Cho‘lpon merosini o‘rganish tarixidan
XX asrning dastlabki choragida, ayniqsa, Oktyabr to‘ntarishi arafasida adabiy-madaniy merosimiz osmoni uzra Hamza, Abdulla Qodiriy, Fitrat kabi yangi ulug‘vor siymolar yorqin yulduz bo‘lib charaqladilar. Xususan, Cho‘lpon Navoiydan keyingi betakror iste’dod sohibi sifatida tez tanildi va ko‘p o‘tmay o‘quvchilar qalbini abadiy zabt etdi. Uning ilk she’rlar to‘plami «Buloqlar»ga yozilgan birinchi taqrizlarda ham Cho‘lponning she’riyat dunyosidagi yangi ohanglari, o‘ziga xos ovozi, izlanishlari haqida faxrlanib yozildi: «Cho‘lpon o‘zbekning yangi shoiridir. Uning uchun o‘zbek elining bu kungi ruhi, holi, sezgisi «Buloqlar»da qaynaydir. O‘zbek tili, o‘zbek ohangi «Buloqlarida sayraydir, o‘qiydir. O‘zbekning ruhi to‘lqinlari bunda ko‘piradir, ko‘klar sayin uchadir, ko‘tariladi. «Buloqlar»da o‘zbekning sezgisi ingraydir, sizlaydir, titraydir…
O‘zbek yangi she’riyatining ohangsiz bo‘lishini o‘ylamayin so‘zlayturg‘on og‘izlarg‘a «Buloqlar» tufuradir. O‘zbek adabiyotiga til tegdurmoqchi bo‘lg‘on mashhur «nodonlar»g‘a bu «Buloqlar» kuladir…» (V. M. «Cho‘lponning «Buloqlar»i. «Turkiston», 1923, 10 dekabr).
Cho‘lponning kichik zamondoshi shoir Shokir Sulaymon esa Cho‘lponni xalqimiz istiqboliga umid va ishonch bilan qaragan buyuk shoirimiz deb ta’riflaydi va buning isboti uchun shoirning quyidagi misralarini misol keltiradi:
«Yig‘lama yurtim agarchi, bu kuningda yo‘q bahor,
Kelgusi kunlarda baxting yulduzi o‘ynab qolar.
Muallif Cho‘lponning bu misralariga «hatto o‘lik jonlarni ham ruhlantirish» kabi kuchli quvvatga egadir deb baho beradi. (Shokir Sulaymon. «Yuksalishning birinchi bosqichi». «Farg‘ona», 1924, 7 avgust).
Berlin Davlat dorilfununining falsafa-tarix kulliyoti talabasi Ahmad Shukriy bo‘lsa Cho‘lpon va Shekspir she’riyati o‘rtasidagi uyg‘unlik va ruhiy yaqinlik to‘g‘risida fikr yuritib, samimiyligi jihatidan Cho‘lpon hatto Shekspirdan ham ustunroq deb yozadi:
«Cho‘lpon oti qulog‘imga kirdikcha ko‘zimga Shekspir ruhi ko‘rinadirda turadir. Shekspir lirizmasi bilan Cho‘lpon she’riyati orasida naqadar ayirma axtarsamda uni topa olmadim. «Uyg‘onish»ni necha topqirlar o‘qib chiqim. Shekspirni mutolaa etdim. Eng so‘ng Shekspir Cho‘lpondir, yoxud Cho‘lpon Shekspirdir fikriga keldim. Cho‘lpon she’rlari Shekspir samimiyligidan o‘tadir. Cho‘lpon bizda sevgi tangrisi, sezgi yaratg‘uvchisidir. Cho‘lpon — lirik. Cho‘lpon — shoir. Cho‘lpon — Cho‘lpondir. (Ahmad Shukriy, «Cho‘lpon — Cho‘lpondir», «Ko‘mak», Berlin, 1923, № 1, 19—20 bet).
Professor Abdurahmon Sa’diy o‘zining «Amaliy va nazariy adabiyot darslari» (T., 1925) kitobida jahon adabiyotidagi qayg‘u-motam she’rlar yozuvchi inglizlardagi Bayron, nemislardagi Henrih Heyne, ruslardagi Jukovskiy, Pushkin, Lermontov, Usmonli turklaridagi Xolid Ziyo, Tavfiq Fikrat kabi ulug‘ siymolar qatorida «o‘zbek shoirlaridan Fitrat bilan Cho‘lpon shundog‘ shoirlarning eng oldin esga olaturg‘onlaridandur», — deydi. (O‘sha kitob, 134-bet).
Professor Abdurauf Fitrat bo‘lsa, o‘zining «Adabiyot qoidalari» (T., 1926) kitobida uslub masalalari yuzasidan fikr yuritib, «tajohuli orif» (bilmaslikka solish) san’atiga Cho‘lpon she’ridan shunday misol oladi:
Bir-ikki yaxshi so‘z aytding,
Holimni anglaganingmi?
Ko‘zlarni qayg‘uli artding,
Holimga yig‘laganingmi?
Etliqlar bitdimi endi
Ortiq men senga yaqinmi?
Qarg‘ishlar ketdimi endi?
Oldimmi eski haqimni?
To‘ldirg‘ich qopqora tunlar,
Epqichni oldimi bizdan?
Yurgaymi, yog‘duli kunlar
Sen bosgan sevgili izdan?..
Bu davrda M. Behbudiy, A. Qodiriy, Fitrat kabi Cho‘lpon ijodi na faqat o‘zbek tanqidchiligining, balki rus tanqidchilari va adabiyotshunoslarining diqqatini ham o‘ziga tortdi. Inqilobgacha va undan keyingi dastlabki davrlarda rus sharqshunos va turkshunos olimlaridan A. Samaylovich, G. Andreev, S. Malov, B. Pestovskiy, M. Fevralskiy va boshqalar M. Behbudiy, A. Fitrat, S. Ayniy, A. Qodiriy, Cho‘lpon kabi ijodkorlarning ayrim sahna va she’riy asarlarini rus tiliga tarjima qilib, mahalliy va markaziy matbuotda targ‘ib-tashviq qildilar, shaxsiy kutubxonalarida ardoqlab saqladilar.
Cho‘lponga nisbatan tanqiddagi bu samimiy munosabat VKP(b) MKning 1925 yil avgustidagi «Firqaning adabiyot sohasidagi siyosati haqida» qaroridan so‘ng keskin o‘zgardi. Shu yillarga qadar matbuotda olqishlanib kelingan A. Qodiriy, Fitrat kabi Cho‘lpon ham adabiyotda yo‘qsil g‘oyalariga yot bo‘lgan burjua mafkurasini o‘tkazuvchilar qatorida tanqid qilinadi. «Qizil O‘zbekiston» ro‘znomasi sahifalarida Cho‘lpon ijodi, dunyoqarashi, uning o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni, yo‘qsillar adabiyotiga munosabati haqida ochilgan munozaralarda Ayn (Olim Sharafiddinov), Oybek, Usmonxon va boshqalar aktiv qatnashadilar. Xususan, adabiyotshunos olim va tanqidchi Ayn «O‘zbek shoirlari. Cho‘lpon» maqolasida shunday yozadi: «O‘zgarishgacha ham undan so‘nggi adiblarimiz orasida eng ko‘p yozuvchi, bular orasida ayrim o‘rin tutquvchi shoir shubhasiz Cho‘lpondir. Uning ayrim o‘rin qozonishig‘a sabab eski qolmamizning tor ramkasini buzib, parchalab uning (qolasimiz) ifoda yo‘sinini, ommag‘a anglashmaydurg‘an tilni soddalashtirib, ommag‘a yaqin qo‘yish uchun urinishidir… Uning tili sodda, har bir turli fikr, tuyg‘ularni ifoda qilishg‘a yararlik ham nuqsonsizdir. Bu kungi o‘zbek adabiy tili shubhasiz Cho‘lpon tilidir. Butun adabiylilik uning tilini biror o‘rnak taniydi, unga taqlid qiladi. Cho‘lpon buning bilan taqdir etilarlik, maqtanarlikdir…
Cho‘lpon kim? U kimning shoiri degan so‘roqqa, qisqacha qilib, Cho‘lpon butun kirlikdan ozod insondir; …u yo‘qsil xalqning shoiridir, — deb chiroylik jumla bilan javob beruvchilar, unga baho qo‘yuvchilar oramizda bor.
Cho‘lponning bu kungacha yozgan asarlarini tekshirib chiqsak yuqoridagi bahoning butunlay noto‘g‘ri ekanini anglaymiz. Cho‘lpon millatchi, vatanparast, badbin ziyolilarning shoiridir. Uning mafkurasi shularning mafkurasidir. Uni qaynatg‘on, unga ilhom bergan narsalar shulardir… U bu sohada yoshlarni o‘z mafkura ta’sirig‘a, millatchi vatanchilik hislarini o‘tkazar» («Qizil O‘zbekiston», 1927, 14 fevral). Oybek bunga qarshi «Cho‘lpon. Shoirni qanday tekshirish kerak?» maqolasida shoir mahoratig‘a haqiqiy baho berishni talab qilib chiqadi: «Cho‘lpon bizning hozirgi adabiy ehtiyojimizg‘a javob berolmas deb, undan qo‘l yig‘amizmi? Menimcha, bu narsa xato. Bu kun rus birodarlarimizg‘a qarasak, ular Pushkinni qanday sevganligini ko‘ramiz. Pushkinni rus ishchisi, komsomoli, firqaligi, olimi — hammasi sevadi, hammasi o‘qiydi. Pushkin inqilobdan so‘ng ham Pushkin bo‘lib qoldi… Hozirgi yo‘qsil yoshlar unga yana katta qiymat beradilar. Uni o‘qib, asarlarining go‘zalligida cho‘mmak istaydilar… Biz ham Cho‘lpondan qo‘l torta olmaymiz. Cho‘lpon yangi adabiyotda yangi narsalar yaratdi. Muvashshax adabiyoti o‘rnig‘a bu kunning badiiy zavqig‘a yarasha yoqimli, go‘zal she’rlar o‘rtag‘a chiqardi. Bugungi yosh nasl uning sodda tilini, totli uslubini, texnikasini ko‘p sevadi. Undan ko‘p go‘zalliklar oladi. Cho‘lponning mafkurasi emas, balki yaratgan badiiy namunalari o‘qiladi, voz kechilmaydi» (Oybek, «Cho‘lpon. Shoirni qanday tekshirish kerak?», «Qizil O‘zbekiston», 1927, 17 may). 1927 yil Oktyabr oyi boshlarida bo‘lib o‘tgan «Mafkura uchun kurash va bunda madaniyatchilarning vazifalari» kengashida O‘zbekiston Kommunistlar firqasi kotibi o‘rtoq Akmal Ikromov ma’ruza qilib, matbuot sahifalarida bo‘lib o‘tgan bu bahslarga ham munosabat bildiradi. Ma’ruzada o‘rtoq Akmal Ikromov Cho‘lpon ijodiga, jadidlarga, asosan VKP(b) MK 1925 yilgi adabiyot siyosati haqidagi qarori ruhidan kelib chiqib, faqat tor sinfiylik jihatidan yondashadi, Ayn fikrlarini quvvatlab, Cho‘lponni ruslarning Pushkini bilan qiyoslagan Oybek fikriga e’tiroz bildirib deydi: «Ba’zilar «adabiyot adabiyot uchun» deb tushunishadi. Biz bunday tushunish davrini o‘tgan bo‘lsak kerak. Adabiyot ham sinflar uchun ishlaydi. Ul sinflarning ahvolini chiroylik qilib ko‘rsatadi. Masalan, Turkiyaning «Ittihodi taraqqiy»chilarini olsak, yoxud jadidlarning asarlarini olsak, ular she’r, adabiyot yo‘li bilan o‘z tilaklarini tushuntirar, tasvir qilar edilar. Masalan, shoir Nomiq Kamol feodallar qo‘lida «vatan»ning xarob bo‘layotganini «Ey, vatan» deb qichqirib aytadi. Ayn Cho‘lponni mafkura yog‘idan to‘g‘ri tanqid qildi, Cho‘lponning hozir bizg‘a qarshi burjuaziyani yoqlab yozg‘on she’rlari bilan Pushkinning she’rlari orasida yer bilan osmoncha farq bor («Qizil O‘zbekiston», 1927, 10 oktyabr).
Bunday qarashlarga Cho‘lpon «E’tiroz» nomli arizasida norozilik bildirgan bo‘lsa-da, baribir, ular keyinchalik adabiyotda Cho‘lpon asarlarini taqiqlovchi kurashning kuchayishiga olib keldi. Masalan, Sotti Husayn 1929 yilda V. Yanning Cho‘lpon tarjimasidagi «Hujum» pesasiga to‘xtab: «Asar yaxshi tuzilgan. Uning ustiga Cho‘lponning san’ati qo‘shilib, yana ham tomoshabinlarning diqqatini o‘ziga tortdi. Ruschadan tarjima qiluvchi Cho‘lpon bu asarga borliq mahoratini to‘kib solgan» («Sharq haqiqati», 1929, 25 yanvar) degan bo‘lsa, oradan 2—3 yil o‘tgach yozgan «O‘zbek teatri» to‘plami haqida» nomli maqolasida Cho‘lpon haqidagi o‘zining avvalgi ijobiy fikrlaridan qaytish u yoqda tursin, hatto u haqda ijobiy fikrda bo‘lgan Texanovichni ham millatchilik fikrlarini tarqatishda ayblab shunday yozadi: «O‘sha vaqtlarda (1927—1928—1929 yillarda) o‘zbek davlat teatriga muallimlik qilgan Texanovich Cho‘lpon bilan birlikda millatchilik fikrlarini yoqlovchi ilmiy advokat bo‘lib maydonga chiqdi… Texanovich Cho‘lponlarni tamomila o‘z himoyasiga oladi» (S. Husayn. «O‘zbek teatri» to‘plami haqida», «O‘zbekiston sho‘ro adabiyoti». 1932, № 3, 59-bet).
Vaholanki, Cho‘lpon ijodiga bu davrda faqat Texanovichgina emas, moskvalik teatrshunos A. Fevralskiy, qozonlik adabiyotshunos Zarif Bashiriy va boshqalar ham katta baho bergan edilar. Tatar adabiyotshunosi Zarif Bashiriy 1929 yili Qozonda nashr etilgan «O‘zbek adabiyoti» kitobida Cho‘lpon mahoratli shoir ekanligi va bu sohada uning ayrim tatar yoshlariga ijobiy ta’siri haqida shunday deb yozgan edi: «U ma’no boyligi, shirali tili, uslubi, ifodasi bilan san’atning eng yuqori bosqichiga ko‘tarilib chiqdi. U san’at yog‘idan, bizning To‘qay bilan Dardmang‘a ortig‘i bilan barobar kelarlik darajaga yetdi.
Cho‘lpon maktabi, o‘zining san’atcha kuchliligi orqasida, tiluslub yog‘idangina emas, ma’no va mundarija jihatdan ham bir qancha yosh shoirlarni ham o‘z yo‘liga tortib ketdi».
VK(b) MK 1932 yil 23 aprel qaroridan keyin A. Qodiriy, Fitratlar bilan birga Cho‘lpon ijodiga nisbatan ham ijobiy gaplar asta-sekin jonlanganday bo‘ldi. Uning A. S. Pushkin, N. V. Gogol, I. S. Turgenev, A.P. Chexov, M. Gorkiy, V. Shekspir ijodidan tarjimalari, M. Gorkiy, A. Lohutiy, Fuzuliy, Uvaysiy, Yusuf Qiziq haqidagi maqolalari, ayrim she’r va hikoyalari hamda «Kecha va kunduz» romani, «Soz» (1935) she’rlar to‘plami nashr etildi. Ular haqida ba’zi ijobiy taqrizlar yozildi, shoir hayoti va ijodini o‘rganish o‘rta maktab adabiyot dasturlariga ham kiritildi. Shunga qaramasdan bu iliq shabadalarning o‘rnini ko‘p o‘tmay halokatli bo‘ronlar egalladi. Uning asarlari kiritilgan maktab dasturlari, asarlarini nashr etgan matbuot sho‘balari, u haqida ijobiy fikr bildirgan Homil Yoqubov kabi ayrim munaqqidlarning boshlari ham baloga qoldi. Ishdan ham bo‘shatilib ishsiz qoldilar. Cho‘lponning butun ijodi, rus va jahon mumtoz adabiyotidan qilgan tarjima asarlarining baynalmilalchilik ahamiyatlari ham bir tomonga itqitilib tashlandi. Cho‘lpon millatchilikda, buzg‘unchilikda ayblandi. (N. To‘raqulov. «Hamletiga tuhmat» (1936), Tuyg‘un. «Jo‘shqin lirika niqobi ostida zararkunandachilik», «Oxirigacha fosh qilamiz», Yunus Latif. «Cho‘lponning «Sozi»), Hatto Homil Yoqubovning shoirda bir qadar g‘oyaviy siljishlar bo‘lganligi haqidagi gaplari ham burjua millatchilarini ilohiylashtirish, ularni sho‘ro yozuvchilariga aylantirishga urinish deb qaraldi.
«To‘lqin» imzolik tanqidchi o‘sha yillarda hatto shunday deb yozishdan ham toymadi: «Cho‘lpon Shekspirning «Xamlet», Gogolning «Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikifirovich o‘rtalarida bo‘lgan nizolar to‘g‘risida hikoyat» degan asarini nuqul arabiy so‘zlar, diniy-hurofiy iboralar, madrasa tili, Chig‘atoy adabiyotining tili bilan tarjima qilganki, buni sovet mehnatkash xalqi o‘qigan bilan hech tushunmaydi… Buyuk proletar yozuvchisi Maksim Gorkiyning vafotiga bir yil to‘lishi munosabati bilan 18 iyunda «Qizil O‘zbekiston» gazetasi bir sahifa material berdi. Chin ko‘ngilli, sovet vataniga sodiq yozuvchilar va adabiyotchilar turgani holda shu sahifada xalq dushmani Cho‘lponning maqolasi bosib chiqarildi. Bir qancha signallarning berilishiga qaramay, dushmanga matbuotdan yana minbar berdilar.
Bu materiallarning hammasi, albatta, redaktsiyaning adabiyotchilari A’zam Ayub, Izzat Sultonlarning qo‘lidan o‘tib, muharrir Kamolovga borgan, millatchi Kamolov uchun bu narsalarni bosib chiqarish asl muddao-ku» (To‘lqin. «Xalq dushmanlariga sovet matbuotida o‘rin yo‘q», «Yosh leninchi», 1937, 10 avgust).
Shundan keyingi qariyb yigirma yillar davomida A. Qodiriy, Fitrat kabi Cho‘lponning nomi, asarlari to firqaning XX qurultoyiga qadar mutlaqo tilga olinmaydigan bo‘ldi, hatto tilga olganlar va asarlarini o‘qiganlar ham qatag‘on qilindi.
Firqaning XX va O‘zbekiston ziyolilarining I qurultoyidan so‘ng 30-yillarda begunoh qurbon bo‘lgan F. Xo‘jayev, A. Ikromov kabi firqa rahbarlari, A. Qodiriy, Fitrat kabi adiblar qatori 1937 yilda begunoh qatag‘on bo‘lgan Cho‘lpon ham oqlandi. U dastlab Izzat Sultonov, Ahmad Aliyevlarning 20-yillar o‘zbek adabiyoti haqidagi maqolalarida jiddiy g‘oyaviy-siyosiy ziddiyatlarni boshidan kechirgan muallif sifatida tilga olindi.
Shundan keyin Ozod Sharafiddinov tahrirchisi, Muhsin Zokirov to‘plovchisi bo‘lgan «Tirik satrlar» kitobida, «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnali (1967, № 6) sahifalarida Cho‘lponning maqolalari va she’rlari adabiyotshunos olim Naim Karimov va boshqalar tomonidan to‘planib, e’lon qilinganini, Ahmad Aliyevning 1983 yil nashr etilgan «Adabiy meros va zamonaviylik» kitobini hisobga olmaganda Fitrat, Cho‘lpon ijodlariga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish to firqa XXVII qurultoyiga qadar adabiyotshunoslik asarlarida u yoki bu darajada davom etdi. Cho‘chib, hadiksirab o‘rganish u yoqda tursin, hatto ijobiy tomonga qarab dadilroq harakat qilishga bo‘lgan har qanday intilish ham to‘siqqa uchradi va matbuotimiz bu haqda o‘sha yillarda ochiqdan-ochiq yozib ham chiqdi: «20-yillarda o‘zbek sovet adabiyoti tarixidagi kemtiklarni Cho‘lpon va Fitratning soxta ko‘z yoshlari bilan emas, balki Hamza, G‘ayratiy va boshqa juda ko‘p kurashchi shoirlarning g‘oyat haqqoniy, yuksak g‘oyaviy she’riy asarlari bilan to‘ldirish kerak» («Qizil O‘zbekiston», 1962, 29 yanvar), «Tirik satrlar» kitobi ham dunyo yuzini ko‘rar-ko‘rmay tarqatilishdan to‘xtatildi va matbuotda qattiq tanqid qilindi. «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnalining 1967 yil 6-sonida Cho‘lpon tug‘ilgan kunning 70 yilligi munosabati bilan nashrga tayyorlangan uning asarlari ro‘yxati ham dunyo yuzini ko‘rolmadi. Buning ustiga bizning «20-yillar o‘zbek hikoyasi» mavzuidagi dissertatsiyamizdan ham Cho‘lpon hikoyalari tahlil qilingan ijobiy fikrlar va qikoyalaridan parchalar mutlaqo chiqarib tashlandi va bir yildan so‘ng 1969 yilda kechikib himoya qilindi…
1969 yil Moskvada SSJI Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi O‘zbek adabiyoti kengashi majlisida SSJI FAning «Nauka» nashriyotida rus tilida nashr etishga tayyorlanayotgan bir jildlik «O‘zbek sovet adabiyoti tarixi» nomli ilmiy asar qo‘lyozmasini o‘qib chiqqan professor A. I. Deych Cho‘lpon va Fitratlarning o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan alohida o‘rinlari haqida marhum sovet sharqshunos olimi Ye. E. Bertels xotiralarini eslab shunday degan edi: «Marhum Ye. E. Bertels, agar sizlar o‘zbek adabiyoti tarixini chinakamiga o‘rganmoqchi bo‘lsalaringiz unda Cho‘lpon va Fitrat kabi ulkan sanatkorlarni bilishlaringiz kerak bo‘ladi, deb ta’kidlardi».
Qayta qurish va oshkoralik davrining sharofati bilan Cho‘lpon hayoti va ijodini o‘rganish ishlarida ham ijobiy siljishlar yuz berdi.
Keyingi yillarda uning she’rlari, hikoyalaridan namunalar, «Kecha va kunduz» romani o‘zbek va rus tilida bosildi. 1988 yili «Cho‘lpon» nashriyoti uning «Bahorni sog‘indim» nomli she’rlar to‘plamini adabiyotshunos Ibrohim Haqqul so‘z boshisi bilan ko‘pming nusxada bosib chiqardi. Tarjimashunos va adabiyotshunos olima N. V. Vladimirova, Hamid Ismoilov va boshqalar Cho‘lpon hikoyalari va romanlari, tarjimalari ustida tadqiqot olib bormoqdalar. G‘afur G‘ulom nomli Adabiyot va san’at nashriyoti Ozod Sharafiddinov, Naim Karimov, Sherali Turdiyev va boshqalar tomonidan to‘plangan Cho‘lpon asarlarining bir jildligini nashrga tayyorladi.
Biroq ulug‘ san’atkorimiz ijodiy merosini o‘rganish va nashr qilish sohasida amalga oshirilgan mazkur ishlar mutlaqo yetarli emas. Biz Cho‘lponning mangu ruhi oldida hali ko‘p qarzdormiz.
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 3-son