1. Sizningcha sotsial-siyosiy islohotlar sharoitida milliy munosabatlarni rivojlantirishning istiqbollari qanday?
2. Ko‘pmillatli davlatimizda milliy tillarning o‘rni va ahamiyati sizningcha qanday bo‘lishi kerak?
3. Milliy madaniyatlarning boyish yo‘llari haqida sizning tasavvuringiz?
1. Har birimiz farzandlarimizning iqbolini o‘ylab, bosgan qadamini kuzatamiz, kimlar bilan do‘stlashayotganini nazorat qilamiz. Biron bir bola ko‘nglimizga yoqmasa, «u bilan do‘stlashma» deb qattiq talab qilamiz. Mehrimizni uyg‘otgan bolani farzandimizga chin o‘rtoq bo‘lib qolishini istaymiz. Bizning bu istaklarimiz hamma vaqt ham shirin meva beravermaydi. Majburan do‘st bo‘lish — poydevori kuldan ishlangan bino. Sal nam tegdimi, poydevor nuraydi, bino esa qulaydi.
Biz xalqlar do‘stligi deb atalmish muqaddas, muazzam binoni uzoq vaqt shunday poydevor ustiga qurmoqchi bo‘ldik. Bir-birimizni axshi bilmasdan, bir-birimizni yurakdan hurmat qilmay, soxta jilmayishlar bilan do‘st tutindik. Bir-birimizni yaxshi bilmaymiz dedim. Bu shunchaki til uchiga kelib qolgan gap emas, balki uzoq yillar kuzatishlar natijasida pishib yetilgan fikr. Xo‘sh, biz Gruziya haqida nima bilamiz? Tarixdan Rustavelini, shoh malika Tamarani o‘qiganmiz maktabda. Hozirgi kun haqda gap ketsa, «Dinamo» futbol komandasini bilamiz. Ziyolilar uch-to‘rt yozuvchini, artistni biladi. Butun bir xalq haqidagi tushunchamiz shular. Moldaviyani, Boltiq dengizi bo‘yidagi respublikalarni yoki Yoqutistonni deyarli bilmaymiz. Xo‘sh, ular-chi? Qardoshlar-chi? Ularning biz haqimizdagi bilimlari, tushunchalari bundan ortiq emas. «O‘zbekiston paxta yetishtiradi, Samarqand, Buxoro degan shaharlari bor…», Bu tushunchalarga endi markaziy matbuotning «xolis xizmatlari» tufayli «O‘zbekiston… yarmisi poraxo‘r, yarmisi o‘g‘ri xalq», degan tushuncha singdirildi. Xo‘sh, ana shu tushunchalar, bilimlar chinakam do‘stlikka asos bo‘la oladimi? Asos bo‘la olmasligini Qozog‘istondagi, Tataristondagi, Armaniston, Ozarboyjondagi voqealar tasdiqlab turibdi. Mehmonni tantana bilan kutib olish, choyxona palov bilan siylash, sovg‘alar bilan jo‘natish — do‘stlik belgisi emas. Chinakam do‘stlik bir-birini bilishdan, anglashdan boshlanadi.
Do‘stlik qasrining stalinizm qilgan poydevori vaqt sinoviga dosh bera olmadi. Lekin bu hol badbinlik uchun asos bermaydi. Qasrimiz yiqilgani yo‘q, bir oz silkinib oldi. Endi oqil odamlarning burchi — uning yanada darz ketishiga yo‘l qo‘ymaslik. Hozir milliy munosabatlarni mustahkamlash uchun sharoit yaratildi. Endi buyruq asosida emas, chin dildan, samimiy do‘stlashishga imkon bor. Gap ana shu imkoniyatdam to‘g‘ri, oqillik bilan foydalanishda. Bu masalani hal etishda ba’zan oqillikka nisbatan ehtiroslar ustun kelib qolyapti. Shu tufayli tushunmovchiliklar, noroziliklar yuzaga kelyapti. Bu bejiz emas, biz bunday masalalarni oshkora hal etishni endi o‘rganyapmiz. Suvga tushmay turib suzishni o‘rganib bo‘lmaydi. Demak, har bir nojo‘ya gapdan, nojo‘ya harakatdan darrov umumiy xulosa chiqarib, «millatchi» degan tamg‘ani bosavermaslik kerak.
Qars ikki qo‘ldan chiqadi, degan gap bor. O‘zaro do‘stlik ham shunday. Xalqlar bir-birlarini chin dildan hurmat qilishlari shart.
Oddiy xalq bir-biri bilan qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ bo‘lib yashaydi. To‘ylari ham birga, azalari ham birga. Suvni loyqalatuvchilar asosan ziyolilar. Nazarimda, joylar, tarixiy shaxslarga nisbatan bo‘layotgan da’volarga chek qo‘yish kerak! Ming yillar orasida talashmagan joyni, talashmagan shaxsni endi «seniki-meniki» deb tursak uyat emasmi? Tarixiy shaxslar merosini har bir xalq o‘zicha o‘rganmay, ziyolilar, olimlar bahamjihat o‘rgansa ko‘proq foyda bo‘lmaydimi? Tarixiy shaxslar haqida mukammal badiiy asarlar kam, kinofilmlar, sahna asarlari esa yo‘q darajada. Nazarimda, talashishga ketadigan vaqtni, kuchni, bilimni shunday savob ishlarga sarf etish zarur. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston olimlari shu masalalarda tez-tez davra qurib turishlari shart. Davra qurganda ham shaxsning kimligini aniqlash emas, merosini xalqqa yetkazishii hal etish zarur. Birov chiqib «Forobiy qozoq edi» deb yuz yil jar solgani bilan foyda yo‘q. Undan ko‘ra bu allomaning merosini o‘rganib, xalqni bahramand qilish kerak. Yoki «Xorazmiy o‘zbek, Beruniy, Ulug‘bek, Farg‘oniy… o‘zbek» deb jar solishimizdan naf bormi? Axir xalqimiz bu allomalarning nominigina eshitishtan. Merosidan esa deyarli bebahra. Xorazmiyning kibernetika otasi ekanini barcha o‘zbeklar yaxshi biladi, deya olmayman va buni kechirib bo‘lmas hol, deb hisoblayman. Shu ishlar bilan hozir biz shug‘ullanmasak, kim, qachon shug‘ullanadi. Talashishlar, bahslar hech qachon nihoyasiga yetmaydi. Hech qachon bir tomon «yaxshi shu sizniki», deb qulluq qilmaydi. Shu bois o‘zaro milliy munosabatga rahna soluvchi gap-so‘zdan amaliy ishlarga o‘tish kerak.
O‘z onasini hurmat qilmaydigan odam narigi mahallalik begona onani hurmat qilmaydi. Xuddi shunga o‘xshash — o‘z xalqini hurmat qilmaydigan odam o‘zga xalqni ham hurmat qilmaydi. O‘zbek o‘zbek ekanidan, ukrain esa ukrain ekanidan, yahudiy yahudiy ekanidan faxrlanishi tabiiy hol. Afsuski, 6u faxr uzoq yillar ombur bilan qisildi. Endi biz har bir odamda ana shu faxrni uyg‘otishimiz shart. Tariximizni chuqur o‘rganishimiz kerak. Yaxshi bo‘lsa ham, yomon bo‘lsa ham shu tarix bizniki — hech qayoqqa qochib qutulolmaymiz. Pushkin aytganidek, ajdodlarga hurmatsizlik — axloqsizlikning birinchi belgisidir. Bugun tarix ustiga kul tortsak, ertaga avlodlarimiz baribir ochadilar va bu kulni bizning ustimizga tortadilar. (Shunday qilishga ular to‘la haqlidirlar!) To yaqin yillarga qadar ham tarixiy asar «O‘tmishni qo‘msash» deb baholandi. Be’manilikni qarang: ukrain yozsa mayli emish, gruzin, rus… yozsa, mayli emish-ku, o‘zbek yozsa, tarixni qo‘msash emish!? Qizig‘i shuki, o‘zbeklar tarixiga oid asarlarni gruzin, ukrain yoki rus adiblari yozsa, bu tamg‘a bosilmaydi. Adabiyotga nisbatan bo‘lgan shu noto‘g‘ri munosabat ham o‘zaro milliy munosabatlarga salbiy ta’sir qilgani sir emas.
Bir necha yil ilgari oliy o‘quv yurtlarida boshqa millatga nisbatan o‘zbeklar ko‘p, bu sotsial nohaqlik deb tanqid qilindi. Ajab, o‘zbeklar O‘zbekiston respublikasida o‘qimasdan qayoqqa borishlari mumkin? Dohiy Leninning Toshkentda dorilfunun tashkil qilishdan maqsadi mahalliy millat vakillariga bilim berish bo‘lgan-ku axir. Har bir respublika o‘z mutaxassislarini o‘zi tayyorlashi kerak emasmi?
Meni yana bir narsa ko‘p o‘ylantiradi. Bu — O‘zbekiston sportida o‘zbeklarning kamligi. Futbol komandalarimizda nomiga 3—4 o‘zbekni ko‘ramiz. Ayrim sport turlarida umuman uchratmaymiz. Holbuki, bu yuqoridan berilgan ko‘rsatma, buyruq natijasi emas, balki shu sohaga javobgar shaxslarning kaltabinligi. Hech esimdan chiqmaydi. 1967 yilda Rostov-Don shahrida yosh futbolchilarning musobaqasi bo‘lgan edi. Toshkentdan boradigan komanda faqat ruslardan iborat edi. So‘nggi soatda komandaga uchta o‘zbek qo‘shildi. Oqibatda shu ish uchun bir necha odam ishdan olindi, tanbeh eshitdi. Bu ham mayli, o‘sha musobaqa paytida rostovlik muxbir men bilan suhbatlasha turib, «qachongacha sizlarning sharafingizni ruslar himoya qiladi?» degan edi. Mana shu gap sira esimdan chiqmaydi. Chunki — bu o‘rinli tanbeh edi.
Men tilga olgan masalalarni asosan o‘zimiz hal qilishimiz zarur. Yuqoridan ko‘rsatma, farmon, buyruq kutishimiz shart emas. Avvalo, o‘zimiz hamjihat bo‘lishimiz kerak. Shundagina millatlararo hamjihatlikka, baynalmilal do‘stlikka, chin samimiy birodarlikka munosib hissa qo‘sha olamiz.
2. Onani hurmatlash haqidagi fikrimni davom ettirib shuni aytishim mumkin: o‘z ona tilini hurmat qilmaydigan odam o‘zga tilni ham hurmat qila olmaydi. Hozir davlat tili haqida ko‘p gapirilyapti, bahslar ko‘p bo‘lyapti. Ikki tillilik tarafdorlari reslublikaning ko‘pmillatli ekanini ro‘kach qilyaptilar. Xo‘sh, Gruziyada faqat gruzinlar, Estoniyada faqat estonlar yashaydimi? U yoqlarda davlat tili boshqa millatlarni, boshqa tillarni kamsitayotgani yo‘q, shekilli. Rus tili butkul inkor etmlmayapti-ku! Rus tili hech qachon inkor etilmaydi ham. Bu til millatlararo muhim vosita tili bo‘lib qolaveradi.
Ikkitillilik tarafdorlarining aksari o‘z ona tillarini mukammal bilmaydigan odamlar. Davlat tili o‘zbek tili bo‘lgan taqdirda ma’ruzalarida, yozmalarida noqobil ekanliklari fosh bo‘lib qoladi. O‘zbek tilini o‘zlashtirishda ancha jon kuydirishga to‘g‘ri keladi. «Majlisda rus o‘rtoqlar ham bor, shuning uchun ruscha gapiraman», degan bahonalari o‘tmaydi. Ularning harakatlarini shunday asoslash mumkin.
Hozir o‘z ona tilini yaxshi bilmaganlari uchun rus tilida ijod qiluvchi yozuvchilar bor. Ularni ko‘rganimda ulug‘ rus adiblari esga tushadi. Ular farangi tilini yaxshi bilishgan. Lekin asarlarini o‘z ona tillarida yozganlar. Hatto farangi tilida gapiruvchilarni asarlarida hajv qilganlar. Ona tilining sofligi uchun kurashganlar. Rus tilining mo‘jizalariga amal qilib faqat ruslar yoza olishlari mumkin. Boshqa xalq vakilining rus tilida yozadigan asari tilida shira, joziba bo‘lmaydi. Badiiy ijodning eng muhim qirrasi o‘tmaslashadi. Avval o‘z ona tilida yozib, so‘ng rus tiliga o‘zi tarjima qilsa bu boshqa masala. Bundaylarni faqat sharaflash kerak.
Garchi konstitutsiyamizda so‘z bo‘lmasa-da, bizda hozir ikki tillilik mavjud. Shaharlarda barcha ishlar rus tilida, qishloqlarda ayrim ishlar, majlislar o‘zbek tilida olib boriladi. Ikki tillilik qonun tusiga kirsa, hech nima o‘zgarmaydi. Adolat yuzasidan, lenincha milliy siyosat nuqtai nazaridan qaralganda har bir xalqning davlat tili o‘z ona tili bo‘lishi kerak.
Til masalasining odilona hal etilishi joylarda mmlliy munosabatlarni yaxshilashga olib keladi. Aniq eslayman: 60-yillarga qadar Toshkentda yashovchi ruslarning (ukrain, beloruslarning) aksari o‘zbek tilini, urf-odatlarini yaxshi bilishgan. Mahalliy aholining urf-odatini, tilini bilish — o‘zaro hurmatning asoslaridan biri. Respublikamizda yashayotgan rus, ukrain, yahudiy…larning barchalari bir xilda emas. Inqilobga qadar qo‘ying-chi, Ulug‘ Vatan urushiga qadar ko‘chib kelgan birodarlarimizning milliy tilga, tarixga, urf-odatga munosabatlari boshqa, ular o‘zbeklar, tojiklar… bilan og‘a-ini tutishib ketishgan. 60-yillarga qadar kelganlarida bu fazilat sustroq. 66-yildan keyin kelganlarda esa bu fazilat yanada kam seziladi. Tushunmovchiliklar, noroziliklar, to‘qnashuvlar shundan kelib chiqadi. «Biz sizlarga shim kiyishni o‘rgatdik» qabilidagi ahmoqona gaplar aynan 60-yillarning ikkinchi yarmida paydo bo‘ldi.
Boshqa xalqlarning o‘zbek tilini o‘rganish masalasi avval ham bir ko‘tarilgani yodimda. Bu masala endi yana kun tartibiga qo‘yilishi kerak. O‘zbek maktablarida rus tili qay tarzda o‘tilsa, rus maktablarida o‘zbek tili shunday o‘tilishi kerak. Rus maktablarida O‘zbekiston tarixi atroflicha o‘rgatilishi kerak.
Bu masalalarning hal etilishi hukumat qabul qiladigan qarorlarga bog‘liq. Men xalq xohishining inobatga olinishiga ishongim keladi. Ammo qaror qabul qilinishini kutib o‘tirmay boshlaydigan ishlarimiz ham bor. Ya’ni boshqa xalqlarga o‘zbek tilini o‘rgatishdan avval ona tilimizni o‘zimiz durustroq o‘zlashtirib olishimiz zarur. O‘z tilimizda so‘zlar, iboralar turgan paytda o‘zga tillardan o‘tgan so‘zlarni ishlatishga o‘rganib ketdik. Radio, televideniyeda, matbuotda, shunchaki suhbat qurganimizda ham kulgili, ham g‘ashni keltiradigan jumlalarni eshitamiz: «Men savsem ishonmadim», «Vabshe qaramadi», kabi jumlalar tuzish e’tiborsizlik oqibatimi yo kaltabinlikmi, bilmadmm. «Mavzu» o‘rniga «tema», «reja» o‘rniga «plan», «hakam anjumani» o‘rniga «jyuri», «qurilma» o‘rniga «ustanovka», «to‘sin» o‘rniga «balka», «shisha» o‘rniga «butilka»… deb ishlatishimiz-chi? Biz necha yuz yillardan beri dehqonchilik, chorvadorlik qilamiz. Lekin nima uchundir bu sohadagi iboralar ham o‘zbekcha emas. «Kultivatsiya», «barona», «korchovka», «chekanka», «obrezka»… Bu iboralar vaqtida kimningdir e’tiborsizligi yoki savodsizligi tufayli tilimizga aralashib qolganicha hanuz iste’molda yuribdi.
Bizdagi katta-kichik rahbarlar yuqoriga ko‘z tikib yashashga o‘rganib qolishgan edi. Afsuski, bu hol hozir ham davom etyapti. Toshkent kino tomoshaxonalarida o‘zbekcha e’lonlar yo‘qligi masalasi kun tartibiga qo‘yilgach, shahar ijroqo‘mi qaror qabul qildi. Shundan keyingina o‘zbekcha e’lonlar paydo bo‘ldi. Xo‘sh, shu tomoshaxonalar rahbarlari qarorni kutmay, o‘zbekcha e’lonlar ham yozdirsalar bo‘lmasmidi? Buning uchun qaror emas, ozgina did, farosat bo‘lishi lozim. E’lonlarning o‘zbekcha yozilishi munosabati bilan savod masalasi yana qalqib yuzaga chiqadi. Savodsiz e’lonlarimiz juda ko‘p. Tomoshaxonadagilar ham mayli, gazetalardagi e’lonlarni o‘qib dod deb yuboray deysan. Shunaqa savodsiz e’lonni o‘zbekcha bergandan ko‘ra ruscha bo‘laversin deging keladi. Tomoshaxonalarning boshliqlari adabiyotchi emas, chindan ham savoddan naridir. Gazetalar-chi? Radio-televideniye-chi? U yerlarda til-adabiyotdan saboq olgan odamlar o‘tiradi-ku? Bir uchrashuvda ustoz Abdulla Qahhor radio tilini tanqid qilib «ko‘cha harakati qoidasi buzilsa GAI xodimi to‘xtatib jazolaydi. Til qoidasini buzganlar nima uchun jazolanmaydi», degan ekanlar. 20 — 30-yillarda savodsizlikni tugatish harakati bo‘lgan edi. Hozir savodsizlikka qarshi kurash lozim bo‘lib qoldi. Buni hukumat qarori bilan emas, biz, o‘zimiz amalga oshirishimiz shart.
Ayrim madaniyat arboblarining tilga munosabatlari ham meni tashvishlantiradi. Men madaniyat ministrligida ishlaganimda bir narsadan ajablangan edim: o‘zbek madaniyati taraqqiyotini belgilovchi yuqori idorada o‘zbek tilidagi xatni ko‘chiruvchi yozuv mashinkasi yo‘q! Hatto bu idoraga murojaat qiluvchi cho‘ponga yoki dehqonga o‘zbek tilida savodli javob yoza oladigan odam yo‘q. Holbuki, bu yuqori idora xodimlarining aksariyati o‘zbeklar.
Teatrlarga mashq paytida kirib qolsangiz, boshingizni qaysi devorga urib yorishni bilmaysiz. O‘zbek teatrida o‘zbekcha asar sahnalashtirilyapti. Birdan rejissyornmng ovozi yangraydi, «Stop, stop! Chto za yerunda! On govorit «sevaman», ponimayesh Gulechka, «se-va-man!» znachit lyubit. A, senda ne to. Davay, boshidan, nachali». O‘zbek aktyoriga o‘zbekcha so‘z shu zaylda tushuntiriladi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, sahnadagi aktyorning gap ohangi o‘zbekcha emas, so‘zlar burab-burab talaffuz qilinadi. Ba’zan sahnada o‘zbeklar emas, o‘zbekchani endi o‘rgangan inglizlar gapirayotganga o‘xshaydi.
Xo‘sh, aytingchi, endi bularga ham «mashqlar o‘zbek tilida bo‘lsin» degan maxsus qaror kerakmi? Maxsus qaror ularga emas, Teatr va rassomlik, Madaniyat institutlariga, konservatoriyaga… kerak. O‘zbek madaniyatining bo‘lajak arboblari talabalik yillarida o‘z tillarini mukammal o‘rganishlari shart. Buning uchun mazkur bilim dargohlarida o‘zbek tili va adabiyoti darslari o‘tilishi zarur. Bu haqda uzoq vaqtdan beri (hatto turg‘unlik yillari) gapirilyapti, ammo quloq soladigan azamat topilmay turibdi. Meningcha, tolibi ilmlar ham tashabbus ko‘rsatishlari, oliy idoralarga murojaat qilishlari kerak.
3. Milliy tilga e’tibor, milliy tilni boyitish — milliy madaniyatning qay darajada boyishini belgilaydigan muhim omil. Har bir xalq madaniyatini asosan o‘z tilida yaratgan asarlar bilan rivojlantiradi. Ayni paytda, boshqa xalq vakillari yaratgan bebaho asarlardan ham bahramand bo‘ladi. O‘zbek teatri tarixiga nazar solaylik: Abdulla Avloniyning Ozarboyjon teatri bilan tanishishi, so‘ng o‘zbek sahnalarida Shekspir, Chexov… qahramonlarining paydo bo‘lishi… O‘zbek teatri ham, dramaturgiyasi ham boshqa xalqlar madaniyati tajribasiga suyanib rivoj topdi. Boshqa xalqlar madaniyatidan o‘rganish kerak. Ammo taqlid qilish yaramaydi. O‘zbek teatrida, ayniqsa kinosida ana shu taqlid kuchli. Taqlid o‘zbekona ruhni, milliylikni chetga surib tashlagan. Shuning uchun xalqimiz «Uzbekfilm»ning ko‘p asarlarini ko‘rgisi kelmaydi. Milliylik yo‘q bo‘lgani uchun ittifoq tomoshabinlari ham uncha xushlashmaydi. Opera-balet san’ati ham shunday. Biz bu san’at turi Yevropada qanday bo‘lsa, shundayligicha oldik. Holbuki, o‘zbek operasi ukrain operasidan ajralib turishi lozim emasmi? Hozircha biz bunday farqni sezmayapmiz. Shuning uchun ham san’atning bu turi xalqimizga singmay turibdi.
Badiiy asarlarni tarjima qilishlar, madaniyat haftaliklari milliy madaniyatlarning rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shadi, deyish qiyin. Hissaning sezilarli bo‘lishi uchun madaniy aloqalarni doimiy bo‘lishini ta’minlash kerak. Bundan bir necha yil oldin respublikamizda Ozarboyjon adabiyoti va san’ati kunlari bo‘ldi. Shunga bag‘ishlab 3—4 kitob chiqarildi. Shu bilan ish tugadi, hisob. Endi shunday tadbir qachon bo‘ladi, noma’lum. Armaniston, Moldaviya, Gruziya… madaniyat haftaliklari qachon bo‘lgan, eslolmayman. Qardoshlar madaniyatidagi biron yangilik markaziy matbuotda tilga olinsa, xabar topamiz, bo‘lmasa yo‘q. Shuning uchui har bir respublika poytaxtida qardosh respublikalarning madaniyat markazlari bo‘lishi shart. Chet ellar bilan madaniy aloqa markazlari bor, ammo qardosh xalqlar nima uchundir e’tibordan chetda turadi. Toshkentda Latviya, Estoniya… madaniyati markazi, Tallin, Riga…da esa o‘zbek madaniyati markazi bo‘lsa, bu markaz qardoshlarni o‘zbek madaniyati bilan tanishtirishga xizmat qilsa, qardoshlar madaniyatidagi eng yaxshi yangiliklarni bizga yetkazib tursa yaxshi emasmi? Faqat bu masalada g‘oyat ziyraklik zarur. Unday joylarga faqat familiyasigina o‘zbek, o‘zi esa o‘zbek madaniyatidan begona odamlar borib qolmasliklari kerak.
Biz qardoshlarni rus tili orqaligina bilamiz. Imonim komilki, ularning barcha yaxshi asarlari ham rus tiliga tarjima qilinavermaydi. Shu paytgacha harakatchan, Moskvada qalin oshnalari bor yozuvchilarning bo‘sh asarlari ko‘p chiqdi. Biz o‘sha bo‘sh asarlarga qarab, o‘sha xalq adabiyotiga baho berdik. Ayni choqda ular ham bizning adabiyotimizga shunday baho berishdi. Nohush holmi? Albatta. Biz bir-birimizning tillarimizni bilmaymiz. Amerikadan kelib o‘zbek tilini o‘rganib ketishadi. Litvada o‘zbek tilidan litva tiliga tarjima qilishadi… biz esa turkiy va fors tillaridan bazo‘r (shunda ham barcha emas) tarjima qila olamiz. O‘tgan yili Ukrainadan bir yigit o‘zbek tilini o‘rganish uchun keldi. Unga hech kim yordam bermadi. Yozuvchilar soyuzi ham chetda turdi. Oqibatda u qaytib ketdi.
Barcha respublikalarning Yozuvchilar soyuzi shu masalada birlashsalar, yoshlarni til o‘rgatishga safarbar etsalar, sharoit yaratib bersalar, milliy madaniyatlar yanada boyir edi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 10 mart