Savdo maydonlari, iqtisodiy manbalar, xom ashyo markazlari uchun boshlangan jahon urushining ikkinchi yili tugab, uchinchi yiliga qadam qo‘yilgan vaqti edi.
Urushga bog‘lang‘an Rusiyada yashag‘an xalqlar urushdan charchag‘an, har bir jihatdan qisilg‘an edilar.
Turkistonlilar u vaqtda harbiy xizmatga olinmasalar ham urush «foydasig‘a» deb Turkiston xalqlarining rahmsiz talanishlari, soliqlar ustiga soliqlar solinishi hammaning ko‘z oldida edi. Rusiyaning podshoh hukumati bo‘lsa, turkistonlilardan askar olishqa qo‘rqar edi. Turkistonlilar podshohliq hokimiyatini mo‘dofaa etishga «layoqatli» ham emas edilar.
Rusiyada qo‘zg‘alishqa yaqinlashqan g‘alayonni bostirish, frontlarda ozaya borg‘an kuchni to‘ldirish uchun boshqalarni ham frontga olib borish kerak edi.
Turkiston xalqidan askarlikka olish o‘rnig‘a mardikorlikka olish qonuni e’lon qilindi. Turkiston xalqining podshohliq hokimiyatiga «sadoqatsizligi» birinchi kundanoq ko‘rindi. Hamma yerda norizoliq, hamma yerda to‘polon, hamma joyda qo‘zg‘alishlar boshlandi.
Qo‘qon hokimi Midinskiy: «sartlarning etini kaklit qilib itimga yediraman» deyishi, jallod Ivanuf gubernato‘r tomonidan Jizzax xalqining otilishi, o‘ldirilishi, xonavayron qilinishi; Toshkent Eski shahar palismistri Kolesnikufning Olmazor mahkamasidan turib xalqni, bola-chaqani, yosh-qari, xotin-qizlarni ottirishi hammasi ham birinchi davrda qo‘zg‘olonni to‘xtata olmag‘an edi.
Shu voqealar yuzag‘a kelgan vaqtda bu satrlarni yozuvchi Qo‘qon shahrida edi.
Qo‘qon to‘polonchilarining zo‘r yeri ham Orovon (Avg‘on bog‘i tomonida) dehqonlari edi. Bir necha yuzlab yosh yigitlar, qari-mo‘ysafidlar Qo‘qon ko‘chalaridan haydalib turmaga keltirila boshlandilar.
Yosh dehqonlar u vaqtda ham salla o‘ramas edilar, mo‘ysafidlarning sallalari bir-birlarining bo‘yinlarig‘a bog‘lang‘an edi. Ba’zilarining qo‘llari orqaga bog‘lang‘an, ba’zilarining yuzlari yorilg‘an, qonlar tomchilag‘an edi. Yuzlarda, chehralarda motam, qon aralash yig‘lar edi…
Yig‘lab kelgan bola-chaqalar, xotin-xalajlar bilan Qo‘qon turmasining atrofi o‘ralg‘an, to‘lg‘an edi.
Ko‘pchilik, podshohning «sadoqatsiz» fuqarolari g‘izabdan tushmas, qo‘zg‘olondan to‘xtamas edilar.
Lekin u vaqtning kattalari, mo‘ysafidlari, oqsoqollari, donishmandlari sanalg‘on boyi bo‘lsin, ulamosi bo‘lsin, eshoni ko‘pchilik bilan birlashish o‘rnig‘a machitlarda duoyi-fotihalar, insofsizlarga insof so‘rash, yo‘ldan qaytqonlarni yo‘lg‘a solish, sadoqatga keltirish bilan ovora bo‘ldilar.
Sodda xalq inqilobiy yo‘l bilan borishni bilmagan. Intizomsiz ko‘pchilikning shu nasihatlarga quloq solishi tabiiy edi. Bir tomondan rahmsiz suvratda qo‘zg‘olon va norizoliqlarni bostirish, ikkinchidan, o‘z orasidan chiqg‘an vatanfurish ulamo va boylarning sadoqatqa chaqirishlari «podshohi a’zamga» sodiq fuqaro bo‘lishg‘a undashlari, tabiiy ta’sir qildi.
Ko‘tarilgan alangalar sekin-asta so‘na, yurakdan qaynab chiqqan g‘azablar o‘cha boshladi. Turkiston xalq ustiga «vatan» xizmati yo‘qlanadi. Ba’zi bir shaharlarda «mardikorlikka borishqa tayyormiz» degan ul vaqtning jadidlari tomonidan xitobnomalar ham tarqatiladi, (Mardikorlikka borishg‘a roziy bo‘lg‘anlar Namanganning bir qancha yoshlari edi.)
Mardikorchilik masalasi qo‘zg‘olgandan keyin bo‘lg‘an to‘polon, qo‘zg‘alishlar Turkistonda yashag‘an butun mahalliy xo‘jaliqning ustiga katta gunoh bo‘lib tushdi. Bular poyezdda yurishdan, bir shahardan ikkinchi shaharga borishdan mahrum etildilar. Istansalarning bir burchagidan ikkinchi tomonig‘a haydalishlar, vagunlardan quvlab chiqarib tashlashlar, istansalarda mahalliy xalqni masxara qilishlar bir necha vaqtlar davom etdi.
Biz bir necha o‘rtoqlarimiz bilan Toshkentga kelishg‘a va oilamiz turg‘an yerdan mardikorchilikka ketishga majbur bo‘lg‘an edik. Ustimizdagi o‘zbek to‘nimiz, boshimizdag‘i «musulmon» to‘ppi bilan poyezdg‘a o‘ltira olmaslig‘imiz, Toshkentga yetmasdan yo‘lda poyezddan haydalishimiz turg‘an gap edi. Biz ko‘z «bo‘yashqa» kirishdik. Tujurka va shapka juda qulay tushdi. Jonimizni qo‘lg‘a olib vagunga ham tushdik. Vaqt kech bo‘lg‘anlig‘idan vagunga o‘ltirib olish qulay edi. To‘rtinchi klass vagunning yuqori polkasiga chiqib o‘rinlashib oldiq. Azon otar-otmas Xovosdan o‘tildi… Sirdaryo istansasiga keldik.
Istansalarda poyezdning kelishini mo‘ltayib sabrsizlik bilan kutib yotqan sallalik, to‘nlik va to‘ppilik kishilar istansada bo‘lg‘ani kabi bu istansada ham sonsiz-sanoqsiz edi. Lekin ularning poyezdga yaqinlashish, vagunga o‘ltirish uchun, «haqlari» yo‘q edi. Poyezdga yaqinlashqanlari poyezd oldidan urilib, so‘kilib haydalar edilar.
Uzun bo‘yliq, azamat gavdalik, sersoqol bir mo‘ysafid yelkasiga xurjinini solib olg‘an holda jon ochchig‘ida vagunga kirish harakatida bo‘ladi. Hayda-hayda, po‘shol-vonlarg‘a qaramasdan ko‘lini vagunning qo‘l ushlanadirg‘an joyidan qo‘yib yubormaydi. Buning uchun bunday ucharligiga hayron qolg‘an ba’zi bir ruslar rahmdillik qilg‘ulari keladi v a ortiq g‘azablanishdan to‘xtay boshlarlar.
Qo‘ng‘iroq urildi. Poyezd jo‘nashi kerak edi. Vagun ichidan eshikka chiqqan qozoq (kazak) o‘ris mo‘ysafidning ko‘kragiga tepib yubordi. Tepish shu qadar qattiq zarbali edikim, mo‘ysafid poyezd yurib ketmakda bo‘lg‘an yo‘lning yonig‘a chalqasi bilan yiqilib tushdi.
Uning ko‘zidan oqqan yoshi, ma’yusona chehrasi, haligi iflosning g‘ururlanishi ko‘krakda alam, ko‘ngilda g‘azab qo‘zg‘atar edi. Ikki qo‘l mahkam mushtlanadi. Lekin, na chora, zamona hech narsani ko‘tarmas edi…
MARDIKORChILIKKA KETISh
Sarmoya usulig‘a qurilg‘an Rusiya hokimiyati mardikor olishda ham «tenglik» degan narsani bilgusi kelmadi. Mardikor olish qonuni bo‘yincha har bir o‘zig‘a qudratli kishi (boy, savdogarlar) boshqalarni yollashqa haqli edi. Ishning og‘iri, «vatanga xizmatning» zo‘ri yana kambag‘allar ustiga tushdi. Boylar va boy bolalari «vatan xizmatidan» ozod qilindilar.
Mamlakat kattalari o‘z maslahatlarida (bu Toshkent o‘lchovida. Boshqa joyda ham shu yo‘l bilan mardikor oling‘an edi) bir oilada uch erkak kishi bo‘ladirg‘an bo‘lsa, shulardan biri birinchi navbatda borsin va bormaydirg‘on bo‘lsa, o‘rnig‘a ikkinchi kishini yollab yuborsin, degan qarorg‘a keladilar, boylar va ularning dumlari, ulamolarning bu yo‘lda qilg‘an qarorlari qog‘ozdagina qoladi.
Odam yollab yuborilmaydirg‘on kambag‘al oilalar, boylarg‘a yollanib ularning bolalari o‘rnig‘a mardikorchilikka borishg‘a majbur bo‘ladirlar. Mahallama-mahalla odam yollash, nega sen bormaysen-u, men boramen, degan janjallar, odam sotib olish bahosi ko‘tarila boshlaydi. Hatto odam yollash ishida foyda qilg‘an, yaxshilab pul ishlab olg‘anlar ham bo‘ldi.
Birinchi partiyada ketuvchilar ichida shunday yo‘l bilan mardikorlikka oling‘anlar kambag‘al oilalardan bo‘lg‘ani kabi, yollang‘an kishilar ham oz emas edi. Yig‘i-sig‘i, janjal-suron ostida Turkistondan dastlab jo‘nash uchun Toshkentning to‘rt dahasidan 1000 mardikor to‘plandi.
Ularning oilalaridan ajralishlari (sababiki, ularning ko‘pi musofirchilik, oiladan uzoq turishqa o‘rganmagan edi) Toshkentni «osmong‘a» ko‘taradi. Xotin-xalajlarning yig‘i-sig‘isi, mo‘ysafidlarning duolari, ul vaqt jadidlarning otalari sanalg‘an Munavvar Qoriy va boshqalarning «Xudoyo podshohimizni saqla» degan ashulani ko‘chalarda aytib borishlari, Badriddin A’lamufning (o‘lgan) Nikalayning suvratini ko‘tarib yurishi xayrlashuvchilar va tomoshabinlar bilan Toshkent ko‘chalari to‘lqinlanar edi.
Shu yangi yig‘ilg‘an birinchi partiya 1000 kishiga boshliqlar tayinlash uchun Olmazorda palismistr mahkamasining bog‘ida bir yig‘in bo‘ladi. Shu yig‘inda Ubaydulla Xo‘jayef, Munavvar Qoriy va boshqalar mardikorlarga nasihat qildilar, «podshohi a’zamga» sadoqatli bo‘lish, «vatan» tomonidan yo‘qlangan bunday ulug‘ ishni bajo keltirishga undadilar. Ish boshliqlarini tayin etishga o‘tildi. Shu ming kishiga mingboshi etilib o‘rtoq Musaxonuf (hozir aptika upravleniyada ishlaydi) ko‘rsatiladi. U vaqtda qo‘l ko‘tarish, qarshi va tarafdor bo‘lib chiqarishlar bo‘lmag‘anlig‘idan qabul qilinadi. Bundan keyin har yuz kishig‘a yuzboshi belgilanadi va mingboshig‘a mirza etilib men belgilandim.
Shu ming kishini vokzal atrofida bo‘lg‘an qandaydir bir kazarmaga keltirdilar. Atrofni soldatlar o‘rab oldi. Kuzatib kelgan qarindosh-urug‘lar, ota-onalar tashqarida qoldilar. Ming kishi orqasidan xayrlashmak uchun kelgan bir necha ming xalqning qaytib ketgusi kelmasdan kazarma atrofida o‘rnashdi.
Undan-bundan turib bolasini, o‘g‘lini chaqirg‘an tovushlar davom etdi. Xuddi shu ming kishidan ona-otalari, qarindosh-urug‘lari abadiy ajralg‘anday ko‘rinadi.
Turkistondan birinchi galda mardikorlikka jo‘natish uchun belgilangan kishilar bilan xayrlashmak uchun kelgan og‘a-inilar, do‘st-birodarlar kechalab bo‘lsa ham kazarma atrofida yotib qoldilar. Jo‘naguvchilar bir tomondan bo‘lsa, jo‘natuvchilar ikkinchi tomondan bo‘lib, oydin kechada suhbatlashib o‘tgan kunlarni eslashib uzun kechani qisqartadirlar.
Ikkinchi kun mardikorga ketish uchun yig‘ilg‘anlarni jo‘natadirg‘an kun. Toshkantning askar jo‘natadirg‘an (voyenniy) istansasi keng maydon. Shunga qora charm tujurka va shunday shim kiygan bir ming o‘zbek yigitlari «podshohi a’zamga» bag‘ishlangan ashulalar, duoyi-fotihalar, xayrlashuvlar, yig‘i-sig‘ilar bilan uzatib kelinadi.
Keng maydon ikkiga bo‘linadi. Bir tomonda xayrlashuvchilar xotin-xalaj, bola-chaqa, cholu mo‘ysafidlar. Ikkinchi tomonda qayerga borishini bilmay, yuraklari po‘killagan, chehralari motamli minglab kishilar. O‘rtada miltiqli bir qancha soldatlar. Ketuvchilar butun pilotpurma bo‘yida ikkitadan askar kabi qator qilinib qo‘yadirlar. Har qaysi yuz kishining oldida boshlig‘i yuzboshi. «Unday tur, munday qil», degan bo‘lib bilar-bilmas tartib kiritgan bo‘ladilar. Mingboshimiz qaydadir qolg‘an. Nima uchundir uch rangli bayrog‘ bilan men sho‘ppayib olding‘a chiqib qoldim.
Ginirol Kurapatkin vabir qancha sholob-shuloblilar mardikorlar bilan salomlashib keldilar-da, mardikorlar safining oldida turg‘an menga yaqin kelib ginirol Kurapatkin allanimalar so‘zlaydi. Kurapatkining to‘xtashiga sabab ham, meni mardikorlar boshlig‘i Musaxonuf deb o‘ylag‘onlig‘idan ekan.
Avval sizlab so‘zlashib turg‘an gubirnatur «janoblari» mening oddiy mardikorlardan bo‘lg‘anlig‘imni tushinib sanlashga boshladi ham:
— Mardikorlar bu yoqqa (ota-onalarig‘a bo‘lsa kerak) xat yozg‘anlarida ahvol yaxshi deb yozsinlar,—degan nasihatni qildi.
Mardikorlar bilan salomlashqandan so‘ng rasmiy qism tugadi. Podshoh tomonidan yuborilg‘an gubirnatur janoblarining ketaturg‘an minglab kishilarg‘a qilg‘an iltifoti faqat «izdirasti»dan iborat bo‘ldi.
Ginirol-gubirnatur janoblarini kuzatgandan keyin turonchilarning o‘z kishilari sanalg‘an Musaxonuf bilan xayrlashmak uchun u zamonning bir qancha «otalari» vagun oldiga yig‘iladurlar.
Shu vaqtda mardikorlar uchun belgilangan qizil vagunlar ketuvchilar bilan to‘la boshlaydi.
Munavvar Qoriyning qo‘lida bir qo‘lyozma — Qur’on. Atrofini o‘rab olgan o‘z kishilari orasida turib Musaxonufga qarab aytgan nutqida Musaxonufning Turkiston yigitlaridan 1000 kishiga boshliq — mingboshi etib tayinlanganligi, vatan oldida kattakon xizmat yo‘qlanganligi, shu xizmatini yaxshilab tugatishini so‘zlab o‘tadi ham qo‘lidagi Qur’onni shunga dalil bo‘lsin, deb taqdim qiladi. Musaxonuf Qur’onni qo‘liga olib o‘padi.
Munavvar Qoriy menga nimadir demakchi bo‘ladi. Lekin kimningdir turtib qo‘yishi orqasida og‘zi ochilg‘anicha so‘zsiz qola beradi. Mening u vaqtda turonchilarg‘a munosabatim bo‘lmag‘anlig‘i bunga sabablardan biri bo‘lsa ham ajab emas.
Biz Toshkantdan jo‘nadik, kuzatib qolg‘uvchilar, yig‘i-sig‘ilar sonsiz-sanoqsiz edi. Yo‘l bo‘yidagi odamlar bir necha istansagacha uzatish uchun chizilgan odamlar bir qanchalab edi… Yo‘l-yo‘ldagi Turkistondan jo‘nab turg‘an bir partiya mardikorlarni qarshi olish, nutq so‘zlashlar bo‘ladi.
27 kun yo‘l yurg‘andan keyin, Maskav, hozirgi Oktyabr temir yo‘lidan (Maskav-Leningrad temir yo‘li) o‘tib, Piskuv tomoniga yo‘l soldiq va uch kunda Piskuvga borib yetdik. Istansada bizni askariy boshliqlar va bir qancha tomoshabinlar qarshi oladirlar. Askariy boshliqlar ichida g‘arb frontining boshlig‘i ginirol Rutskiy ham bor edi. Biz mardikorlarning holimiz qiziq edi. Sababi, bizlar na askar va na ma’lum harbiy bir intizomda edik. Shuning uchun askariy boshliqlar bilan qanday muomala qilishni bilmas edik. Shunday bo‘lsa ham askarlar kabi saflanib turish, chist berishlarga majbur edik. Mingboshimizdan tortib, pastki boshliqlarimizg‘a qadar bunday vaqtda hech qanday ro‘l o‘ynamasliqlari tabiiy edi.
Bizning boshlig‘imiz sanalg‘an va bizni olib borib frontg‘a yaqin joyda askariy ishga tashlab ketish uchun Toshkentdin Jo‘rabek degan ginirol tayinlangan edi. (Hozirda ham tirik va Toshkent atrofida turadi). Piskuv vokzalidan tushirg‘andan keyin, bizni podadek qilib haydab Piskuvning mashhur turmasiga o‘rinlashdirdilar. Nima uchundir, turmaning eng katta binosi bo‘sh bo‘lg‘an va bizlarni shu joyda kalantarak (karantina) qilish kerak ekan.
Bu turma o‘zining bahaybatligi bilan birinchi kirgan kishini qo‘rqitar edi… Ikki-uch kun turishning o‘zi ham har bir kishini allaqanday vahima va xavotirga solar edi. Shu turma ichida uch kecha o‘tkazish bizlarga yomon ta’sir qildi. So‘ngan ruh, buzilg‘an chehrani yana og‘irlashdirdi. Bizlarni bu turmag‘a o‘rinlashdirg‘anlarining sababini keyinroq surishtirsak:
— Bu turmani ko‘rib qo‘ying, jinoyatchilarni sovitadirg‘an yerdir, — degandek imo qilindi.
QILG‘AN IShIMIZ
Bizlarni shuncha kunlar sudrab yurib, nihoyat Piskuv bilan Riga o‘rtasida bo‘lg‘an latishlar qishloqlari(ga olib kelgan) edi. Piskuvdan shu yerga qadar temir yo‘l bo‘lib, bundan Rigag‘acha harbiy yo‘l solish va bu yo‘lni juda ham tezlikda bitirish kerak edi. Sababki, Rigada Rusiya askarining holi yomon bir front berilib, ikkinchi yerga ko‘chishlar davom etgan va qurol ham asboblar yetishmagan davr ekan. Shuning uchun har qaysimizni ishga haydab chiqarish, suviqlarg‘a o‘rganmaganlarning holi, ahvoli bilan sanashmasdan, ertadan kechga qadar ishlatish, charchab-horib dam olishqa o‘ltirishni o‘ylag‘an har bir mardikorni soldot miltig‘i bilan urib ishga solish va haqarotlar uzilmasdan davom etdi.
Qiladirg‘an ishimiz bo‘lsa, muzlagan yerni borib ochish va shularni ikkinchi tomonga ko‘chirish uchun vagunlarg‘a yuklash, 15—20 lab vagunlar liq to‘ldirilg‘andan keyin yo‘l solinmaqda bo‘lg‘an joyg‘a olib borib keltirish edi.
Shul ming kishig‘a qilingan harakat olti oy ichida o‘sha vaqtning puli bilan 200-250 ming so‘mg‘a yetdi. Berilgan ovqat, turadirg‘an joylar bu hisobg‘a kirmas edi. Bir shahardan ikkinchi ko‘chirishlarni, ustimizg‘a qo‘yilg‘an boshliqlar (mingboshi, yuzboshilardan tashqari) uchun sarf qiling‘an pullarni va boshqalarni qilg‘an ishlarimiz bilan solishdirib ko‘rganimizda Rusiya xazinasig‘a foydamizdan ko‘ra zararimiz ko‘proq edi…
Ish davrida Toshkantdan tayin etilgan mingboshi, yuzboshi, mirzaboshilarning ro‘li to‘qqiz pullik edi. Sababki, bulardan boshqa tayin etilgan askariy boshliqlar bor edi. Shuning uchun mahalliy xalqdan bo‘lg‘an boshliqlarning ahamiyati qolmadi. Yuzboshi va boshqalar ham mardikorlar bilan birgalashib ishlashga majbur edilar. Shuning orqasida turonchilar tomonidan ishonilib belgilang‘an Musaxonuf kasal bo‘lib ketishga va ishchilar turonchilarning boshlig‘isiz qolishqa majbur bo‘lg‘an edilar.
Og‘ir kunlar, qahraton qishlarg‘a o‘rganmagan holda soldotlarning miltiqlari zarbi ostida ishlashg‘a to‘g‘ri keldi.
… Butun Rusiyada yashag‘anlar uchun bo‘lg‘an erkinchilik xabari bizlarg‘a ham borib yetdi. Atrofda bo‘lg‘an qo‘zg‘alishlar, namoyishlar, og‘izdan og‘izg‘a o‘tgan xabarlar bizlarni ham shodlandirdi, bizlarni qo‘zg‘atdi.
Mardikorlar ichidan bir nechalarini (askariy boshliqlardan so‘ramasdan) Pitrogradg‘a yuborib, xizmatda bo‘lg‘an mardikorlarni bo‘shatishqa harakat qilishg‘a niyat qilindi. U vaqt Nikalay ikkinchi Piskuf istansasida podshohliqdan voz kechgan kun. Pitrogradda fevrol inqilobining qizig‘an vaqti edi.
Pitrogradda qozoq-qirg‘iz mardikorlaridan ham vakil kelg‘an ekan. Birgalashib, maslahat qilib Muvaqqat hukumatning harbiy ministirig‘a uchrashni tilasak ham bu masala haqida nima uchundir yer ishlari ministiri Shingaruf(ga) borishni maslahat berdilar.
Shu ministirni ko‘rish uchun bir necha kun ovora bo‘lsaq-da, ko‘ra olmadiq va mahkama boshliqlari maqsadimizni so‘rab olib bir necha kundan so‘ng javob olish uchun kelishga qo‘shdilar. Qirg‘iz, qozoq mardikorlaridan vakil bo‘lib kelganlar qaytishqa majbur bo‘ldilar. 4-kuni Turkistondan mardikorlikka olinganlarning qaytishig‘a ruxsat bo‘ldi.
Tartibsiz suvratda har kim o‘z boshicha qaytish, eliga yo‘l solishda davom etdi.
«Er yuzi» jurnalining 1928 yil 1-sonidan Teshaboy Ziyoyev nashrga tayyorlagan