Ilm-fan sayozlashib, o‘rnini oddiy axborotlarga bo‘shatib bergan, fikr qolipga tushib qolgan bir davrda kattayu kichik minbarlardan xuddi qasam ichganday mamlakatimizda millatlar va elatlar gullab-yashnayotgani, yaqin kelajakda barcha elu elatlar bir-birlariga butkul singishib ketishi haqida irod qilingan «otashin» nutqlar mavjud hayotni yolg‘on yashiqdan iborat tasavvurga ko‘mib tashlagan edi. Nihoyat, vulqon kabi portlagan hodisalar qog‘oz gulga o‘xshash yasama shiorlarni tilkalab itqitdi va… biz bugun nimalarga shohid bo‘lib turibmiz? Gapning ochig‘i — juda kam narsaga…
Ko‘rish, kuzatish — tasavvur uyg‘otadi, hozir ko‘rgan-bilganingni umumlashtiradigan va oqilona xulosalar chiqaradigan payt. Keling, bir nazar tashlaylik, borki voqelikka bo‘lmasa-da, imkon darajasida, masalan, O‘zbekistonning madaniy hayoti bilan bog‘liq muammolarga nazar tashlaylik, mubohasa qilaylik. Hamsuhbatimiz — Odil Yoqubov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, jumhuriyat Yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi, SSSR xalq deputati.
Odil Yoqubov: — Men, aksincha, jumhuriyatimiz madaniy va adabiy iqlimida kechayotgan jarayonni ittifoqnikidan ajratmagan holda ko‘zdan kechirish lozim deb bilaman. Yaqin-yaqinlargacha bizning sobiq ma’muriy rahbarlar «rus adabiyotidan o‘qib, o‘rganing», deya to‘g‘ri ko‘rsatma berishar edi-yu, amalda yetuk rus adiblariga xos an’analar — grajdanlik shijoati, eng og‘ir damda ham haqiqatdan chekinmaslik talablariga qarshi chiqishar edi. Shunday bir sharoitda milliy o‘ziga xoslik shiori o‘rtaga tashlanardi: xo‘sh, nima bo‘pti, Moskvada A. Soljenitsin, V. Grossman, Yu. Dombrovskiy asarlari chop etilayotgan bo‘lsa! Yo‘q, bizning adabiyotda o‘zimizga xos munosabat bo‘lishi kerak! Milliy o‘ziga xoslikni bunday tushunish (afsuski, bu, mening bilishimcha, fakat O‘zbekistongagina xos emas) o‘tkir, hakqoniy asarlarning yo‘liga to‘g‘on qo‘ydi, siyqa va sayoz, bo‘yab‑bejalgan, «Sovetlar yurtida hamma baxtiyor!» qabilidagi balandparvoz asarlarning urchib ketishiga va «Moskvadan to uzoq joylarga» qadar ommaviy tarqalishiga imkon tug‘dirdi. Nihoyat, mana, endi katta qiyinchilik bilan oldinga siljiyapmiz, yolg‘on-yashiqni, ko‘zbo‘yamachilikni butkul, tag-tomiri bilan bo‘lmasa-da, ko‘ldan kelgancha bartaraf etishga urinyapmiz, ha, bizning chashmalardan ham zilol suvlar oqa boshladi. Jumhuriyatimiz adabiyot gazetasining mushtariylari hozir yetti yuz ming atrofida. Biror-bir qardosh o‘lkada bu xil gazeta hali bu miqyosga ko‘tarilgani yo‘q. «Yoshlik» jurnali ijtimoiy, tarixiy muammolarga doir g‘oyat o‘tkir maqolalar e’lon qilayotir. Jurnal uch yuz yigirma ming nusxada tarqaladi. Shuning o‘ziyoq, nihoyat, kishilar dardini ayta boshlagan adabiyotga xalq e’tibori o‘sa boshlaganligini yaqqol ko‘rsatadi.
Muxbir: — Eng avval, rus adabiyotida bo‘lgani kabi dardli muammolar haqida publitsistika gap ochgan, shundaymi?
Odil Yoqubov: — Ha, xalqimiz orasida publitsistikaga e’tibor juda baland. Ayniqsa, ekologiyaga bag‘ishlangan maqolalar qo‘ldan qo‘ymay o‘qiladi. Shu o‘rinda men Orolni muhofaza qilish qo‘mitasi aynan bizning Yozuvchilar uyushmasida tashkil topganligini mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tishni istardim. Qoraqalpoq yozuvchilari To‘lapbergan Qaipbergenov, O‘razboy Abdurahmonov, shuningdek, Pirmat Shermuhamedov, Dadaxon Nuriy, Erkin A’zamov, Murod Abdullayev, Shukur Xolmirzayev chiqishlari jur’at bilan aytilgan dadil fikr-mulohazalarga boyligi, — garchi hukm-xulosalari g‘oyat achchiq va tashvishli tuyulsa-da, — fojiiy tanglikni teran tahlil etishi bilan Yu. Chernichenko, M. Vasilev, A. Strelyaniy maqolalarini yodga soladi. Publitsistlarimizning astoydil sa’yi harakatlari natijasi o‘laroq Orol muammosi, bolalar va ayollarning paxta dalalaridagi sermashaqqat mehnati, yerimizning turli kimyoviy dorilar bilan zaharlangani kabi mushkul muammolar keng ko‘lamda, oshkora muhokama qilinayotir, ularning hal etilishi ezgulik tomon o‘zgarishiga ham shunday chikishlar muayyan darajada ko‘maklashadi, deb o‘ylayman.
Shu bilan birga odamlar berilib o‘qiyotgan, choyxona va sanatoriyalarda ko‘pchilik qizg‘in muhokama qilayotgan nasr ham paydo bo‘ldi (o‘quvchilardan kelayotgan xatlar shundan dalolat beradi). Yaqin yillarda kitobxonlarning bunday bahs-muloqotlari bo‘lganini eslay olmayman. Albatta, bunday jonli muloqot uyg‘otgan asarlar hali sanoqli, ko‘plashib adabiy muloqotlarga kirishishlar ham xali xususiy hodisadir. Biroq yozuvchi so‘zi xalqda ishonch uyg‘ota boshlaganining o‘zi katta baxt. Buning ustiga juda ko‘plab kitobxonlar asar qahramonlarini xuddi hayotda bor bo‘lgan odamlar kabi qabul qiladi. Bu adabiyotni yuzaki tushunish oqibatimi? Yo‘q! Axir, hatto Tvardovskiy tan olib, men uchun Tyorkinning keyingi taqdiri qanday kechganini so‘rab ko‘ngilchanlik bilan yozilgan xatlar dostonni g‘oyat teran tahlil qilib bergan ilmiy ishlardan ko‘ra aziz va qimmatli, degan,edi-ku!
Muxbir: — Qaysi asarlar kitobxonlarda qizg‘in munosabat uyg‘otayotir?
Odil Yoqubov: — Nazarimda, bular xalqning dardini haqqoniy tasvirlagan, uning bugungi kunini ro‘yrost ko‘rsatgan asarlardir. Temur Po‘latov, Sharof Boshbekov, O‘tkir Hoshimov, Said Ahmad, Oleg Sidelnikov asarlari shular sirasiga kiradi. Nurali Qobul, G‘affor Hotamov, Tog‘ay Murod, Murod Muhammad Do‘stning qissalari zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan fojiali taqdirlar, barcha ko‘rgiliklarga bardosh berib, o‘zlaridagi qat’iyat va sabr-toqatni, mehr-shafqatni, mardonalikni yo‘qotmagan kishilar haqida hikoya qiladi. Bugungi kunda xalqimiz boshiga tushgan, qishloqlarimiz o‘nlab yillar mobaynida kechirgan mudhish fojialar — kishilarning kadr-qimmatini, insoniylikni tuproqqa qorigan baxtsizliklar har tomonlama anglab olinmoqda.
Muxbir: — Sizningcha, adabiyot o‘z mavqeini publitsistikaga berib qo‘ymayaptimi?
Odil Yoqubov: — Qaysidir ma’noda shunday bo‘layotir, biroq e’tiborga molik jihat shundaki, adabiyotimizning eng yaxshi namunalarida borliqni butkul inkor etish, tushkunlikka berilish asoratlari yo‘q. Fojiali taqdirni umid nuri bilan yoritish, insonning, millatning ijodiy imkoniyatlarga, olam go‘zalligining bitmas-tuganmas imkoniyatlariga ishonchni yo‘qotmaslik — badiiy ijodning asl poetik jozibalaridir. She’riyatda ham xuddi shu fazilatlar ustivor. Nur bilan soyaning to‘qnashuvi she’riy satrlarga shunday uyg‘unlik va qudrat bag‘ishlayotirki, bu haqiqiy hayotni va davrni yurakdan his etishga da’vat etadi. Bu jabhada ham, mening nazarimda, hozirgi paytda faol shoirlar: Shukrullo, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Rauf Parfi, Muhammad Solih, Shavkat Rahmon, Mirza Kenjaboyev, Xurshid Davron 20—30-yillarning yoniq avlodi vakillari (ming afsuski, biz ularning meroslaridan o‘nlab yillar mobaynida ajralib qolganmiz) Abdulla Qodiriy, O‘smon Nosir, Cho‘lpon, Fitrat an’analarini davom ettirishmoqda. Bugungi kunda xalqqa kaytayotgan — qatag‘onga uchragan adabiyot, millatning zamonaviy madaniyati bilan ildizi uzoq asrlarga ketgan an’analar o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi mumkin (ayni o‘sha qatag‘on yillari arafasida qadim Sharq adabiyoti daraxtiga Yevropa realistik romanining novdasi payvand qilingan edi). Bu xayrli ishlar adabiyot tarakqiyotiga qanchalik samara keltirishini aytib o‘tirmasam ham bo‘ladi. Albatta, ularning asarlari avvalgi paytlarda ham o‘qilgan, birok, tor doiralarda, mana, nihoyat yana kitoblari nashr etila boshlandi.
Tag‘in shuni ham mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, bu xayrli ishlarni amalga oshirishda bizning Yozuvchilar uyushmamizda tashkil topgan va katag‘on qilingan adiblar ijodiy merosini kitobxonlar ommasiga qaytarish bilan shug‘ullanadigan «Adolat» komissiyasining xizmati katta bo‘ldi.
Muxbir: — Zamonaviy o‘zbek adabiyotining taraqqiyot ko‘lami haqida nima deysiz?
Odil Yoqubov: — Bu, har qalay, ancha murakkab savol. Aytish joizki, badiiy izlanishlarning rang-barangligi — bugungi adabiy jarayonda eng umid uyg‘otadigan xususiyatdir. Bu — adabiyot… haqiqatan Adabiyot bo‘la boshlaganidan dalolatdir. Aksincha, sotsialistik realizmga bezangan mafkura emas. Mening nuqtai nazarimga ko‘ra, Yozuvchilar uyushmasining vazifasi san’at nishonalari ko‘ringan har bir niholni asrab‑avaylab parvarishlash, tag‘in hur fikr yuritish uchun shunday muhit yaratishki, bu muhitda yangi nihollar xuddi kishi nafas olgandagiday erkin o‘sib-ulg‘aysin.
Muxbir: — Siz ildizi qadim asrlarga ketgan Sharq an’analariga tashlangan ko‘prik haqida gapirdingiz. Shu an’analardan qaysilari, sizningcha, bugungi kunda e’tiborga molik?
Odil Yoqubov: — Biz, o‘zimizni haqiqiy vorislar deb bilib, bobokalonlarimiz yaratib ketgan ulkan ma’naviy boylikni bugungi kunda yangidan tushuna boshladik. Deylik, ham o‘zbek, ham qozoq, ya’ni turkiy tilli, 12-asrning o‘ziga xos shoiri Ahmad Yassaviy necha yillar mobaynida mistik sanalib kelindi. Uning ijodini o‘rganish, yumshatib aytadigan bo‘lsam, har qalay, qaltis ish hisoblanar edi. Shoirning sharafiga qurilgan O‘rta Osiyodagi eng go‘zal maqbara 63 yoshidan so‘ng (payg‘ambarimiz shu yoshda vafot etgan) tarki dunyo qilib uzlatda yashagan yerto‘laning yaqiniga qurilgan, u shu qorong‘u yerto‘lada kishini ajablantiradigan nur bilan yo‘g‘rilgan pand-nasihatlari — «Hikmatlar»ni yozganki, bu hikmatlar teran insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgandir. G‘oyat ochiq, samimiy, ommabop tilda yozilgan hikmatlar kishini adolatga chakiribgina kolmasdan ko‘ngilda yaxshilik, muruvvat va go‘zallik tuyg‘ularini alangalatadi. Mana shu ma’naviy ideallar hayotiy qadriyatlar inqirozga yuz tutgan bizning davrimizda tayanch bo‘lib, keyingi harakatlarimiz uchun ma’naviy madad bo‘la oladi.
Siz Navoiyning «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» dostonlarini o‘qib ko‘ring. Ularning qahramonlari — turli millat vakillari, biroq ularni muhabbat rishtalari bog‘lab turadi, farqlanadigan jihatlari sezilmas darajada. Shoirning ovozi asrlar osha qabilalar va xalqlarga insoniyatning birligi haqida ogohlantiruvchi sadoday jaranglab keladi. Shoir barcha zamonlarda jafokashlik, sevgi va sadoqatning o‘zgarmas tushunchalar sifatida qolajagini baralla kuylagan. Ayolni, ayniqsa, u hayratlanarli darajada tasvirlagan! Ayol obrazi ulug‘ shoir tasvirida nafaqat nafosat, go‘zallik, shuningdek, axloq va odob ramzi sifatida gavdalanadi. Shunisi bilan, an’ana va shakllar orasidagi farqqa qaramay, Yevropa ritsarlari poeziyasini esga soladi. O‘rta Osiyoda azaldan ayol zotiga past nazar bilan qarab kelingan, degan gaplar tez-tez quloqqa chalinadi. Men faqat shuni eslatish bilan kifoyalanmokchiman: Ulug‘bek madrasasining peshtoqiga Qur’ondan ko‘chirilgan parchada ilmga faqat musulmonlar emas, ularning qiz-juvonlari ham intilmog‘i lozim, deb yozib qo‘yilgan edi. Temurning ulkan hokimiyati qulagach, ulug‘vor madaniyatning ko‘plab yuksak durdonalari inkirozga yuz tutgani, bu endi boshqa masala. Biroq biz erishilgan madaniyatning yuksalgan davrini taraqqiyoti susaygan davrlardan farqlay bilishimiz, madaniyatning o‘lmas qoyalarini ko‘ra olishimiz lozim.
Muxbir: — O‘zbek adabiyoti qadim-qadimdan tojik, arab va boshqa Sharq xalqlari adabiyotlari bilan o‘zaro yaqin aloqada bo‘lgan… Bugungi kunda O‘rta Osiyo xalqlari madaniyatlarining bir-biriga ko‘rsatayotgan ta’siri haqida nima deysiz?
Odil Yoqubov: — Afsus bilan qayd qilish lozimki, bugungi o‘zaro ta’sirlar, aloqalar nomigagina. Tarjima borasida ayrim ishlar qilib turilibdi. Men shu masalaga batafsilroq to‘xtab o‘tsam. Yozuvchilar uyushmasi Tarjima markazi tashkil etdi, bu markaz chet el yozuvchilari, qardosh jumhuriyatlardagi ijodkorlar, shuningdek, moskvaliklar bilan ham aloqa o‘rnatadi. O‘ylaymanki, endi ishlar, har qalay, yurishib ketadi. Biroq shuni ta’kidlashim joizki, Markaz endigina tashkil topdi. Bugungi kunda har qanday asarning umumittifoq miqyosida e’tibor qozonishi, chet ellik noshirlar nazariga tushishi rus tiliga qilingan tarjimaning sifatiga bog‘liq. Afsuski, bu masalada hali maqtanib gapirishimizga ancha vaqt bor. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, bizning asarlar tarjimasidagi yutuqlar ko‘proq K. Simonov, V. Solouxin, V. Tendryakov, V. Dudintsev, S. Lipkin, Derjavin kabi mashhur adiblarning mehnati bilan bog‘liq… Biroq bugungi kunga kelib, yetuk rus yozuvchilari o‘z ijodiy ishlari bilan band. Bu zarur ish, albatta. Biroq biz tarjima bobida duch kelayotgan odamlar o‘z ona tillarida erkin gapirishni eplay olmaydilar, asl nusxa tilini bilishi haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas. Chet el tillariga o‘z tarjimonini topolmayotgan asarlar qatorida men Pirimqul Qodirovning Bobur haqidagi romanini, Erkin Vohidovning «Ruhlar isyoni» dostonini, Jamol Kamol, Gulchehra Nurullayeva, Usmon Azimov, Azim Suyun, Muhammad Ali, Barot Boyqobilovning tarixiy mavzudagi asarlarini, Mamadali Mahmudovning «Bog‘don qashqiri», Xayriddin Sultonovning «Saodat sohili» qissalarini, Olim Otaxonov hikoyalari, oqsoqollarimizdan Mirmuhsinning insoniyat tarixidagi eng ulug‘ arxitektorlardan birining fojiali taqdiri haqida hikoya kiluvchi «Me’mor» romanini aytishni istardim.
Ajablanarli tomoni shundaki, biz o‘z qo‘shnilarimiz — qardoshlar yaratayotgan asarlar bilan tanishish uchun uning rus tilida chiqishini kutib o‘tiramiz. Ham kulging qistaydi, ham alam qiladi: nafaqat yerlarni bo‘lib, chegaralab oldik, endi bobokalonlarimizni ham «seniki-meniki»ga ajrata boshladik. Bundan battarini, meningcha, o‘ylab topib bo‘lmasa kerak. Bizning madaniyatimiz g‘oyat uyg‘un, biri-biriga singishib ketgan ediki, buni bugungi sharoitda hatto tasavvur qilishimiz g‘oyat mushkul. Mana shunday uyg‘unlik Sharq madaniyatining yuksak parvozini ta’min etgan. Hamma—tojiklar ham, o‘zbeklar ham Hofizni yoddan bilar, Xayyomni ko‘ldan qo‘ymas, o‘zbek madrasalarida Navoiy, Fuzuliy, Nizomiy birdek o‘qitilar-o‘rgatilar edi. Ibn Sinoning «Qonun»lari xattotlar tomonidan qayta-kayta ko‘chirilib, butun Osiyo, Hindiston, Arab Sharqi, Eronga minglab nusxalarda tarqalib ketgan. Bizning bobolarimiz (fakat qomuschilar emas) arab, fors, turkiy tillarni bilgan va bu tabiiy hol deb qaralgan. Alisher Navoiy turkiyda, shuningdek, o‘zi g‘oyat mukammal bilgan forsiyda ham yozgan. Beruniy hind, arab tillarini xuddi turkiyni bilgandek bilgan. Matematika otasi xorazmlik al-Xorazmiy Arab Sharqiga ketib, algebraning (darvoqe, bu fanning atalishi uning nomidan olingan) asosini yaratgan, tabiiyki, arabchani mukammal bilgan. Endi esa biz zo‘r berib u yoki bu olim yo shoir qayerda tug‘ilganu qaysi joyda vafot etgani ustida tortishamiz. Bunday tortishuvlarning mantiqsizligini isbotlab o‘tirishning hojati bormikan? Boz ustiga bugun millatlarning shakllanish jarayoni asrlar mobaynida kechganligini ham e’tibordan soqit qilishadi. Biz yuksak madaniyat sohiblari bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimizdan o‘rnak olmog‘imiz kerak: ko‘p tillarni bilishimiz, faqat o‘z adabiyotimizni teran tushunishimiz kifoya qilmaydi, madaniyat problemalariga keng ko‘lamda yondashishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Bobokalonlarimizda o‘zining madaniyati qobig‘ida qolishga urinish bo‘lmagan! Mana, kimlardan biz o‘rganmog‘imiz kerak. Aksincha, mayda tuyg‘ularga berilib ketishlar aqlni charxlamaydi, balki uni jilovlab qo‘yadi.
Muxbir: — Keyingi paytlarda milliy madaniyat, milliy tarixga qiziqishning g‘oyatda kuchayganini Siz qanday izohlaysiz? Biz hammamiz guvoh bo‘lib turgan milliy nizolarning sabablari nimada, deb o‘ylaysiz?
Odil Yoqubov: — Fikrimcha, bu yo‘l qo‘yilgan siyosiy xatoliklarning oqibatidir. Biz mumkin bo‘lmagan narsalarni zo‘rlik bilan amalga oshirish uchun behuda urindik, chamamda. Milliy madaniyatlarni ravnaq toptirish haqida og‘iz ko‘pirtirilib, amalda milliy urf-odat, til, ajdodlar madaniyati va merosiga hurmatni millatchilik deya hisoblandi. Xatto shu darajada kulgili holga tushildiki, bizning o‘lkamizdagi eng go‘zal maskanlar — Bo‘stonliq (ba’zan bu joyni o‘zbek Shveytsariyasi ham deyishadi) va Zominni ittifoq ministrligining sanoat korxonalarini qurishdan himoya kilib chiqqan yozuvchilarimizni millatchilarga chiqardilar. Go‘yo bu yerdagi sanatoriyalarda, dam olish uylarida faqat o‘zbeklar dam oladigandek… Axir, qachongacha bu «millatchi» degan so‘zni xuddi ur to‘qmoqday o‘ngu so‘lga aylantirib uraverish mumkin?! Naxotki, biz hanuz kaltak odamlarning boshini qo‘shadigan, birlashtiradigan vosita emasligini tushunib yetmagan bo‘lsak, axir bunday harakat tufayli odamlarning ixlosini qaytaramiz, xolos… Hozirgi sharoitda bir-birimizning yuzimizga kamchi tortishdek besamara urinishdan voz kechib, bir-birimizning gapimizni, dardu alamimizni sabr-toqat bilan eshitishga odatlanishimiz kerak. Biz Milliy munosabatlar komissiyada Moldaviyaning ish tashlash komiteti vakillari va bu jumhuriyat rahbarlarining so‘zini eshitdik. Butun munozarayu tortishuvlarga moldavan tiliga davlat tili mavqeining berilishi va lotin alifbosiga o‘tilgani sabab bo‘lgan ekan. Har qalay, tilga davlat tili mavqei berilgani uchun norozilik tug‘ilganini tushunsa bo‘ladi, chunki ayrimlarga qiyinchilik tug‘ilishi mumkin. Birok lotin alifbosiga qarshi chiqishganlarini qanday tushunish mumkin? Bu kimga xalakit beradi?! Modomiki siz tubjoy aholining tilini bilmas ekansiz, boshka alifboga o‘tilganining siz uchun nima farki bor? Nazarimda, bunga o‘xshash ish tashlashlar yo‘li bilan kuch ishlatish orqali yuzaga keltirilgan konfliktlar yangilanishlarga tayyor emaslik, biryoqlama, sayoz fikr yuritish oqibati, masalaga odatdagiday to‘pori yondoshish natijasi; axir, partiya jumhuriyatlar haq-huquklarini kengaytirish, ularga o‘z milliy tilli statusini, milliy madaniyatini taraqqiy ettirish imkoniyatlarini ochib berish yo‘lidan borayotir-ku! Bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaylik, tushunaylik — biz uchun yagona yo‘l shu. Boshqacha yo‘lga — ajrimga, qonli to‘qnashuvlarga olib boradigan boshi berk ko‘chaga kirmaslik kerak. Aks holda har bir milliy madaniyat arosatda qoladi, bizning har birimizning o‘ziga xosligimiz yovvoyi qabilalarning o‘ziga xosligiga aylanib ketadi.
Muxbir: — Ma’naviyat — inqirozdan chiqishning yagona omili, deysizmi?
Odil Yoqubov: — Albatta, hayot ko‘zga ilg‘anmaydigan fojiali sabab-oqibatlar tufayli odamlarni bir‑biriga qayrab solayotgan bo‘lsa-da… Turmushning xarobligi, 70 yilga cho‘zilgan navbat kutishlar, yaxlit-yaxlit xalqlarning kindik qoni tomgan jondan aziz ona yurtlaridan judo etilganligi, rus dehqonining mushkul ahvolda qolishi — bular barchasi odamlarning qonini qaynatmasligi hech mumkin emas. Farg‘onada yuz bergan voqeaning haqiqatan ham dahshat ekanligini inkor etish mumkinmi? Bu voqealarga deyarli bir xil: bosqinchilik, jinoyatchilik, deya baho berildi. Biroq, uning zamiriga nazar tashlar ekansiz, beixtiyor shu o‘ylar xayolingizdan kechadi: nega axir urush davrida jumhuriyatimiz minglab yarador, boshpanasiz qolgan odamlarga bag‘ridan joy berdi, qancha yetimlarning boshini siladi, ularga hamdard bo‘ldi-yu, bugungi kunga kelib milliy nizoalanga olib ketdi? Qozog‘iston KP MQning birinchi kotibi N. Nazarboyev nutqlaridan birida uning jumhuriyati ulkan GULAGga aylantirilganligini aytdi. Axir, O‘zbekiston haqida ham shu fikrni aytish o‘rinli bo‘lmaydimi? Ko‘lami uncha yirik bo‘lmagan bu yurtga uch yuz ming koreyts, yarim million qrimtatar, yuz ming mesxeti turklari, o‘n minglab nemis, chechen, kabardin, ingush ko‘chirib keltirilgan edi. Aybsiz aybdor bu xalklarning taqdiri chindan ham fojiali kechdi. Bunday ommaviy ko‘chirishlar o‘zbek xalqiga yetkazgan ziyon haqida, xo‘sh, kim o‘ylaydi? Kim javob beradi? Hozir Farg‘onada minglab mahalliy millat vakili ishsiz, ularning aksariyati yoshlardir. Agar biz ijtimoiy adolat haqida vaqtida o‘ylaganimizda edi, bugungi kunga kelib milliy munosabatlar, ehtimol, bu qadar murakkablashib ketmasmidi?!. Ha, juda bo‘lmaganda bugungi ahvol darajasida keskinlashmasdi.
Muxbir: — Tillarga, jumladan, o‘zbek tiliga ham davlat tili maqomi berilishi bilan milliy tillar taraqqiyoti yaxshi yo‘lga solinadi, deb umid qilinmoqda. Biroq, davlat maqomi bilan mustahkamlangan tilning, avvalo, ma’muriy-tashkiliy tomoni mustahkamlanadi, yo‘l-yo‘lakay til mafkura ehtiyojlariga moslashadi. Bunday stilistik o‘zgarishlar, albatta, tilni boyitadi, biroq tilning to‘laqonli hayoti keng ko‘lamli hodisadir. Shaxsan Siz ona tilingiz taraqqiyotining istiqboli haqida qanday tasavvurdasiz?
Odil Yoqubov: — Yuz yillar mobaynida turkiy tillar taraqqiyotiga arabiy, forsiy tillar muayyan ta’sir ko‘rsatib kelgan. O‘zbek tili ham bundan mustasno emas, albatta. Shuning uchun ham bu tillardan bizning tilimizga ko‘pdan-ko‘p so‘zlar singib, o‘zlashgan. 30-yillarda o‘zbek tilining tozaligi uchun kurash shiori ostida minglab so‘zlar, ilmiy atama-terminlar eskirganga chiqarildi. Madomiki, shu tadbir to‘g‘ri deb topilgan ekan, arabcha «maktab», «qalam» kabi so‘zlarni ham eskirganga chiqarish lozim edi-da… Xudoga shukrkim, jillaqursa, shu so‘zlarni qo‘llanilishiga shubha bildirilmadi. Har holda, noma’qul bu chora-tadbirlar xuddi go‘zal gilamdan uning yam-yashil yoki qizil iplarini sitib olgandek tilni kambag‘allashtirilmay, rangsizlantirmay qolmadi. Bugungi kunga kelib, asta-sekinlik bilan tilimizning lug‘aviy boyligi yanada to‘yinib borayotir.
O‘n yil mobaynida ikki marta o‘tkazilgan isloh okibatida mavjud yozuv an’analaridan tamomila ajralib qoldik. Rus alifbosiga shu qadar tez, shoshmashosharlik bilan ilmiy asoslarga tayanilmagan holda o‘tildiki, turkiy tillarning bir xil fonemalari turli xil belgilar bilan belgilandi. Fikrimcha, rus alifbosida qolgan holda, barcha turkiy tillar uchun uni bir xil shaklga keltirish xususida o‘ylab ko‘rish lozim. Jiddiy lingvistlardan tashkil topgan komissiya, albatta, bu muammoni hal eta oladi, deb o‘ylayman. Bu tadbir xalqlarni birlashtirishga omil bo‘lib xizmat qilishi haqida gapirib o‘tirishning o‘zi ortiqcha. Chunki bu xalqlar madaniyatining o‘k tomirlari yagonadir.
Suhbatdosh: J. Vasileva. (Suhbatning asl matni.)
«Literaturnaya gazeta», №: 5270
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 3–son