Jumhuriyatimiz hududida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan adabiy-nutqiy faoliyat qonun yechimlarini ro‘yobga chiqarishning amaliy harakatiga faollik bilan kirishib ketdi.
Adabiy til imkoniyatlarini yana-da kengaytirish, uning bir qolipga tushib qolgan turg‘un marom (norma)larini yangilash, qayta tashkil etish davlat tili maqomi mezonlariga ham zid emas. Ammo so‘z qo‘llash borasidagi izlanishlarni «bosh-boshdoqlik», til maromlarini buzish sifatida baholayotgan ovozlar ham yo‘q emas. Ular bu ishlarni umumxalq muhokamasidan so‘nggina amalga oshirish kerak deb hisoblashmoqda.
Fikrimizcha, masalani bu tarzda qo‘yishning o‘zi ajablanarli. U yoki bu so‘zni, so‘zlar guruhini lug‘atga kiritish-kiritmaslik masalasini umumxalq muhokamasiga qo‘yib, birgalikda hal etish mumkindir, balki. Ammo bu tartibni bevosita til amaliyotiga (muomala jarayoniga) tatbiq etish erish tuyuladi kishiga. Aloqa asnosida so‘z tanlash va qo‘llash erki har bir kishining o‘z ixtiyoridagi narsa. O‘zbek tili lug‘atidagi so‘zlarning yomoni yo‘q. Ammo ularning mavjudligi, kelib chiqishi, ma’naviy, uslubiy tavsifi bilan nutq jarayonida qo‘llanishi o‘rtasida doimiy va mutloq moslik bo‘lavermaydi.
So‘z tanlash va qo‘llash mezonlari ijtimoiy omillar, nutq sohalari va uslublari, aloqa sharoitlari talabiga muvofiq o‘zgarib turadi. Ularni yaxshi‑yomon, o‘rinli-o‘rinsiz, yaroqli-yaroqsiz, maromli-maromsiz tarzda baholash ham, eng avvalo, tilning lug‘at boyligiga emas, balki til amaliyotiga ya’ni aloqa jarayoniga daxldor. Bu jarayonni ma’lum guruhlarning xohish-irodasi bilan to‘xtatib qo‘yish yoki istagan bir yo‘sinda o‘zgartirish mushkul. Chunki til amaliyoti umumiy ijtimoiy munosabatlar saviyasi bilan bog‘liq hodisadir.
So‘z qo‘llashning qat’iy-majburiy maromi tarafkashlari matbuot tilida faollashtirilayotgan, jonlantirilayotgan «eski» so‘z va atamalarning ma’lum qismi o‘zbekcha emas, balki forscha, arabcha ekanligini ro‘kach qilishmoqda. To‘g‘ri, so‘zning kelib chiqishi, etimologik ma’nosi til taraqqiyotini kuzatish nuqtai nazaridan, haqiqatan ham, qiziqarli. Ammo hozirgi til amaliyotida ularning asli qaysi tilga mansubligi hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Biz uchun muhimi bu olinma so‘zlarning o‘zbekcha til amaliyotidagi odatiy qo‘llanishi hisoblanadi.
Tilimizda surati ham, siyrati ham, qo‘llanish tarzi ham o‘zgartirib olingan so‘zlar kam emas. «G‘alva» so‘zining «G‘alaba» lafzidan kelib chiqqanligi, «basir» kalimasi arab tilida «ko‘zi ochiq» ma’nosida ishlatilishi aloqa jarayoni uchun ahamiyatsiz. «Holva» — «halovat», «xabar» — «muxbir», «kitob» — «kutubxona» kabi arabcha so‘zlarning bir o‘zakdan ekanligi hammaga ham ma’lum emas. Muomalada ishlatish uchun ularning «qarindosh»ligini bilishga unchalik ehtiyoj ham yo‘q.Muhimi, so‘zga ehtiyoj bor ekan, amalda ishlatilayotgan ekan, bu so‘z bizniki, o‘zimizniki.
O‘z navbatida, tilimizga «dam olib qaytgan» so‘zlarning barchasi ham ijtimoiy guruhlar tomonidan bir xilda qabul qilinavermaydi. Biroq so‘zlarning ma’lum nutq sohasida, muayyan ijtimoiy qatlam tilida keng ishlatila boshlanganligining o‘zi ularning adabiy til lug‘atiga o‘tish uchun da’vogarligidan dalolat. Bundan bu so‘zlarning barchasi faol lug‘at qatlami qatoriga o‘tadi, degan xulosa kelib chiqmaydi, albatta.
Faol qo‘llanishga da’vogar barcha so‘zlarning taqdiri bir xil bo‘lavermaydi. Bunda tavsiyalar, chaqiriqlar ham ish bermasligi mumkin. Masalan, 60-yillarning o‘rtalarida «talab», «toliba» so‘zlarini maktab o‘quvchilari uchun qo‘llash tavsiya qilingan edi. Hozir biz ularni «student», «studentka» so‘zlarining ma’nodoshi sifatida ishlatishga odatlanib qoldik. Shuningdek, «ximiya»ning o‘zi bo‘ladi, «kimyo» so‘zining keragi yo‘q, degan gaplar ham bo‘lgan edi o‘sha paytlari. Shunga qaramay, kimyo, kimyogar so‘zlari ishlatilyapti.
Demak, yangi (yoki eski) so‘z raqobatda g‘olib chiqishi ham, omonatligicha, da’vogarligicha o‘tib ketishi ham, yoki o‘z muqobili bilan «bir bitimga» kelib, yonma-yon yashash huquqini qo‘lga kiritishi ham mumkin. Adabiy til lug‘atini taqiq va farmoyishlar bilangina qaror toptirib bo‘lmaydi. Bo‘lmasa, atamalar qo‘mitasi o‘zi lozim topgan so‘zlar ro‘yxatini tavsiya etmaguncha har qanday yangi so‘z qo‘llash harakatini to‘xtatib turish haqidagi da’vat-chaqiriqlarni qanday tushunmoq kerak?
Fikrimizcha, buning asosiy sabablaridan biri ko‘p jihatdan til ta’limi va til tashviqining yagona va majburiy maromlar asosiga qurilganidadir. Chunki barcha uchun yagona, doimiy va majburiy marom mohiyat e’tibori bilan nutq amaliyotidagi rang-baranglikni, uslubiy tovlanishlarni inkor etadi.
Qat’iy, yagona marom faqat adabiy til chegarasini tayin etish nuqtai nazaridangina zarur. Chunki adabiy til barcha sheva vakillari uchun tushunarli bo‘lishi kerak. Adabiy maromlar aslida nutq jarayonidagi maromsizliklar (anomal, anormativ qo‘llanishlar) muhitidagina shakllanadi va qoida tusini oladi. Shu jihatdan, odatdagi uslubiy marom ma’lum ma’noda, maromsizlik (antinorma)dir, desak mubolag‘a bo‘lmas. Uslubiy maromlarni lisoniy planda qat’iy belgilab bo‘lmasligi ham shunday deyishga imkon beradi.
Shu o‘rinda taniqli tilshunoslar V. A. Bogoroditskiyning nutq amaliyotidagi «xatolar — til taraqqayotining yo‘li», L. V. Shcherbaning «xatolar ustaxonasida ertangi kun tili yaratiladi» degan fikrlarini eslash o‘rinli. Albatta, bu yerda so‘zlovchi va tinglovchi uchun uncha sezilarli bo‘lmagan nuqsonlar haqida gap ketmoqda. Xato sifatida fahmlanmagan nuqson keng tarqalish imkoniyatiga ega.
Chunonchi, «ikkilanish, o‘ylanish» ma’nosidagi «taraddud» so‘zi hozir «tayyorgarlik, hozirlik ko‘rish» ma’nosidagi «taraddi» so‘zi o‘rnida qo‘llanadigan bo‘lib qoldi.
G‘ayriodatiyligi 30-yillardayoq ko‘rsatib o‘tilgan «yirik shoxli qoramol» (asli «qoramol»ning o‘zi kifoya) atamasi hanuz keng qo‘llanib kelinyapti. Demak, ayrim maromsiz qo‘llanishlar ham o‘z istiqboliga ega bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun ham faqat umumiy, doimiy hodisalar, qonuniyatlarnigina emas, tildan foydalanishdagi sub’ektiv hollarni, ayniqsa, individual ijodiy xususiyatlarni ham hisobga olish kerak bo‘ladi. Tilni harakatda, faoliyatda o‘rganish shuni taqozo etadi. Qat’iy marom mezoni esa buni tan olmaydi.
Til xalqning so‘ylar so‘zigina emas, ko‘rar ko‘zi ham. Shoiru yozuvchilar, jurnalistu noshirlar mana shu ko‘zning gavhari-javhari sanaladi. Xalq bilan baqamti muomala qiladigan so‘z ustalari shular.
Shular tufayli xalqimiz til sandig‘idagi juda ko‘p so‘z gavharlari millionlar tilidan, adabiy til lug‘atidan joy oladi. Shular tufayli tilimiz qatlamlarida yashirinib yotgan, boshqalar ilg‘ab ololmagan imkoniyatlar yuzaga chiqadi.
Adabiy til taqdiriga javobgarlik ham, birinchi navbatda, shular zimmasida.
Irisali Toshaliyev, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 8–son