yoki huquq-tartibot ishidagi nomutanosibliklar
«Komsomolskaya pravda» gazetasida chop etilgan «Xonadonni tunash» deb nomlangan maqolani o‘qib o‘tirib, o‘zimni allanechuk sezdim. Buni qarangki, xo‘roz hamma yerda bir xil qichqirganidek, o‘g‘irliklar ham bir xilda kechar ekan. O‘ylaymanki, endilikda bu haqda baralla gapirish, jinoyatchilikni miridan sirigacha fosh etib tashlashning payti kelganligini hech kim inkor etmaydi. Mamlakatimizda jinoyatchilik shu darajada avj olib ketdiki, so‘nggi ikki-uch yil oralig‘ida u yoki bu holda jinoyatchilarning zug‘umiga duch kelmagan oila kam bo‘lsa kerak. Fikrimizning asosli chiqishi uchun turmush tarzimizning «barometri» — matbuotimiz sahifalariga razm solaylik. «Izvestiya» gazetasi mamlakat bo‘ylab soxta pullar bemalol «sayr» etib yurganini, davlat aslahalari esa ularni keragidan ziyod bosib chiqarayotganini yozadi. Xuddi shu maqolaning quyirog‘ida Bokudan tayyora olib qochilganligi haqidagi xabarni o‘qib, hayratdan yoqa ushlaysiz. Qozog‘iston SSRning Olg‘a shahrida muzofot ichki ishlar bo‘limiga talonchilarning bostirib kirgani va po‘lat sandiqdan 14 ta jinoiy ish hujjatlari o‘g‘irlanganini eshitganingizdan so‘ng tamoman hushingizni yo‘qotib qo‘yishingiz hech gap emas.
«Tashkentskaya pravda» gazetasida «Xavfli chiziq yonida» sarlavhali maqola ham jamiyatimizda tup qo‘yib, tomir otayotgan illatdan darak beradi. Mana o‘sha maqoladan bir parcha:
«O‘tgan yili jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan 169 ta jinoyatchilar to‘dasi fosh etilgan. Bu to‘dalar 1 ming 740 ta jinoyat sodir qilganlar. Shulardan 22 tasi qotillik, 11 tasi jinsiy zo‘rlash, 108 tasi talonchilikdan iborat.
Jumhuriyatimizda tashkil etilgan maxsus bo‘linma uyushgan jinoyatchilarga qarshi kurashda sezilarli darajada faollik ko‘rsatdi. Ularning ishtirokida 1 ming 730 ta jinoyat fosh etildi. O‘tgan yilning o‘zida uchta «Qonun muhofaza qilgan o‘g‘rilar», 15 ta o‘ta xavfli, 33 ta «obro‘li» jinoyatchilar javobgarlikka tortildi. 6 mingta har xil toifadagi jinoiy ishlarning oldi olindi. 5 million so‘mlik qimmatbaho buyum, 94 ta otadigan va sovuq qurol, 75 kilogramm zahrigiyoh, 48 ta avtomashina…»
Nimalar bo‘layapti o‘zi?
Mamlakat bo‘ylab jinoiy javobgarlikka tortishning yangi qonuni loyihasi muhokama qilinayotgan kezda bu haqda jiddiy fikrlashib olishimiz zarur. To‘g‘ri, loyiha muhokamasida asosan ana shu sohaning pirlari — huquqshunoslar, nazariyotchilarning fikrlari hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shu narsani ta’kidlash kerakki, qabul qilinayotgan qonun loyihasida «uyushgan jinoyatchilik», «mafiya»lar nazarda tutilmaganligi muhokama jarayonida ma’lum bo‘ldi. Go‘yo mamlakatimizda bunday jinoyatchilar umuman yo‘qday.
«Yunost» jurnalining shu yilgi uchinchi sonida huquqshunoslik fanlari doktori G. Xoxryakovning «SSSRda mafiya: o‘ylar, fikrlar, dalillar» deb nomlangan maqolasi chop etildi. O‘qib, bu yaqin orada osoyishta umr kechirishning iloji yo‘q ekan-da, degan fikrga keladi kishi. Bizning qonunchilarimiz esa, hali hamon qog‘ozlar iskanjasidan xalos bo‘la olmay yuribdilar. Ko‘ngilni keng qilib, mamlakatimizda yuzaga kelgan mavjud ahvoldan jurnalistlarimiz, yozuvchilarimiz orqaligina xabardor bo‘layotganimizni tan olaylik. Aslida bu haqda Ichki ishlar ministrligi, Davlat xavfsizligi komiteti, Huquqshunoslik ministrligi, Oliy sud va prokuratura, partiya, komsomol, kasaba soyuz hamda deputatlarimizning katta qismi va boshqa mutasaddi tashkilotlar birinchi bo‘lib mavjud vaziyatdan keng ommani xabardor qilishlari lozim edi.
Xalq xo‘jaligida yuzaga kelgan iqtisodiy, moddiy, g‘oyaviy parokandalik jinoyatchilikka qarshi kurashadigan tashkilotlarning faoliyatida ham sodir etilganligi endilikda ayon bo‘lib qolayapti. Bugungi kunga kelib biz grajdanlarning deyarli hamma tomonlama, hatto huquqiy jihatdan ham muhofaza qilinmaganligini anglay boshladik. Bo‘lib o‘tgan saylov jarayonini kuzatib, o‘ylanib qolasan kishi. Buni qarangki, mamlakatda huquq-tartibot muhofazasi shu qadar nochor ahvolga kelib qolgani barchaga ma’lum bo‘lgani holda hurmatli deputatlarimizning aksariyati o‘z rejalarini bayon qilayotib mazkur masalani chetlab o‘tdilar.
O‘rtoq Mixail Sergeevich Gorbachev shu yil aprel oyida matbuotda e’lon qilingan ziyolilar bilan suhbatida «Jamoat tartibi yomonlashdi, hatto ayrim joylarda tartibbuzarlar va jinoyatchilar haddilaridan oshib ketayaptilar», deb alohida ta’kidladi. Bu xususda atroflicha gapirishning payti yetildi. Shu munosabat bilan o‘z qarashlarimni taklif sifatida ta’kidlashni lozim deb o‘ylayman:
- Avvalo mamlakatda jinoiy ishlar SSSR Oliy Sovetining yangi sessiyalaridan birida yoki maxsus plenumda alohida masala sifatida ko‘rilishi shart.
- Agar biz grajdanlarning ijtimoiy va huquqiy muhofazasi haqida qayg‘urar ekanmiz, avvalo buni amalda isbot etishimiz zarur: shu sababdan talangan, tunab ketilgan, jabrlangan va hokazo insonlarga aniq muddatda zarar ko‘rgan miqdorda hukumat to‘lovini joriy etish lozim. Shundagina jinoyatchilarga qarshi kurashish davlat ahamiyatiga molik ish darajasiga ko‘tariladi. Ichki ishlar ministrligida ishlar jonlanadi, jinoiy ishlar o‘z muddatida ochiladi, joylarda javobgarlikka tortish ishining tashkiliy jihatdan samaradorligi va moddiy manfaatdorligi oshadi. Nihoyat, jinoyatchilar hukumat bilan hisoblashishga majbur bo‘ladilar.
Hozirgi ahvolda, masalan, oylab, yillab yemay-ichmay oilasining tirnoqlab yiqqan jamg‘armasiga sotib olgan mashinasini o‘g‘irlatgan odam jinoyatchi hukm etilgan joydan oyiga ko‘pi bilan 5 so‘m miqdorida tovon pulini do‘q-po‘pisali maktub bilan qo‘shib olishga mahkum. Aslida har qanday davlatda mana shunday haqoratomuz xat uchun yangi jinoiy ish qo‘zg‘atilishi kerak. Bizda esa buning aksi — jinoyatchilar doimiy ravishda jabrlanganlarni haqoratlash, hatto huquq-tartibot tashkilotlarini muttasil chalg‘itish bilan shug‘ullanib kelishadi.
Mabodo g‘arb mamlakatlaridagi qonunchilikka nisbat beradigan bo‘lsangiz, aziz o‘rtoqlar, ularning turmush sharoiti, imkoniyatlari, iqtisodi, oladigan maoshlari o‘zlariga xos-da, deb tushuntirib qo‘yadilar. Aytaylik, o‘sha tomonda xonadoni talab ketilgan odam uzog‘i bilan bir-ikki yilda o‘z moddiy ahvolini tiklab olishi mumkin. Bizda esa (bu ko‘rgilikni hech kimning boshiga solmasin) yillar ketidan yillar o‘tsa ham jinoiy ishlar ochilmay qolib ketaveradi.
Bunga jumhuriyatimiz viloyatlaridan va shaharlaridan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Joylardan kelayotgan shikoyat xatlaridan ko‘rinib turibdiki, tom-tom jinoiy ishlar nihoyasiga yetkazilmay qolib ketayapti. Vaqti-soati bilan bu masala davrning dolzarb masalasiga aylanib qolishi, shubhasiz. Chunki amaldagi huquq-tartibot muhofazasi qonunlari bu muammoni mustaqil hal etishga ojizlik qilib kelayapti.
Buning ustiga keyingi paytda jabrlanganlar bir chetda qolib, mahkumlarga qayishish, rahm-shafqat ko‘rsatish targ‘ib qilinayapti. Balki, shunday qilish tarbiyaviy jihatdan o‘zini oqlar, ammo bu bilan sodir qilinajak jinoyatlarning oldini olib bo‘larmikan?
Gapning indallosini aytganimizda, qonun avvalo jabrlanganlarni qat’iy o‘z himoyasiga olishi va shu nuqtai nazardan jinoyatchiga nisbatan jazo belgilanishi kerak. Axir jabr ko‘rganlar hech vaqt o‘g‘ridan kelib, mening xonadonimni tala, mashinamni o‘g‘irla, qizimni zo‘rla, o‘g‘limning boshini yor, o‘eimni tepkilab, mayib qilsangchi, deb iltimos etmaydi-ku!
Quyidagi voqeani eshiting. Ikki o‘smir qishloq tomoshaxonasi yonida bir yigitni do‘pposlab ketishgan. Kaltaklangan yigit bir umr nogiron bo‘lib qoldi. Jinoyatchilar 5 yil ozodlikdan mahrum bo‘ldilar. Ikki yildan so‘ng davlat avfi bilan qamoqdan ozod etildilar. Xo‘sh, endi haligi nogironning ahvoli nima kechadi? Bir chelak suvni ham ko‘tarishga yaramay qolgan sho‘rlik bir umr qirq so‘m atrofida nafaqa olishga mahkum. Yosh umr xazon etildi.
Adolat yuzasidan fikrlaylik, ehtimol, jinoyatchilar qilmishiga yarasha jazo oldi ham deylik. Shu bilan ora ochiq bo‘ladimi? Masalaning aynan shu nuqtasi hal qiluvchi tarbiyaviy rol o‘ynashi kerak. Jinoyatchilarning gardaniga ana shu nogironni bir umr boqish, kiyintirish, sog‘lig‘ini asrash qonun yo‘li bilan yuklatilganda edi, bu singari jinoyatni sodir qilishga hech kimning haddi sig‘mas edi.
Qolaversa, nima uchun davlat, ya’ni siz bilan biz qaysidir bezbet bezorining aybi bilan nogiron etilgan odamni o‘z hissamizdan boqishimiz kerak? Bu fikrni aytish maydakashlik emas. Insoniylik nuqtai nazaridan shunday bo‘lishi shart. Chunki xuquqli hokimiyatda qonun avvalo siz bilan bizning manfaatimizni himoya qilishga qaratilgan.
Yana insonparvarlik haqida. Endigina 16 yoshga qadam qo‘ygan o‘spirin qotillik qilish jinoyat ekanligini bilmaydi, deb o‘ylaysizmi? Bu tushuncha yosh go‘dakka ham ma’lum gap-ku! G‘arbga ergashaverish kerak emas. Mabodo qayerlardadir Oliy jazoga mahkum etish bekor qilingan bo‘lsa bordir — ularning yo‘li bo‘lak. Keling, mayli jinoyatlar miqdorini taqqoslab ko‘raylik: 1988 yilda bizda 17 mingga yaqin, AQShda esa 20 ming qotillik sodir bo‘ldi. Ko‘rinib turibdiki, oraliqdagi farq hech qancha emas. Vaholanki, bizning davlat tuzumimizda insonga mehr-muhabbat ulug‘lanadi, buning ustiga mamlakatimizda AQShdagi kabi qurol-yaroqlarning ochiq savdosi yo‘q. Tasavvur qilib ko‘ring, agar qurol-yaroqlar savdosi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lganida holimiz nima kechardi?!.
Agar biz AQSh bilan sog‘liqni saqlash, turmush tarzimiz sifati bo‘yicha bahslashsak buning ahamiyati bo‘lakcha edi. Afsuski, dalil-isbotlardan yuz o‘girish mumkin emas.
Keyingi paytlarda matbuotda qurolni tortib olish maqsadida militsionerlarga qilinayotgan hujumlar haqida ko‘plab xabarlarni o‘qiyotibmiz. Yashirib nima qilamiz, jinoyatchilar tobora yayrab borayaptilar. Xonadonlarni tunovchilar, cho‘ntakkesarlar, talonchilar, fohishalarning o‘rtacha yoshi 12—13—14 dan oshmaydi. Ishonavering, ularning ko‘pchiligi pioner yoshida!
Ayol zotining jinoyatchiligiga nima deysiz? Tabiati nozik, hatto atrofidagilarning doimiy mulozamatiga, hurmatiga sazovor bo‘lib kelayotgan ayol qaysi mamlakatda shunchalar tubanlashib ketgan? Demak, xotin-qizlar orasida jinoyatchilikning o‘sib borayotgani — alohida masala. Bu to‘polonchi xonimchalarning jilovini ortiqcha bo‘sh qo‘yish yaramaydi.
Jinoyat olamining o‘z nazariyotchilari, targ‘ibotchilari bo‘ladi. Ular bizning loqaydligimizdan, sustkashligimizdan, ikkiyuzlamachiligimizdan tez va soz foydalana oladilar. Biz endigina uyushgan jinoyatlar haqidagi ma’lumotlarga duch kela boshladik. Aslida bu — yangilik emas. Ular bizga nisbatan uyushqoqroqdirlar. Ayniqsa, keyingi yillarda millionlar qo‘ldan-qo‘lga o‘tib turgan kezda buning hayron qolarli jihati yo‘q. Oddiy qimorbozning bir kechada million so‘m yutib yoki yutqazib turganini ko‘z oldingizga keltiring.
Jinoyatchilar orasida mehnatni tashkil etish allaqachon mukammal yo‘lga qo‘yilgan! Har birining o‘z vazifasi aniq — xonadon talovchilar, yollangan qotillar, yirik talonchilar…
Bittasi jarayonni ipidan ignasigacha o‘rganadi, jarayon rejasini tuzadi, ijro etuvchilar esa, qo‘lida iziga qaytish uchun uchoqpatta tayin holda chetdan kelib, ishni amalga oshirib ketadi. Shunga qaramasdan, qonunlarimiz jabrlanuvchilarga emas, jinoyatchilarga qayishaverar ekan, ishonavering, yangi-yangi jinoyatlar sodir qilish imkoniyatlari ochilaveradi. Chunki bizning rahmimiz kelayotgan o‘sha 14-15 yoshli o‘g‘rivachchalarning orqasida tog‘day suyanchiqlari — haqiqiy jinoyatchilar turishiptida! Yoshlarni bu ishga jalb qilish, o‘z orqalaridan ergashtirish, kerak bo‘lganida rag‘batlantirish uchun ularning imkoniyati ham, qudrati ham yetarli. Bizning huquq-tartibot ishimizdagi nomukammallikni yaxshi bilgan, ko‘ngilchanligimizdan xabari bor jinoyatchi o‘zining suvdan quruq chiqishiga ishonadi.
Olijanob zamonimizda xotin-qizlarga nisbatan rahm-shafqat qilinishini yaxshi bilgan jinoyatchilar ularning xizmatidan samaraliroq foydalanadilar. Mana shu tariqa jinoyatchi xonimchalar kun sayin ko‘payib borayaptilar. Ayniqsa, davlat avfi muddati yaqinlashayotganda jinoyat sodir qilish ko‘payishi kuzatilmoqda.
Uzoq yillardan buyon biz qoloq, qo‘pol, o‘ta madaniyatsiz odamlargina jinoyatga qo‘l uradilar, degan tushunchaga ishonib kelardik. Adashgan ekanmiz, ular o‘ta uddaburon, o‘ta sezgir va hushyor hamda uzoqni o‘ylab ish tutishga mohir bo‘ladilar. Bir jinoyatchi: «Biz hamisha sizlarning landovurligingizdan foydalanamiz», degan ekan.
Bizning qonunlarimiz jinoyatchilarni taltaytirib yuborgani yetmaganday, turmushimizdagi mavjud narsalar: uyimizning loyihasidan tortib (go‘yo ataylab o‘g‘ri kirishga qulay bo‘lsin uchun) to qog‘oz eshiklarimizgacha ularga xizmat qiladi. Qulf ishlab chiqarish-ku xuddi o‘g‘ri bilan kelishilganday — u kalit tushmasa bunisi tushaveradi.
Hadeb ichki ishlar xodimlarini tanqid qilaverish bilan ish bitmaydi. Mavjud ahvol oldida ular ham ojiz. Vaqtdan yutqazib qo‘ydik, chamasi. Fikrimiz tasdig‘ini yana o‘sha «Xavfli chiziq yonida» maqolasidan izlaylik. Shunday qilib O‘zbekiston SSR Ichki ishlar ministrligining jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik V. V. Gordiyenko bu haqda shunday fikr bildiradi: jinoyatchilikning avj olayotganiga ta’sir ko‘rsatayotgan birinchi muammoni huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining o‘zidan izlash kerak. Ichki ishlar tashkilotlari oshkoralik vaziyatida ishlay olmasligi ko‘rinib qoldi, deydi u. Shoshilinch chora ko‘ruvchilar, tergovchilar, prokurorlar xato qilib qo‘yishdan cho‘chib, mas’uliyatni o‘zlaridan soqit qilishga, podadan avval chang ko‘tarishga tushib qoldilar… Polkovnik shunday misol keltiradi: hatto o‘ta katta jinoyat sodir qilgan gumondor shaxsni ham uch kundan so‘ng hech qayerga ketib qolmaslik haqida tilxat olib qo‘yib yuborishga majburmiz. Imkoniyatdan foydalangan jinoyatchilar tilxat berganlariga qaramay juftakni rostlab qoladilar. O‘tgan yili 10 ming grajdan xuddi shunday «ogohlantirildi», bu eskicha ish usulidan voz kechishimiz zarur. To‘g‘ri, masalan, to‘satdan mashinasi bilan odam urib ketgan yoki bilib-bilmay jinoyat sodir qilib qo‘ygan shaxslarga shunday yo‘sinda muomala qilish o‘zini oqlar, ammo qip-qizil o‘g‘rilar uchun bu usul mulozamat qilishdan o‘zga narsa emas. Tilxat olib, qo‘yib yuborilgan talonchilar cho‘ntakkesarlar yoki katta miqdorda jinoyat sodir qilganlar uch kun oralig‘ida nimalar qilishga ulgurmaydi, deysiz. Avvalo ular guvohlar bilan «shug‘ullanadilar» yoki gadoy topmas joylarga qochib ketadilar. Bundan tashqari, jinoyatchilar jazosiz qoladigan holatlar ham talaygina. Qisqasi, bunaqa tajriba bir tomondan jinoyatchilarga qo‘l kelsa, voqeani ko‘rib-bilib turgan aholida huquq-tartibot idoralari ishiga nisbatan ishonchsizlik paydo qiladi.
Tergov va prokuratura xodimlarning kishilar ko‘z o‘ngida hatto jinoiy ishlarni fosh etishning dastlabki bosqichidayoq mas’uliyatni o‘zlaridan soqit qila boshlashi jinoyatga qarshi faol kurash olib borish ishiga yarashmaydi. Afsuski, insonparvarlikka qaratilgan jinoyat qonunchiligini yangi loyihasida jabrlanuvchilarning hamda jamiyatning manfaati himoyasiga kam ahamiyat berilgan. Mutaxassislar loyihaning ko‘pgina ijobiy jihatlarini umuman inkor etmagan holda uning insonparvarlikka oid yangi asoslarida jazolashning muqarrarligi bilan mustahkamlanmaganligi xususida anchagina tashvishlanmoqdalar.
Ikkinchi muammo militsiyaning o‘ziga taalluqlidir. V. V. Gordiyenkoning aytishicha, ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining ko‘pchiligi malakasizdir. Bu hol tashvishli bo‘lib, militsiyaning obro‘sizlanishiga olib keladi. Shuningdek, ularning moddiy ahvoli ham qoniqarsiz, buning ustiga ish vaqti ham deyarli chegara bilmaydi. Xizmat transportining kamligi yoki yoqilg‘i yetishmasligi ham jinoyat qidiruv ishi oldidagi jiddiy to‘siqdir. Respublikada 825 nafar jinoyat qidiruv xodimi yetishmaydi. Toshkentning o‘zida ularning soni 250 kishidan iborat. Bu haqda kim jon kuydiradi?
Militsiya moddiy texnika bilan ta’minlanmas ekan, bu sharmandali ahvoldan chiqish amrimahol. O‘ylab ko‘ring, bir mashinaga 10 litr yonilg‘i beriladi. Jinoyatchining omadi chopgani shu-da! Mashinalar nosoz, ehtiyot qismlar taxchil, bu ahvolda ularni tutib bo‘ladimi? Kinolavhalar uchun yozuv jihozlari, zarur magnitafon va fotoapparatlar yetishmaydi. Hozirgi paytda kuchli va rejali suratda taraqqiy etayotgan jinoyat olamidagi uyushgan jinoyatchilar to‘dasiga militsiya qarshi tura oladimi? Shuning uchun ham raqiblar qarshisida hatto ip ham esholmay qolayotganimizni tobora sezib qolayapmiz. Bu juda tashvishli holdir.
Militsiya xodimlari sha’niga haqqoniy tanqidlar yog‘ilib turibdi, buni ichki ishlar idoralari rahbarlari ham inkor etmaydilar. Shunga qaramay, noqulay sharoitda o‘z vazifasini o‘tayotgan militsiya xizmati haqida iliq gaplar aytish mumkin. Masalan, ular o‘tgan yili ana shunday vaziyatda 1987 yilga qaraganda 4306 ta ko‘p jinoiy ishni fosh etdilar. Ularning 182 tasi qasddan odam o‘ldirish, 204 tasi og‘ir tan jarohati yetkazish, 352 tasi talonchilik, 2057 tasi o‘g‘irlikdan iborat edi. 3971 jinoyatchi qidirib topildi hamda bedarak yo‘qolgan 2976 kishi aniqlandi.
Jinoiy to‘lqin kuchlanib turgani sari o‘tgan yillarda ochilmay qolgan ishlar ustiga yangilari kelib qo‘shilmoqda. Buning ustiga militsiyaning kunlik ma’lumotlari hamon tashvishlidir. O‘rtacha, bir kecha-kunduzda 130-160 jinoyat sodir bo‘layotir. 10829 ta ochilmay qolgan, ammo allaqachon izlari yo‘qolgan jinoiy ishlarni ham e’tiborga olsak ahvol yanada tanglashadi.
Jinoyat olami keskin o‘zgarib ketdi. Jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvlarning birida giyohvandlikka oid ulkan raqamlar qayd etildi. O‘tgan 1988 yili respublikada giyohvandlik bilan bog‘liq 1692 ta jinoiy ishni ochish uchun 7000 militsiya xodimi jalb etildi. 1000 dan oshiq mashina, mototsikl va vertolyotlar (ular vazifani bajarish uchun 896 soat uchdi) ishga solindi. 400 ta GAI posti hushyor turdi. 24,8 gektar yashirincha ko‘knori ekilgan maydon aniqlandi. Demak, «qora bozor» bir necha million so‘mlik mahsulotdan mahrum etildi. Vaziyat yanada jiddiylashdi. «Qora bozor»da ko‘knori narxi ikki baravar oshib ketdi. Bu esa giyohvandlarning pul topish yo‘lida yangi-yangi jinoyatlarga qo‘l urishga olib keldi. Jinoyat olamida xufiya savdo yo‘lga qo‘yilgan edi. Keyingi ikki-uch yil ichida 700 ga yaqin ana shunday guruh aniqlandi.
Hali «sovib ulgurmagan dalillar»ga tayanib, shuni aytish mumkinki, o‘tgan yilning shu paytiga nisbatan jinoyat sodir qilish 31,8 foizga ko‘paydi. O‘ta og‘ir jinoyatlar 58,7 foizga, talonchilik 52 foizga ortganini alohida ta’kidlash kerak. Shuning uchun ham jumhuriyatimiz ichki ishlar ministrligi bu haqda jamoatchilikni xabardor qilishni lozim topdi. Chunki, endi bu haqda sukut saqlab bo‘lmasdi. Bu uyushgan jinoyatchilarga qarshi kurashishni faqat militsiyaga tashlab qo‘yishning o‘zi jinoyat. Bizningcha, eng to‘g‘ri yo‘l bu ishga partiya oshkora siyosat olib borayotgan kezda ishi biroz yengillashgan Davlat xavfsizlik komitetini ham jalb etish zarur.
Ularning strukturasi puxta, tashkiliy jihatdan mustahkam, eng asosiysi hamisha va har ishga shay. Xalqimiz ularning saflarini mustahkamlash uchun ko‘p yillardan beri o‘zining mard farzandlarini safarbar qildi. Endi o‘z navbatida ularning yordamiga muhtojlik sezilmoqda.
Ikki tashkilotning hamkorlikda ish olib borishi militsiya faoliyati uchun foydadan xoli bo‘lmaydi. Shuningdek, bu hamkorlik xalqning ko‘z o‘ngida o‘zini obro‘sizlantirib qo‘ygan, poraxo‘r ichki ishlar xodimlaridan ham bir yo‘la xalos bo‘lishini tezlashtiradi.
Saylovoldi kunlarida barcha nomzodlarga quyidagi savollar berildi: nima uchun boshqaruv idorasining ayrim tabaqalari o‘zlari nomunosib imtiyozlardan eng avvalo: maxsus do‘konlar, bufetlar, dala hovlilari, kasalxonalar, istirohat-shifoxonalardan foydalanishadi? Nazarimda, ko‘zga yaqqol tashlanib turgan aynan shu imtiyozlar jinoyatchilikka keng yo‘l ochib berayapti. Qayerdaki, yuqori tabaqaga mansub shaxslar yashashsa, uylar va qatto butun boshli mavzelar maxsus posbonlar tomonidan qo‘riqlanadi. Maxsus forma va grajdan kiyimidagi odamlar kechayu kunduz bu uylarni hushyorlik bilan qo‘riqlaydilar. Mana shuning uchun ham bu joylarda mash’um xonadon talovi kam. Sodir bo‘lganda ham boshqacha tugaydi. Shunday bir voqea ko‘pchilikka ma’lum. Sobiq rahbarlardan birining xonadonidan qimmatbaho taqinchoqlar o‘g‘irlangan. Shunda nafaqat butun militsiya, balki jinoyatchilar olamining «eng ko‘zga ko‘ringan» boshliqlari ham oyoqqa turdilar. Bir haftadan keyin jabrlangan ayolga katta kumush laganda o‘g‘rilardan tortib olingan javohirlarni olib kelib: «Ko‘ringchi, bularning orasida qaysi biri sizniki ekan»,— deb so‘rashdi. O‘sha nufuzli amaldorning xotini o‘ylab o‘tirmasdan, «hammasi meniki», deb taqinchoqlarni patnisi bilan olib qo‘yadi. Mana sizga ma’naviyat…
O‘zbekiston SSR Yezuvchilar Soyuzi binosida Jumhuriyat ichki ishlar ministri bilan bo‘lgan uchrashuvlarning birida yozuvchi O‘ktam Hakimali «Toshkentdagi cho‘ntakkesarlarga qarshi qanday kurash olib borilayapti? Axir butun boshli shaharni ular taqsimlab olishgan-ku! Tramvaylarda bizlar ularni tez-tez uchratib turamizu, shahardagi tartib o‘rnatuvchilar nahotki ularni ko‘rmasalar?» deb savol berganida haq edi.
Toshkentni nafaqat raykom va ijroiya qo‘mitalari bo‘lgan rayonlar, balki o‘g‘rilar ham o‘z tasarruflariga bo‘lib olishgan.
Axir avvallari o‘g‘irliklar va zo‘ravonliklar tunda sodir bo‘lardi. Endi esa kuppa-kunduz kuni, aholi gavjum joylarda xotin-qizlarning qulog‘idan ziraklarini qulog‘ining qonini oqizib yulib olishadi, bo‘ynidagi oltin taqinchoqlarini uzib oladilar. Shunisi dahshatliki, jabrlanganlar hech qayerga arz qilib bormaydi. Chunki militsiyaning qudrati va imkoniyatiga ishonmay qo‘yishganiga ancha bo‘ldi.
Xizmatdan qaytayotgan har bir kishi xonadonimni o‘g‘ri urib ketmadimikan, deb xavotirlanishi tabiiy holga aylanib qolgan. Ko‘chaga bemahalda chiqib ketgan bolasidan xavotirlanmaydigan kishi yo‘q hisobi. Negaki, biri-biridan noxush ko‘ngilsizliklar odamlarni ana shunday cho‘chitib qo‘ygan.
Shunday ekan, jinoyatchiga nisbatan bugungi kunda olijanoblik qilishga yoki oliy jazoni bekor qilishga biron-bir asos bormi?!
Bir necha yillardan buyon jinoyat muammolari bilan shug‘ullanaman. Bultur ana shu mavzuga bag‘ishlangan «Piyoda sayrlar» nomli romanim bosmadan chiqdi. Roman mafiya haqida — huquq-tartibot va partiya idoralarining ma’lum qismi murosa qilib kelgan jinoyat olami haqida edi. Maxsus yuridik nashrlarda chop etilgan taqrizlarga ko‘ra, roman faqat kitobxonlar uchungina emas, balki ichki ishlar idorasida xizmat qilayotgan odamlar uchun ham kutilmagan hodisa bo‘ldi. Asarimga yozilgan taqrizlarga asoslanib, ana shunday fikrga keldim.
Roman e’lon qilingandan keyin ko‘plab mutaxassis huquqshunoslar bilan suhbatlashdim. Ularning aksariyati ham jinoyatchilar olamining kengayib, jipslashib borayotganidan qattiq tashvishdaligini aytishdi. Bu olamdagi ana shunday zo‘ravonlik o‘z boshimdan kechdi. Roman bosilib chiqqach oila a’zolarim bilan nihoyatda maxfiy va dahshatli mashina halokatiga uchradik. Hammamiz yarador bo‘ldik. Hozir turmush o‘rtog‘im nogiron, o‘zimning umurtqa suyagim, sakkiz qobirg‘am, oyog‘im sindi. O‘g‘lim ham shikastlangan. Jinoyatchilar esa, suvdan quruq chiqish arafasida.
Xuddi Adolat ma’budasining tarozisini zang bosib qolganday…
Jamiyatda yangi munosabatlarni vujudga keltirar ekanmiz, o‘tmishni aslo unutmasligimiz lozim. Zero, inson hamma narsani birbir taqqoslaydi. Ajab emaski, jinoyatchilik shu qadar betizgin bo‘lib qolgan bir paytda odam demokratiya haqida emas, metindek mustahkam hokimiyat haqida orzu qiladi.
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 6-son