Erkin Vohidov. Sergey Yesenin (1980)

Yoshlikda orttirilgan do‘st umrning ko‘rki, qalbning suyanchig‘i bo‘ladi. Kishi shodligini ham, dardini ham avvalo u bilan baham ko‘rgisi keladi, har gal uchrashganda bamisoli yoshlikning beg‘ubor olamiga qaytgandek bo‘ladi. Tasavvurimda Sergey Yesenin she’riyati mening shunday — yoshlik do‘stim. U bilan men talabalik yillari tanishib qadrdon bo‘lib qolganman. Esimda, ikkinchi kurs studenti edim. Paxta terimiga xasharga chiqqan kunlarimiz ishdan so‘ng yotoqda, xira chiroq nurida yarim kechagacha yeseninxonlik qilar edik. O‘shanda «Eron taronalari»ning bir qancha she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

Mana, o‘sha kunlarga ham o‘ttiz yilga yaqin vaqt bo‘ldi. Bu fursat ichida men Yesenin ijodiga ko‘p marta qaytdim. Uning kitoblari o‘zbek tilida uch bor ommaviy nushada chop etildi. Ba’zi she’rlar o‘zbekcha qo‘shiqqa aylandi.

Sergey Yeseninga har gal murojaat etganimda o‘sha talabalik yillari, qadrdon paxtazor yodimga tushadi. Shoir so‘zlarini chanoqlardan tortib olayotgandek bo‘laman. Dimog‘imga paxta hidiga omuxta rus o‘rmonlarining tanish hidi urilgandek bo‘ladi.

Odatda shoir tavallud sanasini nishonlaganda «u tirik bo‘lganda falon yoshga kirar edi» degan so‘zlarni aytishadi. Men negadir Sergey Yeseninni to‘qson yoshli chol sifatida ko‘z oldimga keltirolmayman. U dunyoga chaqmoqdek kelib ketdi. Lahzadek umrida bor nurini sochib, butun borligini namoyon qildi. Yesenin barcha muxlislari tasavvurida o‘ttiz yoshli o‘t yurak yigit, tuyg‘ulari tizgin bilmagan yosh shoir bo‘lib qoladi.

1980