Haqiqat, haqiqat to‘g‘risidagi bilimlar odamlarni, jamiyatni toblaydi, birligini kuchaytiradi, faqat olg‘a yetaklaydi. Bilimsizlik va jaholat esa jamiyatni mustabidlashtiradi, odamlarning bir-biriga zulmini oshiradi, taraqqiyotga to‘siq bo‘ladi. Shu boisdan, shakllangan davlatlar o‘tmishda ham, bugunda ham iqtisod bilan bir qatorda ma’naviyatni rivojlantirishga katta yo‘l ochib qo‘ygan. Inson doimo haqiqatni bilishga intiladi. Zamon zayli tufaylidan haqiqatni anglash yo‘llari berkilgan esa-da, bari bir kishilardagi haqiqatga tashnalik hissi, uni istash tuyg‘usini taqiqlash mumkin emas. Insonday yashash uchun har doim kattami-kichikmi haqiqat kerak; zarracha haqiqat ham kishilarga umidlar beradi, yaxshilikka intilishga, yovuzlik va zulmdan qochishga, imonga chorlaydi. O‘tmishdoshlarimizdan biri «Boshimga qilich urilayotganda ham bilganlarimni bildiraveraman!» degan. Tarixni harakatga keltiradigan xalqni xuddi shu bilim, bilim egalari yetaklaydi. Xo‘sh, bilmaganlar nima qiladilar?
Bilmaganlar o‘zlarini o‘zlari qurbon qiladilar, chunki bilimsizlik, e’tiqodsizlik ham ko‘rinmas bir qilichki, u barcha zamonlarda ham o‘z egasini mahv etgan. Aql birlan qul bo‘lur ozod, deydi Dehlaviy bobomiz. Insonni musibatlardan, jismoniy va ruhoniy dardu illatlardan faqat haqiqatni anglash, unga intilish, kurash xalos etadi, shuning uchun insonlar doimo oliy aqlga ergashganlar. Bugungi avlodning haqiqatlarni anglashga ishtiyoqi kuchli. Buning ma’lum ijtimoiy sabablari bor, albatta. Ayniqsa, xalqimiz, madaniyatimiz, tilimiz, adabiyotimiz tarixiga qiziqish, bu boradagi ba’zi soxtaliklarni fosh etish, asl haqiqatlarni yuzaga chiqarishga intilish bugunda yaqqol sezilmoqda. Bu faqat bizning respublikada emas, balki butun Sovet Ittifoqida kechayotgan yangi inqilobiy to‘lqin natijasidir, qayta qurish yo‘lidagi ijobiy hodisadir.
Bizning ona tilimiz, yozuvimiz, tariximiz, madaniy merosimizga munosabatimiz bir muncha achinarli ahvolda. Chunki bu boradagi soxta, haqoratli, ilmiy asossiz gaplar hamon maktab darsliklarida turibdi. Axir gunohsiz bolalarni yolg‘on gaplar bilan aldash, ozg‘urish ayb emasmi? Biz iloji boricha maktab o‘quvchilariga tarix, til, madaniy meros xususidagi haqiqatlarni yetkazishga harakat qilmog‘imiz lozim. Darsliklarning turg‘unlik yillari yoki stalinchilik davri mahsullari o‘laroq yaroqsiz ekanligi gazeta-jurnallarda bosilgan va bosilayotgan maqolalarda isbotlanmoqda. Ammo bu bilan yaxshilik tomon amaliy bir odim tashlash mushkuldir; yomonni yomon deb aytavergan bilan u tuzalmaydi; uni yaxshilash yo‘llarini aytish, izlash, ko‘rsatish xayrlidir.
Shu ma’noda biz «Sharq yulduzi» jurnalida «Tariximizdan lavhalar» degan kichik bir bo‘lim ochdik. Niyatimiz yuqorida ta’kidlangan nuqsonlarni — tarix, adabiyot, tilga oid kitoblardagi, darsliklardagi ba’zi bahsli o‘rinlar haqida mulohazalar bildirish, noto‘g‘ri qarashlarning noto‘g‘riligini isbotlab, to‘g‘ri fikrni ommaga yetkazish. Hamonki yangi tarix kitoblari va darsliklari hozircha qo‘limizda yo‘q ekan, bizning jurnalda ommaga ma’rifat berish imkoni bor ekan, keling, birgalashib ish qilaylik; tarixchilar, tilchilar, barcha jonkuyar ziyolilar shu xususdagi fikrlarini aytsinlar, natijada zarrama-zarra bo‘lsa-da, tariximiz, madaniyatimiz, tilimiz to‘g‘risidagi fanniy haqiqatlardan xabardor bo‘laylik. Muallimlar yosh avlodga saboq berishda bugun ham o‘sha yaroqsiz darsliklar bilan bir paytda bizning mulohozalarimizdan ham foydalansinlar.
Til har bir millat hayotida tub omil, asosiy quvvat sanalishi barchaga ayon. Ammo bizning maktab darsliklarida o‘zbek tilining tarixiy o‘rnini noto‘g‘ri baholash, uni eski turkiy tildan ajratib ko‘rsatish borki, bu insoniy axloqqa ham, fan haqiqatiga ham to‘g‘ri kelmaydi.
«O‘zbek tili darsligi» (7 — 8 sinflar uchun darslik, mualliflar; M. Asqarova, Y. Abdullayev, M. Omilxonova, 14-nashr, Toshkent, «O‘qituvchi» nashriyoti, 1988 y.) kitobidagi «Yozuvlar haqida» degan sahifada bir muncha bahsli o‘rinlar bor. Mualliflar yozadi: «Qadimda slavyan tilida yozuv bo‘lgan. Bu yozuvni bolgar olimlari aka-uka Kirill va Mefodiy yaratganlar. Rus alfaviti hozirgi shakliga XVIII asrning boshida kirgan.
O‘rta Osiyoning bizga ma’lum bo‘lgan eng qadimgi mahalliy xalqi shak va massaget urug‘lari bo‘lib, ularning ham o‘z yozuvlari mavjud edi. Ana shu yozuvdan so‘g‘d va xorazm yozuvlari yaratilgan. Bizgacha so‘g‘d yozuvida VIII asrda bitilgan hujjatlar yetib kelgan.
Qadimgi turk yozuvi yodgorliklari dastlab Yenisey va O‘rxun daryolari bo‘ylarida topilganligi uchun ular O‘rxun-Enisey yozuvlari deyiladi. Bu yozuvlar rim yozuvlariga o‘xshab ketganlygi uchun run (runik) yozuvlari deb ham yuritiladi.
Bu yozma yodgorliklarni hozirgi turk xalqlaridan birortasi yaratgan deb o‘ylash to‘g‘ri bo‘lmaydi, chunki u zamonlarda (VI — VIII asrlarda) urug‘-qabilachilik davrini boshidan kechirgan turk xalqlari hali mustaqil xalq sifatida uyushmagan edi». (187-bet.)
Bu kabi bir-biriga zid fikrlarni muqoyasa qilishdan maqsad — turk xalqlarini chor zulmida saqlab turish uchun yasalgan siyosat yo‘lini tutish va stalinchilik davri g‘oyalarini keng yoyish edi. Ya’ni: O‘rta Osiyodagi turk xalqlari tarixda mayda urug‘lardan iborat edi, davlati yo‘q edi, shu uchun yozuvi, tili ham shakllanmagan — qoloq xalq bular, bularga madaniyat keltirish uchun ularni chor mustamlakachilari bosib olib to‘g‘ri qilgan, degan g‘arazli fikrni omma ongiga singdirish edi. Bu kabi xalqni ma’naviy ezuvchi, uni tobe qiluvchi, o‘z o‘tmishini, madaniyatini bildirmasdan uni g‘aflatda saqlab, faqat ishlashga majburlovchi g‘oyalar bugungi kunda ancha-muncha ayon bo‘lib qoldi. Keling, yaxshisi yuqoridagi darslik ilgari surayotgan gaplarda nechog‘li haqiqat borligi to‘g‘risida fikrlashaylik.
«O‘zbek tili oltoy tillari oilasining turkiy gruppasiga kiradi. 1979 yilgi Butunittifoq aholi ro‘yxati ma’lumotlariga ko‘ra, SSSRda 23 xil turkiy til bo‘lib, ularda 39 milliondan ziyod kishi gaplashadi», deb yoziladi.
«Tanitum» jurnalida (Turkiya) bosilgan sovetshunos olim Ibrohim Qorachaning yozishicha, hozirda dunyoda 150 million turk xalqlari yashaydi. Qadimgi turk tili — xuddi shu yuz ellik million odamning ota-bobolari gaplashgan til edi, Turkiy xalqlar tarixi besh ming yildan beri ma’lumligi, miloddan avvalgi davrlarda Xun davlati, Ko‘k turk davlati (ko‘k — osmon rangini bildiruvchi, turklarning eski dinidagi Ko‘k Tangrining sifati; ko‘k ayni o‘rinda muqaddas, asl, buyuk, botir kabi tangriga xos sifatlar majmui —T.Q.) hukm surgani, xunlar xoni Mate (xitoy manbalarida asli O‘g‘uz xon bo‘lgan bu turk ismi eski xitoy tilida shunday berilgan, Mate, Mao dun kabi aytilgan va botir ma’nosini bildirgan) — O‘g‘uz xon davrida naqadar katta saltanat bo‘lgani, xitoy imperatorligini xunlar ikki marta fath etgani, ularning boj to‘lab turgani, Buyuk Xitoy devori ham aynan shu Xun davlati tahdididan qutulish yo‘lida urinib bunyod qilingani tarixlardan ma’lum. Xun tili — eski turklarning bobo tili ekani, hozirgi adabiyotlarda run yozuvi, run adabiyoti manbalari deyilayotgan meros asli ko‘k turk tili va ko‘k turk yozuvi ekanligi ham isbotlangan. Bu borada osiyolik va yevropalik turkiyotchi olimlar juda ko‘p ilmiy ishlar qilishgan.
Axir o‘zbek tili, O‘zbekiston SSR degan atamalar 1924 yilda yaratildi-ku, nega tarixni chalkashtiramiz? Undan avval bu yurtda Turkiston xalq jumhuriyati va turk tili bo‘lgani ma’lumku. «Bu yozma yodgorliklarni hozirgi turk xalqlaridan birortasi yaratgan deb o‘ylash to‘g‘ri bo‘lmaydi» degan gapni darslik mualliflari qanday isbotlasharkin?
Nahotki inson o‘z ona tili va yozuviga, bobolaridan qolgan muqaddas merosiga shu qadar yovuz ko‘z bilan qaray olsa? Axir til va yozuv — qilich, to‘p yo atom bombasi emaski, uni yovuz ishlarda foydalanishadi, deb qo‘rqilsa.
«Bizga so‘g‘d yozuvida VIII asrda bitilgan hujjatlar yetib kelgan» deb yoziladi darsliklarda. Xo‘p, shu noto‘g‘ri, ancha kamsitilib, davriy jihatdan yoshartirilgan shu manbaga suyanilsa ham, o‘zbek, ya’ni turk yozuvi tarixi shu asrga borib taqaladimi? Bu qanday mantiq bo‘ldi? Aslida, so‘g‘dlar yozuvi so‘g‘dlarning kuchli, rivojlangan davlat bo‘lib shuhrat qozongan miloddan avvalgi VI—V asrlarda yaratilgani haqida ham fikrlar bor. Afrosiyob degan shahar miloddan oldingi VI—V asrlarda so‘g‘dlar davlatining poytaxti bo‘lganini, so‘g‘dlarning mashhur shohi Afrosiyob aslida turk xoqoni Alp Erto‘ng‘g‘a ekani hatto O‘zbek sovet entsiklopediyasida ham yozilgan. Agar o‘sha yozuv turk yoki hozirgi o‘zbek tiliga aloqasiz bo‘lsa, unda beshinchi yoki o‘ninchi asrda yaratilgan tarixlardagi Alp Erto‘ng‘g‘a haqidagi gaplar qayerdan olingan? Uch ming — ikki yarim ming yillik tarixni faqat yozuv bizgacha yetkazib kelishi mumkin — bu ayon haqiqat.
Ma’lumki, insoniyat tarixini o‘rganish mangu davom etadi, tarix kitoblari muttasil yangi kashfiyotlar bilan boyitib boriladi. Shubhasiz, darsliklarda ham ana shu yangiliklar aks etmog‘i lozim. Keyingi paytda jahon olimlari bir necha tsivilizatsiyalarni, buyuk madaniyatga molik qadim davlatlar tarixini inkishof qilishdi. Masalan, Suriyadagi Xalab shahri yaqinidan bundan to‘rt ming yil avval dong taratgan Ebla mamlakatiga oid 17 ming sopol kitobadan iborat yilnomalar majmui topildi. Sopol kitobalar o‘qildi, anglashildiki, Ebla ming yilcha saltanat sifatida hukm surgan, aholisi ikkiga — ebla o‘g‘illari (Eblada tug‘ilganlar) va musofirlar toifasiga bo‘lingan; birinchi toifadagilar, shohmi-gadomi, katta huquqlarga ega bo‘lgan, madaniyati rivojlangan, maktablarida til, tarix, hisob-kitob, din, afsonalar dars sifatida o‘qitilgan, o‘quvchilar, jumladan, shunday satrlarni yod bilishgan:
Eru ko‘kning egasi, tangrim!Er yo‘q edi, o‘zing yaratding,
Nur yo‘q edi, o‘zing yaratding,
Tongni, kunni sen barpo etding!
Xuddi shu satrlar, to‘rt ming yillik so‘zlar bundan atigi ikki yarim ming yil avval yozilgan yahudiylarning muqaddas kitobida borligi, Ebla shohlaridan birining ismi Odam ekani va bu so‘z ham, oradan bir yarim yil o‘tgach yozilgan muqaddas kitoblarda Odam Ota shaklida, qarangki, «ilk marta» qayd qilingani (Odam nomi dastlab «Tavrot», so‘ngra «Injil»da yozilgan deyiladi) hayratlanarlidir. Ha, tarix doimo yangiliklar bilan boyib boradi, bundan yosh avlod, shubhasiz, bexabar qolmasligi lozim.
Maktablarimizda o‘qitilayotgan tarix kitoblarining nisbatan yaxshisi 5-sinf uchun chiqarilgan F. P. Korovkinning «Qadimgi dunyo tarixi» (1-ruscha nashriga muvofiq, 1-o‘zbekcha nashri, «O‘qituvchi», Toshkent — 1985) darsligidir. Unda ibtidoiy jamoa tuzumidan boshlab Qadimgi Misr, Kichik Osiyo, Eron, Vaviloniya, Hindiston, Xitoy, Qadimgi Gretsiya — eradan avvalgi XI asrdan to Rim saltanatining qulashigacha — eramizning IV asrigacha bo‘lgan tarixdan lavhalar bor.
Bu darslikni o‘zlashtirgach, o‘quvchida, shubhasiz, shunday savol tug‘ilishi tabiiy: xo‘sh, ibtidoiy davrlarda, eradan avvalgi ikki ming yilliklarda yoki bir ming yilliklarda bizning yurtda ahvol qanday kechgan? Nazarimda, o‘zbek maktablarida o‘qitiladigan bu kabi «qadimgi dunyo tarixi»da bu savolga javob bo‘lishi shart. Maktablarimizda o‘qitiladigan «qadimgi dunyo tarixi»da, shubhasiz, ajdodlarimiz bo‘lmish so‘g‘dlarning eradan avvaldagi birinchi ming yillikdagi tarixi, so‘g‘d tili va madaniyati, «Avesto»dagi, yunon tarixchilari asarlaridagi, so‘g‘d yozma manbalaridagi tarixlar bo‘lishi shart; yoki miloddan oldingi ming yillikning ikkinchi yarmida Sharqdagi eng kuchli saltanatlardan biriga aylangan xunlar davlati tarixi ham darslikda keng yoritilishi lozim. Yoki miloddan avvalda bunyod bo‘lgan va 13 — asrgacha hukm surgan Iloq (poytaxti Tunkat bo‘lgan) davlatlari tarixi ham xalqimiz madaniyati, tarixini o‘rganishda o‘quvchilarga maroqli bir manba sifatida xizmat qiladi. Chunki Iloq miloddan avvalgi V asrdayoq oltin, kumush, feruza, mis, turli rangli javoqir konlari bilan mashhur bo‘lgan, sharq sayyoh olimlari o‘z asarlarida Iloqni «Kumush tog‘» deb, Beruniy esa uni «Feruza koni» deb atagani, bu yerlarda Temur dazrida ham konchilik sanoati mavjud ekani, ayniqsa, inqilobdan so‘ngra bu joylarda kon sanoati yanada ryvojlangani bizga yaxshi ma’lum. Demak, bu kabi manbalar maktab o‘quvchilariga ham darsliklar vositasida yetkazilishi shart.
Aksari tarixga oid kitoblarda, darsliklarda, vaqtli matbuotda necha o‘n yillardan beri noto‘g‘ri bir qarash hukmron ediki, bu xususda ham fikr bildirmoqchimiz. «O‘rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shilishi» degan iboraning soxtaligi ilmga ma’lum. Rossiya imperiyasi shakllanish bosqichida atrofidagi kuchsiz o‘lkalarni bosib olgani ayon haqiqat. Hatto «O‘zbekiston SSR tarixi» bir jildligida (Ya. G‘. G‘ulomov, R. N. Nabiyev, M. G‘. Vahobov. Toshkent — 1958) ham chor Rossiyasining imperialistik siyosati, mustamlakachilik yurishlari va Osiyoning turkiy xalqlar yashaydigan qismlarini bosib olishi haqida ma’lumot berilgan.
Hozirgi kunda ham toshkentliklar, qardosh Qozog‘istonda yashaydigan qo‘shnilarimiz og‘iz to‘ldirib «Chernyayevka» deydigan joy nomi bilan bog‘liq general Chernyayev xususida quyidagilarni o‘qish mumkin: «Chernyayev Toshkentga birinchi hujumni 1864 yil 27 sentyabrda boshladi. Lekin bu hujum muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi. U Toshkentda ruslarga xayrixoh muayyan gruppa borligini hisobga olgan, Toshkentni Rossiyaga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilib ketadi, deb o‘ylagan edi…
Chernyayevning Toshkentga ikkinchi hujumi boshlanish paytida shaharda Ko‘qon xonining 6 mingga yaqin qo‘shini to‘plangan edi. … Toshkentni himoya qilish uchun 50 to‘p — zambaragi bo‘lgan 30 mingga yaqin qo‘shin to‘plangan va shaharning o‘zi har xil mudofaa inshootlari bylan mustahkam qilingan edi.
…Chernyayevning Toshkentga ikkinchi hujumi 1865 yil 27 aprelda boshlandi. Chernyayev 28 aprelda Niyozbek qo‘rg‘onini egallab, shu qo‘rg‘onda mustahkam o‘rnashib oldi. 7 mayda Toshkentga yaqinlashib keldi. 9 mayda shahardan 8 kilometr chetda Qo‘qon qo‘shinlari bilan rus qo‘shinlari o‘rtasida jang boshlandi… Nihoyat, 16 iyun kechqurun shahar taslim bo‘ldi.» (295—296-betlar.)
Bosqin tashkilotchisi Chernyayev o‘z g‘alabasi xususida xat yozib, Peterburgga chopar yuboradi. Oqpodsho, garchi uning «beso‘roq», kelishilmagan holda Toshkentni hujum qilib bosib olganidan «ranjisa» ham, Chernyayevning nomi yozilgan billur qilichni chopardan unga taqdim etib jo‘natgan.
Toshkent bosib olingach, Turkiston general-gubernatorligi tashkil qilinadi, Qo‘qon xonligi esa, general Kaufman bilan sulh tuzadi… Ammo Chernyayev bosqinni davom ettiradi, 1865 yilning o‘zida Buxoro qo‘shinlari bilan to‘qnashadi, Jizzax yonida muvaffaqiyatsizlikka uchrab chekinadi. U chor hukumatining ruxsatisiz Buxoroga qarshi urush boshlagani uchun chaqirib olinadi va o‘rniga general Romanovskiy yuboriladi.
Chernyayev bilan mudofaa janglarida, shubhasiz oddiy qora xalq — aholi qatnashgani, ko‘pchiligi qirilib ketgani ham shaksizdir. «XIX asrning 60-yillarida Toshkent aholisi 70 ming kishiga yetdi» deb yozilgan «Toshkent ko‘chalari» (1972) kitobida. 1868 yilda o‘tkazilgan hisobga ko‘ra Toshkentda 11.518 ta uy, 41 799 odam (20243 erkak va 21556 ayol bo‘lgan). 1887 yilda esa, 104.618 o‘zbek, 1.386 tatar, 1.112 qirg‘iz, 78 tojik, 6.419 rus bo‘lgan («Komsomolets Uzbekistana», 1981, 2 iyul).
Inqilobdan keyin, 1918 yilda Toshkent ko‘chalariga yangi nomlar qo‘yildi, istilochilar nomi olib tashlandi; Kaufman ko‘chasi — Karl Marks, Romanov ko‘chasi — Lenin ko‘chasi deb ataldi.
«Toshkent ko‘chalari» kitobidagi yana bir o‘rin muhimdir: «Turkiston o‘lkasining hokimlari chor tuzumining abadiyligi va o‘zgarmasligini har tomonlama ta’kidlashga harakat qiladilar. Ko‘chalarga Nikolay, Kuropatkin, Duxovskiy, Konstantin Chernyayev kabi istilochi generallarning nomlari berilganligida ham o‘z ifodasini topdi» bu siyosiy behayolik.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil, 11-son