Muhtaram zotlar haqida gapirish hamma zamonlarda ham faxr hisoblangan. Lekin bunday gapirish huquqining ba’zi muhim jihatlari bor: masalan, ustoz Oybek bilan turli vaziyatlarda uchrashganlar kammi? Ular juda ko‘p. Samimiy va rostgo‘y odamlarning ustozi haqidagi xotiralari hamisha qimmatlidir.
Oybek adib va olim edi. U zotning hayot faoliyatini mana shu nuqtalar belgilaydi. Shuning uchun ham biz, adiblar, adib va olim haqida so‘z yuritganimizda u zotning shu sohaga taalluqli sifatlari haqida gapirmog‘imiz lozim. Men adabiyotdagi o‘z kamtarin o‘rnimga ko‘ra o‘sha yillarda Oybek bilan hamsuhbat bo‘lishga albatta ijodiy jihatdan tayyor emas edim. Meni tang qoldirgan boshqa bir narsa bo‘ldi. “Navoiy” va “Qutlug‘ qon”dek o‘lmas asarlar muallifi, kattakon shoir Oybek biz tengi yosh ijodkorlar bilan, ularning asarlari bilan doimo qiziqar edi.
Meni o‘sha vaqtlarda ikkita savol taajjubga solgan: birinchisi, nega shunday ulug‘ odam biz bilan qiziqayotir? Ikkinchisi, Oybek axir xasta-ku? Biroq andishalarimizga qaramasdan, ustoz yozuvchi bizni o‘ziga tez-tez chorlar edi. Esimda, birinchi uchrashuvimizda Oybek aka shoir H.Sharipov haqida yaxshi fikrdaligini aytgan edi. Ustoz keyinchalik bu gapni astoydil tasdiqlagani yodimda. Bunday misollar ko‘p. Adib yoshlar ijodini muttasil ravishda kuzatib borar edi.
Taajjublanishimning ikkinchi tomoni – u kishining xastaligida. Aytish kerakki, shu sababli yozuvchi ixtiyorisiz uning huzuriga andishali odam bostirib kiravermasdi. Oybek aka esa adabiyot borasida o‘z sog‘lig‘ini ham ayamasdi. Negaki, u uchun adabiyotdan boshqa ulug‘ martabaning o‘zi yo‘q edi.
Men bu o‘rinda o‘zimning ayrim shaxsiy qaydlarimni aytishga jur’at etaman. Ya’ni, yosh shoir sifatida men Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, G‘ayratiy, Mamarasul Boboyev, Qudrat Hikmat singari taniqli adiblarning dil suhbatlarida ishtirok etganman. Ularning har biri bilan alohida suhbat qurish baxtiga ham muyassar bo‘lganman. Gap shundaki, turfa qiyinchilik va dovonlardan oshgan adabiyotimizning bu vakillari bir ovozdan shunday deganlar: “Agar oramizda eng pokiza zot kim desangiz, u kishi ustoz Oybekdir”. Esimda, ustoz Mirtemirni ba’zi she’riy uchrashuvlardan so‘ng uyiga kuzatishga to‘g‘ri kelardi. Yo‘lovchi mashinada ketayotib, Mirtemir aka ustoz Oybek eshigi yonidan o‘tishni har gal iltimos qilardi. Va u yerdan o‘tayotib, qo‘llari ko‘ksida, haydovchidan xuddi shu joyda tezlikni susaytirishni iltimos qilar edi. Mirtemir aka hech qachon Oybek nomini yolg‘iz talaffuz qilgan emas. Yoniga, albatta, “ustoz” so‘zini qo‘shardi.
Ustozimga bo‘lgan cheksiz mehrni adabiyotimizning har bir avlodida payqashimiz mumkin. Muhtarama shoiramiz Zulfiya Oybekni qadrlab, “Quyoshli qalam” degan doston yozdi. Ustozning nazari tushgan Mirmuhsin, Asqad Muxtor, Hamid G‘ulom, Ramz Bobojon, Shukrullo, Turob To‘la, Husniddin Sharipov, Erkin Vohidovlar bugungi kunda so‘z san’atimizning yetakchi vakillaridir. Ularning har birida Oybekning mehr zarralari mavjud.
1985