O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor 70 yoshga to‘ldi. Bir zamonlar bunday hollarda to‘ynoma yozadigan odamga oson edi — u ko‘p ham o‘ylanib o‘tirmay, to‘y egasini qutlug‘ sana bilan muborakbod qilardi-yu, uning yarim asrlik umri adabiyotga bag‘ishlanganini, har xil janrlarda ko‘plab asarlar yaratganini, bu asarlarda hayot turfa xil ranglarda aks etganini, uning har bir asari bilan uchrashuv kitobxon uchun katta bayram bo‘lib ketganini va yana shunga o‘xshash bir qator yoqimli maqtov gaplarni qalashtirib, sharillatib yozib ketaverar edi.
Bugun zamon keskin o‘zgarib ketdi. Matbuotda chiqadigan xar bir jumlaning ma’suliyati ortdi — u nafaqat xaqiqatni ifodalashi, ayni choqda g‘oyat salmoqli, g‘oyat mazmundor bo‘lishi zarur bo‘lib qoldi. Xullas, qayta qurish davrida, oshkoralik muhitida, ijodda erkinlik sari dastlabki qadamlar qo‘yila boshlangan hozirgi kunlarda har bir iborani, shu jumladan to‘yxatni xam yetti o‘lchab bir kesmoq… e-e, yozmoq taqozo etilmoqda.
To‘g‘ri, bugun ham adabiyotimizning atoqli namoyandasi, ardoqli adibimiz, teran fikrli, o‘ylovchi shoirimiz Asqad Muxtor haqidagi to‘yxatda uning o‘nlab roman va qissalar yozganini, ko‘pgina ajoyib she’rlar ijod qilganini, uning qalamiga dramatik asarlar, publitsistik maqolalar, ocherklar, tanqidiy mulohazalar mansubligini, u badiiy tarjima bilan xam samarali shug‘ullanganini ma’lum qilsak bo‘lardi. Shunday yozsam, yozganlarimda mubolag‘a bo‘lmasdi, xammasi chin gaplar bo‘lardi. Biroq bugungi kunda bular xech kimni qanoatlantirmaydi. Shu jumladan, to‘y egasini ham. Buning ustiga, Asqad Muxtorning muxlislari uning umr yo‘lini ham, yaratgan asarlarini ham yaxshi bilganlaridan bu gaplar ular uchun sira xam yangilik bo‘lmaydi. Xo‘sh, unda nima qilmoq kerak? To‘yxat yoza digan odam shunchaki, siyqasi chiqib ketgan tarzda: «Qutlug‘ yoshingiz muborak bo‘lsin, sizga uzoq umr, sihat-salomatlik tilayman», deb qo‘ya qolishi kerakmi? Uylay-o‘ylay bir yo‘l topganday bo‘ldim — adib ijodidagi bosh xususiyat haqida jinday mulohaza yuritishga ahd qildim.
70 yosh inson umrining ancha baland cho‘qqisi xisoblanadi. Adib shu cho‘qqidan turib ortga — bosib o‘tilgan yo‘lga nazar solsa, ancha narsa ko‘rinadi. Asqad Muxtor mard odam, jasoratli odam, xaqiqat qarshisida dadil tura oladigan, ko‘zini olib qochmaydigan, chin gapni aytishdan cho‘chimaydigan odam — u hatto 60-yillarning boshida yozgan she’rlaridan birida: «Yuzdagi ajinlar hayotda yo‘l qo‘yilgan xatolarning izidir», degan ma’noda gapirgan va o‘z ichki dunyosini shafqatsizlik bilan tahlil qilgan edi. Men tasavvur qilishga xarakat qilaman — Asqad Muxtor yillar yukidan biroz bukilgan qaddini rostlab, qordek oppoq oqargan sochlarini qo‘li bilan silab, xali nurini yo‘qotmagan ko‘zlarini katta ochib, bugungi kun cho‘qqisidan bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlab o‘tiribdi.
Xo‘sh, uning nigohi qarshisida qanday manzara paydo bo‘ldiykin? Uning tahliliy tafakkuri yo‘lning qay jixatlarini ilg‘ab, qay jixatlaridan norizo bo‘layotganikin? Bu savolga javob berish g‘oyat mushkul. Bu savolga faqat adibning o‘zi javob bermog‘i mumkin. Biroq shunday bo‘lsa-da, men ham o‘z taxminimni aytib ko‘raman. Har holda, adib bosib o‘tilgan yo‘lga sarhisob yasayotgan ekan, bir narsaga g‘oyat achinayotgan bo‘lsa kerak — nima uchun inson umrini inshoga o‘xshab oldin qoralama tarzda o‘tib, keyin oqqa ko‘chira olmaydi. Buning imkoni bo‘lganda, qanchadan-qancha muammolar xal bo‘lardi, ne-ne xatolar tuzatilardi, butun olamda yaxshilik, ahillik, ezgulik saltanati tezroq qaror topardi, o‘kinmaslikning esa imkoni yo‘q. Chunki bosib o‘tilgan yo‘l g‘oyat murakkab, o‘nqir-cho‘nqirlari, o‘pqonlari ko‘p, mashaqqatlari ko‘p. Bu yo‘l yo‘qotishlarga, talofotlarga, hatto fojialarga to‘la. Bu yo‘lda yaxshi ishlar bilan bir qatorda, ehtimol, o‘kinadigan ishlar xam qilingandir.
Asqad Muxtor tahlilda davom etadi: bu uqubatli yo‘l faqat uning shaxsiy yo‘li emas, adabiyotning butun bir avlodi — 30-yillar o‘rtasida ijod olamiga qadam qo‘ygan avlodning qismati bu! Faqat o‘zbek adiblarining emas, butun Ittifoq miqyosidagi adiblarning qismati bu! Bir vaqtlar bu qismat uchun «Davr mening taqdirimda» deb, «Zamon bilan xamnafasman» deb faxrlanish mumkin edi. Hozir esa — boshqacha. Hozir ma’lum bo‘layaptiki, zamon adabiyotimizning to‘ng‘ich avlodini xam, o‘rta avlodini ham va hatto ulardan keyingi avlodni ham boshi berk ko‘chaga olib kirib, mayib qilgan, ularning ongiga adabiyot xaqida, ijod haqida noto‘g‘ri tasavvurlarni singdirgan.
Bugun ma’lum bo‘layaptiki, zamon yoxud biz barpo etgan jamiyat yolg‘on-yashiq gaplarni bayroq qilib ko‘targan, aql-idrokni xam, ko‘zni xam ko‘r qilib yashashga undagan ekan. Bu zamonda imon, vijdon, iste’dod degan narsalar «o‘tmish sarqitlari» hisoblanardi. Yozuvchi bo‘lish uchun iqtidor shart emas, istagan odamni bir hafta-o‘n kun to‘garakda o‘qitib, shoir yoxud yozuvchi qilish mumkin, deb xisoblanardi. Yozuvchi degani partiyaning dastyori bo‘lmog‘i zarur, u quvnoq oxanglarni jaranglatmog‘i, yorqin ranglarni qo‘llamog‘i, xammani maqtamog‘i, tuzumga maddoh bo‘lmog‘i kerak, deb qaralardi. Bularning bari yozuvchining xarakatini kerakli yo‘lga solib turadigan tizgin vazifasini bajarar, tizginni pardozlash uchun esa «xalqchillik», «g‘oyaviylik», «sotsialistik realizm» kabi balandparvoz gaplar qo‘llanardi.
Ajabo, hayot deganlari ko‘p qiziq narsa bo‘larkan — adib degan zot xamisha haqiqatni izlaydi. Asqad Muxtor ham, uning tengdosh do‘stlari xam hayotda ham, ijodda ham haqiqat izlashgan, albatta. Ammo haqiqatni topish g‘oyat mushkul, zo‘ravonlik hokim bo‘lgan jamiyatda haqiqat deb soxtalik, yolg‘on-yashiq, riyokorlik taqdim etiladi, to uning tagiga yetib, moxiyatini aniqlagunicha, umr o‘tib ketadi. Bularning bari Asqad Muxtor avlodini o‘z iste’dodini to‘la ro‘yobga chiqarish imkonidan maxrum qildi, ularning fikrini chekladi, ularning yuragiga qo‘rquv tuyg‘usini soldi. Shuning uchun bu avlod yaratgan asarlarning anchasi o‘z vaqtida «g‘oyat aktual, g‘oyat kerakli, siyosatga xizmat qiladigan» asarlar bo‘ldi-yu, lekin zamon o‘zgarishi bilan ko‘p jihatdan vaqt sinoviga dosh berolmay qoldi. Shuning uchun ham bu avlodni adabiyotimizning aldangan avlodi deb atasak to‘g‘ri bo‘lar.
Men bu gaplarni yozayapman-u, yana bir o‘ylab, ular to‘g‘rimikan degan shubhaga xam boraman. Extimol, Asqad Muxtor bunday deb o‘ylamas, ehtimol, uning fikri boshqadir. Biroq men yuqoridagi keskin mulohazalarni aytish bilan na Askad Muxtorning, na unga tengdosh avlodning ijodiga butkul qora chiziq tortmoqchiman. Bunday qilish insofdan ham emas, haqiqatga ham to‘g‘ri kelmaydi. Aksincha, Asqad Muxtor ana shunday ogir sharoitda ham o‘zligini saqlab qolishga intildi: u tinimsiz izlandi, adabiyotning mohiyatini qidirdi, xaqiqatning tagiga yetishga va o‘zi kashf etgan haqiqatlarni kitobxonga manzur bo‘ladigan badiiy libosda ifodalashga harakat qildi. Mana, uning 50-yillarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan, ko‘pgina boshqa tillarga tarjima qilingan «Opa-singillar» romanini olaylik. O‘z davrida o‘zbek romanchiligida yangi sahifa ochgan bu romanning ayrim jihatlari bugun eskirganday tuyuladi: uning ayrim sahifalari «sotsialistik realizm»ning temir qoliplari asosida yozilgan. Shunga qaramay, bu romandagi ba’zi obrazlar, ayniqsa, eri janglarda qurbon bo‘lib, beva qolgan, yolg‘iz o‘zi ham ikki farzandining yetimligini bildirmay ulg‘aytirgan, xam o‘zining qadr-qimmatini yuksak saqlayotgan Onaxon bugun xam insoniy jozibasidan maxrum bo‘lgan emas. «Tug‘ilish», «Davr mening takdirimda», «Chinor» kabi romanlarning ayrim qahramonlari haqida ham shunday deyish mumkin. Agar bu asarlarda ba’zan bo‘yoqlar haddan ziyod quyuqlashib ketgan yoxud optimizm juda-juda yuksak nuqtalarga ko‘tarilib ketgan bo‘lsa, keyingi asarlarda, jumladan «Buxoroning jin ko‘chalari» qissasida Asqad Muxtorning san’atkorlik nigohi o‘tkirlashganini, psixologik tahlilning yangi imkoniyatlariga yuz o‘girganligini ko‘ramiz.
Asqad Muxtorning she’riyati haqida ham g‘oyat iliq gaplar aytish mumkin. U she’riyatda ham tinimsiz izlandi — agar ijodining dastlabki davrida she’riyat bobidagi hukmron qoliplar, majburiy tasavvurlar asoratidan qutulolmagan bo‘lsa, keyin-keyin va ayniqsa, 70—80 yillarda chinakam lirikaning betakror namunalarini yaratdi. Ana o‘sha she’riyatni shoirning chinakam biografiyasi desa bo‘ladi. Ular xuddi aniq kardiogrammaday shoir qalbining har bir titrog‘ini, xar bir tepishini aks ettirgan. Bularda teran fikr, inson hayotining o‘tkinchiligi va mohiyati haqidagi o‘ylar, inson va tabiat munosabatlari teran aks etgan. Ularda zo‘r hayotiy tajriba orttirgan donishmand shoir o‘z qalbini kitobxon qarshisida ro‘yi-rost ochib beradi.
Ko‘ramizki, Asqad Muxtor umrining 70 yillik dovonida turib, bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlar ekan, unda o‘kinadigan jihatlarni ham, zoye ketgan ijod daqiqalarini ham, kishini mamnun qiladigan, o‘zini o‘zidan rizo qiladigan fazilatlarini ham ko‘radi. Bu — tabiiy, bu har bir odamga xos narsa, chunki bizning hech qaysimiz bekamu ko‘st, mukammal emasmiz, har qaysimiz o‘z yo‘limizni o‘tar ekanmiz, qiynala-qiynala, adasha-adasha, ham umidlar qanotida uchib, ham xafsalalarimiz pir bo‘lib, xaqiqat sari talpinamiz. Haqiqat esa tutqich bermaydi. Asqad Muxtorning to‘yi munosabati bilan izhor qilgan mulohazalarimni, baribir, an’anaviy tarzda yakunlayman — Asqad Muxtorga yana uzoq yillar sihat-salomatlik tilayman. Bu mening samimiy tilagim!
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 12-son