(She’riyat va qatli om xususida o‘ylar)
Birinchi maqola
Yo‘q, men u chog‘larda na o‘zga osmon
Na o‘zga qanotni bilgandim panoh.
Xalqim, baxtga qarshi, bo‘larkan giryon,
Men ham xalqim ila birga chekdim oh.
Anna Axmatova «Marsiya».
XX asrning atamasi ko‘p. Biroq, asrimiz o‘z g‘urubiga yaqinlashgan sayin uning asl va chinakam nomi zamona zayli bilan turli atamalar ostidan sitilib chiqib, yuzaga qalqimoqda. Ayniqsa, 90-yillarga kelib biz eng yovuz va eng qonxo‘r yuz yillikda — son-sanoqsiz urushlar, qonli inqiloblar, harbiy to‘ntarishlar asrida yashayotganligimizni teranroq anglamoqdamiz. Ayniqsa, yer yuzining oltidan bir qismida — bizning mamlakatimizda bu asr besh-battar beayov va dahshatliroq kechdi. Nohaq to‘kilgan behisob qonlar va inson aqli bovar qilmagan qatag‘onlar asri! — bu biz yashab o‘tgan asrning nomi, ehtimol, kelgusi avlodlar xotirasida abadul-abad qolajak bosh belgisidir.
Biroq eng afsuslanarli tomoni taqdir bizga — XX asr avlodlariga shafqatsiz davrlarni boshdan kechirishni ravo bilgani emas. Balki xalqimiz ko‘rgan-kechirgan vahshatlarning beiz yo‘qolib ketayotgani yoki insofsizlarcha yo‘qotilayotganidir. Bolsheviklar diktaturasining qilmishlarini, g‘ayriinsoniy jinoyatlarini asr muarrixlari yozib qoldirish imkoniyatidan mahrum etildi. Sal kam yuz yillik tariximizning, asosan, «Oq» va «Qora» dog‘lardan iborat bo‘lib qolganligi shuning oqibatidir. Ha, bu kun uch yuz millionlik ulkan va beso‘naqay bir mamlakatning asriy tarixi, bosib o‘tgan yo‘li to‘g‘risidagi rost yoki yolg‘on-yashiq ma’lumotlar, to‘g‘ri yoxud noto‘g‘ri hujjatlar ChK, GPU, NKVD, KGB, VKP(b) va boshqa Harbiy-siyosiy idora-tashkilotlarning arxivu sandiqlarida yotibdi. Biz — XX asr avlodlari kelajakka ana shunday Sirli va Noma’lum bir «Tarix» qoldiryapmiz.
Badiiy adabiyot ham xalqimizning beadad fojialari xususida yetarli darajada guvohlik berolmaydi. Afsuski, sovet adabiyotining qayta qurish va oshkoralikkacha bo‘lgan yetmish yillik tajribasi, asosan, tariximizning bir tomonlama yoki g‘irt telba-teskari in’ikosidan iboratdir.
Gap shundaki, Oktyabr to‘ntarishidan keyin boshlangan, butun yigirmanchi yillar davomida u yoki bu shaklda xuruj etgan, xususan, o‘ttizinchi yillarda Stalinning tashabbusi bilan avjiga chiqqan shafqatsiz qatag‘onlar bolsheviklar istibdodiga qarshi tura bilajak barcha ma’naviy-siyosiy kuchlarni yer bilan yakson qildi. Adabiyot ahlining taqdiri ham aynan shunday bo‘ldi…
Proletar diktaturasi ideologiyasining yakkahokimligiga va tahqiromuz siyosiy zo‘ravonligiga qarshi chiqqan yoki e’tiroz bildirishi mumkin bo‘lgan aksariyat yozuvchilar qatag‘onga uchradi; ularning bir qismi qamalgan yoxud qatl qilingan bo‘lsa, boshqalari tiriklayin o‘ldirildi, ya’ni bir umr jim turishga yoki yozganlarini e’lon qilmaslikka mahkum qilindi.
Ma’naviy o‘limni jismoniy o‘limdan afzalroq bilganlar esa insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan yovuz va sharafsiz saltanatni sharaflash yo‘lidan bordilar. Nafaqat stalinizm davrining, balki turg‘unlik yillari adabiyotining ham ko‘pchilik namunalari harbiy-ma’muriy rejimning madhiga bag‘ishlangan asarlardan iboratdir.
Nafaqat Stalinning qonli siyosiy tuzumiga, balki uning shaxsan o‘ziga bag‘ishlangan qo‘shiqlarni, turli janrlardagi badiiy asarlarni, san’at namunalarini to‘plasangiz — ulkan bir kutubxona, boshi-keti yo‘q ko‘rgazma hosil bo‘lishi mumkin.
Stalin saltanatida yashashday taqdirning omonsiz hukmiga bo‘yin egganlar istab-istamay, bilib-bilmay zamon illlatlarini kuylashday gunohi azimdan qutula olmadilar.
Stalin zamonida yashab turib unga madhiya bitmaslik amrimahol edi.
Faqat mana shu davrda yashamaganlargina Xalqlar Otasiga bag‘ishlovlar yozmaganlar.
Hatto asrimizning eng o‘jar va mag‘rur san’atkorlaridan, Stalin istibdodining g‘addor dushmanlaridan biri Boris Pasternak ham o‘ttizinchi yillarda Xalqlar Otasiga she’r bag‘ishlagandi.
Hatto bolsheviklar diktaturasining siyosiy nayranglarini, Yangi tuzumning dahshatlarini ochib tashlagan romanlar, qissalar muallifi, mashhur «Usta va Margarita»ning yaratuvchisi Mixail Bulgakov ham roppa-rosa o‘n yil (umrining so‘nggi o‘n yili!) do‘stlarining iltimosi va nasihati tufayli Otaning muhtasham obrazini gavdalantirish uchun ne-ne azoblarni
boshidan o‘tkazadi. Va o‘lguncha Jallodning navbatdagi qo‘ng‘irog‘ini ilhaq bo‘lib kutadi.
Hatto qatli om chek-chegara bilmagan bir paytda davrning shafqatsiz aybnomasini — jahonshumul «Marsiya»ni (1935-40) yaratishga o‘zida kuch topgan Anna Axmatova atigi bir necha yil keyin yakkayu yolg‘iz o‘g‘lini Stalinning o‘lim lagerlaridan qutqazish uchun Umum Ota sha’niga madhiya bitadi…
Biz qonxo‘r hukmdorga bag‘ishlovlar yozgan ijodkorlarni ayblash yoki muhokama qilish niyatida emasmiz. Zero, qatli om mashinasi o‘sha davrda dillarda tug‘dirgan o‘lim vasvasasida, beqiyos-qo‘rquv va xavotir iskanjasida Jallod sharafiga madhiyalar bitgan adiblarni bu kun ayblashdan osoni yo‘q. Lekin shuni unutmasligimiz kerakki, o‘sha yillarda jon saqlash uchun qilingan barcha urinishlarni ham birday oqlab bo‘lmaydi. Stalinning siyosiy idoralarining talablariga «labbay» deb javob bergan, Umum Ota sha’niga har kuni bir ash’or qoralaydigan e’tiqodsiz va imonsiz qalamkashlar bilan o‘z jigarbandini o‘lim changalidan xalos etish uchun yakkayu yolg‘iz she’r yozishga majbur bo‘lgan Ona-Shoira o‘rtasidagi farqni unutib bo‘lmaydi axir!..
Ha, 30—50-yillarda Stalinga asar bag‘ishlagan hamma yozuvchilarni ham birday aybsitish kamida adolatsizlikdir. Axir, bola-chaqasi, yoru do‘stlarining taqdirini o‘ylab madhiya yozish bilan NKVD, GPU kabi odamxo‘r tashkilotlarning xufyasiga aylanishni o‘ziga ep ko‘rgan, o‘z kasbdoshlarini ta’qib va tergov qilgan ijodkorlarni teng jabrdiyda qilib ko‘rsatish insofsizlik, aslida bilib-bilmay suvni loyqalatish-ku!
Biroq shunisi aniqki, 30—50-yillarda bizning mamlakatimizda yashab o‘tgan biron-bir inson bu yalpi qirg‘inga qarshi chiqolmagan. Xususan, o‘ttizinchi yillarning o‘rtalaridan e’tiboran, mamlakatdagi deyarli barcha mag‘rur boshlarning kesilishi, u yoki bu tarzda yo‘q qilinishi oxir-oqibat yalpi sukunatga olib keldi. Tabiiyki, o‘sha qonli yillarda qatli omga qarshi yozilgan (agar yozilgan bo‘lsa!) bironta asarning e’lon qilinishini ham aql bovar qilmasdi.
Ozodlikda yurganlar — taqdirning beqiyos marhamati tufayli (ular judayam ozchilikni tashkil etadi) omon qolganlar yoki jirkanch diktaturaga yollanib, it sadoqati bilan xizmat qilganlar, do‘stlariga, Vatanga, millat va adabiyotga xiyonat qilganlar (ular ko‘pchilik edi) — Stalinning arshi a’loga o‘rlagan zulmini baxt-saodat deb tinimsiz kuylashardi.
O‘lim lagerlarida, son-sanoqsiz qamoqxonalarda jon berayotganlar ham bu dahshatli tuzumga nisbatan biron-bir norozilik bildirish u yoqda tursin, aksincha, Jallodni ulug‘lab, unga nasriy-nazmiy maktublar yo‘llashardi.
Ha, ahvolning favquloddaligi shunda ediki, tutqunlikdagilarning anchayin qismi ham Xalqlar Otasini kuylash bilan mashg‘ul edilar.
Butun boshli bir mamlakat Stalinnoma yaratish bilan band edi…
Xullas, stalinizm davri adabiyotining, deyarli, nashr qilingan barcha namunalari Stalinni yoki uning qonli tuzumini hech bir ikkilanmasdan kuylashga, ko‘klarga ko‘tarib maqtashga bag‘ishlangan.
Naqadar achchiq va afsuslanarli bo‘lmasin, baribir, e’tirof etish zarur: stalinizm mafkurasi va siyosati bilan zaharlangan bu ulkan va yolg‘on meros bu kun tom ma’noda yaroqsizdir. O‘z davri haqiqatlarini ifodalashga ojizlik qilgan yoki shunga qurbi yetmagan adabiyot o‘z zamondoshlari uchun ham, kelgusi avlodlar uchun ham nafaqat keraksiz, balki zararli bir ko‘rsatmalardir. Stalinizm g‘oyalariga bevosita yoki bavosita xizmat qiladigan bunday asarlarning hanuz targ‘ib-tashfiq qilib kelinishi nafaqat bu kun, umuman, kelajak oldida kechirib bo‘linmas jinoyatdir.
Bu davr adabiyotining mafkura va siyosat og‘usi bilan zaharlanmagan, azal-abad muammolarga va sof insoniy kechinmalarga bag‘ishlangan kamyob namunalarigina bizdan oldin o‘tgan omadsiz va baxtiqaro avlodlarning haqqoniy ma’naviy merosi sifatida tan olinishi va qadr topishi muqarrardir.
Mashhur Oktyabr to‘ntarishidan keyin o‘tgan yetmish yil davomida bolsheviklar diktaturasining jinoyatlariga, ayniqsa, stalinizm dahshatlariga sovet san’atining munosabatiga hali juda ko‘p tadqiqotchilar to‘xtaladi. Bugungi kunda ham ushbu masala ilmiy-estetik va ijtimoiy fikrning diqqat markazida turadigan benihoya hayotiy va zarur ma’naviy-axloqiy masalalardan biridir. Qayta qurish va oshkoralikning ilk kunlaridanoq avj olgan bu qiziqish borgan sayin kuchaygandan kuchaymoqda. Keyingi besh yil mobaynida birin-ketin e’lon qilingan o‘nlab tadqiqotlar, yuzlab maqolalar bu qiziqishning aslo mavsumiy va o‘tkinchi emasligini ko‘rsatadi.
Bu kun vijdoni va imoni butun har bir insonni, har bir ijodkor ziyolini muhim bir muammo qattiq o‘ylantirmoqda; sal kam bir asr muttasil ro‘y bergan mana shu razolatlarga, o‘n yillar davomida uzluksiz sodir bo‘lgan son-sanoqsiz, turli-tuman xunrezliklarga San’at o‘z munosabatini qanday ifodalagan? San’at, ayniqsa, So‘z san’ati bu asriy jinoyatlarga, jahonshumul fojialarga qanday Guvohlik bermoqda? Biz juda ko‘p, o‘nlab, yuzlab san’atkorlarning, ijodkorlarning, turli sohalarga mansub ziyolilarning 2030-yillarda shafqatsizlarcha qatl qilinganini ham bilamiz. Biroq o‘sha qatli omdan bir amallab qutulganlar, omon-eson qolganlar, tiriklar orasida, nahotki, o‘z asrining Vijdoni darajasiga ko‘tarilganlar, umummilliy fojialarimizning Shohidligini o‘z bo‘yniga olganlar topilmasa?..
Ana shu savollar nuqtai nazaridan yetmish yillik adabiyotga, xususan, 30-50-yillarning badiiy tajribasiga yondashganimizda g‘amgin va g‘arib bir manzaraning guvohi bo‘lamiz.
Bu jihatdan XX arsning ulug‘ san’atkorlaridan D. Shostakovichning ijodini yuqoridagi talablardan kelib chiqib, teran yoritgan maqolalardan birida juda muhim mulohaza bir qadar keskin tarzda o‘rtaga tashlanadi: «Mamlakatimizning madaniyatga shunchaki ermak deb qaramaydigan, uni chinakam ma’naviy ehtiyoj sifatida qadrlaydigan har qanday fuqarosi, menimcha, Shostakovich musiqasi biz haqimizdagi ayovsiz haqiqat ekanini va abadiy shunday bo‘lib qolajagini tushunadi, his qiladi. An’anaga ko‘ra Rusiyada haq gapni hamisha yozuvchilar aytishgan. Biroq bu gal haqiqatni yozuvchi emas, aksincha, daho bastakor aytdi — boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas edi. Chunki yangi Rusiyada so‘z haqoratlangan, oyoqosti qilingan bo‘lsa-da, harholda butunlay soqovga aylanmagan adabiyotda buyuk yozuvchilarimiz bu haqiqatning bir qisminigina aytdilar. Shostakovich esa, menimcha, haqiqatni baralla aytgan. To‘g‘ri, rus madaniyatini teranroq biladigan o‘quvchi Platonov, Zoshchenko, Pasternak nomini tilga olar (garchi bu ro‘yxat uncha katta bo‘lmasa-da, boshqa nomlarni ham keltirish mumkin). Ammo Shostakovich nomi tilga olingani zahoti badiiy haqiqatlarning biryoqlamaligi darrov sezilib qoladi. Ha, o‘sha yozuvchilardan birortasi yolg‘on yozmagan bo‘lsa-da, baribir, musiqaning ko‘lamdor haqiqati shak-shubhasizdir». Ushbu fikr maqolada bir necha o‘rinda ta’kidlandi: «Zo‘ravonlik asri guvohliklar asriga aylandi. Eng dahshatlisi shundaki, o‘z mamlakatida adabiyotni gung, kinoni esa ko‘r bo‘lishiga majbur qilgan totalitar tuzum o‘zining eng shafqatsiz va odil guvohining yaralishiga sabab bo‘ldi — faqat musiqagagina guvohlik qilish qoldi. Rusiyaga shunday daho bastakorni tangri ato qildimi? Menimcha, Rusiyaning o‘zi asr boshida musiqa dahosi paydo bo‘lishi uchun butun kuchini to‘plagan, shunday qilib, guvohni yaratgan edi». (Leonid Gakkel. «Ad! Gde tvoya pobeda?» «Izvestiya», 14 iyunya, 1991 g.)
Taniqli san’atshunosning mazkur mulohazalariga, umuman olganda, jiddiy e’tiroz bildirish qiyin, albatta. Haqiqatan ham o‘sha og‘ir va xatarli yillarda ulug‘ rus bastakorining betakror ijodiy jasorati tahsinga loyiqdir. Biroq muallifning «Yangi Rusiyada So‘z tahqirlangandi», yoki 30-70-yillarda «adabiyot soqovga aylangandi» yo‘sinidagi uzil-kesil hukmlari bilan kelishish qiyin. Birinchidan, ushbu hukm-xulosalar, agar ta’bir joiz bo‘lsa, faqat matbu so‘zgagina nisbatan o‘zini oqlaydi, ya’ni e’lon qilingan, nashr etilgan asarlargagina ular taalluqlidir. Ikkinchidan esa maqola davomida qayta-qayta ta’kidlangan «30-70-yillar»ni na ijtimoiy-siyosiy, na adabiy-estetik jihatdan yaxlit bir davr sifatida olish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Zero, 30-50-yillar ham, 60-70-yillar mustaqil va o‘ziga xos bosqichlardir. Va har ikkala bosqichda badiiy So‘zning layoqatini tasdiqlaydigan ancha-muncha asarlar mavjud. Bunday nasriy vi poetik namunalar, xususan, 60-70-yillarning badiiy tajribasida ko‘proq uchraydi.
30-50-yillarning tom ma’nodagi hiquqsizlik, siyosiy rejimlar va saltanatlar tarixida uchramagan shafqatsiz erksizlik muhitida ham adabiyot o‘zining milliy-insoniy va ijtimoiy-estetik layoqatini, juda ko‘p qurbonlar va yo‘qotishlarga qaramay, asrashga qattiq urinardi. Faqat yuqoridagi maqolada tilga olingan Platonov, Zoshchenko, Pasternak emas, Osip Mandelshtam, Mixail Bulgakov, Anna Axmatova, Marina Svetayeva, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Husayn Jovidlar ham asrning va tuzumning favqulodda jinoyatlarining diyonatli va jasur Guvohlari bo‘la oladi. «Usta va Margarita», «Doktor Faustus» kabi muhtasham badiiy obidalar, A. Platonovning romanlari, M. Zoshchenkoning keskin hajviy nasri, Mandelshtam, Svetayeva, Pasternak, Axmatovalarning milliy-dunyoviy iztiroblarga yo‘g‘rilgan lirikasi zamon dahshatlaridan Guvohlik bermaydimi?! Lekin ulkan va ko‘p millatli bir mamlakatdagi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan dahshatli ko‘rguliklarni tugal tasvirlash, badiiy mukammal yoritib berishga barmoq bilan sanarli ijodkorlar kamlik qiladi deyilsa, shunga qo‘shilmasdan iloj yo‘q. Zero, jahonning eng katta bir mamlakatida ro‘y bergan beadad xunrezliklarning yuzdan birini ham gavdalantirish uchun qadimgi va bugungi dunyoning barcha fojianavislarini, yuzlab, ehtimol minglab Soljenitsinlarni safarbar qilishga to‘g‘ri keladi. Xuddi ana shu vaziyatni hamda 30-50-yillardagi ijtimoiy-siyosiy shart-sharoitning benihoya favquloddaligi e’tiborga olinsa, o‘z davri haqiqatlariga Guvohlik qila bilish nuqtai nazaridan o‘sha davrlar adabiyotidan bundan ortiqroq, bundan teranroq va bundan jasoragliroq munosabatni talab qilish aqlga sig‘maydi. O‘sha mash’um yillardan bizgacha yetib kelgan.barmoq bilan sanarli daho ijodkorlarninggina yurak qoni bilan yozilgan mana shu kamyob va nodir badiiy durdonalar, hech shubhasiz, inson ma’naviyati va qudratining mo‘jizalari qatorida turadi.
Bu jihatdan asrimizning ulug‘ san’atkorlari Anna Axmatovaning «Marsiya» (1935—1940) va Aleksandr Tvardovskiyning «Xotira huquqi» (1966-1969) asarlari o‘z davrining noyob va betakror badiiy namunalaridir. Bulardan birinchisi Stalin qatli omi va qatag‘onlari avjiga chiqqan pallada g‘ayriinsoniy xunrezliklarga buyuk va jasur bir Qalbning isyoni sifatida tug‘ilgan bo‘lsa, ikkinchisi 60-yillarning ikkinchi yarmidagi stalinizmni oqlash, shaxsga sig‘inish dahshatlarini xaspo‘shlash urinishlariga qarshi alamli e’tiroz ruhida yozilgan. «Marsiya» ham, «Xotira huquqi» ham bu kun biz uchun shunisi bilan qimmatliki, qayta qurish va oshkoralikkacha ko‘p millatli sho‘ro adabiyotida, xususan, she’riyatda shaxsga sig‘inish fojialarini tarixan haqqoniy va yuksak badiiy tarzda yoritish nuqtai nazaridan ularga teng keladigan asarlar, dadil aytish mumkinki, yo‘q. Xar ikkala asar ham yozilganidan ancha keyin — «Marsiya» («Oktyabr» 1987, №3) sal kam yarim asr, «Xotira huquqi» esa yigirma yilcha so‘ng dunyo yuzini ko‘rdi.
Xususan, «Marsiya»ni qayta-qayta o‘qirkansiz — beixtiyor sizni ikki narsa hayratlantiradi; biri buyuk san’atkorning har lahzasi xavf-xatarga, qo‘rquv va vahimaga to‘la o‘sha dahshatli yillarda qonli tuzumning beayov aybnomasini mislsiz bir jasorat bilan qog‘ozga tushirishga o‘zida kuch tonishi bo‘lsa, ikkinchisi, bu buyuk she’rda ilohiy mahorat bilan badiiylashgan yoniq iztirob va nigoronlikka yo‘g‘rilgan kechinmalarning teran insoniy samimiyatidir.
Axir, Anna Axmatova yovuz va qonsiragan saltanatga qarshi bir nima yozishni xayoliga ham keltirmagan, begunohdan begunoh yuzlab, minglab safdoshlarini qatli om ajdarhosi o‘z domiga tortganligini juda yaxshi bilardi-ku! Bu ma’noda sofdil va mardona shoiraning jasorati asrimizning hamda qolgan barcha asrlarning favqulodda ma’naviy jasoratlaridan biridir.
«Marsiya»ning teran fojiaviy mohiyatini va o‘ta ta’sirchan uslubini belgilaydigan o‘ziga xos bir jihatni alohida qayd etish zarur. Gap shundaki, asarda qandaydir to‘qima, shoir taxayyulining mahsuli bo‘lgan obrazlar qismati, o‘ylab topilgan yoki sof poetik tasavvurdan tug‘ilgan kechinmalar qalamga olinmagan. «Marsiya»ning bosh qahramoni Anna Axmatovaning o‘zidir. Yanada to‘g‘rirog‘i, sevimli turmush o‘rtog‘idan juda erta judo bo‘lgan (Anna Axmatovaning eri, mashhur shoir Nikolay Gumilyovni bolsheviklar 1921 yilda otib tashlagan edi), o‘lim changalidagi yakkayu yolg‘iz o‘g‘lini bir lahza ko‘rish uchun Stalinning vahimali qamoqxonalari oldida «uch yuz soat»lab navbatda turgan jafokash Ona-Shoirning (Anna Axmatova uni «Shoira» deb atashlarini yoqtirmasdi) motamsaro iztiroblari she’riy turkumning poetik-ruhiy yaxlitligini ta’minlagan. Ha, asardagi badiiylashgan barcha aql bovar qilmas azoblar, inson irodasini chilparchin qilguvchi hayratomuz qayg‘u, qalblarni larzaga solguvchi ichki og‘riq va qiynoqlar — bular barcha-barchasi shoirning bevosita boshdan kechirganlari, bevosita o‘z kechinmalaridir.
Tasodifiy emaski, muallif 1957 yilda Turkumga yozgan ixchamgina nasriy muqaddimada ana shuni alohida ta’kidlashni lozim ko‘rgandi:
«Ejovchilikning dahshatli yillari o‘n yetti oyni turma navbatlarida o‘tkazdim. Kunlarning birida kimdir meni «ilg‘ab» qoldi. Orqamda turgan, lablari ko‘kimtir ayol ismimni, albatta, biror marta eshitmagan bo‘lsa ham, u paytlari hammamizga xos bo‘lgan karaxtlikdan o‘ziga kelib, qulog‘imga shivirladi (u yerda hamma shivirlab gapirardi):
— Buni siz tasvirlay olasizmi?
— Tasvirlay olaman, — dedim.
Shu daf’a bir vaqtlari unga xos bo‘lgan chehrada tabassumga o‘xshash nimadir lip etib o‘tdi».
«Marsiya»ning benihoya ta’sirchanligini va chuqur motamsaro pafosini balgilaydigan asosiy omillardan biri, hech shubhasiz, uning aniq shaxsiy-hayotiy mundarijasi bilan bog‘liqdir. Bu jihatdan «Marsiya» jahon she’riyati tarixidagi kamyob poetik namunalardandir. Zero, bunda o‘z jigarbandi alamida yonib ado bo‘layotgan jabrdiyda ONA QALBI BILAN NOZIK VA XASSOS shoirona qalb ajib bir tarzda tutashgan. She’rdagi holat va kechinmalarga oralagan ilohiy bir muqaddaslik, so‘z va misralarga singigan ilohiy bir joziba, ehtimol, ana shu vahdatning natijasidir. Ehtimol, ana shu favqulodda vahdat tufayli ham she’riy turkumda individual-biografik cheklanganlik, fardiy-shaxsiy mahdudlik sezilmaydi. Aksinchi, «Marsiya» umummilliy-umuminsoniy mundarijasi bilan e’tiborni jalb qiladi. Zotan, buyuk shoir quyidagi satrlarni bitishga yuz bor, ming bor haqlidir:
Yo‘q, men u chog‘larda na o‘zga osmon,
Na o‘zga qanotni bilgandim panoh.
Xalqim, baxtga qarshi, bo‘larkan giryon,
Men ham xalqim ila birga chekdim oh.
Anna Axmatova. Marsiya. «Sharq yulduzi». 1988 y., № 3 (Gulchehra Nurillayeva tarjimasi).
Nafaqat «Marsiya», balki ulug‘ San’atkorning yarim asrdan oshiq davom etgan butun sermashaqqat ijodiy yo‘li mana shu misralarning haqqoniyligini to‘la-to‘kis tasdiqlaydi.
«Marsiya»ga «Muqaddima o‘rnida» deb berilgan qisqa nasriy so‘z va yuqoridagi to‘rtlikdan tashqari o‘nta she’r kirgan. Turkumdan o‘rin olgan har bir she’rda o‘ziga xos holatlar tasvirlanganiga qaramay, biz undi mudom ulug‘vor va yaxlit nigohning haroratli taftini sezamiz. Faqat turkumning umumiy mundarijasida va yakuniy taassurotidagina emas, balki har bir she’rda alamzada Ona va el-yurt boshiga tushgan kulfatlardan qattiq azoblanayotgan Shoir nigohining ilohiy uyg‘unligidan vujudga kelgan buyuk Iztirobning nigohini ko‘rish, kuzatish mumkin. Asar davomida shaxsiy qiynoqlar bayonidan umummilliy fajialar tasviriga (yoki aksincha) o‘tishlar behad tabiiy kechadi. «Marsiya»da turli yo‘nalishdagi va mazmundagi murakkab hissiy holatlarning ketma-ketligi, o‘rin almashishi nihoyatdi mahorat bilan amalga oshirilgan. Ehtimol, bu buyuq she’rga, qolaversa, Anna Axmatovaning «Marsiya»sidagi tuyg‘u va kechinmalar ifodasiga nibatan «mahorat» so‘zini qo‘llash o‘ng‘aysizdir. Zero, uning bezovta qalbida biz aytayotgan, hayratlanayotgan tuyg‘ular, axir, yonma-yon, yuzma-yuz yashagan-ku!
Turkumdagi ilk she’r — «Bag‘ishlov»ni o‘qigan zahotiyoq umumfojia manzaralariga duch kelamiz:
Bu qayg‘u oldida bukiladi tog‘,
Oqmasdan qo‘yadi haybatli daryo.
Turma eshiklari qilt etmas biroq,
«G‘urbat kovaklari» ulardan naryoq,
Ulardan naryog‘i — zaqqumli dunyo.
Umummilliy qayg‘uning ko‘lamdor va ta’sirchan tasviri banddan-bandga tiniqlashib, kuchayib boraveradi:
Kim uchun shabboda esadi mayin,
Kim uchun nozlanar oqshom og‘ushi.
Biz esa benasib, bizlarga tayin
Kalitlar g‘ijiri daqiqa sayin
Va soldat qadamin xunuk tovushi.
Tonggi ibodatga boryapmiz go‘yo,
Poytaxt huvillagan, yovvoyi tusda.
Uchrashdik murdaday, yutgancha nafas,
Neva tuman aro, quyosh qaddi past,
Umid esa mudom kuylar olisda.
Bu misralarga Azobning shoirona qalbdagi kuchaytirilgan aks-sadosi yoki mubolag‘ador ifodasi yanglig‘ qaramaslik kerak. Qolaversa, «Marsiya»da umuman mubolag‘a yo‘q. Dardning aniq, haqqoniy va samimiy tasviri bor, xolos. Xuddi shu bois «Bag‘ishlov»dagi qator satrlar, aytaylik, «Bu qayg‘u oldida bukiladi tog‘, Oqmasdan qo‘yadi haybatli daryo» ham aslo mubolag‘a emas, balki dardning, ko‘rguliklarning sokin bayoni, ko‘proq ta’kiddir. Muallif 30-yillarning dahshatlarini hayotiy poetik chizgilar orqali aniqroq gavdalantirishga intiladi. Oddiy insoniy tasavvurlarga sig‘maydigan ana shu dahshatlarning xarakterli belgilari birgina turma eshiklari ortidagi razolatlar — «g‘urbat kovaklari», «zaqqumli dunyo» emas. Tashqaridagi hayot ham undan aslo qalishmaydi. G‘arib-g‘amgin oqshomlarning mayin shabbodalaridan, sokin-rohatbaxsh og‘ushlaridan benasiblik, shular o‘rniga tinmay azoblarning ovozin tinglash — «Kalitlar g‘ijiri», «soldat qadamin xunuk tovushi» — turma eshiklaridan beryoqdagi, tashqi dunyoning belgilaridir. Keyingi banddagi «Tonggi ibodatga boryapmiz go‘yo», «Yovvoyi tusdagi, huvillagan poytaxt», «Uchrashdik murdaday, yutgancha nafas», «Neva tuman aro, quyosh qaddi past», «Umid esa mudom kuylar olisda» kabi poetik chizgi va ta’kidlar ham o‘sha (tashqi) dunyoni ko‘z o‘ngimizda gavdalantiradi.
Mana shu kulfatlar va ko‘rguliklar oqimida «Men»ning xavotiru qiynoqlardan yo‘g‘rilgan qiyofasi ko‘rina boshlaydi:
Hukm… Yosh selobi oqar shu zahot,
Sho‘rlikni oldilar hammadan uzib.
Go‘yo yulingandi yurakdan hayot,
Go‘yo yulinganu otilgan azot.
Lekin ketib borar… Gangir… Bir o‘zi…
Dardlar quyunida, alamlar girdobida yolg‘iz, ilojsiz qolgan ko‘ngil holatini bundan ham aniqroq, haqqoniyroq chizib berish mushkulday:
Go‘yo yulingandi yurakdan hayot,
Go‘yo yulinganu otilgan azot.
Lekin ketib borar… Gangir… Bir o‘zi…
Faqatgina shaxsiy fojiani bunaqangi yoniq ifodalash amrimahol. Umumfojiani ham bu darajada ta’sirchan qog‘ozga tushirishni aql bovar qilmaydi. Axir bu qadim va omonsiz dunyoda ne-ne ko‘rguliklar bo‘lib o‘tmagan. Ne-ne ko‘ngillar qonga, zardobga to‘lmagan. Biroq «Marsiya»dagi tragik lirizm beqiyosdir. Nafaqat rus, balki Sharqu G‘arb lirikasida ham «Marsiya»ning betakror fojiaviy pafosi bilan qiyoslaguvlik badiiy namunalar, ehtimol, ko‘p emasdir… Xo‘sh, «Marsiya»ning siri nimada? Sababi aniq: Shoirona Qalb shaxsiy va umumfojianing tutash nuqtasiga aylangan taqdirdagina jahonshumul «Marsiya»lar tug‘iladi…
Po‘rtanaga to‘lgan ikki yilimning
Erksiz do‘stlarini so‘roqlay qaydan?
Sibir quyunlari ne aylar in’om?
Ko‘zlariga nelar ko‘rinar oydan?
Ularga yo‘llayman vidoli salom.
«Umid esa kuylar mudom olisda». Biroq olis umid sharpalari bilan umidsizlik o‘rtasidagi masofa juda yaqin. Olis, juda olis umid uchqunlarini ayovsiz «Sibir quyunlari» chilparchin qiladi. Chilparchin bo‘lgan umidlarning yer yuzida boshpanasi, manzili yo‘q. Ularning mangu maskani — Osmon, Oy… Bejiz aytilmagan bu dardkash misra: «Ko‘zlariga nelar ko‘rinar oydan?» Oy — umidsizlarning yagona umidgohidir. Osmon bag‘ridagi yulduzlar, ehtimol, nobakor zaminda chilparchin bo‘lgan umidlarning son-sanoqsiz siniqlaridir… Bu ma’noda «Marsiya»ga kirgan she’rlarda osmon, oy, yulduzlarga qaratilgan bot-bot nolishli xitoblar tasodifiy emas, albatta. Ayni ushbu muammoni sal keyinroq maxsus to‘xtalmoqchimiz.
She’riy turkumdan o‘rin olgan navbatdagi she’rda — «Kirish»da ham qatli omning favqulodda dahshatlari, qirg‘in-qiyomatning milliy bepoyonligi ko‘zlarimiz oldida namoyon bo‘ladi. Hayratlanarli misralarda abadiylashgan, sog‘lom insoniy-hayotiy mantiq sarhadlariga sig‘maydigan ana shu kechinmalarni yashagan sayin (ularni muallif darajasida qayta yashash ilojsiz, albatta) ishonging keladi; yo‘q, o‘lim — tiriklikning so‘ngi emas, balki hayotning yagona najoti, eng so‘nggi panohidir. Ha, quyidagi misralarda badiiy tajribada kamdan-kam uchraydigan — o‘limning xaloskor qudrati kuylanadi…
Buni ko‘rsa, o‘lim, deb a’lo,
Marhum yana qabriga cho‘kkay.
Turmalari yonida go‘yo
Leningrad ortiqcha yukday.
Qiynoqlardan yo‘qotgan qushin,
Mahbus polki o‘tib boradi.
Ayriliqning zumlik qo‘shig‘in
Parovozlar aytib boradi.
Sovuq boqar boshlar ustida,
O‘limlarning mujdasi — yulduz.
Qonli etik, ta’qib ostida
Tirishadi gunohi yo‘q Rus.
Kattol zamon dahshatlarini hayratomuz darajada haqqoniy va beshafqat tasvirlaydigan bu misralar 1935 yilning kuzida bitilgan. Stalinning qatli om mashinasi endigina ishga tushirilgan. 36-39-yillarning aql bovar qilmagan kurguliklari hali oldinda. Butun mamlakatni o‘zining bepoyon o‘zaniga aylantirgan betartib fojialar oqimi hamda ularning mohiyati, ko‘lami va miqyoslari haqidagi tasavvurlar hali tinib-tiniqlashib ulgurmagan. Stalinizm illatlarini ayovsiz fosh va tahlil qiladigan ilmiy-hujjatli-badiiy asarlar yaratilishiga hali chorak asr keyin kirishiladi. «Arxipelag gulag» dunyosini jahonga ma’lum qilish — asr jinoyatlarini ochib tashlash g‘oyasi hali azobkash Muallifning xayolida yo‘q… Hali Aleksandr Soljenitsinning qamalishiga ancha bor.
Ajablanarli tomoni shundaki, «Marsiya»ga «Kirish»dan olingan yuqoridagi misralarda aks etgan shafqatsiz haqiqatlar g‘eran fojiaviy mohiyatiga va yuksak falsafiy pafosiga ko‘ra o‘zidan ancha keyin, aniq tarixiy hujjatlar asosida yozilgan asarlardan aslo qolishmaydi. Xususan, «Buni ko‘rsa, o‘lim, deb a’lo, Marhum yana qabriga cho‘kkay», «Kiynoqlardan yo‘qotib hushin, Mahbus polki o‘tib boradi», «Sovuq boqar boshlar ustida, O‘limlarning mujdasi — yulduz», «Qonli etik, ta’qib ostida tirishadi gunohi yo‘q Rus» kabi misralarda ifodalangan, uncha-muncha san’atkor poetik tasvir imkoniyatlariga sig‘dirolmaydigan umummilliy qayg‘u manzaralarini A. Soljenitsinning publitsistik-hujjatli tadqiqotlari, «Ivan Denisovichning bir kuni», «Qatorda birinchi» singari shaxsga sig‘inish yillari kulfatlari tahliliga bag‘ishlangan o‘ta realistik asarlari bilan haqqoniylik nuqtai nazaridan bemalol qiyoslasa bo‘ladi. Bu o‘rinda «Ivan Denisovichning bir kuni» qissasi yuzasidan aytilgan o‘ziga xos oir fikrni eslash joiz deb o‘ylayman: «Menimcha, vijdonsiz odamgina bu asarga loqayd qarashi mumkin. Unda adabiyotdan ham kengroq va ustunroq nimadir bor. Biroq bu nolish emas, balki umumxalq fojialarining sokin, teran va haqqoniy tasviridir». (Mix. Lifshits. O povesti A. I. Soljenitsina «Odin den Ivana Denisovicha». «Voprosi literaturi». 1990 g. № 7. str. 74.) Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, ana shu e’tiborga loyiq mulohazalar Anna Axmatovaning «Marsiya»siga ham teng darajada taalluqlidir.
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 10-son