Vrach kundaligidan
Keyingi paytlarda biz vrachlar qayerda bo‘lmaylik, nima haqda suhbatlashmaylik, fikri-zikrimizni ShIKOYaT ko‘proq qamraydigan bo‘lib qoldi. Undan hadiksiraymiz, cho‘chiymiz. Chunki har qanday shikoyat, u tasdiqlanadimi, yo‘qmi bari bir, vrachni bir silkitib ketadi. Mening nazarimda, shikoyat — yuqumli kasallikka, epidemiyaga o‘xshaydi. Epidemiyaning oldini olish uchun darhol karantin e’lon qilinadi. Shikoyatni nima qilsa bo‘larkin?
To‘g‘ri, uning ham oldi olinmoqda. Lekin bu chora-tadbirlar hali yetarli emas. Xo‘sh, nega shifokorlardan shikoyat qilishmoqda? Shikoyatlar asosan nimalardan iborat? Barcha shikoyatlar asoslimi?
Bu savollar daf’atan ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘yadi, albatta. Shu bois yuqoridagi muammolarga «diagnoz» qo‘yishga jur’at etdim.
Birinchi bekat
Tabobat olamida shikoyatlar asosan quyidagi hollarda sodir bo‘ladi:
sof vijdonli shifokorlar orasida tasodif oqibatida kirib qolgan kimsaning nafs bezlari hakalak otib ketsa;
vrach sayoz bilimi tufayli mudraganida, ya’ni e’tiborsizlik qilganida;
bemor bilan qo‘pol muomala qilgan paytlarda;
tibbiyot ilmiga amal qilmaganida;
nihoyat, rahbar vrachlar ba’zan g‘ayriqonuniy ish yuritganlarida.
Demak, shikoyatning asosiy o‘q tomiri — nafs degan balo bilan tutashdir.
Bobokalonlarimiz, tegirmonni — suv, yo‘lni — qiyshiq arava buzadi, deyishgan. Afsuski, ba’zi birovlar o‘zlarining qiyshiq aravalarini yetaklab tibbiyot dargohiga pusibgina kirib keladilar. Ular ko‘pincha irodasiz meditsina xodimi orqali niyatlariga erishadilar. Ammo vijdoni pok vrachlarni hech qachon o‘z tomonlariga og‘dira olmaydilar. Bunga imonim komil. Negaki…
Jarroh endigina ishdan qaytib, dam olayotgan edi. Telefoni jiringlab qoldi. Trubkani olsa — bezovta bir ovoz:
— Allo, kimning uyi bu?.. Yaxshimisiz, aka, o‘zingizmi? Uyda bo‘lasizmi? Hozir yetib boraman…
Bir ozdan so‘ng boya qo‘ng‘iroq qilgan kishi uyga yetib keldi. Tanish yigit ekan. Salom-alikdan so‘ng mehmon muddaoga ko‘chdi.
— Aka, bittagina iltimos bilan kelgan edim.
— Bemalol, — dedi odati bo‘yicha jarroh.
— Bir kasalni ko‘rib qo‘ysangiz. Yaqin joyda. O‘zim olib borib, yana keltirib qo‘yaman…
R. kiyinib chiqdi-da, haligi yigitning mashinasiga o‘tirdi. Ko‘p o‘tmay mashina shaharning qoq o‘rtasidagi bir hovli darvozasi oldiga borib to‘xtadi. R. mashinadan tusharkan, sherigining negadir bezovta bo‘layotganini, haddan tashqari takalluf ko‘rsatayotganini ko‘rib hayron bo‘ldi. Ichkariga kirilgach, masala ravshanlashdi: boyagi yigitning ukasi mast holatda mashina haydab ketayotib, bir bolani urib ketibdi… Bolaning ota-onasi soddaroq kishilar bo‘lgani uchun shofyorning akasi, ya’ni R.ni keltirgan yigit: «Bolangiz yengil jarohatlangan. Uyda davolatamiz. Tanish do‘xtir bor», deb va’da bergan ekan.
R. hushsiz bolani ko‘rib, haligi yigitni chaqirdi-da:
— Menga jarohat demovdingiz-ku?— dedi.
— Nima farqi bor? Bir akalik qilasiz-da endi…
— Bola og‘ir jarohatlangan. Zudlik bilan kasalxonaga jo‘natish kerak.
— Shu yerda davolab bering, jon aka! Besh ming beraman. Kasalxonaga borsa, ish gazak oladi… Ota-onasi ham rozi… Qanday dori-darmon bo‘lsa, topish qo‘limdan keladi. Shprits, bikslarimiz bor.
Bu gaplardan so‘ng xirurg jiddiy qiyofaga kirdi.
— Befoyda gaplarni qo‘ying, uka. Bolani tezroq kasalxonaga jo‘natish lozim.
So‘ng u ota-onani yarador o‘g‘ilning haqiqiy ahvolidan voqif etdi. Sodda kishilar emasmi, ular yelka qisishdi. Onasi:
— Bilmasak, bu kishi yengil deganlari uchun… — dedi yerga qaragancha.
— Qulog‘idagi qonni ko‘rib, o‘zim ham qo‘rqib turgan edim, — dedi otasi taraddudlanib.
Yigit noiloj jarrohni uyiga tashlab keldi. R. esa keyinchalik ham bolaning taqdiri bilan qiziqib turdi. Bola roppa‑rosa bir yarim oy deganda kasalxonadan chiqdi.
…O‘shanda institutni endi bitirgan paytlarim edi. Dam olish kunlaridan birida qishloqqa bordim, yaqin qarindoshim biznikiga keldi. Hol-ahvol so‘rashib, o‘tgan-ketgandan gaplashib o‘tirdik. U to‘satdan mendan so‘rab qoldi:
— Revizorlikka qancha o‘qiydilar?
— To‘rt-besh yil.
Bu javobimdan so‘ng qarindoshim mening meditsina institutida o‘qiganimni nazarda tutib:
— Esiz yetti yil umring! — dedi bosh chayqab.
— Tinchlikmi o‘zi? — dedim hayron bo‘lib.
— Yog‘och bochkadan asal qo‘ydi-ya, azamat!
— Kim, nima to‘g‘risida gapiryapsiz?
U basharamga biroz tikilib turdi-da, dona-dona qilib so‘zlay ketdi:
— Sovxozga revizor kelgan ekan. Uyida ishlatish uchun direktorimizdan besh-oltita rabochiy so‘rabdi. Ikki haftadan beri o‘shanikida ishlab yotibmiz. Kecha remontni tugatdik. Ana uy, mana hovli! Yerto‘lada yog‘och bochka to‘la asal!
Qarindoshimning gapiga kuldim.
— Nimaga kulasan? — dedi u qizishib.
— Lof ham sal evi bilan-da…
— O‘lay agar, hali boshqalar ham aytib qolishar: bochkadan qoshiqlab-qoshiqlab asal yedik, — dedi u. So‘ngra qo‘shib qo‘ydi: — Yetti yil o‘qiganing bilan hozir senikida bir yalam ham asal yo‘q…
Keyingi safar qarindoshim biznikiga yana keldi.
— Ish chatoq, — dedi u miyig‘ida kulgancha. — Zang‘ar revizorning izidan odam tushgan ekan. Bizlar unikida nima ish qilgan bo‘lsak, hammasini kimdir yozib beribdi. Tomshuvoq qilib turganimizni suratga olib qo‘yishganmish. Iltimos, gazetada tanishlaring bo‘lsa aytib qo‘y, rabochiy odamda nima gunoh, direktor buyurgani uchun bordik-da. Iloji bo‘lsa, suratni chiqarmasin gazetada. Sharmanda qiladi odamni… Bu yog‘i nima bo‘larkin, jiyan? Nahotki, bizlarga ham gap tegsa?!
— Nima bo‘lardi, hech bo‘lmaganda yegan asalingizning pulini to‘laysiz-da!
— E, asali sabil qolsin!
Nafs deganda ko‘plar faqat pulni, porani tushunishadi. Aslida nafs degan baloning ko‘rinishi turli-turli. Bir voqea hech xayolimdan ko‘tarilmaydi.
Biz bilan birga o‘qigan Mansur ismli vrach bor. U studentlik davrida o‘zini Maksim deyishlarini yoqtirardi. Shu bois keyinchalik u batamom Maksim bo‘lib qoldi. U bir kuni qiziq ish qilibdi.
Shiraliroq joyda ishlayotgan bemori unga:
— Aka, yaxshiroq dorilar bilan qarashing, xizmatingizni biz ham qaytararmiz, — debdi.
— Yaxshiroq dori ham gapmi!—debdi Maksim. — Siz uchun hatto professor chaqirib berish ham qo‘limizdan keladi. Professor sizni otday qilib yuboradi.
Ko‘p o‘tmay Maksim qo‘shni bo‘limdan yoshi yigirma beshda bo‘lsa ham ko‘rinishidan qirqlarga borgan salobatli yigitni chaqirib olib, unga tushuntiribdi:
— Og‘ayni, hozir bir ish qilamiz; men bilan birga borib, bitta bemorni ko‘rasan, fonendoskop bilan uning u yer-bu yerini tekshirgan bo‘lasan, «Qo‘rqmang, mana Maksimjon ham to‘g‘ri davolayotgan ekan, yana u-bu narsadan maslahat beramiz, qisqasi, otdek bo‘lib ketasiz», desang bas.
Salobatli vrach bir zumda bemorni ko‘rikdan o‘tkazibdi, Maksimning topshirig‘ini ko‘ngildagidek bajaribdi.
Shanbalik kuni haligi bemor kasalxona hovlisiga chiqsa, kechagi «professor» zambil ko‘tarib yurgan ekan. Bemor hayron bo‘lib, so‘ng palataga qaytib kiribdi-da, Maksimga qarab:
— Do‘xtir, kecha meni ko‘rgan professor bugun zambil ko‘tarib yuribdi-ku? — debdi.
Maksim sir boy bermaslik uchun yozuv stolidan bosh ko‘tarmay javob beribdi:
— U xuddi o‘sha professorga o‘xshash internatura muddatini o‘tayotgan vrach. Sizni ko‘rgan haqiqiy professor esa kecha samolyotda uchib ketdi. U katta shahardan kelgan edi, adashmang…
«Professor» voqeasi sabab bo‘lib, ishtahasi hakalak otib ketgan Maksimning o‘zi ham ko‘p o‘tmay kasalxonadan «uchib» ketdi.
Aytaylik, bir bemor kasalxonada ikki hafta mobaynida davolanadigan bo‘lsin. Demak, undan xabar olish uchun yaqin kishisi kun ora bir kelsa ham 7—8 marta keladi. Har safar 5 so‘m xarajat qilsa, bemor oilasidan 40—50 so‘m miqdorda chiqim bo‘ladi. Sog‘ligini tiklash uchun oblast yoki respublika markazidagi kasalxonaga olib borish zarur bo‘lsa yoki bemor uzoqroq muddat davolanadigan hollarda yuqoridagi arifmetikaning o‘zgarishi tabiiy.
Mabodo bemor voyaga yetmagan bola bo‘lsa-chi? Uyda xuddi shunday shirin bolalardan yana 7—8 tasi bor, kolxozdan oladigan maoshi esa oilani tebratishga zo‘rg‘a yetadi.
Oq xalatni doimo toza kiyib yurishni istovchi shifokorlar ana shularni unutmasligi kerak. Tibbiyot muqaddas dargoh. Uning hovlisi ozoda, sarishta: yerga igna tushsa ham ko‘zga tashlanib turadi.
Qisqasi, nafs, ta’magirlik haqida boshqa gapirmaslikka qaror qildim, aks holda Gippokratning haqiqiy izdoshlari meni kechirmasliklari, hech bo‘lmaganda, «Burgaga o‘chakishib, ko‘rpaga o‘t qo‘yibsan-ku!» deyishlari aniq. Shundoq ham tibbiyot dargohi Maksim kabi ba’zi bir shotirlarning dastidan bulg‘anib yotibdi.
Ikkinchi bekat
Beshinchi kursgacha hamma fandan «a’lo» bahoga o‘qigan G. ismli do‘stim birdan o‘zgarib qoldi. Sabab — u yaxshi ko‘radigan qiz sevgisini rad etganmish.
G. avvaliga bir-ikki marta dars qoldirdi. Keyinchalik qoldirilgan darslar soni ko‘paya bordi. Oxiri u butunlay o‘qimay qo‘ydi, parishonxotir bir holga tushdi. Barcha maslahatlar besamara ketdi. G. beshinchi kursda institutdan chetlashtirildi.
Oliy o‘quv yurtidagi studentlarni shartli ravishda to‘rt guruhga ajratish mumkin.
Birinchi guruhga o‘zining asosiy maqsadi yo‘lida astoydil jon kuydiradigan, kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lish niyatida ta’lim olayotgan studentlar kiradi.
Ikkinchi guruhni studentlik deganda ko‘cha-ko‘yda yasan-tusan qilib yuradigan, o‘qishni ikkinchi va uchinchi o‘ringa qo‘yuvchi talabalar tashkil etadi.
Uchinchi guruh a’zolari — «nima bo‘lsa ham oliy ma’lumot haqida hujjat — diplom olsam bo‘lgani, so‘ngra ish bir gap bo‘lar» deb kun o‘tkazadigan, uch baho bilan kursdan kursga ko‘chganidan xursand bo‘lib yuradigan studentlardan iborat. Gohida bu toifani ancha yoshga borgan, nima sababdandir oliy ma’lumot qasdida o‘qishga otlangan kishilar tashkil qilishadi.
Gruppamizda yoshi qirqlardan oshib ketgan, bir paytlar meditsina bilim yurtini bitirgan ikki kishi o‘qirdi. Biz ularni «og‘alar» deb atardik. Shu «og‘alar»ning qiziq bir odati bor edi: biror student (albatta, birinchi gruppa vakili) dars qilib o‘tirgan bo‘lsa, unga qarab: «E, uka, bu fan ish faoliyatingda u darajada kerak bo‘lmaydi, ko‘zning nurini behuda to‘kib yotmang!» deb ketishardi. Bu gapni ular nima maqsadda aytganlariga hali-hali aqlim yetmaydi.
To‘rtinchi guruhga hech narsa bilan qiziqmaydigan, hatto student bo‘lganda ham quvonmagan noshudlar mansubdir.
«Noshud» deyishimdan maqsad, ilgarigi zamonlarda bolani maktabga olish oldidan domla uni bir-ikki savol bilan sinab ko‘rarkan. Savollar javobsiz qolsa, uni yetaklab kelgan otasi shunday gap eshitarkan:
— Xafa bo‘lmaysiz-u, buningiz — noshud ekan, agar uni maktabga qabul qilsam, umrimni egovlaydi…
«Noshud»lar ko‘pchilik bilan birga yurishadi, lekin nima maqsadda yurganlarini o‘zlari ham bilmaydilar. X. degan kursdoshimiz birinchi kurs davomida o‘tiladigan o‘ndan ortiq fan bo‘yicha faqat bitta daftar yuritgan edi. Daftarining bitta sahifasida tarixiy sanalardan keyin bir-ikki ximiyaviy elementlar formulasi, undan so‘ng fizikaga oid shakllaru inson tanasidagi suyaklarning lotincha nomlarini uchratish mumkin edi.
Agar gap har bir guruhning taqdiri haqida ketadigan bo‘lsa, birinchi gruppa sohiblari to‘g‘risida: «Shubha yo‘q, ular vaqti-soati kelib, xalqimizning og‘irini yengil qiladi, yomon kunida yaraydi», deyish mumkin.
Uchinchi guruhga yuqorida yetarlicha ta’rif berildi.
Asosiy masala ikkinchi va to‘rtinchi guruhga kelib taqaladi. Boya aytganimizdek, qani edi ular birinchi sinovdayoq X. kabi chetga chiqsalar.
Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: qaysi medinstitutda bo‘lmasin, qabul payti bir o‘ringa 4—5, ba’zan o‘ntagacha ariza tushadi. Qiziq, o‘ntadan bittasi saralab olinsa-yu, ular orasida aravasini tortolmaydiganlar qalashib yotsa? Yoki aravani ortidan suruvchilar behadmi?..
To‘g‘ri, medinstitutga qabul qilinganlarning hammasi vrach bo‘lib yetishavermaydi. Bu tabiiy hol. Sabab — abituriyentlar orasidan noqobil yoshlar ham chiqib qoladi. Ular sholining kurmagidek ko‘karadi. Kurmaklar ham sholi bilan bab-baravar suv ichib, quyoshning taftidan teng bahra olaveradi. Demak, fidoyi mutaxassis yetishishi uchun birtalay g‘alvirlar tinmay aylanishi kerak.
Beixtiyor hurmatli Hakim Zohidiyning bir gapi yodimga tushdi. Bu gapni professor Zohidiy odatda birinchi darsidayoq, o‘zini tanishtirish payti aytib olardi:
— Faqat bitta aybim bor, u ham bo‘lsa oqni oq, qorani qora deyman.
Talabchan, qattiqqo‘l professor necha o‘nlab kurmaklarni sholipoyadan yulib olib irg‘itmadi deysiz! Ustoz haqida tibbiyot olamida: «Hakim Zohidiydan uch baho olgan bo‘lsang, anatomiyani beshga bilar ekansan», degan real hikmat qoldi.
Ustozlar haqida gap ketganda bir tabarruk insonni ehtirom bilan eslamasdan ilojim yo‘q. U kishi dohiy Lenin yo‘llanmasi bilan Toshkentga kelgan olimlarimiz qatorida ish boshlagan farmakolog Nikolay Kampantsevdir. Professor Kampantsev o‘z fanining bilimdoni bo‘lish bilan birga nihoyatda kamtarin, studentlarga nisbatan esa juda mehribon edi. Lektsiyalarda kerakli gapni ko‘pchilikning ta’biri bilan aytganda, «miyaga quyib» qo‘yardi». Nikolay Nikolayevich imtihon payti studentning qay darajada ilmga ega ekanligini bir savol bilan anglab olardi. Mabodo student yaxshi bilsa, unga «to‘rt» qo‘ymasdan, aksincha, «Yana bir oz o‘qib kelsang sening bahong «besh», der edi. Ba’zilar, domla bizga «4» ham bo‘ladi, deb e’tiroz bildirsa: «Yo‘q, sening biliming «besh»ga loyiq, — derdi. — Faqat falon-falon temalarni ham boshqalaridek o‘zlashtirishing kerak».
Bir kuni qiziq voqea bo‘lgan: Nikolay Nikolayevich bir talabani imtihondan qaytardi. Haligi yigit oilaviy ahvolining yomonligini, endi stipendiyasiz o‘qishi gumonligini aytib yig‘ladi. Uning rangiga termilib turgan domlaning ham ko‘zlari namlanib ketdi. Ikkalasi yig‘lashib oldilar. Student chiqib ketayotganida izidan domla ham turdi. Talaba bu holni ko‘rib, zora domlaning yuragi bo‘shagan bo‘lsa, degan fikr bilan to‘xtadi. Professor uni qo‘ltig‘idan olib yo‘lida davom etdi:
— O‘g‘lim, oilaviy ahvolingning og‘irligini sezib turibman. Nachora! Sen slesar bo‘lib yetishsang ekan, men qarashib yuborsam… Senga hozir rahm qilsam kelajakda sen kimlarningdir oilaviy ahvolini og‘irlashtirib yuborishing hech gap emas… Undan ko‘ra, yig‘lamasdan quloq sol: ma’lum temalar bo‘yicha biliming yaxshi. Ammo qolganlaridan mazang yo‘q, o‘shalarni ham yaxshilab o‘qib kelgin, men senga stipendiya oladigan baho qo‘yaman. Kelishdikmi? Yig‘lama.
Uni ko‘chaga kuzatib qaytgan, ko‘zyoshlarini artib, imtihon xonasiga kirgan edi. Albatta, maslahatini yaxshi bajargan studentlarga domla tegishli baho qo‘ygan. Qani edi hamma ham g‘alvirni Zohidiy va Kampantsev kabi aylantira olsa…
Demak, kurmaklarni vaqti-vaqti bilan sholilardan ajratib turish bog‘bonlarning, aniqrog‘i, domlalarning burchi, vazifasi.
Uchinchi bekat
Bobokalonimiz, bemor tuzalishini istasang — uning ruhini ko‘tar, deb bejiz aytmaganlar.
Endigi gap vrachning bemor bilan bo‘ladigan muomalasi xususida. Shikoyatning ildizi shu narsa bilan ham bog‘langan bo‘ladi.
Vrach bemor bilan birinchi uchrashuvdayoq e’tiborni kuchaytirishi lozim. E’tibor deganda belgilanadigan dori-darmon yoki analizlarning ahamiyatini obdan o‘ylab ko‘rishgina tushunilmaydi. Aksariyat shikoyatlar vrachlarning bemorga nisbatan muomalasi yomonligidan kelib chiqadi.
Lo‘lilar voqeasi hech esimdan chiqmaydi. Navbatchi xirurg sifatida postda turgandim. Kechga yaqin kasalxona darvozasidan o‘ttiz chog‘lik erkak shitob bilan kirib keldi. Oldinda bir yigit, uning yelkasida 10 yoshlar chamasidagi qizcha. Boshqalar yigitdan damba-dam: «Charchamadingmi?» deb so‘raydi. Olomon bo‘limimiz eshigiga kelib to‘xtadi. Qizchaning ismi Taxtbibi ekan. Uning buyragi og‘riyotgani uchun bo‘limga joylashtirdik. Qizcha tegishli yordamdan so‘ng tinchlandi. Ammo eshik oldidagi odamlar jilmasdan turaverishdi. Ustiga ustak saldan so‘ng 20 tacha xotin-xalaj ham ularga qo‘shildi. Bu holni ko‘rib:
— Hammalaring bir qizcha deb yuribsizlarmi? — deb so‘radim.
— Ha, odam sizga pomidormi? — deyishdi ular.
Men gapimga yarasha javob oldim.
Vrachning nafaqat noo‘rin aytgan so‘zi, balki shubha bilan bir qarab qo‘yishi ham bemorning dilini xufton qilishi mumkin.
Tungi payt navbatchiligimda bir qizchani olib kelishdi. Chamasi, u 13—14 yoshlarda bo‘lib, qattiq og‘riq tufayli bezovtalanar, birga kelgan yoshroq xotin esa unga damba-dam tasalli berar edi. U nuqul qizning ismini aytib yupatishga urinar, biror marta qizim yoki bolam so‘zini ishlatmasdi.
Men bemorga tegishli yordam berdim. U bir oz tinchlangach, kasallik tarixini to‘ldira boshladim. Bu payt shubhasiz, qizning qachon kasal bo‘lgani, kasallik nimadan boshlangani so‘rab olinadi. Savolimga tegishli javoblar berayotgan haligi ayoldan so‘radim:
— Siz qizchaning kimi bo‘lasiz?
— Onasiman.
Beixtiyor ayolga tikilib qoldim. Chunki u sap-sariq, qiz esa bug‘doyrang yuzli, qoshu ko‘zi qop-qora, sochlari popukdek edi. Shubhamni qizcha birdan anglab oldi-da, qo‘shimcha qilib javob berdi:
— Bu kishi mening ikkinchi onam!
Keyinroq bilsam, qizning haqiqiy onasi bir necha yil avval vafot etgan ekan. Men o‘shanda shubhali bir qarash tufayli qizning dardini yangilab yuborganim uchun pushaymon bo‘ldim. Afsuski, vaqt o‘tgan edi…
Men-ku shubhali bir qarash natijasida ziyrak qizning dil yarasini yangilab yuborganman. S. degan hamkasbim esa voqeani batafsil aytib, ogohlantirganimdan so‘ng ham bemorning dilini og‘ritadigan muomala qilgan. Voqea shunday sodir bo‘ladi.
Yaqin bir do‘stim qishloqdan qo‘shnisining xotinini og‘ir ahvolda tug‘ruqxonaga olib kelibdi. Menga xabar berdi. Bordim. Do‘stim qo‘shnisining boshqa shaharda davolanayotganini, buni uning homilador xotinidan sir tutganini aytdi. Men navbatchi vrach S.ni bir chetga chaqirib olib, voqeadan voqif etdim. S. menga:
— Biz hammaga bab-baravar qaraymiz, — dedi.
Ammo homilasi bevaqt bezovta qilayotgan haligi xotinning oldiga kirib so‘rabdi:
— Rostdan ham eringiz og‘ir kasalmi?..
Vrachning bolalar bilan bo‘ladigan muomalasi ham o‘ta ziyraklik talab etadi.
Operatsiyadan chiqishimni kutib turgan terapevt do‘stim meni ko‘rishi bilan:
— Ketdik, — dedi.
— Qayoqqa?
— Keyin aytaman, kattakondan ruxsat oldim, — deb meni qo‘ltig‘imdan ushladi.
— Shoshmang, kiyinib olay.
Shart emas, mashina tayyor, g‘ir etib borasizu kelasiz.
«G‘ir» etib bordik. Darvozadan kirishimiz bilan bizni kutib olgan uy sohibasiga do‘stim:
— Mana bu kishini hozir operatsiyadan olib kelyapman, — dedi.
Ikki qadam narida qulog‘ini ding qilib turgan bola bu gapni eshitib:
— Operatsiya qilarkan, onajon, ayting operatsiya qilmasinlar! — deb to‘polon qilib yubordi.
Yaxshi hamki, bir ozdan so‘ng bolaning otasi kelib uni yupatib berdi.
U kishi bizga bolani qo‘rqitibsizlar, deyishi ham mumkin edi. Biz unga noo‘rin shikoyat qilyapsiz deya olmasdik, bunday deyishga haqqimiz yo‘q. Unutmaslik kerakki, qo‘rquv — organizmga ba’zi bir darddan ko‘ra yomonroq ta’sir qiladi.
Shu o‘rinda bir voqea yodimga keldi.
Yoshligimizda har birimiz yonida o‘tkir pichoq yoki ustara olib yurgan kattalardan qo‘rqib yurganmiz. Chunki bir marta uning qo‘liga tushganmiz. Mardon boboning qiziq odati bor. Yosh bolani ko‘rdimi — bas, quvlab ketadi. Bolalar unga ko‘pincha tutqich bermaydi. Ba’zan qo‘lga tushib qolishsa, buning cholga qizig‘i yo‘q. U noiloj, ha, qo‘rqmas ekansan, hali shoshmay tur, pichog‘im uyda qolganini bilding-a, deb u yon-bu yonini paypaslab qo‘yadi, xolos.
Qo‘lga tushgan bolalar ikkinchi qochmaydigan bo‘ladi. Shu boisdan Mardon boboga qolsa, bolalar tutqich bermay qochaversa, u ham quvlayversa.
O‘shanda o‘n besh bola qishloq magazini oldida yig‘ilib, o‘yin qurib turardik. Bir chetda 13—14 yoshlardagi jussasi yirik Jo‘ra turardi. U lapashangroq edi. Jo‘ra ko‘pincha cho‘pon tog‘alariga yordam berish uchun otarda yurar, shu boisdan o‘qishi ham haminqadar edi.
O‘yinimiz avjiga chiqqan payt kimdir to‘satdan vahimali qilib: «Mardon bobo kelayapti, hozir yotqizadi!» dedi. Hamma duv etib qochdi. Hech narsadan xabari yo‘q Jo‘ra qocholmay qoldi, aksiga olib birdan yiqilib tushdi. Bu payt Mardon bobo juda yaqin kelib qolgan edi. Uning: «To‘xta!» degani shunday qulog‘i ostida eshitildi. Jo‘ra o‘rnidan turmadi, tura olmasdi ham: u hushsiz yotardi.
— Men qayerdan bilibman? — derdi bir hol bo‘lib o‘tirib qolgan Mardon bobo titrab. — Suv sepinglar, piyozni chaynab yuziga purkanglar.
Suv sepildi, piyoz ham purkaldi.
— Jo‘rka, Jo‘ra, ko‘zingni och, — dedi birov baqirib.
— Jo‘raqul, Jo‘rajon, ko‘zginangni ochgin, — dedi Mardon bobo ham zorlanib. Bir ozdan so‘ng Jo‘ra ko‘zini ochdi, hushiga keldi. Mardon bobo kaftlarini ochib ko‘rsatdi:
— Qo‘rqma, Jo‘rajon, mana, hech narsam yo‘q. Qo‘rqmagin endi…
Jo‘ra sekin oyoqqa turdi va ustini qoqib, uyiga jo‘nadi. Shu voqea sabab bo‘ldiyu Mardon bobo bolalar bilan hazillashmaydigan bo‘lib qoldi…
Vrach bolani mumkin qadar hech bir hadiksiz ko‘rik qilishi kerak. Ba’zan ota-ona bizning ishni haddan tashqari yuzaki tushunadi. D. ismli bolaning otasi rang-quti o‘chgan holda jarroh yoniga keldi:
— Bolani operatsiya qilsak sog‘ayib ketadi, degan edingiz. U operatsiyaxonadan hushsiz chiqdi-ku?..
Bemor hamisha haqmi, degan savolga men «ha» deb javob beraman. Lekin hayotimda yuz bergan ba’zi bir voqealarni eslatib o‘tish niyatim ham yo‘q emas.
D. ismli qizchaning onasi ordinatorxonaga avzoyi buzuq holda kirib keldi. Salom-alik payti ham qovog‘i ochilmadi. Aksincha, birdan savolga o‘tdi:
— Qizimga nega gramurin bermayapsizlar?
Tuyqusdan berilgan bu savoldan avvaliga hayron bo‘ldim, so‘ngra xayolan «gap tagida gap bo‘lishi mumkin» degan fikrga borib:
— Qizingizga gramurin berish shart emas, — dedim.
— Yo‘q, shart!—dedi u o‘chakishib. — Yakkayu yagona qizimga gramurin topilmasa!..
Uning gapini bo‘ldim:
— Birinchidan, men hali topilmaydi deganim yo‘q. Qolaversa, qizingizni gramurinsiz ham darddan xolis qilamiz.
So‘ngra bemor olayotgan dorilarni sanay boshladim.
— Bularingiz befoyda…
— Qizingizga gramurin kerakligini qayerdan bildingiz?
— Ishxonamizda bir xotin xuddi shunday darddan gramurin ichib tuzalgan ekan.
— Bilasizmi, ba’zi dorilarni bolalar uchun imkoni boricha kamroq ishlatish kerak.
— Yo‘q, gramurin!
Noiloj unga bobomdan eshitgan, Zamon boyning tuyasi haqidagi hikoyani aytib berishga majbur bo‘ldim:
— Bilasizmi, opa, o‘tgan zamonlarda bir boy yashagan ekan. Uning mingta qo‘yi va bitta tuyasi bor ekan. Boy bo‘lishiga qaramasdan u o‘ta xasis ekan, nuqul kasallikdan o‘layotgan qo‘yini so‘ydirarkan. Boyning o‘n ikkita farzandi bir ko‘rpani yopinib yotisharkan. Ko‘rpa ham ancha xizmat qilgan ekan; ertalab kim uyg‘onsa, ko‘rpaning bir chetini ag‘darib o‘tirmasdan, o‘ziga yaqin bo‘lgan yirtiqdan chiqib ketaverar ekan. O‘sha boyning tuyasi kasal bo‘lib qolibdi. Bir kun, ikki kun, yigirma kun o‘tsa ham tuya o‘rnidan turmabdi. Vahimaga tushgan boy yaqin-atrofga jar solibdi:
— Kimda-kim Zamon boyning tuyasini o‘rnidan turg‘izsa, bitta qo‘yga ega bo‘ladi!
Xabarning uchinchi kuni qo‘shni qishloqdan Chori Karvon degan bir kishi boynikiga kelib:
— Tuyangizni men turg‘izaman! — debdi.
— Bitta qo‘y beraman.
Chori Karvon ishga kirishibdi. U oldin bir quloch temir kosovning bir uchini obdan qizdiribdi. Shunday qizdiribdiki, temir cho‘g‘ bo‘lib ketibdi. So‘ng o‘sha temirning cho‘g‘ini tuyaning tovoniga bosgan ekan, tuya baqirib, o‘rnidan turib ketibdi. Chori Karvon qo‘yni olib hovlidan chiqishi bilan tuya o‘zini tashlab yuboribdi. Bu safar umuman o‘rnidan turmabdi.
Hikoyani eshitib Diloromning onasi shashtidan tushdi.
— Aylanib ketay sizdan, o‘z bilganingizcha davolang. Ishqilib, qizim tuzalsa bo‘ldi. Biz avom xalq, kim nima desa ishonaveramiz. O‘zimiz ko‘r bo‘lsak-da, vrachlarga o‘rgatamiz. Meni kechiring, ukajon…
Gohida bemorning kimigadir yaxshi ko‘rinish uchun unga hech bir aloqasi bo‘lmagan kishilar ham kasalxona hovlisida izg‘ib yuradi, vrachning qimmatli vaqtini oladi, eng yomoni — mayda-chuyda gaplarga, har xil mish-mishlar tarqalib ketishiga o‘shalar sabab bo‘ladi.
Navbatchi vrach xonasiga bashang kiyingan 30—35 yoshlar chamasidagi yigit kirib keldi. U ish bilan mashg‘ul bo‘lgan vrachlarga tortinmasdan qo‘l uzatib, bir-bir ko‘rishib chiqdi. So‘ngra xonaning bir burchagidagi kresloga bemalol cho‘kdi. Xonadagilar bilan yalpayib o‘tirgan joyida bosh irg‘agancha so‘rasha boshladi. Yigit o‘zini shu vajohatga loyiq his etar va bu o‘rinda hech qanday shak-shubha bo‘lmasligi kerak degan ma’noda atrofga nazar solar edi. Kasalxonaga ishi tushgan odamga o‘xshamasdi. U har bir kishi bilan uzundan-uzun hol‑ahvol so‘rashib, bamaylixotir o‘tirgani uchun bo‘lim boshlig‘i vrachlarning vaqtini qizg‘andi.
— Xo‘sh, xizmat? — dedi u yigitga qarab.
— Bir bolani ko‘rgani kelgan edik.
— Kimni?
— Shavkatjonni.
— Familiyasini ayting.
— Zaripov.
— Ha, shunday bola bor, davolanyapti, — dedi bo‘lim boshlig‘i gapni lo‘nda qilib.
— Ishqilib, yaxshiroq qarashingizlar-da, — dedi yigit chaynalib.
Oraga noqulay jimlik tushdi. Bo‘lim boshlig‘i yana yigitga yuzlandi:
— Shavkatni ko‘rasizmi?
— Rahmat, ko‘rib chiqdim. Sizlarni ham bir ko‘rib ketay degan edim…
— Bizlarni ham ko‘rib bo‘ldingiz, — dedi unga vrachlardan biri yozayotgan kasallik tarixidan bosh ko‘tarmay.
Nihoyat, bu gapdan, «bizga xalaqit beryapsiz» ma’nosini anglab olgan yigit, «Xo‘p bo‘lmasa, sog‘ bo‘lingizlar!» deya chiqib ketdi. Ertasi kuni u yana keldi. Bu safar bo‘lim boshlig‘i undan so‘radi:
— Siz Shavkatjonning dadasimisiz?
— Yo‘g‘-e, — dedi yigit miyig‘ida kulib. — Shavkat jiyanim, men unga tog‘a bo‘laman. Uning kasalligini bilsam bo‘ladimi?
— Biz bolaning kasalligi haqida faqat ota-onasiga axborot beramiz.
— Otasining vaqti tig‘iz, doimo zarur ish bilan bandlar.
— Shoshadigan joyimiz yo‘q, bola davolanyapti, dadasi vaqt topib kelar, bo‘lmasa onasiga aytamiz.
— Menga aytmaysizmi?
— Yo‘q, mumkin emas.
Yigit mulzam bo‘lib chiqib ketdi. Bir necha kundan so‘ng kasalxonaga Shavkatning otasi keldi. U kishi vrachlar bilan samimiy qiyofada hol-ahvol so‘rasha boshladi.
— Kechirasizlar, xizmatchilik, oldinroq uchrashish imkoni bo‘lmadi. Nuqul sizlar ishdan qaytgan paytlar keldik. Hozir bir zum vaqt topilib qoldi. Glavkadan odam kelgan edi, shu bois shaharga yo‘lim tushdi. Hay, hormanglar endi.
— Salomat bo‘ling.
— Qalay, Shavkatjonning toshi eriy deb qoldimi?
Otaning bu so‘zlaridan barcha hang-mang bo‘lib qoldi. Bir ozdan so‘ng masala ravshan bo‘ldi-qoldi… Bir necha kun davomida Shavkatjonning holini so‘rab yurgan yigit Shavkatning dadasi rahbarlik qilayotgan tashkilotda ekspeditor bo‘lib ishlarkan. U Shavkatning kasalxonaga betob bo‘lib tushganini eshitib, bu yerga bo‘zchining mokisiday qatnay boshlagan. Vrachlar bolaning dardini undan sir tutgani bilan Shavkatning onasidan bolada buyrak — tosh kasalligi borligini bilib olibdi va Shavkatning otasiga yaxshi ko‘rinish uchun Shavkatning dardiga malham izlay boshlabdi. Kimlardandir «buyrak toshini eritish mumkin» degan gapni ilib olib, Shavkatning dadasiga: «U yerda menga tanish vrachlar ishlashadi, ular toshni eritishmoqchi, topilmas dorilardan yordam qilishlarini tayinlaganman», deb yaltoqlangan ekan. O‘sha kuni vrachlar unga Shavkatning kasalligi haqida, undagi tosh erimaydigan xilidan ekanligi to‘g‘risida va bolani faqat operatsiya yo‘li bilan davolash zarur ekanligini aytishdi. Oradan ko‘p o‘tmay Shavkat operatsiya qilinib kasalxonadan sog‘ayib ham chiqdi.
Ba’zan esa arzimas narsani ro‘kach qilib olgan bemorlar yaqin kishisiga shifokor ustidan shikoyat qiladilar. Ochig‘ini aytganda, bu xil injiqlik takabbur rahbarlar, ayniqsa ularning oilalari, ya’ni «yangalar» o‘rtasida mavjud. Ular kasalxonaga shifo istab emas, go‘yo tekshiruvchi kabi kirib keladilar.
Shifokorlarning o‘zaro quyidagicha suhbat qurishganini eslayman:
— Nozik tabiatli opalardan biri bo‘limga kelishi bilan, temir karavotda yotmayman, deb turib oldi. So‘ng uydan divan olib kelishga ruxsat bermagan vrach ustidan eriga, eri esa sog‘liqni saqlash sistemasidagi rahbarga arz qilib 20 yil halol ishlagan jarrohga ma’muriy jazo olib berdi. Axir bemorni karavot davolamaydi-ku!..
— Uni qo‘ying. Bittasi bizning bo‘limga kirmasdan turib, menga alohida xona qilib berasanlar, hamma narsa — choyshab ham, ko‘rpa ham yangi bo‘lsin, deb buyurgan edi. Baholi qudrat kichikroq xonaga joy ham qilindi. Ammo haligi tabarruk zot palataga oyoq qo‘yar-qo‘ymas galdagi talabga o‘tdi: bemorlarga mo‘ljallangan xolodilnikni uning palatasiga kiritib berarmishman…
Bemorlarimiz bizning yordamimizga muhtoj. Biz vrachlar o‘zimizni oqlashga qanchalik urinmaylik, tortishadigan sherigimiz, ya’ni bemor jabrdiyda, dili ozor tortgan inson, bir so‘z bilan aytganda, u nosog‘. Shuni unutmaylik. Maqsad bemorni davolashdan iborat. Nima bilan? Iliq so‘z bilan, giyoh bilan, tig‘ bilan, qunt bilan, sabot bilan, chidam bilan…
To‘rtinchi bekat
Demak, iliq so‘z bilan, giyoh bilan, tig‘ bilan, qunt bilan, sabot bilan, chidam bilan…
Xirurg bo‘lganim uchun bu bekatni ustozlardan meros qolgan hikmatli gapdan boshlamoqchiman: «Bizda qo‘ldan oldin bosh ishlashi kerak!»
Nafaqat jarrohlar, tibbiyot olamining har bir vakili amaliy bilimga ega bo‘lmog‘i darkor.
Shunday voqea esimda: paxtakorlar uchun tashkil etilgan dala poliklinikasiga komandirovka etilayotgan vrachga katta hamshira bosh vrachning buyrug‘iga asosan kerakli dorilarni zudlik bilan taxtlab beradi. Vrach ishga tushadi. U dala poliklinikasidagi faoliyatining ikkinchi kuni qabulga kelgan bemor studentni ukol qiladi. Student tinchlanish o‘rniga chinqira boshlaydi. Ma’lum bo‘lishicha, katta hamshira shoshib novokain o‘rniga boshqasini quyib yuborgan ekan.
Gohida vrach mutaxassis sifatida u-bu narsa qo‘lidan keladigan bo‘lgach, tibbiyot olamida tugal yechimini topgan jabha yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas degan buyuk hikmatni unutib qo‘yadi. O‘zini barchadan ustun qo‘yib, izzattalab bo‘lib qoladi. Ana shu qusur oqibatda bemorning sog‘ligiga salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.
K. degan vrach bemorning yarasini bog‘lash payti:
— Yarangizning naryog‘i qorin bo‘shlig‘i. Mendan boshqa odam bog‘lasa, yiringni ichaklaringizga o‘tkazib yuborishi mumkin, — dedi.
Bu gapning ertasi kuni K. grafikka muvofiq uzoq rayonga komandirovkaga jo‘natildi. Kasalxonada qolgan bemor esa qani endi yarasiga birovni yo‘latsa. K.ning o‘zini topib kelasizlar, boshqa odamga bog‘latmayman, deb turib oldi. Bu gapni u K.ni tarbiyalagan jarrohlarga ham aytdi. Bir necha bor tushuntirishlar oqibatidagina K.dan boshqa vrach ham uning yarasini bog‘lash qobiliyatiga ega ekanligiga bemorda ishonch hosil qilindi.
Aksincha, ba’zida bemorning taqdiriga befarq qarash, uning hayoti uchun muhim bo‘lgan muolajalarni ishonchsiz qo‘llarga topshirib qo‘yish hollari ham uchraydi.
Navbatchiligimda tun yarmiga yaqin qo‘shni bo‘limning og‘ir bemorlarini tekshirayotgan chog‘imda palataga semiz bir xotin kirib keldi. Men birorta bemorga bir gap bo‘ldimikin deb, uning og‘ziga qaradim. U gap-so‘zsiz to‘rdagi tumbochka ustida turgan Jane shpritsini oldi.
— To‘xtang! — dedim jiddiy holda unga qarab. Haligi xotin bir oz tislandi. Menga yordam berib turgan hamshira gapga aralashdi:
— Bu kishi furatsillin olmoqchilar.
— Furatsillinni nima qiladi?
— O‘g‘lining trubkasini yuvish uchun.
— Qanaqa trubka? — dedim hamshiraning gapidan hayron bo‘lib.
— Ko‘krak qafasidagi trubka…
Shundan so‘ng men yara bog‘lashdan to‘xtab, xotinni zalga chiqarib qo‘ydim.
Keyin hamshiradan so‘radim:
— Kim ruxsat bergan unga?
— Mudiramiz. Ancha bo‘ldi, har kuni o‘zi yuvadi.
Hamshiraning gapidan angrayib qoldim.
— Ishonmasangiz, ana, palataga borib so‘rang, yonidagilar aytishadi.
Ha, hamshira yolg‘on gapirmayotgan ekan. Rostdan ham 8-palatadagi S. degan uch yoshli bolaning onasi — haligi ayol o‘g‘lining ko‘krak bo‘shlig‘iga qo‘yilgan maxsus trubka orqali har kuni furatsillin yuborib, yiringlagan o‘pkani yuvar ekan.
O‘sha oqshom bu muolajani men bajardim. S.ning onasi faqat «o‘rgatib» turdi, xolos.
Ertasi kuni besh minutlikda kechagi masalani ko‘tarsam, bo‘lim mudiri ko‘pchilikning oldida uyaladi deb o‘yladim. Ammo javob tamoman boshqacha bo‘ldi:
— U xotin sizdan ham, mendan ham yaxshi yuvadi…
Murakkab ishni bitta konduktor xotinga topshirib qo‘ygan oliy ma’lumotli vrachni munosib ta’riflash uchun hanuz so‘z topa olmayman.
Beshinchi bekat
Bizda tibbiyotning bir yuz yetmish ikki sohasi bo‘yicha mutaxassis tayyorlanar ekan. Xo‘sh, bu sohalarda hamma birday javlon uradimi? Birinchi mutaxassisning bir yuz yetmish ikkinchiga nisbatan hurmati qanday? Bir yuz yetmish birinchi mutaxassis o‘zidan keyingisini qanchalik tan oladi? Ular hamisha ham bemorning taqdiri uchun bab-baravar qiziqishadimi? Bu savollarga javob axtarish jarayonida bir voqeani eslagim keldi. Uni menga marhum ustozim hikoya qilib bergan edi.
Endi ishga kelgan paytlarim. Choshgohda «tez yordam» kasalxonamizga yoshi anchaga borib qolgan bir kishini olib keldi. Uning ahvoli og‘ir edi. Birin-ketin o‘n ikki mutaxassis ko‘rib chiqishdi. O‘n ikkisi ham, bemorning hozirgi ahvoli bizga tegishli kasallik tufayli ro‘y bermagan, degan xulosa asosida o‘n ikki xil ko‘rgazma berishdi. Bemor esa kechga yaqin o‘n ikki bo‘limi «faol» ishlab turgan kasalxonaning qabulxonasida yorug‘ jahonni tark etdi.
Endi mana bu gapga quloq tuting:
Yuqumli kasalliklar shifoxonasining qabulxonasida navbatchilik qilayotgan vrach bemorni ko‘rib, uning onasiga:
— Bolangizning ahvoli og‘ir, shamollagan. Shu bois bolalar kasalxonasiga olib borasiz, — dedi.
— Yo‘g‘-e, — dedi bezovta ona, — qishloq do‘xtiri bolaning ichi buzilgani uchun sizlarga jo‘natgan edi-ku?
— Bizga tegishli kasalligi ham bor, lekin o‘pkasi chatoq. Shuning uchun aytilgan joyga boring-da, ichi ketganini aytmang…
Shu o‘rinda biz qachondan beri bemordan chetlab o‘tadigan, «otang qarisa qoch», qabilida ish tutadigan bo‘lib qoldik deging keladi! Axir yaqin-yaqingacha ustozlarimiz komandirovka payti yoki otpuska davrida ham ish joyidagi bemorlarning ahvolini so‘rab turishmasmidi? Malaka oshirishdan yoki dam olishdan qaytib ishga tushgan kuniyoq og‘ir ahvolda yotgan bemorning taqdiri nima bo‘lgani bilan qiziqishmasmidi?!
Ba’zan mutaxassislarning o‘zaro munosabatlarini, ular o‘rtasidagi muomalani ko‘rib ajablanasan kishi. Ayrim hollarda esa hatto xo‘rliging keladi.
Xirurg shahardagi mashhur pediatrdan: «Iltimos, bitta og‘ir bemorimni ko‘rib qo‘ysangiz», deya iltijo qilgan edi, pediatr quyidagicha javob berdi:
— O‘zingizning bolangiz bo‘lganida borar edim, afsuski, vaqtim ziq…
Gohida tuppa-tuzuk mutaxassis ham «qovun tushirib» qo‘yadi.
Obxod payti neyroxirurg M. bemor bolani ko‘rik qilaturib:
— Endi unga hech qanday ukol kerak emas, chunki bolani qayta operatsiya qilish lozim, — dedi.
Bu gapdan bolaning onasi qotib qoldi:
— Nega unday deysiz, bolamning ahvoli operatsiyadan so‘ng ancha o‘zgardi! Bu gapingizdan operatsiya qilgan do‘xturning xabari bormi?
— Men undan so‘rab o‘tirmayman, operatsiya noto‘g‘ri qilingan! Mana, rentgenda olingan suratda shunday ko‘rinib turibdi.
— Voy sho‘rim! — dedi ona. — Nahotki yana bolamning miyasini ochishsa? Ikkinchi operatsiyani ko‘tararmikin, endi oyoqqa turayotgan edi-ya…
Tunda rayonga chaqirilgan vrach peshinga yaqin ish joyiga kelsa, bolaning onasi yig‘lab uning oldiga chiqdi:
— Do‘xtir, qo‘lingizdan kelmas ekan, nima qilardingiz urinib?!
— Tinchlikmi, opa? — dedi hech narsadan xabarsiz bo‘lgan vrach.
— O‘g‘limni noto‘g‘ri operatsiya qilibsiz-ku!
— Kim aytdi sizga bu gapni?
— Bo‘lim boshlig‘ingiz.
— Qachon?
— Bugun obxod payti.
— Siz palatada turing-chi, men bir ozdan keyin kiraman, — deb u bo‘lim mudirining xonasi tomon yurdi. Mudir xonada yolg‘iz edi. — Bolani qayta operatsiya qilish kerak debsiz…
— Bo‘lmasam-chi, ana rentgenogrammasiga qarang, oskolkasi turibdi.
— Shunday oskolkadan operatsiya payti yettitasini olganman.
— Sakkizinchisini ham olish kerak edi.
— Olardim, ammo kuchli qon ketish ro‘y berdi. Bolaning hayotini saqlab qolish maqsadida operatsiyani tezroq tugatganman. Bitta oskolka qolgan bo‘lsa bordir, ammo u miyaning pardasidan tashqarida turibdi, keyinchalik miya qopqog‘i sathigacha ko‘tariladi.
— Ko‘tarilmaydi.
— Ko‘tariladi!
Bu aytishuv tortishuvga, tortishuv esa masalani butun kollektiv xirurglari o‘rtasida ko‘rib chiqishga sabab bo‘ldi.
Ko‘pchilik, bosh neyroxirurgni chaqirib uning fikrini bilish kerak, degan qarorga keldi. Bosh neyroxirurg kelib bola hech qanday qayta operatsiyaga muhtoj emas, ozod turgan bitta oskolka keyinchalik miya qopqog‘i sathiga ko‘tariladi, degan fikrni aytdi.
Bola bir necha kundan so‘ng kasalxonadan sog‘ayib chiqdi. Shunday qilib, bo‘lim mudiri ordinatorning xatosini «to‘g‘rilayman» deb o‘zining obro‘sini to‘kdi, xolos.
Ba’zan sevgan kasb sababli ishxonadagilar bir-biri bilan bir oila farzandlari kabi inoq bo‘lib ketganiga birovlarni ishontirolmaysan kishi.
Ustozim to‘satdan og‘ir dardga chalinib qoldi. Kasalxonada unga yordam ko‘rsatila boshlandi. Ammo, zarur bo‘lgan chorai tadbirlarning barchasi, uni davolayotgan vrachlarning ta’biri bilan aytganda, o‘z vaqtida bajo keltirilayotgan bo‘lsa ham, bemorning ahvolida yaxshilik tomonga o‘zgarish ko‘rinmas, aksincha, bemorning ahvoli tobora og‘irlashar edi. Odatda bunday payt har qanday bemorning qarindosh-urug‘lari zir yugurishlari tabiiy. Birov davolovchi vrachga qarab: «Balki noyob, topilmas dori kerakdir?» desa, ikkinchi bir kishi bosh vrachga, yuqoriroqdan mutaxassis chaqirmaysizlarmi, degan taklif bilan murojaat etadi. Afsuski natija bo‘lmadi — A. 44 yoshida, vrachlik faoliyatining o‘n sakkizinchi yili hayotdan ko‘z yumdi. Sakson yoshga yaqinlashib qolgan cholu kampir bevaqt o‘lim tufayli hazon bo‘lgan farzandi dog‘ida oh chekishdi. Men ularning qayg‘usiga qisman esa-da, sherik bo‘ldim. Mana shunga ham bir necha yil bo‘libdi. Ulardan hanuz xabar olib turaman. Har safar borganimda qariyalar ko‘zlarida yosh bilan: «Do‘xtir o‘g‘lim keldi!» deb qarshi olishadi.
Boshqa sohani bilmayman-u, meditsinada kadrlarning o‘rtoq bo‘lgani ma’qul. Mutaxassislikni yaxshi egallagan vrach ko‘p hollarda ish joyini o‘zgartirmaslikka harakat qiladi, hatto rahbar vazifalardan ham voz kechadi. I. degan xirurg bosh vrachlik vazifasiga o‘tish to‘g‘risidagi tavsiyani bir necha bor rad etganini yaxshi eslayman. Aksincha, shunday vrachlar ham borki, mustaqil ish boshlaganiga uch-to‘rt yil bo‘lmasdanoq ish joyini, ba’zan esa kasbini ham bir necha bor o‘zgartirishga ulgurishadi.
Yaqinda bir voqeaning shohidi bo‘lib hayron qoldim. Xirurgiya bo‘limining boshlig‘i, o‘ttiz yil faol ishlagan kishi kecha institutni tugatgan yosh vrach S.ga:
— Bugun navbatchi vrachning boshiga bir tashvish tushibdi, postda qoling, tabelga sizni yozamiz, — dedi.
— Qola olmayman, — dedi gapni cho‘rt kesib S.
— Uka, iltimos…
— Bo‘lmaydi, dedim-ku.
— Sababi bormi? — dedi bo‘lim boshlig‘i sal qizishib.
— Bor, indinga sinfdoshlar o‘tirishi, bugun bozor qilishim kerak.
Shu voqeadan ko‘p vaqt o‘tmay, uzoq rayondan kasalxonamizga bir yosh vrach kirib keldi. U bemor olib kelgan ekan. Bemorini topshirib bo‘lgach, S.ni so‘radi.
— Birga o‘qiganmisizlar? — dedim men unga.
— U biz bilan birga o‘qigani yo‘q, kursma-kurs birga yurgan, xolos, — dedi haligi yigit afsus bilan. So‘ngra menga ma’nodor qarab davom etdi: — Eh, aka, qanday «a’lochi» yigitlar xirurgiyaga o‘tolmay qolib ketdi. S.ga o‘xshaganlar esa, umrida biror marta operatsiyada qatnashmagan bo‘lsa ham, o‘tib olishdi. Operatsiya payti yordam berish u yoqda tursin, agar mustaqil ravishda qo‘lini yuva olsa men ismimni boshqa qo‘yaman! Bo‘l-bo‘l ekan, bor bo‘l ekan-da!.. Institutga kirishda ham, to uni tugatguncha ham pulni ishlatib kun ko‘rdi.
Uning gapini bo‘ldim:
— O‘zi student bo‘lsa, mo‘may pullarni qayerdan topadi?
— To‘g‘ri, o‘zida hech vaqo yo‘q, hammasiga savdoning qaysi bir burchagida in qurgan otasi balogardon. Shaharda ishga qolishning ham o‘zi bo‘lgani yo‘q…
Yigitning gapiga yarim ishonib, yarim ishonmay qo‘ydim. Ko‘p o‘tmay kasalxonaga boshqa tashkilotdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi: — Mahalliy komitet raisimisiz? — deb so‘radi kimdir. — Ha.
— Sizlarda bir vrach ishlar ekan, — dedi-da, u S.ni so‘radi.
— Ishlaydi, — deb to‘g‘risini aytdim.
— O‘sha yigitning hujjatlarini to‘g‘rilab rayispolkomga keling.
— Nima masalada ekanligini bilsam bo‘ladimi?
— Uy-joy to‘g‘risida, — dedi haligi odam.
— Bizda uy-joy uchun bir necha yildan beri ishlayotgan mutaxassislar navbat kutib turishibdi-ku?
— S.ga yosh mutaxassis sifatida uy beramiz…
Shunday qilib, S. yosh mutaxassis sifatida kvartiralik ham bo‘ldi. Ammo u bizning hisobdagi boshpanaga joylashgach, uyiga yaqinroq poliklinikani qulay bilib, ishni ham o‘zgartirib yubordi. Shundagina men uning kursdoshi aytgan gaplariga ishondim.
Oltinchi bekat
Bu bekat tabobat sohasidagi rahbarlaru ularning buyrug‘ini ijro etuvchilarga bag‘ishlanadi.
Har bir sistemaning, jumladan, meditsinaning ham o‘ziga yarasha rahbar xodimlari mavjud. Tan olish kerak: bizning rahbarlarimiz asosan ikki toifadan iborat. Birinchi toifa vakillari ko‘pchilikni tashkil etadi: ular avval tibbiyotni biror sohasida ko‘zga ko‘ringan, o‘z ishini puxta o‘rganib chiqqan va nihoyat, kollektiv tavsiyasiga muvofiq bosh vrachlik vazifasini bajarayotgan haqiqiy tashkilotchilarimizdir. Bunday rahbarlar kollektivning har bir a’zosiga o‘zining yaqin kishisidek mehribon, uning asosiy maqsadi — har bir xodimning ish vaqti unumli bo‘lishini ta’minlash.
Mahkamov degan xirurg kasalxonaning qaysi burchagida bo‘lsa ham bekor o‘tirgan oq xalat sohibini ko‘rib qolsa, doim bir gapni aytar edi: «Nahotki bemorga yordam berib bo‘lgansiz?» Uning bu oddiy luqmasida, vrach bemor uchun qancha vaqt ajratmasin, baribir kam degan mazmun yotardi.
Shunday bosh vrachlar borki, ularning ish printsipi, ayniqsa davlatning pulini saqlash va sarflash bobidagi xatti‑harakatlari peshona teri evaziga topgan pulini tiyinigacha ehtiyotlab yuradigan tejamkor kishinikiga o‘xshab ketadi. Kasalxona mulkini o‘zinikiday asraydi, u boshqalarni ham shunga undaydi. Xullas, fidoyi vrachlar bo‘lgani kabi fidoyi rahbarlar ham mavjud.
Har tayoqning ikki tomoni bo‘lganidek, fidoyi rahbarlarning ham teskari toifalari hayotimizda soya kabi biz bilan birga yashamoqda. Maqsad — o‘sha ikkinchi toifa vakili bo‘lgan, shuhratparastlik va dabdabavozlikni yaxshi ko‘radigan amaldorni fosh etishdan iborat. Bir donishmanddan donolik sirlarini so‘rashganida: «Ahmoqning teskarisi bo‘lmoq kerak», degan ekan.
Gap ikkinchi toifadagi rahbarlar haqida ketarkan, ularning ko‘pchiligi institut bo‘sag‘asini tark etishi bilanoq (ba’zilari hatto talabalik yillaridan boshlab) maxsus mashinada taltayib yurish, xonaning to‘ridagi katta stolga tirsak tirab viqor bilan o‘tirish orzusida ekanligini e’tirof etmoq lozim. Fikrimni isbotlashga o‘taman.
Institutni bitirib uchinchi yil ishlayotgan vrach B. kunlarning birida to‘g‘ri oblast sog‘liqni saqlash bo‘limiga kirib uning mudiriga:
— Men bitta iltimos bilan keldim, — dedi.
— Qanaqa iltimos?
— Bizga meditsina bilim yurtini bersangiz.
Oblast sog‘liqni saqlash bo‘limining mudiri avval gap nima haqda borayotganini anglamadi.
— Gapingizni tushunmadim.
— O‘sha bilim yurtiga direktor axtarayotgan ekansizlarku?..
— Ha, — dedi birdan hushyor tortib mudir, — axtarayotganimiz rost, umuman yaxshi fikr…
Iltimoschi uning gapini bo‘ldi:
— O‘zim ham rozi bo‘lasiz deb o‘ylagan edim. Buyruq qachon chiqadi?
— Siz hozircha boravering, bir kishi bilan gaplashib, maslahatlashib ko‘ray-chi.
Bu gapdan so‘ng B. xursand bo‘lib o‘rnidan turdi.
— Rahmat aka, menga unutilmas yaxshilik qilyapsiz.
Mudir B. ishlaydigan poliklinikaning bosh vrachiga qo‘ng‘iroq qilib, «bo‘lajak direktorining tarjimai holini so‘radi. Simning narigi tomonidan kelgan javob ham yomon bo‘lmadi:
— Unga lavozim kasali tekkan.
Yaxshi hamki, B. direktorlikka erisholmadi. Aks holda amal kursisidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanuvchilarning soni yana bittaga ortishi hech gap emas edi.
Qo‘nimsizlik deganda yana bir holni esdan chiqarmaslik kerak. Bu o‘rinda ba’zi vrachlarning boshliq bo‘laman deb ish joyini o‘zgartirishini ta’kidlamoqchiman.
J. degan tanishim mansab deb yigirma yil mobaynida o‘n to‘qqiz marta ish joyini o‘zgartirgan edi. J. o‘rinbosarlikkacha ko‘tarilib oxiri rahbarlikdan umid uzdi va yigirma yildan so‘ng amaliyotchi vrach bo‘lishga qaror qildi.
Ikkinchi toifadagi rahbarlarning qiziq odati bor: ular aksar hollarda shifoxonaning asosiy faoliyatini emas, kasalxona hovlisini, binolarning ko‘rinishini ko‘proq o‘ylashadi. Darvozadan toki kabinetimgacha yaraqlab tursa, hovlining gullarini ko‘rib kelgan kishi menga baho beraveradi, mabodo ichkaridan bir ishkal chiqib qolgudek bo‘lsa, o‘sha joydagi nonxo‘rning kovushini to‘g‘rilab qutulaman, degan fikr ularning hamrohi bo‘ladi. Shu bois ular bemorxonaning asosiy vazifasini ikkinchi o‘ringa qo‘yishadi.
Tabobat rahbarlari orasida fidoyi vrachlar qolib, laganbardor va ishyoqmaslarga yon bosadigan Birinchilarni uchratsam yoki ular haqida bir gap eshitsam, Kenja bobo bilan Qurbon bobo degan qariyalarning naqllari beixtiyor yodimga tushadi.
Kenja bobo naql qiladi:
— Bilasanlarmi, mushukni it nima uchun yomon ko‘radi?.. Bir kun olapar qarasaki, targ‘il mushuk uyning to‘ridagi taxmonga chiqib yotgan emish. Birpasdan so‘ng mushuk oftobga chiqibdi. Eshikdan chiqishi bilan uni olapar quvlab ketibdi. It: «Yillab uyni, hovlini qo‘riqlab turgan bo‘lsam-da, hali biror marta ichkariga qadam qo‘ygan emasman, sen nima karomat ko‘rsatdingki, taxmonga chiqib olasan?!» dermish.
Qurbon bobo naql qiladi:
«Umrida to‘rt marta ketmon urmagan Eshmo‘minni raisimiz har qadamda o‘ziga sherik qilib yurishiga sabab — Eshmo‘minning qo‘ynida hamisha tuxum bilan mayiz bo‘ladi».
Ettinchi bekat
Keyingi yillarda mutaxassislarning kategoriyalariga mutasaddi tashkilotlarimiz tomonidan jiddiy e’tibor berilishi bejiz emas. Malakali vrachlar moddiy va ma’naviy jihatdan taqdirlanib borilmoqda. Bu — tabobat sohasidagi kamchiliklarni yo‘q qilish va meditsina xizmatini yaxshilashda muhim tadbirlardan biri bo‘lib qoladi. Bas, shunday ekan, vrachlarga malaka kategoriyasi berish jarayoni bilan bog‘liq ba’zi bir mulohazalarni aytib o‘tsak foydadan xoli bo‘lmasa kerak deb o‘ylayman.
E. degan vrachni yaxshi bilar edim. U institutni bitirgach: shahardagi kasalxonada qolish yo‘llarini qidirdi. Internatura paytida kasalxonaning qaysi bo‘limida bo‘sh o‘rin borligi bilan qiziqdi. Nihoyat, laboratoriyada bo‘sh stavka borligini bilib, internatura tugash paytida bosh vrachning qabuliga kirdi:
— Akajon, sizning kasalxonangizda qolib ishlash baxtiga muyassar bo‘lsam, armonim yo‘q, — dedi u iltijo bilan.
— E, uka, sizni qayerda ham olib qolar edim, joy yo‘q-da! — dedi bosh vrach unga javoban.
— Bo‘sh o‘rin bor ekan, yo‘q demang, iltimos.
— Bo‘sh o‘rin? — deya yelkasini qisdi bosh vrach. — Bo‘sh o‘rin qayoqda, hamma shtat band-ku!
— Laboratoriyada…
— Ha-a, — dedi bosh vrach, — laboratoriyada stavkamiz bor, bir emas, ikkita, laborant bo‘lishga rozimisiz?
— Roziman, akajon, — entikib javob berdi yosh vrach.
Shunday qilib, Ye. shahardagi kasalxonada laborant bo‘lib ishga joylashdi. Ammo ikki yil ishlar-ishlamas bitta yo‘llanmaga egalik qilib malaka oshirish uchun o‘qishga jo‘nadi. Undan, niyating boshqacha edi-ku, deb so‘rashganida, hozircha ilashib olaylik, u yog‘i ham bir gap bo‘lar, deb javob berdi.
O‘qishdan kelib ham Ye. miq etmasdan eski joyida laborant bo‘lib ishlab turdi. Sal o‘tmay bosh vrachning ustidan imzosiz xat tushdi. Unga qo‘yiladigan da’volar orasida «kadrlarni o‘z sohasida ishlatmaydi» degan da’vo ham bor edi. Faktlari qisman tasdiqlangan nomsiz xat tufayli ogohlantirilgan bosh vrach o‘z xatolarini tuzatishga kirishdi. Jumladan, laborant Ye. ga ham endokrinologiya bo‘limidan o‘rindoshlik bo‘yicha vazifa tegdi. Yana besh yildan so‘ng Ye. qon kasalliklari bo‘limida to‘liq stavkada ordinator bo‘lib oldi va kategoriya olish uchun hujjat tayyorlashga kirishdi. Boshda Ye. o‘ylab qoldi: «Qaysi sohaga hujjat topshirsam ekan?» So‘nggi mutaxassisligim bo‘yicha attestatsiyadan o‘tay degan xulosaga keldi. Hujjatlarda u institutni tamomlagandan buyon gematologiya bo‘limida faol ishlab kelayotganligi ko‘rsatilgan edi. Xarakteristikani esa bosh vrach otpuskaga chiqqan payt oldi. Barcha hujjatlarini ko‘tarib kadrlar bo‘limiga kirgan edi, u yerda inspektor xotin bir oz tixirlik qilgandek bo‘ldi, ammo ikkita «opajon»dan keyin u ham kasalxonaning shapaloqdek muhrini Ye. ning o‘ziga uzatdi.
— Kategoriya olib qaytsangiz, quruq kelmassiz?
Ammo Ye. attestatsiya komissiyasining sinovidan o‘tolmadi. Haqqoniy attestatsiya komissiyasi mutaxassislarning faoliyatiga har tomonlama e’tibor beradi.
J. degan vrach o‘zining bilimdonligi bilan, ish paytida qilgan murakkab operatsiyalarining xilma-xilligi bilan ko‘pchilikning diqqatiga sazovor edi. Birdan komissiya a’zolaridan birovi undan so‘radi:
— Qancha shogird tayyorlagansiz?
Bu savolga javob berish o‘rniga J. qizarishga tushdi. Nachora, birorta ham shogird yetishtirmagan ekan. Komissiya masalaning shu tomonini ham hisobga olib, xulosa chiqardi.
Ha, chindan ham fidoyi vrachlar endi tetapoya bo‘layotgan kadrlardan o‘zlariga loyiq shogirdlar tayyorlashi, qolaversa, tabobatning bugungi jumboqlarini yechishda baholi qudrat ulush qo‘shishlari lozim ekan.
Kasalxonamizda ishlayotgan meditsina fanlari kandidatidan, ilmiy ishingizning natijalarini amalda qo‘llayotibsizmi, deb so‘ragan edim u:
— Bunga bizning sharoitda imkon yo‘q, — deb javob berdi.
Yangilik dunyoga kelganidan so‘ng probirkalarda qolib ketmasdan, xalqqa xizmat qilmog‘i darkor.
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 5–son