Davron Oripov. Baqqon tutgan qizaloq

http://n.ziyouz.com/images/limuzin.jpg

“Zamonaviylik” soyasida qolayotgan ayrim urf-odatlarimiz xususida mulohaza

Quda-andalar qo‘shni viloyatdan edi. Tushga yaqin ular o‘tirgan to‘y karvoni karnay sadolari yangrab turgan hovli darvozasiga kelib to‘xtadi. Mehmonlarning izzat-hurmatini joyiga qo‘yish uchun oldindan tayyorlangan kayvoni ayollar odatdagidek ota-bobolar udumini bajarishga kirishadi.

Momolardan biri isiriq tutatilgan idishni kuyov navkarlar, qudalar atrofida aylantirib, ins-jins, balo-qazolarni “daf” qiladi. Yana birovi qudalarning yelkasiga oqlik sepadi.

Kuyov jo‘ralardan biri noxos jahl­ga minadi. Qayrilib, qudalar yelkasiga oqlik sepayotgan momoni jerkib tashlaydi. Nariroqda kelayotgan, egniga ko‘zni qamashtiruvchi yaltir-yultir ko‘ylak kiygan mehmon ayol esa: “Bo xudo, farosatdan ham berib qo‘ygan ekan-da, ko‘rmayapsizmi, yap-yangi ko‘ylakni un sepib rasvo qilay dedingiz-a, qay go‘rdan chiqqan odat bu?”, deya bobillab berdi. Noiloj ahvolda qolgan kayvoni kampir: “Axir odatimiz shunaqa-da, quda”, de­yishga arang ulgurdi.

Hammasidan oshib tushgani keyinroq, kelin-kuyov mashinaga o‘tirib, to‘y karvoni qishloq yo‘liga chiqqanda ro‘y berdi. Bezatilgan oppoq mashinani bir-biriga bog‘langan shohi belbog‘li arqon bilan to‘sib chiqqan ikki qizaloq kelinning tog‘asidan “kelin haqi” hadyasini olish umidida oldingi o‘rindiqda o‘tirgan amakiga jilmayib boqishadi. Biroq mashinadan tog‘a emas, balki allaqachon shirakayf bo‘lib qolgan kuyov jo‘ra tushib keladi: “Bunisi yana qanaqa odat, sal bo‘lmasa arqon mashina bezaklarini dabdala qilib qo‘yardi, qani yo‘qollaring bu yerdan”, deya qizaloqlarning qo‘lidagi shohi belbog‘li ar­qonni olib uloqtiradi. Avval qishloq to‘ylarida bunaqa beboshlikni ko‘rmagan qizaloqlar gap nimada ekanligini anglab yetguncha, to‘y karvoni qishloq yo‘lini changitib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi…

Yaqinda o‘tgan qiz uzatish marosimida kuzatganlarim — ushbu voqealarni o‘zimcha tahlil qilarkanman, beixtiyor 30-40 yil avvalgi shu kabi to‘y-marosimlar ko‘z o‘ngimdan o‘tadi. Ularda xalqimizning o‘ziga xos odati, udumlariga qay tariqa amal qilingani-yu, umuman, zamonasozlik bahonasida ming yillardan buyon avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bu udumlarning yo‘qolib ketayotgani haqida mushohada yuritaman.

Millatni millat qilib ko‘rsatadigan, uni bor bo‘y-basti bilan namoyon qiladigan asosiy unsurlardan biri — milliy urf-odat, marosimlar ekanligini yaxshi bilamiz. O‘zbekona umummushtarak urf-odatlarni-ku qo‘yib turaylik, hatto har bir qishloq, ovul va tumanlarning o‘ziga xos, bir-birini takrorlamaydigan urf-odatlari mavjudki, ular xalqimizning boshqa xalq, millatlar naz­dida ko‘z-ko‘z qilishga arzigulik bebaho nomoddiy boylik, madaniy va ma’naviy merosi sifatida xal­qaro tashkilotlar, dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Faqat keyingi paytda “zamonaviylik” balosi bu urf-odatlarning ancha-munchasini “yutib” ketayotgani ham bor gap.

Ko‘hna Surxon vohasi o‘ziga xos to‘y udumlari, marosimlarga boy. Uzoq yillardan buyon avloddan-avlodga o‘tib, sayqallanib kelgan bu udumlarning har birini o‘z ma’no-mohiya­ti, mazmuni mavjud.

Surxondaryoda fotiha to‘ylarida, shuningdek, qiz uzatish marosimlarida kelin xonadoniga tashrif buyurgan qudalar, kuyov jo‘ralar yelkasiga oqlik belgisi sifatida un sepish odati keng tarqalgan bo‘lib, bu odatga vohaning deyarli barcha hududlarida birdek amal qilinadi. Ikki xonadon quda-andalik rishtalarini bog‘lash, ikki yoshning boshini qovushtirish arafasida ushbu odatning bajarilishi zamirida quda-andalar ko‘ngli undek pok, oq bo‘lsin, degan ma’no mujassam. Pok ko‘ngil bilan boshlangan ish esa odatda hamisha xayrli bo‘lgan.

Qiz uzatish to‘y marosimlarida “baqqon tutish” eng ajoyib udumlardan biri bo‘lib, bugungi kunda ushbu odat deyarli yo‘qolib bormoqda. Hozirgacha saqlanib qolgan tog‘ qishloqlarida ham ba’zan bu odatni, ayniqsa, yoshlar kelin-kuyovning oldini to‘sib chiqib nimadir ta’ma qilish sifatida talqin qilishadi. Vaholanki, yaqin-yaqinlargacha vohaning barcha hududlarida amal qilingan ushbu udum o‘ziga xos mazmunga ega bo‘lib, uning kelib chiqishi haqida xalq orasida bir qancha rivoyatlar mavjud. Shu o‘rinda o‘sha rivoyatlardan birini keltirishni lozim ko‘rdik.

Aytishlaricha, bir qishloqning nuroniy oqsoqoli bo‘lib, qishloqdagi har bir to‘y-maraka, marosimlar uning yo‘rig‘i bilan o‘tkazilar ekan. Ayniqsa, bu ovuldan boshqa qishloqqa qiz uzatilsa, kelinni albatta oq otga o‘tqazishib, kuyov yetagida qishloqni aylanib chiqishgandan keyin ularga oq fotiha berilgan. Kelin-kuyovni qishloqdan chiqish joyida albatta o‘sha oqsoqol kutib olib, kelin o‘tirgan ot jilovini tutib, ularni to‘xtatgan, ya’ni kelin-kuyovning yo‘lini “to‘sgan”. Kelinni birga kuzatib ketayotgan padarvakil — tog‘a shu qishloqda unib-o‘sgan qiz uchun oqsoqolga “haq” — niyat qilgan narsasini tortiq etgan. Shundan so‘ng oqsoqol qishloqdan chiqquncha otni o‘zi yetaklab, yoshlarni oq fotiha bilan kuzatib qo‘ygan.

Hozirgi kelinlar, albatta, zamonaviy mashinalarda kelishi allaqachon urfga aylangan. Biroq yaqin-yaqingacha ham ota xonadonidan chiqayotganida kelinni tog‘asi, agar tog‘asi bo‘lmasa, amakisi kuzatib borgan. Oldinda o‘tirgan tog‘a o‘zi bilan turfa hadyalar olishi shart bo‘lgan. Negaki, yangi xonadonga yetib borguncha kelin-kuyov oldini to‘sib chiqqan baqqon tutuvchilarga tog‘a yaxshi niyat qilib, to‘y hadyalarini ulashgan. Baqqonni har kim istagan joyda tutishi erkin bo‘lgan, bunga na kuyov jo‘ralar, na tog‘ayu ammalar e’tiroz qilishga haqli bo‘lgan. E’tiborlisi shuki, tog‘a ulashadigan hadyalar ichida kelin bola shaxsan o‘z qo‘li bilan to‘qigan ro‘molcha va qiyiqlar ham bo‘lgan. Baqqon tutgan yosh-yalanglar bizni ham shu kunga yetkazsin, deya kelin tomondan berilgan hadyalarni yaxshi niyatlar bilan saqlagan.

Afsuski, bugungi to‘ylarda kelinni tog‘alar emas, balki mast-alast kuyov jo‘ralar kuzatib borishi urfga aylanayotgani yana bir o‘zbekona to‘y-udumlarining “zamonaviylik” soyasida qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Men hali shu paytgacha qiz-yigitning ota-onalari ishtirokida tanishuv marosimini hayotda ko‘rmaganman, birovdan ham eshitmaganman. Uzoqqa bormaylik, 4-5 yil muqaddam Surxondaryoda “qizlar bazmi” udumi bo‘lmagan. Avvaliga kelin dugonalarining shunchaki, to‘y oqshomidan bir kun oldin bo‘ladigan uchrashuv-gurunglari alal-oqibat “kim o‘zar” bazmiga aylanib ketdi. Achinarlisi shundaki, ushbu bazm oqshomida kuyov bola o‘z o‘rtoqlari bilan kelib ishtirok etishi, hatto qaynota-qaynonasi bilan davraga kirib raqsga tushishidek bachkana hol ommalashib ketayotganiga jamoatchilik, mahalla-ko‘y tomoshabin bo‘lib turibdi, xolos. Vaholanki, bizda azaldan to‘ygacha kelin-kuyovlarning har ikki tomon quda-andalariga ko‘rinmaslik, ya’ni yuz ko‘rsatmaslik kabi sharqona hayo, ibo, odob-axloq me’yorlarini saqlay bilishi majburiy bo‘lgan. Kuyov bilan yuz ko‘rishish kelinni olib chiqish oldidan, qaynona-qaynotalar tomonidan tayyorlangan sarpolarni tantanali ravishda kiygizish bilan amalga oshirilgan. Kelin bilan “yuz ko‘rishish” esa to‘y oqshomidan ke­yin, ertalabki kelinsalom vaqtida bo‘lgan. Shungacha kelin-kuyov qaynota-qaynonalari, qaynilariga ko‘rinish berishi, ya’ni “qochmasligi” uyat, odobsizlik sanalgan. Endi bir tasavvur qiling, “qizlar bazmi” oqshomida kayfi taroq bo‘lgan kuyov bola o‘z qaynota-qaynonasi bilan raqsga tushsa, ertasi kelin bolani olib ketish uchun borganda bajariladigan to‘y udumlariga biror-bir ma’no-mazmun qolarmikan?

Albatta, bir maqola orqali to‘y marosimlarida amal qiladigan barcha urf-odatlar haqida fikr yuritish imkoni bo‘lmagani bois, ularning ba’zi birlari haqida, xususan “zamonaviylik” bahonasida sof milliy udumlarimizni boy berayotganimiz xususida mulohaza va e’tirozlarimizni baholi qudrat bayon etishga harakat qildik. Shularsiz ham sho‘ro zamonida ateizm bulog‘idan zaharlanib, qanchadan-qancha urf-odatlarimiz, ayniqsa, to‘y-marosimlarimizni yo‘qotganimizni yoddan chiqarmaylik, deyman. Mustaqillik tufayli o‘zligimizga qayt­gan ekanmiz, demak, ajdodlardan meros bo‘lib kelgan, hatto biz uchun ahamiyatsizdek tuyulgan urf-odatlarimizni saqlashga harakat qilaylik. Zamonaviylik o‘z yo‘lida, istaymizmi-yo‘qmi, u biz bilan, bizning har bir kunimiz bilan birga qadam tashlayveradi. Biz bilgan va bilmagan milliy urf-odatlarimiz esa har bir zamonda qayta sayqallansin, millat boyligi, tarixning bo‘lagi — zarrasi sifatida bizdan keyingi avlodlarga ham o‘taversin.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).