Pirimqul Qodirov. Hindiston saboqlari (1990)

Tarix sahifalarida ma’naviy saboqlar qancha ko‘p bo‘lsa, ulkan mamlakatlarga qilingan safarlar ham hayotingizga shuncha ko‘p yangi tushunchalar, tasavvurlar va tozarishlar olib kiradi. Ajoyibotlarga kon bo‘lgan Hindistonning ulug‘ va noyob mamlakat ekaniga avvalgi ikki safarim chog‘idayoq imon keltirgan edim. O‘tgan qish uchinchi marta Hindistonga borib, hali ko‘rmagan ko‘p joylarni ko‘rdimu eng avvalo uning gullab‑yashnab turgan tabiatiga va shu tabiatga chin farzanddek mehru oqibat ko‘rsatib yashayotgan xalqiga havasim keldi.

Tabiat va hukumat

Moskvada sovuq minus 26 darajaga chiqqan dekabr o‘rtalarida Yuriy Ivanovich Surovtsev bilan Sheremetevo aeroportiga yo‘l oldik. O‘zbek kitobxoni Yuriy Ivanovichni yaxshi biladi — jumhuriyatimizga ko‘p marta kelgan, katta anjumanlarda so‘zlagan nutqlari televizorlar orqali ko‘rsatilgan. U SSSR Yozuvchilari uyushmasining kotibi bo‘lishidan tashqari, mashhur adabiyotshunos va tarjimondir. «Ulug‘bek xazinasi» va «Yulduzli tunlar» Yu. I. Surovtsev tarjimasida Moskvada qayta-qayta nashr etildi va xorijiy tillarga o‘girildi. Uning navbatdagi ijodiy rejasi — «Avlodlar dovoni»ni tarjima qilish edi. Romanning asosiy voqealari Hindistonda bo‘lib o‘tgani uchun Yu. I. Surovtsev men bilan birga borib, romanda tasvirlangan shaharlar, daryolar, vodiylar, tarixiy obidalarni, eng muhimi, ming yillardan beri dunyoni o‘ziga jalb etib kelayotgan hind xalqini va bu mamlakatning tabiatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni rejalashtirgan edi. Bu reja yil oxirida amalga oshadigan bo‘ldi. Bizga tarjimon qilib tayinlangan Natalya Izosimova bilan «Sovetskiy pisatel» nashriyotining vakili shoir Eduard Balashov bir hafta oldin jo‘nab ketishgan ekan. Ular bilan Dehlida topishib, to‘rt kishilik yozuvchilar delegatsiyasiga aylandik. SSSR bilan Hindiston hukumati orasida tuzilgan madaniy aloqalar shartnomasiga binoan ijodiy maqsadlarni ko‘zlab kelganimiz uchun bizni yaxshi kutib oldilar, qulay mehmonxonalarga joylashtirib, barcha yo‘l xarajatlarimizni ko‘tardilar, qadimda «yavmul xarj» deb ataladigan kundalik sarflarga hind puli — rupiylar ham berdilar.

Safarimiz arafasida Hindistonning hukumat boshlig‘i o‘zgargan, Radjiv Gandi o‘rniga Pratap Sinx saylovda g‘olib chiqqan, mamlakat Asosiy qonuniga binoan, barcha nozirlar, shu jumladan, bizga mezbonlik qilgan madaniyat sohasining mutasaddilari ham yangilanishi kutilmoqda edi. Shunga qaramay, mezbonlarning munosabatida biron sovuqlik, muvaqqatlik yoki boshqacha o‘zgarishlar sezmadik. Dehlida biz bilan uchrashgan sovet elchixonasi vakillari ham «munosabatlarimiz avvalgiday yaxshi davom etmoqda, chunki bizning Hindiston bilan aloqalarimiz doimiy bir do‘stlik va hamkorlik asosiga qurilgan» deyishdi.

Aslida, demokratik yo‘l bilan saylanadigan hukumat azaldan bor bo‘lgan mamlakatni va uning xalqini tabiiy bir mavjudotdek, iqlimdek qabul qiladi. Iqlim insonning irodasiga bo‘ysunmaydi. Ammo o‘tmishda «Xalq mening irodamga bo‘ysunsin!» degan mutlaq hokimlar tabiatni va iqlimni o‘ziga itoat etdirishga intiluvchi zo‘ravonlardek zulm o‘tkazgan, behad ko‘p fojealarga sabab bo‘lgan edilar. Tarixiy taraqqiyot jarayonlari bunday zo‘ravonlikni tabiiy asosga ega bo‘lmagan ichi puch sun’iy narsadek uloqtirib tashladi. Xalqning irodasini tabiiy mavjudoddek qabul kiladigan va parlament joriy etgan qonunlarni barchaga barobar iqlim o‘rnida ko‘rib ish yuritadigan hukumatlar huquqiy davlat sirasiga kiradilar. Hindistonda mana shunday tabiiy asosga ega bo‘lgan demokratik davlatni M. Gandi va J. Nerular tuzib ketgan edilar. Indira va Radjiv Gandilar ota-bobolarining shu an’anasini tadrijiy davom ettirdilar. Ko‘pchilik ishonib ovoz bergan yangi hukumat boshlig‘i ham huqukiy davlat tartibotini yana tadrijiy tarzda davom ettiradi, degan ishonch bor.

Xullas, hukumat boshlig‘i almashingan nozik bir paytda ham huquqiy davlat talablariga yaxshi rioya qilgan va biz kabi mehmonlarga avvalgiday ilik munosabatda bo‘lgan mezbonlarimizdan o‘zimcha mamnun bo‘lganimda ko‘nglimdan bir fikr o‘tdi: tabiatga xos barqarorlik va tadrijiylikni o‘ziga singdirgan davlat xalqqa tabiat kabi yaqin va zarur bo‘ladi. Qayta qurish jarayoni bizda ham ana shunday huquqiy davlatni kamolotga yetkazishi kerak.

Iqlim va hayot tarzi

Garchi yoz oylarida Hindiston issiqlariga toqat kilish chetdan borgan odam uchun behad qiyin bo‘lsa ham, bunga asrlar davomida moslashgan xalq uchun issiq iqlim — ulug‘ bir ne’matdir. Chunki yil bo‘yi butun borliq yam-yashil bahor libosini tark etmaydi. Biz borgan qish oylarida ham Hind ummoni bo‘yidagi Madras, Maysor, Bangalor atroflarida yuz xil ajoyib gullar muattar hid taratib ochilib turardi. Ayni shu vaqtda dalalarda sarg‘ayib pishgan sholining ikkinchi hosilini o‘rib yanchayotgan, shamolda sovurib, donini ajratayotgan, yoki bog‘larda pishgan banan va xurmolarni uzib, bozor rastalariga olib borayotgan dehqonlar… Tabiat kuz yomg‘irlaridan keyingi quyoshli kunlarda tiniq va beg‘ubor bo‘lib yashnab turibdi. Odamlar yengil yozgi kiyimlarda, oyoqlarida shippak.

Ulug‘vor dolg‘a to‘lqinlardan ko‘pirib yotgan ummon bo‘ylab ming chaqirimdan ortiq yo‘l bosdik. Hamma joyda iliq, farovon va mayin tabiiy muhit. Uning bag‘rida yashayotgan odamlar yegulik va kiygulik hamma narsani mehnat qilib topishlari uchun imkoniyat bor.

Hindiston tarixini o‘rganar ekanman, bir narsaga hayron qolaman: ming yillar davomida shuhrat va boylik izlovchi fotihlar bu mamlakatga goh shimoldan, goh g‘arbdan, goh janub va sharqdan bostirib kelganlar. Ammo shu ming yillar davomida Hindistonning o‘zi yoki uning podsho va sarkardalari na shimolga, na g‘arbga, na janub va shark mamlakatlari ustiga qo‘shin tortib, fotihlik qilichini o‘ynatib borgan emaslar. Buning ko‘p sabablaridan biri shuki, Hindistonning o‘zi boy, tabiati saxiy, xalqi qanoatli va mehnatsevar. Bu xalq barcha ehtiyojlarini o‘z vatanida qondira oladi, shuning uchun badnafs, shuhratparast lashkarboshilar xalq ommasini boshqa mamlakatlarga bostirib borishga ko‘ndira olgan emas. Buning yana bir sababi — turli ellarni tinch-totuv yashashga, bag‘ri keng bo‘lishga, birodarlarcha murosa qilishga o‘rgatuvchi eng qadimiy axloq nizomlari Hindistonda ming yillar davomida o‘z kuchini yo‘qotmay keladi. Uch ming yil oldin yaratilgan «Manu qonunlari», «Axtarvaveda» va «Gita» — shular jumlasidandir. Bundan uch yarim ming yil oldin nomi muqaddas kitoblarda qayd etilgan hind tangrisi Braxma Yahudiylarning muqaddas «Tavro»tiga Avraam nomi bilan o‘tadi. Qeyinchalik bu tangrini musulmonlar Ibrohim payg‘ambar nomi bilan ulug‘lab, «Qur’on» suralariga kiritadilar. Mana shu an’anaviy bag‘rikenglik tufayli hindistonliklar VIII asrda islom dinini ixtiyoriy ravishda qabul qiladilar. O‘rta Osiyoda Qutayba qilgan zo‘ravonlik va xunrezliklarni Hindistonga borgan arablar qilmaydilar. Shu bilan islomning Hindistonda sog‘lom bir murosali asosda rivojlanishiga imkon yaratadilar. Hozir Hindiston yarim orolida, Pokiston va Bangladeshni qo‘shib hisoblaganda, uch yuz milliondan ortiq musulmon yashaydi. Dunyoning boshqa hech qaysi qit’asida musulmonlar bunchalik ko‘p emas.

To‘g‘ri, zo‘ravonlikdan manfaatdor bo‘lgan tor ko‘ngilli ta’magirlar goh Kashmirda, goh Panjobda hindlar bilan muslimlar orasiga nizo urug‘ini sochadilar. Bu yovuz urug‘lar goho begunoh odamlarning qoniga zomin bo‘layotgani hakida matbuot tashvishli xabarlar keltirib turadi. Lekin biz sayohat qilgan janubiy o‘lkalarda, Dehli va Agra atroflarida hindlar bilan muslimlar bir-birlarining hurmatlarini joyiga qo‘yib, osuda va inoq yashayotganlariga guvoh bo‘ldik. Buni isbot etadigan dalillarni quyida Mirzo Humoyun va Akbar maqbaralari haqida so‘z yuritganda yana keltirmoqchiman.

O‘zbekiston kabi Hindistonda ham ko‘pchilik aholi qishloqlarda yashaydi. Hind qishloqlarida ham kulbalar shaklini olgan ko‘rimsiz uylar ko‘p. Faqat hind uylarining tomlari bambuk barglari bilan yopilgan. Katta ko‘cha bo‘ylarida shinam qilib qurilgan g‘ishtin binolar ham oz emas. Lekin iqlim iliq va o‘g‘ri kam bo‘lgani uchundir, ikki qavatli, temir panjarali derazalarni uchratmaysiz. Qishloqlarida qulflanadigan eshiklar yo‘q. Umuman, qulfu kalitlarni biz faqat shaharlarda, o‘zimiz turgan mehmonxonalarda ko‘rdik. Qishloqlarda va shaharlarning oddiy mehnatkashlari turadigan mahalla-ko‘ylarida odamlar kulfu kalitsiz, temir panjaralarsiz ochiq-sochiq yashaydilar.

Bir vaqtlar o‘zimizning Toshkent, Samarqand va boshqa shaharlarimizda ham qulflanadigan joylar juda oz bo‘lardi. Hatto bozor rastalarida qimmatbaho buyumlar sotiladigan do‘konlar kechasi faqat chiy bilan bekitib ketilardi. Men bu yaxshi odatni o‘sha joylarda sog‘inch bilan esladim.

Mahalla-ko‘y bo‘lib yashash odatlari Hindistonda juda yaxshi saqlanib qolgan. Bir oiladay inoq yashaydigan mahalla-ko‘yga o‘g‘ri yoki shumoyoq kishilar oralay olmaydi, chunki birontasi yomonlik qilsa ko‘pdan qochib qutulolmaydigan quyonday qo‘lga tushadi. Qishloq jamoalari va shahar mahallalarida «panchayat» deb ataladigan besh kishidan iborat hay’at va rahbariyat bor. Eng e’tiborli odamlardan tashkil topgan shu panchayat ma’muriy ishlarga ham, to‘yga ham, azaga ham mutasaddi bo‘lib turadi. Ular moxiyat e’tibori bilan bizning eng yaxshi mahallalarimizda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan mahalla kengashlarini eslatadi.

Sharqda asrlar sinovidan o‘tib kelayotgan mahalla‑ko‘y bo‘lib tinch-totuv yashash an’analarini ma’naviy qadriyat sifatida e’zozlashimiz va rivojlantirishimiz kerak. Toshkentimiz bir qancha chet el shaharlari bilan birodarlashgan. Shu birodarlikni muayyan mazmun bilan to‘ldirish uchun Toshkentdagi eng yaxshi mahalla o‘tag‘asilari Hindistondagi birodarlashgan shaharlarning mahalla panchayatlari bilan bordi-keldi kilsalar, tajriba almashsalar, buni matbuotimiz radio-televideniye orqali targ‘ib etsa juda yaxshi bo‘lardi.

Iqtisod va texnika

Hindistonda aholi juda zich joylashgan. Xuddi bizning Farg‘ona vodiysidagi kabi qishloqlar qishloqlarga ulanib ketgan. Mamlakatning aholisi 817 milliondan ortiq. Yer maydoni esa bizning mamlakatimizdagiga qaraganda to‘rt-besh barobar kam. Shunga qaramay Hindiston o‘zini o‘zi boqadi, chetdan don va boshqa oziq-ovqat sotib olmaydi. Bozor va magazinlarida yeguliklar, kiyim va buyumlar istaganingizcha topiladi. Puli borga hamma narsa to‘kin. Nisbatan olganda, narxlar ham insof bilan qo‘yilgan. Deylik, bizning valyuta hisobidagi 1 so‘mimizga 24 rupiy almashtirib beriladi. Shu 24 rupiyga bozordan ikki kilo yaxshi qo‘y go‘shti olishingiz mumkin. Ikkita banan bilan tushlik qilib ketadigan odamlar bor. Ikkita banan esa 1 rupiy turadi…

To‘g‘ri, ish topolmay tilanchilik kilib yurgan, moyanasi pastligidan kambag‘alona yashaydigan oilalar va boshqa ijtimoiy muammolar Hindistonda ham oz emas. Lekin ishsizlar, kambag‘allar yoki tilanchilar bizda yo‘qmi?

Eng muhim mezon — mamlakat tabiatini va xalqining axloqini yaxshi saqlay bilish bilan bog‘liq.

Maxatma Gandi va Javaharlal Nerudan boshlangan hind an’anasi — fan-texnika inqilobining tabiatni buzadigan ayrim tomonlaridan mamlakatni ehtiyot qilishga qaratilgan. Deylik, jazirama issiqda yer haydash og‘ir. Yerni ko‘p buzmaydigan rezinka g‘ildiraklik kichik haydov traktorlari bor. Ular dehkonning og‘irini yengil qiladi. Shuning uchun davlat bunday traktorlarga yo‘lni keng ochib qo‘yibdi. Ammo tuproqni shibbalab qotirib tashlaydigan zanjirtish og‘ir traktorlar, yerni ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradigan ekskavatorlar, buldozerlar va shularga o‘xshash qurilish texnikalari Hindistonda deyarli qo‘llanilmaydi. Ularni ishlab chiqaradigan zavod qurishga ruxsat berilmagan. Chetdan keltirib sotishni istagan firmalarga juda katta boj soliqlar solinadi, foyda o‘rniga zarar ko‘rishni esa hech qaysi firma istamaydi. Og‘ir yuklarni ko‘taradigan kranlar bor. Ular yerni ko‘p buzmaydi. Ammo ekskavator, buldozerlar yo‘q. O‘larning ishini ham odamlar qiladi. «Ehtimol, bu uncha to‘g‘ri emasdir, — deyishdi hind mezbonlarimiz. — Lekin bizda ishchi kuchi ko‘p. Qo‘l mehnati arzon. Odamlarni ish bilan ta’minlash uchun ham qurilish texnikasini kam ishlatamiz. Eng muhimi, qurilish texnikasidan tabiatimiz ortiqcha zarar ko‘rmaydi».

Bu haqda munozara qilish mumkin. Bizda Katta Farg‘ona kanali qo‘l mehnati bilan qurilgani ko‘pchilikka ma’lum. Texnika yordamida qurilgan Amu-Buxoro yoki Qarshi kanallarini Katta Farg‘ona kanali bilan solishtirsangiz, inson qo‘li chindan ham gul ekaniga amin bo‘lasiz. Chunki Katta Farg‘ona kanalining har ikkala qirg‘og‘ida tabiat yaxshi saqlangan, yuzlab chakirim sohilning hammasi daraxtzor, bog‘. Ammo Mirzacho‘lda, Qarshi cho‘lida qurilgan kanallarimizning qirg‘oqlarida bunday obod manzillar juda kam.

Albatta, buning uchun qurilish texnikasi aybdor emas. Gap texnikadan me’yorida va o‘z o‘rnida oqilona foydalanish haqida boryapti. Ko‘chalarni ortiq darajada kavlab tashlashlar va oylar davomida buzilgan yerni tuzatmay tashlab qo‘yishlar hammamizni bezor qiladi. Agar yerning yoki ko‘chaning haqiqiy egasi bo‘lsa edi, uni kavlab tashlab qo‘yishga yo‘l qo‘ymas edi.

Boshqa bir narsani oling. Bir kishining yarim kunlik qo‘l mehnati bilan bitadigan ishga ham «Belorus» yoki undan kattaroq yerkavlagich mashina keladi. «Nega?» desangiz, ba’zilar «bizda hamma ish mexanizatsiyalashgan, yoshlar ketmon bilan yer kavlashni istamaydi» deyishadi.

Biroq igna bilan bitadigan ishga juvoldiz ishlatilsa nozik mato buziladi. Shunga o‘xshab, ikki metr joy kavlanishi kerak bo‘lsa, «Belorus» yoki ekskavator birpasda yuz-ikki yuz metrlik joyni ag‘dar-to‘ntar kilib ketadi. Uni tekislash uchun chaqiriladigan buldozer yo‘lida uchragan biror narsani buzib, yiqitib o‘tadi. Yana bunga qancha yonilg‘i sarflanadi, texnika xarajati ortadi. Axir muncha buzg‘unchilikka ketgan pulni ikkita yollanma ishchiga bersalar, ham o‘n barobar arzonga ish bitirish mumkin bo‘ladi, ham tabiat behuda buzilmaydi, ham ko‘ngildagidek chiroyli natijaga erishiladi.

Axir qo‘l bilan qilingan ish puxta, go‘zal, umrboqiy bo‘ladi. Samarqand, Buxoro obidalari buni ko‘rsatib turibdi. Texnika ishlatishda biryoqlama ketayotgan odamlarga yana bitta misol keltiray. So‘zana yoki do‘ppining kashtasini «popop» mashinada ham tikish mumkin. Lekin biz asl do‘ppi kiygimiz kelganda chevarlar qo‘lida tikilganini olamiz. Qo‘lda tikilgan asl do‘ppi «popop» mashinanikidan besh-olti barobar qimmat bo‘lsa ham, chevarnikini afzal ko‘ramiz.

Hayotning juda ko‘p sohalarida texnikaga biryoqlama berilib, qo‘l mehnatini mensimagan odamlar ketmonni ham bekorga «pufsassiqqa» chiqarib yo‘qotib yubormoqchi bo‘ldilar. Hatto ba’zi shoirlarimiz «ketmonga» qofiya qilib, «ket mandan, ro‘dapo!» deb, ajdodlarimiz kashf qilgan bu ajoyib mehnat kuroliga haqoratomuz sifatlar berdilar. Lekin ketmondan kulganlarning o‘zlari kulguli ahvolga tushib qoldi. Chunki ketmonsiz chopiq yo‘q, ketmonsiz o‘toq yo‘q. Ketmonsiz ekin sug‘orib bo‘lmaydi.

Paxtaning og‘ir mehnati va yakka ziroatchilik illati uchun ketmonni aybdor qilib qutulib ketmoqchi bo‘lganlarga qarshi Qashqadaryo viloyatining Ulyanov nohiyasida katta yo‘lning chorrahasida bir haykal o‘rnatilgan. «Suvchi» deb ataladigan bu haykalning qo‘lidagi ulkan ketmoni yaqin o‘tmishning ba’zi rahbarlarini g‘azabga keltiradi. Haykalni olib tashlash haqida buyruq ham beriladi. Lekin hayotga aql ko‘zi bilan qaray olgan halol odamlar haykal atrofidagi dalalarda, bog‘larda ishlayotgan dehqonlarga qaraydilar. Ulardan birortasining ishi ketmonsiz bitmasligini ko‘radilar. «Hayotda bor narsa nega haykalda bo‘lmasligi kerak?» deyishib, chorrahadagi ketmon tasvirini o‘z o‘rnida qoldiradilar.

Texnikaga beme’yor ruju qilgan ba’zi odamlar traktor yoki mashina kabinasidan tushmaslikka tirishadilar. Ozgina piyoda yursalar bir joylari kemtilib koladigandek bo‘ladilar. Ba’zi qurilish boshliqlari katta samosval yoki KAMAZ mashinalarini yuksiz quruq haydab yurib mayda-chuyda shaxsiy ishlarini bitiradilar. «Mana shu mening personal «Volgam»!» deb maqtanib ham qo‘yadilar. Bu hammasi davlat va xalq mablag‘ini noinsoflarcha isrof kilishdan tashqari, iloji bo‘lsa hojatga ham texnika minib borishga o‘rgangan odamlarning sog‘lig‘ini yemiradi. Nuqul traktordan tushmaydigan, yana uni mudom yengil mashinaday chopdiradigan traktorchilar muttasil silkinishlar okibatida ichlari ezilib, qorinlari nok shakliga kiradiyu bedavo kasallarga chalinadi. Nuqul mashinada yurib, besh qadam piyoda qadam tashlashga erinadiganlar bora-bora oyoqdan qoladilar. Chunki inson ham tabiat farzandidir. Agar odam butunlay tabiatdan uzilib qolsa-yu, qo‘l-oyog‘i yerga tegib turmasa sog‘lig‘i tez ishdan chiqadi.

Men Hindistonda safarda yurib bular xaqida o‘ylaganimning sababi shuki, bir vaqtlar, bizda ham kimyoviy dorilar kam, texnika me’yorida ishlatilgan paytlarda odamlarimiz tabiatga juda yaqin va undan ona bag‘rida yashaganday yayrab yashar edilar. Hozirgi sariq kasalliklari yo‘q edi. Hindiston xalqining aksariyati hozir ham sariq nimaligini bilmaydi. To‘g‘ri, u yerda bezgak, ichburug‘, hatto vabo uchrab turadi. Lekin bu kasallarga chalinganlarni mamlakat aholisining umumiy soniga qiyos qilsangiz, yarim foizga ham bormaydi. Bizda sariq kasalga chalinganlar sonini jumhuriyat aholisi soniga qiyos qilganingizda hindlar bizdan ko‘ra sog‘lomroq hayot kechirayotganiga ishonch hosil qilasiz. Buning ko‘p sabablaridan biri shuki, kimyoviy o‘g‘itlar ularda juda qimmat, shuning uchun tejab-tergab, nihoyatda kam ishlatishadi. Texnika vositalariga munosabat ham xuddi shunday. Qo‘l mehnatiga hurmat baland. Hunarpesha kosiblar behad ko‘p. Yerga, daraxtga, toshga, umuman tabiiy mavjudotga qo‘l-oyog‘i tegib mehnat qiladigan odamlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shuning uchun mamlakat odamlarida tabiiy bir sog‘lomlik yaxshi saqlangan.

Axir biz ham tabiat bag‘rida ishlab yurgan paytlarimizda sog‘lomroq emasmidik? Tabiat — ona. Undan yomonlik kutmaysiz. Bolalik paytlarimizda duch kelgan ariq bo‘yiga ko‘krak qo‘yib, kiyik kabi suv ichardik. Doim yerda o‘tirardik. Chunki yerlarda qurilish chiqitlari, kimyoviy dori qoldiqlari, plastmassa parchalari va mashina yog‘lari bo‘lmas edi.

Egalik mas’uliyati

Hindiston ham sanoati taraqqiy etgan industrial mamlakatga aylangan. Shaharlarida mashinalar va qurilishlar juda ko‘p. Lekin qurilish chiqitlarini ko‘rmaysiz, chunki tsement, g‘isht va boshqa materiallar tejab-tergab sarflanadi. Hamma odamlar tejamkorlikka o‘rgatilgan. Kimki istrofgarchilikka yo‘l qo‘ydimi, buning pulini cho‘ntagidan to‘laydi. Chunki har bir qarich yer, har bir kilo tsement, har bir so‘m pul — egalik. Ko‘pgina korxonalar, qurilishlar va yo‘llar davlatniki. Lekin ulardagi hisob-kitob va shaxsiy manfaatdorlik xuddi xususiy mulk egalaridagiga o‘xshash iqtisodiy javobgarlik asosiga qurilgan.

Fikrimning isboti uchun bitta misol keltiray: Haydarobod shahrida bir soatcha bo‘sh vaqt bo‘lib qoldi. Ko‘chaga aylanib chiqdim. Katta ko‘chaning chetiga piyodarav yo‘lak qurilayotgan ekan. Antarma-mashina, ya’ni samosval turibdi. Yo‘l quruvchilarga xos sariq rangli kiyim kiygan uch-to‘rt ishchi ortiqcha tosh-tuproq va qurilish chiqitlarini tog‘oraga o‘xshagan narsalarga solib boshlariga qo‘yadilar-da, borti ochiq turgan samosvalga eltib to‘kadilar. Oftobda chiniqqan chayir ishchilar bir pasda yo‘lak bo‘ladigan joyni tekislab, ortiqcha chiqitlarini antarma-mashinaga ortib berdilar. Agar buning o‘rniga yerkavlagich texnika chaqirilsa, ozgina yuk ortguncha ko‘p joyni buzib qo‘yardi. Uni tekislash uchun yana buldozer chaqirishga to‘g‘ri kelardi. Bunga qancha vaqt, yonilg‘i, pul ketishini o‘ylang!

Haydarobodlik quruvchilarning boshlig‘i bilan gaplashib qoldim.

— Agar, — deydi, — bu joyni men kavlab tashlab qo‘ysam, yerning egasiga har kuni o‘z cho‘ntagimdan bir talay jarima to‘layman.

Men hayron bo‘ldim:

— Qurilish davlatniki emasmi?

— Davlatniki. Lekin davlat menga xarajatini hisoblab pul bergan. Yo‘l qurilishini ijaraga olganman.

Bizdagi ijara pudrati esimga tushdi:

— Demak, siz davlat bergan pul uchun javobgarsiz?

— Ha, shartnoma tuzib qarz olganman. Bu pulning bir qismi cho‘ntagimda, qolgani bankadagi hisobimda. Agar ikkita ishchi belkurak bilan bitiradigan ishga yer kavlagich texnika chaqirsam… Bizda yonilg‘i ham, texnika ham qimmat — besh-olti barobar ortiq haq to‘lashimga to‘g‘ri keladi. Undan ko‘ra mana bu ishchilarni yollash arzonga tushadi. Men bularga moyanani har besh kunda bexato to‘layman. Kassir ham, buxgalter ham o‘zim. Chunki davlat karz pulni menga ishonib bergan. Ish haqini bexato oladigan quruvchilar ishni ham bexato bajarishadi.

Qarang, davlat biror so‘mini egasiz qilib qo‘ymaydi. Kimga qancha mablag‘ berilsa, bu odam shu mablag‘ni egalik hissi bilan sarflaydi va pirovard natija uchun javob beradi. Bizning eski ma’muriy-buyruqbozlik sistemamizda esa beriladigan mablag‘ga yuzta idora xo‘jayin, yuzta buxgalter va revizor nazoratchi bo‘lar, «palon pulni faqat palon moddaga sarflaysan, boshqa narsaga sarflashga haqqing yo‘q!» deyishib, har bir so‘mni qolipga solib tashlashar, natijada egalik hissi ham, egalik mas’uliyati xam yo‘qolar edi. Million va milliardlar og‘izda xalqniki, davlatniki deb aytilar, aslida ular rasmiyatchilar o‘rtasida sarson bo‘lib, xo‘jasizlik qumlariga singib, isrof bo‘lib ketardi.

Jamiyatimizda har bir qadriyatning va har bir so‘mning egasi bo‘lishi kerak, degan e’tiqod endi qayta shakllanyapti. Chunki egalik tuyg‘usi ilgaridan bor. Dehqon o‘z tomorqasining haqiqiy egasi bo‘lgani uchun unga puxta o‘ylab ekin ekadi va kolxoz-sovxozlardan uch-to‘rt barobar ortiq daromad oladi. Shaxsiy xo‘jalikning chorvasi ham kolxoz-sovxoznikidan yaxshiroq boqiladi, ko‘proq sut, go‘sht beradi. Chunki bu chorva — egalik. Egasizlik esa ilgari qarg‘ish so‘z hisoblanardi. Esimda bor, keksa odamlar birorta moldan ranjisa: Egasiz qolgir! Besohib bo‘lgur! — deb qarg‘ar edi. Chunki egasiz qolgan mol och, qarovsiz, tashlandiq ahvolga tushadi, uni bo‘ri yeb ketishi osonlashadi.

Yana Hindistonga qaytaylik. Hind mashinalariga tushib, bir kunda 500—600 chaqirim yo‘l bosgan kunlarimiz bo‘ldi. Aholi zich bo‘lgani uchun qatnov juda kuchli: yengil mashinalar orasida minglab velosipedlar. «Veloriksha» deb ataladigan kirakashlar, «Mototaksi» nomini olgan usti soyabonli kichik taksilar… Ularning orasida tog‘day ulkan ko‘rinadigan «Tatra» nomli baland yuk mashinalari. Bizning KAMAZlar ulardan qudratliroq. Lekin hindlar kichkina «Veloriksha»sidan tortib, ulkan yuk mashinalarigacha xammasini tozalab, chiroyli bo‘yoqlarga bo‘yashadi va odamni o‘ziga tortadigan qilib bezab minishadi. Chunki mototaksining ham, «Tatra»ning ham egasi bor, ular o‘z texnikalari yordamida pul topib, ro‘zg‘or tebratadi. Boshqa minglab mashina va moto egalari ham o‘zlariga ish topshiradigan mijoz izlashadi. Bizda taksi yoki yollanadigan yuk mashinasi talash bo‘lsa, ularda, aksincha, mashina yollaydigan mijoz talash. «Mana, mening mashinam yaxshi, yukingizni menga topshiring, xursand bo‘lasiz!» degan so‘zlar bilan ular mijoz uchun kurashadilar, musobaqa qiladilar. Bu musobaqada yutib chiqish uchun o‘z mototaksilari yoki yuk mashinalarini ozoda tutadilar, bo‘yab, bezab, jozibali qilib minadilar. Bundan mijoz ham mamnun bo‘ladi, mashina egasi ham yutadi, ko‘chalarda ularning tovusday rang‑barang tovlanib yurganini ko‘rgan biz kabi sayyohlar ham xursand bo‘ladi.

Qarang, alohida shaxs manfaati jamiyat manfaati bilan uyg‘un kelishi uchun xo‘jasizlikka yo‘l bermaydigan egalik mas’uliyati har bir odamda mumkin kadar yaxshi taraqqiy etishi kerak ekan.

Inson erki va davlat nazorati

Egalik hissi bilan erk bir-biriga zid emas. Siz o‘z shaxsiy mulkingizga erkin munosabatda bo‘lasiz, uni qanchalik avaylasangiz, shunchalik ravnaq topdirishga intilasiz, bu yo‘lda qo‘lingizdan kelgan barcha tashabbusni ko‘rsatasiz. Ishingiz qanchalik samarali bo‘lsa, qancha ko‘p daromad olsangiz, davlat bundan shunchalik manfaatdor. Chunki siz davlat xazinasiga kattagina ulush — daromad solig‘i to‘laysiz.

Hindiston hukumati o‘z mamlakati va davlatining manfaatlarini kattiq turib himoya qilishini qator misollarda ko‘rdik. Hozir «Ford» yengil mashinalari yoki yapon radiotexnikasi dunyo bozorlarini egallab olganligi ko‘pchilikka ma’lum. Lekin Hindistonda ular deyarlik yo‘q, chunki narxi haddan tashqari qimmat — davlat ularga ataylab boj solig‘ini shunday baland qilib qo‘yganki, olgan ham, sotgan ham zarar ko‘radi.

Iqtisodiy ish uslubi — foyda va zararga asoslansa ur‑sur qilib, chayqovchilarni quvib yurishga hojat qolmaydi. Deylik, yapon magnitofonining kassetasiga xaridor ko‘p. Hind mutaxassislari yaponlarnikidan qolishmaydigan kassetalar yaratadilar. Ularni ishlab chiqaradigan korxonalar ham tez paydo bo‘ladi — chunki talab katta, daromadi zo‘r. Qarabsizki, bir-ikki yil o‘tmay hind kassetalari barcha radio magazinlarida ko‘payib ketadi. Ular yapon kassetalaridan arzonroq sotiladi. Shuning uchun, masalan, men ham hind kassetalaridan oldim. 90 minutlik hind kassetasi 17 rupiy. Bizda buni 17 so‘mga ham topolmaysiz. Holbuki, yuqorida aytganimday, bizning bir so‘mlik valyuta pulimizga 24 rupiy almashtirib berildi.

Engil mashinalar, mototsikllar va boshqa turli xil texnika vositalari ham taraqqiy etgan mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish va hind sharoitiga oqilona tadbiq etish natijasida yaratiladi, so‘ng xalq talabini qondiradigan darajada ko‘p ishlab chiqariladi. Hind yengil mashinalari orasida eng ko‘p tarqalgani «Ambrassador» deb ataladi. Narxi chet el mashinalarinikidan xiyla arzon, o‘zi uncha hashamatli bo‘lmasa ham, mamlakat sharoitiga juda moslashgan, ko‘pga ketadigan pishiq-puxta qilib ishlangan. Biz shu «Ambrassador» mashinalarida minglab chaqirim yo‘l bosdik. Biror joyda buzilib to‘xtab qolganini, ruli yo tormozi, yoki biron g‘ildiragi pand berganini ko‘rmadik. Mana shunga o‘xshash sifatli hind yengil mashinalarini magazinlardan istaganingizcha sotib olishingiz mumkin. Talab qancha ko‘p bo‘lsa, sanoat shuncha «jon» deb ishlab chiqaradi. Chunki hamma ish iqtisodiy mustaqillik va tashabbus asosiga, ko‘p va xo‘b mahsulot berib, yaxshi daromad olish va shu tufayli yaxshi yashash negiziga qurilgan. Davlat siyosati esa barcha shaharu qishloqlarda hind xalqining o‘zi ishlab chiqaradigan sanoat va qishloq xo‘jalik mollariga yetakchi o‘rinni beradi. Shu tarzda mamlakat iqtisodiy jihatdan mustaqil yashaydi, mehnatkash xalq ish bilan ta’minlanadi, bozorlarda mol serob, ishlab chiqarishdagi musobaqa — raqobat iste’mol buyumlarining sonini ko‘paytirishga va sifatini yaxshilashga yordam beradi.

Biz shu vaqtgacha bunday narsalarni «faqat burjuylarga xos kapitalistik yo‘l» deb qoralab keldik. Holbuki, xalqning talab va ehtiyojiga qarab oziq-ovqat, kiyim, buyum ishlab chiqarish — burjuaziya va kapitalizmdan ming yillar oldin ham bo‘lgan, ulardan keyingi sotsialistik tuzumda ham bo‘lishi kerakligini endi astoydil anglayapmiz. Axir tabiatga, iqlimga siyosiy tus berib bo‘lmaydi-ku! Oziq-ovqat, kiyim-kechak ishlab chiqarish, uni olish va sotish — barcha inson zotiga xos tabiiy ehtiyoj ekan, bunga nuqul sinfiy yoki siyosiy tus berish — odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirib, oxir oqibatda ularni yaxshi kiyimga va sifatli ozik-ovqatga zor qilib qo‘yishning sababchisi emasmi?

Hindistonda ham davlat nazorati juda kuchli. Faqat davlat nazorati sanoat yoki qishloq xo‘jaligining kundalik ishiga aralashavermaydi, qaysi ekinni qachon ekish, qachon o‘rish muhlatlarini belgilash, qaysi qurilish materialini kimga berish kabi mayda‑chuyda tashvishlarni o‘z zimmasiga olmaydi. Chunki mayda-chuyda narsalar bilan andarmon bo‘lganda umumdavlat miqyosidagi katta ishlarni ko‘zdan qochirish osonlashadi. So‘nggi o‘n yilliklarda Hindiston davlati amalga oshirgan eng katta tadbirlardan biri — mamlakat xalqining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojlarini ichki imkoniyatlar hisobiga qondirish sohasida bo‘ldi. 800 millionlik xalqni chetdan bug‘doy sotib olib boqishga hech bir xazina bardosh berolmaydi. Eng to‘g‘ri yo‘l — xalqning o‘zini-o‘zi bokishiga imkon yaratish edi.

Hind olimlari uzoq izlanishlardan so‘ng janubiy Amerikada o‘sadigan yangi bir bug‘doy navining Hindiston iqlimiga juda mos kelishini aniqlaydilar. Davlat shu bug‘doyning urug‘idan ozroq sotib olib: asta‑sekin ko‘paytiradi. O‘n yil davomida yangi nav butun Hindistonda bug‘doyning hosilini ikki barobarga oshiradi. Shu bilan ulkan xalkning bug‘doyga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi, chetdan valyutaga don sotib olish tashvishi yo‘qoladi. Mana, katta miqyosdagi tadbirkorlikning samarasi!

Yana bir misol. Hindistonda azim daraxtlar va ularning turlari juda ko‘p. Shulardan biri oq qayinlarni eslatadigan, novdalari mayin egilgan, bo‘yi esa yigirma-o‘ttiz metrga boradigan ajoyib daraxt e’tiborimizni tortdi.

Bir o‘rmon oldida to‘xtaganimizda, bunday daraxtlarni yigirma yil avval kelganimda ko‘rmaganimni yo‘lboshlovchimizga aytdim.

— To‘g‘ri, bu daraxt bizda so‘nggi o‘n-o‘n besh yil ichida ko‘paydi, — dedi mezbonimiz. — Evkalipt deb eshitganmisiz? Avstraliyada ko‘p o‘sadi. Olimlarimiz sinovdan o‘tkazib, evkalipt bizning iqlimimizda ham yaxshi o‘sishini aniqlashibdi. Tez bo‘yga tortar ekan, yog‘ochi binosozlikka juda kerak. Ildizi balchiqni yo‘qotarkan. Bargi bilan gulidan dorilar tayyorlanarkan.

Evkalipt dorilar bizda ham borligini esladim. O‘zi ham juda chiroyli daraxt ekan. Tanasi oppoq, barglari zumradday toza. Qarang, ham mamlakatning husniga husn ko‘shadi, ham qurilish materiali, ham dorivor, ham tuproqning tarkibini yaxshilaydi.

Bunga o‘xshash yaxshi daraxtlarni yo‘qotib yuborgan kaltafahmlarga nisbatan ularni hatto Avstraliyadan, Janubiy Amerikadan olib kelib ko‘paytirayotgan hindistonlik do‘stlarimizning dono ishlari kay darajada ibratli!

Davlatning tabiatga bunday munosabati o‘z fuqarolarining tabiiy ehtiyojlari bilan astoydil hisoblashib ish olib borishida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bir tovuqqa ham don kerak, ham suv deganlaridek, har kuni kerak bo‘lib turadigan yeguliklar va ro‘zg‘or ehtiyojlarini qondiradigan do‘konlar, rastalar, xilma-xil savdo shoxobchalarining ko‘pligi va qulayligi Hindistondagi davlat tartibotining muhim fazilatlaridan biri, desak xato bo‘lmaydi. «Bozorishab» deyiladigan tungi bozorlar ham, dengiz bo‘ylarida «Chig‘anoq bozori», deb ataladigan joylar ham behad gavjum. Albatta, bozorda aldamchilar ham, tovlamachilar ham bo‘ladi. Lekin asosiy ko‘pchilik — o‘zi yasagan buyumlarini bozorga olib chiqqan hunarmand kosiblaru dalada yetishtirgan noz-ne’matlarni xaridorga yetkazib berayotgan dehqonlar. Ular bir-biri bilan musobaqa qilib, ma’murchilik yaratadi. Shuning uchun yegulik yoki buyum talash emas, aksincha, xaridor talash. «Menikini oling!» deb ketingizdan yurishadi. Sadaflar, marjonlar ko‘p bo‘lgani uchun juda arzon. Davlat sotuvchidan qonun bo‘yicha daromad solig‘i oladi, boshqa ishiga aralashmaydi.

Bir vaqtlar bizda ham rastalar, bozor va bozorchalar, hatto bozorishablar ko‘p bo‘lar edi. Har bir mahallada eng zarur narsalarni kechayu kunduz sotib kun ko‘radigan, o‘z mahalladoshlariga insof bilan halol munosabat qiladigan, shu tufayli hurmat-e’tibor qozongan baqqollar bor edi. Bu hammasi odamlarni asabbuzar navbatlardan xalos kilar, vaqtni tejashga, maishiy turmushni yaxshilashga yordam berardi.

Hamma yoqdan «yot unsur» va «xalq dushmani» izlagan berahm ma’muriyatchilar xalqni mana shu qulayliklardan mahrum qilishdi. Ammo o‘zlari uchun maxsus yopiq magazinu bufetlar ochdirishib, hamma narsaning sarasini arzon narxlarda osongina olib turishdi.

Hozir bu insofsizlikka barham berilmoqda. Lekin bozordan o‘rinsiz cho‘chish hali ham bor. Go‘yo bozor ko‘paysa savdoni boshqarish mumkin bo‘lmaydi, dalada ishlovchi kamayadi, anarxiya boshlanadi… Ammo juda ko‘p mamlakatlar qatori Hindistonning tajribasi ham shuni ko‘rsatadiki, agar davlat tashkilotlari odamlarning tabiiy ehtiyojlariga qarab ish yuritsa, savdoni ham, bozorni ham bemalol nazorat qilib turish mumkin.

Maishiy xizmat

Hind do‘stlarimiz g‘arb davlatlarining tabiatni vayron qiladigan ulkan qurilish texnikalarini o‘z mamlakatlariga yo‘latmasliklari yuqorida yozilgan edi. Buning o‘rniga hindlar g‘arbning «servis» deb ataladigan ilg‘or maishiy xizmat usullarini qabul qilganlar.

Har bir hind shahrida «market» yoki «supermarket» deb ataladigan magazinlar borki, ular asosan davlat ixtiyorida. Marketlarda non, qand, yog‘, sut, go‘sht, pishloq, pishirilgan tovuqdan tortib xilma-xil mevalar, shirinliklar, gurunch, un va boshqa yuzlab xil oziq‑ovqatlar 100 grammdan to 2-3 kilogrammgacha bo‘lgan vaznlarda ozoda, qulay o‘ramalarda, davlat belgilab bergan narxlarda sotiladi.

Qizig‘i shundaki, olma, pomidor kabi meva va sabzavotlar bozorda market-magazindagidan arzonroq. Chunki bozorga dehqon meva va sabzavotini to‘g‘ri daladan keltirib sotadi. Bozorda ularni o‘rash, asrash kabi narsalarga ketadigan xarajatlar va boshqa qulayliklar yo‘q. Davlat magazini esa «Servis» deb ataladigan katta qulayliklar yaratadi va o‘z xizmat haqini sotadigan narsasining ustiga qo‘shadi. Bir yumaloq choy olsangiz ham, uni bepul chiroyli qog‘oz xaltachaga solib beradi.

Bozorda ozodalik kam. Magazindan olgan narsangiz ozoda, sifati baland, yeguliklar yaxshi xillangan va toza saqlangan bo‘ladi, navbat yo‘q. Saranjom. Bir oila uchun besh-olti kunlik barcha yeguliklarni market‑magazindan 20—30 minutda xarid qilib chiqishingiz mumkin. Shuning uchun magazinda narx balandroq bo‘lsa ham, ko‘pchilik oilalar hamma yeguliklarni ozoda marketlardan oladilar. Biz ham butun safarimiz davomida mana shunaqa market-magazinlaridan yeguliklar oldik.

Qiyos uchun bizdagi bozorlar, ulardagi meva narxlarining magazindagidan bir necha barobar baland yurishi esingizga tushadi. Sababi ma’lum: taqchillik. Oz bo‘lgandan keyin qimmatlashaveradi. Bizda meva, sabzavotni davlat do‘konlarida bozordagidan arzonroq sotishga buyruq beriladi. Buyoqda meva o‘zi taqchil. Narxi bozordagidan pastmi, demak, dumi uzun navbatlar paydo bo‘ladi va chayqovchiga yo‘l ochiladi. Yoki davlat do‘konida sotiladigan arzon mevaning sifati shu darajada past bo‘ladiki, uni hech kim olmaydi, qimmat bo‘lsa ham bozorga boradi.

Hindistonda biror narsaning bozori chaqqon bo‘ldimi, darhol shu narsani tezroq ishlab chiqaradigan va yaxshi daromadlar oladigan katta-kichik korxonalar paydo bo‘ladi, ular orasida musobaqa boshlanadi. Taqchil narsa ko‘payibgina qolmay, yaxshisi musobaqa jarayonida saralanadi. Ana shu sarasi davlat magazinlarida bozordagidan qimmatroq narxda sotiladi. Xaridor esa to‘palon bozorda aldanib qolmaslik uchun ko‘proq davlat magaziniga boradi. Magazin o‘z molining sifatiga kafolat beradigan ishonchli joy bo‘lgani uchun xizmatiga qo‘shimcha xaq olib, narxni balandroq qo‘yadi. Shunga qaramay, hatto biz ham durustroq sovg‘alarni davlat magazinlaridan sotib olishni afzal ko‘rdik.

Qarang, davlat magazini xususiy savdodan ko‘ra ustunroq mavqe’ni egallashiga to‘kin-sochinlik va erkin musobaqa (balki buni monopoliyaga qarshi turgan raqobat deb atash to‘g‘ridir) qanchalik katta imkon yaratadi.

Xullas, iqtisod tabiiy ildizlardan ozik olib rivojlansa, inson bilan tabiatning inoq yashashiga xalaqit bermas ekan. Narx-navoni ma’muriy-buyruqbozlik usuli bilan zo‘ravonlarcha pasaytirish yoki ko‘tarish esa iqtisodni tabiiy zaminidan uzib olib, begona tuproqqa ko‘nikmagan nihol ahvoliga solib qo‘yarkan. O‘sha nihol bora-bora begona yerga moslashadi albatta, gullaydi, ozroq meva beradi, lekin to‘kin‑sochinlikni ta’min etolmaydi. Ularga ko‘z tikib yashagan odamlar mudom taqchillik azobini tortadi. Hozir biz ham ishlab chiqarishdagi monopoliyadan shaxsiy tashabbuslar musobakasiga o‘tyapmiz, iqtisodni erkin savdo va sotsialistik bozor munosabatlari asosida qayta quryapmiz, talabga qarab mol chiqarishga o‘rganyapmiz. Bu bizning tabiatga bo‘lgan munosabatimizni ham o‘zgartirishi va yaxshilashi shubxasiz. Chunki ishlab chiqarishdagi xo‘jasizlik tabiatni ham egasi yo‘q behisob, himoyasiz narsaga aylantirib qo‘yarkan. Hozir bizda butun-butun korxonalar, magazinlar, sovxozlar ijaraga berilayotgani va egalik bo‘layotgani juda to‘g‘ri. Umuman na yer, na cho‘l, na tog‘, na sahro — xech narsani «xalqniki, davlatniki» degan umumiy gap bilan egasiz qoldirish mumkin emasligini Hindistonda yurganda qayta-qayta xayoldan o‘tkazdim.

Tarix, din va axloq

Jamna daryosidagi bir eski ko‘prikdan o‘tayotganimizda mashinamizni to‘xtatib, ozgina haq olishdi. Bu menga g‘alati tuyuldi. Shunda yo‘lboshchimiz tushuntirdiki, bu ko‘prikning egalari bor, ular yo‘lovchilardan olgan pullariga o‘tgan asrlarda qurilgan shu tarixiy ko‘prikni ta’mirlab, asliday yaxshi saqlashadi. Shunda men ko‘prik uchun olingan haq halol ekanini tushundim.

Hind ummoni bo‘yidagi Maxabali Puram, Xacha Puram degan qadimiy ibodatxonalarga bordik. Bu yerda ham ozgina haq to‘laysiz va poyabzalni yechib ichkariga kirasiz. Ming yil oldin tarashlangan tosh haykallar va g‘aroyib sajdagohlar tomchilardan to‘planib ko‘l bo‘lgan mablag‘lar hisobiga orasta saqlanadi, nuragan joylari darhol ta’mirlanadi.

Ayniqsa, Dehlidagi Mirzo Humoyun maqbarasiga, Agradagi Tojmahalga, Iskandardagi Akbar bog‘iga, Fotihpur — Sekridagi Poytaxt-Muzeyga har kuni yuz minglab odam pul to‘lab kiradi. Butun dunyodan keluvchi turistlar ham davlatga katta daromadlar keltiradi. Bu daromadlar umumiy «qozonga» tushib yo‘q bo‘lib ketmaydi, balki shu tarixiy obidalarni asliday go‘zal va obod qilib saqlashga sarflanadi.

Yigirma yil davomida Dehli va Agralarga uch marta borgan bo‘lsam, har safar Mirzo Humoyun va Akbar maqbaralarining nuragan joyini ta’mirlayotgan usta sangtaroshlarni, katta bog‘ hovlilarida esa maysazorlarga zeb berib, daraxtlarni parvarish qilib yurgan o‘nlab bog‘bonlarni ko‘raman. Ayniqsa, bu yil Tojmahal va Akbar bog‘i ko‘zimga avvalgidan obodroq ko‘rindi. Chunki Hindistonning o‘lmas farzandi Indira Gandi umrining oxirgi yillarida bu obidalarga alohida e’tibor bergan ekan.

Iskandardagi Akbar bog‘i bundan to‘rt yuz yil oldin barpo etilgani tarixdan ma’lum. Akbar o‘zining Dini ilohiysini kashf qilgan kezlarda faqat insonga emas, tabiatdagi jonivorlarga ham rahm-shafqat ko‘rsatishga intiladi. Uning maxsus farmoni bilan ov qilish man etiladi, Iskandardagi bog‘da Akbar qo‘lga o‘rgatilgan kiyiklarni asraydi. Buni yaxshi biladigan Indira Gandining tashabbusi bilan oradan to‘rt asr o‘tgach, Iskandardagi Akbar bog‘iga «antilopa» deb ataladigan qizg‘ish rangli go‘zal kiyiklar olib kelinadi. Atrofi baland devorlar bilan o‘ralgan daraxtzor o‘tloqda, Akbar maqbarasini o‘rab olgan ikki yuz gektarlik ulkan bog‘da kiyiklar xuddi tog‘ o‘rmonlarida yurganday osoyishta o‘tlab yurishibdi. Men o‘ttiztacha kiyik sanadim, ammo hammasining hisobiga yetolmadim. Bog‘bonlar kiyiklar orasidan o‘tib borib, daraxtlarga ishlov berishyapti. Kiyiklar hech kimdan hurkmaydi!

Bu menga tabiat bilan inson orasidagi mehru oqibatning timsolidek tuyuldi. Akbar maqbarasiga kirganimizda uning marmar kabri ustiga oltinday tovlanib turgan to‘q qizil rangli nafis barqut yopib qo‘yilganini ko‘rdik. Mezbonlar: «Bu barqutni Indira Gandi taqdim qilgan» deyishdi.

Ulug‘ hind qizining Akbarga qilgan noyob sovg‘asi tasodifiy emas. Germaniyaning Frankfurt shahrida chiqadigan gazeta I. Gandi bilan qilgan bir suhbatida «Siz Hindistonning qaysi harbiy g‘alabalaridan iftixor qilasiz?» degan savolni beradi. I. Gandi o‘z javobida Akbarning g‘alabalaridan iftixor kilishini aytadi, uning uzoqni ko‘ra olgan dono va bag‘ri keng siymo bo‘lganini ta’kidlaydi. Bu suhbat Indira Gandining Moskvada, rus tilida «Progress» nashriyotida bosilib chiqqan kitobida bor.

Qarangki, Akbar bilan Indira Gandi boshqa-boshqa davr, boshqa diniy e’tiqod vakillari bo‘lsalar ham, ularning ruhlari asrlar dovoni osha eng baland ma’naviyat cho‘qqisiga ko‘tarilganda bir-birlari bilan uchrashadi. Bu cho‘qqi — ulug‘ siymolarga xos muqaddas imonu e’tiqoddir.

Din insondagi halol va mukaddas tuyg‘ularni ilohiy kuchlar va tangrilar panohida asrab-avaylashga intilganda biz bu intilishga teran hurmat bilan qarashimiz kerak. Chunki imonu e’tiqod muqaddas poklik va fidoyilikni talab qiladi. Biz vatanni muqaddas deb bilamiz. Lekin vatan — mavhum tushuncha emas. Uning tabiati, tarixi, ozodligi, mustakilligi, istiqboli — hammasi biz uchun muqaddasdir.

Eng ma’naviy qashshoq odamlar — muqaddas tuyg‘ulardan mahrum bo‘lgan shaxslardir. Dilida muqaddas tuyg‘usi qolmagan imonsiz odam har qanday yovuzlikdan qaytmaydi.

Ko‘pming yillik tarixi davomida buning hammasini tajribadan o‘tkazgan Hindiston o‘z xalqining dilidagi muqaddas tuyg‘ularni ham ilmu fan, ham dinu imon kuchi bilan mumkin qadar asrab-avaylab saqlayotganini juda ko‘p misollarda ko‘rdik.

Maysorning kadimiy ibodatxonasida Hind tangrisi Shivaning haykali oldida ibodat kilayotgan odamlarning yuz-ko‘zlaridagi poklik va imonu e’tiqod kuchi yodimda qoldi. Shiva haykali ming yillik mango daraxti soyasida o‘rnatilgan. Ibodatga kelganlar shu mango daraxtini ham muqaddas deb biladilar, uni parvarishlab, asrab-avaylaydilar. Tirnoqqa zor onalar mango daraxti shoxiga rang-barang ipak qatimlarini bog‘lab ketar ekanlar. Niyatlari ushalgandan so‘ng kelib o‘z ipak qatimlarini yechib olayotgan baxtli yosh onalarni ham ko‘rdik. Axir farzand ham tabiat mahsuli emasmi?

Madrasda baland tepalik ustida turgan muhtasham katolik cherkovini ko‘rdik. Buni portugallar va inglizlar qurgan ekanlar. Cherkovda ibodat bo‘layotganini uzoqdan ko‘rib, «inglizlar hali ham bor ekan-da» deb o‘yladim.

Lekin yaqin borganda va cherkovga kirganda ruhoniylar ham, ibodat qilayotganlar ham qorachadan kelgan hindlar ekanini ko‘rdik. Ayniqsa, mamlakat janubida katolik dinini astoydil qabul qilgan, cherkovlarda chin ixlos bilan ibodat qilayotgan yuz minglab hindlar borligini eshitdik.

Shaharu qishloqlarda, uy va ko‘chalarda biz ko‘rgan aholining hammasi bir xalq, bir irqqa mansub bo‘lgan hindlar edi. Faqat ibodatxona, cherkov yoki machitga borganda ularning qaysisi qanday dinga mansubligini payqaysiz.

Hindistonning hamma joyida turli diniy e’tiqod vakillari Akbarni doim ehtirom bilan tilga olganlariga guvoh bo‘ldik. Chunki butun mamlakatda keng tarkalgan ishonchu e’tiqodlar tengligi va barcha dinlarga barobar hurmat Akbar davrida teran ildiz otganligini va shu ma’naviy ildizlar hozirgacha yaxshi meva berib kelayotganini juda ko‘p odam biladi.

Tarix va dinga to‘g‘ri munosabat xalqni kuruq siyosatbozlikdan, mafkurabozlikdan, to‘rt tomondan g‘oyaviy dushman izlab, hadik va qo‘rquv ichida yashashdan asrar ekan. Eng muhimi, tarix bilan dinning odob va axloqni mahkam tutishga yordam beradigan tomonlaridan qanday oqilona foydalanish mumkinligi Hindistonda ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Albatta, axloqi buzuqlar hamma yurtda ham bor, ammo mamlakat bo‘ylab sayohat qilganingizda ko‘rgan yuz minglab odamlaringiz ular haqida emas, xalq to‘g‘risida sizga ma’lum bir tasavvur beradi.

Dehli, Bangalor, Madras — har birida olti-etti milliondan ortiq aholi, shunga yarasha behisob mashina va moto. Ko‘chalar to‘la odam, lekin bir-birini itargan, turtgan, biri-biriga qo‘lini paxsa qilib baqirgan odamlarni ko‘rmadim. Sharqona odob, kamsuqumlik, bir-biriga yo‘l berish, xar qanday xolatda xam hayoni mahkam tutib, ovozini ko‘tarmay so‘zlashish — ko‘pchilikka xos odat tusiga kirgan. Mashinayu, velosipedlar ko‘chaga sig‘may ketadi, biri-biriga ko‘ndalang kelib qoladi. Shunda ham ko‘plari qo‘li bilan «mayli, siz o‘taqoling» deganday ishora qilib, yo‘l beradi. Qiyinchilik bejanjal bartaraf bo‘ladi.

Odamlarning asabi butunligi, hayoli va bosiq-vazminligiga yana bir sabab — Hindiston xalqi orasida ichkilikbozlikning yo‘qligidir. Albatta, yuqori tabaqaning puldor boyvachchalari restoranlarda arog‘u konyaklar ichib kayfu safo qiladi. Lekin bunday ichadiganlar xali xalqning yarim foyizini ham tashkil etmaydi. Qolgan to‘qson to‘qqiz yarim foiz aholi aroq nimaligini bilmaydi. Bu faqat mamlakatning issiq iqlimiga bog‘liq emas, balki ming yillardan beri an’ana bo‘lib kelayotgan yashash tarzi va axloq mezonlarining yaxshi saqlanayotgani tufaylidir.

Mirzo Bobur ham Hindistonga kelib ichishni tashlagani, xumda kuch yig‘ib yotgan maylarga tuz soldirib, ularni sirkaga aylantirgani tarixdan ma’lum. Bobur xatarli jang arafasida ichkilik olatini sindirib, ko‘pchilik oldida ichishdan tavba qilgan, ta’sirli bir she’r yozgan, undan ibrat olgan uch yuz beku navkar o‘sha kuniyoq may ichishni tashlagan ekan. Ertasi kuni jangda g‘alabaga erishilgandan keyin buni xalqumi tozalikning sharofati deb bilgan Bobur butun mamlakatda ichkilik tayyorlashni ham, sotishni ham, ichishni ham ma’n etadigan maxsus qonun chiqaradi.

Hind xalqining azaliy axloq mezonlariga mos tushgan bu qonun ham jamiyatni ichkilikbozlik illatlaridan omon saklash ishiga qo‘shilgan yaxshi tarixiy hissa deb baholanishi mumkin.

Hanuzgacha shu yaxshi an’ana davom etib kelayotgani bizni o‘z mashinalarida uzoq-uzoq joylarga olib borib kelgan hind shofyorlarining nechog‘lik asabi butun va hushyor yigitlar ekanligida xam ko‘rindi.

Bangalordan Maysorga bir kunda borib keldik, ya’ni 550 chaqirim yo‘l bosdik. Yo‘lda uchragan pastu baland tog‘lar va adirlar shimoliy Kavkazni, Beshtov, Temirtov atroflarini eslatadi. Burilishlar ko‘p, yo‘l tor. Qaytishda qorong‘i tushib qoldi. Qatnov kuchli. Qatta yuk mashinalari o‘tkir chiroqlarini yoqib o‘tishadi. Besh yuz ellik chaqirim masofada, tog‘ yo‘li va tun tushganiga qaramay, bironta avariya ko‘rmadik. Dehlidan Agra va Fotihpur Sekrigacha uch yuz chaqirim. Mashinada borib keldik. Qaytishda yana qorong‘i tushib qoldi. Siyrak tuman bor edi. Yo‘llar tor, lekin bu safar ham shuncha uzoq yo‘lda birorta halokat ko‘rmadim. Bu — odamlardagi imon va axloqning mustahkamligidan, xalqdagi hushyorlik, aroq ichmaslikning sharofatidan, deb o‘yladim.

Yigitlar bilan qizlar, erlar bilan ayollar orasidagi munosabatlar ham odob-axloqning yaxshi saqlanganini ko‘rsatib turadi. Dehli — poytaxt, unda butun dunyodan kelgan odamlarni ko‘rasiz. Sari kiygan nazokatli hind ayollari ularning orasida ko‘zga tez tashlanadi. Bankka pul almashtirish uchun kirib ketgan hamrohlarni kutib, Dehlining serqatnov joyida ancha vaqt turib qoldim. Yo‘lkadan yetti-sakkiz odam o‘tsa, shundan fakat bir-ikkitasi ayol, qolgan olti-ettitasi erkaklar. Sababi shuki, hind ayollari og‘ir ishlarda ko‘p ishlatilmaydi, bolajon bo‘lishadi, uy bekalari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ko‘cha ishini ko‘proq erlar qiladi. Bu sharqona odat bir vaktlar bizda ham kuchli edi. Shu esimga tushdiyu, ayollarni og‘ir ishlardan ozod qilish — eng yuksak odamiylikka kirishini o‘yladim.

Hindistonda menga yoqkan yana bir sharqona odat shuki, ko‘cha-ko‘yda notanish erkakning o‘tib borayotgan qiz-juvonlarga gap otishi yomon odobsizlik sanaladi. Samolyot kutib turganimizda bizning o‘zbek qizlariga juda o‘xshab ketadigan bir juvonni ko‘rdim. Tarjimon kizimiz orqali uning qayerlik ekanini so‘rab bilgim keldi. Shunda mezbonimiz, notanish ayolga savol berib, kimligini so‘rash atrofdagilarga odobsizlik bo‘lib ko‘rinishi mumkinligini aytdi. Men bundan o‘zimcha suyunib qo‘ydim.

Yuqorida hindlarning mahalla-ko‘y bo‘lib, bir-birlarining hojatini chiqarib yashashga odatlanganlarini aytgan edim. Bu odat g‘arbdan kelgan «Servis» bilan kanday yaxshi payvand bo‘lishi mumkinligini Haydarobod aeroportida ko‘rdik.

Qish oylarida Hindistonda ham goho tuman tushar ekan. Shu sababli ertalab soat 8 da Dehliga uchadigan samolyotimiz to‘rt soatga kechikdi. Haydarobod ham uch million aholisi bor katta shahar. Shunga yarasha aeroportida ham odam ko‘p. Bizning samolyotimiz uch yuz kishi oladigan aerobus ekan, talay yo‘lovchi aeroportga yig‘ilib keldi. Lekin bari bir tiqilinch sezilmadi. Chunki axborot yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘p yo‘lovchilar uylaridagi shaxsiy kompyuterlar yordamida reyslarning qanchaga kechikayotganini daqiqa sayin aniq bilib o‘tirishadi. Kompyuteri yo‘qlar aeroportga kelib qolgan bo‘lsa, hammaga ko‘rinadigan baland joylarga e’lon beruvchi zangori ekranlar qo‘yib qo‘yilgan. Qaysi reys qachon uchishini yoki qanchaga kechikayotganini yirik-yirik harflar vositasida ekranlarga nur bilan yozib e’lon qilishadi.

Hammaga yetarli miqdorda kreslolar ko‘yilgan. Shularda o‘tirib, zangori ekranni kuzata boshladik. E’lonlar oralig‘ida qisqa-qiska multfilmlar yoki g‘alati reklamalar berib turishadi, bu, albatta, yo‘lovchilarni zeriktirmaslik uchun.

Ertalab nonushta qilmay chiqqan edik. Qorin ocha boshladi. Shu payt zangori ekranda e’lon berildi: «Haydaroboddan Dehliga uchmoqchi bo‘lgan, lekin ob‑havo noqulayligi sababli kechiktirilgan 756-reysning yo‘lovchilari samolyotda yeyishlari kerak bo‘lgan nonushtalarini hozir aeroport oshxonasida tanovul qilishlari mumkin. Buni xohlaganlar ikkinchi qavatning o‘ng qanotidagi zalga marhamat qilsinlar». E’lon takrorlandi.

Aytilgan joyga bordik. Xuddi samolyotdagi kabi kichik patnischalarda a’lo darajali ikki xil nonushta. Bir xili o‘tkir murchlar solingan hindcha taomlar, ikkinchisi tovuq go‘shti, apelsin sharbati kabi bizga mos ovqat. Oxirida sutlik-sutsiz kofe yoki hind choyi.

Ikki yuzdan ortiq yo‘lovchi xuddi mahalla-ko‘yda ertalabki oshga kelgan odamlardek tiqilinch qilmay, odob saqlab nonushta qilishdi. Bu orada samolyot uchadigan vaqt ham yaqinlashdi. Qarang, «Air Indiya» kompaniyasi shu kichik tashabbus bilan, avvalo, o‘zining ishini yengillatdi — ikki yuzta nonushtani samolyotga ortib chiqishga, yana shuncha yukni havoda ko‘tarib uchishga hojat qolmadi. Kompaniya shu bilan ancha kuch va mablag‘ tejaydi. Ayniqsa biz, yo‘lovchilar uchun bekor zerikib samolyot kutgandan ko‘ra vaqtida nonushta qilib kayfimizni sal ko‘tarib olganimiz yaxshi bo‘ldi.

Endi bunga bizning aeroportlarda samolyot kechikkanda yo‘lovchilarning qanday qiyinchiliklarga duch kelishini qiyoslang! Aeroflot odamlarga qulaylik yaratmagan sari o‘zi ham qiynaladi. Chunki besaranjom izdihom aeroflot xizmatchilariga ham tinchlik bermaydi.

Holbuki, ikki tomonning ham mushkulini oson qiladigan yuqoridagidek insoniy munosabat, mahalla‑ko‘ylar ma’rakasidagi kabi hamjihatlik, yoki yangichasiga «Servis» deb ataladigan hojatbarorlik bizning aeroportlarda ham joriy etilishi hech gap emas. Fakat bunga astoydil intilish, qunt qilish va o‘rganish kerak.

Shu fikrning davomi tarzida kechki dam olish soatlarida ulkan bog‘larda aholining sayru tomoshasi qanday tashkil qilinishiga oid bir lavhani keltirmoqchiman.

Dehlidan minglab chaqirim janubda, chet o‘lka hisoblangan Maysorda mashhur bir tomoshabog‘ bor ekan. Ulkan daryo to‘g‘onining etagida barpo etilgan bu bog‘da yuzdan ortiq xilma-xil favvoralar bor ekan. Anvoi chamanzorlar, gullab turgan go‘zal daraxtlar orasidan o‘tgan chiroyli xiyobon va yo‘lkalar nihoyatda orasta. Ular xuddi shu bugun qurib bitirilganday yangi. Holbuki, Maysor bog‘i oltmish yil burun bunyod etilganini aytishdi…

Favvoralar nur yordamida rang-barang tusga kirib tovlanadi. Eng zo‘r favvora «Raqqosa» deb atalar ekan. Nur va suv o‘yini sahnadagi san’atkor raqqosani eslatishi rost. Qorong‘i tushganda minglab tomoshabinlar amfiteatr shaklida o‘rnatilgan kursilarda o‘tirib, favvoraning «raqsini» tamosha qilar ekanlar. Odamlarning serzavqligini qarangki, favvora raqsi avjiga chiqqan paytda xuddi tirik san’atkorni olqishlaganday «O-oo!» deb ofarin aytishadi.

Nur o‘yini yaxshi ko‘rinishi uchun tamoshani qorong‘i tushganda boshlashar ekan. Yo‘lboshlovchimiz bilan besh kishi edik. Bog‘ yo‘lkalarini besh-olti ming kishilik tamoshabin to‘ldirgan. To‘rt tomon yasan-tusan odamlar, ko‘plari yoshlar. Birpas o‘ltirib tamosha qilgim keldi. Kursilardan birida ag‘rayib o‘ltirib, hamrohlarimni yo‘qotib qo‘ydim.

Odam ko‘pligidan ularni qayta topolmadim. «Mashinalarimiz qolgan joyga kaytganda uchrasharmiz» deb o‘yladim-da, bir o‘zim ko‘p ming kishilik izdihom orasida aylanib yurdim. Shunda meni favvoralar raqsidan ham ortiqroq qoyil qilgan narsa — sayr qilib yurgan izdihomning odobu axloqi bo‘ldi.

Minglab yigitlar orasida biror mastini, shirakayf bo‘lib qizlarga shilqimlik qilganini ko‘rmadim. Holbuki, bog‘ sayrida nazokatli go‘zal qizlarning ko‘pligi aqlni shoshirar edi. Yigit-qizlarning juft-juft bo‘lib yurganlari ham juda ko‘p. Sakkiz-o‘n yashar bolalarni olib kelgan er-xotinlar ham bor.

Izdihom qanchalik ko‘p bo‘lmasin, tiqilinch yoki ur-sur yo‘q. Chunki hamma tartib saqlaydi, xuddi bir mahallaning odamlariday odob bilan muomala qiladi. Bu yerda ham mahalla-ko‘y odobi va axloqi hukmron.

Bog‘ va favvora tomoshasi haftada ikki kun uch soatdan bo‘lar ekan, unga durustgina haq to‘lab kirilarkan. 80—100 chaqirim yo‘l bosib, mashinalarda kelishar ekan. Maqsad — bog‘ va favvoralardan zavq olish bo‘lgandan, hamma kelganlar bir-birlariga iloji boricha yaxshi muomalada bo‘lishlari tabiiy.

Tarixiy an’analar yaxshi saqlansa va xalqda imonu e’tiqod butun bo‘lsa odamlarning tabiatga ham, bir‑birlariga ham mehru oqibati kuchli bo‘lar ekan. Shuning natijasida odobu axloq ham doimo tabiiy va tarixiy ildizlardan oziqlanib, mustahkamlanib borar ekan. Hindiston safaridan va Maysor bog‘idan bir xulosam shu bo‘ldi.

Tillar va kitoblar

Tog‘larning buyukligi uzoqdan ko‘rinadi deganlaridek, bizning mamlakatimiz qo‘lga kiritgan yutuqlar ham Hindiston hayotida ko‘zga yaqqolroq tashlanadi. Fazoga uchib chiqqan qudratli mamlakatimiz, xalqimiz yengib o‘tgan ulkan mushkulotlar va hozir amalga oshirilayotgan qayta qurish Hindistonda ham juda mashhur. Hind televideniyesi o‘zining kundalik axborotlarida mamlakatimiz hayotida yuz bergan yirik voqealarni ko‘rsatib turadi. SSSR xalq deputatlari Ikkinchi s’ezdini, M. S. Gorbachev so‘zlagan paytlarni biz Hindistonda yurganda ko‘rdik.

Ulardagi ibratli ishlarga bizning havasimiz kelgani kabi, mezbonlarimiz ham bizda amalga oshirilgan yaxshi o‘zgarishlarga havas bilan qarashadi.

Hindistonda ham tillar ko‘p. Barcha xalq yagona hind millati sanalsa-da, gujarat tilini Bengaliyadagilar tushunolmaydi. Panjobi va hindiston tillari ham har biri o‘zicha mustaqil. Biz janubiy o‘lkalarga borganimizda, Madrasda keng tarqalgan tamil tili bangalor va Maysordagi kannada tiliga o‘xshamasligini aytishdi. Haydarobodda yana bir mustaqil milliy til — telegu keng tarqalgan ekan. Yuqorida nomlari aytilgan tillarning har birida 30 million, 40 million, goho bundan ham ortiq aholi so‘zlashadi.

Davlat maqomi faqat hindistoni bilan ingliz tiliga berilgan. Boshqa tillarda so‘zlashuvchilarni bu hol qanoatlantirmaydi. Chunki ular tamil, telegu yoki kannada tillarida ham kitoblar, gazeta va jurnallar ko‘proq chikishini istaydilar. Bu jihatdan Sovet jumhuriyatlaridagi milliy tillarga davlat maqomi berilganligini ular o‘zlari uchun ulkan ibrat deb biladilar.

Madras va Bangalorda tamil, kannada qavmiga mansub professorlar suhbatida bo‘ldik. Ular: «Bizda hali savodsizlar juda ko‘p, — deyishdi. — O‘z ona tilida o‘kib-yoza oladigan tamillar, telegular aholining 15‑20 foizini tashkil kiladi, xolos. Qolgan 80—85 foiz aholi kitob o‘qiyolmaydi. Shuning uchun kitoblarimizning, jurnallarimizning tiraji juda oz. Aholimiz 40 million, ammo kitob tiraji ikki mingdan oshmaydi».

Dehliga qaytganimizda kitob magazinlariga kirdik. «Oksfordbuk» degan mashhur kitob magazini tarixiy kitoblar bilan savdo qilishini bilardim. 1983 yilda Dehliga borganimda shu magazindan Abulfazl «Akbarnomasi»ning har uchala jildini inglizcha tarjimasida olib ketgan edim. Nashr juda yaxshi, tanqidiy matn a’lo darajada tayyorlangan. Lekin juda qimmat. Uch jildlik «Akbarnoma»ni besh yuz rupiyga oldim. Shu besh yuz rupiyga bizda besh yuz so‘m turadigan charm kamzul olish mumkin edi. Biroq menga kamzuldan ko‘ra kitob zarurroq bo‘lgani uchun, qimmatliliga qaramay olib kelgan edim. «Avlodlar dovoni» romanini yozganimda juda ish berdi.

O‘shanda «Oyini Akbari» («Akbar nizomlari») deb atalgan kitobga pulim yetmadi (315 rupiy ekan). Keyin uning forschasini sharqshunoslik institutidan topdim. Akbar davridagi narx-navolar, hayvonot va o‘simlik dunyosi haqidagi qomusiy ma’lumotlarni forschadan o‘zim tarjima qilib ishladim.

Oradan salkam yetti yil o‘tgandan so‘ng Dehlidagi «Oksfordbuk» magaziniga yana kirsam, «Akbarnoma»ning o‘sha inglizcha nashri hali ham turibdi. Qimmat bo‘lgani uchun kam sotilar ekan. «Bir yilda ko‘pi bilan besh yuz-olti yuz nusxa ketadi» dedi magazin mudiri.

Bu gal magazinda Gulbadanbegimning «Humoyunnoma»si va Jahongirning «Tuzuki Jahongiri» kitoblari ham yaxshi inglizcha nashrlarda sotilmoqda ekan. «Humoyunnoma» o‘zimizda bor bo‘lganligi uchun olmadim, «Tuzuki Jahongiri» dan bitta oldim. Bir jild bo‘lgani uchun narxi 140 rupiy ekan.

Lekin narx kitobning ichki mazmuniga qarab ham qo‘yilsa kerak. Chunki shu kitob magazinida «Boburnoma»ning bir emas, ikkita inglizcha nashri sotuvda bor ekan. Muqovasida Boburning eng yaxshi suratlari berilgan, xajmi «Tuzuki Jahongiri»dan katta emas, ammo «Boburnoma»ga qariyb ikki barobar ortiq — 215 rupiy narx qo‘yilgan. Ichimda Mirzo Bobur uchun faxrlanib qo‘ydim, chunki uning inglizcha nashrlari ikki asr davomida o‘n martadan ortiq chop etilgan. Shunga qaramay «Boburnoma»ning qadr-qimmati hamon yuksak ekanki, uning har nusxasini 215 rupiyga sotib oluvchi hind kitobxonlari bor ekan. Aks holda kitob magazini bunday baland narx qo‘ymagan bo‘lar edi.

So‘nggi satrlarni yozar ekanman, yaqinda «Yulduzcha» nashriyoti «Boburnoma»ni 200 ming nusxada bosib chikargani esimga tushdi. Mukovasi juda yaxshi, qog‘ozi ham hind nashrlarinikidan qolishmaydi. Faqat narxi arzon 2 so‘m 30 tiyin.

Hind noshirlari bilan uchrashganimizda matbaa ishining sifati, kitoblarning narxi va tiraji to‘g‘risida mulohaza yuritdik. Dehlidagi eng katta nashriyotlar birlashmasining raisi janob Gulob Vazironi:

— Sizlarda savodxonlar ko‘p, kitob yaxshi o‘qiladi, — dedi. — Yuz ming, ikki yuz ming adad tez tarqalishi biz uchun afsonaga o‘xshab ko‘rinadi. Chunki bizda eng yaxshi roman ham avval ming nusxa bosiladi, yaxshi ketsa yana ikki ming… Agar yangi roman besh yilda besh ming nusxa sotilsa, biz buni muvaffaqiyat deb hisoblaymiz. Tiraj oz bo‘lgani uchun eng sifatli qog‘oz beramiz, eng yaxshi muqovalar ishlatamiz, matbuotda reklama qilamiz. Buning hammasi — pul. Shuning uchun bizda kitob qimmat. Baland narx qo‘ymasak, tiraj oz bo‘lgani uchun, nashriyot foyda ololmaydi. Zararga ish qilish esa bizda odat emas.

Suhbat paytida Moskvadagi «Raduga» nashriyoti chiqargan kitoblar ham tilga olindi. «Bobur» romanimizning «Raduga» chiqargan hindcha nashri Yangi Dehli markazidagi kitob magazinlaridan birida sotilayotgan ekan. A’lo navli qog‘ozda, eng yaxshi muqovada chiqarilgan bo‘lsa ham, narxi baland emas — 28 rupiy.

— Narx juda past qo‘yilgan, — dedi Joshi nomli noshir. — Muallifni bilmaydigan hind kitobxoni a’lo navli qog‘ozda bosilgan kitobning narxi pastligiga qaraydi-da: «Mazmuni zaifmi?», «O‘tmay qolgan bo‘lsa kerak, shuning uchun arzonlashtirilganmi?» deb o‘ylaydi. Aslida bunday emas, albatta. Lekin «Bobur» romanining qiziqib o‘qilishini, uning yuz minglab tirajda turli tillarda yaxshi tarqalganini hind kitobxoniga yetkazib beradigan bironta reklama chiqarilgani yo‘q. Sizlarda reklama yomon yo‘lga qo‘yilgan. Agar shu romanni men, deylik, inglizcha nashr qilmoqchi bo‘lsam, avval reklamasiga zo‘r beraman. Axir reklama qilsa arziydigan faktlar bor-ku! Bu roman rus tilida besh marta nashr etilibdi, o‘zbek tilida to‘rt marta. Yana qozoqcha, hindu, urdu, bengali tillari… Jami tiraji milliondan oshibdi. Shunga karamay sotuvda yo‘q, qayta chiqarilsa kitobxonlar yana oladi, shundaymi?

— Shunday.

— Bu faktlarni ingliz tilida o‘qiydigan kitobxonlarga aytib bersangiz, roman G‘arbda «bestseller» deb ataladigan maroqli asarlar kabi qiziqish uyg‘otishi mumkin. Ana o‘shandan so‘ng men bu romanni eng yaxshi qog‘ozda chiqarib, narxini 80—100 rupiy qo‘ysam ham, puldor kitobxon ikkilanmay oladi.

Shu payt Yuriy Ivanovich hind noshiriga luqma tashladi:

— Puldor kitobxon ko‘p emas-da, mister Joshi. Shuning uchun siz narxi baland kitobning tirajini oz chiqarsangiz kerak?

— Besh ming chiqarsam shuning daromadi menga yetadi…

— Qanoatli bo‘lish yaxshi, mister Joshi, — dedim men. — Lekin bizning O‘zbekistonni oladigan bo‘lsak, yangi roman o‘zbekchada oltmish ming nusxa chiqadi. Oz chiqsa aholi «Magazinlardan nega badiiy kitoblar topilmay qoldi?» deb shikoyat qiladi. Bizning noshirlar kitobni faqat puldorlarga emas, butun xalqqa arzon qilib sotadi. Oddiy xalq esa puldorlardan yuz barobar ko‘p. Shuning uchun tirajlarimiz yuz ming‑ikki yuz ming.

— Noshirlaringiz arzon kitob chiqarib daromad olishadimi?

— Tiraji ko‘p bo‘lgani uchun yaxshi daromad olishadi. Bitta misol: bizning romanlarimizni o‘zbek tilida chikaradigan Toshkent badiiy adabiy nashriyoti 1989 yilda to‘rt yarim million so‘m daromad oldi.

— O-o-o! — deyishdi hind noshirlari. Chunki ular uchun bunday daromadlar ham, tirajlar ham afsona bo‘lib ko‘rinadi.

O‘zimizdagi bu afsonaviy afzaliyatni qadrlashimiz va rivojlantirishimiz kerak. Albatta, muqovalar xarobligi, yaxshi kitobni sariq «kepak» qog‘ozda chop etish — bizdagi matbaachilikning chidab bo‘lmas qusurlaridir. Bu nuqsonlardan tezroq qutulishimiz, yaxshi muqova va sifatli qog‘oz uchun ketadigan 20—30 tiyin qo‘shimcha haqni kitoblarimiz narxiga qo‘shishimiz kerak.

Lekin keyingi paytlarda kitob savdosini ham kommertsiyaga aylantirish harakati paydo bo‘lyapti. Deylik, A. Axmatovaning oldin bir so‘m turadigan she’riy to‘plamiga sal kam uch so‘m narx qo‘yish, V. Dudintsevning «Oq liboslar» romanini besh so‘mga sotish, menimcha, adolatdan emas. Agar biz ham chet ellardagiga o‘xshab, kitoblarning narxini oshirib boraversak, xalqning ko‘pchilik qismini kitob xarididan bezdirib qo‘yishimiz mumkin. Chunki ko‘pchilik mehnatkashlarimizning daromadi oz. Ayniqsa, O‘zbekiston aholisining jon boshiga oladigan daromadi butun ittifoq aholisining daromadidan ikki barobar past.

Safardagi o‘ylarimni yakunlab aytmoqchimanki, xalqlar va mamlakatlar bir-birlarining eng yaxshi tajribalariga qiziqish bilan qarasalar, ularni o‘rganib, saralab, ma’qul bo‘lganini qabul qilsalar, bundan har ikki tomon ham, butun bashariyat ham yutgan bo‘lardi. Dengizlar daryolar suvidan paydo bo‘lgani kabi, umuminsoniy qadriyatlar alohida xalqlar va mamlakatlarning ma’naviy tajribasidan tarkib topadi. Biz dengizni qanchalik qadrlasak, unga obihayot keltirib turgan alohida daryolarni ham shunchalik qadrlashga burchlimiz. Mazkur sahifalar ana shu burchni baholi qudrat bajarish niyati bilan yozildi.

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 5-son