Redaktsiyaga xat
Hurmatli redaktsiya!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida Ibrohim G‘afurovning tarixchi olim Ne’matilla Ibrohimov nomiga yozgan maktubi bilan tanishib, «Ibn Battuta va uning O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohatlari» kitobini o‘qiganimda ko‘nglimdan o‘tgan o‘ylarga hamohang mulohazalarni topib behad quvondim.
Ushbu to‘plam tariximizni o‘rganish sohasida jiddiy tadqiqot ekanligiga shubha yo‘q. Bu haqda chuqur va hayajonga to‘la fikrlarni aytilib, zahmatkash olim mehnati xolis baholanganidan minnatdorman. Haqiqatan ham bunday teranlik, muammodan qochmaslik, vijdon bilan ishlash va tadqiq qilish ko‘p olimlarimiz uchun ibratdir.
Biz og‘ir davrlarni boshdan kechirdik. Bolaligimizdan bilish shart bo‘lgan oddiy haqiqatlarni anglash uchun qisqa umrimizning yarmini berib qo‘ydik. Bizni go‘yo havosiz bo‘shliqda ushlab turdilar, birovlarni ma’naviy o‘ldirib, boshqalarni majruh etdilar va ko‘plarni loqaydlik niqobi bilan yashashga ko‘niktirib qo‘ydilar. Bugun esa ma’lum bo‘ldiki, ko‘ksimizni to‘ldiradigan havo, yaramizga shifo bo‘lg‘uvchi malham, yuzimizdagi loqaydlik niqobini tortib olib tashlashga qodir kuch — tarix ekan. «Tarix kafanlarni yulqib, o‘liklarni uyg‘otuvchi, dillarga hayot qonini quyuvchi, tillarga so‘z baxsh etuvchi, kunpayakun saltanatlarni qayta yaratuvchi, o‘tib ketgan asrlar silsilasini butun hayajonlari, avtorlari bilan ko‘z o‘ngimizda namoyon etib, hayotimiz sarhadlarini kengaytiruvchi mo‘jizadir. Uning ma’naviy qudrati ila biz barcha kechmish zamonlarning odamlariga hamdamu hamnafas bo‘lamiz, ular bilan goh suyib, goh kuyib, dilimizni rag‘batlantiruvchi hislarimizga ozuqa beruvchi turli voqealar, ajabtovur fe’l-atvorlar dunyosiga sherik bo‘lamiz va bularning barchasi naqadar foydali ekanligini o‘ylamasdan rohatlanamiz» (N. M. Karamzin).
Tarix, u haqda qissalar so‘ylaguvchi badiiy asarlardan farqli ravishda, o‘z sahifalarini shoshma-shosharlik bilan varaqlab chiqishga yo‘l qo‘ymaydi. Faqatgina muntazam tadqiqot va izchil havas bor joydagina u xasislik bilan o‘z xazinalarini ocha boshlaydi. Tarixga, faylasuf M. Vulfson aytganidek, hech qachon nuqta qo‘yib bo‘lmaydi. Kelajak avlod muarrixlari kecha, bugun yozilgan kitoblarni to‘ldirib boradilar, yolg‘on so‘zlarni o‘chirib qayta yozadilar. Shu sababdan ham tarix varaqlari yolg‘on bilan qanchalik to‘ldirilmasin, ular shu yolg‘onlar bitilgan davr xususiyati bo‘lib qolaveradi. Tarix raqqosa kiyadigan hasham libosda emas, korjoma bilan ishlaydi. — Biz o‘tirgan kursi, biz o‘tadigan ko‘cha, biz uxlaydigan to‘shakkacha tarixga ta’sir qilishini unutmaslik kerak. Muarrixlardan biri: «Agar Kleopatra burni biroz uzunroq yoki ozgina puchuq bo‘lganida insoniyat tarixi butunlay boshqa yo‘ldan ketgan bo‘lardi», deb yozganida aynan mana shuni nazarda tutmaganmi? Balki Iskandar Maqduniyning jahonga egalik da’vo qilishiga, odamlar taqdiri bilan qo‘g‘irchoq o‘ynagandek munosabatda bo‘lishiga, uning jismoniy kamchiligi — oyog‘i qiyshiqligi sabab bo‘lgandir. Balki shuning uchun ham qadimiy kitoblarda Anushervon — bir ko‘zli, Yazdijard Alqama al-Fahl ibn Qays, Temur — cho‘loq, Abu Sufyon xasis bo‘lgani bekor yozilmagandir.
Faqat o‘zimizga mos narsalarnigina tarixdan yulib olib o‘rganish, oxir-oqibatda tarixni bilmaslikka, eng dahshati chala savodxonlikka olib keladi. Faqat to‘la haqiqatgina tarixning bosh mezoni bo‘la oladi «Haqiqat esa, — F. Dostoyevskiy yozganidek, Nekrasovdan baland, Pushkindan yuqori, xalqdan yuksak, Rossiyadan ulug‘, butun borliqdan ustivordir va shu sababdan san’atkor har qanday yo‘qotishu ta’qiblarga qaramay yolg‘iz haqiqatga xizmat qilmog‘i kerak». Qadimgilar aytganidek. «Tarix hayot muallimidir». Tarix saboqlarini bilgan odamgina o‘zidan avvalgilar yo‘l qo‘ygan xatolardan tiyina biladi. Biz kelajakka tisarilib kiramiz, degan ekan bir dono odam.
Har birimizga bolalikdanoq kasallik varaqasi ochiladi. Haqiqiy shifokor bemorning o‘sha kasallik tarixini o‘rganib chiqibgina to‘g‘ri xulosa chiqara oladi. Tarix, insoniyat taraqqiyotining kasallik varaqasi emas, balki uning dardu quvonchlari, g‘alabalaru mag‘lubiyatlari, yaratuvchilik qudrati-yu barbod etuvchi qora kuchlari, jasorat va xiyonat, oq va qoraning shiddatli to‘qnashuvlari haqida hikoyalar bitilgan kundalik daftardir.
Sizga qo‘shilib mening ham so‘ragim keladi: «Qachon tugaydi bu o‘z tarixi, o‘z xazinalariga loqaydlik!» Shunday deb aytishga sabablar borligi uchun ham bag‘rimiz kuyadi, iztirob chekamiz. Tarixi ming yillar bilan o‘lchagulik madaniy merorimiz o‘rganilmayotgani haqida yozishga umrimizning qolgan qismi yetarmikan. Axir, «Ezgu ishning kechi yo‘q», deb yurgan necha-necha bizga orqadosh avlodlar nes-nobud bo‘lib ketdi. Shu paytgacha siz sanab o‘tgan Ibn Xurdodbek, Ibn al-Fatih, Al-Muqaddasiy, Yoqut al-Hamaviy, Ibn Arabshoh, Al-Umariy, Klavixo, Marko Polo, Vamberi asarlaridek zarur bo‘lgan Ota Malik Juvayniy, Ibn Asir, Rashididdin Fazlulloh Hamadoniy, Minhojiddin Usmon Juzjoniy, Muiniddin Muhammad Isfizariy va boshqa juda ko‘p tarixchilar bitgan asarlar hanuzgacha tarjima bo‘lib, nashr etilmaganini qanday izohlash kerak? Vatanimiz tarixida muhim o‘rin tutgan voqealar va shaxslar haqida ma’lumot beruvchi Muhammad Nasaviy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Hofiz Abro‘, Shomiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Xondamir, Mirxond, Abulg‘ozi, Ahmad Donish qalamiga mansub asarlar-chi? V. Bartold, I. Krachkovskiy, N. Veselovskiy, V. Vyatkin, A. Yakubovskiy, N. Bichurin, L. Gumilyov, M. Virskiy, S. Tolstov, M. Xanikov va boshqa juda ko‘p olimlarning o‘tmishimizga oid asarlari, V. Jirmunskiy, A. Bertels, N. Konradning adabiyotimiz merosiga, avvalo, Alisher Navoiy ijodiga bagishlangan maqolalarning birortasi hanuzgacha o‘zbek kitobxoniga yetkazilmaganini kim tushuntirib bera oladi? Ajdodlarimiz haqida dastlabki ma’lumotlarni bergan Gerodot, Arrian, Strabon, Sima Syan, Karpini, Rubruk, Metsoplik Foma bitiklarini o‘rganmay turib tariximizni o‘rganish mumkinmi? Shu paytgacha «Qur’on» o‘zbek tiliga tarjima qilinmagani-chi? Axir butun o‘tmish madaniyati islom aqidalari asosida dunyoga kelganini bilib turib nega o‘zimizni bilmaganga olamiz? Butun Sharq falsafasi xazinasiga qiblanamo bo‘lguvchi shu kitob emasmi? Nega uni bilmay, o‘rganmay falsafabozlik qilamiz? Sababini biladigan bormi?
Ulug‘ bobolarimizning hammasi qomusiy bilimga ega bo‘lganlar. Shu sababdan ham ular bahs yuritmagan fan sohasi bo‘lmagan desam adashmayman. Ularning insoniyat madaniyati xazinasiga kirgan asarlari madaniyatli xalqlar tomonidan allaqachonlar amalda o‘rganilib bo‘lgan bir paytda biz ularni o‘rganish zarur ligi haqida va’z aytishimiz fojia emasmi?
Biz faqat munajjim va davlat arbobi sifatida bilgan Mirzo Ulug‘bekning «Tarixi arba’ ulus» («To‘rt ulus tarixi») nomli tarixiy asari borligidan ortiq bu asar haqida yana nimani bilamiz? Holbuki, bu kitob yurtimizning Chingizxon tasarrufiga tushib qolgan davri haqida jiddiy ma’lumotlarga egaligi bilan qimmatli.
Yoki mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy qalamiga mansub «Tarixi mulki Ajam»ni oling. Besh asr muqaddam yaratilgan ushbu asar tsadimiy Eron tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, bizga afsona bo‘lib tuyuladigan tarixiy voqea-hodisotlarni oydinlashtirishda shuhim manba’ hisoblanadi.
Ochig‘ini aytish kerak, biz o‘z tariximizdan shu qadar uzoqlashib ketdikki, bolalarimiz 1878 yilda Xeva qanday zabt etilgani haqida umuman tushunchaga ega bo‘lmagan holda, 1812 yilgi Moskva yong‘ini haqida keragidan ortiq tafsilotlargacha gapirib berdilar. Lug‘atlarimizni ochib qarang, dahshatga tushasiz. Bundan yuz yilcha burun yashagan o‘zbeklar ajnabiylaru biz esa boshqa sayyoradan kelib qolgandekmiz. Go‘yo inqilob xalqimiz tarixini ikkiga bo‘lib tashlagandek. Holbuki, inqilob undan oldingi avlodlar tomonidan tayyorlangan emasmidi?
Yaqinda bir shoir do‘stim: «Siz nima qilyapsiz o‘zi, klassik turk shoirlarini tarjima qilib bo‘ladimy? Ularni bobolarimiz tarjimasiz tushungan bo‘lsa-yu, biz tarjima qilib o‘tirsak uyat emasmi?» deb yuzimga soldi. U haq edi. Rosti ham, biz qandoq qilib tili bir qardoshlarimizni tarjima qiladigan, o‘z bobo shoirlarimiz g‘azallarini sharhu izohsiz tushunmaydigan bo‘lib qoldik. Menimcha, bu o‘ylamay-netmay yangi imloga o‘tganimiz, uzoq yillar davomida tariximizni, madaniy merosimizni o‘rgaiish o‘rniga uni nuqul qoralash bilan shug‘ullanganimiz oqibati. Haligacha biror bir mutaxassis nima uchun Navoiy, Bobur, Hamza, Cho‘lpon tili bugungi adabiy asarlar tilidan yer bilan osmonchalik farq qilishining asl sabablarini bizga tushuntirib berolmayapti? Bunday noqulay ahvol tariximizni o‘rganishda yo‘l qo‘yilgan xatolar bilan bog‘liq emasmi?
Shu narsa achinarliki, boy tarixga ega ekanimizga qarama-qarshi tarzda tarixchilarga boy emasmiz. Yillar davomida ayniqsa, 30-40 yillardagi dahshatli qatag‘on davrida ona xalqi tarixi bilan shug‘ullangan odamlarni millatchilikda ayblab, ularning yuziga qora chaplab, quvg‘inu ta’qiblarga duchor qilganimiz uchun ham odamlar bu dargoh darvozasini ochishga jur’at topolmay qoldilar. Ammo bari bir har qanday yo‘qotishu ta’qiblarga qaramay faqat haqiqatga xizmat qilishi kerakligini anglaganlar oz bo‘lsa-da, topildi. Biz ularni qadrlashimiz, mehnatlarini munosib baholashimiz kerak.
Mana shunday zahmatkashlarning biri hurmatli tarixchimiz Bo‘riboy Ahmedov. Men u kishi bilan keyingi paytlarda ko‘p muloqotda bo‘ldim. Shunday suhbatlarning birida Mirzo Ulug‘bekning hayoti haqida kitob yozib berishlarini iltimos qildim. Axir biz Ulug‘bek haqida Shukur Burhon o‘ynagan filmdan, Maqsud og‘aning fojiasidan, Odil akaning romanidan ortiq nimani bilardik? Badiiy adabiyot mezoni tarix mezoni bo‘la olmaydi. L. Tolstoy «San’atkor bilan tarixchining vazifalari o‘zaro farqlidir» deganda haq edi. Agar badiiy asarda Ulug‘bek bilan Xo‘ja Ahror o‘rtasidagi to‘qnashuv, adabiyot mezoni talablaridan kelib chiqib kiritilgani o‘zini oqlasa, tarix bu ikki ulug‘ siymo vaqt taqozosiga ko‘ra uchrashmaganini ochiq-oydin hujjatlar asosida isbotlaydi. Yoki Abdullatif shaxsiyati-chi? O‘z otasini o‘ldirishda qatnashganidan ortiq yana nimalarni bilasiz? Tarix esa u ota ilmi bilan ham jiddiy shug‘ullanganini aytadi. Yaqinda Bo‘riboy aka kitobni yozib tugatdilar. Asar kitob bo‘lishdan avval «Yoshlik» jurnalida bosilib chiqadi. Ammo men aytmoqchi bo‘lgan gap boshqa: Bo‘riboy aka tarix sohasida uzoq vaqt davomida barakali ishladi. Shu paytgacha olimning yuzlab maqolalari Moskva va Leningrad, qator ittifoqdosh respublikalarda nashr etiladigan ilmiy jurnallarda chop etildi, qator kitoblari nashr qilindi. Mening nazarimda, bugun Bo‘riboy Ahmedovning 3-4 jilddan iborat saylanmasini chop etish masalasi kun tartibiga qo‘yilmog‘i shart. Qog‘ozni kitob do‘konlarida chang bosib yotgan jild-jild saylanmalarga sarflashdan ko‘ra, xalqimizga, avvalo, yosh kitobxonlarga ob-havodek zarur kitoblarni chiqarsak, ko‘ngildagi ish bo‘lmaydimi?
Endi bir muhim xabarni aytmoqchiman. Shu yil sentyabrning boshida SSSR Nashriyot, poligrafiya va kitob savdosi ishlari davlat komitetining kollegiyasi qayta qurish ruhiga mos qaror qabul qildi. Xizmat taqozosiga ko‘ra u bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Ushbu qarorda shu paytgacha nashr etilmagan va nashr etilganidan buyon ancha vaqt o‘tgan SSSR xalqlari tarixiga oid ilmiy-tarixiy asarlarni chop etish keng miqyosda amalga oshirilishi kerakligi haqida so‘z yuritiladi. Unga ilova tarzida RSFSR nashriyotlarida nashr etish zarur kitoblar ro‘yxati berilgan. Ro‘yxatda shu paytgacha burjua olimlari sifatida qoralanib kelgan bir qator rus tarixchilari asarlari, inqilobga qarshi kurashgan oq gvardiya rahnamolari: Denikin, Vrangel, Yudenich yozgan esdaliklar, fashist generallarining xotiralari va boshqa juda ko‘p tarixiy-ilmiy asarlar kiritilgan. Qarorning 4-bo‘limida ittifoqdosh respublikalar Nashriyot, poligrafiya va kitob savdosi ishlari davlat komitetlari Resspublika partiya komiteti qoshidagi partiya tarixi instituti, respublika Fanlar akademiyalari, oliy o‘quv yurtlaridagi ijtimoiy fanlar kafedralari bilan hamkorlikda mahalliy xalq tarixchilari, faylasuflari, iqtisodchilari, huquqshunoslari, partiya va davlat arboblari asarlari, mamlakat va millat tarixiga tegishli uzoq vaqt bosilmagan yoki umuman, shu kungacha nashr etilmagan asarlarni chop etish rejalari ishlab chiqilishi zarurligi ta’kidlangan.
Mazkur masala, qarorda aytilgandek, faqat Davlat komitetiga tegishli bo‘lib qolmay, balki respublikada yashovchi har bir ziyoli va ilmiy tashkilotning faol ishtirokida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ishdir. Agar shu mavzuda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida Davlat komiteti, partiya tarixi instituti, respublika Fanlar akademiyasi qoshidagi ilmiy-tekshirish institutlari, oliy o‘quv yurtlaridagi ijtimoiy fanlar kafedralari vakillari va yozuvchilar ishtirokida davra suhbati uyushtirilsa va unda qaysi asarlarni tezlikda, qaysi asarlarni keyinchalik chop etish, bosilishi shart bo‘lgan asarlarning mundarijasi, ularni nashr etish uchun qanday muammolarni hal etish haqida jiddiy va teran o‘ylangan fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlansa, ezgu ish bo‘lardi.
Yana bir istagim, respublikaning yirik nashriyotlaridan biri bo‘lmish G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida «Mashhur kishilar hayoti» va siz aytgan «Tarix xazinasi» turkumida kitoblar chop etish amalga oshirilishi lozim, deb o‘ylayman. Bu ishni faqat «Yosh gvardiya» nashriyotiga tashlab qo‘ysak, yaqin yillar ichida bu borada zarur samaraga erishish mumkin bo‘lmaydi. Shuningdek, «Yulduzcha» nashriyotida shu sohada bolalarbop kitob va to‘plamlarni chop etishni jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Radioda, ayniqsa «zangori ekran»da tarix haqida, madaniy merosimiz taqdiri haqida so‘z yurituvchi radio-telejurnallarni tashkil qilishni tezroq amalga oshirish zarur. Shu sababdan ham «Yoshlik», «Saodat», «Gulxan» jurnallarida tarix va uning saboqlari haqida hikoya qiluvchi yangi fasllar ochilayotganini bilib chin dildan bu tashabbusni qutlagim keladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 1 yanvar