Said Ahmad. “Vaqt“ning tug‘ilishi (1969)

(Bir she’r tarixi)

Butun ilhomini, talantini, bilimu bilag‘onligini xalqiga, xalqining orzu-umidlariga bag‘ish­lamagan yozuvchi chinakam xalq yozuvchisi bo‘lolmaydi.
Ajoyib so‘z san’atkorlari qoldirgan meros – badiiy adabiyot xazinasiga ko‘z tashlasak, butun umrini xalq manfaatlari yo‘lida sarflagan katta talantlarni ko‘ramiz.
G‘afur G‘ulom ana shunday benazir san’atkor edi. U biron daqiqa xalqidan chetda, xalqining niyatlaridan uzilib qolmadi.
Men mana shu hamisha faxr-g‘urur bilan tilga olinadigan zukko san’atkor bilan o‘ttiz yildan ortiq yonma-yon bo‘lganimdan hamisha faxrlanib yuraman.
G‘afur G‘ulom mening ko‘zim oldida juda ko‘p she’rlar yozgan. Faqat o‘zbek adabiyotidagina emas, Umumittifoq adabiyotida ham faxrli o‘rin olgan yetuk she’rlar yozilayotganda birga edim.
Adabiyotimiz tarixini yaratishda har birimiz, ulug‘ voqealar guvohi bo‘lgan kishilarni, qaytarib bo‘lmas daqiqalarni qog‘ozga tushirib qoldirishimiz kerak.
(Bu o‘rinda o‘zbek romanchiligini boshlab bergan Abdulla Qodiriy romanlari qay tariqa yaratilgani haqida adibning o‘g‘li Habibulla Qodiriy maqolalari juda yaxshi ish bo‘lganligini eslatib o‘tmoqchiman).
Biz yosh yozuvchilar G‘afur G‘ulomdan, Oybekdan, Abdulla Qahhordan, Shayxzodadan ta’lim olganmiz. Ular bilan birga safarlarda bo‘lganmiz, ularning ijodxonalariga kirganmiz. Suhbatlarida qatnashganmiz.
Demak, biz shu muhtaram adibu shoirlarimizning xotirasi oldida qarzdormiz. Ularning ijod jarayonlarini, xususiyatlarini yozishimiz, xalq og‘ziga tushib ketgan qo‘shiqlari, har bir xonadonning mulki bo‘lib qolgan kitob­lari qay tariqa yaratilganligini tarixda qoldirishimiz kerak.
Men G‘afur aka bilan uzoq yillar ota-boladek birga bo‘lganim, beqiyos go‘zal, serma’no she’rlarining yozilishida yonida yurganim uchun ham bu zukko shoirning ijod jarayonini yaxshi bilaman.
Ma’lumki, har qanday o‘tkir shoirning ham hamma yozgan yaxshi, a’lo she’rlari orasida uning butun ijodiy kuchini, san’atkorlik cho‘qqisini belgilab beradigan bir necha she’rlari bo‘ladi.


Men G‘afur G‘ulomning ana shunday she’rlaridan “Turksib yo‘llarida“, “Sog‘inish“, “Sen yetim emassan“, “Vaqt“, “Qozoq elining to‘yi“ va “Alisher“ degan she’rlarini bilaman.
Bu she’rlar haqida vaqti-soati bilan gaplashamiz. Hozir men juda mashhur bo‘lib ketgan “Vaqt“ she’rining yozilishini aytib bermoqchiman.
Urush tugagan yilning kuz oylari edi. 1945 yilning o‘n sakkizinchi sentyabri bo‘lsa kerak. O‘sha paytlarda men “Qizil O‘zbekiston“ (hozirgi “O‘zbekiston ovozi“) gazetasida feletonchi edim. O‘sha kuni ertalab ishga kelishim bilan muharrir chaqirdi. U menga G‘afur akadan bir she’r undirishimni tayinladi.
– G‘afur aka bilan gaplashdim, ilhom parisi kelsa, yozaman, deyap­tilar.
G‘afur aka meni “ilhom parisi“ deb atardi. Chunki men tahririyat topshirig‘i bilan u kishidan ko‘p she’rlar undirganman. Ikkovimiz ham tez til topishib ketardik. Boshqa odam borsa, gap gapga qovushmay, she’r unmay qolardi. Shuning uchun ham she’r zarur bo‘lganda meni yuborishardi. Darrov G‘afur akaning uylariga telefon qildim.
– Xabarim bor, – dedi G‘afur aka. – Peshindan keyin kel. Kechgacha men bilan valaqlashib yursang, she’r bo‘ladi, bo‘lmasa yo‘q.
Men rozi bo‘ldim. Tayinlangan vaqtda bordim. Domla uyda yo‘q ekanlar. Xonalariga kirib biron nima o‘qimoqchi bo‘ldim. Stol ustidagi bir taxta qog‘ozga mening suratimni chizib ikki yelkamdan kemtik qanot chiqarib qo‘yiptilar. Tagida shunday yozuv bor: “Ilhom parisi, men dorixonaga chiqib ketdim. Kelgunimcha uchib ketmagin deb qanotlaringni qirqib qo‘ydim. G‘afur akang“.
Shuni ham aytib qo‘yayki, G‘afur aka uncha-muncha o‘rtoqlik hazili suratlarini chizib turardilar. Ayniqsa Shayxzoda, Turob To‘la, Temur Fattoh, Mannon Uyg‘ur, ke­yin o‘zlarining suratlarini juda kulgili qilib chizardilar. Mening suratimni bo‘lsa ko‘z yumib chizardilar.
Domla o‘sha kuni meni kechgacha ovora qildilar. Fe’llarini bilganimdan xalaqit bermadim. Kech bo‘ldi. Qorong‘i tushdi. Domlaning she’r yozib berish niyati yo‘qqa o‘xshardi.
– Menga qara, – dedilar. – Ke, shu ishni ertaga qoldiraylik.
Men ko‘nmadim. Ertaga ertalab she’rsiz tahririyatga borsam, muharrir xafa qilishini aytdim.
– Azonda yozamiz. Bo‘ptimi? G‘afur G‘ulomning gapi bitta bo‘ladi. Tamom. Yaxshi she’r yozaman, degan shoir kechqurun palov yeb yotishi kerak. Hozir ikkovimiz osh qilamiz.
Ko‘nmay ilojim yo‘q edi. Oshdan keyin to yarim kechagacha Bedil o‘qib ma’nosini tushuntirib berar, afandi aytib kulardi. Bilib turibman, domla she’r yozish oldidan ruhini yengillatmoqchi, o‘ziga yaxshi kayfiyat yaratmoqchi. Yotish oldidan bilagidagi soatni yechib, ko‘zoynak taqib qaradi.
– Bo‘ldi, – dedi domla, qayta o‘rnidan turib. – She’r tayyor. Komil Aliyev shunday degan edi: “Sarlavhasi bilan tagiga yoziladigan o‘z noming naqd bo‘lsa, asaring bitdi deyaver“. She’rning nomi bilan tagidagi “G‘afur G‘ulom“ bitdi.
U kishiga savol nazari bilan qaradim.
– Jiyanim Hamidulla o‘tgan kuni shu soatni sovg‘a qilgan edi. Shu soatga bag‘ishlab she’r yozaman.
Boshqatdan kiyinib o‘tirib oldik. Men pastga tushib choy damlab chiqdim. Stolga choynakni qo‘ya turib qarasam, she’rning ikki satri yozilib qopti.
G‘uncha ochilguncha o‘tgan fursatni
Kapalak umriga qiyos etgulik.
Xayolini buzmaslik uchun choy quyib stol qirg‘og‘iga qo‘ydim. Qarab turibman, G‘afur aka o‘ylayapti. Ko‘zi goh shiftga tikilar, goh qoshlari chimirilib xuddi urishmoqchi bo‘lgandek menga yomon qarab qolardi. Bilaman, bunaqa paytda G‘afur aka qaragani bilan meni ko‘rmaydi. Xayolida yaratayotgan narsasinigina ko‘radi. Ruchkani siyohdonga zarda bilan botirdi-yu, yoza ketdi:
Gohida bir muddat olgulik nafas…
Bu satrni shoshib o‘chirdi-yu, boshqatdan yozdi:
Ba’zida bir nafas olgulik muddat
Ming yulduz so‘nishi uchun yetgulik.
Shundan keyin o‘chib qolgan papirosni so‘rdi. Gugurt chaqib qayta o‘t oldirdi-da, menga qaradi.
– Qalay? Mana buni G‘afurovskiy she’r deyiladi.
G‘afur akaning butun xususiyatlarini yaxshi bilib olgan edim. Shunaqa paytda maqtab qo‘ysang, ruhi ko‘tarilib ketadi-yu ajib bir g‘ayrat bilan ishga tushadi.
– E, qoyil qivordingiz, G‘ulomup aka.
– Jim tur, aralashma. Kelib qoldi.
Yana ruchkani olib bir oz o‘yladi-yu, juda ham tez yoza boshladi. So‘zlar qofiyasi bilan, vazni bilan, ma’nosi bilan quyilib kelardi. Ruchkani tez-tez siyohdonga botirib, bironta so‘zni ustidan o‘chirmay, ketma-ket o‘n ikki satrni dam olmay yozib bo‘ldi. Endi dam oladi deb o‘ylab nimadir demoqchi edim, qo‘lini siltab gapirtirmadi. O‘rnidan turib u yoq-bu yoqqa yurdi. Yana o‘tirdi, yana yozdi. Bu gal ikkita to‘rtlik yozdi. Qimirlagani qo‘rqaman. G‘afur akaning yomon odati bor edi. Biron narsani o‘zi buzib qo‘ysa ham, alamini boshqa odamdan olardi.
Stol ustidagi soat chiqillab turibdi. Sekin qaradim. To‘rt yarim. Tong otishiga hali ancha vaqt bor. Ishqilib she’r chala qolmasin-da, deb qo‘rqaman. Bu yog‘iga charchab qoldi shekilli, barmoqlarini shaqirlatib menga qaradi.
– Endi bo‘lar-a?
– Yo‘g‘-e, – dedim, – G‘afur G‘ulom bo‘laturib shunaqa kalta she’r yozasizmi? She’r degani gazetada bitta qaraganda ko‘rinadigan bo‘lishi kerak.
– Shoshma, hali aytadigan gap ko‘p.
Uy tutun bo‘lib ketgan edi. Derazani ochib shamollatdik. O‘zimiz boloxonadan pastga tushib hovlida aylanib yurdik.
Shahar jimjit. Tramvaylar ham yotgan. G‘afur aka papiros tutatib kuldi:
– Bu shoirlik ham ajib g‘alati hunar ekan-da. Odam bolasi borki, hammasi maza qilib uxlayapti. Biz magazin qorovulidek ko‘z yummaymiz.
Domlaning haziliga hazil qildim:
– Xo‘p, she’rni-ku siz yozasiz, ertaga pulini ham siz olasiz, men nima qilib yuribman.
– Senmi, sen… – dedi bir oz o‘ylanib G‘afur aka. – Sen bir vaqt kelib G‘afur G‘ulom qanaqa qilib she’r yozishini maqola qilib pul olasan. Mendanam senga maza.
Tong yorishay deb qoldi. Indamasam – she’r qolib ketadigan. Yuqoriga chiqishga qistadim. G‘afur aka ancha sovib qolgan ekan, ko‘ngli tilar-tilamas yuqoriga chiqdi.
– Ilhom parisi bo‘lgandayam judayam xira ilhom parisi ekansan.
Achchiq choydan keyin men yana qimirlamay o‘tiraman. G‘afur aka ruchkani qitirlatdi.
Tong yorishib birinchi tramvay o‘tganda she’rning oxirgi satri yozilayotgan edi. G‘afur aka allaqanday maza qilish bilan tagiga chizdi-yu, o‘rnidan turdi.
– Mana o‘qi.
– Yozayotganingizdayoq o‘qib qo‘yganman, – dedim.
– Bo‘ldi, tamom!
– Yo‘q, – dedim. – Tamom bo‘lgani yo‘q. Menga qarang, G‘afur aka. – Domlani jindek maqtab ishga solmoqchi bo‘ldim. – Navoiy ham, Mashrab ham, umuman, ilgarigi shoirlar she’rlarining oxiriga “ketur soqiy“ degan gap qo‘shib qo‘yardilar. Nima, G‘afur G‘ulomning o‘shalardan kamligi bormi?
G‘afur aka o‘ylanib turdi-da, darrov ruchkani oldi.
– G‘afur G‘ulomniki boshqacha bo‘ladi. G‘afur G‘ulomniki G‘afurovs­kiy bo‘ladi. – U shunday deb yozishga tushib ketdi. Birpasda oxirgi to‘rtlik bitdi.
Hayot sharobidan bir qultum yutay,
Kosani to‘ldirgin, umrzoq soqiy.
Quyosh-ku falakda kezib yuripti,
Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.
Shu bilan tong otar paytda G‘afur G‘ulom nomini juda uzoq ellarga olib borgan she’rga nuqta qo‘yildi. Bu she’r ulkan shoirning falsafiy qudratini, so‘z san’at­korligini, hayot hodisalarini nihoyatda chuqur bilishini namoyish qilgan edi.
Shuni ham aytib qo‘yayki, bu she’rni birinchi o‘qigan kishi Mannon Uyg‘ur edi.
O‘sha kuni she’r zavqi bilan G‘afur aka ertalab ham jindek mizg‘ib olmadi. Nari-beri choy ichishib ko‘chaga chiqdik. Hali vohli, idoralar ochilmagan. Beshyog‘ochdan piyoda ketyapmiz. O‘qchiga yaqin qolganda mutaxassislar uyi oldida to‘xtab, balkonda papiros chekib o‘tirgan Mannon Uyg‘urni chaqirdi. Og‘a pastga tushishi bilan salom-alik qilib o‘tirmay yonidan she’rni oldi-yu, o‘qib berdi.
Uyg‘ur og‘a G‘afur akaning fe’lini yaxshi bilardi. Mo‘ljaldan o‘tkazib maqtadi. Uning maqtovini eshitib xotirjam bo‘ldik.
Tahririyatga she’rni topshirib tinchigach, tramvay bekatiga kelganimizda G‘afur aka qo‘limni qattiq qisdilar.
– Rahmat, uka. Agar sen xiralik qilib turib olmaganingda, kim biladi, bu she’r yozilarmidi, yo‘qmidi.
Sal kunda she’r rus tiliga tarjima bo‘lib, “Pravda“da bosildi.
G‘afur G‘ulom nomini yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘targan “Vaqt“ she’ri shu tariqa ming to‘qqiz yuz qirq beshinchi yilning o‘n to‘qqizinchi sentyabr tongotarida dunyoga kelgandi.

1969 yil 5 fevral.