Munavvara Usmonova. To‘ylar solgan ko‘ylar

Yaqin bir tanishimiz qiz uzatdi. To‘rt farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgani uchunmi, qizi oilaga qayishgan, ota-onasiga mehribon edi. Yuzidan ibo-hayosi balqib turadigan latofatli qizni suyib yurak ocholmagan, uning uyi yaqinida kun bo‘yi bir ko‘rishga zor o‘tirgan yigitlarni ham dog‘da qoldirib kelgan sovchilarga rozilik bildirishdi. Qizini kelinlikka so‘rab kelganlarning og‘ir-vazminlik bilan fikr yuritishi, nurli chehrasini ko‘rib, ota-ona: “mayli”, deb yuborishganini o‘zlari bilmay qoldi.

Hamma tashvish to‘y arafasida boshlandi. Er-xotin ahillik bilan  yig‘ib-terib, qizining ancha kamini to‘ldirib qo‘ygan edilar. To‘y maslahatiga kelgan qarindosh­larning ataganini berib ketgani ularning bozorini qizdirdi. O‘zi aytgan vaqtga to‘y kunini belgilagan yigitning onasi bo‘lajak qudalaridan hol so‘ragan bo‘lib sim qoqadi: “Qizingiz endi mening bolam, bolalarim baxtli bo‘lsa bas! Taxtni-ku, topsa bo‘ladi, Yaratgan ularning baxtini bekam  qilsin. Ammo uy jihozlarini baribir olasizlar… Yaxshirog‘i olinsa, pulingiz yoningizda qoladi-da, quda. Men uylarimning o‘lchamini oldim, ertaga birgalashib mebel tanlasak bo‘lardi…”

Do‘konga birga tushgan qudasi ming tavallo bilan tanlangan mebellarning bahosini ko‘rib, ona sho‘rlikning yuragiga  g‘ashlik tushdi. To‘yonayu barcha yig‘ib-terganini jamlaganda ham mebel bahosining yarmiga yetmasdi. Uyiga qaytib, eriga yurak yozdi. Olovlangan er: ”Hech qanaqa to‘y bo‘lmaydi, fotihani buzamiz, unga kelin emas, jihoz kerak ekan. Biror boyning qizini kelin qila qolsin. Qiz boqib, balog‘atga yetkazib, ilmu hunar o‘rgatib, hayotga tayyorlab: “Olib ketavering, bolam endi sizniki”, deb qo‘liga tutqazar ekanmiz-u, yana bizga sharti bor ekanmi? Ertagayoq lash-lushlarini qaytarib yubor, oramizda hech narsa  qolmasligi kerak. O‘zimizga o‘xshagan odamlar topilib qolar”, dedi. Ayol unga yolvora boshladi: “Fotihasi qaytgan qiz nomini oladimi, dadasi, keyin eshikdan birov so‘rab kelmaydi-ku! Bo‘y yetib turgan bir emas, ikki singlisining taqdiri nima bo‘ladi?”

Er-xotin yuz o‘y, ming andisha bilan yashab turgan uylarini sotuvga  qo‘yishdi. Qo‘shnisi xaridor bo‘lib kirganida boshlari ko‘kka yetdi. Uch xona uyda yashadik nima-yu, ikki xonali uyda yashadik nima, deya bir-birini ovutdi. Farzandlari baxtini o‘ylab shu yo‘lni tutishdi go‘yo. Qaynonasining ko‘nglidagidek sarpolar bilan  kirib borgan kelinchak o‘z baxtidan masrur edi. Ammo…

Kelin tushirgan qo‘shnisining uyidan mehmon bo‘lib qaytgan qaynonaning avzoyini ko‘rib, kelinchak hayron bo‘ldi. Jahli chiqsa, gapini  maqol tarzida aytib, tartibga chaqiradigan oyijonisi bugun boshqacharoq edi. “Boyga boy boqadi, kambag‘alning ko‘zidan  yosh oqadi, deb bejiz aytmagan ekan onam rahmatli. Kelinning uyidan kelgan qovurdoqni ko‘rib og‘zimiz lang ochildi: tog‘oraga tirik oqqushni o‘rnatib qo‘ygandek. Atorofidagi bezaklarini ko‘rsangiz naq san’at asari, deysiz. Pishiriqlarining shirasi tilni yoray deydi. Kelinchak salom berayotganda nazar soldim, egnidagi ko‘ylagi bu yerniki, bu olamniki emas. Ko‘kdan tushgan  farishtaga o‘xshaydi. Odamda orzu-havas bo‘lsa, hamma narsaga imkon topadi. Qovurdoqni atay yonimizga obkelib ochdi anavi pismiq qo‘shnim, siznikidan kelgani esimga tushib, uyatdan yerga kirib ketay dedim. Falon pulga “zakaz” qilib pishirtirgan bundog‘ bo‘ladi-da. Onangiz meni qo‘ni-qo‘shnilar oldida sharmanda qilib, filning qulog‘icha tog‘orada yuborgan qovurdog‘ining yarmi xamir qo‘shilgan do‘lma, yarmisi tuxum bilan to‘latilgan edi…”

Qiz biror gap aytib yurak hovurini bosolmadi, uyi­ga  kirib, unsiz yig‘ladi. Har kuni, har soniyada bunday ta’na-nadomatlar bo‘lib turganidan yuragi uvishadigan bo‘lib qoldi. “Charlarida onangiz tuzukroq sarpo qo‘ymadi, dasturxonida yeydigan hech vaqo yo‘q, falonchining qudasi kuyoviga “SPARK” mindiribdi, ziqna onangiz kuyoviga bitta shim, oddiy ko‘ylak qo‘yganidan uyaldim, peshonamga aytmagan ekan…” degan malomatlardan to‘yib, ota uyiga ketdi. Homilador ekani aniq bo‘lgach, onaizor qizini yetaklab uyi­ga olib bordi. Qizi: “kuyovingiz bilan tortishib qoldik”, deyishdan nariga o‘tmagan edi. Rang ko‘r, hol so‘r, degan gap bor. Ota-onasining ahvolini ko‘rib-bilib turib, qaynonasi  aytgan achchiq gaplarni qanday qilib onasiga aytadi? “Qizim yoshlik qilibdi, opajon, hargiz uyimga arazlab borsa ostonadan kiritmayman”, deb bosh urib, kechirim so‘radi…

Kunlar ketidan kunlar o‘tib, qizining oy kuni yaqinlashib borayotgani sari onaning ko‘nglidagi g‘ashlik ortib borardi. Bir tomoni ranglari sarg‘ayib, holsizlanib, ozib-to‘zib ketgan qizining sog‘lig‘idan xavotir olsa, bir tomoni…

Yomon tush ko‘rib, cho‘chib uyg‘ongan ayol ming andisha bilan sim qoqib, qizidan hol-ahvol so‘radi. “Oyi, ahvolim yaxshi emas. Qonim kam, qon bosimim ko‘tarilib, yuragim tinmay o‘ynaydi. Kecha tekshiruvdan o‘tdim, tayyorlov bo‘limiga yoting, deyishdi. Ammo oyijon ruxsat bermayaptilar”, dedi. O‘zim borib, uyingdagilardan ruxsat olib, tug‘ruqxonaga olib boraman, xarajatlarini o‘zimiz to‘laymiz, deganiga qizgina ko‘nmadi.

UZI tekshiruvidan so‘ng homila o‘g‘il ekan, deyilganini eshitgan qaynona kelinchakka: “Kelinposhsha, uyingizdagilarga ayting, ovora bo‘lmay bir yo‘la o‘g‘il to‘yini ham o‘tkazib yuboramiz. Qo‘ni-qo‘shnilarning ko‘zicha urf-odatimizni yerga urmay, ijaraga bo‘lsayam toy yasatib kelishsin. Muzlatkichmi, kattaroq televizormi sovg‘a qilish niyatlari bordir, hamma shunaqa qilayapti hozir, ertaroq aytsangiz, harakatini qiladi”, dedi.

Kelinchak uyidagilarga aytishga botinmadi. “Turmush degani yoshgina jonga jazo degani ekan, o‘sha paytda ajrashib ketsam bo‘larkan. Oilam yaxshi bo‘lishi uchun, shuncha sarf-xarajat qilib o‘tirgan ota-onam uchun singillarim, ukamni o‘qitib, uyli-joyli qilish ham katta muammo. Endi nima bo‘ladi?”. Xayolida faqat shu so‘zlar aylanardi.

Ota-ona endi ikki xonali uylarini sotib, bir xonalik ta’mirtalab  uyga  ko‘chib o‘tishdi. Bo‘y yetib qolgan ikki qiz, o‘smir o‘g‘il, er-xotin barchasining kuni shu tor uyga qoldi.

Hamma narsa taxt. Hali tug‘ilmagan chaqaloqqa olingan kiyimlar orasida maktab yoshiga yetganida kiysa bo‘ladiganiyam bor. Kuyov, quda-anda degandek, hammasiga atalgan sarpolar tugunlarga joylangan, faqat tunu kun yaxshi xabar kutishadi. Homilador kelinchakning esa kundan kun rangi za’faron tus olib, holi abgor bo‘lib borardi… O‘zi sabab ota-onasining boshiga tushgan tashvishlar, to‘ydan keyingi yugur-yugurdan ko‘zlari kirtayib, sochlari oqarib ketgan otasi, gapirsa mijjalari namlanib turadigan onasi ko‘z oldidan o‘tadi. Dili og‘riydi, yuragi notinch uradi. Darmonsizlikdan sillasi qurib qolsa ham uyidagilarga lom-mim demaydi. U ota-onasining hurmati, chekkan zahmati uchun ham shu oilada yashashi, barchasiga ko‘nishi, chidashi kerak edi…

Yarim tunda eshik qo‘ng‘irog‘idan cho‘chib uyg‘ongan onaning yuragi hapriqdi. Eshik yonida ko‘zlari yig‘idan qizargan kuyovi titrab turardi. “Voy, keling, bolam, nima gap? Nega xafasiz? Chaqaloqqa biror gap bo‘ldimi-a? Hozir yuragim yorilib ketadi, gapiring…”

Kuyovning:

– Qizingiz jonlantirish bo‘limida… – degan xabari onani hushidan ayirayozdi…

To‘y qilib qiz uzatish yoki o‘g‘il uylash barcha ota-ona zimmasidagi burch.. Ammo to‘ydan keyingi “to‘y”larni kim o‘ylab topgan? Kelin-kuyov ko‘rish baxtiga yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytib, duo qilib o‘tirish o‘rniga kiyimu buyum tashvishida bozorma-bozor yugursak?

Bugun to‘y bo‘lsa, ikki kundan keyin “charlar” qilib, yana to‘y qilgan xonadon egalarining “chop-chop”i davom etadi. Yangi qudaga mulozamat, yana  sarpo-suruq, patnis to‘la shirinliklar bilan siylab, karnay-surnay bilan uyiga kuzatib qo‘yishi kerak. O‘g‘il o‘stirganning uyida ham besh-olti tog‘ora tashvishi aylanganidan, jilmayib salom bilan choy uzatayotgan kelinchakning chiroyi ham uy egalarining ko‘ngliga sig‘avermaydi. Bir xil rangdagi “Jip” yoki “Kaptiva”lar bilan ko‘cha to‘ldirib, kelinchak huzuriga kirib borgan  sho‘rlik kuyovning gardanida ancha qarz.

Buvim rahmatlining bir gapi bor edi: “Chillali odamning yaqiniga borma, chil odim berida tur. Yangi tuqqan ayol ham, kelin-kuyovlar ham qirq kungacha chillali sanaladi. Yaxshi yeb, yaxshi ichishi, shomdan keyin uxlab dam olishi, ko‘ringan odam bilan quchoq ochib ko‘rishmasligi kerak. Balodan hazar-da, bolam”, derdilar. Hozir esa to‘yning ertasigayoq kelinchak tongda qo‘liga supurgi, chelak ko‘tarib, xizmatga tushib ketadi. Bir kun o‘tib, ota uyiga  mehmonlar qurshovida borishi, barcha yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilar bilan bag‘ir ochib ko‘rishishi, gohida yuz martalab egilib salom berishi kerak.

Bularning hammasi el ko‘ziga qilinayotgani ayon-ku! Yoshlarning yuzida baxt nashidasi balqishi uchun, yangi hayotga o‘rganib, tup qo‘yib, palak yozishi uchun ularga shart-sharoit yaratish kerak emasmi? Hech bo‘lmaganda, o‘n kun bordi-keldi, supur-sidirdan nari bo‘lsa kuchga to‘lardi, bir-biriga o‘rganib, ko‘z qarashidan tushunib oladigan bo‘larmidi?! Farzand dunyoga keltirib, vujudini to‘lg‘oq azobi tark etmay turib, kelinchakka – onaga tug‘ruqxonadan uch kunda uyiga ruxsat berilyapti. Qovurdoq, beshik tashvishiga tushgan onalar tuqqan boyaqishga tuzukroq e’tibor ham bera olmaydi. Chaqaloq sarposini quchoqlab, xotin-xalajni yetaklab, tog‘ora ko‘tarib qizning onasi ovora, yangi tuqqan juvonga bir qoshiq yovg‘onini ichkizib, nabirasini erkalab o‘tirish o‘rniga dasturxon yozib, quyuq-suyug‘iga kosa tayyorlab, buyoqdagilar ovora….

Shukrona dasturxoni yozish niyati bor odam chillasi chiqib, suyagi qotgan go‘dagini ko‘tarib kelinchakning qizlik uyiga olib borsa, oilaviy gurunglashib o‘tirsa ham bo‘ladi-ku!

Eng yomoni, ana shu o‘zimizcha “orzu-havas”,”quda-andachilik”, “bordi-keldining ziynati”, deb nom qo‘yib olgan ovoragarchiliklarga bog‘lanib vaqt, umr o‘tyapti. Sochlar oqaryapti, tishlar tushyapti. Holbuki, insonga umr o‘lchab berilgan.

Shunday ekan, yashash uchun berilgan umrga xiyonat qilmaylik. Uni baxtli, salomat va osuda o‘tkazaylik…

«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 3-son