O‘zbek sovet she’riyatining bahor faslida chaqmoqdek yarqirab, «Hayot uchun biz go‘yo ko‘kdan otilgan yulduz», deb erkalangan shoir Usmon Nosirning ijodiy parvozi tariximizning «qanoti kuygan», «umr tepasida musht tuygan» davriga to‘g‘ri keldi.
Shoir «So‘zla, tarix — chol» she’rida bor haqiqatni «sochlari oqargan… tarix so‘zlasin», degan edi. Binobarin, ushbu maqolamizda asosan tarixning o‘zini so‘zlatish va tarixiy dalillar tili bilan so‘zlashni ma’qul ko‘rdik.
Usmon Nosir 1912 yilning 13 noyabrida Namangan shahrining «Chuqur ko‘cha» dahasida, kambag‘al kosib oilasida tug‘ildi. Otasi Mamatxo‘janing bevaqt vafotidan so‘ng, u 1916 yili Nosirhoji Mamasodiq o‘g‘li tarbiyasiga o‘tadi.
Nosirhoji Mamasodiq o‘g‘li qo‘qonlik, ma’rifatli kishi edi. 1885 yili Qo‘qonda, o‘ziga to‘q dehqon oilasida tavallud topgan. Boshlang‘ich savodini chiqargach, rus-tuzem maktabiga o‘qishga kirgan. Rus tilida 4 yil tahsil ko‘rgan. Otasining do‘sti Omonxo‘ja Salimxo‘jayev yordamida 2-paxta zavodida ishlay boshlagan. 1902 yili Andijon zilzilasi bu xonadonga ham falokat keltiradi: Uning homilador xotini fojiali vafot etadi. Bu dardga chiday olmagan Nosir Namangan shahriga yo‘l oladi va paxta zavodida hisobchi yordamchisi bo‘lib ishlashni davom zttiradi. U bu yerda xolasi Toshbuvinikida yashab, yor-do‘stlar orttiradi. Ular bilan bir necha yil Arabiston safarida bo‘ladi. Nosirhoji Makka ziyoratidan qaytib kelganida, uning qarindoshlari 4 yashar o‘g‘li bilan beva qolgan Xolambibiga sovchi bo‘ladilar… Nosirhoji yorug‘ dunyo yuzini ko‘rmay nobud bo‘lgan farzandini qayta topgandek, Usmonga ota bo‘lib qoladi.
1919-1923 yillari Qizil Armiyaning turli qismlarida tarjimonlik qilgan Nosirhoji keyinchalik, to umrining oxirigacha, turli sovet idoralarida ishlaydi.
Nosir ota Usmonning bolalik yillarini xotirlar ekan, shunday deb yozadi: «Usmon to‘rt farzandim orasida yakkayu yagona o‘g‘il edi. U yoshligida juda sho‘x, kitobga, o‘qishga nihoyatda o‘ch edi. 6 yoshidan mustaqil o‘qishga berildi. O‘n yoshida, nazarimda, u o‘qimagan kitob qolmadi. Uning kitobga bu qadar o‘chligini sezgagg‘ ukam Ibodxon: «O‘g‘lingiz katta odam bo‘ladigan ko‘rinadi, uni o‘qitaylik», deb Usmonni Qo‘qondagi «Dorulshafaqa» deb atalgan bolalar uyiga olib borib berdi».
1921—24 yillari boshlang‘ich maktabda o‘qigan Usmon 13 yoshida Qo‘qondagi 3-internatda yashay boshladi. Ma’lumki, 20-30 yillari internatlar eng ishonchli ma’rifat o‘choqlari hisoblangan. O‘zbek sovet ziyolilarining to‘ng‘ich avlodiga mansub ko‘pgina shoir va olimlar, davlat arboblari internatlar bag‘rida yetilganlar.
Adabiyot havasmandi Usmon internatda to‘garakka qatnashadi, 6—7-sinflarda o‘qib yurgan davrida ilk. she’rlari internat devoriy gazetasida chiqadi. Yoshlarda she’riyatga muhabbat uyg‘otgan o‘qituvchi Muxtor Muhammadiy do‘sti Hamza Hakimzoda Niyoziyni tez-tez internatga taklif etib turar, adabiy suhbatlar uyushtirardi «Bizning ko‘zgu» devoriy gazetasi keyinchalik Usmonning tashabbusi bilan qo‘lyozma jurnalga aylantirilgan.
Usmon Nosirov ham internatni a’lo bitiruvchilar safida 1929 yili Leningradga sayohatga boradi va u yerdagi Putilov nomidagi zavod ishchilariga o‘zining «Oktyabr qahramonlariga» she’rini o‘qib beradi.
Usmon Nosir 1929—30 yillari Qo‘qondagi ta’lim-tarbiya kursida ilmiy mudir va o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1930 qili do‘sti Temur Fattoh bilan birga Moskvadagi Kinematografiya institutining stsenariychilik fakultetiga o‘qishga kiradi, lekin betoblik tufayli, bir yildan so‘ng Qo‘qonga qaytib kelib yana o‘z ishini davom ettiradi.
U 1932 yilning kuzida Samarqanddagi Pedakademiya (hozirgi SAMDU) ning filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. «Biz Pedakademiyaga Usmon Nosir, Amin Umariy, Adham Hamdam va Ibrohim Nazariyni kirish imtihonisiz qabul qilganmiz, — deb eslaydi o‘sha davrda fakultet dekani bo‘lib ishlagan, hozirda respublika miqyosidagi pensioner Rauf Boyjonov. — Fakultetda adabiy hayot qaynardi, bu qaynoq hayotiga asosan shu talabalarimiz boshqarardi».
Usmon Nosir talabalik yillarida favqulodda jozibali, ehtirosli she’rlari bilan jumhuriyatga tanildi. Uning mashhur «Yoshlik», «Bobomning falsafasi tugatilayotir», «Bodom gullagan kecha», «Klim Voroshilov» singari she’rlari ana shu yillar mahsulidir. Shoirning «Mehrim» she’rlar kitobiga kiritilgan «Sayohat esdaliklari» turkumidagi «Xayr, Sevan», «Moviylik dengizi», «Charents», «Shafaq o‘chay deb qoldi», «Yo‘lchi» kabi she’rlari, «Naxshon» poemasi ham talaba Usmonning ta’til kunlarida Kavkaz va Shimolga sayohati taassurotlaridir:
«Samarqand shahrida yashovchi I. ning ayoli nihoyatda go‘zal edi, — deb suhbatni davom ettiradi R. Boyjonov. — Uning malohatiga ko‘plar qatori Usmon ham bir yigitga xos suq bilan qararkan… Rahbarlardan biri buni rashk qilib, «Usmon Nosir ustidan rektoratga shikoyat tushdi», deb tuhmat uyushtiradi. Usmonni dorulfunundan haydash haqidagi qaror tayyor bo‘lganida, ko‘pchilik muallimlar qarshilik qilib, uni olib qolgandik…»
Usmon Nosir ana shu yillari «Atlas» dramasini, «Norbo‘ta» dostonidan ayrim boblarni yozdi. Pushkin va Lermontov asarlari tarjimasiga qo‘l urdi. 1934 yili O‘zGUning katta zalida «M. Yu. Lermontovning hayoti va ijodiy yo‘li» mavzuida adabiy kecha o‘tkazildi. Kechada Usmon Nosir rus tilida doklad qildi.
Shoir 1934 yili, mart oyida Toshkentda O‘zbekiston sovet yozuvchilarining 1 s’ezdida qatnashdi.
«Usmon s’ezddan qaytgach, — deb eslaydi shoir Adham Hamdam, — universitet majlislar zalida yig‘in bo‘lib, u so‘zga chiqdi. Partiya saflarini tozalash kunlarida o‘qituvchi G‘ozi Olim Usmonni tanqid qildi. «Buxarinning xato fikrlarini Usmon o‘z dokladida qo‘lladi, lekin partiya tashkiloti bunga chora ko‘rmadi», dedi. O‘z navbatida, Usmon shunday dedi: «Muhtaram G‘ozi Olimovich! Siz professorsiz, otaginam. Men-ku, xato qilgan ekanman, nega siz o‘sha paytda tanbeh bermadingiz? Tarsaki tushurmadingiz? Shuncha paytdan beri ko‘nglingizda saqlab yurib, endi aytasizmi? Shunday ekan, ikkala qulog‘ingiz bilan eshiting: Sizdek o‘nta profesordan bitta Buxarin yaxshi Usmon shu gapning indiniga o‘qishni tashlab ketdi…».
Usmon Nosir Samarqandda Amin Umariy. Nasrullo Davron, Adham Hamdam va O‘tkir Rashid bilan bir yotoqxonada turgan bo‘lsa, Toshkentga kelganda, ancha vaqt Ibrohim Nazir va Abdulla Qahhor bilan bir xonada yashadi…
Shoir 1935 yili Toshkentga kelib, «Yosh leninchi» ro‘znomasiga ishga kiradi va ro‘znoma qoshida 1928 yilk tashkil topib, goh kuchayib, goh susayib ishlayotgan adabiy to‘garak ishlarini jonlantiradi. Bu to‘garak ovozasi o‘lkani tutdi. Uning mashg‘ulotlarida biz buyuk G‘afur G‘ulomni, Oybekni, Abdulla Qodiriyni, Cho‘lponni, Sanjar Siddiqiy, So‘fizodani, Ziyo Saidni, Abdulla Avloniyni, Fitratni, buyuk Ayniyni, Yashinni, Qahhorni, Shayxzodani, Uyg‘unni ko‘rardik. Usmon Nosir bizga ularni madaniyatimizning kamoli, deb tanishtirardi…».
Adabiy jamoatchilik Usmon Nosirning keyingi yillari nashr ettirgan «Yurak» (1935) va «Mehrim» (1936) kitoblari uning dastlabki «Safarbar satrlar» (1932), «Quyosh bilan suhbat» (1932), «Traktorobod» (1934) kitoblaridan ham badiiy, ham g‘oyaviy jixatdan ancha yuksak ekanligini ta’kidladi.
O‘ziga talabchan shoir «Mehrim» kitobida shunday so‘zlarni yozgan edi. «Bu to‘plamdagi she’rlar, izlanish mevalaridir. Izlanish esa yuksalmoq, she’riy formani egallamoq orzusidir. Nuqsonlari uchun uzr so‘rayman. Usmon Nosir 1936 yil 20 aprel».
Yozuvchilar yig‘ilishida Akmal Ikromov Usmon Nosir she’rlarini yoddan o‘qib, «Usmon Nosir o‘zbek adabiyotining yorqin yulduzi, o‘zbek xalqining Pushkini», degan edi. Usmon Nosir ijodiga berilgan yuksak baho respublika va Ittifoq vaqtli matbuoti sahifalarida ham tez-tez ko‘rinib turardi…
Shunday qilib, Usmon Nosir 1937 yilga o‘zbek tilida beshta, rus tilida bitta she’riy to‘plami, to‘rtta tarjima kitobi va katta dovrug‘, bir olam orzular bilan qadam qo‘ydi.
Usmon Nosirning she’rlari yurak qoni bilan yozilgan. Satrlarining ildizi teran, ufqi keng. Yosh Usmon 18 yoshida yozgan «Qon» she’riy kinostsenariysida tiniq orzular bilan yashayotgan kishilarning oromini buzib, «uyqusida bosganlar» qilmishlarini tasvirlayotib: «Bu vokea boshida kimlar bor ekan?», deb savol tashlaydi. O‘quvchini bu adolat so‘rog‘i shoir hayoti tafsilotlarining 1937 yil sahifasiga yetganda, yanada qattiqroq tergaydi.
Yangi yil arafasida O‘zTAG muxbiri o‘zbek sovet san’ati va adabiyoti vakillaridan shoir Usmon Nosir, kompozitor Ashrafiy, dramaturg Ziyo Said va yozuvchi Oydinga murojaat qilib, ijodiy niyatlarini so‘radi. Bu savolga Usmon Nosirning javobi «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 3 yanvar sonida bosilgan.
Shoir shunday deydi:
«1937 yilda proletar inqilobining sarkardasi bo‘lgan Lenin to‘g‘risidagi katta poemani yozib bitiraman.
1937 yilda Moskvaga bormoqchiman. Unda Lenin muzeyiga kirib, o‘z ishim uchun zarur bo‘lgan materiallarni o‘rganaman.
Farg‘onadagi bosmachilar to‘g‘risida «Norbo‘ta» nomli poema yoza boshladim. Pushkinning «Bog‘chasaroy fontani» ni va Lermontovning «Demon» degan asarini o‘zbekchaga tarjima qilib bo‘lib, hozir Lermontovning «Ismoilbek» degan asarini tarjima qilishga kirishdim. Lermontov poeziyasi meni qiziqtiradi.
O‘zbekiston yozuvchilari ishlash uchun juda yaxshi sharoitga egadirlar. Ijodiy niyatlarimizning amalga oshuviga hech qanday to‘siq yo‘q».
Usmon Nosir Lermontovning Kavkazdagi voqealar va qabarda xalqining rus chorizmi zulmiga qarshi milliy ozodlik kurashini kuylovchi tarixiy «Ismoilbek» asarini o‘zbekchaga tarjima qilgan bo‘lsa kerak. Uning hozir O‘zSSR Oliy sudi arxivida saqlanayotgan Jinoiy ish delosida qayd etilishicha, shoir hibsga olingan paytdagi tintuvda boshqa buyum va kitoblar bilan birga, mashinkalanga:n beshta tarjima asari ham borligi ko‘rsatilgan.
Usmon Nosir, Cho‘lpon, Oybek, Mirtemir, Hamid Olimjon kabi shoirlarimiz A. S. Pushkin xotirasi kuniga katta tayyorgarlik bilai keldilar. 1937 yilning dastlabki kunlarida O‘zbekiston aholisi Pushkin asarlarining o‘zbekcha, ruscha, tatarcha va mahalliy yahudiy tilidagi tarjimalari bilan gazeta, jurnallar va katta tirajda nashr etilgan kitoblar orqali bahramand bo‘ldi. Bu ulkan mehnatning samarasi o‘sha yilping may oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan SSSR yozuvchilarining plenumida yuksak baholandi. Usmon Nosir Sharqiing Pushkini degan yuksak bahoga sazovor bo‘ldi…
Usmon va do‘stlari pushkinxonlik bilan band bo‘lgan kunlarda, uning boshida qora bulutlar to‘plana boshladi. E’tiqodiga, do‘stlariga hech vaqt shubha bilan karashga odatlanmagan Usmon Nosir mamlakat siyosiy hayotidagi dovdirashlarga ham, o‘zi nafas olayotgan adabiy davradagi valdirashlarga ham ahamiyat bermagan bo‘lsa kerak. Ming afsuski, boshqa iste’dodli shoir va yozuvchilarimiz kabi Usmon Nosirning ijodi ham ta’qib ostida qoldi. Shoirning singlisi — Rohatoy opaning qizi, Nodira Rashidova ikkimizning dalillarga tayanib guvohlik berishimizcha, 1937— 1944 yillari «uning ijodida pessimizm ustun, barcha asarlarida sinfiy mafkura buzuq. U Nosir yaratgan barcha qo‘lyozmalar va nashrlarni yoqib yuborish kerak», degan aybnomalar, aktlarga Usmonning deyarli barcha davradoshlari qo‘l qo‘yganlar… Biroq temir sandiqda saqlanadigan qalin papkadagi «xanjarlar» orasida bittagina «gul» bor: U o‘sha davrda O‘zdavnashrning kichik muharriri bo‘lib ishlagan qiz, hozirda shaxsiy pensioner Xolida Sulaymonovaning ma’sul xodim bilan suhbat protokoli. Usmon Nosirning she’rlariga badbinlik tamoman yotligi, aksincha, bu she’rlar hayotsevarlikka chorlovchi gimn ekanini aytib, satrma-satr rus tiliga tarjima qilib, mag‘zini chaqib bergan savol-javobning protokoli. Unda Usmon Nosir nashriyotga, Xolidaning huzuriga kelib, «xalq dushmani» Abdulla Avloniyning she’rlarini o‘qib bergani haqidagi Anqaboyning chaquviga rad javobi berilgan.
«Usmon nashriyotga ko‘p kelardi, — deb eslaydi Xolida opa. — U nihoyatda kelishgan, chiroyli yigit edi. U nashriyotga topshirgan qo‘lyozmalaridan xabar olar va men o‘tirgan xonaga ham kirib, qarshimdagi stulga o‘rnashib o‘tirib, qo‘llarini yozib shunday she’r o‘qirdiki… Hech kim Usmondaqa chiroyli o‘qiy olmaydi she’rni… Shunday shoir menga birovning she’rini o‘qib berarmidi?! U badehago‘y ham edi. Har qanday narsaga karab yoki oldidan o‘tgan har bir qizning ta’rifini qoyillatib, she’r to‘qib tashlardi… Ular orasida menga atalganlari ham bo‘lardi, albatta! Men ham garchi 37-yil kaltaklaridan quruq qolmagan bo‘lsam-da, negadir u yillarda guvohlikka chaqirishmagan… Sizlar ko‘rgan guvohlik—suhbat 1943 yilgi so‘roq izlari bo‘lsa kerak…»
Usmon Nosir Pushkin xotirasi kunlarida ajib surur bilan qattiq ijodiy izlanishda edi. Shu kunlarda «Qizil O‘zbekiston» ro‘znomasida Uyg‘unning maqolasi e’lon qilindi. «Nuqsonlarimiz yutuqlarimizdan ko‘plik qilsa qiladiki, ozlik qilmaydi, — deb yozadi Uyg‘un «Poeziyada siyosiy o‘tkirlik bo‘lsin» maqolasida.—Nihoyat, poeziyamizda siyosiy jihatdan tuturuqsiz, fikriy jihatdan buzuq, metod jihatdan g‘alat, badiiy jihatdan bemaza asarlarga uchrab turmoqdamiz. – So‘nggi vaqtlarda lirikaning, xususan, muhabbat lirikasining o‘sishi bilan, lirika haqida ayrim buzuq ahvollar yuz bermoqda. Bu buzuq ahvolning biri burjuaziyaning ishqiy lirikasini tiriltirishga bo‘lgan intilishda ko‘rinadi…
Usmon yuqorida aytib o‘tganimiz uch shoirdan (Mirtemir, Elbek, Oybek — M. M.) ham farq qiladi. Bu o‘rinda aytib o‘tmoqchi bo‘lganimiz farq shundaki, Usmon o‘z ijodining ilgarigi davrida bularga o‘xshash millatchilik—burjuaziya pozitsiyasida turgan emas. U tez o‘sayotibdir. Ammo uning ijodida ba’zan uchraydigan yomon mayllarning oldini olmog‘imiz kerak. U mayllar Usmon ijodida yosh mayllarning ta’siri sifatida yashaydilar. Bu yot mayllar Usmonning ayrim she’rlaridagi passiv murakkabchilikda, tabiatni yalang‘och va osoyishta holda tasvirlashda, «jim burchak qidirishga bo‘lgan maylda va nihoyat, yongil badbinlikda ko‘rinadi…»
O‘yg‘un yuqoridagi gaplariga Usmon Nosirning «Mehrim» kitobiga kiritilgan «Yodimdadir uzoq Shimol», «Baliqchi», «Yurganmisiz birga oy bilan», «Dengiz oyna kabi yaltirar», «Dengizga» kabi she’rlarini misol qilib keltiradi va bu she’rlarda Oybekning (tanqid qilingan Oybekning—M. M.) ta’siri zo‘rligi aytiladi. Va davom etadi:
«Oq qush mungli oh urar,
Hazin kuyi dilga yoqadi.
(«Mehrim», sahifa 101) deydi.
U «Dengizga» degan she’rida bunday yozadi:
Sochim o‘padi muzdek sho‘x shamol,
Men unga dardimni qanday aytaman?
(«Mehrim», sahifa 102).
Bular badbin mulohazalar emasmi? Bunday mulohazalar, bunday ruh shoirni tushkunlikka sudramaydimi? Bunday kayfiyat sovet shoirida qat’iyan bo‘lmasligi kerak»!
«Poeziyada siyosiy o‘tkirlik bo‘lsin» maqolasining muallifi o‘z dalillarini shunda xulosalaydi: «Usmondagi bu badbinlikni, tushkunlik ruhini shuning uchun ham qattiq tanqid qilish kerakki, bu narsa Usmonni ko‘p o‘qiydigan, unga ergashadigan yoshlarga ham yuqadi… Bu faktlar hali adabiyot sohasida sinfiy mafkuraviy kurashning to‘xtamaganini, balki davom etayotganini va bundan so‘ng ham davom etishi va ayrim momentlarda kuchayishi mumkin ekanini yana bir martaba tasdiqlaydi. Bu faktlar bizni sinfiy hushyorlikka, bolshevik sezgirligiga chaqiradi».
Keltirilgan parchadan ko‘rinib turgandek, Uyg‘un maqolada Usmon Nosirning yutuqlarini tan olib yozadi. Uning iste’dodiga ham o‘z bahosini beradi. Mirtemir, Elbek va Oybeklardan oshib qolgan kaltagining uchinigina «engil pessimist» Usmonga tegizib o‘tadi. Biroq bu tegizib o‘tish ham,. Stalin iborayesi bilan aytganda, «inson ruhining injenerlari» bo‘lmish yozuvchilar orasida kimlarga hushyor munosabatda bo‘lish kerakligini ko‘rsatib qo‘yish vazifasini o‘tadi!
— 1937 yilning 14 iyuli, hibsga olingan kunida, uning uyida tintuv o‘tkazadilar va pasport, Yozuvchilar soyuziga a’zolik bileti, yon daftarcha, turli kitob va broshyuralar, tarjima asarlarining mashinkalangan nusxalarini topadilar, — deydi O‘zSSR Oliy sudining raisi o‘rtoq S. Yigitaliyev «Pravda Vostoka» gazetasining muxbiri bilan suhbatda.
Usmon Nosir qamalganidan so‘ng, endi uning do‘stlari, oshna-og‘aynilari ham nazorat ostiga olinadilar. Hatto uni tanqid qilgan esa-da: «Usmonning ijodi haqida zo‘r havas va maroq bilan doklad qilgan Uyg‘unning Usmondagi pessimizmni «engil pessimizm», deb masalani bo‘yab ketishi ham yashirin sir emas, — deb endi Uyg‘unga tashlanadilar «sovetnarvar tanqidchilardan» ikkitasi.
Usmon Nosir qamaladi. Garchi shoir tergovlarda: «Yaxshi tanimayman», degan bo‘lsa-da, Elbek ham, Abdulla Qodiriy ham, Cho‘lpon ham, muallimi R. Boyjonov ham qamaladilar… Yo‘q ular Usmonni taniganlari uchun emas, balki ular ham, Usmon ham jamiyatning gullari bo‘lganliklari uchun «o‘rib olingan» edi. «Sinfiy hushyorlik va bolshevistik sezgirlik kuchaytirilgan» edi!..
Biz tariximizning qanoti kuygan u davrini eslaganda hamisha Stalinni bosh aybdor, deb bilamiz. Shoirga qo‘yilgan aybnomada ham Usmon Nosir «Stalinni haqoratladi», deyilgan. Lekin o‘zbek ziyolilari orasida birinchilar qatori «o‘rib olingan» Usmon Nosir Stalinga qanday munosabatda bo‘lgan edi?!
Qiyinchilik sharoitida tug‘ilgan, o‘zgarishlar davrini boshidan kechirgan, sovet davlatining barcha mehribonchiliklaridan bahramand bo‘lib yayragan, bu sururni satrlariga toj qilib qo‘ndirgan Usmon yuragida hamma qatori va hammadan hm ko‘proq mehr-muhabbat bor edi. U o‘sishlar davrida yayradi, lekin 1937 yilning bahoridan boshlangan qora o‘lat kimdan tarqaganini hadi bilmasdi… U o‘zining qamalishini katta ijtimoiy halokatning boshi deb emas, shaxsiy raqibning xusumat toshi, deb qabul qildi. Shuning uchun ham u, «qamoqda yozgan katta dostoni»ga (she’riy roman bo‘lsa ham ajab emas) Stalinni bosh qahramoi qilib oldi. Bu dostonda, R. Boyjonov hikoya qilishicha, Yejov qoralangan edi. Usmon Nosirning Stalinga bag‘ishlangan satrlari o‘ta samimiy. Hatto Gurjiston SSJning 15 yilligi munosabati bilan gruzin xalqi nomidan yozilib, bir yarim milliondan ortiq odam imzo chekkan she’riy xatni ham ruschadan o‘zbekchaga Usmon Nosir tarjima qilgan edi.
Usmon Nosir qaysar edi. Surgunda qiynalib yurganida ham, Stalinga bo‘lgan mehri va unga bag‘ishlab she’rlar yozganini, hatto tarjima qilib matbuotda chiqarganini, qamoqda o‘tirib qog‘oz-qalamsiz unga bag‘ishlab doston yozganini aytmaydi.
«Meni qamoqxona eshigidan ichkariga itarib yuborganlarida, bir qancha vaqt ko‘zim tinib, hech narsani anglay olmadim. Bir vaqt «Ustoz!», «Domla!» degan tanish ovoz eshitildi. Usmon Nosir chopib kelib, qo‘ltig‘imdan oldi va o‘zining yotadigan o‘rniga olib borib, yotqizdi meni. Uning o‘rni taxtadan yasalgan «ikkinchi qavat»da ekan, menga joyini bo‘shatib berib, o‘zi ancha vaqt yerda yotib yurdi, — deb suhbatni davom ettiradi Rauf aka Boyjonov. — U bizning qamoqxona hovlisidagi do‘konchadan mayda-chuyda olib kirib beradigan ta’minotchimiz edi. Birga yotgan sakkiz oy mobaynida u Yejov, Stalin haqidagi dostondan boshqa, onasi haqida ham katta doston yozgan. Qalam berilmasdi bizga. Usmon xayolda yozib, yod aytib berardi yozganlarini. Beriya davrida mahbuslarga qog‘oz-qalam va xat yozish huquqi berildi…
Usmon keyingi vaqtlarda juda ruhan ezildi. U tergovchining aldoviga ishonib, qilmagan gunohini qildim, deb qo‘l qo‘ygan. Usmonning tergovchisi Matveev edi. U Usmonga: «Mastlikda bilmay Stalinni so‘kibman», deb tan ol, shunda faqat besh-olti yil beramiz. Yo‘qsa, qiynalib yotaverasan zaxlab, borgan yeringda yaxshi ishlasang, yana qisqartirishadi muddatni», deb aldagan. Bu yolg‘on gapga imzo chekkani uchun Usmon o‘zini kechirolmasdi…»
Usmon Nosir 1938 yilning 5 oktyabrida yashirin harbiy kollegiya oldida yuqorida aytilgan «aybnoma» tamoman yolg‘on ekanini aytadi. Lekin Yozuvchilar soyuzining sobiq sekretari bergan yolg‘on guvohlikka asoslanib shoirning inkor etishiga qaramay, hech qanday dalillarsiz uni O‘zSSJ Jinoyat kodeksining 67-, 64-, 14-moddalari bilan ayblab, 5 yil siyosiy huquqlardan mahrumlik sharti bilan, 10 yilga qamaydilar.
1938 yilning oktyabr oyi oxirlarida Usmon Nosirni boshqa joyga jildiradilar. Ketish oldidan Usmon o‘zi yotib yurgan to‘shak — matratsni onasiga berib qo‘yishlarini so‘rab, Rauf akadan iltimos qiladi. Biroq o‘zi ham o‘sha yerdaligi sababli Rauf aka bu iltimosni bajara olmaydi.
— Usmonning to‘shag‘ini, u foydalangan boshqa buyumlariga qo‘shib, yoqib yuborishdi. Usmonning so‘nggi iltimosini bajarolmaganim uchun o‘zimni kechirolmayman, — deydi Rauf aka.
Usmon Nosir qamoq muddatini o‘tash uchun 1938 yilning oxirida uzoq Sharqning Magadan shahriga yuborildi. Shoir u yerda og‘ir mehnat kunlaridan so‘ng, mashaqqatli mahbuslik tartibi va ta’qib ostida ham qo‘lidan qalamini qo‘ymadi. Uning bu davrdagi ijodi haqida Usmon Nosir Magadandan Moskvaga, I. V. Stalinga yo‘llagan arizasi guvohlik beradi.
Mahbus shoirning bu maktubi e’tiborsiz qolmagan. 1943 yili Usmon Nosirga qo‘yilgan aybnomani qayta tekshirganlar (biz yuqorida aytib o‘tgan X. Sulaymonovaning maxsus kishilar bilan suhbati ana o‘sha jarayonda bo‘lgan edi).
— O‘sha tungi suhbat oxirida har ikki polkovnik birdaniga: «Biz iste’dodli yigitni bekordan nobud qilganga o‘xshaymiz!» — deyishdi ruschalab, — deydi Xolida opa.
Toshkentda Usmon Nosirning satrlari qaytadan «titkilanayotgan» kunlarda uning sil kasali Uzoq Sharqning nam havosidan kuchayib ketib, mahbus nisbatan yumshoqroq iqlimli Kemerovo viloyati o‘rmonlariga jo‘natilgan. Sibir harbiy lageri boshlig‘ining o‘rinbosari M. Usmonov o‘z qo‘lidagi mahbuslar orasida Usmonga alohida e’tibor bilan qaraganini eslaydi, o‘sha sharoitda bo‘lganlar. Shoir lagerda kutubxonachilik qilgan. Biroq og‘ir xastalik va mashaqqatli asirlik sharoiti shoirni 32 yoshida o‘lim changaliga topshirdi.
— U yillar og‘ir edi.. Mening hamkasblarimdan: ham katta xatolar o‘tgan, biroq bosh aybdor o‘zingizning hamyurtlaringiz va hamkasblaringiz, — deydi biz bilan suhbatda Kemerova viloyat ichki ishlar bo‘limining boshlig‘i, general V. I. Runnshkov.
Na iloj! Shoirning o‘z satrlari bilan aytganda: «O‘tgan qaytib kelmaydi». Biroq Usmon Nosir va uning qismatdoshlari taqdirini batafsil o‘rganish va ochiq-oydin yoritish bugun va kelajak uchun juda ham zarur!..
«Fitna san’ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.