Erkin Vohidov. Qarzdorlik (1986)

Bir yozuvchining adabiyot dargohiga kirib undan o‘z o‘rnini olishi uchun ming bir shartu sharoitning tajassumi kerak bo‘ladi. O‘sha ming birning biri adabiy muhit va bu muhitdagi odamlarning xayrixohligidir.

Abdulla Qahhor biz endi adabiyotga qadam qo‘ygan davr muhitining markazida turgan shaxs edi, Oybek, G‘. G‘ulom, Uyg‘un, S. Borodin, K. Yashin, M. Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiyalar kabi adabiyotimiz binosining zo‘r ustunlaridan biri edi va binobarin bizning avlod adiblariga shu uyning eshigini ochganlardan biri bo‘lgan.

Abdulla Qahhor yoshlarga alohida e’tiborli, iste’dodni ilg‘ash qobiliyati benihoya kuchli ustoz edi. Said Ahmad, Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O‘lmas Umarbekov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev, Uchqun Nazarov singari yozuvchilarning ijodiy taqdirida Abdulla Qahhorning ustozlik o‘rni bor. Ulkan adibning mehr nazari menga ham bir daf’a tushgan va ustoz mehribonligidan, madadidan men ham bahramand bo‘lganman.

Biz dorilfunun talabalari edik. 1-May ko‘chasida joylashgan Yozuvchilar soyuzining binosi yoshlar bilan gavjum bo‘lar edi. Adabiy konsultatsiyalar faol ishlar, ularda ko‘zga ko‘ringan shoir va yozuvchilar xizmat qilar edilar. Adabiy suhbatlar, bahslar, seminar mashg‘ulotlari juda qizg‘in, o‘tkir munozaralar bilan o‘tar edi. Ayniqsa Abdulla Qahhorning chiqishlari hammaning diqqatini tortar, hatto soyuzning xo‘jalik xodimlari, qorovullarigacha kirib eshitar edilar.

Shu suhbatlarning bir nechtasini men ham tinglaganman. Suhbatlardan birida yoshlarning «Hozir qanday asar ustida ishlayapsiz?» degan savoliga yozuvchi «Poraxo‘rlik to‘g‘risida drama yozayapman», deb javob bergan va poraxo‘rlik illatining bor qabih ko‘rinishlarini, xillarini sanab bergan edi. Abdulla Qahhor yozilajak komediyaga material yig‘ish asnosida bir daftarni to‘ldirib har biri aforizmday jaranglaydigan iboralar yozib chiqqan ekan. Shulardan bir nechtasini bizlarga o‘qib bergan va taassuf bilan shunday degan edi:

— Bu gaplar o‘z holicha yomon emas. O‘zimga ham ma’qul. Lekin dramaturgiya shunday qaysar janrki, bu iboralarning qay birini qahramoshshng og‘ziga solsam, tuflab tashlaydi.

Bir og‘iz so‘z bilan Abdulla Qahhor dramaturgiyaning butun murakkab tabiatini, xarakter mantiqi, psixologik asoslash kabi mushkul talablarini ifoda qilgan edi.

Yozuvchining o‘sha daftarida juda g‘aroyib bir sahifa bor edi. Bu sahifada poraning aql bovar qilmas ko‘rinishlari, yuzga yaqin xili yozilgan edi. Masalan, maqtov ham pora xillariga kiritilgan. Yozuvchi buni shunday izohlagan edi:

— Ma’lumki amaldorni maqtagan odam borib uni qulog‘iga maqtamaydi. Ko‘pchilik o‘rtasida maqtaydi. Bu o‘sha amaldorga obro‘ keltiradi va u obro‘ni maydalab pul qiladi.

O‘sha daftardan o‘qilgan yana bir jumla: «Xalq poraxo‘r rahbarning yuziga tupuradi. Lekin bu rahbar bilan xalqning o‘rtasida hukumat stoli bor. Afsuski, ba’zan tupuk poraxo‘rning yuziga yetib bormay, o‘sha tabarruk stolga tushadi».

«Tobutdan tovush» asari bilan Abdulla Qahhor kuchli bong urgan edi. Nafs bandalariga, esingizni yig‘ib oling, degan edi. Afsuski, bu asar yuqori davralarda o‘z qadrini topmadi…

Abdulla Qahhor og‘zidan chiqqan har bir ibora chuqur mantiqiy, tagdor, obrazli bo‘lar edi. Yosh yozuvchilardan ham shuni talab qilar edi: «So‘zni mix qilib qoqib, qalpog‘ini uzib tashla, birov sug‘urib ololmasin», degan edi u suhbatlarning birida.

Abdulla Qahhorning A. P. Chexovga e’tiqodi baland bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. Ulug‘ rus yozuvchisini suyub, e’zozlab, hurmat bilan «Chexov domla» deya ataguvchi edi. Abdulla Qahhor uchun uning «Qisqalik — iste’dod singlisi» degan iborasi juda aziz bo‘lgan. Suhbatlardan birida u «Bemor» hikoyasining birinchi jumlasi qanday yozilganini, o‘ttizga yaqin varaqni qora qilib (A. Qahhor yozilgan so‘zning ustidan chiziq tortmas edi, jumla buzilsa, so‘z yoki harf xato bo‘lsa, yangi varaqqa yozib chiqar edi). Nihoyat eng qisqa, eng aniq ifoda topganini aytib bergan edi: «Sotvoldining xotini og‘rib qoldi».

— Bu jumlaning fazilati bitta, — degan edi u, — fikr to‘rtta so‘zda bayon qilingan. Qolgan hamma variantlarda shu fikr besh, olti so‘z bilan aytiladi. Masalan, Sotvoldining xotini kasal bo‘lib qoldi, yoki tobi qochib qoldi, yoki mazasi ketib qoldi…

Hozir nashriyotda xizmat talabi bilan qo‘lyozmalarni o‘qiganimda, ba’zan ulardagi ezmalik «o‘tlab ketish» (bu ham Abdulla Qahhor iborasi), chuchmal tasvirlarni ko‘rib ustozning bir so‘z ustida chekkan zahmatlari esimga tushadi.

Oltmishinchi yillarning boshida hayotimda yuz bergan bir voqea mening qismatimda o‘chmas iz qoldirdi. O‘shanda men endigina bir kitobcha avtori, adabiyot nashriyotiga yangi ishga kirgan vaqtim edi. Bir kun meni bosh redaktor o‘rinbosari huzuriga chaqirishdi. Bu serzarda, rahmsiz boshliqning chorlashi odatda yaxshilik keltirmas edi. Buning ustiga, o‘sha kezlari mening ba’zi she’rlarim tanqid qilinib turgan, matbuotda yangi narsalarim to‘xtab qolgan payt edi. Men endi ishdan ham ketdim, shekilli, deb qo‘rqa-pisa o‘rinbosar kabinetiga kirdim. U kishi meni kutilmagan tavoze bilan qarshilab, telefonga taklif qildi: «Sizni Abdulla Qahhor so‘rayaptilar».

Hayajon titrog‘ida telefon trubkasini qulog‘imga qo‘ydim. Qulog‘imga qo‘ydimu u yog‘iga nima qilishimni, nima deyishimni bilmayman. «Allo» deyish odobdan emas, salom berish — tomdan tarasha tushgandek tuyulardi. Nihoyat o‘zimni qo‘lga olib «Labbay» dedim va ulug‘ ustozning ovozini eshitib, salom berdim. Abdulla Qahhor xuddi meni avvaldan tanigan, suhbatlashib yurgan odamdek juda qisqa so‘rashib, asosiy gapga o‘tdi, yangi hikoya yozganini aytib uning mazmunini shoshmay bayon qila boshladi. Men hamon maqsadni tushunmay hayron bo‘lib (qulog‘im trubkada, ko‘zim o‘rinbosarda), tinglab turardim. O‘rinbosar ham hayron — ulug‘ yozuvchining bu tirranchaga aytadigan shuncha uzoq nima gapi bor ekan, degandek o‘qtin-o‘qtin xatdan bosh ko‘tarib qarab qo‘yardi. Abdulla Qahhor hikoya bayonini tugatib, unga epigraf yozib berishimni so‘radi. Hayratdan lol bo‘lib qoldim. Odatda epigraf klassiklarning asarlaridan olinadi va epigraf avtori bo‘lgan yozuvchi, shoirga katta hurmat nishonasi hisoblanadi. Menga aytilgan taklif esa qoidaning teskarisi edi. Xrestomatiyalarga kirgan asarlarini o‘zim maktab darsligida o‘qigan klassik yozuvchi mendan — bir boshlovchi yosh shoirdan epigraf olmoqchi. Nima deyishimni bilmay turar edim. Biror gap aytish kerak. Men sekin: «Qandoq bo‘lar ekan…» dedim. Abdulla Qahhor mening so‘zimni eshitmagandek o‘z telefoni raqamini aytdi. Yozib olishimni so‘radi va to‘rtlik bitgach, telefon qilishimni tayinlab, trubkani qo‘ydi.

Bir haftadan keyin «Sovet Uzbekistoni» gazetasida Abdulla Qahhorning «Mahalla» deb atalgan hikoyasi bosildi. Hikoyada mening to‘rt satr she’rim epigraf qilib qo‘yilgan edi.

O‘sha vaqtda bu hodisani kelajak taqdirimga qanday ta’sir qilishini tasavvur qilmaganman. Lekin o‘sha kunlarda ustozning menga, so‘ngra Abdulla Oripovga ko‘rsatgan bunday xayrixohligi biz uchun o‘ziga xos yashin qaytargichday bo‘lgani sir emas.

Xalqda bir gap bor. Deydilarki, farzand ota-ona mehrini uzolmaydi. Bu qarzni u faqat o‘z farzandlariga qaytarish bilan uzishi mumkin. Ustoz va shogirdlikda ham shunday. Abdulla Qahhor o‘z ijodi, o‘z umri bilan yoshlarga qanday munosabatda bo‘lish sabog‘ini qoldirdi.

1986