Dunyo qadim-qadimdan Sharq ayollarining odob-axloqi, urf-odatlariga havas qilib kelgan. Havas qilishganicha ham bor-da! Axir, dunyo tamaddunining yuksalishiga munosib hissa qo‘shgan, o‘z zakosi ila nomi tarixga yozilgan va hanuz barchani hayratlantirib kelayotgan ne-ne allomalarni dunyoga keltirgan, tarbiya qilgan zotlarga kim ham havas qilmaydi?! Aslida, ayol bo‘lib yaralmoqning o‘zi – baxt. Ayniqsa, bugun mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularning salomatligini asrash, ijtimoiy faolligini kuchaytirish kabi masalalar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Biroq, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, shunday xotin-qizlar ham borki, gohida ularning nojo‘ya qadami ko‘ngilga tegadi, kishida nafrat uyg‘otadi. Turmush zarbalariga chidab, yo‘l topib yashayotganlarni ko‘rib, yashashga rag‘batingiz oshsa, umr yo‘lining sinovlariga yengilib, o‘z mas’ulligini unutayotganlarga qarab, afsus bilan bosh chayqaysiz. Bugun texnika jadal sur’atlarda rivojlanayotgan, “ommaviy madaniyat” o‘z ta’sirini o‘tkazishning turfa usullaridan foydalanayotgan zamonda salgina e’tiborsizlik, ehtiyotsizlik tufayli ayrim ayollar, qizlar pok sha’nlariga dog‘ tushirib qo‘ymoqda. Dastlab zamonaviy bo‘lamiz deb yengil-elpi kiyinishga o‘tdik, endi esa ba’zi opa-singillarimiz uchun tamaki chekish va spirtli ichimliklar ichish ham uyat bo‘lmay qolyapti.
Bir to‘ydagi ikki fojia
1. Universitetni bitirish arafasida bir dugonamiz uzatildi. Chekka qishloqqa to‘yga bordik. Borishga bordig-u, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealarga guvoh bo‘ldik. Biz o‘zimizcha aroqni faqat shahardagi, g‘arbona hayot tarziga taqlid qiluvchi opa-singillarimiz ichishadi, deb o‘ylab yurarkanmiz. Bu to‘ydagi manzaralar esa…
Chog‘roqqina to‘yxona. Qishloqlik ayollarning samimiyligidan, soddaligidan zavq olib o‘tiribmiz. Kun sovuq, ko‘nglimiz issiqqina choydan bo‘lakni xohlamaydi. Bir payt yonimizda o‘tirgan ayol:
– Qanaqasidan ichasizlar? Boshlanishiga qizilidan quya qolay-a?! Kun sovuq, sal qizib olinglar, – dedi-da, javob kutmay vino ocha boshladi. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: – Kelinning dugonalari poytaxtdan kelgan – “nozik mehmon-da”.
Ko‘pincha “nozik mehmonlar” uchun spirtli ichimliklar qo‘yishadi. Demak, bizning stolga ham shu ma’noda turli “oq va qizil choy”lardan tortishgan.
– Uzr, biz ichmaymiz. Olib qo‘ysangiz ham bo‘ladi, – dedik xijolat bo‘lib.
– O‘zim o‘rgilay sizlardan, poytaxtdan kelasizlar-u, mehmon bo‘lmay ketasizlarmi? Mehmon – atoyi Xudo. Kelin-kuyovning baxti uchun qittak-qittak olasizlar-da endi, tortinmanglar.
Ayol dugonamizning baxti uchun piyola ko‘tarishimizni iltimos qilib, biz esa uzr so‘rab charchadik. Axiyri ayol qovog‘ini uygancha taslim bo‘ldi. “Xayriyat, endi shishalarni olib qo‘yishadi”, deb turgandik, vaziyat boshqacha tus oldi. Endi bizdan boshqalar piyola urishtirishdi. Qarasak, piyolalarning jarang-jurunggi qo‘shni stollardan ham eshitila boshladi. Ustma-ust tilak bildirishdi, bir piyolani ikkinchisiga ulab ichishdi. Ular bizning borligimizni ham eslaridan chiqarib qo‘yishgandi. Ro‘paramda o‘tirgan ayolning bolasi borligiga endi e’tibor qilibman: qorni ochqab, yig‘i boshladi. Ona esa qo‘lidagi piyolani oxirigacha simirdi-da, bir yashar atrofidagi bolasining og‘ziga ko‘krak soldi…
2. Nihoyat oq libosda tovlanib, davraga kelin kirib keldi. Chiroyli tilaklar bildirildi. O‘yin-kulgi avjiga chiqdi. Davrada xirom etayotgan raqqosaning u yoqdan-bu yoqqa pildirab muqom qilishi shundoq ham omonat o‘rnimizdan betoqat qila boshladi. U negadir ayollar tomonga emas, erkaklar davrasiga qarab o‘ynar, ularning qarshisida o‘zini ming maqomga solardi. Erkaklar uzatgan piyolalarni ketma-ket ichar, uzatilgan pullar kayfiyatini ko‘tarar, o‘ynar, yana ichardi. Raqqosa gandiraklab-gandiraklab, o‘ynolmay qoldi. So‘ngra o‘tirib, erkaklar bilan teppa-teng ichib, davrani “qizitish”ga kirishdi…
Ko‘nglimiz xira tortib, shu kuniyoq izimizga qaytdik…
Ayollar nega ichadi?
Kasallikning turi ko‘p. Dard bir tanada bo‘lsa, bir kishini qiynaydi. Yuqumli kasallik esa qanchadan-qancha insonlarning umriga xavf soladi. Shunisi ham borki, kasallik birinchi navbatda immun tizimi past kishilarni tanlaydi. Yomon illatlar ham yuqumli kasallikka o‘xshaydi. Atrofdagi irodasi sust kishilarni o‘z domiga tortadi.
Erkaklarning spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishiga ko‘zimiz o‘rganib qolgan. Biroq poyida jannat bo‘lgan onalar – ayollar va qizlarning ichkilikka ruju qo‘yishi, mast-alast holda yurishi, oqibati xunuk hodisalarning yuzaga kelishi kishini o‘yga toldiradi. Chunki ayol – jamiyat davomchisi. Uning jismonan va aqlan sog‘lomligi kelajakni belgilaydi. Tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir oyda uch marta alkogol ichuvchi onadan tug‘ilgan bolada alkogolga 47 foiz, agar ota ham ichsa, 60 foiz moyillik bo‘larkan. Demak, eng dahshatlisi, ichuvchi ota-ona bo‘lajak ichuvchini dunyoga keltirisharkan. Frantsuz shifokori Demmening ichkilikka ruju qo‘ygan oilalarda o‘tkazgan tadqiqoti natijasi shu bo‘ldiki, ichuvchi ota-onadan dunyoga keladigan bolalarning 10 foizi epilepsiya, 10 foizi miya shikastlanishi, xotira sustligidan aziyat chekarkan.
«Erkaklarning spirtli ichimliklar iste’mol qilishiga ko‘zimiz o‘rganib qolgan», derkanmiz, ularni hech oqlamoqchi emasmiz. Chunki ichkilikboz erkaklar tufayli oilalarda, jamiyatimizda ro‘y berayotgan ko‘ngilsizliklarni yaxshi bilamiz. Ammo ayol spirtli ichimlikka ruju qo‘ysa, bundan-da xunuk, ta’bni tirriq qiluvchi manzaralar yuzaga keladi. Axir, dag‘al matoga uncha-muncha dog‘ tegsa, balki sezilmas, lekin oppoq, harir matoga igna uchiday gard qo‘nsa ham, hammaning nazariga tushadi. Ayol tiynati, sha’ni ana o‘sha nurday toza harir matoga o‘xshaydi. Shunday ekan, savol: ayollar nega spirtli ichimlik iste’mol qiladi?
Dildora, 28 yoshda: – O‘qituvchiman, turmush o‘rtog‘im ham mas’ul lavozimda ishlaydi. Tug‘ilgan kunlar va bayramlarda oilaviy bordi-keldilarimiz ko‘p. Mehmondorchiliklarda davradoshlarning yuzidan o‘tolmay bir-ikki marta vino, konyak ichdim. Qarasam, kayfiyatim ko‘tarilyapti. Ba’zida turmush o‘rtog‘im bilan uyda aroq ichishga odatlandim. Kayfim tarqagach, “Nega ichdim?” deb yuragim siqiladi. Gap-gashtaklarda yana ko‘ngil o‘lgur tinchlik bermaydi.
Vazira, 26 yoshda: – Turmush o‘rtog‘im bilan bir sinfda o‘qiganmiz, sevishib turmush qurganmiz. Qizimiz tug‘ilgach, ishlash uchun Rossiyaga ketdi. Dastlab pul yuborib turdi, keyin puldan ham, o‘zidan ham darak bo‘lmadi. Qishloqda uning Rossiyada uylanib olgani haqida mish-mish bolaladi. Men esa ishonmadim. To‘rt yil deganda kirib keldi. U o‘zgargandi. Yig‘lab-siqtadim. Hammasini tan oldi: uylanib olgan ekan. Erimni olib qololmadim, ota-onasini aldab, iziga qaytdi. Dardim ichimda, ko‘nglimni hech kimga yora olmayman. Kinolarda ayollarning o‘z dardini aroq bilan yengillatganini ko‘rgandim, men ham ko‘nglimni “shisha”ga ochdim. Bora-bora ichib olib, qaynota-qaynonam bilan janjallashadigan, baxtsizligimga ularni ayblaydigan bo‘ldim. Oqibatda ne-ne orzular bilan qadam qo‘ygan qadrdon hovlimdan haydaldim. Erim bir yildan so‘ng tavbasiga tayanib qaytdi. Hayotimiz izga tushib ketdi, biroq boshqa farzand ko‘rolmayapmiz. Ichkilikning oqibatidan bo‘lsa kerak, deb o‘zimni kechirolmayman.
Adolat, 22 yoshda: – Ichaman, lekin nega ichishimni o‘zim ham bilmayman. Esimni tanibmanki, otam ham, onam ham ichadi. Kun bo‘yi ishda, gohida kech qaytishadi. 16 yoshimda xolalarimning qizlariga qo‘shilib chekib ko‘rganman. Asta-sekin tug‘ilgan kunlarda icha boshlaganman. Ota-onam biladi, lekin bilmaslikka oladi…
Muhimi – birinchi qadamni qo‘ymaslik
Yana bir tur ayollar borki, ular vino qon ko‘paytiradi, aroq shamollashlarning oldini oladi, infektsiyalarni o‘ldirib, ichaklarni tozalaydi, deb o‘z qilmishlarini oqlaydilar. Biroq spirtli ichimliklarning inson salomatligi uchun xavfini sanasangiz, quloqlariga olmaydilar. AQShda, oz miqdorda alkogol mahsulotlari ichib turish yurak faoliyati uchun foydali, degan qarash mavjud. Biroq amerikalik tibbiyotchilar o‘z xulosasiga asoslanib, bu noto‘g‘ri ekanligini isbotladi. Shifokorlarning tadqiqoti “Journal of the American Heart Association” jurnalida chop etildi.
Har kuni 10 gramm alkogol ichish yurak bo‘lmasi fibrillyatsiyasi rivojlanishi xavfini 5 foizga orttiradi. Qo‘shimcha har 10 gramm spirtli ichimlik ichgan odam yuragining chap bo‘lmasi 0,16 mm. ga kengayadi. Tadqiqot mualliflari 5220 respondentni o‘rgandi. Ularning 54 foizi ayollar bo‘lib, o‘rtacha yoshi 56 ni tashkil etdi. Tadqiqot qatnashchilari elektrokardiografik tekshiruvdan o‘tkazildi. Olti oy mobaynida o‘tkazilgan 17659 tekshiruvdan 1088 holatda yurak bo‘lmasi fibrillyatsiyasi aniqlandi.
Nargiza Bobojonova, Toshkent shahar narkologiya dispanseri vrach-narkologi, psixo-terapevt:
– Bugun ayollar o‘rtasidagi alkogolga mutelik 22-42 yoshni tashkil etadi. Spirtli ichimliklar iste’mol qilish yosh yoki jins tanlamaydi. Ayollarni ichishga majbur qiluvchi asosiy sabab – muammolarni unutish istagidir. To‘g‘ri, spirtli ichimlik qabul qilingandan so‘ng eyforiya holatida muammolar unutilgandek bo‘ladi, lekin uning ta’siri ketishi bilan – yana o‘sha hayot… Erkaklarga nisbatan ayollarning “ichuvchi” bo‘lib qolishi osonroq. Buning evaziga boshqa muammolar yuzaga keladi: oilaviy janjallar, xiyonat, farzandlariga ruhiy va jismoniy shikast yetkazish, qo‘qqisdan jinoyat qilib qo‘yish. Eng yomoni, alkogol salomatlikka jiddiy zarar yetkazib, bir martagina berilgan imkoniyat – yashash imkoniyatini boy berib qo‘yish ham mumkin. Spirtli ichimliklar iste’moli nerv to‘qimalarini parchalaydi, yurakni yog‘ bostiradi, jigar tsirrozi, gastrit, oshqozon-ichak yarasi, buyrak hujayralarining o‘limi, modda almashinuv jarayonining buzilishi, reproduktiv faoliyat susayishi, achinarlisi, nosog‘lom avlod tug‘ilishiga olib keladi. Alkogol oshqozonga tushgach, me’da shirasining ko‘proq ajralishiga sabab bo‘ladi. Agar och qoringa ichilsa, bir necha soniyada ichakka yetib boradi. Yo‘g‘on va ingichka ichak orqali qonga so‘rilib, qon oqimi orqali butun organizmga, hatto suyak va yog‘ to‘qimalariga singadi. Shuningdek, markaziy nerv sistemasiga ta’sir ko‘rsatib, to‘qimalarni halok qiladi. Shu ta’sir tufayli ruhiy salomatlikka putur yetkazadi. Alkogol miyadagi ochlik markaziga ta’sir qilib, ma’lum bir vaqt mobaynida ochlik hissini yo‘qotadi. Shuning uchun ichgan odam “ochqamaydi”, biroq foydali ozuqa yetishmasligidan darmoni qurib, holdan toyadi.
Ayollarning spirtli ichimliklarga bog‘lanib qolishi o‘ta achinarli holat. Tasavvur qilib ko‘ring: bir oilaning qizi, bekasi, kelini yoki quda-andasi shisha to‘qishtirib ichib o‘tirsa… G‘arb mamlakatlarida bu odatiy holdir, biroq biz o‘zligini qadrlaydigan, diyonatli xalqmiz. Turmushning issiq-sovug‘iga bardoshli, irodasi kuchli ayol zotining bu illat domiga osongina tushib qolayotgani xatarli. Bunday jamiyatda axloqsizlik urchiydi, ma’naviyat inqirozga yuz tutadi. Alkogolga qaram ayolning hayoti betartib bo‘la boradi, obro‘si to‘kiladi.
Alkogol baribir o‘z ishini qiladi. Bu yo‘l – xatarli. Tarbiyali, irodasi mustahkam ayol bu yo‘lga birinchi qadamini qo‘ymaydi.
Olmaning tagiga olma tushadi
Dilorom opa yoshligida shunchaki erining esini kiritib qo‘yishni istardi, xolos. Bo‘lgan, bo‘lmagan sabablar tufayli eri bilan janjallashar, alamini aroqdan olardi. Erning toqati toq bo‘lgach, oila buzildi. Endi battar ichkilikka ruju qo‘ygan Dilorom qizining ta’limi tugul, tarbiyasi bilan ham qiziqmadi. U ichdi, ichaverdi, yillar o‘tib bo‘y yetgan qizi Dilshodani begona erkaklar ostonasiga tashlab ketguniga qadar ichdi. Shu onda ona ichishni tashlashga qasam ichdi, astoydil davolanishga ahd qildi. Biroq boshi berk ko‘chaga kirib qolgan qiziga yordam berish uchun kech edi. U ko‘chadan anchagina “ulfatlar” orttirishga ham ulgurgandi.
Bu so‘nggi pushaymoni o‘zining dushmaniga aylangan bir onaning qismati. Uni qanday yupatishni ham bilmaysiz. Chunki ne-ne orzular bilan dunyoga keltirgan jigarbandining kelajagiga o‘zi soya soldi. Donishmand xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, “Bir bolaga yetti mahalla – ota-ona”, “Arpa ekib, bug‘doy kutma” kabi naqllar bor. Farzand tarbiyasi ona qornidanoq boshlanishiga ishora qiluvchi qanchadan-qancha hikoyatlar, ertagu rivoyatlarni o‘qiganmiz.
Bola – ota-onaga tutilgan oyna kabidir. Bu borada otalarga qaraganda onalarning vazifasi mas’uliyatliroq. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: “Tug‘ilijak zurriyodingiz uchun munosib onani tanlang!” deb bejiz aytmaganlar. Zero, ayolning ma’rifatli va tarbiyali bo‘lmog‘i, har bir qadamini o‘ylab bosishi jamiyat yuksalishining kafolatidir.
Erkaklar nega jim?
Azal-azaldan bizda erkaklar ulug‘langan. Xotinlar erini, qizlar otasini payg‘ambarday hurmat qilgan. Hech bir ish otaning iznisiz qilinmagan. Xotin-qizlar noto‘g‘ri so‘z aytib yoki nojo‘ya ish qilib qo‘ysa, oila boshlig‘ining tanbehidan cho‘chib, ehtiyot bo‘lib turishgan. Xo‘sh, hozir-chi? O‘sha biz malomat qilayotgan ichuvchi opa-singillarimizning otasi, eri, aka-ukasi yo‘qmi? Yoki ular o‘z qizlari, umr yo‘ldoshlari, opa-singillarining spirtli ichimlik iste’mol qilishini bilmaydimi? Afsuski, ko‘pchiligi bilishadi. Bilishadi-yu, yo o‘zlarini bilmaslikka oladilar yoki bu holni aytarli illat, nuqson deb hisoblamaydilar. Hatto o‘z xotini bilan bemalol to‘qishtirib ichuvchi erkaklarimiz ham talaygina. Shunday ichkilikbozlikka mukkasidan ketgan, arog‘u vinosiz bir kun ham yasholmaydigan erlar ham borki, iloji boricha xotinini ham o‘ziga ulfat qilib olishga urinadi: ana shunda xotinimning diydiyosidan qutulib, qulog‘im tinch bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Erlik, otalik mas’uliyatini sharobga qo‘shib simirvorishgan ular.
Har bir spirtli ichimlik ichuvchi ayolning ortida kamida bitta mas’ul erkak bor. Toki erkaklarimiz o‘z ayollari, qizlarining hayosi, iffatini qat’iy qo‘rimas ekan, salgina erkinlikdan boshi aylanib, sarxush bo‘layotgan opa-singillarimizga ko‘zimiz tushaveradi.
Xulosani tezroq chiqaraylik!
Biz keltirgan misollar, ming afsus bilan aytish kerakki, katta fojea. Ularga o‘xshash yoki o‘xshamaslik esa o‘zimizning qo‘limizda. Zero, vrach-narkolog, psixo-terapevt Nargiza Bobojonova ta’kidlaganidek, “Ayol bir ishga shunchaki kirishmaydi, astoydil kirishadi. O‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishmaguncha harakatdan to‘xtamaydi. Uning tabiati shunday. Ayol bir adashdimi, uning to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi qiyin. Chuqurlashib ketaveradi-ketaveradi. Chunki uning tabiati shunday”.
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 7-son