Boburnoma» Hindistonda yozilgan, biroq Zahiriddin Muhammad Bobur qanday manbalarga asoslanib, qachon, qayerda o‘z asarini yoza boshlagani haqida aniq tarixiy ma’lumotlar yo‘q. Boburning qizi Gulbadanbegimning Hindiston xalqlari tarixining XVI asr o‘rtalaridagi davrini o‘zida aks ettirgan «Humoyunnoma» asarida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, Sikri shahridagi bog‘da, chavgon o‘yini uchun barpo qilingan maydonning yuqorisida qad ko‘targan imoratlardan birida Boburning kitob yozish odati bo‘lgan. Bu qayd «Boburnoma»ning Hindistonda yozilganini tasdiqlaydi.
Ma’lumki, «Boburnoma» 1483 — 1529 yillardagi Movarounnahr, Xuroson, Eron, Afg‘oniston va Hindiston xalqlari tarixidan hikoya qiladi. Asar asosan uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismi XV asrning ikkinchi yarmi va XVI asrning dastlabki choragida O‘rta Osiyo va Eronda ro‘y bergan voqealarga, ikkinchi qismi XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida Afg‘onistonda bo‘lib o‘tgan voqealarga, nihoyat uchinchi qismi XVI asrning birinchi choragidagi Shimoliy Hindiston xalqlari tarixiga bag‘ishlangan.
Zahiriddin Bobur o‘z davridagi siyosiy voqealarni mukammal bayon qilar ekan, o‘z yurti Farg‘ona viloyati va uning poytaxti Andijonning o‘sha zamondagi siyosiy-iqtisodiy ahvoli, O‘rta Osiyoning Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, O‘sh, Urganch, O‘ratepa, Termiz kabi yirik shaharlari haqida ham qimmatli ma’lumotlar keltiradi. Asar muallifi davlat va madaniyat arboblari, shoirlar, adiblar, ayrim yirik boy-zodagonlar, hatto binokor ustalar, duradgorlar, naqqoshlar haqida o‘sha davrda yozilgan tarixiy asarlarda uchramaydigan ma’lumotlarni bayon etadi.
«Boburnoma»da keltirilgan noyob hujjatlar o‘sha davr tarixiy manbalari: Mirxond, Xondamir, Muhammad Solih, Binoiy, Muhammad Haydar, Farishta, Abdul Fazl Allomiy, Hindi Mirxiy va boshqa allomalarning asarlarida uchramaydi. Ulug‘bek Mirzo, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Behzod va boshqa fan, madaniyat, san’at arboblariga nisbatan samimiyat va hurmat bilan fikr yuritar ekan, ayni vaqtda Bobur Xuroson hokimi Sulton Husayn, Qunduz-Badaxshon hokimi Xusravshoh, Eron shohi Ismoil Safaviy va uning sarkardasi Najim Soniy, Hindiston sultoni Ibrohim Lo‘diy kabi oliy martaba va nufuzga ega bo‘lgan kishilarning manmanlik va adolatsizlik, sarkashlik tabiatlariga alohida to‘xtalib, bunday nuqsonlarni xolisona qoralaydi.
Bobur Hindiston sultoni Ibrohim Lo‘diyni 1526 yili Dehli shahriga yaqin bo‘lgan Panipat maydonida tor-mor qiladi, 1527 yili Malva rojasi Rano Sangoni ham yengib, Buyuk Boburiylar imperiyasiga asos soladi, «Boburnoma» ana shu voqealardan so‘ng — kundalik yon daftaridagi xotiralar asosida
yozila boshlangan, degan fikrga olib keladi, chunki uning boshqa hamma asarlari: Movarounnahr va Hindistonda yozgan she’riy devonlari, «Mubayyin» deb atalgan huquqqa doir asari, «Risolai Volidiya» degan Xo‘ja Ahror asarining tarjimasi va «Xatti Boburiy» deb nomlangan maxsus alifbosi «Boburnoma»da yozilgan yillari bilan birga aniq qayd etilgani holda, «Boburnoma»ning o‘zi qachon va qayerda yozila boshlangani haqida hech qanday ma’lumot keltirilmaydi, u hatto saroyda maxsus voqeanavisi bo‘lgan yoki bo‘lmagani, «Boburnoma»ni yozish fikri unda qachon tug‘ilganligi haqida ham hech nima demaydi. Bu hol «Boburnoma» boshdan oxirigacha Boburning o‘z qo‘li bilan yozilgan, uning chuqur ilmiy tafakkuri va aql-idrokining nodir hosili bo‘lmish asarining yozila boshlagan yilini aniqlashni qiyinlashtiradi. Lekin «Boburnoma»ni chuqurroq o‘rganish bu jumboqni aniqroq hal qilishga yordam beradi.
Bobur 899 hijriy (1493— 1494 yillar) voqealari bayonida Movarounnahr hokimi Sulton Ahmad Mirzo vafotidan so‘ng uning o‘g‘il-qizlari va amirlari izohiga to‘xtalar ekan: ulardan biri Said Yusuf o‘glakchi edi, men birinchi marta Kobulga kelganimda, u mening qoshimda edi, men unga ko‘p mehribonchiliklar qildim, men Hindistonga birinchi marta yurish qilganimda uni Kobulda qoldirdim, keyinroq u Kobulda vafot etdi, deb eslaydi. («Boburnoma». Annet Beverij nashri. London, 1905, 22a-sahifa).
903 hijriy (1497 — 1498 yillar) voqealari bayonida esa Bobur Samarqanddagi Ulug‘bek Mirzo rasadxonasini ta’riflar ekan, shu munosabat bilan Ma’mun, Batlimus, Hindistondagi Bikramjit Hindu, Dxara shahridagi rasadxonalar haqida ham hikoya qiladi. Ma’lumki, Bobur Malvadagi Bikramjit rasadxonasi bilan 1528 yildagina tanishgan. Bu hol «Boburnoma»ning Hindistonda yozilganini to‘liq isbot qilib beradi. Xuddi shu fikrimizning isboti uchun yana bir misol keltiraylik.
Bobur 908 hijriy (1502:—1503 yillar)da Farg‘ona vodiysida ro‘y bergan voqealar bayonida, biz Pop qal’asi darvozasi oldida hujum vaziyatida turganimizda, shu kunlarda Qoil shahrining soliq yig‘uvchisi Kichik Ali nihoyatda jasorat ko‘rsatdi (113-sahifa), deb eslaydi. Ma’lumki, Qoil shahri Hindiston shaharlaridan biridir. 911 (1505 — 1506) yil voqealari bayon qilingan qismda Sulton Husayn Mirzo vafotidan keyin uning oila a’zolari: o‘g‘il-qizlari va sarkardalari xususida birma-bir to‘xtalar ekan, «uning amirlaridan yana biri Sulton Junaid barlos edi, u keyinroq Sulton Ahmad Mirzo qoshiga o‘tib ketgan edi; u hozirda Jaunpur hokimi Sulton Junaid barlosning otasi edi», deb yozadi. Yuqorida biz keltirgan ma’lumotlar Bobur shaxsan o‘zi yig‘ib yurgan hujjatlar asosida o‘z asarini Hindistonda yozgan, degan fikrni tasdiqlaydi.
«Boburnoma»dagi ayrim kichik voqealarga chuqurroq yondoshish natijasida Boburda mazkur asarni yozish fikri 913 hijriy (1507 yil)da paydo bo‘lgan degan xulosaga kelish mumkin. Xuddi shu yillar tarixiy voqealari bayonida Qandahor va Kelat viloyatlarining hokimlari Shohbek va Muqim arg‘un Boburni bu yerga bostirib kelayotgan Shayboniyxonga qarshi yordamga chaqirganlari, biroq u Qandahorga yetib kelgach, shahar darvozalarini berkitib olib, o‘z so‘zlaridan qaytganliklari, lekin shundan so‘ng Bobur Qandahorni qo‘lga kiritib, uning hokimligini ukasi Nosir Mirzoga topshirgani, o‘zi Hindiston orzusini amalga oshirish uchun Kobulga qaytgani aytiladi. Shu yurishda «Bad-i-pig» ko‘tolidan o‘tgani va so‘ng bu voqeani abadiylashtirish niyatida Mirak Yusuf va naqqosh Shoh Muhammadga tog‘ bag‘ridagi toshlardan biriga bu tarixni bitishni buyurganini eslaydi. Bizning fikrimizcha, xuddi shu voqeadan so‘ng Boburda tarixiy asar yozish fikri tug‘ilgan va shundan so‘nggina u o‘zining kundalik daftariga eng muhim voqealar bayonini to‘liq yozib yurishga kirishgan. Keyinchalik esa o‘zi to‘plagan ma’lumotlar va unga hamroh bo‘lgan sarkardalarning hikoyalari asosida 1526 — 1529 yillar mobaynida «Boburnoma»ni Hindistonda yaratgan.
«Boburnoma»ning muallifi yirik tarixnavis olim, tengi yo‘q adib va nozikta’b shoirdir. U o‘z zamonasidayoq Alisher Navoiyi soniy degan yuksak ta’rifga sazovor bo‘lgan.
«Boburnoma» hujjatlarning nihoyatda nodirligi, tili va uslubining jozibaliligi bilan o‘rta asrlar O‘rta Osiyo va Hindistonda yozilgan hamma tarixiy asarlardan tubdan farq qiladi. Bobur tarixiy voqealarni bayon qilar ekan, o‘zidan ilgari o‘tgan mualliflarning asarlariga befarq qaramaydi. U hamma voqealarni o‘zi ko‘rgan, bilgan yoki o‘z qulog‘i bilan eshitgan misollar asosida, masalaga tanqidiy yondoshgan holda bayon etadi. Bu haqda Boburning o‘zi shunday yozadi:
«Bu bitilganlardin g‘araz shikoyat emas, rost hikoyatturkim, bitibturmen. Bu mastur bo‘lg‘onlardin maqsud o‘zning ta’rifi emas, bayoni voqii bu edikim, tahrir etibturmen. Chun bu tarixda andoq iltizom qilibturkim, har so‘zining rostini bitilgay va har ishning bayoni voqiini tahrir etilgay. Lojaram ota-og‘adin har yaxshiliq va yomonlig‘kim shoyi’ edi, tahrir qildim va qarindosh va begonadan har ayb va hunarkim bayoni voqi’ edi, tahrir ayladim. O‘qug‘uvchi ma’zur tutsun, eshitguvchi taarruz maqomidin o‘tsun» («Boburnoma», Toshkent, 1960 yil, 264-bet).
Boburning shoh asari «Boburnoma» hamda uning muallifining latofatli she’rlari o‘sha zamonlardan to hozirgacha jahon olimlari va jamoat arboblarining diqqat markazida bo‘ldi. Javoharla’l Neru o‘zining mashhur «Hindistonning kashf etilishi» asarida Bobur siymosi va «Boburnoma» asari haqida gapirib, «u (Bobur) Hindistonda garchi Farg‘ona olma-o‘rigi, gullari, sergo‘sht taomlari, tog‘lari, muzliklari va obi-havosini nihoyatda sog‘ingan bo‘lsa ham, Hindistonni go‘zal diyor deb atagan edi. U Hindistonda ko‘p vaqtini urushlarda o‘tkazgan bo‘lsa ham, ayni vaqtda o‘zini Agra shahrida hashamatli binolar barpo etishga bag‘ishladi. U nihoyatda yoqimtoy, jasoratli, serg‘ayrat kishi bo‘lib, san’atni, adabiyotni va hayotni yaxshi ko‘rar edi», deb yuqori baho bergan. «Boburnomanni ingliz tiliga tarjima qilgan mashhur ingliz sharqshunosi A. Beverij ushbu asarni hamma davrlarda yozilgan eng jozibali adabiyotlar qatoriga qo‘yish lozim, deb tan oldi. Hind olimi Abdul Latif: «Bobur ham nasrda, ham she’riyatda toza uslub sohibidir», dedi. «Boburnoma»ning tarixiy, adabiy va madaniy qimmati haqida sovet sharqshunoslari, jumladan, O‘zbekiston olimlarining bahosi ham benazirdir.
Jahon xalqlari madaniyati xazinasidan munosib o‘rin olgan Boburning ilmiy-adabiy merosi, jumladan uning «Boburnoma» asari o‘zbek xalqi boy o‘tmish tarixining zarhal sahifasidir.
Sabohat Azimjonova, O‘zSSR FA muxbir a’zosi
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 8-son