Ibrohim Rahim. Ishlatilmasa til ham zanglaydi (1990)

Tabiat va jamiyatning mutlaq qonuni bor: hamma narsa harakat qiladi, o‘zgaradi va rivojlanadi. Bu qoidani hech narsa chetlab o‘tolmaydi. Mantiq shundaki, qo‘llab qolsa oqin suv ham sasiydi, changlab yotsa, noyob asboblar ham zanglaydi. Binobarin, ishlatilmasa, oliy mahsul tilimiz ham zanglaydi. Asrlar davomida ishlatilmagani uchun ulug‘ Alisher Navoiy va uning zamondoshlari tili arxaik tilga aylana bordi. Natijada o‘zbek tiliga asos solgan ilk adabiy tilimizni lug‘atga qarab singdiryapmiz. Xuddi shunday Lutfiy, Bobur, Nodira, Uvaysiy, Furqat va Muqimiy asarlarining juda ko‘p nodir so‘zlariga bosmada izoh berilyapti. Ulug‘ inqilob beshigida Osiyoda birinchi bo‘lib, Mayakovskiy bilan bir vaqtda, bir xilda «Yasha sho‘ro» degan Hamzaning «Sho‘ro»si ham arxivga tushyapti. Hatto zamondoshlarimiz bo‘lmish Abdulla Qodiriy, Cho‘lponlar tiliga ham izohli lug‘at talab qiluvchilar anchagina. Bularning hammasi ona tilimiz yayrab-yashnab, to‘la-to‘kis ishlatilmaganidai dalolat.

Ijtimoiy hayotda, kundalik turmushda, hatto adabiyot va san’atda ham ishlatilgani uchun ayrim iffatli va jarangdor, nafis va shirali, salobatli va salmoqli, ishorali, andishali va pardali so‘zlar dinga berib yuborilgani, binobarin, ularni ishlatish ayb hisoblangaii tufayli tilimiz qashshoklashnb, so‘z boyligimiz inqirozga uchragandi. Bisot sandig‘ida yotgan bironta nodir so‘zni topib ishlatadigan bo‘lsak, odamlar, dilida yoqib tursa-da, uni oshkora qabul qilolmasdi. Hayotimizda ko‘l uchragan ana shunday voqealardan birini, takror bo‘lsa-da, eslab o‘tgim keldi.

Elliginchi yillarning boshida «Ixlos» romanimning qo‘lyozmasi muhokamasida mening uchun hurmatli bo‘lgan olim va yozuvchi, uyushmamizning o‘sha vaqtdagi rahbarlaridan biri Izzat Sulton «Nima uchun romanning nomini «Ixlos» qo‘ydingiz? Bu diniy so‘z-ku» deb qat’iy e’tiroz bildirdi. Nima kilsin, u kishi ham qizil siyosatdonlardai yurak oldirib qolgan edi-da. Men javob qildim: «O‘zbekning hamma chiroyli so‘zlarini dinga berib yuborsak, xalqimiz soqov bo‘lib qoladi-ku». U kishi indamay o‘ylanib qoldi. Oradan bir oz vaqt o‘tgach, o‘zi yangi asar yozib, nomini «Imon» qo‘ydi. Adabiyotda o‘zbekning yana bitta salmoqli so‘zi o‘z huquqiga tiklandi. Ammo bu tiklanishlar uzoqqa bormadi, o‘zbek tiliga qarshi taqib kuchaydi, ayniqsa, Ra’no Abdullayeva g‘oyaviy «buloq boshiga» o‘tirib olgan kezlarda tilimizni tizginlab qo‘ydi. Keyin unga qarshi xuruj boshlandi va bu yaqinlargacha har xil darajada davom etdi.

Nihoyat, O‘zbekiston SSR davlat tili haqida qonun chiqdi. Yaxshi ish bo‘ldi. Ko‘pdan kutilgan bu qonunning qabul qilinganiga ham ancha vaqt o‘tdi. Biroq shundan keyin tilimizda ko‘pdan beri kutilayotgan o‘zgarish yuz berdimi? Yuz bersa ne chog‘liq, qay darajada va nimalarda namoyon bo‘ldi?

Jonli tilimizda bir oz bo‘lsa-da siljish bor (bisotimiz sandig‘idagi ayrim boylik ishga tushyapti}: jumhuriyat, viloyat… Biroq ommaviy axborot tilida, ayniqsa matbuotda hali ham o‘sha-o‘sha: reslublika, oblast… Tongdan tungacha necha bor takrorlaydigan ob-havo axborotida hamon til turg‘unligi davom etyapti. Nima uchundir, jamoat fikriga, matbuot ovoziga quloq bermay, ob-havo darajasini o‘ta o‘jarlik bilan notog‘ri e’lon qilinmoqda — go‘yo o‘zbek tilida “issiq” bilan “sovuq”dan boshqa ifoda, o‘lchoq so‘zlari mutlaqo yo‘qday. Nima uchun simob ustunining ustki ko‘rsatkichlariga qarab darajani maromi bilan iliq, dimiq, issiq, jazirama deb aytmaydilar. «Kechasi 0—1 daraja issiq» deguncha «Ob-havo kechasi nol daraja ayozdan bir daraja iliq oralig‘ida bo‘ladi» deb haq gap aytsa, hech kimning tilini ushuk urmaydi-ku. Simob ustunining pastki ko‘rsatkichlarini ham xalqda o‘z belgisi, ifodasi va o‘lchovi bor: salqin, ushuk, ayoz, izg‘irin, sovuq, qahraton… Masalan, xalqimiz maromiga qarab “Bugun havo salqin keldi”, “Tunda havo izg‘irin bo‘ladi”, “Dekabrda havo sovuq”, «Yanvar oyida qahraton qish» deb ta’bir qiladi. Shunday ekan, «Noldan bir darajagacha issiq bo‘ladi» deyish qip-qizil yolg‘on-ku! «Ruschadan tarjimasi shundoq» deb bahona qilsalar kerak. Axir ruschasida ham «jara» deyilmagan-ku, «teplo» deyilgan. Ruschasida ham «issiq» emas, «iliq» deyapti-ku. Nima uchun hammaning jig‘iga tegib shu yolg‘onni hadeb takrorlayveramiz? Turg‘unlik davri o‘tib ketsa ham, qachongacha tilimiz rivojiga to‘g‘on solib turamiz?

O‘sha to‘g‘on soluvchi kim ekan, mard bo‘lsa — ochiqchasiga, oshkorasiga maydonga chiqsin!

Turg‘unlik davrida tilimizga kirib qolgai kurmaklar hamon oshimizni lanj qilyapti. «Choy qadoqlash vv uni realizatsiyalash…» deydi teleekranimiz. «Falonchi sanoat moddari realizatsiya qilindi» deb yozadi gazetamiz. Nega «realizatsiya?» Axir «realizvtsiyalash» so‘zi tilimizga tasodifan kirib qolganini kim bilmaydi. O‘zbekchada uning nechta ifodasi bor. Mazmuniga qarab, uni sotish, pullash, amalga oshirish, davlatga topshirish deb ishlatiladi. «Turar joylar qurildi» deydi yana bir axborotchi. Nima uchun «turar joy»? Odamlar uchun quriladigan binolariing azaliy, madaniy nomi  «uy-joy». Unda odamlar istiqomat qilib, madaniy hayot kechiradilar. «Turar joy» esa, ko‘pincha tik turib yashaydigan jonivorlar, hayvonlarga mansub boshpana.

Dehqonchilikka oid ko‘p so‘z, ibora, atamalar hamon xomaki tarjima shaklida yasama ishlatilyapti. «Agrosanoat», «agrokompleks»… Nega «Dehqonchilik sanoati» deyishdan qo‘rqamiz? Nima uchun «dehqonchilik ro‘zg‘ori» yoki «dehqonchilik xo‘jaligi» deyishdan uyalamiz. Axir bu atamalar Rossiya agronomiyasidan oldin tug‘ilgan-ku.

«Irrigatsiya», «Melioratsiya» so‘zlarini olaylik. Dehqonchilikning bu muhim tarmoqlari Yevropa yer ishlari madaniyati yaralmasdan avval o‘zimizda paydo bo‘lganini kim inkor qilibdi. Uni qadimgi miroblar ham «suv tarmoqlari», «er tarkibini yaxshilash» deganlar. Daryolardan soy chiqarish, soylardan ariqlar, ariqlardan shoxobchalar: shoxarits, o‘qariq kavlab yer sug‘orish — O‘rta Osiyoda qadim zamonlardan mavjud. Shuning uchun uni bemalol o‘z nomi bilan «suv tarmoqlari» deyaversak yomon bo‘lmaydi. Yer zaxrini qochirib, uning tarkibini yaxshilash uchun zovur, – handaqlar qazish ham bizda uzoq-uzoq zamonlardan boshlangan. Shuning uchun melioratsiyani ham «er tarkibini yaxshilash» deyaverish kerak.

Tilimizni cheklash natijasida o‘zbek tili lug‘aviy boyligi ham kamayib ketdi. Hozirgi yoshlarimizning so‘z boyligi tirikchilik muomalasi so‘zlaridangina iborat bo‘lib qoldi. Bir ma’noni ifoda qiladigan necha-necha chiroyli so‘zimiz borligini tasavvur ham qilolmaydilar. «O‘zbek tili kambag‘al til, uning so‘z boyligi ikki mingdan oshmaydi» deguvchilar bekor aytibdilar. O‘zbek tiliday serqirra, sermazmun, serjilo, nozik va ko‘p ifodali boy so‘z hech bir tilda yo‘q, desa bo‘ladi. O‘zbek tili chuqur falsafa tili, askiya tili. Bir so‘zida yuz ma’no yashirgan va talaffuzi bilan benihoya kuch ato qilib gurrida kulgi ko‘taradigan sehrli til yana qaysi xalqda bor?

Har bir so‘zimizda yuz ma’no bo‘lganiday, bir ma’noni ifodalovchi necha-necha turlari ham borki, ularni bilishgina kifoya emas, hayotda faol ishlatib turish kerak. Yo‘qsa, ulardan ham ajralib qolamiz. Rus tili lug‘atida «chelovek» yagona so‘z. O‘zbek tilida esa, bir necha: odam, inson, kishi, xaloyiq, «Ota-ona»ning ham bir necha nomi bor: «Ota — dada, ota, padar, buzruk, buzrukvor, pir… Ona — volida, oyi, aya, ona, onaxon, qiblagoh… Sheva tilida: buvi (Farg‘ona), aba (Namangan). Bu salobatli so‘zlarning kamdan-kamini ishlatyapmiz. Yoki birgina «ishonch» so‘zining qancha sheriklari «ixlos», «imon», «amin», «komil», «shoyat»lar ishlatilmay, taxmonda yotibdi.

Bir yosh oila qiz farzand ko‘rganida, qariyalar, iffatli bo‘lsin, degan yaxshi niyat bilan, ismi Iffatxon bo‘lsin, desalar yosh ota-ona iffat nimasi, qanaqa so‘z bu, deb yelka qisdilar. «Yoqmasa, Hulkar qo‘yinglar, yorug‘ yulduzday charaqlab yursin», desalar «Hulkar» — o‘rischasiga xunuk eshitilarkan» deb ma’nosini tushunmagani uchun bu nomni rad etib, o‘zlari tushunadigan zamonaviy nom qo‘ydilar.

Nomlar, atamalar hamon chigallashtirib, mujmallashtirib yozilyapti. Gazetalarda bosilib chiqqan qarorlarda, kundalik axborotlarda ham «Uzrыba», «Uzsemovoshch», «Uzagrostroy», «Uzsovetkurort», «Uzavtotranstexnika», «kulinar»… Shularning hammasi O‘zbekistonda joylashgan va ularni o‘ebekchada yarashug‘liq nomi ham bor. Masalan, «O‘zbek baliqchiligi», «O‘zbek navli sabzavot urug‘chiligi», «pazanda» kabi o‘ziga xos, yarashug‘liq nomlar bilan yozsak, nima yutqizamizu, nima yutamiz?

Bilib, bilmay turli atama va nomlarni noo‘rin ishlatishlar ham sodir bo‘lyapti. Misol uchun teleaxborotda «Qo‘qon viloyati» deb gapirdilar. Bu — «viloyat»ning ma’nosini tushunmaganlikdan kelib chiqqan bo‘lsa, ehtimol. Ammo «Axborot» mutasaddilari buni bilishlari kerak.

«Nohiya», «nohiyasi», «nohiyati», «nohiyatda» deb ishlatyaptilarki, bu ham taajjubga sazovor. Bu so‘zlar quloqqa g‘aliz eshitilyapti, ko‘pchilikka erish ko‘rinyapti. Negaki, bu so‘zlar o‘zbek xalq merosida yo‘q, turmushda ishlatilgan ham emas. Shuning uchun uni xalq qabul qilmayapti. «Nohiya» so‘zini «rayon» o‘rniga ishlatyaptilar. Ongli zarurat tufayli turmushda paydo bo‘lib, xalqqa singib ketgan atamalarning hammasini ham o‘rinli, o‘rinsizmi isloh qilayayerish shartmikin? Menimcha shart emas. Negaki, tilimizning sandiqda yotgan bor bisotini yuzaga chiqarsak kifoya — hammasi o‘z o‘rniga tushadi. Ammo yangi ijtimoiy tuzum davrida paydo bo‘lgan, ma’muriy bo‘linishlar tufayli turmushga singgan «rayon» avvallari yo‘q edi. Avvallari «muzofot», «viloyat», «uyeed», «volost», «daha», «mavze», «jamoa»larni bilardik. «Rayon» esa, Oktyabr inqilobidan keyingi iqtisodiy-ma’muriy bo‘linishlar davrida gubernya o‘rniga paydo bo‘lgan «oblast» bilan birga kirib kelgandi. «Oblast»ni «viloyat» deb ishlataylik, ammo «rayon»ni «uyeed» yoki «volost» deb bo‘lmaganiday, «nohiya» deb ham bo‘lmaydi. U hozirgi «rayon»ning iqtisodiy-ijtimoiy-siyosiy, ma’muriy chegara tuzilishining o‘rami va ko‘lamini ifoda qilib berolmaydi. «Rayon» tug‘ilishi bilan egallagan mavqei-yu, hududida qolaverishi ma’qul. «Viloyat» ham noto‘g‘ri ishlatilyapti, hatto shaharlarni ham viloyat, deb atayaptilar, radioda musiqa eshittirish programmasini esa, «Musiqaviy dastur» demoqdalar. Dastur — juda salmoqli ijtimoiy so‘z bo‘lib, eshittirish mundarijasi-yu jadvaliga mutlaqo taalluqli emas va bo‘lolmaydi ham.

O‘zbek tili davlat tili unvoniga ega bo‘ldiyu, ammo hamon chaqaloqligicha, beshigida yotibdi, Uni oyoqqa turg‘izib, voyaga yetkazish, faol ishga solish shu kunning dolzarb ishi. Obdon ishlatilmasa til ham zanglaydi.

 

REDAKSIYaDAN: Hurmatli yozuvchimizning kuyunchaklik bilan yozilgan ushbu maqolasida dolzarb mavzu qalamga olingan. Unda asosan juda to‘g‘ri fikrlar ta’kidlangan. Biroq, maqolada bahsli o‘rinlar ham yo‘q emas. Masalan, biz muallifning tilimizda qo‘llanila boshlangan «nohiya» so‘ziga nisbatan bildirgan fikriga qo‘shila olmaymiz. Zero, «nohiya» rayon ma’nosini beradigan so‘z sifatida nafaqat matbuotda, radio va televideniyeda, ayrim rasmiy uchrashuvlarda balki so‘zlashuv nutqida ham tobora keng qo‘llanilib, singishib bormoqda.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1990 yil, 16 yanvar