Assalomu alaykum, onajon, sog‘misiz, bardammisiz?
Yong‘inu qonlarga botgan shahrim, unga tutash shahar va qishloqlar haqida eshitganimda, jondoshlardan yiroqda simobdek titrab yashayapman-u, sizlarning ahvolingiz qanday kechayapti ekan?
Gazetalar yozdilar, osmonlardan xabarlar oqib keldiki: «Mingga yaqin gazanda…», «Nasha va qoradori chekkan, mast bo‘lib olgan besh mingdan ortiq gazanda…»
Qarg‘ishlarning turi ko‘p. Lekin, onajon, men shahrimizda biror kishining «gazanda» deb qarg‘anganini hech qachon eshitmaganman. Shunchasi qayoqdan kelib qoldi? Qizlari o‘n yoshga yetganda, onalari ipak-saboq berib do‘ppi tikishni o‘rgatadigan; o‘g‘illari o‘n ikkidan oshganda, ota-onalari ularni biror duradgorgami, kosibgami, temirchigami shogirdlikka beradigan imonli, muloyim, beozor Marg‘ilonda-ya?..
Kaftdekkina hovlilarda boshu oyog‘ing zo‘rg‘a aylanadi, ko‘knor tugul, ikki quloch pomidor ekishga ham joy yo‘q. Bir misqoli falon pul turadigan nasha, qoradorini hamshaharlarim qaysi daromad evaziga sotib olishayapti, ona? Bundan bir oygina muqaddam sizni ko‘rgani borganimda, shahrimiz har doimgidek osoyishta edi-ku? Yoki men ikki kungina u yerda bo‘lib, shunchaki salom-alikdan, nomigagina hol-ahvol so‘rashdam nariga o‘tmaganimdan, ko‘p narsani sezmadimmi? Yoki men — yozning jaziramasida ham uyimning quvuridan issiq suv kelmasa, kir yuvishga erinadigan odam — opamning: «Qishloqda g‘o‘zapoya ham qolmadi. Endi kir yuvish uchun ishqor qilgani g‘o‘zapoyaning kuli ham yo‘q», — degan gaplarining zamirida yana qanday ma’nolar borligi haqida o‘ylab ko‘rmadimmi?
Oylar o‘tib yoningizga borganimda, bilib-bilmay aytgan gaplarimni anglayolmayotgandek ko‘zimga uzoq tikilishingizning sababini endi tushunayotgandayman, ona. Shu keyingi o‘n yillik umrim sizlardan olisda, Marg‘ilondan yiroqda ko‘nglimdagi ta’masiz tuyg‘ularni o‘chirib tashlagandek. Endi men nimalargadir (kiyimmi, mansabmi, yegulikmi…) tezroq erishmoq uchun andishalilarni yuz-xotir qilmay, ular menga kulib turib oyoq bosib o‘tishni o‘rganib oldim. Birov birovga yaxshilik qilsa, avvalgidek ko‘zimga yosh kelmaydi. Beandisha askiyalarni eshitishdan uyalmay qo‘ydim. O‘zgalarga rahmim kelganidan emas, boshqalarning o‘zimga nisbatan rahmini qo‘zg‘atish uchun yig‘lashni o‘rganib olganman. Tikkan do‘ppilarim mahalla-ko‘yda maqtovli edi. Endi… qo‘limga nina olib yamoq solishdan ko‘ra, yirtilgan kiyimni oyoq latta qilishim osonroq…
Men Marg‘ilondan ketganimdan buyon qaytmas yillar kabi, bolalik beg‘uborliklari kabi, siz va dadamdan, bolaligimni ko‘tarib katta qilgan marg‘ilonliklardan olgan ko‘ngil gavharlarimni bitta-bittalab yo‘qotib borayotgandekman, onajon!
…Bizni Farg‘ona davlat pedagogika institutida o‘qitgan domlamiz Muhammadjon Madg‘oziyev bir ajoyib tarixiy voqeani so‘zlab bergandilar:
O‘tgan asrning oxirlarida Marg‘ilonda har oqshom erkaklar yig‘ilishib navoiyxonlik qilishlari odat ekan. Shunday davralarning birida o‘zimizning Chahor Chinorlik (Marg‘ilondagi bir mahalla) Umidiy taxallusli shoir Navoiyning:
Ko‘kragimdur ufqning pirohanidin chokrok,
Kirpigim shabnam to‘kulgan sabzadin namnokrok, —
baytini keltirib, «Hazrat Navoiy bu baytda mubolag‘ani juda orttirib yuboribdilar. Inson o‘z ko‘kragini qontalash bag‘ri chok-chok bo‘lgan ufqqa ham tenglaydimi?» — degan ma’noda so‘zlabdi. Hazrat Navoiyga nisbatan aytilgan bu gap davra ahliga og‘ir botibdi, shu kecha navoiyxonlik qizimabdi. Yig‘ilganlar malol bilan tarqalibdilar. O‘zining shakkokligidan iztirobda qolgan Umidiy tuni bilan uxlolmay, tong oldi ko‘zi ilinibdi va tush ko‘ribdi: tushida Hazrat Navoiy katta bog‘ ichidan chiqib kelayotgan emishlar. Shoir yugurib borib Hazratning oldilarida tiz cho‘kibdi. Shunda Mir Alishvr Navoiy uning yelkasiga ohista qoqib: «Tur, bo‘tam, tur, tur» dermishlar. Umidiy cho‘chib uyg‘onibdi, yuz-qo‘lini yuvib, tahorat olgach, Hazrat «Devon»larini ochib, yuqoridagi g‘azalga muxammas bog‘lay boshlabdi. Muxammasning birinchi misrasi shunday ekan:
Ayo, Umidiy quling befahmu beidrokrok…
Onajon, bu aytilgan uch misragina — g‘azallardan qatralarning mazmuni o‘zi bir ummon. Lekin bu aytilgan — rivoyatlardan-da go‘zal voqea zaminidagi ma’naviy yuksaklikdan hayratga tushmaslik mumkinmi? Bu voqea bilan aytishga tiling ham bormaydi… bugungi qotilliklar, talon-tarojlar bir xalq — marg‘ilonliklar tarixining ikki qutbi, afsus. Orada nihoyati bir asrlik masofa. She’riyatni, Hazrat Navoiyning pokliklarini imon o‘rnida ko‘rib unga ergashgan marg‘ilonliklar qanday sabablar bilan giyohvand, nashavand, aroqxo‘r, qonxo‘r, gazanda bo‘lib qoldi, onajon, jon onajonlarim?!
Bir murvatni shundoq burasang she’r, qo‘shiq oqib kelaveradigan bugungi kunda necha-necha so‘z ustalarining ijrolarini tingladim, Ammo hech qaysinisi dadamning Kumushbibi qabriga bitilgan to‘rt qator she’ru Shoh Mashrabning:
Hama obod bo‘ldi, bo‘lmadim obod dastingdin,
Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin,—
radifli mujammasini o‘qiganlaridagidek ta’sir etmaydi. Rahmatli dadamning dardli ovozlari jonimda ketadi. Dadam oddiy, olti farzandning qornini to‘ydirish uchun qariyb kun-kunora ikki smenalab ishlaydigan kosib edilar. Amakim — urush qatnashchisi — umrlari tirikchilik tashvishida tungi qorovullik bilan o‘tdi, kunduzi bolalarni to‘plab ertak aytib bo‘ladimi? Yoshlar-chi? Ayni ishlaydigan yoshda pochcham bu yil ham ish yo‘qligidan qabristonga qorovullik qilayaptilarmi? Sovxozdan yer olishmoqchiydi, tegdimi? Aytganday, katta opam: «Ishdan bo‘shab oldim, 70 so‘m oylikka ham pol yuvib, ham eshik oldida qorovullik qilishga sog‘ligim yetishmayapti», — deb yozib yuboribdilar. Bevalikda ro‘zg‘orni qanday eplayaptilar?
Yaqinda «Saodat» jurnaliga Marg‘ilonimizdagi «Atlas» ishlab chiqarish birlashmasining bir guruh ishchilaridan xat keldi. Ishchi ayollar mehnat sharoitlarining og‘irligidan, maoshlarining juda kam miqdorda ekanligidan, tungi smenada qiynalib ishlayotganliklaridan zorlanibdilar. Ular xatda o‘z nomlarini ko‘rsatmabdilar. «Yozsak, ahvolimiz bundan ham battar bo‘lishi mumkin», — debdilar. Mazkur maktub yuzasidan Farg‘ona oblast partiya komitetidan kelgan javobda anonimlar tekshirilmasligi va o‘z-o‘zidan bu xatga ham javob qaytarilmasligi aytilgan. Nimayam deymiz, ular haq. Lekin men Marg‘ilonga borganimda, kelinimiz — «Atlas» birlashmasi ishchisi Manzuraxondan (ona, siz yaxshi ko‘rgni keliningiz) ayollarning maktubidagi hamma gaplar to‘g‘riligini eshitdim.
Gazetalar «Ish joyining tayini yo‘q gazandalar…» — deb yozayapti. Yosh yigitlar tayinsiz, ishyoqmas, gazanda bo‘lib qolishiga kimlar, nimalar sabab? Jiyanim Akmalxon o‘ninchi sinfni bitirib, armiyaga chaqirilguncha bir yil beish yurdi. Izlab-izlab ish topishdan umidini uzdi oxir. «Armiyaga ketib qolasan, shuning uchun ishga olmaymiz», — deyishibdi. Aytishicha, aksariyat siifdoshlari ham bir yilni bekorchilikda o‘tkazishibdi. Eh-he, har yili maktabni necha minglab o‘n yetti yoshlilar bitirib chiqishadi. Ayni ishlayman, yeyman, ichaman, kiyaman deydigan davr. Qo‘liga yetuklik haqida hujjat olsa-yu, yana ota-onasiga boqimanda bo‘lsa! Bu boqimandalik sababini har qancha to‘g‘ri tushungan ota-ona ham yetishmovchilikdan, voyaga yetgan o‘g‘lining umri zoye o‘tayotganidan g‘azablangani sayin o‘g‘lining ko‘nglini cho‘ktirmaydi, uni haqoratlamaydi, deb kim kafolat beradi? Armiyadain qaytgandan keyin-chi? Rustamjon jiyanim ish topa oldimi, ona?
Oiajon, uzr, ko‘nglimning og‘riqlari ochilib ketdi. Aslida, men sizning, sizlarning sog‘liqlaringiz, tinchliklaringizdan juda xavotirdaman.
O‘g‘li noqobil chiqqan ota-onalar haqida «Qarigan chog‘ida uvol bo‘ldi», — deb so‘zlashadi. Farzaidlari, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘i bo‘lgan o‘g‘illari qon to‘kkan, birovlar uyiga o‘t qo‘ygan onajonlar, otajonlar, ahvolingizni tasavvur qilolmayapmai. Ikki yosh bola bilan yo‘lga chiqishning iloji yo‘q, shunday bo‘lsa-da, onajon, nabiralaringizdan birini olib Marg‘ilonga otlangandim. Vaziyatdan yaqindan xabardor bo‘lganlar meni yo‘ldan qaytarishdi: «O‘ziigni o‘ylamasang, go‘dakii o‘ylagin», — deyishdi…
Ota-onalarimiz, opa-singillarimiz, bolalarimiz va men kabi taqdir tufayli Farg‘onadan uzoqda yashayotgan, farg‘onalik qarindosh-urug‘iyu elu yurti taqdiridan xavotirda qolgan taqdirdoshlar haqqi, o‘zimizni to‘xtatib olib gaplashaylik. Birgina men emas, xalqimiz nomiga isnod bo‘lib tushgan bu fojialarning asl sababiii bilolmay toqatlari toq, asab torlari uzilar darajaga yetganlar ovozi ham to‘lqinlanib borayapti. Men bu xatim marg‘ilonligu marg‘ilonlik bo‘lmagan ana shunday odamlar nomidan yozayapman. O‘jar, asov ko‘ngillaringiz nima sababdan bu qadar jahlga, ko‘zlaringiz o‘t-qonga, tillaringiz haqoratga to‘ldi, mening yomonotlig‘ ukalarim? Sizni yomon, «gazanda» deyish osonmi? Jonimizdansiz, qonimizdansiz, jonu qonimiz qaqshab turibdi-ya! Sizlarga muhabbati og‘rig‘u azoblarga aylangan odamlar haqqi, yomon niyatlardan qayting, fikrlaringizni to‘plab, ularni xalqqa oshkor ayting. Meningcha, eng to‘g‘ri yo‘l shu.
Umid va ishonch bilan, Muhtarama Ulug‘ova.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 23 iyun