Bir yosh yozuvchi yozgan hikoyasini menga o‘qib berib, fikrimni so‘radi. Men hikoyani ma’qullamadim, kamchiliklarini ko‘rsatdim. Yosh yozuvchi hikoyaning kamchiliklarini ko‘rsatganimga xursand bo‘ldi, lekin hozircha bosib bo‘lmaydi deganimga xafa bo‘ldi. «Siz 20 yoshingizda, adabiyotga endi qadam qo‘ygan vaqtingizda yozgan hikoyalaringiz bundan yaxshimidi?» – dedi. Men: «Yo‘q, bundan necha hissa yomonroq bo‘lgan edi», – dedim.
Hozir adabiyotga qadam qo‘ygan yosh qalamlarimiz va ularning o‘sishi uchun zarur bo‘lgan shart-sharoit yoshi ulg‘ayib qolgan yozuvchilarimiz adabiyotga qadam qo‘ygan vaqtlaridagi yosh qalamlar va ularning o‘sishi uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitdan juda katta farq qiladi.
1. U vaqtlarda yoshlar adabiyotga ko‘proq ibtidoiy ma’lumot bilan qadam qo‘ygan bo‘lsa, hozirgi yoshlarimiz ko‘proq oliy ma’lumot bilan qadam qo‘yyapti.
2. Ilgari yoshlar adabiyotning vazifasini, uning tub maqsadini yaxshi bilmasdan qo‘liga qalam olgan bo‘lsa, hozirgi yoshlarimiz adabiyotning vazifasini yaxshi bilib qo‘liga qalam olayotibdi.
3. U vaqtlarda yoshlar rus tilini bilmaslik yoki chala bilish orqasida buyuk rus va jahon adabiyoti xazinasidan foydalanish, o‘rganish imkoniyatidan butkul yoki qisman mahrum bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi yoshlarimiz bu xazinadan to‘la foydalanish, o‘rganish imkoniyatiga egadir.
4. Ilgari kitobxon unchalik talabchan emas edi, chunki u, bir jihatdan, haqiqiy adabiyotni – rus adabiyotini, g‘arb adabiyotini bilmasa, ikkinchi jihatdan, kitobga och edi, ma’lumki, och odamning uyida qatiq uyimaydi. Hozirgi kitobxon rus va jahon yozuvchilarining eng yaxshi asarlarini o‘qib katta did paydo qilgan, juda talabchan kitobxondir.
5. Nihoyat, u vaqtlarda yosh yozuvchilarning o‘sishi uchun zarur shartlardan biri bo‘lgan yaxshi adabiy muhit yo‘q edi, hozir yosh yozuvchilarning o‘sishi uchun zarur shartlardan biri bo‘lgan yaxshi adabiy muhit bor.
Mana shu sabablarga ko‘ra u vaqtlardagi yoshlar qiyinchiliklar bilan olg‘a bosar, sekin o‘sar edi. Hozirgi yosh yozuvchilar shaxdam qadamlar bilan olg‘a borayotibdi, tez o‘sayotibdi. Lekin buyuk taraqqiyot asrida har kunning talabi, o‘z talabi, o‘z sur’ati bor.
Yoshlarimiz, shubhasiz, o‘sayotibdi. Lekin ularning yana ham tezroq o‘sishiga, adabiyotning ahamiyati tobora ortib borayotgan bizning kunlarda bu frontning har tomonlama mashqi rosa soldatlari bo‘lib tezroq yetishuviga ishimizdagi kamchiliklar xalal berayotibdi.
Bu kamchiliklardan biri adabiy tanqidning nihoyatda zaifligidir.
Ma’lumki, adabiy tanqid asarga xalq manfaatlari, xalqning talablari nuqtai nazaridan baho beradi, buning uchun asarni mazmun jihatdan ham, shakl jihatdan ham chuqur tahlil qilib, uning fazilat va nuqsonlarini ochib beradi. Tanqid adabiyotni olg‘a suradigan kuch bo‘lishi bilan birga yoshlar uchun maktab vazifasini o‘taydi. Afsuski, yoshlarimiz mana shu katta maktabdan mahrum deyish mumkin.
G‘afur G‘ulomning yirik asarlarini emas, hatto bironta kichik asarini tahlil qilgan, uning kuchli va zaif tomonlarini ko‘rsatib bergan bironta yaxshiroq maqola yo‘q. Holbuki, uning ijodini tahlil qilish bilan yoshlarga ko‘p narsani o‘rgatish, ba’zi bir kamchiliklardan ularni ogohlantirish mumkin edi. Oybekning «Oltin vodiydan shabadalar» romani muhokama qilingan vaqtda kitobning ko‘p kamchiligi ko‘rsatildi. Bu kamchiliklardan biri sho‘ro kishilarining hayoti, kurashi juda yuzaki tasvir qilinganligi, muallif bunga bag‘ishlangan sahifalarni ilhomsiz yozganligi, bunda muallif haqiqiy san’atkordan ko‘chadagi «besh minutlik fotograf»ga aylanganligi ko‘rsatilgan edi. Bu muhokama majlisda professional tanqidchilarimiz «lom» degani yo‘q, gapirishni lozim ko‘rgani ham kitobning kamchiliklarini shuvashga – bo‘yashga harakat qildi. Muhokama majlisidan keyin ham bu kitob to‘g‘risida durust bir maqola chiqqani yo‘q. Natijada bu kitobdagi noto‘g‘ri ijodiy «metod» yoshlarning ijodiga yomon ta’sir ko‘rsatib kelayotibdi.
Yosh yozuvchilarimizning yana ham tezroq o‘smayotganligiga ikkinchi sabab yozuvchilar uyushmasining yoshlar bilan hali ham yaxshi ishlamayotganligidir.
Sektsiyalarda bo‘ladigan muhokama majlislari ko‘pincha past saviyada o‘tadi. Muhokama qilingan asarning fazilat va nuqsonlari umumlashtirilib, nazariy masalalar darajasiga ko‘tarilmaydi. Shuning uchun yoshlar bu majlislardan kam bahra oladi, bunday majlislarda qatnashishga kam qiziqadi.
Tajribali yozuvchilar yoshlarga muntazam yordam bermaydi. Bulardan birontasi ham yoshlarning asarlarini muntazam o‘qib borishi bilan maqtanolmaydi. Bu to‘g‘rida bironta katta yozuvchini boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatolmaymiz.
Uyushma ostonasiga bevosita yoki sirtdan qadam qo‘ygan yosh qalamning qo‘lidan birinchi bo‘lib ijodiy maslahat byurosi ushlashi, tug‘ilib kelayotgan yozuvchiga doya bo‘lishi kerak. Holbuki, ijodiy maslahat byurosining o‘zi doyaga muhtoj.
Yozuvchilar uyushmasining organi «Sharq yulduzi» jurnali ham yoshlar bilan ishlashda o‘z vazifasini yaxshi bajarmayapti. Jurnal sahifalarida yoshlarning imzosi ko‘proq ko‘rinishi yaxshi, albatta, lekin bosiladigan har bir asar o‘sha muallifning ijodida bir qadam olg‘a siljish bo‘lishi, boshqa yoshlarni yuqoriga tortishi, ularni o‘ylashga, o‘z ustida, asar ustida ko‘proq ishlashga, bor imkoniyatini ishga solishga majbur qilishi kerak. Jurnalda ijodiy rag‘bat xarakteridagi materiallar juda kam ko‘rinadi.
Bular yoshlarning yana ham tezroq o‘sishlariga xalal berayotgan tashqi kamchiliklar – yoshlarning o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan kamchiliklar. Bulardan tashqari, yoshlarning o‘zlariga bog‘liq bo‘lgan kamchiliklar ham bor.
Bu xildagi kamchiliklarning birinchisi hayotimizning taraqqiyot qonuni, adabiyotimizni olg‘a tortadigan kuch – tanqid va o‘z-o‘zini tanqid yoshlarimiz orasida juda rasm bo‘lib ketmaganligidir.
Yoshlar orasida tanqid, o‘z-o‘zini tanqid rasm bo‘lib ketmaganligi ayrim yoshlarning kitobxonlar oldida javobgarlik hissini yo‘qotib qo‘yishiga sabab bo‘layotipti.
Sami Abduqahhorov ba’zan ocherklari bilan ko‘rinib yurgan yosh bir yozuvchi. Uning g‘aribgina hikoyalardan iborat bir to‘plami ham bosilib chiqdi. Lekin uning yozgan narsalari to‘g‘risida hech kim hech narsa degan emas. Natijada Sami Abduqahharov o‘z imkoniyatiga ortiq baho berib chorvadorlar hayotidan qisqa bir muddatda qissa yozdi. Qissa proza kengashida muhokama qilindi.
Asarda voqea – syujet yo‘q. Asarning ishtirokchilari boshdan-oyoq ivirsib yuradi, ko‘p gapiradi, lekin hech ish qilmaydi. Demak, asarda bironta obraz yo‘q.
Sami Abduqahhorovning «Hayot bayrog‘i» degan bu qissasida Baraka ota degan odam bor. Bu odam qissada boshdan-oyoq hech ish qilmaydi, lekin qo‘sh-qo‘sh ordenlar olgan, o‘zi Sotsialistik Mehnat Qahramoni, asarning oxirida «Stalin» mukofoti laureati bo‘ladi. Sotsialistik qishloq xo‘jaligimizning hamma sohasida ham qo‘sh-qo‘sh orden olgan, Sotsialistik Mehnat Qahramoni, Davlat mukofoti laureati bo‘lgan kishilar ko‘p. Bu haqiqat, lekin Sami Abduqahhorov tasvirida bu haqiqatga ham soya tushadi, chunki muallif o‘z qahramoniga bu yorliqni tupuk bilan yopishtiradi.
Qissa qazoga uchragani sabab muallif o‘z kuchiga ortiq baho berganligi, kitobxon oldida har bir jumlasi uchun javobgar ekanini esdan chiqarib qo‘yganligi, «tanqidsirab» qolganligi orqasida bor imkoniyatdan foydalanmaganligidir. Haqiqatan, shunday ekanligi keyinchalik ma’lum bo‘ldi: Sami Abduqahhorov bu qissani juda kam material asosida, juda qisqa muddatda, ya’ni idorada ish sharoitida yozgan ekan.
Yoshlarimizning yana ham tezroq o‘sishiga xalal berayotgan ikkinchi kamchilik yoshlarimiz asarlari bosilayotganiga xursand bo‘lib, bilimlarini yetarli darajada boyitishga jon kuydirmayotganliklaridir. So‘z san’atining sirini bilishga, badiiy mahoratlarini oshirishga qunt qilmayotganliklaridir.
Ba’zi yoshlarimiz badiiy asarning maydonga kelishida muallifning niyatigina, uning nima demoqchi ekanligigina hal qiluvchi rol o‘ynaydi deb o‘ylashsa kerak.
To‘g‘ri, adabiy asarning joni – uning mazmuni, lekin bu jonning jon bo‘lishi uchun jasad ham kerak.
Jonni jasadsiz tasavvur qilish mumkin emas.
Ba’zan yuzaki tanqid yoshlarni shu masalada yanglishtiradi.
Qashqadaryodan To‘ra Juman degan bir yosh shoir she’r yozib, bunday depti:
Qorako‘l, yog‘, pilla, g‘alladan
Olgan planingiz vaqtida to‘ldi.
Yashang, azamatlar, oq oltindan ham
Lafzni oqladingiz. Yurt xursand bo‘ldi.
Bu – bir xabar. Tanqidchining nazarida, bu xabarni she’r qilgan narsa muallifning shu hodisaga munosabati, ya’ni xursand bo‘lganligi. Chuqurroq o‘ylab ko‘raylik. Viloyat xo‘jalik planini bajarganiga bir yosh yigitning xursand bo‘lishi favqulodda bir hodisami? Vatanparvarlik xalqimizning olijanob tuyg‘usidir, bir yosh shoir chiqib: «Men ham Vatanni yaxshi ko‘raman», – desa, bu favqulodda bir narsa bo‘ladimi? Nahotki, shoirning vazifasi faqat qo‘l ko‘tarish bo‘lsa! Shoirning vazifasi qo‘l ko‘tarishgina emas, mana shu olijanob tuyg‘uni hech kim qilolmaydigan bir tarzda qisqa, sermazmun, chiroyli, musiqiy, kishini hayajonga soladigan qilib ifodalashdir.
G‘afur G‘ulomdan mana shu satrlarni olaylik:
Taqdirin qo‘l bilan yaratur odam,
G‘oyibdan kelajak baxt – bir afsona.
Saodat insonning o‘z hunaridir,
Taqdirning qudrati emas bahona.
Shu fikrni bundan qisqa, bundan chiroyli qilib boshqa hech kim, hatto shoirning o‘zi ham aytolmas. She’rda mana shunga intilish kerak.
Yosh yozuvchilarimizdan Ibrohim Rahim «Yangi hayot» degan roman yozdi, muhokama vaqtida ko‘rsatilgan kamchiliklarini hozir tuzatayotipti. Bu romanning ham katta kamchiligi badiiy tomondan bo‘shligidir.
Ko‘p asarlarimizda qo‘yilgan masalalar, olg‘a surilgan fikrlar to‘g‘ri bo‘ladi, lekin asarni kitobxon toliqmasdan o‘qib chiqolmaydi. Biz hamma vaqt shuni esda tutishimiz kerak: o‘quvchi asarimizni qiziqib, shavq bilan o‘qimas ekan, uning g‘oyasini obrazlar orqali qabul qilmas ekan, maqsadimiz qog‘ozda qolaveradi. Tasavvur qilaylik, bir talay aktyor navbatma-navbat yoki to‘p-to‘p bo‘lib sahnaga chiqaversa, bir-biriga yoki har qaysisi o‘zicha tomoshabinga ma’lum yo uncha ma’lum bo‘lmagan haqiqatlar to‘g‘risida gapirib-gapirib chiqib ketaversa, bu gaplarni eshitishga tomoshabinni qiziqtiradigan hech narsa bo‘lmasa, bunday spektaklda kim o‘tiradi?
Badiiy mahoratimizni oshirish uchun so‘z san’atining qonun-qoidalarini bilishimiz, go‘zal asarlarning go‘zallik «sirlari»ni o‘rganishimiz, buning uchun hayotga yaqin bo‘lishimiz, ko‘p o‘qishimiz, ko‘p mashq qilishimiz kerak.
Hozir qadam olishidan bir vaqti kelib yaxshi novellist bo‘lishiga umid tug‘dirayotgan Abbos Muhitdinning ko‘p hikoyalari juda yaxshi boshlanadi, qo‘lga olgan kishi ishtaha bilan o‘qiydi, lekin bu hikoyalardan ko‘pining mag‘zi to‘q emas.
Abbos Muhitdin «Kuzatish» degan hikoyasida podsho hukumatini xalq qo‘llamas edi demoqchi, lekin hikoyani o‘zi yaxshi bilmagan material asosiga qurgani uchun bundan rus armiyasining ma’naviy holati urush olib borishga yaroqsiz edi, bu armiya dushmanning anchayin hamlasidan parokanda bo‘lishi kerak degan ma’no chiqib qolipti. Holbuki, butun tarix buning aksini aytadi. Yozuvchi bir materialga qo‘l urar ekan, uni har taraflama o‘rganishi, juda yaxshi bilishi kerak.
«Yodgorning to‘yi» hikoyasida muallif o‘zi istamagani holda «inqilobdan burun o‘zbek mehnatkashlari fanatik edi» degan fikrni olg‘a suradi. Holbuki, butun folklor buning aksini ko‘rsatadi. Hikoyaning qahramoni shariatni deb, diniy hissiyot orqasida o‘z xotinini birovga beradi. Holbuki, o‘zbeklarda diniy hissiyot rashk hissidan hech qachon ustun turgan emas.
Yoshlar bilan ishlashdagi kamchiliklarni, yoshlarimiz ishidagi nuqsonlarni bartaraf qilish ularning yana ham tezroq o‘sishiga imkoniyat beradi, muvofiq sharoit tug‘diradi. Lekin bu faqat imkoniyat beradi, sharoit tug‘diradi, xolos. Bu imkoniyat, bu sharoitdan qay darajada foydalanish o‘zimizga bog‘liq.
Afsuski, yoshlar orasida mehnatga uncha tobi yo‘q, adabiyot eshigini qalam bilan ochib emas, bolta bilan buzib kirishga urinadigan odamlar ham uchraydi.
Said Nazar «Yashil boylik» degan katta roman yozdi. Romanni proza kengashida muhokama qilib, fikrimizni aytdik. Ikkinchi marta muallif bizning oldimizga qiziq talab bilan keldi: biz bu romanni muhokama qilmasdan jurnalda bosgani tavsiya qilib, bosilib chiqqandan keyin muhokama qilishimiz kerak emish!
Roman jurnalda bosilib chiqqandan keyin muhokama qilib biz nima deymiz, «bosishga tavsiya qilganimiz xato bo‘lgan ekan» deymizmi?
Muallifning aytishicha, roman Michurin agrobiologiyasi sohasida ishlayotgan odamlar to‘g‘risida. Agar haqiqatan shundoq bo‘lsa, shu odamlar hayotida bo‘lgan biron voqea romanning asosiy syujet liniyasini tashkil qilishi, boshqa hamma narsa shu liniya atrofida aylanishi kerak edi. Haqiqatda undoq emas. Romanning asosiy voqeasi bir jamoa xo‘jaligi raisining jinoyatlaridan iborat, boshqa hamma gap shuning atrofida bo‘ladi. Bu jamoa xo‘jaligi zamondan, makondan tashqarida turgan bir xo‘jalik. Jamoa xo‘jaligining jilovi hokimi mutlaq jinoyatkor raisning qo‘lida; jamoa xo‘jaligi buxgalteri yuzdan to‘qson to‘qqizini uradigan bir muttaham; tabelchi va keyinchalik kassir – yot unsur, hatto it bilan go‘sht talashadigan ochko‘z o‘g‘ri; raisning jinoyat qilayotganini payqagan, shunga aqli yetgan birdan-bir odam – ichkilikboz… Brigadirlar ishga chiqmaydi, mehnat kunlari noto‘g‘ri yoziladi, zotan, hisobga olinmaydi, chigit bir ahvolda ekilgan, g‘o‘za parvarishi hech aytguday emas, suv toshib g‘o‘zalarni bosib ketadi, hokazo va hokazo!
Savol tug‘iladi: qishloqda dalada ivirsib yurgan odamlar kimlar o‘zi? Bular kolxozchilarmi yoki otasidan meros qolgan xo‘jalikni barbod qilayotgan ichkilikboz bir feodal boyvachchaning dehqonlari, ya’ni bu xo‘jalikdan bir chaqalik manfaatdor bo‘lmagan qullarmi?
Asarning yozilishi – formal tomoni tanqiddan tuban turadi.
Asarning tilidan namunalar:
«Xuddi g‘ozdek ikki tarafga tashlab hakkalab yuradi».
«Hayfsan kitob ustida berildi».
«Salqin yer teshasi zarbidan baldog‘i chirt uchib ketgan sariq, qizg‘ish yaproqlar havoda qanot qoqa-qoqa yer bag‘irlab oyoq cho‘zib yotishibdi».
«It Nusratga qarab iljaydi»…
Biz mana shu narsani jurnalda bosishga tavsiya qilishimiz kerak emish! Biz ko‘rib turib yaroqsiz mahsulotni tavsiya qila olmaymiz, muallif xafa bo‘lsa ham, do‘q qilsa ham – baribir, tavsiya qilmaymiz.
Yoshlarimizning ko‘pchiligi, juda ko‘pchiligi adabiyot eshigini mehnat bilan ochib kirayotipti. Bular adabiyotga xolis niyat bilan, zo‘r maqsad bilan kelayotipti. Bular qalamga ilg‘or insoniyatning orzusi uchun kurashda o‘z iqtidoriga, qobiliyatiga muvofiq tanlagani qurol deb qaraydi.
1955