Nurali Qobul. Nurota kamalagi (Marmar voha) (1984)

San’atkorning marmar yordamida bezak berib bunyod etgan binolarini yozuvchining xalhqa manzur bo‘lgan romani bilan taqqoslash mumkin.

Gyugo

Rayonim Nurota tog‘lar orasi,
Otim Ergash Jumanbulbul bolasi…

Cho‘l bag‘ridagi chaman — Navoiy shahrini tark etib, bepoyon yaylovlar va tog‘lar osha ertaklarda madh etilgan turnako‘z buloqlar maskani Nurotaga kirib borar ekansiz, o‘zbek sovet adabiyotida ilk bor dohiy Lenin obrazini yaratgan o‘zbek sovet folklorining asoschilaridan biri, xalq baxshisi Ergash Jumanbulbulning yuqoridagi satrlari yodga tushadi. Bu satrlarni o‘qiy boshlaganimda hamrohimiz Shukur Nurboyevning ko‘zi yoshlandi. Yuraklari to‘lqinlanib ketdi. Hozir oblast televideniye va radioeshittirish davlat komitetining raisi bo‘lib ishlayotgan bu kamsuqum yigit mashhur xalq oqinining nevarasi. Bobosi haqidagi hech bir so‘zni hayajonsiz tinglay olmaydi.

— Xalq baxshisining shu so‘zlari rayon chegarasiga yozib qo‘yilsa yaxshi bo‘lar ekan-a, — uchrashganda fikr bildirdik Nurota rayon partiya komitetining birinchi sekretariga.

— Kishilar qalbiga borib yetmaydigan, ensani qotiradigan ancha-muncha shoirlardan voz kechishimiz kerak. Odamlarni bir zum bo‘lsa-da o‘ylantiradigan, yuragini to‘lqinlantiradigan so‘zlar va shiorlargina targ‘ibot-tashviqot ishlarimizda asqotadi, — bizni qo‘llab-quvvatlaydi sekretari.

Shu tariqa jahonga o‘zining bebaho marmari va qorako‘li (Buxoro qorako‘lining asosiy qismi o‘tmishda ham, hozir ham Nurotada yetishtiriladi) bilan mashhur Nurotaga safarimiz boshlanadi. Qo‘ychilik va marmar haqida gap ketarkan beixtiyor yodga shu rayon partiya komitetining sobiq birinchi sekretari, hozirda Navoiy oblast partiya komitetining ikkinchi sekretari bo‘lib ishlayotgan, cho‘pon farzandi Hojiqul Xudoyqulovning so‘zlari yodga tushadi.

— Dunyoda ikkita mutlaqo chiqitsiz ishlab chiqarish sohasi bor. Bu qo‘ychilik bilan marmar. Qo‘yning junidan tortib qiyigacha foydalanganimizdek, marmarning ushog‘igacha ishlatiladi. Shuning uchun ham Sharqda cho‘pon kasbidan baxt topganda va farzandi qo‘lidan olganda tayog‘ini o‘padi. Biz esa xalqimiz farovonligi, yurtimiz ravnag‘iga xizmat qilayotgan bu marmar tog‘lar va saxiy tabiatga qanchalik yaxshilik qilsak ham oz.

Ittifoqimizning qayerida marmar haqida gap ketmasin beixtiyor kamalakrang G‘ozg‘on marmari tilga olinadi. Darvoqe, bugungi kunda muhtasham Kreml S’ezdlar saroyidan tortib Praga metrosigacha (Moskovskaya stantsiyasi) sayqal topayotgan G‘ozg‘on marmariga talab kun sayin ortib bormoqda. Mutaxassislar fikricha bunday rang-barang marmar dunyoning hech bir burchagida yo‘q. Zapasi bo‘yicha ham G‘ozg‘on marmari dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

…Ming to‘qqiz yuz o‘ttiz to‘rtinchi yilda injener Ya. Luk tomonidan ishga tushirilib, ilk bor Moskva metrosi uchun mahsulot bergan G‘ozg‘on marmarining tarixi o‘tmish xalq sangtaroshligi va me’morchiligiga borib tutashadi. Negadir bu sehrli vohada ilk bor yoki birinchi degan so‘zga tez-tez duch kelasiz. Birinchi o‘zbek sovet haykaltaroshi g‘ozg‘onlik usta Abdurahim Turdiyev shogirdi Abdulla Hayitov bilan ilk bor dohiy Lenin obrazini yaratib Turkiston hukumatiga sovg‘a qildi. O‘rta Osiyoda sangtaroshlikni oliy san’at darajasiga ko‘tara olgan bu tengsiz xalq ustasi inqilobdan burun ham diniy xurofot va aqidalarga qarshi o‘laroq toshtaroshlik san’atining betakror namunalarini yaratdi. Usta o‘zini amir va beklardan olib qochib, oddiy xalqqa kerakli bo‘lgan buyumlar yasashni hayotning mazmuni deb bildi.

Bosmachilar birinchilar qatorida Sho‘rolar tarafiga o‘tib ketgan xalq orasida mashhur ustani kechira olmadilar. Yarim tunda Abdurahim ota uyiga bostirib kelgan jallodlar uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab hushidan ketgunga qadar do‘pposlashdi. Biroq, ular shu bilan kifoyalanishmadi. Yarim yo‘ldan qaytib kelib, miltiq qo‘ndog‘i bilan uning hamma tishini urib sindirishdi. Usta necha kun hushsiz yotganini bilmaydi. Voqeadan xabar topgan qo‘shnisi kelib uning yuziga suv sepib, o‘ziga keltiradi va qo‘l-oyoqlarini yechadi.

Endilikda xalq faxri va iftixoriga aylangan, usta Abdurahim Turdiyev qo‘lidan sayqal topgan Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa me’morlik ansambli va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek Davlat Katta opera va balet teatrining muhtasham binolari o‘lmas san’at va ezgulikning ramzi bo‘lib qad ko‘tarib turibdi.

G‘ozg‘on qishlog‘idagi qadimiy hovuzga suv marmardan ishlangan sher boshidan kirib, baliq og‘zidan chiqib ketadi. Leningrad safaridan so‘ng usta yaratgan bu asarlar o‘zining betakrorligi bilan kishini maftun etadi. Asarda sherdek mehnat qilib, baliqdek dam olaman degan ibratli xalq iborasi o‘z aksini topgan.

O‘tmishda va hozirda ham Kashkan tog‘idan nafis buyumlar yasashga qulay yupqa marmar olingan. Bu noyob marmardan har xil tovoqlar, bolalar o‘yinchoqlari va xotin-qizlar uchun bezaklar yasalgan. Bu an’anani endilikda tiklash va muvaffaqiyatli davom ettirish uchun barcha imkoniyatlar bor. Faqat mutasaddi o‘rtoqlarda istak va jonbozlik yetishmay turibdi.

Hozirgi kunda Buxoro tarixi muzeyining fondida saqlanayotgan besh yuzdan ortiq antiqa marmar laganlar, sandal ustiga qo‘yiladigan maxsus moslama, quvur va g‘aroyib tarnovlar sangtarosh, naqqosh, mashhur xalq ustasi Abdurahim Turdiyev ijodini chuqur o‘rganish, uning xotirasini abadiylashtirishimiz kerakligini taqozo etadi.

G‘ozg‘on qishlog‘ida o‘ninchi asr arxitekturasining ajoyib namunasi Shohimardon ota maqbara — machitini ko‘rganda avlodlar aql-zakovati va mehnatiga tahsin o‘qiysan kishi. Bu O‘rta Osiyoda Mavritaniya usulida qurilgan ilk me’morchilik obidasidir. Juda yirik marmar ustunlarga mutanosib ravoq va peshtoqlar… O‘rta Osiyoda bu usulda qurilgan yana bir obida Samarqand oblastining Sovetobod rayonidagi Arab ota ansamblidir. Marmar bo‘laklarini biriktirish uchun o‘tmish xalq ustalari jinchkon deya atalguvchi alebastrning antiqa bir turini qo‘llashgan. Toshkentdagi qator binolarga qoplangan marmar bo‘laklari ikki-uch yil o‘tmay ko‘chib tushyapti yoki marmar bo‘laklarining tutashtirilgan joyidan oqib chiqqan suyuqlikdan oppoq marmar xira tortib qolyapti. Mutaxassislarimiz jinchkonning tarkibini o‘rganib chiqib, Buxoro va Samarqand obidalarini ta’mirlash ishida va yangi qurilishlarda qo‘llasalar foydadan xoli bo‘lmas…

Usta Abdurahim Turdiyev Shohimardon ota obidasini bir necha bor restavratsiya qilib, qo‘shimcha kaptarlar uya quradigan peshtoqlar yasaydi. Biroq bu bebaho yodgorlikning bugungi ahvoli achinarlidir. Nurota rayon partiya komitetining tashabbusi bilan Shohimardon ota ansambli bazasida G‘ozg‘on marmari tarixi muzeyini tashkil etish masalasi ko‘tarilib, dastlabki ishlar amalga oshirilgandi. «Navoiymarmar» tashkiloti bo‘ysunadigan O‘zbekiston SSR sanoat qurilishi materiallari ministrligida bu ibratli maqsad uchun 175 ming so‘m mablag‘ ajratilib, respublika Madaniyat ministrligiga taqdim etilgandi. Sen solar, men solar, otga yemni kim solar, deganlaridek ikki ministrlik o‘rtasidagi ish o‘lda-jo‘lda qolib ketdi. Me’morlik obidasi esa ustalarimizning hayotbaxsh qo‘lini kutib yarim vayrona holida yotibdi.

— Buyuk ipak yo‘lining Karmanadan keyingi manzilgohi bo‘lgan G‘ozg‘on qishlog‘ining o‘zi o‘rta asr qishloqlarining bugungi kungacha yetib kelgan g‘aroyib namo‘nasidir. Bunday muzesh-qishloqlar Sharqda borgan sari kamayib boryapti. Qizig‘i shundaki, bu atrofda marmardan boshqa tosh yo‘q. Shuning uchun qishloq kishilari azal-azaldan qurilishda marmar chiqindilarini yoki boshqa jinslar aralashgan yarim marmar toshlarni ishlatishgan. Shu tariqa uzoq asr mobaynida bu yerda oppoq marmar qishloq bunyodga kelgan. Bu antiqa qishloqni bemalol turistik marshrutga kiritish mumkin. Bu masala ham bir ko‘tarilgan edi. Biroq, Shohimardon ansamblini ta’minlash muammosi muammoligicha qolib ketganligi tufayli bu ish ham suvga cho‘kkan toshdek o‘z-o‘zidan tinchib ketdi.

Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlab o‘tish joizdir. Allaqachon G‘ozg‘on qishlog‘ida rang-barang marmardan yodgorlik sovg‘alari ishlab chiqaradigan tsex tashkil etish kerak. Bu ish bilan faqat qishloq maktabining o‘qituvchisi Erkin Abdullayev boshliq o‘quvchi-sangtaroshlar shug‘ullanishadi. Maktab qoshida tashkil etilgan mo‘jazgina muzey bu sohada keng miqyosda ish olib borish mumkinligini, yosh sangtaroshlar faoliyatini xalq uchun g‘oyat zarur bo‘lgan maqsadlarga yo‘naltirish kerakligini taqozo etadi. Lekin bu ish bilan na respublika, na oblast va na rayon tashkiloti jiddiy shug‘ullanyapti.

Eramizning boshlaridayoq O‘rta Osiyoda — ilk bor Nurotada korizlar qazila boshlangan. Bu yerda jami 363 ta koriz bo‘lib, har bir korizda 100—250 tagacha quduq bo‘lgan. Bir-biriga tutashgan bu quduqlardan o‘sha paytda xalq dehqonchiligiga yetgulik darajada suv oqqan. (Hozir Nurotada suv yo‘qligi uchun butun boshli rayonda dehqonchilik qilinmaydi). 1960 yilga qadar bu korizlarning eng so‘nggilari tozalanib, ularning suvidan foydalanilardi. Endigi kunga kelib esa o‘sha 363 korizdan faqat bittasi — tashlandiq holdagi Kaltakorizdangina jildirab suv oqib turibdi. Qurilganiga qariyb ming yildan oshgan, Sharqda sug‘orish san’ati, dehqonchilik madaniyatining noyob namunasi bo‘lgan bu obidani muhofazaga olish, asrab-avaylash, uni avlodlar uchun saqlashni hech kim o‘ylab ko‘rmayotir. Rayon Soveti ijroiya komiteti oblastning «Navoiydrenaj» trestiga 810 metr uzunlikdagi Kaltakorizni rekonstruktsiya qilib, undan foydalanishga ko‘mak berishni so‘rab xat yozdi. Biroq, hali «Navoiydrenaj»dan hech qanday sado bo‘lmayotir. Uni rekonstruktsiya qilib foydalanish masalaning bir tomoni. Eng muhimi — Kaltakoriz sug‘orish san’atining noyob inshooti. Uning tevarak-atrofini maxsus devor bilan o‘rab, ibratli mehnat va san’at koshonasiga aylantirish haqida o‘ylash kerak. Tezda bu ishga kirishilmas ekan, Kaltakorizning suvi qurib, ko‘milib ketishi hech gap emas.

Iskandar Zulqarnayn bosqinchilarining izi qolgan Nur qal’asi Movarounnahr tarixining zarhal sahifalarini tashkil etadi. G‘oyat boy va serunum Zarafshon vohasi, ya’ni So‘g‘d hamda Buxoro yerlarining tevarak-atrofi tog‘lar bilan qurshalgan. Bu afsonaviy diyorga o‘tmishda ikki tomondan — Jizzax shahri yaqinidagi Temurlang darvozasi (xalqda Ilono‘tti ham deyiladi) va Nurota orqali kirilgan. Iskandar ham So‘g‘dga Nurota tizma tog‘lari orqali kirib kelgan va korizlar qurilishida xalqqa ko‘mak bergan. Shuning uchun ham bu yerdagi bir necha koriz Iskandar lashkarboshilari — Meri, Alpuxori, Ko‘nchi nomlari bilan yuritiladi. Zulqarnayn korizini bevosita uning o‘zi bosh bo‘lib qurdirgan deyishadi.

O‘trordan so‘ng Nur qal’asiga hujum qilgan Chingizxon ham bu jannatmakon yerda dam olib, o‘ziga kelgandan so‘ng Samarqand va Buxoroga hujum boshlagan.

Nur qal’asi o‘rtasida hukmdor yashaydigan Ark bo‘lgan. Qal’a atrofi pishiq loydan qilingan qalin g‘ishtin devor bilan o‘ralgan. Bu qal’ani zabt etish doimo dushman qo‘shinlari uchun qimmatga tushgan. Qal’a etagidagi g‘oyat sersuv chashma Nurotani obihayot bilan ta’minlovchi asosiy manba bo‘lgan.

O‘zbekiston Madaniyat ministrligining madaniy yodgorliklarni konservatsiyalash va restavratsiya qilish, loyiha-qidiruv ilmiy-tekshirish instituti xodimlari olib borgan ilmiy tadqihot ishlaridan so‘ng «Chashma va ark» tarixiy me’morchilik qo‘riqxonasini tashkil etish masalasini ko‘tarib chiqdilar va loyiha hujjatlarini tayyorladilar. Me’morchilik qo‘rihxonasi faqat sayyohlar tashrif buyuradigan joy bo‘lmaydi. Uning territoriyasi obodonlashtirilib, sharqona bozor va hunarmandchilik rastalari, dorivor o‘tlar bilan xarid qiluvchi do‘konlar, choyxona hamda sharqona restoran quriladi. Besh ming tomoshabinga mo‘ljallangan «Navro‘z» amfiteatrida xalq sayillari va turli sport musobaqalari o‘tkaziladi. (Bunday amfiteatr Zulqarnayn davrida ham bo‘lgan.) Chashma bo‘yidagi Chilustun va Gumbaz machitlarida o‘lkashunos hamda xadq amaliy san’ati muzeylari faoliyat ko‘rsatadi. Mehmonlar istasalar shinam mehmonxonada yoki o‘tovlarda yashashlari, hordiq chiqarishlari mumkin. Biroq, bu xayrli tadbir hamon qog‘ozda qolib ketayotir… Buning uchun jon kuydiradigan kishilar yetishmayapti shekilli.

Biroq Nurotaning shon-sharafi bo‘lgan G‘ozg‘on marmari problemasi bugungi kunning bosh masalasi bo‘lib turibdi. Bugungi kunda «Navoiymarmar» nomi bilan yuritiluvchi bu yirik korxonaga qarashli G‘ozg‘on, Nurota va Oqtov karerlari har yili iste’molchilarga 20 ming kubometr tayyor marmar bloklarini yetkazib berayotir. Sovet Ittifoqining o‘nlab markaziy shaharlaridagi qurilnsh ob’ektlari yiliga 60 ming tonna marmar ushoqlarini olmoqda.

Korxona boshlig‘i Nuriddin Egamov tashkilot ma’muriy binosidagi mo‘jazgina muzeyda yarqirab turgan to‘qqiz xil marmar plitasini ko‘rsatar ekan, «Italiya va Germaniya Federativ respublikasidan kelgan mutaxassislar bizning marmarni ko‘rib hayratdan yoqa ushladilar», deydi. E’tibor berib kuzatilsa, G‘ozg‘on marmarida uchramaydigan rangning o‘zi yo‘q. Nurota kareridan esa Italiyaning mashhur oq marmari bilan bellasha oladigan oppoq marmar olinayotir. G‘ozg‘on va Nurota marmariga ehtiyoj borgan sari kuchayib boryapti. Egamovning ish stoli ustidagi telegrammalarni o‘qiguncha charchab ketasiz.

«Moskva. 143/902 G‘ozg‘on. Shartnomadagi bloklarni tezda jo‘nating. Ishga tushiriladigan stantsiyada nsh to‘xtab qoldi.

Metromramor. Syupka.»

«Vitebsk. 15/4972 naryad bo‘yicha kelishilgan marmar ushoqlarini jo‘nating. Oziq-ovqat programmasi ob’ektlarida ish to‘xtab qoladi.

Uninchi qurilish tresti».

«Toshkent. «Navaimramor»ga, «Oltoypromstroymaterialov»ga 15/4985 naryad bo‘yicha ikki vagon marmar ushog‘i yuboring.

Uzminstroymaterialov. Vorobyov».

«To‘qmoq. Qirg‘iziston SSR. G‘ozg‘on. Egamovga. Marmar bloklarini kutyapmiz. Ish to‘xtab qolish xavfi bor.

«To‘qmoqstroymaterial». Babakov».

Bunday telegrammalarning keti uzilmaydi. Marmarchilarning esa qo‘li qo‘liga tegmaydi. Yiliga 20 ming kubometr marmar bloklari va 60 ming tonna marmar ushog‘ini avtotransportda Navoiy shahriga yetkazib, undan vagonlarga ortib tegishli adreslarga jo‘natishning o‘zi bo‘lmaydi.

Xo‘sh, bu yerda mehnat qanday tashkil etilgan? Ishlab chiqarish jarayoni qay yo‘sinda? Mehnatni tashkil etish partiya qo‘yayotgan dalablar darajasidami? Ishchilarning unumli mehnat qilishi uchun qanday sharoitlar yaratilgan? Fan va texnika yutuqlaridan o‘rinli va samarali foydalanilyaptimi? Korxonani zamonaviy asbob-uskunalar bilan rekonstruktsiya qilish masalasi qalay?

Bular haqida korxona bosh injeneri, o‘z ishining bilimdoni Abdumajid Abdurashidovning hikoyasini tinglash maroqli.

— Dunyoda eng katta marmar koni hisoblangan G‘ozg‘onda marmar qatlamlari yer tekisligiga nisbatan 35 gradus qiyalikda joylashgan. Shuning uchun bu yerda tosh kesish mashinalaridan foydalanishning iloji yo‘q. Men Italiyaning Karrara tog‘laridagi marmar konlarida bo‘lgandim. Ular shaxta usulida marmarni yog‘dek qilib sim arqonlar bilan kesib olishyapti. Sim arqonlarni biz ham sinab ko‘rdik. Bo‘lmadi. Bizda marmar qatlamlari orasida tuproq va boshqa tog‘ jinslari ko‘p uchraydi. Olimlarimiz yetkazib berayotgan texnikalar xorijlik hamkasblarimizniki bilan bellasha oladi.

Marmarni asosiy massadan ajratib olishda ishlatiladigan suyuqlik qozig‘i (NRS), KM—26 qurilmasi va 25 tonnagacha yuk ko‘taradigan o‘ziyurar kranlar mehnatimizni yengil qilayotir. Moskvadagi Butunittifoq qurilish materiallari va xom ashyo ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tavsiya etgan portlamaydigan, kengayadigan qorishma — NRS bizga juda qo‘l kelayotir. Bu suyuqlik ma’lum normada suv bilan aralashtirilib, parmalangan chuqurchalarga quyiladi. Besh soat chamasi vaqt o‘tgach, uning ta’sir kuchi boshlanadi. Jarayon 48 soat davom etadi. Bu moddadan havo temperaturasi 25 gradusgacha bo‘lganda foydalanish mumkin. Issiq paytda qo‘llanilsa, modda yon tomonga kengaymay portlab, otilib chiqib ketadi. Hozirgacha tajriba yaxshi natija beryapti. Shu kungacha besh tonna shu moddadan oldik, yana 1200 kilogramm jo‘natishdi. Lekin bizga ko‘proq kerak. Aks holda effekt aytarli bo‘lmaydi. Bizningcha, shu ixtiro o‘zini oqladi. Endilikda uni faqat laboratoriyalarda tayyorlamay, zavodini qurish kerak. Bu moddadan nafaqat kon sanoatida, juda ko‘p sohalarda samarali foydalanish mumkin.

Shu institut bizga jadal qazish dastgohini ham yetkazib berishi kerak (konstruktor V. M. Strunin). Sifatli parmalash, marmar bo‘lagini asosiy massadan ajratishda muhim ahamiyatga ega. Chunki yaxshi parmalangan massada mayda, ko‘zga ko‘rinmas yoriqlar paydo bo‘lmaydi. Bizda hozir parmalovchilar kechasi ishlay olmaydi. Bu apparatga programma berib, qo‘yilsa bo‘ldi, kechayu kunduz ishlayveradi. Faqat texnika nazorati yaxshi yo‘lga qo‘yilishi kerak. Italiyalik hamkasblarimizdan xarid qilgan Benetti va Pelligrini kranlari ham juda bizbop.

Kostromada ishlab chiqarilgan SMR—014 stanogi (olmos diski Belgiyaniki) yaxshi foydalanilsa bir kunda ming kvadrat metr tosh kesadi. Bizga ana shunday zamonaviy stanoklar kerak. Zavodimizda Toshkent tajriba mexanika zavodida ishlab chiqarilgan KRS—5 tosh kesish stanogi hamon ishlab turibdi. Fan va texnika taraqqiyoti shu darajaga yetgan bugungi kunda bunday ibtidoiy stanoklardan foydalanishga uyalasan kishi. Zavodga tashrif buyurgan mehmonlarga bu stanoklarni ko‘rsatish ham noqulay. Lekin bizga hamon xuddi shu stanokdan olishga majbur qiladigan o‘rtoqlar ministrligimizda yo‘q emas. Agar yana shu hol yuz beradigan bo‘lsa mehnat unumdorligi haqida og‘iz ochmasa ham bo‘ladi.

Darvoqe, G‘ozg‘on marmarchilarining dardi ko‘p. 1977 yildayoq G‘ozg‘onda karerlar ishini yaxshilash va kengaytirish uchun qariyb uch million so‘mlik proyekt-smeta hujjatlari tayyorlangandi. Leningraddagi tegishli institutlar tomonidan batafsil o‘rganilib tayyorlangan bu hujjatda G‘ozg‘on marmarining porloq istiqboli belgilab berilgan. Shundan so‘ng institut Nurota kareridan ham ilmiy-amaliy foydalanishning hujjatlarini tayyorlash SSSR va O‘zbekiston SSR sanoat qurilishi materiallari ministrliklari tomonidan mablag‘ ajratilmayotganligi tufayli bu istiqbolli reja amalga oshmay turibdi. Korxona har yili 1.125 ming so‘m sof foyda beradi. Yaqinda ajratilgan 220 ming so‘m mablag‘ga qurilish ishlarini bajaradigan, ishni sifatli uddalaydngan qurilish tashkilotini topish ham bir muammo bo‘lib turibdi.

Besh ming kishi istiqomat qiladigan marmarchilar shaharchasi, mana, necha yildirki, tabiiy gaz kelishini kutadi. Agar G‘ozg‘onga gaz olib kelinsa, bu yerda O‘rta Osiyoda eng sifatli ohak beruvchi zavod qurish imkoni tug‘iladi.

1970 yildan boshlab Nurota kareri g‘oyat tanqis oq marmar bera boshladi. Sutdek oppoq bu marmar jahon bozorida qimmat turadi. G‘ozg‘on maktabi an’analari asosida ochilgan Nurota karerida dastlab marmar ushoqlari ishlab chiqaradigan tegirmon qurildi. 1972 yildan boshlab esa bloklar bera boshladi. Nurota marmarining yaroqli plita chiqarish koeffitsiyenti yuksak. Boshqa marmarlarga qaraganda qattiq bo‘lganligi tufayli har qanday ta’sirlarga chidamli. Tarkibida temir moddasi kam bo‘lganligi uchun u «zanglamaydi», ya’ni yoriqlar paydo bo‘lmaydi. Bu marmarning o‘ziga xos yana bir tomoni shundaki, u o‘zidan quyosh nurini o‘tkazadi, shu bilan birgalikda quyosh nurini to‘sadi. Lekin qorong‘ilik hosil qilmaydi. Karerda yiliga 3200 metr kub a’lo sifatli oq marmar bloki ishlab chiqarilmoqda. 42 ming tonna marmar ushoqlari tayyorlanayotir. 1979 yili Nurota marmariga Davlat sifat belgisi berildi. Shu karerning filiali hisoblangan Qoramo‘la karerida ikki million kubometr marmar razvedka qilindi. Perspektivada 7800 kubometrli Oqtov kareri bor. Bu ham juda sifatli oq marmar. Oqtov karerini foydalanishga topshirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib turibdi. Nurota karerida nihoyatda og‘ir ish — marmar bo‘laklarini asosiy massadan ajratib olish qo‘lda bajariladi. Texnika kuchidan foydalanishni yo‘lga qo‘yish, karerni zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlashga ajratilgan katta miqdordagi pul ministrlik hisobidan bankka kelib tushmayotganligi tufayli bu borada hech bir siljish ro‘y bermayotir.

— Korxonani allaqachon o‘z hisob-kitobiga ega xo‘jalik hisobidagi tashkilotga aylantirish kerak edi, — deydi Nurota karerining boshlig‘i kommunist Shodi Fozilov. — G‘ozg‘on karerining soyasida qolib ketyapmiz. Har tomonlama yordamga muhtojmiz. Pulimiz yo‘q. Bizga qurilish uchastkasi kerak. Qoramo‘lada ushoq ishlab chiqaruvchi tegirmon qurishimiz kerak. Ishlab chiqarish jarayonini ko‘rdingiz. Eski usulda ishlayapmiz. Ministrlikdan esa faqat «Falon adresga falon tonna marmar yuboring» degan ko‘rsatma keladi.

— Hozir biz ishlayotgan tegirmonni zudlik bilan boshqa joyga ko‘chirish kerak. Sababi — tegirmon rayon markazining shundoqqina biqinida. Odamlar sog‘ligini o‘ylashimiz kerak, — suhbatga qo‘shiladi tsex partiya tashkilotining sekretari Rahmat Ostonov.

— Yana bir yoqa ushlaydigan voqea, — kuyib-pishib so‘zlaydi Shodi Fozilov. — Ilgari G‘ozg‘onda korxonamizning o‘z qurilish uchastkasi bo‘lib, bizning karerda ham uning filiali bor edi. Ehtiyojlar hisobga olinib, eng zarur ishlar bajarilar va shunga yarasha haq to‘lanardi. Biz ishning qay yo‘sinda borishidan ko‘z-quloq edik. Sifatsizlik va sustkashlikka yo‘l qo‘yilmasdi. Kimningdir «dono» fikri bilan bu qurilish uchastkasi Samarqanddagi 11-mexanizatsiyalashgan ko‘chma kolonna hisobiga o‘tkazildi. Bu ko‘chma kolonnaning vakili ilgari bu yerga haftada bir kelsa, hozir oyda bir keladi. Shunda ham ishni jonlantirish, muammolarni hal qilish uchun emas, qo‘yning qatig‘ini ichib, dam olib ketish uchun kelishadi. Boshqa oblast markazidagi tashkilot o‘z uchastkasini nazorat qilish imkoniyatiga ega emas. Uchastka korxonaga bo‘ysunganda juda ko‘p ish qilingan bo‘lardi. Hozir esa ishning na boshi, na oxiri bor. Ana shu qurilish uchastkasi qaytib «Navoiymarmar» korxonasiga olib berilsa bizning qurilish va obodonchilik ishlarimizda siljish bo‘lardi.

— Bu vohaning kelajagi, biz orziqib kutayotgan ezgu ishlardan biri — Nurotaga temir yo‘l keltirilishidir. Bu masala bilan deyarli barcha bo‘g‘indagi oblast, respublika va Ittifoq tashkilotlari shug‘ullanayotir. Biroq, bu shug‘ullanish juda cho‘zilib ketyapti, — deydi «Navoiymarmar» korxonasi partiya tashkilotining sekretari Shodi Nazarov. — Bilasizmi, agar Nurotaga temir yo‘l kelsa nafaqat marmarning tannarxi arzonlashadi, vaholanki butun vohaning xalq xo‘jaligida katta o‘zgarishlar yuz beradi. Bir tonna yukni ortish, tushirish va tashishga 4 so‘m 19 tiyin to‘laymiz. Bir yilda transport xarajati uchun jami 800 ming so‘m to‘lanadi. Agar shu yuk temir yo‘lda tashilsa bor-yo‘g‘i 167 ming so‘m sarflanadi. Kimga foydayu kimga ziyon. O‘ttiz besh kilometrli bu yo‘lning qurilishi Tomdi va Nurota rayonlari ekonomikasining rivojiga ijobiy turtki bo‘lardi. Tomdi rayonining ayrim xo‘jaliklariga 300 kilometr yo‘l bosib, avtomobilda yuk tashiladi. Agar temir yo‘l qurilsa bu masofa juda qisqarardi.

— Men qirq yildan buyon shu korxanada ishlayman, — deydi Respublikada xizmat ko‘rsatgan binokor Sattor Qahhorov. — Mahsulotimizning 53 protsentini Toshkent oblastidagi G‘azalkent zavodiga jo‘natamiz. O‘zimizdagi zavodni kengaytirib, G‘azalkentda amalga oshiriladigan ishni sarf-xarajatni kamaytirgan holda shu yerda bajarish mumkin-ku. Shunday qilinsa davlatimizga qancha foydali bo‘lardi. Buning uchun faqat suv masalasini hal qilish kerak. Navoiy shahridan suv keltirishning hisob-kitobini qilib ketishgandi. Lekin hamon natija bo‘lmayotir. Konchilarning mehnatiga haq to‘lash masalasini ham o‘ylab ko‘rish kerak. Bizda yoz kunlari quyosh harorati ellik gradusgacha ko‘tariladi. Shunda marmartoshlar sakson gradusgacha qizib ketadi. Lekin baribir ishlash, grafikni bajarish kerak. Bizga qo‘shimcha haq to‘lashadi. Biroq bu ozlik qiladi.

Yuqorida qayd etilgan problemalar Ittifoqimizdagi o‘nlab chinni zavodlarini mahsulot bilan ta’minlaydigan Nurota tog‘idagi Langar kon boshqarmasiga ham taalluqlidir. Bu korxona ezilgan dala shpatidan chinni tayyorlashda ishlatiladigan xom ashyo yetkazib beradi. Yiliga korxona 2.720 ming so‘mlik mahsulot beradi. Moskva, Leningrad, Ukraina, Belorussiya va Qozog‘istonning yirik sanoat korxonalari langarlik konchilardan mahsulot olishadi.

— 1982 yilda SSSR Gosplanining taklifiga muvofiq ministrligimiz sanoat ob’ektlari uchun 13,5 ming so‘m, uy-joy qurilishi uchun 2,5 ming so‘m ajratgan edi. Bu ishni bajarish «Samarqandximstroy» tresti zimmasiga yuklangan edi. Endilikda biz Navoiy oblastiga qaraymiz. Navoiyda esa bu profildagi qurilish tashkiloti yo‘q. 3,5 ming so‘mlik zavoddan ifloslanib chiqqan suvni tozalaydigan ob’ekt qurilishi mudom kechiktirilayotir. Zavoddan oqib chiqayotgan ohakli suv tabiatga ziyon yetkazmoqda. Foydalanishga mutlaqo yaroqsiz bo‘lib qolgan stanok va asbob-uskunalarni ishlatishga majbur bo‘lyapmiz. Bu granit degani marmardan ham qattiq bo‘ladi. Transport yetishmaydi. Ittifoq ministrligimizga borib arz-dodimizni aytganimizda ministr o‘rinbosaridan «ovozingni pasaytir!» degan javob oldik, — deydi o‘kinib kon boshqarmasi direktori Qo‘ziboy Irisqulov.

Qo‘ziboy aka bilan suhbatda yana bir narsa ma’lum bo‘ldiki, Langar mahsuloti SSSR territoriyasidagi yigirma to‘rt sanoat korxonasiga jo‘natilar ekan-u, konning shundoqqina biqinidagi Samarqand chinni zavodi shu xom ashyodan ololmas ekan. Mutaxassislar fikricha bu xom ashyo Samarqand chinnisining sifatini buzar emish. Bu xulosaga ishonmagan chinnisozlar 60 tonna xom ashyoni olib borib, sinab ko‘rishibdi. Natija kutilgandan ham ziyoda bo‘lib chiqibdi… Darhaqiqat, bir paytlar yozilgan qog‘ozlarni asos qilib olmasdan izlanish, zavod ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish uchun asqatadigan qulay imkoniyatlardan foydalanmaslik kimga kerak?..

Bu kamalakrang diyorda o‘z halol mehnati bilan Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan, el orasida chin obro‘ga sazovar bo‘lgan Sotsialistik Mehnat Qahramoni Norboy Ergashev, Muhadomad Botirov, Ergash Safarov, oblast Sovetining deputati Sharif Salomov, Hasan Muhammadiyev, Rahim Subxonov, Sharif Jo‘rayev, Jalol Xalilov va Shamsiddin Kenjayevlar haqli ravishda Nurotaning faxridir. Kasbi oddiy bu kishilarning qalbi marmar jilosidek go‘zal.

Bu sahovatli voha nechun bu qadar bebaho marmarga boy? O‘rta Osiyo territoriyasi bundan million yillar burun Tetis okeani bo‘lgan. Bu marmartoshlar esa o‘sha suv ostidagi yotqiziqlardir. Bu yotqiziqlar cho‘kish va katta bosim natijasida marmarga aylangan. So‘ngra magma (Vulqon harakati) harakati natijasida marmar qatlamlari yorilib turli qalinlikda granit va diaritga o‘xshagan instruktiv (ichki) jinslar yer yuzasiga chiqib qolgan.

Yana shuni ham aytib o‘tish joizki, marmar ko‘chada yotgan oddiy tosh emas. Bu qimmatbaho mahsulot chiqitidan kishilar me’yoridan ortiqcha foydalanyaptilar. Bu o‘rinda «Navoiymarmar» rahbarlari tegishli chora-tadbirlarni ko‘rishlari, marmarning talon-toroj bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Bloklarning sifatiga ham e’tiborni kuchaytirish kerak. Toshkent qurilishlarida ishlatiladigan marmarlar ikki-uch yilda yorilib, binolar remonttalab bo‘lmoqda. Bu yana yuqoridagi masala — zamonaviy stanoklarda marmar kesishni yo‘lga qo‘yishga borib taqaladi.

Xalqimizda oqqan ariq oqadi, degan naql bor. O‘tmishda ham o‘zining me’morchiligi, sug‘orish madaniyati va betakror qorako‘li bilan yurt ravnaqini ta’minlagan Nurota mehnatkashlari Partiya XXVI s’ezdi va keyingi Plenumlar qarorlarini hayotga tadbiq etish borasida g‘ayrat ko‘rsatib mehnat qilmoqdalar.

Odatda tog‘ kishilari ko‘tarilgan cho‘qqilari haqida so‘zlab o‘tirmaydilar. Oldindagi cho‘qqilar sari borish kerak.

— Rayonimizda dehqon yo‘q, dehqonchilik yo‘q, — deydi afsus bilan Munavvara Qurbonova, — sabab — suv yo‘q. Duch kelgan yerdan artezian qudug‘i qaziyverish esa tabiatning enidan olib bo‘yiga yamagandek gap. Shunday qilsak buloqlarimiz qurib qoladi. Nurotada jami yettita katta buloq va ellikdan ortiq mayda buloqlar bor. Biz bu obihayot manbalarini ko‘z qorachig‘idek asrashimiz kerak. Butun boshli rayonning hayot manbai shu buloqlarga borib tutashgan. Yaylovlarni boyitish masalasida ham ko‘p ishlar qilishimiz kerak. Qorako‘lchilikni rivojlantirishning muhim omili bo‘lgan yovshan va izenzorlarni asrab-avaylashimiz kerak. Xalqning turmush darajasini, kishilarimizning ma’naviy dunyosini, KPSS Markaziy Komiteti iyun Plenumi alohida ta’kidlaganidek, yangi insonni tarbiyalash borasida juda ko‘p ishlar qilishimiz kerak. Shifoxonalarimiz, maktablarimiz va maktabgacha tarbiya muassasalarimizning moddiy bazasi kambag‘al. Respublika sog‘liqni saqlash va maorif ministrliklari bizga yetarli yordam berishmayotir…

Hal qilinishi kerdk bo‘lgan problemalar boshida Agradagi Boburiylar qurgan Toj-Mahal ansamblidan tortib, Lenin Markaziy muzeyining Toshkent filiali, qardosh Vetnam xalqining ulug‘ farzandi Xo Shi Min mavzoleyi, Moskva va Toshkent metrolari sayqal topgan, topayotgan kamalakrang G‘ozg‘on marmarini ishlab chiqarishni hozirgi kun talabi darajasiga ko‘tarish muammosi turibdi. Shunday qilinganda bugungi avlodlar mehnati va san’atining ramzi bo‘lgan marmarnusxa binolar yanada ko‘rkam va serjilo bo‘lib, haqiqiy san’at darajasiga ko‘tariladi.