Hamidulla Boltaboyev. Noma’lum Fitrat (1990)

1956 yili «tarkibida jinoyat sostavi yo‘qligi va topilgan yangi materiallarga binoan» oqlangan o‘zbek siyosiy mahbuslari qatorida olim va adib Abdurauf Fitrat ham bor edi. Xalq kelajagi uchun kurashgan minglab fidoyi kishilar birgina «xalq dushmani» tamg‘asi ostida olib ketilgani kabi ularning xalqqa qaytarilishi ham bir xil moddaga! (jinoyat sostavi yo‘qligi!) to‘g‘ri keldi. Bu yangi tamg‘a shaxsga sig‘inish qurboni bo‘lgan 40 million kishining taqdiriga XX s’ezdning odil baxosi bo‘lishi bilan birga «topilgan yangi materiallarga binoan» deb keltirilgan ilova navbatdagi siyosiy yolg‘on, yumshoqroq qilib aytganda, xalq oldida o‘zini oqlashning kichik bir ko‘rinishi edi. Aslida elning Fitrat kabi fidoyi farzandlari shunday «materiallar» qoldirib ketishgan ediki, ularni har qancha bekitishmasin, batamom yo‘q qilib yuborish mumkin emasdi. Bu «materiallar» 70 yil davomida o‘z egalarini kuta-kuta (uning egasi xalq) chirib, yo‘q bo‘lish arafasida turgan bir paytda, shukrki, qayta qurish shamoli bilan o‘zbek ziyolilari bu «oqlanish»dan kariyb o‘ttiz yil keyin o‘z adiblarini «izlab» topa boshlashdi. Ular haqida maqolalar, lavhalar e’lon qilindi, asarlari qaytadan nashrga tayyorlana boshlandi.

Abdurauf Abdurahim o‘g‘lining adabiy taxallusi Fitrat bo‘lib, bu so‘z tug‘ma tabiat, tug‘ma iste’dod ma’nolarini anglatadi. S. Ayniyning guvohlik berishicha, talabalik yillari Mijmar (cho‘g‘don, xushbo‘y narsalar solib tutatiladigan idish ma’nosini anglatadi) taxallusi bilan ham g‘azallar bitgan ekan. Abdurauf 1886 yili (xijriy 1304) Buxoro shahrida tug‘ilgan. (Ayrim manbalarda tug‘ilgan yili 1884 deb ko‘rsatiladi). Uning otasi savdogarchilik bilan shug‘ullangan dindor, o‘qimishli shaxs bo‘lib kasbi yuzasidan oilani tez-tez tashlab ketar, hatto 1903 yildan deyarli 15 yil muddatga Qashg‘arga o‘tib ketgani ma’lum. Fitratning onasi Mustaf bibi (oilada uni Bibijon deb atashgan) nozikta’b, savodli ayol bo‘lib, farzandlar ta’lim-tarbiyasi bilan asosan shu kishi shug‘ullangan. Onasining ta’sirida Abduraufda she’r zavqi uyg‘ongan, badiiyat dunyosiga yaqinlashgan. Dastlab eski maktab va Mirarab madrasasida ta’lim olib, 1909 yili «jamiyati xayriya»ning ko‘magida Rossiya shaharlari (xususan, Odessa) orqali Istambulga o‘qishga borgan. Fitratning singlisi Mahbuba Rahim qizining eslashicha, uning ukasi Abdurahmon (o‘sha paytda Kogon bosmaxonasida harf teruvchi bo‘lib ishlagan) akasiga moddiy jihatdan yordam berib turgan. Fitrat Istambulda tashkil etilgan «Buxoro ta’mimi maorif jamiyati»ning faol ishtirokchilaridan edi. Bu davrda u turk inqilobchi yoshlar harakati ishlariga ham aralashadi, keyinroq bu faoliyatini yosh buxoroliklar jamiyatining inqilobiy kurashida davom ettirdi…

Fitrat deyarli 17 yoshidan boshlab, avvaliga diniy, so‘ngra ijodiy va ilmiy ish bilan jiddiy shug‘ullangan, o‘zining 1929 yilgi ma’lumotiga ko‘ra maqolalardan tashqari 110 bosma toboq hajmida adabiy asarlar yozgan. Bunga 1937 yili hibsga olingunga kadar yozgan badiiy, publitsistik va ilmiy asarlarini qo‘shsak, uning e’lon qilingan asarlarining hajmi 250 bosma toboqqa yaqin keladi. E’lon etilmagan asarlari esa (asosan ilmiy va badiiy) 80-100 bosma toboq hajmida. Fitratning bu boy adabiy va ilmiy merosi o‘z tadkiqotchilarini kutyapti.

Fitrat badiiy ijodga she’r bilan kirib kelgan. Uning she’rlari «Buxoroi sharif», «Turkiston viloyatining gazeti», «Sadoi Turkiston» va boshqa vaqtli matbuot sahifalarida, alohida to‘plam xolida xorijda — Istambulda 1911 yili «Sayxa» («Chorlov») nomi ostida fors tilida e’lon kilingan. Fitratning vatani Turkistonda esa bu majmua «Sadoi Turkiston» gazetasining 1914 yil iyul oyi sonlarida she’rlar turkumi sifatida bosilgan. S. Ayniy «Namunai adabiyoti tojik»ni tuzganda, yuqoridagi nashrlarga asoslanib, Fitratning forscha she’rlaridan to‘plamga kiritgan. Fitrat lirikasi haqida fikr yuritganda birgina «Sayxa»ga kirgan she’rlar bilan cheklanish noxolislik bo‘lar edi. Shoirning o‘zbek tilidagi she’rlari «O‘zbek yosh shoirlari» (1922) to‘plamida, vaqtli matbuot sahifalarida e’lon qilingan. Bundan tashqari «Hind ixtilolchilari»ning Berlin nashri (1920) muqovasida Fitratning bosilmagan «Uchqun» (turkiy tilda) she’rlar to‘plami nashrga tayyorlanayotgani haqida e’lon berilgan bo‘lsa, «Abulfayzxon»ning Moskva nashrida (1921) mazkur to‘plam bosilib, sotuvga chiqqani haqida ma’lumot bor. Afsuski, o‘sha to‘plamning mundarijasidan bexabarmiz.

Fitratning she’rlari, ayniqsa, «Sayxa. Milliy she’rlar» to‘plami nafaqat Turkistonda, balki Turkiya, Germaniya, Rossiyaning markaziy shaharlarida tez tarkalib, «elektr quvvati kabi kuchli ta’sir etdi» (S. Ayniy). Bu xaqda F. Xo‘jayev «Buxorodagi inqilob va O‘rta Osiyoning milliy chegaralanishi tarixiga doir» asarida shunday yozadi: «Fitratning asarlari har qancha taqiqlab qo‘yilganiga qaramay keng tarqaldi, jamiyatning hamma tabaqalari orasida bu kitobchalar zo‘r qiziqish bilan o‘qildi, ular ustida bahs va munozaralar bo‘lib turdi… vatanparvarlik she’rlar to‘plami bo‘lgan «Sayxa»ni o‘qigan kishilarni Buxoro hukumatigina emas, shu bilan birga rus hukumati ham ta’qib kila boshladi. Chunki bu she’rlarda Buxoro mustakilligi g‘oyasi birinchi marta yorqin shaklda ifodalab berildi».

Bu o‘rinda Fitrat she’rlarining tahliliga imkon bo‘lmasada, uning lirikasi nafis va ulug‘ Sharq she’riyatining barcha go‘zalliklaridan to‘yingan, uni o‘ziga xos ravishda ichdan yangilashga kamarbasta she’rlardan tartib bo‘lganini ta’kidlamaslik mumkin emas. Darvoqe, bu haqda ham Ayniyda shunday fikr bor: «Fitratning she’riyati haqida yana shuni aytish kerak: shoir o‘zbek adiblari ichida birinchilardan bo‘lib folklor shakllarida she’rlar yozdi. Bu ming yilcha davr ichida aruzdan boshqa shaklni bilmagan yozma she’riyatimiz sohasida novatorlik edi».

Fitratning poetik merosida «Sharq» deb nomlangan kichik doston (muallifning o‘zi poema deb atagan) salmoqli mavqega ega. Unda shoir o‘tli Sharqning «dardli, og‘ir yaralarini yorib» ko‘rsatadi:
«…Biroq, bu kun ezilar kim bu o‘lka,
Har tomondan talanmishdir yo‘lsizcha.
…Xotinlarning pardasi,
Bolalarning yuragi,
Qarilarning gavdasi —
Yirtilgan,
Yorilgan,
Ezilgan!».

Fitrat «nega buyla?» (nega bunday?) deb ajabsinadi, bu fojianing ijtimoiy ildizlarini izlaydi:

«Kim bergan
Bu og‘irli o‘lkaga buncha o‘tni?!
Kim to‘kkan
Bu muqaddas ishga buncha qonini?!»

Yarali Sharq mavzusi birgina bu parchada emas, uning ko‘plab badiiy va publitsistik asarlarida, jumladan, nafis lirikasida xam aks etgan. Shoirning «Ovunchoq», «Behbudiyning sag‘anasin izladim» xotiranomalarida «qop-qora, eski, titrak, oldimizni to‘sib turgan bulut parchasi kuchli bir yel ko‘rgach turmas, yirtilar» deb umid qiladi. Biroq umid hali tanho najot yo‘li emas, shu bois o‘sha «kuchli yel»ni tashkaridan emas, elning o‘z farzandlaridan kutadi:

«So‘kish, qarg‘ash, la’nat aralash bo‘g‘iq tovushlarni…
Quvla, sen bu sezgisiz o‘lkadan».

Fitrat ijodidagi dastlabki to‘lqin uning 1900-1913 yillarda Istambuldagi muhojirlik yillari bilan, navbatdagi ko‘tarilish 1923-1924 yillar davomida Moskva, Leningradda yashagan davri bilan bog‘lik kechadi. Bu davr ko‘p manbalarda Fitratni o‘zi bajarib turgan xalq nozirligi kengashining o‘rinbosari va uning muvaqqat raisi vazifasidan «mansabini suiiste’mol qilgani va moliyaviy xarakterdagi kamchiliklarga yo‘l ko‘yganligi uchun» ishdan bo‘shatilgani bilan izohlanib keldi. Biroq bu izohni to‘ldiruvchi boshqa xujjat xam bor. Turkiston MIKning bu qarori keyinroq «Fitrat Rossiyaga chaqirilib olingani munosabati bilan o‘rniga… tayinlansin» deb o‘zgartirilgan. Alohida tadqiqotga molik bu munozaraga kirishmasdan, Fitrat hayotining keyingi hodisotlariga e’tiborni karatsak, Fitrat 1923 yil o‘rtalaridan Moskvada yashay boshlagan, avval Lazarevlar Sharq tillari instituti (hozirgi Osiyo va Afrika instituti)da, keyinroq Leningrad dorilfununining Sharq fakultetida ma’ruzalar o‘qigan va o‘sha dargoh ilmiy kengashining qaroriga muvofiq professorlik ilmiy unvoniga tavsiya etilgan.

Bu davrda adibning ko‘pgina nasriy asarlari qatorida «Qiyomat» xayoliy hikoyasi chop etilgan. Kitobga so‘z boshi yozgan Darvesh asarni Dantening mashhur «Ilohiy komediya»si bilan qiyoslab, o‘zbek adabiyotida muhim o‘rin tutajagini ta’kidlaydi. Asar o‘tgan oltmish yil mobaynida o‘n martaga yaqin bosilgan bo‘lib, Fitrat asarlari ichida nisbatan eng ko‘p qayta nashr etilgani hisoblanadi. Birgina rus tilida L. Sotserdotova (Toshkent—1936, 1937), L. Kandinov (Dushanba, 1964), S. Vasileva (Moskva, 1965) tarjimalarida chiqqan. Asarning qayta-qayta nashr etilishining sababi faqat uning badiiy qimmatida emas, balki mavzu ateistik deb gumon qilingani uchun uning nashriga turg‘unlik yillarida monelik qilishmagan. 20-yillar o‘rtalarida «Xudosizlar» jurnalida Fitratning bu yo‘nalishda oltita hikoyasi (jumladan, «Me’roj», «Oq mozor» va boshqalar) e’lon etiladi. Bu asarlarning umumiy mavzusidan kelib chiqib Fitratni «ateist»ga chiqarish va uni 10-yillarda «dinning asirligida bo‘lgan» Fitratga qarshi qo‘yish mantiqqa ziddir. Bunday chalkash tushunish natijasida «Munozara» haqida maqola e’lon qilgan Gulshan Rahimova «uning (Fitratning — X. B.) 20-yillardan keyin yaratgan asarlari qat’iy ateistik pozitsiyada ekan» degan noto‘g‘ri xulosaga keladi. Buxoro va Istambul oliy madrasalarini xatm qilgan, «Muxtasari tarixi Islomiya» nomli (fors tilida) kitob yozgan dinshunos olimga nisbatan «ateist» degan yuzaki tamg‘ani bosish xam ilm, ham insof jixatidan nomatlubdir. Lekin shuni xolislik uchun tan olishimiz kerakki, bu tamg‘a shaxsga sig‘inish va ayniqsa, turg‘unlik yillarida Fitrat ayrim asarlarining e’lon etilishiga «yo‘l ochgan», biroq shunda ham Fitratning dinga emas, bid’at va xurofotga qarshi kurashganini ta’kidlamoq lozim. Uning asr boshlarida yozgan «Hindistonda bir farangi ila buxoroli bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadida xususida qilgan MUNOZARAsi» (1909 yili Istambulda fors tilida, 1911 yili turkchada Hoji Mo‘yin Shukrullo o‘g‘li tarjimasida bosilgan) va «Hind sayyohi» asarlarining umumiy mundarijasi bilan tanishishning o‘ziyoq yuqoridagi fikrni inkor qiladi. «Munozara»ning faqat badiiy va diniy emas, balki ijtimoiy, falsafiy, axloqiy va ma’rifiy ahamiyatini asarni rus tiliga ag‘darg‘an noshirlar (polkovnik Yagello) o‘sha vaqtdayoq ta’kidlashgan edi. Bu asarning tubida islomparastlik (panislomizm) va turkparastlik (panturkizm) aqidalaridan farqli suratda, Fitrat ijodining muxoliflari topib hujum qilganidek, jadidchilik yotadi. Biroq uni reaktsion oqim sifatida emas, balki «asr boshlarida O‘rta Osiyo taraqqiyoti uchun xizmati ulkan bo‘lgan demokratik oqim» (X. Mirzozoda) sifatida o‘rganishgina masalaning to‘g‘ri hal etilishiga yo‘l ochadi.

Gitler lageridan qochgan yoki qutulgan mahbuslarni Stalin qayta turmaga yuborganday, ulamolar «kufr» deb atagan «usuli jadida» bizning jamiyatda ham ayovsiz zarbalarga duchor bo‘lgan. Asar ana shu ikki sistema kurashidan bahs yuritadi. «Munozara»da Farangi va Fitrat qarashlarida umumiylik sezilgani bilan Fitrat dunyoqarashini birgina adabiy qahramon saviyasi bilan cheklash ham noma’quldir. Holbuki, shunday mahdud qarash asosida o‘n yillar davomida «Munozara» noto‘g‘ri talqin etilib, ayovsiz tanqidlarga uchradi.

F. Xo‘jayev Fitrat asarlarining ahamiyati haqida gapirib: «…mavjud tuzumni qattiq tanqid qilgan, uning barcha kamchiliklarini ayovsiz ochib tashlagan, amirlikning chirik sistemasini fosh qilib bergan… «Sayyohi hindiy» asarining ahamiyatini bu yerda qayd etolmasdan o‘tolmaymiz» deb yozganida tomomila haq edi. «Roman uslubida yozilgan bu asar» (S. Ayniy) Fitrat nasriy asarlari ichida alohida qimmatga ega. Chunki unda o‘lka hayotining ko‘plab muammolari — xalqning nochor hayoti, harbiy nozirlarning intizomsizligi, shaxar va uning atrofidagi qishloqlarning ekologik ahvoli, el sog‘ligini saqlash tabobat va davolash usullari, sanoat va ishlab chikarishning nochor holati, qozixonalar ishi, qator viloyatlar milliy ro‘znomaga muhtojligi, yo‘l qurilishi, xatto temir yo‘llar, dehqonchiligu hunarmandchilik — hayotning barcha sohalari keskin islohga muhtoj ekani Hind sayyohi nazari orqali idrok etiladi. Hatto asarga rus kishisi obrazi kirib keladi, bu bilan Fitrat asr boshida va 20-30-yillarda ommaviy jarayonga aylangan ruslashtirish siyosatiga ham o‘z ijodining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblangan ma’rifatchilikning xususiyatlaridan kelib chikib yondoshadi. Chunki Fitrat o‘lkaga chetdan (xususan, Rossiyadan) mutaxassislar taklif qilish bilan ish o‘nglanmasligini biladi, Buxoroda tibbiy, texnik va suv inshootlari (irrigatsiya), maxsus madrasalar (o‘quv yurtlari) ochish, ularni mahalliy kadrlar bilan ta’minlash masalalarini ham o‘rtaga qo‘yadiki, bu hozirda kun tartibida turgan dolzarb muammolar ekanini xalqimiz oshkoralik orkasida ayon payqamoqda. Shuningdek, asarda garchi ishoralar bilan bo‘lsa-da, O‘rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shib olinishi masalasiga doir mulohazalar mavjudki, bu Fitrat idroki va dunyoqarashining xalqchilligidan dalolatdir.

Amir Buxorosini «asliday» berishga, uning muammolarini yengillatishga intilish Fitrat publitsistik asarlariga ham xos kayfiyatdir. Bu yo‘nalishdagi asarlarning ko‘pchiligi Fitrat ijodining dastlabki davri 10-yillarga to‘g‘ri keladi. Jumladan, «Sharq siyosati» nomli asarida: «Bizga qarshi (so‘l jadidchilik nuqtai nazaridan turib fikr yuritilyapti — H. B.) Buxoroda ikki yirik kuch bor: amir taxti va angliz oltini» deb yozadi. «Oyila», «Siyosiy hollar», «Yurt qayg‘usi» kabi makola, ocherk va lavhalar Turkiston hayoti bilan cheklansa-da, ularda bayon qilingan fikrlar to‘g‘ridan‑to‘g‘ri «bir yilda sodir bo‘lgan ikki nnkilob» (Rossiyadagi H. B.) voqealariga borib takaladi. Bularda bugungi kunda mohiyatan qayta o‘rganilayotgan Fevral inqilobi bilan bog‘liq hodisalarga munosabat bildiriladi. Fitrat dunyoqarashi haqida gap ketganda, uni «konstitutsion monarxiya» tarafdori kilib ko‘rsatish masalaga yuzaki munosabat ekani nafaqat Fitrat asarlaridan, balki bu davrda yaratilgan ko‘plab tarixiy va publntsistik asarlardan anglashiladi.

Fitrat ijodiga shaxsga sig‘inish davri nazaridan qarashning «yuksak» namunasini el tanigan shoir Hamid Olimjonning Fitrat adabiy asarlariga bag‘ishlangan maqolasida uchratish mumkin. U Fitrat asarlarini «tekshira» turib, «Fitrat romantik edi, bu esa reaktsion romantizmdir» deyishgacha borib yetadi. Uning «millatchiligi»ni asoslash uchun esa e’lon qilinmagan «O‘g‘uzxon», «Temur sog‘onasiga» asarlaridan misollar keltiradi (Shuning uchun bo‘lsa kerak, mazkur dramalar bilan birgalikda «Qon», «Abomuslim» kabi badiiy va qator ilmiy ishlari shu paytgacha e’lon etilmay qolib ketgan). Bu maqola Fitrat ijodini o‘rganishga xam o‘z ta’sirini ko‘rsatganki, uning asarlari to qayta qurish davriga qadar deyarli o‘rganilmagan.

Fitrat dramatik asarlari asosan, 1918-1925 yillar oralig‘ida yozilgan bo‘lishiga qaramay bo‘lg‘usi dramaturg salohiyatining olis shabadalari 1909 yildayoq Farangi va Mudarris («Munozara»), Men va Usta, Qozi va Men («Hind sayyoxi») dialoglarida sezilgan edi. Uning dramatik asarlari olis Hind o‘lkasi voqealariga («Hind ixtilolchilari», «Chin sevish») bag‘ishlanadimi, Buxoro tarixining qorong‘u qatlamlaridan bahs yuritadimi («Abulfayzxon», «Arslon») yoxud diniy syujet materiallariga asoslanadimi («Shaytonning tangriga isyoni». «Ro‘zalar») ular baribir turli rishtalar bilan o‘lka tarixiga bog‘lanadi, yurt kelajagiga dildan qayg‘uruvchi «vatanparast» shoirning iste’dodi ko‘lamidan dalolat beradi. Fitrat inqilobiy-tarixiy mavzuda «Vose qo‘zgoloni» nomli (tojik tilida) drama yaratgan, «To‘lqin» nomli opera librettosini yozgan. 1921 yili «Qizil bayroq» gazetasida yozilishncha, Chimkent shahrida tuzilgan teatr truppasining majlisi bo‘lib o‘tgan. Majlisni boshqargan truppa rejissyori Abduqodir Umarov truppani o‘zbek teatri rivojiga salmoqli hissa ko‘shgan dramaturg nomi bilan atashni taklif qiladi. Truppa majlisi o‘zini «Fitrat teatr truppasi» deb atashga qaror qiladi.

Fitrat ijodi serqirra ekanligi uning tarjimalarida ham aks etgan. Ular siyosat («Lenin va Sharq», N.Narimanov asari), falsafa va ahloq («Dorur rohat musulmonlari», Gasprinskiy asari), riyozat («Ilmi handasa», Kamol Shamsi asari), tilshunoslik («Devonu lug‘otit turk», M.Qoshg‘ariy asari), badiiy adabiyot («Ming bir kecha») kabi sohalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, rus, arab va qadimgi turkiy tildan tarjima etilgandir.

1918 yildan e’tiboran Fitrat dorilmualliminda dars berish barobarida Turkiston Kommunistik partiyasining topshirig‘i bilan Shokirjon Rahimiy va Qayum Ramazon bilan xammualliflikda o‘zbek maorifi tarixida birinchi bo‘lib ona tili darsligini yozadi. Keyinroq bu sohadagi ishlarini mukammallashtirib, «O‘zbek tilining sarfi»ni e’lon qiladi. Turkiston maorif nozirligi tomonidan nashrga tavsiya etilgan bu darslik 1925-30-yillar davomida besh marta qayta nashr etiladi. Samarqand, Buxoro va Tojikiston jumhuriyati aholisining ehtiyojini hisobga olgan holda «Tojik tilining sarfi» («Sarfi zaboni tochiki»)ni yozdi. Fitrat tilning faqat nazariy qonuniyatlarini o‘rganish bilan kifoyalanmay, ona tilimizning go‘zalligi va sofligi uchun kurashchi sifatida «Tilimiz», «O‘zbekcha til saboqligi», «Imlo konferentsiyasi munosabati bilan» maqolalari bilan matbuotda chiqdi. «Dunyoning eng boy va baxtsiz tili» bo‘lgan turkiyni arab, fors va Ovrupo tillarining asoratidan qutqarishga uringan, uning mustaqilligini Navoiydan keyin jiddiy isbot etgan olimlardan biri sifatida ko‘ringan Fitrat haqida A.Sa’diy shunday yozadi: «Yosh o‘zbek adabiyotida Fitratning roli uning tili va uslubida ko‘rinadi. Fitrat adabiyotda arab va fors so‘zlariga yo‘lni berkitdi, til va uslubda ko‘plab o‘zbek shoirlarini o‘ziga qaratdi… o‘zbekcha she’r tuzilishining rivojlanish yo‘llarini belgiladi». Fitratning yolg‘iz tilshunoslikkagina emas, adabiyot, madaniyat tarixi va nazariyasiga oid ishlarini kuzatib, aytish mumkinki, Fitrat o‘zbeklarning o‘z yozuvi bo‘lishini istadi. Fitrat bu borada o‘zbek ziyolilarining o‘sha davrdagi vakillari kabi lotin yozuvining «ma’rifiy ahamiyatini hisobga olib» o‘zbek yozuvini lotinlashtirish jarayonida ishtirok etdi. O‘zbekiston KP(b) MQning 1926 yil 9 iyundagi topshirig‘i bilan tuzilgan Yangi o‘zbek alifbosi komissiyasiga Y. Oxunboboyev (rais), Botu (rais o‘rinbosari), F. Xo‘jayev, A. Ikromov bilan bir qatorda Fitrat xam a’zo qilindi. Bu tadbir o‘zbek tilini ming yillar davomida sinalgan o‘z imlosidan uzoqlashtirish uchun tashlangan dastlabki qadam ekanini Fitrat hali ilg‘ab yetmagan bo‘lsa kerak. Ayrim manbalarning guvohlik berishicha, Fitrat Oltoy gruppasiga kiruvchi tillar tabiatini uzoq o‘rgangan (hatto bu masalada ulkan tilshunos Polivanov bilan munozaraga kirishadi) va 30-yillarning o‘rtalarida «Qadimgi mo‘g‘ul tili lug‘ati»ni tuzgan, Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘atit turk» asarining tushuntirish matnlarini arabchadan o‘zbekchaga tarjima kilgan, lirik parchalarga esa sharhlar yozgan edi. Biroq nashrga tayyor holida Fitratning uyidan olib ketilgan bu asarlar xali xalqqa qaytarilgani yo‘q. Tilimiz davlat tili maqomini olgan hozirgi kunda bundan yetmish yil avval yozilgan o‘sha asarlar nechog‘li hayotiy va ilmny haqiqatga yaqin ekaniga bugun imon keltirish mumkin.

1919 yilda Turkiston hukumati muxtor jumhuriyat xalqlarining ijodiy merosini o‘rganishga kirishadi. Turkiston o‘lkasining musulmon byurosi bu ishga rahbarlik qilishni Nazir To‘raqulov, Laziz Azizzoda va Abdurauf Fitratga topshiradi. Bu ilmiy harakatning debochasi sifatida «Insoniyat haqida Navoiy qanday fikrda?» degan tadkiqot yaratiladi. Bu voqeaga kadar Fitratning «O‘quv», «She’r va shoirlik» kabi adabiy musohabalari e’lon etilgan bo‘lib, u ilmiy jamoatchilik ichida o‘ziga xos nufuz qozongandi. Fitrat ilmiy merosi (adabiyotshunoslik sohasida)ning asosiy qismi 1923-1935 yillarda yaratilganiga qaramay bu davrgacha olim ellikdan ortiq ilmiy tadqiqot va maqolalar e’lon kilib ulgurgandi. Ular zamonaviy adabiyotshunoslikning hamma sohalarini qamrab olgan bo‘lib, asosan, Sharq va turkiy adabiyot tarixi, nazariyasi va adabiy tanqidga oid tadqiqotlardan tashkil topgan.

Shu paytgacha badiiy va publitsistik asar sifatida baholanayotgan «Bedil» (Bir majlisda) ilmiy-falsafiy ocherki o‘zbek adabiyotshunosligida Bedil ijodi haqida yaratilgan tadqiqotlarning debochasi hisoblanadi. Bu haqda o‘sha yillardayoq shunday yozilgandi: «Fitratning bu asari bizga Bedil falsafasi va dunyoqarashini ochib ko‘rsatadi. Bedil so‘zning tom ma’nosida Sharqning donishmandi bo‘lgan. U Sharkning fojeaviy holatini yaxshi tushungan… u kabi Fitrat ham falsafaga mos ohangda bizga tushuntirish beradi».

Fitratning 1926 yili e’lon qilingan «Adabiyot qoidalari. Adabiyot muallimlari ham adabiyot havaslilari uchun qo‘llanma»si nazariy va amaliy xarakterdagi ish bo‘lish bilan birga, uning adabiy tanqid rivojiga ham hissa qo‘shganini ko‘rsatadi. Bu asarda 20-yillar o‘zbek adabiyotini umumittifoq adabiyotshunosligi nuqtai nazaridan turib baholashga intilish seziladi. Fitrat nazariy masalalarni qo‘yish va hal etishda rus formal maktabi (V.Shklovskiy, B.Eyxenbaum, Yu.Tinyanov, Yu.Tomashevskiy va boshqalar) namoyandalari kabi uslub va kompozitsiyani yetakchi unsur deb biladi. Bu maktab vakillarining tahlil yo‘sinida bo‘lganiday Fitratning tadkiqotida ham munozarali o‘rinlar bor, birok 20-yillarning o‘rtalaridayoq ilg‘or rus nazariy tafakkurining eng yaxshi jihatlaridan xabardor bo‘lib, uni milliy adabiyot yutuqlari bilan bog‘lash va umuman, hali shakllanib ulgurmagan o‘zbek sovet adabiyotining nazariyasini yaratishga intilishni katta ilmiy jasorat deb baholamoq lozim.

Klassik merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilishda Fitratning ulkan xizmatini tan olmaslik mumkin emas. Bu, ayniqsa, uning 1935 yilda bitilgan «Aruz xaqida» risolasida ko‘rinadi. Fitrat aruzshunoslikda Navoiy va Bobur «panjasiga panja urishga» jur’at qildi va murakkab aruz sirlarini tushuntirishda xalq ijodiyotida keng qo‘llanilgan «chirmanda usuli»dan foydalandi. Fitrat nafis Sharq klassikasining ildizlarini kadimgi xalq qo‘shiqlarida ko‘rdi, ularni o‘rganishga birinchilardan bo‘lib kirishdi. Uning «Eng eski turkiy adabiyot namunalari», «Turk adabiyoti namunalari» («Adabiyotimiz tarixi uchun materiallar»), «O‘zbek adabiyoti namunalari» (1 kitob) oddiy bayoz yoki xrestomatiyalar emas, balki yo‘qolish arafasida turgan asarlar izlab topilgan, tekstologik jihatdan ishlangan, sharhlar yozilgan, lug‘atlar tuzilgan va ularni tushunish uchun ilmda dastlabki yo‘nalishlar berilgan jiddiy tadqiqotlardir. Shu o‘rinda bir faktni keltirish joiz. Fitrat O‘zbekiston maorif nozirligi ilmiy sho‘rosining a’zosi sifatida 1925 yili Sanjar Siddiq bilan birgalikda Farg‘ona, Marg‘ilon, Namangan va Buxoro shaharlari bo‘ylab ilmiy safarga chiqadi. (Vaqtli matbuot bu safar natijalaridan xabar berib turgan). Namanganda «Qutadg‘u bilik»ning Namangan nusxasi nomi bilan tarixga kirgan qo‘lyozmasini topadi, qo‘lyozmani boshqa mavjud nusxalari bilan solishtirib, u haqda maqola yaratadi. Yoki «Devonu lug‘atit turk», «Hibatul hakoyiq» haqidagi ilmiy maqolalarida xam adabiyot tariximizning nisbatan qorong‘u hisoblangan davrlarini yoritishga intilgan. Turkiy adabiyot vakillaridan Ahmad Yassaviy, Sulaymon ota Boqirg‘oniy (bu maktab vakillaridan yettitasi haqida batafsil ma’lumot bilan, ularning asarlaridan namunalar keltiriladi), Navoiy, Bobir, Muhammad Solih, Turdi, Mashrab, Nodira, Amiriy, forsigo‘y shoirlardan Firdavsiy, Umar Xayyom, Bedil va boshqalar ijodi haqida tadqiqot, maqola va ilmiy axborotlar yozgani ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo‘lishi kerak. Professor Fitratning o‘zbek va Shark adabiyoti tarixi xususida yozgan asarlari 20—30-yillardagi Sharq adabiyotining bilimdonlari Ye. Bertels, V. Jirmunskiy, I. Krachkovskiy, L. Klimovichlarning asarlari bilan yonma-yon turadi. Chunki Fitrat yuqorida nomlari sanalgan yirik sharqshunoslar bilan shunchaki tanish bo‘lmagan. L. I. Klimovichning eslashicha, ularga ayrim qo‘lyozmalarning matnlarini yetkazib bergan, o‘sha asarlarning o‘rganilish darajasini ko‘rsatib, tushuntirgan. Bulardan tashqari, 1935 yili Fitratning nashrga tayyorlangan «Jadidizm davri adabiyoti tarixining ocherki» (1934 yil), «O‘zbek adabiyoti tarixi (feodalizm davri)» (1935 yil), «Firdavsiyning hayoti va ijodi» kabi yirik tadqiqotlari mana 50 yildirki, hali e’lon qilingani yo‘q.

Fitratning nihoyatda boy ijodiy merosi uning ulkan tarixchi olim ham ekanini bildiradi. Ayniqsa, u o‘z vatani Buxoroning tarixini mukammal bilgan kishi edi, shuning uchun bo‘lsa kerak, Buxoro xalq respublikasining Maorif nozirligi 1920 yil 30 oktyabr qaroriga muvofiq «Buxoro inqilobi tarixi»ni yozishni Fitrat va S.Ayniyga topshiradi. Biroq Fitratning Toshkentga chaqirilib olinishi munosabati bilan ish tugallanmay qolgan.

Katta sovet Qomusining 1936 yil nashridagi «Fitrat» maqolasida aytilishicha, «O‘rta Osiyoda yer-suv munosabatlari tarixi» asari Moskva Akademmarkazining topshirig‘iga binoan yozilgan va ruschaga tarjima etilgan. Biroq turli sababu bahona bilan bu asar ham e’lon etilmagan. Shuningdek, olimning «O‘rta Osiyo sug‘orilishi tarixidan uch hujjat», «Sobik Buxoro amirligida yer munosabatlariga doir materiallar», «O‘rta Osiyoda yer-suv munosabatlari tarixidan materiallar» kabi chuqur ilmiy-tarixiy tadqiqotlari hali chop etilganicha yo‘q.

Sharq madaniyati tarixi bilan yaqindan tanish bo‘lgan Fitrat 1928 yili «Sharq shaxmati» nomli risola e’lon qiladi. Sharq xalqlari musiqa nazariyasi va tarixi to‘g‘risida «Shashmaqom», «O‘zbek musiqasi to‘g‘risida» va boshqa qator maqolalar, 1927 yili esa «O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi» nomli asarini yozadi. Uning so‘zboshisida «O‘zbeklarni o‘rganish qo‘mitasi» nomidan «O‘zbek musiqasining asoslarini belgilash, uni tashkil etgan unsurlarni anglash, kechirgan davrlarni, butun sabablari bilan, ochiq tayin etish va natijada ob’ektiv, ilmiy xulosa chiqarish, o‘zimizdan olim musiqashunoslar yetishmaguncha mumkin emas» degan fikrlar bilan birga bu «qo‘mita siporishiga ko‘ra o‘rtoq Fitrat tomonidan tuzilgan» tarix havola qilinadi. Fitratning musiqa sohasidagi tadkiqotlari nazariy-ilmiy yo‘nalishda qolib ketmadi, hamma sohalarda bo‘lganidek, bu sohada ham amaliyot bilan chambarchas bog‘langandi. Fitrat tashabbusi bilan 1921 yili Buxoroda birinchi musiqa maktabi tashkil etiladi va BXSR Maorif nozirligining 1921 yili 10 avgust buyrug‘iga binoan u Sharq musiqa maktabining direktori vazifasiga tayinlanadi.

Fitratning nafaqat adabiy merosi, balki ulkan ilmiy merosi ham u haqda chuqur tadqiqotlar yaratishni kutib turibdi. Qayta qurish nasimi tufayli e’lon etilayotgan asar va maqolalar bu katta yo‘ldagi dastlabki qadam, xolos. Fitratning adabiy merosini o‘rganishni bir-ikki ilmiy ishning, yoki bitta ilmiy markazining tashabbusi doirasiga sig‘dirish qiyin. Shuning uchun xam bu boy merosni to‘plash, o‘rganish va kelgusi avlodlarga yetkazish uchun umumxalq hashar-harakatini boshlash niyatida Fitrat yozgan asarlarning (asosiy qismi e’lon qilingan) umumiy ro‘yxatini e’lon qilmokdamiz. Tabiiyki, bu ro‘yxat to‘la emas, hali Fitrat tomonidan yozilib, 20-30-yillarda matbuotga yetib kelmagan asarlar qancha! Qo‘lyozma holida mavjud bo‘lib, biroq «xalq dushmani»ning asarlarini saqlashdan qo‘rqib, qarindoshlari tomonidan yoqib yuborilganlari, 1956 yil Fitrat ijodini o‘rganish komissiyasi tomonidan o‘rganishga olinib, qaytarilmay ayrim olim va yozuvchilar shaxsiy arxivini «boyitib» turganlari qancha! Ehtimol, 70 yil davomida qonimizga singib kolgan jur’atsizlik tufayli uning asarlarini e’lon qilishga shoshilmayotgandirmiz. Ehtimol, u asarlar e’lon etilishy bilan o‘zbek sovet adabiyotining «oltin foidi»ga kirgan ayrim badiiy va ilmiy asarlarning nursizlanib qolishidan cho‘chiyotgandirmiz. Ehtimol, buning bizga noma’lum «chun va charo»lari (Fitratning o‘zi aytmokchi) bordir. Lekin Fitrat shunday ulkan meros qoldirganki, uni o‘rganish uchun asarlarini saqlayotganlarning nafakat juratu jasoratlari, balki umrlari ham yetmaydi. XX asr boshlarida yaratilgan asarlarni hech bo‘lmasa asr oxirida xalqqa qaytarish o‘zbek ziyolilarining burchidir.

Abdurauf Fitratning e’lon qilingan va nashrga tayyorlangan asarlari ro‘yxati

She’riy asarlari

  1. Sayxa. Milliy she’rlar (forscha). Istambul, 1329 (1911).
    2. Sayxa. She’rlar turkumi. «Sadoi Turkiston», 1914, iyul.
    3. Uchqun. She’rlar to‘plami. M., 1921.
    4. She’rlar, doston. «Yosh o‘zbek shoirlari» to‘plamida, T., 1922
    5. Mening tunim. «Inqilob», 1924, № 13-14.

Nasriy asarlari

  1. Qiyomat. Hikoya. M. 1923; T. 1937; M. 1965; Dushanbe, 1964; T. 1972.
    2. Me’roj. «Xudosizlar» jurnalida e’lon qilingan.
    3. Zayd va Zaynab. Hikoya. «Xudosizlar» jurnalida e’lon qilingan.
    4. Oq mozor. «Xudosizlar» jurnalida e’lon qilingan.
    5. Qiyshiq eshon. «Xudosizlar», 1930, № 2—3.
    6. Qiz qotili. 1932 yilda yozilgan, e’lon qilinmagan.
    7. Zahroning imoni. «Xudosizlar» jurnalida e’lon etilgan.
    8. Hindistonda bir farangi ila buxoroli bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadida xususida qilg‘on MUNOZARAsi. Istambul, 1327 (forscha) 1909; M. 1911 (ruscha); T. 1913 (turkcha); Baku, 1914.
    9. Hind sayyohi (Sayyohi hindiy bayonoti). Istambul, 1330 (1912).

Dramatik asarlari

  1. Begijon. Besh pardali fojia. 1916.
    2. Mavludu Sharif. 1916.
    3. Abo Muslim. Olti pardali fojia. 1916 (bosilmagan).
    4. Temur sag‘anasiga. Bir pardali drama. 1918 (bosilmagan).
    5. O‘g‘uzxon. Bir pardali drama. 1919 (e’lon qilinmagan).
    6. Qon. Besh pardali fojia. 1920 (bosilmagan).
    7. Chin sevish. Besh pardali fojia. 1920.
    8. Hind ixtilolchilari. Besh pardali fojiali teatru Samarqand-Toshkent, 1923; Berlin, 1923.
    9. Abulfayzixon. Buxoro o‘lkasining tarixidan. Besh pardali fojia. M. 1924.
    10. Shaytrnning Tangriga isyoni. Pesa. O‘rta Osiyo Davnashri, 1924; Toshkent, 1967.
    11. Arslon. Burungi Buxoroda yashagan dehqon hayotidan olingan besh pardali drama. Samarqand-Toshkent, 1926.
    12. Ro‘zalar. Ikki pardali komediya. Samarqand-Toshkent, 1932.
    13. Vose’ qo‘zg‘oloni. Tarixiy-inqilobiy drama. 1932 (e’lon qilinmagan).
    14. To‘lqin. Opera librettosi. 1934 (e’lon qilinmagan).

Publitsistik asarlari

  1. Rahbari najot. Boku, 1915.
    2. Oyila (Vazifai xonadori). Boku, 1916.
    3. Siyosiy hollar. «Hurriyat», 1917, 7 noyabr № 49.
    4. Turkiston muxtoriyati. «Hurriyat», 1917, 8 dekabr, № 57.
    5. Buxoro yoshlari haqida. «Ulug‘ Turkiston», 1918, 30 may.
    6. Sharq siyosati. «Ishtirokiyun», 1919, 25-26 oktyabr.
    7. Yig‘la, Islom, 1920.
    8. Yurt qayg‘usi. «Hurriyat», 1917, № 31.
    9. Eski maktablarni nima qilish kerak? «Qizil O‘zbekiston», 1927, 6 mart.

Tarjimalari

  1. Kamol Shamsi. Ilmi handasi. T. 1920.
    2. Narimon Narimonov. Lenin va Sharq.. M. 1924.
    3. Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘atit turk (e’lon qilinmagan).
    4. Ming bir kecha. Tanlangan ertaklar (bosilmagan).
    5. I. Gasprinskiy. Musulmoni dorur rohat. 1914.

Tilshunoslik

  1. Tilimiz. «Ishtirokiyun», 1919, 12 iyul, 23 avgust.
    2. Ona tili. Darslik (Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon bilan hammualliflikda), 1918.
    3. O‘zbek tilining sarfi. T. 1924-1930.
    4. Sarfi zaboni tojiki. Samarqand, 1925.
    5. O‘zbek tilining sarfi to‘g‘risida. 1925. Maqola «Qizil O‘zbekiston» gazetasida e’lon etilgan.
    6. O‘zbekcha til saboqligi. 1926. Maqola «Qizil O‘zbekiston» gazetasida e’lon etilgan.
    7. Imlo konferentsiyasi munosabati bilan. 1928. «Maorif va o‘qitg‘uvchi»da e’lon etilgan.
    8. Eng eski (qadimgi) mo‘g‘ul tili lug‘ati (nashrga tayyorlangan, ammo bosilmagan).

Adabiyot nazariyasi

  1. O‘quv. 1917.
    2. She’r va shoirlik. Adabiy musohaba. «Ishtirokiyun»da bosilgan. 1919.
    3. Muqaddimatul adab. 1926. «Maorif va o‘qitg‘uvchi»da bosilgan.
    4. Adabiyot qoidalari. Adabiyot muallimlari ham adabiyot havaslilari uchun qo‘llanma. Samarqand-Toshkent, 1926.
    5. Yopishmagan gajjaklar. J. Boybo‘latovga ochiq xat. 1929. «Qizil Uzbekiston»da bosilgan.
    6. Za chutkuyu literaturnuyu sredu. 1933. «Literatura Sredney Azii»da rus tilida bosilgan.
    7. Aruz haqida. Toshkent, 1936.

O‘zbek va Sharq adabiyoti tarixi

  1. «Farhodu Shirin» dostoni to‘g‘risida. 1920. «Alanga» jurnalida bosilgan.
    2. Bedil. Bir majlisda. M. 1923; T. 1924.
    3. Navoiyning forsiy shoirligi ham uning forsiy devoni xaqida. 1925. «Maorif va o‘qitg‘uvchi»da bosilgan.
    4. Qutadg‘u bilik. «Maorif va o‘qitg‘uvchi»da bosilgan. 1926.
    5. Eng eski turkiy adabiyot namunalari. Samarqand-Toshkent, 1927.
    6. Ahmad Yassaviy. 1927. «Maorif va o‘qitg‘uvchi»da bosilgan.
    7. Turk adabiyoti namunalari. (Adabiyotimiz tarixi uchun materiallar). Samarqand-Toshkent, 1927.
    8. O‘zbek shoiri Turdi. 1928. «Maorif va o‘qitg‘uvchi»da bosilgan.
    9. Yassavi maktabi shoirlari to‘g‘risida tekshirishlar. 1928. «Maorif va o‘qitg‘uvchi»da bosilgan.
    10. Hibatul haqoyiq. 1928. «Maorif va o‘qitg‘uvchi»da bosilgan.
    11. O‘zbek adabiyoti namunalari (1-kitob). Samarqand-Toshkent. 1929.
    12. Umar Xayyom. «Qizil qalam» majmuasi, 1-kitob. 1928.
    13. Fors shoiri Umar Xayyom. Samarkand-Toshkent. 1929.
    14. XVI asrdan so‘ngra o‘zbek adabiyotiga umumiy bir qarash. 1929. Maqola «Alanga»da bosilgan.
    15. Muhammad Solih. 1929. «Alanga»da bosilgan.
    16. Chig‘atoy adabiyoti. «Qizil Qalam» to‘plami. 2-kitob, Samarqand-Toshkent, 1929.
    17. Issledovaniye o staroy tyurskoy literature (Eng qadimgi turk adabiyotiga doir tekshirishlar). Samarkand-Toshkent, 1930.
    18. Mashrab. «Nauchnaya mыsl». Samarqand-Toshkent. 1930, № 2.
    19. Sep persidskoy literaturы zamknuta (Fors adabiyotining yopiq zanjiri). 1934, «Literatura Sredney Azii»da bosilgan.
    20. Abulqosim Firdavsiy. «O‘zbekiston sho‘ro adabiyoti», 1934, № 7-8.
    21. Firdavsiy. «Sotsialistik fan va texnika», 1934. № 10-11.
    22. Ertaklar va haqiqatlar. (Firdavsiyning 1000 yilligi). 1934, «Mash’ala»da bosilgan.
    23. O‘zbek adabiyoti tarixi (feodalizm davri). 1934 (nashrga tayyorlangan, ammo bosilmagan).
    24. Fors adabiyotining tarixi. 1935 (nashrga tayyorlangan, ammo bosilmagan).
    25. Abulqosim Firdavsiy zamoni va muhiti. «O‘zbek sovet adabiyoti», 1936, № 10.
    26. Firdavsiyning hayoti va ijodi (nashrga tayyorlangan, ammo bosilmagan).
    27. Persidskiy poet Omar Xayyam (perevod, kommentarii, novыe materialы). Samarqand-Toshkent. 1929.

Sharq madaniyati va tarixi

  1. Muxtasari tarixi Islomiya. 1918.
    2. Buxoroda inqilob tarixi (S. Ayniy bilan hamkorlikda, tugallanmagan).
    3. Sobiq Buxoro xonligida yer munosabati materiallari (e’lon qilinmagan).
    4. San’atning manshai. 1927, «Maorif va o‘qitg‘uvchi»da e’lon qilingan.
    5. Sharq shaxmati. 1928.
    6. O‘rta Osiyoning sug‘orilish tarixidan uch hujjat (tugallangan), e’lon qilinmagan.
    7. O‘rta Osiyoda yer munosabati tarixidan materiallar (nashrga tayyorlangan, ammo bosilmagan).

Musiqa nazariyasi va tarixi

  1. Shashmaqom. 1925. «Maorif va o‘kitg‘uvchi»da bosilgan.
    2. O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi. 1926. «Maorif va o‘qitg‘uvchi»da bosilgan.
    3. O‘zbek klassik musikasi va uning tarixi. Risola. Samarqand-Toshkent. 1927.
    4. O‘zbek musiqasi to‘g‘risida. 1928. «Alanga» jurnalida e’lon qilingan.

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 4son