«Onasi o‘pmagan qizlar» qani?

Hayo va andisha dunyoda tartib saqlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Hayo yo‘qolsa, hech kimda vijdon ham qolmaydi. U holda dunyoda tartib buziladi. Kishilar bir-birlariga befarq qaraydigan bo‘lib qolishadi.
Husayn Voiz Koshifiy

Libos – millatning madaniyat belgisi, ma’naviyat timsoli, qadriyatning bir ko‘rinishi. Dunyoda hamma narsa qatori madaniyat va qadriyatlar ham globallashuvi xalqlarning milliy ma’rifati ramzi bo‘lmish liboslarga chang solyapti. Bu, ayniqsa, ayollarimizning kiyimlarida ko‘zga yaqqolroq tashlanyapti.
Ishqilib, bora-bora butun dunyo aholisi bir xilda kiyinadigan bo‘lib holmasin-da, degan xavotir ko‘ngilga g‘ulg‘ula soladi. Nega deysizmi? Tabiiyki, yer yuzi xalqlari rang-tusi, tili va urf-odatlaridan tashqari bir ko‘rgandayoq milliy liboslari bilan farqlanishi oynadek ravshan. Ana shu o‘ziga xoslikka modaparastlik sabab putur yetyapti.

Masalan, o‘zimizda belga tushadigan qirq kokil, sumbul-sumbul qora sochlaru ko‘krak burma ko‘ylaklarni bugun yoshlar orasidan kunduzi chiroq yoqib topish amri mahol. Bu, ehtimol, xorijiy mahsulotlar salmog‘ining ortganidandir. Lekin…

«Moda»si tushmagur ob-havodan ham tez o‘zgaruvchan narsa ekanki, o‘tgan mavsumdagi liboslar bu yilga kelib «eskirib, yaroqsiz» bo‘lib qolaverarkan. Shunday tez almashinish asnosida bejirim fasonlar o‘rniga na milliy madaniyatimiz va na milliy g‘ururimizga mos keladigan bachkana, hatto kulguli shakldagilari paydo bo‘lyaptiki, ko‘rib ensangiz qotadi.

Archa bayrami tomoshalarida ishtirok etadigan Yalmog‘iz kampir roli ijrochisi uchun juldur, to‘zigan kiyim istab topib kiygizishadi. «Ayoz bobo» filmidagi jodugarni eslang. Falakning gardishini qarangki, – «yo tavba» deb yoqa ushlaysiz, o‘shanaqa «Baba Yaga»niki tsingari etaklari ming bo‘lakli «yirtiq» liboslar qiz-juvonlar o‘rtasida urf bo‘ldi. Yarashadimi, yo‘qmi ko‘pchilik ayollar chiroyli, nafis matolarni uvol qilib, shunday fasondagi kiyimlarni tiktirib egnilariga ilishmoqda. Etaklari, yenglari qing‘ir-qiyshiq bu liboslar o‘tkinchi bo‘lsa-da, uni ko‘rgan ayrim katta yoshdagilar «modangga o‘t tushsin-e» deyishdan o‘zlarini tiyolmaydilar.

Bama’ni, ko‘rkam bichimli liboslarning umri uzun bo‘ladi. Har qanday yoshdagi kishiga, har qanday sharoitda ham mos kelaveradi. Sezyapsizmi, keyingi yillarda «oynai jahon» orqali namoyish etilayotgan adadsiz teleseriallardagi qahramonlarning, sahnadagi mashhur va hali uncha tanilmagan qo‘shiqchi san’atkorlarning soch tarashiyu turmaklashidan tortib, ko‘ylaklarining modasigacha andoza taxlit ommaviylashib ketyapti.

Demak, sahnadagi va ekrandagi san’atkor, ularning har bir chiqishi, kiyinishi boshqalar uchun bir namuna ekan. Shunday bo‘lgach, san’atkorlarimiz, televideniye boshlovchilari milliy liboslarimizni, ayniqsa, atlas, shohi, beqasam, banoras kabi xalqimiz hunarmandchiligi mahsuli bo‘lgan matolardan o‘zbekona tikilgan kiyimlarni muntazam ko‘z-ko‘z qilib turishsa, yaxshi bo‘lardi.

Ammo keyingi paytda aynan san’atchilar, ayniqsa, estrada «yulduz»lari g‘arbona, g‘aroyibona kiyinishlari bilan «nom» chiqarishyapti. Ularning kindik ochib, yelka, ko‘kraklarigacha «ko‘z-ko‘z» qilib kiyayotgan liboslari yoshlar o‘rtasida tezda urfga kiryapti. Kindigini ochib kiyinayotgan yosh qizchalarning ertaga onalik baxtidan mahrum bo‘lib holishlari ehtimoli haqidagi shifokorlarning jiddiy ogohlantirayotganlari esa alohida mavzu.

Yosh san’atkorlarning ijro qobiliyatiga, iste’dodiga tan berasiz. Biroq ayrimlarning kiyinish madaniyati, kostyum tanlash didiga qoyil qolmaysiz. Hatto ba’zilar kiygan kiyimlarini ko‘rib ranjiysiz. Yelkasi, orqasi to‘la ochiq liboslar katta sahnalardan turib namoyish qilinayotganiga ajablanasiz. El mehrini qozonib kelayotgan boshqa bir qator yosh san’atkorlarning ana shunday liboslari o‘zbek san’atining bo‘lajak yulduzlari sha’niga, obro‘-e’tiboriga soya solmasmikan? Ularning ixlosmandlari «moda» desa, hamma narsani unutib o‘zini «tomdan tashlaydigan» yoshlardangina iborat emas-ku, axir.

Yana bir masala xususida. Televideniye orqali «Lora-lyuks», «Sabrina» tsingari turli salonlarning nikoh liboslarini sotishi va ijaraga berishi haqida beto‘xtov ovoza qilinmoqda. Bunday qaraganda ular benihoya go‘zal, go‘yo san’at asari, deysiz. Lekin farang yoki amerikalik xonimchalarning chig‘irig‘idan o‘tgan, didlariga yarasha yaratilgan bu qorday oppoq kelinchak liboslari (ko‘kragi, yelkasi, orqa tomoni ochiq) bizning qizlarimizga to‘g‘ri kelmaydi-ku? Mato yetmagan desangiz, etagi yerda sudraladi. Ular qancha qimmat va yana qanchalik beo‘xshov bo‘lmasin, bugungi Kumushlarimiz, Ra’nolarimiz shularni kiyishmoqda! Bunday fasonlarga kimlar hayrixohlik bilan qarashmoqda? Bizningcha, bundan faqat o‘sha savdo korchalonlari manfaatdor, xolos.

Shu o‘rinda taniqli turk olimi va mashhur ma’rifatparvari Aliy Nazimoning mana bu so‘zlarini keltirish o‘rinlidir: «Bizlarni hayron qoldirib turgan bir narsa borki, u ham bo‘lsa, ayollarning yasan-tusanga cheksiz mayl qilishlari, kiyinishga keragidan ortiq tirishishlaridir. Bunday aybli ayollar oxiri xatarli oqibatlarni keltirishadi. Ular aqlga sig‘magan xarajatlarga, yurtning xaroblashuviga sabab bo‘lishadi… Bundaylar birovning ustida yangi uslubda bir kiyim ko‘rdimi, undan o‘ziga tiktirmay tura olmaydi. Do‘konda biror yaxshi mato borligini eshitdimi, qanday qilib bo‘lsa ham, undan o‘ziga bir kiyimlik olmasdan ko‘ngli xotirjam bo‘lmaydi. Shuning uchun erining topgan aqchasi xotinning buzuq orzulariga xizmat etmoqdan boshqa narsaga foydasi tegmaydi».

O‘zbeklarimizda qiz bola ta’riflanganda «onasi o‘pmagan», «qand qog‘ozga o‘ralgan» degan juda shirin, nozik iboralar ishlatiladi. Bunda uning nafaqat jismi-joni yot, begona nigohlardan saqlanganiga ishora, balki xulq-atvori, odobi, ichki go‘zalligi nuqsonsiz ekanidan ham xabar beriladi. Xo‘sh, endi o‘zingiz ayting-chi, yarim yalang‘och, aji-buji kiyingan «zamonamiz malikalari»ni «qand qog‘ozga o‘ralgan» desa bo‘ladimi?!

Risliqxon Majnunova,
«Fikrat» jurnalining 2007 yil 1-sonidan olindi.

MUTAXASSISLAR FIKRI

Leonid Kitayev-Smik – Rossiya Fanlar akademiyasi madaniyatshunoslik instituti katta ilmiy xodimi:
– Ayollarning yalang‘ochlashuvi erkaklar uchun halokatlidir, chunki erkaklarga xos kasalliklarning asosiy qismi uning shahvatini qondirmaslikdan kelibchiqadi. Mana, masalan, u ko‘chada, ishxonada kindigini ochgan, yarim yalang‘och ayolga ko‘zi tushdi, deylik. Bu uning shahvatini qo‘zg‘aydi, hirsini junbushga keltiradi, ammo uni qondirishning iloji yo‘q. Yoz faslida bu holat kuniga bir necha bor takrorlanadi. Qo‘zg‘olish ko‘p, ammo qondirish yo‘q. Va shu tariqa jinsiy bezlarning yallig‘lanishi, jinsiy ojizlik (impotensiya) yuzaga keladi. Fikrimcha, agar ayollar hayoliroq bo‘lishganida muammolar (shu jumladan, demografik ham) kamroq tug‘ilar edi. Ayollar badanini hammadan yashirib yuradigan musulmon mamlakatlarda erkaklar kasallikka ancha kam chalinishadi. Musulmon xalqlarda ayolning hatto qo‘lini ochib yurishi ham uyat sanaladi. Shuning uchun ularni berkitishga buyurilgan. Shunday ekan, oyoq va qorinlarni ochib yurish haqida gap bo‘lishi mumkinmi?
(«AiF», 27,2006)

Yuliya Shigaryova, «AiF» muxbiri:
– Moskvalik qizlar qanday kiyinayotganini ko‘rib, butun Rossiya aql bovar qilmas jinsiy xastalikka mubtalo bo‘lgan, degan xayolga borasan, kishi. Bu birinchi navbatda qizlarning qornini ochib yurishida ko‘rinadi. Vaholanki, dunyoning bironta ham mamlakatida bunday kiyinishmaydi.
(«AiF», 28,2006)