Abdulla Qahhor. «Hayot qo‘shig‘i» (1940)

Bizda adabiy tanqid haddan tashqari zaif. Kitobxon yaxshi kitoblarimizning tashviq qiladigan ideyasini yana ham chuqurroq anglash, nuqsonlarni ochiqroq ko‘rish uchun zarur bo‘lgan yordamdan mahrum desa bo‘ladi. Goncharov yaratgan Oblomov obrazi buyuk tanqidchi Dobrolyubovning tanqidiy maqolasidan keyingina o‘sha vaqtdagi kitobxonlar oldida haqiqiy bir tip holida gavdalanganligini va bu obraz ishyoqmas, erinchoq, tepsa-tebranmas ma’nolarida rus tiliga bir termin bo‘lib kirganligini esga olsak, bizda adabiy tanqidning zaifligi adabiyotimiz uchun qanchalik ziyon ekani yana ham ochiqroq ko‘rinadi. Adabiy tanqidning zaifligi soyasida adiblarimizning bor kuchi batamom ishga tushmay, uning bir qismi potentsial bir kuch holida qolib kelayotipti. Bu kuchni ishga solish uchun adibning ijodiga ko‘z-quloq bo‘lish, shu asosda uning darajasini belgilash, shu darajaga yarasha uning oldiga talablar qo‘yish kerak bo‘ladi.

Bizda butun yozuvchilar «kattalar» ham «yoshlar» nomi bilan ikki kategoriyaga bo‘linadi, ammo bir yozuvchi qanday asosga binoan yoshlar yoxud kattalar kategoriyasiga kirganligini bilib bo‘lmaydi. Faqat bir narsa ma’lum: har ikkala kategoriya ham har bir yozuvchini ayrim o‘rganish, uning darajasini chinakam belgilash asosida bo‘lgan kategoriya esa, har ikkalasi ham brak asar yozuvchining yoqasidan tutgani qo‘ymaydi, har ikkalasi ham har bir adibning oldiga o‘z kuchiga yarasha talab qo‘yishga xalal beradi. Yoshlar kategoriyasiga kirib qolgan brak asar yozuvchiga. «Sen o‘n yillab adabiyotda yurib nima qilding, nega hadeb kitobxonlarning adabiyotdan hafsalasini sovutadigan ishlarni qilaverasan» deb so‘rab bo‘lmaydi, chunki u «yosh», u «umidli», u «o‘sib kelayotgan» yozuvchi. «Sen nima uchun yosh, nimang umidli, o‘sib kelayotganingni nimadan bilsa bo‘ladi? Sen yosh yozuvchi nomi bilan yurganingda xat-savodi bo‘lmagan bolalar hozir sendan o‘tib ketdi-ku?» desangiz, uningcha — yoshlarning o‘suvini ko‘rolmaydigan, «adabiyotning yovuz dushmani» hisoblanasiz. Sizning to‘g‘ringizda har xil mish-mish gaplar tarqaladi, ustingizdan arizalar tushadi: yozgan kitobingiz bo‘lsa yuz joyiga qizil qalam bilan chizilib, ming joyiga katta-katta savol alomatlari qo‘yiladi. «Kattalar» kategoriyasidagi «atoqli» yozuvchilardan birontasi brak yo‘liga kirgan bo‘lsa, unga ham bir narsa deb bo‘lmaydi, chunki u, o‘z nomi bilan katta. Biron idoraning kattakoni tabeldan ozod bo‘lganidek, katta yozuvchilar ta’nadan ozod. Shunisi qiziqki, yoshlar kategoriyasiga juda qadrdon bo‘lganlardan birontasiga «sen endi yosh emas, katta yozuvchisan» desangiz achchig‘i keladi. Bu kamtarinlik vajidan emas, har balo-yu, har qazoni daf qiladigan «yoshlik» degan tumordan ajralib qolish qo‘rqusi. Kattalar orasida ham shunday odamlar topilishi mumkin. Katta degan unvon balo-qazoni daf qilmasligiga aqli yetib qolsa, unday odamlar o‘zini darhol go‘dak e’lon qilishdan qaytmaydi.

Adiblarni shunday kategoriyalarga bo‘lish kerak, buni soyuzimizning ustavi ham talab qiladi. Adabiyotga endi qadam qo‘yib kelayotgan kishi bilan bir qadar tajribasi bo‘lgan kishini bir tekis ko‘rish, ikkoviga ham baravar talab qo‘yish degan so‘z. Kategoriyaga bo‘lgan vaqtda har bir yozuvchini ayrim o‘rganish, daraja-sini belgilash kerak bo‘ladi.

Ma’lumki, adibning darajasini belgilashda uning adabiy staji asos bo‘lolmaydi. Adabiy staj asos bo‘lsa, Chexov bir necha yillik adabiy faoliyatida Tolstoydan «Chexov prozada Pushkin» degan bahoni olmas edi. Adabiy staj e’tibor bo‘lsa, o‘zimizda Lermontov, Chexovdan ortiq adabiy staji bo‘lgan yozuvchilar topiladi. Shuningdek adibning asarlari ko‘p yo ozligi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Mopassan birinchi asari bilan ko‘tarilgan darajaga, masalan, Nemirovich-Danchenko (1848—1927)dek yozuvchilar 20 jildlab kitob yozib ham ko‘tarila olgan emas. O‘zimizda Gogoldan ko‘p asar yozgan yozuvchi yo‘qmi? «Adib yoki alohida adabiy asarning qiymati uning ma’lum davr va ma’lum xalqning tabiiy intilishlarini qay daraja ifoda etganliligi bilan o‘lchanadi» (Dobrolyubov). «San’at asarining yaxshi yo yomonligi uning nima deyotganiga va bu gapni qay tarzda aytganligiga hamda bu gap qay darajada yurakdan chiqqanligiga bog‘liq» (L. Tolstoy).

Biz haqiqiy yosh yozuvchilar orasida anchagina rasidalik da’vo qilishga haqi bo‘lganlarni topish mumkin. Shuningdek keksalar orasida adabiyot maydonida kurashishi uchun emas, kurashchilarning kuch va hunariga havasi kelib o‘tiradigan tomoshabinga aylanayozgan kishilarni topsa bo‘ladi. Biz uchun bu kategoriyalar yaqin antik afsona qahramoni yo‘lbosar Prakrostning mashhur karavotiga aylanayozgan: rasida bo‘layozgan adiblar ikki buklanib beshikka tiqiladi, go‘dak holiga kelayozgan keksalarga sun’iy soqol-mo‘ylov qo‘yiladi.

Biz ayrim adiblar bilan emas, butun bir guruh bilan so‘zlashib keldik. Natijada har qaysi adibning oldiga uning kuchiga yarasha talab qo‘yolmasdan, ishga solinishi zarur bo‘lgan kuchini harakatsiz qoldirdik. Bu adibning o‘suviga, adabiyotning o‘suviga zarar yetkazadi.

Yoshlar bilan biz yoppasiga go‘dak tilida gaplashganimiz uchun bular orasida rasida bo‘layozganlar ham ba’zan go‘daklarga xos qiliqlar chiqazadilar: xom-xatala asarlarini hech tortinmasdan gazeta yoki jurnal redaktsiyalariga eltadilar va u yerda bo‘lar-bo‘lmas gaplarni aytib redaktsiya xodimlarining dilini siyoh qiladilar. Bularning ba’zisi «Meni nima uchun ko‘tarmaysan?» deb xarxasha qilgan choqlar ham bo‘ldi. Keksalar bilan yoppasiga farzandlarcha qo‘l qovushtirib gaplashganimiz sababli bular orasidagi sun’iy soqol-mo‘ylov egalari qilayotgan brak ishlari uchun o‘zlarini javobgar sezmaydilar.

Artelga kostyum buyurgan kishi, mashinachi pinjakning yengini teskari qadab qo‘ygan bo‘lsa, bepul o‘nglatib olishi mumkin. Magazindan ensasini qotiradigan adabiy brak sotib olgan kitobxon unday qilolmaydi. Adabiy brak eng o‘tkir tashviqot qurolimiz bo‘lgan adabiyotni beburd qiladi. Bunga yo‘l qo‘yadigan hech qanday mulohaza bo‘lishi mumkin emas. Keksalarga munosabat, yoshlar bilan ishlashda bugungacha tutgan yo‘limizni qarab chiqishga majburmiz. Bu, (yosh-qarisiga qaramasdan) har qaysi yozuvchini alohida ko‘zdan kechirishni, uning ijodiga hech qanday mulohazaga bormasdan to‘g‘ri baho berib, shu asosda talablar qo‘yishimizni taqoza qiladi…

Biz mana shu nuqtai nazardan Ma’ruf Hakimning ijodiga bir ko‘z tashlamoqchi bo‘ldik. Buning ijodini asosan «Hayot qo‘shig‘i» degan to‘plami tashkil qiladigan bo‘lsa, bundan ko‘rinadiki, u hikoya janrini egallashga intilib, dadil-dadil qadamlar tashlayapti. Bu qadamlar unda dard, talant uchquni borligini, bu uchqundan olov chiqishi mumkinligini ko‘rsatib turipti. Bunga umid bog‘lash mumkin, chunki, Gorkiy aytgandek, talantning 99 protsenti mehnat bo‘ladigan bo‘lsa, Ma’ruf Xakim mehnat qilishi mumkin. Yetarli kuchga ega bo‘lmay turib qadam tashlagan kishi, shubhasiz, tentiraydi. Agar u ravon yo‘lga chiqib olganidan keyin kuch to‘plab, bahuzur ketaverishiga ko‘zimiz yetsa yordam qo‘lini cho‘zishimiz kerak.

Biz Ma’ruf Hakimni yaqin kelajakda yaxshi bir hikoyanavis bo‘lishiga ishonar ekanmiz, «Hayot qo‘shig‘i»da kuchsizligi orqasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari, hafsalasizligi natijasida qilgan gunohlarini ko‘rsatish yo‘li bilan ko‘mak beramiz.

Mana uning birnnchi hikoyasi «Qahramonning o‘limi».

Tema grajdanlar urushi. Maqsad Botirning qahramonligini, qahramonlarcha o‘limini ko‘rsatish bilan kitobxonda qahramonlik orzusi tug‘dirish. Yaxshi niyat, lekin asarning san’at asari bo‘lishi uchun — Tolstoy qo‘ygan shartga ko‘ra — uning nima to‘g‘rida gapirayotganigina kifoya qilmaydi, bu gapni qay tarzda aytganini ham e’tiborga olish zarur. Tolstoy ko‘zda tutgan tarzda aytish qahramonning qahramonligini aytish emas, ko‘rsatishdan iborat. Buning uchun o‘sha davr, voqelik jarayonidan shunday bir paytni tanlab, voqea yaratish kerakki, bu voqea davomida qahramon avtordan «nima qilay?» deb so‘rab o‘tirmasdan, o‘zi qahramonlarga xos ishlar ko‘rsatsin. Buning uchun ijodiy fantaziya kerak. Ma’ruf Hakim shuni qilolmaydi. Qahramon avtor tomonidan o‘ylab chiqarilgan hazilakam urushda ikki martaba qatnashadi-da, qahramonlarga xos hech qanday ish ko‘rsatolmaydi. Butun voqea davomida qahramon avtordan xuddi «qahramon bo‘lishim uchun nimalar qilishim kerak?» deb so‘rayotganday. Haqiqiy qahramon esa hech qachon bunday savol bo‘lmaydi. Ichki dard, kishini har o‘tni kechishga majbur qiladigan ideya uni harakatga soladi. Qahramon qahramonlik qilayotgan paytida bu qahramonlik ekanini xayoliga ham keltirmaydi. Ma’ruf Hakim o‘z qahramoniga zo‘r berib bomba otishni maslahat beradi. Shuning uchun besh varaqli kichkina bir hikoyada bomba to‘g‘risida 9 martaba gapiriladi. «O‘sha yerdan bomba bilan hujum qilishni buyurdi», «Men o‘zim ham bombadan bir juftini hadya qilib…» «Gum, qars, bux (!)» degan bomba tovushlari eshitildi. «Beliga qistirib olgan bir juft bombasini…» «Beliga qistirgan bombaning bir juftini olib ko‘chaga uloqtirdi», «Botir beliga qator beshta bomba qistirib….», «Botir bomba bilan yana besh-oltitasini osmonga uchirdi», «Qo‘lida bomba ushlagani holda ko‘chaga yugurdi», «Bosmachilarga ustma-ust ikki bomba otdi» va h. k.

Durust, urush chog‘ida, esankiramasdan, urush texnikasini ishga solish ham qahramonlik, lekin bu soxta urushdan esankirashga o‘rin yo‘q. Bu narsa Botirni bir qahramon sifatida gavdalantirmaydi, chunki shu sharoitda Botir otgan bombalarni urushga kirgani jur’at qilgan har bir kishi ham otoladi.

Grajdanlar urushi temasida boshqa avtorlar tomonidan yozilgan anchagina hikoyalar bor. Bularning ko‘pchiligi mana shunday soxta. Bu hikoyalardan ma’lum bo‘lishicha, bosmachilik — miltiq otish, yarador bo‘lishdan iborat. Ko‘pincha bizning kishilarimizning o‘qi tamom bo‘lib qoladi-da, birdan partizanlar yordamga keladi (o‘qi tamom bo‘lmaguncha kelmaydi). Ba’zan bosmachilar molday poda-poda bo‘lib, o‘zini pulemyotga tutib beradi. «Qahramonning o‘limi»da avtorning maqsadiga xizmat qiladigan gaplardan boshqa hamma gap bor: momaqaldiroq deysizmi, chaqmoq deysizmi, Andijon iqlimi uchun xarakterli bo‘lmagan sentyabr oyidagi tuman deysizmi…

«Qahramonning o‘limi» 1936 yilda yozilgan. Bunga undan keyin yozilgan «Rashk» hikoyasini solyshtiraylik.

Zotan bu hikoyani «Rashk» emas, «Baxillik» deb atash kerak edi. Avtor bu ikki so‘zning farqiga bormay, shunday sarlavha qo‘yipti. Rashkning muhim darajada ijobiy ma’nosi bor. Rashk qilgan kishi raqibi bilan teng, yoki teng bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi-da, biron hodisa uning raqibidan keyinda ekanini, o‘z imkoniyatidan foydalanmaganini ko‘rsatadi qo‘yadi. Shunda ichki bir norozilik tug‘iladi. Bu norozilik natijasida u odam o‘z raqibini orqaga tortishga, o‘zi bilan baravar bo‘lishga, undan o‘zishga harakat qiladi. Baxillik tamom salbiy ma’noda. Balki o‘z raqibi bilan teng emas, teng bo‘lishga imkoniyati ham yo‘q, bo‘lgan taqdirda ham bu imkoniyatdan foydalanish yo qo‘lidan kelmaydi, yo buni istamaydi. Raqibining oldinda bo‘lishi unda norozilik emas, g‘azab tug‘diradi. Bu g‘azab natijasida o‘z raqibini orqaga tortishga, o‘zi bilan teng qilishga intiladi: raqibini yana ilgarilashiga to‘sqinlik qiladi, imkoniyat topilsa, uni tamom yo‘qotishdan ham qaytmaydi. Bu tor individualizm, ojizlik, notavonlik, yashash uchun qobiliyatsizlikning natijasi. Individualizm asosiga qurilgan eski jamiyatdan qolgan palid meros. Bu jamiyatimizning hech qayeridan o‘ziga o‘rin topolmaydi. «Rashk» hikoyasi mana shu baxillikning bugungi qismati haqida gapiradi. Shuning uchun bu «Rashk» emas, «Baxillik» deb atalishi kerak edi.

Tema muhabbat.

Ikki yosh bir fabrikada ishlaydi. Zohiran ikkovi ham yaxshi, bir-biriga xo‘p munosib. Ikki oradagi samimiy o‘rtoqlik munosabatlari, odatdagicha, muhabbatga, aylanadi. Yigit qizning «muhabbat bilan boqqan ko‘zlariga qarab to‘ymaydi». Qiz, qizlarga xos tortinchoqlik bilan «ehtimol men ham sevarman» deydi, Bu fabrika tomonidan eng yaxshi chertyojga e’lon qilingan konkurs kunlariga to‘g‘ri keladi. Ikki oshiq konkursga qatnashadi.

Qiz konkursning natijasini shaxsiy ustunlik masalasi emas, fabrika foydasi, jamiyat foydasi deb biladi, shu ishga jon-dili bilan kirishadi, butun kuch va bilimini ishga soladi va shu bilan birga ayrim masalalarda yigit bilan fikr olishadi.

Bir kun yigit qizning uyiga kelganida stol ustida turgan chertyojlarga ko‘zi tushadi. Yaxshi yigit, albatta, qizni qutlashi va undan o‘zini bilimdon hisoblasa, maslahatlar berib ishga ishtiyoqini oshirishi kerak edi. Kutilmagan narsa bo‘ladi:

«…stol ustida turgan bir qancha chertyojlarni ko‘rdim. Bulardan bittasi tugab qolay degan edi. Meni muzday ter bosdi. Boshim g‘uvillab, ko‘zim tindi. Men nima qilishimni bilmasdan duduqlandim.

— Siz, siz konkursga qatnashasizmi?

— Ha, — dedi qiz, — men shu chertyojning ustida ko‘pdan beri ishlayman, nima natija berar ekan…

Mening juda g‘ashim keldi… Mening g‘azabim va bu yerning havosi go‘yo meni bo‘g‘ar edi. Men tezdan borib chertyojning ustida ishlashni o‘ylab qoldim, indamasdan Mahbubaga qaradim. Bu gal u mening ko‘zimga ajina — qo‘g‘irchoqqa o‘xshab ko‘rinar edi…»

Yigit bu chertyojni ko‘rgandan nima uchun sevgilisining jasoratiga, g‘ayratiga suyunmasdan sovuq ter chiqaradi? Nima uchun chertyojning bitayozganini ko‘rib, havasi kelmaydi-yu, g‘azabi keladi? Nima uchun «muhabbat bilan boqqan ko‘zlariga qarab to‘ymagani» bir qiz hozir ko‘ziga «ajina — qo‘g‘irchoq» bo‘lib ko‘rinadi? Bu yerda yigit zohiran qancha bejirim bo‘lmasin, o‘zining chirik tomonini ko‘rsatib qo‘yadi. Bu chirik tomoni o‘z manfaati bilan jamiyat manfaati orasiga chiziq tortishi, individualizm.

Shundan keyin qiz uning sevgilisi emas, garchi buni yashirsa ham dushmaniga aylanadi. Konkursda esa birinchilikni qiz oladi. Mana shunda individualizm va shu bilan birga ojizlik, notavonlik natijasi bo‘lgan baxillik ochiq yuz berdi. Sovuq ter bosgan, g‘azabi kelgan yigit konkursning natijasini oldindan bilsa, ya’ni qizning kuchiga ishonsa uning ustun chiqmasligi uchun qo‘lidan keladigan hamma yomonlikni qilar edi. Endi nima qilish kerak? Endi hamma baxillar shunday paytda nima qilsa, u ham shunday qiladi.

«U g‘olib keldi. Uni butun o‘rtoqlari tabrikladi. Hatto kimdir bir dasta gul ham taqdim qildi. U, xursand. Menga yaqin keldi… Men ko‘zlarimni qisib, jahl bilan dedim:

— Men bilaman nima uchun senga birinchilikni berdilar. Mening ishim senikidan yaxshi bo‘lsa ham baribir menga bermas edilar».

Qizga bu gap haqorat bo‘lib tuyulishi kerak edi, Lekin qiz buni haqorat deb bilmaydi va to‘g‘ri qiladi. Agar quruq bir haqorat deb bilsa yigitdan o‘pkalar edi xolos. Qiz bu gapga boshqa ma’no beradi. Shu so‘zdan uning chirik tomonini ko‘radi. Bu chirik tomoni yigitning o‘zigagina zararli bir dard emas, jamiyat uchun ham zararli bir xulq ekanini anglaydi. U esa jamiyat uchun zarar bir xulq egasi bo‘lgan kishini o‘ziga munosib ko‘rmaydi. Bir necha kundan keyin yigitga xat yozib, unda, bir vaqtlar «ikki tomon bir-birini sinashmay turib, muhabbat bilan o‘ynashib bo‘lmaydi» deganini eslatadi va yozadi: «…Siz o‘zingizning kim ekaningizni ko‘rsatdingiz… Menga og‘ir bo‘lsa ham shu kundan boshlab yodimdan ko‘tarildingiz… Kim ekaningizni bilmay turib sizga yaqinlashmaganim juda yaxshi bo‘lgan ekan… Xayr, bundan keyin meni hech eslamang…»

Yigit sarosimalikda telefon qilib, «Axir jindak bo‘lsa ham rahm qiling», deb baqiradi. Qiz quloq solmasdan, trubkani iladi, qo‘yadi.

Shu yerda Jek London personajlaridan biri esga tushadi. Burjua qizi Rufi Martin degan yigitni yaxshi ko‘radi. Martin katta, kuch, zo‘r matonat, temir iroda egasi. U jamiyat uchun katta foydali bir maqsadga erishmoqchi va shu yo‘lda hech narsaga qaramay kurashadi. Rufi uni «Bu behuda niyatni qo‘yib, odam qatoriga kirishga» ya’ni hech bo‘lmasa biron baqqollik do‘koni ochishga undaydi. Shu asosda kelishmovchilik bo‘lib, Rufi Martinga xat yozadi va xatini «Endi men bilan ko‘rishgani ovora bo‘lib yurmang» deb tugatadi.

Mana ikki qiz. Ikki xil munosabat, muhabbatdan voz kechish uchun ikki xil sabab.

«Rashk» diqqatni jalb qilarlik hikoya, lekin katta bir kamchiligi bor. Bu kamchilik «Hayot qo‘shig‘i»dagi boshqa ko‘p hikoyalar uchun xarakterli kamchiliklardan biri. Bu kamchilik shundan kelib chiqadiki, avtor hikoya yozish uchun qalamni qo‘lga olmasdan burun nima demoqchi ekanini juda aniqlab, chegaralab olmaydi. Maqsad juda aniq bo‘lmagani uchun hikoya ham xiraroq bo‘lib chiqadi. Haligi qizning ba’zi bir qilmishlari baxil yigitga «Ko‘p vaqt mendan uni-buni so‘rab o‘z ishini bitkazayotgan ekan-da» deyishga haq beradi va shunday deydi. Bu qizning obrazini buzadi. Unga mehr qo‘ygan kitobxonni xafa qiladi. Ma’rif Hakim maqsadni juda aniqlab, qat’iy suratda chegaralab olgan bo‘lsa bu detalni kirgizmas edi. Chexovning mashhur bir gapi bor: «Bir parcha marmardan kishining yuzini yasash uchun shu yuzga aloqasi bo‘lmagan biron-bir tukni ham qoldirish kerak emas — hammasini tarashlab tashlash kerak». «Rashk»dagi bu kamchilik ayniqsa «Hayot boshlanishi», «Yashasin do‘stlik» degan hikoyalarda ochiqroq ko‘rinadi.

«Hayot boshlanishi»da avtor yangi odamlarni ko‘rsatmoqchi. Ma’lumki, mayda hikoya yozadigan kishi biron hodisa yoki kichikroq voqea asosida sotsial turmushning biror tomonini, uning mohiyatini ochib berishi, hikoya qahramonining sotsial raftorlaridan birini ravshan ko‘rsatishi kerak. Yangi odamni ko‘rsatish eski odamda bo‘lmagan undagi xislatlarni ko‘rsatish demakdir. Doktor Murodda yangi odamning eng asosiy xislatlaridan biri bor: u eng avval jamiyatni, undan keyin o‘z shaxsiy hayotini o‘ylaydi. Uning yigitlik chog‘lari jamiyat tinchligini ta’minlash uchun yana ham ko‘proq xizmat qilgani tayyorlanish bilan o‘tgan: endi, yoshi bir yerga yetib qolgan vaqtda ham shu yo‘ldan boradi — bor kuchini jamiyat xizmatiga beradi. Qiz ham shunday. U shaharda katta doktorga tegish bilan o‘z shaxsiy hayotini ta’minlashi mumkin edi, lekin bunday qilmaydi. U avval jamiyat xizmatiga tayyorlanish, o‘qishni afzal ko‘radi. Hikoyaning ideyasi mana shu. Lekin Ma’ruf Hakim shu ideyani aniqlab olmagani uchun hikoyaga keraksiz, hatto zararli detallar kirgizadi. Masalan: doktorning uyida «xiragina yonmoqda bo‘lgan chiroq, stolda tartibsiz sochilib yotgan kitoblar va burchakka to‘plab qo‘yilgan supurindini yaqqol yoritib turadi». Undan keyin qizning uyi: «Murodning o‘tirgan joyiga o‘xshamas, bu yer tartibli, ozoda ko‘rinadi. Derazalarga tutilgan mayin to‘r pardalar muloyim esmoqda bo‘lgan shabadada hilpillar edi». Buyog‘i qandoq bo‘ldi? Doktor Murod Dilnorni uyining burchagida to‘planib yotgan supurindini oldirib tashlagani, derazaga parda tutdirgani oladimi? Bundan chiqdiki, shu vaqtgacha hech kim uni, u hech kimni sevmaganligiga sabab oilani va oilaviy turmushni Murodga o‘xshab anglaydigan qizning topilmagani ekan-da? Haqiqatda bunday emas. Avtor o‘z qahramoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuhmat qilyapti, chunki hikoyada boshdan-oyoq Murodning na so‘zidan, na qilmishlaridan oilaga shunday nazar bilan qarashligi ko‘rinmaydi. Supurindi bilan parda avtorning o‘rinsiz «lirik chekilishi»dan kelib chiqqan, Ideya oldindan yaxshilab aniqlanmasa mana shunday bo‘ladi. Avtor ideyaning ochilishiga xizmat qiladigan detallar, faktlar topish o‘rniga allaqayoqlarda tentirab yuradi-da, hikoya xira, ba’zan notayin ko‘lanka bo‘lib qoladi.

Bu ikki hikoyada ideya avtorning o‘ziga «umuman» ma’lum, lekin juda aniqlab olmagan, «Yashasin do‘stlik»da esa «umuman» ham ma’lum emas.

Lanj bir yigit hikoyada boshdan-oyoq qovoqariga o‘xshab g‘o‘ng‘irlab yuradi. Uning nima deyotganini, nimadan rozi, nimadan norozi ekanini va buning sabablarini bilib bo‘lmaydi. Uning hamhujrasi uylanadi. Bu yigit uning xotiniga ko‘z olaytiradi, xotinning samimiy munosabatlarini xushtorlik nishonalari deb o‘ylaydi. Bu lanj yigit shu xotinga oshiq. Hatto ko‘cha-ko‘yda odamlar qarasa rashk qiladi. Shu bilan birga «bugun mening bir qiz bilan va’dam bor, uni Xayri bilmaydi» deydi. Bundan yigit badaxloq bir kishi bo‘lib ko‘rinadi: o‘z do‘stiga xiyonat qilishga tayyor, Xayrining samimiy munosabatlari uning egri qalbida egri aks etadi, ko‘nglida Xayri bo‘lgani holda va’dalashgan qizi oldiga muhabbat izhor qilgani boradi. Bir vaqt qaraysizki, uning og‘zidan mana bunday gaplar chiqadi: «Agar do‘stlarni baxtli ko‘rishning o‘zi bir baxt desam, hech qanday yangilik topgan bo‘lmayman».

Uning shunday fikrga kelishi uchun na ichki, na tashqi, hech qaiday sabab yo‘q. Avtor nima demoqchi?

Bu savolni avtor ham o‘ziga bergan, javob ololmagan. Kitobxondan ham shunday savol kutadi va javob berolmasligini biladi. Buning uchun nima qiladi? Bu hikoyani boshqa hamma hikoyalarndan ajratish, unga go‘yo hammaning ham aqli yetavermaydigan sirli bir tus berish uchun ustiga «Novella» deb yozib qo‘yadi. Go‘yo novella degan bilan unga bir ma’no kiradi. Go‘yo kitobxon: «E, bu novella ekan, novella shunaqa bo‘lsa kerak» deb qo‘yaqoladi.

Novella nima? Hikoya emasmi? G‘arbiy Yevropa adabiyotida bu termin bizdagi hikoya ma’nosida yuritiladi. Chexov, Mopassanning hikoyalari novella emasmi? Gorkiyning, masalan, «Chelkash»i novella bo‘lganidek, Bokkachcho, Genrining novellalari hikoya, Gorkiy hikoyalari bilan, masalan «Bahori donish» hikoyalari bir-biridan farq qilar ekan, uning biri novella, biri hikoya emas. Bu farq konkret tarixiy sharoit, adabiy stildan kelib chiqqan. Avtor nima deyotganini o‘zi bilmay chuldirasa novella chiqmaydi.

Chexovning shunday bir narsasi bor: ikki erkak anhorda cho‘milib yurib, xotinlar cho‘miladigan g‘usulxona yoniga kelishadi. Qattaroq bir teshikni topib qarashsaki, ish yirik: oppoq ro‘yjaning ustida ag‘anab yotnbdi… O‘zi to‘lagina… arziguday… Ikkovi ham shoshib qoladi. Keyin bittasi asta kiradi.

Shu yerda Chexov o‘quvchini ogohlantiradi: ro‘yjaning ustida ag‘nab yotgan to‘lagina, arziguday narsa bir shisha nastoyka (vino) edi. Cho‘milgan xotin badaniga shuni surtar ekan, ketishida esidan chiqib qolibdi. Bu narsa sal kulgi uchun yozilgan. «Yashasin do‘stlik» nima uchun yozilgan? Biz Chexovdan o‘rganar ekanmiz, uning bu xildagi narsalaridan emas, Chexovni Chexov qilgan hikoyalaridan o‘rnak olishimiz kerak. Zotan bu xildagi narsalar Chekov ijodi uchun xarakterli ham emas.

Qo‘lga qalam olmasdan burun maqsadni juda ham aniqlab olmaslik natijasida ba’zan maqsadni ochishga xizmat qilmasa ham «chiroyli» yoki «qiziq» bo‘lganiga uchish soyasida hikoyaga keraksiz, hatto zarar yetkazadigan detallar, tafsilotlar kirgizish Ma’ruf Hakimning birinchi asosiy kamchiligi. Bu kamchilik boshqa ko‘p yosh yozuvchilarda ham uchraydi.

Ikkinchi kamchilik uning kitobxonni o‘zidan negadir go‘lroq deb fahmlaganidan kelib chiqadi. Bu yolg‘on faktlar, yolg‘on gaplar.

Adabiy asarning maydonga kelishi uchun avtor tashviq qilmoqchi bo‘lgan ideyasini tashviq qila bilishi shart. Tashviq qila bilishning asosiy sharti ishontira bilishdir. Ko‘rsatilgan faktlarga, aytilgan gaplarga kitobxon ishonmasa, hatto shubha qilsa ham asarning qimmati bir pul.

«Hayot qo‘shig‘i»ning ichida «Bo‘ta» degan hikoya bor. Bo‘ta o‘n uch yashar bola. Bola bo‘lib hamki unaqa o‘tkir, «tegirmonga tushsa butun chiqadigan» bola emas. Diqqatni jalb qilarli gap ham gapirmaydi. Sun’iy urushda ishtirok etganligini e’tiborga olmasak, uni shunday tasavvur qiladi kishi. Shu bola, partizanlar otryadining razvedkasi xat berib, buni otryadga eltasan, desa, birdaniga hech kimning aqliga kelmaydigan narsani o‘ylaydi. Avtorning aytishicha u «o‘ziga shunday miltiq ko‘targan «to‘rtinchi»larning, ayniqsa, Metroxinday rus yozgan xatni ishonib topshirgani uchun o‘zida yo‘q xursand bo‘ldi». Nahot shu bola shunday deb o‘ylasa?

Bu bola katta odamlar qiladigan ish topshirilsa va buni bajarish qo‘lidan kelishiga ishonsa xursand bo‘lishi mumkin, lekin bu xilda murakkab o‘yga borolmaydi. Bu yerda Bo‘taning o‘zi bu xildagi o‘ylar mening kallamga sig‘maydi, deb dodlab turibdi. Avtor uning dodini eshitmaydi.

Bo‘ta xatni otryad nachalnigiga eltadi. Bunga ishonamiz. Lekin favqulodda bir narsa bo‘ladi: shu Bo‘ta necha-necha urushlarni ko‘rgan partizanlar bilan bir qatorda miltiq ko‘tarib urushga kiradi, qancha bosmachini bir o‘zi otadi. Uning otasini o‘ldirgan bosmachi ham unga ro‘para kela qoladi. Bo‘ta uni ham otadi, Modomiki, avtor shunga kitobxonni ishontirmoqchi ekan, buni asoslash kerak.

Bu hikoyani o‘qigan Bo‘taning tengqurlari Bo‘ta bilan o‘zlari orasidan hech o‘tib bo‘lmaydigan dovon ko‘radilar. Holbuki hikoyaning maqsadi bolalarda qahramonlik hissini tarbiyalash. Avtor ularga «Bo‘taday bo‘linglar» demoqchi. Hikoyadagi asoslanmagan soxta fakt vujudga keltirgan bu dovon bolalarni Bo‘ta bo‘lishga xayol qilgani ham qo‘ymaydi. Biz yaratgan qahramonlar bilan «oddiy odamlar» orasida bunday dovon bo‘lmasligi kerak. «Oddiy odamlar» ham qahramon yurgan yo‘ldan borganda qahramon bo‘la olsin, turmushda shunday.

«Uchrashuv» degan hikoyada avtor xalqqa qarshi qo‘l ko‘targan kishi qayerga qadam bosmasin o‘tga bosadi, hech qayerda o‘ziga zamin topolmaydi, demoqchi bo‘libdi. Voqeada keltirgan faktlari soxta bo‘lgani uchun hikoyadan shu ma’no chiqmaydi. Dushman Saloh o‘z otasining uyiga kelganda ittifoqo uyda ichgani suv bo‘lmaydi. Qizni suvga chiqarishadi. Qiz tasodifan yiqiladi va hushdan ketadi. Bu qishloqqa kelayotib, yo‘lda Saloh qo‘lidan yarador bo‘lgan Ahadga doktor keltirgani ketgan kishilar ittifoqo qizning ingraganini eshitib qoladilar, Ular qizni tasodifan Ahad yotgan uyga olib kiradilar. Qiz, Saloh kimningdir yo‘lini to‘sib, hozirgina kelganini so‘zlab beradi. Demak, dushman Saloh tasodifiy suratda qo‘lga tushadi. Qiz suv keltirgani chiqib yiqilmasa, ayniqsa, hushidan ketmasa, Saloh qishloqdan omon-eson chiqib ketar edi. Hikoyaning ideyasi qayoqda qoldi?

«Hayot qo‘shig‘i» degan hikoyada Qipchoq ota avtorning bergan ma’lumotiga qaraganda «o‘tgan yil brigadasidan 60 tsentnerdan paxta bergan. Rayondan kelgan mehmonlar oldida bu yil 70 tsentner berishga va’da qilgan va beshinchi brigada bilan shartnoma tuzgan…» Avtor bu bergan ma’lumotini fakt bilan tasdiqlab, cholning mehnatga munosabatini kitobxonga ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Vu fakt shundan iboratki, chol qattiq kasal bo‘lgan holda shunday deydi:

— Bu yil qish yaxshi keldi, albatta, bajaramiz. Sharmanda bo‘lmasmiz. Menga raisni aytib kelib ber, o‘g‘lim.

Rais shaharga tushib ketgan ekan, gaplasholmaydi. U o‘zini bilmay qolgan vaqtlarda alahlaydi.

— «Bu yil qish yaxshi keldi. Albatta, bajaraman».

Agar avtor o‘z oldiga qo‘ygan masalani shu xilda oson yo‘l bilan hal qiladigan bo‘lsa, shu hikoyaning strukturasini o‘zgartirmasdan, juda ko‘p masalalarni hal qilishi mumkin bo‘lar edi. Masalan, cholning brigadasi to‘g‘risida berilgan ikki og‘iz ma’lumotni o‘chirib, uning o‘rniga «chol falon kampirni yaxshi ko‘rib qolgan edi» deyilsa va undan keyin chol o‘sha kampirning nomini aytib alahlasa, hikoya, anchayin bir o‘zgarish bilan, muhabbat to‘g‘risidagi hikoyaga aylanadi.

Bo‘ndan tashqari hikoyadagi boshqa faktlar Qipchoq otaning shunday odam ekaniga kitobxonda shubha tug‘diradi. Avtor bu qadar yaxshi qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lgan odam — Qipchoq ota — bir oy bo‘yi o‘lim to‘shagida yotadi-yu, na o‘z brigadasidagi kishilar, na kolxoz pravleniyesidan biron kishi hol so‘rab eshigidan boshini tiqmaydi. Holbuki, Qipchoq otaning juda og‘ir ahvolda yotgani haqidagi xabar avtorning tili bilan aytganda «Uch kundan beri yog‘ayotgan qorday bir tekis butun qishloqqa tarqaldi». Birov xabar olish uyoqda tursin, doktorga borgani ot so‘ralganda kolxoz otboqari bermaydi. Hikoya ideyasini ochishda otboqar ot bermasligi faktining qanday ahamiyati bor? Buni avtor nima uchun kirgizgan? Cholning xotini «Cholim o‘layotibdi» deb chiqqandagina odamlarning esiga Qipchoq ota tushib, doktorga odam yuboriladi. Bu yerda qaysi biri yolg‘on: Qipchoq otaning shunday yaxshi odamligimi, yoki kolxozda yaxshi odamga bo‘lgan shunday munosabatmi?

Adabiyotda yolg‘onning katta-kichigi yo‘q. Hammasi ham baravar zararli. «Uchrashuv»da mana bunday yolg‘on gap bor:

«Ahad osmonga qaradi. Haqiqatan ko‘kni bulut bosgan. Bironta ham yulduz yo‘q edi».

Shundan besh satr pastda:

«Ahad osmonga nazar tashladi. Haqiqatan uzoq ufqdan chiqib kelayotgan bulutlarning ko‘rinishi xunuk edi».

Uzoq ufqdan chiqib kelayotgan bulutlarni ko‘rish uchun havo qisman bo‘lsa ham ochiq bo‘lishi kerak. Bu yerda yo «ko‘kni bulut bosgan, bironta ham yulduz yo‘qligi «yolg‘on», yoki «uzoq ufqdan chiqib kelayotgan bulutlar» to‘g‘risidagi gap behuda.

«Rashk»dan:

Qiz yigitning uyiga kelib «Siz oyoq ostingizga yaproqlardan poyondoz tashlab qo‘ygan bog‘larda sayr qilishni (!) sevasizmi?» deydi. Qizning xuddi shunday deganiga ishonmayman. Bu yerda qiz gapirayotgani yo‘q, kitob o‘qiyapti.

«Qahramonning o‘limi»dan:

Botir «Sulton akaning oyoqlarini silaganda qo‘liga yelimga o‘xshagan bir narsa yopishganini sezdi, qorong‘ida nima ekanini bilolmay qoldi».

Shu yerning o‘zida:

«Jenya… yigitning ko‘ziga uzoq tikilib qoldi».

Qo‘lga tekkan qon ko‘rinmagan qorong‘ida ko‘z ko‘rinmaydi.

Bu Ma’ruf Hakim hikoyalaridagi asosiy kamchiliklarning ikkinchisi. Bu yolg‘onlarga, albatta, Ma’ruf Hakimning o‘zi ishonmaydi, lekin negadir kitobxon ishonadi, deb o‘ylaydi. Bu kitobxonni bilmaslik, hikoya yozayotgan vaqtda kitobxonni ko‘z oldida tutmaslikdan kelib chiqadi. Yozuvchi qanday janrda yozmasin, kitobxonni esdan chiqarishga haqi yo‘q. Bu drama asarlari uchun ham qonun. Drama asari postanovkachi rejissyor, aktyorlarning harakati bilan sahnada «yilt» etsa-yu, bu uchqunni kitobxon ko‘rolmasa, unday asarni rejissyor ham, aktyor ham uzoq vaqt yelkasida ko‘tarib yurolmaydi. Bu kamchilik juda ko‘p yosh yozuvchilarning asarlarida uchraydi.

Biz yuqorida ikki kamchilikni ko‘rsatib o‘tdik va bularni asosiy kamchilik deb atadik. Bular nima uchun asosiy kamchiliklar? Bunga sabab shuki, har ikkisi ham adabiy asarning yuragi bo‘lgan ideyaga ta’sir qiladi.

Adabiy asarning ideyasi yo‘qolsa emas, hatto susaysa ham hech qanday tashqi effekt uni adabiy asar holida tutib turolmaydi. Ideyaga yetgan zararni hech qanday tashqi effekt to‘ldirolmaydi. Ba’zan shunday hollar ham bo‘ladi: yozuvchi asarining ideyasiga zarar yetuviga qaramasdan qiziq detallar, chiroyli parchalar kirgizadi. Qiziq detal, chiroyli parcha shu vaqtda asarning qiymatini oshiradiki, shu qiziqligi, shu chiroyliligi bilan ideyaning tashviq qilinishiga xizmat qilsa. Tashqi effekt ketidan quvish ideyani qo‘yib, formaga cho‘qinish darajasiga yetsa, unday yozuvchilarning «asarlari hamma vaqt avtorlarining o‘zlarining o‘zlari yashagan ijtimoiy muhitga bo‘lgan ma’lum — umidsizlarcha salbiy — munosabatlarini ifoda qiladi» (Plexanov, «San’at va ijtimoiy turmush»).

Mana biz adabiy asarning formal tomonlari haqida gapiramiz. Asarning formal tomonlari haqida gapirganda nimani ko‘zda tutamiz? Hech shubhasiz ideyani. Asarning formal tomonlari to‘g‘risida gapirganimizda uning asar ideyasini tashviq qilishdagi xizmati to‘g‘risida gapirgan bo‘lamiz. Asarning formal tomonlari yaxshi ishlangan bo‘lsa, demak, ideya yaxshi tashviq qilingan, yaxshi asar maydonga kelgan bo‘ladi. Mana shu sababli adabiy asarning maydonga kelishi uchun faqat ideyaning o‘zigina kifoya qilmaydi. Shu bilan birga ideyasiz formaning o‘zi ham puch.

Endi Ma’ruf Hakimning gunohlari to‘g‘risida:

Modomiki, adabiyotda obraz, so‘z — til vositasi bilan yaratilar ekan, modomiki, «til — adabiyotning eng birinchi elementi va faktlar, turmush hodisalari bilan birga uning materiali» (Gorkiy) ekan, tilni, uning qonun-qoidalarini, xususiyatlarini, ishlatilishini o‘rganishga harakat qilish adibning eng asosiy vazifasi bo‘lishi kerak. «Faktlar ichiga berkinib yotgan sotsial turmushning ma’nolarini butun ahamiyati, to‘laligi va ochiqligi bilan tasvirlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan adabiy asardan aniq, ravshan til va juda diqqat bilan xillangan so‘zlar talab qiladi» (Gorkiy).

Demak, so‘z adabiyotning eng birinchi unsuri, uning asosiy quroli. Shunday bo‘lgandan keyin bu quroldan foydalanishdan adibning beparvoligi katta gunoh bo‘ladi. Gorkiy yosh avtorlardan birini «juda qobiliyatli» deydi va shuning bilan birga beparvoligini ko‘rsatib, qattiq koyiydi. «Avtorning tili juda bemaza, dag‘al. Juldur kiyim jaranglar edi» depti, bema’ni gap — latta jaranglamaydi».

Kitobxonga bir fikrni anglatish yoki bir narsani tasavvur qildirish uchun kishining boshini qotirmaydigan, ochiq, ravon va sodda til kerak. Surat oldirayotgan kishi suratga chiroyli tushmoqqa behuda zo‘r berib, o‘zining tabiiy holatini buzganiday, yozuvchi «chiroyli» va «qoyil qilib yozish»ga behuda zo‘r bersa, adabiy asar uchun zarur bo‘lgan tildagi soddalik, tabiiylik buziladi.

Ma’ruf Hakim yozgan narsalarini o‘zi bir kitobxon sifatida ko‘zdan kechirishga yo hafsala qilmaydi, yo ko‘zdan kechirib, ko‘rgan chatoqliklarini tuzatishda erinadi. Har ikkisi ham yozuvchi uchun gunoh. Agar Ma’ruf Hakim yozgan narsalarini bosmaga berishdan avval ko‘zdan kechirgan bo‘lsa, kitobxonni gangiratadigan mana shunday gaplar bilan qanday kelishdi ekan:

«Rashk»da qiz yigitga aytadi: «Men ham sizni yaxshi ko‘raman… Nimaga shekilli (?) o‘zim ham bilmayman». Yana shu hikoyada: «…jalanglab turgan qora ko‘zlari ko‘zimga sanchilar edi». Shunday vaqtda «sanchildi» degan so‘z ruschada qo‘llaniladi. Lekin o‘zbekchada hech qachon aytilmaydi. O‘zbekcha bilgan rus yozuvchisi qandoq qilib «yuragim tutday to‘kildi» degan gapni aynan tarjima qilib ishlatadi? «Bo‘ta»da chol «eh-he» deb yo‘taladi. «Qahramoniing o‘limi»da bomba «bux» deb yoriladi. Bular ham ruschadan aynan ko‘chirilgan. «Rashk»da Ma’ruf Hakim rashk bilan baxillikning farqiga bormaganiday, «Yashasin do‘stlik»da shamol bilan shabadaning farqiga bormaydi. Uningcha «Ochiq derazadan mayning mayin shamoli esadi. «Tasavvur qilar edim» demay «Xayolim uni tasavvur qilar edi» («Rashk») deydi. «Otni jadallatdi» deyish o‘rniga «Otning jilovini siltab, tezlashini qistadi» («Uchrashuv») deydi.

Uning o‘xshatishlari ham aksari o‘xshatishda ko‘zda tutiladigan maqsadga javob bermaydi. Gorkiy qomati xunuk, semiz bir qizni bir qop tarvuzga o‘xshatadi. Kitobxon qopga tarvuz solib ko‘rmagan taqdirda ham darrov ko‘z oldiga keltiradi. Gogol birovning yuzini kurakka, yana birovning yuzini bodringga o‘xshatadi. Bodring bilan kurakni kitobxon juda yaxshi biladi. Bulardan ko‘rinadiki, o‘quvchiga oz ma’lum bo‘lgan yoki mutlaqo ma’lum bo‘lmagan narsa unga juda ham ma’lum bo‘lgan narsaga o‘xshatilishi kerak. O‘xshatish adabiy asarda juda katta rol o‘ynaydi, lekin u kitobxonning tez anglashiga, tasavvur qilishiga yordam bermasa hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmaydi.

«Qorong‘ida chaqmoqday otilgan o‘qlarning ovozi katta mis jomning chetiga bir tosh bilan urganday bo‘ldi». («Qahramonning o‘limi».)

Avvalo mis jomdan chiqadigan tovush o‘q tovushiga o‘xshamaydi, so‘ngra bundan ko‘ra o‘quvchiga o‘q tovushi yaqinroq. Mana bu o‘xshatishda mantiq ham yo‘q: «U qayg‘uli bir tusda bo‘ynini qisib, o‘likdan qo‘rqib ketib, qayerga qochishni bilmay qolgan kishiday ko‘z yoshlarini mo‘ltillatib turar, ko‘z yoshlari esa ikki chakkasidan pastga oqib tushar edi («Nazira»).

Qo‘rqish bilan qayg‘u orasida bir munosabat ko‘rish qiyin. O‘likdan qo‘rqish o‘rniga «yaqin kishisining tobuti ustida turganday» desa munosabat bo‘lar edi.

Bular anchayin kamchiliklar emas. San’atda, umuman «anchayin» degan gap yo‘q. Yuz chiziqlar tortilgan jonsiz suratga «anchayin» bir chiziq jon kirgizishi mumkin.

Kitobxonni ko‘z oldida tutmasligi orqasida Ma’ruf Hakim hatto ayb ish ham qilib qo‘yadi. Uning «Nazira» degan hikoyasi original asar emas. «Nazira»dagi ayrim gaplar, ayrim fikr yoki qahramonning biron xulqi, turmush va taqdiri Perl Bakning «O‘g‘il» hikoyasini eslatsa, adabiyotda bunday hodisalar bo‘lishi mumkin der edik. Haqiqatan ham bo‘ladi. Umar Xayyomning muftilarga qarata «Sizlar odam qonini ichasizlar, biz uzum qonini ichamiz» degan mazmundagi ruboiysi bor. Shunday mazmun Bayronning «Don Juan»ida ham bor. «Don Juan»da Bayron «Erkaklar erkaklarga nisbatan ko‘pincha, xotinlarga nisbatan hammavaqt noinsoflik qiladilar», degan. Shu fikr xuddi shu shaklda Jek Londonda takrorlanadi. Pushkinning «Kapitan qizi»dagi Ivan Kuzmich, Masha Yealter Skottning Br’edvardeyn va Rozasiga o‘xshar ekan. Anna Kareninaning turmush va taqdiri «Momaqaldiroq»dagi Katerinaning turmush va taqdiriga o‘xshaydi. Adabiyotdagi bunday hodisalarning har xil sabablari bor. Bu hech qachon adabiy o‘g‘irlik emas. Ma’ruf Hakimning «Nazira» hikoyasi Perl Bakning hikoyasiga o‘xshaydi, degan kishi buni ko‘zda tutadi. U bir-ikki jumlani tutib olib, tirnoq ostidan kir izlagani yo‘q. U keltirgan dalillarni ko‘rgan har qanday kishi ham Ma’ruf Hakimni oqlashda ojiz keladi.

Ma’ruf Hakimning bundan yengil bo‘lmagan yana bir gunohi shuki, to‘plamini o‘rtoq Hoshim Zohid tahrir qilishiga rozi bo‘lgan. U kitobxon oldida mas’uliyat sezsa to‘plamga qalam tegizishiga, undagi hikoyalar to‘g‘risida biron fikr aytishiga ko‘zi yetmaydigan kishining muharrir bo‘lishiga rozi bo‘lmas edi. To‘plam boshqa kishining qo‘liga tushsa, albatta ish boshqacharoq bo‘lar edi. Qanday bo‘lishini Ma’ruf Hakim yaxshi biladi. Agar nashriyotda bir asarni tahrirga berishda faqat moddiy mulohazalar yuzasidangina uning avtori bilan kelishmaslik praktikasi bo‘lsa, bunday praktika tag-tomiri bilan noto‘g‘ri. Muharrir asarni yaxshilashga, uning avtoriga yordam berishga qodir odam bo‘lishi kerak.

Endi bu gaplardan qanday xulosa chiqarish kerak? Xulosa chiqarganda shuni ko‘zda tutish kerakki, biz hikoyalar to‘g‘risida fikr yurgizganimizda bugungacha rasm bo‘lgan liberal mulohazalarni chetga irg‘itib tashladik. Bunday mulohazalarga borsak, «Hayot qo‘shig‘i»ni hozir maydonda bo‘lgan ko‘p hikoyalarga taqqoslab, qiyosiy baho beradigan bo‘lsak, bugun aytilgan gaplarning oxiriga kattakon bir «ammo» qo‘yib; ancha maqtashimiz ham mumkin edi. Ma’ruf Hakim bunday mulohazalarga, qiyosiy maqtovlarga muhtoj emas. Uning kuchi bor, lekin yetilmagan, u ishlay oladi, lekin bir oz erinchoq. Mana shu bilan u ko‘p «adabiy yoshlar»dan ajralib turadi. Mana shuning uchun biz uni yosh, talantli, umidli dedik.

1940 yil