Siyosiy mustaqillik — milliy o‘zligini tanish, milliy tozarish demakdir. Bu — asl milliy ruh, milliy nuqtai nazar, o‘z milliy tafakkuriga ega bo‘lishdir. Ayonki, biz o‘tgan yetmish yil davomida hamma qardosh elatlardan yuz o‘girib, butun nazarimizni markazga — Ovro‘poga qaratgan edik. Ovro‘po madaniyati, urf-odati, tafakkur tarzini hamma narsadan afzal, deb bilish siyosati targ‘ibot va tashviqot orqali, shuningdek, xufya zo‘rlik yo‘li bilan qat’iy ravishda singdirildi. Uzoq yillar davom etgan, puxta o‘ylangan bu izchil siyosat milliy madaniyatdan yiroqlashtirish, milliy o‘ziga xoslikni barbod etish, milliy ruh va iftixor tuyg‘ularini so‘ndirishga qaratilgan edi. Ma’lumki, muayyan mehnat mahsuloti, tarixiy yodgorlik yoki buyuk ajdodlar faxrlanish tuyg‘usi kishiga kuchli ma’naviy rag‘bat baxsh etadi. Bir vaqtlar binolarimiz peshtoqida «Paxta — o‘zbek xalqining milliy iftixoridir!» degan shior osig‘liq turar edi. So‘ng bu shior «Paxta — sovet xalqining iftixoridir» deb silliqqina o‘zgartirildi.
«Sovet xalqi» degan ibora mavhum gap. SSSRda muayyan xalqlar mavjud, biroq, ularning sun’iy birligidan yangi umumiy xalq vujudga keltirib bo‘lmaydi. Har bir xalqning yetishtirayotgan asosiy mehnat mahsuloti faqat uning o‘z iftixori bo‘lishi mumkin. Bepoyon moddiy boylik va tabiiy go‘zallik timsoli bo‘lgan rus o‘rmoni asl ma’noda faqat rus xalqi iftixoridir. Yoki gruzin choyi, qozoq chorvasi haqida ham shunday deyish mumkin. Rus o‘rmonidan, o‘zbek paxtasidan, gruzin choyidan boshqa xalqlar mamnun bo‘lishlari mumkin, lekin bu tushunchalar o‘zga xalqlarda voqelikka kuchli ta’sir ko‘rsata oladigan chinakam ma’naviy rag‘bat uyg‘ota olmaydi. Paxtani sovet xalqi iftixori, deb e’lon qilishdan kuzatilgan maqsad bitta edi. U ham bo‘lsa o‘zbek xalqini o‘z mehnat mahsulotidan faxrlanish tuyg‘usidan mahrum etishdir. «O‘zbekiston — mening jumhuriyatim!» «Amir Temur yoki Bobur mening tarixiy ajdodim!» «Alpomish mening qahramonim!» degan tuyg‘u va tushunchalar ham ta’qib va tazyiqqa uchragan edi. Shunday atamalar zikr etilgan nazm va nasr mualliflari, olimlar rasmiy partiyaviy qarorlar bilan yomonotliq qilingan, madaniyat va ijod maydonidan chetga surib qo‘yilgan edi.
Xalq iftixori, orzu-umidlari shu qadar oyoqosti qilingan ediki, mutelik falsafasi hatto rasmiy g‘oya shaklida mujassamlashtirilgan bo‘lib, O‘zbekiston davlat madhiyasi mazmuniga bosh g‘oya sifatida singdirilgan edi. «Biz o‘tmishda xor edik, nomsiz, gado», degan so‘zlar go‘yo xalqning o‘z tilidan izhor etishga majbur qilingan edi. Iftixori yo‘q xalq ma’naviy majruh, mute xalqdir. Siyosat, qo‘rquv, vahima vositasi orqali xalq tabiatiga singdirilgan mutelik ruhiyati saqlanib qolar ekan, jumhuriyatimizning mustaqilligi shirin xayol bo‘lib qolaveradi.
Tarixiy madaniy ajdod va arboblarimiz, milliy madaniyat obidalari ko‘p hollarda o‘zga millat kishilari tomonidan tadqiq etilib baholandi. Xalqimizning chet el bosqinchilariga qarshi kurashi o‘zga millat tarixchilari tomonidan xaspo‘shlab, hatto buzib ko‘rsatildi. Jadidchilik, bosmachilik harakati voqealari xalqqa qarshi ruhda talqin etildi. Xullas, milliy tariximiz o‘zga millat xohish-istagiga moslashtirib soxtalashtirildi. Rus xalqi Ulug‘ Pyotr yoki Ivan Grozniyni ukrain yoki o‘zbek nuqtai nazari bilan baholay olarmidi yoki shunday bahoga rozi bo‘larmidi? Vaholanki, bizning tarixiy ajdodlarimiz o‘zga millat kishilari, olimlari va siyosatdonlari nuqtai nazari bilan baholanib, tayyor kontseptsiyalar bizga havola qilindi. Tarafkashlikdan iborat bu biryoqlama kamsituvchi o‘zga baho, fikr-mulohazalar tafakkurimizda ko‘nikmaga aylanib, hamon saqlanib kelmoqda. O‘zbekiston xalq deputati shoir Muhammad Solih jurnalist A. Jo‘raboyev bilan qilgan suhbatida xorijdagi o‘zbek olimi Boymirza Xayit haqida shu vaqtgacha hukm surib kelgan, qotma ko‘nikmaga aylangan rasmiy fikrga favqulodda zid yangi fikr bayon qilgan edi. M. Sharopov degan kimsa bu fikrga qarshi maqola e’lon qildi. Maqola muallifi stalinchilik davrida amal qilgan qonli qatag‘on usullaridan foydalanib, Boymirza Hayitni siyosiy dushman, deb qoralaydi. Muallif o‘z fikrini davlat xavfsizligi qo‘mitasi to‘plagan materiallardan misollar keltirib isbotlamoqchi bo‘ladi. Holbuki, bu hammaga mashhur va ma’lum qo‘mitaning qatag‘on yillaridagi faoliyati voqelikni va inson shaxsini g‘arazli niyatda qalbakilashtirishdan iborat bo‘lganligi endilikda hech kimga sir emas. Marhum adib Komil Ikromovning «Otam haqida» degan romanida bu fikr to‘la tasdiqlanadi. Sudning ayrim majlislarida Akmal Ikromov o‘rnida unga qiyofadosh shaxs so‘roq qilinganligi ishonarli ko‘rsatilgan. Yejov, Beriyalar ko‘rsatmasi bilan ish ko‘rgan bu qo‘mita soxta hujjatlar asosida millionlarning taqdirini barbod etganligi tobora chuqurroq ochilmoqda. Qo‘mita xodimlari maxsus ko‘rsatma asosida hujjatlar to‘plar va ularni shu ko‘rsatma asosida biryoqlama baholab xulosa chiqarar va shaxsning taqdirini nohaq hal etar edilar. Mabodo buyurtma asosida qoralanuvchi shaxsga oid to‘plangan materiallar orasida birorta ijobiy dalil yoki fikr uchrab qolsa, qo‘mitaning mazkur xodimi faoliyatiga ishonchsizlik paydo bo‘lar va u tez orada bunday mas’ul vazifadan chetlashtirilar edi. Xullas, shaxsni buyurtma asosida qalbakilashtirish, tarafkashlik va biryoqlamalik beriyacha qo‘mitaning asosiy dasturulamali edi.
Boymirza Hayit yuqoridagi maqolada qayd etilgan g‘ayriinsoniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ya oladigan anoyi shaxs emas. «Men sovet xalqiga emas, Stalin rejimiga qarshi kurashdim», deydi u, Xalqdan umidi bo‘lgan, uni o‘ziga tayanch deb bilgan xalq farzandi hech qachon xalqqa qarshi kurashmaydi. Xalq ziyoli uchun oq sut bergan ona bilan barobardir. Ziyolini o‘z xalqining dushmani, deb e’lon qilish hech bir axloqqa to‘g‘ri kelmaydi. Har holda, men bu tushunchani hech singdira olmayman. Xullas, xalq dushmani, degan tushuncha qatag‘on yillarining soxta kashfiyotidir. Hatto, katta Armiya bilan gitlerchilarga taslim bo‘lgan general Vlasov shaxsini yangidan tadqiq etish, uning bu jiddiy xatti-harakatlarining tub sabablarini xolisona aniqlash davom etmoqda. Biz esa, milliy o‘zligimizni anglyshda hamon eski qotma aqidalar tushovidan chiqa olmayapmiz.
Siyosiy mustaqillik har taraflama yetuk milliy tuyg‘u va iste’dodga ega milliy kadrlar demakdir. Kadrning hayotga ta’siri uning xalq bilan mustahkam aloqasiga bog‘liqdir. Xalq hayoti, ruhiyatini chuqur tushungan aql, qalb, ruhan xalq bilan bir butunlikka ega bo‘lgan kadr voqelikni xalq hayoti, orzu-umidlariga ayni muvofiq tarzda o‘zgartirishga kuchli ta’sir ko‘rsata oladi. Kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish xalqning milliy, jo‘g‘rofiy tarkibiga ayni muvofiq kelishi lozim. Xalqimiz tarkibida o‘zga millat kishilari o‘n foizni tashkil etsa, ulardan bo‘lgan kadrlar ham shuncha foizni tashkil etishi lozim. Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasining uy-joydan foydalanish, kvartira taqsimoti bo‘limlarida ishlovchi xodimlarning 87 foizini o‘zga millat kishilari tashkil etadi. Ular davlat tilida yozilgan hujjatlarning mazmunini tushunmaganliklarini hatto ochiq aytolmaydilar va bu hujjatlarni rus tilida taqdim etishni talab ham qila olmaydilar. Ma’muriy sansolarlikka til bilmaslik oqibatida kelib chiqqan sansolarlik qo‘shilib, qanchadan-qancha mehnatkashlar idora dargohlarida ovora bo‘lib, qimmatli vaqtlarini behuda yo‘qotmoqdalar.
Shu vaqtgacha bizda kadrlar masalasida soxta internatsionalizm ko‘nikmasi amal qilib keldi. Masalan, mahalliy aholi mehnat qilayotgan o‘n ming kishilik korxonaga tomdan tarasha tushganday o‘zga millat kishisini boshliq etib tayinlaydilar. Korxona tarkibida boshliq mansub bo‘lgan millat kishisidan bir-ikki kishi bor yoki yo‘q. Xalqimiz sabr-toqatli xalq. U o‘z noroziligini ichga yutib xizmat qilaveradi. Ammo bu ichki norozilik mehnat samarasiga, eng muhimi xalq milliy ruhiga, uning adolat va haqiqat haqidagi tushunchalariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, jumhuriyatimizda beshinchi oliy lavozim — jumhuriyat bosh hakamligiga saylangan o‘rtoq Xachaturovni biz shu sohaning o‘ta mutaxassisi, deb xalqqa tasalli berishimiz mumkin. Biroq, bu tushunchani xalq milliy ruhiyatiga singdirish qiyin. Kavkazorti o‘lkasidan beliga katta safar tugunini bog‘lab, O‘zbekistonga qanot bog‘lab uchib kelayotganlar soni keyingi vaqtda ancha ko‘paydi. Ular juda silliqlik bilan mas’ul, shirali vazifalarga o‘tib olmoqdalar. Mansabini sotish xalqni sotish, vatanni, elni sotish demakdir. Chunki mansabga ega bo‘lgan o‘zga millat kishisi o‘sha yurtni, elni boshqaradi, uning qo‘liga katta huquq va hokimiyat jamlangan bo‘ladi. Bu hokimiyat orqali u xalqning, hech bo‘lmaganda, muayyan qismini o‘ziga tobe etib, izmiga yurgizadi. Undagi milliy ruhiyat va nuqtai nazarlarni ham teskari o‘zgartirishi mumkin.
Milliy mustaqillik O‘rta Osiyo regionidagi qardosh xalqlar bilan mustahkam hamjihatlik, xorijiy turklar, shuningdek, islom olamidagi xalqlar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish demakdir. Qayta qurish dushmanlarining Kavkazorti va O‘rta Osiyo regionida har xil milliy mojarolar keltirib chiqarayotganligi bejiz emas. Xalqlar hamjihatligi mustaqillik jarayonini jadallashtirishga, mutelikdan tezroq xalos bo‘lishga olib keladi. Olmaota, Tog‘li Qorabog‘, Dushanbe, Farg‘ona, Bo‘ka, Parkent va nihoyat, O‘sh viloyatidagi milliy to‘qnashuvlar mazkur o‘lka xalqlarini larzaga keltirdi. Qatag‘on, turg‘unlik yillarida yuz bermagan bu xil mojarolar nega endi paydo bo‘lyapti? Yoki bunday to‘qnashuvlar mamlakatimizning Ovro‘po qismida, Ukraina yoki Moldaviyada, yo bo‘lmasa, Boltiqbo‘yi jumhuriyatlarida emas, nega asosan O‘rta Osiyoda yuz beryapti?
Milliy to‘qnashuv va mojarolarni sinchiklab tadqiq etilsa, ularning mohiyati, kelib chiqish sabablari, uslubi, davom etish jarayoni bir ekanligiga amin bo‘lamiz. Markaziy mutasaddilar to‘qnashgan tomonlarni kelishtirish o‘rniga ularni bir-biridan uzoqlashtirish, birini qochqin e’lon qilib, uzoq elga ko‘chirish bilan faol shug‘ullanadilar. Qochqinlarning sarson‑sargardonligi ikki o‘rtadagi nafratni kuchaytirishga xizmat qiladi. O‘sh voqeasida qon to‘kish bilan birga oshkora nomusga tegish usuli ham qo‘llanilganligi ikki qardosh xalqni bir umr razil dushmanga aylantirishni ko‘zda tutadi.
O‘sh voqeasida har ikki tomonda ham yetarli darajada qurol-yarog‘, miltiqlar bo‘lganligini aytishdi. Ma’lumki, bizda qurol-yarog‘ davlat mulki hisoblanadi. Oddiy xalq buncha hajmdagi qurolni qayerdan olgan? Demak, ularga bu buyumlarni yetkazib beruvchi maxsus tuynuklar ochilgan. Ikkinchidan, dehqonchilik uchun yer talab qilib maydonga chiqqan o‘zbek qirg‘izning ko‘kragiga o‘q otish bilan o‘z muddaosiga erishib bo‘lmasligini tushunib yetmasmidi? Qon to‘kilgan yerda dehqonchilik qilib, farovon turmush kechira olarmidi? Xullas, o‘z qonuniy huquqlarini tinch yo‘l bilan talab qilib maydonga chiqqan xalqning pok ruhini qonga botirganlar kimlar? Buning ildizi juda chuqur bo‘lib, hatto markazgacha borib yetganligi endilikda elga sir emas. Mojaroning ertasigayoq markazdan 150 ta tayyor turgan tergovchi qirg‘iz poytaxti tomon qanot bog‘lab uchganligi voqeasini qanday izohlash mumkin? Mojaroni taftish etishni O‘rta Osiyodagi tergovchilarga ishonib topshirib bo‘lmasmidi? Yoki mahalliy tergovchilar biror muhim sirni daf’atan oshkor etib qo‘yishlari mumkin edimi? Ikkinchidan, mahalliy tillarni bilmagan markaz tergovchilari o‘tgan asrdagi rus mustamlakachilari singari tilmoch orqali ish ko‘radilarmi? Xullas, milliy mojarolarning tashkilotchilari qayta qurish va demokratiyaning, xalqlar mustaqilligining ashaddiy dushmanlaridir. Biz ana shu dushmanning qiyofasi, xatti-harakatlari, barcha kirdikorlarini aniq bilib olishimiz, uning qonli qo‘lini sindirib tashlashimiz lozim.
Siyosiy mustaqillik xalqning partiyaga bo‘lgan ishonchining qayta tiklanishi demakdir, partiya faoliyatining yangilanishi demakdir. Xalq ishonchi shu qadar qudratli kuchki, unga faqat konkret amaliy faoliyat bilangina erishish mumkin. Bir misol, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining maxsus komissiyasi Kattaqo‘rg‘on shahar partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Eshbekovning mansabini o‘z shaxsiy manfaati uchun suiiste’mol qilganligi, qarindosh‑urug‘chilikka yo‘l qo‘yganligi, haqiqatgo‘ylarni ta’qib etganligi, jabr-zulm o‘tkazganligini isbotlab qaror qabul qilgan. Eshbekovning tavba-tazarrusi hisobga olinib, u qattiq partiyaviy hayfsan bilan vazifasidan chetlashtirilgan. Buni men partiya faoliyatidagi yaxshilik alomati, deb suyundim.
Chunki, turg‘unlik yillarida partiya-sovet rahbarlari, umuman amaldorlar haqidagi har qanday qoralovchi xat, shikoyat, ro‘znoma materiali yoki boshqa biron hujjatning o‘ndan to‘qqiz foizi g‘alat topilar, boshliqlarga qo‘yilgan ayblar bo‘hton, deb inkor etilar edi. Shikoyat mualliflari qattiq qoralanar, oqibatda tavba-tazarru qildirilib, bundan keyin bu xil noma’qulchilikka aslo qo‘l urmaslikka so‘z berib jazodan qutulib qolar edilar. Darhaqiqat, ma’muriy buyruqbozlik amaldorlari to‘dasini har taraflama muhofaza etuvchi qonuniy TEMIR qalqon vujudga keltirilgan edi. Davlat xavfsizligi qo‘mitasining sobiq mas’ul xodimi Kaluginning dalolat berishicha, mansabdorlar haqida salbiy materiallar yig‘ish qat’iyan man etilgan bo‘lib, siyosiy muhit ularni Olloh darajasidagi benuqson zotlarga aylantirgan edi. Xullas, yakka boshchilikka keng imkoniyat yaratilgan muhitda mustabid hokimlar vujudga kelgan edi.
Jumhuriyatimizning mustaqilligi avvalo mavjud federatsiya doirasidagina voqe bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayman. Markazning zo‘r berib talqin etayotgan siyosiy kontseptsiyasi jumhuriyatlarni shu doira ichida tutib turishni ko‘zda tutadi. Xozirgi siyosiy uyushma doirasida, ya’ni SSSR hududida muayyan darajada iqtisodiy mustaqillikka erishish balki mumkin bo‘lar. O‘z iqtisodiy muammolarini hal etish jumhuriyatlarning o‘zlariga havola etilishi ham nisbatan ijobiy hodisadir. Chunki avvalgi SSSR Konstitutsiyasida jumhuriyatlar siyosiy mustaqil, deb qayd etilgan, biroq, yer, suv, yerosti va yerusti boyliklari umumdavlat, ya’ni ittifoq mulki, deb belgilangan edi. Muruvvatni qarangki, bizga yersiz, suvsiz, boyliklarsiz mustaqillik hadya etilgan edi. Bu iqtisodiy-siyosiy qaramlik hozirgacha davom etib kelmoqda. Jumhuriyatimiz yer ostidan har yili tonnalab oltin qazib olinadi. Jumhuriyatimizning katta gaz boyligi ham Ittifoq tasarrufidadir. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shunday qaramlik siyosati hukm surgan bir sharoitda bizning mehnat mahsulotlarimiz o‘zgalar tomonidan tahqirlovchi darajada suv tekin baholandi. «Sotsialistik» deb balandparvoz sifatlangan mehnat aslida qullik mehnatidan iborat ekanligi ayon bo‘ldi. Maboda biz haqiqiy iqtisodiy mustaqillikka erisha olsak, faqat paxtadan keladigan daromad bilan jumhuriyatimizning barcha iqtisodiy muammolarini to‘la hal etish mumkin bo‘lar edi. Har yili yetishtirilayotgan besh million tonna paxtadan 1 million 700 ming tonna tola, 1 million 200 ming tonna kunjara, 500 ming tonna yog‘, 700 ming tonna po‘st-chiqindi (sheluxa), yana 900 ming tonna ikki yuz xil mahsulot olish mumkin. Paxta tolasining o‘zidan Ittifoq xazinasiga 50 milliard dollargacha foyda tushmoqda. Hatto, jumhuriyatimizda go‘sht tanqisligi hukm surayotgan bir vaziyatda paxtaning kunjara va po‘st chiqindisini ham tashqariga tashib ketilmoqda. Bu mahsulotlarni yetishtirgan xalqqa esa, bir milliard atrofida haq berilmoqda. Bu hadyaning ketidan yana «boqimanda» degan so‘z eshitamiz.
Kuvayt mamlakati har yili neftdan 10 milliard dollar foyda ko‘radi. Shundan bir milliard mablag‘ kelajak avlod deb atalgan fondga ajratiladi. Birgina neftdan tushgan daromad bilan Kuvayt xalqi jannatmisol hayot kechirmoqda. Buning sababi shundaki, Kuvayt o‘z boyligi o‘z ixtiyorida bo‘lgan to‘la mustaqil davlatdir.
SSSRda mo‘ljallanayotgan federatsiya ayniqsa, O‘rta Osiyo jumhuriyatlariga to‘la siyosiy-iqtisodiy mustaqillikni barqaror eta-oladimi? Marhum akademik A. Saxarov haqiqiy erkin federatsiya vujudga keltirmoq uchun SSR Ittifoqini avval tarqatib yuborish kerak. So‘ng haqiqiy erkin federatsiya binosini tuzib, eshigini jumhuriyatlarga ochiq qoldirish lozim. Shu tarzda o‘z ixtiyori bilan erkin birlashgan federatsiya haqiqiy mustahkam davlat birlashmasi bo‘ladi, degan edi.
Mo‘ljallanayotgan federatsiyaning bir qancha qaltis jihatlari meni hamisha bezovta qiladi. Markazning siyosiy mustaqillikka intilgan Boltiqbo‘yi jumhuriyatlariga, jumladan, Litva jumhuriyatiga bo‘lgan qahrli munosabati ko‘pchilikni tashvishlantirmoqda. O‘z ixtiyori bilan ish ko‘rmoqchi bo‘lgan bir zig‘ircha davlatning qattiq iqtisodiy iskanjaga olinishi hozirgi qayta qurish va demokratiya printsiplariga to‘g‘ri keladimi? Jumhuriyatlardan o‘z-o‘zidan tayyor holda suv tekin oqib kelayotgan katta boyliklardan mahrum bo‘lgan markazdagi teskari kuchlar jumhuriyatlarning iqtisodiy mustatsilligiga tahdid solmaydilar, deb kim kafolat bera oladi. Suveren davlat Afg‘oniston sarhadini o‘zboshimchalik bilan buzib o‘tib qo‘shin kiritish qaysi xalqaro axloqiy qoidaga to‘g‘ri keladi? Akademik A. Saxarov maxsus ochiq xatida bu voqeani bosqinchilik harakati, deb qattiq qoraladi. («Oktyabr» jurnali, 1990, 1-son) O‘zidan beqiyos darajada qudratli davlat hamlasiga bardosh bergan, unga qarshi uzoq vaqt matonatli kurash olib borgan va g‘olib chiqqan afg‘on xalqi jasorati mutelik sirtmog‘idagi mazlumlarda havas uyg‘otishga haqlidir. Mustaqil Afg‘onistonga qo‘shin kiritishga jur’at etgan kuchlar hech qayoqqa ketgani yo‘q. Ular voqeligimizda biz bilan bahamjihat yashamoqdalar. Xullas, ma’muriy buyruqbozlik sistemasining yetmish yillik tajribasi shuni ko‘rsatadiki, Konstitutsiyada muhrlangan qonuniy huquqlar, tantanavor deklaratsiyalar zarur bo‘lganda tez orada oyoqosti qilinib, barbod etilishi hech gap emas. Xullas, bosh jilov markazning qo‘lida bo‘lgan mustaqillikni men omonat mustaqillik deb hisoblayman.
Jumhuriyatimizning siyosiy mustaqilligi haqida gap ketganda men uni ancha murakkab deb o‘ylayman. Turg‘unlik davrida ta’qibga uchragan, ammo chuqur tafakkurli tarixchi olim Andrey Amalrikning bundan 20 yil muqaddam yozilgan «Sovet Ittifoqi 1984 yilgacha mavjud bo‘ladimi?» degan tadqiqotida Ittifoq jumhuriyatlarida, «sotsialistik» deb atalgan mamlakatlarda hozirgi vaqtda yuz bergan va yuz berayotgan siyosiy o‘zgarishlarni qariyb haqqoniy bashorat qiladi. «Biroq, — deb yozadi u, — o‘zini SSSRning vorisi deb bilgan, an’anaviy kommunistik mafkura, quruq dabdabali safsatabozlik va udumlarni zamonaviylashgan o‘ziga xos Sharq istibdobi xususiyatlari bilan birga qo‘shib mujassamlashtirgan davlat O‘rta Osiyoda ancha uzoq vaqt saqlanib qoladi». («Ogonyok», 1990 yil, 9-son, 22-bet).
Xalqqa dabdabali qizil so‘zlar bilan sifatlangan, ammo qashshoqlik mutelikka mahkum etuvchi jamiyat emas, insonga iqtisodiy farovonlik va ma’naviy erkinlik baxsh eta oladigan jamiyat kerak. Men O‘zbekistonning siyosiy mustaqilligini qo‘shni qardosh davlat Turkiya misolida tasavvur etaman. Jumhuriyatimizning nomini, tug‘i, tamg‘asi, madhiyasini o‘z tarixiy davlatlarimiz hamda qardosh turkiy va islom mamlakatlari tarixiy tajribasi asosida qayta yaratish lozim. O‘zbekiston tamg‘asidagi «Butun dunyo yo‘qsullari, birlashingiz!» shiori jumhuriyatimiz davlat tamg‘asi asl maqsadiga to‘g‘ri kelmaydi. Jahon yo‘qsullarini birlashtirish emas, balki maqsad jumhuriyatimiz ichki hayotida ozodlik, adolat, haqiqat va halollikni barqaror etishdir. Shuning uchun ulug‘ bobomiz Amir Temur muhridagi «Ozodlik va adolat» so‘zlariga hozirgi zamon ma’nosini singdirib, tamg‘ada zikr etish ayni muddao bo‘lur edi. Tamg‘adagi «sovet», «sotsialistik» so‘zlari ham xaltstsa erish tuyula boshladi. Bu so‘zlar xalq yodida ma’naviy ta’qib, nohaqlik, qashshoqlik, kamsitish, tobelik ramzi bo‘lib muhrlanib qolgan. Jumhuriyatimizni hech bir dabdabali bo‘yoqsiz o‘z nomi bilan atash lozim.
Mustaqil jumhuriyatga yakkahokimlikning kelib chiqishi dahshatli xavfdir. Sharq kishilari tabiati, ruhoniyatida azaldan ildiz otgan yakka hokimiyatchilikka intilish illatining oldini olmoq uchun mamlakatda ko‘p partiyalilik sistemasini qonuniy joriy etmoq lozim. Masalan, Turkiyada o‘nta partiya faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu partiyalar orasida xalq ishonchini qozonish uchun o‘zaro musobaqa davom etadi.
Xullas, siyosiy-iqtisodiy mustaqillik yo‘li og‘ir va mashaqqatli yo‘l. O‘zbekiston hukumatining mustaqillik haqidagi deklaratsiyasini ba’zi tezkor jurnalistlar tayyor bitim, qonun tarzida talqin etib, bundan keyin hamma narsa yaxshilanib, mo‘l-ko‘lchilik va shodiyonalik boshlanadi, deb ofarinlar bag‘ishladilar. Vaholanki, deklaratsiya mustatsillik haqidagi bosh g‘oyaning tantanali ravishda e’lon qilinishidir. Deklaratsiya qonun, bitim shaklida mujassamlashgandan keyin moddiy kuchga aylanadi. Shundan keyin uni siyosiy-iqtisodiy voqelikka aylantirish bosqichi boshlanadi.
Ta’kidlaganimdek, siyosiy-iqtisodiy mustaqillik yo‘li og‘ir va mashaqqatli bo‘lib, ko‘p mehnat-matonat, jasurlik talab etadi. Bu og‘ir mashaqqatli yukni xalq bilan birga o‘z yelkasiga oladigan jasur, matonatli yo‘lboshchilar, daholar kerak.
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 10-son