O‘tkir Rashid: “Vijdoningiz bedormi?” (1989)

Shoir O‘tkir Rashid bilan suhbat

— Siz 30-yillarda adabiyotga kirib kelgansiz. Bu davr adabiy jarayoni murakkab va ziddiyatli kechgan. Siz buning bevosita guvohi bo‘lgansiz. O‘sha yillardagi adabiy muhit haqida gapirib bersangiz.

— Adabiy muhitni ijodkor yaratadi. Shuning uchun adabiy muhitning qanday bo‘lishi birinchi navbatda ijodkorlarning o‘ziga bog‘liq. Shu ma’noda 30-yillar adabiy muhiti haqidagi gapni bir qadar ilgariroqdan, inqilob kunlaridan va 20-yillar adabiyotidan boshlashni istardim. Chunki 30-yillardagi adabiy muhitning asosi o‘sha yillarda shakllana boshlangandi. Ma’lumki, o‘zbek sovet adabiyoti g‘oyibdan, tap-tayyor holda paydo bo‘lgani yo‘q. Uni adabiyotimizning inqilobgacha ijod qilib kelgan turli avlodga mansub vakillari shakllantirdilar. To‘g‘ri, ularning hammasi inqilobning dastlabki kunlaridan boshlab sovet adabiyotiga sidqidildan xizmat qila boshladi, deyish qiyin.

O‘sha yillarda ijodkorlarga munosabat ham turlicha kechdi. Inqilobdan keyin to 20-yillarning yarmigacha ijodkorlar qanday pozitsiyada bo‘lishlaridan qat’i nazar sotsialistik jamiyatni mustahkamlash uchun keng safarbar qilindilar. Bu davrda ularga ayblar kam qo‘yildi. Lekin 20-yillarning ikkinchi yarmidan, ya’ni dohiy V. I Lenin vafotidan keyin ular siyosiy maslaklari, dunyoqarashlari uchun ta’qib etila boshladilar. Ayniqsa, 20-yillarning oxiri, 30-yillarning boshlarida adabiyot va san’atning partiyaviyligini kuchaytirish avj olgan yillarda ijodkorlarga millatchilik, jadidchilik, panislomizm, panturkizm kabi har xil «tamg‘a»lar bosildi. Kim tarix haqida yozsa, «o‘tmishni ideallashtirish» deb qaraldi, kim yurt, xalq haqida yozsa millatchi deb ayblandi. Xuddi ana shunday deb qoralanganlar repressiyaning qurbonlari bo‘ldilar.

20-, 30-yillar adabiyotida chaqiriq da’vatkor she’rlar, inqilob dushmanlarini fosh qiluvchi ruhdagi asarlarga talab katta edi. Ijodkorlar shunday asarlar yaratishga da’vat qilinardi. Tabiiyki, buni har bir ijodkor o‘z imkoniyati darajasida bajarardi. Sotsialistik jamiyatning qudratini kimdir lirik yo‘sinda, kimdir ritorik ohanglarda, yana kimdir fosh qilish asosida kuylardi. Bunday uslublar xilma-xilligi ham ko‘pincha adabiyot «darg‘alari»ga xush kelavermasdi. Natijada ba’zan ijodkorlar uslublarining xilma-xilligi sababli jamiyatimiz uchun do‘st va dushmanga aylanib qolardilar Bu davr shu tariqa anglashmovchiliklar, xatolar tufayli ham murakkab va ziddiyatli kechdi. 20-, 30-, 40- va 50-yillarda adabiyotimiz boshqa qardosh xalqlar adabiyotlariga nisabatan o‘z iste’dodlarini ko‘proq boy berdi, desak xato qilmagan bo‘lamiz.

— O‘sha yillari ayblangan ijodkorlar haqida ularga qo‘yilgan ayblar to‘g‘risida har xil fikrlar bor. Bu endilikda qayta qurish sharofati bilan matbuotda ham oshkora aytilmoqda. Lekin siz bu ayblovlardan voqif bo‘lgansiz. Shular haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— To‘g‘ri, 30-yillardagi Stalin repressiyasi xalqimiz hayotida dahshatli iz qoldirdi. Xalqimizning minglab, millionlab asl farzandlari umri hazon bo‘ldi Lekin, ayni paytda, repressiya ayrim ko‘ngli qora, g‘alamis odamlar qo‘lida ma’rifatparvar, haqiqatgo‘y, talantli kishilarni yo‘q qilish uchun qurol bo‘lib xizmat qilganligi ham sir emas. Ijodkorlar o‘rtasidagi aksariyat yo‘qotishlar ham shunday sodir bo‘ldi. Chunki chetdan turib har bir ijodkor uchun alohida «falonchi yozuvchi yoki shoir yo‘q qilinsin» degan buyruqlar kelmaganligi aniq. Shunday paytda ijodkorlarning orasidan ayrimlar «davr chaqirig‘iga» labbay deb javob berish uchun o‘z do‘stlarini chohga itardilar. Shu ma’noda Usmon Nosirning aybdor qilinganligidan ham xabarim bor. Chunki Samarqandda O‘zbekiston Davlat universitetida u bilan birga o‘qiganmiz va g‘oyat yaqin bo‘lganmiz. Esimda, 1936 yil edi. Kanikulda Toshkentga kelib, bu yerda qandaydir bir yig‘ilish bo‘layotganini eshitib, unga qatnashdim. Bu yig‘ilishga ko‘plab yozuvchilar, ziyolilar kelishgandi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Akmal Ikromov adabiyot haqida gapirib, Usmon Nosirni ko‘proq tilga oldi. «Yurak» she’rini yoddan o‘qidi, Majlisda Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Oybek, Yashin, Uyg‘un va boshqa yozuvchilar ham bor edi. Shundan keyin ko‘p o‘tmay o‘sha mash’um 37-yilning «shabadasi» esa boshladi. Shu yili «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 20 aprel sonida Uyg‘unning «Poeziyada siyosiy o‘tkirlik bo‘lsin» degan katta maqolasi e’lon qilindi. Bu maqolada Oybek, Elbek, Mirtemir, Usmon Nosir va men singari yosh yozuvchilar tilga olinib, ularning ba’zi asarlari tanqid qilingandi. Usmon Nosirning yaxshi she’rlari ham tilga olinib, ularning aksariyati pessimistik she’rlar deyilgandi. Uning dastlabki ayblanishi shu maqoladan boshlandi.

Shundan keyin Usmon Nosirning ijodi ham ko‘p taftish qilinadigan, shaxsi muhokama qilinadigan bo‘lib qoldi. 1937 yilda Yozuvchilar soyuzining ilgarigi bog‘i — Injiqobodda yosh yozuvchi sifatida dam olayotgan edim. Bir kuni tushki ovqat paytida birdan majlis chaqirilib, hamma hovuz atrofiga yig‘ildi. Rahmat Majidiy, Zinnat Fatxullin, Umarjon Ismoiliy, Oydin Sobirova, Hamid Olimjon va boshqalar prezidiumdan joy olishdi. Majlisda gap asosan Usmon Nosir haqida bo‘ldi. U Moskvadai o‘zbek adabiyoti dekadasidan qaytishda poyezdda yosh rus yozuvchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzining xodimi Lavrentev bilan urishib, uni so‘kkan, degan ayb qo‘yildi. Shunda hovuz bo‘yida shaxmat o‘ynayotgan Usmon Nosir o‘rnidan turib, «To‘g‘ri so‘kdim, hozir ham so‘kaman. Chunki u yomon, bezori bola ekan, mast bo‘lib, boshqalarni haqoratlovchi xunuk gaplarni gapirdi» dedi. Lekin majlis rahbariyati Lavrentev Usmon Nosir ustidan ariza berganini, shu ariza bo‘yicha shoirni tekshirish uchun komissiya tuzilganligini aytishdi. Komissiyaning axboroti esa Yozuvchilar soyuzidagi majlisda eshitiladi, deb e’lon qilishdi. Aytilgan kuni Stalin ko‘chasida Yozuvchilar soyuzida yig‘ilish bo‘lib, Usmon Nosir shaxsi va ijodi yana muhokama qilindi. Usmon Nosirga millatchi, ruslar bilan urishib yuradi, Rizo Qorashohli degan millatchi bilan tanish. Javlon Rahmon degan xalq dushmani bilan do‘st degan ayblar qo‘yildi. Bu gaplar unga g‘oyat tuhmat edi. Rizo Qorashohli o‘sha paytlarda oliy o‘quv yurtlarida o‘qituvchilik qilgan ma’rifatli; ziyoli odam bo‘lgani sababdan ko‘pchilik qatori shoir ham u bilan yaqin edi. Javlon Rahmon esa uning qo‘qonlik tengdosh do‘sti bo‘lib, repressiya yillarida Moskvada yashagan, xalq dushmani sifatida qamalgan edi.

Shuningdek, Usmon Nosirga boshqa bo‘htonlar ham taqaldi. Majlis oxirida unga so‘z berildi. Hamon esimda: majlis raisi «ruscha gapir» dedi, lekin Usmon Nosir o‘zbekcha gapirdi. U so‘zining oxirida «Bu gaplar menga tuhmat», deb majlis qarorini eshitmasdan chiqib ketdi. Uning so‘zlarini Hamid Olimjon ruschaga tarjima qilib turdi. Xullas, shu kuni Usmon Nosir Yozuvchilar soyuzidan o‘chirildi. O‘sha kuni kechqurun oz bo‘lsa-da dalda berish uchun uning uyiga bordim. Lekin u Pushkin bog‘iga chiqib ketgan ekan. Boqqa borsam, billiard o‘ynayapti. Keyin shu yerdagi kichkina ko‘lda cho‘mildi. Xayrlashib uyiga ketdi. Shu bizning oxirgi ko‘rishishimiz bo‘lib qoldi. Eshitsam, o‘sha kunning ertasiga uyidan qamoqqa olib ketishibdi. Uyidagilarning aytishicha ichki ishlar komitetining xodimlari tintuv qilib, uning barcha qo‘lyozmalarini, kitoblarini olishibdi. Usmon Nosir ketish oldidan ko‘ziga yosh olib, onasini yupatib: «Men kelaman, gunohim yo‘q, albatta qaytib kelaman», debdi. Uning orqasidan onasi, singillari yig‘lab qolishibdi. O‘shanda Usmon Nosir bor-yo‘g‘i 24—25 yoshli yigit edi..

— Usmon Nosir yashagan xonadon bilan taqdiringizni bog‘lagansiz. Bu oila boshiga tushgan fojialardan xabardorsiz. Ayni paytda Usmon Nosirning lagerdagi hayoti va u yerda ham asarlar yaratganligi haqida har xil xabarlar bor.

— Usmon Nosir qamalganidan keyin ham oilasi bilan bordi-keldim uzilgani yo‘q. Keyin 1940 yilda uning singlisi Rohatxon bilan turmush qurdik. O‘shanda menga ham «ko‘ra-bila turib xalq dushmanining singlisiga uylandi» degan ta’nalar kam bo‘lmadi, asarlarim nashrlari to‘xtatib qo‘yildi. Usmon Nosirning dumi degan gaplarni oz eshitmadim. Lekin bu tashvishlar Usmon Nosirning onasi — Xolambibi xolam boshiga tushgan kulfatlar oldida zarra desa ham bo‘ladi.

Usmon Nosirning lagerdagi hayoti va vafoti haqida ham turlicha ma’lumotlar bor edi. Qamoqda bo‘lib, muddati tugagach o‘sha yerda turmushga chiqib, erining oqlanishini kutib yurgan Tojixon Shodiyeva xatimga javoban yozgan maktubida: «Usmon biroz aqldan ozib kasallangan» desa, u yerdan qaytib kelgan yana bir kishi «Usmon ochlik e’lon qilib o‘lgan», deydi. Kemerovodagi lagerlar bo‘yicha kadrlar bo‘limida ishlagan rus ayoli N. Sirota esa «Usmon Nosir kasal holda ishlab yurib o‘lgan», deb guvohlik berdi. Nihoyat, bu savollarga aniq javob topildi. O‘tgan yil shoir ijodining muxlislari qizim Nodira Rashidova bilan birgalikda Usmon Nosirning qamoqda kechgan hayoti haqida so‘rab-surishtirdilar va uning kasalligi tufayli Magadandan Kemerovo oblastining lageriga yuborilganligini, shu yerda vafot etganligini aniqlashdi. O‘sha yerda shoirga yodgorlik qo‘yildi hamda hokidan olib kelinib Toshkentdagi Chig‘otoy qabristoniga ko‘mildi. Nihoyat, hamisha yurtiga talpingan shoir vujudi o‘z yurtiga bir hovuch hok bo‘lib qaytdi.

Albatta, Usmon Nosirning qamoqda kechgan hayotining hali ochilmagan sahifalari ko‘p. Yetti yil davomida azobda o‘tkazgan kunlarida qalbidan o‘tgan tuyg‘ularni anglab yetish oson emas. Lekin unga tegishli har bir hujjatda samimiy, pok qalb egasini ko‘rish mumkin. Usmon Nosirning Toshkentda qilingan tergovi to‘g‘risidagi ma’lumotda uning hech kimni tilga olmaganligi, hech kimni ayblamaganligi aniq bo‘ldi. Yoki uning xalqlar «dohiy»si Stalinga 1940 yilda yozgan arizasida ham o‘zining haqligiga, aybsizligiga ishonch tuyg‘usi ufurib turadi. Bu ariza keyinchalik — 1943 yilda Moskvadan Toshkentga O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Usmon Yusupov nomiga yuborilgan. Shu ariza asosida Usmon Yusupov «Qizil O‘zbekiston» gazetasining o‘sha yillardagi bosh redaktori S. Rajabov, professor A. Borovkov, shoir M. Shayxzodadan iborat komissiya tuzib, Usmon Nosirning arizasiga javob berishni topshirgan. Komissiya o‘sha paytda uning ishini har taraflama tekshirib oqlash to‘g‘risida qaror chiqargan. Bu haqda S. Rajabov «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida o‘tgan yili e’lon qilgan maqolasida ham eslatib o‘tadi. Afsuski, bu qaror ham amalga oshmasdan izsiz yo‘qolgan. Undan na asl, na ko‘chirma nusxa to hanuzgacha topilgani yo‘q.

Usmon Nosirdan so‘nggi xat 1944 yilda keldi. Bu xatni 1937 yilda qamalib ketib, keyin muddatini o‘tab bo‘shagan, avval Toshkent to‘qimachilik kombinatining ko‘p nusxali gazetasida redaktor bo‘lib ishlagan Farruh Ahmadiy olib keldi. Xatda Usmon Nosir o‘zining betobligi haqida gapirib, «O‘zbekistonda meni yo‘qlaydigan kishilar yo‘qmi? Ayam Hamid Olimjonga borib iltimos qilsin, meni bu yerlardan O‘zbekistonga oldirib ketsin. Umrimning oxirigacha o‘z yurtimda, qamoqda bo‘lsam ham mayli», deb yozgan edi. Shundan keyin Xolambibi xolam respublika Yozuvchilar soyuziga borib, Hamid Olimjonga murojaat qildi. Lekin bu yerdan ham biror qoniqarli javob ololmadi.

Usmon Nosirning qamoqdagi paytida dohiy V. I. Lenin haqida doston yaratganligi va o‘nlab she’rlar yozganligi haqida har xil ma’lumotlar bor. Uning asarlarini respublika Yozuvchilar soyuziga yuborganini ham eshitganman. Aniq esimda, 1944 yil edi. Bir kuni yo‘lda Abdulla Qahhor bilan uchrashib qoldik. Shunda u kishi menga: «Hamid Olimjon xonasida o‘tirganimda sekretari katta konvert olib kirib berdi. Hamid Olimjon uni ochib, Usmon Nosirdan kelibdi, asarlarini yuboribdi, dedi», deb aytdi va shundan xabardor bo‘lib turishimni ta’kidladi. Lekin oradan ko‘p o‘tmay H. Olimjon fojiali halok bo‘ldi. Shundan so‘ng Usmon Nosir yuborgan qo‘lyozmalarni topish imkoni ham bo‘lmadi. Keyinchalik ham bu asarlar Yozuvchilar soyuzi va boshqa mutassaddi tashkilotlar orqali ko‘p qidirildi, afsuski, topilmadi. Shu o‘rinda hurmatli gazetxonlardan agar qo‘llarida Usmon Nosir asarlari bo‘lsa, respublika Yozuvchilar soyuzi yoki gazeta adresiga yuborishlarini iltimos qilardim. Zora, shu tariqa iste’dodli shoir ma’naviy xazinasi yanada boyisa!..

— O‘sha yillari faqat Usmon Nosirgina emas, boshqa yuzlab talantlar, iste’dodlar ham boy berildi. Garchi, ayrim yozuvchilar Stalin qamoqxonalarining azobini tortmagan bo‘lsa-da, repressiyaning sovuq shamolidai bebahra qolmaganlar.

—To‘g‘ri, repressiya davrida ijodi yoki shaxsi qoralanmagan ijodkor kam qoldi. Jumladan, Oybek ham 30-yillarning oxirida xuddi Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi Yozuvchilar soyuzi a’zoligidan chetlashtirildi. Soyuzda uning ustidan bo‘htonlar, tuhmatlar avj olib, erta-indin qamash to‘g‘risida buyruq tayyorlanayotgan bir paytda Oybek bu yerga «Qutlug‘ qon» romanini muhokamaga qo‘yish uchun olib borgandi. Shunda soyuz rahbarlari «Siz soyuz a’zosi emassiz, shu sababli asaringizni muhokama qilmaymiz», deb qaytargandi. Bundan xabar topgan «O‘quv» nashriyoti romanni o‘zlari muhokama qilib, nashrdan chiqardilar. O‘shandan keyin, «Qutlug‘ qon» haqida yaxshi gaplar aytilgandan so‘ng Oybekka biroz yo‘l ochilib, u soyuz a’zoligiga qayta tiklandi va ancha muddatga soyuz raisi bo‘lib ham ishladi. Biroq bu atoqli ijodkor ustidan bo‘htonlar u Yozuvchilar tashkilotiga rais bo‘lganidan keyin ham to‘xtamadi. O‘sha paytda soyuzda partiya tashkilotining byurosi bo‘lmagan va unda Oybek muhokama qilinmagan biror kun yo‘q edi. Bunday muhokamalar «Navoiy» romani paydo bo‘lganidan keyin yana kuchaydi. Hatto unga «Stalin» mukofotining berilishi ham har xil bo‘htonlarning yo‘lini to‘sa olmadi. Chunki o‘sha yillarda adabiyotimizning g‘alamis «botir»lari oz emasdi. 50-yillarda Oybek hayoti uzra qora bulutlar yanada quyuqlashdi-yu, lekin Stalin vafoti tufayli lager dahshatidan qutulib qoldi. Ammo g‘alamis kimsalar tinch turarmidi, ular tufayli Oybek og‘ir kasalga mubtalo bo‘ldi. Yoki «Sarob» romanidan keyin Abdulla Qahhor boshiga tushgan tashvishlarni sanab bo‘larmikan! Yohud Mirtemirning quvg‘inlikda kechirgan kunlarini unutish mumkinmi?

— Talantli o‘zbek ijodkorlari ustidan ayblovlar 50-yillarda ham to‘xtamagan. Buiday yangi-yangi repressiyalarga yo‘l ochib berilishining sabablari sizningcha nimada?

— Eng avvalo, Stalin shaxsiga sig‘inishning avj olishidan, qolaversa, o‘sha paytda ijodiy soyuzlar tepasiga nohalol, birovlarning ijodiy yutuqlarini ko‘ra olmaydigan ba’zi hasadgo‘y kimsalarning kelib qolishida, deb bilaman. Eng dahshatlisi shundaki, bu yillarda qamoqxonalarga urushning qonli yo‘llarini bosib o‘tgan, ming o‘limdan omon qolganlar, g‘alabaning tezroq qo‘lga kiritilishi uchun front orqasida jonbozlik ko‘rsatganlar tashlandilar. Shulardan biri, atoqli shoir Shayxzodaning shaxsini muhokama qilishga, aniqrog‘i uni Yozuvchilar soyuzi a’zoligidan chetlashtirish uchun chaqirilgan majlisda ishtirok qilganman. Matbuotda Shayxzodaning 50-yillarda ayblanishi vv qamalishi haqida ko‘p yozishdi. Shuning uchun bularni takrorlamasdan, unga qo‘yilgan ayblardan bittasi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tmoqchi edim.

Ma’lumki, Shayxzoda Nizomiy nomidagi pedagogika institutida uzoq yillar ishlagan va men ham u bilan bir kafedrada 10 yildan ortiqroq yonma-yon mehnat qilish baxtiga muyassar bo‘lganman. U haqiqiy ma’noda olim va shoir edi. Klassik adabiyotni chuqur bilardi. Uning lektsiyalaridan talabalar bilan birgalikda institutning boshqa olimlari va aspirantlari ham bahramand bo‘lardi. Shuning uchun soyuzda o‘tgan muhokamada Shayxzoda domlaga institutdagi lektsiyalarining saviyasi past deb ayb qo‘yilganda chidab turolmadim. So‘zga chiqib, bu aybnomalar bo‘hton ekanligini isbotlashga harakat qildim. Lekin o‘shanda g‘isht qolipdan ko‘chgan ekan: Shayxzoda tuhmatlar tufayli soyuz a’zoligidan o‘chirilib, qamaldi. O‘shanda mening ozgina himoyachilik rolim ham ayrim odamlarning e’tiboridan chetda qolmagan ekan, shekilli, o‘sha paytda respublika ichki ishlar ministri bo‘lib ishlagan qo‘shnimiz Yo‘ldosh Bobojonovdan xotini orqali «O‘tkir ehtiyot bo‘lib yursin!», degan ogohlantirish olganman…

Nimasini aytasiz, hozir shunday davr keldiki, har birimiz o‘z-o‘zimizdan «vijdonimiz oldida pokmizmi?» deb so‘rashimiz va unga dildan javob berishimiz kerak Chunki bizning oldimizda katta maqsad, 20-30-40-50-yillarda ko‘nglimizning tub tubiga ko‘milgan haqiqatni bugungi avlod oldida ochiq, oshkora aytish mas’uliyati turibdi Zero, bizning kelgusi hayotimiz ham bugungi vijdoniy haqiqatimiz asosiga quriladi.

Lekin o‘sha haqiqatni hozir qay darajada oshkor qilayapmiz. Ochig‘ini aytishimiz kerakki, biz ko‘pgina hollarda haqiqatning o‘ziga yetib bora olayotganimiz yo‘q, uning yo‘lini to‘sgan ayrim kimsalarni fosh qilish bilan o‘ralashib qolmoqdamiz, To‘g‘ri, bu ham kerak. Lekin asosiy maqsadimiz repressiya, shaxsga sig‘inish davri ning qurbonlari, aybsiz aybdorlar haqidagi bor haqiqatni qayta tiklashdan iborat-ku. Shuning uchun ba’zi takliflarimni o‘rtaga tashlamoqchi edim.

Avvalo, respublikamizning o‘zida repressiya, shaxsga sig‘inish qurbonlariga atab yodgorlik tiklansa va uning yonida muzey tashkil qilinsa, yaxshi bo‘lardi. Yozuvchilar soyuzida ular hayotini, ijodini o‘rganish uchun tuzilgan komissiyaga o‘sha ijodkorlarning har xil mutasaddi tashkilotlar tomonidan tortib olingan arxivlari qaytarib berilsa. Chunki aybsiz aybdorlar hozir matbuotda aytilayotganlargina emas. Ulardan qanchasining hali na nomi, na asarlari tilga olindi. Shuningdek, bir paytlar «Tirik satrlar» singari kitob nashr etilib, so‘ng yig‘ishtirib olingandi. Eidilikda bunday kitoblarni ham yanada to‘ldirib, maemunan boyitib nashr etish payti yetdi…

Xullas, bu borada oldinda qilinadigan ishlar ko‘p.

Suhbatni K. Matyoqubov olib bordi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 17 fevral