1965 yilning 25 may tongi.
Maktabdagi an’ana bo‘yicha har yili yozgi ta’tildan oldin boshlang‘ich sinflarni ekskursiyaga olib chiqishardi. Manzil — qo‘shni bog‘dorchilik sovxozining qishlog‘imizdan bir chaqirim yuqorida, kanal bo‘yiga joylashgan quyuq daraxtzori. Biz — birinchi sinfni bitirganlar uchun ilk qanikul, ilk ekskursiya. Olisdagi daraxtzor — ilk o‘rmonimiz. O‘shandan boshlab «ta’til», «ekskursiya» bizning eng sevimli so‘zlarimizga, quvonchimiz-u orziqtirguvchi bayramimizga aylandi. Darslar uzundan-uzoq edi, katta tanaffuslar bir zumda tugardi. Uylarimizda uzun soqollarini selkillatib buvalarimiz uzun-uzun ertaklar so‘ylardi, bostirma ostida onasi yo‘qolgan buzoq uzoq-uzoq mo‘rardi, bo‘zlardi. Yo‘llar olis edi, suvlar uzoq-uzoqlarga oqardi. Bolalik — cheksizliklar davri. Bunda hamma narsa bepoyon. Borliq tuganmas. Nuqtada kengliklar yastanib yotibdi bunda. Shodlik chegarasiz, tasavvur bulg‘anmagan. Ana shu behudud, intihosiz olam qarshisida, bepoyon osmon ostida biz — birinchi sinfni bitirganlar ekskursiyaga boramiz, deb shaylanib turibmiz.
Hanuzgacha yodimda: muallimimiz qora ko‘zoynak taqqan edi. Uning oynagida tizilishib turgan o‘quvchilar, dalalar-u olis adirlar va tiniq osmon ko‘zgudagiday aks etardi. Osmon qora ko‘zoynakda ham tiniq, musaffo edi unda.
Hammamiz birovi ko‘ksiga nog‘ora osib olgan, yana birovi dastasiga zarhal popukli alvon taqilgan gornni ko‘z-ko‘z qilayotganday tutib turgan ikki nafar mag‘rur pionerga qarardik. Alvon galstuklari hilpirar, ular komandirlarday tutardi o‘zini. Muallimning ishorasi bilan pionerlar ishga kirishdi. Olislarga chorlaguvchi, ko‘ngilni tog‘day ko‘targuvchi dadil, o‘ktam sado yangradi (bu sadoning «Pionerlar marshi» ekanini keyynchalik pioner bo‘lgandan so‘ng bildik). Shu ko‘tarinki sado ostida biz — birinchi sinfni bitirganlar umrimizning birinchi ekskursiyasiga otlandik… Tepamizda — qayg‘usiz osmon, tegramizda ko‘m-ko‘k kengliklar, ortda — qishlog‘imizning yam-yashil teraklari sokin chayqaladi, oldda — yam-yashil o‘rmon — boryapmiz.
Olam yam-yashil, kelajagimiz ham, hayotimiz ham shu marsh singari dadil va mardona bo‘lishiga qat’iy ishonib boryapmiz.
…U osmonlar bir kun kelib tushga aylanishini, go‘dak xayolimizni afsunlar etgan, chorlagan, porlagan beg‘ubor dunyo qachonlardir chippakka chiqishini o‘ylaganmidik hech?!
* * *
O‘n yildan beri tushlarimga bir daryo kiradi.
Armon tunlarida yodim adirlari qovjiraydi. Go‘yo hozir jondan alanga tegib yonib ketadiganday.
Havoda havo yo‘q.
Qaylardadir adirlar ortida uchgan yulduzlar suvga tushib vishillaydi.
Toshlar jaziramadan tarvuzlar yanglig‘ tars yoriladi.
Sharsharalar qoyalar bo‘yida yelpig‘ichlarday osig‘liq.
Tepalar hansiraydi.
Tepalardan «DARYo-o-o» degan sado keladi. Bu sado qoyadan-qoyaga urilib, bulutday tarqaladi, so‘ngra, AYRO-OVga aylanadi-yu daralarga tushib ketadi.
DARYo-O-O…
AYRO-O…
Ikkinchi so‘zni ilg‘amaslikka harakat qilaman. Judolikni tan olgim kelmaydi. Ichimda «daryo-ov» deymanu zargor ko‘rpani boshga tortaman. Mavjlar shinosid ko‘zlarim ketadi. Shunda tushlarimga daryo kiradi. O‘sha daryo.
Suv ostida toshlar chinnisi yarqiraydi. Suv toza, havo toza, dunyo beg‘ubor. Sinfdoshim bilan zangor sashdatdan bahramand bo‘lib suzib yuribmiz. Sohilning iliq qumlari o‘z tafti bilan tanimizga huzur bag‘ishlaydi. Qishlog‘imizga qaraymiz. Teraklari ko‘m-ko‘k, majnuntollari kokil taraydi, o‘riklari qurimagan, novvot uzumlari voyishlardan oshib-toshib yotibdi. Shu sog‘lom saltanatda biz — uning farzandlari ham sog‘lom, tetik.
Bu tush endi ikky dunyoda ham o‘ngidan kelmaydi. Baliqning tirikligi suv bilan bo‘lgan kabi mening tirikligim endi shu tush bilan.
Har kecha daryoga kirganday o‘ringa kiraman. To‘shak soyday sokin. Ko‘rpa mavjlarday jimirlaydi.
Daryo meni shunday muttasil ta’qib etadi. U ba’zan ko‘m-ko‘k it misoli ostonamizda bosh urib yotadi. Ketmaydi. Ba’zan derazada paydo bo‘ladi u. To‘lqinlari oynalarga urilib, zor-zor chayqaladi. Balkonlarni changallab, baland imoratga osilib olgan, derazadan qarayotgan daryoni ko‘rganmisiz hech?
DARYo-O-O!
Maktab, muallimlardan tashqari tabiat ham tarbiyalaydi bizni. Suv, Havo, Quyosh — bolalikning beminnat tarbiyachilari. O‘tloqlar — ochiq sinfxonamiz, vijirlab uchayotgan qaldirg‘ochlar — ko‘nglimiz imlolari, o‘riklarning toshqin-toshqin gullari — ruhimiz alifbosi. Tiniq jilg‘alar bizga saboq berdi, jayron shamollar surur ilmini o‘rgatdi, yalangoyoq changitganlarimiz — tuproq ko‘chalar tafti dilimiz lavhiga mehru e’tiqod vazifasini darj etdi.
Bolaligida daryosi borning ko‘ngli bir umr daryolar bo‘lgusi!
Bolaligida daryosi yo‘qning, o‘tlog‘i, tuproq ko‘chasiyu beg‘ubor osmoni yo‘qning…
Bolalar tabiatdan muntazam bahramand bo‘lib o‘smog‘i kerak. Buning uchun eng avval Tabiatning o‘zi kerak. Buning esa o‘z tabiiy shart-sharoitlari bor: toza havo, toza suv, chimzorlar-u bog‘-rog‘lar. O‘z navbatida bolalarni tabiatning tabiiy tarbiyasidan bebahra qoldirguvchi sun’iy to‘siqlar mavjud.
Biz to‘rtta temir belanchakni osib «Hamma yaxshi narsalar — bolalarga» dedik, aslida esa… irmoqlari, ohanrabo sohillar-u zangori ko‘llar, zumrad o‘tloqlar-u toza havogacha — barchasini bolalardan tortib oldik. Ularni Tabiat deb atalguvchi mo‘tabar muallimdan ayirib qo‘ydik. «Qachon odam bo‘lasanlar!!» — deya malomatlar qildik, lekin o‘zlarini paydar-pay paxtaga haydadik. «Sentyabr» so‘zi maktab doskalarida kech kuzgacha mo‘ltirab qolaverdi.
DARYo-O-O…
Daryo endi yo‘q, daryo yo‘q, daryo boshqa qaytmaydi, daryoni boshqa ko‘rmayman! Armon sohiliga o‘sha daryo chiqarib tashlagan ulkan daraxtning quruq bahaybat ildizidirman go‘yo men. Har holda o‘zimga Shunday tuyuladi. Yana kim bilsin. Judolikni esa tan olgim kelmaydi.
* * *
O‘sha, muallimning qora ko‘zoynagida bolalik jahonimiz aks etgan tongdan buyon yigirma uch yil o‘tibdi. Bizni ilk bor bag‘riga chorlagan yashil daraxtzordan endi nom-nishon ham qolmagan. U daraxtzor keyin maktabni bitirgunimizcha — o‘n yil davomida bizning sevimli go‘shamizga aylandi. Panohimiz edi u bizning. Uydan arazlasak ham, sevinsak ham shu yerga kelardik: Katta asfalt yo‘ldan oppoqqina avtobuslar oppoqqina bolakaylarni lagerlarga olib ketardi, biz ularga, ularning oqqina ko‘ylaklariga havas qilardik, lekin baribir o‘z «o‘rmonimizga» oshiqardik. Kanal suviday tez o‘tguvchi uch oylik yozgi kanikulning ko‘p qismini ana shu «yashil sinfxona» da o‘tkazardik. Qushlar shu qadar ko‘p ediki, go‘yo har yaproqda bittadan qush o‘tirganday, qushlar emas, million yaproqlar baravariga tinimsiz chug‘urlar edi go‘yo. Maktab gerbariysida yo‘q o‘simliklar, giyohlarni shunda uchratardik, daraxtlar quyuq shovullardi, maysalar shivirlardi. Keyin o‘zimiz ham shu yashil olamda qanot chiqargan parrandalarday uchib ketdik: kimdir janubga, kimdir taqdir shimoliga.
Keyin daraxtzor ham butkul kesib tashlandi.
Mana endi, sinfdoshlar qismatlardan bo‘shab, onda-sonda yig‘ilib qolganimizda gap dastavval o‘sha daraxtzordan boshlanadi: «Esingdami!..», «Esingdami!..», «Esingdami!..» Hammamiz dardli bir orziqish bilan yashil dunyomizni eslaymiz.
U daraxtzor bizga nima berdi?
Endi bilsam Vatan tuyg‘usi qalblarimizda shunda jo bo‘lgan ekan. Dillarimizdagi boqiy bog‘lar shunda ko‘kargan ekan. Bir umrlik sog‘inchimiz, mehru e’tiqodimiz tomirlari shu daraxtlarning ildizlari ila tutash ekan.
Endi esa bolaligida daraxtzori yo‘q, bolalarni, aniqrog‘i — daraxtzorlari paxtazorga aylantirilgan bolalarni ko‘rib jon o‘rtanadi…
* * *
Sinfdoshim bilan ko‘kalamzorda chalqancha yotib, soatlab termulganlarimiz tiniq osmon — bolalikning eng tiniq xotirasi. Olisdagi tog‘lar bulutlar yaktagini boshiga yopgan. Tegramizda qo‘zichoqlar dikirlaydi. Quyosh beminnatgina nur sochadi. Olamda ko‘klam hidi, tirilish, tarovat nafasi. Osmon beqiyos darajada toza, bunday osmon ostida faqat osmon bo‘lib, osmon bo‘lib yashaging kelar.
Keyin yillar o‘tib angladikki: imonlarni g‘ubor qoplasa — osmonlar qorayar ekan.
Insonlarni imon tark etsa — osmonlar qorayar ekan.
Yurt peshvolari kaltabin bo‘lsa, umr maydonlarida ulusning sha’ni-shavkati qolib, o‘z nafsi, izzat-obro‘si uchun kreslolarda ko‘pkari sursa — osmonlar qorayar ekan.
O‘ttiz yil daladan chiqmay, ustixoni paykallar aro chirigan, umri, insoniy orzu — havaslari g‘o‘zapoyaga aylangan suvchining eng tansiq taomi non-u choy bo‘lsayu, o‘g‘lini uylantirishga puli — jamg‘armasi bo‘lmasa, osmonlar qorayar ekan!
Sariosiyoda salkam ikki yuz ming kishi shu osmon ostida yashaydi. Salkam ikki yuz ming juft ko‘z har kecha osmonga qaraydi: Nima qilamiz endi!
Osmon endi samovot emas — savolot.
Bu osmonda yulduzlar xira, oy ham sariq kasaliga chalinganday nimjon. Yetti pushtiga rizq bergan, ona yurt degan tushunchani jon-joniga singdirgan, mehru e’tiqod urug‘larini ko‘kartirgan azaliy hovli-joyini tashlab, toza havo so‘rog‘inda sahrolar sari manzil-makon izlab ketganlarning, darvozalardagi qulflarning, o‘t bosgan ostonalarning nadomatli savolidir bu osmon. Bu osmondan shabnamlar emas, og‘u yog‘adi har tun, har kecha.
Odamzod insoniy timsollari bilan ham odamzoddir.
Uning boqiyligi timsollarda yanada abadiyroqdir.
Nomlar ham timsol. Mehru iftixor, ajdodlar, nasllar timsoli.
«Dashnobod» ham ko‘hna timsollardan biri. Asrlar shamoli metin qoyalarni siliqqina tarashlagani kabi bu nomni ham o‘z «teshasi» ila «siypalab» o‘tdi, ya’ni uni «Dashtinovvot» degan serqirra so‘zdan silliq «Dashnobod»ga aylantirdi.
Rus imperatorligi Jug‘rofiy jamiyatining ko‘rsatmasiga muvofiq 1879 yilda Sankt-Peterburgda chop etilgan «Amudaryo yoqalab» to‘plamida shunday so‘zlarni o‘qiymiz.
«Dashtinovvot daryoning nomi uning sohilida joylashgan farovon qishloq Dashtinovvot nomidan olingan. Bu qishloq o‘zining ajoyib anorlari bilan ma’lum va mashhurdir».
Maktabda muallimimiz faxr bilan so‘ylardi: «Dashnobod anori «SSSR Qizil kitobiga» kiritilgan».
Bunda u «SSSR»ga alohida urg‘u berardiki, biz ham bundan alohida faxr tuyardik. Ya’niki bog‘imizdagi shu qirmizi anorlar, har kun ko‘raverganimizdan parvo qilmay qo‘yganimiz shu oddiy anorlar rayonmas, oblast va yo respublika ham emas, naq SSSRning «Qizil kitob»iga kiritilgan-a!
Anorlar.
Ular menga hamisha nimagadir g‘amgin, miskin bir holatlarni eslatardi. Anor gullari ham ne uchundir xandon emas, ularda qandaydir hazinlik, iztirob nihonday tuyulaverardi. Va bu tuyulishlar kun kelib, ne ajabki, amalda o‘zini namoyon etdi. Adabiyot o‘qituvchimiz she’r o‘qirdi, men angrayar edim, o‘qituvchi she’r o‘qirdi. Sinfxonamiz alvon rangga bo‘yaldi, o‘qituvchi she’r o‘qirdi, sinfdosh qizlarning chehralari anor, ular jilmaysa, tabassum o‘rniga aqiq anor donalari sitilib ketadiganday: o‘qituvchi she’r o‘qirdi, doskada esa oq bo‘r bilan katta-katta harflarda yozilgan «ANOR» so‘zi qizg‘ish tusga kirgan, o‘qituvchi she’r o‘qiydi, men derazaga qarayman — oynalar ol, tashqari dunyo qirmizi, maktab hovlisi alvon, anor gullariday miskin qizaloqlar — maktabdoshlarim — keyin yillar o‘tib paxtazorlarda saraton otashida anor paxtazorlarda, saraton otashida anor yuzlarini kuydirguvchi, so‘ldirguvchi benavo anorlarim!
O‘qituvchi hamon she’r o‘qiydi:
Bul na gumbazdur eshigi, tuynugidin yo‘q nishon Necha gulgun pok qizlar manzil aylabdur makon. Tuynugin ochib alarning holidan olsam xabar, Yuzlarida parda tortug‘liq, turarlar bag‘ri qon.Bir kelsam Labiobdagi tog‘am bir lagan anor chiqardi dasturxonga. Choynakday-choynakday anorlar. Birin-ketin so‘yadi. «Qondan» asar ham yo‘q. Hammasining bag‘ri dog‘ — qop-qora. Bir lagan bag‘ri dog‘ anor. Bir lagan bag‘ri dog‘ anor! Qaysi asrning qaysi bag‘ri qon shoirasi she’rga solarkin bu bag‘ridog‘larni!..
* * *
Abdusattor — mening sinfdoshim…
Alpomishday otasi bor edi Abdusattorning — endi yo‘q. Otasi borida Abdusattorning boshida chinor shovullardi — endi chinor yo‘q, boshida bo‘ronlar qarsillaydi Abdusattorning.
Abdusattorning ham ko‘nglini ko‘taradigan, odamshakl jonzotlar orasida xor-zor qildirmaydigan onasi bor edi, yoronlar! Endi yo‘q. Onasi borida Abdusattorning boshida quyoshi bor edi, bu quyosh bir kuni uyumgina sassiz oq bulutga aylandiyu odamlarning yelkasi uzra jimgina yuzib ketdi. Qaytmas bo‘lib ketdi! Abdusattor qoldi boshda suronlari bilan.
Abdusattorning ikki akasi bo‘lgan bir paytlar, urush yillari och qolib o‘lgan. Abdusattor ularni ko‘rmagan. Lekin ba’zan armon qiladi: «Akalarim tirik bo‘lganda…»
Abdusattor hammasiga chidadi.
Tuproqqa, loyga belanib ishladi.
Qorishmaga qorishib ter to‘kdi Abdusattor.
Uylandi. Qarz-havola qilib uy qurdi, Abdusattorning uyi Abdunazarnikiday hashamatli emas, lekin bu Abdusattorning uyi, o‘z uyi.
Abdusattorning dunyodan orttirgan dunyosi — bola-chaqasi. Ular olti nafar. Qizlari ham, o‘g‘illari ham xuddi Abdusattorning o‘zi. Xotini ham o‘ziday zahmatkash. Kechqurunlari, unchalik to‘kin bo‘lmagan dasturxon ustida er-xotin niyat qilishadi: «Nasib bo‘lsa uy bitsa, qarzlardan qutulsak, bolalarga to‘y qilamiz».
Dunyoda niyatlar juvonmarg ketmasin ekan.
Yo, falak, bu qanday motam?!
Hovlisida aza: «Abdusattorning xotini o‘libdi. Qornida homilasi bilan». Qizchalari hayron, olazarak odamlarga qarashadi. «Ota neya yiylayapsiz!…» O‘g‘ilchalari hali hech narsani bilmaydi, ular qum ustida yong‘oq o‘ynab o‘tiribdi. Odamlar shivirlaydi: «Abdusattorga qiyin bo‘ldi». «Abdusattorga qiyin bo‘ldi». «Abdusattorga qiyin»…
Bekinmachoq o‘ynab yurgan paytlarimizda qiyin bo‘lishini bilganmiding, Abdusattor!
«Xotinimni sarig‘ bilan alyumin o‘ldirdi».
«Akalarim o‘rnida men tug‘ilsam, akalarim o‘rnida ochdan men o‘lib ketsam bo‘lmasmidi!!»
— Yig‘lama, jo‘ra! Ko‘rgulik ekan.
Men qandayin do‘st bo‘ldimki, mushkul kuningda kam-ko‘stingga ishlatarsan, deb cho‘ntagingga o‘n-o‘n besh so‘m pul solib qo‘yolmadim. Men qandayin do‘st bo‘ldimki, senga o‘qishing kerak deb tazyiq o‘tkazmadim, diplom — hech bo‘lmaganda takabburlar orasida qimtinmay yashashingga qo‘l kelardi, men bu ishni qilmadim, shunchalar past ketdimki, nuqul o‘zim o‘qidim, dunyo ilmini faqat o‘zimniki deb bildim va sen bir kun aytingki: «Jo‘ra, sen katta odam, biz faqirlarga kim qo‘yibdi… Ko‘ksimda bir narsa chirt etib uzilganday bo‘ldi, men yana ketdim — o‘sha shahrimga, shahrimdagi o‘sha «baland» kursimga!…
* * *
May oyining oxirlarida, ishxonada, salqin, oynavand kabinetda shahrim va dunyoyim yo‘qotgan tiniq osmonlarni qo‘msab o‘tirar edim, telefon jiringladi. Ko‘tardim. Sado berdim.
— Aka-a, — degan bir musofir ovoz keldi, ovoz egasining telefonda gapirishga qiynalayotgani, o‘zini noqulay sezayotgani bilinib turardi, tanidim — jiyanim G‘olib. Toshkent aeroportidan qo‘ng‘iroq qilayotgan ekan, aeroportda nima qilib yurganini so‘rasam:
— Armiyaga ketyapman, —deb javob berdi. Yetib bordim.
Oftobda kuygan, qoraygan, pastakkina bir bola. O‘nni bitirganiga bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, o‘smir deb atashga til bormaydi. O‘smagan. Men salqin kabinetda sog‘inib o‘tirgan tiniq osmonlardan kelgan elchi edi go‘yo u. Biroq «elchi»ning ko‘rinishi ham, bo‘y-basti ham meni qoniqtirmadi. U harbiyga ketayotgan, bilaklari bo‘liq, qaddi-qomati kelishgan shovvoz yigitga emas, murg‘akkina bolaga o‘xshardi ko‘proq. So‘ng jo‘ralari yig‘ilishdi. O‘n-o‘n besh chog‘li bola. Hammasi Sariosiyodan ekan, hammasi bir-biriga o‘xshash. Bo‘ylari past. Ularga qarab ezilib ketdim. Bular — meni parqu bulutlariyu oppoq tonglari bilan yo‘rgaklagan, marvarid yomg‘irlariyu billur shab-namlari ila umrim-ruhimni oq yuvib, oq o‘stirgan osmonlarning emas, boshqa dunyoning boshqa osmonlari ostida «katta bo‘lgan» boshqa bolalari edi. Bular butifosning, zahil, betob tuproq, chirkin suvlar-u, zaharlangan havoning bolalari edi. Quyoshning alyumin zavodi tutunlaridan zaharlangan nurlarini shimib «ulg‘aygan» farzandlari edi bular. Bular rus tilini yaxshi bilmaydi, bular maktabda rus tilini o‘rganishdan ko‘ra paxta parvarishiga, paxta terimiga ko‘proq vaqt ketkazganlar, ular bilmaydilarki, bu yigitchalarning qonidan endi Alpomishlar shiddati emas, butifos hidi keladi, shuning uchun O‘zbekistondan harbiyga chaqirilganlarning aksariyati ikki yildan so‘ng «Vatanning sodiq askari» bo‘lib emas, balki «Vatanning sodiq g‘isht teruvchisi» bo‘lib qaytadi. Shuning uchun Markaziy televideniyening «Sovet Ittifoqiga xizmat qilaman» kursatuvida ko‘pincha o‘zbek yigiti ko‘rsatilmaydi. Go‘yo bu diyordan hech kim armiyaga ketmagan, go‘yoki bu diyorning bolalari hech narsaga yaramaydi…
Bolalar bir soatgina bo‘lsa ham Toshkentni ko‘rsin, bu bahonada ul-bul tanovul qilib olsin degan maqsadda ruxsat so‘rash uchun yo‘lboshchisini izladim. Qilichday bir leytenant ekan. «Yarim soatdan keyin uchamiz, — dedi — Vladivostokka». Keyin so‘rab-surishtirdi. Kimligim, nima ish qilishim. Yana so‘radiki, «Nega bu bolalar bunchalik abgor!». «Alyumin zavodi bor, — dedim, — shuning kasofati». Bir bolalarga, bir menga, bir bolalarga qaradi, menga aytdiki: «Nichego, ikki yildan so‘ng hammasi odam bo‘lib keladi»…
Leytenantning bu tasallisidan ozroq ranjigan bo‘lsamda, ichimda o‘ylar edim: mayli, ikki yil o‘sha yoqlarda alyumin zavodidan uzoqroqda yurgani ma’qul, hech bo‘lmaganda toza havo beminnat-ku…
Bu yoqda esa…
Bu yoqda yana kuz, yana yomg‘ir, yana oq oltin… Bolalar yana dalalarda. Ojiz imlolarday paykallarga sochilgan bolalar. Jiyan ukasiga xat yozadi: «O‘qi, ko‘proq o‘qi. Ayniqsa rus tilini yaxshilab o‘rgan…»
Ukasi esa…
Ukasi hozircha paxta terishni yaxshilab o‘rganyapti. Ona tilini o‘rganishga fursati bo‘lmagan uka qanday qilib rus tilini o‘rgansin?…
Maktabda o‘qib yurgan yillarimda bir shiorni juda yomon ko‘rardim, Ya’ni: «To‘xta! Bugun sen qancha paxta terding!» Shior emas, simyog‘ochga osilgan bolg‘a edi go‘yo bu, ko‘chadan yurib borayotganingda «to‘q» etib peshonangga urilardi. Go‘yoki sen to‘xtagan bilan xirmonga bir nima qo‘shiladiganday. Go‘yoki shu bilan kolxozing paxta planini bajaradiganday. Respublikaning qaysi burchagiga bormang, bunday shiorlar hozir ham ko‘chalar, binolar manglayini qashqa qilib turibdi. Biz paxtadan ko‘ra shunday betayin, bema’ni shiorlarni ko‘proq «etishtirdik» shekilli, shior osilmagan joylar qolmadi.
* * *
Osmonlar haqida gapiraman deb ko‘p so‘zlarim tuproq bo‘ldi, dardlarim tufrog‘iy bo‘ldi. Qadimgilar «Har balo kelsa ko‘kdan kelur» deb bekorga aytishmagan. Hozirning o‘zida bu «balo»ning birgina «Uzun» o‘rmon xo‘jaligiga keltirgan zarari salkam 3 million so‘mlikni tashkil etadi. Joni toshdan daraxtlardan biri — archaning rivoji 55 foizga pasaydi. Archaningki ahvoli bu ekan, odamzodni — xotin-qizlarni, yigitlar, chaqaloqlarni qo‘yavering!— Bu vodiyda alyuminiy zavodi bunyod bo‘lgandan beri atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha SSSR qonuni muntazam buzilib kelinmoqda va buning yagona gunohkori — SSSR Rangli metallurgiya ministrligidir. Rus adibi Valentin Rasputin aytganday: «Ba’zi ministrliklarning ona zaminda ish yuritish usulini faqatgina mustamlaka siyosati bilan qiyoslash mumkin». Biz mustamlaka emasmiz, qardoshlarmiz, darddoshlarmiz, lekin shunday o‘ylamasligimiz va shunday o‘ylashimiz uchun, keling, sarflashni ham birga qilganimizday asrashni ham birgalashib ko‘raylik, o‘ylaylik, chorasini topaylik. Tuproqni-ku istagan ko‘yga soldik. Mendeleev tirik bo‘lganda, bu tuproqning tarkibini tekshirib, jadvalini ikki marotaba kengaytirgan bo‘lardi, ammo, bundan sirayam mamnun bo‘lmasdi, yoqib yuborardi o‘sha jadvalni! Osmonni asrash kerak endi. Bulutlarga bulutligini, yomg‘irlarga yomg‘irligini, havoga havoligini qaytarish kerak. Osmonlar ostida el yashayapti, elning bolalari yashayapti. Elning bolalari — kelajakning bolalari.
“Yosh leninchi” gazetasi, 1988 yil 3 dekabr