Yoxud ko‘ngil ila kalomning qog‘ozdagi zohiriy shakliga e’tiborsizlik oqibatlari haqida
Unutilmas saboq
O‘shanda 1974 yilning kuzi, aniqrog‘i, endigina maktabni bitirib, tuman gazetasida ishlayotgan kezlarim edi. Bir safar ilg‘or mexanizator haqida maqola yozish yuzasidan topshiriq oldim. Shunga ko‘ra, yig‘im-terim avjiga chiqqan dalaga bordim, mexanizatorni ish ustida uchratib suhbatlashdim. Hatto, traktorchilikdan xabarim borligi bois, unga qo‘shilib mashinada paxta terdim. Keyin shu asosda lavha yozdim. U gazetaning shanba sonida chop etildi.
Albatta, bu men – boshlovchi jurnalist uchun katta yutuq edi. Ammo quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi. Dushanba kuni ertalab xonada ishlab o‘tirgandim, eshik shahd bilan ochildi-yu, ostonada qahramonim ko‘rindi. U men bilan nomigagina so‘rashdi-da, qo‘qqisdan muddaoga o‘tdi.
– Hov, uka! – dedi ko‘zlarimga qattiq tikilarkan, zardali ohangda. – Men otim Itolmas ekanligini aytgandim, sen nega Yetolmas deb yozding? Xo‘sh, nimadan quruq qolar ekanman?..
Kutilmagan savoldan avvaliga esankirab qoldim, so‘ngra oldimda turgan gazetaga shosha-pisha ko‘z yugurtirdim. Qarasam, ismi rostdanam Yetolmas yozilibdi. Uni kim, qachon o‘zgartirganini bilolmay, tasodifan xonaga kirgan bo‘lim mudiriga iltijoli boqdim.
– Ha, tinchlikmi? – Bo‘lim mudiri mexanizatorga yuzlandi. Uning dardini eshitgach, masalaga oydinlik kiritdi. – Ayb bu yigitda emas, – dedi menga ko‘z qirini tashlab. – Aslida sizning ismingiz eskicha va nojoizroq ekan. Shuning uchun gazetaga qo‘l qo‘yishdan oldin muharrir bilan maslahatlashib, sal o‘zgartirdik.
– Nega?!. – Mexanizator battar jahl otiga mindi. – Axir, eskichami-yangichami, yoqimlimi-yoqimsizmi, bu rahmatli ota-onam qo‘ygan ism-ku! Ular mendan oldingi besh farzandi turmagani uchun shunday qarorga kelishgan. Bu bolamiz yashab qolsin, uni Xudo o‘z panohida va yomon ko‘zlardan asrasin, loaqal it ham daxl etolmasin degan ma’noda shunday yo‘l tutishgan. Sizlarga birovning otini buzib yozishga kim huquq bergan? – U bir zum to‘xtab nafas rostlagach, piching aralash so‘zida davom etdi. – Unda, ana, bir hamqishlog‘imning ismi forschada Zarima, o‘zbekchasi – “past, tuban, yomon”, ehtimol, uniyam o‘zgartirib berarsizlar?!.
Xullas, Itolmas aka uzoq tortishdi. Oxiri bizni tavbamizga tayantirib, uzr so‘rattirdi.
Bu voqea men uchun bir umrlik katta saboq bo‘ldi. Shu-shu mudom odamlar ismini to‘g‘ri va to‘liq yozishga, mazmuniga e’tibor berishga odatlandim. Keyinchalik republika miqyosidagi nufuzli gazetalarda ishlagan chog‘larim ayni mavzuda birmuncha chiqishlar qildim. Eng muhimi, ismlarga qiziqqanim sayin barchasi o‘ziga xos teran ma’no va “tarjimai hol”ga egaligini chuqurroq anglay boshladim.
Ismlar tarixiga bir nazar
Odamga ot qo‘yish dastlab qachon va qayerda paydo bo‘lganini aniq aytish qiyin. Ammo bir narsa tayin: ismlar chaqaloqqa ota-onasi, yaqin qarindoshlari, tabarruk keksalar tomonidan beriladigan, uni oilada, avlodlar o‘rtasida va turli davralarda boshqalardan farqlash imkonini yaratadigan omil bo‘lib, muayyan sabablar negizida shakllangan. Zahmatkash olim E.Begmatovning uqtirishicha, barchasi estetik va etik tamoyillar, insoniy orzu-istaklar, tasavvur va dunyoqarashlar, milliy qadriyatlarga uyqashib ketgan. Ularga, ayniqsa, dinlar kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, yakkaxudolikka asoslangan xristianlik vujudga kelgach, unga oid muqaddas kitoblar va risolalar majmuasi – Bibliyada tilga olingan payg‘ambarlar nomlari talay xalqlarda ommalashgan. Markaziy Osiyoga xos ko‘hna ismlar esa debochasiga ko‘proq mardlik va jasurlikni bildiruvchi ramziy tushunchalar orqali ifodalangan. Islom dini kirib kelgach, musulmoncha otlar keng tarqalgan. Aksariyati Allohning go‘zal ismlaridan hosil qilingan yoki payg‘ambarimiz nomlari hamda ilohiy e’tiqodlarga daxldor arabcha kalomlardan kelib chiqqan.
Asrlar osha ism qo‘yishning turli rasm-rusm va udumlari qaror topgan. Ajdodlarimiz har bir odam o‘z nomiga o‘xshaydi, bolaning sog‘lig‘i, kelgusi hayoti va baxti uning ruhiyatini ifodalovchi, xulq-atvori va taqdiriga ta’sir ko‘rsatuvchi ismiga aloqador bo‘ladi deb bilishgan. Nasllari davomchilariga ularni g‘ururlantiradigan, bamisoli husndek yaxshi otlar tanlab, to‘liq va chiroyli talaffuz qilishgan. O‘zgalar ismini chala-yarim aytishni yoki dilga og‘ir botguvchi laqablar to‘qishni odobsizlik hisoblashgan. Zero, hadisda ham “Kimki birovni o‘z nomi o‘rniga laqab bilan chaqirsa, uni farishtalar la’natlaydilar” deyilgan.
Shubhasiz, ismlardan ayrimlari holat, vaziyat, tabiat hodisalari, chaqaloq tug‘ilgan vaqt, kun, fasl va bayram-tantanalarga qiyoslangan. Ba’zan oilaning to‘ng‘ich farzandi Muqaddam, ikkinchisi Soniya, to‘rtinchisi Robiya yoki Chori, beshinchisi Panji deb atalgan. Otasi keksayganida tug‘ilganlarga Oltmishboy, Yetmishboy, Saksonboy, To‘qsonboy, ota yoki onasi vafot etgan go‘dakka Yodgor, har ikkisidan ayrilganiga Yetim ismi qo‘yilgan. Haftaning musulmon olamida muborak sanalmish oltinchi kunida dunyoga kelganlarga Juma, Jumaqul (Allohning shu kuni tug‘ilgan bandasi), Jumanazar (juma tuhfasi), Jumagul (guldek suluv qiz), Odina (xosiyatli kunda tavallud topgan bola), omad yor va to‘y-tomoshali paytda, bozor kuni, erta yoki avji ko‘klam hamda Yilboshida tug‘ilganlarga Mavlud(a), Muqaddas, yaxshi fazilatlar va baxt-shodiyonalar egasiga aylansin degan niyatda “ali”, ”xon”, “jon”, “bek”, “boy”, “oy”, “qul”, “gul” qo‘shimchali Xosiyat, Xurram, Xursand, To‘ychi, Shodiyor, Shodmon, Bozor, Navbahor, Bahor, Navro‘z ismlari berilgan. Nurafshon kechada ingasi yangragan qizaloqlarga iqboli porloq bo‘lishini istagan holda Oydin, oqshomgi savsan yoki nilufar gulidek barno, tun go‘zali va yog‘dusi mazmunida Layli otlari tanlangan.
Hijriy yil hisobidagi oylar nomi ham ko‘pincha ism vazifasini o‘taydi, yuqoridagi kabi qo‘shimchalar esa ularning mazmunini kuchaytiradi. Masalan, “Qurbonali”, “Safarali” va “Hayitali”ning zamirida yangi mehmon buyuk kuch-qudrat, yetuk aql-zakovat sohibi bo‘lib kamol topsin degan ezgu tilak mujassamlashadi. “Qurbonnazar” unga Yaratganning nazari tushganini, “Hayitmurod” faraxbaxsh onlarda farzand ko‘rish orzusi ushalganini, “Hayitgul” va “Safargul” chiroyli-zebo qizni bildiradi. “Navbahor” ko‘klam boshida bizga zurriyot nasib etdi, “Bahor” bola fasllar kelinchagidek go‘zal-barno, fayzli-tarovatli bo‘lsin degan ma’noni anglatadi.
Ko‘pchilikka ayon irimlarga ko‘ra, oilada qizlar ko‘payaversa, endi bas, yetar, navbatdagisi o‘g‘il bo‘lsin degan umidda Basanda, O‘g‘iloy, O‘rilshod, Kifoyat, Ziyoda, bordi-yu, bolalar o‘lik tug‘ilaversa yoki hayal o‘tmay nobud bo‘laversa, keyingisi yashab qolishi, umri uzoq bo‘lishi ilinjida Yashar, Turdi, Turg‘un, Tursun, O‘lmas, To‘xtasin, Qo‘ysin, Omon, Eson o‘zakli ismlar loyiq ko‘rilgan. Uzoq orziqib kutilgan, iltijo va nazr-niyozlar evaziga kutib olingan kichkintoylarga Xudoyberdi, Egamberdi, Olloberdi, Berdimurod, Orzumurod, Tilov, Murod, Otaniyoz, Ismoil, Manzura, Marg‘uba, Matlub(a), Maqsud(a), Nazir(a), Umid(a), Umidulloh, Ruqiya, Xumor, Munojot, Iroda, Muyassar, Shavqiya, Intizor ismlari ma’qul deb topilgan. Oddiy xoli bor farzand otiga shu so‘zdan, agar xol qizil bo‘lsa “Nor”dan so‘ng “bek”, “boy”, “oy”, “dor”, “mirza”, “murod”, “muhammad”, “mo‘min”, “toji”, “beka”, “bibi” so‘zlari qo‘shiladi yoki Tojimurod, Tojixon Xolida, Bibixol, Ro‘zixol, Norqobil, Norxol, Anor(a), Gulinor otlari yasaladi. Badanida biron belgisi, juft yoki ortiqcha a’zosi mavjud chaqaloqqa Nishon, Qo‘shoq, Ortiq, Qo‘chqor ismlari beriladi. Ayni chog‘da, Nishon otadan belgi, Ortiq tug‘ilgan bolalar yetarli, Qo‘chqor farzandimiz shu jonivordek kuchli bo‘lsin ma’nolarini ham beradi.
Yana bir qiziq holat: muqaddam uyda tug‘ilgan chaqaloqlardan ayrimlarining kindigi mehnat yoki jang qurollari yordamida kesilgan. Shunga binoan, ular Bolta, Tesha, O‘roq, Qilich ismlarini olishgan. Qolaversa, bola kelgusida xuddi shu asboblardek o‘tkir-keskir yoki turli-tuman noyob metallar va qattiq jismlardek mustahkam irodali, qadr-qimmati va mavqei baland bo‘lsin degan umidda ularga Temir, Po‘lat, Toshmurod, Toshpo‘lat, Toshqul, Tilla, Oltin, Olmos, Yoqut, La’l, Suhrob, Kumush, Dinora ismlarini ham ravo ko‘rishgan. Qog‘onoq, ya’ni homila pufagi yorilmay tug‘ilganini Parda, tishi borini Bo‘ri, kindigiga o‘ralib tushgan jingalaksoch mittivoyni O‘rol, sochi o‘ralib tug‘ilgan chiroyli “holva”ni Zulfiya deyishgan.
Ismlarga taalluqli bunaqa ajoyib-g‘aroyib dalillarni istagancha keltirish mumkin.
Familiya va ota ismi xususida
“Familiya” asli lotincha so‘z bo‘lib, bizning tilimizda “oila”ni bildiradi. U qadimgi Rimda qarindosh-urug‘lar va qullardan iborat xonadonning xo‘jalik-huquqiy munosabatlarini o‘zida jam etgan. Hozir esa familiya o‘zgartirilganda, nikoh tuzilganda, bola tug‘ilganda yoki farzandlikka olinganda qabul qilinadigan va nasldan-naslga o‘tadigan oilaviy nom sanaladi. Odatda shaxs ismiga qo‘shilib kelib, uning naslini anglatadi.
Ilk familiyalar ularni bola tug‘ilgan yoki “nasliy merosi” joylashgan maskan nomiga nisbatlash yo‘li bilan yasalgan. Bu usul G‘arbiy Yevropada XV asrdan e’tiboran joriy etilgan va asosan yuqori tabaqa orasida tarqalgan. Bizda esa ilgari hozirgi ko‘rinishdagi familiya bo‘lmagan. Faqat VI-VII asrlardan ota ismi ortidan “o‘g‘li”, “qizi”, keyinchalik ularning “ibn”, “binti” kabi arabcha muqobillari qo‘llanilgan. Sharq fan-madaniyati namoyandalari esa turli narsalar va sifat-xususiyatlarga, hayot tarzi yoki qismatiga ishora sifatida (Navoiy, Lutfiy, Bobur, Munis, Zavqiy, Gadoiy, Uzlat, Furqat), tug‘ilgan yoki turarjoyi, mashg‘uloti-yu kasbi (Buxoriy, Koshg‘ariy, Nasafiy, Xorazmiy, Yassaviy, Gulxaniy, Charxiy) va boshqa omillarga qarab, o‘zlariga taxallus tanlashgan yoki olishgan.
O‘zbekcha ism-shariflar o‘tgan asr boshlarida ham asosan Falonchi Pistonchi o‘g‘li yoki qizi tarzida yuritilgan. Gohida ziyolilarning ota ismiga “zoda”, “iy”, “viy”, “iya”, “viya” qo‘shish orqali ism, familiya yoki taxallus yaratilgan. Ba’zan hech qanday qo‘shimchasiz farzand va ota ismi ketma-ket yozilgan. 30-yillar o‘rtasi va 40-yillarda -ov, (-ova), -ev (-eva) hamda -ovich (-ovna), -evich (-evna) qo‘shimchalari ko‘magida familiya va ota ismi yasash qonunlashtirilib, boshqa barcha milliy-mahalliy shakllarini rasman yozish taqiqlangan. Bu tartibga Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) va pasport bo‘limlarida qat’iy rioya qilingan.
Til – tafakkur mahsuli, so‘z esa uning ko‘rki!
Eng achinarlisi, sho‘rolar zamonida o‘zbekcha-musulmoncha otlar tarkibidagi “shoh”, “bek”, “to‘ra”, “eshon”, “xo‘ja”, “said”, “mir”, “boy”, “abdu”, “qul”, “begim”, “oyim”, “bonu”, “otin” so‘zlari eskilik sarqiti yoki diniy aqidaparastlikka yo‘yildi va kishi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘pincha tushirib qoldirildi. Ustiga-ustak, aksariyat go‘zal-pur’mano ismlarimizni ruschada nechog‘li buzib talaffuz etishsa, shundayligicha yozishlar avj oldi. Alaloqibat, ular Abыd, Aman, Astan, Arыp, Akil, Adildjan, Altibay, Altыnbek, Davkara, Kurban, Kadыr, Nadыr, Kushak, Karabay, Giyas, Ilyas, Gani, Gayrat, Gulyam, Gapur, Gappar, Sadыk, Rafыk, Xadji, Tadji, Redjab, Muxamed, Kabul, Shadman, Yadgar, Patta, Faragat, Ugilay, Kunduz singari masxaraomuz shaklga kelib, jozibasini yo‘qotdi. Buyam yetmaganday, ayrimlari mustabid mafkura nuqtai nazaridan batamom teskari talqin qilindi. Masalan, azaliy arabcha ismlar sirasiga kiruvchi “Shokir”ni olaylik. Uni o‘zbekchaga o‘girsak, “shukur qiluvchi”, “yaxshiliklarni biluvchi”, “minnatdor inson” degani bo‘ladi. Dahriylar esa unga mutlaqo boshqacha mazmun berib, o‘z nazdilarida olamshumul “kashfiyot” yaratdilar. Ishonmasangiz, eshiting, men bir vaqtlar “Turkiston” gazetasining 1924 yilgi 8 sentyabr sonidagi “Inqilobiy ism” sarlavhali xabarda quyidagi satrlarni o‘qiganman:
“Toshkent Eski shahar birinchi raykom yoshlar uyushmasining Minor yangi shahar yacheykasi qaysi kundagi majlisida komsomol a’zosi Saidahmad Mavlon o‘g‘lining bolasiga ot qo‘yish masalasini qarab chiqib, unga Shokir ismini berdi. Bu inqilobiy so‘z-iboralardan qisqartirib oling‘on bir ismdir. “Sharq”dan “Sh”, “Ozodlik”dan “O”, “Karl Libknext”dan “K”, “Inqilob”dan ”I”, “Roza Lyuksemburg”dan “R” harflari olinib, “Shokir” yasalg‘ondir”.
O‘sha davrlarda yo‘qsillar daholarining otlari yoki ularning bosh harflaridan tashkil topgan, inqilobiy o‘zgarishlarni madh etuvchi, xalqimiz tili va ruhiyatiga yetti yot begona ismlar ham paydo bo‘lgan. Ularni-ku, mayli, yaqin o‘tmishning ham kulgili, ham achinarli qora dog‘lari deylik. Ammo bugun tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 25 yil to‘layotganiga, Istiqlolni qarshilaganimizga 23 yildan oshganiga qaramay, hali-hanuz Boboyevni Babayev, Yoqubovni Yakubov, Ortiqovni Artыkov, Soatovni Sagatov, G‘oyibovni Gaipov, Qosimovni Kasыmov, Tog‘ayevni Tagayev, Xoliqovni Xalыkov, Xoltoyevni Xaltayev, Qozoqboyevni Kazakbayev, Xolto‘rayevni Xalturayev, Qulto‘rayevni Kulturayev ko‘rinishida yozishlar davom etayotganini, kishini noqulay ahvolga solib qo‘yadigan bir qancha ism-familiyalar hamon hujjatdan-hujjatga, nashrdan-nashrga ko‘chib yurganini qanday izohlaysiz? Gapimga qo‘shilmasangiz, do‘st-birodarlaringiz va yaqinlaringiz pasporti yoki guvohnomalarini sinchiklab o‘qing. Jilla qursa, o‘zbekcha gazeta-jurnallarimizga birrov nazar tashlang. Ularning sahifalarida ham shunday holatlar ko‘p kuzatiladi. Qizig‘i, jurnalistlar xatoni tuzatishga chog‘lanishsa, mualliflar ko‘nishmaydi. “Men bu maqolani ish hisobotimga qo‘shib topshiraman. Undagi ism-familiyam pasportdagisi bilan bir xil bo‘lmasa, inobatga olinmaydi!” deya rad etishadi.
Holbuki, joriy qonunlarimizda muayyan sabablarga ko‘ra familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish, yoqimsiz yoki millatga nomunosib bo‘lsa, ularni milliy-tarixiy an’analarga monand qilib yozdirishdan tashqari, noaniqliklar va imloviy xatolarni to‘g‘rilash ham mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Bu ish talabgorning yashash joyidagi yoki dalolatnoma yozuvlari saqlanayotgan hududdagi FHDYo bo‘limi tomonidan Oila kodeksi, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari va FHDYo organlarida ish yuritish tartibi haqidagi yo‘riqnoma asosida amalga oshiriladi.
Bundan hammamiz yaxshi xabardormiz. Shunday esa-da, ba’zilarimiz negadir otimiz, familiyamiz va otamiz ismi bitigidagi qusurlarni yo‘qotishga, qachonlardir yo‘l qo‘yilgan, uzoq yillardan buyon g‘ashga tegib kelayotgan lug‘aviy-imloviy puturotlarni bartaraf etishga qunt-hafsala qilmayapmiz. O‘z ism-sharifimizni, nasl-nasabimiz va sulolamizni or-nomus darajasida qadrlashni, ularning musaffoligi uchun qayg‘urishni o‘ylamayapmiz. To‘g‘ri, ushbu jarayon unchalik oson kechmaydi ham. Unga jazm etgan kishi, avvalo, allaqancha joydan qo‘shimcha ma’lumotnoma va dalolatnoma keltirishi lozim. Keyin esa, ma’lumoti va ixtisosi haqidagi shahodatnomasi-yu diplomiga, harbiy biletiga, nikoh pattasi-yu mehnat daftarchasiga, uyi, oila a’zolari hujjatlariga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarurati tug‘iladi. Aks holda, ular rasman tan olinmaydi, bir-biriga mos tushmasa, qonuniy hisoblanmaydi. Mahalla, qishloq fuqarolar yig‘inlari, FHDYo va pasport bo‘limlarida esa yangi hujjatlarni avvalgisi bo‘yicha to‘ldirish an’anaga aylangan. Inchunin, bu idoralar xodimlari xato, nuqson va chalkashliklarni o‘z tashabbuslari bilan tuzatishga jur’at etisholmaydi. Qarabsizki, hammasi eski tos, eski hammomligicha qolaveradi.
Qandayligidan qat’i nazar, biz erinchoqlik qilmasligimiz kerak. Negaki, ilgari erkimiz qo‘limizda emasdi, ism-sharifimizni aslicha yozishni talab qilsak, millatchiga chiqarilishdan qo‘rqardik. Endi bu borada hadik-xavotirga zarracha o‘rin yo‘q. Eng muhimi, rasmiy hujjatlarimiz bizning Mustaqil O‘zbekiston fuqarosi ekanligimizni, millatimiz, kasb-korimiz, lavozim-vazifamizni tasdiqlovchi asosiy manba hisoblanishini teran tushunishimiz zarur. Ayni chog‘da, barcha so‘zlar qatori har qaysi ismda ham bir ramz-hikmat borligini, aqalli bitta harfi yozilmay qolsa yoki o‘rni almashib ketsa, tub mazmun-mohiyatiga jiddiy putur yetishini zinhor-bazinhor unutmasligimiz darkor.
Binobarin, ezgulikning erta-kechi, savobli ishning katta-kichigi bo‘lmaydi! O‘zligini anglagan, ajdodlari nomini ulug‘lagan, nasl-nasabini e’zozlagan, milliy tili va yozuvini asrab-avaylagan kishi hech qachon afsus-armonda qolmaydi!
2014 yil