1937 yilning 31 dekabri xonadonimizda bir umrlik o‘chmas armon qoldirdi. U kun dadamiz bilan vidolashuv kuni bo‘ladi deb sira o‘ylamagan edim. Dadamning biz bilan xayrlashayotib: «Menda hech bir ayb yo‘q. Xudo xohlasa, tez kunda diydor ko‘rishamiz», deganlari hali-hanuz qulog‘im tagidan ketmaydi. O‘sha tun dadam Qudratilla amakimga: «Men ketyapman. Bolalarni senga, seni Ollohga topshirdim», degandilar. Dadamni oyim, men, singlim ko‘zda yosh bilan ko‘chadagi qora ulovga kuzatib qoldik. Nazifa opam turmush qurib ketganligi bois dadam bilan xayrlasha olmadilar. Bir umr: «Dadam qani?! Dadamni topib beringlar!», deya otamiz dog‘ida kuyib, armon bilan olamdan o‘tdilar. Adiba opam ham o‘sha tun Nazifa opamnikida edi, otamizni vidolashuv onida ko‘rolmadi.
Dadamizni olib ketishganlarinnng ikkinchi yo uchinchi kuni Qudratilla amakim bilan Davlat Xavfsizligi Boshqarmasiga bordik. U yerdan: «Bunday ismli odam bizning ro‘yxatda yo‘q. Bo‘lsa ham bizga tushirishgani yo‘q», degan javob eshitdik. Ikki-uch kunni o‘tkazib, yana borsak: «Kidirayotgan odamingiz Maskov turmasida bo‘lsa kerak», deyishdi. Maskov turmasi o‘sha payt hozirgi Engels ko‘chasidagi «O‘zbekiston 50 yilligi» tikuv korxonasining o‘rnida bo‘lib, to‘rt metr balandlikdagi sim tikanli devor bilan o‘ralgan edi. Turma tevaragida soqchilar turishardi. Biz bahaybat darvoza tomon yurdik. Biroq odam ko‘pligidan unga hatto yaqinlasha olmadik. Nihoyat, uchinchi kuni: «Bizda unday odam yo‘q», degan javob oldik. Qudratilla amakim: «Endi nima qilamiz?», degandek menga qarab turgandilar, bir kishi kelib amakim bilan salomlashdi. Maqsadimizni eshitib: «Bu yerda tergov shii tugagan siyosiy mahbuslarni saqlaydlar. Akangiz o‘sha Davlat Xavfsizligi Boshqarmasida», dedi. Biz yana avvalgi yerga bordik. «Mahbus shu yerda. Tergov boshlangani yo‘q. Tergovdan oldin ovqat olinmaydi. Faqat tamaki, tishyuvgich, sovun olib kelishingiz mumkin», deyishdi u yerda bizga. Uyga ko‘nglimiz taskin topganday bo‘lib qaytdik. Ertasigayoq dadamga o‘sha narsalarni olib borib berdik. Lekin xat yozib, xat olishga ruxsat yo‘q edi. Oradan biroz o‘tgach, o‘sha arzimas buyumlarni ham olmay qo‘yishdi. Sababini so‘rab javob ololmadik. Uch-to‘rt oy o‘tib Habibulla akam xastalikdan forig‘ bo‘lib, yura boshladi. Biroq uning ham DXBga qatnashlari natijasiz qolaverdi.
Yil oxiriga borib: «Qamalganlar hukm etilib, Sibirga jo‘natildi», degan ovoza tarqaldi. Boshqarmadagilardan dadamizning yigirma yilga hukm etilib, Sibirga jo‘natilganligini eshitdik. U yerda ham xat, ovqat, kiyim-kechak olmasliklarini aytishdi. Dadamiz sog‘-salomat bo‘lsalar, bir kuni qaytib keladilar, deya o‘zimizni ovutmoqdan bo‘lak chora qolmadi.
Esimda, 1940 yil edi chog‘i, Komil Yashin rafiqasi Halima Nosirova bilan bog‘imizga kelib, aylanib ketdi. Mahalladagilar: «Komil aka bilan Halima opa bog‘ olishmoqchi ekan. Sotsalaring, bog‘inglarni 36 mingga olisharkan», deyishdi. Biz rad javobini berdik. Oradan ko‘p o‘tmay, ular Samarqand darvoza tomondan bog‘ sotib olishdi.
Ulug‘ Vatan urushi boshlandi. Bizning kabi oilalarning ahvoli battar og‘irlashdi. Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasining qaroriga binoan shiyponimiz Leningraddan ko‘chirib kelingan harbiy akademiya xizmatchilariga istirohatgoh qilib berildi. Xizmatchilar oilalari bilan shanba, yakshanba kunlari kelishib, bog‘imizda dam olishardi. Ular biz bilan yaxshi muomalada bo‘lishar, bog‘imizdagi mevalardan yeb, bizga ham olishga ruxsat berishardi.
Bir rus generali (ismi yodimda yo‘q. — M. A.) men bilan dadam haqida gaplashar, bilganlarimni o‘nga tushuntirishga harakat qilardim. U yelkamga qo‘lini qo‘yib ko‘nglimni ko‘tarar, gohidi: «Oyingga bergin», deb go‘sht, kolbasa, konserva, pishloq, non berardi. Oyim: «Ruslar ichida ham musulmonchilikdan xabardorlar bor ekan-da», deb ko‘zlariga yosh olardilar.
Generalning men tengi Misha degan o‘g‘li bo‘lib, u bilan o‘rtoq edik. Oyim og‘ir xasta, tez-tez shifoxonada davolanar edilar. Bundan general xabar topib, bizni kamyob dorilar bilan ta’minlay boshladi. 1943 yil 6 mart kuni onam sho‘rlik dadamga kuya-kuya olamdan o‘tdilar. Biz «tul» yetimdan «shum» yetimga aylandik.
1944 yili harbiylar Leningradga ko‘chib ketishdi. 1945 yili esa shiyponimiz Arpapoya ko‘chasidagi 1-sonli bolalar uyi tasarrufiga o‘tkazildi. Bu yerga bolalarni o‘ynagani olib kelishardi.
Urush tugadi. Biroq 29 may kuni Habibulla akamni ham otamiz kabi olib ketishdi. Urush tugab, ezilgan xalq asta-sekin yengil nafas ola boshladi. Lekin biznikiga o‘xshash oilalarning ahvoli battar og‘irlashdi. Akamni 10 yilga hukm qilishdi. Biz hamon umid bilan dadamizdan xushxabar kutardik. Xuddi dadamiz eshikdan kirib kelib, onamiz va akamiz qismatidan xabar topib: «Onang mening dardimda olamdan o‘tibdi. Olloh joyini jannatda qilsin. Lekin o‘g‘lim Xabibullada ne ayb?», deya termulayotgandek bo‘laverardi.
1947 yili (tibbiyot institutida o‘qirdim) men o‘qishga qatnashim oson ko‘chsin uchun Muhammad Aminbek pochchamning Tinchob mahallasidagi hovlilariga ko‘chib o‘tdim. Kuz kunlarining birida o‘qishdan kelsam, qo‘shni ayol: «Seni bir odam istab kelib: «Kutsin!», deb aytdi» dedi. Oradan ikki soatcha o‘tgach, noma’lum kishining o‘zi ham keldi. Salom-alikdan so‘ng uni uyga taklif qildim, biroq u kirmadi.
— Muhammad Aminbek akani qayerdan topsam bo‘ladi? U kishiga aytadigan omonat gapim bor, — dedi yoshi elliklarga borgan, soch-soqoli o‘siq, oq-sariqdan kelgan ma’yus nigohli kishi.
— U kishi bu yerda turmaydilar. Xo‘p desangiz olib borishim mumkin, — dedim men.
Ikkovlashib Samarqand darvozadagi uyimizga yo‘l oldik. Yo‘lda men u kishiga bir-ikki savol berdim. U: «Ha» yoki «Yo‘q», deb qisqa javob qilardi.
Pochcham uyda ekan. Mehmonni dadamning hujralariga taklif qildik. Fotihadan so‘ng pochcham mehmonga savol nazari bilan qaradi.
— Sizning ismingiz Muhammad Aminbekmi?
— Ha.
— Ayolingizning ismlari Nazifa-a? — deya savol-javob qilgach, kishi gap boshladi: — Men shu kelishimda Magadandan kelyapman. Asli Namanganning Uchqo‘rg‘onidanman (ismi yodimda yo‘q. — M. A.). 1937 yilgacha raykomga kotib edim. 10 yilga siyosiy mahbus sifatida nohaq hibs etishdi. Magadanga jo‘natildim. Abdulla aka qo‘shni zonada ekanlar. Ozodlikka chiqqach, u kishi bilan sim to‘siq orqasidan gaplashishga muyassar bo‘ldim. Abdulla aka: «Toshkentga borsangiz, bizning hovlidan xabar oling. Balki uyimni musodara qilishgandir. Balki bolalarim Eski Jo‘vaning Tinchob mahallasidagi Muhammad Aminbek kuyovimnikidan panoh topishgandir. Ularga salom ayting. Nabiram Farzona katta qiz bo‘lib qolgandir. Uni buvasi nomidan peshonasidan o‘pib qo‘ying», deb aytdilar, — dedi.
Dadamiz olib ketilganlaridan 10 yil o‘tib kelgan ushbu xushxabar bizni dovdiratib qo‘ydi, Nazifa opam: «Dadamni ko‘rgan kishi ekansiz», deb ko‘zda yosh bilan qayta-qayta ko‘rishdilar. Mehmon ovqatga ham turmay: «Tungi poyezdda jo‘nashim kerak», deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Bola-chaqasining tinchini bilib bir oydan so‘ng qaytishga va’da berib, opam tutqizgan kiyim-boshni ham olmay uyimizdan chiqdi. Pochcham ikkimiz mehmonni vokzalga kuzatib chiqdik. U pochcham bergan pulni olmay xayrlashdi.
Biz mehmonning qaytishini sabrsizlik bilan kuta boshladik.
Oradan 2-3 oylar chamasi vaqt o‘tdi. Biroq mehmondan darak yo‘q tdi. Nazifa opamning qistovi bilan Uchqo‘rg‘onga jo‘nadim. Borib u kishini surishtirdim. U yerdagilar: «Ha, shunday odam bor. Bechora o‘n yil nohaq o‘tirib kelib, xotini birov bilan turmush qilganini eshitgach, xafa bo‘lib ketib qoldi», deyishdi.
1949 yili bolalar uyi ko‘chgach, bog‘imizni Toshkentdagi allaqaysi yilqichilik arteli egalladi. Kaysidir befahmning buyrug‘i bilan shiypon atrofidagi mevali daraxtlar kesilib, ot-aravalarga joy hozirlandi. Bog‘imizning kunbotar tomoniga cho‘chqaxona qurildi. Pashsha, chivin, qurt-qumursqa ko‘paydi, cho‘chqalarni ariqda cho‘miltirib, ichimlik suvni bulg‘ay boshlashdi. Ba’zi benomus qo‘shnilardan: «Julqunboyning shaltog‘idan dod», «Julqunboy xalq dushmani bo‘lmaganida biz bu kunlarga qolmas edik», degan malomat eshitgan kunlarimiz ham bo‘ldi. Tishni tishga qo‘yib chidamoqdan boshqa ilojimiz yo‘q edi.
1953-54 yillar edi, chamasi. Yoz kunlaridan bira uyga kelsam, opam: «Mehmon bor», dedilar. Uyda oltmishlarni qoralagan, oq sochli, qorachadan kelgan bir kishi pochcham bilan o‘tirardi. Ular bilan so‘rashib chiqqach, opamdan: «Bu kim?», deb so‘radim. Opam ma’yuslanib: «Otamning oldilaridan kelibdi», deya o‘ksib-o‘ksib yig‘lay boshladilar. Men: «Nega yig‘layapsiz? Xursand bo‘lmaysizmi? Yaxshi xabar olib kelgandir balki?!», deya uni yupatdim. Shunda opam boshini yelkamga qo‘yib: «Otam qamoqda vafot etibdilar», deb o‘kirib yubordi. Men chopib mehmonning oldiga kirdim. Ko‘z yoshi qilishdir. Pochcham qur’on tilovat qildilar. Mehmon o‘zini: «Abdulla aka», deb tanishtirib, boshidan o‘tganini so‘ylay ketdi:
— Men asli Namangandanman. Toshkent tibbiyot institutida o‘qirdim, 1937 yili qamoqqa olinib, siyosiy ayb bilan 15 yilga hukm qilindim. Jazo muddatini Magadanda feldsherlik qilib o‘tkazdim. Qodiriy ikki marta xastalanib, mening qo‘limda davolandilar. Oxiri jon berdilar. O‘zim dafn qildim. O‘limlari oldidan qayerda turishlarini aytgandilar, — deya hikoyasini tugatdi u.
O‘sha kundan boshlab mehmon tez-tez kelishni, oylab biznikida yotib qolishni odat qildi.
1955 yili akam qamoqdan qutulib keldilar. 1956 yilda esa dadamiz ham oqlandilar. Aza ochdik. 1958 yili akamning sa’y-harakatlari bilan shiyponimizni qaytarib oldik, qarovsiz bog‘ni amallab avvalgi holiga kertirdik.
Etmishinchi yillar dadamizning xoklari bo‘lmasa-da, Kamolon qabristonidagi xilxonamizga ramziy qabr toshi o‘rnatdik. Dadamiz oqlangach, bir necha bor yuqori tashkilotlarga u kishi qachon, qayerda qatl etilganliklarini so‘rab murojaat qildik. Biroq tayinli javob ololmadik. Nihoyat, 1987 yili dadamiz 1938 yil 4 o‘ktabrda Toshkentda otilganliklari haqida Davlat Xavfsizligi Ko‘mitasidan javob oldik. Lekin ular dadamizni qayerda otishganini aytishmadi. Men o‘zim buni aniqlashga kirishdim.
Ba’zilar: «1937-38 yillarda siyosiy mahbuslarni Toshkentning Yunusobodidagi Alvastiko‘prik atrofida otishardi», deb aytishdi. «Yo‘ldoshev (1956-57 yillarda shahar ijroqo‘mi raisi bo‘lib ham ishlagan. — M. A.) degan kishi Qodiriyni qatl etishda qatnashgan ekan. U: «Qodiriy Yunusobodda otilgan», deguchi edi. Hozir vafot etgan», deb qoldi do‘stim Sadriddin. U bilan yetaklashib Yunusobodga bordik. Sadriddin meni Shomansurov Shoolim degan bir otaxon bilan tanishtirdi.
«Alvastiko‘prikdan o‘tgach, yo‘l yoqasida bir tepalik bo‘lardi, — deb hikoya qildi otaxon. — Bizning hovli tepalikning kunchiqar tomonida edi. Shundoq yonginamizda yoshi saksonlardan oshgan Rasul ota, Mahkam so‘filar turishardi. Men o‘shanda 27—28 yoshlarda edim. Otaxonlar choyxonada o‘tirishib: «Qanday zolim zamon-a?! Tepalik boshimizga bitgan balo bo‘ldi-ku! Kechalari o‘q ovozidan cho‘chib uxlayolmasak, yozda ham o‘q tovushidan, otilayotganlarning oh-vohidan bezib, dimiqib, uyga kirib yotsak. Ertasiga: «Nima bo‘ldi ekan?», deb tepalikka kelib, ustiga nari-beri tuproq tortilgan, boshi, qo‘li, oyog‘i chiqib qolgan murdalarni ko‘rsak, «Savob bo‘lardi», deb ustlariga tuproq tortib, bir kalima qur’on o‘qisak, deyishardi. Kechalari odamlar ayni uyquga ketgan paytda bir-ikki soat davomida uzluksiz o‘q tovushlari eshitilardi. Onam o‘rinlaridan turib, tahorat olib, qur’on tilovat qilardilar. Bu hol uch-to‘rt yil davom etdi. O‘q tovushlari Eski Xumdon tomondan ham kelib turardi. Keyin davlat tepalikni buzib, o‘rnida omborxona quradigan bo‘ldi. Tepalik tuprog‘ini Xumdonga tashib keta boshlashdi. Eshitishimcha, tuproq g‘ishtga yaramagan, shuning uchun uni boshqa tuproq bilan aralashtirib ishlatishgan. Balki otangizning hoklari o‘sha tepalik tuprog‘i ostidir», deya hikoyasini tugatdi otaxon.
Ikki xil fikr, ikki xil taxmin… Otamiz begona yurtda, ochlik-muhtojlikda jon berganlar, desak, favqulodda guvohlarning gaplariga ishonsak… qani o‘sha guvohlar, ularning izsiz g‘oyib bo‘lishlarini nima bilan izohlash mumkin? Xo‘p, mayli, ularni o‘sha dog‘uli zamon bunga majbur qilgan ham deylik. Biroq nega hanuzgacha jim ular? Nega otamizning qamoq hayotiga shohid bo‘lak guvohlar ovoz berishayogani yo‘q? Va nihoyat, Davlat Xavfsizligi Qo‘mitasidan kelgan javob: «…Otangiz Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1938 yil 5 o‘ktabrda Toshkentda otilgan…»
Keyin ma’lum bo‘ldiki, Cho‘lpon, Fitrat, G‘ozi Yunuslar ham xuddi shu kuni otamiz bilan birgalikda qatl etilgan ekan…
Yuqorida nomlari zikr etilgan adiblar, xuddi otamiz kabi xalq yuragiga yo‘l topa bilgan, ardoqli shaxslar hisoblanishardi. Bunday e’tiqodida sobit kishilarni, tayinki, hibsda uzoq tutib turish maqsadga muvofiq emasdi. Ularning qatli haqida ommani ogoh etish esa davlat huquqiy tashkilotlari obro‘siga jiddiy putur yetkazishi mumkin edi. Shu bois Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlar ko‘ksini teshgan o‘q sasi faqat oradan yarim asr o‘tibgina jarangladi.
1987 yili adabiy jamoatchilik xuddi shunday qo‘rg‘oshin parchasi rus shoiri Pushkinning ko‘ksini teshib o‘tganiga 150 yil to‘lish munosabati bilan motam tutdi. Xuddi shunday ma’rakalar bu yil Lermontov o‘qqa uchganiga bir yarim asr to‘lishi munosabati bilan o‘tkazildi. Biz Bobur xastalikdan vafot etgan kunni, Shoh Mashrab dorga tortilgan muddatni, Qodiriy taqdir jomi sindirilgan mash’um sanani aniq bilamiz, biroq o‘sha qora kunlarda marhumlar ruhini yodga olishni xayolimizga ham keltirmaymiz. Holbuki, o‘tganlar ruhini ular madfun kunda shod etmoq har bir musulmon uchun qarz ham farzdir. Zero, «Hadisi sharif»da: «Mavtul olimina — mavtul olamina», deyiladi. Buning ma’nosi shuki: «Allomaning o‘limi bu dunyodan butun bir ma’naviy olamning ketmog‘i bilan barobardir».
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 10-son