O‘zbekistonning buyuk poytaxti sevikli Toshkent shu kecha-kunduzda yer yuzi xalqlarining nazari — diqqatida turibdi. Bu yerdan to‘rt qit’a: Osiyo, Afrika, Avstraliya, Yevropaning karvon yo‘li o‘tadi. Uzoq Indoneziyadan, Birmadan tortib Misrgacha, Ganagacha, Melburndan tortib, Suriyadan tortib, Dehlidan tortib Moskva orqali Bryusselgacha uzoq safarlarning katta bekati Toshkentdir. Har kuni Toshkent aerodromidan o‘nlab reyslarda havoga ko‘tarilgan «Tu — 104» samolyoti Xanoy, Dehli, Kobil, Ulan-Bator, Pxenyan shaharlarini mo‘ljalga olib parvoz qiladi.
Er yuzidagi erksevar xalqlarning umidi, ishonchi, orzusi tinchlik-omonlik va birodarliklarning ulug‘ markazi bo‘lgan shonli poytaxtimiz Moskvadan Sharqqa qarab boriladigan yo‘llarning yirik bekatlaridan biri — bizning Toshkentdir.
Bir-birini sevgan yoshlar «Falon bog‘da uchrashamiz», deganlaridek, bir-biriga mushtoq bo‘lgan yiroq-yiroq o‘lkalik qadrli do‘stlar «Falon vaqtda, falon soatda Toshkentda uchrashamiz», deb va’da beradilar.
Bu yerda asosiy yerlik xalq o‘zbek, rus, tojiklardan tashqari bolgar ishchisi, Misr dehqoni, hind rassomi, Birma davlat arbobi, tseylon to‘quvchisi, afg‘on o‘qituvchisi va boshqa-boshqalarni har kun har soat uchratishingiz mumkin.
Tinchlik va omonlik, birodarlik poytaxti Moskvaning kichik asl nusxasi bo‘lgan o‘zbek poytaxti Toshkent — chinakam erk, ozodlik, samimiy do‘stlik, beg‘araz mehmondo‘stlik, gullar, chamanlar, bog‘lar, bo‘stonlar, yoshlik, bardam navqironlik, hur fikr, ozod so‘z, istak va harakat shahridir.
O‘g‘limizni sevsangiz — to‘y muborak, uy muborak, qizimizni sevsangiz — tilla qo‘ngiroqli qirq nor tuyada sepi tayyor, suhbatlashmoqchi bo‘lsangiz — salqin soyning labida, sada tubida, ipak gilam ustida bir siqim osh, bir piyola ko‘k choy, ipak belbog‘li, chust do‘ppili ikki yigit ta’zim bilan sizga muntazir.
Bizning Toshkent ana shunaqangi jonajon shahar! Yaqinda bu yerda Osiyo va Afrika mamlakatlari xalqlarining tantanali kinofestivali bo‘lib o‘tdi. Bu yerda Yaponiya, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi, Indoneziya, Hindiston, Mo‘g‘uliston, Birlashgan Arab Respublikasi va boshqa bir talay davlatlarning san’atkorlari o‘z ijodlarini jahon bo‘ylab namoyish qildilar. Biz O‘rta Osiyo va movarouqofqozlik xalqlar: o‘zbeklar, tojiklar, qozoqlar, qirg‘izlar, ozarbayjonlar, gruzinlar, armanlar, turkmanlar va boshqalar ham o‘z mahoratimizni namoyish qildik. Osiyo va Afrika davlatlaridagi xalqlarning bu kinofestivali chinakamdan xalqlarning birodarlik, do‘stlik gurungiga aylanib ketdi. Bu yerda yig‘ilgan vakillar o‘z xalqlarining chin umidi va orzusini baralla ifoda qildilar. Bu umid va orzu yer yuzining tinchlik va omonlik shiori edi.
Shunda, bizning Toshkentimiz, birgina Toshkent emas, O‘zbekistonimizning hamma yeri — eng yirik shaharlaridan tortib, eng kichik qishloqlarigacha yoppasiga bayram tusini oldi. Xalqimiz chinakam mehmondo‘stlik hunarini ko‘rsatdi.
Hozir bu yerda Osiyo va Afrika xalqlari yozuvchilarining konferentsiyasi davom qilmoqda. O‘z asarlari bilan jahon xalqlari o‘rtasida munosib shuhrat qozona olgan ulug‘ shoirlar, adiblar bu yerga yig‘ilganlar. Kishilik ruhining injenerlari bo‘lgan bu yozuvchilar o‘z xalqlarining butun hayotiy kechirmalarini, jahoniy orzu va umidlarini, yer yuzida tinchlik va omonlik, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, birodarlik haqidagi niyat va ishonchlarini konferentsiya minbaridan olamga barala aytmoqdalar… Erksevar buyuk hind xalqining chin o‘g‘illaridan biri bo‘lgan Gopal Xaldar konferentsiyada mag‘rur boshini tik tutib nutq so‘zlamoqda. Yaqindagina imperializmning qonli panjasidan ozod bo‘lgan Birlashgan Arab Respublikasining vakili o‘z qahramon xalqlarining mustabid jahongirlar zulmiga qarshi olib borgan kurashlarining epizodlarini aytib bermoqda.
Do‘stlar topishgan; bir-birlari bilan ijodiy hamkorlik, endigi vazifalar masalasini hal qilmoqdalar.
Konferentsiyaning umumiy ruhi yer yuzida tinchlik, imperializmga qarshi qat’iy va so‘nggi kurash, xalqlar o‘rtasida buzilmas do‘stlik, birodarlik, bir-birlariga samimiy, beg‘araz yordam ruhida bormoqda.
Shu kunlarda sevimli poytaxtimiz Toshkent g‘oyatda go‘zaldir. Kunduzlari-ku go‘zal, kechalari kunduzdan afzaldir. Shunday sharafli, istiqboli yorug‘ bir kunda o‘zbek xalqining sevgan hajviy jurnali o‘zining yuz minglarcha o‘quvchilari, ijodiy kollektivi nomidan konferentsiyaga yig‘ilgan osiyolik va afrikalik barcha yozuvchi, shoir, adiblarga chin qalbidan salom yo‘llaydi va shu salomini o‘z xalqlariga biening nomimizdan yetkazishlarini iltimos qiladi.
«Mushtum» nomidan qul qo‘ydim: G‘afur G‘ulom.
“Mushtum”, 1958 yil, 13-son