesxor go‘zallarini Turkiyaga olib boradi. Ular turk xonining xaramida tutqun bo‘lib qolishadi.
Oradan kunlar, oylar o‘tadi. Qizlar yig‘lab-yig‘lab, oxiri noilojlikdan taqdirga tan berishadi. Tug‘ilib-o‘sgan qishloqlari haqidagi xotiralarini bir-birlariga so‘zlab ovunadilar. Faqat bir qiz – go‘zal Orziqiz o‘zining shum taqdiri bilan kelisholmaydi. U har kuni dengizga uzoq-uzoq termilib, tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘ini yosh bola o‘z onasini qo‘msagandek zor-zor bo‘lib sog‘inadi. Xudodan Vataniga qaytish yo‘lini yalinib-yolvorib so‘raydi. Go‘zal Orziqizning iltijolari Yaratganga yetib boradi.
Kunlardan birida xon xaramidagi kanizaklarni dengizga cho‘milgani olib borishadi. Ular orasida go‘zal Orziqiz ham bor edi.
Orziqiz “bu kunimdan o‘lganim yaxshi”, deydi-yu, o‘zini ajdahodek to‘lqinlari ko‘pirib turgan ummonga tashlaydi. Dengiz ostiga sho‘ng‘ib, suv parisiga aylanadi va tug‘ilgan yurtiga tomon suzib ketadi.
Afsonada aytilishicha, suv parisiga aylangan Orziqiz hamon dengizda, Mesxor qirg‘oqlarida suzib yurar emish. Hamqishloqlari Orziqizning Vataniga bo‘lgan cheksiz muhabbatiga tahsinlar aytib, unga haykal o‘rnatadilar…

Server Orziqiz haqidagi afsonani aytib bo‘ldi-yu, xayolga cho‘mib qoldi:
– Vatan sog‘inchi shunchalar kuchli bo‘larkan, Tolibjon! – dedi nihoyat.
– Tug‘ilgan yurtingni qo‘msaysanmi?
Server nima deyishini bilmasdan ikkilanib, Tolibjonga qaradi:
– Bu yerga kelganimizda men bola edim, o‘rganib ketdim. Qishlog‘imiz, dengiz bo‘ylarini oz bo‘lsayam eslayman. Lekin onam, otam yurtimizni juda-juda sog‘inishadi. Bu sog‘inchni so‘z bilan ifodalash mushkul, do‘stim! Yurakni tegirmon toshidek ezadi Vatan sog‘inchi!
Tolibjon nima ham derdi. Har kimning ko‘nglida bir muztarlik bor. Buni o‘zi ham biladi…
Server yana biroz o‘tirdi-da, xayrlashib chiqib ketdi.
Tolibjon kun bo‘yi uyni, hovlini tozalab, tartibga keltirdi. Kechga borib o‘zini bu uyda avvaldan yashayotgandek his qila boshladi.

6

U kun yoyilganda tiniqib uyg‘ondi. Kechagi charchog‘i tarqagan, bardam, kayfiyati yaxshi edi. Yog‘och oyog‘ini “kiyib”, qayishlarini tortib mahkamladi. Avvallari shunday payt nogironligini o‘ylab yuragi siqilardi. Sekin-asta bunga ko‘nikdi. Kesilgan oyog‘idagi chandiqlar qadoqlashib, endi yurganida sanchiqlar sezilmasdi. Muzdek suvda yuvinib, biroz hovlini aylandi. Unga bu yerdagi hamma narsa qiziq tuyulardi. Yangi uyi o‘ziga yoqdi. Tomorqani o‘t bosgan, o‘toq qilib qo‘yish kerak. Etakroqda sochilib yotgan shox-shabbalarni yig‘ishtirsa binoyidek hovli bo‘ladi. Shularni rejalashtirib, uyga qaytib kirdi. Elektr plitaga chovgumda suv qo‘yib, qaynatdi. Onasi berib yuborgan patir bilan nonushta qildi.
Kiyinib, darvozadan chiqqanida ko‘cha gavjumlashib qolgandi. G‘izillab u yoqdan bu yoqqa mashinalar o‘tadi, odamlar ishga, bozorga shoshiladi. Yo‘lka bilan ko‘cha o‘rtasidagi quyuq bargli sadaqayrag‘ochlarni, ro‘paradagi oshxona, uylarni qiziqib tomosha qila boshladi. Zartopgandagi o‘zi uchun yangilik bo‘lgan manzaralar entiktirar, ayni paytda bularning bari nimasi bilandir yuragiga yaqin edi.
Ko‘chani kesib o‘tib, chap tomonga yuz qadamcha yurdi. Temir panjarali darvoza ro‘parasida to‘xtadi. Bu Nikolay Semyonovich aytgan maktab edi. Kecha Server uzoqdan ko‘rsatib, ertaga o‘zing bemalol kiraver, deb tayinlagan.
Tolibjon maktab hovlisiga kirganida kimdir kuzatayotgandek tuyuldi. To‘xtab, atrofni kuzatdi. Bir-biriga tutashgan ko‘hna binolar g‘alati tarzda katta-katta derazali dolon bilan biriktirilgan. Serverning gaplari yodiga tushdi: “Urush yillari harbiy gospital bo‘lgani ko‘rinib turibdi”, deya o‘yladi.
Katta hovlining chap tarafida alohida yana bir bino ko‘rindi. Qo‘sh tavaqali eshigi, idoralarga xos keng derazalari ichkarini shamollatish uchun ochib qo‘yilgan. Ostonadagi yog‘och kursida do‘ppi kiygan, oqargan mo‘ylovi ikki tomonga taqadek osilgan qariya o‘tiribdi. Tolibjon o‘sha tomonga yurdi. Kirish eshigining peshonasiga qizil bo‘yoqda “Yosh texniklar markazi” deb yozilgan katta lavh ilingandi. Tolibjon lavhga bir qarab qo‘ydida, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ostonada o‘tirgan qariyaga salom berdi.
– Vaalaykum assalom! Ke, bolam? Ish bilan keldingmi? O‘qituvchiga o‘xshamaysan? – qariya mo‘ylovini siladi.
– Suratchiman, amaki.
– Isming nima?
– Tolibjon.
– Meni Qobiljon amaki, deyaver.
– Xo‘p, Qobiljon amaki.
– O‘quvchilarni suratga tushirmoqchimisan?
– Foto to‘garagida ishlamoqchiman, amaki.
– Unda maktabgamas, bu yoqqa, – qorovul ochiq eshikka ishora qildi. – Shokir Ismoilovga uchraysan. Ana, o‘ziyam kelyapti.
Yo‘lakdan o‘rta bo‘yli, ozg‘in, tepakal odam tez-tez yurib kelardi.
– Qobiljon aka, hammayoq tinchmi? – dedi u qorovul bilan salomlashayotib.
– Tinch, Shokir. Sen bilan biz gitlerniyam tinchitib kelganmiz-ku, og‘ayni. O‘zing qalaysan?
– Yaxshiman, aka, zerikmadingizmi?
– Seni davringda shu yerni qo‘riqlab o‘tiribman-da. – U Tolibjonga qaradi. – Bu yigit suratchiman, deyapti. Ishga kirmoqchi. Yaxshi yigitga o‘xshaydi, gaplashib ko‘rasanmi?
Shokir Ismoilov Tolibjon bilan qo‘l berib so‘rashdi:
– Albatta gaplashamiz-da, – dedi jiddiy qilib. – Qani, yuring-chi, men bilan.
Ular oldinma-keyin ochiq eshikdan ichkariga kirishdi. Dahliz-yo‘lakdan arralangan yog‘och bilan o‘tkir bo‘yoq hidi keldi. Devorlar ganchkorlik, naqqoshlik buyumlari bilan bezatilgan. Faner qoqilgan shift moviy rangga bo‘yalgan. Har joy-har joyiga oq bulutlar tasviri tushirilibdi. Bu “moviy osmon”ga qo‘lda yasalgan, xuddi haqiqiysiga o‘xshash katta-kichik samolyot modellari ilingan. Shiftga qarasangiz samolyotlar bulutli osmonda uchayotgandek taassurot qoldiradi. Tolibjon o‘zi birinchi marta ko‘rayotgan bu ajoyib manzaraga tikilib turib qoldi.
– Kelavering, – dedi Shokir Ismoilov yo‘lak to‘ridagi “Direktor” deb yozilgan eshikni ochib.
Tolibjon atrofga alanglab, yo‘lak to‘rigacha bordi-da, uning ortidan kichik xonaga kirdi.
– Suratchimisiz? – dedi Shokir Ismoilov stol ortidagi o‘rniga o‘tirarkan.
– Bilim yurtida o‘rganganman.
– Keyin-chi? – Shokir Ismoilov sinchkov-sinchkov tikildi. – Uka, surishtirayotganim og‘ir botmasin. Biz bolalar bilan ishlaymiz. Buning uchun insonning mana bu yeri, – u yuragining ustiga qo‘lini qo‘ydi, – toza bo‘lishi kerak. Bu sizga tegishli gapmas, lekin nopok kimsalar kam deysizmi? Ular yaxshilik, ezgulik nimaligini tushunishmaydi. Ana shundaylar bola tarbiyasiga aralashib qolishiga tish-tirnog‘im bilan qarshiman. Shuning uchun ishga olayotgan odamimning, birinchi galda, vijdoni bo‘lsin deyman.
– Tushunaman, – dedi Tolibjon.
Shokir Ismoilov devor bo‘ylab qator terilgan o‘rindiqlarga ishora qildi:
– O‘tiring.
Tolibjon o‘ng oyog‘ini avaylab uzatib, chetdagi o‘rindiqqa cho‘kdi. Shu onda o‘zi intilgan hayotga ilk qadam qo‘ya boshlaganini anglagandi. Bo‘layotgan ishlarning bari anchadan buyon o‘ylab yurgan rejalari bilan mushtarak. Shuning uchun Shokir Ismoilovga ko‘nglidagi gaplarni to‘kib solgisi keldi.
Jiddiy qiyofali bu odamni otasidek ko‘rib, boshidan o‘tgan voqealarni birma-bir ayta boshladi. Muxtasar hikoyasini bilim yurtida o‘qigani, avtohalokat, Zar­topganga qanday kelib qolgani, Serverni uchratgani, Nikolay Semyonovich shu ishni tavsiya qilgani bilan yakunladi.
– Kecha Nikolay Semyonovich oldimga kirgandi, – dedi Shokir Ismoilov uni diqqat bilan tinglab. – Sizni ishga olishimni iltimos qildi. Muallim-da, hamma yoshlarni o‘zining o‘quvchisidek ko‘radi.
Tolibjon, rahbar fikridan qaytib qoladigandek, darhol pasporti, bilim yurtidan berilgan ma’lumotnomani stolga qo‘ydi. Shokir Ismoilov hujjatlarni bir chetga surdi:
– Yuring, avval ustaxonalarimizni ko‘rsatay, keyin bir fikrga kelarmiz.
Ular yo‘lakka chiqishdi. Tolibjon kirayotganida e’tibor bermagan ekan, o‘ng tomondagi eshikka “Aviamodelchilik to‘garagi” deb yozilgandi. Shokir Ismoilov yozlik yengil pinjagining cho‘ntagidan bir shoda kalit chiqarib, eshikni ochdi.
Oldinma-keyin ichkariga kirishdi. Ustaxona anchagina katta edi. To‘g‘ridagi derazalarning ro‘parasiga turli yashil rangga bo‘yalgan dastgohlar o‘rnatilgan. Devorga mahkamlangan qulbola yog‘och tokchalarga chilangarlik, duradgorlik asboblari terib qo‘yilibdi. Stollarda hali bitmagan samolyot modellari sochilib yotibdi.
– Bu xona aviamodelchilik to‘garaginiki, – dedi Shokir Ismoilov. – Ilhom degan yigit bilan birga ishlaymiz. Men urush yillari harbiy aviatsiyada mexanik bo‘lganman. Keyinchalik samolyot modellarini yasashga qiziqdim. Avval ermak, ke­yin, mana, ko‘rib turganingizdek, buyam kasb bo‘lib qoldi. Bizga qatnagan bolalar tayyor usta bo‘lib chiqishadi.
Shokir Ismoilov to‘garakning ahamiyati haqida to‘lqinlanib gapirardi. Tolibjon samolyot modellarini birinchi ko‘rishi edi. Qiziqqanidan har birini ushlab, aylantirib tomosha qildi.
Keyin yana yo‘lakka chiqib, boshqa xonaga kirishdi. Bunisi avvalgi ustaxonadan kichikroq bo‘lsayam, tokchalarda ish asboblari avvalgi xonadagidan ham ko‘p edi. Tolibjon stoldagi g‘aroyib maketga yaqin borib, tomosha qila boshladi. Unda bir tomoni toshloq, ikkinchi yarmi qumli sahro, baland-pastliklardan iborat, yerdagiga o‘xshamagan manzara tasvirlangandi.
– Bu oy yuzasining kichraytirilgan nusxasi – maketi, – tushuntirdi Shokir Ismoilov. – Qarang, oydagi toshloqlarda “odamlar” yurishibdi. To‘g‘ri, bu hozircha xayol. Ammo yaqin kelajakda amalga oshishi aniq! Buni Doston…
Eshik ochilib, gapi og‘zida qoldi. Xonaga chehrasi kulib turgan, do‘ppili, ixcham yigit kirdi. Avval Shokir Ismoilov, so‘ngra Tolibjon bilan quyuq so‘rashdi.
– Tanishinglar, bu yigit Doston Ortiqovich, – gapini ulab ketdi Shokir Ismoilov. – “Koinot” to‘garagimizning rahbari. Mana shu oy yuzasini shogirdlari bilan yasashgan.
Doston xushtavozelik bilan jilmayib, direktorning gapini tasdiqladi.
– Tolibjon foto to‘garagida ishlamoqchi, – Shokir Ismoilov fikrini bilmoqchidek Dostonga qaradi.
– Yaxshi bo‘pti-da, Shokir aka, – dedi u ochiq chehra bilan. – O‘quvchilar, “foto to‘garagi qachon ochiladi?”, deb har kuni so‘rashadi.
Ular endi uch kishi bo‘lib yana yo‘lakka chiqishdi. Iliq qarshi olinganidan Tolibjonning ko‘ngli ko‘tarilgandi. Shu odamlar bilan ishlashni judayam xohlardi. “Foto to‘garagi” deb yozilgan eshikdan hammalari birga kirishdi. Xona ancha g‘arib ekan. Ikkita stol, fotoyiriklashtirgich, ko‘hna javon xonaning kattagina qismini egallagan. Jihozlarga chang o‘tirib qolgan.
– Bu to‘garakda anchadan buyon hech kim ishlamaydi, – dedi Shokir Ismoilov. – Xonani tartibga keltirib olarsiz. Javonda ishga kerakli asbob-anjomlar bor.
– Men yordam beraman, – dedi Doston. – Endi birga ishlaymiz.
– Ishga olasizmi?! – Tolibjon hayajonlanib ketdi.
– Shu bugundan ishga qabul qilindim, deb hisoblayvering, – jilmaydi Shokir Ismoilov. – Ariza yozib berarsiz, buyruq chiqarib qo‘yaman.
– Shokir aka, Tolibjon ham o‘zimizdan ekan, – dedi Doston.
Shokir Ismoilov bir gapni aytaymi, aytmaymi, deya ikkilanardi.
– Bizda maosh maktabdagidek emas, kamroq, – dedi nihoyat.
– Menga bo‘ladi, – shoshilib gapirdi Tolibjon. – Nafaqam ham bor. – Faqat…
Direktor bilan Doston yalt etib unga qarashdi.
– Men… juda zo‘r suratchi emasman. Eplarmikanman?..
Ular baravariga kulib yuborishdi. Tolibjon nima gapligiga tushunolmay g‘alati bo‘lib qoldi.
– Ishga kirayotganimda men ham shunday deganman, – tushuntirdi Doston. – Maket, model nimaligini umuman bilmasdim. Shokir aka yordam berdilar, o‘rganib ketdim.
– Yosh texniklar markaziga buyuk konstruktorlar ishga kelishmaydi, – dedi jiddiylashib direktor. – Yangilik yaratishga, ijod qilishga qiziqqan odam ishlayveradi. Shogirdlarimiz shunday modellarni yasashadiki, buni o‘zingiz ham ko‘rdingiz!
– Qachondan ish boshlasam bo‘ladi?
– Xohlasangiz, hozirdan. Suratchilikka qiziqadigan o‘quvchilar ko‘p. Yaqin qishloqlardagi maktablardan ham kelishadi.
Shokir Ismoilov suratchilik xonasining kalitini Tolibjonga uzatdi:
– Xonani tartibga keltiring. Yordam kerak bo‘lsa, biz shu yerdamiz.
Shokir Ismoilov bilan Doston chiqib ketishdi. Tolibjon xonada yolg‘iz qoldi. Stoldagi fotoyiriklashtirgichning qopqog‘ini ko‘tarib, shisha zarrabindagi changni artdi, chirog‘ini yoqib-o‘chirdi. Javonni ochganida ko‘zlari yashnab ketdi, tokchalar suratchilik anjomlariga to‘la edi. Ikkita “FED” rusumli fotoapparat ham bor ekan. Ulardan bittasini olib, ishlatib ko‘rdi.
“Bu javon xazina-ku!”, deb qo‘ydi o‘zicha. Javonni yopdi-da, xonani tozalashga kirishdi. Uzun supurgi bilan shiftdagi islarni oldi. Farrosh kelishini kutib o‘tirmay, polni ham yuvib chiqdi. Shundan keyin birrov uyiga borib, o‘zining “Fotokor”ini olib keldi. Uni shtativga o‘rnatib, burchakka qo‘ydi. Xonaga fayz kirgandek bo‘ldi. Tolibjon bunga qarab zavqlandi, yana ishga kirishdi. Ancha paytgacha kimyoviy eritmalar tayyorladi.
Shu kuni tushlikni ishxonadagi yigitlar bilan birga qilishdi. Tushdan keyin o‘quvchilar kelib qolishdi. Ular o‘n bir-o‘n ikki yoshli o‘g‘il bolalar edi. Ustozlariga tikila-tikila xonadagi stullarga qaldirg‘ochlardek terilib o‘tirib olishdi. Tolibjon gapni nimadan boshlashni bilolmay biroz kalovlandi. Ko‘zlari katta-katta, yoqimtoy bola savolga tutib qoldi:
– Aka, surat olishni o‘rgatasizmi?
– O‘rgataman.
– Shu bilanmi? – u shtativga o‘rnatilgan “Fotokor”ga ishora qildi.
– Shu bilan ham.
– Suratga tushayli-ik?
“Ishni bolalarni suratga tushirishdan boshlash kerak, – deya o‘yladi Tolibjon. – Nimani bilsam, shuni o‘rgataman. Qolganini Shokir akadan so‘rab olarman”.
– Mayli, yuringlar, hovlida surat olamiz, – dedi o‘rnidan turayotib.
Bolalar birdan qiy-chuv ko‘tarib, o‘zlarini ochiq eshikka urishdi. Tolibjon ularning ortlaridan biroz qarab turdi-da, fotokamerasini olib, hovliga chiqdi.
– Aka, qayerda suratga tushamiz? – boyagi bola yugurib oldiga keldi. Tolibjon uning boshini siladi:
– Nechanchida o‘qiysan?
– To‘rtinchida.
– Isming nima?
– Ibrohim.
– Ibrohim, bolalarni hu-uv anavi uzum ishkomiga boshlab bor.
– Bolala-ar, ke-etdik, akamiz ko‘rsatgan joyga-a! – irg‘ishlab qiyqirdi Ibrohim.
Bolalar bir-birlarini turta-turta yugurib, uzum gujumlari ostiga turib olishdi. Biroz janjallashib, joy ham talashishdi.
– Aka, bo‘ladimi? – dedi Ibrohim sheriklari safga tizilib olishganda.
– Bo‘ladi. Endi qimirlamay turinglar!
Tolibjon shtativni qulay joyga o‘rnatdi. Fotokameraning ochish tugmasini bosganida uning harakatlarini jimgina kuzatayotgan bolalar yana qiyqirib yuborishdi.
– Zo‘r eka-an! – dedi Ibrohim hayrat bilan ko‘zlarini katta-katta ochib. – Aka, bizgayam o‘rgatasizmi?!
– O‘rgataman. Faqat hozir jim turinglar. Ibrohim, boshingni qimirlatma!
– Xo‘p bo‘ladi, akajon! – Ibrohim boshini silkitib, g‘oz turib oldi.
Tolibjon qora movut ostiga sho‘ng‘ib, ob’ektivni ravshanlikka sozlayotganida bolalar yana jonlanib, tipirchilay boshlashdi.
– Diqqat! Bu yoqqa qaraymiz! – Tolibjon chap qo‘lining ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘tardi. – Hozir qushcha uchib chiqadi!
U tepki tasmasini bosdi. Ibrohim lablarini qattiq qimtib, ob’ektivga tikilib qolgandi…

Tolibjon keyinchalik ham bu suratni qayta-qayta qo‘liga olib, o‘ychan tikilib qolardi. O‘zining birinchi mashg‘ulotini eslab, entikkan paytlari ko‘p bo‘ldi…
O‘sha kuni fotoplastinkani ochirganlaridan keyin bolalar o‘zlari uchun bittadan surat ishlashdi. Eritmada tasvir paydo bo‘layotganida zavqlanib, hammalari baravariga chuvullab yuborishdi.

7

Asad oyining olovli quyoshi zaminga otash nafasini ufurmoqda. Ko‘chada ketayotgan odam uch-to‘rt odim bo‘lsayam birorta daraxtning soyasidan yurgisi keladi. Yosh texniklar markazining hovlisi quchoq yetmaydigan chinoru sada qayrag‘ochlar bilan qurshalgan. Yo‘lkalarga tok novdalari ishkom qilib ko‘tarilgan. Ishkom osti soya-salqinligi uchun kun bo‘yi bolalar bilan gavjum bo‘ladi.
O‘quvchilar yozgi ta’tilda bekorchilikdan zerikib to‘garaklarga qatnay boshlashdi. Tolibjon ularning shovqin-suroniga ko‘nikib qoldi. Ibrohim oldidan ketmayapti. Suratga tushirish, ishlashni binoyidek o‘rgandi. O‘zi yosh texniklar markazida qolib, tunlari ham ishlardi. “FED” fotoapparatda surat olib, fotoyiriklashtirgichda chop etish ancha qulay. Bu tunda ham ancha surat chop etdi. Horib-charchab uyiga keldi-yu, yotib uxladi.
U saharda tiniqib uyg‘ondi. Hovliga chiqib, ertalabgi so‘lim havodan to‘yib-to‘yib simirdi. Bir oyda ijara hovlisiga ancha o‘rgandi. Hovli qishloqdagidek katta emas. Qishloqda kengchilik, daryoning shabadasi esib turadi… Shu haqda o‘ylab, onasini esladi. Ko‘chib kelganidan buyon uyiga bor-yo‘g‘i ikki marta borib keloldi. Avvallari Zartopganda o‘zini bir olam ish kutib turganini xayoligayam keltirolmasdi. Endi nafas rostlashga vaqti yo‘q. Ko‘ngliga yoqqan manzaralar, odamlarni tasvirga tushiryapti. Suratchilik ummondek sirli ekanini tushundi. Bu yanayam ko‘proq zavqlantirdi, shuning uchun tinmay ishlayapti. Bugun ham o‘zicha reja tuzib, ishga otlandi.
Yosh texniklar markaziga kelganida Qobiljon amaki odatdagidek ostonadagi kursisida o‘tirardi. Boshida chust do‘ppi, yo‘l-yo‘l ko‘ylagi ustidan pinjak nusxa yupqa kulrang xalat kiyib olibdi. Ko‘krak cho‘ntagidan soatining zanjiri osilgan. Tolibjon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, salom berdi.
– Vaalaykum assalom, ke o‘g‘lim! Bir o‘zim o‘tiraverib siqilib ketaman. Yaxshiyam sen barvaqt kelasan. – Qobiljon amaki shunday dedi-yu, diqqatini jamlab darvozaga tikildi.
Tolibjon ham beixtiyor o‘sha tomonga qaradi. Tor yo‘lkadan bir qiz asta-sekin yurib kelardi. Egnida pushtirang krepdeshin ko‘ylak, boshida qizlarga urf bo‘lgan iroqi do‘ppi. Do‘ppisining yonboshidagi qirmizi atirgul rangi yonoqlariga ko‘chgan. Yurganida, oldiga tushirib olgan bir o‘rim sochi majnuntol novdasidek silkinadi. U biroz oqsoqlanardi. Tolibjon buni sezmas ham edi, qiz bir zumga to‘xtab, yana yurib ketganida oqsoqlanayotgani bilindi.
– Mening qizim, – dedi Qobiljon amaki, – Gulchehra! Xotinimdan qolgan yolg‘iz yodgorim…
“Ismi chiroyli ekan. Nega oqsayapti?”, Tolibjonning qulog‘iga Qobiljon amakining gaplari kirmay qoldi. Qiz yaqinlashganida uni tanidi-yu, hayajondan titrab ketdi! Bu o‘sha, Zartopganga ilk kelganida uchratgan olma sotuvchi qiz edi! Oppoq chehrasi, muloyim boqishlari ham o‘sha-o‘sha. Faqat egnidagi ko‘ylagi boshqa… Beixtiyor uni birinchi ko‘rgan kunini esladi:
“Olmalar shirinmi?”– dedi o‘shanda Tolibjon.
“Shirin”, – jilmaydi qiz.
“Maylimi?” – Tolibjon olmaga qo‘lini cho‘zdi.
“Oling, mazasini tatib ko‘ring!” – yana jilmaydi qiz…
Shundan keyin bu qizni boshqa uchratmagandi. Ko‘rgisi kelib, bir necha marta bozorga chiqdi. Peshtaxta oldida to‘xtab, olma sotuvchi qizning jilmayishlarini eslardi… Mana, endi o‘zi qarshisida turibdi. Qobiljon amakining qizi ekan!
Tolibjon ishga kelgan birinchi kunidan Qobiljon amaki bilan ota-boladek bo‘lib qolgandi. Ko‘ngli tortib, boshidan o‘tgan voqealarni aytib berganidan keyin yanayam inoqlashib ketishdi. Tunlari surat ishlagani qolganida kechki ovqatniyam birga qilishadi. Qobiljon amaki urushda bo‘lgani, yoshi qirqdan oshganda bir qiz farzand ko‘rgani, tug‘ruq og‘ir kechib, xotini vafot etganini aytgandi. “Gulchehra o‘sha qiz ekan-da, – xayolidan o‘tdi Tolibjonning. – Nega oqsayapti? Juda chiroyli qiz, ko‘zlari ma’noli…”
– Tinchlikmi, qizim? – dedi Qobiljon amaki.
Hovliga chinorning soyasi tushib turardi. Quyoshning tillarang nurlari yaproqlarga urilib jimirlaydi. Shu tobda bu samoviy nurlar Gulchehraga yog‘ilib, chiroyiga chiroy qo‘shgandek. Qiz Tolibjonning ko‘ziga mahvashdek ko‘rindi. Shahlo ko‘zlari zuhro yulduzidek chaqnaydi. Jilmayishga moyil, pistadek bejirim lablarini xuddi anor suviga chayilgan deysiz! Nihoyat, bu ma’buda tilga kirdi:
– Assalom alaykum, – dedi belanchakka osilgan qo‘ng‘iroqdek nozik ovoz. Maftunkor nigohlar Tolibjonga bir qur nazar tashladi. – Dada, shaharga tushaman, kalitni berib ketay, deb kirgandim.
U chiroyli lablarini qimtib, qo‘lidagi kalitlar shodasini uzatdi.
– Ha-ya, esimdan chiqibdi, – Qobiljon amaki kalitlarni oldi. – Yaxshi borib kel, qizim. Yo‘lda ehtiyot bo‘l!
– Xo‘p bo‘ladi. Tez qaytaman.
Gulchehra nozikkina burilib, darvoza tomonga keta boshladi.
“Meni tanimadi, – o‘yladi Tolibjon. – Yoki otasi borligi uchun o‘zini tanimagandek tutdimi? Aslida, nega men bilan so‘rashishi kerak? Bor-yo‘g‘i bozorda bir marta uchrashgan bo‘lsak…”.
– Qizim rahmatli onasiga o‘xshaydi, sira tinib-tinchimaydi.
Qobiljon amaki o‘ychan bo‘lib qoldi. Uning ko‘zlarida g‘amgin ifoda paydo bo‘ldi.
– Shaharda o‘qiydimi? – so‘radi Tolibjon.
– Yo‘-o‘q, Gulchehra tikuvchi. Uyda o‘tirib, buyurtma tikadi, bog‘imizga qaraydi. Gilos, olmalarni bozorga olib chiqadi. Keyingi paytda nimagadir bozorga chiqqisi kelmay qoldi… Mayli, ko‘ngli chopmasa, chiqmasin. Yo birov xafa qildimi? Qizim uddaburon, sarishta.
– Bog‘ingiz bormi?
– Zartopganda hammaning bog‘i bor, o‘g‘lim. Mevalarimizni chetdan kelganlar ulgurji sotib olishadi. Bizning mevalar sersuv, shirali-da.
– To‘g‘ri aytasiz.
– Ishxonamizning orqasidagi hovli meniki.
– Bilaman.
– Unda, ishdan keyin uyga kir, olma-uzumlarim pishgan, qizim ikkalamizni suratga tushirasan?
Tolibjon yo‘qotgan o‘yinchog‘ini topib olgan boladek suyunib ketdi. Gulchehra bilan yana uchrashishga bahona topilgandi.
– Xo‘p, amaki, – dedi hayajonini sezdirmaslikka tirishib.
– Ungacha Gulchehrayam keladi. Kerakli matolarini shahardan oladi-da.
Tolibjon Qobiljon amaki bilan yana bir-ikki og‘iz gaplashib, ishxonaga kirdi. Shiftiga bulutli osmon tasviri tushirilgan dahliz-yo‘lak ko‘ziga chiroyli ko‘rindi. O‘zini pardek yengil his qildi. Xonasida quritishga qo‘yilgan suratlarni tez-tez oynadan ajratdi. Zavq bilan bir-bir ko‘zdan kechirdi-da, taxladi.
Yo‘lakdan Shokir Ismoilovning kim bilandir gaplashayotgani eshitildi. Eshikni ochganida direktor bilan Doston qizishib nimalarnidir muhokama qilishardi.
– Mana, Tolibjon ham shu yerda ekan, – dedi Shokir Ismoilov eshik ochilganda. – Dostonga, suratga tushasizlar, dedim. To‘garaklarimiz hayotidan ko‘rgazma tashkil qilsak, nima deysizlar?
– Yaxshi bo‘lardi, – Tolibjon darhol rozi bo‘ldi. – Buni men ham rejalashtirib yurgandim.
– Unday bo‘lsa, bugundan ishga kirishing!
– Xo‘p bo‘ladi.
Direktor xonasiga kirib ketdi. Tolibjon Dostonga ergashib, “Koinot” ustaxonasiga bordi. Xona katta-kichik dastgohlar bilan to‘la edi. To‘rdagi devorga Ulug‘bekning katta portreti ilingan. Tolibjon portretga tikilib turib qoldi. Doston undagi o‘zgarishni payqadi:
– Har kirganingizda shu suratga qaraysiz?
– Ulug‘bek juda kam uchraydigan, noyob iste’dod.
– To‘g‘ri, hukmdor bo‘lsayam bir umr fan bilan shug‘ullangan. Ulug‘bek Amir Temurning munosib nabirasi edi.
– Men ham xuddi shuni o‘ylayotgandim.
– Ulug‘bek yulduzlar xaritasini yaratganida, vaqti kelib odamlar koinotga uchishini bilganmi? – dedi Doston stoldagi oy yuzasining nusxasiga ishora qilib.
– Orzu qilgani aniq. Quyosh, Oy harakatlarini hisoblagan olim-ku, axir.
– Ko‘pincha tunlari qolib, o‘zim ham ustaxonada ishlayman. Shunday paytlarda, shogirdlarim koinotga uchishsa, deb orzu qilaman.
– Yaxshi niyat – yorti mol.
– Umidim yo‘g‘amas, – jilmaydi Doston.
– Men hozir qaytaman! – Tolibjon shoshilib xonadan chiqdi.
Bir zumdan keyin yog‘dulanadigan lampa o‘rnatilgan “FED” fotoapparati bilan qaytib kirdi.
– “Oy yuzasi”ni qo‘lingizga olib, mana bu yerga turing, – dedi Ulug‘bek portretiga ishora qilib.
– Suratga tushirasizmi?
– Ha.
U Dostonni portret ko‘rinadigan nuqtaga yetaklab keldi:
– Shunday, yaxshi! Ko‘raylik-chi?
U fotoapparatini chiqillatib, erinmasdan surat ola boshladi. Bu jarayon ancha ­davom etdi. Doston zerikib, qum, tosh parchalari yelimlangan “Oy yuzasi”dagi chuqur­lardan birini to‘g‘irlashga tushdi. Tolibjon to‘xtamay yana bir nechta surat oldi.
– Bo‘ldimi? – dedi Doston.
– Menimcha, yaxshi surat chiqadi.
– Bir o‘zimga shuncha fototasma sarfladingiz?
– Jonli kadrni topish kerak-da.
Tolibjon bir yo‘la boshqa to‘garaklarni ham tasvirga tushirishni mo‘ljallab, aviamodelchilik xonasiga kirdi. Ustaxonada Ilhom kuyib-pishib mashg‘ulot o‘tayotgandi. Atrofini bolalar o‘rab olishibdi. U qo‘lidagi xonada uchadigan samolyot modelini qo‘yib yubordi. Jajji samolyot xona bo‘ylab aylanib ucha boshlaganida bolalar qiy-chuv qilib yuborishdi. Ilhomning o‘zi ham parvozdagi modelni zavq bilan kuzatardi. Tolibjon fotoapparatini sozlab, tasvirga tushirishga kirishdi.
– Avvalroq aytganingizda xonani tozalab qo‘yardim, – dedi Ilhom.
– Shunday qolgani ma’qul, tabiiy chiqadi.
– Usta nimani ma’qul ko‘rsa, shu-da, – Ilhom kelishuvchanlik bilan rozi bo‘ldi.
Tolibjonga uning “usta” degani biroz erish tuyuldi-yu, ammo yoqdi.
– Endi bolalar bilan mashg‘ulot o‘ting, men suratga tushiraman, – dedi.
Ilhom stoldagi modelni qo‘liga olib, bolalarga tushuntira boshladi:
– Samolyot, aeroplan – bu samoga parvoz qilish apparati. Uchish maydonida katta tezlik bilan harakatlansa, qanotlaridagi eleronlar yordamida fazoga ko‘tarilish kuchi hosil bo‘ladi. Biz samolyotning tuzilishi, uchish imkoniyatlarini ham o‘rganamiz.
U Tolibjonga “bo‘ldimi?”, degandek qaradi.
– Davom etavering, – Tolibjon qo‘li bilan ishora qildi. – Bolalarga o‘zbek uchuvchilari haqida gapirib berasizmi?
Ilhom o‘ylanib turdi-da, bolalar qiziqib tinglayotgan hikoyasini davom ettirdi:
– O‘zbeklardan ham juda ko‘p jasur uchuvchilar chiqqan. Ikkinchi jahon urushida o‘zbek uchuvchilarining jasoratlari tildan-tilga, dildan-dilga ko‘chib yurgan. Harbiy uchuvchi Ro‘zi Ostonqulov shulardan biri edi. Ro‘zi akangizning bir o‘zi to‘rtta dushman samolyotini urib tushirgan.
– Ro‘zi akayam modelchi bo‘lganmi? – dedi hayrat to‘la ko‘zlarini katta-katta ochib turgan bola.
– Balki u ham to‘garakka qatnagandir… Sizlar avval samolyot modellarini loyihalashni o‘rganing. Buning uchun fizika, matematikani bilish kerak, – berilib gapirardi u. – Uchish apparatlarining takomillashishida ham o‘zbek olimlarining hissalari katta. Masalan, akademik Toshmuhammad Sarimsoqov urush yillarida harbiy meteorolog bo‘lgan. Uning ehtimollar nazariyasi va matematika statistikasi bo‘yicha qilgan kashfiyotlari samolyotlarning yuk ko‘tarish imkoniyatini oshirdi.
Tolibjonning o‘zi ham beixtiyor surat olishdan to‘xtab, Ilhomning hikoyasiga quloq sola boshlagandi.
– Sohangizni yaxshi bilarkansiz, – dedi havas bilan.
– Ko‘p kitob o‘qiyman. Harbiy xizmatda aviamexanik bo‘lganman.
– Shokir aka ham aviamexanik ekan.
– To‘g‘ri, shuning uchun bir-birimizni yaxshi tushunamiz-da. Samolyot tuzilishini bilmasdan model yasab bo‘lmaydi.
– Men ham fotografiyadan kitob topishim kerak.
– Menda bor, sizga beraman.
– Fotografiyaga qiziqasizmi?
– Ko‘proq foto texnikasiga. Uncha-muncha ta’mirlayman ham. Qo‘limga tushgan buyumni bo‘laklab, keyin yig‘aman. Qiziqish-da buyam.
Shu payt eshik ochilib, suhbatlari bo‘lindi. Ostonada ko‘zlarini pirpiratib Ibrohim turardi.
– Aka, biz keldik, – dedi bolalar bilan gavjum ustaxonaga alanglab.
– Ibrohim, bolalarni xonamizga olib kiraver, – Tolibjon qo‘li bilan ishora qildi. – Men hozir ishimni tugataman.
Ibrohim “xo‘p” dedi-da, devordagi samolyot modellariga yana bir qarab olib, eshikka otildi. Tolibjon ham Ilhomga uzr aytib, chiqib ketdi.
U fotolaboratoriyaga kirganida o‘quvchilari kutib o‘tirishardi. Ularni surat olish, ishlash jarayonlarida tasvirga tushirdi. Shundan keyin dastur rejasi bo‘yicha mashg‘ulot o‘tdi.
Tushdan keyin bo‘sh edi, uyiga borib biroz dam olmoqchi bo‘ldi. Xonasini qulflab, chiqib ketdi.

8

Bu yil mezonning o‘rtalarida jazirama issiq avjiga chiqdi. Kun tikkaga kelgan, ko‘chada odam ko‘rinmaydi. Tolibjon uyiga shoshilardi. Maktab darvozasidan chiqqanida uzoqda daryoda qolib ketgan qayiqdek chayqalib kelayotgan kimsaga ko‘zi tushdi. Xayolida “Shu issiqda ichib olgan kim ekan?”, degan so‘roq xonaga qamalib qolgan qaldirg‘ochdek charx ura boshladi. Ular yo‘lakdan bir-birlariga qarab yurishar, oralari borgan sari yaqinlashardi. O‘rtada o‘n qadamcha masofa qolganda mast yigit tanishdek ko‘rindi. U tinimsiz u yoqdan bu yoqqa shox tashlar, allanimalar deb baqirib, o‘zicha so‘kinib qo‘yardi. Yoshgina, naynov, ingichka mo‘ylovli yigit Tolibjonning ro‘parasiga kelganda unga bir tikilib oldi-da, ko‘zlari sovuq yonib, taqqa to‘xtadi.
– O-ov, kimsan? – dedi g‘o‘ldirab.
Endi Tolibjon uni aniq tanidi. Bu o‘sha, Zartopganga kelgan kuni temiryo‘l bekatida uchratgan “Zaporojets”dagi kirakashning sherigi edi. O‘sha-o‘sha sovuq bashara, oliftalarcha “chirt” etkazib yonboshiga tupurib qo‘yishi ham o‘sha. Ismini eslashga harakat qildi, Qo‘shmat edi chamasi. Ha, to‘g‘ri, Qo‘shmat! Sherigi uni shunday deb chaqirgandi.
– O-ov-v! – dedi u yana. – S-senn, iy-ya, seni tanidim-m! Vokzalda ko‘rgandim-m. S-seni surat-tchi deyishdi, to‘g‘-g‘rimi?
– Ha, suratchiman. – Tolibjon istar-istamas javob qaytardi.
– Xim-mm, m-meni suratga tushir, o-ov, cho‘loq!
Tolibjon uning mast-alast g‘ingshishlariga bazo‘r chidab turgandi. “Cho‘loq” deganini eshitib, miyasiga qon tepdi.
– Haqorat qilmang, o-ov, – dedi u ham Qo‘shmatning gapiga monand.
– O-ovv, nima deyapsan-a, nim-ma deysan! Bir ur-rib abjag‘ingni chiqar-raymi, a-a?!
– E-e, toshingni ter-e! – Tolibjon portlab ketdi.
– O-ov, sensirama, basharangni buz-zib qo‘yaman!
Qo‘shmat shunday deb musht tushirmoqchi bo‘lib qo‘lini siltadi. Tolibjon o‘zini orqaga oldi. Oyog‘ida zo‘rg‘a turgan Qo‘shmat muvozanat saqlolmay yerga yiqildi. U ikki qo‘liga tiralib o‘rnidan turishga harakat qilar, og‘zidan ko‘pik aralash so‘lagi oqib, so‘kinardi. Tolibjon, shu bilan teng bo‘lamanmi, deb tuproqqa belanib yotgan Qo‘shmatning yonboshidan o‘tib, uyi tomonga keta boshladi.
– To‘xta-a! – Bir amallab o‘rnidan turgan Qo‘shmat shang‘illab baqirdi. U chayqalib, ko‘zini ola-kula qilganicha Tolibjonning ortidan tahdidli o‘qrayib turardi.
Tolibjon beixtiyor to‘xtab, unga qaradi.
– To‘xta-a! O-ovv, menga qara! Seni Qobil aka bilan ota-bola bo‘l-lgan deyishdimi? O‘sh-shamisan?!
– Ha!
– Qiziga, Guliga ko‘z olaytir-rma, abjag‘ingni chiq-qaraman!
Uning mastlikda bo‘lsayam aytgan bu gapi Tolibjonning yuragini muzlatib yubordi. Eng qimmatbaho narsasini tortib olayotgandek Qo‘shmatga nafrat bilan bir qaradi-da, indamasdan yurib ketdi. Ozgina yurgach, sadaqayrag‘och ostidagi xarrakda kimdir o‘tirganiga ko‘zi tushdi. Yo‘l chetidagi ulkan daraxtlar to‘sib turgani uchun Qo‘shmat bilan g‘ijillashib turganida uni ko‘rmagandi.
Xarrakka daraxt soya tashlab turardi. Quyoshning o‘tkir nurlaridan ko‘zi qamashib, o‘tirgan kimsani taniyolmadi. Zartopganga ilk kelgan kuni Server bilan shu yerda uchrashganini esladi. Oqsoqlanganicha asta-sekin o‘sha tomonga yurib boraverdi. Yaqinlashganida o‘tirgan kimsa qo‘lini silkitdi. Tolibjon uni tanidi. Bu Server edi! Suyunib, qadamini tezlatdi.
– Server! Mirzacho‘ldan qaytdingmi?! – dedi oralari to‘rt-besh qadam qolganda.
Server o‘rnidan turib, unga peshvoz yurdi.
– Bugun keldim, do‘stim, diplom amaliyoti tugadi, – jilmaydi u. – Birga tushlik qilamiz, deb seni kutyapman.
– Zo‘rsan-ku, og‘ayni! – Tolibjon quchoqlab ko‘rishdi. – Qorayib ketibsan?
– Mirzacho‘l Zartopganmas, o‘z nomi bilan cho‘l! Kun tig‘ida dalada ishladik. Shunday odamlarni ko‘rdim-ki! Faqat sen bo‘lmading-da, suratga olarding. Kayfiyating yo‘qqa o‘xshaydi, ranging oqarib ketibdi?
– Qo‘yaver, aytishga arzimaydi.
– Unday dema, nima bo‘ldi?
– Bittasi asabimni buzdi.
– Kim?
– Men uni yaxshi tanimayman, ismi Qo‘shmat. Ingichka mo‘ylovli, naynov. O‘lgudek mast.
– To‘g‘ri, Qo‘shmat g‘irt mast edi, hozir shu yerdan o‘tib ketdi. Sen uni yo‘lda uchratgan bo‘lishing kerak. Xo‘sh-xo‘sh, nima dedi u senga?
– Aytishga arzimaydi, dedim-ku… Qobiljon amakining qizini gapirdi, Gulchehrani.
– Ha-a, shunday degin.
– Bir gap bormi o‘rtalarida?
– Nega unday deyapsan?
– O‘zim, shunday.
– Bu ta’viya Gulchehraga uylanaman deb yuribdi. Guldek xotini bor edi, bir bolasi bilan ketib qolgan. Bu piyonista bilan kim ham yashardi.
– Uni “Zaporojets” mashinasida, temiryo‘l bekatida ko‘rgandim.
– Mashina unikimas, o‘rtog‘iniki. Ko‘pincha xiralik qilib o‘tirib oladi. Otasi maktabda qorovul, Qobiljon amaki bilan yonma-yon ishlashadi. Uylari soyning ortidagi mahallada. Qo‘shmat Gulchehraga ko‘z tikib yuribdi.
– Gulchehrachi?
– Gulchehra uni yonigayam yo‘latmaydi. Qo‘shmatning shilqimligidan bozorgayam chiqmay qo‘ydi.
– Sen bularni qayoqdan bilasan?
– Zartopgan kichkina shaharcha, gap qolarmidi?
– Qobiljon amaki nima deydi?
– Gulchehrani ikki dunyodayam Qo‘shmatga bermaydi.
– Him-m.
– Surishtirib qolding?
– O‘zim, shunday. Yur, uyga kiramiz, – Tolibjon darvozasiga ishora qildi. – Menga Mirzacho‘l haqida gapirib berasan.
– Mayli, unda amakidan somsa olaylik?
– Somsamizni sog‘inibsan-da?
– To‘g‘risi, sog‘indim.
Ular chorrahadagi shop mo‘ylov somsapazni “amaki” deyishardi.
Somsapaz yigitlarni tanib, qo‘lini bir-biriga ishqab, kuldi:
– Anchadan beri ko‘rinmay qoldinglar? Yo, somsam aynidimi?
– Yo‘-o‘q, amaki, – dedi Server cho‘zib, – somsangiz aynimaydi! Men Mirzacho‘lga ketgandim.
– Bunaqa somsa Mirzacho‘lda yo‘q, – u tandirning tunuka qopqog‘ini ochdi. – Nechta uzay?
– To‘rtta.
– Oltita uzavering, – dedi cho‘ntagini kavlayotgan Tolibjon.
– Mirzacho‘ldagi amaliyotda haq to‘lashdi. Sen qo‘yaver, men o‘zim…
– Server, men ham oylik oldim. Birinchi maoshimni amakining somsalari bilan yuvamiz.
– Bu boshqa gap, – dedi somsapaz oq oralagan mo‘ylovini silab. – Birinchi olgan moyanani meni somsam bilan yuvinglar, maza qilib.
U yer tandirdan uzilgan, hidi ishtahani qitiqlayotgan qaynoq somsalarni qalin qog‘ozga o‘rab berdi. Ular somsani olib, Tolibjonning ijara uyiga oshiqishdi.
Server darvozadan kirib, atrofga alanglab turib qoldi.
– Hovlini rosa-a tozalabsan, – dedi chehrasi ochilib.
– Qo‘limdan kelganicha… Sendan boshqa hech kim maqtagani yo‘q. Dam olish kunidayam qishloqqa bormasdan, hovli tozaladim. Boshqa payt vaqtim bo‘lmaydi, kuni bilan ishdaman.
Ular chaqchaqlashib uyga kirishdi.
– Endi meni uyimda mehmonsan, o‘tir, – dedi Tolibjon.
– Yaxshi joylashib olibsan, xursandman, – Server u ko‘rsatgan stulga o‘tirdi.
Tolibjon qog‘ozga o‘ralgan somsani stolga qo‘ydi. Alyumin chovgunga suv to‘ldirib, tashqaridagi elektr plitasiga qo‘yib keldi:
– Hozir qaynaydi, – dedi o‘tirayotib.
– Choysiz ham bo‘laveradi, – kuldi Server.
Ular bittadan somsa olib, ishtaha bilan yeya boshlashdi. Chovgundagi suv vishillagan ovoz chiqardi.
– Mirzacho‘lda nima gaplar? – so‘radi Tolibjon.
– Gap ko‘p… Choying qaynadi, damlagin, keyin aytib beraman.
Tolibjon elektr plitani o‘chirib, choynakka choy damlab keldi.
– Gapiraver, – dedi piyolaga choy quyib uzatarkan.
– “To‘rtinchi Boyovut” sovxozida bo‘ldik. Bilasanmi, sovxoz direktori kim ekan?
– Taniqli odammi?
– Jud-da! Usmon Yusupovni eshitganmisan?
– Ministrlar sovetining raisi bo‘lganmi?
Server ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosdi:
– Oyim bu haqda gapirmagin, degandilar!
– Nega?
– Siyosat-da! Lekin senga aytsam bo‘laveradi… Biz borgan sovxozda o‘sha Usmon Yusupov direktor ekan. Uni nima uchun ishdan olishganini aniq bilmayman-u, g‘o‘zani kvadrat uyalab ekishga qarshi bo‘lgan, deyishdi.
– Uni ko‘rdingmi?!
– Nima deyapsan! “Villis”ida birga yurdim! Bo‘yi pastroq, yo‘g‘on gavdali odam. Orqa o‘rindiqni butunlay egallaydi. Men oldinda o‘tirdim, u orqada.
– Rostdanmi?
– Qiziqsan, senga yolg‘on gapirarmidim, mashinasida dalaga birga bordik. Biz texnikumda g‘o‘zani kvadrat uyalab ekishni tajriba qilganmiz. Shu usulni Boyovutdagi traktorchilarga o‘rgatdik. Men talabalarga rahbar edim.
– Chigitni bu usulda ekish qiyinmi?
– Dalaning boshidan etagigacha qatorlab sim tortib chiqish kerak, osonmas. Simlarning har oltmish santimetriga zoldir o‘rnatilgan. Zoldir seyalkaga tekkanda chigit tushaveradi.
– Butun dalaga sim tortiladimi?
– Yo‘q, traktor egat boshiga yetganda o‘sha simlar yangi qatorga olinadi.
– Qiyin ekan.
– Juda sermashaqqat ish.
– Usmon Yusupov qanday odam? – Tolibjon sabrsizlik bilan Serverni yana so‘roqqa tutdi.
– Kamgap, juda samimiy ekan. Lekin har bir gapi ma’noli. Tinim nimaligini bilmaydi. El qatori, sovxoz uyida yasharkan. To‘rt-besh yilda sovxoz obod bo‘lib ketibdi. Katta bog‘ ham yaratibdi.
– Server, senga havasim keladi! – dedi Tolibjon unga tikilib o‘tirarkan.
– Cho‘lda ishlab kelganimgami?
– Ha-da, qancha odamlarni ko‘rding, katta ishlarda qatnashding!
– To‘g‘ri aytasan, inson chiniqishi, yoshlikda harakat qilib qolishi kerak.
Tolibjon o‘y surib biroz jim qoldi. Server “ortiqcha gapirib yubordimmi?”, deb o‘yladi.
– Senga qo‘shimcha ishlar chiqyapti, – dedi gap mavzusini o‘zgartirib.
– Qanday ish?
– Kecha qo‘shnimiz Zokir og‘ani ko‘rdim. Zokir og‘a tuman gazetasida muharrir. Unga sen haqingda aytgandim. “Suratlaridan olib kel”, dedi og‘a.
– Nega? – hayron bo‘ldi Tolibjon.
– Gazetada chiqarishga.
– Yo‘g‘-e?
– Ha nima, sen yaxshi surat olasan.
– Bo‘larkanmi?
– Nega bo‘lmasin? Uch-to‘rtta suratingdan ber!
– Bugun modelchilarimizni suratga tushirdim. Shularni tayyorlab bersammikin?
– Bo‘laveradi. Ertaga o‘zim oldingga kiraman. Suratlaring Zokir og‘aga yoqishi aniq.
– Server, meni ortiqcha maqtayapsan, suratchilikni endi boshladim, axir.
– Balki shundaydir, ammo har bir ishni yurakdan bajarasan. Suratlaringda kishini o‘ziga tortadigan nimadir borligini sezganman.
Serverning gaplari Tolibjonga dalda bo‘ldi-yu, surat ishlash xayolidan ketmay qoldi.
– Men ilojsizlikdan Zartopgandagi texnikumga o‘qishga kirganman, – dedi Server. – Maktabni oltin medalga bitirganman. Matematika muallimi bo‘lishni orzu qilaman. O‘zing bilasan, Toshkentda o‘qishning o‘ziga yarasha xarajatlari bor. Onam bilan singlimni yolg‘izlatib ketolmadim. Lekin hali niyatimdan qaytganim yo‘q.
– Institutga kirasanmi?
– Ha, sirtqi bo‘limga. Hozircha bog‘dorchilik sovxozida mexanik bo‘lib ishlab turaman. Keyin maktabga ishga o‘taman.
Server yana biroz o‘tirib, shoshayotganini aytdi-da, ertaga kelaman, deb chiqib ketdi. U ketgandan keyin Tolibjon yana Qo‘shmat bilan bo‘lgan noxush to‘qnashuvni esladi. Gulchehraga ko‘z tikkan ekan, degan o‘y ko‘nglini xira qilib turardi. “Uning mendan ustunligi qo‘l-oyog‘i butunligida. Bir oyog‘i yo‘q nogironning oydek qizga og‘iz solishga haqi bormi? Biroq Gulchehra sira xayolimdan ketmayapti… Yo‘q, uni Qo‘shmatga berib qo‘ymayman!”
Tolibjon uyidan o‘ychan bo‘lib chiqdi. Qobiljon amaki tayinlaganidek, tushdan keyin ularnikiga borishi kerak edi. Avval ishxonasiga kirib, fotoapparatini oldi. Ko‘chaga chiqib, maktab hovlisiga tutash uyning ko‘k darvozasini taqillatdi. Yengil qadam tovushi eshitilib, darvoza ochildi. Ichkarida Gulchehra ko‘rindi:
– Keling, sizni kutayotgandik, – dedi u jilmayib yo‘l bo‘shatarkan.
Bu gap Tolibjonga ayricha ta’sir qildi. Gulchehra yaqin, judayam yaqin odamidek tuyuldi:
– Qobiljon amaki…
– Bilaman. Dadam aytdilar, suratchi ekansiz. Kiravering, tortinmang! – Qiz o‘zini chetga oldi.
Gulchehra uyda kiyib yurgan olcha gulli odmi ko‘ylagida ham to‘lin oydek go‘zal edi. Boshida o‘ziga yarashgan moviy durra. Mayin yuz, qayrilma qoshlar ostidagi shahlo ko‘zlari kishini beixtyor o‘ziga tortadi. “Uni bolaligimdan biladigandekman, – o‘yladi Tolibjon. – Bor-yo‘g‘i ikki marta ko‘rishdik-ku? Nega shunday? Meni eslab ham qolmagandir?”.
– Nega kirmayapsiz? – Gulchehra Tolibjonga ajabsinib qaradi.
– Bexosdan kelishim noqulay bo‘ldi. Ismim Tolibjon, – dedi u o‘zini qo‘lga olib.
– Meniki Gulchehra, – qiz jilmaydi.
Tolibjon darvozadan ichkariga kirdi:
– Sizni Zartopganga birinchi kelganimda ko‘rganman.
– Bozorda, olma sotayotganimda, – Gulchehra sadafdek oppoq tishlarini yaltiratib kuldi. – Bugun olmalarim bepul.
– Esingizda ekan-da?
– Zartopganda hamma bir-birini taniydi. Bu yerlik emasligingizni bilgandim, yelkangizga so‘mka osib olgandingiz.
– Toshkentga, foto anjomlari uchun ketayotgandim. Zartopganni ko‘rgim kelib poyezddan tushib qoldim.
– Men ham matolarni shahardan olaman. Qarang, ishimiz o‘xshash ekan.
– Chevarsiz-da?
– Dadam aytdilarmi?
– Ha.
– Nuqul maqtab yuradilar. Ba’zan uyalib ketaman. Hammayam farzandini shunaqa maqtasa kerak-da, to‘g‘rimi?
Gulchehraning soddaligi Tolibjonni zavqlantirdi.
– To‘g‘ri, – dedi jonlanib. – Meniyam oyim zo‘r suratchi, deydilar. Aslida, endi o‘rganyapman…
– Kim ekan, qizim? – hovli to‘ridan Qobiljon amakining ovozi eshitildi.
– Qarang, shu yerda gaplashib qolibmiz, – Gulchehra taraddudlandi. – Yuring, yuravering, yigit kishi oldinda yurishi kerak.
Tolibjon ortidan Gulchehra kelayotganini o‘ylab hayajonlanardi. Nihoyatda yoqimli edi bu hissiyot. “Yaxshi qiz, juda yaxshi qiz! – deya o‘yladi. – Piyonista Qo‘shmat unga loyiq emas. Men-chi?..”
U beixtiyor qadamini tezlatdi. Aksiga olib, yog‘och oyog‘ini bosgandagi g‘ijirlash butun hovliga eshitilayotgandek tuyulardi.
– Iya! Tolibjon, senmiding? – Qobiljon amaki ishkom ostidagi narvonda uzumni xomtok qilardi. U tezda qo‘lidagi tokqaychini uzum poyasiga ilib, narvondan tushdi.
– Amaki, aytganingizdek, ishdan keyin keldim, – dedi Tolibjon.
– Baraka top, o‘g‘lim. Bi-ir qizim ikkalamizni suratga tushir. Biz ham g‘animat, bolam.
– Unday demang, hali baquvvatsiz.
– Xudoga shukr, yurib turibman. Loki-in, umr – otilgan o‘q, orqaga qaytmaydi. Xudoning belgilagan kuni bor.
– Shu yerda tushasizmi? – Tolibjon o‘zlari turgan ishkom ostiga ishora qildi.
– Mayli.
U atrofga alanglab, yorug‘lik ko‘proq joyni tanladi. Qobiljon amaki mo‘ylovini silab qo‘ydi-da, aytilgan joyga kelib turdi. Gulchehra ham otasining yoniga keldi. U kiyimini almashtirib chiqqandi. Egnida maydataroq qizil atlas ko‘ylak. Boshida o‘sha, o‘ziga yarashgan iroqi do‘ppisi. Bir o‘rim zulukdek qop-qora sochini ko‘ksiga tushirib olibdi. Shirin jilmayib, Tolibjonga qaradi. U atlas ko‘ylakda qirmizi atirgulga o‘xshardi. Libosining jilosidanmi, chehrasidanmi ko‘zni oluvchi tillarang-alvon yog‘du taralib, Tolibjonning ko‘zlarini qamashtirdi.
– Ana endi, apparatingni chiqillat, – dedi Qobiljon amaki labini cho‘chchaytrib.
Cholning ovozi Tolibjonni o‘ziga keltirdi. Fotoapparatini ravshanlikka soz­lab, kumushdek yaltiroq tepki tugmasini bosdi. “Shirq” etgan tovush eshitildi:
– Bo‘ldimi? – dedi Qobiljon amaki.
– Bo‘ldi.
– Endi Gulchehrani alohida suratga ol. Qiz bola birovning xasmi. Katta qilib ishlab berarsan.
Bu taklif Tolibjonga ayni muddao bo‘ldi:
– Gulchehra, bir bosh uzumni ushlab turing, – dedi surat olishga chog‘lanib.
– Shundaymi? – Gulchehra jilmayib kishmish gujumiga barmoqlarini tekkizdi.
Tolibjon shoshilib ravshanlikka sozlash halqasini burab, tepki tugmasini bosdi.
– Voy! Hali tayyor emasdim-ku?
– Mayli, yana tushiraman.
Tolibjon yana bir nechta surat oldi.
– O‘g‘lim, endi uyga kir, choy ichib ketasan, – dedi Qobiljon amaki chin ko‘ngildan.
– Rahmat, amaki, keyingi safar kirarman.
– To‘g‘riku-ya, uyimga birinchi kelishing-da?
– Yana kelaman, amaki.
– Tez-tez kirib tur, – Qobiljon amaki uning yelkasiga otalarcha mehribonlik bilan qo‘lini qo‘ydi. – Men ishxonaga sag‘al turib chiqaman.
Tolibjon hayajonning zo‘ridan Gulchehralarnikidan qanday chiqib ketganini bilmadi. Yosh texniklar markaziga kelib, negativ tasmasini ochirishga kirishdi. Tasmani quritish javoniga ilib, uyga ketmoqchi bo‘lib turganida Ilhom kirdi.
– Mana, aytgan kitobim, – dedi u qo‘lidagi kulrang muqovali qalin kitobni uzatayotib. – Tushlikka uyga borganimda olib keldim. Sizga va’da qilganim mana shu kitob edi.
Tolibjon “Fotografiyadan 25 dars” kitobini qo‘liga olib, suyunib ketdi:
– Rahmat, og‘ayni.
– Sizga foydasi tegsa bo‘ldi. Mayli, men boray, – deb Ilhom chiqib ketdi.
Tolibjon stolga muk tushib, kitob varaqlashga tushdi. Darslikda fotografiya haqida juda ko‘p ma’lumotlar bor edi. “Surat olish amaliyoti” bo‘limini qayta-qayta ko‘zdan kechirdi. Bilim yurtida o‘qiyotganida bularga ahamiyat bermaganiga achindi. Qobiljon amaki eshikdan mo‘ralaganida hamon kitobdan bosh ko‘tarmay o‘tirardi.
– Kech bo‘ldi, Tolibjon, – dedi u. – Dam olmaysanmi, o‘g‘lim?
– Men hali surat ishlayman, amaki.
– Mayli, o‘zing bilasan, ishingga mehr qo‘ysang, nomdor usta bo‘lasan.
Qobiljon amaki eshikni yopdi. Tolibjon qo‘lidagi kitobga havas bilan bir qarab oldi-da, o‘rnidan turib, javonga qo‘ydi. “Kyuveta” deb ataladigan yassi idishlarga eritmalarni quya boshladi. Qurigan negativ tasmani fotoyiriklashtirgichga o‘rnatdi.
Xonada qizil chiroq shu’la taratib turardi. U fotoyiriklashtirgich tagligiga tikilib, kadrlarni ko‘zdan kechirdi. Negativga muhrlangan tasvirlar tiniq. O‘ttiz oltita kadrda o‘ziga xos mushtaraklik bor. Ishxonada olgan suratlari tasmaning boshlanishida edi. Ulug‘bek portreti bilan olingan surat ayniqsa jonli chiqqandi: Doston qo‘lidagi Oy maketini sozlashga berilib ketgan, devorga ilingan portretdagi alloma Ulug‘bekning aql-zakovat yog‘ilib turgan o‘tkir nigohi uni kuzatayotgandek taassurot uyg‘otadi. Tolibjon bir parcha fotoqog‘ozga namuna olib, vaqtni belgiladi. Bu kadrdan bir nechta nusxa oldi. Aviamodelchilik to‘garagidagi suratlar ham chakki emasdi. U zavq-shavq bilan ishlay boshladi. Bir suratda o‘quvchi ustozining qo‘lidagi samolyot modeliga hayrat bilan tikilib, savol bermoqda. Ustozi diqqat bilan uni tinglayotir…
Tolibjonga yolg‘iz ishlash yoqardi. Hech kim xalal bermaydi. Butun olam eshik ortida qolgan. Tasvirdagi odamlar o‘ylaringga sherik bo‘layotgandek. Taglikda Gulchehraning surati paydo bo‘lganda qizning qarashlaridagi beg‘ubor ifodaga entikib tikildi. Gulchehra hayotiga tasodifan kirib keldi. Oqibati nima bo‘ladi? Tolibjon shuni o‘ylab qiynalardi. Undan ayrilib qolayotgandek tuyuladi. Yana Qo‘shmatni esladi. Sovuq basharasi ko‘z oldiga kelib, asabi buzildi. Qo‘liga jirkanch shilimshiq allanima yopishib qolgandek, ijirg‘andi. Uning “cho‘loq” degan tovushi eshitilgandek bo‘ldi. O‘rnidan turib, u yoqdan bu yoqqa yurdi. “Gulchehrani unga berib qo‘ymayman, – dedi o‘zicha. – Men uni kaftimda ko‘tarib yuraman! Faqat…” U alam bilan nogiron oyog‘ini esladi. Joyiga o‘tirib, yana surat ishlay boshladi. Eritmadagi foto qog‘ozda Gulchehraning tasviri paydo bo‘ldi. U suratdan nimtabassum bilan chiqib kelayotganga o‘xshardi…
Chop etilgan suratlarni quritish uchun oynaga yopishtirib bo‘lganida tun yarimlagandi. Qobiljon amaki yo‘lakdagi yumshoq o‘rindiqda mudrab o‘tirardi. U eshikni ovozsiz ochib, chiqib ketdi.

* * *

Tolibjon odatdagidek erta uyg‘ondi. Yog‘och oyog‘ining qayishlarini tortib bog‘ladi. Vaqt o‘tib bunga o‘rganib ham ketgandi. Biroq Gulchehrani uchratganidan buyon, ayniqsa Qo‘shmatning unga ko‘z olaytirib yurganini bilganida nogironligini o‘ylab yana siqila boshladi. Gulchehra hayot ummoniga yangi to‘lqinlar silsilasini boshlab keldi. Bu mavjlar shiddatli, shuning bilan birga arosatli edi: “Bir oyog‘i yo‘q yigit Gulchehraga kerakmi?” Shu so‘roq yuragini xarsangtoshdek ezadi…
Tolibjon yuz-qo‘lini yuvib, ishga otlandi. Yosh texniklar markaziga kelganida Qobiljon amaki yo‘lakdagi stolda choy ichib o‘tirardi.
– O‘g‘lim, bugun vaqtli chiqibsan-da? – dedi sinovchan tikilib.
Tolibjon zo‘rma-zo‘raki jilmaydi. Ko‘pni ko‘rgan qariya undagi muztarlikni payqadi.
– Ke, choy ich, – dedi.
Tolibjon Qobiljon amaki surgan kursiga cho‘kdi.
– Ol, uyingda bir o‘zingsan, saharlik qilmagandirsan. Mana, qizim yopgan nondan tatib ko‘r.
– Men hozir! – Tolibjon o‘rnidan turdi.
– Qayoqqa?..
– Hozir, amaki!
U yo‘lak oxiridagi xonasiga kirdi. Ichkari dim edi. Eshikni ochib qo‘ydi. Devorga suyalgan oynadan qurigan suratlarni ko‘chirib oldi. Qobiljon amakiga beradiganlarini alohida ajratdi. Gulchehraning suratidan bittasini o‘ziga qoldirdi. Suratlarni olib, yo‘lakka chiqdi.
– Darrov tayyor bo‘ldimi? – Qobiljon amaki titroq qo‘llari bilan Tolibjon uzatgan suratlarni oldi. – Sen o‘tir, bolam, choyingni ichaver.
Tolibjon bir burda non olib tishladi. “Gulchehra oyimga o‘xshab non ham yoparkan”, – deya o‘yladi.
– Qizim ja-a chiroyli tushibdi. Rahmat, umringdan baraka top, – u Gulchehraning suratiga tikildi. – Onasining xuddi o‘zi-ya! Iloyo, umri o‘xshamasin.
– Nima bo‘lgan?
Tolibjon shunday dedi-yu, noo‘rin savol berganini payqab jimib qoldi. Qobiljon amaki bunga e’tibor bermadi, u xayolga cho‘mgandi. Ko‘nglini yorgisi kelib, o‘z-o‘ziga so‘zlayotgandek gapira boshladi:
– Kech farzand ko‘rdik. Rahmatli xotinim urush boshlangan yili homilador bo‘ldi. O‘shanda yoshi o‘ttiz beshda edi. Gulchehra urushdaligimda tug‘ilgan. Onasining ko‘zi yoribdi-yu, olamdan o‘tibdi, – Qobiljon amaki yuziga tomchilagan yoshni sidirib tashladi. – Uni onam bilan singlim katta qilishgan. Hozir ham singlimni “aya” deydi…Boshqa uylanmadim. Gulchehraning onasi ko‘z o‘ngimdan ketmaydi sira. Ko‘p yil farzand ko‘rmasak ham ajrashmagandik. U boshqacha edi-da!.. Umr shunday o‘tdi… Urushda tirik qolganimga shukr qilaman. Ne-ne azamat yigitlar bemozor qolishdi. Men ham o‘lib ketganimda qizimning taqdiri nima bo‘lardi? Na onasiz, na otasiz… Xotinim rahmatli qiynalib tuqqan, chaqaloqni oyog‘i lat yegan ekan, qizim oqsaydi, shunga ezilaman. Qiz bola-da… Mayli, joni omon bo‘lsin. Umrim shunday o‘tdi, bolam.
Tolibjon qo‘lida bir burda nonni ushlaganicha qarshisidagi ko‘rinishidan soddagina odamning iztirobli hikoyasi ta’sirida o‘tirardi.
– Senga dardimni doston qildim, – dedi Qobiljon amaki. – Qarigan sari ko‘ngil bo‘shab qolarkan, ol, choyingni ich.
9

Xonaga o‘quvchilar shovqin-suron bilan yopirilib kirishdi. Tolibjon qo‘lini ko‘tarib, ularni tinchlantirishga urindi. Ammo bu oson bo‘lmadi. Ular bijirlashib, ustozlarini savolga ko‘mib tashlashdi.
– Aka, bugun surat ishlaymizmi? – dedi bo‘yi boshqa bolalardan uzunroq, qotma, bug‘doyrang bola.
– Ishlaymiz, sabr qilinglar.
– O‘tgan safar menga vaqt yetmadi, – nolidi yana birovi.
– Bugun ikki hissa ishlaysan.
U rozi bo‘ldi. Shundan keyin bolalar qator terilgan o‘rindiqlarni talasha boshlashdi. Hamma ustoziga yaqinroq o‘tirishni ko‘zlardi.
– Ji-im, jim bo‘linglar! – Ibrohim baland ovozda qichqirdi.
Uning ovozi jazavaga tushgan bolalarga ayricha ta’sir qildi. Xona suv quygandek birdan tinchib qoldi.
– Aka, gapiravering, – dedi u yoqimli jilmayib.
Tolibjon kulib qo‘ydida, mashg‘ulotni boshladi. U jonli surat olish haqida uzoq gapirdi. O‘quvchilar qiziqib eshitishardi. Bola g‘ayratlining bir qo‘lini, g‘ayratsizning ikki qo‘lini bog‘laydi. Tolibjon shogirdlari bilan andarmon bo‘lib, Serverning xonaga kirganini ham sezmadi.
– Uzr, men kechagi suratlarga keldim, – dedi u o‘rnidan turmoqchi bo‘lgan bolalarga “o‘tiraveringlar” ishorasini qilib. – Shoshilinch ekan, Zokir og‘a o‘zim bilan tahririyatga olib ketaman, deb kutib o‘tiribdilar.
– Suratlar tayyor, lekin uyalib qolamanmi deb cho‘chiyapman? – Tolibjon ikkilandi.
– Ko‘raylik-chi? – Server bezovtalandi.
Tolibjon yosh texniklar markazada tasvirga tushirgan suratlarini stolga yoyib qo‘ydi.
– Ajoyib-ku! – dedi Server bir-bir ko‘zdan kechirib. – Aviamodelchilik, “Koi­not” to‘garaklaridan bittadan surat olamiz… Mana, foto to‘garagidan ham. – U uchta suratni alohida ajratdi. – Iy-ye, bunisi zo‘r-ku! – u Gulchehraning qora kishmish gujumiga barmoqlarini tekkizib tushgan suratini qo‘liga oldi. – Tabiiy va go‘zal! Ke, shu suratniyam gazetaga beramiz?
– Yo‘g‘-e, Gulchehra xafa bo‘ladi.
– Men… aytaman.
– Qaydam…
– Hozircha o‘zim bilan olay? Qaytishda, uylariga kirib, Qobiljon amakidan ruxsat so‘rayman. Natijasini senga aytaman.
Server suratlarni olib, tezda chiqib ketdi. Allaqachon o‘rinlaridan turib olgan bolalar uning ortidan qarab qolishdi. Tolibjon bolalarni o‘tqazib, mashg‘ulotini davom ettirdi. Birozdan keyin tanaffusga chiqishdi.
Tanaffusdan keyin amaliy mashg‘ulot bo‘ldi. Bolalar bir-bir surat ishlay boshlashdi. Ularga qo‘li ancha kelishib qolgan Ibrohim yordamlashib turdi. Oxirgi o‘quvchi xayrlashib, xonadan chiqqanida kun bota boshlagandi.

* * *

Tolibjon endigina uyiga kirganida ortidan eshikni kimdir chertdi.
– Tolibjon, uydamisan? – Serverning ovozi eshitildi.
– Kiraver, Server, – dedi u o‘rnidan turayotib.
Server odatdagidek “mumkinmi?”, deb kirib keldi. Tolibjon bu yigitning ziyo­lilarga xos muomalasiga birinchi uchrashganlaridayoq tan bergandi. Undagi ichki intizom, samimiylik Tolibjonga beixtiyor ta’sir qilgandi. O‘zi sezmagan holda bu qrim yigitiga ergasha boshladi. Hozir ham do‘sti kelganidan suyunib ketdi.
– Kechirasan, bevaqt keldim, – dedi Server.
– Qo‘ysang-chi, sen kelsang doim xursand bo‘laman.
– Yaxshi xabar keltirdim, – dedi kursiga o‘tirayotib Server. – Zokir og‘aga suratlaring yoqdi! Gazetada chop etishmoqchi. Ayniqsa, Gulchehraning suratini uzoq tomosha qildi. O‘rtog‘ingda qobiliyat bor ekan, dedi.
– Yo‘g‘-e?! – Tolibjon qizarib ketdi.
– Sen o‘qishing kerak!
– Qayerda?
– Toshkentda, universitetda! Jurnalistlik fakulteti bor.
– Universitet juda-a katta dargoh, menga yo‘l bo‘lsin.
– Nega unday deysan? – chimirildi Server. – Tinib-tinchimaslik kerak. Men pedagogika institutiga hujjat topshirmoqchiman.
– Ishlayapsan-ku?
– Sirtqi bo‘limga qabul boshlangan, men ishlab turib o‘qiyman. Bu onamning orzulari. Bolaligimdan, muallim bo‘lasan, deb qulog‘imga quyganlar. Senga aytgandim, maktabni bitirganimda institutga kirish imkoniyati bo‘lmagan. Endi, ham ishlayman, ham o‘qiyman. Ke, shu yili o‘qishga kiraylik? Birga tayyorlanamiz. Men matematikadan, sen… Buni Zokir og‘adan so‘raymiz. Sirtqi bo‘limda o‘qiyverasan.
Tolibjon do‘stining dadil fikrlariga lol qolib quloq tutardi. U shunday maroq bilan gapirardiki, Tolibjonning yuragiga ham cho‘g‘ tushdi: “Maktabda yaxshi o‘qigan, universitetga kirib ketsa-ya! Jurnalist bo‘lish… uncha-muncha odam yetisholmaydigan baxt-ku! Suratlari gazetalarda chiqadi! Oyisi suyunganidan qo‘shnilarga ko‘rsatib yuradi…”
Server do‘stining o‘ylanib qolganini o‘zicha tushundi:
– Jurnalist bo‘lish yoqmaydimi? – dedi ajablanib.
– Yoqadi, faqat hozircha hech kimga og‘iz ochma, iltimos.
– Mayli, o‘zim ham ovoza qilmoqchimasman. O‘qishga kirsak, keyin aytaveramiz.
Server xayrlashib, chiqib ketdi.
Tolibjon uch kun o‘sha suhbat ta’sirida yurdi. O‘zicha kelajak rejalarini tuzardi. Xushxabar bilan onasini sevintirishini tasavvur qildi. Gulchehra nima derkin? Bu haqda o‘ylaganida qizning kulib turgan chehrasi ko‘z oldiga keladi. Uni “bunga haqim bormi?”, degan achchiq va tagdor savol qiynab yubordi. Ayniqsa, Qo‘shmat bilan bo‘lgan voqea sira xayolidan ketmas, o‘sha kunni eslasa asabi buzilardi. Dilni xufton qiladigan xayollardan qutulish uchun o‘zini ish bilan chalg‘itishga urindi. Biroq bu kun sayin mushkullashib bormoqda edi. Ishq yo‘lida shoh ham, gado ham barobar, deganlari rost ekan. Muhabbat chiroy tanlamas, uyqu – o‘rin. Tolibjonning ishqi shu go‘zalga tushgan bo‘lsa, nima qilsin?! Gulchehra haqidagi sarkash o‘ylar quyilgan qo‘rg‘oshindek yuragiga mustahkam o‘rnasha bordi.
U shanba kuni ishlamasdi. Qishloqqa, onasini ko‘rgani borishni rejalashtirib qo‘ygandi. Saharlab turib, hovlini tartibga keltirdi. Darvozani ochganida ro‘parasida Serverni ko‘rib suyunib ketdi.
– Bormisan, do‘stim?! – dedi o‘zini chetga olib.
Server darvozadan hatladi-yu, Tolibjonning qo‘liga gazeta tutqazdi:
– Mana, suratlaring chiqibdi! Endi mening do‘stim Tolibjon Zayniddinovni hamma taniydi!
Tolibjon Server uzatgan gazetani botiniy hayajon bilan oldi.
– Ichki varag‘ini och!
U gazetani varaqladi. Uchinchi sahifadagi o‘zi olgan suratlarga ko‘zi tushib, yuragi hapriqib ketdi. “Texnika olamiga yo‘l” sarlavhasi ostiga “Fotoreportaj” deb yozilgan. “Tolibjon Zayniddinov fototasvirlari” degan imzo ham bor edi.
– Bu hammasi emas, – dedi Server ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘tarib. – To‘rtinchi betga bir qara-chi!
Tolibjon gazetani yopib, to‘rtinchi sahifaga tikildi. Bu betga Gulchehraning katta surati joylashtirilgandi. U suratda bir bosh uzum gujumiga barmog‘ini tekkizganicha, “shundaymi?”, deya shirin jilmayib turardi. Ostiga “Uzumzordagi qiz” deb yozilgan. “Tolibjon Zayniddinov surat-lavhasi” degan yozuv yarq etib ko‘zga tashlanib turibdi.
– Gulchehra… – dedi Tolibjon pichirlab.
– Ha, Gulchehra! – jilmaydi Server. – Qobiljon amakidan ruxsat so‘raganman. “Mayli, qizim ham gazetada chiqsin”, degan. Zokir og‘a, “Bu eng jonli surat, shedevr-ku!” deb qayta-qayta aytdi.
– Rahmat, Server!
– Qo‘ysang-chi, do‘stim. Senga rahmat! Zartopganimizni tanityapsan… Tolibjon, endi sen albatta o‘qishing kerak!
– O‘qiyman! – dedi Tolibjon dadil. – Qo‘limdan keladimi, deb ikkilanib yurgandim. Endi ahdim qat’iy, Server! Qara, axir suratlarimni chop etishibdi-ku.
– Bu boshqa gap. Yur, endi choy ichamiz, issiq non olib kelganman.
Ularning yoshlik to‘lqinlari mavj urib turgan qalblari beg‘ubor tuyg‘ularga limmo-lim edi. Mushtarak orzular ikki do‘stni yanayam yaqinlashtirdi. Choy ichib o‘tirisharkan, Tolibjon, onasini ko‘rgani qishloqqa bormoqchiligini aytdi. Server uni temiryo‘l bekatiga kuzatib chiqdi.

10

Tolibjon Zartopganda ishining yurishib ketganini taqdirning inoyati deb bildi. Faqat bu ravon yo‘lda Qo‘shmatning paydo bo‘lishidan siqilib yurdi. Serverdan eshitganlari – Qobiljon amakining ham, Gulchehraning ham Qo‘shmatga tish-tirnoqlari bilan qarshi bo‘lishgani ko‘ngliga taskin berdi. “Kechagina kim edim, – deya o‘ylardi. – Oyog‘imdan ayrilib, kasalxonada yotganimda umrim tugagandek tuyulgandi. Endi omad kulib boqyapti. Ishlik bo‘ldim, suratlarimni gazetada chop etishyapti…”
U qishlog‘iga yaxshi kayfiyatda keldi. Yo‘lda uchragan hamqishloqlari bilan quyuq so‘rashardi. Qo‘ylarini o‘tlatib yurgan ikki nafar qo‘shni yigitlar savol yog‘diraverib tinka-madorini quritishdi. Ishlari, begona joydagi hayotini ipidan ignasigacha surishtirishdi. Bolaligidan qadrdon tuproq ko‘chadan borar ekan, ularning ajablanib qarab qolishganini sezdi.
Uylariga yaqinlashganida darvoza oldida qo‘lini peshonasiga qo‘yib oyisi turardi. Muslima opa poyezd to‘xtaganini uyda o‘tirib eshitgan, kechagidek bugun ham o‘g‘lining yo‘liga mushtoq bo‘lib ko‘z tutayotgandi. Uzoqdan Tolibjonni ko‘rib, ko‘ngli xotirjam bo‘ldi. O‘g‘lini kulib qarshi oldi. Ona-bola yetaklashib hovliga kirishar ekan:
– O‘g‘lim, o‘tgan haftada nega kelmading, meni unutib yubording-ku, – deya arz qildi.
Tolibjon onasidan shunday gap eshitishini bilgandi. Shuning uchun yangilik­larni to‘kib solib, o‘zini oqlay boshladi:
– Oyi, sizga Server haqida gapirib bergandim, esingizdami?
– Esimda, bolam, yaxshi odamlar bilan oshna bo‘lsang suyunaman. O‘n so‘m puling bo‘lmasinu, o‘nta do‘sting bo‘lsin, degan gap ham bor.
– Server men olgan suratlarni tahririyatga berdi, ularni gazetada chop etishdi.
– Boya qo‘shnilar, o‘g‘lingizning nomi gazetda chiqqanmish, deyishgandi, rost ekan-da?! Oh, bolajonim-a, yo‘lingni topganing rost bo‘lsin. – Muslima opa Tolibjonni qayta quchoqlab, peshonasidan o‘pdi. – Meni qo‘yaver, sog‘inib o‘pkalayman-da.
Ona-bola uyga kirishdi. Tolibjon gazetada chiqqan suratlarni ko‘rsatdi. Muslima opa Gulchehraning kishmish gujumini ushlab tushgan suratiga ancha tikilib qoldi:
– Shu suratniyam sen oldingmi? – dedi.
– Ha oyi, men.
– Ko‘hlikkina qiz ekan, kulib turishini qara.
– Bu Gulchehra, qorovulimizning qizi, Qobiljon amakini.
Muslima opa Tolibjonga ma’noli qaradi:
– Esingdami, bolaligingda, daryo ortini ko‘rsatib, o‘sha yoqqa olib boring, deb xarxasha qilarding?
– Esimda, oyi.
– Mana, o‘sha tomonlargayam bording…
Muslima opa, endi men yolg‘iz qoldim, demoqchi bo‘ldi. Biroq buni tashiga chiqarmadi. Tolibjon esa universitetga o‘qishga kirmoqchiligini aytib yuboray dedi. Ammo u ham o‘zini tiydi. “O‘qishga kirolmay qolsam, oyim yana o‘ylanadilar”, degan istiholaga bordi.

* * *

Tolibjon qishloqda bir kecha yotib, ertasi Zartopganga qaytdi. Temiryo‘l bekatida poyezddan tushdi. Bozor ro‘parasidan o‘tayotganida yana Gulchehrani esladi, sog‘inib yuragi orziqdi. Uni ko‘rib qolamanmi, degan umidda ishxonasiga bordi. Yosh texniklar markazining ostonasida odatdagidek Qobiljon amaki o‘tirardi.
– Keldingmi, o‘g‘lim, – dedi u mehribonlik bilan.
– Assalomu alaykum, – Tolibjon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berdi.
– Vaalaykum assalom.
– Men qishloqqa ketgandim, nima gaplar, amaki?
– Yaxshi qilibsan, ota-onadan tez-tez xabar olib turish kerak. Yangiliklar ko‘p. Yigitlarimizni gazetda chiqaribsan, Shokir rosa xursand bo‘ldi. Gulchehra qizimniyam surati bor o‘sha gazetda. Baraka top, yoshlarga qiziq-da. Kecha seni katta muharrir so‘rab keldi.
– Nega?! – dedi Tolibjon ishtiboh bilan.
– Yaxshilikka, o‘g‘lim, – jilmaydi Qobiljon amaki. – Seni maqtadi. Ertaga kirib o‘taman, degandi. Hozir kelib qoladi.
Tolibjon xonasiga kirdi. Onasi berib yuborgan patir, meva-chevalar solingan yukxaltani javonga qo‘ydi.
Shu payt kimdir eshikni chertdi. Xonaga uzun bo‘yli, sochiga oq oralagan, o‘rta yoshlardagi odam kirdi. Egnida oppoq ko‘ylak, shimi qilichdek dazmollangan. Bo‘ynida ko‘ndalang yo‘lli bo‘yinbog‘i bor.
– Tolibjon Zayniddinovning xuddi o‘zisiz! – dedi u dona-dona qilib. – Qarang, biz sizni izlab yuribmiz-a. Gazetaga kerak odam ekansiz-ku, uka?
Tolibjon bu kishi bosh muharrirligini taxmin qilib, xijolatdan qizarib ketdi. Kirgan odam buni payqadi.
– Sizni-i shoshirib qo‘ydim-ov? Uzr, uka, kamina tuman gazetasining muharririman.
U Tolibjonga qo‘lini uzatdi:
– Zokir Qodirovman! Zokir aka deyavering.
– Assalom alaykum.
– Vaalaykum assalom! – U qiroat bilan alik oldi.
Tolibjon yumshoq o‘rindiqni ikki qo‘llab muharrir tomonga surdi:
– O‘tiring, Zokir aka.
– Rahmat! – U ohista o‘rindiqqa cho‘kdi.
Tolibjonni did bilan kiyingan bu odamning salobati bosdi.
– Ukajon, tahririyatga borishim kerak, vaqt tig‘iz, maqsadga ko‘chaqolay, – dedi Zokir Qodirov uning ichidagini o‘qib olmoqchidek sinchkov tikilib. – Server siz haqingizda ko‘p gapirdi. Suratlaringizni ko‘rdim, menga yoqdi. Gazetani oldingizmi?
– Ha, rahmat!
– Sizga rahmat aytishimiz kerak. Gazetamiz shunday suratlarga juda-juda muhtoj edi! Illyustratsiyasiz gazeta gazeta emas, axir. Yangi sonimiz suratlaringiz bilan nihoyatda jonli chiqdi. Keyingisigayam surat kerak, juda-juda kerak! Bog‘dorchilik, chorvachilikdan bo‘lsa yanayam yaxshi. Mashina yuborsam, tushirib berasizmi?
Tolibjon bunday taklifni kutmagandi.
– Mayli, jonim bilan, – dedi quvonchini ichiga sig‘dirolmay.
– Qachon bo‘sh bo‘lasiz?
– Tushdan keyin mashg‘ulotim yo‘q.
– Unda kelishdik. Soat o‘n to‘rtu nol-nolda mashina keladi. Umuman, bizda ishlash haqida o‘ylab ko‘ring. Chamamda, eplab ketasiz. O‘qishga kirmoqchi ekansiz?
– Ha, Server shunday deyapti.
– Server to‘g‘ri aytgan. O‘qish kerak, uka!
Muharrirning gazetada ishlash haqidagi taklifi Tolibjonni shoshirib qo‘ydi. Bu uning xayoligayam kelmagandi. Zokir Qodirov ketganidan keyin ham ancha payt shu haqda o‘ylab o‘tirdi. Qo‘shmatning qiliqlaridan asabi buzilib yurgan bir paytda bosh muharrirdek taniqli odamning izlab kelgani kayfiyatini ancha ko‘tardi. Aslini olganda, bu dushanba baxtli kun bo‘ldi. “Zartopganda hayoti yangi izga tusha boshladi. Lekin… nahotki u gazetada ishlasa?!” Shu o‘y bilan xonasida o‘tirolmasdan yo‘lakka chiqdi. Aviamodelchilik ustaxonasidan dastgohning g‘o‘rillashi eshitilib turardi. ­Beixtiyor o‘sha tomonga yurdi. Eshikni ochib, xonaga kirdi. Past bo‘y, ixcham gavdali Ilhom kichik dastgohda yupqa taxta bo‘lagini arralayotgandi. U odam kirganini sezmasdan ishini davom ettiraverdi. Tolibjon xalal bermaslik uchun xonani tomosha qila boshladi. O‘ng tomondagi devorga turli-tuman samolyot modellari ilingandi, to‘g‘ridagi ikkita derazaning o‘rtasiga urush yillaridagi harbiy samolyot tasviri tushirilibdi. Bular odamda aeroplanlar olamiga kirib qolgandek taassurot uyg‘otadi. Birozdan keyin dastgohning shovqini tindi. Ilhom o‘girilib, Tolibjonga ko‘zi tushdi.
– Keling, usta, – dedi Ilhom. – O‘tiring, – u yog‘och kursiga ishora qildi. – Balsani arraladim, kirganingizni sezmabman. Juda yumshoq yog‘och, ehtiyot bo‘lish kerak, kamyob-da!
– Balsa degan daraxtni eshitmagan ekanman?
– Balsa yog‘ochini samolyot modellariga ishlatamiz, yengilligi, mustahkamligi uchun.
– Bizda o‘smasa kerak?
– Yo‘q, tropik Amerikada, Hindistondayam o‘sadi. Bo‘yi yigirma metrgacha yetarkan.
– O‘x-xo‘o‘!
– Shunaqa. Kamyob, dedim-ku. Lekin bir amallab topamiz. Shuning uchun avaylab ishlataman-da. Qarang, oppoq, silliq, – u qo‘lidagi oq-sarg‘ish yog‘och parchasini uzatdi. – Po‘kkakdek yengil, ammo, mustahkam. Bunaqasi boshqa yo‘q.
Ilhom Tolibjonni tirsagidan ushlab, qator terilgan kursilar tomonga yetakladi:
– O‘tiring. Ezmalik qilib yubordim. O‘zingizdan gapiring, ishlar yaxshi ketyaptimi? Sizga bolalar ko‘p kelishadi, omadlisiz.
– O‘quvchilarga o‘rganib qoldim… Meni gazetaga ishga chaqirishyapti. Shuni bir maslahatlashay, deb kirgandim?
– Zo‘r-ku, Tolibjon! Siz tufayli biz ham gazetaga chiqdik. Tahririyatga hammaniyam chaqirishmaydi… Endi foto to‘garagi nima bo‘ladi?
– Bu yerdan ketmoqchimasman. Balki, gazetadayam ishlayverarman?
– To‘g‘ri! Mashg‘ulot jadvalini shanba, yakshanbaga qo‘ying, masala hal!
– Bo‘ladimi?
– Bo‘lganda qanday! Shokir aka, maktabdan tashqari muassasa dam olish kunlari ishlashi kerak, deydilar doim. Agar charchab qolmasangiz bo‘laveradi.
– Men bekorchilikdan charchayman.
– Unda direktor bilan gaplashing!
Bu fikr Tolibjonga ma’qul kelib, uyiga ketdi. Zokir Qodirov va’da berganidek roppa-rosa “o‘n to‘rtu nol- nol”da mashina yubordi. Haydovchi baland bo‘y, qotma, tim qora qalin mo‘ylovli yosh yigit ekan.
– Zokir aka yubordilar, – dedi u darvoza ortida turib.
– Ichkariga kiring, – Tolibjon salomlashish uchun qo‘lini uzatdi.
– Mayli, keyin, – dedi haydovchi hovliga kirib, uning qo‘lini siqib so‘rasharkan. – Ismim Yusuf. Ikkita xo‘jalikka boramiz, vaqtimiz oz, tayyor bo‘lsangiz jo‘nayqolaylik?
– Men hozir!
Tolibjon uyga kirib ketdi. Birozdan keyin “FED” fotoapparatini yelkasiga ilib chiqdi. To‘garakda ishlay boshlaganidan buyon bu kichik formatli kamerani puxta o‘rganib olgandi. Ob’ektivining yorug‘lik o‘tkazish kuchi katta, sifatli surat olish imkonini beradi, ravshanlikka sozlash ham qulay.
– Qayerga boramiz? – dedi Tolibjon mashinaga chiqayotib.
– Olmabog‘ bilan chorvachilik fermasidan surat kerak, Zokir akam shunday dedilar.
Yusuf yaltirab turgan yangi “Gazik”ni o‘t oldirdi. Mashina yengil silkinib, joyidan jildi.
Zartopgan markazidagi chorraha o‘ziga xos yo‘l ko‘rsatkich vazifasini o‘tardi. Bu yerdan shaharchaning to‘rt tomonidagi hududlarga yo‘l bor. Shuning uchun qayerga bormoqchi bo‘lsangiz ham chorrahaga kelishingiz shart. Yusuf chorrahaga yetganlarida Tolibjonga qaradi:
– Qay biridan boshlaymiz?
– Menga farqi yo‘q.
– Unda, oldin chorvaga o‘taylik. Qizlar tushki sog‘indan ketishmasidan yetib boramiz. Zokir akam ferma mudiriga tayinlab qo‘yganlar.
Yusuf mashinani o‘ngga burdi. “GAZ-69” shaharcha markazidagi binolarni ortda qoldirib, katta soy kesib o‘tgan qiyalikka sho‘ng‘idi. Ko‘prikdan o‘tayotganlarida mavjlanib oqayotgan suv ko‘rindi. Bejo oqim soyning chap qirg‘og‘ida jarliklar hosil qilgan. Giltuproq yig‘ilgan joylarda jilg‘achalarga bo‘linadi. Soyning bu qismida daraxt bo‘lmagani uchun ilonizi o‘zani uzoq-uzoqlargacha kaftdek ko‘rinadi.
– To‘xtang! – dedi Tolibjon.
Yusuf hayron bo‘lib mashinani sekinlatdi.
– Ko‘prikda surat olmoqchiman.
– Mayli.
Mashina to‘xtadi. Tolibjon avaylab kabinadan tushdi. Ko‘prik to‘sig‘ini ushlab, bir zum atrofni kuzatdi. Ufqda osmon bilan tutashib ketgan suv kumushrang tasmadek tovlanardi. Sohil yashil maysa bilan qoplangan. Soydan kelayotgan salqin havo odamga xush yoqadi. U fotoapparatini to‘g‘irlab bir nechta surat oldi.
– Bu soyning nomi nima? – dedi mashinaga o‘tirayotib.
– Tentaksoy deyishadi, – Yusuf unga, shuniyam bilmaysanmi, degandek ajablanib qaradi. – E-e-e, siz yaqinda ko‘chib kelgansiz-ku.
– Ajoyib, – deb qo‘ydi Tolibjon.
– Nima?
– G‘alati soy ekan.
– To‘g‘ri, Tentaksoy o‘zining nomiga munosib, telba odamdek jilovsiz. Zartopganga oqib kirganda o‘ynoqi suvi qirg‘og‘iga sapchiydi. O‘tgan yili bahorda soy toshdi. Quturgan suv pastdagi uylarniyam olib ketdi. Oldindan harakat qilishgani uchun odamlarga ziyon yetmadi. Bekorga Tentaksoy deyishmaydi-da.
– Manzarasi menga yoqdi.
Yusuf “tushundim” degandek boshini irg‘adi. Yana ikki chaqirimcha yo‘l bosishgach:
– Mana, yetib keldik, – dedi mashinani to‘xtatib. – Qarang, katta qilib yozib qo‘yishibdi: “Naslchilik davlat xo‘jaligining chorvachilik majmuasi”.
– Kimni suratga olamiz?
– Ferma mudiriga uchraymiz, o‘zi aytadi, Zokir akam shunday deganlar.
Shu payt darvozadan o‘rta yosh, to‘ladan kelgan kishi chiqdi. Yusuf u bilan quyuq salomlashdi, nimalarnidir tushuntirdi.
– Men ferma mudiriman, – dedi boyagi odam mashinada o‘tirgan Tolibjonning oldiga kelib. – Marhamat, kiringlar. Zokir Qodirov qo‘ng‘iroq qildilar, sizlarni kutayotgandim.
Ular oldinma-keyin qo‘sh tavaqali darvozadan ichkariga kirishdi. Ferma hududi katta edi. Mudir tushki sog‘inni tugatganlarga javob bermaganini aytib, sigirxona oldidagi sakkiz-o‘n chog‘li sog‘uvchilarni ko‘rsatdi. Bo‘yniga fotoapparat ilgan notanish yigit darhol qizlarning diqqatini tortdi. Ular bir-birlariga boshlarini egib pichir-pichir qila boshlashdi, kimdir “piq” etib kuldi.
– Suratga olasizmi? – dedi oppoqqina qiz sho‘x jilmayib.
– Albatta-da, sizlarni suratga olaman, deb keldim-ku. – Tolibjon qizlarga yaqinlashdi.
– Men tayyorman, – o‘sha qiz oq xalatining yoqasini to‘g‘irlab Tolibjonga qaradi.
Sherigi tirsagiga turtdi:
– Jim bo‘l! Uyalmaysanmi?
Shaddod qiz dugonasiga e’tibor bermasdan tikilib turaverdi.
– Ish joyida suratga tushiraman, – dedi Tolibjon.
– Sigirlarni sog‘ib bo‘ldik-ku? – ajablandi qiz.
– Unda, mana bu yerda, – Tolibjon oq bo‘r bilan ko‘rsatkichlar yozilgan katta qora taxtaga ishora qildi.
– Mayli, – rozi bo‘ldi sog‘uvchi qiz.
U tortinib o‘tirmay, Tolibjon ko‘rsatgan joyga borib turib oldi. Qo‘lidagi moslamasini yerga qo‘yib, taxtadagi raqamlardan birini ko‘rsatdi:
– Mana, meni ko‘rsatkichim!
Shu lahzada fotoapparatning “shirq” etgan tovushi eshitildi.
– Suratga tushirdingizmi? – qiz norozi bo‘lib labini burdi.
– Ha.
– Tayyor emasdim-ku?
– Mayli, shunisi tabiiy chiqadi.
Qiz “tushunmadim”, degandek yelkasini qisdi. Tolibjon navbat kutayotgan qizlarni ish joylariga borishga ko‘ndirdi. Ularni turli ko‘rinishda tasvirga tushira boshladi. Zokir Qodirov o‘rgatganidek, ism-shariflari, ko‘rsatkichlarini yon daftariga yozdi.
– Tez ishlarkansiz, – dedi Yusuf mashinaga o‘tirayotgan Tolibjonga.
Ular olmazor bog‘larga yetib kelganlarida quyosh og‘a boshlagandi. Bog‘ katta hududni egallagan, mevasi mo‘lligidan yerga egilgan olma shoxlari zaminga ta’zim qilayotgandek ajib bir manzara kasb etgandi.Tillarang, qirmizi olmalar quyosh nurida jilolanib, ko‘zni qamashtiradi. Tolibjon shu damda Gulchehraning bitta olmani uzatib, “tatib ko‘ring”, deganini eshitgandek bo‘ldi. Qo‘shmatning nega temir yo‘l bekatida o‘ralashib yurganini ham endi tushundi. O‘shanda Gulchehra bekat ortidagi bozorda edi…
Qizlarning qiyqiriqlari Tolibjonning xayolini bo‘ldi. Bog‘da yosh yigit-qizlar ishlashardi. Tirgakli narvonlarga chiqib olgan qizlar savatlariga olma terishar, yigitlar to‘lgan savatlarni yashiklarga bo‘shatib olishayotgandi. Uni ko‘rganlar ishlarini to‘xtatmay zimdan kuzata boshlashdi. Ikki-uchta yigitlar qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘yib salom berishdi. O‘ng tomondagi, narvonga chiqib olgan qiz bilan pastdagi do‘ppilik yigit Tolibjonning diqqatini tortdi. Ular nimanidir berilib gaplashishar, uni payqashmasdi. Qiz olma to‘la savatini karashma bilan yigitga uzatdi. Yigit qizning qo‘lini ushlab oldi.
– Sabo, seni yaxshi ko‘raman!
– Voy, qo‘yib yuboring! – zorlandi qiz. – Har kuni shunaqa deysiz.
– O‘lgunimcha aytaveraman. Sabo, baribir o‘zimniki bo‘lasan!
Yonboshdan allakimning ovozi keldi:
– Bular Farhodu Shirin!
Yigit bilan qiz yalt etib ovoz kelgan tomonga qarashdi. Qiz bo‘yniga fotoapparat osgan Tolibjonni ko‘rib, uyalganidan teskari burilib oldi. Yigit jilmayib qo‘ydi-da, tez-tez yurib kelib qo‘l berib so‘rashdi.
– Og‘ayni, bizni Sabo bilan suratga tushiring, – dedi Tolibjonning qo‘lidagi fatoapparatga imo qilib.
– Mayli, – Tolibjon rozi bo‘ldi.
– Dadam o‘ldiradila! – narvondagi qiz qo‘li bilan yuzini yashirdi.
– Dadamiz, degin, Sabo, – oppoq yirik tishlarini yaltiratib kuldi yigit.
Ularning ishq izhoriga tomoshabin qizlar qiqirlab kulishdi. Bu Tolibjonni ham zavqlantirdi. U Sabohatni suratga tushishga bir amallab ko‘ndirdi. Vaziyatni ham darhol topdi: do‘ppi kiygan bog‘bon yigit olma to‘la savatni ko‘targanicha zavq-shavq bilan yurib ketyapti. Narvondagi olma terayotgan qiz uning ortidan qarab qoladi…
Chapani yigitining dadilligi, hissiyotlarini yashirmasdan ochiq aytayotgani Tolibjonning qalbini to‘lqinlatdi. U ham Gulchehra bilan ochiq gaplashishni diliga tugib qo‘ydi. Faqat bunga qachon imkon bo‘lishini bilmasdi.
Bog‘dagi ishlarni tasvirga tushirib bo‘lganidan keyin Zartopganga qaytishdi. Tolibjon yosh texniklar markazida mashinadan tushib qoldi. Xonasiga kirdi-yu, darhol negativ tasmani ochirishga kirishdi. Quritish javoniga ilayotganida eshik ortida g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar eshitildi. Eshikni qiya ochib, yo‘lakda Qobiljon amaki bilan Gulchehrani ko‘rdi.
– Ikkalamiz tushgan suratni kattartirish kerak, – derdi Gulchehra kuyinib. – Romkaga solib qo‘yamiz. Qarang, qanday yaxshi chiqqan?!
– Mayli, qizim. Tolibjon shu yerda, kirib o‘zing aytaqol?
– Menga noqulay-da, dada.
– Nimasi noqulay? O‘zimizning bola, aytaver, qizim.
Tolibjon eshikni ovozsiz berkitdi. Ayb ustida qo‘lga tushgan boladek g‘alati bo‘lib qoldi. Yuragi dukirlab qattiq urardi. Shu payt yo‘lakda qadam tovushi eshitilib, xona eshigini nozik qo‘l ikki marta chertdi. “Mumkinmi?”, degan mayin ovoz eshitildi. Ostonada atirguldek yonib Gulchehra paydo bo‘ldi. Egnida pushtirang, o‘rik gulli ko‘ylak, boshida iroqi do‘ppisi.
– Keling, Gulchehra, – deyoldi Tolibjon hayajondan entikib.
– Iltimos bilan kelgandim?
– Bemalol, ichkariga kiring.
– Shu suratni kattartirsa bo‘ladimi? – U xonaga kirib, qo‘lidagi, dadasi bilan tushgan suratini uzatdi.
– Nega bo‘lmasin! – Tolibjon suratni qo‘liga olib, birinchi marta ko‘rayotgandek tikildi. – Ertaga kattartirib beraman.
– Voy, shunchalik osonmi?
– Judayam oson, negativi bor-ku.
– Unda…
– Bugun tayyorlab qo‘yaman.
– Mana bularni ko‘rsam maylimi? – Gulchehra devordagi suratlarga ishora qildi. – Ajoyib ekan! – U suratlarni diqqat bilan tomosha qila boshladi. Bu jajji ko‘rgazmada o‘quvchilarning kulib, o‘y surib, nimadandir zavqlanib turgan holatlari, Zartopganning manzaralari bor edi.
– Muncha yaxshi ! – dedi havas bilan.
– Yo‘g‘-e, – Tolibjon xijolat bo‘ldi. – Reportaj suratlarni endi ola boshladim.
– Baribir yaxshi!
– Rahmat!
– Nega?
– E’tiboringiz uchun.
– Bunaqa suratlarni jurnallarda ko‘rganman. – Gulchehra atrofga alanglab, xonaga ko‘z yugurtirdi. Kiraverishdan chap tomonga uchta stol qo‘yilgan. Har birida bittadan fotoyiriklashtirgich. Xona to‘ridagi ulkan ko‘hna javonga tikilib qoldi. Bitta eshigi qiya ochiq. Tokchalari foto anjomlari bilan to‘la.
– Xonani toza tutarkansiz.
– Suratchilik changni yoqtirmaydi, – tushuntirdi Tolibjon. – Chang negativga o‘tirib qoladi.
– Meniyam tozalik jonu dilim. Ammam shunga o‘rgatganlar. Meni ammam katta qilganlar-da.
– Bilaman, Qobiljon amaki aytdilar.
– Dadam bilan suratga yaxshi tushibmiz.
– Asli chiroylisiz-da!
– Tolibjon aka, men boraqolay, dadam shu yerdalar…
– Ertaga kelasizmi?!
– Katta suratga kelaman.
Gulchehra shirin jilmayib chiqib ketdi. Tolibjon eshikka termilganicha turib qoldi. Shu damda ko‘ngil ummonida shunday bir shiddatli to‘lqin jo‘sh urdiki, qudrati tosh qirg‘oqlarni yemirgudek! Bu to‘lqin tashiga otilib chiqmoqchi bo‘lar, bag‘ri-dilini uyg‘onayotgan vulqon singari bezovta qilardi. Quloch yozib yugurgisi, ovozi boricha hayqirgisi keldi. Beixtiyor oldinga bir qadam tashladi. Qalqib ketib, yog‘och oyog‘i g‘ijirladi. Kursiga behol o‘tirib qoldi…

* * *

Tolibjon keyingi kunlarda sarhush bo‘lib yurdi. Gulchehra bilan bo‘lgan o‘sha kungi suhbat ko‘nglida umid uchqunlarini uyg‘otgandi. Ozurda joni qalbida yaralgan tuyg‘udan mast edi.
Dushanba kuni gazeta tahririyatiga chaqirishdi. Tahririyat tuman markazidagi bir qavatli binoda joylashgan ekan. Qo‘sh tavaqali moviy eshikdan kirayotganida nufuzli idoraning salobati bosdi. Uzun yo‘lak, yo‘lakning ikki tarafida xonalar. “Bosh muharrir” deb yozilgan eshikni ochib, ichkariga mo‘raladi. To‘rdagi stolda Zokir Qodirov berilib nimanidir yozardi. Eshik ochilganida ham ishidan to‘xtamay, ko‘z qirini tashladi. Salom berib kirayotgan Tolibjonni ko‘rib, darhol qo‘lidagi ruchkasini qo‘ydi. Chehrasi birdan yorishdi. O‘rnidan turib, ikki qo‘lini yozganicha unga peshvoz chiqdi:
– Keling, Tolibjon, o‘z uyingizga! Qalay, sog‘liqlaringiz yaxshimi? – dedi samimiylik bilan.
– Rahmat.
– Suratlaringiz “letuchka”da maqtovlarga sazovor bo‘ldi. Sizda qobiliyat bor, fotojurnalist bo‘lasiz! – Zokir Qodirov jiddiylashdi. – Buning uchun faqat o‘qish va ishlash kerak!
– Rahmat!
– Qani, o‘tiring-chi.
Tolibjon uzun stol chetidagi yumshoq o‘rindiqqa o‘tirdi. Atrofga alanglab, xonani ko‘zdan kechira boshladi. To‘g‘ridagi oynavand kitob javonining tokchalariga “Faxriy Yorliq”, “Diplom”lar, yana allaqanday kichik-kichik haykalchalar qator qilib terilgan. Katta romli derazaga och moviy parda tutilgandi. Zokir Qodirovning stolida bir dasta kitob, kuvacha shaklidagi qalamdon, unda ixlos bilan uchi chiqarilgan bir dasta turfa rang qalam.
– Tolibjon, uka, sizni joyingiz shu yer, bugundan fotomuxbir vazifasiga ishga olamiz, rozimisiz? – dedi muharrir gapni cho‘zib o‘tirmay.
Tolibjon ishga kirishi shunchalik tezlashadi deb o‘ylamagandi, g‘alati bo‘lib ketdi. “Endi u fotomuxbir bo‘ladimi!? Kecha kim edi? Arosatda qolgan bir yigitcha. Yoshlik orzu-umidlari tugagandek tuyulgandi. O‘rtoqlari, tengdoshlaridan ajralish, atrofdagilarning achinib qarashlari… Nahotki, bularning hammasi orqada qoldi?! Gazetada ishlaydi…”
Uning o‘ylanib qolganini Zokir Qodirov o‘zicha tushundi.
– Uka, sizni juda-a qiynab qo‘ymaymiz, – dedi. – Bizda ishlashni xohlagan suratchilar ko‘p. Lekin… Ana shu “lekin”i bor, ya’ni reportaj surat olishni har kim ham eplolmaydi. Buning uchun fikrlash, his qilish va eng muhimi, qobiliyat kerak. Gazetada chiqadigan surat butun boshli bir hikoya, hech bo‘lmaganda axborot bo‘ladi. Iste’dodsiz fotojurnalist bo‘lish mumkin emas. Sizda noyob qobiliyat bor! Faqat izlanishingiz, uni rivojlantirishingiz zarur. Rozimisiz?
– Shunchalik tezmi?
– Bizda fotomuxbir o‘rni anchadan buyon bo‘sh turibdi. Har kimlarga aytib surat oldirib yuribmiz. Siz bu ishni yaxshigina eplaysiz.
– Roziman!
– Ana, kelishib oldik. – Zokir Qodirov stolining tortmasidan bir varaq toza qog‘oz olib uzatdi. – Ishga kirishga ariza yozing! Shokir akangiz bilan gaplashganman, u yerda ham o‘rindoshlik bo‘yicha ishlayverasiz.
Tolibjon ariza yozdi, bir-ikkita topshiriq olib, xayrlashdi-da, muharrirning xonasidan chiqdi. Tahririyat qarshisidagi bekatdan Zartopgan avtobusiga o‘tirdi. Avtobus to‘rt-besh chaqirim yo‘lni bir daqiqada bosib o‘tgandek tuyuldi. Xayol bilan uyi oldidagi chorrahaga yetganini sezmay qoldi. Uning quvonchi ichiga sig‘masdi. Gazetaga ishga kirganini kimgadir aytgisi kelardi. Shu payt maktab tomondan shoshib kelayotgan Server ko‘rindi.
– Qayerdan kelyapsan? – dedi u salomlasha turib.
– Tahririyatga ishga kirdim, – mamnun jilmaydi Tolibjon.
– Zo‘rsan-ku! – Server qo‘lini tantanavor ko‘tarib qo‘ydi.
– Rahmat, Server, hammasi sen tufayli bo‘lyapti.
– O‘zing tinmay harakat qilyapsan.
– Yo‘g‘-e, unchalikmas.
– Bu meni emas, Zokir og‘aning gapi. Yurishni istamayotgan otdek bir joyda depsinib qolmaylik! O‘qishga kirish haqidagi gapimiz esingdami?
– Esimda.
– Ertaga hujjat topshirgani boramiz, shuni aytish uchun seni kutayotgandim.
– Darrov-a?
– Sira darrov emas-da. Matematika muallimimiz bilan gaplashdim, meni imtihonga tayyorlashga rozi bo‘ldilar. Sen ham tayyorlanasan, harakatingni boshla, do‘stim.
– To‘g‘ri aytasan… Tahririyatda topshiriq ham berishdi.
– Surat olasanmi?
– Ha.
– Qayerda?
– Avtota’mirlash korxonasida, keyin temir yo‘lda.
– Ikkalasiyam Zartopganda ekan. Xohlasang birga boramiz?
– Yaxshi bo‘lardi.
Tolibjon uyiga kirib, suratchilik anjomlari solingan charm jildini yelkasiga ilib chiqdi…
Shu kuni Server bilan birga yurib, avval shaharchadagi avtota’mirlash korxonasi ishchilarini, keyin Zartopgan temiryo‘l bekati faoliyatini tasvirga tushirishdi. Ishni tugatishgach Server uyiga ketdi. Tolibjon suratlarni tayyorlashga shoshilardi. Laboratoriyasida ishlash uchun yosh texniklar markaziga bordi. Uni Qobiljon amaki kutib oldi.
– Gazetaga ishga o‘tibsan, shu to‘g‘rimi? – dedi salomiga alik olib.
– Kimdan eshitdingiz? – Tolibjon hayron bo‘ldi.
– Shokir aytdi.
– Xafa bo‘lmadilarmi?
– E-e, xursand-ki, og‘zi qulog‘ida! “Bizning kadrlar o‘syapti”, dedi.
– Rostdanmi?!
– Senga yolg‘on gapirarmidim? O‘z o‘g‘limizdek bo‘lib qolding. O‘ssang hammamiz xursand bo‘lamiz-da.
Tolibjon Qobiljon amaki bilan bir-ikki og‘iz gaplashib, xonasiga kirdi. Yarim soatcha negativ foto tasmani ochirdi. Bir qur ko‘zdan kechirib, quritish uchun ilib qo‘ydi-da, yana Qobiljon amakining oldiga chiqdi.
– Charchamadingmi? – dedi qariya sinovchan boqib.
– Yo‘q. Bugun Server bilan gazetaga surat tushirdik, ishlashim kerak.
– Server yaxshi yigit. Shu maktabda o‘qigan. Onasiyam mehnatkash ayol. Sen do‘sting kimligini ayt, men seni kimligingni aytaman, degan gap bor. Eshitganmisan?
– Eshitganman, amaki.
– Ha, balli! Yaxshilar bilan yursang kam bo‘lmaysan, o‘g‘lim, – Qobiljon amaki ortiga burilib, darvoza tomonga keta boshladi.
Tolibjon yarim tungacha ishladi. Uyiga keldi-yu, charchoq yengib uxlab qoldi… Ko‘zini ochganida tong otgan, xonaga quyoshning mayin nurlari tushib turardi. “Uxlab qolibman”, – dedi shoshib kiyinarkan. Chiqib, darvozani ochganida qarshisida tahririyat haydovchisi Yusuf turardi.
– Vaqtli keldimmi? – dedi u xijolat bo‘lib.
– Undaymas, men uxlab qolibman.
– Zokir akam, suratlar tayyor bo‘lsa ola kel, degandilar.
– Tayyor, ishxonamda edi.
– Ketdik, mashinada borib kelamiz.
– Bir qadam joyga-ya?
– Mayli-da.
Ular mashinaga o‘tirishdi. Yusuf dvigatelni o‘t oldirdi.
– Maktabdayam ishlaysizmi? – so‘radi Yusuf yo‘l-yo‘lakay.
– Maktabdamas, – Tolibjon qanday tushuntirishni o‘ylab jimib qoldi. – Men ishlaydigan yosh texniklar markazi maktab hovlisida joylashgan. Bu-u, maktabdan tashqari muassasa, turli texnika to‘garaklari bor.
– Tushundim, – dedi Yusuf boshini qimirlatib. – Men ham kirib chiqsam bo‘ladimi?
– Nega bo‘lmasin, bemalol.
Mashina maktab ro‘parasida to‘xtadi. Yusuf kabinadan sakrab tushib, darvoza oldiga borib oldi. Ular maktab darvozasidan birga kirishdi. Hovli burchagidagi yosh texniklar markazining ostonasida Qobiljon amaki turardi.
– Endi-i gazetda ishlaysan, bezovta qilaverishadi, – dedi Tolibjonning salomiga alik olib. – Ha-a, kerakli odamsan. Men bir oy sherigimning o‘rnigayam ishladim. Otpuskasi tugab, o‘zi ishga chiqdi. Hozir kelib qoladi, men boraqolay?
– Kayfiyatingiz yo‘qroq?
– E-e, anavi Qo‘shmat deganlari sahardan asabimni buzib ketdi. Otasi tuppa-tuzuk odam, bu bola chipqon bo‘ldi. Sahardan ichvolib yuribdi. “Qizingizni berasiz”, deydi-ya! Oldimga solib xaydadim. O‘zimniyam davleniyam chiqib ketdi.
Qobiljon amakining gapi Tolibjonga elektr toki urgandek ta’sir qildi. G‘azabdan lablari titrab, nima deyishini bilmay qoldi. Hozir o‘sha Qo‘shmatni ko‘rsa, bo‘g‘ib tashlagudek shahdi bor edi. O‘zi bilan o‘zi ovora Qobiljon amaki uning bu holatini sezmadi, yoki o‘zini sezmaganga oldi.
– Bemalol ketavering, sherigingiz kelgunicha shu yerda bo‘laman, – dedi Tolibjon.
Qobiljon amakini besh-olti qadam kuzatib borib, ortiga qaytdi. Yusuf bilan foto laboratoriyasiga kirdi. Yusuf devordagi suratlarni tomosha qila boshladi. Tolibjon tunda chop etib, quritish uchun qoldirgan suratlaridan eng jonlilarini ajratdi. Ortiga yon daftaridagi ma’lumotlarni ko‘chirdi. Birozdan keyin navbatchi qorovul – o‘rta yoshlardagi, past bo‘y kishi kelib qoldi.
Tolibjon Yusufga ergashib ko‘chaga chiqdi. Yana mashinaga o‘tirib, ortlariga qaytishdi. Uni uyining darvozasi oldida Server kutardi.
– O‘-o‘o‘, zo‘rsan-ku! – dedi u. – Muxbirlarni mashinada olib yurishadi!
– Olib yuramiz-da! – kabinadan boshini chiqardi Yusuf. – Seniyam xohlagan joyingga oborib qo‘yaman. Mashinam – “zver!”
– Rahmat, – dedi Server tavoze bilan. – Bugun Tolibjon ikkalamiz shaharga jo‘naymiz.
– Oq yo‘l! – Yusuf quvnoqlik bilan qo‘lini ko‘tardi.
Tolibjon oyog‘ini avaylab mashinadan tushdi. Yusuf ularga yana bir marta qo‘lini silkitib, jo‘nab ketdi. Yolg‘iz qolishganda Server Tolibjonga tanbeh berdi:
– Darvozangni ochiq qoldiribsan?
– Birrov ishxonaga chiqqandim.
– Uying yo‘l ustida, ehtiyot bo‘lganing ma’qul.
Do‘stlar birin-ketin hovliga kirishdi.
– Hammayoq toza, uyga yaxshi qarayapsan, – Server Tolibjonni maqtadi.
– Qo‘limdan kelganicha. Yur, choy ichamiz.
Ular uyga kirishdi. Tolibjon tashqaridagi elektr plitasiga choy qo‘ydi. Nonushta qilib bo‘lishgandan keyin temiryo‘l bekatiga chiqishdi. Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas shaharga qatnaydigan poyezd keldi.
Toshkent temiryo‘l vokzali gavjum edi. Kuz fasli bo‘lgani uchun meva-sabzavot olib kelgan odamlar paqiru qopchiqlari bilan oltmishinchi yillarning mashhur “Gospital” bozoriga shoshilishardi. Ular vokzal binosiga kirmasdan, odamlar oqimiga qo‘shilib, chap tarafdagi yo‘lkadan tramvay bekatiga chiqishdi.
Istirohat bog‘ida tramvaydan tushib, pedagogika institutiga kelishdi. Institutning ichkari hovlisi o‘qish ishtiyoqidagi yosh-yalanglar bilan gavjum edi. Yigit-qizlarning ko‘pchiligi qabul hay’atida navbatda turishardi.
Serverning hujjatlarini darhol qabul qilishdi. Matematika fakultetiga kiruvchilar ozchilik ekan. Server so‘rovnomani bir zumda to‘ldirib berdi. Ma’lumotnoma qo‘liga tekkach, yana tramvayga o‘tirib, to‘qimachilar bekatiga kelishdi. Bu yerdan 34-avtobusda universitetga jo‘nashdi.
– Ijodiy ishlaringiz qani? – dedi universitet qabul hay’atidagi yigit. – Gazetada fotomuxbir ekansiz, tavsiyanoma ham kerak. Sirtqi bo‘limda matbuotda ishlayotganlarga imtiyoz bor.
Bu e’tirozni eshitib, saharda asabi buzilgan Tolibjonning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi. Endi uni o‘qishga qabul qilishmaydigandek tumtayib oldi. Boyagi yigit bundaylarni ko‘raverib pishib ketgan chamasi, e’tibor bermadi. Oqsoqlanib uzoqlashayotgan yigitning ortidan befarq qarab qoldi.
– Bu yog‘ini Zokir og‘adan so‘ramagan ekanman, – dedi Server ko‘chaga chiqishganda afsuslanib. – Mayli, ijodiy ishlarni ham, tavsiyanomani ham olib kelamiz. Senga imtiyoz borligi yaxshi, o‘qishga kirishing aniq!
Shaharda boshqa qiladigan ishlari qolmagandi, Zartopganga qaytishga kelishishdi. Tolibjonning kayfiyati buzilgani yuz-ko‘zidan bilinib turardi. Poyezdga chiqishganda ham xomush edi. Server do‘stining fe’lini tushunib, ortiqcha gapirmadi. U tabiatan o‘ta ta’sirchan, biroq kayfiyati bahor havosidek tez o‘zgarardi.
Tolibjon uyiga kelganida qattiq charchaganini sezdi. Biroz karavotga cho‘zilib dam oldi. Kechki ovqatga unnamasdan, choy-non bilan kifoyalandi. Uni hujjatlarini topshira olmagani emas, Qo‘shmatning Gulchehraga yopishib olgani qiynardi. Buni bir yoqlik qilish haqida o‘ylab asabiylashardi. Uyquga ketayotganida ham endi ortga chekinmaslikni ko‘ngliga tugib qo‘ydi.
Ertasiga tahririyatga kelganida odatdagidek bardam edi. Bosh muharrirga hujjat topshirish uchun universitetga borgani, qabul hay’atidagi yigitning gap­larini aytdi. Zokir Qodirov ortiqcha gap-so‘zsiz, darhol tavsiyanoma yozib berdi. U ham Serverning fikrini tasdiqladi:
– Uka, hammasini eplaysiz, – dedi qat’iy ishonch bilan. – Bilasizmi, nega?.. Noto‘g‘ri tushunmang, siz vaqtingizni behudaga sarflamaysiz. Ha-ha, xuddi shunday! Ko‘pchilik tengdoshlaringiz o‘yin-kulgiga berilishgan. Siz… bir izga tushib olgansiz. Bu judayam muhim, uka!
Tolibjon bosh muharrirning dona-dona qilib aytgan gaplariga quloq solarkan, yana o‘sha, vokzaldagi yoqimsiz qiyofali nogironni esladi. Uning qo‘lbola aravachada odamlar oyog‘i ostida sudralib yurishi ko‘z oldida gavdalandi… Zokir Qodirov uni to‘g‘ri tushundi. “Bu odam juda ko‘p o‘qigan, nihoyatda aqlli, – o‘yladi u. – Men ham o‘qishim kerak! Juda ko‘p o‘qishim kerak!”.
Oradan ikki kun o‘tib, Server bilan yana Toshkentga borishdi. Tolibjon hujjatlarini, tavsiyanoma, gazetada e’lon qilingan fotosuratlari bilan qo‘shib, universitet qabul hay’atiga topshirdi. Zartopganga qaytib, shu kunning o‘zidan kirish imtihonlariga tayyorlana boshladi. Ayniqsa, insho yozishga ko‘p vaqtini sarfladi. Shokir Ismoilov tanishtirgan adabiyot o‘qituvchisi u yozgan sahifalarni bo‘yayverib, ancha-muncha narsani tushuntirib qo‘ydi.
Imtihonlargacha bo‘lgan bir oy juda tez o‘tdi. Orada yana bir voqea sodir bo‘ldi. Bu voqea Tolibjon bilan Gulchehrani bir-birlariga yanayam yaqinlashtirdi…
Tolibjon o‘sha kuni tush paytida tahririyatdan qaytayotgandi. Avtobusdan tushdi-yu, ikki qo‘li bilan yuzini berkitib turgan Gulchehraga ko‘zi tushdi. Yuragi shuv etib ketdi. Shoshib oldiga bordi. Gulchehra Tolibjonni ko‘rib, avvaliga qo‘rqib ketdi, keyin birdan o‘ksib yig‘lab yubordi.
– Gulchehra, nima bo‘ldi?! – dedi Tolibjon vahimaga tushib.
Gulchehra shoshib qoldi. Nima deyarini bilmay, yig‘idan to‘xtadi.
– Hech nima, – zo‘rma-zo‘raki jilmaygan bo‘ldi.
– Gulchehra!
– Ha?
– Kim xafa qildi?
– O‘zim, shunday…
– Yo‘q, menga ayting?
– Bittasi…
– Kim?!
– Qo‘shmat…
– Ni-ma-a?!
– Qo‘yavering, u mast.
– Qayerda?! – Tolibjon g‘azab bilan tishlarini g‘ijirlatdi.
Shu lahzada ancha paytdan buyon botinida yig‘ilib yotgan g‘azabi vulqondek tashiga otildi. Tolibjonning vajohatini ko‘rib, Gulchehra qo‘rqib ketdi. Hadik bilan yo‘lning narigi betidagi restoran tomonga ishora qildi:
– Gazlama do‘konidan kelayotgandim, – u yana hiqillab yig‘lay boshladi. – Yo‘limni to‘sib, shilqimlik qildi.
– Men hozir!
– To‘xtang, u g‘irt mast! – Gulchehra uning ortidan yig‘i aralash zorlandi.
Tolibjonning qulog‘iga gap kirmasdi. G‘azabdan kuyib-yonib ko‘chani kesib o‘ta boshladi. Katta tezlikda kelayotgan yuk mashinasi chiyillagan ovoz chiqarib to‘xtadi. Haydovchi kabinadan tushib, so‘kindi. Tolibjonga bu ham ta’sir qilmadi. Vujudi bolta urilgan daraxtdek titrar, yuzlari g‘azab va nafratdan tirishib ketgandi. Favqulodda to‘xtagan mashinaning kishida hadik uyg‘otadigan shovqiniga restorandan uch-to‘rtta yosh-yalang otilib chiqdi. Ularning ortidan Qo‘shmatning sovuq basharasi ko‘rindi. U gandiraklab, sherigining tortqilashiga qaramasdan, ipini uzgan buqadek tashqariga intilardi. Ko‘zi Tolibjonga tushib, siltanib sherigining qo‘lidan chiqdi.
– O-ov, cho‘loq, yana sen-n-mi! – dedi-da, restoran ostonasiga yetib qolgan Tolibjon tomonga o‘zini otdi.
Bularning bari bir lahzada yuz berdi. Ostonada turganlar nima bo‘layotganini anglab ulgurishmadi. Qo‘shmat Tolibjonning ko‘ylagiga yopishib silkita boshladi. Tolibjon jon-jahdi bilan uning qo‘lini siltab tashladi. Ko‘ylagining tugmalari uzilib ketdi. Qo‘shmat musht tushirmoqchi bo‘lib qo‘lini ko‘targanda yetib kelgan sheriklari ikki yelkasidan ushlab orqaga tortishdi. U og‘ziga kelganini qaytarmay so‘kinar, bo‘yi o‘zidan pastroq nogiron yigitni burdalab tashlamoqchidek u tomonga sapchirdi.
Qo‘shmatni bir amallab ichkariga olib kirishdi. Tolibjon turgan joyida toshdek qotib qolgan, g‘azab, alamdan butun badani qaltirardi. Uni Gulchehraning ovozi o‘ziga keltirdi:
– Tolibjon aka, yuring, ketamiz, – dedi yig‘i aralash.
Tolibjon uni ko‘rib, biroz bo‘shashdi. Tugmalari uzilgan ko‘ylagiga bir qur nazar tashladi-da, uyat, alamdan boshini egib, Gulchehraga ergashdi…
Bu hodisa shu kunning o‘zida Zartopganda shov-shuv bo‘lib ketdi. Qobiljon amakining qulog‘iga ham yetib bordi. Shundan keyin uning Tolibjonga mehri yanayam ortdi…
Tolibjon yosh texniklar markazidan mehnat ta’tiliga chiqdi. Uzzukun darslik kitoblardan boshini ko‘tarmay, universitetning kirish imtihonlariga tayyorlana boshladi. Imtihonlarga ortiqcha hayajonsiz bordi. Sirtqi bo‘limga kirayotganlar o‘n kun ichida to‘rtta fandan imtihon topshirishdi. Tolibjon hamma imtihonlardan o‘tdi. Biroq “a’lo”ga topshirgan yigit-qizlar ko‘p edi. Shuning uchun bu yil universitetda o‘qishdan umidini uzdi.
Tez orada o‘qishga qabul qilinganlar ro‘yxati e’lon qilindi. Unda Tolibjonning ism-sharifi ham bor edi. Qabul hay’atidagi uslubchi yigit unga imtiyoz berilganini aytdi. Gazetada ishlayotgani, matbuotda yetishmayotgan mutaxassislik – fotojurnalistika bilan shug‘ullanishi e’tiborga olinibdi.

11

Shu yili Server ham pedagogika institutining sirtqi bo‘limiga qabul qilindi. Uni darhol maktabga ishga chaqirishdi. O‘zi o‘qigan maktabda matematika o‘qituvchisi yetishmasdi. Unga beshinchi-oltinchi sinflarning matematika darsini berishdi.
Tolibjonning tahririyatda ishlari ko‘paydi. Har kuni xo‘jalik, korxonalarni tinmay kezar, surat olib, yangi axborotlarni yig‘ib kelardi. Katta hajmdagi fotosuratlarga buyurtmalar tusha boshladi. Uncha-muncha pul ham jamg‘ardi. Bu mablag‘ Nikolay Semyonovich taklif bilan kelganida asqotdi.
– Biz Anna Grigorevna bilan Ukrainaga jo‘nab ketyapmiz, – dedi u. – Uyga xaridor yo‘q, o‘zing olib qo‘yaqol?
Bunday taklif Tolibjonning xayoliga kelmagandi. “Aslida-ku, ijara uyiga rosmana mehri tushgan. Lekin puli-chi? Qanday to‘laydi? To‘g‘ri, nafaqasi, oylik maoshlari, ishlagan suratlaridan yig‘ilgan jamg‘armasi bor. Biroq bu mablag‘ uy sotib olishga yetmaydi”.
– Narxi qancha? – dedi bo‘shashib.
– Ikki ming yetadi. Qolgani senga sovg‘a.
– Shunchalik arzonmi?
Nikolay Semyonovich kulib yubordi:
– Sen ajoyib yigit ekansan. Bunday savdolashmaydilar. Narxini yerga urishing kerak. Sen esa, aksincha…
– Men… uy olib ko‘rmaganman.
– Uyni yaxshi tutyapsan. Shunday ham tashlab ketaverardim, lekin yangi borgan joyimizda xarajatlar bo‘ladi.
– Hozircha bir yarim ming so‘mim bor?
– Bo‘ladi! Qolganini topganingda, pochta orqali jo‘natasan.
– Ishonasizmi?
– Ishonaman! – dedi Nikolay Semyonovich jiddiy qilib.
Uyning hujjatlarini shu kunning o‘zida Tolibjonning nomiga rasmiylashtirishdi. Kechga yaqin bu yangilikni ko‘pchilik eshitib ulgurdi. Tabriklagani birinchi bo‘lib Server keldi.
– Uying muborak bo‘lsin! – dedi u Tolibjonning qo‘lini mahkam siqib. – Endi butunlay zartopganliksan, do‘stim!
– Rahmat! Hammasi sen tufayli bo‘lyapti. Seni uchratmaganimda hayotim qanday bo‘lishini tasavvur qilolmayman..
– Taqdir-da, Tolibjon.
– To‘g‘ri aytding, nima bo‘lsa taqdirdan. Men oyog‘imdan ayrilgan kundan ellik yoshga ulg‘aygandekman, hammasini tushunaman.
– Unday dema.
– Buni hech kimga aytmaganman, lekin shunday. Sababini bilmayman. Bolaligim ham, yoshligim ham o‘sha kunda tugagani rost.
– Endi oyingni olib kel, – Server gap mavzusini burdi. – Uyingni ko‘rib xursand bo‘lsinlar. Balki “is chiqarib” yuborarsan, uch-to‘rtta odam chaqirib?
– Shunday qilmoqchiman, yordam berasanmi?
– Albatta-da, do‘stim!
Shu kunning ertasiga Tolibjon qishloqqa ketdi. Muslima opa o‘g‘lining uy olganini ko‘zida yosh bilan eshitdi.
– Dunyoda yaxshilar ko‘p, bolam, – dedi. – Senga ham Xudo omad beryapti, shunga shukr qilaman.
Keyingi kuni saharda ona-bola Zartopganga jo‘nashdi.
Muslima opa o‘g‘lining ijara uyiga avval ham bir necha marta kelgandi. Lekin endi bu uyga o‘z mulkidek, haddi sig‘ib, boshqacha ko‘z bilan qaray boshladi. Uyni, hovlini tozaladi, jihozlar o‘rnini o‘zgartirdi.
Mehmonlarni dushanba kuni shomga chaqiradigan bo‘lishdi. Muslima opa yarim tungacha tinim bilmay supur-sidir qildi. Ertasiga yana ishini davom ettirdi. Bozordan xarajat qilib keldi. Yengini shimarib, hovlining bir chetiga o‘choq qurdi. Xo‘jalik mollari do‘konidan cho‘yan qozon olib kelib, qatlama, qovurma chuchvara pishirishga tushib ketdi. Tolibjon onasiga biroz qarashdi-da, yosh texniklar markaziga boraman, deb chiqib ketdi.
Yigitlar uni hazil-huzil bilan qarshi olishdi. Ular Tolibjonning uy olganini eshitishgandi. Shokir Ismoilov, Doston, Ilhomlar o‘rtaga olib, Nikolay Semyonovich bilan bo‘lgan kelishuvlarini ipidan-ignasigacha surishtirishdi.
– Nikolay odamgarchilik qilibdi, – dedi Shokir Ismoilov.
Qobiljon amaki Tolibjonning o‘zidan ham ko‘proq xursand bo‘ldi.
– Odam kutishning o‘zi bo‘lmaydi, o‘g‘lim, – dedi otalarcha kuyinchaklik bilan. – Server yordam beryaptimi?
– Oyimni olib kelganman.
– Unda, Gulchehraniyam chiqaraman, oyingga qarashadi.
Tolibjon bu taklifga ich-ichidan sevindi:
– Ovora qilmang, – deb qo‘ydi yo‘liga.
– Ovorasi yo‘q, o‘g‘lim. Gazetdagilar ham kelishar?
– Kelishadi. Hozir tahririyatga boraman.
– Biz zartopganlikmiz, uyalib qolmaylik. Nima yordam kerak bo‘lsa menga ayt?
– Uyalmaymiz. Oyim bunaqa ishlarga usta. Kelganlaridan beri tinmayaptilar.
– Gulchehra oyingga qarashadi, o‘ziyam o‘rganadi. Qiz bola ro‘zg‘or tutishni bilishi kerak-da.
Tolibjon bu safar e’tiroz bildirmadi. Qobiljon amaki bilan xayrlashib, tahririyatga jo‘nab ketdi. Uy olganini Zokir Qodirovga aytib, jamoa bilan mehmonga taklif etdi.
– Tayyorgarlik ko‘ravering, hammamiz boramiz, – dedi u kulib.
Tolibjon Zartopganga ko‘tarinki kayfiyatda qaytdi. Darvozadan hovliga kirdi-yu, Gulchehraga ko‘zi tushib, hayajondan entikib ketdi. Qo‘shmat bilan to‘qnashuvlaridan keyin uni ko‘rmagandi…
…O‘sha kuni asabi zo‘riqqanidan titrab-qaqshab uyiga yetib oldi. Orqasidan Gulchehra ergashib kelayotgandi.
– Ko‘ylagingizni almashtirib chiqing, – dedi u muloyim tovushda.
Tolibjon yoqavayron ko‘ylagiga qaradi. “Men hozir”– dedi-da, uyga kirib ketdi. Birozdan keyin boshqa ko‘ylak kiyib chiqdi.
– Unisini menga bering, – dedi Gulchehra.
Tolibjon ikkilanib unga qaradi. Gulchehra hamon qo‘lini cho‘zib turardi:
– Menda xuddi shunaqa tugmalar bor.
Gulchehra ko‘ylakni olib, chiqib ketdi…
Mana hozir o‘sha farishta uning qarshisida! Gulchehra hovliga jon kiritib yuborgandek tuyuldi. Oldiga atlasdan tikilgan fartuk tutib olibdi. Yosh kelinchaklardek, qo‘lida kapgir bilan Muslima opaning yonida turibdi. Tolibjon unga tikilib qoldi: “Qani edi, bir umr uyida qolsa! Shunday yurishi o‘ziga judayam yarashibdi… Imkon bo‘ldi deguncha Gulchehra bilan gaplashadi… Qobiljon amaki nima derkin?..”
Qobiljon amaki Tolibjon bilan Qo‘shmat o‘rtasida bo‘lgan janjaldan ke­yin bir to‘xtamga kelib qo‘ygandi. Urush ko‘rgan, hayotning achchiq-chuchugini tatigan qariya qizining taqdirini ko‘p o‘yladi: “U keksayib qoldi. Ertaga nima bo‘lishini Xudo biladi. Unda, ko‘zining oqu qorasi, Gulchehrasi kimning qo‘lida qoladi? Bir-ikki joydan sovchilar kelishdi. Ammo ular didiga o‘tirmadi. Qizining oyog‘i oqsaydi. Bor-yo‘q kamchiligi shu. Qiz bolaga shuning o‘zi ham ancha-muncha tashvish keltirarkan… Bir kuni oqsashini yuziga solib yig‘latishmaydimi?..”.
Ana shunday xayol bilan yurganida ishxonasida Tolibjon paydo bo‘ldi. Bir oyog‘i “protez” bo‘lsayam, chehrasi ochiq yigit ekan. Ochiqqina, qo‘lida hunari bor yigit. Yashirmoqchi bo‘ladi-yu, qiziga ko‘ngli borligi shundoqqina sezilib turibdi. Mana shu yigit Gulchehraning qadriga yetadi! Biroq qizi nima derkin? “Nogironga ravo ko‘rdingizmi?”, desa-chi?! Axir, yolg‘izginasiga, jonu jahoniga yaxshi bo‘lsin, deydi-da. Gijinglagan toydek yigitning qo‘lida ta’na eshitib yashagandan ko‘ra… Bor gap-da, shu yoshgacha nimalarni ko‘rmadi bu bosh, peshonasi qaybir devorlarga urilmadi, deysiz?.. Bu yigit qizini Qo‘shmatga o‘xshaganlardan ham himoya qilguchi chiqib qoldi…
Tolibjon Qobiljon amakining rejasidan bexabar. Hozir bu go‘zalni hovlisida ko‘rish baxtidan masrur, qizga tikilganicha turgan joyida haykaldek qotib qolgandi.
– Voy, Tolibjon aka, keldingizmi? – deya qarshi oldi unga ko‘zi tushgan Gulchehra. – Uyingizni o‘zgartirib yubordik, qarang? – U derazalarga ishora qildi.
– Gulchehra qizim derazalaringga parda tikib keldi, – dedi kulib Muslima opa.
– Ovora bo‘libsiz, Gulchehra?
– Ovorasi yo‘q. Surat ishlab berganda ovora bo‘lmaganmidingiz?
– U boshqa gap…
Gulchehra jilmayib, Muslima opaga qaradi:
– Ko‘rdingizmi, xola, o‘g‘lingiz bilan hisob-kitoblimiz.
Bu gapdan uchovlari ham kulib yuborishdi. O‘rtadagi ko‘rinmas to‘siq shu kulgida bartaraf etildi. Ochilib-sochilib, hazil-huzil bilan ziyofat tadorigini ko‘ra boshlashdi. Tolibjon hovlida ish bilan mashg‘ul edi-yu, yuragidagi to‘fon bosilmasdi: “Ming tavallo qilsayam Gulchehra unga qiyo boqadimi? Qobiljon amakining munosabatlaridagi iliqlik shunchaki odamgarchilik yuzasidan bo‘lsa-chi? Unda Gulchehraga talpinishlari nadomatga aylanib qolmaydimi?”.
Tolibjonning dilxunligini onalarga xos sezgirlik bilan Muslima opa payqadi. Har zamonda o‘g‘liga tikilib-tikilib qo‘yar, shu qarashda ko‘nglidagini bexato o‘qib olardi go‘yo.
Kechga yaqin ishlari ancha sanjob bo‘ldi. Hovlidagi gilosning ostiga katta joy qilishdi. Qobiljon amakining maslahati bilan yosh texniklar markazidan stol, stullar olib kelindi. Muslima opa o‘choqda oshning zirvagini miltillatib qaynatib qo‘ydi. Gulchehra kiyinib kelish uchun uyiga ketganida ona-bola bir muddat yolg‘iz qolishdi.
– O‘g‘lim, Gulchehra yaxshi qiz ekan, – dedi Muslima opa.
– Yaxshi qiz, oyi, – mamnun jilmaydi Tolibjon.
– Shu qizni kelin qilsak yaxshi bo‘lardi, a?
– Bunga vaqtli, oyi.
– Ayni vaqti, bolam, – Muslima opa jiddiylashdi. – Hayhotday uyda yolg‘iz qolasanmi?!
– Oyi, siz meni o‘ylaysiz, – dedi ovozi titrab Tolibjon. – U-chi? Menday…
– Senga nima qipti?! Sen dunyodagi eng aqlli yigitsan!
– Oyi!
– U moyilga o‘xshaydi.
– Gulchehrami?!
– Ha-da…
Shu payt darvoza ochilib, suhbatlari bo‘lindi. Shokir Ismoilovning yonida Doston, Ilhom, yana yosh texniklar markazida ishlaydigan Zafar, Yoqubjon degan yigitlar kirib kelishdi. Qobiljon amaki, Gulchehra ham ular bilan birga edi. Gulchehra arg‘uvon gulli ko‘ylagini kiyib olibdi. Bu libosda shunday ochilib ketgandiki, Tolibjon bilan Muslima opa beixtiyor unga tikilib qolishdi. Muslima opa mehmonlarni gilos ostidagi dasturxonga taklif qilib turganida Zokir Qodirov bilan Yusufni boshlab Server kelib qoldi. Hovli bir zumda mehmonlar bilan gavjumlashdi. Odamlarning samimiy hol-ahvol so‘rashishlari, kulgilari jonsiz devorlarga jon kirgandek bo‘ldi.
– Shokir, tilovat qilib yuboraylik, – dedi Qobiljon amaki dasturxon atrofiga o‘tirishganda. – Axir, ne-ne odamlar o‘tishgan bu yerlardan.
Davra jimib qoldi. Erta kuzning yengil shabadasi gilosning bir-ikki qurigan bargini uzib tushdi. Qobiljon amaki hazin, titroq ovozda Qur’on suralarini tilovat qila boshladi. Bir chetda omonat o‘tirgan Muslima opa ko‘ziga yosh oldi. O‘g‘lining mana shu odamlar orasida ekanidan ko‘ngli yorishdi. Bolaligida daryo ortiga talpinganlari yodiga tushdi. U Tolibjonning tushkunlikka tushgan qora kunlari ortda qolganiga shukr qilardi. O‘g‘li Zartopganga kelib butunlay boshqa odamga aylandi. Gap-so‘zlari shaharliklarnikiga o‘xshaydi. To‘g‘ri, u avvallari ham tinib-tinchimasligi, kattalardek o‘ylab ish qilishi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Endi esa ana shu fe’li qat’iylashibdi. Bugun Muslima opaning oldida o‘ziga ishongan, chertib-chertib gapiradigan Tolibjon o‘tirardi. Ona o‘g‘liga havas bilan qarab qo‘yarkan, ich-ichidan quvondi.
Mehmonlar tez orada bir-birlari bilan chiqishib olishdi. Ziyofat samimiy davom etardi. Shokir Ismoilov jamoa nomidan Tolibjonga katta devor soatini topshirdi. Server do‘stining eng zo‘r jurnalist bo‘lishini tilab, muallimlarga xos nutq irod qildi. Zokir Qodirov Tolibjonni universitetning sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirgani bilan tabrikladi. Osh suzib kelgan Muslima opa bilan Gulchehra ham davraga qo‘shilishdi. Gulchehra arg‘uvoniy libosida juda go‘zal edi. Quyoshning so‘nggi nurlari yotog‘iga berkinishdan avval zaminga qirmizi oltin upa purkaydi. Ana shu paytda atrof-tevarak ertakdagidek sirli bo‘ladi. Ayni paytda bu rangin olam qizning libosida jilvalanardi. Tolibjonning nazarida Gulchehra bolaligida eshitgan ertaklaridagi malikaning xuddi o‘zi edi! Mehmondorchilik tugab, hamma tarqalganida ham uni bu o‘y tark etmadi. Xonasiga kirganida karavot bandidagi oppoq ko‘ylakka ko‘zi tushdi. Bu Qo‘shmat bilan janjallashgan kundagi ko‘ylagi edi. Tugmalari yangi, yuvib, dazmollangan…
Gulchehra shu kuni Muslima opaga qarashib, ancha paytgacha ularnikida qoldi.

12

Tolibjon keyinchalik ham bu mehmondorchilikni bot-bot eslab yurdi.Bir kuni ko‘hna jomadondagi albomlarini varaqlab o‘tirib, oyisi bilan Gulchehraning birga tushgan suratlarini ko‘rib qoldi. Bu surat o‘sha ziyofatda olingandi. Shu kuni haddi sig‘ib, ilk bor Gulchehraga ko‘nglini yordi. Mehmonlar tarqalib, yolg‘iz qolishganda dilidagi gaplarni to‘kib soldi. Avvaliga gap boshlashi qiyin bo‘ldi. Keyin yuragini keraksiz qog‘ozdek g‘ijimlayotgan iztiroblarini baralla aytaverdi. Rad javobidan cho‘chigandi, unday bo‘lmadi.
Gulchehra hovlidagi chiroq yorug‘ida idish-tovoqlarni yuvayotgandi. Oyisi ichkarida uyni yig‘ishtirardi. Tolibjon qizning oldiga keldi. Gulchehra qilayotgan ishidan to‘xtamay, unga qaradi.
– Yigit kishining bir oyog‘i yo‘q bo‘lsa, bu katta aybmi? – dedi Tolibjon dabdurustdan.
Bu qaltis savol Gulchehrani dovdiratib qo‘ydi. Qo‘lidagi kosani tutamlaganicha turib qoldi. Tolibjon javob kutardi. Nega bunday savol berganini o‘zi ham bilmaydi. Faqat ayni paytda ko‘nglida mana shu og‘riqli so‘roq bor edi. Qizning javobi taqdirini hal qiladi. Qani edi, yo‘q, ayb emas, desa…
Gulchehra Tolibjon o‘ylaganidan ham aqlliroq ekan:
– Nega unday deysiz? – jiddiylashdi u. – Qo‘l-oyog‘i butun, ammo qalbi yo‘q, Qo‘shmatga o‘xshagan imoni noqislar bor. Men shundaylardan qo‘rqaman.
– Gulchehra, men ulardan sizni jonim boricha himoya qilaman.
– Bilaman, – Gulchehra shirin jilmaydi.
– Unda… sizdan umid qilsam bo‘ladimi?!.
Tolibjon u yog‘ini aytolmadi. Tosh boylangandek tili aylanmay qoldi.
– Voy! Muslima xolam kelyaptilar! – Gulchehra ayb ustida qo‘lga tushgan boladek ko‘zini olib qochib, qo‘lidagi kosani yuvishga tutindi.
Tolibjonning jismida ajib bir titroq turdi. Sekin-asta yurib nari keta boshladi. Yuragi qinidan chiqib ketgudek tipirchilardi. Sakragisi, yugurgisi, bor ovozda “Gulchehra-a, seni sevama-an!”, deya hayqirgisi kelardi. Bu ko‘ngil da’vati shunchalar kuchli ediki, purviqor tag‘lardek buyukligi, bo‘ronlardek shiddatidan o‘zini qo‘ygani joy topolmay qoldi.
Agar shu sevgi bo‘lsa, u olamdagi eng huzurbaxsh, eng qudratli tuyg‘u ekan! Gulchehra yuragiga o‘t yoqdi. Ayni paytda butun vujudi otash bo‘lib yonmoqda…
Qorachadan kelgan istarali yigit Gulchehrani ham allaqachon maftun etgandi. Uning botiniy hislardan chaqnab turgan ko‘zlari xayolidan ketmasdi. Ularni muhabbatning ko‘zga ko‘rinmas sehrli iplari bir-birlariga chambarchas bog‘ladi.
Sevgi aqlgamas, qalbga quloq soladi, deganlari shu ekan-da.
Yigit bilan qizni taqdir uchrashtirdi. Buni Qobiljon amaki bilan Muslima opalar tushunishdi. O‘sha ziyofatning ertasiga Muslima opa bilan Qobiljon amaki uzoq suhbatlashishdi. Muslima opa qishloqqa Qobiljon amakining roziligini olib qaytdi…
Shu kunlarda Zartopganda sovuq bir xabar tarqaldi. Qo‘shmat o‘zining aroqxo‘r ulfatlaridan birini pichoqlab qo‘yibdi. Jarohat olgan yigit kasalxonada jon beribdi. Qo‘shmatni uzoq muddatga qamaladi, deyishdi. Shundan keyin Qo‘shmatni hech kim ko‘rmadi. Gulchehra endi undan butunlay qutulganiga ishondi. Biroq u adashgan edi…

* * *

O‘sha mehmondorchilikdan keyin Muslima opa Zartopganga tez-tez qatnay boshladi. Har safar Gulchehrani ko‘rish uchun biron bahona topilardi. Tolibjonning kirlarini yuvib, uyni, hovlini tozalaydi. Bir kecha yotib, yana qishloqqa qaytadi. Keyingi safar dadasi ham birga keldi. U o‘g‘lining hayoti izga tushayotganidan benihoya xursandligini aytdi. Gulchehraga uylanishiga rozilik berdi.
Qobiljon amaki bilan Muslima opa maslahatni bir joyga qo‘yib, kelasi yili bahorda to‘y qilishga kelishishdi. Tolibjonning Zartopganga ko‘chib kelishini Muslima opa bilan dadasi vaqtincha deb o‘ylashgandi. Biroq yolg‘iz o‘g‘illarining biryo‘la uylik bo‘lib qolishi ularni ancha gangitdi. Qishloqda nogiron o‘g‘illarining ko‘ngliga qarashmadi, ketib qoldi, deguvchilar ham topildi. Bunday uzunquloq gap­lar Muslima opaga yetib kelganda ichidan ancha zil ketdi. Eriga aytib ko‘zyosh qilib oldi. Ammo er-xotinning taqdirga tan berishdan boshqa ilojlari qolmagandi. Tolibjon o‘sha avtofalokatdan keyin o‘zgarib ketdi. Aytganini qiladigan, nimalarnidir izlab, tinch o‘tirolmaydigan bo‘lib qoldi. Biroq bularning bari yaxshilikka ekan, mana, o‘zining yo‘lini topdi. Nogiron bo‘lib hech kimdan orqada qolgan joyi yo‘q. Shunday ekan, aytganiga ko‘nmaslik insofdan bo‘lmaydi…
To‘y masalasida ham shunga amal qilishdi. To‘yni qishloqda qilamiz, deb o‘zaro kelishishdi-yu, Tolibjon, to‘y Zartopganda bo‘lgani ma’qul, deganida qarshi chiqishmadi. “Mayli, qishloqdan ham mehmonlar kelishadi, shu yerda, o‘zingni uying­da to‘y qilamiz”, deyishdi ra’yiga qarab. Tolibjonning nafaqasi, oylik maoshlari, buyurtmalardan tushgan pulni qo‘shganda anchagina mablag‘ jamg‘arilib qolgandi. Bu orada Nikolay Semyonovichga besh yuz so‘m qarzini ham jo‘natdi.
– Ichmaysan, chekmaysan, topganing barakali, – dedi bir kuni Server. – Pokiza yurganga Xudo baraka beradi.
– Maqtovni oshirib yubording-ku, – xijolat bo‘ldi Tolibjon.
– Yo‘q, do‘stim, bu haqiqat. – Server doimgidek chertib-chertib gapirdi. – Bilasanmi, biz qrimlar juda ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rganmiz. Pulni tejashni, o‘rnida ishlatishni bilamiz. Bizning to‘ylarda bo‘lganmisan?
– Yo‘q… Urf-odatlaringizni seni to‘yingda ko‘raman.
– Bu haqda gap bo‘lishi mumkinmas. Kuyov jo‘ralikka seni tanlaganman… Iy-e, surat olishing kerak-ku?
– Surat ham olaman, kuyov jo‘rayam bo‘laman.
Ular kulib yuborishdi. Yigitlarning beg‘ubor kulgilari hovlini to‘ldirdi.
– Men aytmoqchimanki, – kulishdan to‘xtab dedi Server. – Qrimlarning to‘ylari ixcham o‘tadi. Yaqin do‘stlar, qarindoshlar kelishadi. Ular musiqa bilan kutib olinadi.
– Bizni to‘y ham ixcham bo‘ladi, hovli unchalik kattamas.
– Sening to‘yingda o‘zbekcha urf-odatlarga amal qilish kerak. Faqat o‘zingni qiynab qo‘yma, deyman-da.
– Gaping to‘g‘ri. To‘ydan keyin uy quramiz.
– Uy qurmoqchimisan?
– Darvozadan kiraverishga uch xona solishni mo‘ljalladim. Eski uy surat ishlaydigan fotolaboratoriya bo‘ladi. Rejam Gulchehraga ma’qul keldi.
– Shular haqidayam gaplashdinglarmi?!
– Ha, endi…
– Munosabatlaring ancha chuqurlashibdi.
– Ko‘nglimdagini aytaman, uyam shunday.
– Zo‘r-ku, sirdosh bo‘lib qolibsizlar.
– Undan yashiradigan sirim yo‘q. Gulchehrayam shunday, ko‘ngli ochiq qiz, – dedi Tolibjon mamnun jilmayib.

13

Zartopganga yana bahor keldi. Bog‘larga sevalab yoqqan yomg‘ir kurtak yozaman deb turgan olma shoxlarini cho‘miltirib, top-toza qilib qo‘ydi. O‘ngirlarga to‘shalgan maysazorda sap-sariq ochilgan qoqigullar bu yashil gilamni kelinchakning uyidek bezagan. Moviy osmonda chug‘urlashib qushlar parvoz qiladi. Bularning bari ko‘ngil tubidagi mudroq hislarni uyg‘otadi…
Tolibjon Gulchehraga uylanganidan keyin hayot daryosi yangi o‘zanga tushgandek bo‘ldi. Gulchehra erining fe’lini juda tez tushunib oldi. U tabiatan injiq edi. Suratchilik sir-asrorlari, kimyoga oid kitoblarni soatlab o‘qirdi. Vaqti kelganda, shijoatdan ham Xudo qismagandi. To‘ylaridan biroz o‘tib g‘ayrat bilan uy qurilishini boshlab yubordi. O‘zi rejalashtirganidek darvozadan kiraverishda uchta xonaga poydevor quydirdi. Yengil mashina sig‘adigan darvoza o‘rnatish, uygacha bo‘lgan dolonni ham unutmadi. Usta solib, shaharcha chetidagi g‘isht korxonasiga qatnab turdi. Bahorda boshlangan qurilish kuzda yakuniga yetdi.
Ular yangi uyga ko‘chib o‘tishdi. Bu lahzalarni intizor bo‘lib kutgan Gulchehraning quvonchi olamga sig‘masdi. Xonalarni o‘zi bilganicha jihozladi. Baland, ko‘rkam yangi bino qarshisida eski uylari g‘arib ko‘rinib qoldi. Tolibjon bu uyni darhol foto laboratoriyaga aylantirdi. Polshada ishlab chiqarilgan zamonaviy fotoyiriklashtirgich sotib oldi. Gulchehra derazalarga qorong‘ilashtiradigan pardalar tikib berdi. Endi Tolibjonning surat ishlash uchun yosh texniklar markaziga qatnashiga hojat qolmagandi. U ishga boshi bilan sho‘ng‘ib ketdi.
Shunday kunlarning birida Server onasi ularni mehmonga chaqirayotganini aytdi.
– Bizda shunday odat bor, – dedi u. – Yangi kelin-kuyovlarni mehmonga chaqiramiz.
Tolibjon bilan Gulchehra maslahatlashib, Serverlarnikiga borishdi. Bu paytda Serverning singlisi turmushga chiqqan, uyda ona-bolaning o‘zlari qolishgandi. Anife ona ularni ochiq chehra bilan kutib oldi. Gulchehrani yelkasidan quchib, uyga boshladi. Uning Serverlarnikiga birinchi kelishi edi. Chinnidek toza hovli, yo‘lka chetidagi qiyg‘os ochilgan gulsafsarlarga qarab havasi keldi. Kiraverishdagi dahliz oshxona vazifasini o‘tarkan. Oshxonadan allaqanday pishiriqlarning ishtahani qitiqlaydigan hidi kelib turardi. Hol-ahvol so‘rashib, ichkariga kirishdi. Shinam mehmonxonada stol tuzalgan, oppoq dasturxonga chinni likopchalar, qoshiq-sanchqilar tartib bilan terilgandi. Suv solingan shaffof shisha finjonga to‘rt-beshta jajji qoshiqchalar solib qo‘yilgan. Bejirim idishlarda har turli pishiriqlar. Gulchehra lagandagi yashil bargli taomga tikilib qoldi.
– Bu qanday taom, Anife ona? – dedi ajablanib.
– Pazandalikka qiziqar ekansiz-da, jonim?
– Judayam!
– Biz buni “yaprak sarmasi” deymiz. Guruch bilan go‘sht qiymasini uzum bargiga o‘rab dimlanadi, qizim. Sizga ham o‘rgataman.
– Mayli, jon deb o‘rganaman.
– Bugun sizlarni chiburek bilan mehmon qilaman.
– Chiburek?
– Qarashib yuborsangiz chiberekniyam o‘rganib olasiz, jonim. Bu qrim tatarlarining ichiga qiyma solingan pishirig‘i.
Ayollar chiqishib qolishganidan Tolibjonning ko‘ngli ko‘tarildi. Anife ona choyga shakar, bir bo‘lakdan limon qo‘shib, qoshiqchalar bilan aralashtirib, mehmonlarga uzatdi.
– Orasta ekansiz, – dedi Gulchehra havas bilan.
– Unchalikmas, jonim, qarib qoldim. Yuring, endi chiburek pishiramiz.
Ayollar o‘rinlaridan turib, chiqib ketishdi.
– Onamning qo‘llari shirin, – Server oyisini maqtadi. – Oshqovoqli burmalarini bir tatib ko‘rsang edi!
– Har gal sizlarnikiga kelganda semirib ketaman, – kuldi Tolibjon.
– Xavotir olma, to‘lishmaysan. – Senchalik tinib-tinchimaganimda allaqachon matematika professori bo‘lardim.
– Shunday ham professordan qolishmaysan, o‘quvchilaring maqtashgani maqtashgan.
– Ko‘nglim uchun aytyapsan-da.
– Sen ular uchun kuyinasan, bolalar hamma narsani tushunishadi.
– Institutni bitiray deb qoldim, oyimning orzulari ushalyapti. Muallim bo‘lishimni juda-juda xohlardilar. Onam hayotda juda qiynalganlar.
– Endi rohat ko‘radilar.
– Yuraklarida yana bir katta armon bor.
– Qanday?
– Oyimni Vatan sog‘inchi qiynaydi, aslida otam ham shu armon bilan o‘tdilar. Qora dengiz bo‘yidagi Mesxor qishlog‘imizni unutolmaydilar.
Tolibjon nima deyishini bilmasdan biroz jim qoldi. Server tug‘ilgan qishlog‘i haqida ilgari ham gapirib bergandi.
– Vatanga qaytish tez hal bo‘ladigan ish emas, – dedi. – Yur, mening xonamga kiramiz.
Tolibjon Serverning kichikkina xonasini yoqtirardi. Bu xonada shift barobar tokchalarga kitoblar terilgan, devorlarga matematikaga oid jadvallar ilib qo‘yilgandi.
– Dars berishga qiynalmaysanmi? – dedi Tolibjon xonaga kirib kelishganda.
– Sen bilan qanday gaplashsam shunday dars o‘taveraman.
– Dars boshqa.
– Matematikaning “tili” raqamlar, belgilardan iborat. O‘qituvchi uchun eng asosiysi, ularni hayot bilan bog‘lab tushuntirish.
– Ha, matematika adabiyot yoki tarix emas.
– Tarixni eslatganing yaxshi bo‘ldi, Zartopganning tarixini bilasanmi?
– Yo‘q.
– O‘tir! – Server yumshoq o‘rindiqqa ishora qildi.
Ular yonma-yon o‘tirishdi.
– Maktabda o‘qiyotgan muallimimiz Zartopganning tarixini yaxshi bilardi. Tarix muallimini aytyapman. Bizga qayta-qayta hikoya qilib bergan. Shuning uchun hammasi esimda.
– Aytib berasanmi?
– Mayli, erinmay eshitsang, bu juda qiziq. Buni qaraki, Zartopgan o‘tgan asrdagi parovozlar tufayli shaharchaga aylangan ekan.
– Qanday?
– Bilasan, parovozlarning suv zahirasi vaqti-vaqti bilan to‘ldirib turilgan. Buning uchun suv minoralari kerak edi. Tentaksoy yaqin bo‘lgani uchun ana shunday minoralardan biri yigirmanchi asrning boshlarida Zartopganda qurilgan. Suv minorasida parovozlarga xizmat ko‘rsatadigan ishchilar ham kerak edi. Rossiyadan mutaxassis ishchilarni ko‘chirib kelishadi. Ular asosan yeri yo‘q dehqonlaru “dordan qochgan”lar, badarg‘a qilingan jinoyatchilar edi. Shunday qilib, Zartopganda mahalliy aholi bilan birga boshqa millatlar ham ko‘paya boshlaydi. Mahalliy aholi – o‘zbeklar, asosan bog‘larda ishlashardi. Bu bog‘larni Yusup Davidov, Jemchujnikov degan boylar sotib olishgan. Temiryo‘l yoqasidagi aholi hududlari shunday barpo bo‘lgan. Ko‘pincha bu bekatlarga temiryo‘l quruvchilarining “Pervushka”, “Kaufmanskaya”, “Vrevskaya”, “Xilkoff” singari nomlari berilgan. Inqilobdan keyin bu tomonlarga yana shimolliklar ko‘chib kela boshlashadi. Ayniqsa, Rossiyada bug‘doy hosili bo‘lmagan yigirma birinchi, yigirma ikkinchi yillarda bu jarayon tezlashgan. O‘ttizinchi yillar – kolxozlashtirishda yana bir oqim keldi. Shunday qilib, Zartopganda aholi ko‘paydi. Maktab kerak bo‘lib qoldi. Birinchi maktab eski yerto‘lalarda ochilgan ekan. Hozirgisini 1935 yilda o‘qituvchilarning o‘zlari qurib olishgan.
– Bugungi o‘quvchilar qo‘lbola qurilgan maktabda o‘qishayotgan ekan-da.
– Shunday desayam bo‘ladi. To‘g‘ri, keyinchalik sinfxonalar qo‘shib, kengaytirilgan.
– Men shahar maktablarini ko‘rib havas qilganman, juda-a ko‘rkam, ko‘p qavatli.
– Bizdayam bo‘lib qolar.
– Qachon?
– Bu hozircha muammo, Tolibjon… O‘quvchilarimga Zartopgan tarixini aytib berdim. Aslida, moziydan gapirish matematika muallimining vazifasi emas. Matematika natural son, arifmetik amallardan iborat, deb tushuniladi. Fikrimcha, bularni o‘quvchiga hayot bilan, masalan Zartopgandagi hayot bilan bog‘lab tushuntirsa ham bo‘ladi. Aks holda, bola yodlab oladi-yu, vaqt o‘tib hammasini unutib yuboradi… Kechirasan, bular maktabdagi uslubiy kengashda aytiladigan gaplar, – dedi Server ikki qo‘lini yozib. – Ezmalik qilib yubordim.
– Xijolat bo‘lma, – dalda berdi Tolibjon. – Men gazetada ishlayman, bularni bilishim kerak.
– Sen matematika – riyoziyotga benihoya katta hissa qo‘shgan ajdodlarimiz haqida ham albatta bilishing kerak. Bugungi darsliklarda ular haqida juda kam yozilgan.
– Gaping haq, Umar Xayyom matematika olimi ekanini yaqinda bilibman. Shu paytgacha mashhur ruboiylar yozgan shoir deb yurardim. Axir, “To‘garak jahonni uzuk deb bilsak, Shaksiz, uning ko‘zi– gavhari ham biz”, deya olish uchun chuqur falsafiy mushohadaga ega bo‘lish kerak-ku?!
– Umar Xayyom – uning to‘liq ismi G‘iyosiddin Abdulfath Umar ibn Ibrohim – tenglamani geometrik usulda yechishning sodda yo‘lini topgan katta olim! – deya ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘tardi Server. – Xorazm farzandi Abu Rayhon Beruniy-chi?! O‘ninchi asrda yer kurrasining birinchi modelini yaratgan. Nega biz ular haqida juda oz bilamiz?!
– Balki ayb o‘zimizdadir? – Tolibjon yog‘och oyog‘ini tortib to‘g‘irlab qo‘ydi. – Ko‘proq kitob o‘qishimiz kerak. Umuman, universitet darsliklaridayam Sharq mutafakkirlari haqida ma’lumot kam.
– Biz nima qilib o‘tiribmiz?! – kuyinib ketdi Server. – Sen jurnalistsan, shular haqida yoz!
– Men suratchi, fotojurnalistman.
– Yozishniyam eplaysan.
– Eplashga-ku, eplarman. Biroq foto jurnalistlikning o‘zi bir olam. Tinmay ishlashim kerak.
– Gapingda jon bor.
– Olgan suratim, Zokir Qodirov aytganidek, bir hikoya bo‘lsa, deyman. Bu unchalik ham oson emas. Ijodkorda qalb ko‘zi bo‘lishi kerak.
– Albatta, shunday… Sen suratni juda yaxshi olasan.
– O‘sha “yaxshi surat”ni izlayapman, Server. “Kundalik daftari”ga o‘xshagan yozuvlarim ham bor. Ko‘rgan-eshitganlarimni yozib boryapman. Kundalik odamni fikr­lashga o‘rgatadi.
– Sir bo‘lmasa, nimalar haqida yozasan?
– Senga aytaman, meni doim to‘g‘ri tushungansan… Bilasan, noliyverish yigit kishiga yarashmaydi. Masalan, kimga keragi bor mening oh-vohlarim? O‘sha avtofalokatdan keyin, – Tolibjon oyog‘iga ishora qildi. – Alamimni ichimga sig‘dirolmay qoldim. Yosh boladek oyim yonimdan ketmasalar, derdim.
Dadam geologiya-qidiruv ekspeditsiyasida ishlaydilar. Uyda kam ko‘rardim. Ba’zan-ba’zan urush xotiralarini gapirib qolardilar. O‘sha paytda bir hikoyalari menga qattiq ta’sir qildi. Ko‘p odamlarning hayotlari menikidan og‘ir bo‘lgan ekan-ku, degan xulosaga keldim. Bu voqeani daftarga yozdim. O‘zim uchun, unutib qo‘ymaslik uchun. Bilsang, shundan keyin qandaydir yengil tortdim. O‘shandan buyon qattiq ta’sir qilgan voqealarni shu daftarga yozaman.
– Dadang aytib bergan voqea hayotingni o‘zgartirib yuborgan ekan-da?
– Shunday desayam bo‘ladi.
– U qanday voqea edi?
– Dadam urushda razvedkachi bo‘lgan ekanlar. Chap bilaklariga snaryad parchasi tegib, dala gospitalida yotadilar. Suyaklari maydalanib ketgandi. Davolanish uchun sen tug‘ilgan tomonlarga, Qora dengiz bo‘yidagi harbiy gospitalga yuborishadi. Gospitalda yaradorlar ko‘payib ketgan, joy yetishmasdi. Xashak to‘shalgan polda yotib davolanayotganlar ham ko‘p ekan. Shuning uchun mahalliy hokimiyat tashabbusi bilan tuzala boshlaganlar xonadonlarga joylashtiriladi…
“– Men gospitalda qoldim, – deb hikoya qilgandilar o‘shanda dadam. – Bir kuni gospital darvozasidan chiqib, kungay joyda isinib tursam, ko‘chadan bir ayol menga qarab kelaverdi. Yelkasida obkash, quduqdan suv olib kelayotgan ekan.
– Yaradormisan? – dedi oldimga kelib.
– Ha, – dedim.
– Qayerliksan?
– O‘zbekistondan.
– Yur menikiga, o‘zim parvarish qilaman, – dedi. – Hamma qo‘shnilarim bittadan yarador olishyapti.
Men uning uyida yashay boshladim. O‘rta yoshlardagi bu ukrain ayoli o‘g‘li, qizi bilan turarkan. Eri frontda edi. Shuning uchun bolalari meni otalarining do‘stidek qabul qilishdi. Har kuni davolanishga, uch kunda bir “suxoy payok” uchun gospitalga qatnardim.
Dengiz bo‘yidagi bu kichkina shaharchaga ham urushning qora soyasi yetib kelgandi. Ba’zan uzoq-uzoqlardan bomba portlashlari eshitilib qoladi. Gohida nemis samolyotlarining g‘o‘ng‘illashi quloqni qomatga keltiradi. Bir kuni jarohatimni qayta bog‘lash uchun borganimda gospital o‘rnida tep-tekis sayhonlikni ko‘rdim. Imorat qoldiqlari tutab yotardi. Urush ko‘rgan askar bo‘lsam ham begona shaharda, boshqa joyga kelib qoldimmi, deb o‘yladim-da. Qahraton qish edi. Muzlamada sirpanib uchayotgan ikki bolaga ko‘zim tushdi. Sekin-sekin yurib haligi bolalarning oldiga bordim.
– Gospital shu yerda edi, yo adashdimmi? – deb so‘radim.
– Shu yerda edi, amakijon! – qichqirishdi ular. – Fashistlar bombardimon qilishdi. Sizni gospitalda emasligingiz yaxshi bo‘libdi, tirik qoldingiz!
Aftodahol bo‘lib, yashayotgan uyimga qaytdim. Kasallik tarixini o‘zimizga berib qo‘yishgandi. Qog‘ozlarimni olib mahalliy hokimlikka bordim. Ularning tavsiyasi bilan fuqaro poliklinikasiga qatnab davolana boshladim…”
Tolibjon otasining urush xotiralarini maroq bilan hikoya qilardi. Nihoyat to‘xtab, Serverga qaradi.
– Sen bilan sira zerikmayman, – dedi uni diqqat bilan eshitayotgan Server. – Endi mehmonxonaga kiraylik, chiburekni pishirib bo‘lishgandir.
Ular oldinma-keyin Serverning xonasidan chiqishdi.

14

Ushalmayotgan bir orzu Tolibjon bilan Gulchehraning baxtli kunlariga soya solib turardi. Birin-ketin oylar, yillar o‘tib borar, ularning esa hamon farzandlari yo‘q edi. Qayta-qayta shifokorlarga ko‘rinishdi. Ular ham Xudo emas, aniq gap aytishmasdi. Gulchehra bunda o‘zini ayblab, tez-tez yig‘laydigan odat chiqardi. Tolibjon ham o‘g‘il yo qizlik bo‘lishni zoriqib kutardi. Bolalar bor joyda o‘zi ham bolaga aylanib ketar, ularning sodda, beg‘ubor qiliqlaridan olam-olam zavqlanardi. “Hammasi Xudoning ishi, – deya o‘ylardi u. – Biz, ko‘rgan kunimiz, topgan rizqu nasibamizga shukr qilishimiz kerak. Farzandlik ham bo‘lib qolarmiz…” Shunday paytlarda temiryo‘l vokzalidagi nogiron yodiga tushib, uning zoldir g‘ildirakli aravachada sudralib yurishi, isqirt qiyofasi ko‘z oldiga kelardi.
Qobiljon amakining og‘ir ahvolda kasalxonaga tushib qolishi Tolibjon bilan Gulchehraning bir maromda kechayotgan hayotlarini izdan chiqarib yubordi. Bu kutilmaganda, bir kunda sodir bo‘ldi. Qobiljon amaki ishxonasida yiqilib qolibdi. Tolibjonni darhol yosh texniklar markaziga chaqirishdi. Borganida qaynotasi Shokir Ismoilovning xonasidagi divanda hushsiz yotardi. U bilan ketma-ket “tez yordam” mashinasi ham yetib keldi. Qobiljon amakini kasalxonaga olib borishdi. Do‘xtirlar “insult” deyishdi. Gulchehra kunu tun otasining yonidan jilmadi. Toshkentdan topib kelingan kamyob dorilaru, qariyaning tomiriga ulangan tomchilagichlar ham yordam bermadi. Besh kundan keyin o‘ng qo‘li bilan oyog‘i ishlamay qolgan Qobiljon amakini uyga olib ketishdi. Uyida uch kun yotib, bandalikni bajo keltirdi.
– Tolibjon aka, endi men yolg‘iz qoldim, – dedi Gulchehra mayitni qabrga qo‘yib kelishgan kuni o‘ksib-o‘ksib yig‘larkan.
– Men-chi?! Men borman-ku! – Tolibjon uni yupatdi.
Shunday dedi-yu, keyingi paytlarda Gulchehraga e’tiborsiz bo‘lib qolganini o‘ylab, o‘zini aybdor his qildi. Xotinining beozorligi, mehr-muhabbati evaziga hech narsa talab qilmasligidan battar ezildi. “Endi o‘zgaraman, – dedi botinan. – Ish bilan andarmon bo‘lib ketdim… Kimlargadir o‘xshab cho‘kmadim, shunisiga shukr. Hayotda yo‘limni topdim. Gulchehra hammasini biladi. Meni faqat oyim shunday tushunardilar. Oyimning oldilariga ham ahyon-ahyonda boryapman. Qarib qolganlar, Zartopganga kelolmaydilar, o‘zim tez-tez xabar olishim kerak!”
– Dadamni oxirgi aytgan so‘zlari sizning ismingiz bo‘ldi, – dedi Gulchehra erining o‘ylanib qolganini o‘zicha tushunib.
– Nima demoqchi bo‘lganlarini bilaman, – dedi Tolibjon. – Uning ovozi titrab chiqdi.
* * *

Vaqt – shamoldek yelib borayotgan uchqur chavandoz. Uni hech kim to‘xtatib qololmaydi. Kunlar, oylar o‘tardi. Qobiljon amakining ma’rakalarini o‘zining uyida o‘tkazishdi. Shundan keyin kimsasiz bu uy huvullab qoldi.
– Mayli, shunday turaversin, sotmaymiz, – dedi Gulchehra. – Uyimiz dadamni, bolaligimni eslatadi. Avvalgiday supurib-sidirib yuraveraman.
Tolibjon, xotinining ko‘ngliga qaradi. U yana ishiga boshi bilan sho‘ng‘ib ketdi. Odamlar unga muammolari bilan ham murojaat qila boshlashgandi. Hech kimga yo‘q demasdi. Qo‘lidan kelganicha yordam berishga urinar, bu o‘zining tashvishidek kuyib-yonib, haftalab, ba’zan oylab ovora bo‘lsa ham o‘sha ishni hal qilishga urinardi. Bir safar Zartopganning chekka mahallasidagi ichimlik suvi muammosini ko‘tarib chiqdi. Qish sovug‘ida obkashda suv tashiyotgan ayollar, bolalarni suratga olib, maqola bilan gazetada chop ettirdi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, kunlar biroz iliganda mahallada vodoprovod o‘tkazish ishlari boshlandi. Bu odamlar orasida Tolibjonning obro‘sini yanayam oshirdi.
Zartopganga bahor keldi. Bog‘lar yashil maysalar bilan qoplandi. Daraxtlar uyg‘onib, gulga kira boshladi. Kunlar bir maromda o‘tardi. Gulchehra avvalgidek uyda tikuvchilik qilar, kechqurunlari biror ovqat tayyorlab, erini mushtoq bo‘lib kutadi. Tolibjon odatda tushdan keyin uydagi suratxonasida ishlardi. Shu kuni ham uyiga barvaqt keldi. Kun charaqlab turardi. Darvozadan kirdi-yu, hovlidagi bir tup gilosning oppoq gullaganini ko‘rib chehrasi ochildi. Gulchehra yengil ki­yinib olgan, qo‘lida belkurak bilan tomorqada yer yumshatardi. Tolibjonning gulga burkangan gilosga zavq bilan qarab qolganini ko‘rib jilmaydi:
– G‘alati fe’lingiz bor, – dedi ishidan to‘xtab.
– Nimaga unday deyapsan, Gulim? – ajablandi Tolibjon.
U xotinini “Gulim” deb erkalardi. “Gulim”, dedimi, demak kayfiyati yaxshi. Bunday paytlarda Gulchehrani bag‘riga bosar, seni bir oyoqdayam ko‘tarib yuraveraman, deya alqardi. Hozir ham belkurakka suyanib turgan Gulchehra tomonga yurdi.
– Men yer chopyapman, – dedi Gulchehra shoshib belkurakka yopisharkan.
Shu payt yengil shabada esib, Tolibjonning sochlarini to‘zg‘itdi. U yo‘l-yo‘lakay sochini to‘g‘irlab, Gulchehraning oldiga bordi-da, bilagidan ushladi:
– Men ham qarashaman!
– Kiyimingizni almashtirib oling.
– Mayli, – dedi Tolibjon ilojsiz.
U orqasiga qaytib, uyga kirib ketdi. Gulchehra erining ortidan tikilganicha o‘yga cho‘mdi: “Ba’zan yosh boladek o‘jar bo‘lib qoladi, aytganini qildiradi. Lekin ko‘ngli toza. Mana shu bahor havosidek pokiza inson. Dadasi qizini unga topshirib adashmagan ekan. Dono dadajonisi Tolibjonni o‘z o‘g‘lidek ko‘rardi…”. Gulchehraning ko‘zidan ikki tomchi yosh oqib, yonog‘iga tushdi.
Shu payt Tolibjon uydan chiqib kela boshladi. Gulchehra ko‘z yoshini bildirmaygina sidirib tashladi-da, belkurakni yerga sanchdi. Tolibjon uning ko‘zi yoshlanganini sezdi.
– Nima bo‘ldi?! – dedi xavotirlanib.
– Dadam esimga tushdilar.
– Qobiljon amaki yaxshi inson edi… Ular urushda ko‘p qiyinchilik ko‘rishgan. Haliyam…
– Dadam hech qachon nolimaganlar. Birov dillarini og‘ritsayam tez unutib yuborardilar.
– Urush ko‘rganlar shukr qilib yashashga o‘rganishgan.
– Biz ham.
– To‘g‘ri, Gulim, biz ham!
– Siz yaxshisiz!
Tolibjon Gulchehrani yelkasidan ohista quchoqladi. U boshini Tolibjonning ko‘ksiga qo‘ydi.
– Faqat, bir narsa…
– Bilaman, – dedi Tolibjon. – Vaqti-soati bilan farzandli bo‘lamiz. Xudo bermasa…
Gulchehra mayin kaftini Tolibjonning labiga bosib, pichirladi:
– Unday demang!
Tolibjon qo‘liga belkurakni oldi:
– Yerni o‘zim yumshataman, sen damingni ol. Tomorqada ishlamaganimga ancha bo‘ldi.
U belkurakni baland ko‘tarib, ko‘pchib turgan tuproqqa zarb bilan sanchdi.

* * *

Shu kunning ertasiga yuz bergan noxush voqea Tolibjonning ko‘nglini singan chinnidek chil-chil qilib, qattiq azob berdi. To‘g‘ri, u yosh bo‘lsa ham hayotda ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rdi. Qo‘shmatga o‘xshagan dilozorlardan jabr chekkan paytlaridayam sira chekinmadi. Pok sevgisini himoya qilish uchun qoyadek mustahkam tura oldi. Biroq o‘ziga yaqin olib yurgan hamkasbining nomardligi jonu jahonini o‘rtab yubordi.
Gazetada ishlayotganiga o‘n yildan oshdi. Tahririyatdagi jurnalistlar bir-birlari bilan aka-ukadek ahil edilar. Ammo osmon bulutsiz emas, gulning ham tikoni bor. Yangi ishga kelgan muharrir o‘rinbosari Sadir Nazirovni bu ahil jamoada ko‘pchilik xush ko‘rmadi. Hech kim u bilan apoq-chapoq bo‘lolmadi. Tolibjon buning sababini ke­yin tushundi. Hammasi gazetada e’lon qilingan fotoaybnomadan boshlandi.
Tahririyat katta ko‘cha yoqasidagi binoda joylashgan edi. O‘tgan yilning kuzida yo‘l quruvchilar shu ko‘chaga asfalt yotqizishdi. Ular ketishdi-yu, asfalt tekislaydigan bahaybat po‘lat g‘ildirakli traktor qish o‘tib, bahorda ham ko‘chada egasiz qolib ketdi. Birov uni qimirlatolmaydi, mashinalar chetlab o‘tadi. Yo‘lovchilar ulkan g‘ildirakka qarab boshlarini chayqashadi. Zil-zambil traktor ko‘chaga o‘rnatilgan metin haykaldek qotib qoldi. Tolibjon o‘sha g‘ildirakni suratga tushirdi. Yo‘l quruvchilarning ish texnikasi ko‘chada zanglab yotgani, yo‘l harakatiga xalal berayotganini yozib, gazetada chop ettirdi. Bu fotoaybnoma uchun anchagina maqtovga sazovor bo‘ldi. Bosh muharrir shunday holatlarga befarq o‘tib ketayotgan jurnalistlarga o‘rnak qilib ham ko‘rsatdi. Gapning bir uchi Sadir Nazirovga tegib o‘tdi. Hasad ichini kemirgan Sadir Nazirov shu kundan Tolibjonga ola qaray boshladi. Odatdagi bir navi muomalasi “qora sovuq”qa aylandi. Tolibjon avval bunga e’tibor bermadi. “Kayfiyati yo‘qdir-da”, deb qo‘yardi o‘zicha. Sadir Nazirovning “zahiraga olib qo‘ygan” katta fitnasi biroz keyin baliq suv ostiga tortib ketgan po‘kkakdek yuzaga qalqib chiqdi.
Katta yo‘ldan Zartopganga kiraverishda shaharcha Kengashining ko‘chaga qaragan ikki qavatli binosi bor edi. Oldi gulzor, archalar yo‘lakka soya tashlab turadi. Tolibjon ishga avtobusda qatnardi. Shu kuni ishdan erta qaytdi. Avtobusdan tushib, archa soya­sida turgan Turdaliyevga ko‘zi tushdi. U shaharcha Kengashi raisining o‘rinbosari edi. Avvaldan salom-aliklari yaxshi bo‘lgani uchun so‘rashib ketay, deb oldiga bordi. U negadir Tolibjonni hushlamay qarshiladi. Biroz qovog‘ini uyib chetga qarab turdi-da:
– Uka, men sizga nima yomonlik qilgandim? – dedi dabdurustdan.
Tolibjon hayron bo‘lib, nima deyishini bilmay kalovlandi. Rais o‘rinbosari­ning tuyqusdan qilgan sovuq muomalasi gangitib qo‘ydi.
– Aka, sizni hurmat qilaman, – dedi bosiqlik bilan.
– Meni, xotini bilan it-mushuk bo‘lib yulishadi, deb ovoza tarqatibsiz? Shu rostmi, axir?!
Tolibjon lol bo‘ldi. Bu g‘irt tuhmat gap edi. Zartopganda uni hamma hurmat qiladi. Bunaqa muomalani sira eshitmagan.
– Yo‘-o‘q, men uyingizdayam bo‘lmaganman-ku? – deyoldi bo‘shashib.
– Sadir Nazirovdek odam yolg‘on gapirmasa kerak?! – Turdaliyev jahl bilan unga tikildi.
Tolibjonning kapalagi uchdi! Nima deyishini bilmasdi. “Bu ig‘vo nahotki Sadir Nazirovdan, u bilan yelkama-elka ishlayotgan hamkasbidan chiqqan? U hech qachon Turdaliyev haqida gapirmagan-ku?! To‘g‘ri, bundan o‘n kunlar avval shaharcha Kengashida gazeta uchun surat tushirgandi. Turdaliyev e’tiborli bo‘lib, ishida yordamlashdi. Tolibjon tahririyatda uni maqtadi. Odamlarning og‘irini yengil qilishi, o‘zi bilan ham yaxshi munosabatdaligini to‘lqinlanib gapirgandi. Sadir Nazirov bu gapni nima maqsadda o‘ylab topgan?”
Turdaliyev javob kutib hamon o‘qrayib turardi. Tolibjon, o‘t balosi, suv balosi, tuhmat balosidan asrasin, degan gapni esladi. Indamay ketish o‘zi qilmagan aybni bo‘yniga olish edi. Aslida, bu xotinlarning g‘iybatiga o‘xshagan bir gapdir. Ammo odamlar orasida tarqasa, Tolibjonning tomchilab yiqqan obro‘si shamolga sovurilmaydimi? Yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolsin, desa, erkak kishi uchun nomus har narsadan ulug‘.
– Bunday gap bo‘lmagan, – dedi qat’iy qilib. – Ertaga tahririyatga kirib o‘tolmaysizmi?
Uning zardali gap ohangi Turdaliyevga ta’sir qildi, chamasi, biroz bo‘shashdi:
– Ertaga Sadir Nazirovga yig‘ilish bayonnomasini olib borishim kerak, – dedi xo‘mrayib.
– Unda, o‘sha yerda uchrashamiz! – Tolibjon ortiga burilib, oqsoqlanganicha jahl bilan uyi tomonga yurib ketdi.
U hovlisiga bo‘shashib, yelkasiga bir qop un ortmoqlagandek horg‘in kirdi. Hammayoq chinnidek qilib supurilgan. Bahorning maysa hidi anqib turgan ajib havosi, orastalik kishi dilini yayratadi. Yotog‘iga shoshayotgan quyosh gilosning oppoq gullarini siypalaydi. Ammo shu damda Tolibjon bularga e’tibor beradigan ahvolda emasdi. Derazadan eshitilayotgan tikuv mashinasining shildiragan tovushiga biroz quloq tutib turdi. Gulchehra buyurtma tikib o‘tirardi. “Hozir so‘roqqa tutadi, – deb o‘yladi. – Unga aytmasligim kerak. Eziladi, nima qilaman, kayfiyatini buzib…”. Tolibjon uyga kirganida o‘zini ancha bosib olgandi. Biroq Gulchehra eridagi o‘zgarishni darhol payqadi:
– Nima bo‘ldi?! – dedi xavotir bilan ko‘zlarini pirpiratib.
Xotinining ovozidagi hamdardlik Tolibjonning yuragini battar siqdi.
– Ishda charchadim, – dedi oyog‘iga ishora qilib. – Ko‘p yurdim, dam olaman.
– Mayli, – dedi Gulchehra. Erining gapiga ishonmagani esa yuz-ko‘zidan sezilib turardi.
Tolibjon indamasdan hovliga chiqdida, fotolaboratoriyasiga kirib ketdi. Asabi buzilgan, yuragi siqilgan paytlarda shu nimqorong‘i xonasida yolg‘iz qolib orom topardi. Javonda qadrdon “Fotokor”i turibdi. Hozir uni ishlatmaydi, zamonaviy fotokameralari bor. Biroq yoshligining mukarram xotiralari mujassam buyumni hanuz ko‘z qorachig‘idek asraydi. Devorga mana shu fotokamerada birinchi olgan portreti ilib qo‘yilgan. Bu – oyisining daryo bo‘yida tushgan surati. U suratga o‘ychan tikilib, stolining g‘aladonidan kundalik daftarini olib varaqladi. Bir oyog‘idan ayrilib, to‘shakka mixlanib qolgan kunlardagi iztiroblari, otasining urush xotiralari… Temiryo‘l vokzalida nogiron daydini ko‘rganida qattiq ta’sirlanib, o‘zini qo‘ygani joy topolmagan kunlari ham shu daftarning sahifalariga yashirilgan. Ikki oyog‘i kesilgan piyonistaning ahvoli ayanchli edi o‘shanda. Harchand urinsa ham uning shishinqiragan yuzi, odamlarning oyog‘i ostida sudralib yurishi ko‘z oldidan nari ketmadi. Ruhiyatiga dahshatli kuch bilan portlagan bombadek ta’sir qilgan manzara tumandek tarqab ketishini juda-juda istadi. Yotib ham ko‘ziga uyqu kelmasdi. Bu yoqimsiz o‘ylaridan qutulish yo‘lini izlab, iztiroblarini qog‘ozga tushirdi. Butun dardi daftarga ko‘chgandek yengil tortdi. Hozir ham ichu tashi yonib, tez-tez yoza boshladi:

“Uzoq vaqt yozmadim va yozmas ham edim. Lekin qalbsiz, hissiz bir kimsa tufayli bugun yana qo‘limga qalam oldim. Sadir Nazirov meni asossiz o‘zining raqibi deb hisoblaydi. Balki, qaybir ma’noda bunga asosi ham bordir. Chunki, biz boshqa-boshqa olam kishilarimiz. Men oddiy fotomuxbir bo‘la turib undan kam ishlamayotirman. Axir, u davlat mablag‘iga o‘qigan-ku?! Mo‘may maosh oladi. Jurnalist! Biroq, ikki oy davomida o‘sha ulkan po‘lat g‘ildirak oldidan har kuni befarq o‘tib ketavergan… Zanglab ko‘chada qolib ketgan, yo‘lovchi mashinalarni chalg‘itayotgan po‘lat g‘ildirakni ko‘rmabdimi? Ko‘rgan! Lekin nega bu muammo qalbini bezovta qilmadi? Men suratga oldim, yozdim, gazetada chop ettirdim. Shu kundan u menga tishini qayradi. Odam ham shunchalik maydakash bo‘ladimi?!
Sadir Nazirov rahbarlar bilan munosabati buzilib qolishidan cho‘chiydi. Fe’li shunday. Hayotdagi, atrofidagi muammolarga e’tiborsiz. Men bilan kurashishning pastkash usulini tanladi. Axir, men Turdaliyevning uyida biror marta ham bo‘lmaganman! Qanday qilib xotini bilan munosabatlari haqida ovoza tarqatishim mumkin?!
Sadir Nazirov – muharrir o‘rinbosari. U ham rahbar! Nega uningdek odamlar mas’uliyatli lavozimlarda ishlashadi? Bunday jurnalist xalqqa nima naf keltirishi mumkin?! Yo, Xudo! Men juda xafaman! Ular yaxshi odamlarni ezishadi, qolipdan chiqarib yuborishadi! Bularni yengib o‘tish uchun bardoshli bo‘laman!”

Tolibjon yozuvlariga so‘nggi nuqtani qo‘ydi. Oppoq devorga tikilib o‘tirib, oyog‘idan ajralgan fojiali kunni esladi. Onasining mehribonliklari, Server, Nikolay Semyonovich, Qobiljon amaki, Shokir Ismoilov ko‘z oldidan bir-bir o‘tdi. “Dunyoda yaxshilar ko‘p, – dedi ichki bir ovoz. – Qo‘shmatga o‘xshagan g‘addorlar, Sadir Nazirovga o‘xshagan tullaklar ham bor. Men judayam qiynalyapman, lekin chidashim kerak! Odam – po‘latdan qattiq, guldan nozik, deganlari shu ekan-da”.

15

Ertasiga Tolibjon tahririyatga kelganida Sadir Nazirov ishda edi. Xonasining eshigi qiya ochiq ekan, ichkaridan ikki kishining g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gaplashayotgani eshitildi. Ulardan biri – Turdaliyev edi. Tolibjon eshik tutqichini ushlab, kiraymi-kirmaymi deb bir zum ikkilandi. Lekin kechagi voqeaga hozir oydinlik kiritib olmasa boshqa imkon bo‘lmasligini o‘ylab, eshikni ochdi-da, ichkariga kirdi. Sadir Nazirov xona to‘ridagi o‘zining o‘rnida o‘tirar, Turdaliyev beriroqda tik turganicha kuyib-pishib unga nimanidir tushuntirardi. Tolibjonni ko‘rib ikkilariyam jimib qolishdi.
Sadir Nazirov o‘rnidan turmasdan ko‘zini lo‘q qilib tikilib o‘tiraverdi. U Tolibjondan yosh edi. “So‘rashishniyam bilmaydi”, deb o‘yladi Tolibjon. Shu tobda uning bu o‘tirishi ko‘ziga juda xunuk ko‘rindi. Zahil yuzidagi oldinga turtib chiqqan do‘rdoq labi o‘ziga sirayam yarashmasdi. Ko‘kish, harakatsiz katta-katta ko‘zlari shishadek yaltiraydi. “Muncha sovuq bu odam, – deb o‘yladi, – avval e’tibor bermagan ekanman”.
Turdaliyev esa Tolibjonni ko‘rib kalovlandi. Tez chetga o‘tib, yo‘l berdi. Tolibjon avval Turdaliyev, keyin Sadir Nazirov bilan qo‘l berib so‘rashdi. Ko‘nglining bir chetida, balki u gaplar bo‘lmagandir, degan ilinj ham yo‘q emasdi. Sadir Nazirov o‘sha-o‘sha, bir tukini o‘zgartirmay haykaldek qotib qolgan. Turdaliyevning kechagi vajohati yo‘q, Tolibjonning nima deyishini kutib jimgina mo‘ltirab turardi.
– Sadirboy, siz meni, Turdaliyev xotini bilan it-mushuk bo‘lib yulishadi, deganimni qayerda eshitgandingiz? – dedi Tolibjon o‘zini bosib.
Sadir Nazirov turqini o‘zgartirmadi. O‘zini oromkursining suyanchig‘iga tashlab, qarshisida tik turgan ikki kishiga surbetlarcha bir-bir qarab oldi.
– Turdaliyev haqida gapirganingiz rostmi? – dedi sovuq qilib.
– Rost. Lekin…
– Ana! – u ko‘rsatkich barmog‘ini niqtab, o‘rnidan sapchib turdi. – Ana, aytmadimmi?!
– Nima, ana?! Men Turdaliyevni yaxshi odam dedim.
– Yaxshi odamniyam sirlari bo‘ladi. Boshqalar haqida gapirib yurish yaxshimas!
Tolibjon bu gapni eshitib o‘zini tutolmay qoldi. Miyasiga gup etib qaynoq qon urdi. Nima deyarini bilmasdan lablari titrardi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, muvozanatini u oyog‘idan bu oyog‘iga tashlay boshladi. Bu qabohatga asablari dosh berolmadi:
– Gapni aylantirma! – baqirib yubordi tutoqib.
O‘zi bilmagan holda qo‘li beixtiyor yelkasidagi fotoapparatiga borib qoldi. Qarshisida Sadir Nazirovni emas, jirkanch basharasi tirishib turgan Qo‘shmatni ko‘rdi. Undan ijirg‘anib, fotoapparatini baland ko‘tardi. Jon-jahdi bilan uloqtirilgan fotoapparat Sadir Nazirovning yelkasiga tegib, katta yaltiroq stolga zarb bilan urildi. Shisha bo‘lagining “chars” etib singani eshitildi. Muvozanatini yo‘qotgan Tolibjonning yog‘och oyog‘i g‘ijirlab tanasi chayqala boshladi. Yordamga otilgan Turdaliyev uni ushlab qolishga ulgurmadi. Tolibjon taxta polga quladi!
Shovqinni eshitib qarama-qarshi xonadan Zokir Qodirov chiqdi. Ochiq eshikdan polda o‘tirgan Tolibjonga ko‘zi tushdi-yu, xonaga otilib kirdi.
– Nima gap?! – dedi Sadir Nazirovga qarab.
U fotoapparat zarbidan og‘riyotgan yelkasini ushlab bez bo‘lib turaverdi. Bu paytda ikki o‘t orasida qovrilayotgan Turdaliyev zo‘r berib Tolibjonni turg‘azishga urinardi. Tolibjon karaxt bo‘lib qolgan, hech narsani eshitmas, his qilmasdi. Zokir Qodirov darhol Turdaliyevga yordamlashdi. Birgalashib Sadir Nazirovning xonasidan olib chiqishdi.
Uni bosh muharrirning xonasiga yarador odamdek ikki tomonidan suyab, sudragudek qilib olib kirishdi. Burchakdagi suyanchiqli divanga yotqizishganda Tolibjon sekin ko‘zini ochdi. Zokir Qodirov piyolaga choy quyib, uning titrab turgan labiga tutdi. Tolibjon tamshanib bir qultum choy ichdi. Shovqin-suronni eshitib, tahririyatning uch-to‘rt nafar xodimlari ham hovliqqancha bosh muharrirning xonasiga kirib kelishgandi. Ular bir zumda Tolibjonni o‘rab olishdi. Kimdir qayerdandir qo‘liga tushib qolgan gazeta bilan uni yelpir, yana birov hech narsaga tushunmay achinganicha qarab turardi.
Zokir Qodirov ish stoliga borib, “tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qildi. Turdaliyev aybini bo‘yniga olgan mahkumdek bo‘shashib, xona burchagiga borib qoldi. Yana hamma Tolibjon bilan ovora bo‘lib, bir-birlaridan nima gapligini surishtira boshlashdi. Shu asnoda “tez yordam” yetib keldi. Xonaga kirgan oq xalatli shifokor ayol rangi oqarib yotgan Tolibjonning bilagini biroz ushlab turdi-da, qon bosimini o‘lchay boshladi.
– Arterial bosim ko‘tarilibdi, – dedi temir jomadonini ocharkan. So‘ngra chaqqon harakatlar bilan muolajaga kirishdi.
Bu paytda Zokir Qodirov Turdaliyevni savolga ko‘mib tashladi. U bo‘lgan voqeani aytib berdi.
– Tolibjonni ko‘p yildan beri bilamiz, unaqa yigitamas, – dedi Zokir Qodirov unga ta’na bilan tikilib.
– Men bugun hammasini tushundim, – Turdaliyev gunohkorona boshini egdi, – kechiringlar meni.
Muharrir unga hech narsa demadi, yana Tolibjonning tepasiga keldi. Kimdir uning qo‘lini uqalar, boshqasi hamon buklog‘liq gazeta bilan yelpirdi.
– Biroz qimirlatmanglar, – dedi “tez yordam” shifokori. – Qon bosimi tushadi. Lekin baribir, hudud shifokoriga ko‘ringanlari ma’qul.
Tolibjon o‘ziga kelib qoldi. Tirsagiga tayanib, o‘rnidan turishga harakat qildi. Biroq ko‘zga ko‘rinmas yuho bor quvvatini so‘rib olgandek holsiz edi. Cho‘yanday og‘irlashgan qovoqlarini bazo‘r ko‘tarib, ko‘zini pirpiratdi. Zokir Qodirov oldiga kelganida xijolatdan yonoqlari ucha boshladi. Sadir Nazirovning xonasida quyushqondan chiqib ketganiga afsuslandi. Asabiyligining sababini tushunolmay qiynaldi. Bir marta Gulchehradan berkitiqcha shifokorga ham uchragandi. “Bu zo‘riqish ko‘proq nogironlikning ta’siri, – degandi doktor. – Shunday paytlarda o‘zingizni bosishga harakat qiling. Janjalli vaziyatlardan uzoqroq yuring”.
– Kechirasizlar, – dedi betob yotgan odamnikiga o‘xshagan zaif ovozda. – Ayb menda.
– Yo‘q, Tolibjon, siz aybdor emassiz, – Zokir Qodirov chertib-chertib gapirdi. – Yangi o‘rinbosarim jamoa bilan chiqisholmayapti. Xurmacha qiliqlaridan aziyat chekkan sizgina emas… Mayli, bu masalani keyin ko‘rib chiqarmiz. Hozir Yusuf uyingizga olib boradi. Dam oling, shifokorga ko‘rining. Mehnat ta’tili beramiz.
Eshik ochilib, tahririyat haydovchisi Yusuf kirdi. U Tolibjonga hamdardlik bilan qarab qo‘ydi-da, o‘rnidan turishiga yordamlashdi.
Zokir Qodirov “siz aybdor emassiz”, degan bo‘lsayam Tolibjon o‘zini tutolmay qolganidan qattiq afsusda edi. Uyatdan bir so‘z demay, Yusufning qo‘lidan ushlab sekin-asta eshik tomonga yurdi.
Zartopganga yetgunlaricha ham Tolibjon gapirmay bordi. Yusuf hovliga yetaklab kirganida darvoza ochilganini eshitgan Gulchehra uydan chiqdi. Erining ahvolini ko‘rib, esxonasi chiqib ketdi. Tizzasi qaltirab, nima deyarini bilmay, rangi oqarib turib qoldi.
– Xavotir olmang, kennoyi, hech narsa bo‘lmadi, – dedi Yusuf. – Biroz qon bosimlari oshibdi. Hozir yaxshilar. Achchiq ko‘k choy damlab bersangiz otday bo‘lib ketadilar.
Tolibjon bo‘shashib turardi. Hozir Sadir Nazirovning xonasidagi vajohatidan asar ham qolmagandi. Aksincha, qilib qo‘ygan sho‘xligidan pushaymon boladek jilmayib xotiniga termildi. Yusuf xayrlashib chiqib ketgan hamon yetaklashib uyga kirishdi. Gulchehra Tolibjonni o‘ringa yotqizib qo‘ydi-da, yana so‘roqqa tutdi. U bo‘lgan voqeani aytib berdi.
– Ko‘rdingmi, Gulim, gapni har tomonga bursa bo‘ladi. Tahririyatda Turdaliyevni maqtab gapirgandim, Sadir Nazirov boshqa tomonga burib yubordi. Yomon gapga odamlar tez ishonishadi. Tuhmatdan yomoni yo‘q ekan bu dunyoda.
– Sizga bir narsa bo‘lsa men nima qilaman?! Asabingizni buzmang. Hech bo‘lmasa meni o‘ylang-da. Endi sizdan boshqa kimim bor? – Gulchehra ko‘ziga yosh oldi.
Tolibjon Gulchehraga qo‘lini cho‘zdi. Gulchehra karavotning bir chetiga o‘tirib, beixtiyor erining qo‘lini silay boshladi. Tolibjon uning yelkasidan quchdi.
– Seni har doim o‘ylayman, Gulim!
– Men ham…
…Ertasiga saharlab Gulchehra bozorga chiqib ketdi. Tolibjon mehmonxonasida choy ichib o‘tirardi. Deraza ochiq edi, darvozaning taqillagani eshitildi. Tolibjon o‘zining ismini aytib chaqirgan Yusufni ovozidan tanidi.
– Kiravering, – dedi o‘rnidan qo‘zg‘alib.
Qadam tovushlari eshitilib, deraza oldida jilmayganicha Yusuf paydo bo‘ldi. U qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berdi.
– Tolibjon, opoq bo‘lib qoldizmi? Kecha qo‘rqitib yubordingiz-ku, – dedi hazil aralash kulib.
Uning samimiy gapidan Tolibjonning ko‘ngli ko‘tarildi.
– Ichkariga kiring, choy ichamiz.
– Mayli, do‘stim, boshqa safar, – taraddudlandi Yusuf. – Zokir akam, aytib o‘t, degandilar, birrovga kirdim, – sizga mehnat ta’tili berishibdi. Bemalol dam olaverarkansiz.
Yusuf xayrlashib, shoshganicha chiqib ketdi. Birozdan keyin bozorga ketgan Gulchehra qo‘lida kartoshka-piyoz to‘la so‘mka bilan kelib qoldi. Tolibjonning mehnat ta’tiliga chiqqanini eshitib, suyundi:
– O‘zingizni ayamay ishlaysiz, judayam charchagandingiz, – dedi er-xotin choy ichib o‘tirishganda. – Ish ishni topar, deyishadi, endi yaxshilab dam oling.
– Zerikib qolaman-da?
– Men zeriktirmayman…
Shu kuni Tolibjon kun bo‘yi uydan chiqmasdan kitob o‘qib yotdi. Gulchehra buyurtmalarini tikib-chatib o‘tirdi. U allanimalarni gapirib, Tolibjonni noxush o‘ylardan chalg‘itmoqchi bo‘lardi. Kechga yaqin hech kutilmaganda Turdaliyev kelib qoldi. Qo‘lida non, qand-qurs solingan qog‘oz xalta bor edi.
– Ovora bo‘libsiz-da, – dedi Gulchehra u uzatgan qog‘oz xaltani olayotib.
– Ovorasi bormi, kelin. Tolibjon tuzukmi?
– Xudoga shukr, yaxshilar. Uyda kitob o‘qib o‘tiribdilar. Kiring, kiravering!
Turdaliyev mehmonxonaga kirdi. Tolibjon uni o‘rnidan turib qarshi oldi.
– Keling aka, – Tolibjon hech narsa bo‘lmagandek, mulozamat bilan dasturxon yozilgan stolga taklif qildi.
Turdaliyev bunday qarshi olinishini kutmagan ekan, chamasi, birdan chehrasi ochildi. O‘tirib, qo‘lini fotihaga ochdi-da, uzundan uzoq duo qildi.
– Uka, men sizni xafa qilib qo‘ydim, juda-a xijolatman, – dedi. – Sadir Nazirovni hamma gaplari quruq tuhmat ekan. Yo, tavba! Kap-katta odam-a!? Bunaqasini ko‘rmagandim. Mendayam ayb katta. Gapiga chippa-chin ishonibman. Sizni shu uyga ko‘chib kelgan paytingizdan bilaman-ku. U odamni gapiga ishonmasligim keragidi.
– Haqiqatni bilgan bo‘lsangiz kifoya, – dedi Tolibjon xotirjam ohangda.
– Haqiqat egilsayam, sinmaydi, uka, – yana gapga tushib ketdi Turdaliyev. – Bugun ishxonangizda katta yig‘ilish bo‘ldi. Meniyam chaqirishdi. Zokir Qodirov juda-a aqlli odam-da, masalani o‘rtaga tashlab, ochiq muhokama qildi. Hamkasblaringiz, siz meni faqat maqtaganingizni aytishdi. O‘sha kuni sizga gapirgan gaplarimga ming-ming pushaymon bo‘ldim. Sadir Nazirovning “ichida gijjasi bor” ekan-da, faqat sizamas, boshqalar haqidayam bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatibdi. Hammalari bir bo‘lib, uni izza qilib tashlashdi. “Ariza yozib bo‘shayman”, deb yig‘ilishdan chiqib ketdi. Yana bir marta uzr, meni kechiring, uka.
– Men ham bunaqa odamni endi uchratdim, – dedi Tolibjon boshini chayqab.

16

Kech kuzakda daraxtlar uchidan barg to‘ka boshlagandayoq odamlar, qishning erta kelishidan dalolat, deyishgandi. Bu gap chin bo‘lib chiqdi. Qish erta keldi. Erta kelgan qishning qahraton sovug‘i cho‘zilib ketdi.
So‘nggi paytda Tolibjon Server bilan kam ko‘rishdi. Ular ish, oila tashvishlaridan ortishmasdi.
Server ancha kech, yigirma yetti yoshida Uriye degan qrim qiziga uylandi. Uriye maktabda kutubxonachi bo‘lib ishlab, sirtdan oliygohda o‘qirdi. Turmushga chiqqan yilida o‘qishini bitirib, rus tili va adabiyotidan dars bera boshladi. Ular to‘rt yil deganda farzandli bo‘lishdi. Gulchehra chaqaloqqa atab bir bo‘xcha ko‘ylak-ishton, tagliklar tikdi.
Tolibjon uyga kirganida Gulchehra ko‘zida yosh bilan chaqaloqqa tikkan kiyimlarini silab o‘tirardi.
– Nima bo‘ldi?! – dedi xavotirlanib.
Gulchehra indamadi. Tolibjon uni tushundi. Xotinining yoniga o‘tirib, sochlarini siladi:
– Xudo bizgayam farzand beradi, noumid bo‘lmaylik. Bola asrab olishimiz ham mumkin.
Gulchehra yalt etib eriga qaradi:
– Siz shunga rozimisiz?!
– Sen istasang, mayli.
Gulchehra uni bo‘ynidan quchoqladi:
– Shuni aytolmayotgandim.
Tolibjon Gulchehrani bag‘riga bosib, sochlarini hidladi:
– Meni haliyam yaxshi bilmas ekansan. Bir-birimizdan hech qachon, sirayam ajralmaymiz! Sevgining bahori bilan shodlanma, yoz-qishi ham bor, deyishadi. Biz hammasiga chidaymiz, Gulim!
Gulchehra Tolibjonga mehr bilan termildi:
– Ko‘pincha, bola asrab olganlar farzand ko‘risharkan.
– Nima bo‘lgandayam u bizning bolamiz bo‘lib qolaveradi. Men shundaylarni uchratdim… Bitta yangilik aytaymi?
– Ayting! – Gulchehra suyunib ketdi.
– Biz yaqinda mashina olamiz!
– Yo‘g‘-e?
– Shunday! Pulimiz bor. Ijroqo‘mdan menga mashina ajratishdi. Ariza berib qo‘ygandim. Yo bo‘lar, yo bo‘lmas, deb senga aytmagandim.
– Qanday mashina?!
– “Moskvich”, yomon mashinamas. Menga moslashtirib berishadi, – u oyog‘iga ishora qildi. – Haydovchilikka o‘qiyman.
– Bugun Uriyelarnikiga borayli-ik? – dedi Gulchehra erkalanib. – Buni ulargayam aytamiz!
– Mayli, – dedi Tolibjon anchadan beri Serverni ko‘rmaganini eslab.
Gulchehra yosh boladek suyunib ketdi. Darhol chaqaloq kiyimlarini qayta bo‘xchaga tugib, o‘rnidan turdi. Soat kunduzgi to‘rtlar edi. Tolibjon avval yosh texniklar markaziga, Jannaxonning oldiga chiqib kelmoqchi bo‘ldi. Jannaxon – jikkakkina koreys ayoli, tasviriy san’at to‘garagining rahbari. O‘zbek tilida bemalol gaplashib, o‘zbekcha qo‘shiqlarni ham qoyilmaqom qilib aytadi. Shuning uchunmi zartopganliklar erkalab “Jannaxonim” deyishadi.
Jannaxon atrofiga rassomchilikka qiziqadigan katta yoshlilarni ham to‘plab olgandi. To‘garak mashg‘ulotlaridan keyin yig‘ilishib, rasm chizishadi. Tolibjon ham ular bilan akvarel bo‘yoqda ishlashni mashq qila boshladi. O‘rganganlari fotosurat retushida – gazetaga beriladigan suratlarning kamchiligini oq-qora rang berib tuzatishda asqotdi.
O‘sha, 1968 yilning qishi nihoyatda qattiq keldi. Sovuqning zo‘ridan ko‘chalar, yo‘lkalar muzlamadan loklangan taxtadek yaltirab ketdi. Sovuq sira pasayay demas, kundan kun zabtiga olardi. Quloqchinlarini bostirib kiygan bolalar birpas yaxmalak otib, burunlari qizarib, qaltiragancha uy-uylariga tarqalishadi. Tolibjon shunday sovuqda Jannaxonning oldiga chiqsammi-chiqmasammi, deb biroz ikkilandi. “Birrovga o‘tamanu kelaman” deb o‘ylab, issiq kiyinib oldi.
– Yo‘l bo‘lsin? – dedi xonaga kirgan Gulchehra.
– Jannaxonning oldiga borib kelay?
– Shu paytda-ya?
– Ozgina mashq qilib, bir soatga qolmay qaytaman. Retushga qo‘lim kelishib qoldi.
– Mayli, – dedi bo‘shashib Gulchehra. – Men do‘kondan xarajat qilib kelaman. Uriyelarnikiga boramiz-a?
– Boramiz, Gulim.
Tolibjon hovlidan avaylab yurib ko‘chaga chiqdi. Yo‘l chetlariga kuralgan qor uyumlari oq marmarga o‘xshaydi. Yalang‘och daraxtlar quruq sovuqda haykaldek qotgan. Qovog‘i uyulgan osmon vahimali ko‘rinadi. Bunday paytda haydovchilar ham ilojsizlikdan yo‘lga chiqishadi. Ko‘chadan har zamonda yo‘lovchi avtobus yoki og‘ir yuk mashinalari o‘tib qolardi. Tolibjon ehtiyot bo‘lib, asta-sekin yo‘lni kesib o‘tdi. Oqsoqlanganicha maktab tomonga yurdi. Maktab hovlisiga kirganida bolalar uchaverib muzlama qilib yuborgan yo‘lakda toyib ketib, yiqilishiga bir baxya qoldi. “Shu bugun chiqmasam bo‘larkan-da, – deb o‘yladi. – Jannaxon har kuni ishda-ku, axir!” Lekin endi orqaga qaytgisi kelmadi.
Maktab hovlisidagi yosh texniklar markazining bir qavatli binosi bu “qora sovuq”da junjikkandek oppoq qorga burkanib olganga o‘xshardi. Hamishagidek ostonada o‘tiradigan xushfe’l qorovul endi yo‘q. U Qobiljon amakini esladi: “qanday inson edi-ya!”. Ikki tavaqali eshikni g‘ijirlatib ochganida yuziga yoqimli iliq havo urildi. Yo‘lakdan bo‘yoq, arralangan yog‘ochning o‘tkir hidi kelib turibdi. Xonalar berk, to‘garak rahbarlari ishlarini tugatib, uy-uylariga ketishgan. Faqat “Tasviriy san’at” deb yozilgan jajji lavhli to‘rdagi eshik ochiq edi. Tolibjon o‘sha eshikning oldiga borib, ichkariga mo‘raladi.
Jannaxon rassomchilik dastgohiga muk tushib, chap qo‘lida bo‘yoq qoradigan palitra, o‘ngida mo‘yqalam tutganicha berilib nimanidir chizardi. Oyoq tovushini eshitib, boshini ko‘tardi:
– Tolibjon?! – Jannaxon suyunib ketdi. – Kelganingiz yaxshi bo‘ldi!
– Xayolingizni bo‘ldim, mayli, ishlayvering.
– Yo‘q, ayni paytida keldingiz, kimningdir fikrini so‘ramoqchi bo‘lib qiynalayotgandim. Mana, buni qarang, kimga o‘xshaydi? – u dastgohga qotirilgan suratga ishora qildi.
Tolibjon tasvirdagi so‘lim chehrali qizni darhol tanidi:
– Manzura, – dedi hech ikkilanmay.
– Ha, o‘zimiz bilan ishlaydigan Manzura. Uni o‘zbekona milliy libosda tasvirlayapman. Atlas jilosiga rang topish qiyin bo‘lyapti. Shunchalar sehrli, bu atlas! Yana nimadir yetishmayapti. Nima, a? Mana, uzoqroqdan qarang-chi?
Suratda bir o‘rim sochini oldinga tashlagan qiz jilmayib turardi. Egnida atlas ko‘ylak, uning ustidan harir moviy “choponcha” kiygan.
– Yaxshi-ku… Do‘ppi kiydirsangiz bo‘lmaydimi?
– Vo-oy, Tolibjon, topdingiz! To‘g‘ri! Tasavvur qildim, iroqi do‘ppi kerak!
– Ishlayotgan ekansiz, men boraqolay?
– Yo‘q, bu yerga o‘tiring! Mana sizga qalam, akvarel. Qog‘oz ham bor.
Jannaxon deraza tokchasidan gultuvakdagi tikanli kaktusni olib, stolga qo‘ydi.
– Shu kaktusni ishlang!
Tolibjon Jannaxon surib qo‘ygan kursiga o‘tirdi. Qalam bilan gultuvak, unda o‘sib turgan kaktusni chiza boshladi.
– Shunday bo‘ladimi? – dedi birozdan keyin.
Jannaxon ishini to‘xtatib, uning oldiga keldi.
– Yaxshi, – qog‘ozga diqqat bilan tikildi. – Endi bo‘yoq berasiz. Rang tanlayotganda yorug‘likka e’tibor qiling. Qarang, bir tomon yorug‘roq, chap tarafga soya tushgan, bo‘yog‘i quyuqroq bo‘ladi.
Tolibjon yana ishga kirishdi. Bir payt nimagadir ko‘ngli g‘ashlandi. “Tezroq uyga borishim kerak, – deb o‘yladi bezovtalanib. – Gulchehra kutib o‘tirgandir”.
– Men qaytaqolay? – dedi Jannaxonga.
– Darrov-a? – Jannaxon bolalarcha samimiy jilmaydi.
– Gulchehra bilan Serverlarnikiga borishga kelishgandik.
– Unda mayli, keyin davom ettirarsiz.
U xayrlashib, xonadan chiqdi. Tashqarida quruq sovuq yanayam zabtiga olgandi. Qorong‘i tusha boshlabdi. Uyiga yetib kelganidayam bezovtaligi tarqamagandi. Shoshib darvozani ochdi. Hovliga kirdi-yu, turgan joyida qotib qoldi! Uyning ostonasida kimdir cho‘zilib yotardi! Halloslaganicha yaqin bordi. “Gulchehra! Yo Olloh! – dedi. – Yiqilibdi!”. Tolibjon yerga o‘tirib, Gulchehraning boshini tizzasiga oldi:
– Gulchehra! Gulchehra! Nima bo‘ldi?!
Gulchehradan sado chiqmadi. U hushsiz edi. Yerda yotgan so‘mkani surib, xotinining qo‘lini ushladi. Muzdek! O‘rnidan turib, uyning eshigini ochdi. Yuragi qattiq urib, qo‘llari qaltirar, badani sovuqni sezmasdi. Fikru yodi Gulchehrada, uning ovozini eshitsa hammasi joyiga tushib ketadigandek tuyulardi. Ammo Gulchehradan sado chiqmadi. “Hozir o‘ziga keladi, hech narsa qilmagan”, dedi pichirlab. Ihrab-sihrab ikki qo‘ltig‘idan olib, uyga sudradi. Bir amallab xonaga olib kirdi-da, karavotga yotqizdi. Nima qilarini bilmay yuzlarini ishqaladi. Gulchehra ingradi.
– Hozir, hozir! – dedi Tolibjon titroq tovushda.
Piyolaga choy quydi, qo‘li qaltirab labiga tutdi. Gulchehra choydan bir qultum ho‘pladi.
– Nima bo‘ldi? Yaxshimisan?!
– Yiqildim, – dedi Gulchehra bazo‘r.
– Hozir, “tez yordam” chaqiraman! – dedi titrab-qaqshab Tolibjon.
U bir lahza taraddudlandi. “Tez yordam” chaqirish uchun chorrahadagi pochtaga borish kerak edi, o‘sha yerda telefon bor. Gulchehrani shu ahvolda yolg‘iz tashlab ketolmaydi. Nima qilsin?!
O‘ylab o‘tirishning payti emasdi. U ko‘zini yumib yotgan Gulchehraga bir qaradi-da, tashqariga chiqdi. Hovli qorong‘i, uy ostonasini elektr chirog‘i yoritib turardi. Borib darvozani ochdi. Najot izlab ko‘chaga chiqdi. Nima qilishini bilmay biroz turdi.
Shu payt simyog‘ochdagi fonus yorug‘ida Jannaxon ko‘rindi. U uyiga qaytayotgandi. Tolibjon ovoz berdi. Jannaxon ajabsinib to‘xtadi. Tolibjon qo‘li bilan imlab, o‘zi tomonga chaqirdi. Jannaxon burilib, ko‘chani kesib o‘ta boshladi.
– Nima gap, Tolibjon? – dedi yaqinlashib qolganda.
– Gulchehra yiqilibdi! – Tolibjonning botinidan ichki bir nido otilib chiqdi.
– Qayerda?! – Jannaxon hamdardlik bilan so‘radi. – Ahvoli yaxshimi?
– Yomon! Uyda yotibdi. “Tez yordam” chaqirish kerak. Yolg‘iz qoldirolmayapman.
– Men hozir, hozir pochtaga kirib, qo‘ng‘iroq qilaman!
Tolibjon ma’qullab boshini irg‘adi, tomog‘i quruqshab gapirishga holi qolmagandi. Yana biror so‘z aytsa, botinidagi faryod tashiga otilib chiqadigandek labini qimtib oldi.
Jannaxon shoshib chorraha tomonga ketdi. Tolibjon boshini egib, yana hovliga qaytib kirdi. “Do‘konga borib nima qilardi, – dedi o‘zicha. – Miyasi chayqalgan bo‘lsa-ya?! Qancha yotgan ekan sovuqda?” Shu xayol bilan uyga kirdi. Gulchehra hamon karavotda qimirlamay yotardi. Nazarida yuziga biroz qizillik yugurgandek tuyuldi. Gulchehra Tolibjonning kirganini sezib, bazo‘r ko‘zini ochdi.
– O‘zingga keldingmi?! – dedi Tolibjon uning boshiga egilib.
Gulchehra nimadir demoqchi bo‘lib, labini ochdi, lekin ovozi chiqmadi. Tolibjon uning kursisiga o‘tirdi. Beixtiyor boshini musht qilib tugilgan qo‘llariga qo‘ydi: “Endi nima bo‘ladi? Ahvoli og‘ir!”
Shu holatda qancha o‘tirganini bilmaydi, Jannaxon kirdi. Tolibjon boshini ko‘tarib, ilinj bilan unga qaradi.
– “Tez yordam” hozir keladi, – dedi Jannaxon. Keyin karavotda yotgan Gulchehraga yaqinlashdi. – Yaxshimisiz? – dedi sekin.
Gulchehradan sado chiqmadi.
– Sovuqda qolib ketibdimi?
– Ha.
– Grelka bormi?
– Bor! – dedi Tolibjon hovliqib. Shu esiga kelmaganiga afsuslandi. Bir zumda rezina grelka topib keldi. Jannaxon grelkaga issiq suv quyib, Gulchehraning oyoqlari ostiga qo‘ydi.
Ular gap-so‘zsiz o‘tirishardi. Xonadagi sovuq sukunat odamni yutib yuboray deydi. Bir payt darvoza taqilladi. Jannaxon bilan Tolibjon yalt etib bir-birlariga qarashdi.
– “Tez yordam!”, – dedi Tolibjon va shoshib o‘rnidan turdi.
Deraza ortida qadam tovushlari eshitildi. Tolibjon eshikni ochib, oq xalatli ayol va erkakni ko‘rdi. O‘zini chetga olib, ularni ichkariga kiritdi.
– Nima bo‘ldi? – dedi o‘rta yoshlardagi, to‘ladan kelgan do‘xtir ayol.
– Hovlida yiqilibdi, – dedi Tolibjon bo‘shashib. – Bir soatcha sovuqda qolgan.
Do‘xtir Tolibjon surib qo‘ygan kursiga o‘tirdi. Gulchehraning bilagini ushlab, jim bo‘lib qoldi. Jannaxon hamon grelkani Gulchehraning oyog‘iga bosgan holatda o‘tirardi. Do‘xtir fonendoskopini qulog‘iga tutib, Gulchehraning nafas olishini eshita boshladi. Keyin qon bosimini o‘lchadi. Hamshiraga qandaydir dorining nomini aytdi. Tolibjonning qulog‘i bitib qolgan, bir ahvolda tik turardi. Jannaxon o‘rnidan turib, piyolaga choy quyib, unga tutdi. Tolibjon choydan bir-ikki ho‘pladi.
Hamshira Jannaxonning yordamida Gulchehrani yonboshlatib, igna sanchdi.
– Kasalxonaga olib boramiz, – dedi do‘xtir ayol boshini chayqab, – ahvoli og‘ir.
Hamshira ishini tugatib, indamay chiqib ketdi. Birozdan keyin yig‘ma zambil ko‘tarib kirdi. Shu payt Gulchehra o‘qchidi. Tolibjon uning oldiga kelib, qo‘lini yostiqqa qo‘ydi-da, boshiga engashdi:
– Qayering og‘riyapti?!
– Bo-shimm, – Gulchehraning zaif ovozi eshitildi.
Uni zambilga yotqizishdi. Zambilning old tomonidan do‘xtir, ortki tutqich­laridan hamshira bilan Jannaxon ko‘tarib, tashqariga olib chiqishdi. Tolibjon oqsoqlanib ularga ergashdi.
Gulchehra “Tez yordam” mashinasida yo‘l bo‘yi quruq yo‘talib bordi. U ko‘kragiga qo‘lini qo‘yib zorlanardi. Yonida o‘tirgan Tolibjonning yuragi ezilib ketdi. Nima deyishini bilmay nuqul qo‘lini ushlardi.
Zartopgandan tuman shifoxonasigacha yigirma daqiqalik yo‘l edi. Yo‘lda o‘tgan bu qisqa vaqt Tolibjonga bir umrdek tuyuldi. Zartopganga kelgani, olma sotuvchi qizni uchratgani, Qobiljon amaki bilan turganida maktab hovlisiga kirib kelayotgan Gulchehraning qiyofasi bir-bir xayolidan o‘tdi. Uni beadog‘ muhabbat bilan sevishi, Gulchehrasiz yashashning ma’nosi yo‘qligini o‘yladi.
Nihoyat tuman markaziga yetib kelishdi. Gulchehrani shifoxonaning qabulxona bo‘limiga olib kirishdi. Uni shifokorlar o‘rab olib, o‘pkasini eshitishdi, qon bosimini o‘lchashdi, o‘zaro nimalarnidir maslahatlashishdi.
– Miya chayqalishi bor, – dedi uzun bo‘yli, sochlariga oq oralagan nevropatolog.
– Dadamirza aka, bemorda zotiljam belgilari aniq, – dedi yoshgina qabulxona shifokori.
– Terapevt bilan hamkorlikda davolaymiz, – xulosa yasadi Dadamirza aka.
Gulchehrani terapiya bo‘limidagi intensiv palataga yotqizishdi. Yo‘lakdan oyna bilan to‘silgan bu xonaga tibbiy moslamalar qalashtirib tashlangandi. Ichki kasalliklar shifokori rentgenografiya qilish kerakligini aytdi. Uni Tolibjon tanirdi. Erkin Sodiqov degan bu doktorning tumanda obro‘si baland edi. Iste’dodiga poytaxtdagi shifokorlar ham tan berishganini eshitgan. Shu bugun uning navbatchi ekanidan ko‘ngli biroz taskin topdi.
Hamshiralar Gulchehrani g‘ildirakli karavotga yotqizib, rentgen xonasiga olib ketishdi. Tolibjon “Intensiv palata” deb yozilgan oynavand xonada kutib o‘tirdi. Ular besh-o‘n daqiqada qaytishdi. Gulchehraning ko‘karib qolgan barmoqlariga qizil yugurib, ancha bo‘shashgandi. Tolibjon buni yaxshilik alomati, deb tushundi. Lekin so‘lg‘in yuzlari hamon lov-lov yonardi. Hamshira muolaja boshladi. Yonboshiga igna sanchdi, bilagiga tomchilagich uladi.
Xonaga Dadamirza aka bilan Erkin Sodiqovlar kirishdi. Erkin Sodiqov Gulchehraga termilib o‘tirgan Tolibjonni eshik oldiga chaqirdi.
– Rentgenogrammani oldik, – dedi past ovozda. – O‘ylaganimdek, ikki tomonlama o‘pka zotiljami. Hovlida taxminan bir soat qolib ketgan, dedingiz-a?
– Ha.
– Bu sovuqda shunday bo‘lishi aniq edi.
– Og‘irmi?
– Ikki tomonlama zotiljam og‘ir kechadi. Bemorning quvvatiga qarab…
– Nima bo‘ladi?!
– Hamma choralarni ko‘ryapmiz. Umumiy va biokimyoviy tahlillarga qarab muolaja belgilaymiz. Hozir tahlillarning javobi keladi. Umuman, davolashni boshladik. Antibiotik qilindi. Besh foizli glyukoza eritmasi askorbin kislota qo‘shib tomiriga ulandi. Bu yallig‘lanishni qaytaradi. Siz tushungan odamsiz, biz tibbiyotda bor muolajalarni qilamiz albatta.
Ushbu lahzada Tolibjon o‘zini zaif, ilojsiz sezardi: “Og‘ir deyishyapti… Qo‘lidan nima keladi? Yordam so‘rab kimga boradi?!”
– Hamshiralarga xalal bermasak bemalol ishlashadi, – yana Erkin Sodiqovning ovozi eshitildi. – Yuring, mening xonamga.
Ular bo‘lim yo‘lagiga chiqishdi. Ordinatorlar o‘tiradigan xonaga kirishganda Erkin Sodiqov yumshoq divanga ishora qildi:
– Shu yerda dam oling, bemalol. Bu sovuqda Zartopganga qaytmaysizku axir.
– Rahmat, – dedi Tolibjon. – Gulchehrani tashlab qayoqqayam borardim.
– Tushunaman, – doktor shunday deb boshini irg‘adi-da, chiqib ketdi.
U yuragi siqilib biroz o‘tirdi, yana yo‘lakka chiqdi. Oqsoqlanib Gulchehra yotgan xonaga bordi, oynadan ichkariga mo‘raladi. Hamshira tomchilagichga tikilib tik turibdi, Erkin Sodiqov fonendoskopi bilan Gulchehrani eshitardi. Tolibjon eshikni ochib, ichkariga kirdi.
– Qanday? – deb so‘radi biror yupanch gap eshitish ilinjida.
– Birdek, – javob berdi doktor.
Tun ana shunday tahlikali o‘tdi. Tong yorishganda bo‘lim jonlandi. Bo‘sh palatadan esnab chiqqan ikki farrosh qiz uzun yo‘lak, muolaja xonalarini yuvishga kirishishdi. Hamshiralar tomchilagich moslama, sirlangan idishlarida dori-darmonlar bilan shoshib u yoqdan-bu yoqqa o‘tishardi.
Erkin Sodiqov Tolibjonni saharlik qilish uchun bo‘lim oshxonasiga boshlab kirdi. Tolibjonning tomog‘idan hech narsa o‘tmadi. Doktorning ko‘ngli uchun bir burda non bilan choy ichgan bo‘ldi. Soat tonggi yettiga yaqinlashgandi. Oshxona eshigi ochilib, bezovta hamshira ko‘rindi.
– Do‘xtir! Bemor og‘irlashdi! – dedi tahlikali ovozda.
Erkin Sodiqov sapchib o‘rnidan turib, eshikka otildi. Bu gapni eshitib, Tolibjonning etidan tirnog‘igacha muzlab ketdi. “Gulchehra og‘irlashibdi. Nega, nega og‘irlashadi? Shuncha dori-darmondan keyin ham-a?” U ko‘ziga qalqqan yoshni sidirib tashlab, oshxonadan chiqdi. Yo‘lakda Erkin Sodiqovning Gulchehra yotgan xonaga kirib ketayotganini ko‘rdi. U ham yog‘och oyog‘ini g‘ijirlatib o‘sha tomonga intildi. Eshik oldida ichkaridan chiqib kelayotgan hamshira uni to‘xtatdi:
– Iltimos, biroz kirmay turing.
Tolibjon hamshiraga bo‘ysunib yo‘lakda qoldi. Zum o‘tmay boyagi hamshira yana yugurgib qaytib chiqdi. Xuddi shunday shiddat bilan yo‘lak oxirigacha borib, chapdagi eshikka kirib ketdi. Bir daqiqa o‘tar-o‘tmas qo‘lida oq sirli idish bilan qaytib keldi. Tolibjon nimanidir so‘ramoqchi bo‘lib og‘iz juftladi, ammo ulgurmadi. Hamshira xonaga otilib kirib, ortidan eshikni yopdi.
Yarim soatlardan keyin Erkin Sodiqov intensiv palatadan chiqdi. Tolibjon unga xavotir bilan termildi.
– Tana harorati ko‘tarilgan, – dedi u. – Hozir biroz tushyapti.
– Kirsam bo‘ladimi?
– Albatta, kiring.
Doktor elektr chirog‘ining xira yorug‘ida yaltirayotgan yo‘lakdan ordinator xonasi tomonga tez-tez yurib ketdi. Tolibjon intensiv palataga oyog‘iga tosh boylangandek og‘ir qadamlar bilan, qurquv, ichki bir titroqda kirdi. Gulchehra o‘rinda oppoq, go‘zal bo‘lib yotardi. U go‘yo xasta emas, sahargi shirin uyquda orom olayotgandek edi.
Tolibjon karavot yonboshidagi kursiga o‘tirib, uning qo‘lini ushladi. Gulchehra qiynalib ko‘zini ochdi. Nilufar yonoqlar titradi. Nimadir demoqchi bo‘lib labini juftladi. Ovozi chiqmadi. Ko‘zlarida jonlanish paydo bo‘ldi. Tolibjon sehrlangandek unga tikilib o‘tirardi. Ularning ko‘zlari uchrashdi:
“Men sizdan minnatdorman”, – derdi Gulchehraning yosh qalqib turgan nigohi.
“Gulchehra, sensiz yasholmayman!” – deya zorlandi Tolibjonning yosh to‘la ko‘zlari.
“Doimo qalbingizdaman”, – dedi Gulchehraning o‘chayotgan alangadek so‘lg‘in nigohi.
“Meni tashlab ketma!” – dedi Tolibjon iltijoli boqib…
Kimdir tirsagidan ushladi. Tolibjon cho‘chib qaradi: Erkin Sodiqov ekan.
– Toliqtirib qo‘ymaylik? – dedi u yumshoq ohangda.
Ular oldinma-keyin intensiv palatadan chiqib, ordinator xonasiga kirishdi. Tolibjon xonada qoldi, Erkin Sodiqovni bemor ko‘rgani chaqirishdi . Xona eshigi ochiq edi. Tolibjon yumshoq divanga behol o‘tirdi. Ko‘zini yumganida tirqirab yosh chiqib, achchiq ikki tomchi yonog‘idan labiga oqib tushdi.
Yo‘lakdan tapir-tupur oyoq tovushlari eshitilganda yana o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Yuragi hovliqib tez ura boshladi, boshi aylandi. Bir amallab yo‘lakka chiqib oldi. Yugurgilab ketayotgan hamshiraning Gulchehra yotgan xonaga kirganini ko‘rdi-yu, butun tanida sovuq qaltiroq boshlandi. Yog‘och oyog‘i o‘ziga bo‘ysunmayotganini sezdi. Qo‘lini devorga tirab, kesilgan daraxtdek og‘ayotgan tanasini bazo‘r o‘ngladi. Xayolidan “Gulchehraga bir nima bo‘ldi?!” degan fikr chaqmoqdek chaqnab o‘tdi. O‘sha tomonga yurdi. Oyna ortida harakatlar tezlashgandi, do‘xtirlarning xavotirli chehralari yuragini muzlatib yubordi, nimadir yuz berayotganini tushundi. Ichkariga qaray-qaray eshikni ochib, xonaga kirdi. Gulchehraning karavotini do‘xtir, hamshiralar qurshab olishgandi.
– Yurak urishi tezlashdi, – degan erkak ovozi eshitildi.
– Qancha?
– Bir yuz besh.
– Apparatga olamiz!
Rangi paxtadek oppoq, hushsiz Gulchehraning butun badani qattiq zilzila boshlangandek titray boshladi. Tolibjonning boshiga tosh ag‘darilgandek bo‘ldi. Bu tosh yuragining bardoshini sinamoqchidek daqiqa sayin og‘irlashib, uni yerga tortardi. O‘sha, zoldir g‘ildirakli aravachadagi isqirt nogiron yana ko‘z oldida paydo bo‘ldi. U odamlar oyog‘i ostida sudralib yurar, atrofdagilar ijirg‘anib, o‘zlarini chetga olishardi… “Yo‘q!” – deb yubordi Tolibjon bexosdan. Uning ovozini eshitib, Erkin Sodiqov ortiga o‘girildi. Aftodahol Tolibjonni ko‘rib, oldiga keldi. Tikilib turdi-da, yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.
– Ahvoli og‘irmi? – so‘radi Tolibjon.
– Og‘ir.
– Tuzaladimi?!
– Nima zarur bo‘lsa hammasini qilyapmiz.
Tolibjon Gulchehra tomonga talpindi. Hamshiralar chetga o‘tib, yo‘l berishdi. Kimdir o‘rindiq qo‘ydi. Tolibjon o‘tirdi. Gulchehraning muzdek qo‘lini ushladi. Kaftlarining orasiga olib isita boshladi. Ko‘zlaridan qaynoq yosh quyildi. Ikkita billur tomchi Gulchehraning bilagiga tushdi. Uni kafti bilan avaylab artdi. Beixtiyor qo‘llarini silay boshladi… Qancha o‘tirganini bilmaydi, bir payt kimdir qo‘ltig‘idan olib turg‘izdi. Erkin Sodiqov ekan:
– Ahvoli biroz yengillashdi, – dedi. – Yuring, tuni bo‘yi uxlaganingiz yo‘q.
Tolibjon karaxt bo‘lib qolgandi, indamay bo‘ysundi. Ular bo‘limning uzun yo‘lagidan yurib, shifokorlar xonasiga kirishdi. Tolibjon yana o‘sha yumshoq divanga cho‘kdi. Erkin Sodiqov piyolaga choy quyib tutdi. Iliq choydan bir-ikki qultum ho‘plab o‘tirganida doktor nimadir dedi-da, chiqib ketdi, Tolibjon uning gapini anglamadi. Yana eshik ochilib, hamshira qiz ko‘rindi.
– Sizga kelishibdi, – dedi.
U hamon karaxt bo‘lib o‘tirardi, talmovsirab tikildi.
– Sizni chaqirishyapti, – dedi hamshira qo‘li bilan yo‘lakka ishora qilib.
Tolibjon divan tutqichiga suyanib o‘rnidan turdi. Yo‘lakka chiqib, Gulchehra yotgan tomonga xavotir bilan qaradi.
– Tolibjon! – degan tanish ovoz eshitildi.
Bo‘limning kiraverishida Server turardi. U tez-tez yurib Tolibjonning oldiga keldi.
– Gulchehra yaxshimi? – dedi unga tikilib.
Tolibjon boshini chayqadi.
– Eh! – dedi Server o‘ng qo‘lini musht qilib kaftiga urarkan. – Falokat oyoq ostida, deb shuni aytadilar-da!.. Do‘xtirlar nima deyishyapti?
– O‘pkasi shamollagan, ahvoli og‘ir… Bilasanmi, Server, hammasiga men aybdorman! O‘zimni kechirolmayapman! O‘shanda uydan chiqib ketmaganimda bunday bo‘lmasdi. Qobiljon amakining vasiyatini bajarolmadim… Gulchehrani avaylolmadim-m…
Tolibjon bo‘shashib, g‘alati bo‘lib qolgandi. Kechagi ko‘zlari chaqnoq, hazil-huzul qilib yuradigan Tolibjonni hozir tanib bo‘lmasdi. Tashqaridagi qahraton sovuq ham, kasalxonaning issiq xonalari ham uning uchun befarqdek. Bir kunda g‘amdan bukilib qolgan, nochor qariyadek boshini egib olgan.
Server uning ahvolini tushunib turardi. Bo‘lib o‘tgan voqeani Jannaxon batafsil aytib bergandi. Tolibjon bilan Gulchehra unikiga bormoqchi bo‘lishgani, Gulchehra do‘kondan xarajat qilib qaytganida yiqilganini ham. Server bunda qaybir ma’noda o‘zini ham aybdordek his qilayotgandi.
– Sen bilan qolaman, – dedi u. – Dori-darmon kerakdir? Do‘xtirlar aytishmadimi? Ibrohim ham men bilan keldi. Pastda kutib turibdi. Ustozimni yolg‘iz qoldirmayman, deyapti.
– Yo‘q, Server, hozir hech narsa kerakmas. Sen ishingga boraver, – u Serverning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. – Rahmat, do‘stim, Ibrohimga ham ayt, keyinroq kelar.
Tolibjon nima qilishini bilmay yana ichkariga kirdi. Biroz kalovlanib turdi-da, divanga o‘tirdi. Suyanchiqqa boshini tashladi, og‘ir tin olib ko‘zini yumdi… Qorong‘ilik birdan yorishib, Gulchehra paydo bo‘ldi. Chehrasi bandidan uzilgan lolaqizg‘aldoqdek so‘lg‘in, iztirobdan lablari titrab nimadir demoqchi bo‘lardi. Lekin bir og‘iz ham gapirmadi. Tolibjonga arazlagandek qaradi-da, oppoq tumanli bo‘shliqqa singib ketdi… Tolibjon ko‘zini ochdi. Alamdan divanni mushtladi! Qobiljon amakining qizini unga ishonib topshirgani, botiniy nido bilan aytgan gaplarini esladi. “Nega bunday bo‘ldi?! – deya o‘yladi. – Endi nima qilaman?!” Ko‘ngli to‘lib ketdi. Ko‘zidan yosh quyildi. Yuziga oqqan tomchilarni beixtiyor harakat bilan sidirib tashladi…
Uni ilojsizlik ezardi. Ko‘nglidagi anduh sharorasi butun vujudini kuydirdi. Shu alfozda ancha o‘tirdi. Miyasi to‘xtagan soat mexanizmidek qotib qolgandi. Yana ko‘zini yumdi.
U kasalxona yo‘lagidagi do‘pirlagan qadam tovushlarini eshitib o‘rnidan turdi. Shoshib yo‘lakka chiqdi. Ikkita hamshira hovliqib Gulchehra yotgan xonaga kirib ketishdi. Tolibjon ham oqsoqlanib o‘sha tomonga intildi. Oynavand xonaga yetganida zo‘riqishdan nafasi bo‘g‘ziga tiqilgandi. Hansirab, Gulchehra yotgan karavotga qaradi. Uning atrofini yana shifokoru hamshiralar o‘rab olishibdi. Eshikni shaxt bilan ochib, ichkariga kirdi. Erkin Sodiqov darhol uning oldiga keldi.
– Ahvoli yana og‘irlashdi, – dedi. – Harorati qirq bir. Yurak urishi notekis!
Tolibjon Gulchehraning boshiga keldi. Hamshira sarg‘imtil suyuqlikka dokani botirib, uning ko‘zini namlardi. Shu payt sun’iy nafas berish apparatining tahlikali ovozi eshitildi.
– Tomiriga adrenalin, prednizolon yuboramiz! – dedi Erkin Sodiqov. O‘zi darhol Gulchehraning ko‘krak qafasini ikkala kafti bilan uqalashga tushdi.
Tolibjon toshdek qotib qoldi! Derazaga qarab o‘z-o‘zicha Xudoga yolvordi. Gulchehraning jonini asrab qolishini iltijo qildi. Buning uchun hamma narsasini, o‘zining jonini ham berishligini aytdi: “Axir, uning gunohi nima?! Nega guldek nozik Gulchehrasi mana shu qahraton sovuqda qora yerga qo‘yiladi?! Endigina yashadim, deganida bu ko‘rgilik bormidi?!”
Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmaydi, bir payt Gulchehrani qurshab olgan oq xalatlilar izdihomi ortga chekina boshladi. Xona jimjit bo‘lib qoldi. Karavot yonboshidagi apparatning yoqimsiz ovozi ham tingan. Gulchehra o‘sha-o‘sha, oppoq, go‘zal bo‘lib uxlagandek yotibdi. Tolibjon bir-bir bosib karavotga yaqinlashdi. Kimdir kursi olib kelib qo‘ydi. U o‘tirdi. Charchoq ko‘zlari Gulchehraga termildi…
– Tolibjon aka, bandalik, rozi bo‘ling, biz qo‘limizdan kelganini qildik, – dedi doktor.
Tolibjon uning gaplarini yo eshitdi, yo eshitmadi. Gulchehraning qo‘lini olib, ko‘ziga bosdi. Bilagini yosh bolaning qo‘lini ushlagandek avaylab siladi. “Gulim, azobdan qutulding! – dedi pichirlab. – Endi… hamma azob menga…”

17

Gulchehradan ayrilishi, bu judolik Tolibjonni benihoya qattiq iztirobga soldi. Go‘yo ruhiyatida bir jarlik paydo bo‘lganu, o‘tmishi, bugunini, bor quvonchlarini ana shu tubsizlik yutib yuborgandek. Zoldir g‘ildirakli aravacha, ijirg‘angan odamlarning oyog‘i ostida sudralayotgan isqirt nogiron xayolidan ketmasdi. Bu manzara botiniy o‘ylarining tub-tubiga toshdek cho‘kkan, hayot suvi qurib, o‘sha tosh yuzaga qalqib qolgandek.
Bo‘lib o‘tgan dahshatli voqealar tushida kechayotgandek edi. Iztiroblari yonib bo‘lgan shamdek qotdi. Xotinining jonsiz tanasini qanday uyga olib kelishgani, qabriston, odamlar es-es yodida. Server bilan Ibrohim doim yonida bo‘lishdi. Hovliga tumonat odam yig‘ildi. Qishloqdan dadasi bilan oyisi yetib kelishdi. Tobut ko‘tarilayotganda Muslima opa shunday faryod qildiki, janozaga kelgan erkak­lar ham uning aytib yig‘lashlariga chidolmay boshlarini egib olishdi.
Bularning hammasi Tolibjonning xayolida juda tez, bir lahzada yuz bergandek tuyuldi. Dadasi bilan oyisi unikida qolishdi. Muslima opa o‘g‘lini ovutishga urinar, ammo o‘zining ahvoli ham yaxshi emasdi. U keksayib qolgandi. Kelinining bevaqt o‘limi, nogiron o‘g‘lining taqdiriga kuyinishlari butunlay holdan toydirdi. Bir necha kunda munkillagan kampirga aylandi.
Ma’rakalar o‘tgandan keyin Tolibjon dadasi bilan onasini qishloqqa olib bordi. O‘zlarining uylarida g‘amlari biroz unutiladi, deb o‘yladi. O‘zi esa “Yolg‘izlik peshonamga yozilgan ekan, – deya botiniy faryodini bosishga urinardi. – Aslida, unchalik yolg‘iz ham emasman. Gulchehra doim yonimda yurgandek, tirikdek”.
Shu kunlarda Tolibjon hayotidagi bu og‘ir judolikni yengish uchun tirishib-tirmashardi. Ammo o‘zini qo‘lga olishga qanchalik urinmasin, Gulchehraning endi yo‘qligiga ko‘nikolmadi. Bir kuni mehmonxonalarida o‘tirganida yuragi siqilib ketdi. Ichu tashi ayriliq o‘tida yonib, nafasi bo‘g‘ziga tiqildi. Yuragi xun bo‘lib tashqariga chiqdi. Qish kechasi o‘sha qahraton qish tunidek sovuq edi. Yeru osmon uning dardiga sherik bo‘lgandek qovog‘ini uygan. U hovliga chiqib muzdek havodan chuqur-chuqur nafas ola boshladi. Gupillab qor yog‘a boshladi. Ostonadan tushib, yo‘lakdan darvoza tomonga yurdi. Yuzlariga muzdek qor parchalari qo‘nib, ko‘z yoshlariga qo‘shilib erib keta boshladi. Quruqshagan lablariga nordon tomchilar quyildi. Darvoza oldida maqsadsiz biroz turib, yana ortiga qaytdi. Qalin qorni g‘arch-g‘urch bosib uyining ostonasiga keldi… Gulchehra shu yerda yiqilgandi… Ostonaga o‘tirib, beixtiyor kafti bilan qorni sidira boshladi, yerni avaylab siladi… Birozdan keyin sovqotdi. O‘rnidan turib, pinjagining yoqasida yig‘ilgan qorlarni qoqib, uyga kirdi. Xona issiq edi. Piyolaga choy quyib ichdi. Yog‘och oyog‘ini yechib, ko‘zida yosh bilan uxlab qoldi…
Tolibjon ishga chiqmayotgandi. Saharda Zokir Qodirovning o‘zi xabar olib, hol-ahvol so‘rab ketdi. Tumandagi yangiliklardan gapirib, ancha o‘tirdi. Mehnat ta’tiliga chiqqanini aytdi…
U Gulchehradan ayrilgan kunidan beri yotoqxonalariga kirolmay, boshqa xonada yotib yurardi. Nima qilarini bilmay o‘sha xonaga kirdi. Gulchehraning hamma buyumlari shu yerda edi. Kiyim javonini ochib, beixtiyor uning ko‘ylaklarini silay boshladi: “Turfa rang, anvoyi gulli… Uning shuncha ko‘ylagi borligini bilmagan ekan… Yangi ko‘ylak kiysa boladek suyunardi… Bularning barini o‘zi tikkan”. Javonning kiyimlar taxlangan tokchasidagi bo‘xcha ko‘ziga issiq ko‘rindi. Olib, ochdi. Chaqaloqqa tikilgan ko‘ylak-ishton, tagliklar ekan. Bo‘xchani qayta tugib, joyiga qo‘ydi. Bularni Gulchehra Serverning chaqalog‘iga atab tikkanini esladi: “Niyat qilgan edi, egasiga topshirolmadi, endi men olib borishim kerak”.
Taxayyulida Gulchehra doim birga edi; qilgan ishlarini jilmayib kuzatardi go‘yo. Biror buyumni ko‘tarishga qiynalsa, yoniga kelib yordamlashib yuboradigandek. Hatto tushlik qilayotganida ham qarshisida o‘tirgandek tuyuldi.

* * *

Tolibjon kechga yaqin Serverlarnikiga bormoqchi bo‘ldi. O‘sha kunni eslab yuragi o‘ynab ketdi! “Na Serverning, na chaqalog‘ining aybi emas bu! – deya o‘yladi. – Taqdir ekan, bizning achchiq taqdirimiz! Ular ich-etlarini yeb qo‘yishdi. Borib kelmasam bo‘lmaydi. Biroz o‘tirib qaytaman”. Shu o‘y bilan Gulchehra tayyorlab qo‘ygan bo‘xchani olib, uyidan chiqdi.
Serverning onasi uch yil burun oshqozon saratonidan vafot etgan, singlisi turmushga chiqqanidan keyin uyda Uriye bilan o‘zlari qolishgandi. Tolibjon yo‘lda ketayotib ikkilandi: qishli-qirovli kunda ularnikiga borishi to‘g‘rimikan? Bormasa, yana bo‘lmaydi… Yuragi siqilib ketdi… Shunday hardamxayol bilan Serverlarnikiga yetib keldi. Darvoza ochiq edi. Tolibjon hovliga kirib, qori kuralgan yo‘lakdan uy tomonga yurdi. Oynavand dahlizdan dog‘lanayotgan yog‘ isi keldi. “Uriye kechki ovqatga unnabdi”, deya o‘yladi. Yo‘talib, ovoz berdi. Shu zahoti dahlizning eshigi ochildi.
– Keling-keling, – dedi yengil kiyimda ostonaga chiqqan Uriye.
– Kutilmagan mehmon bo‘lib keldim.
– Unday demang, biz uchun doim eng aziz mehmonsiz.
Tolibjonning ovozini eshitib, ichkari xonadan Server ham chiqdi.
– Zerikib o‘tirgandim, kelganing yaxshi bo‘ldi, do‘stim! – dedi quchog‘ini ochib.
Tolibjon qo‘lidagi bo‘xchani Uriyega uzatdi:
– Gulchehra chaqaloqqa kiyimlar tikkandi.
Uriye nima deyarini bilmasdan bo‘xchani olarkan ko‘zi yoshlandi. Ular noqulay vaziyatda bir muddat jimib qolishdi.
– Rahmat, – dedi Uriye. – Dugonamning sovg‘asini umrbod asrayman! – Rahmat!
Ular mehmonxonaga kirishdi. Xonaning o‘rtasiga doira shaklidagi xontaxta qo‘yilgan, atrofiga ko‘rpachalar solingandi. Tolibjon yog‘och oyog‘ini uzatib devor tomonga o‘tirdi.
– Uriye, sofra keltir, – dedi Server xotiniga.
Uriye qo‘shni xonadan ikkita oppoq jildli yumshoq yostiq olib chiqdi. Bittasini devorga tirab qo‘ydi. Tolibjon yostiqqa suyandi.
Server bilan Uriye uy kiyimida edilar. Uriyening boshida ixcham ko‘k durra, egnida mayda oq bargchalar tasviri tushirilgan siyohrang ko‘ylak.
Tolibjon bilan Server o‘tirishgach, Uriye shoshilib chiqib ketdi. Birozdan ke­yin kumushrang yaltiroq patnis ko‘tarib kirdi. Patnisdan oppoq sochiqlar, finjonlarda qahva olib xontaxtaga qo‘ydi.
– Ovora bo‘lmanglar, – dedi Tolibjon. – Men tezda qaytaman, birrovga kelgandim.
– Nega ovora bo‘laylik? – kuyinib gapirdi Server. – Senday do‘stim borligidan xursandman. Uyimizga kelsang, boshimiz osmonga yetadi! Biz doim bir-birimizga tog‘dek suyanchiq bo‘lishimiz kerak!
Tolibjon uning gaplarini eshitarkan, Zartopganga kelgan kunini esladi: Serverning ko‘chadagi xarrakda jilmayib o‘tirgani xayolida jonlandi. Shunday og‘ir kunlarda yolg‘iz emasligini o‘yladi. Er boshiga ish tushganda atrofdagilarning kimligi bilinadi. Uni yaxshi odamlar suyashdi. Bunga shukr qiladi. Hayotning ko‘zga ko‘rinmas jarliklariga qulamadi, umr ummonining tubsiz girdoblarida cho‘kmadi. Jondan aziz Gulchehrasidan ayrilgan, yuragi alam-iztirobga to‘lganda hamdardlari bor.
Tolibjon finjondagi shirin qahvadan ho‘plab, o‘yga cho‘mib qoldi. Bu uyga Gulchehra bilan kelgani yodiga tashgandi.
Xonaga qo‘lida patnis bilan Uriye kirdi. Bu ayol nimasi bilandir Serverning onasiga o‘xshab ketardi: sira tinib-tinchimaydi, Anife onadek oqko‘ngil. Tolibjon uni maktab kutubxonasida ishlayotgan paytidan biladi. O‘shandayam muallimlaru farroshlarning ishlariga ham aralashib ketaverardi. Turmushga chiqqanidan keyin uy yumushlari, tomorqa tashvishlari yosh kelinning zimmasida bo‘ldi. U hech qachon charchadim demas, doim kulib, quyoshdek charaqlab yurardi. Mana, hozir ham chaqalog‘ini uxlatib, qancha ishga ulgurdi ekan.
– Xave (qahva) ichib bo‘ldingizmi? – dedi Uriye Serverga.
– Ichdik, Uriye, raxmet.
Uriye engashib, qo‘lidagi patnisni uzatdi.
– E xa-a, baxla sho‘rpasi-ku (lo‘biya sho‘rva!) – dedi Server patnisdagi likoplarga qarab.
Er-xotin tirishib-tirmashib mehmonning ko‘nglini olishga urinishardi.
Tolibjon bilan Server gapga tushib ketishdi. Uriye jim quloq solib o‘tirdi. Birozdan keyin uzr so‘rab, qo‘shni xonadagi chaqalog‘idan xabar olgani chiqdi. Server matematika, astronomiya haqida gapira boshladi.
– Bolalarga astronomiyani chuqur o‘qitish kerak, afsuski, dars soati kam berilgan, – dedi u.
– Men ham maktab astronimiyasidan “somon yo‘li”dan boshqasini eslolmayman.
– Vaholanki, falakiyot fanining asoschilaridan biri – Mirzo Ulug‘bek olamga mashhur bobomiz bo‘ladi! Bu fan o‘n beshinchi asrdayoq beqiyos rivojlangan. Nega, degan savol tug‘iladi?! – hayajonlanib ketdi Server.
– Darhaqiqat, nega?
– Chunki, biz yashab turgan Yer sayyorasining taqdiri koinot va yulduzlar bilan chambarchas bog‘liq. Buni insoniyat vaqt o‘tgan sayin chuqurroq anglayapti.
Server ishtiyoq bilan gapirardi. Uning Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Abdulloh al-Xorazmiy haqidagi hikoyalari Tolibjonni lol qoldirdi. Server to‘qqizinchi-o‘ninchi asrlarda yashab o‘tgan bu buyuk olimlar haqida juda ko‘p ma’lumotlarni bilardi. Ularning matematika, astronomiyadan yozgan asarlarini erinmasdan bir-bir sanab berdi. Ayniqsa, al-Farg‘oniyning astronomiyadan eng sodda darslik yozganini eshitganida Tolibjon hayron qoldi:
– Demak, o‘sha davrlarda oddiy xalqning bolalariga aniq fanlar o‘qitilgan ekan-da?
– O‘qitilmasa, buyuk olimlar oydan tushishmagan-ku! Ularning hammasi podsholarning avlodi, deb bo‘lmaydi.
– Sen aytgan olimlar haqida juda kam bilarkanman, – tan oldi Tolibjon.
– Bunda, biz – o‘qituvchilarning ham aybimiz bor. Men o‘quvchilarimga Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek haqida juda ko‘p gapirib berganman. Bilasan, Ulug‘bek – Amir Temurning nevarasi, Shohruxning o‘g‘li. Sohibqironning “besh yillik yurish”i davrida, 1394 yilda tavallud topgan. U tug‘ilganida munajjimlar olim va hukmdor bo‘lishini bashorat qilishgan ekan.
Tolibjon o‘zining yosh texniklar markazida ilk olgan suratlari, Dostonning xonasidagi Ulug‘bek portretini esladi.
– Bashoratlarga ishonasanmi?
Server o‘ylanib qoldi. Munosib javob izlab qiynalayotgani yuz-ko‘zidan sezilib turardi. Tolibjon do‘stining gapini bo‘lib qo‘yganini payqadi.
– Kechirasan, seni chalg‘itdim, – dedi.
– Yo‘q-yo‘q, Tolibjon, xijolat bo‘lma. O‘zim ham bu haqda ko‘p o‘ylayman. Bilasan, men aniq fanlardan dars beraman. Biroq, tarixda munajjimlar bashoratining o‘ngidan kelganiga misollar ham ko‘p-da. Bu tasodif bo‘lishi mumkin, albatta. Lekin “Chol ibn Xattob” kinosidagidek emas-da, endi. Yerdagi hayot osmon jismlari bilan bog‘liqligini qadimgi munajjimlar yaxshi bilishgan. Bashoratchilar ham ming yillar davomida biz bilan yonma-yon yashab kelishadi. Ammo odamlar ulardan hanuz voz kechishmaydi. Shunday ekan, ishonish yo ishonmaslik har kimning o‘z ishi… Umuman, bu bahsli masala.
Server biroz jimib qoldi-da, jo‘shqinlik bilan davom etdi:
– Xullas, bo‘lajak buyuk olimning dunyoga kelishi Amir Temurdek sohibqironga olam-olam quvonch baxsh etdi. U qamal qilinayotgan qal’adagi janglarni to‘xtatdi. Xalqiga yuklangan soliqlardan ham voz kechdi. Nabirasiga Muhammad Tarag‘ay deb o‘zi ism qo‘yadi.
– Ulug‘bek buyuk bobosining ishonchini oqladi, albatta.
– Ulug‘bek o‘sha davr ilmiy maktabi – Samarqand akademiyasini yaratdi! “Zij” asari falakiyot fanining rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. “Zij”da quyosh, sayyoralar, oy harakatini mukammal talqin qilgan. Yulduzlar jadvalini tuzishga umrining ko‘p yillarini sarfladi!
– Yaqinda gazetada o‘qidim, Ulug‘bekning o‘rganilmagan asarlari ham bor ekan, – dedi Tolibjon.
– Ha, “Risolai Ulug‘bek” asari Hindistonda saqlanadi. Ulug‘bek buyuk matematik ham edi. Bu asar hali o‘rganilmagan. Balki yana yangi asarlari topilar. Buyuk­larning merosi daryoga o‘xshaydi, bir oqim ortidan yangi oqim kelaveradi…
Ular ancha suhbatlashib o‘tirishdi. Soat tungi o‘nga yaqinlashgandi.
– Endi men turay, – dedi Tolibjon. – Saharda poyezdga chiqaman. Oyimning oldilariga, qishloqqa bormoqchiman.
Dasturxonga fotiha o‘qildi. Server bilan Uriye uni ko‘chaga kuzatib chiqishdi. Tolibjon qish sovug‘ida junjikib, sekin-asta qorong‘ilik qo‘yniga sho‘ng‘ib ketdi.

18

Gulchehra bahorni sevardi. Hovlilaridagi gilos gullaganda uning chehrasi ham guldek yashnab ketardi. Mana, Gulchehrasiz necha bahorlar o‘tdi. Tolibjonning sochlariga oq oraladi. U yoshi ulg‘ayganini odamlarning munosabatlaridan seza boshladi. Kimdir uni avaylab, ortiqcha gapdan o‘zini tiysa, boshqa birov – kechagina kelin-kuyov bo‘lib suratga tushgan yigit – bugun bo‘yi baravar o‘g‘lini yetaklab yurgan bo‘lardi.
…O‘shanda u mehnat ta’tili tugamay ishga chiqib ketdi. Gazetaning odatdagi xizmat safarlari boshlandi. Uyida yotoqxonalariga kirishga yuragi betlamasdi. Bu xonadagi jihozu buyumlar Gulchehra tirikligida qanday bo‘lsa shu holicha saqlanar va xonada uning o‘zi kezib yurgandek, suygan ko‘ylaklarini yangi tug‘ilgan chaqaloq misol avaylab silab-siypalayotgandek bo‘lardi. Tolibjonning bularga ko‘nikishi juda-juda og‘ir edi. Shunday kunlarda xotini o‘ylarida munavvar qiyofada umrbod yashab qolishini tushundi. Gulchehraning so‘lim chehrasi umr yo‘lidagi qaybir puchmoqlardan istagan paytda jilmayib chiqib kelaverardi…
U Zartopganning sohir saharlari jozibali ekanini ko‘chib kelgan kunlaridanoq sezgandi. Shaharchaning chor tarafini ufqqa tutashib ketgan bepoyon bog‘lar qurshagan. Mana hozir ham yengil shabada allaqaylardan olma gulining oq-pushti yaproqlarini uchirib keldi. Tolibjon temiryo‘l bekatida qishlog‘iga olib boradigan poyezdni kutib o‘tirarkan, yoshlik yillari yodiga tushdi. Chorrahadan burilib, bozor oldidan o‘tayotganida yana Gulchehrani uchratgan kunini eslagandi…
Peshtaxtaga yarmi qirmizi, yarmi tillarang olmalar terib qo‘yilgandi o‘shanda… U sekin sotuvchi qizga yaqinlashdi:
“Olma shirinmi?” – dedi.
“Shirin”, – jilmayadi sotuvchi qiz.
“Maylimi?” – Tolibjon olmaga qo‘lini uzatdi.
“Oling, yeb ko‘ring!”
Tolibjonning ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. Atrofdagilarga sezdirmasdan ro‘molchasini olib artdi. Bekat navbatchisi elektropoyezd kelayotganini ­e’lon qildi. Xarraklarda o‘tirgan yo‘lovchilar “duv-v” etib o‘rinlaridan turishdi. Tolibjon o‘zining miskin o‘ylari bilan odamlar izdihomiga qo‘shilib ketdi.
Temiryo‘lda endi elektropoyezdlar qatnay boshlagandi. Ovozsiz kelib to‘xtaydigan “elektrichka”ga zartopganliklar havasga ham minishardi. Vagonlar ozoda, qulay, manzilga tez yetkazib qo‘yadi.
Tolibjon poyezdda atrofni tomosha qilib bordi. Oynadan Zartopganning bahorni qarshilab uyg‘onayotgan bog‘lari lip-lip etib o‘tardi. Bir-biriga tomirlardek uyqashib ketgan olma shoxlari g‘alati shakllarni hosil qilgan. Qibladan esgan shamolda kun chiqishga egilgan novdalar osmonga talpinayotgan odam qiyofasini, ayrimlari ko‘rinmas to‘siqqa urilib, vulqondek otilayotgan sharsharani eslatadi. “Daraxtlar ham quyoshga intiladi, – deya o‘yladi Tolibjon. – Inson irodali bo‘lishi, yashashi, ishlashi kerak!.. Gulchehraning xotirasi-chi?! Men uni unutmoqchimanmi? Bu hiyonat emasmi?!” O‘zini vagonning loklangan yog‘och suyanchig‘iga tashlab, ko‘zini yumdi…
U elektropoyezd qishloq bekatiga yaqinlashganda o‘rnidan turdi. Perronga uch-to‘rt nafar yoshlar tushishdi. Bu yigitlarni tanimasdi. “Qishlog‘imizning eski odamlaridan bo‘lib qolibman”, degan o‘y o‘tdi ko‘nglidan. Yigitlar yo‘l-yo‘l bo‘yinbog‘li kimsaga ajabsinib qarashardi. Tolibjon sekin-asta yurib bekatdan chiqdi-da, qishloq yo‘liga tushib oldi. Uzoqdan quyosh nurlarida kumushrang tovlanib, moviy tasmadek ufqqa cho‘zilgan daryo ko‘rindi. Bolaligi o‘tgan yo‘llar o‘tmish xotiralarini yodiga soldi. Oyisini, qo‘shni ayollarni suratga tushirgan davrlarini esladi. Daryo bo‘yida shtativga o‘rnatilgan kamera oldida mag‘rur turgani xayolida jonlandi. Odamlar o‘zgaribdi, yo‘llar esa o‘sha-o‘sha… Daryoning o‘yga cho‘mgandek mung‘aygan qumloq qirg‘og‘i ham avvalgidek. Faqat uning yoshlik yillari juda-juda olislarda qolib ketdi…
U tug‘ilib-o‘sgan uyiga xayol og‘ushida kirib keldi. Hovlida keksayib qolgan Muslima opa hazin ovozda “tu-tu-tu”lab tovuqlarga don sepib yurardi. Darvozadan kirgan o‘g‘lini ko‘rdi-yu, makkajo‘xori doni solingan eski tovoq qo‘lidan tushib ketdi. Uni bir chetga olib qo‘ydi-da, ro‘molini to‘g‘irlab, “Bolajonim!”, deya talpindi. “Oyim qarib qolibdilar, – o‘yladi Tolibjon. – Judayam qaribdilar! Sezmabman…”. Uning ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqdi. Onasi nimadir deb quchoqlaganida ham ko‘z yoshlari tinmagandi.
– Oyi, dadam qanilar? – dedi ovozi bo‘g‘ilib.
– Dadang uyda yotibdi, bolam, quvvatsiz bo‘lib qolgan.
– Nega?!
– Qarilik-da, qarilik, – Muslima opa o‘g‘liga ma’noli tikildi. – Bizni qo‘yaver, o‘zing yaxshimisan?
– Ishlab yuribman, oyi.
Ona-bola bir-birlarini so‘zsiz tushunishdi. “Qiynaldingmi?” demoqchi bo‘ldi onasi. “Mening hayotim shu endi”, derdi Tolibjon…
– Yur, bu yerda turmaylik, – oyisi uy tomonga ishora qildi.
Dahlizga kirishganda Tolibjon qo‘lidagi yukxaltani uzatdi:
– Go‘sht, non olgandim. Zartopganning nonidan.
Oyisi jilmaydi:
– Hech narsa ko‘tarib ovora bo‘lma. Dadangni pensiyasi katta.
– Oyi, men yomon o‘g‘ilman.
– Nega unday deysan?
– Sizlarga qarolmayapman.
– Biz sendan rozimiz. Yo‘lingni topding, qishloqdagilar ham havas qilishadi senga.
– Oyi!
– Nima, bolajonim?
– Sizlarni Zartopganga olib ketaman.
– Yur, dadangni oldiga kiramiz, – Muslima opa oldinga o‘tib, yo‘l boshladi.
Nimqorong‘i xonaga kirganlarida elektr chirog‘ini yoqdi. Deraza oldidagi karavotda dadasi yotardi. U avvalgi norg‘ul gavdali, baquvvat erkakka sirayam o‘xshamasdi. Derazadan tushgan yorug‘ oqarinqiragan, zahil yuzini yoritib turardi.
– Assalom alaykum, dada, – dedi Tolibjon ohista.
– Va alaykum assalom, – boshini u tomonga burgan dadasining xirqiroq ovozi undan-da sekin chiqdi.
– Nima bo‘ldi, dada?
– Shamollab qolibman, o‘g‘lim. O‘zing yaxshi yuribsanmi?
– Yaxshiman. Do‘xtir chaqirmadingizmi? – u oyisiga qaradi.
– Chaqirdim. Do‘xtir dori yozib berdi. Kasalxonaga yoting, dedi. Dadang unamadilar.
Tolibjon kechagina tog‘u toshlarda javlon urib yurgan, saxt-sumbatidan kuch yog‘ilib turadigan dadasining ozg‘in bilaklariga ko‘zi tushib o‘kindi.
– Kasalxonaga bormayman, – u Tolibjonga termildi. – Tuzalib ketaman. O‘g‘lim, men hayotda hamma narsani ko‘rdim; boylikniyam, kambag‘allikniyam. Yaxshilik bilan yomonlikkayam juda-a ko‘p duch keldim. Har bir ishni aql tarozisida o‘lchab, ko‘nglim chopganini qilganman. Xudo to‘g‘ri yo‘lga boshladi. Urushda o‘limni bo‘ynimizga olib jangga kirardik. O‘lim bilan ham ko‘p bor yuzma-yuz bo‘ldim. Xudo taqdirimga yozgan ekan, omon qolib, shuncha yashadim. Sen ham o‘z yo‘lingni topding, endi xotirjamman…
O‘shanda Tolibjon otasining bu gaplari vasiyat va vidolashuv ekanini tushunmabdi. Oradan bir xafta o‘tar-o‘tmas uni zudlik bilan qishloqqa chaqirtirishdi. Yetib borganida otasining joni uzilgandi…
Hayotida yuz bergan judoliklar Tolibjonni esankiratib qo‘ydi. Gulchehraning o‘limi, otasining yorug‘ olamni tark etishi… Bir oy o‘tar-o‘tmas onajonidan ham ayrildi…
Eri o‘lganidan keyin Muslima opa quvvatdan ketdi. Ishtahasi yo‘qolib, nihoyatda holsizlanib qoldi. O‘g‘lini ko‘rib ovunar, unga to‘yib olmoqchidek uzoq-uzoq termilardi. Tolibjon, otamga befarq bo‘ldim, deya ich-ichidan ezilib qolgandi. Onasining ahvolini ko‘rib, ishidan ta’til oldi. Otasiga o‘xshab Muslima opa ham kasalxonada yotishga sira-sira ko‘nmadi. Shundan keyin o‘zining mashinasida shahardagi taniqli shifokorlarga olib bordi. Har safar o‘g‘lining mashinasiga o‘tirarkan, Muslima opaning nigohidan minnatdorlik, shukronalik tuyg‘ulari nurdek yog‘ilardi.
– O‘g‘lim, sen boshqachasan, – dedi bir kuni mashinasida shaharga ketayotganlarida.
Tolibjon onasining gapi serma’no ekanini tushundi. Shu kungacha qancha aziz odamlaridan judo bo‘ldi. Mana, endi onasi ham yurakni ezib yuboradigan miskin ohangda so‘zlayotir.
– Rahmat, oyi, doim meni o‘yladingiz, – dedi. – Endi o‘zingizga qarang… Bugungi tibbiyot kuchli. Sizni eng yaxshi do‘xtirlarga olib boraman.
Onasi uning gaplarini yo eshitmadi, yoki e’tibor bermadi. Jim bo‘lib, birozdan keyin nimagadir o‘tmishni esladi:
– O‘sha paytda, esingdami, shaharga yaqin joyga ko‘chib boraman, deganding?
– Kechagidek esimda, oyi. Nima desam yo‘l berdingiz.
– To‘g‘ri qilibman. Yo‘q deganimda qishloqda qolarding. Yolg‘iz o‘g‘lini sig‘dirmadi, deguvchilar ham bo‘ldi. Bu gaplarga quloq solmadim. Mana, katta odam bo‘lib ketding.
– Ha, oyi… Yaqinda suratlarimga tanlovda “Gran-pri”– oliy mukofot berishdi.
– Nega menga aytmading?!
Tolibjon indamay yelkasini qisdi. Mashina asfalt yo‘ldan yelib borardi. Oyisi, “tanlov”, “Gran-pri” deganlarini tushundimi, yo‘qmi, har holda, mukofot degan so‘zdan ta’sirlandi:
– Sendan roziman, bolam!
Muslima opa bu gapni shunday bir titroq ovozda aytdiki, bundan Tolibjonning eti jimirlab ketdi. O‘yida “Oyim nega unday dedilar?! – degan fikr chaqmoqdek chaqnadi! Mashina rulini ushlagan qo‘li bo‘shashdi. Tezlikni kamaytirdi. – Endi oyimdan boshqa mehribonim qolmadi-ku? Gulchehradan, otamdan ayrildim!”
Har insonning hayotida judolikning ishtibohi bodi sabodek kezib yuradi. Ammo odamzod ishonch bilan yashayveradi. Bag‘ri butunlikka, ertangi kuniga ishonchsiz yashab bo‘ladimi, axir. O‘tgan salaflarni xotirlab sog‘inamiz, o‘kinamiz. Yonimizdagi, bag‘rimizdagi mehribonimizni berib qo‘yganda esa sorbonsiz qolgandek bo‘zlaymiz.
Nomdor doktorlarning muolajalari kor qilmadi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas oyisi butunlay yotib qoldi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar xabar olishar, “tuzalib ketasiz”, deyishardi ko‘ngil so‘rab. Ammo xastalik orqaga chekinmadi, nimjongina ayolni bir burda qilib qo‘ydi.
Muslima opa ovqatdan qoldi. Boshida qo‘shni – Hidoyat opoqi suv tomizib o‘tirdi. Oyisi uzoq uxlaydi. Ko‘zini ochganida ularga termiladi, kimnidir izlagandek bo‘ladi. Hidoyat opoqi – cho‘pdek ozg‘in, qorachadan kelgan kampir, titroq qo‘llari bilan uning sochlarini silaydi.
– Muslimajon, o‘rtog‘jon, qaridik, – deydi g‘amgin ovozda. – Ko‘z ochib-yumguncha o‘tdi-ya yoshligimiz! Men yoningdaman, o‘g‘ling yoningda, xotirjam bo‘l! Yaxshi-yomon kunlarda birga bo‘ldik, sirdosh edik… Bizdan rozi bo‘l…
Uning gaplarini eshitib Tolibjon ikki kaftini yuziga bosdi. Tanasi botiniy o‘ksikdan silkinib-silkinib tusharkan, yelkasida Hidoyat opoqining qo‘lini sezdi.
– O‘g‘lim, – dedi u, – Muslima seni hech tilidan qo‘ymadi… Onaning mehri buloq bo‘larkan-da, bolam, qaynab turgan buloqning suvi ado bo‘larmidi? Daryo bo‘yida suratga tushirganing esingdami? Unda juda yosh eding?
Tolibjon yalt etib Hidoyat opoqiga qaradi.
– Nimalarni eslayapti miyasi aynigan kampir, deb o‘yladingmi? – Har kirganimda Muslima shu suratni, yangi durra o‘rab, ko‘k gul bosilgan ko‘ylakda tushgan suratini ko‘rsatardi. Seni sog‘ingandan shunday qilardi. Daryo bo‘yida meniyam suratga tushirgansan. U paytlarda onang ikkalamiz ancha yosh edik…
Tolibjon Hidoyat opoqining oxirgi gaplarini eshitmadi. “Seni sog‘ingandan” degani yuragini ezdi. Uning kalimai toyyiba va kalimai shahodatni tilovat qilayotgani eshitildi:
– La ilaha illallohu Muhammadur Rosululloh. Ashhadu al la ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh…
“Oh, o‘rtog‘jon-a, sendanam ayrildim-a!” deganida yalt etib onasiga qaradi. Muslima opa ko‘zlarini yumib, xotirjam bir qiyofada mangu uyquga ketgandi. Tolibjon onasining qo‘lini kaftlari orasiga olib, boshini qo‘ydi…

19

Yoshlari ulg‘ayib qolganda ham Tolibjon bilan Server o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari uzilmadi. Aksincha, vaqt o‘tgan sayin bu ko‘zga ko‘rinmas iplar yanayam mahkamroq bog‘landi. Onasidan ayrilganidan keyin Tolibjon ancha cho‘kib qoldi. Server uni yolg‘iz qoldirmasdan, oldiga tez-tez kelib turardi.
– Tentaksoyning narigi tomoniga o‘tgansan-a? – deb qoldi bir kuni.
– O‘tganman? – Tolibjon ajablandi.
– Yo‘ldosh otani bilasanmi?
– Yo‘q, eslolmayapman.
– Bir yuz o‘n uch yoshga kirganlar!
– Yo‘g‘-e?!
– Xuddi shunday!
– Otani ziyorat qilgani uzoq-yaqindan odamlar kelib turishadi. Buni senga avvalroq aytishim kerak edi. Yoshi yuzdan oshganlar Zartopganda ko‘p. Shuning uchun bu shov-shuvli voqea emasdir, balki. Lekin Yo‘ldosh otaning so‘qir ko‘z bilan odamlar dilidagini o‘qiy olish qobiliyati bor, deyishadi. Odamlar ota bilan yonma-yon yashab, unga o‘rganib qolishgan. Uni hamma o‘zining bobosidek yaxshi ko‘radi. Birorta katta ish boshlamoqchi bo‘lganlar, safarga jo‘nayotganlar duolarini olishadi. Gazetaga bu yaxshi mavzu, deb o‘ylayman. Masalan, otaning hayot tarzini o‘rganish kerak. Yo‘ldosh ota uch narsaga – to‘g‘ri ovqatlanish, tartibli yashash, xushfe’llikka qat’iy amal qilar ekanlar.
Tolibjon do‘stining gapiga qiziqib qoldi. Server Zartopganning tarix kitobidagi suratlardagidek – uylar bir-biriga tutashgan ko‘hna mahallalari, tor jinko‘chalarini yaxshi bilardi. Shu yerda katta bo‘lgani bois ko‘p odamlarni taniydi. Zartopgandagi maktabda ishlayotgani uchun shaharchadagi voqealardan ham xabardor. U bo‘lsa yuz yoshdan oshgan Yo‘ldosh otani shu paytgacha bilmas ekan.
Ertasi ishga borganida Zokir Qodirov uni betoqatlik bilan kutib o‘tirardi. Bosh muharrirning xonasi odatdagidek saranjom-sarishta, buyumlari o‘rni-o‘rnida. U ancha keksayganiga qaramasdan hamon g‘ayrat bilan ishlar, gazetaga zamon nafasini olib kirish uchun tirishib-tirmashadi.
– Bog‘bonlar bahorgi yumushlarini boshlashdi, – dedi, salomlashayotib. – Shu songa Zartopgan bog‘laridan suratlar suv, havodek zarur. Yon daftaringiz to‘lib kelsa yanayam yaxshi.
Bu paytda Tolibjon Yaponiyada ishlab chiqarilgan “Nikon” fotoapparatida surat olar, ishga o‘zining mashinasida qatnardi. “Moskvich” ancha eskirdi. Ammo almashtirishni istamadi. “Oyim, dadam o‘tirganlar bu ulovga, – deya o‘ylardi. – Mashina olishimni eshitganida Gulchehraning boshi osmonga yetgandi. Xotiralardan voz kecholmayman, sira-sira unday qilolmayman…” Yillar davomida qaymoqrang “Mosk­vich” o‘ziga butunlay bo‘ysundi. Mashina nogironlarga mo‘ljallab loyihalangan: ulanish, gaz, to‘xtash pedallari – rul va rul o‘qiga o‘rnatilgan. U paytlar yosh edi, boshqarishni tez o‘rgandi…
Mana hozir ham mashinasiga o‘tirdi, rulni tutamlab, bir muddat o‘ylandi. Keyin dvigatelni o‘t oldirdi. “Moskvich” Zartopgan yo‘lida shamoldek yelib ketdi. Shaharchaga kirib kelar ekan, atrofga zavqlanib tikildi. Bu paytda Zartopgan yanada ko‘rkamlashib, aholisi ancha ko‘paygan, katta yo‘l yoqasida avtomobillarni ta’mirlash korxonasi, chorrahada shaharcha Kengashining ikki qavatli yangi binosi qad rostlagandi.
Tolibjon mashinasini bosh muharrir topshirig‘ini bajarish uchun bog‘larga emas, beixtiyor Yo‘ldosh otaning mahallasiga burganini sezmay qoldi. Yo‘l birdan qiyaladi. Pastlikda Tentaksoy hayqirib oqardi. O‘zanining ikki tomoni tik jarliklardan iborat. Bu tabiat devorlariga uzun, kalta tomirlar tirmashgan. Ilonizi o‘zanidan toshgan loyqa suv jarliklar poyidagi yashil o‘tloqni quchog‘iga olgan. Har yer-har yerda jing‘il butalari o‘sadi. Shoshqin soyning gil tuproq yig‘ilgan bir tutam orolchasida baqaterak bor. O‘jar oqim harchand urinsayam baqaterakni qulatolmabdi. Daraxtning baquvvat tanasi suvga egilgan. Azamat shoxlar kunchiqardagi qirg‘oqqa talpinib o‘sayotir. Bu esa baqaterakning muvozanatini saqlab, oqimga bardosh berishiga imkon yaratgan…
G‘aroyib manzara Tolibjonni o‘yga toldirdi. Bir paytlar tahririyat mashinasida kelib, ko‘prikdan manzara surat olganini esladi. “Odam ham mana shu daraxtga o‘xshaydi: yashash uchun tirishib-tirmashadi. Hayot – tezkor va beshafqat oqimga o‘xshaydi. Inson bu oqimga qarshi tura olishi kerak! Shunda hayot davom etadi. O‘sha, “inson maymundan yaralgan”, degan Charlz Darvin ham hayot uchun kurashda inson bardoshi asosiy o‘rin tutadi, degan ekan. To‘g‘ri, muxolif hamkasblari uning boshini maymun tanasiga chizdirib masxaralashgan. Biroq bu ingliz olimining, hayot asosida tabiiy tanlanish yotadi, degani haqiqat bo‘lib chiqdi. Darvin birgina mana shu qoidani isbotlash uchun butun umrini sarflagan… Tolibjon-chi? Uning umr bo‘yi tirishib-tirmashganidan, bugungi qilayotgan ishidan kimga, nima naf?..”
Tolibjon soy ko‘prigidan o‘tib, Yo‘ldosh otaning uyiga yetib keldi. Darvoza ochiq ekan, ovoz berib ichkariga kirdi. Katta hovli o‘rtasida bir tup ulkan o‘rik qiyg‘os gullagan. Och pushti, nofarmon gullari bahorning mumtoz tarovatini o‘zida mujassam etgan. Nim taralgan ifori kishini sarxush qiladi. Chap tarafda ko‘hna bir uy ko‘rinadi. Qarshidagi, poydevori baland boshqa imoratning jimjimador yog‘och panjarali ayvoni ham bor. Mana shu ayvondagi karavot oldida ellik-ellik besh yoshlardagi ayol jilmayib turardi.
– Keling-keling, – dedi u ochiq chehra bilan.
– Yo‘ldosh otani yo‘qlab keldim.
– Bildim.
– Qanday?
– Sizni taniyman, gazetada ishlaysiz, Tolibjon Zayniddinovsiz! Men otamning kelinlariman, ismim Nargiza. – Ayol chaqqonlik bilan uyning ochiq eshigidan ichkariga mo‘raladi. – Mansur aka, gazetadan kelishibdi!
Ayol suyanchiqli kursini Yo‘ldosh ota yotgan karavotga yaqin surdi:
– Kelavering, bemalol, dadamni hozir bu yoqqa olib chiqdik, toza havo olsinlar, deymiz-da.
Tolibjon ayvonga chiqdi. Yo‘ldosh ota oq qoshlari o‘siq, lablari qalin, chehrasidan nur yog‘ilib turgan qariya edi. Yostig‘iga suyalgan jajji radiodan mumtoz qo‘shiq taralmoqda. U yonboshlaganicha qo‘shiqqa quloq tutadi. Xonanda yonib “Sayqal”ni kuylamoqda.

– Yordin hijron chekar ushshoqi zor, ey do‘stlar…

Shu damda Navoiyning nolali satrlari Tolibjonning qalbiga yoqimli hislarni olib kirdi. Yo‘ldosh otaning oppoq choyshab solingan o‘rinda erkalanib yotishi, chehrasida ayvonga tushayotgan quyosh nurlarining jimirlab o‘ynashi ko‘ngliga xush yoqdi.
– O‘tiring, marhamat! – Nargiza opa taklif qildi.
Shu payt ochiq eshikdan o‘rta bo‘y, qotma, qop-qora bejirim mo‘ylovli erkak chiqdi.
– Xush kelibsiz, – dedi u ikki qo‘lini uzatayotib. – Assalomu alaykum!
Tolibjon u bilan samimiy so‘rashdi.
– Otamizni ziyorat qilgani kelibsizda, judayam xursandmiz. Qani, nega tik turibsiz? Men otamizning kenja o‘g‘illari – Mansurman.
– Necha yoshdasiz? – Tolibjon kursiga o‘tirayotib beixtiyor so‘radi.
– Otamiz bir yuzu o‘n uchga kirdilar, men ellik sakkizdaman. Otadan besh farzandmiz: uch o‘g‘il, ikki qiz. To‘ng‘ichlari – Toshpo‘lat akam yetmish to‘rt yoshda, hali baquvvatlar.
Tolibjon uning murti oqarmaganiga e’tibor qildi. Mansur aka juda yosh ko‘rinardi. “Irsiyat deganlari shumi? – o‘yladi o‘zicha. – Bir zamonlar Stalinning qahriga uchragan fan – genetika!” Uzoq umr ko‘rayotgan Yo‘ldosh otaning farzandlari ham keksalikka bo‘y bermayotgani kenja o‘g‘lining saxt-sumbatidan ko‘rinib turardi.
Nargiza opa hamon qo‘shiq taralayotgan radioni o‘chirdi. Tolibjon Yo‘ldosh ota­ga tikildi. Uning taram-taram ajinli chehrasida shunday bir pokizalik bor ediki, ko‘ngli yorishib ketdi. O‘siq qoshlar, oppoq soqol, bejirim sadaf mo‘ylab yuziga nuroniylik, ulug‘vorlik bag‘ishlagandi.
– Assalomu alaykum, ota, – Tolibjon salom berdi.
– Va alaykum assalom… Kim? – botiniy guldurak ovoz eshitildi.
– Dada, muxbir bu kishi, gazetadan.
Nargiza qaynotasining turib o‘tirishiga yordamlashdi.
– Ko‘zlari ko‘rmay qoldi, – dedi. – Ammo xotiralari jud-da yaxshi. Radiodan yangiliklarni eshitib, bizga aytib o‘tiradilar.
– Radio eshitasizmi, ota? – baland ovozda so‘radi Tolibjon.
– Zerikaman-da… Gazitdanmisan, bolam?
– Ha.
– Unda, yaxshilab yoz!
– Xo‘p, ota…
Tolibjon Yo‘ldosh otaning allaqanday ohangga yo‘g‘rilgan benazir ichki ovozini eshitgan sayin g‘alati holatga tusha boshladi. Bu ovoz nimasi bilandir uzoq moziydan kelayotganga o‘xshar, lablaridan uchayotgan so‘zlarda kishini o‘ziga tortadigan joziba bor edi.
– Kim bo‘lib ishlagansiz, ota?
– Bog‘bonman, bolam, bog‘bon! Uch yerda bog‘ qilganman! Olma, uzum ekdim…
Yo‘ldosh ota o‘tmishini xotirlar ekan, Tolibjon tezda fotoapparatini ishga tushirdi. Mohir musavvir chizib qo‘ygandek nurli qiyofa foto tasmasida muhrlana boshladi.
– Nega indamayapsan, bolam? – deb qoldi bir payt Yo‘ldosh ota.
– Sizni eshitib o‘tiribman.
– Yo‘q, ichingda darding bor, seni ayriliq qiynayapti.
– Ha, ota, – deb yubordi Tolibjon beixtiyor.
U qarshisidagi beozor qariyaning oldida g‘alati holatga tushdi. Mansur aka bilan Nargiza opalarning bor-yo‘qliklarini ham unutib qo‘ydi. Yo‘ldosh otaning so‘qir ko‘zlari Tolibjonni ko‘rib turgandek diqqat bilan tikildi.
– Qo‘lingni ber, – dedi dutor torlaridan taralgandek to‘lqinli ovoz.
Tolibjon uning mayin kaftiga qo‘lini qo‘ydi. Ota bir muddat qo‘lini ushlab turdida, qo‘yib yubordi.
– Sen yaxshi odamsan, – dedi o‘shanday allalovchi ovoz. – Ko‘ngling toza yigitsan. Xotirjam bo‘l, yo‘qotganing umringning oxirigacha botiningda yashaydi, yolg‘iz qolmaysan.
Qariya Qur’on suralarini tilovat qila boshladi. Tolibjon bu Ilohiy suralar silsilasi qalbiga iliq nur bo‘lib quyilayotganini his qildi…

20

Umr oqar suvdek ko‘z ochib yumguncha o‘tarkan. Vaqt mohir chavandoz misol oldinga chopadi. Buni Tolibjon Zayniddinov yoshi ulg‘aygan sari yanayam teran tushundi. Yo‘ldosh ota bilan uchrashuv uni boshqa odamga aylantirdi. Xuddi sehrgar afsun qilib qo‘ygandek, tushkun xayollari, xavotirli o‘ylari tong otib, tun osmonida qolgan yulduzlardek allaqaylarga singib ketdi.
Keyingi paytda shaharga mashinasida bormay qo‘ygandi. Asranganni Xudo asraydi, deb o‘ylardi. Aslida, bu ham yoshi ulug‘larga xos ehtiyotkorlik edi. Bir kuni shahar avtobusiga chiqqanida, ikkita po‘rim kiyingan yigitlar baravariga o‘rinlaridan turib, “o‘tiring, ota”, deb joy berishdi. “Qarib qolibman”, deb o‘yladi. Darhaqiqat, hozir u bir paytlardagi do‘ppi kiyib yuradigan ozg‘in, qorachadan kelgan qishloq yigiti emasdi. Siyrak sochlariga oq oraladi. Biroz to‘lishib, bo‘y-bastida ziyolilarga xos ulug‘vorlik ko‘rinib qoldi. Egnida shu paytlarda urf bo‘lgan bo‘zrang pinjak, bo‘ynida bo‘yinbog‘. Yillar silsilasida o‘zi mansub bo‘lgan ahli davronning bir bo‘lagiga aylangan.
Bekor qolgan kunlari Serverni ko‘rgisi kelib qolardi. Uni izlab maktabga bormoqchi edi, bunga hojat qolmadi, tushdan keyin o‘zi kelib qoldi. U har doimgidek oliftanamo kiyingan, egnida yaltiroq sariq yo‘lli ko‘ylak, oyog‘ida shu paytlarda urf bo‘lgan oq tufli.
– Dam olayotgan bo‘lsang, uzr, bezovta qildim, – dedi xushtavozelik bilan.
– Ayni vaqtida kelding, – Tolibjonning chehrasi ochilib. Serverni gilos ostidagi stol-stul qo‘yilgan joyga taklif qildi. – O‘zim ham maktabga, oldingga bormoqchi bo‘lib turgandim.
– Nega? Uyga boravermaysanmi? Kecha seni Uriye so‘radi. Qara, “Do‘stingiz kelmay qo‘ydilar, nima bo‘ldi, orangizdan ola mushuk o‘tdimi?” deydi-ya.
– Bizning oramizdan ola mushuk o‘tib qayoqqa borardi, Serverjon?
– To‘g‘ri aytasan, ushlab, tomga uloqtiramiz!
Ular kulishdi.
– Ish ko‘payib ketib ancha payt ko‘risholmadik, – dedi Tolibjon uzrli ohangda. – Bugun bekorman, zerikib o‘tirgandim, kelganing yaxshi bo‘ldi.
– Unda boshqa gap. O‘zim ham uy tashvishlaridan bo‘shamayapman. Bugun o‘g‘limni Qrimga jo‘natdim.
– Mehmongami?
– Yo‘q, butunlay ko‘chib ketdi.
– Yo‘g‘-e?!
– Shunday, do‘stim, qrim tatarlari vatanlariga qaytishyapti.
– Qolganlar ham ko‘chishadimi?
– Har kimning ixtiyori o‘zida, Tolibjon. Lekin ko‘pchilikning o‘yida shu muammo borligi aniq. To‘g‘ri, biz taqdir taqozosi bilan mehmondo‘st yurtda tomir otdik, ammo… Orziqiz haqidagi afsona esingdami?
– Suv parisiga aylanib, dengizdan qishlog‘iga qaytgan qizmi?
– Ha. Bu yerda ham Orziqizlar ko‘p. Farqi – bizdagi Orziqizlar tutqun emas. Lekin Vatan sog‘inchi o‘sha-o‘sha.
– Sen-chi, Server, sen ham…
– Men… maktabni, o‘quvchilarimni tashlab ketolmayman. Otam bilan onamning qabrlarini… – Server o‘z-o‘ziga gapirayotgandek past ovozda so‘zlay boshladi. – Zartopganni, seni, Tolibjon…
Server gilosning soyasidagi yog‘och kursida o‘tirib, ishkomdagi sharbatga to‘lgan qora kishmish gujumlariga tikildi.
– Yur, uyga kirib choy ichamiz, – dedi Tolibjon.
– Mayli, – Server o‘rnidan turdi.
Oldinma-keyin mehmonxonaga kirishdi. O‘rtadagi stolga, hatto deraza tokchalarigayam kitoblar, dasta-dasta gazeta-jurnallar taxlab tashlangandi.
– Ko‘p o‘qiyapsanmi? – dedi Server.
– Qo‘limga tushgan hamma narsani o‘qiyman. Gazetalar tinimsiz “qayta qurish” haqida yozishyapti. Zamon o‘zgarib ketdi.
…Yigirmanchi asrning saksoninchi yillari o‘rtalaridan boshlangan “qayta qurish” sho‘rolar hukumatining siyosiy barqarorligini tiklashga navbatdagi urinishi edi. Muammo ko‘p. Ular qanday bartaraf etiladi? Ko‘plar qatori Tolibjon ham o‘zicha bu savolga javob izlardi.
– Maktabdayam shu gaplar, – Server deraza ro‘parasidagi yumshoq divanga o‘tirdi. – Besh yillik istiqbolli rejada yangi maktablar qurilishi belgilangan. Rejaga bizning maktab kiritilmabdi.
– Nega?
– Markaz yetarli mablag‘ ajratmagan.
– Maktab juda eski-ku, avariya holatida desayam bo‘ladi?
– Ha, urush yillari harbiy gospitalga moslashtirilgan holicha qolgan.
– Haliyam unutmadingmi?
– Birinchi sinfga borganimda kattagina bola edim. Men bilan bir partada o‘tirgan, mo‘ylovi chiqib qolgan yigitni aytib bergandim-a, senga?
– Ha.
– O‘sha yigit chizgan rasmlar kechagidek ko‘z oldimda. U yarador askarning suyagini arralayotgan doktorni tasvirlagandi!
– Hammasi urush kasofati.
– To‘g‘ri aytasan, urushning kulfatini biz ham ko‘rdik.
– U kunlar uzoqda qolib ketdi. Ammo bugun ham muammo yo‘q emas. Yaqinda gazetamizda “Ayolning fojiali qismati” degan maqolani berdik. Bir shifokor o‘ziga o‘t qo‘ygan ayol haqida yozibdi.
– Bu dahshat, Tolibjon!
– Shunday, do‘stim, bolalarining ko‘zi oldida yonayotgan ayolni tasavvur qil!
– Axir, do‘zax azobi-ku?!
– Ha, do‘zax azobi! Chidab bo‘lmaydigan hayoti shunga majbur qilgan!
– Nima bo‘lgan ekan?
– U juda yosh turmushga chiqqan. Ketma-ket farzand ko‘ribdi. Qishloqda yashaydi. Kolxozdagi ish, uy-ro‘zg‘or, sigir-buzoqlar… – bularning hammasi bechora ayolning zimmasida, bo‘yniga tosh bo‘lib osilgan. Doktor ayolning achchiq qismatini iztirob bilan tasvirlabdi. Juda ta’sirchan maqola! O‘zing o‘ylab ko‘r, Server, tunlari bolasi yig‘lab chiqadi, u uyquga to‘yolmaydi. Qaynonaning, erning ko‘nglini olish… Bu buhronlar ichida hayotdan ham to‘yib ketgan-da. Kunlarning birida o‘ziga kerosin sepib, o‘t qo‘yibdi! Jizg‘anagi chiqqan tanani kuyganlarni davolash markaziga olib kelishadi.
– Haligi doktorgami?
– Ha. Shifokor yigit o‘sha maqolasida ayolning joni uzilayotganda aytgan so‘zlarini yozibdi.
– Nima degan ekan?
– “Yashashdan charchadim”, debdi bazo‘r pichirlab. Insonning bardoshi temirdan emas ekanda… O‘sha maqola chiqqan gazetaning to‘rtinchi betida nomdor muallimning “Oila, eng avvalo, davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan katta ish hisoblanadi”, degan so‘zlari katta harflarda yozilgan. Ostida “Umringiz boqiy bo‘lsin” sarlavhasi bilan axborot berishibdi. Unda o‘n bitta farzandi bor “qahramon ona” ko‘klarga ko‘tariladi.
– Mazmunan bir-biriga qarama-qarshi ekan, – Server ajablandi.
– Ha, balli! Men oddiy odamlar orasida yuraman. Ular – dehqonlar, ishchilar. Hatto o‘qituvchilar ham sen aytgan “qarama-qarshiliklar” haqida so‘rashadi. Ishonsang, nima deyishimni bilmasdan qiynalaman.
– Maktabdayam shunday gap-so‘zlar o‘rmalab qolgan.
– Har qanday muammoga loqayd qarab bo‘lmaydi, Server. Uni yechish yo‘llarini axtarish kerak!
– Men o‘quvchilarimni fikrlashga o‘rgatyapman, mustaqil fikrlaydigan bola oq-qorani o‘zi ajratib oladi.
– Bu eng to‘g‘ri yo‘l, Server.
– Sen-chi, Tolibjon, axir sen gazetada ishlaysan, kamchiliklarga hech qachon befarq bo‘lmagansan. Esingdami, bir paytlar asfalt yotqizuvchilarning ko‘chada qolgan po‘lat g‘ildiraklari muammosini ko‘tarib chiqqanding?
– Juda yaxshi esimda. Sadir Nazirovning ko‘rsatgan “o‘yin”lari ham.
– Kechirasan, noxush voqeani eslatdim.
– U paytlarda yosh, qiziqqon edim… Hozir bir ish qilyapman. – Tolibjon o‘rnidan turib, deraza oldiga bordi. Tashqariga biroz tikilib, Serverga o‘girildi. – “Zar­topgan odamlari” fotoko‘rgazmasini tayyorlayapman. Matbuotda chop etilmagan suratlarim ko‘p. Ular, masalan, peshonasi terlab ishlayotgan dehqon yigit yoki beshikdagi bolasini allalayotgan ayol… Bu suratlarda oddiy odamlarning hayot lahzalari muhrlangan. Ularni yig‘ib, xalqaro tanlovga jo‘nataman.
– To‘g‘ri qilasan, jud-dayam to‘g‘ri qilasan! – Server to‘lqinlanib ketdi. – Sen olgan har bir surat, o‘zing aytganingdek, zo‘r hikoyaga o‘xshaydi, ularda allaqanday sehr bor, bilsang!
Tolibjon do‘stining kuyinchaklik bilan aytgan gaplariga mamnun quloq solardi.

21

Yigirmanchi asrning saksoninchi yillarida gorbachyovcha “qayta qurish” jamiyatda, xalqning hayotida yig‘ilib qolgan muammolarni hal etolmadi. Aksincha, bu jarayon odamlarning ongini yanada tiniqlashtirdi, yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirishga o‘rgatdi. Hurfikrlilik, matbuot erkinligi pallasi boshlandi. Oshkoralik davrida sho‘rolar mamlakati rahbariyatining yo‘l qo‘ygan xatolari birin-sirin ochila bordi. Buni bir amallab xaspo‘shlash maqsadida turli nayrang­lar o‘ylab topildi. Shulardan biri keyinchalik “o‘zbeklar ishi” deb nom oldi. 1983 yilda Markaz topshirig‘i bilan O‘zbekistonda paxtani terish, qayta ishlashdagi “o‘g‘irlik”, “qo‘shib yozish”lar taftish qilina boshlandi. “Negativ holatlar”, “poraxo‘rliklar” haqida butun olamga jar solindi.
Bularning bari buyuk evrilishlarning arafasi edi. O‘sha qora kunlar osmonida ham umidbaxsh bir shu’la bor ediki, bu nur yaqinlashib kelayotgan yangi kun, oddiy odamlar uzoq vaqt mushtoq bo‘lib kutgan yangicha hayotga ishora edi.
Tolibjon Zayniddinov ham jamiyatda yuz berayotgan ushbu o‘zgarishlardan chekkada emasdi. Qishloqlarni kezar ekan, endi odamlarning kayfiyatlari o‘zgarib qolganini payqadi. Ularning chehralarida yorug‘ kunlarga intilish, umid paydo bo‘lgani ro‘y-rost sezilib turardi. O‘zi ishlayotgan gazeta ham ro‘y berayotgan voqealarni imkon qadar yoritib bordi. 1991 yilning 1 sentyabri xalqni ko‘pdan qiynayotgan savollarga javob bo‘ldi. Tongda tuman markazining aholisi yeru osmonni titratgan karnay-surnay ovozlaridan uyg‘ondi. Falakka o‘rlagan qudratli sadolar davlat Mustaqilligi e’lon qilinganidan darak edi!
Tolibjon ishga o‘zining mashinasida jo‘nadi. Tuman markaziga yetganida karnay-surnay ovozlarini eshitdi. Hali erta bo‘lishiga qaramasdan ko‘cha odamlar bilan gavjum edi. Qo‘sh qavatli raykom binosining ro‘parasida beqasam to‘n ustidan belbog‘ bog‘lab, yangi marg‘ilon do‘ppi kiygan o‘n chog‘li yigitlar karnay, surnay, doiralarini berilib chalishardi. Tolibjon to‘xtab, ularga biroz qarab turdi, so‘ngra mashinasini tahririyat tomonga burdi.
Tahririyat binosining ko‘chaga qaragan qo‘sh tavaqali eshigi ochiq edi. Mashinani to‘xtatib, sekin tushdi-da, ichkariga kirdi. Zokir Qodirov xonasida stoliga muk tushganicha nimalarnidir tez-tez yozib o‘tirardi. U ishiga qattiq berilgandan Tolibjonning kirganini sezmadi. “Zokir aka yo uyiga ketmagan, yoki tunni bedor o‘tkazgan, – deb o‘yladi Tolibjon. – Yetmishdan oshgan bo‘lsayam sira tinmaydi-ya!”
U tomog‘ini qirib qo‘ydi. Zokir Qodirov qog‘ozdan boshini ko‘tardi. Tolibjonni ko‘rdi-yu, darhol qo‘lidagi ruchkasini qo‘yib, o‘rnidan turdi, tez-tez yurib kelib, quchog‘ini ochdi.
– Mustaqillik muborak, Tolibjon ukam! – dedi uni mahkam quchib.
Qattiq hayajonlanganidan ovozi chertilgan tordek titrab ketdi. U samimiy jilmayar, chehrasida quvonch barq urib turardi.
– Keling, Tolibjon, siz bugun jud-da, juda keraksiz! – dedi uni xona to‘ridagi stoli tomonga yetaklarkan. – Bugun har qachongidan ko‘p surat olishingiz lozim! Karnay-surnaychilardan boshlang, azizim! Eshityapsizmi, butun tumanga mustaqillik sadolari taralyapti! Tarixiy kun bugun! Sizning suratlaringiz ham tarixda qolishi shubhasiz!
Zokir Qodirov qayta ish stoliga o‘tirib, tez-tez qog‘ozlarini titkilay boshladi. Tolibjon uning otashin so‘zlari ta’sirida o‘ziga ko‘p yillardan beri qadrdon chehraga tikilganicha ro‘paradagi kursiga cho‘kdi.
– Bugun gazetamizning Mustaqillik sonini chiqaramiz, – dedi Zokir Qodirov qo‘lidagi qog‘ozdan ko‘zini uzmay. – Bosh maqola ham tayyor! “Mustaqillik muborak, xalqim!” deb sarlavha qo‘ydim. Nima deysiz?
– Judayam yaxshi! – Tolibjon chin dildan ma’qulladi.
– Unda eshiting, maqola shunday boshlanadi:
“Bu o‘lkada har narsa bordir, Ko‘rmaganlar doim xumordir”, degan misralarni bitgan hassos shoir Hamid Olimjon serquyosh diyorimizning husnu tarovatini, qalbi qaynoq odamlarining fidoyi ishlarini tarannum etgandi. Yurtimiz olamda tengsizdir. Uning tabiiy boyliklari, ma’danlari behisob. Yaqin-yaqingacha buni chuqur his qila olmasdik. Hur O‘zbekiston, deyar edigu, aslida hurlikdan yiroq edik. “Mustaqillik” so‘zi faqat qalblarimizning qatida edi…”
Zokir Qodirov o‘qishdan to‘xtab, matndagi nimanidir tuzatdi. Hayajon­langanidan o‘rnidan turib ketdi. Tolibjonga bir qarab oldi-da, yana suxandonlardek qiroat bilan maqolaning davomini o‘qiy boshladi:
“Mana, nihoyat yigirma millionli o‘zbek xalqi qalbida asrab-avaylab kelgan muqaddas orzu ro‘yobga chiqdi. Ming to‘qqiz yuz to‘qson birinchi yil, Birinchi sentyabr O‘zbekiston tarixida zarhal harflar bilan yozilib, undan abadulabad o‘rin oldi. 1991 yilning 31 avgustida bo‘lib o‘tgan Respublika Oliy Kengashining nav­batdan tashqari oltinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilindi! Sessiya, xalqimizning orzu-umidlarini ifodalab, O‘zbekistonimizning mustaqilligi to‘g‘risida Qonun qabul qildi…”
Zokir Qodirov butun vujudi quloqqa aylanib o‘tirgan Tolibjonga qaradi:
– Endi, uka, shu maqolaga yarashadigan ajoyib suratlar kerak! Iltimos, bor mahoratingizni ishga soling! Suratlaringiz qalb qo‘ri bilan yo‘g‘rilgan bo‘lsin!
Tolibjon bosh muharrirning xonasidan chiqarkan, Zokir Qodirovning musta­qillik haqida yozganlarini o‘qiyotgan paytdagi hayajonini o‘zida ham his qildi. Bu kunning tongi ana shunday ehtiroslar bilan boshlandi.

Raykom binosining qarshisidagi katta maydonga har tomondan odamlar oqimi yopirilib kelardi. O‘ng tarafda, ulkan qayrag‘ochlar soyasida shirmoy non, shirinliklar, meva sharbatlari savdosi tashkil qilingan. Ularning yonboshiga yana bir guruh karnay-surnaychilar kelishdi. Karnaylar bir-biriga navbat bermasdan, ovozlari yeru osmonni titratib na’ra tortardi. Doira zarbiga jo‘r bo‘layotgan surnayning dilni qitiqlovchi sho‘x ovozi taraladi.
Tolibjon qo‘lida fotoapparati bilan odamlarning daryodek oqimiga qo‘shilib ketdi. Bir payt baland bo‘y, qalin mo‘ylovli, chehrasi quyoshdek charaqlab turgan daroz yigit yugurib kelib, u bilan quchoq ochib so‘rasha ketdi.
– Tolibjon aka, meni tanidingizmi?! – dedi do‘rillagan ovozda. – Mahamad­jonman, mexanizator! Suratimni mixday qilib gazetada chiqargansiz. Zo‘r surat edi-da, jon aka!
– E-ee, Mahamadjon uka! – deya u ham sevinchini ichiga sig‘dirolmayotgan yigit bilan quyuq so‘rashdi.
– Aka, mustaqillik bayramingiz bilan! – Mahamadjon og‘zi qulog‘ida jilmayardi. – Qarang, endi bemalol belbog‘ bog‘lab yursak bo‘larkan-da! – U beqasam to‘n kiyib, shohi belbog‘ bog‘lagan karnay-surnaychilarga ishora qildi. – Yigitlarga yarashibdi-ya, aka?
– Yarashgan! Judayam yarashgan! – Tolibjon uning gapidan zavqlandi. – Shular bilan suratga tushiraymi?
– Zo‘r bo‘lardi-da, aka! Meni yana bir marta gazetaga chiqaring! Birinchi betiga!
Ular yonma-yon yurib borib karnay-surnaychilar guruhiga yaqinlashishdi. Atrofda yosh-yalang yigit-qizlar ko‘p edi. Kimdir o‘yin tushgan, boshqa birov musiqa ohangiga moslab qarsak chaladi. Bir payt Mahamadjon ularga qo‘shilishib o‘yinga tusha ketdi. U yigitlarga xos zavq-shavq bilan toychoqdek davrani gir aylanar, qotma gavdasi doira uslubiga mos yengil ko‘tarilib tushardi. Tolibjon surat ola boshladi. Mahamadjon fotoapparat ob’ektiviga qarab goh og‘zi qulog‘iga yetib jilmayganicha muqom qiladi, goh qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib minnatdorchilik bildirib qo‘yadi. “Ko‘ngli toza yigit ekan, – o‘yladi Tolibjon. – Bunday yigitlar, qizlar qishloqlarimizda ko‘p. Ular haqida alohida ko‘rgazma qilaman! Bugun olgan suratlarim ham ana shu ko‘rgazmaga qo‘yiladi”.
Shu damda uning ko‘nglida ijod zavqi uyg‘ongandi. Yillar davomida dardlariga malham bo‘lib, hayot bilan hamnafas yashashga da’vat qilgan bu ilohiy tuyg‘u qalbiga daryo mavjlaridek silsila bo‘lib quyilib keldi. U Mahamadjonni tashlab ketolmay kutib turdi. Nihoyat, terlab-pishgan yigit hansirab oldiga keldi:
– Aka, endi yuring men bilan, – dedi avaylab tirsagidan ushlarkan. – Bir oshxo‘rlik qilaylik! O‘sha, gazetada chiqargan suratingizni olib qo‘yganman. O‘g‘lim katta bo‘lganida beraman, dadasi qanday yigit bo‘lganini bilsin-da. Shunaqa niyat bor, aka, qalay?
Tolibjon Mahamadjonning qishloqcha soddalik bilan aytgan samimiy gapiga quloq tutib turib:
– To‘g‘ri qilasiz, – dedi. – Otasining zo‘r yigit bo‘lganini bilsin-da!
Bu Mahamadjonga ma’qul keldi. U Tolibjonning qo‘lini olib mahkam siqib qo‘ydi.
– Hali ko‘p ish qilamiz, muxbir aka! – Mana, mustaqil bo‘ldik! Endi boshlanadi-di, katta ishlar. Balki, yangi traktor ham berishar?
– Berishadi! Endi, berishadi! – dedi ishonch bilan Tolibjon.
Ular o‘yin-kulgi qilayotgan yosh-yalanglar izdihomini oralab borishardi. Maydon to‘riga katta sahna yasalgan. Raqqosa qiz sahnani gir aylanib, qushdek yengil parvoz qilardi. Xonanda yigit To‘ra Sulaymonning urf bo‘lgan sho‘x qo‘shig‘ini kuylamoqda:

Chaman ichinda bir gul, gul bir yon, chaman bir yon,
Sarvi, sanobarmidir, – soch bir yon, suman bir yon.

Mahamadjon Tolibjonni maydonning kungayiga yetakladi. Bu yerga qator qilib muvaqqat oshxonalar tiklangan. Atrofi Xorazm gilamlari bilan o‘ralgan. Bir nechta oq o‘tov ham bor. Osh, beshbarmoq, kabob isi dimoqqa urilib, ishtahani qitiqlaydi. Ular “O‘zbekiston” xo‘jaligi” deb yozilgan shinam ayvonga kirishdi. Mahamadjon bo‘sh joy izlab atrofga alangladi. Shu payt to‘rdagi, “kattalar” o‘tirgan davradan qorin qo‘ygan, past bo‘y, o‘rta yosh bir kishi o‘rnidan turdi-da, chaqqon yurib kelib, ularga peshvoz chiqdi.
– Keling, Tolibjon aka! – dedi xushtavozelik bilan. – Bizni juda xursand qildingiz-da. Shunday ulug‘ kunda-ya! Kattalar sizni dasturxonga taklif qilishyapti.
U yana nimalardir deb, shovqin-suron ostida Tolibjon bilan Mahamadjonni davraga boshladi. Ular bo‘sh o‘rinlarga yonma-yon o‘tirishdi. To‘kin dasturxon atrofidagi mehmonlarning ko‘pi Tolibjonga yaxshi tanish edi. Ular bilan alohida-alohida so‘rashib chiqdi. Mahamadjon kattalarning oldida odob saqlab o‘tirdi. Lekin, “muxbir aka”ni o‘zi mehmon qilolmaganidan xijolatligi qosh-qovog‘idan sezilib turardi. Davradagilarning suhbatlari qizidi. Har kim yuragidagi gapni aytishga shoshilardi.
– Mahamadjon uka, sengayam yangi traktor olib beramiz, – dedi rais salmoqlab.
– Endi-i, mustaqilmiz, jamoa xo‘jaliklariyam yangicha bo‘lar? – dedi Tolibjonning yonida o‘tirgan hisobchinamo kishi.
– Bundan bu yog‘iga hammasi yangicha bo‘ladi-da. Paxta ishiga eng zo‘r texnikalar kelishi aniq! – dedi bilag‘onlik bilan rais.
Tolibjon ularning hangomalarini eshitib o‘tirarkan, o‘zlari tug‘ilib-o‘sgan qishloqlari, ufqqa tutashgan bepoyon dalalar ularning hayoti ekanligini tushundi. Kun tig‘ida terlab-pishib mehnat qilish bu odamlarga zavq-shavq bag‘ishlaydi, ekin-tikin ishlari boshlanganida bahor yoshartiradi, hosillarini yig‘ib olayotganlarida kuz epkinlari ko‘ksilarini to‘ldiradi. Bularning bari ota-bobolar yurtiga muhabbatning xuddi o‘zi emasmi?!
Tolibjon tushdan keyin Zartopganga qaytdi. Zartopgan markazida ham bayram sayli davom etardi. Chorraha odamlar bilan gavjumlashgan. Simyog‘ochlarga turfa rangdagi bayroqlar ilingan. Ko‘chalarga suv sepib, supurilgan. Bozorga kiraverishda mevalar savdosi tashkil etilibdi. Tillarang tovlanayotgan husayni uzumlaru qirmizi olmalar ko‘zni qamashtiradi. Tolibjon olma rastalari oldidan o‘tayotib Gulchehrani esladi. Uning kulib turishlari xayolida jonlandi. Mayin ovozini eshitgandek bo‘ldi. Qadami sekinlab, bexosdan qoqilib ketdi. Shu damda birov qo‘ltig‘idan olib, “ehtiyot bo‘ling” dedi. Tolibjon o‘zini o‘nglab, boshini ko‘tardi. Yoshgina yigitcha jilmayganicha yana nimadir dedi. Tolibjon uning gapini yaxshi anglamadi. Sekin burilib, ortiga qaytdi. Gulchehra bilan o‘tgan baxtiyor kunlarini xotirlab ko‘ngli buzildi.
U xayol bilan borarkan, shaharcha kengashining binosiga yetganini sezmay qoldi. Qo‘sh qavatli binoning ochiq ayvoniga gilamlar to‘shalib, sahna bezatilgan. Atlas ko‘ylakli xonanda ayol doira chertib yalla aytardi. Bola ko‘targan kelinchaklar zavqlanib termilishadi. Bolalarning qo‘llarida uzun, rangli qog‘ozlarga o‘ralgan qo‘lbola shirinliklar. Tolibjon tikilib qaradi: o‘n-o‘n besh chog‘li kelinchak turgan bo‘lsa, hammalari bolalariga o‘sha “o‘rama qand”dan olib berishibdi. Ularning chehralari tonggi shabnamdek tiniq, jilmayib bir-birlariga gap tashlab qo‘yishadi. Xonandaning ovozi shirali, nolalari ehtirosli edi. U vafoli yor haqida kuylardi. Tolibjon qo‘shiqqa mahliyo bo‘lib qoldi.
Bayramga kelayotganlar daqiqa sayin ko‘payardi. Ularning orasida oqsoqollar, yosh yigit-qizlar ham bor edi. Tolibjon izdihomni yorib o‘tib, oldinga intildi. Atrofdagi odamlarni, ashula aytayotgan xonandani suratga tushirdi. Charchagan bo‘lsayam ketgisi kelmasdi. Biryo‘la maktabdagi tantanaga ham kirib chiqmoqchi bo‘ldi. Chorrahadan o‘ngga burilib, maktab tomonga yurdi. Yaqinlashganida ovoz kuchaytirgichdan o‘quvchi qizning qiroat bilan she’r o‘qiyotgani eshitildi. She’r tugagan hamon bir gala oq kaptarlar pirpirak misoli ovoz chiqarib osmonga ko‘tarildi. Yana o‘quvchilarning qarsaklari eshitildi.
Hovliga kirganida bir qavatli ko‘hna binolar qurshovidagi maydonning chor tarafida katta-kichik yoshdagi o‘quvchilar saf tortishgan, qo‘llaridagi turfa rang sharlarni silkitib qiyqirishar, parvoz qilayotgan oq kaptarlarni olqishlashardi. “Binolar nurab qolibdi, – deya o‘yladi Tolibjon. Serverning bir paytlar aytib berganlari yodiga tushdi: urush yillaridagi harbiy gospital ko‘z oldiga keldi. ”Nahotki, shu binoda jangdan olib chiqilgan yaradorlar jon berishgan?! Ke­yin g‘alati rasmlar chizadigan daroz o‘quvchi bilan kichkina Server bir partada o‘tirishgan… Endi bularning hammasi achchiq tarix bo‘lib qoldi”.
…O‘shanda Tolibjon Zayniddinov bir necha yil o‘tib bu yerda xayolidagi qo‘sh qavatli yangi maktab qad rostlashini bilmagandi…
U sekin-asta yurib hovli burchagidagi yosh texniklar markaziga bordi. Ostonada Qobiljon amaki o‘tirgandek, uni kulib qarshi oladigandek tuyuldi. Hovlini biroz aylanib, yoshlik yillarini xotirladi. Uzum ishkomi ostida qiyqirib sakrayotgan Ibrohimni ko‘rgandek bo‘ldi… So‘ngra, ko‘nglini entiktirgan shirin hislar og‘ushida maktab darvozasidan chiqib ketdi
Tolibjon uyiga yetib kelganida charchaganini his qildi. Darvozani ochayotib poch­ta qutisiga ko‘zi tushdi. Tunuka qutichaning tirqishidan xat ko‘rinib turardi. Qutining qopqog‘ini ochib, moviy rangli xatjildni oldi. Unda lotin alifbosida uy manzili yozilgandi. Tolibjon ajablandi. Bir qo‘lida xat bilan uyiga kirdi. Xatjildga qaray-qaray deraza qarshisidagi stolga bordi. O‘tirib, ko‘zoynagini taqdi-da, xatjildni avaylab ochdi. Undan ajnabiy tilda yozilgan bir varaq qog‘oz chiqdi. Tolibjon lotincha harflarni hijjalab o‘qishga urinib ko‘rdi. Matn ing­liz tilida edi, ayrim so‘zlarni tushungani bilan tishi o‘tmadi.
U biroz shunday o‘tirib, nafasini rostladi. Keyin uyidan chiqib, yana maktabga bordi. Bayram qilayotganlar orasidan ingliz tili o‘qituvchisini topib, xatni o‘qitdi. Unda shunday yozilgandi:

“Janob Tolibjon Zayniddinov!
Sizning “Zartopgan odamlari” foto kollektsiyangiz “Muhrlangan lahzalar” xalqaro foto tanlovining “Gran-pri” – oliy darajali mukofotiga loyiq topildi.
Mukofot topshirish marosimi ushbu 1991 yilning ……….. oyida Stokgolm shahrida o‘tkaziladi. Yo‘l xarajatlari tanlov tashkilotchilari zimmasida. Qo‘shimcha ma’lumotlarni xabar qilamiz.
Tantanada qatnashish imkoniyatingiz yoki istagingiz bo‘lmagan taqdirda, mukofot pochta orqali Sizga yetkaziladi.
“Zartopgan odamlari” foto kollektsiyasi Venetsiyadagi fotografiya meroslari fondining konsultantlari tomonidan san’at asari darajasida baholandi. Ushbu foto kollektsiyani sotib olmoqchi bo‘lgan muzeylar bor.
Javobingizni kutamiz.
Xalqaro fotografiya Markazi”

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 9-10-11-sonlar